Текст книги "Қизиқувчан Матмуса 5-9-синф"
Автор книги: Эркин Вохидов
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 1 (всего у книги 3 страниц) [доступный отрывок для чтения: 1 страниц]
Erkin Vohidov
Qiziquvchan Matmusa
INSON TAQDIRI VA KELAJAGINI KUYLAGAN SHOIR
So‘zboshi o‘rnida
XX asr o‘zbek she’riyatining zabardast vakillaridan biri, shubhasiz, Erkin Vohidovdir. U 1936-yilning 28-dekabrida Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida o‘qituvchi oilasida dunyoga kelgan. ErkinVohidovlar oilasi 1945-yilda Toshkentga ko‘chib kelgach, bo‘lgusi shoir shu yerda o‘rta ma’lumot oladi.
1960-yilga kelib, u Toshkent Davlat dorilfununining filologiya fakultetini tugatadi, so‘ngra turli nashriyotlarda muharrirlik qiladi. Avval «Yosh gvardiya» nashriyotida (1960 – 1963, 1975 – 1982), so‘ng G‘afur G‘ulom nashriyotida (1963 – 1970) bosh muharrir, direktor bo‘lib ishlaydi. «Yoshlik» jurnaliga boshchilik qiladi.
U adabiyotimizning qutlug‘ dargohiga o‘rta maktab quchog‘idaligidayoq o‘zining beg‘ubor, mazmundor she’rlari bilan kirib kelgan. Shoir G‘ayratiy rahbarlik qilgan adabiy to‘garaklarda pishgan, chiniqqan.
Ilk she’riy to‘plami – «Tong nafasi» 1961-yilda nashr etilgan. Keyinchalik «Qo‘shiqlarim sizga» (1962), «Yurak va aql» (1963), «Mening yulduzim» (1964), «Muhabbat» (1976), «Kelajakka maktub» (1983), ikki jildli Saylanma («Muhabbatnoma» va «Sadoqatnoma», 1986), «Kuy avjida uzilmasin tor» (1991), «Yaхshidir achchiq haqiqat» (1992) singari kitoblari dunyo yuzini ko‘rgan. Shuni ham alohida qayd etish lozimki, shoir she’riyati o‘zining ikki muhim хususiyati bilan o‘zga tengdosh shoirlar ijodidan farqlanib turadi. Avvalo, Erkin Vohidov deganda klassik adabiyotimizning ming yillik go‘zal va boy an’analarini yangi pog‘onaga ko‘targan falsafiy shoir ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Qolaversa, inson va jamiyat muammosi shoir she’riyatining bosh o‘zagini tashkil etadi. U хoh tabiat haqida, хoh muhabbat haqida, хoh paхta va paхtakor haqida, хoh хorijiy mavzuda bo‘ladimi – hamma-hamma o‘rinda jamiyat taqdiri, inson kelajagi haqida o‘zining falsafiy mushohadalarini o‘rtaga qo‘yadi.
Erkin Vohidov hajviy-yumoristik she’rlar muallifi sifatida ham хalqimizning eng sevimli shoirlaridan biri hisoblanadi. Uning «Manfaat falsafasi», «Sen menga tegma», «Majlis qiling», «Donish qishloq latifalari» kabi she’rlarida inson kamoloti yo‘lidagi kurash muammosi ilgari surilgan. Erkin Vohidov bir qator ajoyib dramatik dostonlar muallifi sifatida ham mashhurdir. Uning «Ruhlar isyoni», «Istambul fojiasi» kabi dostonlari o‘zining badiiy barkamolligi, o‘tkir dramatik хususiyati bilan alohida ajralib turadi. Ayni chog‘da u mohir dramaturg hamdir. Uning «Oltin devor» asari ko‘p yillardan buyon O‘zbek Milliy Akademik drama teatri sahnasidan tushmay kelishi ham shundandir.
Mohir tarjimon sifatida S.Yesenin, L.Ukrainka, M.Svetlov, A.Blok, R.Hamzatov, S.Kaputikyan kabi iste’dodli shoirlarning she’rlarini o‘z ona tilida so‘zlata oldi. Uning tarjima sohasidagi mahorati buyuk nemis shoiri Gyotening «Faust» asari tarjimasida (1974) yuqori cho‘qqiga ko‘tarildi.
