Текст книги "O‘tmishdan ertaklar"
Автор книги: Abdulla Qahhor
Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 3 (всего у книги 11 страниц) [доступный отрывок для чтения: 3 страниц]
Bu borada da’vogar yo‘q edi.
Savrinisoning qirqi o‘tgandan keyin Azim duduq yo‘qolib qoldi. Qidirilmagan joy qolmadi. O‘sha kuni birov uni Shaldiramoqda g‘altakarava surib ketayotganini ko‘ribdi. G‘altakaravada gullik qora las ko‘rpa, qizil lo‘labolish, yana allanimalar bor ekan. Ko‘rgan kishi: «Yo‘l bo‘lsin, Azimboy» desa, Azim: «Oyim o‘ttiz bo‘ldi», degan emish.
Butun hovlini to‘ldirib turgan Savriniso ekan, hammayoq huvillab qoldi. Savrini-soning zinada o‘tirib amirkon kavushining poshnasi bilan yong‘oq chaqqani, taxmonning oldida mukka tushib yotgani, odamlarning yelkasida lapanglagan tobut ko‘z o‘ngimdan sira ketmas edi.
Bir kuni shom paytida anhorning ko‘prigidan oyog‘imni osiltirib jimgina o‘tirgan edim, yonimga G‘afforjon kelib o‘tirdi.
– Bir yili dadam meni Shohimardonga olib borgan edi. Shohimardonning yo‘lida bitta tog‘ bor, shu yerdan o‘tishda «Qirq qizlar-u!» deb chaqirsang tog‘ning ich-ichidagi hur qizlar «huvv» deb javob berishadi. Savriniso opam shu hur qizlarga qo‘shilib ketdi. Katta enam shunaqa deyaptilar. Shohimardonga boramiz. Dadam olib boradi.
Koshki edi o‘sha tog‘ga men ham borsam, bor tovushim bilan hur qizlarni chaqirsam, hur qizlar, shularning ichida Savrinisoning ham «huvv» degan tovushini eshitsam…
Amakim biroz o‘nglangandan keyin dadam ayamning ko‘z yoshlariga rahm qilib shu mahalladan hovli topdi. Bunga juda suyundim, chunki bu yerda amakimning ko‘zlaridan, soqoli, qop-qora qo‘llari, hatto jag‘i uzilgan kovushidan ham qo‘rqar edim.
Biz Oq domla deganning tashqisiga ko‘chadigan bo‘ldik. Hali darmonga kirmagan amakim va uning bemor xotiniga ayam qatnab, Abdurazzoq yamoqchining dastyor bo‘lib qolgan qizi Omina doimiy turib qaraydigan bo‘ldi.
XUDO
Oq domlaning tashqisi bir vaqtlar tashqi bo‘lib, keyinchalik hovlisining yarmidan ko‘pini yangi mehmonxona egallagani, uy buzilib, o‘rniga juvozxona solinadigan bo‘lgani uchun qarovsiz qolgan, hozir jinnixona qilib qo‘yilgan, domla shu yerda jinnilarni o‘qib tuzatar ekan.
Oq domla peshanasi, ko‘z ostlari, bir chekkasi va butun bo‘yni oppoq pes, biroq nafasidan jinni shifo topadigan bo‘lgani uchun xalq Pes domla degani og‘zi bormay, Oq domla derkan. Biz ko‘chib keladigan bo‘lganimizdan keyin uyning oldidagi xariga zanjirband qilib qo‘yilgan ikki jinni yangi otxonaga olib chiqilibdi.
Dadam uyning shikast-rextini tuzatdi, hovlini yantoq va qora sho‘radan tozaladi.
Ko‘chib kelgan kunimiz ertasiga ertalab otxona tomondan g‘alati bir o‘kirik eshitildi. Dadam ishga ketgan edi, ayamning hayhaylashiga qaramasdan yugurib yo‘lakka chiqdim. Otxonaning oldida norg‘ul bir yigit ustunga bog‘lab qo‘yilgan ikki jinnini gavron bilan navbatma-navbat urmoqda, domla esa kichkina gilamchada cho‘kkalab, boshini quyi solganicha duo maqomiga tebranib, har zamon-har zamonda jinnilarga dam solmoqda edi. Jinnilarning biri yigitga orqasini berib jim, hatto gavron tushganda ham seskanmasdan taxt turibdi, ikkinchisi esa har gavron tushganda tuyaday o‘kirayotibdi. Gavron sinib tamom bo‘lgandan keyin domla yuziga fotiha tortib o‘rnidan turdi va gilamchasini qoqib qo‘ltig‘iga qistirdi-da, bitta-bitta qadam bosib uyiga kirib ketdi. Ma’lum bo‘lishicha, domla har kuni bomdoddan qaytganida jinnilarni mana shu xilda urdirib o‘qir ekan.
Qayrilib qarasam orqamda rang-quti o‘chgan ayam turibdi. Ayam kechqurun dadamga voqeani aytib: «Bu yerdan ko‘chamiz», deb turib oldi.
Boshqa hovli hadeganda topilavermadi. Qo‘qonning bo‘ri bo‘lib uliydigan va mushuk bo‘lib vag‘illaydigan kuz shamoli boshlanib ketdi. Uyimizning oldida ayvon bo‘lmagani uchun eshik sal ochilsa shamol uyni ko‘tarib ketguday bo‘lar edi.
Jinnilarning dod-faryodi, jinnilardan ko‘chadigan jin vahimasi ustiga yana uyning bu qadar noqulayligi qo‘shilgan bo‘lsa ham, ayam boshqa hovliga ko‘chishdan aynib qoldi, dadamga: «Mayli, qishni shu yerda chiqaraylik, u yog‘i xudo poshsho», dedi; «Dadangga ayt, ko‘chmaymiz, shu yer yaxshi», degan mazmunda menga ham gap o‘rgatdi. Keyin bilsam, amakimning uyida xizmat qiladigan odam bo‘lmagani uchun kampir biznikida turmoqchi, bunga hozir uyimizning torligi va noqulayligi monelik qilib turgan ekan.
Birinchi qor uchqunlab turganda shu mahallalik Muqim buva deganning tashqisiga ko‘chdik. Katta yo‘l bo‘yi, uzun yo‘lakning o‘ng tomonidagi hovlichaning bir yog‘i – qorong‘i va pachaq bo‘z do‘koni, bir yog‘i – mehmonxona. Dadam hovlichaning yarmidan ikki tomonga ikkita ustun o‘rnatib, chiy tortib qo‘ydi.
Muqim buva to‘zg‘oqday oppoq do‘koniga saharda kirib ketganicha kuni bo‘yi, ba’zan kechalari ham shiliqqa-shiq, shiliqqa-shiq bo‘z to‘qiydi, ba’zan: «Xudoga shukur!» degan tovushi eshitilib qolardi. Uning xotini – o‘ziga o‘xshagan oppoq To‘xta xola ko‘chib kelgan kunimiz osh qilib yo‘qlab kirdi. U ham musofirni «xudo qilgan baxti qora» deb bilar ekan. Uning so‘ziga qaraganda, kishining musofiratda to‘kkan ko‘z yoshlari oxiratda etagiga dur-u gavhar bo‘lib tushar ekan.
To‘xta xola ham farzand dog‘ini ko‘p ko‘rgan, yetti qiz, to‘rt o‘g‘lidan faqat ikkita qizi qolgan, biri To‘xlimerganga, biri Avg‘onbog‘ga tushgan ekan. To‘xta xolaning musofirga shafqatidan ham ko‘ra farzand dog‘ini ko‘p tortganligi uni ayamga yaqin qilib qo‘ydi. Shundan bo‘lsa ham To‘xta xola uyimizga kam kirar, kuni bo‘yi va kechalari ham charx yigirar edi, chilla kirib, sovuq zaptiga olganda, kampir «temirchining archa ko‘miridan bozillab turgan sandal»iga isinib olgani ko‘proq kiradigan bo‘ldi.
Bir kechasi amakim ikki xufton kechroq G‘afforjonni olib keldi va xo‘rsinib, hamma kutib turgan gapni aytdi: «Xudo omonatini oldi»,dedi. Dadam ikkovi chiqib ketdi. G‘afforjon onasining o‘lganini payqamagan ekan, yotib uxladi. Ertalab azaxonaga ayam ham ketdi. Men uning borishini sira istamasdim, amakim ko‘z o‘ngimdan ketmas edi.
Tushga yaqin dadam bizga ovqat keltirib berdi, kechqurun kampirni olib keldi; kampir kasal ekan, sandalning chetidan joy qilib berdi-yu, yana ketdi.
Erta yotdik. Kampir sandal ko‘rpani o‘zining ustiga tortdi. G‘afforjon ikkovimizga joy soldim. Uxlab qoldik. Bir mahal G‘afforjon uyg‘onib suv so‘radi. Qorong‘ida kampirning vag‘illagan tovushi eshitildi: «O‘l! Og‘zingni ochib yot, chanqog‘ing bosiladi!» dedi. Men yetimga rahmim kelib, suv keltirib berdim.
Ayam azaxonada bir haftadan ortiqroq qolib ketdi, lekin har kuni peshinda kampirga osh qilib bergani kelardi. Kampirning do‘ppidekkina qozonchasi bor ekan, ayam shunda osh damlardi. Oshni kampirning o‘zi suzib, birovga manzirat ham qilmay, yakka o‘zi yerdi. Men-ku suqlanadigan bola emas, dadam birovning qo‘lidan bitta yong‘oq ham oldirmay o‘stirgan, lekin shuncha erka va tantiqligi bilan G‘afforjon ham g‘ashlik qilmas, aftidan, shunga ko‘nikkan edi.
Shu-shu kampir bilan G‘afforjon biznikida qolib ketdi.
Kampir har kuni, shomdan keyin G‘afforjon ikkovimizni ko‘chaga chiqarmay namozlik va har xil duolar o‘rgatardi; go‘r azobi, qiyomat, farishtalar, shayton va boshqa ko‘k jonivorlaridan gapirardi. G‘afforjon ko‘pincha erkalik, tantiqlik qilib bu gaplarga chandon quloq solmasdi, lekin men quloq solmagani kampirdan hayiqardim. Kampir aytgan jonivorlarni sal kunda ko‘z oldimga keltiradigan bo‘ldim: farishta – kattakon parvona, hur – qanotli Sarviniso, shayton – tuyoqli, kallasi xo‘rozning tojiga o‘xshagan odam, arvoh – yuradigan kafanli o‘lik, jin – bir oyoqli arvoh, alvasti – odamsimon qora ho‘kiz… Bir kechasi kampir xudo nimalarni qaysi kunlarda yaratganini aytib berdi. Qaysi kuni nimalarni yaratgani esimda qolmasa ham, kunlar haqida tasavvur qoldi: shanba – parpasha paranji rangida, yakshanba – qoramtir qizil, dushanba – ko‘k, seshanba – qop-qora, chorshanba – kulrang, payshanba—sariq, juma—havorang.
G‘afforjon so‘fi Badal eshonning xonaqosida ochilgan jadid maktabida o‘qir ekan, onasi o‘sal bo‘lgandan keyin dadasi maktabga yubormay qo‘yibdi, onasining yigirmasi o‘tgandan keyin maktabni kampir esga soldi. Zotan, amakim G‘afforjonni mulla qilish emas, kampirning qulog‘i va jag‘ini yarim kun bo‘lsa ham tinchitish uchun maktabga bergan ekan.
Maktab Galaboqqollikda, bu yerga uzog‘i bilan uch-to‘rt yuz qadam kelsa ham, G‘afforjon hali biron marta ham o‘zi borib kelmagan, avvallari uni goh Savriniso, goh Azim olib borib olib kelarkan, endi bu vazifa mening zimmamga tushdi.
Har kuni ertalab kampir vag‘illaydi, G‘afforjonni, ba’zan hammamizni qarg‘ay-di. G‘afforjon yig‘i-sig‘i bilan maktabga otlanadi, ko‘chaga chiqqandan to maktabiga yetgunimizcha nay puflaydi. Bir kuni xonaqo eshigidan kirganimizda G‘afforjon qo‘lini orqasiga qilib hovlida aylanib yurgan cho‘qqisoqol, piyozi chakmon va chaqmoqi telpak kiygan bir kishini ko‘rib to‘xtadi va shivirlab: «Domla, Abduvahob domla, hozir meni uradi», dedi. Domla bizni ko‘rdi, ko‘rsatkich barmog‘i bilan imlab chaqirdi. G‘afforjon harchand qo‘rqsa ham yugurib bordi. Domla meni ham chaqirdi. Men ham bordim. Domla avzoyi-dan G‘afforjonni uradigan bo‘lsa ham, begona bola oldida urgisi kelmadi shekilli, urmasdan, nega kechikkanini so‘radi, uning onasi o‘lganini eshitib boshini siladi, bir nimalar deb ko‘nglini ko‘tardi. G‘afforjon, kaltak yemaganiga suyunib, yugurganicha hujralardan biriga kirib ketdi. Domla meni gapga soldi, talaffuzimdan qishloq bolasi ekanimni bildi shekilli, qaysi qishloqdan ekanimni so‘radi. Men «Ko‘chmanchimiz» deyolmadim, qizarib ketdim shekilli, ikki yonog‘im lovillab ketdi. Uyalganimni ko‘rib domla boshqa gap so‘ramadi. Yugurganimcha xonaqodan chiqib ketdim. Peshinda G‘afforjonni olib ketgani kelganimda G‘afforjon domla menga nima deganini so‘radi, javobimni eshitib: «Domla qishloq bolalarini yaxshi ko‘radi, naymanchalik Meliboy degan bolani pul olmay o‘qitadi», dedi. Yana bir kuni o‘sha Meliboy degan bolani o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim: olacha guppi to‘n, qunduzsiz telpak kiygan bo‘liqqina bola ekan. Ko‘p afsus qildim, Abduvahob domla gap so‘raganda, falon qishloqdanman desam, ehtimol, meni ham maktabga olib bepul o‘qitar edi… Biroq domlaga yana ro‘para bo‘lgani tortindim. Qani endi men ham erka-tantiq bo‘lsam, ko‘p gapirsam, behuda sho‘xliklar qilsam-u kampir mendan bezor bo‘lsa, dadamga aytib maktabga berdirsa! Indamasligim, qobilligim koni ziyon bo‘ldi.
Bir kuni G‘afforjonni maktabga qo‘yib kelsam, ayam o‘choq boshida dam-badam burnini etagi bilan artib, tovush chiqarmay yig‘lab o‘tiribdi, kampir sandalning chetida doka ro‘molini yelka aralash boshiga tashlab, xuddi ko‘rshapalakka o‘xshab bukchayib, tez-tez tasbeh o‘girayotibdi. Kampir jussasiga, hol-ahvoliga butkul mos kelmaydigan qattiq va vahimali tovush bilan onamga vag‘illadi.
– Tur, chiqib qorni kura! Yig‘lama deyapman, huv ko‘z yoshing o‘z boshingni yesin!
Ayam o‘pkasini tutishga harakat qildi:
– Qor tinsin, undan keyin kurarman…
Kampir yana vag‘illadi:
– Qor qachon tinishini – xudoning ishini qayoqdan bilasan, arvak!
«Arvak» deganda mening ko‘z oldimga cho‘p-ustixon, rangi oppoq bola kelar, ayamning ozg‘in va rangi oppoq ekani xayolimda ham yo‘q edi, darrov qaradim, haqiqatan ham ayam nihoyatda ozg‘in va rangi oppoq ekan.
Janjal bir piyola choydan chiqibdi. Amakim bundan bir hafta burun kampirga qadog‘i falon pullik bir yumaloq toza famil choy keltirib bergan, kampir uni yostig‘ining tagida asrab yolg‘iz o‘zi ichib yurgan ekan. Choy shu bugun tugabdi. Kampir bu choyning maqtovini yana eshitish, qanday choy ichib yurganini, Abdurahmon Abduqahhorga qaraganda mehribonroq ekanini aytib, kelini oldida maqtanish uchun shu choydan ayamga bir piyola beribdi va ichib bo‘lganidan keyin «Qalay?» deb so‘rabdi. Ayam choyning xushbo‘yligini, ta’mini kampirning o‘zidan eshitgan, bu maqtovga o‘zidan ham bir nima qo‘shish maqsadida xushbo‘yligi va ta’mi ustiga qorinni ham to‘ydirar ekan, demoqchi bo‘lib: «Xuddi bir kosa go‘ja osh ichkanday bo‘ldim» debdi, shunday depti-yu, kampirdan baloga qolibdi: «Ana sen bezotsan, ana sen bunaqa narsalarni qayoqdan bilasan, nainki, shundoq choyni go‘jaga o‘xshatsang!..» Shundan boshlangan gap ayamning ro‘zg‘or tutishiga kelib taqaldi:
– Sen bolaginamning birini ikkita qiladigan xotin emassan! Uyda baraka yoq! Shu zamonda chirog‘ning shishasi yorilsa kim darrov yangisini oldiradi, qog‘oz yopishtirib tutavermaysanmi! Ustingga xotin olib bermasam men ham yurgan ekanman! Qo‘ydirvoraman!
Imonsiz kampir ukam O‘lmasoy ikkovimizni ham qo‘shig‘iga qo‘shdi: «Sendan bo‘lgan bola nima bo‘lar edi, itdan bo‘lgan qurbonlikka yaramaydi…» dedi. Bo‘ynimga osilgan tavqi la’nat – «kelgindi», «ko‘chmanchi», «musofir» degan so‘zlar ham bir bo‘ldi-yu, kampirning bu gapi ham bir bo‘ldi.
Shu g‘alvadan keyin kampir pishirib yeyish, chaynab yutish mumkin bo‘lgan hamma narsani sandiqqa solib qulflab oldi, hatto jo‘n choyni ham yostig‘ining tagiga qo‘yib, kerak bo‘lganda bir chimdim beradigan bo‘ldi. Kampir har ishdan bir ishkal topar, har bahona bilan ayamni urishar, qarg‘ar, dadamga chaqib urdirar, dadam so‘ziga quloq solmasa: «Ona rozi – xudo rozi, xotin topiladi, ona topilmaydi!» deb o‘zi ham yig‘lar edi.
Men G‘afforjonni maktabga olib borganimdan va olib kelganimdan keyin ham kunni mumkin qadar To‘xta xolaning uyida o‘tkazishga tirishar edim. To‘xta xola oldimga jiyda, o‘rik va boshqa topgan-tutganini qo‘yar, gapga solar, ba’zan qiziq-qiziq ertaklar aytib berar edi. Men unga juda el bo‘lib qoldim, bir kuni charhining charmagi sinib qolganda, yangi charmak yasab berdim. Ayam kampirning vag‘illashi, qarg‘ashidan nariroqda turishimni xohlasa kerak, To‘xta xolaning uyida ekanimda hech qachon chaqirmas edi.
Bir kuni kechki payt Jarbuloqdan ayamning uch-to‘rt yildan beri ko‘rishmagan akasi keldi. Dadam ishdan kelib mehmon bilan ko‘rishdi-yu, uyda go‘sht bo‘lmasa kerak, G‘afforjon ikkovimizga uch miri berib, go‘sht keltirgani buyurdi. Kampir qarab turgan ekan, G‘afforjon ikkovimizni chaqirib qo‘limizdan pulni oldi va dadamni chetga tortib qo‘lini paxsa qildi.
– Uch miriga bersa kovushday go‘sht beradi-da, nima qilasan go‘shtni, go‘shtsiz kichiri qilib qo‘yaqolsin! Qatiq bilan yesa kichiri ham yaxshi bo‘ladi, – dedi.
Ayam buni eshitib qoldi. Nazarimda mehmon ham eshitdi. Kampir ovqatgacha ham, ovqatdan keyin ham qovog‘ini ochmadi, nihoyat, mehmonning oldida bir dilsiyohlik qilish muddaosida bo‘lsa kerak, G‘afforjonni tergadi.
– G‘afforjon, bugun maktabingda necha varaq kitob o‘qiding?
G‘afforjon hayron bo‘lib qoldi.
– Varag‘ o‘qiganimiz yo‘q…
Kampir vag‘illadi.
– Varaq o‘qimagan bo‘lsang, nimani o‘qiding? Domlang o‘qitadimi o‘zi? Mustafoning nechta teshigi bor?44
Mustafo – Muhammad payg‘ambarning sifatlaridan biri bo‘lib, eski arab alifbesida «Mstfi» shaklida yozilar, haqiqatan oldingi to‘rt harfning «r» singari teshigi bo‘lar edi. Kampir savodsiz bo‘lsa ham bu so‘zning yozilishini ko‘rgan, teshigini sanab yodida saqlagan ekan.
[Закрыть]
G‘afforjon «Mustafo»ning yozilishini bilsa ham «teshigini» sanamagan ekan, bilmadi.
– Jadid shu-da, Mustafoni o‘qitmaydi, – dedi kampir va jadidni odam deb o‘ylar ekan, qarg‘ab ketdi. – Xudoyo og‘zidan qoni kelsin! Mustafo ko‘r qilsin!..
Kampir shaqillar, G‘afforjon ho‘ngrar edi. Hammaning dili siyoh bo‘ldi.
Mehmon ketdi, ayam yolakka chiqib yig‘ladi. Yotar mahalida kampir qilmishiga vaj ko‘rsatgan bo‘ldi.
– O‘gay aka hech qachon akalik qilmaydi, senga gap o‘rgatib uyingni buzadi. Bundan tashqari akang yuzida farishtasi yo‘q odam ekan! – dedi.
Ayam uning gaplariga gap qaytarmadi. Dadam ham indamadi. Kampirga ayamning: «Xo‘p, akam bundan keyin kelmasin» demaganidan ham dadamning indamagani ko‘proq alam qildi shekilli, shovqin solib, «erini minib olgan kelinning dastidan» dodladi va arazlab o‘sha zahotiyoq amakimning uyiga ketmoqchi bo‘ldi, dadam qo‘ymadi.
Bir kuni ayam payt poylab turib dadamga yig‘ladi.
– Yana ko‘zimga qora echki ko‘rinyapti. Jinnixona bo‘lsa ham Oq domlaning tashqisi yaxshi edi, har nechuk domla, duo, ins-u jin yolamasdi…
Dadam uni urishib berdi.
– Ahmoq bo‘lma. Oq domlaning o‘zi kasal bo‘lib yotgan emish! – dedi.
Men suygan bandasiga kasallik yuboradigan, bolalarni o‘zi berib o‘zi oladigan, odamlarga jonni omonat beradigan, bizni ko‘chmanchi, kelgindi, musofir qilgan va qilish-qilmishi odamlarga ranj-alam yetkazishdan iborat bo‘lgan xudoning shakl-shamoyilini, aft-angorini, soxt-sumbatini sira ko‘z oldimga keltirolmas edim, bora-bora «xudo» deyilganda boshiga yelka aralash doka ro‘mol tashlab, sandalning chetida ko‘rshapalakday bukchaib o‘tiradigan kampir ko‘z oldimga keladigan bo‘ldi.
Bir yoqda «ona rozi – xudo rozi», bir yoqda ayamning nohaqdan to‘kadigan ko‘z yoshlari, dadam ikki o‘t orasida qolib qiynalsa kerak, do‘konda ish juda kamligidan nolishiga qaramay keyingi vaqtlarda uyga yarim kechalari keladigan bo‘ldi. Bir kechasi G‘afforjonning injiq-tantiqligidan va kampirning shang‘illashidan bezor bo‘lib, sovuq va qor yog‘ib turganiga qaramasdan ko‘chaga chiqdim, amakimning do‘koniga bordim. Do‘konning eshigi yopiq. G‘ishtlik machit, Boyta ko‘prikdan keladigan tanish-bilish ustalar va ularning shogirdlari tutab yonayotgan kattakon to‘nka atrofiga tizilishgan, kitobxonlik bo‘lmoqda edi. Kitobni xira osmachiroq ostida o‘tirgan dadam o‘qimoqda edi. Mening kirib bir chekkada o‘tirganimni hech kim payqamadi. Dadam mulla ekanini shunda bildim. Kitob nihoyatda qiziq, tovlamachi Dalla degan bir xotinning qilmishlari hikoya qilinar edi.
Kitobxonlik tamom bo‘lgandan keyin bular gaplashib qolishdi. Men uyga borib voqeani ayamga aytdim. Ayam dadamning mulla ekanini bilar ekan. Uning aytishiga qaraganda, dadam kitobni juda yaxshi ko‘rar, kamoli yaxshi ko‘rganidan tushiga kirgan, tushida Hasti Xizr bir kitobdan bir-ikki xat o‘qitgan, keyin o‘sha varaqni yirtib olib dadamga yegizgan, shundan keyin dadam mulla bo‘lib qolgan ekan. Dalla hikoyasidan esimda qolganlarini aytib bergan edim, ayam juda ham qiziqib quloq soldi, keyin dadam kelganda o‘pkaladi:
– Uyga bevaqt kelasiz desam joningizning huzurini topib olgan ekansiz-da… – dedi.
Ayam bu gapni shunday bir ohangda aytdiki, shu bilan: «onang to‘kadigan zaharni bitta o‘zim yutib o‘tiribman»,demoqchi ekanini hatto men ham fahmladim. Dadam o‘zini fahmlamaganga soldi.
– Diqqatman, diqqatman! Chilla o‘tib borayapti, ishning barakasi yo‘q. Qishloq yaxshi edi, – dedi.
Ayamning jon-jahoni yorishib ketdi.
– Urush deb shaharga ko‘chgan edik, qani urush? Qishloqqa keta qolaylik! Shaharda suvdan boshqa hamma narsani sotib olamiz, qishloqda undoq emas edi…
Bu gapdan kampir xabardor bo‘lib hovlini boshiga ko‘tardi, ayamni yulmoqchi bo‘ldi.
– Kelin deganni xudoyi taolo ona-bolani bir-biridan judo qilishga yaratgan! Ilm-u amal bilan bolamni o‘zingga qaratib olgansan!
Kampir supurgining ustiga o‘tirib, shapalog‘ini chaparasta qilib ayamni xo‘p qarg‘adi. Kampir har safar qarg‘ish duoga qo‘l ko‘targanida ayam yig‘lar, uning qarg‘ishlari darrov bizga tegadiganday chinqirib, O‘lmasoy ikkovimizni bag‘riga bosar edi. Dadam harchand xunob bo‘lsa ham, onasiga qarshi biron so‘z aytmas edi.
Kunlar g‘urbat bilan boshlanib g‘urbat bilan tugar edi. Shu orada O‘lmasoy kasal bo‘lib qoldi-yu ko‘chish to‘g‘risida boshqa gap ochilmadi. Kampirning jag‘i biroz tiyildi.
Bolasining kasal bo‘lishidan yurak oldirib qolgan ayam nima qilishini, o‘zini qayoqqa urishini bilmay, fe’li tez bo‘lib, dadamga, hatto kampirga ham shovqin soladigan bo‘lib qoldi. Kampir bolaning kasal bo‘lishiga birdan bir sabab ayamning «kasofat»ligi deb bilsa ham qo‘shnoch toptirdi. Qo‘shnoch kelib O‘lmasoyni xipchin bilan savalab ko‘chirdi, qora tovuq so‘yib qonladi. Bandi eshon har kuni saharda avrod o‘qir ekan, ayam har kuni saharlab O‘lmasoyni ko‘tarib avrodga boradigan bo‘ldi; bir kuni qo‘limga bir obdasta suv berib, meni ham olib bordi.
Bandi eshonning katta hovlisi liq to‘la xotin-xalaj. Sovuq bo‘lishiga qaramay, hamma ro‘para kelgan joyga o‘tirib jimgina quloq solmoqda. Yarmidan yuqorisi oynavandlik baland ayvonning damida Bandi ehson juda ham yoqimli tovush bilan avrod o‘qimoqda edi. Tong yorishgandan keyin eshon avrodni tugatib fotihaga qo‘l ko‘tardi. Hamma gurillab yuziga fotiha tortdi. Shundan keyin har kim topgan-tutganini gavdalik bir kampirga topshirib tarqaldi.
Shu kuni kechga borib O‘lmasoy ko‘zini ochdi. Hammamiz suyundik. Ayam saharda O‘lmasoyni ko‘tarib yana avrodga ketdi. Men G‘afforjonni maktabga qo‘yib keldim-u kampirning dod-faryodi ustidan chiqdim: ayam avroddan O‘lmasoyning o‘ligini olib kelibdi… Ayam eshikning yon-dorisiga suyanib, ikki qo‘llab jag‘ini ushlaganicha tek turar, amakim unga bir nimalar deb tasalli bermoqda edi.
Odam yig‘ildi, qavm-qarindoshlar kelishdi. Peshinda mahalla odamlari joynamoz yopilgan zambilni ko‘tarib ketishdi.
Shu bilan uyimiz xuddi qabristonday jimjit bo‘ldi-qoldi. Kampir, hatto G‘afforjonning ham tovushi chiqmas edi.
Qish chiqdi. Devorlarning kavagida qurbaqalar qurillab, tom va devorlarda musichalar hu-hulab qoldi.
Qishloqqa ko‘chish haqida ayam bo‘lak og‘iz ochmagan bo‘lsa ham, dadam shuning harakatida yurgan ekan shekilli, bir kuni xushxabar topib keldi:
– Dunyoda hali ham jannati odam ko‘p, Qudashga ko‘chamiz, hovli-joy, do‘kon ham tayyor, dedi.
Amakimning qudashlik To‘raqul vofurush55
Kosiblarning molini ko‘tara oladigan savdogar.
[Закрыть] degan bir tanishi bor ekan, shu odam dadamning qishloqqa ko‘chish niyati borligini bilib: «Bizning Qudashga ham temirchi yarashadi, ko‘chib boradigan bo‘lsangiz yo‘lingizga poyandoz solamiz», debdi va uy-joy, do‘kon va’da qilibdi. Dadam Qudashga borib uy va do‘konni ko‘rib keldi.
Ko‘chishimiz aniq bo‘lib qolgandan keyin kampir G‘afforjonni olib amakimning uyiga ketdi. Ko‘chishimizdan bir kun oldin ayam ikkovimiz kampir bilan xayrlashgani bordik. Kampir yangi uyda hamon boshiga yelka aralash doka ro‘mol yopinib, ko‘rshapalakday bukchayib o‘tirgan ekan. Ayam shod-xurram bo‘lsa ham siniq tovush bilan xayrlashdi: «Biz bilan ketmas ekansiz-da», dedi. Ayam bu gapni til uchida aytayotganini bilib tursam ham, «unaqa dema», degan ma’noda sekin biqiniga turtdim.
Shunday qilib o‘rik gulini to‘kkanda Qo‘qondan Qudashga ko‘chdik.
Внимание! Это не конец книги.
Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?