Текст книги "Барон Мюнхаузен саргузаштлари"
Автор книги: Рудольф Распе
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 2 (всего у книги 4 страниц)
YARIM OT
Janglarda men, albatta, mardonavor harakatlarim bilan boshqalardan ajralib turar va yovga qarshi hammadan oldin ot soldirib borar edim.
Bir kuni turklarga qarshi olib borilgan qattiq jangdan keyin biz dushmanning qal’asini qo‘lga oldik. Qal’aga birinchi bo‘lib men ot soldirib kirdim-da, undagi hamma turklarni quvib chiqarib, chanqab qolgan otimni sug‘ormoq uchun quduq oldiga choptirib bordim. Otim shuncha suv ichsa ham, chanqog‘ini hech bostirolmadi. Oradan bir necha soat o‘tib ketgan bo‘lsa hamki, quduqdan boshini ko‘tarmas edi. Nima gap o‘zi? Men hayron bo‘lib qoldim. Ammo birdan orqamdan g‘alati bir shovillagan ovoz eshitildi.
Qarasam, otimning orqa qismi cho‘rt kesilib ketibdi, shuning uchun ot ichayotgan suv qornida turib qolmasdan, bemalol orqasidan oqib ketaveribdi! Shundan orqamda kattakon ko‘l hosil bo‘lib qolibdi. Men shoshib qoldim. – Ajabo, nima voqea bu? – dedim.
Shu payt soldatlarimdan biri oldimga ot choptirib kelib qoldi-yu, darhol jumboq yechildi.
Men dushmanni tiraqaylatib quvib, qal’aga bostirib kirgan zahotim turklar darvozani birdan sharaqlatib yopib olib, otimni qoq ikkiga bo‘lib tashlashibdi! Otning orqa qismi birpasgacha darvozadan sal nariroqda turklarni tepib-quvib yurgandan so‘ng, yon tomondagi o‘tloqqa qarab chopib ketibdi.
– U hozir ham o‘sha yerda o‘tlab yuribdi! – dedi soldatim.
– O‘tlab yuribdi! Yo‘g‘-e!
– Ishonmasangiz borib ko‘ring.
Men otning oldingi qismini minganimcha g‘izillab o‘tloqqa qarab chopdim. Otning orqa qismini rostdan ham o‘sha yerdan topdim. Maysazorda bemalol o‘tlab yurgan ekan.
Men darhol harbiy doktorga odam yubortirdim; doktor ko‘p o‘ylab o‘tirmay, otimning ikkala qismini dafna daraxtining ingichka novdasi bilan bir-biriga tikib qo‘ydi. Chunki yonida ipi yo‘q ekan.
Otning har ikkala qismi tuzalib, bitib ketdi; dafna daraxtining novdalari esa, otimning tanasida ildiz otib, bir oydan so‘ng egarim ustida dafna daraxti novdasidan soyabon hosil bo‘lib qoldi.
Mana shu shinam soyabon ichida o‘tirib men birtalay g‘aroyib qahramonliklar ko‘rsatdim.
TO‘P O‘QIGA MINIB
Ammo urush vaqtida men faqat otda emas, balki to‘p o‘qini ham minib yurganman. Bu voqea shunday bo‘lgan edi.
Biz turklarning allaqanday bir shaharini qamal qilib olganimizda komandirimizga bu shaharda qancha to‘p borligini bilish zarur bo‘lib qoldi.
Ammo butun armiyamizda dushman tomonga bildirmasdan pisib o‘tishga ko‘nadigan birorta ham mard topilmadi. Hammadan mardi o‘zim ekanman.
Men turk shahrini o‘qqa tutayotgan kattakon bir to‘pning oldiga borib turdim, uning og‘zidan o‘q otilib chiqishi bilanoq, sapchib unga minib oldim-da, oldinga qarab uchib ketdim. Hammalari baravariga:
– Barakalla, baron Myunxauzen! – deb qichqirishdi.
Boshda maza qilib uchib boraverdim, biroq dushmanning shahri uzoqdan ko‘rinishi bilanoq meni vahima bosa boshladi.
«Shoshma! – dedim o‘z-o‘zimga. – Uchib borishgaku borasan-a, lekin u yoqdan qanday qilib chiqib kelasan? Dushman seni ayab o‘tirmaydi, josus deb ushlab olib, yaqin oradagi dorga osadi-qo‘yadi. Yo‘q, azizim Myunxauzen, esing borida orqangga qaytib qo‘ya qol!»
Xuddi shu on turklarning biz tomonga otgan o‘qi yonginamdan o‘tib qolmasmi deng. Uzoq o‘ylab-netib o‘tirmay unga minib oldim-da, hech narsa bo‘lmagandek, g‘izillaganimcha izimga qaytdim. Albatta, uchib ketayotib, men turklarning hamma to‘plarini yaxshigina sanab, bilib oldim va dushmanning to‘plari to‘g‘risida komandirga juda ham aniq ma’lumotlar keltirdim.
SOCHDAN TORTIB
Umuman, shu urush davrida boshimdan juda ko‘p g‘alati hodisalarni kechirdim.
Bir kuni turklardan qochib qutulmoq uchun, botqoqlikdan otda sakrab o‘tmoqchi bo‘ldim. Ammo ot qirg‘oqqa yeta olmadi. Chopib kelib sakraymiz deb, balchiqqa shaloplab tushib ketdik.
Shaloplab tushdigu, botib ketaverdik. Qutulib chiqishning iloji yo‘q edi.
Botqoqlik bizni borgan sari yutib yubormoqda edi. Mana endi otim butun gavdasi bilan qo‘lansa balchiqqa botib ketdi. Mana endi mening kallam ham balchiqqa bota boshladi, balchiqdan faqat dikkayib sochimgina chiqib qoldi.
Nima qilish kerak edi? Agar nihoyatda kuchli qo‘llarim jonimga ora kirmaganda, halok bo‘lishimiz turgan gap edi. Men o‘lguday polvon odamman. Chiqib qolgan sochlarimni changallab, bor kuchim bilan yuqoriga qarab tortdim-da, hech qanday mashaqqatsiz o‘zimni ham, otimni ham botqoqlikdan qutqarib, olib chiqib ketdim: otimni esa oyoqlarim bilan qattiq qisib olgan edim.
Ha, shundoq, men o‘zimni ham, otimni ham botqoqdan ko‘tarib olib chiqdim; mabodo buni jo‘n ish deb o‘ylasangiz, o‘zinglar ham bir qilib ko’ring.
ASALARICHI BILAN AY1QLAR
Ammo og‘ir kulfatlardan meni na kuchim va na dovyurakligim qutqarib qoldi.
Bir mahal urush vaqtida turklar meni qurshab oldi, garchi yo‘lbarsday olishgan bo‘lsam-da, baribir ularga asir tushib qoldim.
Ular mening qo‘1-oyog‘imni bog‘lab, qul qilib sotib yubordilar.
Men uchun qora kunlar boshlandi. To‘g‘risini aytganda, menga u qadar qiyin bo‘lmasa ham, lekin diqqinafas qilib yuboradigan ish berdilar: meni asalari boquvchi cho‘pon qilib qo‘ydilar. Har kuni ertalab men turk sultonining asalarilarini chamanzorga haydab borishim, kun bo‘yi ularni o‘sha yerda boqib, kechqurun uyalariga haydab kelishim kerak edi. Boshda hamma ish silliq bordi, ammo bir kuni asalarilarimni sanab ko‘rsam, bittasi yetmaydi.
Men uni qidirib ketdim, ko‘rsamki, unga ikkita bahaybat ayiq h’ujum qilyapti; aftidan, ayiqlar uni qoq ikkiga yorib, shirin asalidan tatib ko‘rmoqchi bo‘lsalar kerak.
Yonimda hech qanday qurolim yo‘q edi – faqat kichkina kumush boltacham bor edi, xolos.
Ayiqlarni qo‘rqitmoq va sho‘rlik asalarini qutqarib olmoq uchun ana shu boltachamni qulochkashlab, ochko‘z yirtqichlarga qarata otdim. Ayiqlar ura qochdi, asalari esa eson-omon qutulib qoldi. Ammo esizki, zabardast qo‘limning qudratini nazarda tutmasdan, boltachani zabtim bilan uloqtirgan ekanman, oyga uchib chiqib ketibdi. Ha, ha, oyga. Sizlar boshingizni sarak-sarak qilib kulyapsiz, lekin mening u paytda kuladigan chog‘im emas edi.
O‘ylanib qoldim.
Nima iloj qilsam ekan? Oyga chiqmoq uchun uzun narvonni qayerdan topsam ekan.
OYGA BIR1NCHI SAYOHAT
Baxtimga, Turkiyada juda tez o‘sadigan, ba’zida osmongacha o‘sib chiqadigan kattakon bir poliz ekini borligi esimga tushib qoldi.
Bu Turkiya no‘xati edi. Bir dam fursatni qo‘ldan boy bermay, yerga ana shunday no‘xatdan bir donasini ekib qo‘ydim. No‘xat o‘sha zahotiyoq o‘sa boshladi.
U borgan sari o‘sib, tez orada oyga borib yetdi!
– Yasha! – deb qichqirdim men va poyasiga tirmashib, yuqoriga chiqa boshladim.
Bir soatdan keyin oyga chiqib bordim.
Oyda kumush boltachamni topish oson bo‘lmadi. Oy ham kumushdan, bolta ham kumushdan bo‘1ganidan kumush ustida kumush ko‘rinmas edi. Ammo pirovardida, harqalay, boltamni chirigan poxol g‘arami ora-sidan topib oldim.
Xursand bo‘lib, boltamni belimga qistirib oldimda, yerga tushib ket-moqchi bo‘ldim.
Ammo ishning pachavasi chiqibdi: no‘xatning poyasi oftobda qurib qo-lib, maydalanib, sochilib ketibdi!
Buni ko‘rgach, xafa bo‘lganimdan sal bo‘lmasa yig‘lab yuboray dedim. Nima qilish kerak? Qanday chora topish kerak edi? Nahotki, Yerga hech qaytib tusha olmasam? Nahotki, umr bo‘yi ana shu ko‘ngilsiz oyda qolib ketsam? Yo‘q, aslo! Hech bir! Yugurib poxolning oldiga bordim-da, undan arqon esha qoldim. Bu hodisa naqadar dahshatli bo‘lsa-da, men hech qo‘rqmadim. Ko‘p o‘ylab-netib turmasdan, boltamni qo‘limga qattiq ushladim-da, arqonning pastki qismiga mahkam yopishib turib, yuqori qismini kesdim va uni pastki qismiga uladim. Bu narsa Yerga yaqinroq tushib olishimga yordam qildi.
Ammo, Yer hali ancha uzoq edi. Men tinmay arqonning yuqori qismini kesib, pastki qismiga ulayverdim. Nihoyat, shu qadar pastga tushdimki, shahardagi uy va hovlilar ko‘rina boshladi. Yerga yetishimga endi bor-yo‘g‘i uch yoki to‘rt mil qolgan edi.
Birdaniga nima boldi-yu, arqon uzildi-ketdi. Men yerga shunday zarb bilan kelib tushdimki, kam deganda, yarim milcha keladigan yerni o‘yib kirib ketibman.
O‘zimga kelgach, bu chuqur o‘radan qanday chiqib olishni bilolmay, anchagacha angrayib turdim. Kun bo‘yi hech narsa tatimay, hech narsa ichmay o‘ylayverdim, o‘ylayverdim. Oxiri o‘ylagan o‘yimga yetdim: tirnoqlarim bilan tirnab, zinapoya kovlab, ana shu orqali yer yuziga chiqib oldim.
Shundoq, Myunxauzen hech qayerda dard qolmaydi!
OCHKO‘ZLIK BALOSI
Mana shunday mashaqqatlar soyasida qo‘lga kirgizilgan tajriba odamni esliroq qilib qo‘yadi.
Oyga sayohat qilganimdan keyin, men asalarilarimni ayiqlardan ehtiyot qilmoq uchun o‘ng‘ayroq yo‘l o‘ylab topdim.
Qosh qorayganda aravaning shotisiga asal surkab, o‘zim pisib, bir chekkada yashirinib turdim. Qorong‘i tushishi bilanoq, kattakon bir ayiq asta pisib, aravaning oldiga keldi-da, shotiga surkalgan asalni ochko‘zlik bilan yalay boshladi. Ochko‘z ayiq shirinlikka shu qadar berilib ketdiki, shoti kekirdagiga, keyin esa qorniga kirib ketganini ham payqamay qoldi. Oxiri orqasidan teshib chiqdi.
Men ham xuddi shuni poylab turgan edim.
Darrov aravaning oldiga chopib bordim-da, ayiqning orqa tomonidan shotiga yo‘g‘on va uzun mix qoqib qo‘ydim! Ayiq shotiga sanchilib qoldi. Endi u hech qayoqqa burila olmaydi. Men ayiqni ertalabgacha shu holda qoldirdim.
Bu ishimni ertalab turk sultoni eshitib, ajoyib nayrang bilan qo‘lga tushirilgan ayiqni tomosha qilgani keldi. Sulton ayiqqa uzoq qarab turdi-da, kula-kula ichagi uzilayozdi.
OTLAR QO‘LTIQDA, SOYABON ARAVA YELKADA
Tez orada turklar meni ozod qilib yubordilar a boshqa asirlar bilan birga Peterburgga jo‘natdilar.
Ammo men Rossiyadan jo‘namoqchi bo‘lib, soyabon aravaga tushdim-da, o‘z yurtimga qarab yo‘l oldim. O‘sha yili qish nihoyatda sovuq kelgan edi. Hattoki quyosh ham shamollab, yuzlarini sovuq oldirgan, tumov ham bo‘lib qolgan edi. Quyosh shamollab qolsa bormi, undan issiq o‘rniga sovuq keladi.
Soyabon aravada sovuqqa qotganlarimni tasavvur eta olasizmi?!
Yo‘l tor, ikki yog‘i ketganicha devor edi. Ro‘paradan kelayotgan aravalar eshitib, bizning o‘tib ketishimizni kutib tursinlar deb, kucherimga burg‘u chalishni buyurdim. Chunki bunday tor ko‘chada biz bir-birimizga yo‘l berib o‘tib ketolmas edik.
Kucherim buyrug‘imni bajo keltirib, burg‘u chala boshladi. Ammo ming chalmasin burg‘udan hech bir tovush chiqmadi. Shu orada ro‘paramizdan kattakon bir soyabon arava kelaverdi.
Bo‘lak chora yo‘q edi; aravadan irg‘ib tushdim-da, otlarni chiqardim. Keyin aravani yelkamga ko‘tarib oldim – arava esa o‘lguday og‘ir edi! Bir sakrab, devordan naryoqqa o‘tib ketdim. Tag‘in bir sakrab, aravani yana yo‘lga – ro‘paramizdan kelgan haligi aravaning orqasiga olib o‘tdim.
Bu narsa, hatto, men uchun ham hazilakam gap emas edi. Lekin mening qanday polvonligimni sizlar yaxshi bilasiz.
Nafasimni bir oz rostlab olib, otlarimning oldiga boraman, ularni ham qo‘ltiqlayman-da, ana shu xilda ikki marta sakrash bilan arava oldiga olib o‘taman. Bunday sakrashlar vaqtida otimdan bittasi hadeb tipirchilayverdi.
Otning qilig‘i g‘ashimga tekkanidan, keyingi oyoqlarini kamzulimning cho‘ntagiga solib qo‘ydim, shundan keyin ot noiloj yuvosh bo‘lib qoldi.
Keyin otlarni yana soyabon aravaga qo‘shdim-da, yaqin o‘rtadagi mehmonxonaga xotirjam yetib bordim.
Ana shunday qattiq sovuqdan keyin isinish va bunchalik og‘ir ishdan keyin dam olish maza edi.
ERIGAN TOVUSHLAR
Kucherim burg‘uni pechkaga yaqinroq joyga osib qo‘ydi, o‘zi esa yonimga kelib o‘tirdi, biz u yoq-bu yoqdan suhbatlashib o‘tirdik.
Shunda birdan burg‘u:
«Tu-tu-tu! Vat!» deb chalib yubordi deng.
Biz juda hayron qoldik, ammo men shu ondayoq, nima uchun sovuqda bu burg‘u sira ham sado chiqarmay, issiqda o‘zidan-o‘zi chalib yuborganini fahmlab qoldim.
Sovuqda tovushlar burg‘u ichida muzlab qolgan ekan, endi bo‘lsa pechka yonida isitgach, erib, burg‘udan o‘zlari uchib chiqmoqda ekanlar. Kucherim ikkovimiz uyquga yotguncha bu yoqimli musiqa ovozidan rohanlandik.
DOVUL
Ammo, azizlar meni faqat o‘rmonu dala-dashtlardagina sayohat qilibdi-da, deb o‘ylay ko‘rmanglar. Yo‘q, men dengiz va okeanlarda ham ko‘p yurganman, u yerlarda ham hech kimning boshiga tushmagan sarguzashtlar mening boshimdan kechgan.
Bir vaqt biz kattakon kemada Hindistonga ketayotgan edik. Havo juda yaxshi edi. Biroq, biz allaqanday bir orolda langar tashlab turganimizda, qattiq dovul ko‘tarilib qoldi. Dovul shu qadar dahshatli ediki, oroldagi bir necha ming (ha, bir necha ming!) tup daraxtni tag-pagi bilan qo‘porib, osmonga uchirib chiqib ketdi.
Yuz pudlab keladigan katta-katta daraxtlar yerdan shunday balandlikka uchib chiqib ketdiki, pastdan xuddi parga o‘xshab ko‘rindi.
Biroq, dovul bosilishi bilan har qaysi daraxt yana o‘z joyiga qaytib tushib, darrov tomir ota boshladi, shunday qilib, orolda dovuldan hech bir asar qolmadi. Ajoyib daraxtlar-a, shunday emasmi?
Ammo daraxtlardan biri shu ketganicha qaytib yana joyiga kelmabdi.
Butun gap shundaki, bu daraxt havoga parvoz qilganida, uning shoxlarida xotini bilan bechora bir dehqon bor ekan. Nega ular daraxtning ustiga chiqibdilar deng? Anchayin gap: bodring uzmoq uchun, chunki u joylarda bodring daraxtda o‘sar ekan. Orolda yashovchi kishilar dunyoda hamma narsadan ko‘ra bodringni yaxshi ko‘rar, boshqa hech narsa yemas ekanlar. Bodring ularning birdan-bir ovqati ekan.
Bechora dehqon dovulda qolib, o‘zi xohlamagan holda bulutlar ostida sayohat qilishga majbur bo‘libdi.
Dovul tingach, daraxt yerga tusha boshlabdi. Dehqon va xotini xuddi atay qilgandek, juda semiz bo‘lishib, daraxtni o‘z og‘irligi bilan qiyshaytirib yuborishibdi. Daraxt oldin o‘sgan joyida emas, chetroqqa borib tushibdi. Yana o‘sha yerlik shohning naq ustiga-ya! Baxtlari bor ekan, u pashshadek ezilib ketibdi.
Nega baxtlari bor ekan, demoqchimisiz? Chunki bu shoh qatiqqo‘l, qahrli bo‘lib, butun orol xalqiga azob berar edi.
Odamlar juda xursand bo‘lishdi, chunki ularga azob beruvchi o‘lib, uning tojini menga tortiq qilishdi:
– Marhamat, oliyjanob Myunxauzen, bizning shohimiz bo‘ling. Bizga bir yaxshilik qilib, boshqaruvni qo‘lga oling. Siz juda dovyurak va aqllisiz, deyishdi.
Ammo men birdan rad javobini berdim. Chunki bodringlar menga yoqmas edi.
TIMSOH VA SHER O‘RTASIDA
Dovul tingach, biz langarlarni ko‘tarib, ikki haftadan keyin eson-omon seylon orollariga yetib keldik. Seylon gubernatorining katta o‘g‘li menga o‘zi bilan birga ovga borishni taklif qildi.
Men bajonu dil rozi bo‘ldim. Biz yaqinroq yerda joylashgan o‘rmonchaga qarab yo‘l oldik. Havo juda isib ketdi, men bunga o‘rganmaganim uchun, tan olaman, juda tez charchab qoldim.
Gubernatorning o‘g‘li esa, kuchli, yosh bo‘lgani uchun issiqda o‘zini juda yaxshi his qilar edi. U Seylonda bolaligidan beri yashagan.
Seylon quyoshi uning uchun hech narsa emasdi, u qizib ketgan qum ustida tetik qadam tashlardi. Men undan orqaroqda qolgan edim, o‘rmon notanishligi uchun birdek chakalakzorda adashib qoldim. Ketaversam, shitirlagan ovoz qulog‘imga chalindi. Qarasam, qarshimda juda katta sher og‘zini ochib, meni tilka-pora qilishga shay bo‘lib turibdi. Nima qilishim kerak edi? Qurolim ham mayda o‘q bilan to‘ldirilgan, unda, hatto, kaklik ham o‘ldirib bo‘lmasdi. O‘q uzdim-uzdim. Ammo sochma o‘q vahshiy hayvonning g‘ashini keltirdi shekilli, u menga qarab yana battar hamla qila boshladi.
Qo‘rqqanimdan o‘takam yorilib, qochmoqchi bo‘ldim, ammo qochish behuda ekanligini yaxshi bilar edim, chunki, bahaybat yirtqich bir sakrashdayoq yetib olib, meni g‘ajib tashlashi turgan gap edi. Hayhot, qayoqqa ham qochardim? Orqamda kattakon timsoh og‘zini karrakday ochib, meni o‘sha zahotiyoq yamlab yuborgudek bolib turar edi.
Nima qilish kerak? Nachora?
Ro‘paramda – sher, orqamda – timsoh, chap tomonim ko‘l, o‘ng tomonim esa zaharli ilonlar bilan liq to‘la botqoqlik.
Jon talvasasida o‘t ustiga yiqildim-da, ko‘zlarimni yumganimcha, ana endi o‘ldim, deb yotaverdim. Shu on to‘satdan boshim ustidan bir narsa guldur etib o‘tib, narigi tomonga tushdi. Ko‘zlarimni ochdimu, juda ajoyib tomoshani ko‘rib, ko‘p zavqlandim: ma’lum bo‘lishicha, o‘sha hamono menga hamla qilgan sher, yerga yiqilishim bilan ustimdan uchib o‘tib, to‘ppa-to‘g‘ri timsohning og‘ziga kirib ketibdi!
Bir yirtqichning boshi boshqa bir yirtqichning bo‘g‘zida edi. Bir-biridan qutulmoq uchun ikkalasi ham joni boricha harakat qilar edi.
Men irg‘ib o‘rnimdan turdim-da, ovchilik pichog‘imni qinidan chiqarib, bir hamla bilan sherning boshini shartta kesib tashladim. Nafasi o‘chgan gavda oyog‘im ostiga gupillab yumalab tushdi.
Keyin fursatni qo‘ldan boy bermay, miltig‘imni oldim-da, qo‘ndog‘i bilan urib, sherning boshini timsohning og‘ziga kirgizib yubordim. Oxiri timsoh nafasi bo‘g‘ilib qoldi.
Gubernatorning o‘g‘li qaytib kelgach, meni ikkita bahaybat yirtqichning ishini bir yoqlik qilganim bilan qutladi.
NAHANG BALIQQA DUCH KELIB QOLINGANI
Bilsangiz, shu-shu bo‘ldi-yu, Seylon orolida turish ko‘nglimga unchalik o‘tirmay qoldi.
Men harbiy kemaga tushib, Amerikaga jo‘nadim: u yerda na timsoh va na sher bo‘lar edi.
Biz o‘n kuncha yo‘l yurdik, ammo hech qanday hodisa ro‘y bermadi, biroq Amerikaga yaqin qoldik deganda, birdan falokatga uchradik: kemamiz suv ostidagi toshga borib urildi.
Zarb shu qadar qattiq bo‘ldiki, machta ustida o‘tirgan matrosni dengizdan uch mil nariga uloqtirib tashladi.
Xayriyatki, matros suvga tushayotganida, yonginasidan uchib o‘tgan qizil qo‘tonning tumshug‘iga mahkam yopishib olibdi; qizil qo‘ton to biz borib, uni qutqarib olgunimizcha, uning suvga cho‘kmay qalqib turishiga yordami tegibdi.
Biz qoya toshga shu qadar bexosdan urildikki, men oyoqda turib qololmay, yuqoriga qarab otildim, kallam kayutaning shiftiga borib urildi.
Shu zarbdan kallam ichimga botib ketdi. Faqat bir necha oydan keyingina sochimdan torta-torta kallamni sug‘urib oldim.
Biz kelib urilgan qoya tosh aslo tosh emas ekan.
U juda ham kattakon nahang baliq bo‘lib, suv ichida bazo‘r mudrab yotgan ekan.
Biz unga kelib urilib uyqusidan bezovta qilibmiz: uning shunday jahli chiqibdiki, kemamizning langaridan mahkam tishlab olib, kun bo‘yi, erta bilan to kechgacha, bizni butun okeanda sargardon qilib yurdi.
Xayriyatki, axiri langarning zanjiri uzilib ketib, biz undan eson-omon qutulib qoldik.
Amerikadan qaytayotganimizda yana o‘sha nahangga duch kelib qoldik. U suv betida o‘lib, tanasi yarim milcha joyni enlab yotar edi. Bunday katta narsani kemaga ortib olishni o‘ylab o‘tirishning hojati ham yo‘q edi. Shu sababdan biz faqat boshinigina kesib oldik. Biz uni kema sahniga olib chiqib, og‘zidan langarimizni ham. qirq metr kema zanjirini ham topib olganimizda, terimizga sig‘may xursand bo‘lgan edik. Qarangki, bu narsalarning hammasi uning qurt yegan bitta tishining kovagiga sig‘ibdi-ya.
Biroq, xursandchiligimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Biz kemamizda kattakon bir teshik paydo bo‘lganini ko‘rib qoldik. O‘shanda kemaning pastki omboriga tizillab suv kirmoqda edi.
Kemamiz g‘arq bo‘la boshladi.
Hamma gangib qoldi, dod-faryod ko‘tarildi, yig‘isig‘i boshlanib ketdi, ammo men nima iloj qilish kerakligini darrov topdim. Hatto, cholvorimni ham yechmay to‘ppa-to‘g‘ri teshikka borib o‘tirdim-da, teshikni mahkam berkitib oldim.
Suv kirishi to‘xtadi.
Kema qutqazildi.
BALIQ QORNIDA
Bir haftadan keyin biz Italiyaga yetib keldik.
Oftob yarqirab chiqqan kun edi. Men O‘rta dengiz bo‘yiga cho‘milgani bordim. Suv iliqqina edi. Men usta suzuvchi bo‘lganimdan, qirg‘oqdan ancha yiroqqa suzib ketdim.
Birdan qarasam, kattakon bir baliq og‘zini karrakdek ochib, to‘g‘ri menga qarab suzib kelyapti! Nima iloj qilish kerak? Undan qochib qutulishning iloji yoq edi; shu sababdan baliqning tig‘day tishlari orasidan tezda otib, darrov qorniga kirib olmoq uchun, g‘ujanak bo‘lib oldim-da, karrakdek og‘zidan ichkariga kirib ketdim.
Bunday oqilona hiyla har qanaqa odamning ham miyasiga kelavermaydi, ammo men umuman ziyrak va bilasizki, juda-juda uddaburon odamman.
Baliqning qorni qop-qorong‘u bo‘lsa ham, ammo, issiq va binoyidek ekan. Men bu zulmat ichida u yoqdan-bu yoqqa yura boshladim va bu ishim baliqqa yoqmasligini darrov fahmlab qoldim. Ana shundan keyin men baliqni rosa qiynamoq uchun, xuddi jinni kishidek jo‘rttaga irg‘ishlab o‘yin tushdim.
Baliq og‘riqqa chidolmay, ingray boshladi va kattakon tumshug‘ini suvdan chiqardi.
Ko‘p o‘tmay, yonginasidan kemada o‘tib ketayotgan italyanlar uni ko‘rib qolishibdi.
Ayni muddao bo‘ldi! Dengizchilar uni changak otib o‘ldirdilar, so‘ngra kemaning sahniga olib chiqib, bunday bahaybat baliqni qanday qilib maydalamoq uchun maslahatlasha boshladilar.
Men bo‘lsam baliqning qornida o‘ltirar va iqror bo‘lishim kerakki, bu odamlar baliq bilan qo‘shib meni ham chopib tashlamasalar edi, deb qo‘rqqanimdan dir-dir titrar edim.
Ana shunisi vahimali edi!
Ammo baxtimga ularning boltalari meni chopib tashlamadi. Sal yorug‘lik tushishi bilanoq men baland ovozda, toza italyan tilida (darhaqiqat, men italyan tilini juda yaxshi bilaman) baqira boshladim. Meni dim va qorong‘u joydan xalos qilgan bu oliyjanob odamlarni ko‘rganimdan xursand ekanligimni aytib baqirdim.
Baliq qornidan odam ovozini eshitgan matroslar qo‘rqqanlaridan qotib qolishdi. Baliqning og‘zidan sakrab chiqdimu ularga chiroyli egilib, ta’zim qildim. Ular undan ham ko‘proq hayratga tushdilar.
Правообладателям!
Это произведение, предположительно, находится в статусе 'public domain'. Если это не так и размещение материала нарушает чьи-либо права, то сообщите нам об этом.