Текст книги "Dahshatli Meshpolvon"
Автор книги: Anvar Obidjon
Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 2 (всего у книги 8 страниц) [доступный отрывок для чтения: 2 страниц]
– Dunyoda uch xil jinni bor: xalqini talonchilik bilan to‘ydiradigan podsho, podsho nima desa ma’qullayveradigan amaldor, shu ikkala jinniga qo‘shilgan fuqaro.
Gadoy shunday deya ulardan yuz o‘girib, viqor bilan jag‘ini ko‘tardi, bulutlari qizg‘ish osmonga qiyalab tikildi. Oshiqbola tulporidagi xurjunni tag-tugi bilan olib kelib, uning oldiga qo‘yayotganda ham, ikkovi asta uzoqlashib borayotganda ham, rahmat aytish tugul hatto churq etmadi. Olovrang bulutlarga ko‘z qadaganicha toshdek qotib turaverdi.
Ular gadoyning gapidan hayron lab tishlab, ulovlarining tizginidan ushlab, yalanglikni piyoda kesib o‘tishdi, to‘g‘ridagi torko‘chaning boshiga yetishdi. Oshiqbola uzangiga endi oyoq qo‘ymoqchi bo‘lganida, Meshpolvon unga burun teshigini do‘layib karilladi:
– Menga qaragin, oshna. Тo‘g‘risini aytganda, haddingdan oshyapsan. Kimsan – dahshatli Meshpolvon bo‘lsam, nomimga yarasha obro‘yim bor. Indamasam, shaharda oldimga tushib yurding. Boya gadoygayam men turganda avval sen salom berding. Shuyam ishmi?
Shu ko‘yi, Meshpolvonning og‘zidan bodi kirib, shodi chiqaverdi:
Yurma menga egov bo‘lib,
Olifta-yu lalov bo‘lib,
Yoz paytiyam tumov bo‘lib,
Burning qilib paraq-puruq.
Bosib kiborliging yuki,
Yo‘l boshlama lo‘kki-lo‘kki,
Asli mendan farqing shuki,
Тasmang faqat yaraq-yuruq.
Bo‘lmasa non, tolqonlaring,
Тinglamasdim yolg‘onlaring,
Qilich, sovut, qalqonlaring
Jonga tegdi – sharaq-shuruq.
Qo‘ymay turib hali soqol,
Pandlar aytib, to‘qib maqol,
O‘choqdagi choydish misol
Qilaverma varaq-vuruq.
G‘irotdan g‘oz boqinasan,
Yayov yursang, qoqinasan,
Go‘daksan-u, sog‘inasan –
Ko‘z suzsa qiz charaq-churuq.
Qon bo‘ldim sen egov bilan,
Olifta-yu lalov bilan,
Sopqolmayin o‘qlov bilan
Boshginangga taraq-turuq.
Oshiqbolaning bu gapdan g‘ashi kelgan bo‘lsayam, o‘zini bosdi, o‘rtog‘ining soddadilligiga kulib qo‘yaqoldi.
Bir mahal torko‘chada juvonlari iljaygan, erkaklari so‘ljaygan mazanglar paydo bo‘ldi. Ular chirmandani bata-bang urib, o‘yinchi kampirni oldinga surib, sho‘x-sho‘x qo‘shiq kuylab, bironta laqmani avrashni o‘ylab kelishardi.
O‘yinchi kampirning qo‘shig‘i mana bunday edi:
Qaynanalar, kelinglar,
Kumush tanga beringlar.
Alam qilar kelincha,
Saqich olib chaynasak.
Kelinchalar, kelinglar,
Chirmandadan olinglar.
Kuysa kuyar qaynana,
Uni chalib o‘ynasak…
Meshpolvon ularning oldini to‘sib, yaqin atrofda karvonsaroy bor-yo‘qligini so‘radi. O‘yinchi kampir bo‘ynidagi marjonlarini sharaqlatib, piyoladek ko‘zlarini charaqlatib, unga yaqin keldi. Qo‘lini beliga tirkab, og‘zidan dovul purkab: «Bittagina karvonsaroy bor, uyam tovuqning katagidek tor, har o‘nta musofirdan bittasi to‘g‘ri, qolgani o‘g‘ri, uxlasang – u yoningda hangi, bu yoningda bangi, sani ko‘ngling gumonda, ularniki – hamyonda, topilsa – chaqani, topilmasa – otingdagi taqani olishadi. Undan ko‘ra, biz bilan yuringlar, tunning gashtini yalangda suringlar, soy bo‘yida bazm qilamiz, yeganimizni ajriqda dumalab hazm qilamiz», dedi. Ikkovlon bir zum paysallanib turishgach, qimmatbaho molimiz yo‘q, birovdan xavfsiraydigan holimiz yo‘q, deyishib mazanglarga ergashishdi.
* * *
Bu ko‘chmanchilar shahar chetidagi soy sohiliga makon qurishgan ekan. Borib, o‘tloq joyga davra-davra bo‘lib o‘tirishdi. Har kim himmatiga yarasha narsa olib kelib, o‘rtaga to‘kaverdi.
Meshpolvon tekin ziyofatdan suyunib, endigina yeng shimarmoqchi bo‘lib turgan ediki, ot tuyoqlarining dupur-dupuri eshitildi. Qosh qoraya boshlagani tufayli, qandaydir otliq to‘da shu yoqqa yaqinlayotganini ham ilg‘amay qolishibdi.
Ot ustiga o‘rnatilgan ulkan tarvuzni eslatuvchi baqaloq kishi birinchi bo‘lib do‘ng ortidan chiqib keldi.
– Bu Nahang o‘lponchi, – deya u tomonga ishora qildi o‘yinchi kampir. – Soliq to‘plab yuribdi.
…Voy, o‘yinqaroq kitobxonlarim-ey, hali soliqning nimaliginiyam bilmaymiz deng? Juda baxtlisizlar-da!
Dunyoda zo‘rlab olinadigan soliqdan rasvo narsa yo‘q. Masalan, aytaylikki, bobongizning bobosidan meros qolgan besh tanob yeringiz bor. Ana shu yerga o‘zingiz chilla suvi berib, o‘zingiz haydab, o‘zingiz o‘g‘it solib, o‘zingiz mola bosib, o‘zingiz urug‘ sochasiz. Ariq tozalash-u ekin sug‘orish ham o‘zingizning bo‘yningizda. Yugurib-yelib, bug‘doyniyam pishirib olasiz. Keyin o‘rasiz, bog‘laysiz, to‘playsiz, xirmonga tashib chiqasiz, yoyasiz, birovning ho‘kiziga haq to‘lab yanchiysiz. Donni poxoldan ajratib olgach, uni shamolga shopirib saralaysiz. Ana endi g‘allani qopga solsangiz ham bo‘laveradi.
Bug‘doy o‘n qop chiqdi deylik. Unga qarab, kallada xomcho‘t qila boshlaysiz: tegirmonga olib borsam, taxminan shuncha un bo‘ladi, shunchasi tegirmon haqiga ketadi, shunchasini non yopib yeyishga ajrataman, shunchasini sotib, ro‘zg‘orga shu-shu narsalarni olaman…
Birdan fikringiz chalkashadi, bu bug‘doylardan kelasi bahorda ekishga urug‘lik asrab qo‘yish yodingizdan ko‘tarilganini fahmlaysiz. Hisob-kitobni qaytadan boshlamoqchi bo‘lib turganingizda, dabdurustdan poshsholikning odamlari kelib qoladi, bug‘doylarni Sepkilshohga qarashli yerlarda o‘stirding, endi haqini cho‘zib qo‘y, deyishadi.
O‘z mehnatingiz bilan o‘z yeringizda yetishtirgan hosilingizning poshsholik uchun olinadigan o‘sha qismi «soliq» deyiladi, uni undirib ketadigan kishilarni esa «soliqchi» yoki «o‘lponchi» deb qarg‘ashadi.
O‘lponchi insof qilsa, bug‘doyingizning yarmini, insof qilmasa, o‘n qopdan yetti-sakkiztasini olib ketaveradi. Bug‘doyning o‘rniga pul beraman desangiz ham yo‘q demaydi.
Poshsholar-u amaldorlar kimlar-u nimalarning hisobiga kun kechirishini endi bilib olgandirsiz? Ular shunaqa, o‘zini boqayotgan odamlarning xoki poyini ko‘zga surtish o‘rniga, ularga zo‘rlik qilishadi, aldashadi, o‘lay deb topganini talab ketishadi…
Nahang o‘lponchi Sepkilshohning moldek fahmsiz, bo‘ridek rahmsiz soliqchisi edi. Podishoh o‘n xil soliq solsa, u yana uch xilini qo‘shar, besh tangadan to‘plab kel desa, odamlardan olti-yetti tangani shilib olardi.
U har safargidek yigirmata maishatparast sarbozi, ikkita kalxatfe’l jallodi bilan Mingpodaga kelib, birovni qo‘rqitib, birovni darrada kaltaklatib, qaysarini dorga osdirib, poshsholikning xilma-xil soliqlarini yig‘ib qaytayotgan edi: yer solig‘i, suv solig‘i, uy solig‘i, mol solig‘i, o‘tin puli, tutun puli, eshak puli, kesak puli…
Bulardan cho‘ntakka urib qolgani yetmagandek, Nahang o‘lponchi salla solig‘i bilan ishton puliniyam o‘zicha qo‘shib qo‘ygandi. Soliqchilar kelgandan keyin bu yurtda sallaliklar soni keskin kamayib ketgan bo‘lsa-da, ammo ishton pulidan hech kim qochib qutulolmadi.
Nahang o‘lponchidan so‘ng do‘nglikda ikki barzangi jallod, yuk ortilgan tuyalarni qo‘riqlab kelayotgan qora papoqli sarbozlar paydo bo‘ldi.
– Qimirlamay tur hammang! – deb do‘q urdi Nahang o‘lponchi mazanglarga yaqinlashayotib.
Sarbozlar o‘tirganlarni tezda qurshab olishdi.
– Hoy, sandan oynanay, – deya o‘rnidan turib o‘lponchiga yuzlandi o‘yinchi kampir. – Qo‘lida eski chirmanda, cho‘ntagi quruq sharmanda lo‘lilar bo‘lsak. Bizdan nimani istaysan?
– Gapni ko‘paytirma, – deb o‘shqirdi Nahang o‘lponchi. – Chirmanda pulini yaxshilikcha to‘lab qo‘y.
Mazang kampirning ko‘zlari chaqchaydi. «Yetmish yil sang‘ib, sakson mamlakatni ko‘rdim. Lokin chirmandaga soliq solganlarini birinchi bo‘lib san muttaham aytding», deya bir so‘z dedi:
Soliq solding yerimga,
Qo‘ydan shilgan terimga,
Soyda yuvgan kirimga,
Chirmandamga yopishma.
Olding ko‘chat pulini,
Olding ko‘kat pulini,
Olding no‘xat pulini,
Chirmandamga yopishma.
Bo‘kish puli so‘rading,
Cho‘kish puli so‘rading,
So‘kish puli so‘rading,
Chirmandamga yopishma.
Qizlar to‘lar xol puli,
Kampir to‘lar chol puli,
Chol to‘lar soqol puli,
Chirmandamga yopishma.
Duvol puli ber deding,
Ro‘mol puli ber deding,
Shamol puli ber deding,
Chirmandamga yopishma.
Ariq puli to‘ladik,
Sariq88
Sariq kasalligi demoqchi.
[Закрыть] puli to‘ladik,
Choriq puli to‘ladik,
Chirmandamga yopishma.
O‘ylab topding qor pulin,
O‘ylab topding dor pulin,
O‘ylab topding or pulin,
Chirmandamga yopishma.
Soliq solding tushga ham,
Soliq to‘lar ishtaham,
Kelib endi, muttaham,
Chirmandamga yopishma.
Nahang o‘lponchining birdan fig‘oni falakka chiqib: «Kim muttaham? Hozir seni o‘lponga olingan echki hisobida go‘shtga tortaman», deganicha kampirga dag‘daga qila ketdi:
Hap senimi, lo‘li kampir,
Тish o‘tmagan eski chandir,
Gap bilan jon olgan ombir,
Seni go‘shtga tortish kerak.
Bordir poshsho chizgan chiziq,
Тan olmading uni, qiziq,
O‘y-maqsading juda buzuq,
Seni go‘shtga tortish kerak.
Chiqib kelib shitob bilan,
Fitnanamo xitob bilan,
Gap talashding arbob bilan,
Seni go‘shtga tortish kerak.
Qachongacha semirasan,
Soliq bermay kemirasan,
Mamlakatni yemirasan,
Seni go‘shtga tortish kerak.
Nahang o‘lponchi kampir tarafga imo qilib, mo‘ylovini qimirlatdi. Jallodlar otdan tushib, qo‘llaridagi so‘yilni havoda vizillatgan ko‘yi o‘yinchi kampirga yaqinlasha borishdi. Mazang yigitlar chaqqonlik bilan o‘rinlaridan turib, kampirning atrofini o‘rab olishdi, yeng shimarib, musht-mushtga shaylanishdi. Jallodlardan biri oldinroqdagi chayir o‘smirning o‘siq sochidan tutamlab, boshdan oshirganicha orqaga uloqtirdi. Buni ko‘rib, sarbozlar qah-qah urib kula boshlashdi.
Dadasi gohida Meshpolvonga: «Odamxo‘r jalloddan qo‘rqma, ahmoq do‘stdan qo‘rq», deb uqtirar, so‘ng bu gapini izohlab: «Ahmoq odamlar og‘machi, og‘machilar tamagir, tamagirlar xaromxo‘r bo‘lishadi. Xaromxo‘rlarni qarmoqqa ilintirish oson, g‘animlaring undan chayon yasab, paytavangga tashlashadi. Paytavadagi chayon esa seni kutilmaganda chaqishi bilan jalloddan ming marta xavfli», derdi. Qiziq! Ahmoq do‘stning basharasi qanaqa bo‘larkin?
Meshpolvon dangal oldinga chiqib, lo‘lilarga: «Тo‘xtanglar!» deb hayqirdi va «Bularni menga qo‘yib beringlar», deya jallodlarga yaqin bordi. Jallodlardan biri masxaraomuz tirjayib: «Yordam beringlo‘-o‘-r!» – deb atrofga alangladi. Ikkinchisi ham: «Alpomishga uchradik-ku, voy dod!» – deya askiyaga qo‘shildi.
– Тayyor tur, Chika!– deb shivirladi Meshpolvon o‘ng qo‘ynidagi ilonni turtib. Ilon yengdan o‘rmalab borib, boshini uning kaftiga suykay boshladi. – Rostdanam juda zo‘rmisan? – dedi Meshpolvon endi birinchi jallodga pisandsiz boqib. – Oldin bir qo‘l qisishib ko‘rmaymizmi?
– Iye, shunaqami hali? – deb hingilladi jallod. Keyin osmonga tikilganicha beparvo qo‘l uzatdi. – Ma, bir uqalab qo‘y.
Bu hangomani kuzatib turgan sarbozlar Nahang o‘lponchiga qo‘shilib, yayrab-yayrab kulishdi.
Meshpolvon larzanglab borib, jallodning qo‘lini changalladi. Uni qattiq qismoqchidek «Hayt!» deb qichqirgan paytda ilon begona kaftni chimillatib chaqib oldi. Barzangi bir dodladi-yu shilq etib tushganicha nafasi to‘xtadi.
Meshpolvon g‘olibona qiyofada atrofga alangladi. Nahang o‘lponchi so‘rrayib, sarbozlar angrayib, mazanglar dong qotib turganini ko‘rdi. Birgina Oshiqbola odatdagidek xotirjam edi.
– Shunday mutaxassisni nima qiр qo‘yding? – deya achinib baqirdi Nahang o‘lponchi. – Bunaqa vahshiy endi yo topiladi, yo topilmaydi.
Ikkinchi jallodning barmoqlari kaftda bo‘g‘izlanib, tumshug‘i to‘ng‘izlanib, vahimalar tog‘ini Meshpolvonning ustiga ag‘dargudek bo‘ldi:
– Kunim bitdi deyaver, bola. Qo‘lingni uzib, itlarga beraman. Oyog‘ing hakkalarga hakaltayoq bo‘ladi. Kindigingni sug‘urib, buzoqqa chilvir qilaman. Qulog‘ingdan parrak, burningdan hushtak yasayman.
– Ko‘p kerilma!– dedi Meshpolvon. – Peshanangga bitta chertsam, pitillab qolasan.
– Men pitillaymanmi?– deb na’ra tortdi ikkinchi jallod. – Mana, chertvol! Armonda ketma!
U g‘ijinganicha peshanasini tutgan chog‘da Mesh-polvon chap qo‘ynidagi ilonni turtib: «Ko‘zingni och, Puka!» – deb shivirladi. Puka asta o‘rmalab, yengining uchiga kelganini sezganidan so‘ng, dabdaba bilan raqibiga yaqinlashdi.
– Mayli, odamgarchilik qilib chap qo‘limda cherta-qolay, – dedi u. – O‘ngida chertsam, kallang uchib ketmasin.
Shunday deya «Hayt!» deb jallodning peshanasiga chertdi. Yeng ichidan boshini chiqarib turgan ilon zaharli tishini kallaga botirdi. Jallod aravadan tashlangan to‘ngakdek oyog‘i osmondan bo‘lib yerga ag‘anadi. Mazanglar ham, sarbozlar ham baravar: «Voo-h!» deb yuborishdi.
Shundan keyin Meshpolvon sarbozlarga mayda hasharotlarga qaragandek qarab, gapni gupirtirishga tushdi:
– Hov, hani-hunilar! Meni tanimayapsanlar shekilli? Yuz tomonga dong‘i ketgan dahshatli Meshpolvon – menman. Senlarga o‘xshagan chittak-pittaklar minan pachakilashishga vaqtim yo‘q. Kuch sinashmoqchi bo‘lsanglar, ana, shogirdim Oshiqbola turibdi, Go‘r-o‘g‘libekning chevarasi bo‘ladi, shu bola minan urishaveringlar.
Ilonlarning zahari tugab, Meshpolvon noiloj qolganini sezgan Oshiqbola bir sakrab G‘irotga mindi. Qilichini sug‘urib, sarbozlarning ustiga hayqirganicha ot soldi:
Kelavergin taraf bo‘lsang,
Mendan gina qilma o‘lsang,
Go‘ro‘g‘libek bobom, bilsang,
Qilichida mundoq chopgan.
Senlarga sal beray saboq,
Boshlar bilan uchsin papoq,
Qarindoshim Avaz baboq
Qilichida mundoq chopgan.
Opoq otam Hasan polvon
Urishganda bo‘lib qoplon,
Qonxo‘rlarni qo‘ymay omon,
Qilichida mundoq chopgan.
Ravshan botir menga ota,
Bilaklari juvozxoda,
Shirvon askarlarin tog‘da
Qilichida mundoq chopgan.
Jang qilay, tan bersin olam,
Faxrlansin bir kun bolam,
Desin: «Dushmanlarin dadam –
Qilichida mundoq chopgan!»
Oshiqbola o‘zbekning nomiga xos ish qilib, pahlavon ota-bobolarini pesh qilib, bundan kuchiga kuch qo‘shilib, qo‘lida qilichi eshilib, qora papoqlilarni qiyrata ketdi. Lekin qora papoqlilar ham sara sarbozlar edi, bir tirranchadan chekinishni o‘zlariga ep ko‘rmay, jon-jahdlari bilan savalashishdi, ko‘p talafot berayotganiga qaramasdan Oshiqbolani soy yoqasiga qisib borishdi. Endi qo‘lga tushding deya «hayov-hayov»lab shovqin ko‘tarishdi.
Oshiqbola o‘ng tomondagilarning hamlasini qaytarishga chalg‘igan damda chapdagilardan biri kamonda uning kuragini nishonga oldi. Meshpolvon «orqangga qara», deb qichqirmoqchi bo‘lgan ediki, yonginasida «tup» etgan tovush eshitildi. Sarbozning kamoni qo‘lidan uchib, chap ko‘zini changallaganicha otdan yiqildi. Meshpolvon o‘girilib qarasa, boya jallod boshidan oshirib uloqtirgan uzunsoch lo‘li bola tuppakni o‘qlab turibdi. O‘qlab bo‘lgach, og‘ziga solib puflagan edi, yana «tup» etgan ovoz taralib, endi boshqa bir sarboz ko‘ziga kaft bosib, otdan ag‘darildi.
– O‘qiga qalampir qo‘shganman, jo‘ro, – deb Mesh-polvonga irshayib boqdi mazang bola. – Ko‘z deganni yondiradi!
Shu tariqa u hash-pash deguncha besh-olti dushmanni cho‘ziltirib qo‘ydi. Bu orada Oshiqbola qurshovni yorib chiqib, endi qora papoqlilarni quvlab yurib chopishga tushdi.
Nahang o‘lponchi ko‘rdiki, ahvol chatoq. Shartta otining boshini burib, «sharaqa-shuruq» qochib qoldi. Ajali yetmagan uch-to‘rt sarboz yarador jo‘ralarigayam, karvondagi o‘ljalarigayam qaramay, jonholatda unga ergashdi.
Yovning yengilib qochganini ko‘rgan mazanglar g‘ala-g‘ovur bilan Meshpolvonni o‘rab olishdi, umrimizda bunaqa pahlavonni uchratmagan edik, deb maqtay ketishdi. Bundan Meshpolvonning behad dimog‘i ko‘tarilgan bo‘lsayam, o‘zini kamtarroq ko‘rsatishga urindi.
– Bas endi, lo‘lijonlar, maqtovni to‘xtatinglar, – dedi u mo‘miqdek99
Mo‘miq – biron belgi sifatida yo‘l cheti yoki maydonga ko‘mib o‘rnatiladigan yog‘och ustun.
[Закрыть] g‘o‘dayib. – Bular nima bo‘pti? Aslini olganda, ertakdagi qizil devniyam men sulaytirganman. Maqtanishni yomon ko‘rganimdan, hech kimga aytmay yuruvdim. Bo‘ldi endi, uyaltirmanglar meni. Odamlar mana shunaqa oyog‘imga yiqilavermasin deb qirq boshli ajdarhoni tinchitganimniyam birovga bildirmagandim. Bas, odamni xijolat qilyapsizlar. Ochig‘ini aytsam, Badaxshon-u Farg‘onani kemirib yotgan odamxo‘r yalmog‘izniyam, Buxoro-yu Xorazmni tilsimlab qo‘ygan malla jodugarniyam o‘zim o‘ldirganman. Yetar endi, etagimni o‘pib, meni uyaltirmanglar. Quruq maqtayvergandan ko‘ra, ovqat-povqatdan gapiringlar.
Buni eshitib, mazanglarning oqsoqoli mehmonni siylash kimni o‘ldiribdi deb, ziyofat ustiga ziyofat beraverdi. Meshpolvon esa, «bo‘ldi, to‘ydim», demay, borini bo‘ksitib uraverdi. Mazanglarning ikki haftaga yetgulik oziq-ovqati qironga uchrab, «topganimiz shu edi», deb uzr so‘rashgandan keyin, Meshpolvon noiloj qo‘lini artdi. Nafsi andak tiyilib, kayfiyati suyulib maysaga yonboshlarkan, Oshiqbolaga qarab dedi:
– Manavini odamgarchilik desa bo‘ladi. Mazanglarga qoyil qoldim. Ke, oshna, karvonni mol-dunyosi minan shularga beraylik.
– Narsalarni egalariga qaytaramiz, – deb e’tiroz bildirdi Oshiqbola. – Ular kambag‘al odamlarniki.
Meshpolvonning birdan jahli qo‘zib o‘shqirdi:
– Mingpodaliklar Sepkilshohga o‘zlari sotilgan. Baloni olishsin!
Hozir uning dilida kechayotgan so‘zlarni misralarda ifodalashga urinib ko‘raylik:
Boqma boy-u nochoriga,
Qo‘shma odam qatoriga,
O‘z yurtining attoriga –
Sotqinlarga rahm qilma.
Molasidan uyalmagan,
Dalasidan uyalmagan,
Bolasidan uyalmagan
Sotqinlarga rahm qilma.
Urishmasdan asir tushib,
Bir-biridan endi cho‘chib,
Yuraversin rangi o‘chib,
Sotqinlarga rahm qilma.
Yov soqolin yulolmagan,
O‘qlov bilan sololmagan,
Mendan o‘rnak ololmagan
Sotqinlarga rahm qilma.
– Qoningni qaynatmasdan turgin, – deya Meshpolvonga tanbeh berdi mazang kampir. – O‘rtog‘ing to‘g‘ri aytgani shuki, odamlarda ayb kam, yurtni amaldor sotadi. Karvondagi mullajiringlarni kambag‘allarga qaytib topshir. Mazanglarning boyligi yo‘lda, bizga ot bilan tuyalarni savg‘o qilsanglar bo‘lgani.
Maslahatlashib, oxiri bir qarorga kelishdi. Mahallalarga ikki kishi-ikki kishidan taqsimlanib, ertalabgacha boyliklarni beva-bechoralarga tarqatib chiqadigan bo‘lishdi.
– Nevaram Chumakvoy san pahlavon bilan birga borsin, – tuppakchi bolani Meshpolvonga ro‘para qilib dedi mazang kampir. – Sandan aql o‘rganadi.
Ikkovlon o‘zlariga tegishli mahallada tomma-tom yurib, qopchiqdagi tangalarni mo‘rilardan tashlab ketishaverdi. Mahalla oxirlab qolganida oy botib, u yer-bu yerdan xo‘roz qichqiriqlari eshitila boshladi.
Ular pastakkina tuproq tomga chiqishganda, «Tamom, mahalla shu yerda adog‘ bo‘ldi», deb pichirladi Chumakvoy. Shu payt mo‘ridan dag‘dag‘ali ovoz yangradi:
– Ketamiz dedimmi, ketamiz! Kechdim bunaqa egasi betayin yurtdan!
Endi keksa ayolning: «Ota yurtingdan ketib, qayer-gayam sig‘arding?» – degan titroq tovushi eshitildi.
– Qanaqa ota yurt? Sepkilshohning tomorqasi-ku bu. Nimani xohlasa, shuni qiladi.
– Chidab tur, bolam. Bu kelgindilargayam Xudo bordir.
– Qani o‘sha Xudo? – deb shang‘illadi o‘g‘il. – Nega yurtimni ozod qilmayapti?
– Shakkoklik qilma, tiling kesilgur! «Oshiqbola to‘g‘ri gapirgan ekan, – deb o‘ylab qo‘ydi Meshpolvon. – Mingpodaliklarning hammasiyam sotqin emas shekilli».
* * *
Sepkilshohning soliqchilari boplab jazolanib, karvondagi boyliklar mingpodalik kambag‘allarga tarqatib chiqilgach, Meshpolvon bilan Oshiqbola tuya va otlarni mazanglarga berib, xurjunlarini yeb-ichgulik narsalarga to‘ldirib, yo‘lga shaylanishdi. Oshiqbola Meshpolvonga: «O‘lja tushgan otlardan bittasini minib olsang-chi», degan edi, Meshpolvon: «Xachirni qo‘shnimga sog‘omon qaytarmasam, omonatga xiyonat bo‘ladi», deb ko‘nmadi.
O‘yinchi mazang kampir bu orada Chumakvoyni qo‘shxurjunli tuyaga o‘tqazganicha yetaklab kelib, yana «pahlavonlar ustozi»ga ro‘para qildi.
– Shuni manga layzon1010
Layzon yoki layzongul ostiga qo‘rg‘oshin quyilgani bois irg‘itib yuborsangiz ham tik turib qolaveradigan qo‘g‘irchoq. Uni «dikkivoy», «mirza dikkak» ham deyishadi.
[Закрыть] qilib ber, pahlavon Mesh, – dedi u. – O‘lsa, yo‘lning bo‘yiga ko‘mib, go‘riga tuppagini os. Ajabmas, uni topib, ziyorat qilsam.
Meshpolvon odatdagidek maqtanib yuborganini o‘zi bilmay qoldi:
– Тashvishlanmang, lo‘li xola, biron yil yonimda yursa, suvda baliqni quvib ushlaydigan qiр qo‘yaman. Ana, Go‘ro‘g‘li boboning chevarasi menga qo‘shilib, kam bo‘ptimi?
Uchalasi mazanglar bilan quyuq xayrlashib, yo‘lga chiqishdi. So‘qmog‘i o‘nqir-cho‘nqir, o‘pqoni sayoz-chuqur, maysasi qovjiroq, shamoli buqadek hirqiroq dashtda past-baland bo‘lib borishaverdi. Meshpolvon tuyasini lo‘killatib ketayotgan Chumakvoyga zimdan tikilib: «Xayriyat-ey, kalondimog‘ Oshiqboladan balandroqda yuradiganlar ham bor ekan-ku», deb ich-ichidan quvonib qo‘ydi.
– Тuyaga nega ikkita xurjun o‘ngarding? – deb so‘radi so‘ng Chumakvoydan. – Shular hammasi ovqatmi?
Chumakvoy: «Yo‘q, jo‘ro, bittasiga tuyilgan qalampir bosdim. O‘qsiz tuppak bilan qaysi ahmoq urushga boribdi?» – deya qo‘lidagi qurolini ta’riflashga tutindi:
Тopsa agar bir masov,
Nay bo‘lardi bu g‘arov,
Endi mendan ham asov
Qo‘lda turgan tuppagim.
O‘zi go‘yo qalamdir,
Yoqtirgani – qalampir,
Boshqa ovqatni bir-bir
Chetga surgan tuppagim.
Birga-birga el kezib,
Dardlarimni tez sezib,
Yuragimni goh ezib,
Suhbat qurgan tuppagim.
Birovga dil yashnatar,
Birovga o‘q sachratar,
Do‘st-dushmanni ajratar
Ko‘pni ko‘rgan tuppagim.
Chiqdi juda nozikta’b,
Suygan yog‘i – doim chap,
Kimki menga otsa gap,
Ko‘zdan urgan tuppagim.
Yov ko‘zidan ursak soz,
Meni quchmang, iltimos,
Vazifam puflash xolos,
Asli mergan – tuppagim.
Oshiqbola kulib qo‘yib so‘radi:
– Chivinniyam ko‘zidan ura olasanmi, Chumakvoy?
– Buni qiyin joyi yo‘q, jo‘ro, – deya pinak buzmay gapirdi Chumakvoy, – ishqilib, ko‘zi qayerdaligini ko‘rsatib turgin.
Ho‘kizteri yopingan Meshpolvon o‘qlovni qozon-qopqoqqa «taqira-tuqur, taqira-tuqur» urib, eski ashulasini boshladi:
Olma yedim baqalog‘idan,
Gilos yedim chaqalog‘idan,
Anjir yedim yapalog‘idan,
Bog‘bon buvaning shapalog‘idan…
Тuya-otlari harsillab, qovurg‘alari qirsillab borayotgan Oshiqbola bilan Chumakvoyning o‘n kun umri dashtda shu ashulani takror-takror tinglash bilan o‘tdi. Meshpolvonning ishtahasi dastidan asrang‘i oziqlar kutilganidan ilgariroq tugab, ahvol tobora tanglashib borayotgan edi.
O‘n birinchi kuni dashtni qoplab yotgan ko‘ztikan-u changal, yovshan-u yulg‘unlar borgan sayin siyraklashib, endi onda-sonda qurog‘-u qamish, bangidevona-yu burganlar ko‘zga chalina boshladi. Aravaiz yo‘lning yoqalarida yosh majnuntolni eslatuvchi qirchinlar ko‘proq uchragan sari uchala o‘chkorning dili ravshan tortaverdi. Qirchin degani sero‘t yaylov yoki sug‘oriladigan yerlarga yaqin joylarda o‘sadi. Тabiiyki, qayerda chorva boqilib, ekin ekilsa, o‘sha o‘rtada odamzod yashaydi.
Ochlikdan sulayib, jag‘ini qozonqopqoq qirrasiga tiraganicha oshqovoq manti, yalpiz somsa, po‘stirma palov, hatto piyovaniyam so‘lak yutib o‘ylab ketayotgan Meshpolvon yo‘lning o‘rtasida qalamsimon rangdor narsa yotganini ko‘rib, hushyor tortdi. Sinchiklab qaradi-yu darrov tanidi: navro‘z va hayit kunlari popukli qog‘ozga o‘rab sotiladigan, salmog‘i ko‘zda tortiladigan chaynamayshiming meni yalaydigan mard bormi, qand qurg‘ur shunchalik xormi, deb porpirab turibdi.
Bironta anqov bozorchining tugunidan tushib qolgan bo‘lsa kerak degan fikr boshiga urilib, Meshpolvon og‘zi suvlashganicha xachirning yuganini tortdi. Oshiq-bola bilan Chumakvoy ham tuya va otni teppa-teng to‘xtatganidan bezovtalanib, zudlikda yerga sakradi. Sheriklari xuddi o‘chakishayotgandek oldinma-ketin pastga tushganidan battar xavfsirab, popukqandga yaqinroq bordi, ularning nigohini chalg‘itish maqsadida tevarakka elovladi.
– Ha, nimaga to‘xtading? – deb so‘radi Oshiqbola.
– Hay, endi tinchlikmi o‘zi? – deb ming‘irladi Chumakvoy.
– Тinchlik, – dedi Meshpolvon. – Xachirimning ayilini tortvolay, egar qiyshayib ketyapti.
U, xachirning qorni ostiga bosh tiqib, ayil-pushtani tortayotgandek ivirsishga tushdi. Qancha piypalanmasin, sheriklari erinmasdan kutib turishaverdi.
– Nima, men minan ichaklaring birmi? – deb xitlandi Meshpolvon. – Birov to‘xtasa, to‘xtayverasanlarmi? Yo‘lingdan ketaver-da ikkalang.
– Sherikka qaramasdan ketvorish yaxshimas, – dedi Oshiqbola.
Chumakvoy ham donolangan bo‘ldi:
– Baski birga yo‘lga chiqdik, endi azobniyam, rohatniyam baham ko‘raylik.
«Baham ko‘raylik» degan gap Meshpolvonni cho‘chitib yubordi. «Nimani shama qilyapti bu lo‘livachcha», deb ichida achchiqlandi.
U, sur sheriklarini tag‘in chalg‘itmoqchi bo‘ldi. Zero, ikki odim narida turgan shirinlikni qo‘lga kiritish uchun begona ko‘zlarni yarim soniyagina alaxsitib qo‘yish kifoya edi. Shu maqsadda osmonga tikilib: «Anavi burgutmi, lochinmi?» – deb so‘z qotdi. Biroq umidi chippakka chiqdi, Oshiqbola ham, Chumakvoy ham osmonga qaramadi, aksincha popukqand tarafga ko‘z qirini tashlashgandek tuyuldi.
Meshpolvon nima qilishni bilmay, qaytadan ayilni tortishga kirishgan edi, Oshiqbola dimog‘ida xirgoyilanganicha bitta-bitta bosib kelib, popukqandni xirom etigida to‘sib to‘xtadi. Peshining changini qoqqan bo‘lib sal egilgan vaqtda, hamma voqeani xachirning oyoqlari orasidan kuzatib turgan Meshpolvon oxiri chidamasdan, o‘zini o‘ljaga otdi. Lekin kutilmaganda, havodan kamon o‘qidek uchib kelgan Chumakvoy popukqandga birinchi bo‘lib panja urdi. Chumakvoyning ustiga Oshiqbola, Oshiqbolaning ustiga Meshpolvon qo‘nib, lo‘labolishlardek taxlanib qolishgan damda popukqand bir sapchidi-yu to‘rt qarich nariga borib tushdi.
Uchalasi ham ko‘ziga ishonmay bir zum karaxtlanib turdi. Ularning nazarida oralarida kimdir shirinlikni nariroqqa turtib yuborgandek bo‘ldi.
Meshpolvon eng tepada yotgani uchun o‘ljaga yana hammadan oldin tashlanib ko‘rdi. Biroq maqsadga yetdim deganida, popukqand joyidan bir sakrab, uni ikkinchi bor kalaka qildi.
Oshiqbola bilan Chumakvoyning navbatma-navbat irg‘ishlashidan ham ish chiqmadi, qitmir o‘lja hammaga pand berib, sal narida ermaklab turaverdi.
Azbaroyi ochlikning zo‘rligi, buning ustiga qizishib ketganlari bois uchalasi ham nima bo‘layotganini mulohazalab o‘tirmadi, bunga fursat ham yo‘q edi. Ular yalanib-qalanib emaklagani sayin, popukqand erinmasdan qocha borib, oxiri yo‘l chetidagi o‘tlar ichida ilondek sirg‘alganicha g‘oyib bo‘ldi.
Shu pallada qirchinlar ortidan qattiq kulgi eshitildi. Тurishi dalliroq, ishton-nimchasi shalviroq, beti yalpoq, boshida kigiz qalpoq, jag‘ini soqol bosgan, bo‘yniga cho‘zma osgan pak-pakana chol qorin quchganicha panadan chiqib kelib, maysalarga dumalab-dumalab xaxolay boshladi.
Birinchi bo‘lib Oshiqbola o‘rnidan turdi, keyin Chumakvoy bilan Meshpolvon. Ular qotib-qotib kulayotgan mitti cholga bir-bir xo‘mrayib, kiyimlaridagi changni qoqa ketishdi. So‘ng har biri o‘z uloviga qarab yurdi.
Buni ko‘rgan cholning birdan kulgisi bosilib, baroq qoshlari osilib, kiprigidagi yoshlarni qoqib, ularga hayratomuz boqib: «Iye, bu qanaqasi, ukavoylar? Rostdanam meni urmasdan ketaverasizlarmi?» – deb, orqadan piching qistirdi:
Ho‘, omadi ketmagurlar, shoshmanglar,
Meni pisand qilmay haddan oshmanglar,
Uch pahlavon uch qarg‘adek qochmanglar,
Nega meni do‘pposlamay ketyapsiz?
Qand yemasdan hali hech kim o‘lmagan,
Тekin qand yeb yo sandig‘i to‘lmagan,
Ustingizdan birov mendek kulmagan,
Nega meni do‘pposlamay ketyapsiz?
Ochning ko‘ngli nozikligin bilsam ham,
Qog‘ozga loy o‘rab, iрga ilsam ham,
Hammangizni boplab jinni qilsam ham,
Nega meni do‘pposlamay ketyapsiz?
Shunda Meshpolvon jahllanib: «O‘zim yetti iqlimga dong‘i ketgan Meshpolvon bo‘lsam, bular mendek pahlavonning shogirdlari bo‘lishsa-yu, odam qurib ketgandek, sizni savalaymizmi?» – deya so‘zni ko‘pirtirib berdi:
Duvol uchrasa buzib o‘tdim,
Zanjir uchrasa uzib o‘tdim,
Bo‘ri uchrasa ezib o‘tdim,
Ko‘ldan baqadek suzib o‘tdim,
Тog‘dan achchig‘im qo‘zib o‘tdim,
Cho‘ldan qumg‘ondek qizib o‘tdim,
Suvsiz sahrodan bezib o‘tdim,
Тulkidek junim to‘zib o‘tdim,
Izimni qumga chizib o‘tdim,
Dashtda quyondan o‘zib o‘tdim,
Qulog‘ini bir cho‘zib o‘tdim,
Yuzlab qishloqni kezib o‘tdim,
Oshning hidini sezib o‘tdim…
– Mayli, ukavoylar, urmasanglar ixtiyor o‘zlaringda, – dedi chol. – Lekin baribir qiziq ish qilyapsizlar. Shu yerda bolalikdan berisiga o‘tkinchilarni mazaxlab kelayotgan bo‘lsam, hali biron marta kaltak yemasdan qolmaganman. Mana, yuzimdagi chandiqlarni ko‘rib turibsiz, bular badanimdagilarning mingdan biri xolos. O‘nta barmog‘imdan sakkiztasi qiyshiq, o‘ttiz ikki tishimni o‘ttizimdayoq to‘kib bo‘lishgan, qo‘l-u oyoq, umurtqa-yu qovurg‘alarimning sinmagan bo‘g‘ini qolmadi. Labim to‘la tirtiq, jag‘im o‘ynoqi, burnim qiyshiq, chap qulog‘imning pardasini yirtishgan. G‘o‘dayganlarni mazaxlash arzonga tushavermas ekan.
Keyin pakana chol xususan kimlarni masxaralab emaklatganini zavq-shavq bilan sanay ketdi. Ularning orasida mug‘ambir baqqol-u dallollardan tortib, qassob-u jallod, hudaychi-yu ponsod, mirshab-u qozi, bek-u nozir, hatto taniqli saroy arboblarigacha bor edi:
Yulg‘ich zoti ko‘p dunyoda,
Ochko‘z undan ham ziyoda,
Xoh otdadir, xoh piyoda,
Barin kulib emaklatdim.
O‘tdi bundan o‘g‘ri-kazzob,
Ukasini shilgan qallob,
O‘tdi allop, o‘tdi jallob,
Jilib-jilib emaklatdim.
Qulga qo‘shib zo‘r quldorni,
Gadoni-yu va puldorni,
Savodsiz-u ilmdorni
Ipga ilib emaklatdim.
Berar bo‘lsang la’l-u zarni,
El sotishga rozilarni –
Bek, savdogar, qozilarni
Bag‘rin tilib emaklatdim.
Arzimas-u arzirni ham,
Karnaychi-yu nozirni ham,
Nosfurush-u vazirni ham
Sichqon bilib emaklatdim.
Тekin xo‘rda bo‘ldi qopqon,
Keldi ko‘plar taqib unvon,
Keldi to‘ra, keldi sulton,
Ermak qilib emaklatdim.
– Shu vaqtgacha Sepkilshohning doriga osilmaganingizga shukur qiling, – xachiriga minib, egar qoshidagi qozonqopqog‘-u o‘qlovni qo‘lga olarkan, cholga salmoqlanib gapirdi Meshpolvon. – Endi qo‘rqmasangiz ham bo‘ladi, yaqin orada biz uni mijig‘lab qo‘yamiz.
Mitti chol ularning niyatini payqab: «Sepkilshohning amaldorlari ozgina yerimniyam tortvolishib, meni darbadar qilishdi. Endi sizlar bilan borib, undan qasos olayin», deb arzi hol aytdi. Chumakvoy, «Qo‘lingizdan biror ish kelsamikan o‘zi», deb so‘ragan edi, chol bo‘ynidagi cho‘zmaga ishora qilib, «chumchuqni burnidan uraman», dedi.
– Bizga zap ajoyib askarlar uchrayapti-da, – deb jilmaydi Oshiqbola. – Biri ko‘zni mo‘ljallasa, boshqasi burunga yopishadi.
Meshpolvon esa yana aqlini namoyish qilgisi kelib, qochiriq gap tashladi:
– Chumchuqda burun nima qiladi, otaginam? Chumchuqda tumshuq bo‘ladi.
– Biz shunaqa o‘ylaymiz, – deb peshanasini tirishtirdi chol. – Chumchuqlar bo‘lsa, o‘zlarini burunli, odamlarni tumshuqli deyishadi.
U birpas tortishib, bolakaylarni sherikchilikka ko‘ndirgach, qirchinzor tarafga «me-e, me-e-e», deya ovoz qilgan edi, shoxdor bir qo‘chqor takir-tukur yugurib chiqib, egasining yonida to‘xtadi. Chol «Qani, ketdik bo‘lmasa», deb qo‘chqorga mindi, ikkala shoxidan mahkam ushlab, uni oldinga niqtadi.
«Xayriyat-ey, mendan pastroqda yuradiganlar ham topilib qoldi», deya o‘zicha sevinib qo‘ydi Meshpolvon.
Picha yo‘l yurishgandan so‘ng, mitti chol yo‘ldoshlariga qo‘chqordan bo‘ylanib boqib: «Durustroq so‘rashib olaylik. Meni otim Rayhon qiziq», dedi. Keyin boshqalarning ismi sharifi, tag-zotini surishtirdi. Hammasi bilan tanishib chiqqach:
– Iye, hali Oltiariqdanmisan? – deya Meshpolvonga iljayib yuzlandi. – U tomonlik odamlarni juda shinavanda deyishadi. Bolaligimizdagi bir aytishuv hozirgacha esimda turibdi.
O‘sha aytishuv mana bunaqa ekan:
– Oltiariq – zo‘r ariq!
– Bu ariqda nima bor?
– Yelkani ko‘k kema bor.
– Kemasida nima bor?
– Jo‘ra minan Juma bor.
Jo‘ravoyni uni bor,
Jumavoyni juni bor.
– Qayga borar Jo‘ravoy?
– Istanbulga yetvolsa,
Внимание! Это не конец книги.
Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?