Электронная библиотека » Астрид Линдгрен » » онлайн чтение - страница 2

Текст книги "Uzunpaypoq Peppi"


  • Текст добавлен: 9 апреля 2024, 21:00


Автор книги: Астрид Линдгрен


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 2 (всего у книги 6 страниц) [доступный отрывок для чтения: 2 страниц]

Шрифт:
- 100% +

Tommi va Annika ko‘rpa ostidan g‘o‘ng‘illagan bir maromdagi ovozni eshitishdi. Darhaqiqat, Peppi o‘ziga o‘zi alla aytayotgan edi. Shundan so‘ng ikkovlon ehtiyotkorlik bilan oyoq uchida xonani tark etishdi. Eshikka yetganda Peppiga oxirgi bor nazar solish uchun ortga qarashdi. Peppining yostiq yu zida yalpayib yotgan oyoqchalaridan bo‘lak hech vaqoni ko‘rishning imkoni bo‘lmadi. U uxlayotganida ham oyoq barmoqlarini qimirlatib uxlardi.

Tommi va Annika uyga tomon yugurishdi. Annika bugun topib olgan zebigardonini mushtida mahkam tutib olgandi.

– Bugun g‘alati voqealar bo‘ldi, – dedi Annika. – Tommi, nima deb o‘ylaysan, biz topib olgan narsalarni Peppi daraxt kovagiga ataylab solib qo‘ymaganmikin?

– Bilib bo‘lmaydi, – javob berdi Tommi. – Peppi bilan bog‘liq hech bir narsani aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi.

3. Peppining mirshablar bilan quvlashmachoq o‘ynagani

Tez orada shaharcha bo‘ylab «Tovuq» villasida to‘qqiz yashar qizcha bir o‘zi yashayotgani haqidagi gaplar hammaning qulog‘iga yetib bordi, lekin shaharcha aholisidan hech kimning bu gapga ishongisi kelmadi. Ularning nazdida barcha bolalarning yonida tanbeh berib turadigan kimdir bo‘lishi, barcha bolalar ko‘paytiruv jadvalini yodlash uchun maktabga borishlari shart edi. Shunday ekan, shaharcha aholisi bir ovozdan uni bolalar uyiga topshirishga qaror qilishdi.

Kunlarning birida Peppi Tommi va Annikani tushdan so‘ng bir finjon qahva hamda pepparkakor bilan mehmon qilish uchun uyiga chaqirgan edi. Peppi bazm dasturxonini orqa eshik oldidagi zina yonida tuzadi. Kun quyoshli, atrof judayam go‘zal, havoni esa Peppining bog‘idagi gullarning mayin ifori qoplagan edi. Janob Nilson ayvon panjarasi ustiga chiqib oldi, ot esa har tumshug‘ini cho‘zib erkalanganida bittadan shirinlik bilan siylandi.

– Eh, do‘stlarim, hayot naqadar go‘zal-a, – dedi Peppi oyoqlarini imkon qadar cho‘zishga urinib.

Ayni shu paytda rasmiy kiyimdagi ikki mirshab darvozadan ichkari kirib keldi.

– Ur-ra! – qichqirib yubordi Peppi. – Bugun ham omadim chopadigan kun ko‘rinadi. Politsiyachilar bu dunyoda men uchun ravochli shirinlikdan keyingi o‘rindagi eng ajoyib xilqat.

Peppi yuzida quvnoq tabassum o‘ynagancha ularni qarshi oldi.

– «Tovuq» villasiga yaqinda ko‘chib o‘tgan qiz shumi? – so‘radi politsiyachilardan biri.

– Biroz adashdingiz, bu siz aytgan qizaloq emas, bu – shahar chekkasidagi uyning uchinchi qavatida yashaydigan qari kampir.

Peppi bu gaplarni faqatgina mirshablar bilan biroz hazillashish uchun aytgan edi, lekin ularga bu hazil malol keldi. Ayni damda ular Peppiga bunaqangi tarbiyasizlik qilmasligini, shaharchadagi bir talay himmatli insonlar qizaloqni bolalar uyiga joylashtirish borasida kengashib olishganini bildirish uchun kelishganini aytishdi.

– Men allaqachon bolalar uyiga joylashib bo‘lganman-ku, – dedi Peppi.

– Nahotki?! – ishonqiramadi mirshablardan biri. – Allaqachon bolalar uyiga topshirishganmidi seni? Qaysi bolalar uyiga?

– Mana shu uyga, – dedi Peppi dimog‘dorlik bilan. – Men shundog‘am bolaman va bu yer mening uyim. Shunday ekan, bu yer ham bolalar uyi, qancha xohlasangiz, shuncha xona topiladi, bu yerda xonadan ko‘pi yo‘q.

– Bolaginam, – dedi mirshablardan biri, – sen tushunmagan ko‘rinasan. Biz haqiqiy bolalar uyi haqida gapiryapmiz, u yerda senga g‘amxo‘rlik qiladigan kishilar ham bo‘ladi.

– Bolalar uyiga ot olib borish mumkinmi? – so‘radi Peppi.

– Yo‘q, – javob berdi mirshab.

– O‘zim ham shunday deb o‘ylagandim. Unda maymun olib borish-chi?

– Bu ham mumkin emas. O‘zing tushunasan-ku.

– Unaqada o‘sha bolalar uyiga boshqalar boraversin, men hech qayerga jilmayman.

– Hech qursa maktabga borishing kerakligiga aqling yetar?

– Nega maktabga borishim kerak ekan?

– Ko‘p narsani o‘rganish uchun!

– Masalan… nimalarni?

– Ko‘p narsani, – javob qildi mirshab. – Jumladan, ko‘paytirish jadvalini ham.

– To‘qqiz yildan buyon hech qanday ko‘kartirish jadvallarisiz ham yaxshigina yashab kelyapman-ku! Menimcha, bundan keyin ham hayotim davom etaveradi.

– To‘g‘ri, lekin o‘zing bir o‘ylab ko‘r, – dedi mirshab, – bir umr savodsiz bo‘lib yurishdan uyalmaysanmi? Katta bo‘lganingda kimdir sendan Portugaliyaning poytaxti qayerda, deb so‘rasa-yu, javob berolmay uyatga qolsang, qanchalar ayanchli holat yuz berishini bir tasavvur qilgin-a.

– Nega javob berolmaskanman? Albatta, javob beraman-da. «Agar Portugaliya poytaxti haqida bilishga shunchalik oshiqayotgan bo‘lsang, bemalol Portugaliyaning o‘ziga xat yozib so‘rashing mumkin!» deyman – vassalom!

– Mayli, lekin o‘zing bu haqda bilmasligingdan xijolat chekmaysanmi?

– Balki, xijolat chekarman, – dedi Peppi. – Bordi-yu, chindan xijolat chekadigan bo‘lsam, o‘sha kech albatta ko‘zimga umuman uyqu kelmaydi, allamahalgacha o‘ylanib chiqsam kerak: Portugaliyaning poytaxti qayerda ekan, deb. Lekin darrov suyunib ketaman, – dedi Peppi biroz bukilib oyog‘ini osmondan qilib olgach, – chunki bir paytlar dadam bilan Lissabonga borganmiz-da.

Peppi gapini tugatganidan so‘ng ham oyoqlarini osmondan qilib turaverdi, chunki u har qanaqasiga: oyog‘i yerda bo‘lsa ham, osmonda bo‘lsa ham bemalol gaplasha olardi. Lekin politsiyachilardan biri unga ko‘ngliga kelgan ishni qilib yuraverishi to‘g‘ri emasligi, darhol bolalar uyiga ko‘chib o‘tishi kerakligini aytdi. Mirshab Peppining yaqiniga borib, bilagidan ushlagan edi hamki, Peppi zudlik bilan uning qo‘llari orasidan yulqinib chiqib, mirshabning o‘zini ushlab oldi.

– Tutdim! Endi yana siz quvlang! – dedi Peppi qichqirib.

Haligi politsiyachi kiprik qoqishga ham ulgurmasidan Peppi avval ayvon panjarasiga, undan oshib ayvon yuqorisidagi boloxonaga chiqib ketdi. Ikkala mirshab ham Peppiga o‘xshab birato‘la tomga chiqib keta olmasliklariga ko‘zlari yetgach, uy ichi orqali chiqmoqchi bo‘lib yugurishdi. Afsuski, ular boloxonaga yetishganida Peppi allaqachon xuddi epchil maymuncha kabi tom ustiga chiqishiga bir baxya qolgan edi. Bir soniya deganda u avval tomning uchiga, keyin esa bir sakrash bilan mo‘ri yaqiniga yetib oldi. Pastda, boloxonada ikki mirshab boshlarini qashib o‘tirar, maysazorda esa Tommi va Annika Peppiga tikilib turishardi.

– Quvlashmachoq o‘ynash naqadar maza! – dedi Peppi jarangdor ovozda. – Eh, lekin kelganingiz zap ish bo‘ldi-da. Shunaqayam omadim chopadigan kun bo‘ladimi bugun?!

Politsiya nozirlari ancha payt nima qilishni bilmay garangsib turishganidan so‘ng, borib narvon olib kelishdi-da, uni uyning bir burchagiga tirab, Peppini pastga tushirish uchun birma-bir tomga chiqa boshlashdi. Ular tomning sirpanchiq nishabliklariga oyoq qo‘yar paytda qo‘rquvdan ranglari bo‘zday oqarib, Peppi tomonga ehtiyotkorlik bilan bitta-bittalab qadam bosishdi.

– Nimasidan buncha qaltiraysizlar? Qo‘rqishga arziydigan narsaning o‘zi yo‘q-ku. Bor-yo‘g‘i vaqtimizni chog‘ qilyapmiz xolos, – dedi Peppi ularga.

Ular yaqinlashgan zahoti Peppi mo‘ri ustidan sakrab tushib, nishablik bo‘ylab yugurgancha narigi burchakka o‘tib oldi. Uyning yonginasida bir daraxt o‘sardi.

– Men hozir sho‘ng‘iyman, – dedi Peppi va qarshisidagi daraxtning quyuq barglari orasiga o‘zini urdi. Daraxtning shoxidan ushlab olib, orqa-oldinga bir muddat siltanib turdi-yu, o‘zini gup etib yerga tashladi. Chaqqon harakatlari evaziga uyni aylanib o‘tib, mirshablar qo‘ygan narvonni olib qo‘ydi.

Peppi daraxtga sakraganida mirshablar bir sharmanda bo‘lgan bo‘lishsa, bu galgi sharmandalik barchasidan oshib tushdi. Bechoralar endi yerga tushamiz deb taraddudlanishsa-yu, narvon bo‘lmasa, alam qilmaydimi? Avval boshda ularning Peppidan qattiq jahllari chiqib, tezda narvonni o‘rniga keltirib qo‘ymasa, yetti uxlab tushiga kirmagan hodisalar ro‘y berishini aytib, po‘pisa qilishdi.

– Nega menga bunchalar qo‘pol gapiryapsiz? – dedi Peppi ularga norozi nigohlarini qadab. – Axir, biroz quvlashmachoq o‘ynadik xolos-ku!

– Oh, azizam, yaxshi qizcha bo‘lib, narvonni o‘rniga qo‘yib bermaysanmi, shunda biz ham yerga tushib olardik, – dedi mirshablardan biri uzoq o‘yga cho‘mganidan so‘ng.

– Jonim bilan, – dedi Peppi va darrov narvonni o‘z o‘rniga qo‘ydi. – Pastga tushsangiz, barchamiz birgalashib qahva ichib, vaqtichog‘lik qilardik.

Biroq mirshablar tulkilik hadisini olgan edilar, yerga tushib olganlari zahoti qaytadan Peppiga tashlanib baqira ketishdi:

– Hozir ta’ziringni yeysan, mishiqi!

– O, yo‘q, kechirasizlar-u, siz bilan boshqa pachakilashib o‘tiradigan vaqtim qolmadi. Lekin sizlar bilan o‘ynash juda maroqli ekan.

Shunday degancha Peppi ikkala mirshabning ham kamaridan ushlab, bog‘ yo‘lagidan sudrab olib borib, panjaradan tashqariga – to‘g‘ri ko‘chaga uloqtirdi. Mirshablar ancha paytgacha o‘rinlaridan qo‘zg‘alolmay yotishdi.

– Hozir, bir daqiqa, – dedi u doimgiday jarangdor ovozda va oshxonaga yugurib kirib, ikki dona yurakchasimon shirinlik ko‘tarib qaytdi.

– Ta’tib ko‘rishga nima deysiz? – deb so‘radi u. – Chetlari ozroq kuygan-u, lekin bu unchalik ham ahamiyatli emas, to‘g‘rimi?

Peppi shirinlikni ko‘targancha hozirgina ko‘z o‘ngida nimalar yuz berganini ko‘rgan bo‘lsa ham, ko‘zlariga ishonolmay og‘zi lang ochilib qolgan Tommi va Annikaning yoniga keldi. Haligi ikki mirshab esa o‘rinlaridan turib, shaharchaning oliyhimmat aholisiga Peppi degan bezori qiz bolalar uyiga unchalik ham to‘g‘ri kelmasligini aytishdi (tomda qolib ketishgani haqida esa hech kimga churq etishmadi). Shundan so‘ng shaharchaning oliyhimmat xonimchalari va janoblari Peppi «Tovuq» villasida qolishi mumkin, agar maktabga borishni istasa, bu yog‘ini o‘zi hal qilsin, degan qarorga kelishdi.

Nima bo‘lganda ham Peppi, Tommi va Annika qaytadan dasturxon tuzab, vaqtlarini chog‘ o‘tkazishdi. Peppi bir yeyishda roppa-rosa o‘n to‘rtta pishiriqni paqqos tushirdi.

– Bular bir tuzuk politsiyachigayam o‘xshamaydi. Qayoqdagi bolalar uyimi-yey, ko‘kartirish jadvalimi-yey, Lissabonmi-yey deb boshingni qotirishadi, – dedi Peppi kavshanib bo‘lgach.

Shundan so‘ng Peppi otni yechdi-yu, bolalar uchovlashib otga minib, hovli ichida sayr qilishdi. Boshida Annika otga minishni unchalik ham xushlamadi-yu, lekin Peppi va Tommining zavqiga havasi kelib, Peppidan uni ham otning ustiga mindirib olishini so‘radi. Ot bog‘ ichida tinmay yo‘rg‘alar, Tommi esa kuylar edi:

 
«Shvedlar keldi, qoching,
Otliqlarga yo‘l oching».
 

Kechki payt Tommi va Annika yotoqqa cho‘zilishganida Tommi gap boshladi:

– Annika, Peppining yaqinimizga ko‘chib kelgani ajoyib ish bo‘ldi, shunday emasmi?

– Bo‘lmasam-chi! – dedi Annika.

– U kelishidan ilgari qanday o‘yinlar o‘ynaganimizni ham eslolmayman, sen-chi, eslay olasanmi?

– Albatta, kriket va shunga o‘xshash bir nimalar o‘ynar edik, – dedi Annika. – Biroq Peppi bilan o‘ynash juda-juda maroqli. Ayniqsa, ot va maymun bilan ham.

4. Peppining maktabga borgani

Tommi va Annika maktabga borishardi. Har kuni ertalab soat sakkizda aka-singil qo‘l ushlashib, sumkalarini likillatib maktabga yo‘l olishardi.

Bunaqa paytda Peppi yo otini parvarishlayotgan yoki janob Nilsonga jajji kiyimchalarini kiygizayotgan bo‘lardi. Juda bo‘lmasa, qirq uchta saltodan iborat ertalabki mashqlarini bajarayotgan bo‘lardi. Shundan so‘ng odatiga ko‘ra, nonushta stoliga cho‘kib, bahaybat finjon to‘la qahva bilan bir bo‘lak non va pishloqni xurmachasiga urib olardi.

Tommi va Annika maktabga ketayotgan payti xuddi «Tovuq» villasiga sog‘inch to‘la nigohini javdiratib qarayotganday bo‘lardi. Undan ko‘ra Peppi bilan qolib, ko‘proq o‘ynashgani afzal edi. Eh, qaniydi Peppi ham ularga qo‘shilib maktabga borsa, bu boshqa gap bo‘lardi-da!

– Bir o‘ylab ko‘r-a, maktabdan qaytayotib qancha sho‘xliklar qilgan bo‘lardik, – dedi Tommi.

– Ha, maktabga borayotganda ham, – qo‘shimcha qildi Annika.

Ular qancha ko‘p orzu qilishmasin, Peppining hech qachon maktabga bormasligini bilib, shunchalik qayg‘uga cho‘mishardi. Axiyri, aka-singil borib, Peppini ko‘ndirib ko‘rishga ahd qilishdi.

– Peppi, sen bizning o‘qituvchimiz qanchalar yaxshi ekanini bilsayding, – dedi bir kuni Tommi Annika ikkalovi uyga vazifasini tayyorlab bo‘lgach, «Tovuq» villasiga borishganida.

– Maktabga borish naqadar maza ekanini tasavvur ham qilolmaysan, – qo‘shimcha qildi Annika. – Bordi-yu, biror kun maktabga borolmasam, naq o‘lib qolsam kerak.

Peppi gavdasiga mos kursichada o‘tirgancha oyoqlarini tog‘oraga solib yuvayotgan edi. Ularning gaplariga hech qanday javob bermadi, aksincha, oyoq barmoqlarini likillatgan zahoti atrofga suv sachradi.

– U yerda ko‘p qolishing ham shart emas, – dedi Tommi, – bor-yo‘g‘i soat ikkigacha xolos.

– Ha-ha, bundan tashqari Yangi yilda, bahor va yozda ta’tilga chiqamiz.

Peppi barmog‘ini tishladi, o‘yga toldi, lekin indamadi. To‘satdan xuddi miyasiga nimadir fikr kelganday tog‘oradagi suvni to‘g‘ri oshxona poliga sepib yubordi. Uning shoshilinch harakatidan Peppiga yaqin joyda oynacha bilan o‘ynab o‘tirgan janob Nilsonning ishtoni boshdan oyoq shalabbo bo‘ldi.

– Bu nohaqlik! – qat’iyat bilan gapirdi Peppi, na bechora mittigina janob Nilsonga, na uning shalabbo ishtoniga e’tibor qaratmay. – Bu o‘taketgan nohaqlik-ku, axir men bunga hech qanaqasiga dosh berolmayman.

– Qanaqa nohaqlik? – hayron qolib so‘radi Tommi.

– To‘rt oy o‘tar-o‘tmas Yangi yil keladi, sizlarda Yangi yil ta’tili boshlanadi. Menda-chi, menda hech balo boshlanmaydimi? – Peppining ovozi yig‘lamsiraganday tuyuldi. – Menda hech qanaqa bayram ta’tili bo‘lmaydi, hattoki, arzimagan bir necha kunga ham ta’til berishmaydi, – davom etdi Peppi norozi ohangda. – Bunga chek qo‘yish kerak, darhol! Ertadan boshlab men ham maktabga boraman.

Tommi va Annika quvonganlaridan qarsak chalib yuborishdi.

– Ur-re! Ur-re! Ertaga roppa-rosa soat sakkizda seni darvozamiz yonida kutamiz.

– Yo‘q, – dedi Peppi keskinlik bilan. – Bu payt men uchun juda ertalik qiladi. Bundan tashqari, men maktabga ot minib bormoqchiman.

Peppi aytganini qilmay qo‘ymaydigan qizaloqlardan edi. Ertasi kuni roppa-rosa soat o‘nda otini ayvondan olib chiqib, yo‘lga tushdi. Sal o‘tib, butun shaharcha ahli ko‘chada ot choptirib ketayotgan chavandozni ko‘rish uchun o‘zlarini deraza yoniga urishdi. Lekin ular o‘ylagan hech narsa yuz bermadi: ot mingan shovvoz maktabga jonsarak ketayotgan o‘zimizning Peppi edi.

Uzunpaypoq otini shiddat bilan yeldirib maktab hovlisiga kirib bordi, egardan bir sakrab tushdi-yu, otni daraxtga bog‘lab, sinfxonaga shunaqangi shovqin-suron solib kirib keldiki, natijada Tommi, Annika va ularning barcha sinfdoshlari beixtiyor o‘rinlaridan turib ketishdi.

– Hammaga salom! – baqirdi Peppi, bahaybat shlyapasini silkitarkan. – Ko‘kartirish jadvalini o‘rganishga kech qolmadimmi?

Tommi va Annika ustoziga Uzunpaypoq Peppi degan yangi qizcha maktabga kelishini aytishgandi. Ustozning o‘zi ham u haqda shaharchadagi mish-mishlardan ancha narsani bilib olgandi. U juda mehribon ustoz bo‘lgani uchun ham maktabda Peppini zeriktirib qo‘ymaslikka chin dildan harakat qildi.

Hech kim uni taklif qilmagan bo‘lsa ham, Peppi shartta borib, o‘zini bo‘sh turgan o‘rindiqlardan biriga otdi. Shunda ham o‘qituvchi uning bu quloqsizligiga e’tibor bermaslikka harakat qildi.

– Maktabga xush kelibsan, mittivoy Peppi! Umid qilamanki, bilim dargohimiz senga yoqadi va bu yerda ko‘p narsalarni biz bilan birga o‘rganasan.

– Men esa umid qilamanki, tez orada o‘rtoqlarim kabi Yangi yil ta’tiliga chiqaman, bu yerga shuning uchun keldim. Shundagina adolatsizlikka chek qo‘yiladi.

– Marhamat qilib, avvalo, menga ism-sharifingni aytib yuborsang, – dedi ustoz muloyimlik bilan. – Seni ro‘yxatga qayd etib qo‘yaman.

– Ismim – Pippilotta Delikatessa Siniq Yog‘du Makrenint odamxo‘rlar qiroli, sobiq dengiz qaroqchisi kapitan Efraim qizi Uzunpaypoq. Umuman olganda, Peppi – mening laqabim xolos, otamning aytishicha, Pippilotta aytishga juda uzun ism ekan.

– Tushunarli, – dedi o‘qituvchi. – Unda biz ham seni Peppi deb chaqira qolamiz. Kel, yaxshisi, endi nimalarni bilishingni bir tekshirib ko‘ramiz. Ko‘rinib turibdiki, sen allaqachon katta qizsan, demak, ancha narsani bilsang kerak. Xo‘p, arifmetikadan boshlay qolamiz. Peppi, marhamat qilib ayt-chi, beshga yettini qo‘shsa, necha bo‘ladi?

Peppi o‘qituvchiga norozi va hayrat aralash qarab turdi. So‘ng o‘zini qo‘lga olib, dedi:

– O‘zing kap-katta bo‘la turib, bilmasang, nega mendan so‘raysan?

Barcha bolalar Peppiga o‘takalari yorilib nazar solishdi. O‘qituvchi esa unga maktabda bu tarzda hurmatsizlik qilib javob berilmasligini tushuntirdi.

– Ma’zur tutasiz, xonim, – dedi Peppi. – Bundayligini bilmagandim, boshqa qaytarilmaydi.

– Va’dangda turasan, degan umiddaman. Xo‘p, quloq sol, Peppi. Agar chindan ham javob berolmasang, unda o‘zim aytaman: beshga yettini qo‘shsa, o‘n ikki bo‘ladi.

– Ana. O‘zing bilar ekansan, mendan so‘rab balo bormidi… Voy, kechiring, yana senlab yuboribman.

Ustoz bu holatga ko‘z yumdi va savol-javobni davom ettirdi:

– Xo‘p, yaxshi, Peppi. Endi ayt-chi, sakkizga to‘rtni qo‘shsak, necha bo‘ladi?

– A-ha, salkam oltmish yetti bo‘lsa kerak, – taxmin qildi u.

– Noto‘g‘ri, – dedi o‘qituvchi. – Sakkizga to‘rtni qo‘shsa, o‘n ikki bo‘ladi!

– Xo‘p, xonim, – dedi Peppi, – lekin bu kabi jumboqlar bizga juda og‘irlik qiladi. Hozirgina yettiga beshni qo‘shsa, o‘n ikki bo‘ladi, dedingiz. Maktabda ham qandaydir tartib bo‘lishi kerak! Agar mana shu ahmoqona arifmetika deganlariga shunchalar qiziqsangiz, marhamat, bir burchakka boring-da, bemalol arifmetikangiz bilan shug‘ullanavering, biz ham hovliga chiqib, quvlashmachoq o‘ynaymiz sizga xalaqit bermasdan.

O‘qituvchi Peppiga arifmetikani o‘rgatishning foydasi bo‘lmasligini tushunib yetdi. Shundan so‘ng qo‘shish va ayirishga oid savollarini boshqa bolalardan so‘ray ketdi.

– Tommi, sen javob bera olasanmi? – dedi ustoz. – Lizada yetti dona olma yedi. Aksel esa to‘qqizta. Xo‘sh, ikkovi jami nechta olma yegan?

– Ha, Tommi, sen ayta qol, – aralashdi Peppi. – Menga ham ayt-chi, agar Lizaning qorni burab og‘risa, Akselning ham qorni undan battar burab og‘risa, bu kimning aybi bo‘ladi va ular jami olmalarni o‘zi qaysi bog‘dan o‘marishgan edi?

O‘qituvchi tag‘in o‘zini eshitmaganga olib, davom etdi:

– Annika, endi senga bir masala beraman. Gustav maktabdoshlari bilan tamaddi qilishga bordi. Uning chorak dollar puli bor edi. Gustav uyiga sakkiz sent bilan qaytdi. Xo‘sh, u qancha pul sarflagan?

– Ha, mengayam juda qiziq, – lop etib yana gapga qo‘shildi Peppi. – Bu Gustav deganlari bunchalar qo‘li ochiq bo‘lmasa. O‘zi sotib olgani bitta rangli suv-ku, shunga ham shuncha pul sarflaydimi? Ishqilib, uyidan chiqmasdan oldin qulog‘ini yaxshilab yuvganmikan-a?

O‘qituvchi axiyri arifmetikani butunlay yig‘ishtirib qo‘yishga qaror qildi. Balki Peppiga alifboni o‘rganish ko‘proq yoqar, degan fikr miyasiga kelib, tog‘ echkisi rasmi tushirilgan chiroyli qog‘ozni qo‘liga oldi. Rasm ostiga «T» harfi yozilgan edi.

– Demak, Peppi, hozir senga bir qiziq narsa ko‘rsataman. Mana bu rasmdagi hayvon – tog‘ echkisi. Oldidagi harf esa – «T».

– Yo‘q, men bunga hech qachon ishonmayman, – dedi Peppi. – Menimcha, bu hech qanday «T» emas, bu – uzun chiziq, faqat oxirida yana bitta ko‘ndalang chiziq tushgan, xolos. Lekin chindan ham qiziq ekan, tog‘ echkisi bu chalkash chiziqlarni boshiga uradimi?

O‘qituvchi Peppining savoliga javob bermadi, aksincha, xuddi boyagiga o‘xshash boshqa bir qog‘ozni oldi. Unda ilonning rasmi tushirilgan, ostiga esa «I» harfi yozilgan edi.

– O, ilonlar haqida gaplashish maza! – dedi Peppi. – Hindistonda bahaybat ilon bilan yakkama-yakka olishganim hech yodimdan chiqmaydi-da. Uning naqadar vahshiy ilon bo‘lganini tasavvur ham qilolmaysiz: uzunligi naq o‘n to‘rt metr kelardi, xuddi qovog‘ariday badjahl edi. Ilon tushmagur har kuni beshta hindni paqqos tushirar, gazakka ikkita chaqaloqni ham yamlamay yutardi. Kunlarning birida u meni ham gazak qilmoqchi bo‘ldi. Shundoq kelib meni o‘rab olganini ko‘rganingizda edi, u-uh! Lekin men ham bo‘sh kelmadim. Bor kuchimni to‘plab, boshiga bir tushirdim. Bidish-sh! O‘shanda u mana shunday ovoz chiqardi: vish-sh-sh-sh… Men esa unga yana bitta zarba berdim. Bu-um-m! Tamom! Shu bilan u asfalasofilinga jo‘nadi. Ha, xuddi shunday bo‘lgandi, xuddi kechagiday esimda. Naqadar vahimali hikoya ekanini ko‘ryapsizmi?

Peppi nafas rostlab olish uchun ham to‘xtashga majbur bo‘ldi. Endilikda yangi o‘quvchisining naqadar quloqsiz va serg‘alva qizaloq ekanligini tushunib yetgan o‘qituvchi biroz muddat o‘quvchilariga rasm chizdirish kerak, degan fikrga keldi. Shundagina Peppi ham tinchgina o‘tirib, biron nima chizishi mumkin, deb o‘yladi o‘qituvchi va barcha bolalarga qog‘oz hamda rangli qalamlar tarqatdi.

– Nima xohlasangiz, shuni chizishingiz mumkin, – dedi o‘qituvchi uy vazifalarini tekshirgani o‘tirarkan.

Birozdan so‘ng u rasm chizish jarayoni qanday kechayotganini bilish uchun bolajonlarga yuzlandi. Barcha o‘quvchilarning nigohi yuztuban yotib olgancha polda rasm chizayotgan Peppida edi.

– Quloq sol, Peppi, – dedi o‘qituvchi, – nega qog‘ozga chizmayapsan?

– Uni to‘ldirib bo‘ldim. Bergan kichkinagina qog‘ozingizda butun boshli otimning rasmini chizishga yetadigan joy yo‘q-ku. Mana hozir old oyoqlarini chizish bilan bandman, dumiga yetib borgunimcha koridorga chiqib chizishimga to‘g‘ri keladi-yov.

O‘qituvchi bir zum o‘yga cho‘mib qoldi.

– Kelinglar, yaxshisi, rasm o‘rniga barchamiz qo‘shiq kuylaymiz! – dedi u va nihoyat.

Barcha bolalar (albatta Peppidan tashqari) o‘rinlaridan turib olishdi, faqatgina u polda yotaverdi.

– O‘zlaringiz qo‘shiq kuylayveringlar, – dedi u. – Men charchadim, ozroq dam olaman. Ko‘p o‘qish hatto sog‘liqqa ham ziyon yetkazadi.

Biroq endi o‘qituvchining sabr kosasi to‘ldi! Peppi bilan yolg‘iz gaplashib olish maqsadida barcha bolalardan maktab hovlisiga chiqishlarini iltimos qildi. Ikkovlari yolg‘iz qolishgach, Peppi doska yaqiniga bordi.

– Bilasizmi nima? – gap boshladi Peppi. – Maktabda nimalar bo‘lishini ko‘rish menga judayam qiziq tuyulganidan, kelib ko‘rishni xohlagandim. Ammo bu yerga kelish haqida ortiq bosh qotirmasam kerak. Yangi yil ta’tillaringiz ham beriladimi, yo‘qmi, endi qizig‘i yo‘q. Maktabingizda olmalar, tog‘ echkilari, ilonlar va yana balo-battarlar bemaza qovunning urug‘idan ham ko‘p ekan. Shunchalar ko‘pki, boshim aylanib qoldi. Lekin siz, ustozjon, mendan ranjimaysiz, degan umiddaman.

O‘qituvchi juda ham ranjiganini, ayniqsa, Peppining o‘zini juda yomon tutganidan xafa ekanini; darsda o‘zini u singari tutadiganlar o‘qishni xohlayman, deb xarxasha qilsa ham qaytib maktabga kiritilmasligini aytdi.

– Men o‘zimni yomon tutdimmi? – hayron bo‘ldi Peppi. – Xudo haqqi, o‘zim buni bilmagandim, – dedi u g‘amgin nigoh bilan boqib.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, agar Peppi xafa bo‘lsa, bu dunyoda hech kimning ko‘zlari unikiday g‘amgin bo‘lmaydi. U shu turishida bir muddat sukut saqladi va titroq ovozda:

– Axir bir o‘ylab ko‘ring, ustoz, sizning ham onangiz allaqachon farishtaga aylangan bo‘lsa, otangiz odamxo‘rlar qiroli bo‘lsa, o‘zingiz esa butun umr dengizdan beri kelmagan bo‘lsangiz, mana bu olmalar-u tog‘ echkilariga to‘la maktabda o‘zingizni qanday tutish kerakligini qayerdan ham bilardingiz?

O‘qituvchi uni yaxshi tushunganini, Peppining harakatlaridan ortiq xafa emasligini, shuningdek, agar xohlasa, biroz ulg‘ayganidan so‘ng maktabga qaytib kelishi mumkinligini aytdi. Peppining mamnun tabassumidan yuzi yorishib ketdi.

– Siz, ustozjon, juda-juda-juda mehribonsiz. Mana bu esa mendan sizga!

Peppi cho‘ntagidan bejirim tilla soatni chiqazib, stol ustiga qo‘ydi. O‘qituvchi undan bunday qimmatbaho sovg‘ani qabul qila olmasligini uqtirdi, lekin Uzunpaypoq unamadi.

– Yo‘q, ustozjon, o‘tinib so‘rayman sizdan, sovg‘amni olishingiz shart. Yo‘qsa, men ertaga yana maktabga kelaman, shunda salomingizga yarasha alik bo‘ladi.

Peppi darhol maktab hovlisiga otilib chiqdi-yu, otiga sakrab mindi. Barcha bolalar otni bir silab qo‘yish va Peppini kuzatib qo‘yish uchun uning atrofini o‘rab olishdi.

– Eh, sizlar Argentinadagi maktablar haqida bilmayizlar-da, – bolalarni mensimay dedi u. – Borsangiz, o‘shanday maktabga boring ekan. Qishki ta’til tugashidan uch kun o‘tiboq bahorgi ta’til boshlanib ketadi. Bahorgi nihoyasiga yetgach esa yana uch kun o‘tib, yozgi ta’til boshlanadi deng. Yozgi ta’til esa birinchi noyabrda yakunlanadi. Eng qattiq o‘qiydigan vaqt ham mana shu: birinchi noyabrdan to qishki ta’til boshlanguncha, ya’ni o‘n birinchi noyabrgacha. Lekin bunga ham sabr qilsa bo‘ladi, chunki u yerning maktablarida deyarli hech qanday darslar o‘tilmaydi. Ha, Argentinada bolalarga dars o‘tish qat’iyan man qilingan. To‘g‘ri, shunaqa holatlar ham uchrab turadiki, ba’zi argentinalik bolalar shkafga yashirinib olib, dars qilib o‘tirishadi. Ammo buning turgan-bitgani xatar: o‘sha yashiringan bolani onasi ushlab olsa bormi… Tamom deyavering! Ularda arifmetika degan fanning o‘zi o‘tilmaydi hisobi. Bordi-yu, darsda birorta bola yettiga beshni qo‘shsa necha bo‘lishini bilsa, kun bo‘yi burchakda turish jazosi beriladi. Nega deysizmi? Javobni bilishini ustozga bildirib ahmoqlik qilgani uchun-da! Ularda har juma mutolaa kuni bo‘ladi, o‘shandayam agar hech kimda yo‘q kitobni topa olishsagina, mutolaa qilishadi.

– Unda ular maktabga borib nima qilishadi? – qiziqsinib so‘radi bolalardan biri.

– Shirinlik yeyishadi, – qat’iyat bilan javob berdi Peppi. – Yaqin atrofdagi qandolat fabrikasidan to‘g‘ri sinfxonaga qarab quvur o‘tkazishgan. O‘sha quvurdan tinmay qand-u shirinliklar tushib turadi. Bolalar esa kuni bo‘yi tinmay shirinlik chaynashga ulgurishsa bo‘lgani.

– O‘qituvchi-chi… nima qiladi? – so‘radi bir qizcha hayratlanib.

– Bolalar yegan qand qog‘ozlarini terib chiqadi-da, xomkalla, boshqa nimayam qilardi? – dedi Peppi. – O‘qituvchilar bu ishni o‘zlari bajarishadi deb o‘ylading-a, hozir. Shundaymi? Yo‘q, adashasan, o‘zlari bunday ishlarga qo‘l urmaydi. Aksincha, ukalarini jo‘natishadi, – bahaybat shlyapasini silkitdi Peppi.

U otiga joylashib o‘tirib olgach:

– Ko‘rishguncha, bolalar! – deya zavqlanib xayrlashdi. – Endi meni ancha payt ko‘rmasangiz kerak, lekin uyalib qolmay desangiz, Aksel nechta olma yeganini unutib qo‘ymanglar.

Peppi maktab darvozasidan qiy-chuv ko‘tarib chiqib ketdi. U otni shunchalik shuddat bilan choptirdiki, yerda yotgan shag‘allar otning tuyoqlari atrofida sochilib, sinfxonalarning deraza oynalari titrab ketdi.

Внимание! Это не конец книги.

Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации