Электронная библиотека » O‘tkir Hoshimov » » онлайн чтение - страница 11

Текст книги "Dunyoning ishlari"


  • Текст добавлен: 16 мая 2023, 13:42


Автор книги: O‘tkir Hoshimov


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 11 (всего у книги 43 страниц) [доступный отрывок для чтения: 14 страниц]

Шрифт:
- 100% +
XO‘JA

Bolaligida hammaning ham tishi tushadi. Meniki g‘alati bo‘lgan: birinchi tishimni urib tushirishgan. Bunga Xo‘ja sababchi bo‘lgan.

Bu bolani nimaga bunchalik yaxshi ko‘rib qolganimni bilmayman. Ehtimol yuvoshligi uchundir. Ehtimol, ko‘zlari doimo javdirab turishi uchundir. Odam bir narsani judayam aytgisi kelsa-yu aytolmasa, ko‘zi shunaqa – har kimga bir qarab javdirayveradi. Xo‘janing ko‘zlari shunaqa edi.

Hordiq kunlari dadam bilan oyim nonushta paytida «Nekalay» zamonidan qolgan samovarni o‘rtaga qo‘yib uzoq suhbatlashib o‘tirishar edi. Bir kuni dadam tajang bo‘lib gapirib qoldi:

– O‘ziyam ja-a-a Xudo urgan xotin ekan-da, o‘sha Ra’no! Mana, Egamberdi omon-eson keldi-ku! O‘larmidi likillamasdan ko‘milib o‘tirsa!

Oyim bir nuqtaga tikilgancha o‘yga toldi. Ko‘zlariga g‘ussa cho‘kdi.

– Boshidayam-ku, yulduzi yulduziga uncha to‘g‘ri kelmasdi-ya, – dedi sekin. – Ammo baribir chatoq bo‘ldi. Ikki orada bola bechora tirik yetim bo‘lib qoldi.

Tushundim, Xo‘jani gapirishyapti. Dadasi urushda yurganda oyisi boshqa odam bilan Chirchiq degan joyga qochib ketgan ekan…

Oyim aytgan «tirik yetim» degan gapning ma’nosini tushunmasam ham Xo‘jaga rahmim kelib ketdi. Unga qanchalik rahmim kelsa, oyisini shunchalik yomon ko‘rib qoldim.

Xo‘ja buvisi, dadasi bilan katalakdek hovlida turardi. Egamberdi akaning jahli yomon. Doim yaltiroq tugmachali jigarrang kitel kiyib yuradi. Gapirganida duduqlanib qoladi. Chap qo‘li tayoqday osilib turadi. Xo‘janing aytishiga qaraganda, urushdan keyin ham bir yilcha gospital degan katta kasalxonada yotgan ekan. Doktorlar qo‘lini kesmoqchi bo‘lganida, hammangni otib tashlayman, degan ekan, qo‘rqib kesishmabdi. To‘pponchasi bormish. Onangni qayerda ko‘rsam, peshonasidan otib tashlayman, derkan…

O‘sha kuni odatdagidek men echkimni, Xo‘ja buzog‘ini yetaklab, o‘tloqqa olib bordik. Mening echkim sersut, yuvoshgina-yu, ammo bir aybi bor. Ko‘zni shamg‘alat qilib, uloqchalarini to‘yg‘azib, emizdirib oladi. Shundan qo‘rqib oyim yeliniga xalta bog‘lab qo‘yadi. Xo‘janing buzog‘i esa qayerda latta ko‘rsa yamlab qo‘yadi. O‘shanda kelib-kelib jo‘raboshimizning shinelini chaynamaganida olam guliston edi. Hammamiz qiy-chuv solib o‘ynayotgan edik, jo‘raboshimiz alam bilan do‘rillab qoldi:

– Shinelim! Shinelimni yeb qo‘ydi!

Shunday degancha kattakon tayog‘ini ko‘tarib tol soyasida allanimani maza qilib chaynayotgan buzoq tomonga yugurdi. Hammamiz turgan joyimizda qotib qoldik. Jo‘raboshimiz dadasi urushdan olib kelgan shinelini jonidan ham yaxshi ko‘rar, qishda etagini osiltirib kiyib yurar, yozda ham qo‘ldan qo‘ymasdi. U bora solib buzoqning gardaniga tayoq bilan bir tushirdi. Buzoq sho‘rlik shinelining yengidan tishlaganicha, dumini xoda qilib qochdi. Jo‘raboshimiz jonholatda shinelga yopishdi. Buzoq anchagina joyini yamlab bo‘lgan ekan, yengining yarmigacha so‘lak bilan qo‘shilib cho‘zilib og‘zidan chiqdi.

Bolalar yetib kelganida jo‘raboshimiz g‘alvir bo‘lib ketgan yengni ushlagancha bo‘zrayib o‘tirar edi. Xo‘jani ko‘rdi-yu jazavasi qo‘zib ketdi.

– Nima qilding?! – dedi g‘azab bilan.

Xo‘ja, buzoq emas, o‘zi aybdordek ko‘zlarini javdiratgancha goh jo‘raboshiga, goh shinelga tikilib lol turardi.

– Endi nima qilaman buni! – jo‘raboshi shinelni yerga uloqtirdi. – Moling ham o‘zingga o‘xshaydi! Xo‘jalar peshindan keyin aynaydi. Oying ham aynab, o‘ynashi bilan qochib ketgan!

Oramizdan tikroq bolalar chekka-chekkadan piqillab kulib yuborishdi. Toy angraygancha burnini sekin tortib qo‘ydi.

Ertalab dadamdan eshitgan gapni esladim-u qo‘rquv ichida Xo‘jaga qaradim. U bir zum hammaga javdirab qarab chiqdi-da, to‘satdan jo‘raboshiga tashlandi. Ammo o‘sha ondayoq chakkasiga tushgan musht zarbidan ancha nariga uchib ketdi.

– Nega urasan! – dedim alam bilan chiyillab. Akalarim o‘rgatganidek, mushtimni iloji boricha qattiqroq qisib, jo‘raboshiga yugurdim, u bo‘lsa, urib ham o‘tirmadi. Kafti bilan jag‘imga bir turtgan edi, chalqanchasiga ag‘darilib tushdim. Og‘zim sho‘r bo‘lib ketdi. Ko‘zimni ochsam, tepamda Toy turibdi.

– Tur, – dedi qo‘limdan tortib. – Yomon urdimi?

– Ikkalang ham yo‘qol! – dedi jo‘raboshi do‘rillab. – Bugundan boshlab molingni jiydazorda boqasan.

Birpasdan keyin Xo‘ja buzog‘ini, men echkimni yetaklab, qing‘ir-qiyshiq jiydalar orasiga kirib ketdik. Jiydazor etagida Qonqus oqar edi, qirg‘oqqa borib o‘tirdik.

– Og‘zing qonayapti, – dedi Xo‘ja yuzimga tikilib.

Kaftimni orqasi bilan artsam, qo‘lim qon bo‘ldi. Shu paytgacha bilmaganimga o‘zim ham hayron qoldim. Tupurib tashladim-u oldimdagi kurak tishim ilinib turganini payqadim. Qo‘lim tegishi bilan tishim sug‘urilib chiqdi.

– Tishingni sindirdimi? – Xo‘ja ko‘zimga shunday javdirab tikildiki, og‘riq ham esimdan chiqib ketdi.

– O‘zi liqillab turuvdi, – dedim tishimni tomosha qilib.

Endi uloqtirib yubormoqchi edim. Xo‘ja qo‘limdan ushladi:

– Shoshma! Mana bunday o‘tir. – U meni suvga teskari qilib o‘tqazdi. – Ko‘zingni yumasan-da, «Suyak tishimni ol, tilla tishimni sol», deb uch marta aytasan. Tishingni yelkangdan oshirib, anhorga otib yuborsang, yangi tishing tilla bo‘lib chiqadi.

Men Xo‘janing aytganini qildim.

– Endi og‘zingni yuvib ol, – dedi u ko‘zimga termilib.– Meni aytdi dersan, kuzgacha tilla tish chiqadi.

Keyin ikkovimiz anhorga tikilgancha uzoq jimib qoldik. Suv unsiz oqar, narigi sohilda qamishlar qilt etmay turar, ora-chora qaldirg‘ochlar suvga tumshug‘ini tekizib, «viyt» etgancha, yana havoga ko‘tarilar edi. Xo‘ja jo‘raboshining boyagi gapini o‘ylab o‘tirganini bilardim-u, nima deyish, nima qilishga aqlim yetmasdi.

– Juda katta-a? – dedim anhorga imo qilib.

– Shuyam katta bo‘ptimi? – Xo‘janing ko‘zlarida birdan o‘t chaqnadi. – Chirchiqda shunaqa katta daryo borki, ichida akulalar suzib yuradi.

– O‘zing ko‘rganmisan? – dedim ishonmay.

– Bilaman-da! – Xo‘ja orzumandlik bilan xo‘rsindi. – O‘sha daryoning bu betidan u betiga bemalol suzib o‘taveraman.

– Suzishni bilmaysan-ku?

– Oyim o‘rgatadilar.

– Akula yeb qo‘ysa-chi?

– Akulang nima bo‘pti! Dadamga aytaman, to‘pponcha bilan otib tashlaydilar. – U shunday dedi-yu birdan noto‘g‘ri gapirganini payqagandek, jimib qoldi. Ko‘zlari javdiragancha teskari qaradi. Bir zum suvga tikilib o‘tirdi-da, xo‘rsindi. – Yur, mollarga qaraylik. Chakalakka kirib ketmasin…

Ertasiga akalarim jo‘raboshining ta’zirini berib qo‘yishdi shekilli, echkimni o‘tloqda boqishga ruxsat tegdi.

– Lekin anovi Xo‘jangga aytib qo‘y, yalmog‘iz buzog‘ini yana olib kelsa, jig‘ini ezib qo‘yaman! – dedi jo‘raboshimiz ko‘kargan qovog‘ini silab.

O‘zimga qolsa echkimni jon deb o‘tloqda boqardim-u Xo‘janing bir o‘zini jiydazorda qoldirgim kelmadi. Nima qipti, bu yerda ham o‘t ko‘p. Har kuni o‘ynaydigan futbol bilan chillakdan mahrum bo‘ldik. Ammo Xo‘ja bilan sira zerikmasdim. Shunaqangi narsalarni biladiki! Bu yerdan olisda, judayam olisda, tog‘lar orqasida Chirchiq degan shahar bor. Shunaqa katta shaharki, uning oldida Toshkent nima bo‘pti! U yerda shunaqangi katta daryo oqadiki, ichida uydek-uydek kemalar suzib yuradi. Xo‘janing oyisi qachon xohlasak bizni o‘sha kemalarga olib chiqaveradi. Xohlasak, baland tog‘larga chiqamiz. U yerdan butun dunyo ko‘rinadi. Bizning uyimiz ham, Xo‘jalarniki ham, Xo‘janing dadasi ham, hamma-hamma!

Bular hammasi yaxshi-yu, Xo‘janing bir odatini tushunolmasdim. Gapirib turadi-turadi-da, birdan jimib qoladi. Anhorga tikilgancha bir narsalarni o‘ylab o‘tiraveradi, o‘tiraveradi. Shunaqa paytlarda zerikib ketaman.

Bir kuni uni yo‘qotib qo‘ydim. Jiydazor ichkarisiga kirib ketgan echkimni qaytarib kelguncha terlab ketdim. U yoqdan haydasam, bu yoqqa qochadi. Chakalak ichiga kirib oladi-da, masxara qilgandek, dumini likillatib, qisqagina ma’rab qo‘yadi. Oldiga boray desam, jiyda tikanlari hammayog‘imni tirnab tashlaydi. Alam ustida kesakbo‘ron qilib yaydoq joyga olib chiqqunimcha kun botdi. Qarasam, Xo‘janing buzog‘i daraxtga bog‘loqlik turibdi-yu, o‘zi yo‘q. Yugurib, ikkalamiz o‘tiradigan suv bo‘yidagi do‘nglikka bordim. Yo‘q, u yerda ham ko‘rinmaydi.

– Xo‘ja-a-a! – dedim baqirib.

Oqshom zulmati bostirib kelayotan jiydazor orasida «a-a-a» degan sado keldi. Birdan yuragimni vahima bosdi. Akalarim jiydazorda ajina bor, deyishar edi. Xo‘jani ajina chalib ketgan bo‘lsa-chi?! Ovozim boricha chinqirib yubordim:

– Xo‘ja-a-a!

Yana o‘sha sado keldi. Akamning allaqaysi kitobida olti qo‘lli odamning rasmini ko‘rgan edim. G‘ira-shirada jiydalar xuddi o‘shanaqa vahimali maxluqlardek qing‘ir-qiyshiq «qo‘llari»ni cho‘zib turishar, yugurgan sayin ustimga bostirib kelayotanga o‘xshar edi. Qo‘rqib ketganimdan tikanlarni bosgancha jonholatda yugurdim. Jiyda tikanlari yuz-ko‘zimni timdalar, oyog‘imga yantoqlar kirayotganini bilardim-u, ammo to‘xtay olmasdim.

Bir mahal ro‘paramda Xo‘ja paydo bo‘ldi.

– Qayoqda yuribsan? – dedim ovozim qaltirab.

Xo‘ja qo‘limdan mahkam ushlab oldi. U ham qo‘rqib ketgan bo‘lsa kerak, nuqul titrar edi.

– Aytmaysan-a? – dedi sekin. – Hech kimga aytmaysan-a?

Shundagina nariroqda, jiydaning panasida turgan qora ko‘ylakli ayolni ko‘rdim.

– Oyi! – dedi Xo‘ja sekin, iltijoli ohangda.

Shunda hammasini tushundim. Xo‘janing oyisi hamon qimirlamay turar, xuddi sehrlanib qolganga o‘xshar edi. Xo‘ja ko‘zimga termilib, tag‘in yalindi:

– Aytmaysan-a?

Men indamadim. Ammo bu sirni hech kimga, hatto oyimga ham aytmasligimni bilib turardim. Shu ondayoq yana bir narsani angladim. Bu yerdan tezroq ketishim, xalaqit bermasligim kerak.

Tezroq bo‘l! – dedim-u Xo‘janing buzog‘i bog‘langan joyga yugurib ketdim…

* * *

Xo‘ja va’da qilgan tilla tish kuzda ham chiqmadi. Biroq endi buni o‘ylashga vaqt qolmagan, ikkalamiz uchun ham yangi hayot – maktab hayoti boshlangan edi. Bizning uyimiz maktab yo‘lida bo‘lgani uchun Xo‘ja har kuni ertalab chaqirib kelardi. Zog‘ora nonni echki sutiga bo‘ktirib yemabsiz, dunyoga kelmabsiz! Erta bilan oyim ikkalamizning oldimizga tovoqda sut bilan zog‘ora qo‘yar, Xo‘ja harchand tortinchoqlik qilmasin, yeb turib ketmaguncha hol-joniga qo‘ymasdi.

Bir kuni Xo‘ja kelmadi.

– Sen boraver, – dedi oyim. – Bugun Xo‘ja maktabga bormasa kerak.

Darsdan qaytdim-u mehmonlar kelganini darrov bildim. Ayvon zinasida yangi amirkon tufli yaraqlab turar, ichkarida oyim allakim bilan chaqchaqlashib suhbatlashar edi. Uyga kirishim bilan eng avval Xo‘jaga ko‘zim tushdi. U uy to‘rida yong‘oq, mayizlar bilan bezatilgan xontaxta oldida o‘tirardi. Yonida esa onasi o‘tirar, oyimning gaplariga diqqat bilan quloq solgancha, yong‘oq pallasidan mag‘iz ajratib, nuqul Xo‘janing oldiga surib qo‘yardi. O‘shanda, qorong‘ida aniq ko‘rmagan bo‘lsam ham, bu xotin Xo‘janing oyisi ekanligini darrov bildim. Ostonada bir zum turib qoldim. Qachondir bu xotinni yomon ko‘rib qolganim uchunmi, uni xunuk, juda xunuk deb o‘ylardim. Yo‘q, judayam chiroyli ekan. Qarg‘ashoyi ko‘ylagi ham, qop-qora sochlari, yuzidagi xoli ham, Xo‘janikiga o‘xshagan ko‘zlari ham chiroyli edi.

U meni ko‘rdi-yu katta odamni izzat qilgandek, dik etib o‘rnidan turdi. Oyimga o‘xshab, bag‘riga bosib ko‘rishdi. Peshonamdan o‘payotganida dimog‘imga atir hidi urildi. Oyim hech qachon atir sepmagani uchunmi, bu isdan boshim aylanib ketdi.

– Kel, jonim, – dedi yonidan joy ko‘rsatib. – Birpas oldimda o‘tir. – U yonboshda turgan sumkaning zanjirini g‘ijirlatib ochdi-da, sarg‘ish qog‘ozga o‘roqliq allanima uzatdi. – Ma, jonim!

Qog‘ozni ochishim bilan ko‘zim charaqlab ketdi. Bu– usti xuddi katak daftarga o‘xshash shokolad edi. Quvonch bilan Xo‘jaga qarab qo‘ydim. Uning ko‘zlarida shodlik uchqunlari porlab turar edi.

Shu payt hech kutilmagan voqea ro‘y berdi. Eshik sharaqlab ochildi. Xo‘janing oyisi yarq yetib qaradi-yu ilon chaqqandek sapchib o‘rnidan turib ketdi. Ostonada yaltiroq tugmali kitel kiygan Egamberdi aka turar, rangi quv o‘chib ketgan, nuqul titrar edi. Dahshatdan qotib qoldim. Hozir cho‘ntagidan to‘pponchasini oladi-yu Xo‘janing oyisini otib tashlaydi.

– Nega k-k-kelding?! – dedi u g‘azabdan tili tutilib. – Nima k-k-kerak senga?! – Endi uning butun vujudi, hatto boshi ham qaltirab ketdi. Har doim tayoqdek osilib yotadigan chap qo‘ligacha titrab ketgandek bo‘ldi. – Nima k-k-kerak, ayt! – dedi lablari pirpirab.

Xo‘janing oyisi rangi o‘chgan, boshini quyi solganicha devorga suyanib turardi. Qo‘rquv aralash yana Egamberdi akaning o‘ng qo‘liga qaradim. Yo‘q, to‘pponchasi yo‘q ekan. U birdan oyimga yuzlandi.

– Uyalmaysizmi, opa! – dedi hamon lablari pirpirab. – Q-qo‘shmachilik q-q-qilgani uyalmaysizmi!

Boyadan beri indamay turgan oyim endi tilga kirdi:

–Bandasidan uyalmasangiz, Xudodan qo‘rqing, ukam,– dedi sekin. – Ona-bola diydor ko‘rishsa, qo‘shmachilik bo‘ladimi? – negadir uning ko‘zlarida yosh qalqidi.– Etni tirnoqdan ajratib bo‘larkanmi?

– M-men emas, m-mana bu ajratgan! – Egamberdi aka sog‘ qo‘lini bigiz qilib, Xo‘janing oyisini ko‘rsatdi. – M-mana shu ajratgan!

Xo‘ja goh dadasiga, goh oyisiga javdirab qarar, ammo indamas edi.

– Turmush o‘lsin, aylanay, – dedi oyim o‘pkasi to‘lib.– Kim shunaqa bo‘lsin, debdi. Urush bo‘lmaganda…

– Urush! – Egamberdi aka shunday hayqirdiki, uy ichi zirillab ketdi. – M-men q-qonga belanib yotganimda, bu q-q-qanjiq birovning q-qo‘ynida yotgan!

Shu gapdan keyin Xo‘janing oyisi sekin egilib, sumkasini oldi-da, eshikka yo‘naldi. Egamberdi aka xuddi hazar qilgandek nari surildi. Shunda boyadan beri indamay turgan Xo‘ja onasiga talpindi.

– Oyi-i-i! – dedi iltijo bilan.

Uning ovoz chiqarmasdan, yosh to‘kmasdan yig‘lab turganini his etdim. Yo‘q, uning ko‘zida yosh yo‘q edi. Faqat onasiga qarab javdirardi.

Onasi sekin yurib qaytib keldi. Ohista egilib, Xo‘janing ikki yuzidan o‘pdi.

– Dadangni xafa qilma, – dedi-yu tez-tez yurib chiqib ketdi.

– Oyi-i-i! – dedi Xo‘ja umidsiz, ojiz tovushda. Biroq orqasidan chopmadi. Uy o‘rtasida to‘xtab qoldi.

Egamberdi aka yana bir zum boshi titragancha qarab turdi-da, eshikni qarsillatib yopib, chiqib ketdi. Oyim lablarini tishlagancha hiqillab yig‘lab yubordi. Ildam kelib, Xo‘jani bag‘riga bosdi.

– Aynovni-ya! – dedi uning boshini silab. – Qo‘yaver, oying yana keladi.

Tomog‘imga bir narsa tiqilib qolgan, nafas olishga qiynalardim. Bir mahal qo‘limga nimadir yopishayotganini payqadim. Qarasam, shokolad erib ketibdi. Nima qilishimni bilmay, Xo‘jaga uzatdim.

– Ma, ishkalad yeysanmi?

Xo‘ja indamay turar, ko‘zlarida kattalarnikiga o‘xshash tushunib bo‘lmaydigan chuqur ma’no bor edi.

O‘sha voqeadan keyin bir oycha vaqt o‘tgach, Xo‘janing dadasi uylandi. Oyimning ta’biri bilan aytganda, sovigan oshdekkina to‘y bo‘ldi. Faqat Zebi xola dutor chertib, yo‘g‘on, shirali ovozda ashula aytganida to‘yxona jimib qoldi.

 
Shishani zargarga berdim to‘tiyo bo‘lgaymi deb,
Chin ko‘ngilni yorga berdim oshno bo‘lgaymi deb…
 

Hamma-hamma bilan, tavanxonada o‘tirgan oyim biz bilan, nuqul Xo‘jani chaqiradi, goh cho‘ntagiga qovurma chuchvara solib qo‘yadi, goh popukqand beradi.

To‘ydan keyin Xo‘ja avvalgidan ham ma’yus, indamas bo‘lib qoldi. Oyim mehribonchilik qilgan sayin o‘zini olib qochadi. O‘shanda bir narsani bilmagan ekanman, keyin tushundim. Odam o‘zining nochorligini qanchalik chuqur his qilsa, shuncha mag‘rur bo‘larkan.

Bir kuni ertalab, odatdagidek jildini osgancha, Xo‘ja eshikdan kirib keldi. Oyim unga ko‘zi tushishi bilan chumchuqdek chirqillab qoldi.

– Kim urdi seni?! Qaysi qo‘ling singur urdi?

Qarasam, Xo‘janing yuzi momataloq bo‘lib ko‘karib ketibdi.

– Nimaga uradi?! – dedi oyim ovozi qaltirab. – Shuncha ko‘rgiliging yetmaydimi o‘zi, Xudo urgurlar!

– Urgani yo‘q, – dedi Xo‘ja yerga qarab. – Narvondan yiqilib tushdim.

Maktabga ketayotganimizda sekin so‘radim.

– Dadang urdimi?

Xo‘ja bir zum javdirab qarab turdi-da, bosh irg‘adi.

– Opam kir yuvgan edi, – dedi shivirlab (u o‘gay onasini opa derdi), – yoyib qo‘ygan ko‘ylagini buzoq yamlabdi.

– Dadang yomon-a?

– Yo‘q, – Xo‘ja keskin bosh chayqadi. – Dadam opamni yomon ko‘radi. Shunga achchiq qilib urdi. – U hech kimga aytmasligi kerak bo‘lgan sirni ochayotgandek, atrofga javdirab qarab oldi-da, qo‘shib qo‘ydi. – Dadam oyimni yaxshi ko‘radi…

O‘sha bizning oxirgi suhbatimiz bo‘ldi. Xo‘ja negadir ikki dars o‘qib ketib qoldi. Darsdan qaytib kelsam, oyim yo‘q. Kechqurun allaqayoqdan horib-charchab qaytdi.

Ertasiga ertalab Xo‘jani kutib o‘tirgan edim, oyim negadir jerkib berdi.

– Xo‘ja bilan kindiging bittami! Boraver maktabingga.

Indamadim. O‘sha kuni Risolat opa ham Xo‘jani yo‘qlama qilmadi.

Qaytib kelsam, oyim haliyam jahlidan tushmabdi. Xo‘janing buzog‘ini hovlidagi bodomga arqonlab, hadeb kimnidir qarg‘ayapti.

– Uyiga oborib ber, manavi harom o‘lgurni! – dedi arqonning uchini uzatib.

Yomon bir narsani his qilib, bo‘shashib ketdim:

– O‘zi-chi? O‘zi qani?

– Xo‘ja ketdi, bildingmi! – Oyim yana jerkib berdi. – Oyisi bilan ketdi.

Talmovsirab qoldim. Xo‘janing buzog‘ini yetaklab borarkanman, uni judayam yaxshi ko‘rishimni ilk bor anglab yetdim. Ularning darvozasiga yaqin kelishim bilan yuragimni qo‘rquv bosdi. Darvoza oldida Egamberdi aka o‘tin yorar edi. O‘rik shoxini bir uchidan ushlab, to‘nka ustiga surib qo‘yadi-da, yerda yotgan boltani olib, cho‘nqaygancha zarb bilan uradi, shunda chap qo‘li tayoqdek osilib, yerga tegib ketadi. Keyin boltani yerga tashlab, sog‘ qo‘li bilan shoxni yana to‘nka ustiga suradi-yu qaytadan boltani olib, tag‘in chopadi… Qo‘rqa-pisa to‘xtab qoldim.

U qaddini rostlagan edi, menga ko‘zi tushdi.

– N-nima gap? Xo‘ja q-qani? – dedi goh menga, goh buzoqqa qarab.

– Xo‘ja ketdi. – Qo‘rquvdanmi, alamdanmi, ovozim titrab chiqdi. – Chirchiqqa ketibdi.

Uning qo‘lidan boltasi tushib ketdi. Bir zum lablari titrab, tikilib turdi-yu ko‘zlariga yosh qalqib chiqdi.

– N-nega? N-nega ketadi? – dedi ingrab. Keyin kafti bilan yuzini to‘sgancha, to‘nka ustiga o‘tirib qoldi. Chap qo‘li hamon tayoqdek osilib turar, o‘ng yelkasi esa dir-dir titrar edi.

Katta odamning yig‘lashini birinchi ko‘rishim edi. Kecha Xo‘jani urganini eshitganimda qanchalik yomon ko‘rgan bo‘lsam, hozir unga shunchalik rahmim kelib ketdi. Buzoqning arqonini qo‘yib yubordim-da, uyga yugurdim. Yugurib borarkanman, yig‘lardim, nimaga yig‘layotganimni o‘zim bilmasdim-u, hech o‘pkamni tutolmasdim.

Keyin Xo‘jani boshqa ko‘rmadim. U ora-chora tushimga kirib qolar, nuqul ko‘zlarini javdiratib turgan bo‘lardi. Bahor paytlari kunchiqar tomondagi tog‘lar yaraqlab ko‘rinar, ularni har ko‘rganda xayol surar edim. O‘sha tog‘lar orasida Chirchiq degan shahar bor. Shunaqa katta shaharki, Toshkent uning oldida hech gapmas. U yerda shunaqangi katta daryolar borki, ichida akulalar suzib yuradi. O‘sha shaharda Xo‘ja degan bola bor. Dunyoda undan yaxshi bola yo‘q. Xo‘ja o‘sha daryolarda bemalol suzadi. O‘sha tog‘lar ustiga chiqib, butun dunyoni tomosha qiladi. U meni ham ko‘rib turibdi. Faqat men uni ko‘rolmayapman…

Ancha yillardan keyin, o‘ninchi sinfni bitirayotganimda Xo‘janing daragini eshitdim. Kechki ovqatdan keyin dadam oyimga gapirib qoldi:

– Egamberdi bechora kuyib adoyi tamom bo‘pti. Chirchiqdan kelyapman, deydi. O‘g‘li cho‘ntak kesayotganda qo‘lga tushganmish.

Oyim: «A?» dedi-yu qo‘lidan piyola tushib ketdi.

Men karaxt bo‘lib qolgan edim. Yo‘q, ishonmayman. Yolg‘on, bu gap yolg‘on! Dunyoda Xo‘jadan yaxshi bola yo‘q. Xo‘ja yomon bo‘lishi mumkin emas… Tag‘in kim biladi deysiz, hayot qonunlari har doim ham bizning xohishimizga bo‘ysunavermaydi…

OY QUYOSHDAN NUR OLADI

Ataladan suyak chiqibdi, degandek, ayni saratonda shamollab yurganimni qarang. Dalaga chiqqandim, anhorda cho‘mildim. Qaytishda mashinaning to‘rttala oynasini tushirib qo‘yganim uchunmi, kechasi bilan isitmalab, hammayog‘im qaqshab chiqdi.

Ertalab rayon poliklinikasiga bordim. Qarasam, odam tirband. Tor yo‘lakning ikki chetidagi qator kursilarda biri boshini changallagan, biri bo‘ynini o‘rab olgan bemorlar. Oradan turtinib o‘tib kerakli eshik yaqiniga borsam, odam ayniqsa tiqilinch. Boshim sirqillagancha devorga suyanib ancha turdim. Nihoyat, menga ham joy tegdi. Liqillab turgan kursining bir chekkasiga omonat o‘tirdim. Mendan oldingi o‘rindiqda quralay ko‘zlari katta-katta, qisqa kesilgan sochi tiniq yuziga xo‘p yarashgan ko‘hlik juvon o‘tirar, yonidagi ro‘mol o‘ragan o‘rta yashar xotin bilan gaplashardi. U boshini har chayqaganda sochlari chiroyli silkinib-silkinib ketardi. Tiqilishib o‘tirganim uchun beixtiyor ularning suhbatini eshitishga majbur bo‘ldim.

Ko‘hlik juvon barmog‘i bilan bo‘ynidagi nafis oltin zanjirni asabiy o‘ynar ekan, uf tortdi:

– O‘lsin, kech qolib ketdim. Murodjon akam mashina yuboraman, deb edilar. Kutib qolgandir…

– Murodjon… o‘rtog‘ingizmi? – dedi ro‘molli ayol inqillab.

– O‘rtog‘im? – ko‘hlik juvon nordon narsa yeb qo‘ygandek burnini jiyirdi. Hatto oydek yuzi ham xunuklashib ketganday bo‘ldi. – Avval avtobusga osilib yurishni eplasin! Mashina yuborish yo‘l bo‘lsin unga!

Ro‘molli ayol bir zum hayron qarab turdi. Baribir ayollarga xos qiziquvchanligi ustun keldi chog‘i, qayta so‘radi.

– Bo‘lmasa kim?

– Murodjon akammi? – ko‘hlik juvon jilmaydi. Quralay ko‘zlari suzilib ketdi. Chehrasida: «Nahotki shundoq odamni tanimasangiz?» degan ifoda paydo bo‘ldi. – Boshlig‘imiz-da! – dedi ovozi tovlanib. – Shunaqa yaxshi odam, shunaqa yaxshi odam! Anovi ahmoq bo‘lsa Murodjon akamni ham yomon ko‘radi. O‘z ko‘ngillarida rashk qilar emishlar. Murodjon akamning slujebniy mashinasida dachalariga borganimni odamlar ko‘rganmish. Qo‘ling bilan ushladingmi, dedim! Avval o‘zingni epla, piyonista!

– Eringiz ichadimi? – ro‘molli ayol hamdardlik bilan bosh chayqadi. – Ichkilik o‘lsin! Boshida surishtirmagan ekansiz-da!

– Oldin unaqa emasdi, hozir itdek ichadi. Alamlaridan icharmishlar! – chiroyli juvon qo‘l siltadi. – Murodjon akamga aytuvdim, jahllari chiqdi. «Bolang ko‘paymasidan yig‘ishtir, razvodga beraver, o‘zim senga kooperativniy kvartira olib beraman», dedilar.

Ro‘molli ayol sergaklandi:

– Bolangiz bormi?

– Qizim bor…

– Bolangiz bo‘lsa, unaqa qilmang, singlim, – deya ro‘molli ayol nasihat qildi. – Har qalay, umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygansiz, bolani tirik yetim qilmang, opovsi aylansin.

– E! – ko‘hlik juvon tilla zanjirini yana asabiy o‘ynay boshladi. – Murodjon akam…

Bo‘lmadi. O‘z erini bemalol tuproqqa qorishtirib «Murodjon aka»sini og‘zidan bol tomib maqtayotgan ko‘hlik juvon ko‘zimga xunuk ko‘rinib ketdi. «Ehtimol, ering seni deb ichkilikka ruju qo‘ygandir, balki rostdan ham alamidan ichar!» Yana birpas o‘tirsam, shu gaplar og‘zimdan chiqib ketishini bilib, o‘rnimdan turdim. Avvalo, birovning gapiga aralashish odobsizlik. Qolaversa, o‘zgalarning shaxsiy hayoti bilan necha pullik ishim bor? Lo‘qillayotgan chakkamni barmog‘im bilan bosgancha nari ketdim. Chekkim keldi.

Anchadan keyin qaytib kelsam, vrach eshigidan boyagi ko‘hlik juvon chiqib kelyapti. «Murodjon aka»sining mashinasi kutib qolganidan ozor chekkan bo‘lsa kerak, shosha-pisha yo‘lakka otildi. Tor xonaga kirsam, deraza oldidagi oppoq stol ro‘parasida yupqa gardishli ko‘zoynak taqqan, xalatining tugmalarini yechib qo‘ygan naynov vrach o‘tiribdi.

– Yechining, – dedi u kattakon daftarga bir nimani yoza turib.

Xona o‘rtasida to‘xtab qoldim. O‘zi kalta yengli ko‘ylak kiygan bo‘lsam, tag‘in nimani yechaman?

– Yechining! – vrach asabiylashib boshini ko‘tardi. Ko‘zoynagini yiltiratib bir lahza tikildi-yu o‘rnidan turib ketdi.

– Iye, domla, bormisiz! – dedi dilkashlik bilan. – Televizorda uncha-muncha ko‘rib turamiz-u o‘zingizni hech topolmaymiz. – U chayir, uzun barmoqlari bilan qo‘limni mahkam siqib ko‘rishdi. – Bir xil odamlarga hayron qolasan. Hozir bittasi kirib yarim soat boshimni qotirdi. Tayinli kasali yo‘g‘-u byulleten berasan, deydi. U yog‘ini ishxonadagilari bilan o‘zi kelisharmish. – U jilmaygan edi, ko‘zoynak ortidagi mitti ko‘zlari yanayam kichrayib ketdi.– Tanimadingiz-a? Men – Orifman.

Hech baloni eslay olmasam ham, odob yuzasidan bosh silkidim:

– Ha, bo‘ldi-bo‘ldi… Qalay, yaxshi yuribsizmi?

– Yolg‘on gapirmang, tanimadingiz! – U samimiyat bilan yelkamga qoqdi. – Men Risolat opaning o‘g‘liman. O‘qituvchi opa bor edilar-ku!

Endi esladim! Axir, bu o‘zimizning Orif-ku! Risolat opaning o‘g‘li-ku! O‘shandayam ko‘zoynak taqardi. Jo‘raboshimiz unga «Shapko‘r» deb laqab qo‘ygan edi.

– Dunyo shunaqa ekan, – dedi u o‘yga tolib. – Bu yoqda poshsha xolamlarni ham berib qo‘yibsizlar, ma’rakada bormoqchi bo‘ldim-u hovlinglarni topolmadim. Hammayoq o‘zgarib ketibdi.

– Shunaqa bo‘ldi, – dedim sekin. Risolat opam tuzukmilar, deb so‘ragim kelsa-da, qanday surishtirishni bilmasdim. Mabodo onasi vafot etgan bo‘lsa nima qilaman yarasini yangilab. U ko‘zimdagi savolni uqdi.

– Bizdayam shundoq bo‘lgan. Uch yil ilgari… – dedi bir nuqtaga tikilib. – Oyim: «Hech bo‘lmasa, bitta bolangni ko‘rsam, armonim yo‘q», derdilar. Bir emas, uchtasini opichlab katta qildilar… Keyin yana Toshkentga kelib qoldik. Qorasuvda turamiz.

Kasal bir yoqda qolib o‘zimizning suhbatimizga berilib ketdik. Asakaga ko‘chib borishgani, onasi Orifning vrach bo‘lishini orzu qilgani, Orif Andijon medinstitutida o‘qigani…

Gapimiz cho‘zilib ketdi shekilli, hadeb yo‘talayotgan soqolli kishi eshikni ikki marta ochib ichkariga ma’noli mo‘raladi. Suhbatimiz chala qoldi. Orif yozib bergan dori qog‘ozlarni olib chiqib ketarkanman, bolalik xotiralari tag‘in yodimga tushdi.

…O‘sha yili qish qattiq keldi. Tuf desa, tupuk yaxlaydi. Dadam menga birinchi marta piyma olib berdi. Yaxmalak o‘ynashga yaramasa ham, yaxshi, issiqqina. Biroq qor shunchalik qalin yoqqanki, iz tushmagan joyda yursam, piymamning qo‘njidan bemalol kirib ketaveradi. Risolat opalarning hovlisi biznikidan narida bo‘lgani uchun deyarli har kuni darsdan o‘qituvchim bilan birga qaytamiz. U kalish-mahsi kiyib olgan. Yo‘l ochib ketaveradi. Men ketidan ergashaman.

Qahraton tonglardan biri edi. Tanchaga tiqilib yotibman. Akalarim o‘qishga ketgan. Men peshindan keyin boraman. Chopon kiygan dadam to‘rda sandalga tiqilib yarim mudrab o‘tiribdi. Bir tomonda boshiga qalin ro‘mol o‘ragan oyim. Uning yonida samovar. Samovarning qorniga g‘alati tasvirlar tushirilgan. Oyimning aytishiga qaraganda, bular eski zamonda chiqqan tangalar emish. Jo‘mrak ostiga qo‘yilgan tovoqqa samovar tumshug‘idan muttasil suv tomadi: chik-chak, chik-chak… Derazalarga «Qorbobo rasm chizib ketgan». Tashqari ko‘rinmaydi. Hatto eshikni ham qirov bosgan. Ammo-lekin tancha maza. Odam bir yotgandan keyin turgisi kelmaydi. Sandal ustidagi eski dasturxonda uch-to‘rt bo‘lak qora non, jiyda, turshak…

Bir mahal tashqarida gurji kuchugimning akillagani eshitildi. Dadam bir ko‘zini ochib oyimga savol nazari bilan qaradi. Oyim endi o‘rnidan turayotgan edi, eshik shaxt bilan ochildi. Uyga avval ammam, ketidan sovuq g‘urullab kirdi. Ammamning qalin tivit ro‘moli, qora baxmal paltosi, hatto kipriklarigacha qirov qo‘ngan edi. Oyim ildam borib, uning qo‘lidagi katta tugunni oldi.

Dadam ham shoshib qoldi.

– Iye, iye! – dedi chehrasi yorishib. Ammo boshqa gapirolmadi. Og‘zida nosvoy bor edi. U shosha-pisha sandal ko‘rpasining bir chetini ko‘tardi-da, tanchaga tupirdi.

– Tuzukmisiz, opa? – dedi o‘rnidan turib.

Ammam muzdek lablari bilan peshonamdan o‘pdi-da, qo‘lini tanchaga tiqdi.

– Xah, o‘lsin-a! – dedi qaltirab. – Qo‘limga so‘zak kirib ketdi-ya.

Oyim choyni yangilash uchun darrov samovarni ko‘tarib chiqib ketdi. Dadam ammamning ko‘ziga tikilib qaradi-yu xavotirlanib so‘radi:

– Tinchlikmi, opa, nima bo‘ldi?

– Dard bo‘ldi! Balo bo‘ldi! Sen bu yerda tanchaga ketingni tiqii-ib yotgin, xo‘pmi! Opamning ahvoli nima kechdi, demagin, xo‘pmi!

– Nima bo‘ldi o‘zi? – dedi dadam murosaga chaqirgan ohangda.

Ammam to‘satdan yig‘lab yubordi:

– Ne umidlar bilan kutuvdim bu bolani! Mana, urush bitdi, bolam eson-omon keldi, endi yaxshi to‘ylar qilaman, degan umidim bor edi.

Dadamning rangi o‘chdi:

– Afzalxonga bir nima bo‘ldimi?

Urushdan yaltiroq tugmali shinel kiyib kelgan, ammamning o‘ziga o‘xshash chiroyli Afzalxon akam ko‘z o‘ngimga keldi. Qaytib kirgan oyim ham dadamning xavotirli savolini eshitib uy o‘rtasida turib qoldi.

– Tinchlikmi?

– Bola emas, balo bo‘ldi bu! – Ammam ro‘molchasiga burnini qoqib piqilladi. – «Kelganingga ikki yil bo‘ldi, yoshing ham o‘ttizga qarab ketyapti, bilgan u deydi, bilmagan bu deydi», desam, pissayib yurganida gap bor ekan. Daraxtni bir tepsang, yuzta qiz yog‘iladi-yu, bu yigit o‘lgur mana shu juvonni olaman deydi! Orqasida tayloqday bolasi bo‘lmasayam go‘rgaydi.

– Kimni? – dadam bilan oyim baravar so‘rashdi.

– Kimni bo‘lardi. Risol degani bor ekan-ku! «Erga tegmasidan oldin ham yaxshi ko‘rardim», deydi. «Bolasiga o‘zim otalik qilaman», deydi. Voy, birovning itvachchasiga otalik qilmay tusingni yel yesin! – Ammam jahl bilan dasturxonni mushtlagan edi, jiydalar sochilib ketdi. – Loy qozonga oltin tuvoq bo‘lmay bo‘yginang lahatda chirigur!

Endi ko‘z o‘ngimga Risolat opa keldi. Axir maktabdagi eng chiroyli, eng shirinso‘z o‘qituvchi shu – o‘zimizning Risolat opamiz-ku!

– Ko‘zini suzib, qoshini qoqib jodu qilib olgan bolamni bu megajin! – ammam alam bilan yana yig‘lay boshladi. – Bo‘lmasa, Toshkentday shahri azimda qiz anqoning urug‘i bo‘ptimi! Hozir o‘n yetti yashar qizga er yo‘g‘-u qilichday bolam shu juvon o‘lgurning tuzog‘iga ilinib o‘tiribdi.

– Yo‘g‘-e, – dedi oyim bo‘shashib. – Risolatxon unaqa juvon emas shekilli.

Ammam «sen jim tur» degan ma’noda onamga o‘qraydi.

– Afzalxon yoshlik qilmasin, – dedi dadam o‘ylanib. – Har qalay, umr savdosi-ya bu.

– Ha, tiling bor ekan-ku! – ammam hammasiga dadam aybdordek bobillab berdi. – Gapir! Tog‘a bo‘lib nasihat qil. Oyda-yilda bir borsang, dumingni tutqazmaysan. Hech bo‘lmasa, uyingga kelganda gapirsang, og‘zing bichilib qolmaydi-ku.

Afzalxon akam keyingi paytda biznikiga tez-tez keladigan bo‘lib qolgan. Hozir shu esimga tushdi.

– Mayli, – dedi dadam bosh silkib. – Bafurja gaplashamiz.

– Sening gapingga ko‘zi uchib turibdi! «Shunga uylanmasam, Toshkentni suvi menga harom, boshim oqqan tomonga ketaman», deydi. – Ammam jahl bilan oyimga burildi. – Nimaga mulla mingan eshakdek so‘ppayib turibsiz, kelinposhsha! Kiyinmaysizmi?

– Qayoqqa? – dedi oyim talmovsirab.

– Lahatga! – ammam yana burnini qoqdi. – Sovchilikka bitta o‘zim bormayman-ku.

Oyim garangsib sandalning bir chetiga cho‘kdi.

– Qandoq bo‘larkin? – dedi ikkilanib. Xolposh xolaga nima deymiz? «Keliningizga sovchi bo‘lib keldik», deymizmi? Bechoraning o‘zi o‘g‘lidan ayrilib jigar-bag‘ri ezilib o‘tirgan bo‘lsa.

– Yo‘q desa go‘rga… Qo‘lidan kelsa kelinini tiyib olsin!

Ammamning hamma gapini tushunmasam ham, Risolat opani yomonlayotganini his etib turardim. Yo‘q, o‘qituvchim yomonmas. Maktabdagi eng yaxshi o‘qituvchi – o‘zimizni opamiz. Hatto ikkinchi «B»dagilar ham bizga havas qilishadi. Ularning o‘qituvchisi yomon.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации