Электронная библиотека » O‘tkir Hoshimov » » онлайн чтение - страница 9

Текст книги "Dunyoning ishlari"


  • Текст добавлен: 16 мая 2023, 13:42


Автор книги: O‘tkir Hoshimov


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 9 (всего у книги 43 страниц) [доступный отрывок для чтения: 14 страниц]

Шрифт:
- 100% +
PO‘STDUMBALI MOSHKICHIRI

Bu odamni bolaligimdan taniyman. O‘shandan buyon uning bittayam tuki o‘zgarmagan, desam lof bo‘lmaydi. Uyog‘ini so‘rasangiz, unda tukning o‘zi yo‘q: ko‘sa. U har kuni ertalab bir vaqtda darvozamiz oldidan mahalla guzari tomonga o‘tib ketadi. Qishda kuya yegan telpak, mushtdekkina gavdasiga yarashmagan uzun kamzul, oyog‘iga kalish-mahsi kiyib yuradi. Yozda bo‘lsa dumaloq, qozonnusxa baxmal do‘ppisini bostirib oladi. Qo‘lidagi xo‘jalik sumkasi ham kamida yigirma yil sidqidildan xizmat qilgan. G‘ij-g‘ij suriladigan zanjirining tishlari to‘kilib, yakkam-dukkam bo‘lib qolgan. Bandining tasmasi bir necha joyidan yamalgan. Sumkaning ichida nima borligini yaxshi bilaman. Tishi to‘kilgan alumin taroq, boshingizga tegishi bilan bir hovuch sochingizni yulib oladigan qo‘l mashina, qayish bilan olishaverib ixcham tortib ketgan ustara. Xullas, butun mahallaga dong‘i ketgan Naim sartaroshning jamiki ashyolari shu sumkada joylashgan.

U meni yaxshi tanimaydi: o‘zining do‘koniga chiqadigan mijozlardan boshqa odam bilan ishi yo‘q. Ammo onamni qattiq hurmat qiladi. Darvoza oldidagi skameykada o‘tirgan oyimni ko‘rib, darrov to‘xtaydi.

– Baxay, poshsha opa, bardamgina bormisiz? – deydi ingichka ovozda. – Nevaralar chopqillab yurishibdimi?

Qiziq, oyim negadir uni ko‘p ham yoqtirmaydi. Ammo dilini og‘ritmaydiyam.

– Shukur, – deydi sekin. – O‘zingiz yaxshi yuribsizmi? Ovsinim bardammilar?

– Yuribmiz tuproqdan tashqari! – deydi Naim sartarosh yo‘lida davom etib. – Ovsiningiz ham tuzuk. Beli og‘rib yotibdi.

Oyim sidqidildan maslahat beradi.

– Kepak qizdirib bossinlar. Uch kunda san ko‘r-man ko‘r bo‘lib ketadilar.

– Bosdim. Tuproqqayam ko‘mdim. Foydasi yo‘q, – Naim sartarosh sumkasini beparvo silkitib qo‘yadi. – Yoshligidayam belangi edi o‘zi. Aslida boshqasiga uylansam bo‘larkan.

Onam «notavon ko‘ngilga qo‘tir jomashov» degandek miyig‘ida kulib qo‘yadi. Ammo indamaydi. «Bir mo‘min»ning ko‘nglini sindirgisi kelmaydi.

Naim sartaroshning eski fanerlardan yamab yasalgan do‘koniyam yigirma yil ilgari qandoq bo‘lsa, hozir ham o‘shandoq – mahalla choyxonasiga yopishib qo‘nqayib turibdi. Faqat vaqt o‘tishi bilan toliqib bir tomonga qiyshayib qolgan. Besh yil burun avtobus bekatining ro‘parasida yangi oynaband sartaroshxona ochildi. Ammo Naim sartarosh unga o‘tmadi. «Man tahoratsiz tig‘ ushlaydigan yosh bolalar bilan ishlamayman», deb turib oldi. Mahalladagilar ham uning fe’lini bilishgani uchun indamay qo‘ya qolishdi.

Shu Naim sartaroshning deng, birdaniga meni jini suyib qoldi. Bir kuni ertalab darvoza oldidagi skameykada o‘tirsam, sumkasini ko‘tarib o‘tib qoldi. Salom berdim. U menga qaramay, «valey» deb o‘tib ketdi-yu, nariroqqa borib to‘xtadi. Siyrak sarg‘ish kipriklarini pirpiratib tikilib turdi-da, yangroq, ingichka ovozda so‘radi:

– Hay, manga qara – o‘zingmisan?

Men indamay bosh silkitdim. Naim sartarosh ko‘p yillik qadrdonini birdan topib olgandek quvonib ketdi. Tez-tez yurib yonimga keldi. Sumkasini skameykaning bir chekkasiga qo‘ydi-da, qo‘shqo‘llab so‘rashdi. Yuziga fotiha tortib, silliq iyagini silab qo‘ydi.

– Bu deyman, do‘kongayam chiqmaysan, – dedi yana ham ingichkaroq tovushda.

– Endi, xizmatchilik…

– Yozuvchi bo‘psan, gazetda ishlavotsan, deb eshitdim, shu rostmi? – Naim sartarosh meni qobiliyatimni chamalab ko‘rmoqchi bo‘lgandek, boshdan oyoq bir sidra qarab chiqdi.

– Ha, shunaqa, – dedim bosh silkib.

U sumkasini nariroq surib yonimga o‘tirdi. Uzun kamzulining cho‘ntagidan qizg‘ish nosqovog‘ini chiqarib nos otdi.

– Bu diyman, uka, gazetlaringga bizniyam yozsa bo‘lavuradimi? Yo buniyam «ohoni» bormi?

– Qanaqa «ohoni?»

Sartarosh ko‘zini qisib qiqirlab kuldi.

– O‘zingni soddalikka solma, uka. Man hammasini bilaman. «Ohoni» bo‘lmasa Olim parovozni gazeta maqtab chiqarmidi? Birinchi bo‘lib parovoz haydaganmish. Yolg‘on! Qachon qarasa, ko‘mirga botib yuradigan rabochiy edi. Ha, xo‘p, boringki haydagan bo‘lsin. Ha, nima qipti? Hakim naynov-chi! Birinchi o‘qituvchilardan emish. Man bilmasam ekan uni! Jinko‘chalik otin oyining qo‘lida birga o‘qiganmiz. O‘lguday zehni past bola edi. Olti oygacha «Haftiyak»ni tushirolmagan. Tag‘in bular persanalniy pensaner emish!

Naim sartarosh dunyoning adolatsizligidan tutaqib ketgandek jahl bilan nosini tupurdi, silliq iyagini silab qo‘ydi.

– Bular davlatga xizmat qilgan bo‘lsa, bizziyam o‘tqazib qo‘ygan joyimiz bor. Bular Maskovga borgan bo‘lsa, manam borganman. Ularni ko‘tar-ko‘tar qilasanlar-u mani yozmaysanlar, shunaqami? Mani suyanchig‘im yo‘q-da, a?!

Qarasam, Naim sartarosh rostdan xafa bo‘lyapti. To‘g‘risi, uning o‘tmishiga o‘zim ham qiziqib qoldim.

– Nega yozmas ekanman. Yozaman. Moskvaga qachon borgandingiz?

– Iye, hozir yili esimda qoptimi, uka? O‘sha bosmachilarni qiyratib yurgan paytlarimizda edi-da. O‘shanda sanga o‘xshagan qirchillama yigit paytim. Parkat tomonda Rustam sherday qilich o‘ynatib yursam, kamandirimiz chaqirib qoldi. «Chinoq ikkovlaring yaxshi jang qilganlaring uchun Maskovga diligat bo‘lib borasan», desa bo‘ladimi! Yunus chinoq bir qulog‘i yo‘q bo‘lsayam xo‘p azamat yigit edi. Ikkalamiz poyizga o‘tirdig-u qaydasan Maskov deb jo‘nadik-vordik. O‘n kun deganda yetib bordik. Bu Maskov degani xo‘pam katta shahar ekan. Qavat-qavat uylar desang, ko‘cha to‘la trollobus, aptobus. Yer tagida poyiz yurarkan.

– Metromi? – dedim iljayib. – Toshkentdagiga o‘xshagan?

– Metromas, poyiz, – u birdan to‘xtab, menga sinchkov tikildi.

– Maskovga borganmisan?

– Yo‘q, – dedim yolg‘on gapirib.

– E, Maskovga bormabsan – dunyoga kelmabsan!– Naim sartarosh qo‘llarini yozdi. – Shundoqqina Qizil Maydonning oldidagi gastinisaga tushdik. Yonboshimizda bozor. Bizanikiga o‘xshaganmas. Hammasi paparatka joylashgan. Qaymoq bozor bir tomonda, shirmoy bozor bir tomonda. Kabobpazlar desang ertalabdan urib jigar kabob sotadi. Ammo lekin somon bozorining mazasi yo‘q ekan. Qoplari kichkina-kichkina. Bir tuyaga elliktasini ortib kelishadi. Tag‘in bir qopi falon pul. Odam ko‘pligidanmi, sartaroshxonasi tirband. Bosmachilarni bir yoqli qigandan keyin shu tomonlarga kelib do‘kon ochaman, deb ko‘nglimga tugib qo‘ydim… Ammo maishat zo‘r bo‘ldi. Maskovda bir oy turgan bo‘sak, shu bir oy ichida Chinoq ikkalamiz xo‘p huzur qildik. Ertalab lip etib bozorga tushib bir kosa qaymoq, to‘rtta shirmoy, anjir, xolva obchiqib ko‘k choyni uramiz. Peshinda kabobxo‘rlik, kechqurun lag‘mon deysizmi, po‘stdumba solingan moshkichiri deysizmi, nima xohlasangiz muhayyo. Kechalari choyxonaga chiqamiz. Bir jo‘jaxo‘roz bedanam bor edi desang, o‘zimam Ismoil kaldan bir qo‘yning puliga olgandim. Shuni obketuvdim. Maskovni manman degan bedanalarini qochirdi. Qaytib kelishimizdan ikki kun oldin maylis bo‘ldi.

– Qayerda? – dedim o‘zimni kulgidan zo‘rg‘a tiyib.

– Qatta bo‘lardi, Qizil Maydonning o‘zida bo‘ldi-da… Lak-lak odam. Chinoq ikkalamiz bir chekkaga borib turdik. Shu payt desang, minbarda turgan kattalardan bittasi yugurib tushib mani quchoqlab olsa bo‘ladimi?

– Kim?

Naim sartarosh siyrak kipriklarini pirpiratdi.

– Nima kim?

– Sizni quchoqlagan kim edi, deyapman.

– Kattalardan bittasi didim-ku! Shundoq quchoqlab u yuzimdan bu yuzimdan o‘pdi. «Iya, ko‘sa, bahay? San bu yoqlarda nima qilib yuribsan?» deydi. «Mana, Chinoq bilan kep qoldik. Bosmachilarni qiyratganimiz uchun kamandirimiz o‘ynab kelinglar, deb yubordi». «Obbo, san-ey, keganingga shuncha bo‘bdi-yu, nega hovliga o‘tmading,– deydi. – Kechqurun biznikiga o‘tmasang, qattiq xafa bo‘laman, yangangga norin buyurib kelganman», – deydi. «Yo‘q, shoshib turibman. Boshqa mavrudi kep qolar», dedim. «Bo‘lmasa mana bu mukopot sanga», deb haligi odam cho‘ntagidan medal chiqarib choponimga taqib qo‘ydi.

– Qanaqa medal?

Naim sartarosh, «judayam ezma ekansan-da», degandek ijirg‘anib aftini burishtirdi.

– Qattan bilaman! Bunaqa kerak bo‘lishini bilganimda yo‘qotib qo‘yarmidim. – U birpas o‘ylab turdi-da, qo‘shib qo‘ydi. – Endi, uka, san o‘zimizning mahallani bolasisan. U yog‘ini o‘zing kelishtirib bir yozgin, xo‘pmi?

– Bo‘pti, – dedim jilmayib.

U kaftini ochib duo qildi.

– Iloyim omadingni bersin! – Sumkasini ko‘tarib uch-to‘rt qadam nari bordi-da, to‘xtab o‘girilib qaradi. – Agar-chi, uka, shu ish amalga oshib qolsa-chi, har kuni soqolingni o‘zim op qo‘yaman. Tekinga.

– Qaysi ish?

Naim sartarosh qaytib keldi.

– Iye, halitdan buyon qulog‘ingga tanbur chertdimmi? Gazetingda mani maqtab chiqarsang, Olim parovozga o‘xshab persanalniy pensa oladigan bo‘lsam, soqolingni har kuni o‘zim op qo‘yaman. Eshitdingmi, og‘ritmasdan olaman.

Men uch-to‘rt kungacha bu gaplarni eslab kulib yurdim-u keyin unutib yubordim. Ammo Naim sartarosh unutmagan ekan. Qaysi kuni avtobus bekatida meni ko‘rib qoldi. Ataylab poylab turgan ekan shekilli, mahkam ushlab oldi.

– Anu narsani yozdingmi-yo‘qmi? – dedi ochiqdan ochiq dag‘dag‘a bilan.

– Yozdim.

– Ha, mana, bu boshqa gap. – Naim sartaroshning yuzi yorishib ketdi, – Yigit kishining gapi bitta bo‘ladi. Qachon chiqadi endi?

– Erta-indin chiqib qolsa kerak. Hozir tekshirishyapti,– dedim nihoyatda xotirjam ohangda. – Agar rost bo‘lsa, maqolani chiqarib sizga personalniy pensiya tayin qilisharkan. Agar noto‘g‘ri bo‘lsa, sudga berisharkan.

Naim sartarosh bir lahza ko‘zlarini pirpiratib angrayib qoldi.

– Labbay! So‘tga! Kimni so‘tga beradi?

– Siz bilan meni. Yolg‘on gapirganingiz uchun sizni, yolg‘on yozganim uchun meni. – Shunday dedim-u burilib ketaverdim.

Bir lahzadan keyin orqadan Naim sartaroshning ingichka ovozi eshitildi.

– Hoy uka, to‘xtang! Hoy o‘g‘lim.

To‘xtab, burilib qaradim.

– Nima gap?

– Manga qarang, uka, – dedi u entikib. – Keling, o‘sha narsa chiqmasa chiqmay qo‘ya qolsin.

– Iya, nega endi?! Men yozib topshirib qo‘ygan maqolani qaytib ololmayman.

Uch-to‘rt qadam bosgan edim, Naim sartarosh pildirab kelib yo‘limni to‘sdi.

– Manga qarang, o‘g‘lim, shu narsani bosdi-bosdi qilib yuborsangiz-chi, har kuni soqolingizni ikki martadan op qo‘yaman. Shundoq qiling, jon uka.

–Iya, nega axir? Persanalniy pensiya olsangiz yomonmi?

– Xo‘p deng, jon uka. Och qornim, tinch qulog‘im. Shu ishni tinchitib yuboring. Man so‘zimning ustidan chiqadigan odamman. Aytdim-ku, har kuni ikki martadan soqolingizni olib qo‘yaman. Uyingizga borib olaman.

Men juda qiyin muammo ro‘parasida qolgan odamday, yelkamni qisdim.

– Mayli, bir urinib ko‘raman. Ammo bu juda mushkul ish-da…

Sartarosh o‘sha kuni meni uyimgacha kuzatib qo‘ydi. Kuzatib qo‘ydi-yu, baribir tinchimadi. Kechasi allamahalda eshik taqillab qoldi. Chiqsam, sartarosh qiyiqchaga o‘rog‘liq bir narsani ko‘tarib turibdi.

– Nima bu? – dedim hayron bo‘lib.

–Issig‘ida yeb ola qoling! – U tugunchani uzatdi. Moshkichiri. O‘z qo‘lim bilan pishirdim.

– E, Moskvadagi moshkichiridan deng?

– Moskovni moshkichirisi qatta endi, uka! Unga qora qo‘chqorning po‘stdumbasi solinardi. Bunisining mazasi yo‘qroq. Shundoq bo‘lsayam, ilindim. Oling, qo‘lim qaytmasin.

Mayli, sazasi o‘lmasin deb sartaroshning sovg‘asini oldim.

Ichkariga kirib qiyiqchani ochsam, ustiga ko‘k piyoz sepilgan moshkichiri. Insof bilan aytganda qoyilmaqom qilib pishiribdi. Uch-to‘rt qoshiq olgan ham edimki, oyim kirib qoldi.

– Nima bu? – dedi hayron bo‘lib.

Iljaydim.

– Pora!

Onam yonimdagi stulga o‘tirib qoldi.

– Nima?

Kulib yubordim.

– Pora! Naim sartarosh pora obkepti.

Oyim goh menga, goh «garimdori» nusxali kosaga qarab birdan rangi o‘chdi.

– Endi shu hunarni o‘rgandingmi? – dedi rostakamiga ranjib. – Adang senga pora yeyishni o‘rgatgan emasdilar shekilli.

Qarasam oyim chindan ham xafa bo‘ladigan. Ishtaham bo‘g‘ildi. Kosani nari surdim. Oyim jirkangandek, qiyiqchani ikki barmog‘i orasida qisib ushladi-da, ayvonga opchiqib tashladi. O‘sha yoqdan allanima deb o‘ziga-o‘zi gapirgani eshitildi… Biroq Naim sartaroshning porasi baribir zimmamda turibdi. U haliyam kosasini olib ketgani yo‘q. Shunga qaramay, eshitishimcha, endi choyxonada Olim parvoz undoq, Hakim naynov bundoq, menam persanalniy pensiya olishim kerak, degan gaplarni aytmaydigan bo‘libdi.

OLTIN BALDOQ

Odamda, harchand uringani bilan o‘zgartirolmaydigan g‘alati fe’l-atvorlar bo‘ladi. Mening ham qiziq odatim bor: birovni ranjitib qo‘ysam (adolatli xafa qilgan bo‘lsam ham) o‘sha odamdan ko‘proq o‘zimning dilim vayron bo‘lib yuradi. Bu odat onamdan yuqqan shekilli.

Oyim bizlarga hech qattiq gapirmas, mabodo xafa qilib qo‘ysa birpasdan keyin o‘zi yalinar edi. Faqat bir marta meni qarg‘agan, yomon qarg‘agan. O‘shanda ayb kimda bo‘laginini hali ham bilmayman.

Bahor kirib, oftobning iliq nurlari yelkani qizitadigan bo‘lib qolgan kunlar edi. Bodom tagida o‘tirib varrak yasashga tushdim. O‘rikning yelimi qog‘ozga yopishsa qamishga yopishmaydi, qamishga yopishsa qog‘ozga… Burnimni tortib-tortib urinib yotibman. Oyim nariroqda, tagiga po‘stak tashlab, kir yuvyapti. Dadam «kambag‘albop kiyim» deb aka-ukalarga chiyduxoba shim olib bergan. Chiyduxoba asli yaxshi narsa-yu, chillak o‘ynagandami, koptok tepgandami, bir dumalasang, ora-orasiga loy kirib ketishi yomon. Uch kunda bir yuvaverib, onamning esi ketadi. (Xuddi shu chiybaxmal zamonlar o‘tishi bilan butun Yevropaga moda bo‘lishini dadam xayoliga ham keltirmagan bo‘lsa kerak. Uning uchun chiyduxoba «kambag‘albop kiyim» edi, xolos.) Xullas, oyim unisini olib bunisini qo‘yib, shimlarni yuvar, har siltab ishqaganda jomashovdan ko‘pik sachrar, atrofni sovun hidi tutib ketgan edi. Uning ro‘parasida Sepkilli xola to‘nkarilgan paqir ustida o‘tirardi.

Sepkilli xolani yomon ko‘raman. O‘zinimas, qizini. «Saini senga beraman, olsang ham olasan, olmasang ham,– deydi, – olmasang tugun-tersagi bilan uyingga opchiqib tashlayman, kichkinaligingda qulog‘ini tishlagansan», deydi. Saini qulog‘ini tishlagandan ko‘ra kuchugimning qulog‘ini tishlayman. Saida yomon: o‘g‘il boladan battar. Lanka tepayotganda bir urib Toyning burnini qonatgan.

Sepkilli xola to‘nkarilgan paqir ustida o‘tirib nuqul hasrat qilar edi:

– Kechasi bilan tishim o‘lgur shundoq og‘ridi, shundoq og‘ridi, jonimni qo‘yishga joy topolmadim. – U sepkil bosgan lunjini silab qo‘ydi.

– Isiriq damlab chayqamadingizmi? – deb maslahat berdi oyim hamon engashib kirni g‘ijimlar ekan.

– E, hammasini qildim! – Sepkilli xola yana inqilladi.– Achchiqtoshgayam g‘arg‘ara qildim. Qani bosilsa.

Ikkovlari bir zum jimib qolishdi.

– Uff! Isib ketdim! – Oyim ko‘pikli qo‘lini sidirib, yoqasi bo‘g‘iq to‘rko‘ylagini yechdi-da, chekkaga tashladi.

– O‘lmagan qul, bahorgayam chiqdik, – Sepkilli xola xo‘rsindi. – Shu yil kuzda Hakimimning boshini ikkita qilib qo‘ysak degandik. To‘y qilish osonmi? Hali unisi yetmaydi, hali bunisi… Otasining ahvoli bu bo‘lsa…

Sepkilli xola eridan ko‘p shikoyat qilardi. Chindan ham Isroil mo‘ylov ko‘p ichadi. Ishining tayini yo‘q. Buning ustiga ichib oldimi, tamom, uy ichini tiriqtirib quvadi. Sepkilli xola ko‘pincha Saidani dikonglatib biznikiga qochib chiqadi. Yarim kechada, eri uxlaganidan keyin sekin uyiga chiqib ketadi.

– Hakimjon hali yosh-ku, – dedi oyim o‘ychanlik bilan. – Bu yil bo‘lmasa, yanagi yilga bo‘lar to‘yi…

– Shundoq deysiz-u quda tomon shoshiryapti. – Sepkilli xola yana inqilladi. – Shu o‘lgurni oldirib tashlab qutulaman shekilli. Kecha dadasiga tish qo‘ydirsammikan, desam, otangni xumga ko‘mib qo‘ygan tillalarini olib kelib qo‘ydiraver, deydi… Hayronman, bisotimdagi bitta bilaguzugimni beraman shekilli. Og‘zimni o‘radek ochib yursam uyat bo‘lar.

…Varragimni yelimlab bo‘lib, endi qamishini tortib bog‘lagan edim, qars yetib sindi. Qamish sinsa mayli-ya, qog‘ozniyam yirtib yubordi. O‘zim katta akamga yalinib-yalinib arang olgan edim. Tamom, hammasi tamom bo‘ldi. Alamimdan yig‘lab yuboray dedim. Varrakni bir tepgan edim, yerga yopishib qoldi.

– Ha? – dedi Sepkilli xola. – Nima qildi, kuyov bola?

– Sindi.

– Akangga ayt, boshqasini yasab bera qolsin.

Yasaydi-ya, yasaydi! Mendan boshqa ishi yo‘qmi? Maktabdan beri kelmaydi-ku. Alam bilan varrakni yana bir tepdim-da, ko‘chaga chiqib ketdim. Shu ketgancha, kun botganda qaytib keldim. Hovlidagi arqonda qator qilib ilingan shimlar, ko‘ylaklar… Bir chekkada bizning «qushim boshi» o‘ynaganda loyga qorishaverib, unniqib ketgan do‘ppi ham qiyshayib turibdi. Oyim nim qorong‘ida bodom tagida timirskilanib yuribdi.

– O‘lsin, echkiyam sog‘ilmadi, – dedi meni ko‘rib. – Yur, ushlab tur.

Echkimiz yuvosh bo‘lgani bilan ba’zan «jini» tutib qolar, sog‘ib bo‘lguncha tipirchilab, odamni bezor qilardi. Shunda kichik akammi, menmi birontamiz cho‘nqayib uning orqa oyoqlaridan mahkam ushlab turishga majbur bo‘lardik. Hech ham yoqmaydigan bu mashg‘ulot bugun mening zimmamga tushishini bilib, qochib qolishni mo‘ljallab turgan edim, oyimning jahli chiqib ketdi:

– Sen qachon odam bo‘lasan, zumrasha! Yoshing to‘qqizga chiqibdi-yu, ko‘chada shataloq otishdan beri kelmaysan! Hech foydang tegmasin, xo‘pmi!

– To‘qqizdamas, sakkizda, – dedim chiyillab.

– O‘chir ovozingni! – Oyim bir dag‘dag‘a qilgan edi, istar-istamas borib echkining oyog‘idan ushladim. Echki baribir echki-da! Pitir-pitir qilgani ham mayli-yu, oyim sog‘ayotganida, iyib ketsa qiladigan xunuk «qilig‘i» bor. Keyin yarim soat ko‘ylakning oldini tozalashga to‘g‘ri keladi…

Oyim naridan beri ishini tugatdi-da, buyurdi:

– Yechib yubor anovi savillarni!

Uloqchalarni arqondan bo‘shatishim bilan ikkalasi dikonglab onasining yeliniga yopishdi. Oyim bo‘lsa sutni tovoqlarga soldi-da, yana bodom tagida timirskilanib bir nimani qidira boshladi.

– Nimani qidiryapsiz? – dedim yaqin borib.

Boya urishgani uchun o‘zi achinib turgan ekan shekilli, yelkamga qoqdi.

– Hech nima. Bor, ovqatingni ye, qorning ochib qolgandir. – Keyin birdan qaddini rostladi-yu xitob qildi. – Voy, qayoqdan kun chiqdi?! Assalomu alaykum!»

O‘girilib qaradim-u uch-to‘rt qadam narida turgan ammamga ko‘zim tushdi. Oyim mehmonni ko‘rmay qolganidan xijolat chekib quchoq ochib ko‘rishdi. Ammam juda chiroyli, yuzida xoli bor, qosh-ko‘zi chaqmoqdek xotin. Ammo juda shaddod. Har gapini xuddi mix qoqqandek tarsillatib gapiradi. Oyim undan qo‘rqadi. Kelganda hurmatini joyiga qo‘ymasin-chi, o‘zini qayerda ko‘rarkan.

– Ha? – dedi ammam yo‘g‘on tovushda. – To‘rvasini yo‘qotgan gadoydek talmovsirab qopsiz, kelinposhsha?!

– Yo‘q, opa, o‘zim… – Oyim chaynalib qoldi. – Ziragim o‘lgurning bir poyi tushib qopti. Haligina qulog‘imda turuvdi.

Qarasam, oyimning o‘ng qulog‘idagi ziragi yo‘q. Oyim kattakon oltin oybaldog‘ini juda avaylar, qaynonamdan qolgan yodgorlik, deb maqtanib yurardi.

– Mayli, topilib qolar, – dedi u sekingina. – Shu yerga tushgan bo‘lsa qayoqqa ketardi.

– Hmm! – Ammam shunday tahdidli bosh chayqadiki, qorong‘i bo‘lsa ham qoshi chimirilib ketganini aniq ko‘rdim. – Ketsa, boydan ketibdi, deng! Belingiz qayishib topmaganingizdan keyin joningiz achimaydi-da, kelinposhsha!

Ammam qo‘lidagi tugunni menga tutqazib, o‘zi ham mahsili kalishining uchi bilan yerni titkilay boshladi.

– Qo‘ying, opajon, – oyim uning yelkasiga ohista kaftini qo‘ydi. – Yuring uyga, hali-zamon ukangiz kelib qoladilar.

– O‘zi shunaqa bo‘ladi, – dedim ammam yerdan bosh ko‘tarmay. – Ot topadi, eshak yeydi! – Keyin birdan qaddini rostladi-da, oyimning ko‘ziga tikilib so‘radi. – Kim kirgan edi oldingizga?

– Hech kim. – Oyim bir zum talmovsirab turdi-da, sekin qo‘shib qo‘ydi. – Hali peshinda Sharopat opa keluvdi. Shu…

– Sharapatmi? – Ammam «tushunarli» degandek istehzo bilan labini burdi. – Bo‘pti, omin oblohu akbar!

Hali oyimning oldida paqir to‘nkarib o‘tirgan Sepkilli xola ko‘z o‘ngimga keldi.

– Qo‘ying, – dedi oyim yalingudek bo‘lib. – Bechorani unaqa demang. Bir poy zirakni nima qiladi?

– Pishirib yeydi! – Ammam jahl bilan qo‘l siltadi. – Qo‘li egriligini bilasiz, o‘lasizmi ehtiyot bo‘lsangiz?

– Yo‘g‘-e, – dedi oyim yana ming‘illab. – Bir poy zirakni nima qiladi?

– Yana gapiradi-ya! – Ammamning ovozi tahdidli ohangda balandladi. – Mana shu bir poy zirak qancha turishini bilasizmi? – dedi oyimning chap qulog‘idagi oybaldoqni barmog‘i bilan nuqib. – O‘zi-ku to‘yga borsa, qo‘liga ilingan narsani tuguniga tiqadi.

Oyim nima qilarini bilmay, javdirab qoldi. Dadam ikkalasi Sepkilli xolaning g‘alati qiliqlarini gaplashishganini eshitganman. To‘ylarda laganmi, piyolami yo‘qolsa Sepkilli xolaning uyidan topishar, xola «esidan chiqib» uyga olib ketgan bo‘lardi. Hozir shuni esladim-u goh oyimga, goh ammamga qarab qoldim. Sepkilli xolani juda yomon ko‘rib ketdim.

– Ukangiz eshitmay qo‘ya qolsinlar, – oyim yana yalindi. – Topilib qolar.

– Go‘rni topiladi! – Ammam qandaydir g‘olibona qiyofada uy tomon yurdi. Ketidan kuymangancha oyim ham ergashdi.

Ertasiga ertalab tursam, oyim yana bodom tagini sinchiklab ko‘zdan kechiryapti. Kechasi bilan uxlamagan shekilli, ko‘zlari qovjiragan… Men ham yordamlashdim. Biroq oybaldoq ertasiga ham, indiniga ham topilmadi. Oyim dadam bilmasligi uchun zirakning ikkinchi poyini ham imi-jimida allaqayerga yashirib qo‘ya qoldi.

… Ehtimol, oradan ikki oycha o‘tib Sepkilli xola tilla tish qo‘ydirmaganida, buning ustiga xuddi o‘sha kuni ammam yana kelib qolmaganida, zirak ham, bu gaplar ham unutilib ketgan bo‘lardi.

Ayni yoz chillasida ammam tag‘in keldi. Yoz chillasi ekani shuning uchun yodimda qolganki, o‘sha kuni ammam ikki bosh chillaki uzum olib keldi. Shaharda turishsa ham ularnikida tok bor edi. Akalarim bilan bir g‘ujum-bir g‘ujumdan talashib yedik. Qishloq joyini bilasiz, birovnikiga mehmon kelsa, albatta qo‘shnilar chiqadi. O‘sha oqshom birinchi bo‘lib Sepkilli xola chiqdi. Ammam bilan aylanib-o‘rgilib ko‘rishdi. Keyin oyimga yuzlandi.

– Yarashibdimi? – U ustki labini barmog‘i bilan sal ko‘targan edi, ikkita oltin tish yaraqlab ketdi. Tishlar uning sarg‘ish yuziga juda yarashgan, hatto sepkili ham bilinmay ketgan edi.

– Yarashibdi, – dedi oyim sekingina. – Bilaguzugingizni berdingizmi?

Sepkilli xola negadir qizardi.

– Voy, yo‘q, – dedi ko‘ylagining yengini shimarib. – Mana! Dadasi aytdilar. «Bermagin, keliningga ko‘rmana qilasan», – dedilar. – U tilla tishini ko‘rsatish uchun bo‘lsa kerak labini buribroq jilmaydi. – Ancha insof kirib qoldi dadasiga. Hakimjonning to‘yini tezlatib yubordik, ovsinjon! Xudo xohlasa, kuzda qarsbadabang bazm qilamiz.

– Asil tilla ekan! – dedi ammam achitib. – Buyursin ishqilib!

Sepkilli xola xursand, oyim nimadandir bezovta, ammam bo‘lsa chimirilib o‘tirardi.

– Ertalab choyni biznikida icha qoling, – deb taklif qildi Sepkilli xola.

– Yo‘g‘-a, men saharlab ketishim kerak! – ammam yuzini o‘girdi.

Biroq u ertalab ketmagan ekan. Ammamning qattiq-qattiq gapirishidan uyg‘onib ketdim.

– Birovning molidan hazar qilmagan noinsof! Hech bo‘lmasa qo‘shniligingni o‘ylamaysanmi! Tish yasatish uyoqda tursin, ming ko‘yga solsayam, onaginamdan qolgan molni taniyman.

– E, bunaqalarda insof nima qiladi! – Bu onamning ovozi emasdi. Ko‘rpaning bir chetidan mo‘ralasam, mahallaning otin xolasi – semiz xotin. – Qaysi kuni Inoy cho‘loqning yil oshisida ikkita choynak yo‘qoldi, – dedi u hasrat qilib. – Shundan boshqa it ham olmaydi, deb o‘choqboshisiga kirsam, turibdi. Tumshug‘idagi chegasidan tanidim. «Ha?» desam, «Adashib kirib qolgandir-da», deydi. Ha, yer yutgur, choynakning oyog‘i bor ekanmi, senikiga o‘zidan o‘zi adashib kiradigan!

– Tag‘in erini maqtaganiga o‘laymi? Insof kirib qolgan emish! – Ammam jahl bilan qo‘lini musht qilib, xontaxtaga botirgan edi, barmoqlari shiqirlab ketdi. – O‘lganda insof kiradi, o‘sha bangi mo‘ylovga.

Oyim choy ko‘tarib kirdi.

– Qo‘yinglar endi, – dedi iltijoli ohangda. – Olgan bo‘lsa olgandir. Birovning qo‘lidan tutmagandan keyin nima deysiz? Mayli, mingdan ming roziman.

– Siz unaqa boyvachchalik qilmang, Kelinposhsha! – dedi ammam shaxt bilan. – Bolangizni kiyintiring. O‘zingiz ham otlanib darrov oldimga tushing!

Oyim choynakni xontaxtaga qo‘yarkan, goh ammamga, goh otin xolaga hayron bo‘lib qaradi.

– Qayoqqa?

– Ochiq mozorga! – ammam hammasiga oyim aybdordek piching qildi. – Mahallamizda folbin bor. Suf desa, ariqdagi suv teskari oqadi. O‘shanga oboraman. Mana, otin ham guvoh bo‘ladilar, qaytarma qildiramiz. Qani, bo‘yniga olmay ko‘rsin-chi.

Oyim boshini quyi solgancha turib qoldi. Chamasi ikkilanar edi.

– Endi, – dedi chaynalib, – ko‘zdek qo‘shni bo‘lsak…

– Ho-o! – ammam o‘rnidan turib ketdi. – Beli og‘rimaganning non yeyishini tomosha qilinglar! Onaginamdan qolgan bitta-yu bitta yodgorlik yo‘q bo‘lib ketaverarkan-u qo‘shningizga joningiz achib qoldimi? Mening sovunimga kir yuvmabsiz hali. Haq joyida qaror topmaguncha, qo‘ymayman. – U menga o‘girildi-da, ovozini muloyimlatdi. – Mana, bola bilan fol ochadi. Norasta bola rostini aytadi. Borasanmi?

O‘rnimdan irg‘ishlab turib ketdim.

– Boraman! Boraman! – dedim baqirib.

Bo‘lmasa-chi, ammamnikiga borsak, tramvayga tushamiz! Maza qilib uzum yeyman!

Choy ichib bo‘lgandan keyin, ammam, oyim, otin xola, men – to‘rtovlashib yo‘lga chiqdik. Beshyog‘ochga yetib borsak, bo‘ldi. U yog‘iga tramvayga o‘tiramiz-u jiring-jiring qilib ketaveramiz. Maza!

Mazalikka mazaku-ya, biroq Beshyog‘ochga yetib olguncha ancha gap bor-da! Do‘mbrobodga chiqishimiz bilanoq botinkam oyog‘imni siqa boshladi. Yechib, qo‘limga olvoldim. Yozning tong pallasida yalangoyoq tuproq kechib yurishning zavqi boshqacha bo‘ladi. Undek mayin, salqin tuproq barmoqlaringiz orasidan bilq-bilq otilib chiqadi. ketaverasiz, ketaverasiz, hecham charchamaysiz.

Laylaktepadan o‘tib Qozirobodga borganda qaynama buloqdan muzday tiniq suv ichdik. Keyin Chilonzor keldi. Yo‘lning shundoqqina bo‘yida oqish yaprog‘ini chang bosgan, tikanlari «tish qayrab» turgan chakalakzor – chilon jiydalar (shuning uchun bu yerni Chilonzor deyiladi). Yo‘lning ikki chetida nok ko‘p – nashvati nok, tosh nok, gulobi nok. Nok hali pishmagan. Faqat tagidan o‘tayotganingizda tuproqqa to‘kilgan bargi tovoningizga yopishib, g‘ashni keltiradi.

«Siymonko‘prik»dan o‘tishning o‘zi bir tomosha. Terak bo‘yi chuqurlikda suv qorayib oqadi. Mo‘ralasangiz boshingiz aylanadi. Oyim ko‘prik chetiga borishga qo‘ymaydi: suv chaqirarmish, odam o‘zidan o‘zi tushib ketarmish… Ko‘prik o‘rtasidan ot aravalar, eshak aravalar qatorlashib o‘tadi. Bir tomondagisi o‘tguncha ikkinchi tomondagisi poylab turadi. Aravakashlar so‘kingan, eshaklar hangragan, og‘zidan tupugi osilgan, ustiga qop-qop somon tog‘dek uyulgan tuyalar ham o‘tib qoladi. Shu ko‘prikdan o‘tilsa, tramvayning g‘iyqillagani eshitilib turadi – u yog‘i Beshyog‘och.

… Ammam aytgan folbinni xuddi Acha xolamga o‘xshagan lo‘li bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Yo‘q, boshqacha ekan. Tramvaydan tushgandan keyin ikki tomonidagi devorlardan pishgan o‘riklar mo‘ralab turgan jinko‘chalardan o‘tdik. Keyin gulsafsarlar o‘sib yotgan allaqanday zaxkash, katalakdek hovliga kirib qoldik. Yerto‘la soyasida yotgan kuchukni ko‘rib, to‘xtab qoldim. Xuddi o‘zimning gurji kuchugimga o‘xshash kichkina, faqat qora emas, oppoq ekan. Negadir akillamadi ham.

To‘rttovlashib ayvonga chiqdik. Oppoq ro‘mol o‘ragan, keng yengli ko‘ylak kiygan yumshoqqina kampir kulimsirab qarshi oldi. Shu xotinning folbin ekaniga ishongim kelmasdi.

– Aynovniy, – dedi u yuzimdan o‘pib. – Muncha shirin bu bola!

Ayvon vassajuftiga to‘rqovoq ilingan, to‘rqovoqdagi bedana sayramas, ammo hadeb sakrar, har sakraganda sholcha ustiga allaqanday don to‘kilar edi. Bedanani tomosha qilib o‘tirarkanman, ammam bo‘lgan voqeani tushuntirib berdi.

– Yuringlar, – dedi kampir o‘rnidan turib. Keyin mening yelkamga qoqdi.

– Sen ham yur, shirin bola.

Hammamiz birgalashib devori xomsuvoq qilingan, pastak tokchalariga barkashlar, allaqanday arabcha kitoblar taxlab qo‘yilgan nim qorong‘i xonaga kirdik. Kampir indamay chiqib ketdi. Ammam, oyim, otin xola, men – hammamiz shaparak ko‘rpachaga tizilishib o‘tirdik. Bir mahal kampir bir qo‘lida kattakon chinni kosa, bir qo‘lida choyshabga o‘xshash oq mato ko‘tarib kirdi.

– Sen bunday o‘tir, shirin bola, – dedi menga imo qilib. Xonaning o‘rtasiga meni o‘tqazib qo‘ydi. – Oyog‘ingni uzatib o‘tir. Yo‘q, oyog‘ingni ochibroq o‘tir.

Kampir aytgandek qilib o‘tirgan edim, u oyog‘imning orasiga kosani qo‘ydi. Qarasam, kosa to‘la suv.

– Suvga qarab o‘tir, – dedi u muloyimlik bilan. – Men duo o‘qiyman, sen ko‘zingga kim ko‘rinsa o‘shani aytasan.– Shunday dedi-yu ustimga choyshabni yopdi. Bir zumda hammayoqni zulmat qopladi. Kampir men tushunmaydigan allanimalarni gapira boshladi. Birpasda damim qaytib ketdi. Yuragimni vahima bosdi.

– Oyi-i-! – dedim yig‘lamsirab.

Kimdir yelkamga turtdi:

– Jim o‘tir, oying qochib ketgani yo‘q.

Ammamning zardali ovozini eshitib, damim ichimga tushib ketdi. Ko‘zim endi g‘ira-shira ko‘ra boshladi. Biroq kosada xira yaltirab turgan suvdan boshqa narsa ko‘rinmas edi. Kampir hamon bir ohangda allanimalar der, ko‘z o‘ngimda xira yiltirayotgan suvdan bo‘lak narsa ko‘rinmas edi. Oradan ancha o‘tdi. Qimirlamay o‘tirganim uchun bo‘ynim, oyog‘im og‘riy boshladi. Meni shuncha azobga qoldirgan ammamni ham, Sepkilli xolani ham yomon ko‘rib ketdim. Sepkilli xola oyimning ziragini o‘g‘irlamaganida hozir maza qilib o‘ynab yurgan bo‘lardim. Shularni o‘ylab o‘tiraverdim, o‘tiraverdim… Bir mahal qarasam, suv ichida Sepkilli xola mo‘ralab turibdi. Nuqul kuladi. Hatto yuqori labi ostidagi ikkita tilla tishigacha aniq ko‘rdim. Jonholatda baqirib yubordim:

– Sepkilli xola! Ana, Sepkilli xola!

Birpasda ustimdagi choyshabni olishdi. Qo‘rqqanimdanmi, nafasim qaytgani uchunmi, terlab ketgandim.

– Gumoningiz to‘g‘ri ekan, – dedi folbin kampir oyimga emas, ammamga qarab. – Xudo xohlasa, olgan molini qaytarib beradi, eshonoyi!

– Ana, aytmadimmi! – ammam g‘olibona qiyofada atrofidagilarga birma-bir qarab chiqdi. – Borib itning kunini boshiga solmasam yurgan ekanman!

O‘sha kuni ammamnikida yotib qoldik. U o‘zi aytganidek, ertasiga Sepkilli xolaning boshiga «itning kunini soldi». Uch xotin meniyam yetaklab qo‘shninikiga chiqishdi. Sepkilli xola supaga bo‘yra yozib paxta savab o‘tirgan ekan. Savag‘ichni har urganda gup-gup etgan tovush chiqadi, chang ko‘tariladi. Eshikdan kirib kelayotgan mehmonlarni ko‘rib, savag‘ichni ushlagancha dik etib o‘rnidan turdi. Endi ko‘rishmoqchi bo‘lib quchog‘ini yozgan edi, ammam bobillab berdi:

– Birovning moliga tish qo‘ydiradigan haromxo‘r bilan ko‘rishmayman!

Sepkilli xola qo‘lidagi savag‘ichni osiltirgancha talmovsirab qoldi.

– Bu… bu nima deganingiz, eshonoyi? – dedi rangi o‘chib.

– Bu deganim shuki, o‘g‘irlagan narsangizni joyiga qo‘ying!

Sepkilli xolaning rangi battar o‘chib ketdi.

– Nimani o‘g‘irlabman? – dedi ovozi qaltirab. – Ayting, nimani olibman?

– E qo‘ying-e! – ammam jahl bilan qo‘l siltadi. – Kelinimning ziragidan tish yasatib olib, tag‘in o‘zini go‘llikka solib o‘tiribdi. – U otin xolaga yuzlandi. – Mana, guvoh! Norasida bola bilan fol ochirdim. Aniq-taniq sizni aytdi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации