Электронная библиотека » Anvar Obidjon » » онлайн чтение - страница 2

Текст книги "Mo‘ttivoymisan, Mittivoymisan?"


  • Текст добавлен: 19 мая 2023, 23:30


Автор книги: Anvar Obidjon


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 2 (всего у книги 8 страниц) [доступный отрывок для чтения: 2 страниц]

Шрифт:
- 100% +

TANISHING – ALDAR XOLDOR!

Boyto‘ra tepakal bilan Masir yarg‘oqboshning avlodlari yoppasiga ota-buvalariga tortganini hisobga olmaganda, asosan, to‘liqsoch kishilardan iborat bo‘lgan, shunga qaramay, nimagadir, Kalto‘pi deb ataluvchi qishlog‘imizda bir yarim mingta xonadon bor. Biz mana shu kattakon qishloqning berigi chetida yashasak, opog‘otam narigi chekkasida turadi. U yoqqa yetib borgunimcha tomog‘im cho‘llab, tilim sangillab qoldi.

Itlikni bo‘ynimga olib, opog‘otamning hovlisiga buvaklardek emaklab kirdim. Kirib-la, qatorlatib ekilgan sapsargullar ostidagi ariqchaga apil-tapil oyoq tiqdim-u, tilimni chilipa-chiliplatib suv icha ketdim. Chanqog‘imni bostirgach, ayvonning taxta polidagi sholchada qo‘larrani egovlab o‘tirgan, ora-sira menga qiziqsiranib qarab qo‘yayotgan opog‘otam tomonga yurdim. Dumimni yelpug‘ichlatib borib, tovoniga bosh ishqadim, maxsilarini galma-gal iskalab, ilpang-jilpang erkalanaverdim.

Opog‘otam miyig‘ida kulimsirab, joning uzilgudek ochqagandirsanki, begonaligimdan hayiqmay, poychamga suykanayotgandirsan, deb o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Ayvon chetidagi pastak so‘rida o‘rog‘lik turgan dasturxondan bir to‘g‘ram non olib, yalangga chiqib bordida, ma, jonivor, ma, deya uni avaylab yerga qo‘ydi. Asta kelib, tuproqda yotgan nonni ko‘nglim tortmayroq hidladim. Keyin, birdaniga nafsim hakalak otib, shappa-shuppa yeyishga tushdim. O‘l deydigan odam yo‘q.

Qornimni shildiramagudek to‘ydirdim-u, hanuz arra egovlayotgan opog‘otamga boshqatdan yaqinlashib, oyog‘iga biqinimni bosdim:

– Bu – menman, opog‘otajon! Mo‘ttivoyingizni nimaga tanimayapsiz? Quruq nondan boshqa narsayam bordir bu uyda!

Gapim ichimda qolib, tashimda g‘ingshib-g‘ingshib qo‘yganim bois, opog‘otam so‘zimga tushunmadi. Faqat, qo‘lini ehtiyotlik bilan cho‘zib, boshimni bir-ikki siypalagan bo‘ldi.

Vah-vah, qanday yoqimli!

– Bo‘ldi, ko‘p yopishaverma, – deb, uzatig‘liq oyog‘ining tizzasida yelkamga beozorgina turtkiladi opog‘otam. – Menga burgangni yuqtirib yurmagin tag‘in.

Shu chol juda qiziq odam-da. Aniqroq aytsam, haddan tashqari sodda. O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, bundan bor-yo‘g‘i o‘n bir kun oldin hammomga tushgan bolada burga nima qiladi?

Iye, “bola” devordimmi? Tilimni ahvolimga moslashtirish ancha qiyinga o‘xshayapti-ku.

Arraning tishlarini o‘tkirlab bo‘lgach, opog‘otam ariqchada qo‘lini yuvib, eshigi lang ochiq turgan oshxonaga kirdi; gazga gugurt chaqib, plitadagi qozoncha ostiga o‘t yoqdi. Bog‘chada ishlovchi kelini yo nonushtadan, yo kechagidan ortgan ovqatni qozonning tagida qoldirib ketgan bo‘lsa kerak, degan taxminda to‘xtadim. Ishqilib, bizgayam ehson-pehson qilinarmikin? Uch-to‘rt yutum bo‘lsayam mayli-da.

E, yashasin-e! Xuddi ko‘nglimdagini sezib turgandek, opog‘otam idishjavonni timirskilab, chetlari uchgan eskiroq bir kosa topdi; isitilgan mastavaning quyuq-quyuq joyini o‘ziga quyib, qolganini menga atalgan idishga ag‘dardi.

Salgina o‘tib qarabsizki, opog‘otam ayvondagi so‘rida, men sapsargullar salqinida taomni yumaloq-yostiq qilyapmiz.

Opog‘otam ichidagini o‘zi biladi; mendan ahvol so‘rasangiz, quvonchim qulog‘imdan toshgudek kayfiyatdaman. Ko‘zim ovqatda-yu, ko‘nglim chamanda. Endi tayinli hovlim bor, bu uydagilar o‘zimga eskitdan qadrdon kishilar. Eng muhimi, mana, doimiy ityaloqqa ham ega chiqdim. Bitta itga bundan ortiq nima kerak?!

Ovqatni tinchitib bo‘lib-la, kosaning chetidan tishlab, ariqchadagi suvda yaxshilab chayqadim. Ityaloqni qaytib joyiga qo‘yayotganimda, “Vohh!” – degan tovush yangradi. Yarq etib o‘sha yoqqa boqsam, opog‘otam, og‘zi karrak, ko‘zi durbin bo‘lganicha, menga lol tikilib turibdi.

Buning nimasi hayron qolarli, bilmadim. Men uchun kundalik odatga aylanib ketgan bu ish – maktabga borishni boshlaganimdan beri ovqatimning idishini o‘zim yuvaman. Shunday qilmasam, buvim tinch qo‘yarkanmi? Idish-ku – idish, onda-sonda tobi qochibroq tursa, kiyimimniyam o‘zimga yuvdiradi.

Tushlikdan keyin opog‘otam do‘ppi-yu yaktagini almashtirib, ko‘cha tomonga odimladi. Darvoza oldida menga yuzlanib, boradigan bo‘lsang, yur, dedi. Tarang qilmay, shippa ortidan ergashdim. Kimsasiz hovlida yolg‘iz qolish qo‘rqinchli. Birorta katta it ivirsib kirib qolsa, u yog‘i nima bo‘lishini folchi ham aytolmaydi. Ayniqsa, butun boshli qishloqni kezib charchamaydigan o‘sha Oqchopon degan ko‘ppakning yo‘li shu tarafga tushsa bormi, ityalog‘imning bo‘m-bo‘shligini ko‘riboq, alam ustida meni tizg‘itishga tushadi.

Opog‘otam novvoyxonadan to‘rtta kulcha, do‘kondan oqqand, quruq choy sotvolib, salafan xaltani ko‘targanicha, to‘g‘ri kunchiqarga qarab yo‘l oldi. Qishlog‘imizning u yog‘i – dalalar.

Tuproq yo‘ldan, birida g‘o‘za gul tashlay boshlagan, birida bug‘doy boshoqlab qolgan paykallar, meva tugib ulgurgan bog‘lar oralab yurib; derazasining oynalari changdan xira tortgan, shiferli tomini xas-xashak qoplagan, oq devorining suvoqlari u yer-bu yeridan chizilib yorilgan, bir cheti ayvonli shiyponga yetib bordik. Shiyponning chap biqinida kattagina hovuz; hovuzning tevaragida baland-baland qoratollar; tollar ostida, oyoqlari yerga qoziqdek qoqilib, ustiga taxta qoplangan ikkita uzun-uzun stol. Stollardan beriroqdagi oq “Neksiya” mashinasining yonida kajavali ko‘k mototsikl rulini o‘sma qo‘yilgan qoshdek kerib turibdi.

– Bu – anavi kasofatining matasekili-ku! – deb qovog‘ini uydi opog‘otam.

Shiyponning o‘ng yog‘idagi xirmon chetidan boshlangan kengdan keng paykalda ekinlarni bir paytning o‘zida ham tagini yumshatib, ham o‘g‘itlab ketuvchi traktor tarillaganicha to‘xtab turar, biri novcha, biri pakana kishi traktorchi bilan nimalarnidir muhokama qilayotgandi. Novchasi – dong‘i ketgan Rahimboy fermer, pakanasi – teskari dovrug‘ qozongan Aldar Xoldor ekanini tanib olish qiyin emasdi.

Opog‘otam shiypon yaqinida to‘xtalib, tevarakka alangladi:

– Otaquuul! Shu yerdamisan?

Shiypon ichidan oldin “hov” degan tovush, so‘ng polning g‘ijirlashi eshitilib, Otaqul tog‘am uyqusiragan kepatada chiqib keldi.

– Assalomalaykum, dada. Suvchilarimiz tun bo‘yi g‘o‘za sug‘orishdi, shularga choy-poy damlab yurib, uyqum chala bo‘luvdi. Sal ko‘zim ilinibdi.

Ayvonga to‘shalgan eskiroq to‘shaklardan biriga opog‘otam, ikkinchisiga tog‘am o‘tirdi. O‘rtadagi dasturxonda katta cho‘yan choynak, uch-to‘rtta piyola turardi. Itligim xayoldan ko‘tarilib, men ham to‘shakning bir chetiga cho‘nqayganimni bilaman, tog‘am yuziga fotiha tortib bo‘liboq, kaftini selpidi:

– Chip! O‘zini yumshoq joyga urishini qarang! Buni qaysi go‘rdan topdingiz, dada?

– Bugun o‘zicha alanglanib kepqoldi. Itlarning peshanasiga yozilgani shu – sutdan chiqdimi, onasining quvg‘iniga uchraydi, o‘z joniga o‘zi qayg‘urishni o‘rganadi.

Tog‘am menga zimdan razm solib, opog‘otamga yuzlandi:

– Shuningizni olib qolsammikin? Kechqurun biron sharpa sezsa, akillab-netib turarmidi. Pishgan-pishgan handalaklarimni qanaqadir maxluq kemirib ketyapti deng.

– O‘zingga o‘rgatolsang, ana, olaqol, – dedi opog‘otam. – Juda esli it bo‘ladi shekilli. Boya ovqat quyib bersam, yeb bo‘lib, kosasini ariqchada yuvib qo‘ydi.

– Yo‘g‘-ye!!!

– Kim biladi, balki yalog‘ini ariqchaga yiqitvorib, keyin sekingina tortib olgandir. Harqalay, ko‘zimga ataylab yuvganga o‘xshab ko‘rindi-da.

– Aytganday, bu mittivoyga ot qo‘ydingizmi?

– Ana, otni o‘zing topding. Endi Mittivoy deb chaqiraver buni.

Ming tasanno! O‘zimga jippa yopishadigan ot qo‘yishdi. Mo‘ttivoy nima-yu, Mittivoy nima?

Tog‘am piyolaga choy quyib, sovigan bo‘lsayam, chanqoqni bosishga yarar, deb opog‘otamga uzatdi. Opog‘otam piyolani oldiga qo‘yib, xaltadagi narsalarni dasturxonga to‘kdi.

Ota-bola yayrabgina gurunglashib o‘tirganida, Rahimboy fermer bilan Aldar Xoldor paykaldan chiqib kelib, suhbatning beliga tepishdi. Opog‘otam o‘rnidan turib, fermer bilan quyuq ko‘rishdi, baqaloq Aldar Xoldorga esa sovuqqina qo‘l cho‘zib qo‘ya qoldi.

– G‘imm… Menga doim shunaqa ola qaraysiz, – deb tutollandi Aldar Xoldor. – Tushunsangiz-chi, kulfat faqat o‘g‘lingizning boshiga tushgani yo‘q. Ikkalamiz kasodga uchradik, ikkalamiz qiynog‘ini tortyapmiz. Odamlar tashimga qarab baho beradi, ichimdan nima o‘tganini bilguchi zot yo‘q. Kamxarjlik qursin, payti kelsa, ro‘zg‘orimdagi qozon ikki-uch kunlab jaz ko‘rmaydi. Er-xotin shakarchoyga non bulab, bir-birimizga achinqirab o‘tiramiz.

Opog‘otam unga tumtayib qaradi:

– Senga biron nima dedimmi o‘zi?

– Demaslikka demadingiz-u, baribir, ko‘zingiz meni yeyman deb turibdi. Odamni bunaqa qon qilvormangda, Yo‘ldosh aka! Ilgariyam aytganman, yana aytaman – agar o‘g‘lingizni aldagan bo‘lsam, onamning… g‘imm… onajonginamning arvohi ursin meni!

– Ho‘o‘, Xoldor, onangni go‘rida tinch qo‘y! – deb jerkindi opog‘otam. – Bilaman, qasam ichish araq ichishdek bir gap senga. Fermerlar uyushmasida senday mo‘ltoniga kim amal berdi, bilmadim. Bu idoradayam bir ishkal chiqarasan hali.

Otaqul tog‘am opog‘otamning yelkasiga qo‘lini yengilgina bosib, dada, bo‘ldi endi, qo‘ying, deb, uni tovranishdan qaytardi.

Aldar Xoldorning paytavasiga qurt tushib bo‘pti, Rahimboy, narigi fermerdayam bir ishim boridi, deya tez-tez odimlab uzoqlasha boshladi. Borib, mototsiklni o‘t oldirgach, “pat-pat”latib oldinga haydadi.

Opog‘otam uning ortidan tikilib, xudo shu qilvirgayam, hech bo‘lmasa, bittagina farzand bersaydi, boladan poklik yuqib, haromdan hafsalasi sovirmidi, deb qo‘ydi.

– Bu zang‘arning nimasidan o‘pkalaysiz, Yo‘ldosh aka, – deya, mo‘ylovining bir tomonini dikkaytirib, labini burdi Rahimboy fermer. – O‘z oti o‘zi bilan Aldar Xoldor-ku bu. Qancha-qancha odamni chuv tushirgan. Otaqulingiz nima jin urib shunga sherik bo‘ldi, o‘ylab, hech aqlim yetmaydi.

Otaqul tog‘am birdan shalvirab, nima qilay, avrashiga uchibman-da, deb past ovozda qisinqilandi.

– Ha, avrashda bunga teng keladigani yo‘q, – yuzini tepchitib jiyindi Rahimboy fermer. – Mana, hozirgina biqinimga suykanib, shiyponimning tomidagi shiferlardan yigirmatasini bo‘ron uchirib ketdi, deb ariza yozishga meni iylab turuvdi. Sug‘urta idorasida tanishim bor, pul undirib, arra qilamiz, deydi-ya. Bunaqa pulga olingan narsani bolamga yedirishdan qo‘rqaman, dedim.

– Oh, oh, oh! – deb tebrandi opog‘otam. – Zap o‘rinlatib aytibsan! Barakalla, Rahimboy! Manavi Otaqul oshnanggayam shunaqa hikmatlardan ko‘proq gapirib tur.

Buni eshitib, Otaqul tog‘am duv qizarib ketdi.

Tomorqachilardan meva-sabzavotni ko‘taramasiga olib, qo‘shni yurtlarga “fura” deb ataluvchi vagonsimon mashinalarda eltib sotish orqali ancha boylik orttirgan Otaqul tog‘am birdan kasodga uchrab, bor butidan ayrilgani qishloqda rosa shov-shuv bo‘lganidi. Buning ikir-chikirini, biznikiga xamirturush so‘rab kirgan qo‘shni kampir, mevafurush qondoshingiz katta zarar ko‘rganmishmi, deb gap kovlagach, buvim uni so‘riga o‘tqazib, ijikilanishga tushganida bilvolgan edim.

Aldar Xoldor bir kuni Otaqul tog‘amga yo‘liqib, Sho‘ro armiyasida birga xizmat qilgan jonajon o‘rtog‘i qo‘shni yurtdagi yirikkina bozorni o‘ziniki qilib olgani, yaqinda mehmonga kelib ketgani, davrimda sandig‘ingni pulga to‘ldirib tashlasang-chi, deya tan-tilanganini aytib; pishiq mevafurushligingni yaxshi bilaman, xohlasang, sherikchilikda ish qilaylik, Ota-qul, debdi. Bir o‘ris kishi chindan ham unikida uch-to‘rt kun mehmon bo‘lib yurganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani tufayli (aslida, u kishi boshqa viloyatda yashovchi tanishi ekan), tog‘am tezda tuzoqqa ilina qolibdi. Tog‘am bu yoqdan yuk jo‘natishni, Aldar Xoldor u yoqdagi “o‘rtog‘ining bozori”da pullab yurishni boshlabdi. Aldar Xoldor, avvaliga, bir-ikki marta mo‘may-mo‘may pul yuborib turgach, keyin boshqacha yo‘lga o‘tib, sen yuklarni nasiyaga olib bo‘lsayam jo‘nataver, foydadagi mablag‘imizni ulgurji lattafurushlarning qo‘lida aylantirib ko‘paytiraman, borganimda barini butunicha bo‘lishib olaqolamiz, deb telefon qilibdi. Ilgarilari tog‘amdan biror marta pand yemagani uchun qishloqdagilar meva-sabzavotini nasiyaga beraveribdi, mashina bozorga yetib borganida yo‘lkirani o‘sha yoqdagi Xoldordan olish sharti bilan yuklar “fura”larga bosib jo‘natilaveribdi.

Uch oydan so‘ng Aldar Xoldor kir-chir kiyimda qaytib kelib, keyingi mollarning bir qismi irib-chirib yetib bordi, ba’zan boshqa yurtlardan shunga o‘xshash mevalar vagonlab yog‘ilib, bozorda narx pastlab ketdi, arzonga sotib, taniniyam chiqarolmadim, talay zarar ko‘rdim, deb yig‘lamsirashga tushibdi. Tog‘am, nimaga shuni oldinroq aytmadingiz, ishni vaqtida to‘xtatardik, desa, bunisidan ziyon ko‘rsak, keyingisidan foyda toparmiz degan o‘yda o‘zimni o‘tdan cho‘qqa uraveribman men nodon, deb tuyqus ho‘ngrab yuboribdi.

– Bo‘lar ish bo‘ldi, Otaqul, – debdi so‘ng Aldar Xoldor. – Endi, nasiyaga mol bergan odamlarning yarmini men rozi qilay, yarmini sen to‘lagin.

Tog‘amning kapalagi uchib, to nasiyaga o‘tgunimcha bor pulimni ishlatib bo‘lganman, qolgan qarzlarni qanday uzaman, deb so‘rasa, Aldar Xoldor bo‘ynini bechorahol egib, unisini bilmadim, uka, shu paytgacha yig‘ib-tugib yurganim tarqat-tarqatga yetarmikin deb o‘zimniyam boshim qotib turibdi, deb munglanibdi.

Qo‘shni qishloqlik ayrim mevafurushlar ham o‘sha yurtdagi bozorda tirikchilik o‘tkazarkan, ular bu voqeani eshitib, Xoldor kasodga uchragan bo‘lishi mumkinmas, yuklar doim yaxshi yetib borganini o‘zimiz ko‘rganmiz, bozorda narx tushib ketganiyam yolg‘on, deyishibdi. Mahalla oqsoqollari bu gaplarni Aldar Xoldorga pesh qilishsa, duch kelgan maymunga ishonaverasizlarmi, ularning bari menga eskitdan g‘anim, ataylab nomimni bulg‘amoqchi bo‘lishyapti, deb shovqin ko‘taribdi.

Otaqul tog‘am, oxiri, kungurador darvozali, dang‘il-lama uyli, g‘ishtin devorlar bilan o‘ralgan hovlisini, bir gektarlik o‘rikzorini, “Kobalt” mashinasini sotib; u tomondan qaynotasining, bu tomondan opog‘otamning yig‘ib-tejab yurganini ham qo‘shib, qarzlardan zo‘r-g‘a uchma-uch qutulibdi. Qalloblik bilan talay boylik orttirib olgan Aldar Xoldor esa, nasyaga mol berganlarning yarmini rozi qilishga yashirin foydaning o‘ndan birini sarflaganmi, yo‘qmi, u yog‘i oddiy bandalarga haliyam qorong‘iligicha turganmish.

Opog‘otam kichik memaxonaga ko‘chib o‘tib, institutni bitirganidan keyin tumanda arxitektor bo‘lib ishlayotgan kenja o‘g‘li Sanaqul tog‘amni dahlizli uyga uylab qo‘ygani bois, hovlisini sotgan Otaqul tog‘am xotini bilan ikkita qizini ortiqcha imorati bor qaynotasinikiga joylashga majbur bo‘lgandi. Bir kuni Rahimboy oshnasi kelib, yangi kelinchakning yonida devanglab yurma, otang ham sen bilan tiqilishmay bemalol yashasin, deya dalasiga yetaklab ketganini eshituvdim. Endi bildimki, tog‘am shiyponga qorovullik qilayotgan ekan…

Otaqul tog‘am ma’yus qiyofada chuqur tin olib qo‘ygach, picha o‘tirib turinglar, bitta handalak so‘yib beray, deb zovur yoqasidagi poliz sari keta boshlaganida, ortidan yuragim ezilib-ezilib termildim. Yaqin-yaqindayam, hali tovoni yeyilib ulgurmagan xirom tuflini eskirganga chiqarib, boshqasiga almashtirib yurgan; meni ko‘rib qolsa, ma, muzqaymoq olib ye, deb, beli sinmagan pulni cho‘ntagimga shildiratib tiqib qo‘yadigan tamtamfe’l odam hozirgi ahvolga qanday chidayapti ekan, deb o‘ylayotgandim.

KALAMUSH BILAN OLISHUV

Tog‘am ketgach, opog‘otam shopmo‘ylov fermerning ko‘ziga zehn solib turib, to‘g‘risini ayt, Rahimboy, bu dalako‘rmagan oshnang senga og‘irini tashlab olmayaptimi, ishqilib, deb so‘radi.

– Nimalar deyapsiz, Yo‘ldosh aka! – deya e’tirozlandi Rahimboy fermer. – Mana, shiyponning ich-tashini binoyidek toza tutib kelyapti. Dam oshpazga ko‘mak bersa, dam paqirni ko‘tarvolib, paykaldagi ishchilarga yaxnachoy ichdirib yuradi. O‘g‘it omborining kalitiyam uning cho‘ntagida. Ekib bergan handalagingizni eplab-seplab pishirib olganini aytmaysizmi!

– Avvalo, yer ajratib berganingga ming rahmat, – duo ohangida so‘z qotdi opog‘otam. – Tayyor ekib berilgan handalakni pishirvolish qiyinakanmi?

– To‘g‘ri-yu lekin, ko‘rganmiz, odam tug‘ma epaqasiz bo‘lsa, shuniyam uddalolmaydi. Otaqul haqiqiy ketmonchi bo‘pketdi, qanday chopiq qilishni bir-ikki ko‘rsatishim bilanoq, qolganini o‘zi do‘ndirib tashladi. Aytdim, handalak tugasa, o‘rniga yeryong‘oq ekvoladi.

– Bilaman, o‘g‘limning yomonini yashirib, yaxshi-sini oshirib gapiryapsan. Chinakam do‘st shunaqa bo‘ladi. Otangga balli, Rahimboy!

Rahimboy fermer bir chaqmoq oqqandni sovuq choyga botirib, shimib-shimib yumshatdi; chetidan tishlayotib, menga ko‘zi tushdi-yu, opog‘otamdan otimni surishtirib olgach, tishlangan qandning yarmini tumshug‘imning tagiga itqitdi:

– Ol, Mittivoy!

Yaxshi odamdan ortgani – tabarruk, deyishadi. Sira jirkanmasdan, kappa otib qo‘yaqoldim.

Suhbat paynovlanib, gap Otaqul tog‘amning bola-chaqasi sal qisindi ahvolda qolganiga borib taqaldi. Rahimboy fermer bu to‘g‘ridayam o‘ylab yurgan ekan.

– Qirning etakrog‘iga davlat “Namunaviy qishloq” qurishni boshlab, hashamdor uylarni o‘n besh yil muddatli qarzga sotmoqchi bo‘layotganini bilasiz, Yo‘ldosh aka, – dedi u. – Shu hovlilardan bittasini Ota-qulga to‘g‘rilaymiz, mablag‘i yetmasa, qo‘llavoramiz.

Opog‘otam quvonchdan terisiga sig‘may ketdi:

– Umringdan baraka top, Rahimboy, ko‘kraging bundan keyinam ordenga to‘laversin! Yo‘qsillarga mana shunaqa qayishib yurishing xudoga xush kelgandirki, viloyatdagi to‘rtta eng oldi fermerning bittasi bo‘pturgandirsan. Ana, boshqalarning qanchasi qarzga botib yotibdi.

Tog‘am ikkita handalak ko‘tarib kelib, dasturxonga qo‘ydi; yelkasini ter tuzi oqartirgan kulrang kostumining cho‘ntagidan janaqush pichoqcha olib, bittasini so‘yishga tutindi. Yoqimli hid taralib, og‘zimda so‘lak ko‘lmaklana boshladi. Birovlarning chapir-chupirlatib narsa yeyishiga suqlanib o‘tirishdan ortiq azob borakanmi? Qani, o‘sha handalaklarni bir ko‘rsam ko‘ray-chi, deb poliz tarafga yo‘l soldim.

Polizga yetgach, o‘zimni atir-upa do‘koniga kirib qolgandek his etib, dimog‘im yashnadi. Ammo million marta afsuski, shirin hid qorin to‘ydirmaydi.

Shunda, handalaklarni nimadir kemirib qo‘yayotgani haqida tog‘am aytgan gap esimga tushdi-yu, o‘shandaqaning bittasini topib, chetidan zig‘irdaygina tishlab ko‘rgim kepqoldi. Jo‘yak ichida jovdiroqlanib borarkanman, qachondir o‘rtasidan ajrab ketgan, bir qismi yerda mog‘orlab yotgan po‘lat qaychi diqqatimni tortdi; uni oyoqda chetga surayotganimda, barglar qattiq shitirlab, kattakon bir kalamush qarshimga otilib chiqdi. Shartta yo‘lini to‘sgan edim, o‘tkir tishlarini irshaytirib, uzun tirnoqlarini do‘laytdi:

– Hey, itcha, burningni g‘arch-g‘urch tishlavolmasimdan oldin ko‘chingni yig‘ishtir! Menga yaqin yo‘lashga barzangi ko‘ppaklarniyam yuragi betlamaydi, hov!

Opog‘otam bilan bu yoqqa kelayotganimda, yo‘l bo‘yidagi tutga qo‘nib turgan g‘urrak yonidagi sherigiga qarab, ehtiyot bo‘l, dalada bir ovchi yuribdi, seni otib qo‘ysa, bolalaring ochdan o‘ladi, deb gapirgandek; uvatda o‘tlayotgan qo‘y esa, tirmashqoq qo‘zichog‘ini turtkilab, hoy, hadeb emavermagin, o‘zi bugun mazam yo‘qroq, deb hasratlangandek bo‘lib tuyuluvdi. Yarim qadamgina naridagi kalamushning do‘qini eshitganimdan keyin, itga aylanganimdan beri parrandayu hayvonlarning tilini tushuna boshlaganimga to‘la ishonch hosil qildim.

– Sal savlatliroq hayvon qurib ketmagandir! – deb piching otdim men. – Kelib-kelib, sen so‘ltamatdan qo‘rqamanmi?

Kalamushning battardan jazavasi tutdi:

– Yo‘qol deb turibman-a!

– O‘zing kapalak bo‘l!

– He, attaaang, yaxshi gapni tushinmading-ku! Endi o‘zingdan o‘pkala!

Changaktish kemiruvchi burnimga sapchishga shaylanganida, odamchasiga harakat qila olishim yana asqatib, yerda yotgan qaychi bo‘lagini oldingi oyoqlarimda mahkam tutamladim-da, bor kuchim bilan selpidim. Bunaqasini kutmagan kalamush g‘aflatda qoldi-yu, qaychi bo‘ynini yelka aralash tilib o‘tganida, “Voy, enayuuu!” – deb chiyillaganicha osmonga sakradi. To o‘ziga kelib ulgurmasidan, qaychida endi qoq kallasiga urgan edim, tap etib yiqildi, shu zayl qimirlamay qoldi. Boks musobaqasidagi hakamdek sanashga tushdim:

– Biiir, ikkii, uuuch, to‘o‘rt, beesh, oltii, yettii, sakkiiz, to‘qqiiz, o‘o‘n… Nokaut!

Nariroqda boshqa kalamush ham pisib turgan ekan, sherigini qanday sulaytirib qo‘yganimni ko‘rib, shunaqangi zuvillab qochdiki, akkashdan chinakamiga qo‘rqib, izzatimni joyiga qo‘ygani uchun uni quvalab o‘tirmadim. Faqat, ortidan dag‘dag‘alab, ho‘, tekin-tomoq, boshqa kalamushlargayam aytib qo‘y, men borakanman, bu yerga kelganlar tirik qaytmaydi, deb qichqirdim.

– Rahmat, Kuchukvoy aka!

– Qonxo‘r kalamushni boplaganingiz ajab bo‘ldi!

– Bu maraz kecha onamizni yeb qo‘yuvdi. Endi o‘zimiz zo‘rg‘alatdan qorin to‘ydirib yuribmiz…

Pastga qarasam, bir to‘p qo‘ng‘izcha menga gulduros qarsak chalib turibdi.

Yo kalamushning bor olamni titratguchi chiyilloq ovozidan, yo mening qattiq huriganimdan sergak tortganmi, Otaqul tog‘am polizga halpillab yetib kelib, oldimga yaqinlashdi. Oyog‘imning tagida shalpayib yotgan zararkunandaga ko‘zi tushdi-yu, yuziga quvonch yoyilib, e, qoyilman, Mittivoy, arslon bo‘pket-e, deganicha ismimni olqishga ko‘mizaverdi. Dumim unchalar likonlamaganidan bildimki, bu maqtovlardan ortiqcha taltayishni o‘zimga ep ko‘rmadim.

Tog‘am kalamushning uzun quyrug‘idan ushlab, shiypon sari chaqqon odimlay ketdi. Borayotib, ayvonda o‘tirganlarga murdani ko‘z-ko‘zlagan asno, manavinga qaranglar, bu handalakxo‘rni Mittivoy o‘ldiribdi, bo‘ynini kirt chaynab qo‘yibdi, deb jar soldi.

Gapni ko‘ring, bo‘ynini chaynaganmishman! Kalamush-ku – kalamush, agar kalamushga o‘xshatib pishirilgan tortni oldimga qo‘yishsayam, bo‘ynidan tishlashga hazar qilgan bo‘lardim. Tfu!

Polizdan chiqayotganimda, ichimda yana g‘alati jimirlash sezilib, boshim o‘z-o‘zidan tepaga ko‘tarilib borayotgandek bo‘ldi. To‘xtab, past-balandimga nazar solsam, oyog‘imda o‘zimning pushti krosovkam, egnimda ko‘kish jinsedan tikilgan o‘sha shim, o‘sha nimcha. Mana, u qo‘limdayam, bu qo‘limdayam beshtadan barmoq uzun-kalta askarlardek tizilib turibdi.

Sevinchim ichimga sig‘may, irg‘ishlab yubordim:

– Ureeey, itlikdan qutuldiiim!

Ayvondagilar, kalamush qolib, endi tengdan men tomonga yuzlanishdi. Ularning yoniga yetib borishim bilanoq, birinchi bo‘lib opog‘otam savolga tutdi:

– Hey, qayerdan kepqolding o‘zi? Bu yoqdaligimni kimdan eshitding?

Nima deyishni bilmay, turganlarning goh unisiga, goh bunisiga ko‘z gildiratdim. Borini boricha aytay desam, kuchuk bo‘lganimga birontasi ishonib bo‘pti, meni qiy-qiyovlab mazax qilishadi xolos.

– Bu yerdaligingizni bilmovdim, opog‘ota, – o‘nglanib oliboq, gap to‘qishga o‘tdim. – Otaqul tog‘amni sog‘inib qolganidim, so‘rab-surishtirib, topib keldimda… Handalak yeyishdan burun, bir achomlashvolaylik…

Avval opog‘otam, keyin tog‘am bilan quchoqlashdim. Rahimboy fermer bilan qo‘l berib ko‘rishdim. Ko‘rishib bo‘ldim-u, o‘tir, dasturxonga qara, deyishlarini kutishga vaqt sarflamay, atigi ikki tilikkinasi hozircha but turgan handalakka shartta chovut soldim.

Shu mahal, tog‘am birdan kuchukni eslab qolib, atrofga alangladi:

– Mittivoooy! Mittivoooy! Husht, husht! Iy, kuchugimiz qayoqqa yo‘qoldi?

– Tirmizak qahramoning yana kalamush ovlayotgandir-da, – deb kulimsiradi Rahimboy fermer. – Bor, qo‘lingni yuvib kel. Mehmonchaga handalakning unisiniyam so‘yib ber endi.

Tog‘am yerdagi kalamushni olib zovur tarafga uloqtirdi-yu, nariroqdagi ko‘mma ustunga o‘rnatilgan, ba’zilar “umivalnik” deb ataydigan osmako‘vaning tilini tepaga ko‘tarib-ko‘tarib, qo‘lini yuva boshladi. Eee, kalamushni ushlagan qo‘lni sovunlab yuvmaydimi, deb xitlandim ichimda.

Xayriyat, tog‘amning kelishini poylab o‘tirmay, opog‘otam dasturxondagi janaqushni olib, ikkinchi handalakni o‘zi so‘ydi.

Otaqul tog‘am ustundagi miqqa osilgan sochiqqa qo‘lini artib, ortga qaytdi. Kelib, to‘shakka o‘tirarkan, to‘satdan menga sinchilanib ko‘z qadadi:

– To‘xta-to‘xta, bu yoqqa kelayotib, itdan qutildiiim, deb baqirganday bo‘ldingmi? Sen bola, Mittivoyimizni kesakbo‘ron qilib haydagan bo‘lmagin tag‘in?

Yangi so‘yilgan handalakning navbatdagi luqumini shoshib yutib, tog‘amga jizg‘anoqlandim:

– Hech qanaqa Mittivoyni ko‘rmadim! Qandaydir qo‘ng‘ir kuchukka kesak otishdan boshqa ishim yo‘q-mi?!

– Hey, bola, kuchukni ko‘rmagan bo‘lsang, qo‘ng‘irligini qayoqdan bilding? Gapir!

Tuyqus dovdirab qoldim:

– Gapiraman! Nima, gapirishdan qo‘rqadi deb o‘ylayapsizmi? Anavi-i… Men sizga aytsam…

– Xo‘sh?!

– To‘ppa-to‘g‘risini aytadigan bo‘lsam… Mahallamizdagi bir o‘rtog‘imning qo‘ng‘ir iti yaqinda to‘qqizta bola tuqqanini eshituvdim. Bilsam-bilmasam, kuchugingiz o‘sha itning bolasi. Onasi qo‘ng‘ir bo‘lganidan keyin, bolasiyam qo‘ng‘ir bo‘lmay qayoqqa borardi? Endi tushundingizmi?

Rahimboy fermer, bir hiringlab qo‘yib, o‘rtaga gap suqqani jonimga ora kirdi:

– Seni sog‘inib kelgan jiyanga oqibat shumi, Ota-qul? Dalada yurganim sayin, turmushning haqiqiy shirinliklarini anglab-anglab yayrayapman deysan-u, asabing haliyam rosa joyiga tushmaganga o‘xshaydi.

– O‘sha kuchukka namuncha kuyunmasang! – deb qo‘shimcha qildi opog‘otam. – Balki, sang‘igisi kelib, tovuqxona tomonga ketgandir.

Polizdan nariroqda pastakkina uzun bino borligini ko‘ruvdim, demak, tovuqxona ekan-da.

Shu mahal, rangi uniqqan do‘ppini peshanaga qing‘ir qo‘ndirgan chuvakkina yigit kirza etikda tuproqni to‘zg‘itganicha, biz tarafga bostirib kelayotgani ko‘rindi. Rahimboy fermer dimog‘ini do‘rillatib, ana, o‘sha tovuqxona xo‘jayinining o‘ziyam kelyapti, dedi-da, uning yaqinlashishini kutmay, o‘v, Mo‘saqo‘zi, yo‘lda qo‘ng‘ir kuchukka ko‘zing tushmadimi, deb so‘roqladi. Mo‘saqo‘zi tovuqboqar ayvondan to‘rt-besh qadam narida to‘xtab, yo‘q, ko‘rmadim-a, deya boshini tebratdi.

– Ke, bolam, o‘tir, – deb, tovuqboqarni dasturxonga chorladi opog‘otam. – Handalakka rizqing qo‘shilganakan.

O‘rgilib qo‘ydim bunaqa rizqdan. O‘zi choynakdekkina handalak bo‘lsa, shungayam sherik topilmasa nimaydi!

– Bu Mo‘saqo‘zining ishlari besh, – handalakni allaqachon voshillata boshlagan ishchisini opog‘otamga maqtay ketdi Rahimboy fermer. – Tovuqxonaning yoniga uy qurib berganimizdan keyin, bola-chaqasi bilan ko‘chib kelgani yaxshi bo‘ldi. Tovuqlari shu kunlarda mingtadan oshdimi-yey…

– Yaqin orada bir ming ikki yuztaga borib qoladi. Xotinim bir qism tovuqlarga ancha jo‘ja ochtirvoldi. Xudo xohlasa, yana ochtiramiz.

– Yasha, Mo‘saqo‘zi! Ishchilarimizam seni duo qilgani qilgan. Tushlikka kunda-kun ora tovuq so‘yib beryapsan. Lekin… tuxumga qolganda, sal qizg‘anarmishsan?

– Bilasiz-ku, Rahimboy aka, haftasiga falon donadan tuxum yetkazib beraman deb makaronchilar bilan shartnoma tuzib qo‘yganman, uch g‘ildirakli mototsiklda kelib, o‘zlari tashib ketishadi. Ishchilaringiz shundan ortsa yeydi-da.

Boshing orden olishdan chiqmagur Rahimboy fermer savobga ko‘mildi – tovuqboqarni qancha ko‘p gapga solsa, men shuncha mo‘lroq handalak yeyaverdim.

Vaqillab o‘tirishga berilib, handalakdan paqqos quruq qolganini kechroq payqagan tovuqboqar, menga bir tig‘lanib olib, ro‘molchada noiloj og‘iz artarkan, nihoyat, maqsadga o‘tdi:

– Qarang, ro‘zg‘orda tuz uzilibdi. Agar, ortiqchasi bo‘lsa, bir siqimgina berib turing, Otaqul aka.

– Ana, ichkariga kirsang, uch quti tuz turibdi, bittasini olaver, ukam, – dedi tog‘am. – Ammo, xafa bo‘lmagin-u, onam rahmatli bizga uqtirgan bir gapni sengayam aytib qo‘yay, qo‘shnidan uchta narsani so‘rash uyat bo‘larkan: birinchisi – tuz, ikkinchisi – gugurt, uchinchisi – igna. Shularni doim keragidan ortiq g‘amlab qo‘yishni o‘rgangin.

Quyosh yonboshlayotganida, opog‘otam uyga qaytishga chog‘landi. Menga qarab, senam ketasanmi, deb so‘ragan edi, handalakka bir yo‘liqqanimda tuzukroq to‘yib olishdan umidimni uzmay, qiziqsiz-a, opog‘ota, biror kun yonida qolmasam, Otaqul tog‘am qattiq xafa bo‘ladi-ku, dedim.

To‘g‘risiyam shu-da!

Внимание! Это не конец книги.

Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации