Текст книги "Dunyoning ishlari"
Автор книги: O‘tkir Hoshimov
Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 12 (всего у книги 43 страниц) [доступный отрывок для чтения: 14 страниц]
Ammam naridan-beri choy ichdi-yu, onamni otlantirdi.
– Sen ham yur! – dedi menga qarab.
Oyimning ko‘ziga yalinib qaradim.
– Bormayman, – dedim sekin. – Borgim kelmayapti.
– Bora qol, – dedi dadam. – Hali maktabingga vaqtli-ku.
O‘qituvchimnikiga borishga uyalar, ayniqsa, hozir sira borgim kelmasdi. Dadam ammamdan hayiqqani uchun menga buyurdi, men dadamdan qo‘rqqanim uchun noiloj kiyindim.
Xolposh xolaning bir ko‘zi ko‘r. Negadir aftiga qarashga qo‘rqaman. Ammo o‘zi juda yaxshi xotin. Nuqul «girgitton» deb gapiradi. Jo‘raboshimiz uni «Girgitton xola» deydi. Ularning uyi Toylarnikidan narida… Qor kechib ancha yurdik. Nihoyat, isiriq hidi anqigan pastakkina uyga avval oyim, ketidan tugun ko‘targan ammam, uning ketidan men kirib bordim. Xolposh xola sandal chetida xamir qorib o‘tirgan ekan. Mehmonlarni ko‘rib quvonib ketdi.
– Voy girgittonlar, voy o‘zim girgittonlar! – degancha kalovlanib o‘rnidan turdi. Qo‘li xamir yuqi bo‘lgani uchun bilagi bilan yelka qoqib ko‘rishdi. Paytavani qalin o‘ragan ekanman, piymamni yechguncha qiynalib ketdim. Xolposh xola bir zumda dasturxon yozdi. Xanik chetida cho‘nqayib o‘tirib yong‘oq chaqdi, tut mayiz, shinni qo‘ydi… Oyim qizarib-bo‘zarib, ammam esa chimirilib o‘tirardi. U tancha ichidan oyimning oyog‘iga o‘xshatibgina tepdi shekilli, onamning ixcham gavdasi silkinib ketdi.
– Ko‘p ovora bo‘lavermang, – dedi battar qizarib. – Biz bir yumush bilan keluvdik.
– Voy girgitton, ovorasi bor ekanmi? Eshonoyimning oyoqlariga qo‘y so‘ysak arziydi.
Ammam: «Gapirasanmi-yo‘qmi?» deb qoshini qoqqan edi, oyim tutilib-tutilib gap boshladi:
– Biz… Haligi… Qulchilikka keluvdik, aylanay…
Xolposh xola bir zum dovdirab qoldi. Choy quyib uzatayotgan piyolasi havoda muallaq turib qolgandak edi. U yagona ko‘zi bilan oyimga hayron tikildi.
– Shundoq bo‘p qoldi, – dedi ammam jilmayishga urinib. Uning tabassumi yig‘idan battar ayanchli edi. – Shu, Afzalxon tushmagur Risolatxondan bo‘lagiga ko‘nmayapti… Bilmadim, mabodo taqdir qo‘shgan bo‘lsa…
Xolposh xola yagona ko‘zini ammamga qadab piyolani dasturxonga qo‘ydi.
– Albatta, sizga og‘ir, – dedi oyim ovozi titrab. – Xudo shohid, dilingizni og‘ritmoqchi emasmiz. Bilamiz, bu gapning mavridi emas, o‘zingizning og‘zingiz to‘la qon…
Xolposh xola boshini xam qilib o‘yga toldi.
– Risolatni kelinmas, qizim deganman, girgitton, – dedi anchadan keyin. – Nima qilay, urush judo qildi o‘g‘limdan. Bolamning o‘rniga bolam, deb etagidan tutgan edim.– Uning ovozi titray boshladi. – Mayli, ilojim qancha, meni deb yosh umrini o‘tkazsa, Xudo nima deydi.
Ammam boshqacha gap kutgan ekan shekilli, rangi o‘chdi.
– Men aytdim, – dedi ovozini balandlatib. – «Hoy, bola, yoshlik qilma, keyin shoxing sinib qoladi», deb necha marta aytdim.
– Albatta, teng tengi bilan degan gap bor. – Xolposh xola hamon boshini quyi solib o‘tirardi. – O‘g‘lingiz ko‘z ochmagan yigit bo‘lsa. Qizim… – U jimib qoldi. – Tag‘in o‘zlari bilishadi. Ikkovining ko‘nglida shu niyat bo‘lsa bizning qo‘limizdan nima kelardi. – U qandaydir ichki sezgi bilan sergaklandi. – Shoshmang, girgitton, bolam keldi. Orifim keldi.
Chindan ham eshik ochildi-da, eski paltosining ustidan yelkasiga jild osgan Orif paydo bo‘ldi. U telpagining quloqchinini tomog‘i ostidan o‘tkazib bog‘lab olgan, qoshiqdek yuzida ko‘zoynagi allaqanday kulgili yaltirab turardi.
– Keldingmi, bolam, – Xolposh xola darrov Orifning jildini oldi.
– Sovuq qotib ketibsan-ku, shakartoyim.
Orif uchinchida o‘qiydi. Ularning darsi tugagan bo‘lsa, demak, men ham tezroq maktabga jo‘nashim kerak.
– Oyi, ketaylik, – dedim tipirchilab.
– Hali vaqtli, biz uchta o‘qidik. – Orif yelkamga qo‘lini tashladi. – Yur, qubba o‘ynaymiz.
– Mayli, narigi uyga kira qolinglar, – dedi Xolposh xola darrov ko‘nib. – Kattalarning gapiga quloq solsa uyat bo‘ladi, girgittonlar.
Orif ikkalamiz qirov bosgan derazasidan xira nur tushib turgan katalakdek uyga kirdik. Bu Risolat opaning xonasi bo‘lsa kerak, burchakda stol, suyanchig‘i baland stul bor edi. Stol ustida daftar-kitoblar taxlab qo‘yilgan. Kirpech osilgan devorda Risolat opaning chust do‘ppi kiygan kishi bilan tushgan surati. Risolat opa do‘ppili kishining yelkasiga boshini xiyol egib jilmayib turibdi.
– Bu kim? – dedim suratdagi kishini ko‘rsatib.
– Dadam! – Orif tokchadagi tovoqdan bir hovuch yong‘oq oldi. – O‘ynaysanmi?
– Mening yong‘og‘im yo‘q-ku.
– Qarzga berib turaman. – U o‘nta yong‘oqni sanab ajratdi. – Men gan qo‘yaman, xo‘pmi?
– Bo‘pti.
Qubba o‘yini qiyin emas. To‘rtta yong‘oq qubba qilib qo‘yiladi. Uzoqdan poylab tekkizsangiz, gan sizniki. Tekkizolmasangiz, otgan yong‘og‘ingiz qulog‘ini ushlab ketdi deyavering.
Birpasda qarz olgan yong‘og‘imdan beshtasini yutqazib qo‘ydim. Yong‘oq namat ustida yaxshi dumalamaydi. Yo sakrab ketadi, yo to‘xtab qoladi. Buning ustiga uy nim qorong‘i.
Rosa berilib o‘ynayotgan edik, narigi uydan Xolposh xolaning ovozi keldi.
– Sandiqning tagiga yong‘oq otmanglar, girgitton, sichqon ko‘payadi.
Ketma-ket ammamning zardaliroq gapirgani ham eshitildi:
– Mayli, endi bizlar turaylik.
…O‘sha kuni xotinlar tag‘in nimani gaplashganini bilmayman. Biroq ertasiga Risolat opa juda g‘alati, xomush bo‘lib qoldi. Tarasha bilan isitilgan temir pechka peshindan keyin ilimiliq bo‘lib qolar edi. Biz bolalar choponimizni yechmasdan o‘tiramiz. Hammadan yomoni siyoh muzlab qoladi. Siyohdonni pechka ustiga qo‘ysangiz sal eriydi-yu, yana muzlayveradi. Peroni botirsangiz qirs etadi, siyoh yuqmaydi. Har qanday sovuqda ham paltosini yechib, sochini silliq tarab, boshyalang o‘tiradigan Risolat opa o‘sha kuni negadir paltosini ham, ro‘molini ham yechmadi. O‘qish darsi edi. Doskaga chiqdim.
– O‘qi, – dedi Risolat opa jurnalni ochib.
– «Quduq yoniga uch xotin keldi. Hammasi o‘z o‘g‘lini maqtay boshladi», – deb sharillatib o‘qib ketdim. Bittayam joyida tutilmadim. O‘qib bo‘ldim-u Risolat opaning «O‘tir» deyishini kutib turaverdim. U bo‘lsa indamaydi. Og‘irligimni u oyog‘imdan bu oyog‘imga tashlab, hali turibman, hali turibman… Risolat opa derazaga tikilgancha o‘tiribdi. Shu o‘tirishda uxlab qolgandek edi. Oxiri bo‘lmadi. Avval sekinroq, keyin qattiqroq yo‘taldim.
– O‘qi, – dedi u hamon derazadan ko‘z uzmay.
– Bo‘ldim, – dedim sekin.
– A? – Risolat opa cho‘chib uyg‘ongandek boshini burdi.– Bo‘ldingmi? O‘tir, rahmat.
Risolat opa ertasigayam, indinigayam shunday bo‘lib yurdi. Har kuni o‘qituvchim bilan birga ketishga o‘rganib qolgan ekanman. Maktabdan yolg‘iz qaytish alam qilar edi. Bultur Xo‘ja bilan qaytardik. Endi uyam yo‘q: Chirchiqda. Biyday keng, kimsasiz dala o‘rtasidagi ipdek ingichka yo‘ldan o‘tguncha zerikib ketaman. Yo‘ldagi izlar chuqur-chuqur botgan, ikki cheti belim baravar qor. Sal chetga chiqsam, piymam qorga to‘lib chiqadi. Risolat opam bilan yursam maza, harna shamolni to‘sib ketadi.
Uchinchi kuni Risolat opam bilan ketdim. Faqat ikkalamiz emas: Afzalxon akam ham bor edi.
Oxirgi darsdan chiqib yuz qadamcha yurgan edim, qarasam, qordan shoxlari egilib ketgan tol tagida Afzalxon akam turibdi. Askarcha shinelini kiyib olgan, oyog‘idagi etik yaraqlatib moylangan. Faqat boshyalang. Yaqin bordim.
– Quloqchiningni tushirib ol. – U telpagimning bog‘ichini yechib quloqchinni tomog‘im ostidan o‘tqazdi. – Qulog‘ing sovuq qotib qoladi. – Keyin shinelining cho‘ntagidan buklangan gazeta oldi. To‘rtburchak qilib yirtdi. Boshqa cho‘ntagidan xaltacha chiqardi. Xaltachadan tamaki chimdib oldi-da, uni sarg‘ayib ketgan barmoqlari bilan qog‘ozga sepib o‘ray boshladi.
– Menga qara! – dedi tamaki o‘ray turib. – O‘qituvchingni aytib chiq.
– E, uyalaman! – dedim rostini aytib.
– Xo‘p degin. – Afzalxon akamning barmoqlari titrab ketgandek bo‘ldi. – Bitta ukalik qilgin, jiyan. O‘zing katta yigitsan-ku, senga ordenimni beraman.
Afzalxon akamning kattakon, og‘ir Qizil Yulduzini o‘ynashni yaxshi ko‘rardim. U bo‘lsa, burovini bo‘shatib, yechib ko‘rishimga hech ruxsat bermasdi.
Ordendan ko‘ra uning yalinishi ta’sir qildi. Piymamdan sovuq o‘tib, oyog‘im muzlay boshlagan bo‘lsa ham orqaga qaytdim. O‘qituvchilar xonasining eshigini qo‘rqa-pisa ochdim. Bu yer ham sovuq, devorda xaritalar. Stol ustida jurnallar. Risolat opa sovib qolgan pechkaning tunuka dudburoniga kaftini bosib, qo‘lini isitayotgan ekan. Nariroqda sochlari oppoq matematika o‘qituvchisi o‘tiribdi.
Risolat opa meni ko‘rib negadir jilmaydi:
– Uyga ketmadingmi?
Indamay bosh chayqadim.
– Bo‘pti, ketdik. – U ro‘molini qaytadan o‘radi. Paltosining tugmalarini soldi-da, kelib qo‘limni tutdi. – Vuy, qo‘ling muzlab ketibdi-ku. Meni kutishing shartmidi?
Negadir o‘zimni juda yomon ko‘rib ketdim. Yerga qaragancha indamay ketaverdik. Oldinda o‘qituvchim, orqada men. U qo‘lini orqaga cho‘zgancha iliq kafti bilan qo‘limni ushlab olgan. Har qadam bosganida kalish-mahsisi g‘ijir-g‘ijir qiladi. Tovonidan quruq, muzdek qor sachraydi. bir mahal u qo‘limni qo‘yib yubordi. Menga o‘girilib qaraganini, ko‘zimga tikilayotganini his qilib turardim-u boshimni ko‘tarolmasdim. Afzal akam qorni g‘ijir-g‘ijir bosib yaqin keldi. Shundagina sekin boshimni ko‘tardim. Risolat opa hamon menga qarab turar, sovuq bo‘lsa ham kulcha yuzlari qizargan, yanayam chiroyli bo‘lib ketgan edi.
Afzalxon akam ikki qadam narida to‘xtadi.
– Kechirasiz, – dedi sekin. – Men iltimos qiluvdim. – U qorga botib Risolat opaga yo‘l bo‘shatdi. Oldinda Risolat opa, keyin Afzalxon akam, uning ketidan men – tizilishib yo‘lga tushdik. Anchagacha jim ketishdi. – O‘ylab ko‘rdingizmi? – dedi nihoyat Afzalxon akam.
Ularning gapini eshitish yaxshi emasligini his qilib turardim. To‘xtab qoldim. Ular ham o‘n qadamcha nari borib to‘xtashdi.
– Bitta o‘g‘lingizni o‘ylasangiz xavotir olmang, – dedi Afzalxon akam. Biroq Risolat opa bir nima deb imladi shekilli, Afzalxon akam ovozini pasaytirdi. Qo‘lini keskin-keskin siltagancha allanimani kuyib-pishib tushuntira boshladi. Ancha gaplashishdi. Oyog‘imdan muz o‘tib ketdi. Burnimni tortaverib charchadim. O‘tib ketay desam, bir yog‘i qorga botishdan, ikkinchi tomoni, ularga yaqin borishdan qo‘rqaman.
Afzalxon akam shinelining cho‘ntagidan yana qog‘oz, tamaki oldi. Tez-tez o‘ray boshladi. Ikkovlari tag‘in yurib ketishdi. Xayriyat!
Men ham ergashdim. O‘ttiz-qirq qadam yurib yaydoq dalaning qoq o‘rtasida yana to‘xtashdi. O‘n qadamcha berida men ham to‘xtadim. Endi oyog‘im akashak bo‘lib qolgan, piyma ichida nima bor – nima yo‘q, o‘zim ham bilmasdim.
Afzalxon aka tamaki tutab turgan qo‘lini silkitib yana allanimalarni gapira boshladi. Shundan keyin g‘alati bo‘ldi. Afzalxon akam birdan sirg‘anib ketgandek, cho‘kkalab qoldi. Avvaliga yiqilib tushdi deb o‘ylagan edim. Yo‘q, yiqilmagan ekan. U Risolat opamning oyog‘idan quchib hayqirib yubordi:
– Ayting, nima qilay! Bilaman, Yo‘ldoshni yaxshi ko‘rardingiz. Men ham yaxshi ko‘rardim. Do‘stim edi… Lekin endi u yo‘q-ku!
Risolat opa Afzalxon akamning qo‘ltig‘idan tutib turg‘izmoqchi bo‘lar, ammo kuchi yetmasdi. Beixtiyor uch-to‘rt qadam yaqin borib qoldim.
– Ikkalamiz bitta raschyotda edik! – dedi Afzalxon akam hamon o‘sha ohangda. – Pragada o‘z qo‘lim bilan yerga qo‘ydim. Men tirik qolganim uchun aybdor emasman-ku! Nima qilay endi, u yo‘q-ku!
Risolat opa yig‘lab yubordi. Afzalxon akamning sochini ikki qo‘li bilan hadeb silar ekan, iltijo qildi:
– Men-chi, men?
– Nima siz? Nima?! – dedi Afzalxon akam ham iltijo bilan.
– Men borman-ku! – Risolat opa yana Afzalxon akamning boshini siladi. – U o‘lgan bo‘lsa men tirikman-ku.
Shu alpozda Afzalxon akamning boshini silab, ko‘zlaridan shashqator yosh oqqancha ancha turdi. Keyin sekin burildi-yu qorli so‘qmoqdan chayqalib-chayqalib yurib ketdi.
Afzalxon akam anchagacha cho‘kkalab turdi-da, sekin qaddini rostladi. Men tomonga burildi. Shinelining tizzasi qorga belangan, ko‘zlarida yosh bor edi. U menga qaramadi. Bir hatlab chetga chiqdi-yu, qor kechib gandiraklab yurib ketdi. Hatto nariga borganda ham yo‘lkaga tushib olmadi. Biydak dalada yolg‘iz qoldim. Qora palto kiygan Risolat opa bir tomonga, kulrang shinel kiygan Afzalxon akam ikkinchi tomonga ketar edi. Oxiri ikkalasi ikkita qora nuqtaga aylanib oppoq qorliqqa singib ketdi. Nima uchundir sovuqni unutdim, uygayam borgim kelmas edi.
…Keyin Afzalxon akam biznikiga juda kam keladigan bo‘lib qoldi. Risolat opa sinfimizni yozgacha o‘qitdi-yu, g‘oyib bo‘ldi. Oyimning aytishiga qaraganda, Xolposh xolamning andijonlik singlisi bor ekan. Hammalari o‘sha yoqqa ko‘chib ketishibdi.
Afzalxon akam, ammam aytganidek, «Toshkentning suvi menga harom», deb bosh olib ketgani yo‘q. Biroq anchagacha uylanmay yurdi…
Bir necha yildan keyin yuqori sinfda o‘qiyotganimda astronomiya o‘qituvchimizdan bir haqiqatni bilib oldim: oyning o‘zi yog‘du sochmas ekan, quyoshdan nur olarkan. Bu dunyoda oftob borligi uchun ham oy yog‘du sochib turarkan.
PISTACHI
U guzardagi bozorchaning kiraverishida, tagiga pastak kursicha qo‘yib o‘tiradi. Oldida ikkita xalta. Bittasida pista, bittasida qurut. Qish paytlari yonboshida tagi mix bilan teshilgan paqirda cho‘g‘ ham bo‘ladi: qo‘lini isitish uchun. Uning moli xuddi magazindagi singari qat’iy narx bilan sotiladi. Chumchuqning tuxumidek qurutning ikkitasi o‘n tiyin, pistaning stakani yigirma tiyin. Stakan ham «zakaznoy»: bir kaft pista solishi bilan to‘lib chiqadi. Ertalablari uning kayfiyati yomon bo‘ladi. Kulrang ko‘zlari siyrak qoshi ostidan odamga o‘qrayib qaraydi. Qurut sanayotganda, stakanga pista solayotganda qo‘li titraydi. Bilganlar u bilan savdolashib o‘tirmaydi. Mabodo biron xaridor molining qimmatligini aytsa, baloga qoladi.
– Menga o‘rgatma, o‘v! – deydi ko‘zlari g‘azabdan yonib. Jahli chiqqanidan sariq mo‘ylov uchib-uchib qo‘yadi. – Zakunni sendan yaxshi bilaman! Senga o‘xshaganlarni deb qon to‘kkanman! – U gapining isboti uchun tarashadek qotib qolgan, bukilmaydigan o‘ng oyog‘ining tovonini o‘tirgan joyida yerga urib-urib qo‘yadi. – Ko‘rdingmi?!
Kechqurunga borib sal chiroyi ochiladi.
– Ja-a-areniy semichka! – deydi ovozini baralla qo‘yib. O‘tgan-ketganga iljayib qaraydi. Silliqroq juvonlar o‘tsa sariq mo‘ylovini burib boshini sarak-sarak qilib qo‘yadi. Yaqinroq kelgan kishi og‘zidan arzon vino hidi gupullayotganini sezadi…
Bu – Dalavoy. Bir vaqtlar dadam tomorqadagi daraxtni kesgani uchun qamatmoqchi bo‘lgan, keyin pora so‘ragan Dalavoyning o‘zi. Uni deyarli har kuni ko‘raman. Har ko‘rganda ko‘nglimda g‘alati xotiralar uyg‘onadi.
* * *
Dalavoy nalugchi bo‘lganidan keyin ayniqsa quturib ketdi. Yaqin atrofda «Dalavoy kelyapti», desa cho‘chimaydigan odam yo‘q edi. U gijinglagan qizil jiyron minib yurar, yaraqlab turgan etigi ham, galife shimi, «po‘rim» qilib qo‘yilgan sarg‘ish sochi ham o‘ziga xo‘p yarashgan edi. Yelkasidan oshirib tashlab olingan charm tasmali sumkasi, qo‘lidagi qamchisi kishida qandaydir qo‘rquvga o‘xshagan narsa uyg‘otardi. Odamlar uni ko‘rganda azbaroyi hurmat qilganidan emas, qo‘rqqanidan salom berardi.
Urush endi bitgan, hammaning ahvoli o‘ziga ma’lum… Dalavoy nalugchi soliqni o‘z vaqtida to‘lay olmagan odamlarning hovlisiga to‘ppa-to‘g‘ri otda kirib kelar, adi-badi aytishib vaqtini o‘tkazib o‘tirmas, namat bormi, samovar bormi, xullas, yaroqliroq biron buyumni baholab olib ketardi.
Odatdagi yoz oqshomlaridan biri edi. Oyim echkini sog‘ib bo‘lib, «nasibasini» emsin, deb uloqchalarni qo‘yib yubordi-da, oshxonaga kirib ketdi. Biri qora, biri oq ikki uloqcha onasining yeliniga yopishgancha oldingi oyoqlari bilan cho‘kkalab dumchalarini likillatib-likillatib emishar, echki uzun, oqish kipriklarini yarim yumib maza qilib kavshanar edi. Oyim oshxonada go‘ja pishirar, havoda tutun aralash piyozdog‘ hidi kezar, akam bilan men supada turib kim uzoqqa sakrash o‘ynayotgan edik.
Bir mahal ko‘cha tomondan tuyoq tovushi eshitildi. Darvoza sharaqlab ochildi-da, qizil jiyronning jilovidan tutgan Dalavoy nalugchi kirib keldi. Akam bir zum angrayib turdi, keyin ovozi boricha qichqirdi;
– Oyi!
Oshxonadan achishgan ko‘zini ishqalab oyim chiqdi. Dalavoyni ko‘rdi-yu shoshib qoldi.
– Voy, voy, aylanay, – dedi ovozi titrab. – Assalomu alaykum. Yaxshi o‘tiribsizlarmi, o‘rgilay? Kelinim eson-omonmilar?
Dalavoy indamay bosh irg‘ab qo‘ydi. Uning avzoyi buzuq edi. Kulrang ko‘zlari qisilib turar, qo‘lidagi ilondek qamchisini o‘ynatib-o‘ynatib qo‘yar edi.
– Voy esim qursin. – Oyim endi hushini to‘plagandek jilmaydi. – Nimaga qarab turibman? O‘tiring, o‘rgilay. Hali-zamon ovqatim pishib qoladi. Men hozir…
Oyim ko‘rpacha opchiqish uchun bo‘lsa kerak, uy tomonga yo‘nalgan edi, Dalavoy qat’iy bosh chayqadi:
– Yo‘q, mundoq keling.
Oyim taraddudlanib hovli o‘rtasida to‘xtab qoldi.
– Xo‘-o‘sh, – dedi Dalavoy ma’nodor qilib. – Bu, naluglar ko‘payib ketibdi-ku, bu yog‘iga nima qilamiz?
Oyim jilmayishga urindi:
– Bilmasam, opovsi. Uch kundan keyin adasi maosh oladilar.
– Unisi uch kun deydi, bunisi besh kun deydi! – Dalavoy jahl bilan sariq qoshini chimirdi. – Nima, mening jonim temirdanmi? Yuraveramanmi u eshikdan kirib, bu eshikdan chiqib!
Oyimning ko‘zlari tashvish bilan javdiradi:
– Nima qilaylik, opovsi, o‘tgan safar barkashni olib ketdingiz…
Oyimning gapi negadir Dalavoyni g‘azablantirib yubordi.
Kulrang ko‘zlari qisilib, allaqanday ko‘kish o‘t sachrab ketgandek bo‘ldi.
– Nima, barkashingizni uyimga oborib qo‘yibmanmi?– dedi ovozi jaranglab. – Zakun bor, bildingizmi?
Shu payt osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, allaqayoqdan gurji kuchugimiz paydo bo‘ldi. Xuddi hozir g‘ajib tashlaydigandek to‘ppa-to‘g‘ri otning oyog‘iga yopishib ovozi boricha akillay boshladi. Jiyron yer tepinib pishqirdi. Boshini shiddat bilan ko‘targan edi, Dalavoyning jilov tutgan qo‘li siltanib qayrilib ketdi.
– Yo‘qol-e, padaringga la’nat! – u jahl bilan jilovni tortdi. Itga qamchi o‘qtaldi. Kuchuk angillab qochdi. Biroq nariroqqa borib battar vovullashga tushdi. – Yeching anovini! – Dalavoy dag‘dag‘a bilan oyimga buyurdi.
Oyim bir zum ko‘zlarini pirpiratib turdi-da, sekin, entikib so‘radi.
– Nimani, opovsi?
– Anovi govmish sigirni! – Dalavoy labining bir cheti bilan istehzoli kuldi. – Qo‘tir echkidan boshqa nimangiz bor o‘zi?
– Insof qiling, opovsi. O‘zi bolalarning og‘zini oqartirib turgan bisotimizda bor molimiz shu. Buniyam opketsangiz holimiz nima kechadi? Bir joylik odammiz-ku, o‘rgilay.
– Qanaqa g‘alcha odam bular o‘zi? – jahli chiqqanidan Dalavoyning ingichka mo‘ylovi ucha boshladi. – Nima, sendaqalardan boshqa ishim yo‘qmi?! Davlat bor, zakun bor! Mana! – U qamchisini qo‘ltig‘iga qistirdi-da, yelkasidan oshirib taqib olgan charm sumkasini ochdi. – Mana,– dedi oyimning burniga allaqanday qog‘ozni tiqishtirib. – O‘ttiz kilo go‘sht, o‘n besh kilo yog‘, yuz litr sut… O‘qing, savod bormi o‘zi?
Oyim qog‘ozga emas, Dalavoyning ko‘ziga termildi:
– Qo‘tir echki qanaqa qilib yuz litr sut bersin, opovsi,– dedi sekin.
– Iya! – Dalavoyning kulrang ko‘zlari qisilib ketdi. – Hali davlatning zakuni bekor ekan-da! Tegishli joyda gaplashib qo‘ymaylik tag‘in.
Oyimning rangi quv o‘chib ketdi.
– Jon ukam, – dedi yalinib. – Iloyo martabangiz bundan ham ulug‘ bo‘lsin. Ko‘rib turibsiz-ku…
– E, nimani ko‘raman! Mana bu yerga hammasini yozib qo‘yibman-ku! Mana! Mana!
U qog‘ozni «mana» deb shaxt bilan ko‘targan edi, jiyron hurkib ketdi. Qattiq pishqirdi-yu suvlig‘ini shiqirlatgancha bir siltagan edi, jilov Dalavoyning qo‘lidan chiqib ketdi. Qo‘ltig‘iga qistirilgan qamchisi tuproqqa tushdi. Ot dumini gajak qilgancha darvoza tomon yo‘rtdi. Dalavoy jaholatda otning ketidan yugurdi. Bir sakrab jilovdan tutib oldi-da, sudragundek bo‘lib boyagi joyga olib keldi. Engashib yerdan qamchisini oldi-yu, kuchi boricha jiyronning boshiga soldi. Ot jon achchig‘ida boshini silkitib oldingi oyoqlari bilan yer tepina boshladi. Ammo Dalavoyning baquvvat qo‘li jilovni burab olgan, har gal qamchi vizillaganida ot pishqirib suvlig‘idan ko‘pik sachratar, ko‘zlari olayib qulog‘ini ding qilgancha yer tepinar, biroq jilovini bo‘shatolmas edi.
Dahshatdan chinqirib yubordim. Akam hamon angrayib turardi. Oyim yugurib kelib Dalavoyning qamchisiga osildi:
– Urmang, jonivorda nima gunoh!
– E, nari turing! – Dalavoyning ko‘zlarida rasmana vahshiy o‘t yonar, o‘zining labi ham xuddi otiniki singari ko‘pirib ketgan edi. U a’zoyi badani titrab turgan otni jilovidan siltab tortgancha hovli burchagiga qarab yurdi. Bir qo‘lida jilov tutgan ko‘yi ikkinchi qo‘li bilan echkining arqonini qoziqdan yecha boshladi. Oyim chumchuqdek chirqillab, echkining arqoniga yopishdi.
– Bermayman! – dedi nafasi qaytib. – O‘ldirsang ham bermayman.
Dalavoy arqonni yechib torta boshladi. Boyadan beri yonimda indamay turgan akam supadan sakrab tushdi-da, chopib borib arqonga yopishdi. Dalavoy u yoqqa tortdi, oyim bilan akam bu yoqqa. Oyimning ro‘moli yechilib, yelkasiga tushdi. Sochlari yoyilib ketdi. Echki ham xuddi hammasini tushungandek to‘rtta oyog‘ini yerga tirab orqaga tisariladi. Endi ovozi o‘cha boshlagan kuchugimiz tag‘in «ishga kirishdi». Qandaydir ingichkalashib ketgan tovushda alam bilan akillagancha, koptokdek pildirab chir aylana boshladi. Faqat men dahshat ichida qotib turar, nima qilishimni bilmas edim. Dalavoy arqonni sal bo‘shatgan edi, bo‘yni cho‘zilib ketgan echki boshini silkitib, bo‘g‘ilib yo‘tala boshladi.
Ichkarida uxlab yotgan ukam shovqin-surondan uyg‘onib ketdi shekilli, ayvonga ishtonchan chiqib burni oqqancha yig‘lay boshladi. Oyim Dalavoyning arqonni bo‘shatganidan umidvor bo‘lib yana yalindi.
– Hech bo‘lmasa mana shu qora ko‘zlarni o‘ylang. Iloyo siz ham shunaqa qo‘sha-qo‘sha o‘g‘illar ko‘ring, ukam, – dedi harsillab.
Dalavoy arqonni qo‘yib yubormadi. Ijirg‘anib yuzini o‘girdi:
– E, shunaqa qing‘ir-qiyshiq bolalar ko‘radigan bo‘lsam, ko‘rmadim-e!
Oyim tarsaki yegandek birdan seskanib ketdi. Bir zum Dalavoyga tikilib turdi-yu arqonni qo‘yib yubordi. Qalin lablari titray boshladi.
– Ol! – dedi ovozi qaltirab. O‘sha zahoti ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi. – O‘zimni so‘ksang so‘k, bolalarimni nimaga haqorat qilasan, imonsiz! – keyingi so‘zlar bo‘g‘zidan yig‘i aralash nido bo‘lib chiqdi. – Iloyo u dunyo bu dunyo tirnoqqa zor bo‘lgin, bildingmi! Iloyo xonadoning chaqaloq yig‘isiga zor bo‘lsin!
Dalavoy birpas bezrayib turdi-da, g‘udranib so‘kindi. Arqonni qo‘yib yuborib orqasiga burildi.
– Opket! – dedi oyim qat’iyat bilan. – Erkak bo‘lsang, so‘zingdan qaytma!
Dalavoy uch qadamcha yurgan joyida shartta burildi. Arqonni yulqib oldi-da, echkini eshik tomon sudrab ketdi. Echki hamon tixirlik qilib orqaga tisarilar edi. Boya onasini to‘yib emib olgan, endi hovlining allaqaysi burchagida yurgan uloqchalar dikonglab echkiga ergashdi. Akam jonholatda yugurib uloqchalardan birining orqa oyog‘idan ushlab qoldi. Uloqcha ayanchli ma’rab tipirchilar, akam qo‘yib yubormas edi. Dalavoy darvozaga yetganda ikkinchi uloqchani etigi bilan turtib ichkarida qoldirdi-da, bir qo‘lida ot jilovi, boshqa qo‘lida echki arqonini tutgancha eshikni qarsillatib yopib chiqib ketdi. Ro‘y bergan voqeaning butun dahshatini endi tushungandek bo‘ldim. Echkim bo‘lmasa, maydonchaga nima deb boraman? Vali bilan qanday o‘ynayman? Toy bilan-chi?
Oyim bir zum hovli o‘rtasida sochlari parishon turib qoldi. Keyin hamon yig‘layotgan ukamning tepasiga keldi. Burnini etagiga artdi-da, ko‘tarib uyga opkirib ketdi.
Qosh qorayganda darvozadan yugurgudek bo‘lib dadam kirib keldi. Hamma gapni ko‘chadan eshitgan shekilli, to‘ppa-to‘g‘ri uyga kirdi-yu qo‘shog‘iz miltig‘ini ko‘tarib chiqdi.
Oyim dod solib miltiqqa yopishdi.
– Qamab qo‘yadi! – dedi chirqillab. – Nima qilmoqchisiz, qamab qo‘yadi!
– Qoch! – Dadam g‘azabdan qaltirab, tirsagi bilan oyimni nari surdi. – Bir boshga bir o‘lim!
– Kerakmas, Xudo xayringizni bersin, kerakmas.
Oyimning nolasi ta’sir qildi chog‘i, dadam holdan toygandek supaning chekkasiga o‘tirib qoldi. Tizzasi ustiga miltiqni ko‘ndalang qo‘ygancha kaftlari bilan boshini changalladi…
– Davlatning odami bilan o‘ynashib bo‘ladimi, – dedi oyim murosaga chaqirgan ohangda.
– Davlat unaqa deganmas! – dadam jahl bilan tizzasiga mushtladi. – Davlat, birovning oxirgi molini shilib kelasan, deganmas. Bu gap o‘sha piyonistaning o‘zidan chiqqan.
– Qo‘lida qog‘ozi bor-ku, – dedi oyim yoshli ko‘zlarini mo‘ltiratib.
– Tag‘in gapiradi-ya! – dadam hammasiga oyim aybdordek yana tizzasiga mushtladi. – Hech kim unga unaqa qilasan, deb o‘rgatgan emas! Bu ablahning o‘zi davlatni odamlarga yomon ko‘rsatib yuribdi. Shunga aqling yetadimi, yo‘qmi!
– Mayli. – Oyim yengining uchi bilan ko‘zini artdi.– Ungayam boqqan balo bordir… Mayli, – dedi xo‘rsinib.– Shukur, urush bitdi, bu kunlar ham o‘tib ketar. Hademay bolalar katta bo‘lib qoladi. – Dalavoyning boyagi gapi yana yuragini o‘rtab yubordi shekilli, oyimning ovozi titrab ketdi. – O‘zimni so‘ksa mayli edi, bolalarimni nimaga gapiradi…
…Onam aytganidek, o‘sha kunlar unut bo‘ldi. Turmush iziga tushib ketdi. Kunlardan birida oppoqqina, do‘mboqqina notanish xotin bir narsadan qo‘rqqandek hurkib darvozadan kirib keldi. Oyim aylanib-o‘rgilib unga peshvoz chiqdi. Notanish xotin oyim bilan ko‘risha turib hiqillab yig‘lab yubordi.
– Kuyovingiz yana urdi, – dedi sekin. Uning chap yuzi momataloq bo‘lib ketganini endi ko‘rdim.
– Kunora uradi. «Qisir sigirsan», deydi. Bo‘yimda bo‘lmasa, nima qilay, opajon. «Seni ming taloq qo‘yib onasi o‘pmagan qizni olaman», deydi. – Notanish xotin ho‘ng-ho‘ng yig‘lar, o‘pkasini tutib ololmasdi. – «Seni deb odamlarga yomon ko‘rindim», deydi. Nimani qoyil qipti? Topganini ichadi. Kecha mast bo‘lib sizni gapirdi. «Shuyam qarg‘agan edi», deydi. Mahallaga qo‘shilolmasam, birovga hasrat qilolmasam. Burchak jinnisi bo‘lib o‘tiribman. Kimga dardimni aytsam kuladi. Ta’nadan boshim chiqmay qoldi, aylanay opajon.
Bu – Dalavoyning xotini ekanini endi tushundim. Hayron bo‘lib goh onamga, goh Dalavoyning xotiniga qarab turardim.
– Voy, gapingiz qurmasin! – oyim uning yelkasiga qoqdi. – Qo‘ying-e, nima, men payg‘ambar bo‘pmanmi? Jahl ustida aytgan bo‘lsam, ming marta qaytib oldim, o‘rgilay!– U choy quyib uzatdi. – Shuni o‘ylab yuribsizmi hali? Qo‘ying, o‘zingizni bosing. Meni aytdi dersiz, opovsi, ichingiz to‘la bola. Hali shunaqa qo‘sha-qo‘sha o‘g‘illar ko‘rasizki, og‘ziga kuchi yetmaganlar uyalib qoladi, aylanay!
Dalavoyning xotini oyimga termilib turarkan, yoshli ko‘zlari bilan jilmaydi:
– Aytganingiz kelsin, – dedi pichirlab.
Ammo Dalavoy aytganini qildi: xotinini qo‘yib yuborib, «onasi o‘pmagan» qizni oldi… Teshik munchoq yerda qolmaydi deganlari rost ekan. Dalavoyning avvalgi xotini Abdi degan aravakashga tegdi. Ora-chora bir bolasini ko‘tarib, birini yetaklab oyimning oldiga kelib qolar, ikkovlari uzoq-uzoq chaqchaqlashib o‘tirishar edi.
Dalavoyning ikkinchi xotini ham tug‘madi. Lekin bunisi «zakunni» bilish bobida o‘zidan qolishmas ekan. Dalavoy uni ham «qisir sigirsan», deb bir marta urgan ekan, «tegishli joy bilan gaplashib qo‘ydi» shekilli, nalugchilikdan bo‘shatishdi. Biroq Dalavoy otdan tushsa ham egardan tushmasdi. Hamon jiyronini gijinglatib «po‘rim» kiyinib yurar, faqat endi yelkasiga osib yuradigan charm sumkasi yo‘q edi.
Falokat qosh bilan qovoqning o‘tasida turadi degan gap bor. Dalavoy bir kuni mast bo‘lib kelayotganida ot hurkib sudrab ketibdi, degan gap tarqaldi. Beli bilan oyog‘i sinib kasalxonada yotdi. Uzoq yotdi…
…Hozir uni deyarli har kuni ko‘raman. Guzardagi bozorchada o‘tirib pista sotadi:
– Ja-a-reniy semichka!
Bilganlar u bilan savdolashib o‘tirmaydi. Bilmaganlar sal jig‘iga tegishsa, tayoqdek qotib qolgan o‘ng oyog‘ining tovonini yerga urib-urib qo‘yadi. G‘azabdan sariq mo‘ylovi uchib-uchib xirillaydi:
– Menga qara, o‘v! Zakunni sendan yaxshi bilaman. Senlarni deb qon to‘kkanman!
Har gal uni ko‘rganimda g‘alati tuyg‘ular qiynaydi. Bir jihatdan achinaman. Ehtimol, u o‘z vazifasini bajargandir. Ehtimol, o‘sha paytda shunday qilish kerak bo‘lgandir. Ammo insonning fe’li g‘alati. Yaxshi narsa esidan chiqsa-chiqadiki, yomonlikni unutishi qiyin. Ayniqsa, bu – bolalik xotirasi bo‘lsa… Uni har ko‘rganimda ko‘z o‘ngimda onamni haqorat qilgani xayolimga kelaveradi. Onamning jiqqa yosh to‘la ko‘zlari tasavvurimda jonlanadi.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?