Текст книги "Боболару момолар айтган эртаклар"
Автор книги: Худойберди Тухтабоев
Жанр: Сказки, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 1 (всего у книги 3 страниц) [доступный отрывок для чтения: 1 страниц]
Xudoyberdi To‘xtaboyev
Bobolaru momolar aytgan ertaklar
SO‘ZBOSHI O‘RNIDA
Har bir xalq o‘zining buyuk o‘tmishi, bebaho qadriyatlari bilan faxrlanadi. Ularni saqlash, yanada boyitish va kelgusi avlodga o‘tkazish uchun o‘zini mas’uliyatli deb biladi, shuning uchun ham milliy qadriyatlar avloddan-avlodga o‘tib millatning ulug‘ligini, buyukligini o‘zida saqlab boraveradi. Rangbarang, sermazmun qadriyatlarimiz orasida ertaklar, rivoyatlar, afsonalar ayniqsa qadrlidir, bebahodir. Ertaklarda qahramonlik, fidoyilik, mehnatsevarlik, kamtarlik, olijanoblik, sevgi-muhabbat, do‘stlik, vafodorlik singari go‘zal fazilatlar ulug‘lanadi. Xuddi shu ma’noda ertaklarimiz yosh avlod tarbiyasida, buyuk, bebaho vositalardan biri bo‘lib keldi. «Uch og‘ayni botirlar», «Yoriltosh», «Qilich botirlar» necha-necha yillar davomida, avloddan-avlodga o‘tib, mardlikni, jasoratni, olijanoblikni ulug‘lab, kuylab kelganini bilamiz. «Qutadg‘u bilik», «Hayratul abror», «Qush tili» singari buyuk asarlarda ham ertaklarga, rivoyatlarga alohida e’tibor berilganligini darsliklardan o‘qiganmiz.
Millatning buyukligi uning soni bilan emas, milliy qadriyatlarning boyligi, ko‘pligi bilan o‘lchanadi, deydilar. Ertaklar, rivoyatlar, afsona va hikmatlar ma’nosida o‘zbek xalqi dunyoda eng boy xalq hisoblanadi.
Afsuski so‘nggi yillarda taraqqiyotni tezlashtiruvchi – televizor, kompyuter, internet tarmoqlari kuchaydi. Ertak aytuvchilarni, eshituvchilarni ko‘proq o‘ziga tortib olayapti. Ertak aytuvchi bobolar, hikoyatlar aytuvchi buvilar bebaho ertaklarni, serma’no hikmatlarini kimga aytishni bilmay qarib qolayaptilar, dunyodan o‘tib borayaptilar. Chuqurroq o‘ylab qarasak, millatni millat qilib turgan qadriyatlar ham dunyodan o‘tib borayotganga o‘xshaydi.
Hurmatli yurtboshimiz ushbu millat, qadriyatlar barchamizniki, yoshlar tarixiy o‘tmish qadriyatlarini yaxshi bilmasalar buyuklikka erishish qiyin bo‘ladi, deb alohida ta’kidlaydilar.
Qiziq bir misol keltirmoqchiman. Latviya, Litva, Estoniya mamlakatlarida bo‘lganimda maktablarga borib o‘quvchi bolalar yiqqan tom-tom ertaklarni ko‘rdim. Har bir o‘quvchi maktabni bitirayotganda bobolari va buvilaridan kamida 50 ta ertak yozib olib qoldirib ketishi kerak ekan. Bo‘lmasa shahodatnoma ololmas ekanlar. Abxaziyaning Sxaltuba shahridagi bir maktab o‘quvchilari ham 1936-yildan buyon ertak yig‘ishar ekan. Abxaz millatidan biron kishi tasodif bo‘lib Shimoliy Muz okeaniga tushib qolguday bo‘lsa, u ertak biladi deb eshitishga, samolyot kira qilib, Shimoliy Muz okeaniga borib, o‘sha ertakni yozib olib kelisharkan. Maktabda uch yuz tomdan ortiq ertak yig‘ilgan, shu ertaklarni to‘plab, har yili 8-10 ta kitob ham chiqarib turilar ekan.
Biz esa uyimizda yashab turgan bobomiz, buvimiz bilgan hikmatlarga ham beparvomiz, demak, qadriyatlarni saqlash ma’nosida kelajak oldida aybdor bo‘lib qolayotgandekmiz. 9800 ta o‘rta ta’lim maktabi, 1400 dan ortiq akademik litsey, kasb-hunar kollejlari bor, agar shularda ta’lim olayotgan o‘quvchi yoshlar o‘zlarini qadriyatlarni saqlash bo‘yicha mas’uliyatli deb bilsalar, agar har biri kamida bitta yoki ikkita ertak yozib kerakli joyga bersalar, o‘n minglab nodir ertaklarni, go‘zal afsonalarni va rivoyatlarni yo‘q bo‘lishidan saqlab qolgan bo‘ladilar. Shu fikrdan kelib chiqib o‘quvchilar, muallimlar, otaonalar, bobo-buvijonlar hamkorligida qadriyatlarni yig‘ish, to‘plaganlaridan vaqti-vaqti bilan alohida kitoblar ham nashr qilishga maslahat qildik.
O‘z millatini sevgan, milliy qadriyatlarini ulug‘layman, degan har bir inson ushbu ezgu niyatga beparvo bo‘lmaydi, degan umiddamiz.
X.To‘xtaboyev,O‘zbekiston Xalq yozuvchisi,Davlat mukofoti sovrindori.
HAYOT SHIRINLIGI
Bir kishi ajdarni tuzog‘iga tushirish uchun ortidan quvibdi. Haligi inson ajdarhoning changalidan qochish uchun jon holatda yuguribdi. Yugura-yugura bir jarning oldiga kelib qolibdi. Pastga tushish uchun egilib qarasa, jarlikning tubi ilon-u chayonlarga to‘la ekan. Ortga qaytay desa ajdarho, pastga tushay desa pastda ilon-u chayonlar. Shunda jarlikning yoqasida ulkan bir daraxtni ko‘rib qolibdi. Daraxtning yarim tomiri jarlikning tepasida, yarmi esa jarlikda joylashgan ekan. Pastlikda joylashgan tomirning g‘ovakroq qismi bor ekan. O‘sha kishi tomirdan g‘ovak joyga tushib, daraxt tomirlaridan mahkam ushlab olibdi. Shu payt qo‘liga bir narsa tomibdi. Yalab ko‘rsa asal ekan, tepaga qarasa, daraxt shoxida asalari ini bo‘lib undan asal tomayotgan ekan. Asalni yeb yigit ajdarhodan qutulib qolibdi.
Kishining orqasidan quvgan ajdar – ajal, inson qayerda bo‘lmasin, qay mansabga erishmasin ajal doim u bilan izma-iz va yonma-yon yuradi. Jarlik ichidagi ilon-u chayonlar qilgan gunohlarimiz jazosi, ya’ni shaytonlar. Jar yoqasidagi daraxtdan tomayotgan asal hayotni bildiradi. Qanchalik qiyinchilikka uchramaylik, hayot asal singari shirin tuyulaveradi va yashashga umidimiz ortaveradi.
Aytuvchi: Sh.Nurmatova, 57 yosh, G‘allaorol tumani.
Yozib oluvchi: I.Nurmatov, 8-sinf o‘quvchisi.
«BOTIR» QUYON
Shoshib ketardi quyon, ayiq polvon to‘yiga,
Qorong‘u tushmasdan qaytish kerak uyiga.
Birdan so‘qmoqda yotgan sherga tushdi-yu ko‘zi,
Juftakni rostlamoqchi bo‘ldi, qo‘rqqandan o‘zi.
Ikkilanib quyonvoy tezlikda ishlatdi bosh
Chunki hayvonlar shohi yotardi juda yuvosh.
Asta ehtiyot bo‘lib, o‘tmoq bo‘ldi yonidan
Axir bizning quyonvoy to‘ymagandi jonidan.
Boshqa yo‘qdir iloji, o‘tmoq kerak amallab,
So‘qmoqni-chi, butunlay yotardi sher egallab.
– Hoy, sher aka, sher aka, – dedi quyonvoy asta,
– Maylimi, ustingizdan sakrab o‘tsam ohista?
– Sakrayver, – dedi sher ham horg‘in ovozda asta.
– Nega bunday yotibsiz? – so‘radi quyon pastda.
– Oyoqlarim, – dedi sher – qopqonga tushib qoldi.
Mardona sakrar ekan quyon sher ustiga,
Biqiniga bir tepib, dedi bosti-bostiga:
– Esli hayvon bo‘lsang, men senga teng bo‘laymi?
Oyoqlarim ostida yotganingga o‘laymi?!
Xulosa:
Amalda bo‘lsang, xushomadgo‘y quyondir,
Amal ketgach, ahvoling yomondir.
Aytuvchi: Y.Nasriddinov, 61 yosh.
Yozib oluvchi: Oysara Yusupova, 7-sinf o‘quvchisi.
YOMON XOTIN VA AJDAR
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda bir odamning xotini yomon bo‘lib, u erini doim kamsitar ekan. Chol bezor bo‘lib uni cho‘ldagi bir quduqqa tashlab yuboribdi. Chol uch kundan keyin quduqning oldiga kelib arqon tashlabdi. Shu payt arqondan ajdar chiqib kelayotgan emish, buni ko‘rgan chol arqonni kesmoqchi bo‘lib turganda Xudoning qudrati bilan ajdar tilga kiribdi va cholga:
– Iltimos, kesma, – debdi. Chol uni chiqarib olgandan keyin ajdardan so‘rabdi:
– Nima bo‘ldi? Ajdar debdi:
– Men shu quduqda qirq yildan beri tinch-totuv yashab kelayotgandim, ammo uch kun avval bir yomon ayol kelib meni o‘limimga rozi qildi.
Oradan besh yil o‘tib, o‘sha davlatda ajdar katta bir g‘orga joylashib, oldiga yaqinlashgan odamni domiga tortib yuboraveribdi. Shu davlat shohi farmon beribdi:
– Kimda-kim shu ajdarni o‘ldirsa yoki quvib yuborsa, yarim davlatimni va qizimni beraman, – debdi. Chol o‘sha g‘orning oldiga borib tursa, ajdar unga:
– Ey odam, men seni tanidim. Sen meni yomon xotindan xalos qilgan eding, – debdi. Shunda cholning xayoliga bir fikr kelibdi. U saroyga borib shohga debdi:
– Shohim, menga uchqur ot va o‘tkir qilich bering. Keyin u otni minib qilich bilan g‘or oldiga ot choptirib borib, baqiribdi:
– Ey ajdarho, qoch yomon xotin kelyapti. Ajdarho orqa-oldiga qaramay qochibdi. Shunday qilib, yomon ayol ajdardan ham kuchli, ya’ni ajdarga ham zo‘rlik qilgan ekan.
Aytuvchi: E.Xoliqulov, 70 yosh, Samarqand viloyati.
Yozib oluvchi: S.Aliqulov,8-sinf o‘quvchisi.
YOV QOCHSA
O‘rmonda ikki baroq mushuk tanholikda kun kechirar ekan. Ular ko‘p jonivorlarni ko‘rishgan bo‘lsalarda, zotlariga mansub jonivorlarni hech uchratmagan ekan. Kunlarning birida nogoh to‘qnash kelibdilar-u, bir-birlarini ko‘rib dahshatga tushibdilar. Birinchi mushuk vajohatli dushmanni qo‘rqitmoq uchun dumini asabiy likillatgancha jonjahdi bilan unga qarshi yuribdi. Biroq bir-birlariga yaqinlashmay turib, bu qo‘rquvdan o‘takalari yorilay deb, har tomonga qochib qolibdi. Ma’lum bir masofani bosib o‘tgan birinchi mushuk orqasiga o‘girilib qarasa uni hech kim quvmayotgan emish. Shunda u:
– To‘xta, men bu hayvondan qochib yuribman, u esa mendan ham oldin shataloq otib qolibdi-ku. Demak, u ham mendan qo‘rqibdi, – deb o‘ylab orqasiga qaytibdi. Bu payt ikkinchi mushuk baland changalzorga ro‘para kelib, ilojsizlikdan miyovlab yuboribdi. O‘qdek uchib kelayotgan birinchi mushuk, bu holatni ko‘ribdi-yu, kalovlanib qolibdi va o‘zi ham to‘xtabdi.
– Qanday dahshat! Men ahmoq, nima qilardim qaytib?! Endi meni bu joyda nobud qilishdi, unga hech narsa halaqit bermaydi. Vaqt g‘animat juftakni rostlash kerak, – deb o‘ylabdi u. Birinchi mushuk qandoq tez kelgan bo‘lsa, shundoq iziga qaytibdi.
Xulosa: O‘z yaqiningni bilmasang, joning azobda, ko‘zingni kattaroq ochib yasha.
Aytuvchi: B. Karimov, 64 yosh, G‘allaorol tumani.
Yozib oluvchi: A.Karimov 5-sinf o‘quvchisi.
HIMOYA
Olg‘ir nomli bir quyon ilmiy ish yoqlar edi.
Bu fanda yangilik deb o‘zini oqlar edi.
– Himoyaning nomini bilishga bo‘lsa xohish:
Hayvonlarning terisini tiriklayin shilish.
Bo‘ri turdi joyidan: – Bizda savol bor bitta,
Himoyani amalda «ko‘rsatarsiz» albatta?
– Xohlasangiz marhamat, anov xonaga o‘ting
Sizlar esa shu yerda, natijani kuting.
Bo‘ri dedi o‘zicha: – Bir ta’zirini berayin,
Hozir zap semiribdi, tiriklayin yeyayin.
Alohida xonaga ikkisi kirib ketdi,
Oradan besh daqiqa, chamasi vaqt ham o‘tdi.
Quyon chiqdi xonadan, qo‘lida qonli teri.
Masala hal bo‘rining demak quribdi sho‘ri.
– Yana xohlaganlar xonaga o‘tsin, – dedi.
Quyonvoyning o‘ziga ishonchi katta edi.
– Bu maqtanchoq, menimcha tinchimaydi
o‘lguncha,
Deya ayiqpolvonjon kirib ketdi xonaga.
Chamasi oradan besh daqiqa vaqt o‘tib,
Quyon chiqdi qo‘lida ayiq terisin tutib.
Hamma hayron, hamma lol.
Ne bo‘lganin bilmaydi.
Albatta, boshqalarning o‘lgilari kelmaydi.
Shu payt o‘sha xonadan chiqib keldi hoqon sher,
– Bizning jiyanga yana savollardan bormi? – der.
Xulosa: Hayotda bu ma’lumdir, agar tog‘ang bo‘lsa sher, Hech ikkilanmay, do‘stim, mansab qo‘lda deyaver.
Aytuvchi: Yo‘ldosh Nasriddinov, 61 yosh. Samarqand viloyati, Samarqand shahri.
Yozib oluvchi: Oysara Yusupova, 7-sinf o‘quvchisi.
AQLLI BOLA
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda bir maqtanchoq podsho bo‘lgan ekan. Bu podsho «bu yurtda mendan aqlli odam yo‘q», deb yurar ekan. Bir kuni podsho ovga chiqibdi. U tushgacha ov qilib hech narsa tuta olmabdi. Yo‘lda bir bolani uchratibdi. Podshoh bolaga qarab:
– Hoy bola, bizni mehmon qilmaysanmi? – debdi. Bola unga:
– Jonim bilan, – deb javob beribdi. Podshoh:
– Bizlarni nima so‘yib mehmon qilasan? – deb so‘rabdi. Bola esa:
– Topsak birini, topmasak ikkisini so‘yamiz, – deya javob qaytaribdi. Podshoh bolaning javobidan hayron bo‘libdi. Vazirlariga:
– Bu bolaning gapida hosiyat bor, buni bir sinab ko‘ramiz, – debdi. Podshoh vazirlari bilan bolaning uyiga boribdi. Bola podshoh va uning odamlarini yaxshilab mehmon qilibdi. Podshoh undan:
– Ey bola, nechta qo‘y so‘yding, – deb so‘rabdi. Bolakay esa:
– Birini topmadik, shuning uchun ikkini so‘ydik, – deb javob beribdi.
– Birini topmasang ikkini qayerdan topasan? – debdi shoh. Shunda bola unga qarab:
– Bizning bir bo‘g‘oz qo‘yimiz bor edi. Boshqa bir qo‘yni topolmay shu qo‘yni so‘ydik. Qo‘yni so‘ygandan keyin bolasi ham o‘ldi. Ikkini so‘ydik deganning ma’nosi shu, – debdi.
Bu gaplarni eshitgan shoh bolaning aqliga qoyil qolibdi. Keyin uni o‘z saroyiga olib ketibdi. Bola esa o‘qib, dono bo‘libdi, podshoh uni o‘ziga vazir qilib olibdi.
Aytuvchi: D.Boboqulova, 43 yosh, Do‘stlik tumani.
Yozib oluvchi: Q.Julliboev, 8-sinf o‘quvchisi.
KULOL YIGIT
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda bir kulol yigit bor ekan. U bola juda ham yaxshi, mehribon va ochiq ko‘ngil ekan. U kulolchilikka qiziqar ekan. Uning qo‘lidan ko‘p ishlar kelar ekan. U loydan ko‘za, kosa, tovoq va bundan ham ko‘p narsalarni yasar ekan. Uning bir do‘sti bor ekan. U ham yaxshi, ammo sal qo‘polroq, kalta o‘ylaydigan va mansabparast ekan. Oradan ancha vaqtlar o‘tibdi. Kulol yigit kulolchilik qilib kun kechiraveribdi. Bir kuni kulol bola ish bilan bir joyga tezroq borishi kerak bo‘lib qolibdi. O‘zining ishxonasidagi yasagan buyumlarga qarab turishni do‘stidan iltimos qilibdi. Do‘sti kulol bolaning o‘rniga qolibdi va yasalgan narsalarni sota boshlabdi. U yerga har xil sayohatchilar va savdogarlar kelar ekan. U yerda savdo yaxshi bo‘lgani uchun kulol bola o‘sha joyga ko‘chib o‘tgan ekan. Do‘stini kulol ekan, yaxshi narsalar yasar ekan deb o‘ylashibdi. Kulol bolaning ishlarini o‘ziniki qilib ko‘rsatib, o‘zini maqtab elga ko‘rsatibdi.
U yurtning shahzodasi saroyning ayrim joylarini kulolchilik bilan yasalgan narsalar bilan bezashni xohlabdi va kulol bola yashaydigan qishloqdan yaxshi kulol olib kelishlarini buyuribdi. Kulol bolaning do‘stini shahzodaning oldiga olib kelishibdi. Shahzoda unga:
– Mana shu joylarni ko‘nglimdagidek bezatsang, seni bosh-oyoq sarpo bilan taqdirlayman. Agarda eplolmasang seni qatl ettiraman, – debdi. Haligi bola nima qilishni bilmabdi. Kulol yigit do‘konga kelsa do‘sti yo‘q ekan. Odamlardan so‘rab, saroyga do‘stining oldiga boribdi. Shahzodaga do‘sti unga yordam bersa ishi tezroq tugashini aytibdi. Shahzoda rozi bo‘libdi. Do‘stiga yordam berayotgan paytda ularning gaplarini bir navkar eshitib qolibdi va shahzodaga yetkazibdi. Bu gaplardan g‘azablangan shahzoda kulol yigitning do‘stini qatl etishga buyruq beribdi. Kulol yigit shahzodadan do‘stini kechirishini so‘rabdi. Shahzoda kulol yigitning hurmati uchun uni shahardan badarg‘a qilibdi. Kulol yigit esa shahzoda buyrug‘ini bajarib, halol kun kechiraveribdi.
Aytuvchi: Sh. Islomova, 62 yosh, Jizzax shahri.
Yozib oluvchi: A.Islomova, 8-sinf o‘quvchisi.
DUMSIZ TULKI
Bor ekanda, yo‘q ekan. Qadim zamonda bir tulki bo‘lgan ekan. U bir kuni yo‘lda ketayotsa tog‘dan bir katta xarsang tosh uning dumiga tushib, uni sapchaday uzib tashlabdi. U juda zorlanib yig‘labdi. Uni do‘stlari «yarim dum» deb mazax qilishibdi. U juda xafa bo‘libdi. U kechasi bilan o‘ylabdi. Ertasi kuni u do‘stlarini chaqirib:
– Hammalaring dumlaringni bir-birinikiga bog‘langlar, – debdi. Ular tulkining aytganini qilishibdi. Tulki esa:
– Qaranglar, ovchi kelyapti, – deb ularni qo‘rqitibdi. Shunda ular ura qochishibdi. Keyin ularning ham dumlari uzilib ketibdi. Tulki xo-xolab kulibdi. U:
– Sen ham yarim dum, men ham yarim dum, – debdi. Shundan keyin ular tulkining ustidan kulmaydigan bo‘lishibdi.
Aytuvchi: T.Rasulov, 66 yosh. G‘allaorol tumani.
Yozib oluvchi: A.Toshqulov, 5-sinf o‘quvchisi.
RIVOYAT
Shayboniyxon Samarqandni egallagandan so‘ng, Bobur 35 nafar navkarlari bilan Hindistonga yo‘l olayotgan paytda Nurota tizmasining tagida, bir kishining kulbasida tunab qolishga ruxsat so‘ragan. U kishi g‘orda yashar ekan.
Darveshning kosadek qozonchasi bo‘lib, unda bor-yo‘g‘i bir kishiga yetadigan ovqat bor ekan. Lekin u kishi Boburga barcha navkarlarini ham to‘yg‘izishga va’da beribdi, sababi qozonda sira ham ovqat tugab qolmabdi, ya’ni qozonning oxiri ko‘rinmas emish. Sababi, u kishi Xudoga yaqin, ya’ni haq yo‘lida yurgan insonlardan biri bo‘lgan ekan.
Aytuvchi: M.Ochilov, 66 yosh. Jizzax shahri.
Yozib oluvchi: N.Ochilova, 8-sinf o‘quvchisi.
IKKI AKA-UKA
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim o‘tgan zamonda ikki aka-uka bo‘lgan ekan. Ular doim bir-biri bilan janjallashib yurishar ekan. Hech qachon bir-biri bilan kelishmas ekan. Ular shu tariqa ulg‘ayishibdi. Ularni bo‘ylari ham yetib qolibdi. Ota-onalarining bellaridan kuch ketib, qarib qolishibdi. Shunda ular o‘g‘illarini oldilariga chaqirib:
– Bolalarim, bo‘ylaring yetib, ulg‘ayib qoldinglar. Biz esa qarib qoldik. Endi o‘zlaring yurt kezib, o‘zlaringga mos kelin topinglar. Bir-biring bilan hech ham kelisha olmadinglar. Ikkovlaring bir ayro yashab ko‘ringlar-chi, – debdi
Ikki aka-uka ota-onasining gaplariga rozi bo‘lishibdi va yurt kezgani ikkalasi ikki tarafga qarab ketishibdi. Kattasi yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi. Oradan uch kun o‘tibdi. Katta aka bir kulbaga yetib kelibdi. U eshikni taqillatibdi. Eshikni bir qariya ochibdi. U qariyadan bir kechaga joy berishini so‘rabdi, qariya unga uyidan joy beribdi va yurtidagi yangiliklar to‘g‘risida yigitga so‘zlab beribdi. Yigit bilan dildan suhbat quribdi. Yurtining shohi va uning go‘zal qizi haqida so‘zlab beribdi. Shoh qiziga kelayotgan sovchilarga shart qo‘yganini aytibdi. Yigit bu gapni eshitib, o‘zini sinab ko‘rmoqchi bo‘libdi. Chol yigitning qarorini eshitib o‘ylanib qolibdi va sekin so‘z boshlabdi:
– Shartning eng yomon tomoni bor. Shoh aytgan sinovini bajara olmasangiz, sizni o‘ldirtiradi, – debdi.
Shunda katta aka choldan bu sinovlarga tayyorlashini iltimos qilib so‘rabdi. Chol bunga rozi bo‘libdi. Ular tayyorgarlikni boshlab yuboribdi. Bu paytda kichik uka yurt kezar edi. U akasini juda sog‘inibdi. Kichik uka ham yurtni kezib-kezib bir qishloqqa yetib kelibdi. Buni qarangki, bu qishloq akasi yashab yurgan qishloq ekan. Uka ham aka ham bir qishloqqa kelib qolibdilar. Ikkinchi o‘g‘il ham bir kulbaga borib eshigini taqillatibdi. Shunda eshikni bir kampir ochibdi, u ham yordam so‘rab shu kampirning uyiga joylashibdi. Uka ham yurt kezib shoh qizi haqida eshitgan ekan. U ham kampirdan iltimos qilib, sinovga tayyorlantirishni so‘rabdi. Shunda Kampir rozi bo‘libdi.
Ikki aka-uka bir-birini ko‘rmasdan kundan-kunga g‘ayrati oshib boraveribdi. Ular shohning shartlariga tayyor bo‘lishibdi. O‘zlarini sinash uchun musobaqaga shoh saroyiga borishibdi. Aka-ukalar shoh saroyida bir-birini uchratib qolishdi va ikkalasi bir malika uchun tortishayotganini bilib qolishdi. Ular bir-birini juda sog‘ingan ekan. Ko‘rishganidan xursand bo‘lib quchoqlasha ketishibdi. Saroyga kelish sababini bir-biridan bilgach birdaniga ikkalasiga ham bir fikr kelibdi. Kichik uka malikaning shartlarini bajarib, akasi uylanishi kerakligini aytibdi. Akasi chol va kampir, ukasining yordami bilan sinovlardan a’lo darajada o‘tibdi va shoh qiziga uylanibdi. Ukasi shu qishloqdagi bir qizni bilar ekan. U o‘sha uyidan joy berib yaxshilik qilgan kampirning qizi ekan. Kichik botir kampirning qiziga uylanibdi. U juda ham odobli qiz ekan. Ikki aka-uka musofirlikda bir-birining qadrini tushunib yetishibdi. Bundan keyin umuman janjallashmaydigan bo‘lishibdi. Ular baxtli hayot kechira boshlashibdi. Farzandli bo‘lishibdi. Farzandlariga faqat ahil-inoq bo‘lishlarini uqtirishar ekan.
Qissadan hissa: Bolalar hech qachon akaukalaringiz bilan janjallashmang, ular bilan doim ahil-inoq bo‘ling. Aka-ukangiz kuningizga yaraydi.
Aytuvchi: G‘afforov Murod bobo, Navoiy viloyati Xatirchi tumani.
Yozib oluvchi: Azamov Otajon, 5-sinf o‘quvchisi.
QORA PODSHOH
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim-qadim zamonda adolatli podshoh bo‘lgan ekan. U xalq orasida «Qora podshoh» deb atalar ekan. Podshohning go‘zallikda tengi yo‘q Sarvigul degan qizi bo‘lgan ekan. Qiz juda ham malohatli va chiroyliligi uchun unga turli mamlakatlardan sovchilar kelishar ekan. Ammo oq ko‘ngil ota ularni surishtirmay hech qaysisini qiziga yaqinlashtirmas ekan. Qiz esa kanizaklari bilan bo‘sh vaqtlarida daryo bo‘yiga borar ekan.
Kunlarning birida malika aylanib yurgan bir yugitga duch kelibdi va shunday debdi:
– Ey musofir yigit, malikaning oldida turishingni qanday izohlaysan, – debdi. Yigit:
– Men musofir emasman, – deb javob qaytaribdi. Malika hayron bo‘lib:
– Unda kimsan, – debdi. Yigit:
– Men Buxoro xoniman, – degan javob bilan kifoyalanibdi u. Bu paytda malikaning otasi ham bo‘sh emas ekan. Chunki o‘sha kuni bu mamlakatga Buxoro sultoni Qoraxon kelgan edi. Podshoh u bilan juda qadrdon tanish edilar. Ular bolalarini unashtirish maqsadida yurishgan edilar.
Malika va Buxoro xoni bir-birini ko‘rib yoqtirishga ulgurgan edilar.
Kunlarning birida xon yigit o‘z yurtiga qaytishiga to‘g‘ri kelibdi. Malikasiga qaytib kelishga so‘z berib, ketibdi. Qiz xon yigitni uzoq kutibdi, ammo u kelmabdi. Qiz otasiga boshqa kishiga turmushga chiqishga rozilik bildiribdi va o‘z taqdiriga tan beribdi.
Ammo to‘y kuni xon yigit oppoq otda kelib, malikani o‘z yurtiga olib ketmoqchi bo‘libdi, chunki yigit Qoraxonning o‘g‘li ekan. Qora podshoh qizining baxtini ko‘rib xursand bo‘libdi. Shu-shu malika va Buxoro xoni, Qora podshoh va Qoraxon umrlarining oxirigacha murod-maqsadlariga yetib, davlatlarining ravnaqi uchun birga kurashibdilar.
Aytuvchi: Akromov Bahriddin bobo. Navoiy viloyati, Xatirchi tumani.
Yozib oluvchi: Yo‘ldoshmurodov Diyorbek, 6-sinf o‘quvchisi.
Внимание! Это не конец книги.
Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?