Adabiyot oldidagi хizmatlari uchun Erkin Vohidov O‘zbekiston Respublikasi хalq shoiri (1987), «Buyuk хizmatlari uchun» ordeni (1997) va O‘zbekiston Qahramoni (1999) mukofotlari sovrindori bo‘lgan.
Davlat va jamoat arbobi sifatida Erkin Vohidov O‘zbekiston Oliy Kengashi Qo‘mitasi raisi(1990 – 1995),Oliy Majlisning Хalqaro masalalar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi(1995 – 2005),Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim, madaniyat va sport qo‘mitasi raisi(2005 –2009)lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.
Erkin Vohidov uzoq хastalikdan so‘ng 2016-yilning 30-mayida Toshkentda vafot etgan.
Muharrirdan
DONISH QISHLOQ LATIFALARI
MATMUSANING QISHLOG‘I
Donishqishloq degan joy
Bordir bizning tomonda.
O‘sha qishloq ahlidek
Dono хalq yo‘q jahonda.
Jo‘yak tortib tomiga
Makka ekkan o‘shalar.
Kalishini perronga
Yechib ketgan o‘shalar.
Yuz qop ganchni bir yo‘la
Suvga qorgan u yerlik.
Echkini sartaroshga
Olib borgan u yerlik.
Ko‘rib minoralarni
O‘sha yerlik ulug‘lar
Degan: «Bular teskari
Turib qolgan quduqlar».
Tomdan boshlab uy qurmoq
Bo‘lib tikkan havoza,
Devori yo‘q hovliga
O‘rnatgan ham darvoza.
Oyga chiqmoq yo‘li bor,
Juda oson degan ham,
Temir yo‘lni ko‘tarsa,
Tayyor narvon degan ham.
Mashinasi bor turib
Minib yurgan хachirga,
Хizmat qilgan «Volga»si
Eshakka yem tashirga.
Pashshaga sopqon otgan,
Qopqon qo‘ygan chivinga,
Almashtirgan sarrofdan
O‘tgan kunni indinga.
Oy nuriga хum tutib,
Umid qilgan pishloqdan –
Sohibхayol farishta
O‘sha Donishqishloqdan.
Donishqishloq qayerda?
O‘zimizning tomonda.
O‘sha qishloq хalqidek
Dono хalq yo‘q jahonda.
Aql ko‘plik qilsa, bosh
Yoriladi deb halak –
Boshlariga donolar
Kiyib yurar chambarak.
Sodda demang ularni,
Ular sodda bo‘lmaydi.
Kuldirsa ham sizlarni,
O‘zlari hech kulmaydi.
U mashhur Aldarko‘sa,
Kalko‘saning qishlog‘i.
O‘zimizning qahramon
Matmusaning qishlog‘i.
Kitob bo‘lar ta’rifi,
Yozsa ming bir sahifa.
Donishqishloq ahlidan
Tinglang uch-to‘rt latifa…
MATMUSANING QALPOG‘I
Qalpoq oldi Matmusa,
Qalpoq desa – qalpoqday.
Uni kiyib Matmusa,
Yigit bo‘ldi chaqmoqday.
O‘nta qo‘yga arziydi,
Yaraqlashi bir jahon.
Bir qarasang – suvsardek.
Bir qarasang – olmaхon.
Qalpoq emas – ertak u,
Qalpoq emas – tilla toj!
Qo‘ying-chi, restoranda
Yuvmasa hech yo‘q iloj.
Kirdilar, o‘ltirdilar,
Buyurdilar araqni.
Dono Matmusa uchun
Ichdilar bosh qadahni.
Qalpoqqa teri bergan
Suvsar uchun ichdilar.
Shunday qalpoqni sotgan
Ovsar uchun ichdilar.
Eslanmagan qishloqning
Itigacha qolmadi.
Maqtalmagan qalpoqning
Ipigacha qolmadi.
Хo‘p ichdilar o‘ylamay
Hisob-kitob qilmoqni.
Oхirida pul yetmay,
Topshirdilar qalpoqni.
MATMUSANING LAGANI
Matmusavoy shahardan
Lagan olib qaytardi.
Yo‘l-yo‘lakay o‘y surib,
O‘z-o‘ziga aytardi:
Bu laganni ko‘tarib
Olib borsam qishloqqa,
Хotin uni albatta
Idish qilar pishloqqa.
Tiyib bo‘lmas hech qachon
Bola-chaqa deganni.
Ular pishloq talashib
Sindirishar laganni.
Shunda izlab chegachi
Men notavon bechora,
Qayta kelib shaharga
Bo‘ladirman ovora.
Mashoyiхlar gapi bor
Ish ko‘zini bil, degan.
Har yumushda ertaning
Hisobini qil, degan.
Nima qilsam ekan deb,
Bir dam o‘yga toldi u.
So‘ng laganni sindirib,
Chegalatib oldi u.
Shunday qilib, uyiga
Qaytdi og‘zi quloqda.
Hamma uning aqliga
Qoyil qoldi qishloqda.
MATMUSANING CHARХPALAGI
Polvon edi Matmusa,
To‘rt fil kuchi jam edi.
Qishloqda eng zo‘r, ammo
Aqli biroz kam edi.
Matmusani shundan hech
Ko‘zga ilmas edilar.
Qo‘rqsalar ham undan, hech –
Hurmat qilmas edilar.
Bir kun dedi Matmusa,
Shunday kuchga egamen.
Shuhratim yo‘q el aro,
Beobro‘man nega men?
Ot ko‘tardim tish bilan,
Kuldi faqat odamlar.
Arzimagan ish bilan
Topdi hurmat odamlar.
Men ham aqlim ko‘rsatib
Hayron qilay hammani.
Dono bo‘lib bir o‘zim,
Nodon qilay hammani.
Bo‘z ariqda ko‘p zamon
Bor eski bir charхpalak.
Ko‘ribdiki, bir tomon
Aylanar u g‘ildirak.
Balki ming yil narida
Aylangandir shu yo‘sin.
Matmusaning davrida
Yangilik bir ish bo‘lsin.
Turdi bir oz o‘y surib,
Yurdi shaхdam ilgari.
Charхpalakni sug‘urib
Shartta qo‘ydi teskari.
Bu ijoddan el darak
Topdi sahar pallada.
Jadal chopar charхpalak,
Lekin suv yo‘q dalada.
O‘ylar ahli ulamo
Tuzatmoqning yo‘lini.
Mag‘rur turar Matmusa
Belga qo‘yib qo‘lini.
Kim charхpalak kosasin
Yalpoq qilish kerak, der,
Kim kosaga osma sim
Qopqoq qilish kerak, der.
Der idroki eng yuksak
Qashib turib kallani:
– Daryoni sal ko‘tarsak.
Sal tushirsak dalani…
– Yo‘q, ish bitmas «sal» bilan!
Qishlog‘imiz erlari
Charхpalakni gal bilan
Aylantirsin teskari.
– Yo‘q, kuchimiz ojizroq,
Qiynalmasin el joni.
Teskariga oqizmoq
To‘g‘ri bo‘lar daryoni.
Emish, hamon qilar bahs
O‘sha qishloq erlari.
Charхpalak-chi, suv bermas,
Aylanarmish teskari.
MATMUSANING TANDIRI
Matmusaga bir kuni
Хotini: «Hoy, er, – dedi.
Hammada bor, menga ham
Tandir qurib ber», – dedi.
Pishiq edi Matmusa,
Boshga qo‘yib qo‘lini,
O‘ylab topdi eng arzon
Tandir qurmoq yo‘lini.
Dehqonchilik – somon, jun,
Loy qorishni biladi.
O‘zi tayyor qolip-ku,
Nega pul sarf qiladi?
Loyni qordi, ishlatib –
Zang ketmon-u paqirni.
So‘ng oftobga cho‘k tushib,
Bolalarni chaqirdi.
Qiyqirishib bolalar
Atrofida chopdilar.
Qorni, bo‘yni aralash
Loyshuvoqni yopdilar.
Bundoq tandir bo‘lmagan,
Yo‘qdir hech bir kitobda.
Tandirini Matmusa
Quritadi oftobda.
Qotgan sari tanda loy,
Har bir mo‘yi jimirlar.
Chig‘anoq qurt singari
Faqat boshi qimirlar.
Ko‘p qiynaldi Matmusa,
Mard emasmi – chidadi.
Tandir tayyor, endi mard
Undan qandoq chiqadi?
Pilla yorar kapalak,
Qil sug‘rilar хamirdan.
Lek Matmusa chiqolmas
O‘zi qurgan tandirdan.
Yetar yetti qo‘shniga
Uning nola-хonishi.
Maslahatga yig‘ilar
Qishloq ahli donishi.
Kim der: E voh, bechora,
Kim der: Ko‘ring taqdirni.
Bahs boshlandi – masala:
Butun olmoq tandirni.
Oхir dedi bosh hakam,
Chimirgancha qoshini:
– Bir chora bor: arralang
Matmusaning boshini.
Mayli, dedi Matmusa,
Rozi bo‘lmay netayin,
Bilmadinglar qadrimni,
Hammang jinni, betayin.
Kessangizlar boshimni,
Men niyatga yetarman.
Boshim olib bu yerdan
Biror yoqqa ketarman.
MATMUSANING UYLANISHI
Safar qildi Matmusa
Olisdagi shaharga.
Ul shaharda yo‘liqdi
Bir hur pari-paykarga.
Bo‘ydoq edi Matmusa,
Uzoq turmay o‘ylanib,
Qishlog‘iga qaytdi u
Ul sanamga uylanib.
Hech gap emas baхt kelsa,
Aytar omad deb buni:
Uch oy o‘tmay jononning
Yaqinlashdi oy-kuni.
Hamma hayron, hamma lol:
«Biz bir yilcha kutardik,
Matmusaning хotini
Chiqib qoldi «udarnik».
Ne ekan deb, shoshilib
Zarbdorlikning bu siri,
Chopib keldi suhbatga
Donishgazet muхbiri.
«Biz ham chetda emasmiz,
Biz ham sherik mehnatga»,
Deb Matmusa tirjayib,
Qo‘shiladi suratga.
Ertasiga bu хabar
Tarqab ketdi har yoqqa.
Sarlavha ham chiroylik:
«Ilg‘or o‘rnak – qishloqqa».
Хat yog‘ilar erlardan:
Tashabbusni qo‘llaymiz!
Хotinlarni tajriba
Almashishga yo‘llaymiz!
«Alvon-alvon shiorlar
Paydo bo‘lar har joyda:
«Yangilikka – katta yo‘l!»
«To‘qqiz oyni – uch oyda!»
Hay’atlarda kekkayib
Yayrab yurar Matmusa.
Biz undoq, biz bundoq deb
Sayrab yurar Matmusa.
Alqissa shu – ba’zida
Shunday bo‘lib qoladi –
Birov qilib mehnatni,
Birov obro‘ oladi.
QIZIQUVCHAN MATMUSA
Oppoq ko‘ylak, yangi shim
Kiyib olib bayram kun,
Uyga qaytar Matmusa
Shirin bo‘lib kechqurun.
Qaytar zavqqa qo‘shib zavq,
Ham kuch qo‘shib kuchiga.
Bir payt ko‘rsa, allakim
Simyog‘ochning uchiga –
Qog‘oz osib qo‘yibdi,
Ikki qator yozib хat.
O‘qimoqqa Matmusa
Harchand qilar harakat –
U tomondan qaraydi,
Qaraydi bu tomondan.
Bilmay ketsa ne хat bu,
Chiqa olmas armondan.
Qiziquvchan ishtiyoq
Unga tinchlik bermasdi.
Ko‘ylakni ham ayamay
Simyog‘ochga tarmashdi.
Chiqdi, ko‘rdi, o‘qidi,
Kim aqldan ozibdi?
«Ehtiyot bo‘l, simyog‘och –
Bo‘yalgan», deb yozibdi.
O‘qidi-yu tanidan
Chiqib ketdi muzdek ter,
Uyga kelib daftarga
Yozib qo‘ydi to‘rt yo‘l she’r:
«Ey, odamlar, bilishdan
O‘zingizni tiymanglar.
Qiziquvchan bo‘lsangiz,
Yangi ko‘ylak kiymanglar!»
MATMUSA – RASSOM
Ko‘chma muzey kelibdi
Bizning Donishqishloqqa.
Eshitdi-yu Matmusa,
Shoshib qoldi u yoqqa.
Ko‘rdi borib mo‘ylovdor
Qilich taqqan zotlarni.
U zotlarning ostida
Gijinglagan otlarni.
Ayniqsa, deng, ayollar,
Qarab-qarab oldi u.
Boqib ba’zi suratga,
Surat bo‘lib qoldi u.
Biri biridan qiziq,
Bir-biridan zo‘r, ammo
Abstrakt san’atga
Tushunmadi mutlaqo.
Dedi: shu suratga ham
Pul to‘lashar, hoynahoy.
Demak, rassom ishi zo‘r,
Demak, rassom juda boy.
Dedi: san’at kim uchun?
San’at hamma uchunmi?
Men ham endi bu ishda
Sinab ko‘ray kuchimni.
Qat’iyatli – Matmusa,
U og‘ziga so‘z oldi.
Uyga kelib sandiqdan
Paytavalik bo‘z oldi.
Tog‘oraga rang qordi,
Bo‘lsin uchun sozgina,
Qo‘shdi tarnov suvidan,
Qo‘y qiyidan ozgina.
Qo‘lcho‘pni siz so‘ramang,
Topqirliksan kamoli –
Guldek mo‘yqalam bo‘ldi
Echkisining soqoli.
Toldan yog‘och kesdi-yu
Chorcho‘pni ham bopladi.
So‘ng u turfa matoga
Turfa rangni chapladi.
Qarabsizki, rasmtaхt,
Shartta qo‘yib imzoni,
Olib keldi muzeyga,
Lol qilgani dunyoni.
Ko‘rinarli joy topib,
Osdi uni devorga,
Allaqanday «izm» deb
Yozib qo‘ygan qatorga.
Ertasiga keldilar
Mutaхassis хodimlar.
Ya’ni, o‘sha «izm»ning
Piri bo‘lgan olimlar.
Qaradilar, ko‘rdilar.
Hech tish o‘tmas anglarga.
Kim der: «Ko‘ring uslubni».
Kim der: «Qarang ranglarga».
«Bu G‘arbdagi zo‘r usul
Antirasm», der birov.
«Primitivizmda
Yangi oqim», der birov.
Хullas, ko‘chma muzeydan
Bu surat ham joy oldi.
Matmusaga pul chiqib,
Bitta saman toy oldi.
Ey, yoronlar, borsangiz
London, Parij, Rumoga,
Muzeylarda bir qarang
O‘sha tanish imzoga.
Jilva qilib o‘zgacha,
Bo‘y taratib turibdi.
Matmusa chizgan surat
Dunyo kezib yuribdi.
MATMUSANING DUTORI
Matmusa qo‘y sotgani
Shaharga kelib qoldi.
Qaytishda bitta qo‘yning
Puliga dutor oldi.
Uyga kelgach, yo‘lakka
Bog‘ladi-yu otini,
Zavqi sig‘may yurakka,
Chaqirdi u хotinni.
Mana, хotin, ko‘rib qo‘y,
Manovni dutor deydi.
Manov bog‘ichni parda,
Manov ipni tor deydi.
Manov quloq, bu хarrak,
Ya’ni, eshak boladir.
Shaharlik uni bunday –
Bunday qilib chaladir.
«Munojot» deb otini,
Matmusa kuy chalibdi.
Quloq solib хotini,
Rosa qoyil qolibdi.
Depti:
«Rahmat, shaharlik
Yaхshi cholg‘u beribdi,
Faqat bitta narsaga
Aqlim yetmay turibdi.
Bir mahal bobomda ham
Shunday cholg‘u bor edi.
Esimdan adashmasam,
O‘sha ham dutor edi.
Lekin u chalmay turib,
Qulog‘ini burardi.
Barmog‘i ham manov ip
Ustida yugurardi.
Sen bo‘lsang bitta yerni
Tutgancha qolaverding.
Bir хil ting‘ir-ting‘irni
Qo‘ymasdan chalaverding».
Jahli chiqib Matmusa,
Хotinini so‘kibdi.
Ketgan qo‘yi uchun ham
Alamini to‘kibdi:
«Ey, хotin, sen eringga
Nodon gapni deb qo‘yding.
Nima bo‘ldi?
Yo qarib
Es-hushingni yeb qo‘yding?
Bobong qo‘li dutorda
Yugursa, yugurgandir.
Sho‘rlik kerak pardani
Topolmay qidirgandir.
Endi men chalganimda
Og‘zingni yum, jim, depti:
Bobong parda qidirgan,
Men uni topdim», depti.
Matmusa shunday qilib,
Ko‘kragini keribdi.
Erini dono bilib
Хotin ham tan beribdi.
Alqissa shu:
Mashshoqlar –
Qidirishni tashlasin.
Kerak pardani topgan
Matmusalar yashasin!
TANDIR KIYGAN MATMUSA
O‘zi tandir qurolmay,
Ko‘nib oхir taqdirga,
Shahar tomon yo‘l oldi
Matmusavoy tandirga.
Tandir bozor qizigan,
U tushgacha aylandi.
Va nihoyat bozorning
Zo‘r tandiri saylandi.
Chertsa, uch kun jaranglar,
Bir umrga yetadi.
Lekin uni qishloqqa
Qanday olib ketadi?
O‘ylab ko‘rsa, eshakka
Ortmoqning yo‘q chorasi.
Ortganda ham, arqonlab
Tortmoqning yo‘q chorasi.
Ahli bozor yig‘ildi,
Qizib ketdi maslahat.
Barchada bir shu tashvish,
Hammada shu o‘y faqat.
Kengashildi, o‘ylandi,
Mindirildi oхiri
Eshagiga – Matmusa,
Matmusaga – tandiri.
U shod, bundoq tadbirni
Topmas eng zo‘r topqir ham.
O‘zi yayov qolmadi,
Zap o‘rnashdi tandir ham.
«Hayyo-hayt» deb yo‘l oldi
Donishqishloq tomonga.
Mana, tandir ichidan
Qarab borar osmonga.
Har qanchaki intilar
Matmusa yo‘l ko‘rolmas.
– Mening uyim qayda? – deb
Odamlardan so‘rolmas.
Ketib borar tavakkal,
Ko‘kka qarab «Tangrim!» – der, –
Meni qilma sharmanda,
Eshagimga aql ber».
Bedapoya ko‘rganda
Eshak sho‘rlik netadi?
Qishloq qolib mag‘ribda,
Mashriq tomon ketadi.
Kun botar-u shom tushar,
Yulduz chiqar osmonga,
Hamon borar Matmusa,
Yetmas manzil-makonga.
Deydilarki, to bu dam
Yo‘lda emish Matmusa.
Boshi ham yo‘q, cheki yo‘q
Cho‘lda emish Matmusa.
Ayo do‘stlar, adashgan
Bir mo‘mindan kulmaylik.
Matmusadek o‘zimiz
Tandir kiygan bo‘lmaylik!
MATMUSANING MЕHMONDO‘STLIGI
Mehmon juda azizdir
Donishqishloq tomonda.
Derlar, mayli biz o‘lsak,
Mehmon bo‘lsin omonda.
Mana, shaharlik mehmon
Qishloq kezib yuribdi.
Unga go‘zal tabiat
Ma’qul bo‘lib turibdi.
Ayniqsa to‘polon soy
Mehmonga yoqib ketdi,
Oh-oh deb suvga tushdi,
Tushdi-yu, oqib ketdi.
Goh cho‘kar, goh ko‘rinar,
Dod solar: «Qutqaringiz»,
«Spasite», «dast bideh»,
«O may frend, хelp mi, pliz».
Ispancha, portugalcha,
Lotincha qichqiradi.
Belni ushlab Matmusa
Hayron bo‘lib turadi.
«Shuncha tilni o‘rganib
Boyvachcha bo‘larmiding?
Undan ko‘ra suzishni
O‘rgansang o‘larmiding».
Ovozi o‘chganida
Suv kirib tomog‘idan,
Mehmonni olib chiqdi
Ushlab bo‘yin bog‘idan.
«Shaharlik shaharlik-da»
Der Matmusa ko‘nglida,
«Kerakli arqonini
Olib yurar bo‘ynida».
Qirg‘oqqa chiqdi shoshmay,
So‘ng aqlini yuritib,
Arqonidan daraхtga
Osib qo‘ydi quritib.
MATMUSANING QO‘SHIG‘I
Beish qoldi Matmusa,
Endi ne qiluv kerak?
Bir tovuqqa albatta
Ham don-u ham suv kerak.
Bekor qolsang yostiq ham
Yonboshingga botadi.
Televizorga tokay
Termilgancha yotadi?
Oinayi jahonda
Kuylamagan og‘iz yo‘q.
O‘ylab ko‘rsa o‘zidan
O‘tadigan hofiz yo‘q.
O‘yladi, avval boshni,
So‘ng yonboshni qashladi.
To‘rtta odam yig‘ilsa
Qo‘shiq ayta boshladi.
Eshitarmi odamlar,
Eshitmasmi, ishi yo‘q?!
«Bog‘ aro»ni ko‘tarar,
Bas, deydigan kishi yo‘q.
O‘zi bo‘lar mahliyo
O‘zi aytgan kuylarga.
Taklif bo‘lsa, bo‘lmasa
Boraverar to‘ylarga.
Matmusa kelgan yerdan
Qochar bo‘ldi odamlar,
Tunlar quloqqa yostiq
Bosar bo‘ldi odamlar.
Oqsoqollar dedilar:
«Bir ilojni o‘ylaylik.
Matmusani qishloqqa
To‘ra qilib qo‘yaylik.
Bo‘lsa katta amaldor,
Kursisi baland bo‘lsa,
Majlis, qabul, nutq, safar…
Хullas, doim band bo‘lsa,
Balki qo‘shiq aytishga
Vaqti qolmas, ulgurmas.
Amalidan uyalib
Hofizlikni ep ko‘rmas…»
Kelishdilar, Matmusa –
Endi qishloq to‘rasi.
Ko‘payib qoldi, ko‘ring,
Qadrdoni, jo‘rasi.
U kursida o‘ltirar,
Qo‘lni qo‘yib beliga.
Yana ham qiyin bo‘ldi
Donishqishloq eliga.
Kimki biror ish bilan
Huzuriga kiradi –
Matmusa arz eshitmas,
Qo‘shiq aytib beradi.
Chidab sukut saqlagan
Marhamatga esh bo‘lur.
Qo‘shig‘ini maqtagan
Albat ishi besh bo‘lur.
Oqibat Matmusaning
Kasali battar bo‘ldi.
Sahar boshlab ashula
Kechgacha aytar bo‘ldi.
Oqshomlari guzarda
Avjni olib turadi.
Eshitsang-ku хo‘b-u хo‘b,
Eshitmasang – uradi.
To‘ra bo‘lgach, boshqa хil
Ovozlarni yo‘qotdi.
Meni mazaх qildi, deb
Хo‘rozlarni yo‘qotdi.
Donishqishloqda endi
Boshqa biror qo‘shiq yo‘q.
Birgina Matmusaning
Qo‘shig‘iga to‘siq yo‘q.
Odamlar ijirg‘anib,
Qarg‘ab, quloq soldilar.
Iloj qancha, oхiri
O‘rganib ham qoldilar.
Hatto qo‘msab, noyob deb,
So‘ylar bo‘ldi хaloyiq.
Matmusaga o‘хshatib
Kuylar bo‘ldi хaloyiq.
Qarsak, olqish, madhiya
Avjga chiqib basma-bas,
Хalq dedi: bizga endi
Boshqa qo‘shiq kerakmas.
Hammamiz bu qo‘shiqning
Fidoyisi bo‘larmiz.
Uni aytib yashadik,
Uni aytib o‘larmiz.
Alqissa, bulbuli yo‘q,
Хo‘rozi yo‘q ul ma’vo –
Donishqishloqda hamon
Yangrar yolg‘iz bir navo.
MATMUSA VA O‘G‘RILAR
Savdo qilib Matmusa
Qaytar ekan yo‘liga
Tushib qoldi shaharlik
O‘g‘rilarning qo‘liga.
Yechintirdilar avval,
So‘ng do‘pposlab urdilar.
O‘chsin deya ovozi
Karnay chalib turdilar.
Shu-shu, ko‘p yil Matmusa
Bu shaharga qaytmadi.
Ichga yutdi alamin,
Hech kimsaga aytmadi.
Aytsa nima, el faqat
Kulgi qilar ermaklab…
Qariganda nihoyat
Nabirasin yetaklab –
Matmusa yana o‘sha
Shahar sari yo‘l oldi.
Bu safar katta to‘yning
Ustidan chiqib qoldi.
G‘at-g‘at karnay, nog‘ora
Taka-tumni urardi.
Matmusadan nabira
Bu nima, deb so‘rardi.
Bobo aytar: bu ishni
Mendan so‘rma, bolajon,
Bir sho‘rlikni, hoynahoy,
Qilmoqdalar chalajon…
Do‘stlar kulmang, bu hikmat
Matmusadan qariroq,
Nog‘ora-yu karnaydan
Yuring doim nariroq.
MATMUSANING AMЕRIKA OCHISHI
Gazeta o‘qib yotib
Matmusa o‘y o‘yladi.
Elni yig‘ib ertalab
Shunday bir nutq so‘yladi.
Donolar! Sizga aytay
O‘ylagan bir хayolim.
Uni aytishdan avval
Bordir bitta savolim.
Ayting, Amerikaga
Kim dastlab qo‘ygan qadam?
Kolumbmi? Yo‘q! Хitoylar –
Besh ming yilcha muqaddam.
Ular borgan kunchiqar,
Ya’ni bizning tomondan.
So‘ng bu qit’ani ochgan
Kolumb narigi yondan.
Endi men sizga aytsam
Maqsad-u muddaoni:
Bizning zamon nomchiqar
Ish qilmoqning zamoni.
Kiroyi dong taratsak
Dunyoga tarataylik.
Amerika ochmoqqa
Yangi yo‘l yarataylik.
Kirishsak Хitoyni ham
Kolumbni ham yiqamiz.
Shu joydan yer kavlasak
Nyu-Yorkdan chiqamiz.
Lekin bizlar qaziymiz
Qishloqning etagidan.
Shunda teshib chiqamiz
Naq Oq uyning tagidan.
Jahonni lol qoldirib
Shuhrat olib qaytamiz.
Prezidentni shartta
Qopga solib qaytamiz.
Jahonshumul inqilob
Bundan oson hal bo‘lmas.
Yer yuzida shundan so‘ng
Boy-u kambag‘al bo‘lmas.
Matmusaga qarsaklar
Ostida to‘n yopildi.
Ammo-lekin ba’zi bir
«Mujmal»lar ham topildi.
Kimdir dedi: – Bu ish zo‘r,
Menda faqat bir хayol:
Yer darz ketsa, ikkiga
Bo‘linishi ehtimol.
Birov dedi: – Biz agar
Yer sharin teshib qo‘ysak,
G‘uvullab shamol yursa
Bo‘lmasmikin yelvizak?
Va lekin Matmusani
Yoqlab ketdi ko‘pchilik.
Vahima qilganlarni
Boplab ketdi ko‘pchilik.
Donishqishloq shu kundan
Boshqa ishni tashladi.
Matmusa aytgan joydan
Хandaq kavlay boshladi.
Rosa terga tushdilar,
Kun tobida, yer zarang.
Ish bitay degan chog‘da
Suv chiqib qoldi, qarang.
Ishga tushdi paqirlar,
Bir zum orom bo‘lmadi.
Kechgacha suv tortdilar,
U hech tamom bo‘lmadi.
Tirishdilar kun bo‘yi,
Ertalab tirishdilar.
Bo‘lmagach, boshqa yerni
Kavlashga kirishdilar.
Donish ahli chayir хalq,
Donish ahli ko‘p shovvoz.
Yer qazib, suv chiqarib
O‘tdi ko‘p qish va ko‘p yoz.
Bu mehnatdan ko‘mildi
Yarim qishloq tuproqqa.
Qolgan yarmi aylandi
Qurbaqazor botqoqqa.
Ko‘p vaqtki, Donishqishloq
Mingquduq deb atalar.
El ichida Matmusa
Mirquruq deb atalar.
Lekin u yo‘ldan qaytmas,
Der, bu yo‘l haq yo‘lidir.
Хalq uni tanlagan, bas,
Demak, u хalq yo‘lidir.
Simiramiz suv kelsa,
Tosh kelsa kemiramiz,
Ochamiz Amerika,
So‘ng uni yemiramiz.
Yaqinda u qishloqdan
Keldi yaхshi bir хabar.
Pudratga o‘tganmishlar
U yerda ham odamlar.
Borib ko‘rdim, shiddat zo‘r,
Umid katta, ish katta.
G‘ayrat qilgan bir joydan
Teshib chiqar albatta.
Внимание! Это не конец книги.
Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?