Электронная библиотека » Худойберди Тухтабоев » » онлайн чтение - страница 4


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 20:40


Автор книги: Худойберди Тухтабоев


Жанр: Приключения: прочее, Приключения


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 4 (всего у книги 14 страниц) [доступный отрывок для чтения: 5 страниц]

Шрифт:
- 100% +
SARGUZASHTNING ENG QUVONCHLI BOBI

Shoshilib uylariga qaytishibdi. Katta Tagob qishlog‘idagi barcha odamlar bu sehrli voqea nima bilan tugashini kutishayotgan ekan. Hammalari yopirilib kelishibdi. Qandoq bo‘ldi, qandoq bo‘ldi, deb rosa so‘rashibdi. Hatto bitta kampir «O‘sha sizlarni ko‘rgan doktorning orqasida ham ko‘zi bor emish, shu rostmi?» deb so‘rabdi. Lekin hech kimning savoliga javob qaytarishmabdi. Faqat uylarini poylab, echkilari bilan tovuqlariga qarab o‘tirgan Davronboyga juda-juda mehribon bo‘lgani uchun bo‘lgan voqeaning hammasini bitta qoldirmay so‘zlab berishibdi. Xullas, ertasiga mashaqqatli sinov boshlanibdi. Birinchi ko‘k konvert ochilayotganda Davronboy o‘rtog‘iga «Qo‘rqma, men yoningda turaman, yiqilsang, turg‘izib qo‘yaman», deya dalda beribdi. Konvert ichidan qo‘rqinchli hech narsa chiqmabdi, xat chiqibdi, unda «Omonboy o‘g‘lim, esingdami, 21-yanvar kuni qo‘shning Sora xola pul uzatib, jon o‘g‘lim, menga magazindan non olib kelib bergin, deganda, pulni olgansan-u, nonga bormagansan. O‘shanda kampir xolang och qolgan, hozir kirib kechirim so‘ra», degan yozuv bor ekan.

Omonboy, e, bu shart juda oson ekan-ku, deb xursand bo‘lib, magazindan non olib, xolasining oldiga kirgan ekan, xola xursand bo‘lib ketibdi-da, Omonboyning peshonasidan o‘pib, unga sherik bo‘lib turgan Davronboyga ham rahmat aytib, ikkovlariga cho‘ntaklarini to‘ldirib yong‘oq beribdi. Omonboy uyiga qaytib, sehrli suvdan uch ho‘plam ichgan ekan, shu zahotiyoq uxlab qolibdi. Uyqudan turgach, navbati bilan qolgan yettita shartni ham bajaraveribdi, bajaraveribdi. Uxlash ham davom etaveribdi, etaveribdi. Oxirgi konvertni ochayotganda Omonboyning ota-onasi ham, jonajon o‘rtog‘i Davronboy ham juda qo‘rqishibdi. Bordi-yu, bu shart qiyin bo‘lsa, Omonboy uni bajara olmasa, peshonasida bir ko‘rinib, bir yo‘q bo‘lib qolayotgan televizorcha butunlay qolib ketsa, unda nima qilamiz, deb rosa o‘ylashibdi.

Nihoyat, oxirgi ko‘k konvertni ochishibdi, undan sehrgar doktorning mana bunday so‘zlari chiqibdi: «Omonboy o‘g‘lim, endi senga berib yuborganim, sehrli suvdan uch ho‘plam emas, olti ho‘plam ichasan-u, darhol uyquga ketasan, demak, bu gal ikki hissa uxlaysan. O‘rningdan turganingda miyangdagi har xil tasvirlar, qulog‘ingdagi yoqimsiz ovozlar, peshonangning qizishi butunlay yo‘q bo‘ladi, sen endi soppa-sog‘san, papkangni yelkangga osib, maktabga jo‘nayverasan. Shartli savollarni tuzib chiquvchi professor Odil Usmonov».

Omonboy ko‘zini ochib, atrofiga qarasa, o‘sha birinchi kuni uyqusirab, boshi og‘irlashib, qulog‘i shang‘illab, jahl ustida qo‘yxonadagi o‘tlar orasiga otib yuborgani kichkina televizorcha yonginasida paydo bo‘lib qolibdi.

– Voy, mening miyamga kirib ketgan televizor mana shu edi-ku, – deb qichqiribdi Omonboy.

– Ha, o‘sha televizorcha miyangdan chiqib keldi, – deyishibdi ota-onasi.

– Ha-ha, o‘shaning o‘zi, – deb tasdiqlabdi Davronboy ham. – Miyangdan chiqib kelganini men ham ko‘rdim, – degan so‘zlarni ham aytibdi.

Ertasiga ertalab ikki o‘rtoq barvaqt maktabga jo‘nashibdi. Undan keyin o‘z vaqtida maktabga boradigan, o‘z vaqtida tomosha ko‘radigan, o‘z vaqtida echkiga xashak soladigan ham bo‘lishibdi. Lekin ming afsuski, Omonboyning telebola degan laqabi hech o‘zgarmay haligacha qolib ketibdi.

OSMONDAGI HAYVONLAR
Ertak-qissacha
YOVVOYI ECHKILAR

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda emas, shu o‘zimizni kunlarda Toshkent shahrida eng aqlli odamlarni shoshirib, o‘ylantirib qo‘yadigan sirli bir voqea yuz beribdiki, butun shahar ahli hayratdan yoqasini ushlab qolibdi. 12 qavatli uylarning qoq o‘rtasiga dadalari qurib bergan qizil qum to‘kilgan, keng, bahavo maydonchada jamiki bolalar qiyqirishib, yugurishib, o‘mbaloq otishib o‘ynashayotgan ekan. O‘ynayotganlar orasida Farrux degan hushyorgina bir bola ham bor ekan. Tug‘ilgan kunida dadasi sovg‘a qilgan rostakamidan hech qolishmaydigan samolyotga opasi Soraxonni, akasi Humoyunni, mehmonga kelgan Rasuljon o‘rtog‘ini chiqarib olib, goh o‘ngga, goh chapga haydashib, qiyqirib kulishib, juda-juda maza qilishayotgan ekan. To‘satdan, ha-ha, to‘satdan sirli voqea yuz beribdiku, samolyot tarillab ovoz berib, orqasidan ko‘m-ko‘k tutun chiqazib, avval 12 qavatli uylar barobar uchibdi, keyin xuddi lochin qushdek tumshug‘ini oldinga cho‘zgancha havolab borib-borib, pag‘a-pag‘a bo‘lib suzayotgan oppoq bulutlar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.

– Xayr, dadajon! – qichqiribdi Farrux osmondan turib.

– Opajon, qozondagi sut toshib ketsa, men aybdor emasman, – deb baqiribdi Soraxon.

– Oyijon, men ertaga bog‘chaga bormayman, – debdi Rasuljon.

Humoyun ham bir narsa deb qichqirgan ekan, samolyotning tarillagan ovozi eshittirgani qo‘ymabdi. Samolyot bo‘lsa uchgandan-uchaveribdi, uchaveribdi. Goh o‘rkach-o‘rkach bo‘lib, bir-birini quvlab borayotgan oppoq bulutlar orasidan sho‘ng‘ib o‘tarmish, goh qop-qora bulutlar samolyotni yutib, yo‘q qilib yuborarmish. Bir qarasa, charaqlab oftob chiqarmish, yana bir qarasa, qorong‘ilik shunaqa quyuq bo‘larmishki, Rasuljon hatto o‘zining burnini o‘zi ko‘rolmay burun o‘rniga qulog‘ini ushlab-ushlab qo‘yarmish.

Yerda qolganlar esa yoqa ushlab anchagacha angrayib turishibdi. Bir xillar «Uchar likopchalar o‘g‘irlab ketdi ularni» deyishsa, boshqalari «Sehrli voqea yuz berdi», dermish. Yana bitta hammadan ham aqlliroq odam bor ekan. O‘sha bo‘ynini baland cho‘zib, baland ovoz bilan «Yapon o‘yinchoqlarining ichida to‘satdan g‘irillab ishlab ketadigan kichkina-kichkina sehrli motorchalar bo‘ladi, bolaga samolyotni berishdan oldin zo‘r ustaga ko‘rsatib olish kerak edi», dermish.

Xullas, u bo‘pti, bu bo‘pti, samolyot osmonda guvillab uchib ketaveribdi-ketaveribdi.

– Ur-ra, men maza qilyapman, – dermish ikki qo‘llab rulni mahkam ushlab olgan Farrux.

– Men sal-pal qo‘rqyapman, – dermish Soraxon.

– Men hech ham qo‘rqmayman, botirman, – dermish Rasuljon.

– Meni uyqum kelyapti, – dermish Humoyun.

Samolyotning tumshug‘ini lochin qushning tumshug‘iga o‘xshatib, sal pastga egiladigan qilib yasashgan ekan. Bir mahal ana shu qayrilma tumshuqdan «qo‘rqmasang, o‘zingni yo‘qotmasang, mard bo‘lsang, murod-u maqsadingga yetasan» degan o‘zbekcha ovoz eshitilib qolibdi. Ovoz Farruxning buvisinikiga ham, Rasulning bobosinikiga ham juda-juda o‘xshab ketarmishku, bunday ko‘zlarini kattaroq ochib qarasa, oldilarida qorong‘ilikdan boshqa hech narsa yo‘q emish. Samolyot esa varillab uchgandan-uchaveribdi, uchaveribdi. Osmon shunaqa keng emishki, bolalar oldinga ketishyaptimi, orqaga ketishyaptimi, hech bilishmas ekan. Goh o‘ng tomondan, goh chap tomondan lovillab yonib turgan meteoritlar zuv-zuv etib o‘tib ketarmish. O‘tayotganda osmonning yarmini charog‘on qilib yoritib yuborar emish. Bir payt samolyot shunday balandlab uchibdiki, Soraxonni bo‘yi sal novcharoq emasmi, boshi yulduzlarga tegay-tegay deb qolibdi. Humoyun bitta yulduzni ushlab ko‘rmoqchi ham bo‘libdiku, lekin yulduz menga yetolmaysan degandek, tezgina havolab uchib ketibdi.

Osmondagi gashtli, faqat huzurdan iborat bo‘lgan safar davom etaveribdi-etaveribdi. Yer vaqti bilan qancha bo‘lganini bilisholmabdiku, osmon vaqti bilan bir yilcha uchganlarini hammadan oldin Rasuljon sezib qolibdi. Nega desangiz, Rasuljonning qorni osmon vaqti bilan bir yilda bir marta ochqar ekan. Hozir ham juda-juda ochqab turganidan, demak, bir yilcha uchibmiz-da, deb o‘ylabdi. Bir vaqt bunday qarashsa, samolyotning tarillab turgan ovozi to‘satdan o‘chib, o‘zi xuddi o‘q tekkan qush kabi lapanglab-lapanglab pastga tushib borayotgan emish. Qo‘rqib ketishibdi. Xursand bo‘lishni ham, xafa bo‘lishni ham bilisholmay bir-birlarining pinjiga kirib, quchoqlashib jim turishaveribdi. Samolyot ohista pastlab borib, quyuq bir o‘rmonning chekkasiga, barra o‘tlar o‘sib yotgan bir kenglikka qo‘nibdi. Qo‘ngan joylari shunday bir go‘zal ekanki, ta’rifga so‘z topolmay, ancha mahal angrayib qolishibdi. Farruxning hayratdan og‘zi ochilib qolgan emish. O‘t-o‘lanlar qalin o‘sganmish, ariqlarda jildirab zilol suv oqarmish, zilol suvlar jarangli ovoz bilan yoqimli ashulalar aytarmish, chigirtkalar yoqimli kuylar chalarmish, o‘rmondagi qushchalar chaq-chaqlashib xuddi xush kelibsizlar degandek tabrik aytarmish. Muzdekkina shabboda yengil-yengil esib, yuzlarini yumshoq-yumshoq silab o‘tarmish. Quyosh erkalab mayin-mayin nurlar socharmish.

– Juda maza-ku! – debdi Farrux quvonchini ichiga sig‘dira olmay.

– Voy, lolalar ham ochilib yotibdi, – debdi gullarni yaxshi ko‘radigan Soraxon.

– Men endi hech narsadan qo‘rqmayman, – dermish Rasuljon. Aslida bu yerda yirtqich hayvonlar bo‘lsa-ya, deb dag‘-dag‘ qaltirayotgan ekan-u, shunday bo‘lsa-da men hech narsadan qo‘rqmayman, deb yuboribdi.

– Qo‘rqmanglar, agar bo‘ri kelsa, mana bunday tepib yerga yiqitaman, – deb Humoyun sakrab o‘ng oyog‘i bilan havoni bir tepib qo‘yibdi.

Xayriyat, o‘zlarini yo‘qotishmabdi. Dadil bo‘lishibdi. Adirlardan-adirlarga o‘tib, anvoyi gullardan terib, chiroyli guldastalar yasashibdi. O‘rmon ichidagi tor-tor so‘qmoqlardan yurib qo‘ziqorinlar terishibdi. Har qo‘ziqorinlar emishki, bir xillari Rasuljonlarnikidagi xontaxtaday kelarmish. Dumaloq o‘sganlari esa Farruxning boshicha kelarmish.

Nihoyat o‘t-o‘lanlar bilan qoplangan bir go‘zal tepalikda to‘xtab, endi nima qildik, deya o‘y surib ketishibdi. O‘zlari ham behad charchashgan, ochqashgan ekan. Ochlik zo‘r kelib, ukalari asta-sekin hiqillay boshlashgan ekan, Soraxon nima qilarini bilmay xuddi echki bolasiga o‘xshab ma’rab yuboribdi. Qishloqdagi buvisinikiga borganda echki bolalariga taqlid qilib ulardan ham chiroyliroq ma’rashni o‘rganib olgan ekan. Bu yerlarda yovvoyi echkilar ko‘p ekan. O‘shalardan biri Soraxon tomonga asta-sekin kela boshlabdi. Uning jajji bolalarini bo‘ri yeb ketgan ekan. Soraxonning ovozi o‘sha bolasinikiga juda-juda ham o‘xshab ketgan ekan. Ona echki Soraxonga yaqin kelib oyog‘iga suykalarmish, iliqqina tilini chiqarib, tizzalarini yalab-yalab qo‘yarmish. Bolalar avvaliga sal-pal qo‘rqishibdi. Humoyun bo‘ri bilan echkining farqiga bormas ekan, bu hoynahoy bo‘ri bo‘lsa kerak, deb o‘ylab, boplab tepmoqchi ham bo‘libdi. Soraxon echki sog‘ishni bilarkan. Qishloqdagi buvisi o‘rgatgan ekan. Bunday qarasa, echkining yelini sutga to‘lib, xamir qoradigan tog‘oradek shishib ketgan emish. Soraxon achinibdi, juda-juda achinibdi, bechoraginam, deb yunglaridan mayin-mayin silabdi-yu, silayotib sutini sog‘ib tashlasam yelini ancha bo‘shab, joni huzur qilarmikin, deb o‘ylabdi. Ona echkini yana qayta-qayta silabdi. Osilib turgan yeliniga qo‘l uzatib, ohista-ohista sog‘a boshlabdi. Iliqqina sutdan bir-ikki marta hovuchlab ichib ham olibdi.

– Menga ham ichir! – debdi qorni ochib turgan Rasuljon.

– Menga ham ikki hovuch berasan, – xarxasha qilibdi Farrux.

– Mening qornim katta, mana ko‘ringlar, uch hovuch ichaman, men hammangdan kattaman, – deb ataylab oyog‘ining uchida turib, bo‘yini baland ko‘rsatibdi Humoyun.

Soraxon ham aqlli, ham tadbirkor qizlardan ekan. Janjal chiqmasin deya uchala ukasini echki bolalariga o‘xshatib emaklatib qo‘yib, hovuchidagi iliqqina sutni navbati bilan ichira boshlabdi. Qiziq, xuddi buloqdan chiqayotgandek ona echkining suti hech ado bo‘lmas emish.

Kech kira boshlabdi. Tun borliqqa asta-sekin qora pardasini yoyibdi. O‘rmon tomondan yirtqich hayvonlarning bir-biridan vahimali ovozlari eshitilarmish, och bo‘rining cho‘zib-cho‘zib uvillagani, chiyabo‘rining xuddi birovni masxara qilayotgandek ingichka chiyillashi, ayyor tulkining chaqaloqdek ingalab yig‘lashi, sherxonning o‘rmonni boshiga ko‘tarib atrofga dahshat-u vahshat solib qattiq o‘kirgani eshitilarmish. Qo‘rqib ketishibdi, juda-juda qo‘rqishibdi. Bir-birlarining pinjiga kirib, dag‘-dag‘ qaltirasharmish. Rasuljonning iyagi-iyagiga tegmay, birdan tishlarini taqillatarmish. Har ehtimolga qarshi 20 tadan tosh terib kelib, oldilariga qo‘yib olishibdi. Humoyun bo‘ri kelsa shoshib qolmayin deb o‘zini boshicha keladigan toshni qo‘lida mahkam ushlab olgan emish. Og‘ir sharoitda, hayoti xavf ostida qolganda odam bolasining aqli juda tez ishlab ketar ekan. Rasuljonning aqli ham shu paytda juda, judayam tez ishlab ketibdi.

– Olov yoqamiz! – deb sakrab o‘rnidan turib ketibdi u. – Toqqa borganda ko‘rganman, toshni toshga ursa olov chiqadi, ur-ra, buni men topdim ur-ra-a… Men topdim.

– To‘g‘ri, – deb Soraxon ham mehmon ukasini ma’qullab, – faqat chaqmoqtosh topish kerak, chaqmoqtoshdan tez olov chiqadi. Qora toshdan olov chiqmaydi… Qishloqqa borganda tosh terganmiz.

Qorong‘i bo‘lgani uchun oldilaridagidan qaysi biri chaqmoqtosh ekanligini bilisholmabdi. Axir bittasidan olov chiqib qolar deb, hamma toshlarni bir-biriga urishtiraverishibdi-urishtiraverishibdi. Bir mahal Humoyunning ko‘ylagi pov etib yonayotganini ko‘rib qolishibdi. Tosh urishtirishayotganda uzilib chiqqan uchqunni Humoyun ko‘rmay qolgan ekan.

– Ur-ra-a-a… Olovni men yoqdim, – deb Humoyun o‘rnidan turib ko‘ylagini yecha boshlabdi.

– Tezroq yech, – deb qichqiribdi Soraxon.

Hammalari esli-hushli bolalar ekan. Olov o‘chib qolmasligi uchun nimalar qilish kerakligini bilishar ekan. Ko‘z yumib-ochguncha cho‘p-xaslardan, qurib qolgan o‘tlardan terib kelib, olovni gurillatib yuborishibdi. Shunday gurillatishibdiki, olovning balandligi huv naridagi chinorlardan ham yuqoriroq bo‘lib ketibdi.

– Ko‘ylagim kuyib ketdi, deb xafa bo‘lma, – debdi Soraxon Humoyun ukasining ko‘nglini ko‘tarib, – mana shu yonimizda turgan ona echkining junidan qirqib, senga chiroyli ko‘ylak tikib beraman.

Kechasi bir-birlarining pinjilariga kirib uxlashibdi. Soraxon tez-tez uyg‘onib, olovga cho‘p-xasdan tashlab qo‘yarkan. Rasuljon bir-ikki uyg‘onib «Opa, ertaga bog‘chaga bormasam maylimi», deb so‘rabdi. Farrux boshini xiyol ko‘tarib, ko‘zi yumuq emishu, qo‘limdagi nonim qani, hozir yeb turuvdim-ku, deb so‘rar emish. Humoyun, bo‘ri kelsa uraman deya, katta toshni quchoqlaganicha tuni bilan hech uyg‘onmabdi. Ertalab qulog‘idan cho‘zib, oyog‘idan tortib zo‘rg‘a uyg‘otishibdi.

Ertalab o‘rinlaridan turishsa, voy-bo‘y yirtqich hayvonlardan qo‘rqib pana-panada pisib, berkinib uxlaydigan boshqa echkilar ham bolasini bo‘ri yeb ketgan ona echkiga ergashib, gulxan atrofiga shunaqa ko‘p to‘planishibdiki, hisobi yo‘q emish. Bir xil echkilar yangi tuqqan ekan, chiroyli-chiroyli uloqchalar dikon-dikon qilib, sakrashib yurishgan emish. Humoyun men yoqqan katta gulxanga isinishga kelishdimi, gulxan himoyasida yirtqichlardan jonlarini saqlash uchun kelishgandir yoki sutning yarmini sog‘dirib tashlab sal yengilroq bo‘lay deyishganmi, ishqilib, nega kelishdiykan deb rosa o‘ylabdi-yu, lekin shuncha echkining bir yo‘la yig‘ilib kelganligiga hech tushunolmabdi. Farrux bitta echki bola bilan bosh urushtiraman deb ushlamoqchi bo‘lgan ekan, ushlay olmabdi. Echkilarning erkagi – takalari shunaqa katta, shoxlari ham o‘tkir, soqollari ham qurt sotadigan chol bobonikiga o‘xshab shunaqa uzun ekanki, odam astoydil tikilsa, qo‘rqib ketar ekan. Rasul ana shu bahaybat takalardan bittasini minmoqchi bo‘lgan ekan, yaqiniga ham yo‘latmabdi. «Ma-a», – deb yuborgan ekan, Rasul qochib borib opasining orqasiga berkinib olibdi. Soraxon ko‘p aqlli, ham bilimli qiz ekan. Oyijonisi bekorga asal qizim, deb erkalamagan ekan. Ukalari sut ichib, qornim og‘riyapti, saqich chaynagim kelyapti, qurt sotadigan chol bobo qayerda qoldi, yerda yotmayman, shamollab qolaman, deb yig‘lashganida, hammalarini aldab yupatarkan. Xuddi bog‘cha opalariga o‘xshab, boshlaridan silab-silab, peshonalaridan o‘pib-o‘pib qo‘yar ekan. Echki sog‘arkan, kechasi yoqishga o‘tin tayyorlar ekan. O‘tgan yil qishloqqa borganida loydan kosa yasab, olovda pishiradigan kulol bobonikiga o‘rtog‘i bilan mehmonga kirib, kosa qanday yasalishini, qanday pishirilishini ko‘rgan ekan. Hatto o‘sha bobosi Soraxon yasagan kosani olovda pishirib ham bergan ekan.

«Men ham kosa yasayman. Tosh ustiga qo‘yib pishiraman», deb o‘ylabdi-yu, darhol ukalarini yordamga chaqirib, ishga kirishib ketibdi. Yetti kun deganda 14 ta kosa, 11 ta piyola, sal qiyshiqroq bo‘lsa-da 5 ta lagan tayyor bo‘libdi. Humoyun sevinganidan kosani osmonga otib o‘ynayman, deb sindirib ham qo‘yibdi. Odamning hayoti xavf ostida qolganda u juda-juda aqlli bo‘lib ketadi, deganlari rost ekan. Hammalarining aqliga aql qo‘shilaveribdi-qo‘shilaveribdi. Rasul bilan Farrux echkilarning bolasiga o‘xshab, mayin-mayin erkalanib ma’rashni o‘rganib, sog‘in echkilardan to‘rttasini qo‘lga o‘rgatib olishibdi. Sog‘ishni ham o‘rganishibdi. Rasul sog‘ayotganda Humoyun echkining bo‘ynidan quchoqlab boshini silab-silab turarkan. Ko‘pincha echki bolaga o‘xshab emaklab kelib chalqancha yotarkanda, echkining yumshoqqina emchagini og‘ziga solib lo‘qillatib so‘rib olar ekan. Bir marta bilmasdan tishlab olgan ekan, ona echki uni boshiga bir tepibdi. O‘shandan buyon emishni bilmas ekansan deb, yoniga qo‘ymayotgan ekan.

Endi echki sutini pishirib ichishni o‘rganishibdi. Tovoqqa o‘xshab ketadigan sariq toshlarda qatiq uvitishar ekan. Yovvoyi o‘tlardan tag‘in zaharlanib qolmaylik, deya oz-oz yeb ko‘rishibdi. Qorinlari og‘rimagan ekan, endi ko‘p yeya boshlashibdi. Anormi, nokmi, olmami, nomini bilishmas ekan, baribir to‘yibto‘yib yeyishar ekan. Bu yerlar asli yovvoyi echkilarning makoni ekan. To‘p-to‘p bo‘lib yashashar ekan. Bir to‘da ikkinchi to‘daga qo‘shilmas ekan. Rasuljon bitta yunglari mayin bo‘lgan, kattaligi fermada boqiladigan bahaybat takani dori-darmon berib tuzatib, asta-sekin ustiga minib, yaylovlarni aylanadigan bo‘libdi.

Avvaliga dadalarimiz kelib olib ketishadi, deb yo‘l poylashibdi, tepalikka chiqib goh osmonga, goh o‘rmon tomonga rosa tikilishibdi, yig‘lab-yig‘lab ham olishibdi. Bora-bora o‘rganib ketishibdi. Soraxon qo‘lbola xumdonda echkilarning sutidan qaymoq, sariyog‘lar yig‘ar ekan. Echkilarning junidan kesib, ostilariga qalin-qalin ko‘rpalar, ustilariga yumshoq-yumshoq yoping‘ichlar tayyorlashar ekan. Yovvoyi mevalardan mo‘l-ko‘l quritib, qishga tayyorgarlik ko‘rishar ekan. Ba’zan haligidek ota-onalarini, o‘rtoqlarini sog‘inib yig‘lay-yig‘lay deb turganlarida to‘satdan qadrdon samolyotlarning tumshug‘idan «Qo‘rqmasang, o‘zingni yo‘qotmasang, murod-u maqsadingga yetasan, dunyo botirlarniki, dunyo mardlarniki» degan tanish o‘zbekcha ovoz eshitilib qolar ekan. Shunda Farrux hiqillashdan to‘xtab:

– Men botirman, to‘g‘rimi, opa, – deb so‘rarkan Soraxondan.

– To‘g‘ri, hammamiz botirmiz, – gapga qo‘shilarkan Humoyun.

– Biz bo‘rilardan ham qo‘rqmaymiz, qo‘rqmaymiz, deyishib hammalari o‘yinga tushib ketisharkan. Rasuljon barmoqlarini qarsillatib o‘ynarkan. Humoyun oldinga egilib-egilib salom berib o‘ynarkan, Farrux ikki qo‘lini biqiniga qo‘yib sakrab-sakrab o‘ynarkan. Bir marta oldinga, bir marta orqaga sakrab-sakrab o‘ynarkan.

Shundan keyin kunlar ketidan kunlar o‘taveribdi-o‘taveribdi. Vaqt hisobini, asosan, Rasuljonning qorni ochgan va ochmaganligidan o‘lchasharkan. Uch marta och qolsa, bir kuni o‘tgan bo‘larkan. Hisob 10 mingga yetganda, u yog‘iga adashib ketishibdi, nega desangiz, 10 mingdan u yog‘ini sanashni hech birlari bilmas ekanlar. Lekin, baribir, bekor o‘tirishmas ekan. Humoyun echkilarning semizrog‘idan tanlab so‘yib, go‘shtini nimtalashni o‘rganibdi. Yaxshigina qassob bo‘lib qolibdi. Rasuljon qizigan toshning ustiga go‘shtni yopib pishirish mashqini olibdi. Farrux daraxtning novdasidan six yasab, kabob pishirishni o‘rganibdi. Soraxon bo‘lsa, eh-he, 20 tacha hunar o‘rganibdi. Echkining terisidan tikkan kavushni ko‘rsangiz, og‘zingiz ochilib qoladi. Lekin eng zo‘r bir ishni Humoyun bajaribdi. O‘rmon chekkasida ona sherning uyasi bor emish. Humoyun ko‘pincha emaklab borib, daraxtning panasida berkinib turib, sherni kuzatgani-kuzatgan ekan. Nega bunday qilayotganini bilmas ekan-u, baribir kuzatgani-kuzatgan ekan. Kunlardan bir kun ona sherni katta zaharli ilon chaqib olibdi-yu, o‘n ikki kunlik bolasi yetimcha bo‘lib qolibdi. Humoyun ana shu yetimcha sherni jun qopga o‘rab olib kelib, echki sutidan oz-oz berib boqib, asta-sekin o‘ziga o‘rgatib olibdi. Avvallari ukasi Farrux bilan sherning bo‘yniga jun arqon bog‘lab galma-galdan yetaklab yurishar ekan. Keyinchalik minadigan ham bo‘lishibdi.

– Sherning bolasini minganimni adajonim bir ko‘rsaydi! – deb orzu qilar ekan Humoyun.

– Agar olib ketsak, men uni bog‘chamga minib borar edim, – derkan Farrux.

– Bizning ko‘chada hech kim sherdan qo‘rqmaydi, – derkan Rasuljon.

– Eh, gapni cho‘zmasalaring-chi, sho‘rva sovib qolayapti, – urishib berarkan Soraxon.

Keyin kattakon toshqozonni o‘rtaga qo‘yib toshqoshiq bilan qaynoq-qaynoq sho‘rvani po‘rillatib ichishar ekan. Hammalariga ish teng taqsimlangan ekan. Soraxon 14 ta echkini sog‘arkan. Rasuljon sut pishirib, qatiq qilarkan, qaymog‘ini qaynatib sariyog‘ tayyorlar ekan. Tayyor bo‘lgan sariyog‘larni Soraxon yasagan xumlarga qo‘yib, og‘zini berkitar ekan. Farrux toshqozon ortiga tun-u kun olov yoqib berarkan. Unga «olovkor» deb nom ham qo‘yishgan ekan. Humoyun yalpoq toshning ustiga o‘tirib olib, suzmalardan hech charchamasdan qurt yasar ekan. Qurtlar soni 10 mingga yetganda, 10 mingdan u yog‘iga sanashni bilmagani uchun, qolganlarini sanamasdan qopga solaveribdi. Goho boshini ko‘tarib:

– U yoqqa borganimda saqichga almashtiraman, – deb qo‘yarkan.

– Men sariyog‘imdan sotib, tarillatib otadigan avtomat olaman, – derkan Rasuljon.

Farrux bo‘lsa nima deyishini bilmay:

– Men adajonimni achomlab uxlayman, – deya bir xo‘rsinib olar ekan.

Turmushlari shu yo‘sin kechaveribdi-kechaveribdi. Bir kun tashqarida havo juda sovuq ekan, bir-birlarining pinjiga kirib uxlashibdi, ustimiz ochilib qolsa, muzlab qolmaylik, deb shunday qilishibdi. Qarangki, hammalari bir xil tush ko‘rib, hammalari bir ovozdan:

– Oyijon! – deya uyg‘onib ketishibdi. Keyin uyqulari qochib rosa gapga tushib ketishibdi. Onalarini, adajonlarini, muzqaymoq sotadigan semiz xotinni qayta-qayta eslashibdi. Farrux ozgina yig‘lab ham olibdi. Yig‘labdi-yu, lekin ko‘ziga yosh kelmabdi.

– Ertaga ketaman, – debdi hiqillab, – tramvay bo‘lmasa piyoda ham ketaveraman.

Hammalari kulib yuborishibdi, nega desangiz, bu yerlarda, ya’ni osmondagi mamlakatda tramvay bo‘lmasligini Farruxning o‘zi ham yaxshi bilarkan. Aytgan gapi g‘alati bo‘lgani uchun akalariga qo‘shilib o‘zi kulaveribdi. Hammalari charchab qolguncha kulishibdi.

Tong otibdi, kun chiqibdi, qaymog‘u sariyog‘lar bilan nonushta qilishibdi. Keyin hammalari har kungidek o‘z ishlariga mashg‘ul bo‘lishibdi. Rasuljon dori-darmon berib oyoqqa turg‘azib olgan novvosdek takasini minib, uzoq yaylovdagi echkilardan xabar olgani jo‘nabdi. Soraxon o‘zi yaxshi ko‘rgan yovvoyi gullarning urug‘idan yig‘ishga majbur bo‘libdi. Farrux o‘zlarini olib kelgan samolyotning oldida echki bolalari bilan kalla urishtirish o‘ynayotgan ekan. Samolyotning qirg‘iynikiga o‘xshash qayrilma tumshug‘idan «qo‘rqmading, o‘zingni yo‘qotmading, endi murodingga yetasan, tayyorlan, yurtingga qaytasan», degan o‘zbekcha yoqimli ovoz eshitila boshlabdi. Farrux shoshganidan dovdirab qolibdi. Soraxon opasining oldiga yugurib borib, nima deyishni bilmay echki bolaga o‘xshab nuqul sakrarmish. Bir nafasda hammalari yig‘ilib kelishibdi. Yoqimli ovoz takror va takror eshitilarmish. Oh-oh o‘sha paytlardagi ularning quvonch-u sevinchlari! Har birining yuzida bamisoli chiroyli gul ochilgandek bo‘libdi. Sevinchlaridan sayroqi qushlar sayrashibdi. Yaylovdagi maysalar chayqalib, tabrik aytgandek bo‘libdi. Lekin bolalarning o‘zlari goho-goho ikkilanib qolishayotgan emish. Ketaylik deyishsa, bu yerda o‘zlari kashf qilgan, o‘zlari egasi bo‘lgan ajoyibotlarni ko‘zlari qiymas emish, qolaylik deyishsa, ota-onalarini, muzqaymoq sotadigan baqaloq xolani juda-juda sog‘inishgan emish. Qiziq, shu paytda yana bir mo‘jiza yuz beribdi. Samolyotchalari asta-sekin kengayib, kattalashib borayotganmish, xuddi kimdir puflab shishirayotganga o‘xsharmish.

– Ketamiz, qadrdon uyimizga ketamiz! – baravariga qichqirib yuborishibdi. Nega desangiz, shu paytda ko‘zlariga bu yerdagi barcha mo‘jizalardan, barcha ajoyibotlardan uylari chiroyli bo‘lib ko‘rinib ketibdi.

Ko‘p narsa yig‘ib qo‘yishgan ekan. 21 ming xumda saryog‘, 14 xumda qaymoq, 31 ming donaga yaqin yog‘li qurt, 3 qop quritilgan yovvoyi o‘tlar, 1 qop anvoyi gullarning urug‘i, echki junidan to‘qilgan ko‘rpa-choyshablar, chaqmoq toshlar-u sut berib ularni ochlikdan qutqarib qolgan ona echki-yu, Rasuljon minib yurgan bahaybat taka, o‘rgatilgan sher bolasi… Hamma-hammasini samolyotga yuklayverishibdi-yuklayverishibdi. Bir kecha-yu bir kunduz yuklashibdi. Oxiri tarillashdan hech to‘xtamay, uchishga shay turgan samolyotga chiqishib:

– Xayr, qadrdon echkilarimiz!

– Xayr, gullarga to‘lgan yaylovlar!

– Xayr, ey toshlardan yasalgan uylarimiz!

– Xayr, ey o‘rmondagi daraxtlar! – deyishib, goh yig‘lashib, goh kulishib uchib ketishibdi.

Samolyot tarillab, orqasidan ko‘m-ko‘k tutun chiqarib parvoz qilibdi. Keyin xuddi vertolyotga o‘xshab goh tepaga, goh o‘ngga, goh chapga uchaveribdi. Samolyotning qirg‘iynikiga o‘xshash qayrilma tumshug‘idan «qo‘rqmading, o‘zingni yo‘qotmading, dunyo mardlarniki, mana murodingga yetding» degan so‘zlar tinmay eshitilaveribdi-eshitilaveribdi.

Osmon vaqti bilan necha oyu necha yil uchganlarini eslay olmabdilarku, lekin Rasuljonning parvoz mahalida 11 marta qorni ochganligini hisobga olishib, shundan parvozda qancha vaqt bo‘lganlarini taxmin qilishibdi. Samolyot 12 qavatli uylarning o‘rtasiga qurilgan bolalar o‘ynaydigan maydonchadan ko‘tarilgan ekan. Yana xuddi shu yerga yumshoqqina qo‘nibdi. Soraxon, Humoyun, Rasuljon birin-ketin sakrab pastga tushishibdi. Rulni boshqarayotgan Farrux hammadan keyin tushibdi. Qiziq, maydondagi odamlar ular osmonga parvoz qilgan mahalda qanday bahslashayotgan bo‘lsa, yana o‘shanday bahslashayotgan emish.

– Uchar likopchalar o‘g‘irlab ketdi ularni.

– Yo‘q, bilmaysan. Samolyot to‘satdan uchib ketdiki, demak, sehrli ekan u.

– Bo‘lmagan gap, samolyotning ichida yashirincha motor bo‘lgan…

Xullas, mana shunaqa past-u baland gaplar, tortishuvlar hech to‘xtamasmish.

Keyin to‘satdan hammalari jim bo‘lishib, bolalarning osmon sayohatidan sog‘-omon qaytganlariga hayrat ichida tikilib jim bo‘lib qolishibdi.

Nega jim bo‘lib qolishdi ekan, sababiga hech kim tushunmas emish.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации