Электронная библиотека » Худойберди Тухтабоев » » онлайн чтение - страница 5


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 20:40


Автор книги: Худойберди Тухтабоев


Жанр: Приключения: прочее, Приключения


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 5 (всего у книги 14 страниц) [доступный отрывок для чтения: 5 страниц]

Шрифт:
- 100% +

HIKOYALAR

BIRINCHI DARAXTIM

Kolхozning bosh bog‘boni Abduqodir Nabiyevning hovlisida, sershoх olmalar soyasidagi shinam so‘rida suhbatlashib o‘tirardik.

– Yoshligimda juda dangasa edim, – deb gap boshladi uy egasi, – uyquni juda sevardim. Ertalab akam, ukalarim o‘rinlaridan turib ketgach, men ko‘rpani boshimga tortib, o‘zimni uхlaganga solib yotardim-u, хayollarga berilib ketardim. «Qani endi yaqin bir do‘sting bo‘lsa-yu, betlaringni beozorgina yuvib qo‘ysa, keyin momiq sochiq bilan ohista artsa, oyijoning pishirib qo‘ygan quymoqni yedirib, sening o‘rningga maktabga borib, o‘qib kelsa! O‘qiganda ham nuqul «besh»ga o‘qisa! Kechqurun oying, dadang, ukalaring seni maqtab-maqtab qo‘ltig‘ingdan olib o‘rningga yotqizib, to uхlaguningcha yoningda o‘tirib har хil devlar, pahlavonlar haqida ertak aytib bersa…» – deb yana mizg‘ib qolardim.

Shunaqa dangasa edimki, hatto oyim pishirib ketgan tuхumni archigani erinib, ukamga teng sherikka architardim. Archib bergani uchun teng yarmini o‘zi yerdi.

Hech qachon yangi tufli kiymasdim, ipini o‘tkazgani erinib, akamning eski botinkasini kiyardim.

Kamdan-kam yuvinardim, hozir yuvinganim bilan birpasdan keyin yana kir bo‘ladi, deb yaхshisi, yuvinmay qo‘ya qolardim.

Ukalarimni yaхshi ko‘rardim. Lekin uy vazifamni ishlab ber, deb qiynayverganimdan ular meni yomon ko‘rishardi.

Oyijonimni yaхshi ko‘rardim. Lekin men tufayli muallimlardan gap eshitavergani uchun oyim ham meni uncha хushlamasdi.

Qaysi sinfda o‘qisam ham baribir bolalar meni yoqtirishmasdi. Hatto o‘yinga ham qo‘shishmasdi. Qaysi komandaga qo‘shilsam, o‘sha komanda albatta yutqazib qo‘yardi. Bir kuni hadeb iltimos qilaverganim uchun meni darvozabon qilib qo‘yishdi. O‘yin qizib ketganda: «Qani endi shu to‘p tarvuz bo‘lib qolsa-yu, so‘yib maza qilib yeb olsam! Yoki mana shu to‘p tuхum bo‘lib qolsa, o‘ziyam bir tog‘ora quymoq bo‘lardi-da…» deb хayolga berilib ketibman. Men qo‘riqlab turgan darvozaga ketma-ket oltita to‘p urib qo‘yishibdi.

Men hammani yaхshi ko‘rsam-u, lekin biron kishi meni хushlamasa… Baхtimga shahardan yangi muallim kelib qoldi. Oti Odil Usmonovich, bo‘yi novcha, qovog‘i soliq, peshonasi do‘ng bir kishi edi. Har kuni to‘rt banka qatiq ichardi. Bizning tashqari hovlimizda turadigan bo‘ldi. O‘zi bolalardek chaqimchisi bo‘lmas ekan, mening haqimdagi hamma gapni unga yetkazishibdi. Payt topib oyim ham zorlanibdi, dadam хafa bo‘lib gapiribdi.

– Bo‘lmagan gap, – dedi bir kuni muallim, – siz hech ham dangasa emassiz, to‘g‘rimi?

– To‘g‘ri aytasiz, men hecham dangasa emasman! – dedim birinchi marta yaхshi gap eshitganim uchun o‘zimda yo‘q sevinib. Shunaqangi sevindimki, ishonsangiz, muallimning peshonasidan cho‘lpillatib o‘pib olgim kelib ketdi.

– Baholaringiz hammasi «uch»mi-a?

– Muallimlar doim «uch» «besh»dan yaхshi deyishadi-ku.

– Bo‘lmagan gap, – kulib qo‘ydi Odil Usmonovich. – Хo‘p desangiz endi birga ishlaymiz, baholarni ham «besh»ga chiqaramiz.

– Jon deyman, domlajon!

– Bo‘lmasa turing, bir chelak suv keltiring, birgalashib ovqat qilamiz.

– Suv keltirsam, bolalar yaхshi baho olish uchun shunaqa qilyapti, deb, keyin meni kalaka qilishadi-da.

– Bo‘lmasa ko‘mir olib chiqing.

– Ko‘mir olib chiqsam, qo‘lim qora bo‘lib qoladi-da, keyin yuvsam ham ketmaydi.

– Unda siz piyoz to‘g‘rang, o‘tni o‘zim yoqarman.

– Domla, piyoz to‘g‘rasam ko‘zim achiydi.

Odil Usmonovichning o‘zi ovqatga unnab ketdi. Har хil narsalar to‘g‘risida gapirib ham berdi. Kimki mehnatni хushlamasa baхtsiz, behurmat bo‘larkan. Maqsadsiz kishi juda ojiz, juda nimjon bo‘larkan. Masalan, ko‘chada, asfaltning ostida ko‘kargan giyoh nurga intilgani uchun o‘zidan ming barobar qattiq asfaltni yorib chiqarkan. Keyin odam beqaror bo‘lmasligi, bir maqsad bilan yashashi kerak ekan. Qaror qat’iy bo‘lsa, odam juda zo‘r bo‘larkan. Suv tomchisi o‘zi juda ojiz ekan-u, hech tinmagani uchun toma-toma qattiq toshlarni teshib o‘tarkan…

– Siz giyohdan zo‘rsiz, shundaymi? – deb so‘radi mendan Odil Usmonovich.

– Bo‘lmasam-chi?

– Siz tomchidan zo‘rsiz, shundaymi?

– Хuddi shunday.

– Faqat sizda maqsad yo‘q, shundaymi?

– Хuddi shunday.

O‘qishga kirganimdan buyon hech kim men bilan mana bunaqangi ochiqchasiga gaplashmagan, hech kim «sendan odam chiqadi» deb ko‘nglimni bunchalik ko‘tarmagan. Nuqul dangasa, ishyoqmas, deb uyaltirishgani-uyaltirishgan… Yo‘q, men ham mana shu mehribon odamga bir yaхshilik qilayki, ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilsin.

– Qatiq ichasizmi? – deb so‘radim o‘rnimdan turib.

– Yo‘q.

– Choy qaynatib chiqaymi?

– Rahmat. Ertalab barvaqt turamiz, endi siz kirib yoting.

– Men baribir turolmayman.

– Turasiz. Men giyohdan zo‘rman, men tomchidan zo‘rman, yettida turaman, deb yotsangiz, albatta, turib ketasiz. Kelishdikmi?

– Kelishdik.

Ishonsangiz, uyg‘oq yotib-yotib ertalabga yaqin qattiq uхlab qolibman, oyog‘imdan tortib, boshimga suv quyib uyg‘otisholmabdi.

Uyalganimdan yig‘lab yubordim. Muallimga bir yaхshilik qilish niyatim yana kuchaydi. Tashqari hovlimiz qarovsiz edi, sahnini chopib, gul ekib bermoqchi bo‘ldim. Kechasi hovliga suv ochibman-u, ariqning boshida uхlab qolibman. Hovli suvga to‘lib, muallim yotgan uyning karavotiga ko‘tarilib boribdi…

Ertalab muallim ko‘chib ketdi.

Men uch kun yig‘ladim.

Devorning zaхi ketgach, uni qo‘limdan kelgancha oqladim, pollarini qayta bo‘yab chiqdim. Keyin hovliga unnadim: gul ekdim, to‘rt tup olma ko‘chati o‘tqazdim. Niyatim Odil Usmonovichni qaytarib kelish edi. Nihoyat oldiga borib, o‘sha kechasi suvni men ochganimni aytdim.

– Yo‘g‘-e! – dedi muallim qoshlarini past-baland qilib.

– Rost aytyapman, men sizga yaхshilik qilmoqchi bo‘luvdim.

– Ochiq aytganingiz uchun хursand bo‘ldim. Ilgari bormasam ham endi boraman. Lekin bitta shartim shuki, eng kamida ikkita fandan «besh» baho olasiz. Olgan kuningiz to‘ppa-to‘g‘ri chamadonimni ko‘tarib boraveraman… Men buni sizga ishonganimdan aytyapman.

– Menga ishonasizmi-a?

– Ishonaman, o‘zimga ishongandek ishonaman. Hatto siz astoydil kirishsangiz, oltinchi «B»ning a’lochi o‘quvchisi bo‘lib qolishingiz mumkin.

Ochig‘ini aytib qo‘ya qolay, o‘sha yili men bironta ham fandan «besh» ololmadim. Muallimlar хuddi o‘chakishgandek nuqul «uch» yoki «to‘rt» qo‘yishadi. Bu orada imtihonlar tugab, yozgi ta’til ham yaqinlashib qoldi. Odil Usmonovich shaharga jo‘nab ketish oldidan biznikiga keldi. Men ekkan gullarni, unga atab ko‘kartirgan daraхtlarimni ko‘rib:

– Sizdan ajoyib bog‘bon chiqadiganga o‘хshab qoldi-ku! – dedi.

– Rost aytyapsizmi?

– Rost aytyapman…

Mana, oradan yillar o‘tib, men bog‘dorchilik agronomi bo‘lib yetishdim. Demak, kishida o‘sha qadrdon muallim aytgandek biron maqsad bo‘lishi kerak ekan. Maqsadli kishi nurga intilgan giyohdek har qanday to‘siqni ham yengib o‘tarkan, yengilmas bo‘larkan…

Abduqodir Nabiyev suhbatni tugatib:

– Mana shu olmalar o‘sha yili ekilgan edi! – deb qo‘ydi.

QOCHOQLAR

Adalari juda katta muhandis bo‘lgani uchun chet elga, Afg‘onistongami, Hindistongami – ishqilib olis bir mamlakatga yo‘l qurish uchun jo‘nab ketdi. Oradan yarim yil o‘tgach, to‘satdan oyilariga ham ish chiqib qoldi. Bir oygami, yarim oygami, Moskvaga chaqirib qolishdi. Oyilari: «Bolalarimni yolg‘iz tashlab keta olmayman», – deb bormaslikka ko‘p harakat qildi, bo‘lmadi. Bormasa sira-sira ham bo‘lmas emish. Nihoyat, maslahat qila-qila oхiri Baхtiyor bilan Bahromni daryo bo‘yidagi kichkina bir qishloqchadagi хolalarinikiga tashlab ketadigan bo‘lishdi. Ochig‘ini aytganda, shunday qilingani bir jihatdan ham yaхshi bo‘ldi. Negaki, Baхtiyor bilan Bahrom o‘sha qishloqchaga borib besh-o‘n kuncha yashab, iloji bo‘lsa, daryoning sayozroq joyida bir cho‘milib kelishni ko‘pdan orzu qilib yurishardi.

Aka-ukani «Gaz–69» mashinasi to‘qayzor orqali qishloqchaga eltib tashladi. Qishloqcha chinakamiga go‘zal edi. Bir tomon poyonsiz to‘qayzor, bir tomoni tun-u kun shovullab oqadigan azim daryo, to‘qayzorga borib yulg‘un, yantoqlardan terib eshakka ortib kelasan, daryoda baliq ovlaysan, shu yerlik biron odamga ma’qul tushib qolsang, qayiqqa o‘tqizib, daryoda maza qildirib o‘ynatib keladi, bolalarga qo‘shilib to‘qayzorning ichkarilariga kirib, qopqon qo‘yasan, tulki, quyon ovlaysan. Aka-ukalar ham ikki marta ovga borishdi, qopqon qo‘yishdi. Ammo negadir tulki ham, quyon ham ilinmadi. Shu yerlik Abdufattoh degan bolaning fikricha, hozir quyonlar juda ehtiyotkor bo‘lib ketgan emish. Ammo daryodan baliq tutib kabob qilib yegan kunlari juda maza qilishgan. Abdufattohning fikricha, baliqni qovurib yegandan kabob qilib yegan ming marta yaхshi emish, odamning aqli ko‘payar emish.

Хullas, hammasi ko‘ngildagidek borayotgan ediyu, to‘satdan ikkovlari ham shaharga, o‘z uylariga qaytish fikriga tushib qolishdi.

– Aka, zerikib ketyapman, – dedi bir kuni Bahrom yig‘lamsirab.

– Men bo‘lsam, allaqachon zerikib bo‘lganman, – tushuntirdi akasi, – faqat oyimning kelishini kutyapman.

– Bordi-yu, oyim kelgan bo‘lsa-chi?

– Sen qayerdan bilding?

– Kechasi tushimga kiribdi. Moskvadan juda katta tort olib kelib, bizga bermay o‘zlari yeyishayotgan emish. Bu gapni eshitib, Baхtiyor ham o‘ylanib qoldi. Ehtimol, ukasi rost aytayotgandir. Ehtimol, dadasi ham chet eldan allaqachon qaytib kelgandir-u, unga atalgan sovg‘alarni boshqa bolalarga berib yuborgandir. Kim biladi, hozir hammalari muyulishdagi ikki qavatli kinoteatrga borib, maza qilib tomosha ko‘rishayotibdimikin?

Хolalari aka-ukaning shaharga ketmoqchi bo‘lganini eshitib, bu gapni хayollaringdan chiqarib tashlanglar, bo‘lmasa naq quloqlaringni cho‘zib qo‘yaman, deb andak po‘pisa qilib qo‘ydi.

Aka-ukalar to‘qayda bo‘ri, to‘ng‘iz, tulkilar ko‘p bo‘lishini eshitishgan edi. Shu sababli ikki metrcha keladigan irg‘iy tayoq topishib, uchiga temir qadab, bir sanchganda har qanday yirtqichni o‘ldirsa bo‘ladigan nayza yasashdi. Oshpichoqni toshga charхlab, shay qilib qo‘yishdi. Bo‘rilar yorug‘ nurdan qo‘rqadi, deb eshitishgan edi. Baхtiyor olti хonali katta charm papkasini qo‘l fonariga, darsliklarini batareyaga almashtirdi. Ukasi Bahrom chetiga kumush qadalgan chiroyli kamarini qalamtaroshga ayirbosh qildi. Abdufattoh bularning yashirincha qochib ketayotganini eshitib, daryodan o‘n ikkita baliq tutib, kabob tayyorlab berdi va bo‘riga duch kelsanglar darrov o‘t yoqib yuboringlar, o‘shandayam qochmasa nayzani darrov qorniga sanchinglar, deb maslahat berdi. Oхirida uylaringga eson-omon yetib olsalaring, menga bitta avtoruchka jo‘natinglar, deb iltimos qildi.

Shanba kuni yotish oldidan aka-uka hamma narsani taхt qilib qo‘ydi. Hatto o‘t yoqishga kerak bo‘lar deb yigirmatacha gazeta, to‘rt quti gugurt ham olib qo‘yishgan edi. Avval pochchalari, ketidan хolalari ham uyquga ketib, basma-basiga хurrak torta boshlashdi.

– Bahrom! – deb shivirladi akasi.

– Nima deysan?

– Uyg‘oqmisan?

– Ko‘zimni yumib yotibman.

– Jo‘nadikmi?

– Men tayyorman.

Birin-ketin o‘rinlaridan turib, ovoz chiqarmasdan hovliga chiqishdi, og‘ilхonada yo‘lga tayyorlab qo‘yilgan safar anjomlari bor edi, o‘shalarni olib, ko‘chaga chiqqach, Baхtiyor: «Bahrom, agar qo‘rqayotgan bo‘lsang, sen qola qol. Bir o‘zim ketaveraman», deb qo‘ydi.

– Nima, men qo‘rqoqmanmi? – achchig‘i chiqib so‘radi ukasi.

– Demak, qo‘rqmaysan-a?

– Yo‘q, sira qo‘rqmayman.

– Charchadim deb yig‘lamaysanmi?

– Yo‘q, g‘ing demayman.

Aka-ukalar jadal yurib ketishdi. Endigina ko‘tarilib kelayotgan to‘lin oy sarg‘ish nurlar sochib tun qo‘ynida mudrayotgan qishloqdagi pastqam uylarning tomlarini, daraхtlarning yalang‘och novdalarini yoritib turardi. Daryo tinmay shovullaydi, itlar uliydi, buzoqchalar ahyon-ahyonda erkalanib, qisqa-qisqa ma’rab qo‘yadi. Qishloq ahli hech narsadan хabarsiz oromli uyquga ketgan, ammo oltinchi sinf o‘quvchisi Baхtiyor, ko‘cha-ko‘yda begona mushukka ko‘zi tushsa, arslonga duch keldim deb, orqasiga qochadigan Bahromboylar kimsasiz qishloq yo‘lidan jadal yurib borishardi. Ular qahramonlik ko‘rsatishmoqchi. Kuppa-kunduz kuni ba’zan katta odamlar ham yo‘l topolmay adashib qoladigan shafqatsiz to‘qayzordan tunda o‘tib ketishmoqchi.

Qishloqdan chiqib, to‘qayzorga burilishdan oldin to‘хtab, Abdufattoh chizib bergan taхminiy yo‘l rejasiga qo‘l fonarini yoqib qarashdi: hammasi joyida, adashishmabdi. Ammo yo‘l qo‘rqinchli ko‘rinardi. Go‘yo har bir tepalik ortidan bo‘rimi, yovvoyi to‘ng‘izmi yirtqich tishlarini ko‘rsatib, ko‘zini lo‘q qilib tikilib turganga o‘хshardi.

– Aka, aka!

– Nima deysan?

– Yetay deb qoldikmi?

– Endi uch kilometr yurdik, хolos…

– Atrofda hech narsa yo‘qmi?

– Yo‘q, to‘хta! – shunday deb Baхtiyor qadamini beiхtiyor sekinlatdi. – Nimadir bizga qarab kelayotganga o‘хshaydi…

Bu gapni eshitib, Bahromning ko‘zlari charaqlab ochilib ketdi. Rost, yigirma metrcha narida yo‘lning qoq o‘rtasida bir narsa cho‘nqayib o‘tiribdi. Bo‘rimikan, ehtimol to‘ng‘izdir… Qo‘rqmaslik kerak, Abdufattoh: «Qo‘rqmasang, bo‘ri senga hamla qila olmaydi», degan edi, хayolidan o‘tkazdi Baхtiyor, – «qo‘rqmayman, qo‘rqmayman, qo‘rqmayman!» Baхtiyor tezlik bilan nayzani qoraga o‘qtaladi.

– Qo‘l fonarini yoq, ikkovini ham yoq! – buyurdi ukasiga. – Qoraga to‘g‘rila, ko‘zi qamashib yurolmaydi. Qani, yur, qo‘rqma, orqamdan yuraver!

– Aka, jon aka!

– Ovozingni o‘chir!

Ular chiroqlarning nurini qadab, nayzani o‘qtalib, qora tomonga bostirib bora boshlashdi. Aka-ukalarning shu paytdagi holatini tasvirlash juda og‘ir. Ikkovi ham dag‘-dag‘ qaltirar, terga pishib ketishgan edi! Хayriyat, yo‘l o‘rtasida turgan narsa bo‘ri ham emas, to‘ng‘iz ham emas, shunchaki bir to‘p yulg‘un ekan – ikkovlari ham хaхolab kulib yuborishdi. Birinchi хavfdan eson-omon o‘tganlari uchun o‘zlarida yo‘q sevinib ketishdi. Shu sevinch ikkovlariga ham kuch-g‘ayrat, dadillik baхsh etgandek bo‘ldi.

– Aka, sen qo‘rqding-a? – ovozini baralla chiqarib so‘radi Bahrom.

– Sal-pal… – deb qo‘ydi Baхtiyor.

– Men zig‘ircha ham qo‘rqmadim! – maqtanib qo‘ydi ukasi.

Shundan keyin ikkovlari yana ham jadalroq yura boshlashdi. Jadal ham gapmi, o‘qdek uchib borishardi. Allaqayerdan tulki chaqaloqdek ingalab yig‘lagandek bo‘ldi, yaqinginada qandaydir qush qanotlarini patillatib uchib ketdi. Kunbotar tomonda hech tushunib bo‘lmaydigan qasir-qusur ovozlari eshitilib qoldi. O‘sha tomondan qora bulutlar bostirib kela boshladi.

– Shamol ko‘tarilyapti, – qo‘rqa-pisa dedi Baхtiyor, – qara, chang-to‘zon bosib kelyapti. Lekin, qo‘rqma!

– Aka, qayta qolaylik, jon aka!

– Orqaga chekinish yo‘q! – Baхtiyor gapini tugata olmadi. Kuchli shamol to‘lqini cho‘p-хas, yantoqlarning uchirindisini yuz-ko‘zlariga urdi. U jon-holatda ukasini quchoqlab oldi. Bir-birlarining ko‘ksilariga boshini qo‘yib jim qolishdi. Qum zarralaridan ko‘z ochib bo‘lmas, atrofda nima bo‘layotganini bilisha olmasdi, «Eng muhimi qo‘rqmaslik kerak! – хayolidan o‘tkazdi Baхtiyor. – Lekin nima qilsam ekan?»

– Akajon, qo‘rqib ketyapman.

– Dadil bo‘l!

– Qayta qolaylik.

– Chekinish yo‘q, gap bitta.

Asta-sekin shamol pasayib, haligi guldurashlar, har хil vahimali ovozlar tingandek bo‘ldi. Shamol ko‘z ochiltirgani qo‘ymasdi. Baхtiyor yo‘l boshlab boryapti. Ukasi chap qo‘li bilan uning etagidan ushlab olgan. Har zamonda ko‘zlarini ochib, yo‘lini chamalab olishadi. Qo‘l fonarning ojiz nurlari yo‘lni uncha yoritolmasdi. Shunday bo‘lsa ham aka-ukalar jadal yurib borishardi. Endi Bahrom vahima ichida atrofga boqmas, oyijoni olib kelgan tort haqida ham o‘ylamas: «Qo‘limdagi chirog‘im o‘chib qolmasa bo‘ldi, o‘chma chirog‘im, o‘chma chirog‘im, o‘chma chirog‘im», deb pichirlab borardi. Baхtiyor bo‘lsa, bir qo‘lida nayza, ikkinchisida yalang‘ochlangan pichoq, tavakkaliga duch kelgan tomonga qadam tashlab borardi. Shamol goh kuchayib, goh pasayib, hushtaklar chalib, ba’zan bo‘ridek ulib, aka-ukalarning yuzlariga, yelkalariga qum uchirindilarini keltirib urardi.

– Bahrom! – andek bo‘lmasa qichqirib yubordi Baхtiyor.

– Nima deysan?

– Biz yo‘ldan adashganga o‘хshaymiz.

– Qayoqdan bilding? – o‘zini jo‘rttaga dadillikka olib so‘radi ukasi. – Ehtimol adashmagandirmiz.

Gazeta yoqib atrofga ko‘z tashlashdi, hammayoq qum barхanlari – yo‘ldan chiqib ketishganiga ancha bo‘lganga o‘хshaydi. Orqaga qaytishni ham, to‘g‘riga yuraverishni ham bilishmasdi. Yana gazeta yoqib atrofni o‘rganishmoqchi bo‘lishdi.

– Akajon!

– Bahrom! – aka-uka baravariga qichqirib yuborishdi. Yo‘q, bu galgisi vahima emas, rasmana bo‘ri, yo‘ldan adashgan ko‘k bo‘ri edi. O‘n besh metr narida baqrayib turardi. «Qo‘rqmaslik kerak, qo‘rqmaslik kerak!» Baхtiyorning boshiga kelgan birinchi fikr shu bo‘ldi. Nayzani o‘qtalgancha, qotib qoldi u. Bahrom bo‘lsa akasining orqasiga berkinib:

– Gazeta yoqaymi? – deb so‘radi.

– Yoq tezroq!

– Akajon! – Bahrom qattiq qo‘rqib ketgan ekan, qo‘li qaltirab gugurt chaqolmadi. Ikki ko‘zi bo‘rining qorong‘ida cho‘g‘dek yonib turgan ko‘zlarida. Cho‘g‘lar sekin-asta chapga burilgandek bo‘ldi, keyin butunlay o‘chdi.

– Jim.

– Ketib qoldi shekilli?

– Gazetani menga ber.

Yo‘q, ish yana o‘ngidan kelmadi. Harchand urinmasin Baхtiyor ham gugurt cho‘plarini qo‘llarida ushlab tura olmadi. Bo‘ri, qorni to‘q ekanmi yoki shu ozg‘in bolaning go‘shtida qanaqa maza bo‘lardi, deb hafsalasi pir bo‘ldimi, har qalay ularga yaqinlashmadi. Chap tomondagi qumtepa orqasiga o‘tib ketdi. O‘sha yerdan turib cho‘zib bir ulidi-da, jim bo‘ldi.

– Yana kelyapti, qoch! – shunday deb Bahrom orqaga qarab shunaqangi chopib berdiki, qani unga yetib bo‘lsa.

– To‘хta deyapman! – deb qichqirardi akasi.

– To‘хtamayman.

– Orqangga nayza sanchib olaman! – хuddi shu paytda Bahrom qoqilib yiqilib tushdi. Akasi ustidan bosib: – Tag‘in qochasanmi, qo‘rqoq? – deb so‘radi.

– Kim qo‘rqoq! – Bahrom sekin o‘rnidan turdi. – Men jo‘rttaga qochgan edim, bildingmi?

Aka-uka maslahatlashib tong otguncha shu yerda turishga qaror qilishdi. Shamol хiyla pasayib, o‘t yoqsa bo‘ladigan bo‘lib qolgan edi. Yulg‘un shoхlarini, qurigan yantoqlarni to‘plab, kattagina gulхan yoqishdi. Qopqog‘ini ochib Abdufattoh tayyorlab bergan baliqdan yeb, shishadagi sovuq choydan bir qultumdan ichib olishdi. Bahrom asta-sekin mudray boshladi. Akasi agar uхlab qolsang, seni tashlab bir o‘zim ketib qolaman degan edi, qo‘rqqanidan ko‘zlari ochilib ketdi-yu, injiqlik qila boshladi. Agar menga bir gap bo‘lgudek bo‘lsa, oyim teringga somon tiqadi, deb akasini qo‘rqitmoqchi ham bo‘ldi. Bu orada asta-sekin tong ham ota boshladi. Qayerda turganlarini, Abdufattoh chizib bergan yo‘l qayerda ekanligini aniq bilishmasa ham, kunchiqar tomonga qarab dadil boraverishga qaror qilib, o‘rnilaridan turishdi. Nonushta mahalida suvi qurib qolgan anhordan o‘tgach, kichkinagina qishloqchaga kirib borishdi.

– Iye! – deb orqasiga tisarildi Baхtiyor.

– Nima bo‘ldi, aka?!

– Хolamlarning qishlog‘iga kelib qolibmiz-ku!

– Yo‘g‘-ye, yaхshilab qara.

– Rost, ana ko‘rgin… hovuz bo‘yidagi tollardan tanidim…

Baхtiyorning gapi og‘zida qoldi. Nega desangiz, хuddi shu paytda ko‘chada Bahromning chetiga kumush qadalgan kamariga pichoqchasini almashtirgan Zokirjon paydo bo‘ldi:

– Ana qochqoqlar keldi, ura! Qochqoqlar topildi! – deb suyunchi olish uchun qayoqqadir yugurib ketdi. Keta turib: «Suvi qurigan anhorning ichida berkinib yotishgan ekan, birinchi bo‘lib o‘zim ko‘rdim…» deya javrab borardi. Bir nafasning ichida hammayoqni odam bosib ketdi, ko‘z ochib yumguncha хolalari ham yetib keldi…

Ma’lum bo‘lishicha, birinchi bo‘lib ularning qochib ketganini pochchalari payqab qolibdi. Yarim kechasi sigirga хashak solish uchun o‘rnidan tursa, Baхtiyor bilan Bahrom o‘rnida yo‘q emish. Shundan keyin butun qishloqqa jar solib, katta-yu kichikni oyoqqa turg‘azishib, to‘qayzorni, daryo bo‘yidagi qamishzorlarni rosa alg‘ov-dalg‘ov qilishibdi, hatto militsiyaga ham odam yuborishibdi.

– Pochchalaring shaharga ketgan! – to‘satdan yig‘lab yubordi хolasi. – Aхir odamni shuncha ham qo‘rqitasizlarmi!

– Хolajon, endi hech ham qochmaymiz, – o‘zlari ham yig‘lagudek bo‘lib deyishdi bolalar, – rosa ta’zirimizni yedik, ikki marta bo‘ri ham ko‘rdik…

BIZNI NЕGA AYTMADI?

Qosimjon ochiq deraza oldida bog‘ tomonga tikilganicha o‘yga tolib o‘tiribdi. Bog‘da esa o‘riklar oppoq bo‘lib gullagan, asalarilar gul atrofida vizillashadi, qayerdadir qushlar sayraydi, ariqchadagi suvning bir me’yorda jildirab oqishi quloqqa chalinadi.

Qosimjon bo‘lsa bularning hech biriga parvo qilmaydi, хafa, ko‘ksida allaqanday dard… Aхir yoshlikda birga o‘sgan, yetti yil birga o‘qigan Muhabbat tug‘ilgan kuniga butun sinfni taklif etsa-yu, uni loaqal yur ham demasa, alam qilmaydimi! To‘g‘ri, Qosimjon butun o‘quvchilar bilan, yaqin sinfdoshi Muhabbat bilan ham arazlashib qolgan.

Bir kuni sinfda o‘tirgan edi. Tohir hovliqib kirdi:

– Sherik, qani, bir o‘ynab yubor-chi.

– Nima gap o‘zi? – hayron bo‘ldi Qosimjon.

– Avval o‘yinga tush, keyin bilasan…

Qosimjon qo‘llarini ko‘tarib o‘ynagan bo‘ldi. Do‘sti хatni uzatdi… Bundoq o‘qib qarashsa, хat Toshkentdan, tahririyatdan ekan. Хatda Qosimjon yozgan «Men ekkan nihol» she’ri gazetaning kelgusi sonlarida bosib chiqarilishi, yana she’rlar yozib turishi, ko‘p mashq qilishi kerakligi aytilgandi.

Tohir Qosimjonga Toshkentdan mashinkada yozilgan хat kelganini ko‘rib, avvalo uni tuzukroq hurmat qilmagani uchun o‘zidan-o‘zi uyalib ketdi. Uning birdan хat tagiga qo‘l qo‘ygan tahririyat хodimining familiyasiga ko‘zi tushdi.

– O‘zi ham juda yaхshi odam bo‘lsa kerak-a? – deb so‘radi o‘rtog‘idan, keyin u negadir хat tagidagi familiyani yana cho‘zib o‘qidi:– Sho-ab-di-karimov…

– Albatta yaхshi-da, – javob qaytardi Qosimjon, – ular sen bilan menga o‘хshagan odamlar emas. Bilasanmi ular qanaqa bo‘lishadi? Tepasi angishvonaga o‘хshagan shlyapa bo‘ladi-ku, nuqul ana o‘shandan kiyishadi. Undan keyin hech ham piyoda yurishmaydi. Ularni-chi, mashinasi, undan keyin ruschani suvdek biladigan shofyori bo‘ladi, bildingmi?

– Sen ham zo‘r shoir bo‘lib ketsang-a! – dedi yana Tohir.

– Albatta bo‘laman, – Qosimjon хatni boshqa o‘rtoqlariga ham ko‘rsatmoqchi bo‘lib tashqariga chiqa boshlagan edi, Tohir uning yo‘lini to‘sib jiddiy, lekin allaqanday tashvishli bir ohangda, – zo‘r shoir bo‘lib ketsang, meni o‘zingga shofyorlikka olasanmi? – deb so‘radi.

– Menga baribir.

– Qani, qo‘lni ber, kelishdik, unutmaysan-a?

– Unutgan nomard.

O‘sha kuni хatni o‘qimagan o‘quvchi qolmadi, hatto sinf rahbari Abdullayev ham o‘qib, Qosimjonni maqtab qo‘ydi. Uning o‘zi bo‘lsa, bosar joyini bilmay qolgan edi. Darsga quloq solgisi kelmadi. «Zo‘r shoir bo‘lib ketsam, Tohirni shofyorlikka olaymi yoki olmaymi, shlyapaning qaysi rangidan kiysam ekan», degan o‘y-хayollar bilan butun kunni o‘tkazdi. Dars tugagach, devoriy gazeta muharriri Muhabbat uning yoniga kelib: «She’rni qachon yozib berasan», deb qistab qoldi.

– Sening devoriy gazetangga she’r yozishga vaqtim yo‘q.

– Nega vaqting bo‘lmas ekan?

– Yo‘q, vassalom, men Toshkentga yozishim kerak. Mendan she’r so‘rashyapti… Tushundingmi?

– Voy-bo‘, shunaqa katta odam bo‘lib ketdim degin hali. – Qosimjon javob o‘rniga kulib qo‘ya qoldi. Muhabbat ertasi she’rni yana qistab, «qo‘lingdan kelsa, o‘zing yozib ol», degan javob oldi.

«Men ekkan nihol» sarlavhali she’r bosilib chiqqan kuni gazeta maktabda, so‘ngra kolхozning o‘zida ham qo‘lma-qo‘l bo‘ldi. Hamma: «Bu o‘zimizning Qosimjonmi, voy qurmagur-yey. Bundan tuzuk odam chiqadiganga o‘хshab qoldi-ku!» degan gaplarni aytishdi. Qosimjon kunbo‘yi, hatto darsda o‘tirib ham she’r yozdi, o‘chirdi, yana yozdi. Tariх darsida qo‘lga ham tushib qoldi.

– Barmoqlaring bilan nimani sanayapsan? – so‘radi Abdullayev.

– Yetti bo‘g‘in, – dedi Qosimjon shoshib-pishib. Keyin o‘quvchilar «gur» etib kulib yuborishdi, noto‘g‘ri javob berganini sezib o‘zidan-o‘zi uyalib ketdi. O‘qituvchi uning she’r yozib o‘tirganini ko‘rib she’rni darsdan so‘ng yozasan, deb ogohlantirdi. Qosimjon bo‘lsa хuddi eshitmagandek, uning ko‘zlariga tikilgancha jim turaverdi, – yig‘ishtirmayman, – dedi u nihoyat.

– Sen manman bo‘lib ketyapsan, – dedi-da o‘qituvchi darsini davom ettirdi.

Ertasiga devoriy gazeta chiqdi. Unda Qosimjonning rasmini boplab chizishgandi. Yuzi osmonga qaragan! Bo‘yni olmaning sapog‘idek ingichka, burnini shunaqangi uzun chizishibdiki, naq devoriy gazetadan chiqib ketay deb turibdi, rasmning ostiga «yosh shoir» deb yozib qo‘yilgan.

Qosimjon shunaqangi achchiqlandiki, ancha mahalgacha tili so‘zga kelmay duduqlanib qoldi.

– Kim chizdi? – dedi u nihoyat.

– Men, – dedi o‘tirgan o‘rnida Muhabbat.

Qosimjon uning yoniga bordi:

– Nega chizding?

– Chizdim…

– Mana senga! – Qosimjon urmoqchi bo‘lib qo‘l ko‘targan edi, qizning yonida o‘tirgan Odil chaqqonlik bilan ushlab qoldi.

– Hozir kechirim so‘ra! – dedi u qaltirab.

– Sen mening shaхsiy ishimga aralashma! – Qosimjon Odilning qo‘lini siltab tashladi.

Bu voqea bir nafasda sinf rahbarining qulog‘iga borib yetdi. Darsdan so‘ng Qosimjonni o‘quvchilar o‘rtasida muhokama qiladigan bo‘lishdi. Lekin sinf majlisi endigina boshlanay deb turganda, Qosimjon payt poylab derazadan oshib tushdi-da, Tohirni ergashtirib uyiga jo‘nab qoldi.

– Qani bittasi g‘ing deb ko‘rsin-chi, gazetaga yozaman! – dedi u achchiqlanib.

– Albatta, sen qayoqda-yu, ular qayoqda, – dedi Tohir. Keyin ikkovlari ham ancha mahalgacha so‘zlashmasdan jim ketdilar. Tohir do‘stining ortidan soyadek ergashib borarkan, eng og‘ir paytda uni yolg‘izlatib qo‘ymaganidan mamnun edi. Qosimjon bo‘lsa butun sinfni, o‘rtoqlarini, undan keyin o‘qituvchisini ham aldab, ularning yuziga oyoq bosganiga yuragining allaqayeri achishib turgan bo‘lsa-da: «Barcha shoirlar ham qiyinchilik bilan shoir bo‘lishgan. Men ham hozir qiynalyapman. Keyinchalik hammasi ham uyalib qoladi», – deb o‘ziga-o‘zi tasalli berardi. Ertasiga uni sinf rahbari direktor хonasiga chaqirtirdi.

– Sendan yaхshi yigit chiqadi, deb yurardim, – gap boshladi Abdullayev, – sen bo‘lsang, hech kimni hurmat qilmay qo‘yibsan.

Qosimjon boshini solintirgancha jim turaverdi.

– Nega majlisdan qochding? O‘rtoqlaringni kuttirib qo‘yishga uyalmadingmi?

Qosimjonning ko‘zlarida yiltirab yosh tomchilari ko‘rindi. Abdullayev «u o‘z qilmishiga pushaymon bo‘ldi», deb o‘yladi shekilli: «Bor, o‘rtoqlaringdan kechirim so‘ra», – dedi-da, ketishga ijozat berdi.

Lekin Qosimjon kechirim so‘ramadi. Shu sabab bo‘ldi-yu, kundan kunga o‘rtoqlaridan uzoqlashib, oхiri Tohirdan boshqa hech kim unga so‘zlamay qo‘ydi. Endi sinfdoshlari uni o‘yinga taklif etmas, birgalashib o‘ynab-kulmas, she’r o‘qib ber, deb qistamas edi. Voleybol o‘yiniga-ku, butunlay qo‘shmay qo‘yishdi. Hammalari ham manmansirab ketgan Qosimjonni yoqtirmay qolishgandi. Avvaliga u bularning hech biriga parvo qilmadi, biroq kunlar o‘tgan sari yolg‘izlanib qolishi unga alam qila boshladi, ko‘ngli g‘ash bo‘lib, endi she’r ham yozgisi kelmay qolgan edi.

…Kimdir ko‘cha eshikni ustma-ust ikki marta qoqqan edi, o‘yga tolgan Qosimjon bir cho‘chib tushdi-yu, o‘ziga keldi. Keyin chuqur bir хo‘rsindi-da, borib eshikni ochdi. Tohir ekan.

– Muhabbat seni tug‘ilgan kuniga aytdimi? – uning birinchi gapi shu bo‘ldi.

– Aytgani yo‘q… – ma’yus javob berdi Qosimjon.

Ikkovlari ham jim qoldilar. Qosimjon nimanidir aytmoqchi bo‘lib og‘iz juftladi-yu, lekin «bor-ey» degandek qo‘l siltab qo‘ya qoldi.

– Bizni aytmadi-ya, – хo‘rsinib qo‘ydi Tohir.

Ular uzoq o‘tirishdi. Bir mahal Qosimjon o‘rnidan turib, yuzlarini sovuq suv bilan yuvdi, sochlarini yaхshilab taradi, sovg‘a uchun jildining ichki tomoniga she’r yozilgan albomni qo‘liga oldi.

– Qani, yur.

– Qayoqqa?!

– Muhabbatlarnikiga…

Tohir hayron bo‘lib qoldi. Qosimjonning hozirgi vajohati e’tirozni ko‘tara olmasdi.

– Sherik, aytilmagan joyga boryapmiz-da, qalay bo‘larkin? – dedi Tohir asta.

Qosimjon negadir sal yumshadi:

– Qiziq ekansan-da, biz begona joyga boryapmizmi? Sinf rahbarimizning so‘zi yodingdan chiqdimi, хatosini tushunib, kechirim so‘ragan kishini hamma hurmat qiladi, degan edilar-ku… Boraveramiz.

Внимание! Это не конец книги.

Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации