Текст книги "O‘tmishdan ertaklar"
Автор книги: Abdulla Qahhor
Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 2 (всего у книги 11 страниц) [доступный отрывок для чтения: 3 страниц]
«INDAMAS»
Qo‘shariq mahallasi guzardan ancha nari, ko‘cha ikkita katta-katta ariq o‘tadigan daraxtzorga borib taqalgan, biz ijaraga olgan hovli shu daraxtzordan beriroqda ekan. Hovlini ko‘rib ayam suyunib ketdi: bir tup kattakon tut, pachaqroq bo‘lsa ham ayvon, to‘qqiz yog‘ochlik vassabo‘yra yo-rug‘ uy…
Namozgarga yaqin ko‘chada bolalar chug‘urlashib qolishdi. Chiqdim. Bolalar mening uchun yangi «Oq terakmi, ko‘k terak» o‘ynashayotgan ekan. Bu o‘yinda bolalar orada yigirma-o‘ttiz qadam masofa qoldirib ikki safga tizilishar, qo‘l ushlashib turishar, safning boshlig‘i qarshi safga qarab: «Oq terakmi, ko‘k terak, bizdan sizga kim kerak?» derkan; qarshi tomonning boshlig‘i «falonchi kerak» deganda nomi aytilgan bola safdan chiqar ekan-u yugurib borib o‘zini jon-jahdi bilan qarshi safga urar ekan; shunda safni uzolsa g‘olib bola mag‘lub safdan bir bolani yetaklab kelar, safni uzolmasa o‘zi shu safda qolib ketar ekan. Men Olim buva mahallasida bolalar qatoriga kirib qolganim uchun dadil borib safga qo‘shildim. Qanchadan qancha bolalar qarshi safni buzib bola olib keldi, qanchadan qanchasi safni buzolmay qolib ketdi. Orziqib kutdim: meni ham «kerak» desa, men ham yugurib borib safni buzsam, bola yetaklab kelsam… Biroq meni hech kim «kerak» demadi. Bu bolalar mening nomimni bilmasligi esimga kelmabdi.
Bolalar charchab o‘yin buzilganda narigi tomonning boshlig‘i – hammadan ko‘proq shovqin solib yelib-yugurgan bola meni payqab oldimga keldi, menga boshdan oyoq razm soldi-yu, birdan:
– Kelgindi! – deb urgani qo‘l ko‘tardi.
– O‘zing kelgindisan! – dedim ehtiyotdan orqaga chekinib.
Bola bir irg‘ib mening kallamga qo‘yib yubordi. Men javob qilolmadim, qarasam, boshqa bolalar ham urmoqchi bo‘lib, ilonni ko‘rgan chumchuqday atrofimda chug‘urlashib turishibdi. Shu payt bizni kuzatib turgan kichkina salla, uzun malla to‘nli novcha bir chol:
– Qo‘yinglar, bolalar, tegmanglar, kelgindi bo‘lsa o‘zi bo‘libdimi, xudo qilgan, – dedi.
Bolalar darrov tarqalishdi.«Kelgindi, kelgindi it», degan gapni Olim buvadan eshitganimda buning haqoratdan tashqari yana odam hazar qiladigan ma’nosi ham borligini bilmagan ekanman, cholning bu gapi boshimdan kirib, tovonimdan chiqib ketdi.
Hovliga kirdim. Bu gapni ayamga aytmadim, ichimga soldim. Shundan keyin ko‘chadan, bolalardan ham, odamlardan ham ko‘nglim qoldi. Ayam tuqqandan keyin dardga chalinib, «uy qizi» bo‘lib qolganim ham chandon malol kelmadi.
Ayam O‘lmasoyni tuqqanidan keyin tez o‘ng‘arilmadi, uzoq yotib qoldi. Qo‘shni xotinlar non yopib berishar, kir-chirga qarashar edi. Ro‘zg‘orning boshqa ishlari mening bo‘ynimga tushdi: uy va hovlini har kuni ikki mahal supuraman, dalaga chiqib ko‘targanimcha o‘tin orqalab kelaman, dadamga ovqat pishirgani qarashaman, idish-tovoq yuvaman, suv tashmalayman, O‘lmasoyning latta-puttasini yuvaman…
Ayamni har kuni yoki kun osha peshinga yaqin dard tutadi: avval xo‘p chanqaydi, keyin qo‘llarining tomiri tortishadi. Ayam panjasini yozish emas, hatto og‘zini ocholmas, jag‘i qotib qolar edi. Dadam tabib olib kelmoqchi bo‘lganda ayam ko‘nmadi: «Hovlimizda ziyon bor, hammasi shundan», dedi. U bir kuni kechqurun darchadan tashqariga qarab yotgan ekan, tutning ostidagi devorning raxnasidan hovlimizga bitta qora echki oshib tushibdi, tushibdi-yu, tushgan joyida g‘oyib bo‘libdi. Ayamning nazarida qora echki jin bo‘lishi kerak, kasalligining boshini shundan ko‘rardi. Dadam Qur’on, avrod sotib olib uning yostig‘i ostiga qo‘ydi. Bularning hech biri foyda qilmadi – dard tutishini qo‘ymadi. Birov dadamga: «Ucharmaxsumga o‘qiting, nafasi o‘tkir», debdi. Bu odam juda zo‘r, duoning kuchi bilan qulf ochadigan azayimxon bo‘lib, aytilgan joyga bir zumda yetib borgani uchun «Uchar-maxsum» deb nom chiqargan ekan. Dadam borib shu azayimxonni olib keldi. Uchar-maxsum haqiqatan yelday kelib uyga kirdi, yuziga doka tutgan ayamdan beriroqqa cho‘kkalab, beshiktervatar singari tebranib mayin tovush bilan o‘qiy ketdi. Maxsum kichkinagina, ozg‘in, siyrak soqoli-yu, qop-qora cho‘tir yuzidan yoshini chamalab bo‘lmaydigan, lekin og‘zida bironta ham tishi yo‘q, ko‘zlari yumaloq va ravshan bir odam edi. Maxsum besh-olti marta keldi. U kelmagan vaqtlarda men uyiga borib duo yozilgan qog‘ozlar olib kelardim. Ayam Maxsum bir kelishda to‘qqizta qori bola bilan keldi. Bular ayamning ikki tomoniga o‘tirib uzoq o‘qishdi, dam solishdi, keyin bilishimcha, bular ayamni «chilyosin» qilishgan, «chilyosin» uzoq yotgan kasalni yo u yoqli, yo bu yoqli qilar ekan, hayriyat, ayamni bu yoqli qildi. Ayam bir-ikki haftadan keyin biroz o‘ng‘arilib o‘rnidan turdi.
Ayam o‘rnidan turganidan keyin mahalladan bir qancha xotin-xalaj taomilga ko‘ra, har biri topgan-tutganini ko‘tarib «sichqon surdi»ga kirishdi, o‘zlari osh-ovqat qilishdi. Bularning ko‘pchiligi xushchaqchaq xotinlar ekan, semiz bir xotin ayamning qo‘lini ushlab lo‘lichasiga rom ochdi:
Ho azizlar, avliyolar,
Avliyolar, anbiyolar!
Magribdan desammikan,
Mashriqdan desammikan…
Uning qiliqlariga hamma, xususan ayam kulaverib qotib qoldi. Ayamning bunaqa kulganini hech qachon ko‘rmagan edim.
Yosh bir juvon mahalladagi hamma erkaklarga laqab qo‘yib hammaning ichagini uzdi: «Madamin-talmov, bu odam hamisha talmovsirar ekan; G‘ani-salang, bu odam juda novcha bo‘lib, salanglab yurar ekan; Nurmat-tajang, bu odamning hech to‘g‘ri gapi yoq, nima desa xunob bo‘lib aytar ekan». Juvon bularning qilig‘ini ham qilib ko‘rsatdi. Juvon dadamga «Chinoq» deb laqab qo‘ydi, hammadan ham shu kulgi bo‘ldi: ayam shuncha yil turib dadamning qulog‘i kemtik ekanini ko‘rmagan ekan.
Hamma kulishdan charchab jim bo‘lganda haligi semiz xotin meni payqab qoldi-yu, yoniga chaqirdi, boshimni silab:
– Ayang tuzalib qoldi-ku, xotinlarning ichida nima qilib o‘tiribsan, ko‘chaga chiqsang bo‘lmaydimi? – dedi.
Men indamadim, bolalar meni uradi, kelgindimiz, deya olmadim.
– Bozorboshiga ot o‘yin kelgan emish, ot o‘yinini ko‘rganmisan? – dedi xotin yana.
Men yana indamadim. Boyagi yosh juvon tiqilinch qildi:
– Gapirsang-chi! Tiling bormi?
Men nima deyishimni bilmasdim. Semiz xotin ikki qulog‘imdan ushlab peshonasini peshonamga niqtadi.
– Gapirasanmi, yo‘qmi?
Ayam Olim buvaning tashqisida turgan vaqtlarimizda meni ko‘chaga chiqarmaganini, bu yerda ro‘zg‘or ishi bo‘ynimga tushib «uy qizi» bo‘lib qolganimni, u yerda ham, bu yerda ham hech kim men bilan gaplashmaganini unutib:
– O‘zi shunaqa, indamas, «ichimdagini top» bola chiqdi, – dedi.
Semiz xotin bilagimdan mahkam ushladi. – Gapirasanmi, yo‘qmi? – dedi va o‘rnidan qo‘zg‘aldi.– Hozir ishtonimga qamab qo‘yaman!..
Men uning qo‘lidan chiqib qochdim. Xotinlar xo‘p kulishdi. Bular chiqib ketguncha ko‘cha eshigi bo‘sag‘asida o‘tirdim.
Bir necha kundan keyin Nursuqdan dadam orttirgan oshnalarining xotinlari ham «sichqon surdi»ga kelishdi. Bular ham mening indamasligimni payqashdi, biri: «Ustaning zap o‘g‘li bor ekan-u, soqov ekan», debdi. Bular ketgandan keyin ayam bu gapni dadamga kuyib-pishib gapirdi.
Kuz kirdi. Dadamning ishi ko‘payib ketdi shekilli, bir kuni ertalab: «Shogird topgunimcha bir-ikki kun qarashmasang bo‘lmaydi», deb meni do‘konga olib ketdi va damga soldi. Men har kuni dadamga o‘xshab saharda borib xuftonda qaytmasam ham, kun yorishganda borib qorong‘i tushmasdan qaytar edim. Kuni bo‘yi damning arqonini tortaman, qo‘yvoraman, tortaman, qo‘yvoraman… Men bilan hech kimning ishi yo‘q, gapirish kerakmas, damdan har qancha zeriksam ham shunga xursand edim.
Bir kuni popukli gilam do‘ppi kiygan, barvasta va sersoqol Dodarxo‘ja degan bir qorateginlik o‘shanaqa popukli gilam do‘ppi, yalang‘och badaniga olacha to‘n kiygan yalang oyoq o‘spirin bolani boshlab keldi. Bu kishi o‘n ikki yildan beri Ortiq oqsoqol deganning juvozini haydar, bola uning ukasi, oti Kulala ekan. Kulala Qorategindan besh yasharligidan kelgan, juvozxonada katta bo‘lgan, avvallari akasi bilan ko‘chama-ko‘cha yurib yog‘, kunjut holva sotgan, keyin bir temirchida damkash bo‘lgan ekan. Akasi: «Kulalaga hunar o‘rgating, menga boshqa narsa kerakmas», dedi. Shunday bo‘lsa ham dadam unga oylik tayin qildi. Kulala suyunib damni qo‘limdan oldi. Lekin bundan xursand bo‘lganim yo‘q: yana uyda bo‘laman, ayam yana urishib, ba’zan yig‘lamsirab meni gapga solmoqchi bo‘ladi. Men endi «indamas» degan ta’nadan qutulish uchun odamdan, hatto ayamdan ham mumkin qadar qochadigan bo‘lib qoldim. Bu hol ota-onamni katta tashvishga solib qo‘ydi. Ayam ko‘p yig‘lab bezor qilganidan keyin dadam meni o‘sha Ucharmaxsumga eltib o‘qitdi. Maxsum menga xo‘p dam solganidan keyin tupugidan yalatdi. Shundan keyin yana ham indamas bo‘lib qoldim, bir so‘z aytmoqchi bo‘lsam, bundan keyin nima deyishimni o‘ylab, bor so‘zni ham unutar edim.
«ZINGER»LI BOY
Bir kuni Kulala do‘kondan halloslaganicha kelib: «Opa, yetti yarim tanga pul berarmishsiz, usta akam «Zinger» oladilar» dedi. Ayam «Zinger» nima ekanini surishtirmay uyga kirib, lattaga o‘ralgan bir hovuch tanga-chaqa olib chiqdi, o‘zi pul sanashni bilmagani uchun Kulalaga tutdi. Kulalaning hovliqishidan «Zinger» qiziq narsa bo‘lsa kerak, degan xayolda uning ketidan chopdim.
Chorrahaning do‘konimizga qarshi burchagida ayvonlik ko‘k do‘kon bo‘lib, buni «lapka» deyishardi. Bu lapkaning oldiga tumonat odam yig‘ilgan, ayvonga qo‘yilgan sandal ustida qop-qora, qo‘ng‘izga o‘xshagan, lekin u yoq-bu yog‘i yaltiroq bir narsa turar edi. Hamma unga hayrat va shubha, xavotirlik va maroq bilan qarar, jur’at qilgan kishilar unga ko‘rsatkich barmog‘ini sekin tegizib, asta-asta chertib ko‘rar edi. Lapkadan shaharlik, qaytarma yoqa kamzul kiygan bir kishi dadamni ergashtirib chiqdi. Kulala bir irg‘ib ayvonga chiqdi-da, qo‘lidagi pulni dadamga uzatdi. Dadam pulni olib boyagi kishiga berdi. U kishi sandalning bir chekkasiga o‘tirib, tizzasida bir nimalar yozdi.
G‘ovur, har xil gap.
– Shapka tikadigan mashina!
– Voy pangvosh-ey, poshsholik go‘s-xo‘rmas, shapka tikadigan mashinani qo‘lingga berib qo‘ymaydi!
– Ityoqa ko‘ylak, bo‘g‘ma kamzul tikadigan mashina!
– To‘g‘ri, qulog‘ini bursang bas, gazlamasi ham ichida!
Shaharlik kishi tizzasiga qo‘yib yozgan qog‘ozini dadamga berdi-da, sandalning ustida turgan rang-barang qiyqimlardan bir nechtasini olib mashinada bir-biriga uladi, tikkani qanchalik pishiq ekanini ko‘rsatish uchun qiyqimlarni bir-biridan uzmoqchi bo‘ldi. Quroq yirtildi-yu chokidan so‘kilmadi. Odamlar: «O‘ha!» deb yuborishdi. Kimdir yaqinroq borib:
– Qoyilman! Ayil tiksa ham bo‘ladimi? – deb so‘radi.
– Bo‘ladi, to‘qim yamasa ham bo‘ladi! – dedi shaharlik kishi, keyin xaloyiqqa yuzlanib, mashina qanday savdo bo‘lganini aytib berdi.
Mashinaning bahosi qirq sakkiz tanga, uchidan yetti yarim tanga naqd to‘lansa, olti oy muhlat bilan nasiyaga berilar ekan.
Dadam mashinani ko‘tarib, pastda turgan Kulalaga uzatdi. Shu damgacha tek turgan xaloyiq birdan gurilladi. Odamlar bir-birini turtib, itarib olg‘a, endi mashinani emas, dadamni ko‘rgani intilar, unga birov hayrat, birov hasad, birov havas bilan qarar edi. Kulala mashinani yelkasiga qo‘ydi, ikkovimiz g‘izillaganimizcha uyga ketdik. Orqamizdan bolalar duv ergashdi.
Temirchi ustaning «Zinger» olganligi darrov dovruq bo‘lib ketdi. O‘sha zamoni-yoq shu atrofdagi xotin-xalaj uyimizga yopirilib kirishdi. Bularning ichida indamasligim uchun menga ta’zir bermoqchi bo‘lgan semiz xotin ham bor edi. «Zinger»ni bilar ekan, eski dasturxondan menga birpasda ko‘ylak tikib berdi. Men hammani hayratga solgan ko‘ylakni kiyib darrov ko‘chaga chiqdim. Atrofimda bolalar chug‘urlashar, kelgindi ekanimni ham unutib, hammasi: «Zingeringni bitta ko‘rsat», deb yalinar edi. Men bolalarning yalinganidan o‘zimda yo‘q suyunib chopqillaganimcha uyga kirdim va qaldirg‘ochday chug‘urlab, ayamga qayta-qayta:
– Bolalar, zingeringni ko‘rsat deyishayapti, – dedim.
Ayamga «Zinger»ni o‘rgatayotgan semiz xotin yalt etib menga qaradi.
– Voy, tiling chiqib qolipti-ku! – dedi.
Ayam ham hayron bo‘ldi, keyin suyundi.
– Maxsum pochchamning nafaslaridan o‘rgilay, o‘sha kishiga o‘qitgan edik, – dedi.
Uyalib ketdim. Ko‘ylagimni yechib qo‘ydim. Anchadan keyin ko‘chaga chiqdim. Bolalar tarqab ketishibdi.
Bir-ikki kundan keyin «Qayquvotlik Nodirxon to‘ra ham «Zinger» olipti», degan xabarni eshitdik.
U yoqda Nodirxon to‘ra, bu yoqda usta Abduqahhor!..
Sal kunda dadam og‘izga tushib ketdi. Dadam mahallada «Zingerli boy» deb nom chiqardi, men buni bolalardan ham eshitdim.
Biroq bu xursandchilik uzoqqa bormadi. Kulala bir kuni «Zingerli boy shayton arava minib odam o‘ldirgan», degan gapni topib keldi. Shundan keyin gap chiqaveribdi. Ayam ham har kuni kechqurun dadamning kelishiga bir dilsiyohlik topib qo‘yar edi: «Namoz o‘qimaydi», «mahallaga kelganidan beri biron marta is chiqargani yo‘q», «mahallaga qo‘shilmaydi», «Zinger» olgunicha hirsday bo‘lib qolgan o‘g‘lining qo‘lini halollasa bo‘lmaydimi?..»
Ota-onam katta tashvishga tushib qoldi. Ayam yig‘lar, dadam ichidan qirindi o‘tsa ham unga taskin-tasalli berar edi. Dadamning aytishiga qaraganda, Olim buva endi opasining xunini da’vo qilmaydi, chunki o‘zi «xudoning irodasi» degan. Lekin boshqa gaplarda jon bor edi. Ota-onam bularning hammasini meni sunnatga yotqizish bilan bosmoqchi bo‘ldi. Yanagi hafta bir pud guruch damlab meni sunnatga yotqizishdi. Ota-onam bunchaligini kutmagan bo‘lsa kerak, imom boshliq butun mahalla to‘yga kirganda «xayriyat» deyishdi. Osh ustida «Zinger»dan gap ochilganda mahallamizning imomi «Zinger» tikkan kiyim namozlikka yaramaydi», debdi.
Dadam «Zinger»ni eski qopga o‘rab tandirning tagiga tiqib qo‘ydi, bomdod, shom va xufton namozini machitga chiqib o‘qiydigan bo‘ldi.
Shu bilan tinchib qolgan edik, yana tashvish chiqib qoldi.
Bir kechasi saharga yaqin O‘lmasoy yig‘laganda ayam uyg‘onib qarasa, yo‘lakni to‘sib osilgan sholchaning oldida shopday bo‘lib bir kishi turganmish, ayamning uyg‘onganini ko‘rib devordan oshib ketibdi. Yana bir kuni ertalab qarasak, tutning ostiga devordan ikkita guvalak ko‘chib tushibdi. Uyimizda o‘g‘rining qo‘liga ilingudek hech narsa bo‘lmasa ham juda vahima bo‘lib ketdi. Bir-ikki kecha dadam bolta ko‘tarib hovlini aylanib yurdi.
– Katta boylarni poshsholik qo‘riqlaydi, – dedi dadam, – Miroqil paxtafurushning uyini o‘g‘ri bosganda ellikboshidan tortib mingboshigacha xoda yutgan, bu yog‘i shahardan tergovchilar kelgan edi. Chakana «Zingerli boy»ni chakana o‘g‘ri bossa kim uzatgan oyog‘ini yig‘adi?
Dadam qayoqdandir kattakon, men zo‘rg‘a ko‘taradigan qora to‘pponcha topib keldi; to‘pponcha buzuq bo‘lsa kerak, kechasi eshik va darchani zich yopib, chiroqda tuzatdi, zig‘ir yog‘i bilan moyladi, kechalari boshiga qo‘yib yotadigan bo‘ldi. Ayam o‘g‘ridan ham ko‘ra to‘pponchamiz borligini birov bilib qolishidan qo‘rqar, uning nomini aytish kerak bo‘lib qolsa, «to‘pponcha» emas, «moshina-qo‘shiq» der edi. Dadam bir kuni ayamni urishib berdi:
– Unaqa demagin, tag‘in «moshinaqo‘shiq» ham olipti, degan gap chiqmasin!
Har nechuk «Zinger» tufayli bolalar orasida obro‘yim oshib ketdi, bolalarning o‘yiniga qo‘shiladigan, o‘shalar qatori chug‘urlab, shovqin solib yuguradigan bo‘ldim.
Biroq, Yaypandan Qo‘qonga ko‘chadigan bo‘lib qoldik.
Anjir xazon bo‘lay deganda Qo‘qondan amakim keldi. Amakimni ilgari ko‘rganim esimda yo‘q, u kishi dadamday cho‘qqisoqol bo‘lsa ham unga qaraganda novcharoq, barvasta bo‘lib, ko‘rsatkich barmog‘ini dambadam burnining yonidan yuqoriga surib dimog‘ini tortib qo‘yadigan odati bor ekan.
Amakim usta Abdurahmon qizi Savrinisoni o‘z qo‘lida o‘sgan shogirdi Azimga bermoqchi, bu yerga kelishdan maqsadi Yaypan bozoridan arzonroq guruch va zig‘ir yog‘i olish va shu bilan birga Girmon bilan urush boshlanganini aytib, bizni shaharga ko‘chgani da’vat qilish ekan.
Urush boshlanganiga bir yarim oycha bo‘libdi. Buni amakimning o‘zi ham o‘tgan juma kuni eshitibdi: ellikboshi juma namozidan chiqqan odamlarni to‘xtatib: «Bekorchi temir-tersaklaring bo‘lsa machitga keltirib tashlanglar, poshsholikka kerak», debdi. Amakim sekin: «Poshsholik buni nima qiladi, muncha nazari past bo‘lmasa?» deb so‘rasa, ellikboshi «Girmon bilan urush boshlanib qoldi, temir-tersakdan o‘q yasaladi», deb javob beribdi.
Biz urush nima ekanini bilmasak ham amakimning: «Hammamiz bir joyda bo‘laylik», deganidan ko‘nglimizga g‘ulg‘ula tushdi.
Dadam ertasiga bozor kuni amakimga kerakli narsalarni olib berdi. Amakim shu kuni kechki payt Qo‘qonga jo‘nar oldida ayamga tayinladi:
– To‘yda o‘zing xizmat qilmasang bo‘lmaydi, ovsining tamom bo‘lgan… shoshilishimning boisi ham shu, bechora qizining to‘yini ko‘rib o‘lsin, – dedi.
Ayam hammadan ham «Zinger» dahmazasidan qutulishiga xursand edi.
Yanagi haftaning o‘rtalarida butun ro‘z-g‘or va do‘konimizning asbob-uskunasini bitta aravaga ortib Qo‘qonga jo‘nadik.
HUR QIZ
Qo‘qonga tush mahalida kirib keldik. Ko‘chalarda odam ko‘p, xuddi Yaypanning bozor kuniga, yo‘q, hayitga o‘xshaydi. Jangur-jangur izvoshlar, arava, gumbur soyavon aravalar ko‘p, onda-sonda eshak yoki odam qo‘shilgan eshak-aravalar ham ko‘rinib qoladi. Ko‘chaning ikki beti to‘la lavka, do‘kon; temirchilar, miskarlar taraqlatgani-taraqlatgan. Yasanib nag‘ma chalib ketayotgan bir bolani ko‘rib qoldim. Bir joyga kelganimizda xuddi azaga kelgan bir hovli xotin baravariga uvvos tortib yig‘laganday vahimali bir tovush eshitildi. Men hayron bo‘lib qolgan edim, dadam:
«Qo‘rqma, zovut, Mirrabbiyboyning zovuti, odam chaqiryapti», dedi.
Amakimning hovlisi Qipchoqariq degan mahallada, tollarning ostiga ko‘milgan anhor bo‘yidagi pastqam hovlilardan biri ekan. Yarmini kattakon tol qoplab yotgan hovlida bizni boshdan oyoq oppoq kiyingan bir kampir bilan ozg‘in, rangi zahil, lekin qoshi-ko‘zi qop-qora, sariq ko‘ylak va qizil jeletka kiygan bir qiz qarshi olishdi. Kampir dadamning onasi, qiz amakimning qizi Savriniso ekan. Kampir dadamni quchoqladi. Qiz ayamning ko‘ksiga boshini qo‘yib yig‘ladi, keyin yuz-ko‘zini artib meni quchoqladi, o‘pdi. Ikkovi bizni tandir va o‘choq qurilgan bostirmaga, undan qorong‘iroq uyga boshlab kirishdi. Bu uyda amakimning og‘ir betob xotini yotgan ekan. Betob ozib cho‘p bo‘lib ketgan, chaqchayib turgan ko‘zlaridan odam qo‘rqar edi. Savriniso meni hovliga olib chiqdi, ro‘paradagi yangi uyning zinasiga o‘tqazib gapga soldi, jeletkasining cho‘ntagidan ikkita parvarda olib berdi, keyin: «Hozir G‘afforjon maktabdan keladi, birga o‘ynaysiz», dedi-yu, qaytib ketdi, anchadan keyin yana chiqdi, qo‘limga bir bo‘lak sovunak holva berdi.
Shu orada G‘afforjon kelib qoldi. Men uni qo‘lidagi kitobidan tanidim. G‘afforjon menga qayrilib ham qaramay, kitobini so‘riga uloqtirdi-yu, borib tolning kallagidan bir nima olmoqchi bo‘ldi. Savriniso borib uning qulog‘iga bir nima dedi. G‘afforjon bag‘illab berdi. Savriniso yana bir nima degan edi, G‘afforjon yerga o‘tirib, oyoqlarini tipirchilatib yig‘i boshladi. Savriniso mening oldimga qaytib keldi. G‘afforjon uzoq yig‘ladi, sidirg‘asiga emas, dam olib-dam olib, biron narsaga alahsib qolsa, yig‘lashini unutib, yana eslab yig‘lar edi.
Uydan kampir chiqdi, G‘afforjonni ko‘rib, xuddi bir kor-hol bo‘lganday uning oldiga yugurib bordi, boshini silab gap so‘radi.
– Dadamni aytib kelgin, desam shunaqa qilib o‘tiribdi, – dedi Savriniso.
Kampir baqirib berdi.
– Qo‘shnining bolasini yuborsang bo‘lmaydimi! – dedi va yengidan bir nimalar olib G‘afforjonga berdi-da, aldabsuldab ko‘chaga chiqarib yubordi.
Savriniso hovliga suv sepib, so‘riga joy qildi. Men nima qilishimni bilmay ko‘chaga chiqdim. Muyulishdagi ko‘prik boshida bolalar turishgan ekan, yaqin bordim. Bular mendan yotsirashmadi. Gaplashib ketdik. Biroq ko‘p o‘tmay, bular mening har bir so‘zimdan kula boshladi, biri «qishloqi» deb qo‘ydi. Men, masalan, «do‘kan», «non», «bola» deb o‘rganganman, bular «dikon», «nun», «bala» deyishar ekan. Shundan keyin menga ro‘yxush berishmadi. Shunda G‘afforjondan: «Bu bola bizning qarindoshimiz», degan gapni shuncha kutdim, aytmadi, bolalar qayoqqadir ketayotganda menga «yur» ham demadi.
Qaytib keldim. Amakim ham kelibdi. Savriniso o‘choq boshida, boshqalar so‘rida gaplashib o‘tirishgan ekan. So‘z to‘y haqida borayotgan edi.
– Onasi ham shunga ilhaq bo‘lib ko‘z yumolmayapti, – dedi kampir nafasi titrab, – qachon oldiga kirsam: «To‘y qachon, ko‘zim ochiqligida qizimning to‘yini ko‘rib qolay», deydi. O‘zimning ham shartim ketib, partim qolgan… Vaqtida odamlarga o‘tqazib qo‘yganim bor, to‘yanaga kim nima olib kelishini bilmasam ham, har nechuk, umidim katta, o‘z qo‘lim bilan berganimni o‘z qo‘lim bilan olay…
Kechasi Savriniso onasining yonida, kampir bilan amakim va G‘afforjon yangi uyda, biz hovlidagi so‘rida yotdik. Otam-onam xiyla vaqtgacha shivirlashib yotishdi.
– Savrinisoning Azimga hech ham ko‘ngli yo‘q ekan, – dedi ayam, – boya suvxonada meni quchoqlab zor-zor yig‘ladi.
Dadam ayamni urishib berdi.
– Qiziqmisan o‘zing, dunyoda qaysi bir qiz ko‘ngli bo‘lganga tegipti? Qaysi bir qiz ko‘ngli bo‘lmaganga tegmapti? Tushi-rindida yig‘lamasdan aravaga chiqqan kelin bormi?
Ertasiga kechqurun ikkala ammam kelishdi. Ayam shularning oldida amakimga so‘z qotdi:
– Savriniso o‘n oltiga endi to‘ldi, shu ishni biron yil bo‘lsa ham paysalga solinsa bo‘lmasmikan? – dedi.
Bu gap dadamga ham ma’qul tushdi shekilli, so‘zga og‘iz rostlaganida amakim shovqin solib berdi:
– O‘zing necha yoshda erga tekkansan?! O‘n to‘rtda eding! Nima qilasan Savrini qaritib!
Kampir ming‘illadi.
– Abdurahmon uzil-kesil gapni aytib qo‘ygan, bu to‘g‘rida bir nima degani hech kimga so‘z qolgani yoq!
To‘y kelasi oyning sakkizi, juma kuniga tayinlandi. Ertasiga Savriniso yo‘lakda dadamning oyog‘iga yiqildi, tovush chiqarmay kuyinib yig‘ladi. Dadam uni yupatdi, «hammaning ham boshida bor», degan gaplarni aytdi.
Men bir kuni Savrinisoning azob-uqubatlariga sabab bo‘layotgan Azimni ko‘rish uchun amakimning do‘koniga bordim. Azim moylabi endi sabza urgan, peshanasi tor, ko‘zlari katta-katta, bo‘yi pastroq bo‘lsa ham har yelkasiga to‘rttadan odam sig‘adigan bir yigit bo‘lib, dadamning aytishiga qaraganda, «bosqonchimisan bosqonchi, bosqonni boshidan oshirib urishni Qo‘qonda shu rasm qilgan» ekan. U duduq, xiylagina duduq bo‘lishiga qaramay sho‘x, xushchaqchaq, yaxshigina askiya ham qilar ekan. Kulala askiyada yengilganida uning damini qaytarish uchun: «Siz mening otimni aytguningizcha onam yana bitta Kulala tug‘adi» deb shaxsiga tekkanida, Azim xafa bo‘lish o‘rniga qotib-qotib kuldi.
Amakim Yaypanga borganida bizga uy ijaraga olib qo‘yishni va’da qilgan edi, olib qo‘ymabdi. Shuning uchun uy topilguncha, balki to‘y o‘tguncha biz shu yerda turadigan, dadam o‘zi do‘kon ochguncha amakimga qarashadigan bo‘ldi. Bu orada men siqilib qoldim; ko‘chaga chiqib bolalarga qo‘shilolmayman; G‘afforjon maktabdan kelganidan keyin quloqni qomatga keltirib nuqul nay puflaydi, chalolmaydi, faqat puflaydi, bundan zeriksa, ko‘chaning u yuzidagi botqoqqa borib baqa o‘ldiradi. Menga e’tibor qiladigan, qo‘li tekkanda so‘z qotadigan birdan bir odam Savriniso bo‘lib qoldi.
Savriniso bir kuni kampirdan javob so‘rab meni Ko‘mir bozorida turadigan kichik ammamning uyiga olib bordi. Ammam qizi Mukarram ikkovimizning qo‘limizga pul berib, rohatijon yegani yaqin G‘ishtko‘prikka yubordi. G‘ishtko‘prik Ko‘mir bozoridan ancha narida ekan. Biz Ko‘mir bozorida qanorlarda ko‘mir ortilgan tuyalarni, undan nari har xil yaltiroq narsalarga to‘la baqqollik do‘konlarini tomosha qilib bordik; G‘ishtko‘prikning ikki tomonidan zarang kosa tutib tilanayotgan pes-moxovlar, oldiga mayda tosh uyib rom ochayotgan folbinlarni oralab, ko‘prikning u tomoniga o‘tdik. Yangi do‘konda o‘tirgan jikkakkina chol oldidagi muzni qirib likopchalarga soldi-da, ustiga qoshiqcha bilan shinni oqizib qo‘limizga berdi. Rohatijonni qoshiqchaning uchida olib uzoq yedik.
Qaytdik. Kelib qarasam, Savriniso yig‘layverib shishib ketibdi, lekin yig‘laganini bildirmaslik uchun meni gapga soldi, ikki gapning birida kular edi.
Ertasiga ikkala ammam kelishdi, kampir uchovi uzoq gaplashganidan keyin paranji yopinib qayoqqadir ketishdi. Ikkala ammam nima uchun kelganini, kampir uchovi qayoqqa borganini shu kuni kechasi ayamning dadamga aytgan gaplaridan bildim:
uchovi shu mahallalik Bandi eshonga borib ilm-u amal qilishibdi, Savrinisoni Azimga isittirishibdi. Shundan keyin, bilishimcha, Savriniso kampirning ziqnovi bilan, jo‘mragiga paxta tiqilgan sopol obdastadan suv ichadigan, faqat kampirning qo‘lidangina ovqat yeydigan, amal ko‘milgan ko‘cha eshigi ostonasidan nari hatlamaydigan bo‘ldi.
To‘y kuni yaqinlasha boshladi. Savriniso nuqul meni quchoqlab tovush chiqarmay yig‘lar edi.
Yangi oy chiqdi. Seshanbadan boshlab G‘afforjon ikkovimiz uzoq-yaqindagi qarindoshlarimiz, tanish-bilishlarimizni to‘yga xabar qila boshladik, katta ammamizni aytgani Oyimqishloqqa bordik. Ammamiz bir do‘ppi yong‘oq berdi. Yong‘oqni G‘afforjon ikkovimiz bo‘lishib oldik. Men o‘z tegishimni keltirib Savrinisoga berdim. Savriniso yuz-ko‘zimdan o‘pdi, katta uyning zinasiga o‘tirib, amirkon kovushini yechdi-yu, poshnasi bilan yong‘oqni chaqib, bittasini o‘zi yesa, ikkitasini mening og‘zimga soldi. Yong‘oq tamom bo‘lganidan keyin Savriniso boshimni tizzasiga olib, silab bir kuy maqomiga tebranib o‘tirdi. Chakkamga bir tomchi iliq yosh tomdi. Stansiyada parovozlar bir-biriga navbat bermay qichqirar edi. Savriniso o‘ychan, lekin beixtiyor tovush chiqarib gapira boshladi:
– Poyezd meni chaqiryapti… Chaqir! Qattiqroq chaqir, boraman! Meni uzoq-uzoq yurtlarga olib ket!
Qayoqdandir paydo bo‘lgan amakimning baqirgan tovushi eshitildi.
– Qayoqqa olib ketadi! – dedi va Savrinisoga tomon otildi.
Men arang qochib qoldim. Amakim dahshat ichida o‘zini uyga urgan Savrinisoning ketidan otilib kirdi. Savrinisoning avval «Dadajon!» degan chinqirig‘i, keyin mushukday vag‘illagani, nihoyat, ingragani eshitildi-yu, jim bo‘lib qoldi. Bu jimlikda kampirning tovushi eshitildi.
– Hoy, bolam, Abdurahmon, evida! Po‘pisa qilgin, qo‘rqitgin, nainki shunaqa ursang!
Men derazaning oldida dag‘-dag‘ titrab turardim. Qorong‘i uydan ayam chiqdi, mening rang-qutim o‘chganini ko‘rib yugurib keldi, qumg‘ondan suv olib yuzimga sepdi, gap so‘radi. Men javob berishga ulgurmay ichkaridan amakim chiqdi va onamga «kir» deb ishora qildi-yu, oyog‘idan tushib qolgan bir poy kavushini kiyib ko‘chaga chiqib ketdi.
Onamning ketidan uyga kirdim. Savriniso taxmonning oldida mukka tushib o‘zini bilmay yotar edi. Ayam taxmondan ko‘rpa tortib tushirdi, joy soldi, qisqa-qisqa nafas olayotgan Savrinisoni ko‘tarib yotqizdi. Ayam ko‘targanda Savriniso eshitilar-eshitilmas ingradi.
– Vahima qilma, o‘lmaydi, kechgacha tuzalib qoladi, – dedi kampir boshidan tushib ketayotgan ro‘molini peshanasiga surib. – Ovsiningga aytmay qo‘ya qol!..
Kampir chiqib ketdi.
Savriniso kechgacha ham o‘ziga kelmadi, aksincha, isitma chiqardi. Ayam uning yonidan jilmadi. Men goh derazadan qarayman, goh eshikka bosh tiqaman, Savriniso ko‘zini ochishini, meni chaqirishini kutaman, undan ham ko‘ra birdan: «Va-a, hammalaringni aldagan edim» deb o‘rnidan turib ketishini xohlar edim.
Shomdan keyin dadam bilan amakim kelishdi. Dadam Savrinisoning yonida birpas o‘tirgandan keyin yelkasiga sekin turtdi. Savriniso ko‘zlarini xiyol ochdi, lekin osma chiroqning xira shu’lasida dadamni tanimadi, sinchiklab qarashga darmoni yetmadi shekilli, ko‘zini yana yumdi. Dadam tashqariga chiqdi. Eshik oldida qilmishiga o‘kinib, boshini quyi solib turgan amakim imo bilan: «Qalay?» deb so‘radi. Dadam indamay zinadan tushib ketdi.
Yarim kechaga borib Savriniso og‘irlashib qoldi. Hech kim, hatto kampir ham kechasi bilan ko‘z yummadi. Voqeadan va hozirgi ahvoldan Savrinisoning onasi xabardor bo‘lib qolmasin uchun hamma oyoq uchida yurar, shivirlab gaplashar edi. Saharga yaqin amakim ona-bolaning qo‘shmozor bo‘lishidan qo‘rqdi shekilli, xotinini bir bahona bilan qo‘shnisi – yaqinda qazo qilgan Abdurazzoq yamoqchining uyiga eltib qo‘ydi. Savriniso o‘sal ekan shekilli, dadam chuqur xo‘rsinib ayamga: «Bechora tugab boryapti, ko‘zlarini ko‘rdingmi, dunyoga to‘ymayotibdi», dedi.
Savriniso o‘sha mahalda uzilgan ekan.
O‘lik yuvilib tobutga solingandan keyin azaga kelgan xotinlar orasida: «Qizning o‘ng biqini momataloq bo‘lib yotipti, zarb yegan ekan» degan gap o‘rmalab qoldi. Buni fahmlagan fahmladi-yu, fahmlamagan fahmlamadi, yopiqliq qozon yopiqligicha qolaverdi.
Tobut ko‘tarilganda amakim ikki-uch qalqidi-yu chalqanchasiga ketdi. Odamlar uni uyiga olib kirib yotqizishdi. Amakim shu yotganicha Savrinisoning yettisiga ham, yigirmasiga ham turolmadi.
Savriniso dafn qilinib, ikki kun o‘tgach, onasini Abdurazzoq yamoqchining uyidan olib chiqishdi. Kampir yig‘lab turib xudoning irodasi, peshana, taqdiri azal haqidagi uzundan uzoq daromaddan keyin Savriniso to‘satdan qazo qilganini unga aytdi.
Teri-yu suyakdan iborat bo‘lib qolgan bemor ko‘zlarini katta ochdi, oppoq tilini zo‘rg‘a chiqarib, qonsiz lablarini yalagan bo‘ldi, ko‘zlarini yana yumdi, kipriklari yaltiradi, uning kuygani, yig‘lagani, faryod chekkani shu, bundan ortiqqa madori yoq edi.
O‘zini bilmay yotgan bemorga kampir tasalli bergan bo‘ldi.
– Bola bechora qiz ketdi, u dunyoda hurlarga qo‘shilib ketadi…
Kunlar o‘tgan sayin bu xonadonga yana bir musibat qora ko‘lanka sola boshladi: yuvg‘ichining gapi asta-sekin o‘rmalab mirshabboshining qulog‘iga yetadiganga o‘xshab qoldi. Men buni dadamning usta Homidjonga aytgan gaplaridan bilib qoldim:
– Bu gap mirshabboshining qulog‘iga yetsa yomon bo‘ladi, o‘risning zakuni qattiq, Yaypanda bir qassobni arava urib o‘ldirganida Qo‘qondan yigirmatacha tergovchi bordi, ikki kun o‘likni joyidan jildirgani qo‘ymadi, butun bozorboshi uch hafta so‘roq berdi.
Usta Homidjon vahmak odam ekan, bu gapni eshitgach, cho‘chigan xo‘rozday bo‘ynini cho‘zib, og‘ir-og‘ir kiprik qoqdi. Dadam ikkovi hamon og‘ir yotgan amakimga sir bermay ko‘chaga chiqadi, uyga kiradi, shivirlashadi… Usta Yunus, usta Aroqul deganlar kelishdi. Uzoq maslahat qilishdi. Kampir bularning hech biridan qochmasa kerak, gapga aralashib, hech kimga so‘z navbati bermasdi:
– Oldini olaman deb isini chiqarib qo‘ymanglar, xudo xohlasa, bu gap mahalladan tashqariga chiqmaydi, mahallada o‘g‘limning dushmani yo‘q…
Shunday bo‘lsa ham bular, chamamda, zakon biladigan biron odamning taskin-tasallisiga muhtoj edi. Shunday odam mahallaning o‘zidan chiqib qoldi. Temirboy baqqol degan bundan uch yil burun birov bilan zakonlashib sayozgacha33
Sayoz – sudyalar syezdi.
[Закрыть] borgan ekan. Usta Homidjon shu odamning qo‘yniga qo‘l solib ko‘ribdi. Bu odam voqeadan, dadamlar tortayotgan tashvishdan xabardor ekan, gapni ko‘paytirmay: «Da’vogar bo‘lmasa kimning kim bilan ishi bor?» depti.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?