Текст книги "Mio, bolajonim Mio"
Автор книги: Астрид Линдгрен
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 1 (всего у книги 6 страниц) [доступный отрывок для чтения: 2 страниц]
Astrid Lindgren
Mio, bolajonim Mio
Kun-u tun yo‘lda
Kimdir o‘tgan yilning o‘n beshinchi oktabrida radio eshitganmi? Balki, yo‘qolgan bolakay haqidagi xabar qulog‘ingizga chalingandir? Yo‘qmi? Xullas, radioda mana bunday e’lon yangragan edi:
«Stokgolm 11
Stokgolm – Shvetsiya poytaxti.
[Закрыть] politsiyasi to‘qqiz yoshli Bu Vilxelm Ulsonni izlamoqda. O‘tgan kuni kechki soat oltida u Uplandsgatan ko‘chasidagi o‘zi istiqomat qiluvchi o‘n uchinchi uydan bedarak ketgan. Bu Vilxelm Ulsonning sochlari mallarang, ko‘zlari ko‘k. O‘sha kuni uning egnida kalta jigarrang shalvar, to‘qilgan kulrang sviter va boshida qizil qalpoqcha bo‘lgan. Qidiruvdagi shaxs haqida biror bir ma’lumotga ega bo‘lsangiz, politsiyaning navbatchi bo‘limiga xabar berishingizni so‘raymiz».
Ammo Bu Vilxelm Ulson izsiz g‘oyib bo‘ldi. U haqda hech kim politsiyaga xabar bergani ham yo‘q. Bolakayning qayerga ketganligini mendan boshqa hech kim bilmaydi. Sababi – Bu Vilxelm Ulson janobi oliylari aynan menman.
Bularning barchasi haqida hech bo‘lmasa Benkaga gapirib berishni qanchalik istashimni bilsangiz edi. Ko‘pincha u bilan birga o‘ynardik. Uning to‘liq ismi – Bengt, lekin hamma uni shunchaki Benka deb chaqiradi. Va tushunarliki, meni ham barcha Bu Vilxelm Ulson emas, oddiygina qilib, Busse deb atashadi (aniqrog‘i, ilgari meni Busse, deb chaqirardilar. Yo‘qolganimdan keyin esa ortiq bu ismni eshitganim yo‘q). Faqat Edlya xolam va Siksten amakim menga «Bu Vilxelm», deb murojaat qilishardi. To‘g‘risini aytsam, Siksten amakim men bilan deyarli gaplashmas edi.
Men Edlya xolam va Siksten amakimning asrandisi edim. Bor-yo‘g‘i bir yoshimda ularnikiga kelib qolgan emishman. Edlya xolam meni yetimxonadan olib kelgan ekan. Umuman, xolam qiz bola asrab olishni istagan ekan-u, biroq munosib qizaloq topilmaganmish. Garchi Edlya xolam va Siksten amakim o‘g‘il bolalarga (ayniqsa, u sakkizto‘qqiz yoshda bo‘lsa) toqat qila olmasalar ham, xolam meni tanlagan. Edlya xolamning aytishicha, men kuni bilan sang‘ib, Tegner bog‘ining barcha kir-changini kechqurun uyga olib kelarmishman, kiyimlarimni duch kelgan yerga uloqtirarmishman, bu ham yetmaganday, bor ovozda kulib, vaysaganim-vaysagan ekan. U doimo meni uyga olib kelgan kuniga la’nat o‘qirdi. Siksten amakim esa mutlaqo men bilan gaplashmasdi, har zamonda jahl bilan o‘shqirganini eshitib turardim: «Hoy, sen, ko‘zimdan yo‘qol, qorangni ham ko‘rmay!»
Ko‘p vaqtim Benkalarnikida o‘tardi. Otasi u bilan ko‘p suhbatlashar, planer22
Planer – motorsiz, uchuvchi apparat.
[Закрыть] lar yasashga yordam berardi. Ba’zida Benkaning bo‘yi qanchalik o‘sganini aniqlash uchun oshxona eshigiga belgi qo‘yardi. Benka istagancha kulishi, baqirishi, kiyimlarini istagan yerga yechib tashlashi mumkin edi. Otasi baribir uni yaxshi ko‘rardi.
Bolalar ham Benkaning uyiga mehmonga kelib, istagancha o‘ynardilar. Biznikiga esa birovni olib kelish mumkin emasdi. Edlya xolam doim aytardilar: «Bu yer yugur-yugur qiladigan joy emas». Siksten amakim bo‘lsalar, «Bizga bitta shumtakaning o‘zi yetib-ortadi», derdilar.
Kechalari o‘y surib yotarkanman, ba’zida Benkaning otasi to‘satdan mening otamga aylanib qolishini orzu qilardim. Va shunda bir xayol hech tinchlik bermasdi: haqiqiy otam kim, nega men o‘z ota-onam bilan birga emasman? Nima uchun goh yetimxonada, goh Edlya xolam va Siksten amakimning uyida yashashim kerak? Qachonlardir Edlya xolam tug‘ilishim bilanoq onam vafot etganliklari haqida gapirib bergandilar. «Otang kimligini hech kim bilmaydi. Bir muttaham tovlamachi bo‘lsa kerak-da», qo‘shib qo‘ygandi u.
Edlya xolamni otam haqida aytgan gaplari tufayli yomon ko‘rib qolgandim. Balki, onam haqiqatan ham men tug‘ilgan chog‘da dunyodan o‘tgandir. Ammo men ishonardimki, otam – firibgar, muttaham emas. Va uni o‘ylab yashirincha yig‘lamagan kunim bo‘lmagan.
Menga haqiqiy mehribonchilik ko‘rsatgan inson meva-sabzavotlar do‘konida ishlovchi fru33
Fru – shved tilida «xonim» ma’nosida ishlatiladi.
[Закрыть] Lundin edi. U meni mevalar va shirinliklar bilan siylardi.
Endi esa hammasi o‘tgach, Lundin xola haqida ko‘p o‘ylaydigan bo‘lib qoldim. Kim o‘zi u? Axir o‘tgan yilning oktabridagi voqealar aynan undan boshlangandi-da.
O‘sha kuni Edlya xolam go‘yo uning barcha baxtsizliklariga men sababchidek, qarg‘andi. Soat oltilar chamasi u meni Drotninggatan ko‘chasida joylashgan novvoyxonaga sevimli qoq nonlarini olib kelish uchun jo‘natdi. Qizil qalpoqchamni kiygancha ko‘chaga yugurdim.
Meva-sabzavotlar do‘koni yonidan o‘tib ketarkanman, Lundin xolaning eshikka suyanib turganiga ko‘zim tushdi. Iyagimdan tutgancha, menga g‘alati nigoh bilan uzoq tikildi. So‘ng so‘radi:
– Olma yeysanmi?
– Rahmat, yo‘q demasdim, – deya javob berdim.
Va u menga chiroyli, ko‘rinishidan juda mazali olmani uzatdi.
– Otkritka bersam, pochta qutisiga tashlab keta olasanmi? – so‘radi Lundin xola.
– Albatta, – javob berdim men.
U otkritkaga bir necha qator yozib, qo‘limga tutqazdi.
– Xayr, Bu Vilxelm Ulson, – dedi Lundin xola. – Alvido, alvido, Bu Vilxelm Ulson.
Uning so‘zlari biram g‘alati eshitildiki, axir u meni doim Busse deb chaqirardi-da.
Pochta qutisigacha yana bir mavzedan o‘tish kerak edi. Otkritkani ochganimda esa u xuddi olovli harflarda yozilgan kabi yonib turardi. Lundin xola yozgan harflar, chiroqli reklamada bo‘lganidek, chaqnab turar, unda quyidagi so‘zlar yozilgandi:
«Uzoq Mamlakat qiroliga.
Sen uzoq vaqtdan beri izlayotgan inson yo‘lda.
Tun-u kun yo‘lda. Qo‘llarida esa sehrli belgi – oltin olma bor».
Hech bir so‘zni tushunmadim. Lekin sovuq yuzimni chimchilardi. Shoshilgancha otkritkani qutiga tashladim.
Tun-u kun yo‘ldagi inson kim bo‘lishi mumkin, qiziq? Oltin olma kimning qo‘lida?
To‘satdan ko‘zim Lundin xola bergan olmaga tushdi. U oltinga aylanib qolibdi.
Endi tushundim: qo‘llarimda chiroyli oltin olmani ushlab turibman.
O‘zimni dahshatli darajada yolg‘iz sezdim. Yig‘lab yuborishimga oz qoldi. Yuraverdim va Tegner bog‘idagi o‘rindiqlardan biriga borib o‘tirdim. Atrofda hech zog‘ ko‘rinmasdi. Aftidan, hamma kechki ovqatga ketgan ko‘rinadi. Qorong‘i tushib, yomg‘ir sevalay boshladi. Bog‘ atrofidagi uylarda chiroqlar nur sochardi. Benkaning uyida ham. Hozir u uyida ota-onasi bilan quymoq va no‘xat yeyayotgan bo‘lsa kerak. Umuman, chiroq yongan har bir uyda bolalar o‘z ota-onalari bilan birga o‘tirishgandir? Faqatgina men qorong‘ilik ichra yolg‘izman. Bir o‘zimman. Qo‘limda esa oltin olma. Uni nima qilishni ham bilmayman. Qarshimda ko‘cha fonusi, undan men va qo‘limdagi olmaga nur tushib turardi. Tuyqus, fonus nurida yerda bir narsa yaltiradi. Oddiygina bo‘m-bo‘sh pivo shishasi ekan. Kimdir og‘ziga yog‘och bo‘lagini tiqib ketibdi. Bog‘da o‘ynagan bolalardan birortasi bo‘lsa kerak.
Shishani oldim-da, yorlig‘ini o‘qiy boshladim: «Pivopazlik aksionerlik jamiyati. Stokgolm, ikkinchi nav». Kutilmaganda, shisha ichida kimdir g‘imirlab yurayotganiga ko‘zim tushib qoldi.
Bir kuni kutubxonadan «Ming bir kecha» kitobini olgandim. Unda shisha ichidagi ruh haqida hikoya qilingandi. Ammo u uzoq Arabistonda, ming yillar ilgari bo‘lgan-ku. Tegner bog‘idagi oddiy pivo shishasi – umuman boshqa masala. Balki shishalarda Stokgolm pivoxonalarining ruhlari joylashib olar! Har holda, shisha ichida kimdir bor edi. Chin so‘zim, u yerda ruh o‘tirardi! Va u tashqariga chiqishga shoshilmasdi. U shishaga tiqilgan yog‘och bo‘lagiga ishora qilgancha, menga yalingannamo qarab turardi. Men ruhlar bilan qanday muomala qilishni bilmasdim va shisha og‘zidagi tiqinni olib tashlashga ozgina qo‘rqdim. Nihoyat baribir shishani ochdim – ruh qo‘rqinchli shovqin bilan shishadan chiqdi; u bir lahzada o‘sib, nihoyatda ulkanlashib ketdi. Tegner bog‘i atrofidagi eng baland binolar ham yelkasiga zo‘rg‘a yetardi. Ruhlar o‘zi doim shunaqa: ular shu qadar kichrayishlari mumkinki, hatto shishaga sig‘adilar, lekin bir lahzada bahaybat bo‘lib, uylardan ham balandlab ketadilar.
Qanday qo‘rqqanimni ta’riflab berolmayman. Shunday qaltirardimki… Shu payt ruh so‘zlay boshladi. Uning ovozi shu qadar baland ediki, xuddi haybatli sharshara shovqinidek. Bu tovushni doim odamlar baland ovozda gapirishlaridan shikoyat qiladigan Edlya xolam va Siksten amakim bir eshitsalar edi.
– Bolakay, – dedi ruh, – sen meni asirlikdan ozod etding. Istagan narsangni so‘ra!
Ammo men bor-yo‘g‘i yog‘och bo‘lagini shisha og‘zidan sug‘urib oldim va bu arzimagan ish uchun mukofot ham kutmagandim. Ruh Stokgolmga kecha oqshom kelgan bo‘lib, tinchroq uxlash uchun shisha ichiga kirib olgan. Uxlash uchun shishadan yaxshiroq joyni topib bo‘lmaydi va bu narsani hamma ruhlar yaxshi bilishadi. U uxlayotgan paytda esa kimdir shisha og‘zini berkitgan. Agar uni qutqarmaganimda, kim bilsin, tiqin chiriguncha ming yil vaqtini shisha ichida o‘tkazarmidi, sho‘rlik.
– Bu narsa hukmdorim qirol hazrati oliylariga yoqmagan bo‘lardi, – to‘ng‘illab gapirdi u.
O‘zimni bosib, gapirishga kuch to‘pladim-da, so‘radim:
– Hoy ruh, qayerdan kelding?
Bir muddat sukunat cho‘kdi. So‘ng ruh javob berdi:
– Uzoq Mamlakatdan.
Ruh buni shu qadar baland ovozda aytdiki, go‘yo barchasi miyam ichida jaranglagandek tuyulib ketdi. Ammo uning tovushi ko‘nglimda noma’lum mamlakatga bo‘lgan sog‘inchni alangalatib yubordi va baqirdim:
– Meni ham o‘zing bilan olib ket! Ey ruh, meni ham Uzoq Mamlakatga olib keta qol! Meni u yerda kutishmoqda!
Ruh bosh chayqadi. Shu tobda unga oltin olmani uzatdim va ruh xitob qildi:
– Qo‘lingda sehrli belgi bor-ku! Axir sen qirolimiz uzoq yillardan buyon izlayotgan odamsan-ku!
Ruh egilib, meni bag‘riga bosdi. Tevaragimizda nimadir jaranglaganday bo‘ldi va biz uchib ketdik. Pastda esa Tegner bog‘i, qorong‘i o‘rmon va uylar bor edi. Chiroq nuri porlab turgan derazalar ortida bolalar otalari, onalari bilan kechki ovqat tanovul qilishar, men Bu Vulxelm Ulson esa yuksaklarda, yulduzlar o‘lkasida edim.
Qayerdadir pastda bulutlar suzar, biz chaqmoqdan tezroq, momaqaldiroq va toza bo‘rondan ilgariroq borardik. Atrofimizda quyosh, oy va yulduzlar yog‘du sochishardi. Ba’zida zulmat qa’riga kirib ketardik. So‘ng shu qadar yorqin nur bizni qamrab olardiki, munavvarlikdan hatto ko‘zlarimiz zo‘rg‘a ko‘rardi.
– Tun-u kun yo‘lda, – shivirladim men. Otkritkada aynan shunday yozilgandi.
Ruh qo‘lini cho‘zgancha pastga – dengizning tiniq moviy suvi yuvib turgan, quyoshning zarrin nurlarida go‘yo erkalanayotgan yashil dalalarga ishora qildi.
– Qara, ho-ov, ana, Uzoq Mamlakat.
Biz pastlay boshladik va orolga borib qo‘ndik. Ha, bu o‘sha, dengizda suzib yurgan orol edi. Tevarak-atrof minglab atirgul va nilufarlarning xushbo‘y iforiga ko‘milgan, qayerdandir nihoyatda go‘zal, bu dunyodagi hech bir kuyga qiyos etib bo‘lmaydigan musiqa taralardi.
Biz qo‘ngan dengiz qirg‘og‘iga yaqin yerda ulkan, oq marmardan qilingan hashamdor qasr qad rostlagandi.
Kimdir qirg‘oq bo‘ylab biz tarafga yugurib kelar, u naq qirolning o‘zginasi edi. Unga qararkanman, aynan o‘sha kishi mening otam ekanligini tushundim. Qalbimdagi bu tuyg‘uga zarracha ham shubha qilmadim. Mening otam qirol. U qulochini keng yoydi va men otamning quchog‘iga otildim…
Qaniydi Edlya xolam otamni ko‘rganida! U qanday ko‘rkam! Oltin iplardan tikilgan, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan ko‘ylagini aytmaysizmi?! U Benkaning otasiga o‘xshab ketar, faqat undan chiroyliroq edi. Afsus, Edlya xolam bu manzaraga guvoh bo‘lganida edi, otam muttaham, kazzob emasligini darrov tushunib yetgan bo‘lardi.
Ammo u kishi bir narsani to‘g‘ri aytgandi: onam chindan ham men tug‘ilishim bilan vafot etgan ekan. Yetimxonaning ahmoq xodimlari esa otamga qayerda ekanligimni xabar qilishni unutishgan. Qirol-otam meni naq to‘qqiz yildan beri izlayotgan ekan. Topilganimdan shu qadar xursand edimki!
Anchadan buyon Uzoq Mamlakatda yashab kelmoqdaman. Har kunim xursandchilik. Oqshomlari otam xonamga keladi va biz birgalikda planerlar yasaymiz, uzoq suhbatlashamiz.
Tobora ulg‘aymoqdaman. Bu yerda yashash zo‘r. Qirol-otam har oyda oshxona eshigiga bo‘yimni o‘lchab, belgi qo‘yadi.
– Bolajonim Mio, bo‘ying ancha cho‘zilibdi, – deydi u har safar yangi belgi qo‘yganimizda.
– Bolajonim Mio, seni naq to‘qqiz yil izladim, – otamning ovozi juda yoqimli eshitilardi.
Ma’lum bo‘ldiki, ismim Busse emas ekan. Busse ismi xuddi Uplandsgatandagi hayotim singari haqiqiy bo‘lib chiqmadi. Endi, hammasi joy-joyiga tushdi. Otam va men bir-birimizni juda yaxshi ko‘ramiz.
Benka bularning barchasi haqida bilganida qanday zo‘r ish bo‘lardi-ya… Shisha olaman-da, maktub yozib, ichiga solaman. So‘ng, og‘zini mahkam berkitib, Uzoq Mamlakat yerlarini yuvib turgan dengizga otaman. Va bir kun kelib, Vaksxolmdagi dala hovlida ota-onasi bilan dam olayotgan, dengizda cho‘milayotgan Benkaning ko‘zi suzayotgan shishaga tushadi. Men bilan sodir bo‘lgan mo‘jizalar haqida Benka bilsa, juda qiziq bo‘lsa kerak, a?! U politsiyaning navbatchi bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib, aslida ismi Mio bo‘lgan Bu Vilxelm Ulson Uzoq Mamlakatda, otasining qasrida shod-xurramlikda yashayotganligi haqida xabar berishi ham mumkin.
Atirgullar orasida
To‘g‘risini aytsam, Benkaga nima haqida yozishni ham bilmayman. Boshdan kechirganlarim dunyoda sodir bo‘lgan hech bir sarguzashtga o‘xshamaydi. Qancha o‘ylamayin, kerakli so‘zlarni topa olmadim. Balki, mana bunday yozarman: men bilan eng hayratomuz hodisalar yuz berdi. Ammo bu so‘zlardan Benka Uzoq Mamlakatdagi hayotim haqida hech narsa bila olmaydi axir. Qirol-otam, qirollikdagi atirgullar bog‘i, yangi do‘stim Yum-Yum, ko‘rkam tulporim Miramis va Yot O‘lkada yashovchi qahri qattiq ritsar Kato haqida so‘zlab berish uchun butun boshli shishalar qo‘shinini dengizga tashlashim kerak. Yo‘q, hammasini aytib berishning iloji yo‘q ekan.
Birinchi kunning o‘zidayoq otam meni bog‘ga boshlab borgandi. Oqshom tushgan, mayin shamoldan daraxtlardagi yaproqlar shitirlardi. Bog‘ga yaqinlasharkanmiz, go‘zal musiqa eshitildi. Xuddi minglab billur qo‘ng‘iroqchalar chalinayotgandek edi. Musiqani tinglarkanman, yuragim titrab ketdi.
– Kumush teraklarimning kuyini eshityapsanmi? – so‘radi otam.
U meni ko‘tarib oldi. Edlya xola va Siksten amaki meni hech qachon qo‘llarida ko‘tarishmagan, umuman, hech kim men bilan bu taxlit yurmagandi. Shuning uchun, garchi ancha ulg‘aygan bo‘lsamda, otam meni ko‘tarib olganda, suyunib ketaman.
Bog‘ baland tosh devor bilan o‘rab olingandi. Otam eshikni ochdi va biz ichkari kirdik.
Qachondir, ancha vaqt oldin Benka bilan Vaksxolmdagi dala hovliga borishimga ruxsat berishgandi. Biz u bilan qoyadagi o‘yiqqa o‘tirgancha baliq ovlagandik. Osmon alvonrangga burkangan, suv go‘yo qotib qolgan, harakatsiz edi. Na’matakning yorqin, qizg‘ish gullari yovvoyi qoyalar orasidan ko‘zga chalinardi. Uzoq-uzoqlarda, ko‘rfazning narigi tarafida bor ovozi bilan kakku sayradi. Kakkuning qo‘shig‘i bilan atrof yanayam go‘zallashgandek tuyulgandi. Benkaga bu haqda aytmadim, ustimdan kulishini istamagandim, garchi olamda bundan ortiq go‘zallik yo‘qligiga qattiq ishongan bo‘lsam ham.
Lekin unda otamning bog‘ini hali ko‘rmagandim. Unda hali to‘lqinlari turfa ranglarda jilvalanayotgan dengizdek atirgullarni, shamolda tebranayotgan oppoq nilufarlarni ko‘rmagandim. Kumushrang bargli, osmonga tegay-tegay deb turgan baland teraklar meni o‘ziga maftun etmagandi. Oqshom tushganda, yulduzlar xuddi teraklar uchiga osilgandek taassurot qoldirardi. Bog‘ uzra parvoz qilib yurgan oppoq qushlar-chi… teraklardan taralayotgan kuy, o‘sha qushlarning sayrog‘idan yoqimliroq narsani hayotimda eshitmaganman. Otamning bog‘ida men ko‘rgan ajoyibotlardan go‘zalrog‘ini ko‘rish hali hech kimga nasib etmagan bo‘lsa kerak. Otamning qo‘lidan tutgancha harakatsiz turardim, otam esa yuzlarimdan yengil chimchilab, dedi:
– Bolajonim Mio, bog‘ senga yoqdimi?
Javob berishga kuchim yetmasdi. Meni umuman noma’lum tuyg‘u chulg‘ab olgandi. Garchi baxtli bo‘lsam-da, yuragimni qayg‘u qamrab olgandek edi.
Otamga bu holatimni sezdirmaslik uchun darrov uni quchoqlashni istardim. Ammo bu ishni qilishimdan oldin otam mehr bilan shunday dedi:
– Baxtli ekanligingni ko‘rish qanday yaxshi! Doim shunday bo‘l, bolajonim Mio!
Otam uni anchadan buyon kutayotgan bog‘bonning oldiga ketdi. Men esa bog‘ bo‘ylab chopib yurardim. Bularning barchasidan boshim aylanar, xuddi to‘yguncha asalli sharbat ichgandek mast edim. Oyoqlarim o‘zimga bo‘ysunmas, bir joyda turmas, raqsga tushar, bilaklarim kuchga to‘lgandek edi go‘yo. Hozir Benka yonimda bo‘lganidami! U bilan jang qilardim, albatta yolg‘ondakam. Ha, menga faqatgina Benka yetishmayotgandi. Bechoragina, hozir Tegner bog‘ida chopib yurgandir, u yerda esa yomg‘ir yog‘yapti, shamol esmoqda, buning ustiga qorong‘i. Menimcha, u yo‘qolganimdan xabar topgan, g‘oyib bo‘lganimdan hayron bo‘lsa kerak. Boyaqish Benka. Birgalikdagi kunlarimiz qanday quvnoq o‘tardi. Hozirgi hayotimda o‘rni eng ko‘p bilinayotgan inson aynan u edi. Qirol-otamning bog‘ida aylanib yurarkanman, to‘satdan Benkani sog‘indim. Undan boshqa insonning sog‘inchi meni qiynamayotgandi. Albatta, Lundin xolani ham sog‘inayotgandim, axir u menga juda mehribon edi. Ammo hammadan ko‘proq Benkani eslardim.
O‘ylarimga g‘arq bo‘lib, egri so‘qmoqdan jimgina borardim. Birdan boshimni ko‘tardim. Qarshimda kimdir turardi… Kim deb o‘ylaysiz? Benka! Yo‘q, u Benka emasdi. Oldimda xuddi Benkanikidek quyuq kashtan rangli sochi, jigarrang ko‘zi bor bola turardi.
– Kimsan? – so‘radim undan.
– Yum-Yum, – javob berdi bola.
U Benkaga juda-juda o‘xshar, lekin do‘stimdan jiddiyroq, mehribonroqdek taassurot qoldirdi. Albatta, Benka ham mehribon edi, xuddi mendek. Ammo oramizda ba’zan kelishmovchiliklar, hatto janjallar ham bo‘lib turardi. Albatta, tezda yarashib olardik. Yum-Yum bilan esa urushishning deyarli iloji yo‘q.
– Ismimni bilasanmi? – deb so‘radim undan. – Busse, deb o‘ylayotgandirsan? Umuman unday emas, yo‘q, meni ilgari shunday atashardi.
– Ismingni bilaman, Mio, – dedi Yum-Yum. – Qirolimiz shahzoda uyga qaytganligini xabar qilish uchun butun mamlakat bo‘ylab choparlar jo‘natdi.
Otamning topilganimdan quvonganligi qanday yaxshi! U hattoki butun saltanat aholisi bilan quvonchini bo‘lishgisi kelibdi.
– Sening otang bormi, Yum-Yum? – so‘radim yangi do‘stimdan.
– Albatta bor, – javob berdi u. – Mening otam – qirollik bog‘boni. Yur, qayerda yashashimni senga ko‘rsataman.
Va Yum-Yum egri so‘qmoq bo‘ylab meni bog‘ning eng adog‘igacha boshlab bordi. U yerda xuddi ertaklardagidek poxol tomli mittigina oq uycha turardi. Devorlar va tomda atirgullar shu qadar quyuq o‘sgandiki, uycha deyarli ko‘rinmasdi. Darchalar lang ochiq, oppoq qushlar goh uyga uchib kirar, goh tashqariga chiqardi. Uycha yonida stol va o‘rindiq turar, orqadan asalarilarning g‘uvullashi quloqqa chalinardi. Tevarakda kumush bargli tol va teraklar shovullardi. Oshxonadan kimningdir ovozi keldi.
– Yum-Yum, kechki ovqatni unutmadingmi? – Bu Yum-Yumning onasi edi.
U eshikdan tabassum qilgancha chiqdi. Shunda ayolning sal yoshroq ko‘rinishini hisobga olmasa, Lundin xolaga quyib qo‘ygandek o‘xshashini ko‘rdim. Yonoqlaridagi chuqur kuldirgichlar xuddi Lundin xolanikidek edi. Ayol ikki yuzimdan ushladi, xuddi Lundin xoladek.
– Xayrli kun, Mio! Yum-Yum bilan kechki ovqatni birga qilishni istaysanmi?
– Xursand bo‘lardim, – deya javob berdim, – albatta, agar sizlarni bezovta qilmasam.
U sira xijolat bo‘lmasligimni aytdi. Yum-Yum va men stolga o‘tirdik, uning onasi esa qulupnayli murabbo, sut va quymoqlar olib keldi. Yum-Yum ikkovimiz, sal qolsa bo‘kib qolardik. Oxirida bir-birimizga qarab, kulib yubordik. Yum-Yumdek do‘st topganimdan quvonib ketdim!
Tuyqusdan oq qush kelib, likopchamdagi quymoqning bir bo‘lagini tumshug‘ida olib ketdi va biz yanada qattiqroq kulib yubordik.
Otam biz tarafga qarab kelardi. Meni ko‘rib qoldi-da, to‘xtadi.
– Bolajonim Mio, xursand ko‘rinasan? – so‘radi otam.
– Ha, kechirasiz! – kechirim so‘radim men. Balki, qirolga Siksten amaki va Edlya xoladek baland ovozda kuladiganlar yoqmas, deya o‘ylagandim-da.
– Maza qilib kul, – dedi otam. So‘ngra bog‘bonga qarab: – Menga qushlar sayrog‘i, kumush teraklarning jarangli ovozi yoqadi, lekin hammasidan ham bog‘imda yangrayotgan o‘g‘limning kulgisini ko‘proq yaxshi ko‘raman, – dedi.
Va birinchi bor otamdan hayiqmaslik kerakligini angladim. Nimaiki ish qilmayin, u muloyim va mehribon ko‘zlari bilan menga boqib turardi, xuddi hozirgidek. Otam bog‘bonning yelkasidan quchgancha turar, oppoq qushlar uning boshi uzra charx urishardi. Shu narsani tushunib yetgach, xursand bo‘lganimdan boshimni orqaga tashlab, shunday baland kuldimki, hatto qushlar cho‘chib ketishdi.
Yum-Yum, aftidan, meni haliyam quymoq bo‘lagini olib qochgan qushning ustidan kulyapti, deb o‘yladi va u ham qo‘shilib kula boshladi. Bizning quvonchimiz otam va Yum-Yumning ota-onasiga ham «yuqdi». Ular nimaga kulishganini bilmadim-u, lekin men shunday mehribon otam borligidan chin yurakdan xursand edim.
Miriqib kulgach, Yum-Yum bilan bog‘ bo‘ylab yugurdik, umbaloq oshdik, atirgul butalari orasida berkinmachoq o‘ynadik. Bog‘da yashirinadigan joylar shunchalik ko‘p ekanki, Tegner bog‘idagidan o‘n baravar ziyod. Bu men va Benkaga yetib, ortib ham qolgan bo‘lardi. To‘g‘rirog‘i, Benkaga yetardi. Axir endi Tegner bog‘ida yashirinadigan joy izlashimga hojat qolmagani kundek ravshan-ku.
Qorong‘i tushdi. Bog‘ uzra yengil moviy tutun yoyildi. Inlariga yashiringan oppoq qushlar tinchib qolishdi. Kumush teraklar jaranglashdan to‘xtadilar. Bog‘ni sukunat qurshadi. Faqatgina terakning eng uchida katta qora qush turar va sayrardi. U barcha oq qushlardan yoqimliroq sayrar, nazarimda u faqatgina men uchun kuylayotgandek edi. Biroq bir vaqtning o‘zida quloqlarimni berkitishni, qushni tinglamaslikni istardim: uning qo‘shig‘i qalbimda qayg‘u uyg‘ota boshlagandi.
– Oqshom ham cho‘kdi, hademay tun bo‘ladi, – dedi Yum-Yum. – Uyga qaytishim kerak.
– To‘xta, ketma, – iltimos qildim men. Bu g‘ayrioddiy qush bilan yolg‘iz qolgim kelmayapti. – Yum-Yum, bu qanaqa qush o‘zi? – qora qushni ko‘rsatib, so‘radim.
– Bilmayman, men uni Kuyinchak qush deb atayman, qara, xuddi motam libosi kiygandek qop-qora, buning ustiga shunday dardli sayraydiki. Lekin boshqacha nom bilan ham atash mumkin.
– Yo‘q shart emas, juda ham mos tushadigan ism ekan, – deya e’tirof etdim.
– Bu qushni juda yaxshi ko‘raman, – dedi Yum-Yum, – ko‘zlari shunday mehrliki… Xayrli tun, Mio! – u men bilan xayrlashib, yugurib ketdi.
Biz bog‘dan chiqishga ulgurmay, qush o‘zining katta qora qanotlarini qoqqancha g‘iz etib yuksakka uchib ketdi-qoldi.
Osmonda uchta mitti yulduz porlagandek tuyulib ketdi shu onda.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?