Текст книги "Oskar va pushti xonim"
Автор книги: Эрик-Эмманюэль Шмитт
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 2 (всего у книги 8 страниц) [доступный отрывок для чтения: 2 страниц]
– Sen unga bu haqda aytganmisan?
– Men axir oydan tushgandek birdaniga uning oldida paydo bo‘lib: «Moviy Peggi, men seni yaxshi ko‘raman», deb aytolmayman-ku!
– Aynan. Nega sen bunday qilmading?
– Hatto u mening bu yerda bor yoki yo‘qligimni bilishidan ham xabarim yo‘q, axir.
– Ajoyib imkoniyat bu.
– Siz mening boshimga qarayapsizmi? U o‘zga sayyoraliklarni yaxshi ko‘radi deysizmi, lekin bunga mening ishonchim komil emas.
– Sen menga juda chiroyli bo‘lib ko‘rinasan, Oskar.
Ushbu izohdan so‘ng, suhbatimiz suv quygandek jimjit bo‘lib qoldi. Albatta, bunday gaplarni eshitish yaxshi, hatto qo‘llaringdagi tuklar ham o‘rnidan turib ketadi, lekin bu yerda nima deb javob berish kerakligi tushunarsiz.
– Roza buvi, u mening nafaqat tashqi ko‘rinishimni yoqtirishini xohlayman…
– Quloq sol, uni ko‘rganingda nimani his qilasan?
– Men uni arvohlardan himoya qilishni istayman.
– Qanday qilib? Bu yerda, arvohlar paydo bo‘ladimi?
– Ha, har kecha. Ular bizni uyg‘otishadi, nima uchunligini esa bilmayman. Bu og‘riqli, chunki ular chimchilashadi. Ular ko‘rinmasligi sabab odamda qo‘rquv uyg‘otadi. Ana undan keyin uxlab bo‘psiz!
– Bu arvohlar oldingga tez-tez kelishadimi?
– Yo‘q. Men qattiq uxlayman. Lekin kechalari ba’zan Moviy Peggining qanday qichqirganini eshitaman. Uni himoya qilishni juda-juda istayman, Roza buvi…
– Bu haqda uning o‘ziga ayt.
– Har qanday holatda ham bunday qila olmayman, chunki kechasi biz xonadan tashqariga chiqish huquqiga ega emasmiz. Tartib shunday.
– Arvohlar tartibga rioya qilishadimi? Yo‘q, albatta. Ayyorroq bo‘l: agar arvohlar Moviy Peggini himoya qilmoqchi ekanligingni bilishsa, u holda kechasi paydo bo‘lishga jur’at etolmaydilar.
– Shunaqamikin…
– Yoshing nechada, Oskar?
– Bilmasam. Hozir soat necha bo‘ldi?
– O‘n. Tez orada o‘n besh yoshga to‘lasan. Senga jasoratli bo‘lish va his-tuyg‘ularingni oshkor qilish vaqti kelgandek tuyulmayaptimi?
O‘ndan o‘ttiz daqiqa o‘tganda, qaror qabul qildim va uning xonasi tomon yo‘l oldim. Eshik ochiq edi.
– Salom, Peggi, men – Oskarman, – dedim dadil tutib o‘zimni.
U xuddiki atrofidagi ahmoq gnomlar uni o‘ldi deb o‘ylayotgan bir paytda shahzodasini kutayotgan Oppog‘oy kabi to‘shagida o‘tirardi. Oq emas, moviyrangdagi qor bilan qoplangan suratlardagi Oppog‘oyga o‘xshab. Peggi menga o‘girildi va shunda o‘zimga savol berdim: unga aslida kim bo‘lib ko‘rinaman – shahzodami yoki gnom? Shaxsan o‘zimni o‘zim tuxumboshim tufayli gnom o‘rniga qo‘ygan bo‘lardim. Lekin Moviy Peggi hech narsa demadi. Eng ajoyib narsa shundaki, u doimo jim turadi va shuning uchun hamma narsa sirliligicha qolib ketaveradi.
– Men… agarda… sen shuni xohlasang, bugungi va undan keyingi hamma kechalarda arvohlar kirmasligi uchun eshigingni qo‘riqlashim mumkinligini aytgani keldim.
U kirpiklarini ko‘tarib, menga qaradi. Xuddi sekinlashtirilgan tasvirga tushib qolgandek bo‘ldim: havo havoga to‘lib ketgandek, sukunat sukunatliroqdek, suv ustida yurgandek edim, uning yorug‘lik bilan burkangan to‘shagiga yaqinlashganim sari hamma narsa o‘zgarib ketardi.
– Ey, to‘xta, tuxumbosh: Peggini men qo‘riqlayman!
Popkorn eshik tirqishidan cho‘zildi, aniqrog‘i, bu tirqishni o‘zi bilan berkitib qo‘ydi. Men titrab ketdim. Agar Popkorn Peggini himoya qiladigan bo‘lsa, eshikdan hech qanday arvoh kirib kelolmaydi.
Popkorn Peggiga qaradi.
– Ey Peggi! Biz sen bilan do‘st emasmizmi?
Peggi shiftga tikildi. Popkorn buni rozilik alomati sifatida qabul qildi va meni xonadan itarib chiqara boshladi.
– Agar senga qiz kerak bo‘lsa, Sandrinani ol. Peggi allaqachon band qilib bo‘lingan.
– Qaysi qonun bo‘yicha?
– Sendan avvalroq kasalxonada mavjud bo‘lgan qonun bo‘yicha. Ma’qul kelmayotgan bo‘lsa, unda jang qilamiz.
– Aslida, bu menga juda ma’qul keladi.
Men charchadim va o‘yin zaliga dam olish uchun bordim.
Sandrina sezgandek allaqachon shu yerda edi. Unda men kabi leykemiya bor, lekin davolash yaxshi ta’sir etgandek ko‘rinardi. Sandrina qora parik taqib yurganligi uchun unga xitoylik qiz deb nom berishgan. To‘g‘ri, yaltiroq sochlar bilan birgalikda peshonasidagi kesilgan sochlar unga xitoylik qiz ko‘rinishini beradi. Sandrina menga qaradi va saqichdan pufak pufladi.
– Agar xohlasang, meni o‘pishing mumkin.
– Nima uchun? Senga saqich yetarli emasmi?
– Sen hatto bunga qodir emassan, ahmoq! Ishonchim komilki, hayotda bir marta bo‘lsa ham hech kimni o‘pmagansan.
– Kulgimni qistatma! O‘n besh yoshimdan kelib chiqib, seni ishontirib aytamanki, men allaqachon bu ishni ming martadan oshiq bajarganman.
– Sen o‘n besh yoshdamisan? – hayron bo‘lib so‘radi u.
Soatlarga qaradim.
– Ha. Allaqachon o‘n beshga to‘lib bo‘ldim.
– Har doim o‘n besh yoshli bola meni o‘pishini orzu qilardim.
– Bu, albatta, g‘aroyib, – javob berdim men.
Shunda u yuzini burishtirdi, lablarini cho‘chchaytirdi va u men shu lahzada qizning o‘pich istayotganligini angladim.
Ortimga qayrilganimda nima tomosha bo‘layotganini ko‘rish uchun odamlar yig‘ilib qolganini ko‘rdim. Menimcha, qutulib qolishning iloji yo‘q.
«Xo‘sh, – dedim o‘zimga o‘zim, – haqiqiy erkak bo‘lishning vaqti keldi». Vaqt bo‘ldi. Uning yoniga bordim va o‘pdim. Sandrina qo‘llari bilan orqamdan ushlab oldi va ogohlantirmasdan saqichini og‘zimga o‘tkazib yubordi. Hayrat aralash saqichni butunlay yutib yubordim va bu holatimdan jahlim chiqib ketdi.
Shu onning o‘zidayoq kimningdir qo‘li yelkamga tekkanini sezdim. Ha, baxtsizlik hech qachon yolg‘iz kelmaydi deyishadi: yelkam osha qarab ota-onamni ko‘rdim. Bugun yakshanba ekanligi butunlay yodimdan chiqibdi.
– Oskar, bizni qiz do‘sting bilan tanishtirmaysanmi?
– Bu mening qiz do‘stim emas.
– Mayli, nima bo‘lsa ham bizni tanishtir.
– Sandrina, bular mening ota-onam.
– Siz bilan tanishganimdan juda xursandman, – dedi xitoylik qiz shirin tabassum bilan.
Ota-onamning oldida Sandrina o‘zini shunday sipo tutdiki, bu mening jahlimni chiqardi.
– Oskar, Sandrina biz bilan birga xonangga borishini istaysanmi?
– Yo‘q. Sandrina shu yerda qoladi.
Yotoqqa borganimda charchoqni his qildim va bir muddatga uxlab qoldim. Hali ham ota-onam bilan gaplashishni istamasdim.
Uyg‘onganimda, ular menga sovg‘alar olib kelishganini ko‘rdim. Shifoxonada qolib ketganimdan beri ota-onam uchun men bilan gaplashish qiyinlasha boshladi, shu-shu, ular menga turli sovg‘alar olib berishar va biz kunni o‘yin qoidalarini va foydalanish usullarini o‘qish bilan o‘tkazardik.
Otam qo‘rqmasdan qo‘llanmalarga hujum qila boshlaydi – xoh ular turk tilida bo‘lsin, xoh yapon, bu uning qo‘llanmani o‘qish shashtidan qaytarolmasdi. Nima taklif qilishingizning ahamiyati yo‘q, uni qo‘llanma bilan qoldirsangiz bo‘ldi. Agar yakshanbani o‘tkazish kerak bo‘lsa, bu borada otamning oldiga tushadigani yo‘q.
Bugun otam menga CD-pleyer olib kelibdi. Bunday ajoyib sovg‘adan keyin o‘zimni risoladagidek tutmasam, uyat bo‘ladi.
– Siz kecha kelmaganmidingiz? – birdan yodimga tushib so‘radim.
– Kecha?! Biz faqat yakshanba kunlari kela olamiz-ku, Oskar. Bu gapni qayerdan olding?
– Kimdir mashinangizni avtoturargohda ko‘ribdi.
– Albatta, butun dunyoda bitta-yu bitta qizil jip bor. Barchasining ko‘rinishi bir xil, axir.
– Ha, ularning ko‘rinishi bir xil. Ota-onadan farqli o‘laroq. Afsus…
Bu gapim bilan men ularni joylariga mixlab qo‘ygandek bo‘ldim. Keyin pleyerni oldim va ularning ko‘z oldida to‘xtovsiz ikki marta «Qarsildoq»ni tingladim. Ota-onam hech bir so‘z demasdan ikki soat menga termilib o‘tirishlariga to‘g‘ri keldi. Ularga shunday qilish kerak edi.
– Senga yoqdimi?
– Ha. Uyqum kelyapti.
Ular ketishlari kerakligini tushundilar. Bugun otam-onam o‘zlarini yonimda ancha noqulay his qilishdi. Shundanmi, ikkovlari birdaniga oyoqqa turdilar. Ular menga biror gap aytishni istashlarini, lekin aytishga tillari aylana olmayotganligini sezdim. Ota-onamning azoblanishini ko‘rish menga huzur bag‘ishladi. Endi ularning navbati kelgandi.
Keyin onam menga yaqin kelib, yelkamdan qattiq ushladi, juda qattiq va titroq ovoz bilan dedi:
– Seni yaxshi ko‘raman, mening kichik Oskarim, men seni juda-juda yaxshi ko‘raman!
Onamning ko‘zlarida yosh ko‘rib, ularning mehr-muhabbatlariga to‘la bo‘lgan kunlarimizni esladim. O‘sha vaqtlar «Men seni yaxshi ko‘raman, Oskar», degan so‘zlari xotirjamlikka to‘la bo‘lib jaranglardi.
Shundan keyin yana uxlashimga to‘g‘ri keldi.
Roza buvi – uyqudan erta turish bo‘yicha chempion. Ko‘zlarimni ochishim bilanoq, u har doim shu yerda bo‘ladi. Shu vaqtning o‘zidayoq uning tabassumi ham shay turadi.
– Shunday qilib, ota-onang borasida nima deya olasan?
– Natija odatdagidek nolga teng. Lekin ular menga «Qarsildoq»ning yozuvini hadya qilishdi.
– «Qarsildoq»?! Ha, bu juda qiziq. Mening shunday laqab olgan dugonam bor edi. Ajoyib chempion. Oyoqlarini siqib qo‘yib, har qanday raqibining bo‘ynini sindira olardi. Xo‘sh… Moviy Peggi-chi, u bilan ko‘rishdingmi?
– U haqda eslatmang. Peggi Popkornni tanladi.
– Uning o‘zi senga shunday dedimi?
– Yo‘q, Popkorn aytdi.
– Aldayapti!
– Menimcha, unday emas. Ishonchim komilki, u Peggiga ko‘proq yoqadi. Popkorn kuchli va bu unga bo‘lgan ishonchni kuchaytiradi.
– Senga aytyapman, aldayapti! Men kichkina sichqoncha kabi ko‘rinishim mumkin, ammo ringda hajmi kit yoki gippopotamniki kabi bo‘lgan sportchilarni yutishimga to‘g‘ri kelgan. Olxo‘rilik zapekankani olaylik – irlandiyalik, vazni bir yuz ellik kilogramm, qorni juda och bo‘lganida shuncha og‘irlik bosadi, yelkalari mening boldirlarimdek, mushaklari son go‘shti kabi va sonlarini ushlashga quchog‘ing yetmaydi. Hech qanday bel yo‘q deyaver – ushlab urish uchun hech narsa yo‘q. Yengilmas!
– Siz nima qildingiz?
– Agar ushlab olishingga yo‘l bo‘lmasa, demak, u yumaloq narsa bo‘ladi va raqibingning bu holati uni dumalatish kerakligini anglatadi. Men uni holdan toyguncha yugurtirdim, keyin bir zarba bilan Olxo‘rili zapekankani ag‘dardim. Keyin uni o‘rnidan turg‘azish uchun ko‘targich kerak bo‘lgan. Kichkintoyim Oskar, sening suyaklaring yengil, kam bifshteks yegansan, bu aniq, lekin joziba suyak yoki go‘shtga bog‘liq emas, u yurakdan keladi. Yurakdan keladigan narsani oladigan bo‘lsak, senda undan ko‘pi bor.
– Mendami?
– Moviy Peggining oldiga bor va unga yuragingda nima bor bo‘lsa, barchasini to‘kib sol.
– Biroz charchadim.
– Charchadingmi? Bu soatda sen nechaga to‘lding? O‘n sakkiz yoshgami? O‘n sakkiz yoshda kishi charchoqni bilmasligi kerak.
Roza buvi nima deyishni biladi, darhol quvvatga to‘la boshladim.
Allaqachon qorong‘i tushgandi va har qanday shovqin zulmatdan qaytib eshitilgandek bo‘lardi, yo‘lakdagi linoleum oy nurida yaltirardi. Men Peggining palatasiga kirdim va unga pleyerimni uzatdim.
– Mana, ol. «Qor parchalari valsi»ni tinglab ko‘r. Bu juda chiroyli! Men uni tinglaganimda, sen haqingda o‘ylayman.
Peggi «Qor parchalari valsi»ni tinglardi. U jilmayar, vals uning dugonasi singari kulgili bir gapni quloqlariga pichirlagandek bo‘lardi.
Peggi menga pleyerni uzatdi va dedi:
– Chiroyli.
Bu uning birinchi so‘zi edi. Haqiqatda ajoyib-a?
– Moviy Peggi, shuni aytmoqchi edimki, seni operatsiya qilishlarini xohlamayman. Shundoq ham juda chiroylisan. Senga ko‘k rang yarashadi.
Gaplarim unga yoqqanini payqadim. Bu gaplarni unga yoqish uchungina aytmadim, lekin bu Peggiga juda yoqdi.
– Oskar, meni arvohlardan aynan sen himoya qilishingni istayman…
– Menga ishonishing mumkin, Peggi.
Juda faxrlanib ketdim o‘zimdan. Axir, oxir-oqibat g‘alaba qozongandim-da!
– Meni o‘p.
Bu barcha qizlarning oddiy istagi. Lekin Peggi xitoylik qiz kabi emas. U yomon qizlarga o‘xshamaydi, Peggi menga yonog‘ini tutdi va men chindan ham uni o‘pganimdan xursand edim.
– Ko‘rishguncha, Peggi.
– Ko‘rishguncha, Oskar.
Shunday qilib, Xudojon, kunim shunday voqealarga boy bo‘ldi. O‘smirlik davrida ko‘ngilga yoqadigan narsalar kam bo‘lishini tushunaman. Bu oson emas. Lekin oxir-oqibat yigirma yoshga yetgunga qadar hammasi hal bo‘lib ketadi. Shuning uchun senga bir iltimos bilan murojaat qilmoqchiman: kelajakda Peggi bilan turmush qurishni istayman. Oila qurish ma’naviy sohaga, sening idorangga bog‘liq ekanligiga ishonchim komil emas. Sen bunday tilakni amalga oshira olasanmi? Chunki bilishimcha, bu holatda ko‘proq nikoh uyiga murojaat qilishadi. Agar bo‘limingda bu amalga oshirilmasa, iltimos, bu haqda menga imkon qadar tezroq xabar ber, shunda istagimni yanada mos keladigan shaxsga yo‘naltira olaman. Seni shoshirishni istamayman, lekin eslatib o‘tmoqchimanki, vaqtim biroz kamroq. Shunday qilib: Oskar va Moviy Peggining to‘yi. Ha yoki yo‘q. Agar sen buni uddalay olsang, juda zo‘r bo‘lardi.
Ertagacha. O‘pib qolaman,
Oskar..
P.S. Haqiqatda ham, sening manziling qayerda?
Xudojon!
Ko‘rib turganingdek, turmush qurdim. Bugun dekabr oyining yigirma birinchi sanasi, men o‘ttiz yosh sari qadam qo‘yyapman va oilaliman. Bolalarga kelsak, biz Peggi bilan buni vaqtning hukmiga tashladik. Aslida, menga u hali tayyor emasdek tuyuldi.
Hammasi kecha kechasi sodir bo‘ldi.
Soat birlarga yaqin menga Peggining hayqirig‘i eshitildi. O‘rnimdan sakrab turib ketdim. Arvohlar! Ular Moviy Peggini qiynashyapti, men esa uni qo‘riqlashga va’da bergandim. Peggi meni va’dasini bajarmaydigan ahmoq deb o‘ylaydi va endi bir so‘z ham aytmaydi. Bu borada esa u haq bo‘ladi.
Yuqoriga ko‘tarildim va ovoz kelgan tomonga yugura boshladim. Moviy Peggining xonasiga yetib borganimda Peggi to‘shakda o‘tirganini va menga hayrat bilan qarayotganini ko‘rdim. Men ham hayratda qotib qolgandek ko‘ringan bo‘lsam kerak, chunki Moviy Peggining og‘zi yopiq edi, lekin hayqiriqlar to‘xtamasdi.
Shunday qilib, keyingi eshik oldiga bordim va to‘shakda kuyishdagi azoblar tufayli hayqirayotgan Bekonni ko‘rdim. Bir lahzaga vijdon azoblari uyg‘ondi, yong‘in uyushtirgan kunimni esladim: uyda olov ko‘tarilgandi, mushugim ham, itim ham, hatto oltin baliqlarim ham qovurilib qolgandi. Natijada ular pishib qolishgan bo‘lishsa kerak deb o‘ylayman. Men ular nimani boshdan o‘tkazishganini tasavvur qildim va o‘yladim: barchasi bundan ham yomon yakun topishi mumkin edi – teri ko‘chirib o‘tkazilishi va har qanday malhamlarga qaramasdan Bekonda bo‘layotgani kabi azob beruvchi xotiralar va og‘riqli kuyishlar.
Bekon to‘p kabi o‘ralib oldi va nola qilishni to‘xtatdi. Men Moviy Peggining oldiga qaytib keldim.
– Shunday qilib, bu sen emasmiding, Peggi? Men har doim kechasi qichqirayotgan sen bo‘lsang kerak, deb o‘ylardim.
– Men esa sen deb.
Ikkalamiz ham uzoq vaqt davomida boshqa narsa haqida o‘ylaganimizni anglab, sodir bo‘lgan voqea haqida boshqa to‘xtalmadik.
Moviy Peggi yanada moviylashdi, bu uning juda xijolat bo‘layotganini anglatardi.
– Endi nima qilmoqchisan, Oskar?
– Sen-chi, Peggi?
Aqldan ozish mumkin, biz qanchalik o‘xshashmiz: bir xil fikrlar, bir xil savollar.
– Bu yerda men bilan uxlashni xohlaysanmi?
Qizlar – ajoyib bo‘lishadi. Menda bunday iboralar soatlar, haftalar, oylar mobaynida ularni aytib chiqarishga muvaffaq bo‘lmagunimcha miyamda aylangan bo‘lardi. Peggi esa buni tabiiy, juda oddiy e’lon qildi.
– Mayli.
Uning yoniga yotdim. Biroz tor edi-yu, lekin xursandchiligimizga arzirdi. Moviy Peggidan yong‘oqlar ifori kelardi, qo‘limning orqa tomonida bo‘lgani kabi, uning butun tanasidagi terisi juda nozik edi. Bir-birimizga qarab uxladik, birga orzu qildik, hayotimiz haqida bir-birimizga gapirib berdik.
Ertasi kuni ertalab katta hamshira madam Gomet bizni bir o‘rinda yotganimizni ko‘rganda, bu yerda albatta, haqiqiy fojia boshlandi. U hayqirib yubordi, navbatchi hamshira ham, ular goh Peggining ustida, goh mening ustimda hayqirishar, eshiklarni ochib-yopishar, hammani guvohlikka chaqirar, bizni «baxtsiz bolalar» deb aytishardi. Ammo biz juda baxtli edik. Nihoyat, Roza buvi bu konsertni to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi.
– Siz bu bolalarni tinch qo‘yasizmi yoki yo‘q? Kimga xizmat qilasiz o‘zi – bemorlargami yoki tartibga? Tartibingizga tupurdim! Endi esa jim bo‘ling! Vahima ko‘tarish uchun o‘zingizga boshqa joy toping! Bu yer sizga bozor emas!
Rozi buvi ishga aralashgandan so‘ng har doimgidek e’tirozlar kuzatilmadi. U meni xonaga olib bordi va qisqa vaqtga uyquga ketdim.
Uyg‘onganimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan voqeani muhokama qildik.
– Shunday qilib, Oskar, Peggi bilan hammasi jiddiymi?
– Ha, Roza buvi, hammasi jiddiy va shunchaki ajoyib. Men baxtliman. Bu kecha biz u bilan turmush qurishga ahdlashdik.
– Turmush qurishga?!
– Ha. Bu haqda jiddiy gaplashib oldik.
– Hali shundaymi?
– Siz meni kim deb o‘ylayapsiz, Roza buvi? Soat necha bo‘lganini bilasizmi? Men allaqachon yigirmaga to‘ldim, tushunganimcha hayotimni qurishga harakat qilyapman.
– Oskar, sen bilan faxrlanaman!
Biroz uxladim. Uyg‘ongach, Roza buvi bilan birgalikda tushlik qildik va men o‘zimni ancha yaxshi his qildim.
– Aqldan ozish mumkin, ertalab qanday charchagan edim.
– Bu odatiy holat, yigirma-yigirma besh yoshlarda kechasi sayr qilish, bayramlar uyushtirish, ko‘cha hayoti bilan bog‘lanish va ayni paytda umuman yo‘q kuchlarni avaylamaslik. Buning uchun to‘lov amalga oshirish kerak. Quloq sol, yur, Xudoni ko‘rib kelamiz.
– Zo‘r-ku, sizda uning manzili bormi?
– O‘ylaymanki, biz uni cherkovdan topa olamiz.
Roza buvi meni Shimoliy qutbga borayotgandek kiyintirdi, yelkalarimdan ushladi va shifoxona parkining tubida joylashgan, muzlagan maysazorlar bor yerga olib bordi, uning qayerda joylashganligini nega senga tushuntirshga harakat qilyapman, axir bu sening manziling-ku.
Haykalni ko‘rganimda qotib qoldim, nihoyat, sen qanday holatda ekanligingni ko‘rdim, deyarli butunlay yalang‘och, ozg‘in, hamma joyingda yaralar, peshonangda tikanlardan qolgan qonlar, boshing esa kuchsiz egilgan edi. Bu narsa o‘zim haqimda o‘ylashga majbur qildi. Menda norozilik uyg‘ondi. Agar men sen kabi Xudo bo‘lganimda, o‘zimni shu ko‘yga solishlariga yo‘l qo‘ymagan bo‘lardim.
– Roza buvi, to‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, siz kurash bilan shug‘ullangansiz, buyuk chempion bo‘lgansiz, bunga ishonishingiz mumkin emas, to‘g‘rimi?
– Nima uchun, Oskar? Agarda sen katta mushaklarga ega, yaltiroq terili, kurashchi kiyimidagi sport ustasini ko‘rganingda Xudoga ko‘proq ishongan bo‘larmiding?
– Bilmasam…
– O‘ylab ko‘r, Oskar. Senga kim yaqinroq: hech narsa his qilmagan Xudomi yoki azob chekkanimi?
– Albatta, azob chekkani yaqinroq. Agar men Xudo bo‘lganimda edi, u kabi imkoniyatlarim bo‘lganda edi, azob-uqubatlardan chetlanishga harakat qilardim.
– Hech kim azob-uqubatlardan qochib qutula olmaydi. Na sen, na men va na ota-onang.
– Yaxshi. Roziman. Lekin nima uchun azob chekishimiz kerak?
– Aynan. G‘amdan g‘amning farqi bor. Uning yuziga diqqat bilan qara. Nazar sol. U azob-uqubat chekkandek ko‘rinyaptimi?
– Yo‘q. Hatto, bu u uchun og‘riqli emasdek tuyulyapti.
– Ha, to‘g‘ri. Ikki turdagi azobni farqlay bilish kerak, kichkintoy Oskar – jismoniy azob-uqubat va ruhiy azob-uqubat. Jismoniy azob – bu sinov. Ruhiy azob esa tanlovdir.
– Tushunmayapman.
– Agar oyoqlaring yoki bilaklaringga mixlar qoqishsa, og‘riqni boshdan kechirishdan o‘zga hech bir chorang qolmaydi. Sabr qilasan. Aksincha, o‘lim haqida o‘ylaganingda esa og‘riqni boshdan kechirishing shart emas. Buning nima ekanligini bilmaysan. Shunday qilib, bu o‘zingga bog‘liq bo‘ladi.
– Siz o‘lim haqidagi fikrlar ularni quvontiradigan insonlarni bilasizmi?
– Ha, bunday odamlarni bilaman. Onam shunday edi. O‘lim to‘shagida uning lablarida tabassum paydo bo‘ldi, u buni kutgandi, sabrsizlik ko‘rsatardi, sodir bo‘lishi kerak bo‘lgan haqiqat unga oshkor bo‘lishini istardi.
Roza buvining gaplariga qarshi hech qanday qarshi fikrim qolmagandi. Keyinchalik nima bo‘lishi qiziqtirgani uchun o‘zimga eshitganlarim haqida biroz o‘ylab ko‘rishga ruxsat berdim.
– Lekin odamlar ko‘pincha qiziqish hissidan mahrumdirlar, – dedi Roza buvi. – Ular o‘z qobiqlariga o‘ralib olishadi. Misol uchun, Olxo‘rili Zapekankani olaylik, irlandiyalik raqibimni – och qoringa – bir yuz ellik kilogramm chiqadi, bu hali ichimlik ichishidan avval. U har doim menga: «Kechirasan, lekin o‘lishni istamayman, rozi emasman, bunga imzo chekmaganman», derdi. U adashgandi. Axir hech kim uni hayot abadiy bo‘lishi kerakligiga ishontirmagan, hech kim! Lekin o‘zi bunga qattiq ishonar, isyon ko‘tarar, ketishning muqarrarligi haqidagi fikrlarga qarshi chiqar, g‘azablanardi. Natijada tushkunlikka tushdi, vaznini yo‘qotdi. Kurashni tark etdi, o‘ttiz besh kilogina yuk bosadigan bo‘ldi, xuddi baliq skeletlari kabi va oxir-oqibat, sinib qoldi. Tushunyapsanmi, u o‘ldi, dunyodagi hamma kabi vafot etdi, lekin o‘lim haqidagi fikr uning hayotini zaharlagandi.
– Olxo‘rili Zapekanka ahmoq bo‘lgan ekan, to‘g‘rimi, Roza buvi?
– Qishloq kulebyakasi22
Kulebyaka – cho‘zinchoq katta somsa.
[Закрыть] kabi. Lekin buni juda kam uchraydi deb ham bo‘lmaydi. Odatda, tez-tez uchrab turadigan holat.
Bu o‘rinda men Roza buvining fikrini ma’qulladim va unga to‘liq rozi bo‘ldim.
– Odamlar o‘limdan qo‘rqishadi, chunki ular noma’lumlikdan qo‘rqishadi. Lekin noma’lumlikning o‘zi – aslida nima? Oskar, men senga qo‘rqmaslikni va ishonishni taklif qilaman. Xochga mixlangan Xudoning yuziga qara: u chekayotgan jismoniy azoblariga sabr qilmoqda, lekin ruhiy azobni boshdan kechirmayapti, chunki uning ishonchi bor. U «Bu menga og‘riq yetkazmoqda, lekin bu ruhiy og‘riq yetkaza olmaydi», deya o‘ziga o‘zi takrorlaydi. Mana shunday! Ishonch keltiradigan yaxshilik aynan shunda. Men senga aynan shuni ko‘rsatmoqchi edim.
– Mayli. Roza buvi, agar qo‘rquv meni yengib chiqsa, ishonchni uyg‘otishga harakat qilaman.
U meni quchoqladi. Aslida, Xudojon, men ushbu bo‘sh cherkovda, sening yoningda o‘zimni juda xotirjam, juda yaxshi his qilardim. Xonaga qaytib kelgach, uzoq vaqt uxladim. Kundan kunga yanada ko‘proq uxlayapman. Go‘yo hech qachon uxlamagandek. Uyg‘onganimdan keyin Roza buviga aytdim:
– To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, noma’lumlikdan qo‘rqmayman. Tanigan insonlarimni qachondir yo‘qotishim meni qiynoqqa solmoqda.
– Fikringga qo‘shilaman, Oskar. Moviy Peggini birgalikda choy ichishga chaqirmaymizmi?
Rozi bo‘ldim. Moviy Peggi ham biz bilan choy ichdi, ular Roza buvi bilan juda tez til topishdi, bizni Roza buvining Jiklett opa-singillari bilan bo‘lgan jangi haqidagi hikoya juda qiziqtirdi, bu bir kishi o‘rniga o‘tishga harakat qilgan uch opa-singillar to‘g‘risidagi hikoya edi. Har bir turdan so‘ng, opa-singillardan biri raqibini holdan toydirgandan so‘ng, hojatga borishi kerakligini bahona qilib ringdan sakrab chiqar va singillari bilan o‘rin almashardi. Ular bu ayyorlikni har safar takrorlashardi.
Muxlislar faqat bittagina charchoq bilmas Jiklett borligiga ishonardilar. Roza buvi ularning hiylalarini fosh qilishga muvaffaq bo‘lgan, u raqibining ikki singlisini hojatxonaga qamab, kalitni derazadan tashqariga tashlab yuborgan; qolgani bilan esa jangni oxirigacha davom ettirgan.
Keyin Roza buvi ketdi. Hamshiralar men va Peggiga xuddi hozir portlaydigan bombalarga qaragandek qarashardi. Axir men o‘ttiz yoshga to‘ldim!
Shunaqa gaplar, Xudojon. Bugun sendan nima so‘rashni bilmayapman, chunki bugungi kun ajoyib edi. Ha, aytgancha, ertaga Moviy Peggining operatsiyasi yaxshi o‘tishi uchun biror narsa qil. Meniki kabi emas, nimani aytayotganimni tushunayotgan bo‘lsang kerak.
Ertagacha. O‘pib qolaman,
Oskar..
P.S. Menimcha operatsiyalar ruhiy azoblarga taalluqli emas, ehtimol, buning yechimi sening manzilingda topilmas. U holda operatsiya natijasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Moviy Peggi uni yaxshilik sifatida qabul qilishini istayman. Men senga ishonaman.
Xudojon!
Bugun Peggini operatsiya qilishdi. Men bu orada o‘n dahshatli yilni o‘tkazib yubordim. O‘ttizdan oshgan kishiga qiyin, bu – ayni tashvishlar va javobgarlik yoshi.
Aslini olganda, Peggi bu kecha umuman oldimga kela olmasdi, chunki navbatchi hamshira madam Dyukryu uni anesteziyaga tayyorlash uchun palatada qoldi. Peggini soat sakkizda zambilga yotqizishdi. Uni qanday olib ketishayotganini ko‘rib, yuragim pora-pora bo‘ldi. Peggi juda kichik va ozg‘in bo‘lib, zumrad-yashil choyshablar orasidan uni ajratib olish qiyin edi, hatto.
Roza buvi tashvishlanmasligim uchun qo‘limdan ushlab turdi.
– Roza buvi, Xudo nega insonlar bilan bu holat yuz berishiga yo‘l qo‘yadi, xuddi men va Peggi kabi?
– Yaxshiyamki, u sizlarni yaratdi, kichkintoy Oskar, chunki sizlarsiz hayot bu qadar chiroyli bo‘lmasdi-da.
– Yo‘q. Siz tushunmadingiz. Nima uchun Xudo insonlar kasal bo‘lishiga yo‘l qo‘yadi? U yomonmi? Yoki yetarli kuchga ega emasmi?
– Oskar, kasallik – bu o‘limga o‘xshaydi. Bu mavjud narsa. Jazo emas.
– Siz hech qanday kasal emasligingizni darhol sezish mumkin!
– Sen bu haqda hech narsa bilmaysan, Oskar!
Shunda jim bo‘lib qoldim. Men har doim e’tiborli bo‘lgan, yordamga tayyor Roza buvining shaxsiy muammolari bo‘lishi mumkinligi haqida tasavvur ham qilib ko‘rmagandim.
– Vaziyatni yashirmang, Roza buvi, menga ishonishingiz mumkin. Deyarli o‘ttiz ikki yoshimda menda saraton kasalligi bor, sevganim operatsiya stolida, shunday ekan, men hayot qanday ekanligini bilaman.
– Seni yaxshi ko‘raman, Oskar.
– Men ham sizni yaxshi ko‘raman, Roza buvi. Agar o‘zingizni yaxshi his qilmayotgan bo‘lsangiz, siz uchun biror narsa qila olishim mumkinmi? Xohlaysizmi, sizni asrab olaman?
– Meni asrab olasan?!
– Ha, men allaqachon Bernardni asrab olganman-ku, uni eskirgan deb tashlab yubormoqchi bo‘lishgandi.
– Qaysi Bernard?
– Mening ayiqcham. U shkafda turibdi. Bu mening eski ayiqcham, uning na ko‘zlari, na og‘zi, na burni bor, ichidagilarining yarmi tushib ketgan va hamma joylarida burmalar yig‘ilib qolgan. U biroz sizga o‘xshaydi. Ota-onam menga yangi ayiqcha olib kelishgan kuniyoq uni asrab olganman! Bu meni xursand qiladi deb o‘ylashgandi. Ehtimol, ular yo‘qligimda meni ham boshqa kichik bolaga almashtirishni istashar. O‘shandan beri ayiqchamni asrab olganman. Bernardga o‘zim ega bo‘lgan hamma narsamni vasiyat qilaman. Agar xohlasangiz, bu sizni xursand qilsa, sizni ham asrab olaman.
– Ha, albatta, istayman. O‘ylashimcha, Oskar, bu meni haqiqatan ham xursand qiladi.
– Bo‘lmasa kelishdik, Roza buvi!
Keyin Peggining xonasini uning qaytishiga tayyorladik, shokoladlar, gullar qo‘ydik. So‘ngra yana uxlab qolibman. Aqldan ozish mumkin, hozir qanchalik ko‘p uxlayapman. Kechga yaqin, Roza buvi Moviy Peggi qaytgani, operatsiya yaxshi o‘tganini aytish uchun meni uyg‘otdi.
Birgalikda Peggini ko‘rgani bordik. Uning boshida ota-onasi o‘tirishardi. Ularni kim ogohlantirganini bilmayman, Peggining o‘zimi yoki Roza buvi, xullas, ular kimligimni avvaldan bilishadigandek menga hurmat bilan munosabat bildirishdi, o‘zlarining oralariga o‘tkazishdi. Bundan boshim osmonga yetdi.
Peggi hamon ko‘k ekanligidan mamnun edim. Shifokor Dyusseldorf keldi, qoshlarini chimirdi va kelgusi bir necha soat ichida hamma narsa o‘zgarishi kerakligini aytdi. Peggining onasiga qaradim, u moviy bo‘lmasa ham, juda chiroyli edi. O‘zim uchun shunday qaror qildim: biz bilan sodir bo‘lgan barcha voqealardan keyin, sevgilim Peggi istagan har qanday rangida bo‘lishi mumkin, men uni hech narsaga qaramasdan yaxshi ko‘raman.
Peggi ko‘zlarini ochdi, bizga, menga, ota-onasiga tabassum qildi va yana uxlab qoldi.
Uning ota-onasi xursand bo‘lishdi, lekin xayrlashish vaqti yetgandi.
– Qizimizni senga ishonamiz, – deyishdi ular menga. – Biz senga ishonishimiz mumkinligini bilamiz.
Roza buvi bilan birgalikda Peggining yana ko‘zlarini ochishini kutdik, so‘ng dam olish uchun xonamga bordim.
Maktubni tugatarkanman, bugungi kun oxir-oqibat yaxshi kun ekanligini tushunib yetdim. Roza buvini asrab oldim, Peggining ota-onasi menga xayrixohlik bildirdi. Peggining salomatligi joyida, hatto pushti rangga kirishiga o‘n bir soat atrofida vaqt ketgan bo‘lsa-da.
Ertagacha. O‘pib qolaman,
Oskar..
P.S. Bugunga hech qanday tilaklarim yo‘q. Sen ham dam olishing kerak-ku, axir!
Xudojon!
Bugun men qirq yoshdan ellik yoshgacha bo‘lgan davrni yashadim va shu bilan birgalikda, juda ko‘p ahmoqlik qildim.
Tezda aytib o‘taman, chunki bu ko‘p e’tiborga loyiq emas.
Moviy Peggi o‘zini ancha yaxshi his qilmoqda, lekin Popkorn tomonidan jo‘natilgan xitoylik qiz (endi Popkorn menga toqat qilolmaydi) Peggiga men uni o‘pganimni aytib beribdi.
Shu sababdan Moviy Peggi bizning oramizda hammasi tugaganligini aytdi. Norozilik bildirdim, unga xitoylik qiz bilan bo‘lgan narsa yoshlikning xatosi ekanligi, bu undan ancha oldin bo‘lib o‘tgani, men butun umr o‘tmishdagi xatolarim uchun to‘lov qilishim kerak emasligini aytdim.
Lekin Peggi taslim bo‘lmadi. Jahlimni chiqarish uchun u hatto xitoylik qiz bilan do‘stlashdi, men ularni birgalikda kulib suhbatlashib o‘tirishganini eshitdim.
Shu sababdan trisomiyaga33
Trisomiya – irsiy kasallik.
[Закрыть] chalingan Brijit (bunday kasallar insonlarga bog‘lanib qolishga moyil) palatamga salomlashish uchun kirganda, u meni o‘pishiga yo‘l qo‘ydim. U bunga ruxsat berganimda aqldan ozayozdi. Xuddi nihoyat egasi paydo bo‘lgan kuchukcha kabi. Eng yomoni shundaki, yo‘lakda Eynshteyn bor edi. Ehtimol, uning miyasida suv bordir, lekin uning ko‘zlari ko‘r emas. U hamma narsani ko‘rdi va darhol Peggi bilan xitoylik qizga xabar berish uchun yugurdi. Endi butun qavat meni yomon bola deb hisoblaydi, shuning uchun ostonadan tashqariga chiqmayapman.
– Roza buvi, men Brijit bilan bu qanday qilib sodir bo‘lganini tushunmayapman…
– Oskar, bu o‘rta yoshdagi shaytoniy vasvasalar. Qirq beshdan ellikkacha barcha erkaklar shunday. Ular o‘zlariga taskin berishga intilishadi, hali ham ayollarni qiziqtirishi mumkin yoki mumkin emasligini sinab ko‘rishadi, faqatgina o‘zlari sevgan insondan tashqari…
– Mayli, roziman, men hamma kabi bo‘lishim mumkin, lekin shunday bo‘lishiga qaramasdan ahmoqman, to‘grimi?
– Tinchlan, o‘zing o‘ylaganchalik yomon emassan.
– Endi nima qilishim kerak?
– Kimni sevasan?
– Peggi. Peggidan boshqa hech kimni.
– Unday bo‘lsa, buni Peggiga ayt. Birinchi nikoh har doim nozik, beqaror bo‘ladi, agarda uni saqlab qolmoqchi bo‘lsang, o‘zingni yengib o‘tishing kerak, u bunga arzisa.
Quloq sol, Xudojon, ertaga Rojdestvo. Bu sening tug‘ilgan kuning ekanligini hech qachon tushunmasdim. Peggi bilan yarashishim uchun biror yordam ber. Shu sababmi yoki boshqa narsa uchunmi, bilmayman, lekin bu kecha juda g‘amgin edim va jasorat meni butunlay tark etgandi.
Ertaga qadar. O‘pib qolaman,
Oskar..
P.S. Endi biz do‘st bo‘lganimizda, tug‘ilgan kuningga nima sovg‘a qilishim mumkinligini aytsang bo‘ladi, shundaymi?
Xudojon!
Bugun ertalab soat sakkizda Peggiga uni sevishimni, usiz hayotimni tasavvur qilolmasligimni aytdim. Peggi yig‘lab yubordi va unga juda ko‘p og‘riq keltirganimni aytdi, chunki u ham mendan boshqa hech kimni ko‘ngliga yaqin olmas va ayniqsa, hozir pushti rangga kirgandan so‘ng, boshqa hech kimni sevib qololmasligini aytdi.
Внимание! Это не конец книги.
Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?