Электронная библиотека » Bayoz » » онлайн чтение - страница 1

Текст книги "Jilg‘a navolari"


  • Текст добавлен: 16 мая 2023, 13:20


Автор книги: Bayoz


Жанр: Поэзия, Поэзия и Драматургия


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 1 (всего у книги 5 страниц) [доступный отрывок для чтения: 1 страниц]

Шрифт:
- 100% +

Jilg‘a navolari

Abdurashid HASANOV


Toshkent viloyati Olmaliq shahar “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Kengash raisi, texnika fanlari doktori, professor. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi.

SO‘ZBOSHI O‘RNIDA

Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Olmaliq shahar Kengashi huzurida 2013-yil fevral oyida tashkil etilgan “Jilg’a” yoshlar etnografik ijodiy uyushmasi Olmaliq, Ohangaron, Bo‘ka va Pskent tumanlarida yashab ijod qilayotgan yosh qalamkashlarni qo‘llab-quvvatlab, ularga ma’naviyat va madaniyat, sharqona va o‘zbekona qadriyatlarimiz, milliy o‘zligimizni yanada chuqurroq anglatish, adabiyotimizning ulug‘ mutafakkirlari, ilm-fan namoyandalari asarlarini, bir so‘z bilan aytganda, ajdodlarimiz merosini yanada teranroq o‘rganishlari va his etishlari uchun o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tamoqda. Shuningdek, yosh qalamkash ijodkorlar iste’dodini xalqimizga tanishtirish, ularning yurtimizga sadoqatli, xalqsevar va vatanparvar bo‘lib kamol topib ijod qilishlari, ilm-fan yo‘lida keng imkoniyatlardan yanada to‘laqonli foydalanishlari uchun mazkur ijodiy uyushma astoydil harakat qilmoqda. O‘tkan yillar mobaynida “Jilg‘a” a’zolari qariyb 60 nafarga yeydi, ammo ushbu to‘plamga ular orasidan o‘z ustida ko‘proq ishlaydigan, she’riyatga, adabiyotga chin ixlosmand, davradoshlari va ustozlari tomonidan e’tirof etilgan yosh ijodkorlar saralab olindi. Hozirgacha Olmaliq shahar va Toshkent viloyati bosqichlaridagi turli ko‘rik-tanlovlarda o‘z iste’dodini namoyon qilib kelayotgan yoshlarimizni rag‘batlantirish maqsadida ularning ijod namunalarini bayoz shaklida chop etishga jazm qildik. Qalbiga muhabbat, qadr-qimmat, ota-ona, Vatan tuyg‘usini mujassam etgan bu navqiron qalamkashlarning bitiklari Siz aziz kitobxonlarga manzur bo‘lishiga umid qilaman.

HECH KIMGA O‘XSHAGIM KELMADI
 
Olimlar aro bir shoirman,
Lek yolg‘on termalar termadim.
Neki yozsam qalbimga doirman,
Hech kimga o‘xshagim kelmadi.
 
 
Ilm izlab olimman demadim,
Garmsel shamoldek yelmadim,
Nomardning berganin yemadim,
Hech kimga o‘xshagim kelmadi
 
 
Egilib goh o‘ngu so‘limga,
Yurmadim shaytonning yo‘liga.
Boqmadim baxilning qo‘liga.
Hech kimga o‘xshagim kelmadi.
 
 
Nomiga tashlab ko‘z qirimni,
Tilmadim hech kimning dilini.
Sotmadim sirdoshim sirini,
Hech kimga o‘xshagim kelmadi.
 
 
Kitob, she’r ko‘ngilning mulkidir,
Olimlik, ilm el ko‘rkidir.
Nechunki qalbimda qayg‘udir,
Hech kimga o‘xshagim kelmadi.
 
 
Suratim bir mening siyratim,
Goh mungli, goh o‘ychan kuyladim.
Qalamim yurakka qayradim,
Hech kimga o‘xshagim kelmadi.
 
 
Qaranglar o‘g‘limga, qizimga,
Ukam-u singlim va izimga.
Hammasi o‘xshaydi o‘zimga,
Hech kimga o‘xshagim kelmadi.
 
 
O‘xshasam o‘xshadim otamga
Va oqsoch, soddadil onamga.
Xosdir bu xislatlar odamga,
Hech kimga o‘xshagim kelmadi.
 
 
O‘tinchim: birovga o‘xshatmang,
G‘iybatlar dog‘ida kuydirmang.
She’r yozsam shoirga tenglamang,
Hech kimga o‘xshagim kelmadi.
 

Sayyora YAKUBBEKOVA


Respublika Ma’naviyat va targ‘ibot markazi Olmaliq shahar bo‘limi rahbari.

QALBIMIZNI ZABT ETAYOTGAN YOSHLAR

Yoshlarning to‘g‘ri fikrlashi, ma’naviyatli-ma’rifatli, keng tafakkurga ega bo‘lishida o‘zimizning ozmi-ko‘pmi xissamizni qo‘shishimiz shart va majburiyatdir. Yurtimizda yoshlarga keng ko‘lamda imkoniyatlar, sharoitlar yaratilgan ayni paytda ularning bilimga, ilmga chanqoq ekanligi ko‘zni bir quvontirsa, adabiyotga, she’riyatga ixlosi baland yoshlarimiz xalqimiz diliga o‘n karra ko‘p shodlik ulashadi. Ular chin ma’noda g‘ururimiz, kelajagimizning mustahkam poydevoridir.

Shahrimizdagi turli tadbir va bayramlarda, she’riyat kechalarida “Jilg‘a” yoshlar ijodiy uyushmasini kuzatib boraman. Har biri o‘z ovozi, uslubi, teran fikri bilan ezgulik, muhabbat, inson qadrini kuylashi, ota-ona va Vatanni madh etishi qalblarni zabt eta oladi.

Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Yoshlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart”. Yoshlarning ushbu she’riy to‘plamlarini chop qilishga bel bog‘lagan tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlab, ularga ijodiy muvaffaqiyatlar, ulkan zafarlar tilayman.

Luqmon MUSULMON o‘g‘li


Sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish Markazi a’zosi, 1-DAN qora belbog‘ sohibi, “Jilg‘a” yoshlar etnografik ijodiy uyushmasi mas’ul rahbari.

YO‘L BOSHIDA

She’rlar ko‘p, shoirlar ham bisyor. Ammo ushbu ijodkor yosh qalamkashlarning o‘ziga xos ohangi va ko‘ngil kechinmalari, dildagi hasratlari, muhabbatga to‘la qalb tug‘yonlari Siz aziz kitobsevarlarga manzur bo‘lib, qalbingiz tubida aytmoqchi bo‘lgan so‘zlaringiz, dil izhorlaringiz va dardlaringiz ila sirlasha olsa, ko‘nglingizga yo‘l topib, quyosh nuridek yorita olsa, ajabmas. Turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, she’riyat anjumanlarida faol ishtirok etib, o‘z iste’dodlarini namoyon qilib kelayotgan yoshlarimiz ushbu to‘plam bilan hamshaharlari, yurtdoshlari va, albatta, ota-onalari, ustozlari oldida yana bir imtihondan o‘tishni maqsad qilishgan. Shu bilan birga, o‘zlariga bildirilayotgan ishonch va e’tiborni yanada chuqurroq his etishsa, ijodkor degan so‘zning mas’uliyatini teranroq anglashsa, ularning Vatan oldidagi, ona xalqimiz oldidagi dastlabki umidli qadamlari shu bo‘ladi. Aslida, ijoddkor uchun chinakam baht-saodat kaliti ham shu.

Sizning mehringizni dildan tuyib, yanada sog‘inib ijod qilish “Jilg‘a”ning yosh qalamkashlariga ulkan mas’uliyat va ilhom baxsh etadi.

HAZRATI INSON
 
Foniy dunyo bu dunyo, anglasang agar,
Garchi sinovlar bermish ul parvardigor.
Tug‘ilgach to beshikdan tobutga qadar
Imon keltir, nolima, hazrati Inson.
 
 
Bu sinovli dunyolar sinar bardoshing,
Birda g‘amgin, birida chaqnar quyoshing.
Boyliging ham, baxting ham – sog‘ bo‘lsa boshing,
Imon keltir, nolima, hazrati Inson.
 
 
O‘zligingni angladi dunyoyu zamon,
O‘tmishingni bilmadi notavon hamon.
Sen abadiy yashaysan dunyoda omon,
Imon keltir, nolima, hazrati Inson.
 
 
Qalbingdagi muhabbat pok bo‘lsa, kulsa,
Beshigingni tebratib ayol baxt bersa.
Buyuk Vatan tuprog‘I muqaddas ersa,
Imon keltir, nolima, hazrati Inson.
 
 
Sen buyuklik cho‘qqisin zabt eta olding,
Sen jaholat yo‘lini rad eta olding.
Ma’rifat deb jahonga zeb bera olding,
Imon keltir, nolima, hazrati Inson.
 
O‘XSHASAM OTAMGA O‘XSHAGUM
 
Kimlardir otangning o‘zisan deydi,
Yana kimdur esa pisand qilmaydi.
Biroq ko‘nglim sizni juda qo‘msaydi,
Ota, sizga bugun o‘xshagim keldi.
 
 
Yurishim, turishim sira o‘xshamas,
Erkalab suyishim sizga o‘xshamas.
Bosgan izingiz ham balki mengamas,
Biroq, Ota sizga o‘xshagim keldi.
 
 
Sizni taniganlar bag‘ri keng desa,
Haqsevar inson-da, imonli desa,
Tanimay turganlar nimadir desa,
Baribir men sizga o‘xshagim keldi.
 
 
Sizning soyangizda yurganlar bugun,
O‘zganing soyasin papalar nechun.
Dunyoga hech bir zot bo‘lolmas ustun,
Ammo o‘zingizga o‘xshagim keldi.
 
 
O‘xshasam o‘xshabman otam o‘ziga,
Soddadil, mehribon onam so‘ziga.
Dur bo‘lsam ikkisin qaro ko‘ziga,
O‘xshasam ularga o‘xshagim keldi.
 
OTAMNING SO‘ZI
 
Otalar so‘zi
Aqlning ko‘zi.
 
Xalq naqli.

 
Kun kelib ulg‘ayib voyaga yetsang,
Yaxshilik qadrini ko‘targin, o‘g‘lim.
O‘zingni unutib, o‘zingdan ketsang,
O‘zliging unutib qo‘ymagin, o‘g‘lim.
 
 
O‘zlikni anglashga kerak necha yil,
Ne-ne zamonlar-u, necha ming asr.
Tabiatan bo‘lsang mayli necha xil,
O‘zliging unutib, qurmagin qasr.
 
 
Kulba bo‘lsin mayli, qasr bo‘lmasin,
Xotirjam, sarishta o‘tsin har kuning.
Ostonangdan munglig‘, g‘amgin ketmasin,
O‘zligin unutib qo‘ymasin o‘g‘ling.
 
 
O‘zbekning o‘zligi dunyoga doston,
Xalqinga bo‘lolsang dalda-yu tirgak.
Nomardga bosh egib qo‘yma hech qachon,
O‘zligin unutib yashamas erkak.
 
 
Shu so‘zni yodingda tutsang bas shu on,
Mendan dur vasiyat qolguchi so‘zim.
O‘zbekka munosib bo‘lolsang Luqmon,
Bu dunyo, u dunyo quvnagay ko‘zim.
 
QIYNAB QO‘YDIM YURAGIMNI
 
Ming suluvning sochlariga oshiq bo‘lib,
Yolg‘onchi yor so‘zlariga bog‘liq bo’lib.
Xomxayollar og‘ushida sarhush kulib,
Yuragimni qiynab qo‘ydim, yuragimni.
 
 
Bu dunyoni yolg‘on derlar yolg’onchilar,
Asta-sekin dilni yerlar fig‘onchilar.
O‘yinchilar oyog‘ingdan yomon chalar,
Yuragimni qiynab qo‘ydim, yuragimni.
 
 
Bag‘ri-dilim bir dalli-yu devona deb,
G‘arib ko‘nglim faqat unga parvona deb.
Oymomodan bir chiroyli qiz topay deb,
Yuragimni qiynab qo‘ydim, yuragimni.
 
 
So‘gra bilsam armon ekan chin muhabbat,
Oymomodan boshqasida yo‘q tarovat.
Kechir meni, bedavoni o‘ylab faqat,
Yuragimni qiynab qo‘ydim, yuragimni.
 
 
Arzim eshit, nolimayman taqdirimdan,
Ayon bo‘lib qolgandi tush-ta’birimdan.
Bevafoni ko‘rib o‘n besh chaqirimdan,
Yuragimni qiynab qo‘ydim, yuragimni.
 
YANA QANDAY SHE’R YOZAY
 
Kimning dardi kimga ayon,
Kimning qalbi to‘la hijron.
Kimlar shodon, kimlar giryon,
Yashamoqning o‘zi armon.
 
 
Ko‘ksim to‘la armon bo‘lsa,
Quvonchlarni qanday yozay.
Do‘stim kulib sirim sotsa,
Yana qanday she’rlar yozay?
 
 
Quvonchliroq chiqsin deysiz,
Shodlik ulab bergandayin.
Qo‘yib bersam g‘ajib yeysiz,
O‘sha sotqin g‘animdayin.
 
 
Xurramlikda she’rlar bitsam,
Yoqmaydi-ku bu ham sizga.
Har misrada sevdim desam,
Deysiz, izhor qaysi qizga?
 
 
Asli dardi-alamlarim
Faqat menga tegishlimas.
Barcha do‘st-u g‘animlarim,
Tegishlisin olsalar bas.
 
 
Bu dunyoga nechun keldik,
Bir ezgulik qilolmasak.
Qayga shoshib, qayga yeldik,
O‘zligimiz anglolmasak.
 
 
Medan sira ranjimang, xo‘p,
Oqqan daryo oqaverar.
Bu dunyoda shoirlar ko‘p,
Xohlaganin yozaverar.
 
SEVGISIZ YURAK
 
Hasratim qog‘ozni bo‘yar chog‘ida,
Qaddimni qadrdon bukar dog‘ida.
Entikkan ovozni ko‘ngil bog‘ida
Kim ham bilar edi o‘zingdan bo‘lak.
Xasta bo‘lib qoldi sevgisiz yurak…
 
 
Tuhmat balolari yog‘ilsa boshga,
G‘animim kuldilar tuflab bardoshga.
Qo‘limni urganim pishmagan oshga
Kim ham bilar edi o‘zingdan bo‘lak,
Asta urib qoldi sevgisiz yurak…
 
 
Dardimni bilmaydi o‘zga birovlar,
Sabrimni sinaydi kuzda qirovlar.
Seni deb qon yutib yurganim ular
Qaydan bilar edi o‘zingdan bo‘lak.
Xasga o‘xshab qoldi sevgisiz yurak…
 
 
Sen o‘zing muhabbat, sen o‘zing hamdard,
Xasta yuragimning ko‘zyoshlarin art,
Ikki dil ishqimiz hanuz haqiqat
Ekanin kim bilar o‘zingdan bo‘lak,
Dasta gulga o‘xshar sevgisiz yurak.
 
 
Nigohing yashirgan unsiz dard ichra
Dardisar-devona, oshig‘ingdirman.
Nogahon uchirgan qoshlaring uzra
Bir parvona oshiq-mashug‘ingdirman.
 
 
Biroq, hech kim bilmas o‘zingdan bo‘lak,
Asta kuyib yashar sevgisiz yurak.
 
ZARB URMOQDALAR
 
Hech kimim yo‘q sodda onamdan bo‘lak,
Bo‘lsa hamki hamdard xokisor tuproq.
Ammo bu yurakda nolamdan falak
Faryod urar go‘yo qalamdan ko‘proq.
 
 
Har kimning ming dardi o‘ziga ayon,
Kimlar fitna bilan kun ko‘rmoqdalar.
Achchiq haqiqatni aylasam bayon,
Zimdan bolta bilan zarb urmoqdalar.
 
 
Nechun yashayapmiz dunyoda hayhot,
Do‘stman deb qo‘ymasa ko‘zing ochgani.
Ha, majbur bo‘layapti o‘tkinchi hayot
Oqibat o‘rniga qahr sochgani.
 
 
Hayot ne karomat ko‘rsatar hali,
Man-man deganlarni xo‘p sinar hali.
Xiyonat, malomat yog‘dirgan mahal
Fursat ham yetmaydi tavba qilgali.
 
 
Kel-chi, bir sarhisob qilaylik, ey do‘st,
Umrimiz so‘ngida ne qolar bizdan.
Kelajakka xitob bo‘laylik, kel, do‘st,
Tarixlar anglasin biz bosgan izdan.
 
 
Menda hech vaqo yo‘q qalamdan bo‘lak,
So‘rsa holimdan shul hol so‘rmoqdalar.
She’r bahona bir oz g‘amzada yurak,
Faryod chekib yana zarb urmoqdalar.
 
O‘XSHAYMAN
 
Kim bo‘ldim, na shoir, na bir hunarmand,
Yo sevgi bobida majnun kabi mard.
Kimga bo‘ldim shior misli asal-qand,
O‘zgalar bog‘ida yurgan o‘xshayman.
 
 
Goho g‘azablarim to‘lib-toshganda,
Yuzda kulgichingiz bolin bosganda.
Sizga tuyg‘ularim to‘kib-sochganda,
O‘zgaga o‘xshatmang debon qaqshayman.
 
 
Shirin xayol ovunch sizni o‘ylasam,
Shu o‘yni yurakda guldek asrasam.
Sizga o‘xshab ishqim hech aytolmasam,
Sog‘ingan yurakka o‘zim o‘xshayman.
 
 
O‘xshatib gohida shoh-u gadoga,
Yuragim titratib, qo‘ymang nidoga,
Bulbullar bog‘ida, jayron tog‘ida,
Izlamang axtarib xayolda shayman.
 
 
O‘xshashim qidirmang o‘zga birovdan,
Goh qish-u bahorda, yozda olovdan.
Ko‘zlarim izlamang kuzda qirovdan,
O‘xshasam Luqmonga, jonga o‘xshayman.
 

Norinboy DAVLATOV


1953-yil 10-aprelda Toshkent vi-loyati Ohangaron tumanining Bekmurodovul qishlog‘ida tug‘ulgan. 1971-1973-yillar harbiy xizmatda bo‘lgan. 1974-yildan Olmaliq mo-bel kombinatida o‘z ish faoliyatini stanokchilikdan boshlagan. Tosh-kentdagi Abdurahmonov nomidagi Mobelsozlik fakultetini sirtdan tugatgan. 1986-yildan boshlab “O‘zbekiston” shirkat xo‘jaligida brigadier, ovqatlanish bo‘limi mudiri, oldi-sotdi ishlar bo‘yicha rais o‘rinbosari sifatida mehnat qilgan. 1999-yildan nafaqa yoshigacha OTMK AJ ning 2-Mis boyitish fabrikasi (МОФ 2)da ishchi bo‘lib xizmat qilgan.

HAYOT DERLAR
 
Umr derlar oqar suv,
Zumda o‘tib ketarkan.
Kimdir ekib ketsa gul,
Birov payhon etarkan.
 
 
Hayot o‘zi shundaydir,
Kimga qayg‘u, kimga baxt.
Hadya etgan kimgadir
Ulkan boylik hamda taxt.
 
 
Kimdir axtarib rizqin
Uzolmaydi tandirdan,
Topolmayin o‘z o‘rnin
Nolishadi taqdirdan.
 
 
Yaratganim kimnidir
Omad bilan siylagan.
Boshqasiga berib dard,
Irodasin sinagan.
 
 
Baxt so‘zini kimlardir
Qorishtirar nafsiga
Nafs balosi bermas dur,
Har kim tortar nasliga.
 
 
Qo‘lda bo‘lsa hunaring,
Urma o‘zingni har yon.
Chin maqsaddan unaring
Dilga solmas g‘alayon.
 
SENI DERDIM
 
Boshmga tushsa g‘am-g‘avg‘o,
Bilginki men seni deyman.
Qilsalar ham ming bor ig‘vo,
Umrim oddiy kuni deyman.
 
 
Seni deyman, ey barno qiz,
Solsang azobu kulfatlar.
Telba desa, o‘girib yuz
Ketsa mendan do‘st-ulfatlar.
 
 
Ravo ko‘rsang gar sen menga
Azobning tikonzorlarin,
Hadya etardim men senga
Olamning bor gulzorlarin.
 
 
Sendan ko‘rsam sitam-u g‘am,
Vujudim kuydirsa olov,
Seni deb ko‘rsam-da alam,
Demagin sen meni birov.
 
 
Rozi bo‘lib men tushardim
Jahannamning cho‘g’pariga,
Ko‘ksimni qalqon tutardim
G‘animlarning o‘qlariga.
 
 
Sochlarimga tushib qirov,
Xazoniga yetsa umrim.
Yurak-bag‘rim bo‘liib olov,
Seni derdim, seni derdim…
 
TA’RIFINGIZ YO‘Q ADOG‘I
 
Borligingiz mening baxtim,
Olam uzra ulug‘ shonim.
Ham boyligim, toj-u tahtim,
Munis, mushfiq onajonim.
 
 
Uyimning siz nur chirog‘i,
Qalb qo‘rimning dur ardog‘i,
Ta’rifingiz yo‘q adog’i,
Mehribonim onajonim.
 
 
Siz borsizki obod uyim,
Saramjon-u sarishtam siz.
Fayzli o‘tar siz-la to‘yim,
Nurday oppoq farishtam siz.
 
 
Siz – suyangan ulkan tog‘im,
Ham muqaddas sajdagohim.
Men sig‘ingan ulug‘ zotim,
Mehribonim onajonim.
 
 
Izlaringiz tavob aylab,
Madh etayin dunyo bo‘ylab,
Nevaramga ertak so’ylab
Yashayvering mehribonim.
 
 
Xizmatingiz qilay doim,
Siz ko‘kdagi tanho oyim.
Soir bolam degan oyim,
Mushfiqqina onajonim.
 
OTA-ONA G‘ANIMAT
 
Ota-ona mo‘tabar zotdir,
Yaratgandan u bir inoyat.
Duolari har nega qodir,
Ammo biling, u ham hidoyat.
 
 
Ikki jonni dildan ardoqlab,
Imkon qadar qo‘lin silaylik.
Har tong kulib, holin so‘roqlab,
Izlarin to‘tiyo qilaylik.
 
 
Bu hayotning tashvishlaridan,
Mayli, cho‘l-u sahro kezaylik.
Qalqib turgan ko‘z yoshlaridan
Mehr suvin qonib ichaylik.
 
 
Ular andak horiganida,
Belga kuch-u quvvat bo‘laylik.
To‘qson yoshda qariganida,
Ko‘ziga nur, savlat bo‘laylik.
 
 
Ota-ona hayotligi ham,
Ey do‘stlarim, biling, g‘animat.
Shu borada tebratdim qalam,
Bu dunyoga hamma omonat.
 
 
Ha, do‘stlarim, dunyo omonat,
Omonatdir hatto mol-davlat.
Gar bilsangiz bu ham saxovat,
Ota-ona bizga inoyat.
 
TILNI TIYING
 
Avvalo aytay uzrim
Kelin, singil, qizimga,
Og‘ir botsa gar so‘zim
Aytavering yuzimga.
 
 
Maslahatim, singiljon,
Begingiz aziz biling.
Shirin til bilan har on
Doim hurmatin qiling.
 
 
Desangiz ahil turmush,
Yor ko‘ngliga yo‘l toping.
Bo‘lmaydi janjal, urush,
Aybin xaspo‘shlab yoping.
 
 
Yoddan chiqmasin har on
O‘zingizga zeb berish.
Farang atrin sepibon
Kamon qilib qosh terish.
 
 
Yarashadi sizlarga,
Mayli siz kimhob kiying.
Maslahatim har qizga,
Faqat siz tilni tiying.
 
 
Ko‘p narsa so‘ramaymiz,
Faqat sizdan iltimos:
Shirin so‘z, odobingiz
Ra’nolarga bo‘lsin xos.
 
 
Siz bilsangiz, erkakka
Biroz kerak e’tibor.
Yo‘l topsangiz yurakka,
Bo‘lamiz biz xizmatkor.
 
 
Der ayol bersa mehrin,
Tosh ham erib ketadi.
Sochib tirsa gar zahrin,
Yolg‘iz bo‘lib o’tadi.
 
 
Jafo qilib erkakka
Obro‘yingiz ketkazmang,
Gap tortishib ermakka
Umrin zoye o‘tkazmang.
 
 
Tildan tomsa bolingiz,
Oyni yulib beramiz.
But qilib ro‘zg‘oringiz,
Boshda olib yuramiz.
 
 
Har biringiz uyimiz
Bo‘ling aziz bekasi.
Joy olib qalb to‘rimiz,
Yuring bo‘lib erkasi.
 
OLMALIQ SULUVLARI
 
Boldan ham shirin so‘zginasi,
Misli ohudir ko‘zginasi.
O‘sha jannatda ta’riflangan
Farishtalarning o‘zginasi.
 
 
Momolarin kimligin so‘rang,
Go‘zalligin ana bir qarang,
Liboslari yarashgan biram,
Yuzlari naqsh olma tarang.
 
 
Sarv qomatiga yana qarang,
Atlasi tovlanar tovus rang,
Dur-gavhardan ham azizdurlar,
Sho‘xliklari shalola ohang.
 
 
Boqsang hushing oluvchi qizlar,
Qoshlari kamon, bodom ko‘zlar.
Ajdodlar qoni o‘tib sizga ham,
Shundanmi baringiz suluvsizlar.
 
 
Ko‘pin momo eli Nakboysoy
Hamda jannatmakon Ko‘rpasoy.
Olloh in’om etgan sizlarga
Kelishgan qad-qomat, chiroy.
 
 
Nomus-orda tog‘day baland,
Ishq-u vafoda bermaydi pand.
Bir qizga mingi shaydo bo‘lib,
Ostonasi sovchiga tirband.
 
 
Ilmga chanqoq har birlari,
Mehnatda ilg‘or barilari.
Zehni o‘tkir-u ham bilimdon
Olmaliq shahrinng hurlari.
 
 
Sizda kuchli nomus, hayo, or,
Necha yigitlar oshiq, xumor.
Ko‘z tegmasin sizlarga, qizlar,
Hamisha yo‘ldosh bo‘lsin tumor.
 
 
Uchratmaysiz Toshkent, Qo‘qonda,
Go‘zal Samarqand-u Surxonda.
Otni qamchilang, hov yigitlar,
Qolib ketmang tag‘in armonda.
 
OLMALIQ
 
Kundan-kunga gullayotgan
Sen go‘zal shahrim, Olmaliq.
Aylanayin men nomingdan,
G‘ururim, faxrim Olmaliq.
 
 
Tuprog‘ing zar ma’danga boy,
Har zarra qum, har bir toshing.
Ertang porloq, ochding chiroy
Ayni qirchillama yoshing.
 
 
Tuning yorug‘, yo‘ling ravon,
Jannatmakon bog‘-rog‘laring.
To‘kin-sochindir dasturxon,
Boylikka kondur tog‘laring.
 
 
Bag‘ringda ko‘p ilmgohlar,
O‘rta mahsus ta’limgohlar,
Soya-salqin oromgohlar,
Zamonaviy sihatgohlar.
 
 
Har qadamda yangilanish,
Bunyodkorlik ham yosharish.
Xalqim uchun qilinmoqda
Juda ko‘plab savobli ish.
 
 
Boqib to‘ymay quvonaman
O‘sayotgan kamolingga.
Gul g‘unchasidek ochilgan
O‘ta ko‘rkam jamolingga.
 
QURAMA – VATANIM
 
Bir yonim azim Chotqol
Bobotog‘imdur manim.
Bir yon keksa Qurama,
Gulshan-bog‘imdir manim.
 
 
Ko‘p sog‘inib yashayman
Dala-dasht, o‘rmonlaring.
Ko‘zga qilgum to‘tiyo
Har bitta giyohlaring.
 
 
Tanga davo havongdan
To‘yib nafas olaman,
Qaynarbuloq chamandan
Shimib sarhush bo‘laman.
 
 
Ko‘rmay qolsam gar seni
Zumda qo‘msab qolaman.
Ohu kabi qizlarining
Go’zalligin tan olaman.
 
 
Sevaman o‘rmonga boy
Moviy rang tog‘laringni,
Bulbularga makon joy
Sho‘x Kandirsoylaringni.
 
 
Cho‘lpon chalgan navodan
Yayrab bahra olaman,
Qushlarning xonishidan
Sehrlanib qolaman.
 
 
Bag‘ring yam-yashil o‘tloq,
Gul-qizg‘aldog‘im manim.
Ovjaz atalmish tuproq
Aziz qarog‘nim manim.
 
HAVASIM KELDI
 
Qurama qizlariga havasim keldi biram,
Hay-hay, bo‘lmasa buncha maftunkor, yana ko’rkam.
O‘xshashi yo‘q hech yerda, ana siz ham bir qarang,
Yuzlari naqsh olma kabi taram-u taram.
 
 
Yozida ham qori ketmas anov tog‘laridan,
Anbarlar ifori taralur gul bog‘laridan,
Quramaning qizlari, bu Quramaning qizlari
Go‘zallikni olgan lolaqizg‘aldoqlaridan.
 
 
Boqib lol bo‘lasan misli jayron ko‘zlariga,
Diling yayrar jon olguvchi shirin so‘zlariga.
Xushro‘ylik, ibo-hayo, mujassam bo‘lib bari,
Nomussizlikni or deb bilishar o‘zlariga.
 
 
Mahliyo etib sarv, xushbichim bo‘ylariga,
Sehrlandim momomeros lapar-u kuylariga.
“Dilxiroj”, “Tanovor” xiromiga ko‘zim quvnab,
Qoyil qoldim men o‘lansiz o‘tmas to‘ylariga.
 
 
Faqat suqlanib boqmang o‘smali qoshlariga,
Milliy do‘ppi yarashgan shu aziz boshlariga.
Siz ham mendek havas-la besh keting, ey do‘stlarim,
O‘zlaridek sohibjamol o‘shal izdoshlariga.
 
 
Yurti jannatmakon o‘zbegimning hurlariga,
Osuda osmon, ham baxt tilayman har birlariga.
O‘z sevgisiga sodiq mard o‘glonlar yor bo‘lsin
Sharqning sizlardek vafodor nozik gullariga.
 
AZIZA
 
Bir ko‘rganda qalbing oladi,
Dillarga ishq o‘tin soladi.
Aziza qiz, bu sho‘x Aziza,
Etding meni darvesh sen qiz-a!
 
 
Mayda qadam tashlab o‘tasan,
Yurakka o‘t solib ketasan.
Meni buncha qiynab netasan,
Aziza qiz, jonim Aziza.
 
 
Chiroyingga men lol-u hayron,
Etding jonim sen dilim vayron.
Yo‘llaringda bo‘dim ko‘p sarson,
Azizam, jonim sen Aziza.
 
 
Halovatim sen olib ketding,
Ishq balosiga solib ketding.
Aziza qiz, jon qiz Aziza,
Etding meni darvesh sen qiz-a!
 
 
Bir ko‘rmoqqa etding meni zor,
Sog‘inib seni bo‘ldim xumor.
Senga aytar ko‘p so‘zlarim bor,
Kuydirma sen, kelaqol, dildor.
 
 
Kelsang zar to‘shayin yo‘lingga,
Dasta gullar tutay qo‘lingga,
Sadoqatli bo‘lay men senga,
Kelgin tezroq, kel, jon Aziza.
 

Jahongir RASULOV
Qubbiltoy o‘g‘li


1992-yil 11-iyunda Bo‘ka tumanida tavallud topgan. Olmaliq shahar Sanoat kollejining Tog‘-kon qidiruv ishlari yo‘nalishida tahsil olgan. 2011 yildan OTMK MBF sexida nasos qurilmalari mashinisti bo‘lib faoliyat yuritib kelmoqda. Adabiyot va she’riyatga ixlosi baland yosh ijodkor 2014 yildan “Jilg‘a” yoshlar etnogrofik ijodiy uyushmasi a’zosi.

BAXTLI BO‘LSANG BAS
 
Mayli meni sevma, sevaman dema,
Kutsam ham yo‘lingni, mayliga kelma,
Men uchun o‘ylanib, g‘amimni yema,
Iltimos, men uchun baxtli bolsang bas.
 
 
Mayli unut meni, eslama hech ham,
Men uchun bo‘lmasin ko‘zing also nam,
Sendan yiroq bo‘lsin qayg‘u va alam,
Iltimos, men uchun baxtli bo‘lsang bas.
 
 
Mayliga ko‘zingni bir bor ko‘rmasam,
Hech zamon holingni ne deb so‘rmasam,
Seningsiz ahvolim xarob bo‘lsa ham,
Iltimos, men uchun baxtli bo‘lsang bas.
 

Внимание! Это не конец книги.

Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!

Страницы книги >> 1
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации