Текст книги "Барон Мюнхаузен саргузаштлари"
Автор книги: Рудольф Распе
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 4 (всего у книги 4 страниц)
OYGA IKKINCHI MARTA SAYOHAT
Angliyaga qaytib kelganimdan keyin, endi hech qachon va hech qanday sayohatga chiqmaslikka ahd qildim, ammo oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas, yana safarga chiqmoq ehtiyoji tushib qoldi. Gap shundaki, mening keksa va boy bir qarindoshim, nima uchundir dunyoda bahaybat odamlar yashaydigan bir mamlakat bor emish degan xayolga tushib qolibdi.
U menga shu mamlakatni, albatta, qidirib topib berishimni iltimos qildi va buning mukofoti uchun menga juda ko‘p meros qoldirishni va’da qildi. Qarindoshim bahaybat odamlarni ko‘rishni juda ham havas qilib qolibdi.
Men rozi bo‘ldim, kemaga asbob-anjomlarni ortdim, keyin biz Janubiy okeanga jo‘nab ketdik.
Yo‘lda biz uchadigan bir necha xotinlardan bo‘lak hech qanday qiziq narsa uchratmadik; bu xotinlar xuddi parvona singari osmonda qanot qoqib, uchib yurar edilar. Havo juda ham yaxshi edi.
Ammo o‘n sakkizinchi kun deganda dahshatli bo‘ron boshlandi.
Shu qadar qattiq dovul turdiki, kemamizni suv ustidan ko‘tarib, xuddi momiqday osmonga uchirib ketdi. Borgan sari balandga olib chiqib ketaverdi! Biz eng yuqoridagi bulutlar ustida olti hafta uchib yurdik. Oxiri yumaloq va yaltiroq bir orolni ko‘rib qoldik.
Bu, turgan gapki, Oy edi.
Biz kema to‘xtaydigan bop joyni topib, Oyning sohiliga chiqdik. Pastda, juda olisda esa, shaharlari, o‘rmonlari, tog‘lari, dengiz va daryolari bo‘lgan boshqa bir sayyoraga ko‘zimiz tushib qoldi. Bu sayyora biz tashlab chiqqan Yer edi.
Oyda bizni uch boshli burgutlarga minib olgan qandaydir bahaybat maxluqlar qurshab oldi. Burgutlar oyda yashovchilar uchun ot xizmatini o‘tar ekan.
Xuddi shu paytda Oy podshosi Quyosh hoqoni bilan urush qilmoqda ekan. Oy podshosi o‘sha zahotiyoq menga o‘z qo‘shiniga bosh bo‘lib, uni jangga boshlab kirishni taklif etdi, ammo men bundan uzilkesil bosh tortdim.
Yerdagiga qaraganda oydagi narsalar ancha katta bo‘lar ekan.
Pashshalari qo‘ydek, har bir olmasi tarvuzdek kelar ekan.
Oydagilar qurol o‘rniga sholg‘om ishlatar ekanlar. Sholg‘omni nayza o‘rnida ishlatar ekanlar; sholg‘om bo‘lmagan vaqtlarda kaptarlarning tuxumini otib urushar ekanlar. Qalqon o‘rniga esa qurbaqa sallasi bilan zamburug‘ ishlatar ekanlar.
Oyda men olis bir yulduzdan kelgan bir necha odamni ko‘rdim. Oyga savdo-sotiq ishlari bilan kelgan ekanlar. Ularning basharalari itning tumshug‘iga o‘xshagan edi; ko‘zlari esa yo burunlarining uchida, yo bo‘lmasa burun teshiklarining tagida bo‘lar ekan. Ularda na qovoq va na kiprik bo‘lar ekan. Yotganda ko‘zlarini tillari bilan to‘sib uxlar ekanlar.
Oyda yashovchilar ovqat yemoq uchun vaqt sarflab o‘tirmas ekanlar. Qorinlarining chap tomonida maxsus eshikchalari bo‘lar ekan: shu eshikchani ochib, o‘sha yerga ovqat solib qo‘yar ekanlar. Keyin boshqa ovqat mahaligacha eshikchani yopib qo‘yar, har oyda bir marta ovqat yer ekanlar. Ular bir yilda o‘n ikki marta ovqatlanishar ekan!
Bu narsa juda bop ekan, ammo yerdagi chuchuktomoq ochko‘zlar bu xilda kam ovqatlanishga hech bir rozi bo‘lmasalar kerak.
Oyda yashovchilar to‘ppa-to‘g‘ri daraxtda o‘sar ekanlar. Bu daraxtlar juda chiroyli bo‘lib, och-qizil shoxi bo‘lar ekan, Shoxlarida esa, po‘chog‘i juda ham qattiq, katta-katta yong‘oqlar o‘sar ekan.
Yong‘oqlar pishganidan keyin avaylab uzib olib, yerto‘lada saqlar ekanlar.
Mabodo oy podshosiga yangi odamlar darkor bo‘lib qolsa, bu yong‘oqlarni qaynab turgan suvga tashlashni buyurar ekan. Bir soatdan keyin yong‘oqlar yorilib, ulardan tayyor oy odamlari chiqar ekan. Bu odamlar o‘qib o‘tirmas ekanlar. Ular birdaniga katta bo‘lib tug‘ilar va o‘z kasbini yaxshi bilar ekanlar. Bir yong‘oqdan – mo‘ri tozalovchi, boshqasidan – sharmanka chalib yuruvchi, uchinchisida – muzqaymoqchi, to‘rtinchisidan —askar, beshinchisidan – oshpaz, oltinchisidan – mashinachi sapchib chiqar ekan.
Har qaysisi darhol o‘z ishini bajarishga kirishar ekan. Mo‘ri tozalovchi tomga chiqib ketar, sharmanka chaluvchi sharmankasini chalib yuborar, muzqaymoqchi: «Keb qoling, qaynoq muzqaymoq», deb qichqirar (chunki oydagi muz olovdan ham issiq ekan), oshpaz oshxonaga chopar, askar esa dushmanga o‘q otar ekan.
Oyda qarib qolgan odamlar o‘lmas, balki tutun yoki bug‘ singari havoga tarqalib ketar ekan.
Ularning har qo‘lida bittadan barmoq bo‘lar, ammo ular bu barmoq bilan biz besh barmoq bilan ishlaganday, juda chaqqon ishlar ekanlar.
Ular boshlarini qo‘ltiqlarida olib yurar, biror yoqqa sayohatga jo‘naganda, yo‘lda buzilib qolmasligi uchun, uyda qoldirib ketar ekanlar.
Ular o‘zlari yiroqda bo‘lsalar hamki uyda qolgan boshlari bilan maslahatlasha olar ekanlar! Bu juda qulay ekan.
Basharti podsho xalqi o‘zi haqida nimalar deyayotganini bilmoqchi bo‘lib qolsa, o‘zi uyda qolib, divanda yotar, boshi esa asta birovlarning uylariga kirib hamma gaplarini eshitib kelar ekan.
Oydagi uzumning bizdagi uzumdan hech farqi yo‘q ekan.
Goh-gohida yerga yog‘adigan do‘l, oydagi dalalardan dovul uzib uchirgan o‘sha oy uzumining xuddi o‘zginasi ekaniga hech shubhalanmayman.
Basharti sizlar oy vinosini totib ko‘rmoqchi bo‘lsanglar, bir necha do‘lni yig‘inglar-da, uni yaxshilab eritinglar.
Oydagi odamlar uchun qorinlari chamadon xizmatini ham o‘taydi. Ular xohlagan vaqtlarida uni ochibyopishlari, istagan lash-lushlarini unga solib qo‘yishlari mumkin. Ularda na oshqozon, na jigar va na yurak bor, qorinlarining ichi butunlay bo‘m-bo‘sh, Ular ko‘zlarini joyidan olib, yana o‘rniga qo‘ya oladilar.
Ular ko‘zlarini qo‘llarida ushlab turib ham, xuddi u boshlarida turgandagiday yaxshi ko‘raveradilar. Basharti ko‘zlari buzilib yoki yo‘qolib qolsa, bozorga borib yangisini sotib olaveradilar. Shu sababdan oyda ko‘zfurushlik qiladigan odamlar juda ko‘p. Oyda qayerga bormang, viveskalarda: «Arzon ko‘zlar sotiladi. Tanlab oling: sariq, qizil, ko‘k va binafsha rang ko‘zlar bor», degan so‘zlarni o‘qiysan kishi.
Oydagi odamlarga har yili yangi xil ko‘z rasm bo‘lar ekan.
O‘sha, men chiqqan yili oyda ko‘k va sariq ko‘zlar rasm bo‘lgan ekan.
Nega kulyapsiz? Nahotki meni bo‘lmag‘ur narsalarni gapirayapti deb o‘ylasangiz? Yo‘q, mening har bir so‘zim borib turgan haqiqat, basharti gaplarimga ishonmasangiz, o‘zingiz Oyga chiqib boring. Mening hecham yolg‘on gapirmaganimni va sizga bor haqiqatnigina gapirib berganimni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz.
PISHLOQ OROLI
Agar hali hech kimga uchramagan ajoyib va g‘aroyib narsalar menga uchrayversa, buning uchun men gunohkor emasman.
Buning sababi shuki, men sayohat qilmoqni yaxshi ko‘raman va har xil sarguzashtlarni doim o‘zim qidirib yuraman, siz bo‘lsangiz uyingizda o‘tirib, Uning to‘rt devoridan bo‘lak hech narsani ko‘rmaysiz.
Masalan, kunlardan bir kuni men kattakon bir golland kemasida uzoq safarga jo‘nadim. Birdan dengizda dovul ko‘tarilib, bir zumda hamma yelkanlarimizni uzib-buzib tashladi, hamma machtalarni sindirib yubordi.
Machtalardan bittasi kompasning ustiga tushib, uni chilparchin qilib tashladi.
Kemani kompassiz haydash naqadar mushkul ekanligi hammaga ma’lum. Biz yo‘ldan adashib, qayoqqa borayotganimizni bilmay qoldik.
Dengiz tala-to‘poloni ichida biz uch oy sargardon bo‘lib yurdik. Keyin shamol bizni noma’lum bir tomonga qarab olib ketdi; shunday qilib, kunlarning birida ertalab hamma narsa ajoyib bo‘lib o‘zgarib ketganini ko‘rib qoldik. Dengiz ko‘m-ko‘k edi, oqarib qolibdi. Shabada allaqanday mayin va yoqimli hidni keltirib dimoqqa uradi. Vaqtimiz chog‘ bo‘lib, suyunib ketdik.
Tez orada biz kema to‘xtaydigan bir joyni ko‘rib qoldik-da, bir soatdan keyin keng va chuqur gavanga kirib bordik. U yerda suv o‘rniga sut oqmoqda edi!
Biz shoshib-pishib qirg‘oqqa tushdik-da, sut dengizidan simirib icha boshladik.
Ichimizda pishloqning hidiga toqat qilolmaydigan bir matros bor edi. Unga pishloq ko‘rsatganimizda ko‘ngli aynib, behuzur bo‘lardi. Mana endi qirg‘oqqa tushishimiz bilanoq, uning ahvoli yomonlasha boshladi.
– Pishloqni oyog‘im ostidan olib tashlanglar! – deb qichqirardi u. – Men pishloqni bosib yurishni istamayman va bosib yurolmayman ham!
Men yerga engashib qarab, voqeani fahmlab qoldim. Kemamiz kelib taqalgan orol eng a’lo golland pishlog‘idan yasalgan ekan!
Ha, ha, shundoq, kulmang, men sizga rostini aytayotibman: oyog‘imiz ostida tuproq emas, pishloq yotar ekan.
Bu orolda yashovchilar – nuqul pishloq yeb kun ko‘rishlari qiziq-a! Ammo pishloq sira ham kamaymas ekan, chunki butun kun bo‘yi qancha pishloq yeyilgan bo‘lsa, kechasi bilan yana o‘shancha pishloq hosil bo‘lib qolar ekan.
Butun orol uzumzor ekan, ammo u yerning uzumi g‘alati bo‘lar ekan: g‘ijimlab siqsang, undan shira o‘rniga sut oqar ekan.
Orolda yashovchilar novcha va chiroyli odamlar ekan. Hammasining ham uchtadan oyog‘ bo‘lar ekan. Uch oyoqli bo‘lganlari uchun sut dengizi ustida bemalol yurishaverar ekan.
Bu orolda non pishgan va tayyor holda o‘sar ekan, shu sababdan undagi odamlar na ekin ekar va na yer haydar ekan. Men shirin-shakar kulchalar osilib turgan ko‘pgina daraxtlarni ko‘rdim.
Pishloq orolida sayr-tomosha qilib yurgan vaqtlarimizda, biz sut oqadigan yettita ariqni uchratdik; ikkita ariqda esa quyuq va mazali pivo oqar ekan.
Rostini aytsam, sut oqqan ariqlardan ko‘ra pivo oqqan ariqlar menga ko‘proq yoqdi.
Umuman, biz orolda sayr qilib yurib, juda g‘aroyibotlarga duch keldik.
Ayniqsa, qush uyalari bizlarni juda hayratda qoldirdi. Ular haddan tashqari katta edi. Masalan, bitta burgutning uyasi eng baland ekan. Bu uya juda bahaybat eman daraxtlarining tanasidan to‘qilgan ekan. Undan biz besh yuzta tuxum topdik. Har bir tuxum rasmana bochkaday kelar edi.
Biz bitta tuxumni urib sindirgan edik, ichidan bir jo‘ja chiqdiki, katta burgutdan yigirma marta kattalik qilar edi.
Burgutcha chig‘illagan edi, onasi yordamga yetib keldi. U kapitanimizni changallaganicha yaqin oroldagi bulutning orasiga ko‘tarib olib chiqib ketdi va o‘sha yerda turib, dengizga uloqtirib yubordi.
Xayriyatki, kapitanimiz suzishga usta edi. Bir necha soatdan keyin pishloq oroliga suzib yetib oldi.
Bir o‘rmonda odamlarni jazolab, o‘ldirayotganlarining shohidi bo‘lgan edim.
Oroldagilar uchta odamni oyog‘ini osmondan qilib, daraxtga osib qo‘yibdilar. Bechoralar ingrar va yig‘lar edilar. Men, bu bechoralarni nima uchun bunchalik qattiq azoblayapsizlar, deb so‘ragan edim, menga: bu sayyohlar shu topdagina uzoq safardan qaytib keldilar va ko‘rgan-kechirganlari to‘g‘risida hech hayo qilmasdan, yolg‘on-yashiqlarni so‘zlamoqdalar deb javob qildilar.
Yolgonchilarni bunday jazolayotganliklari uchun men orol aholisini ko‘p maqtadim, chunki men yolg‘on-yashiqqa hech toqat qilib tura olmayman, o‘zim ham doim rost gapni gapiraman.
Biroq, siz o‘zingiz ham yaxshi bilasiz, mening hikoyalarimda bitta ham yolg‘oni yo‘q. Yolg‘onchilik menga yotdir, eng yaqin do‘stlarim doim meni yer yuzida eng rostgo‘y odam deb keladilar, men shu bilan o‘zimni baxtiyor hisoblayman!
Kemaga qaytib kelib biz o‘sha zahotiyoq langarni ko‘tardik-da, ajoyib-g‘aroyib oroldan jo‘nab ketdik.
Qirg‘oqda o‘sgan hamma daraxtlar, allaqanday bir ishora bilan bizga ikki marta egilib ta’zim qildilar-da, yana hech narsa bo‘lmaganday qaddilarini rostlab oldilar.
Daraxtlarning ajoyib iltifotlaridan ko‘nglim buzilib ketganidan, boshimdan shapkamni olib, ularga xayrlashuv salomini yo‘lladim.
Qanday odobli daraxtlar-a, to‘g‘rimi?
NAHANG BALIQ QORNIDAGI KEMALAR
Bizda kompas yo‘q edi, shuning uchun begona dengizda anchagina adashib yurdik.
Kemamiz atrofida nuqul katta-katta baliqlar – akulalar, kitlar va dengizdagi bolak maxluqlar uymalanib yurardilar.
Oxiri biz nihoyatda katta bir baliqqa to‘qnash kelib qoldik; u shunday ulkan ediki, biz uning bosh tomonida turib, dumini ko‘ra olmasdik.
Baliq suv ichmoqchi bo‘lib, og‘zini katta ochgan edi, og‘ziga daryo-daryo suv kirib, kemamizni ham damiga tortib ketdi. Shunda qanday qo‘rqqanimizni bilsangiz edi! Shunday botir odam bo‘la turib, hatto, men ham qo‘rqqanimdan dir-dir qaltirar edim.
Ammo baliqning qorni xuddi kema to‘xtaydigan gavandek tip-tinch ekan. Baliqning qorni bu ochko‘z yirtqich allaqachon yutib yuborgan kemalar bilan liq to‘la ekan. Oh, koshki edi, u yerning naqadar qorong‘uligini bilsangiz! Biz na quyoshni, na yulduzni va na oyni ko‘roldik.
Baliq har kuni ikki marta suv ichar edi, har safar suv yutganida kemamiz kuchli to‘lqinda beshik-beshik bo‘lib ketar edi. Boshqa vaqtda esa baliqning qorni qup-quruq bo‘lar edi.
Suvning to‘xtashini poylab turib, biz kapitan bilan bir aylanib kelish uchun kemadan tushdik. Bunda biz butun dunyodan kelgan dengizchilarni uchratdik. Baliqning qornida ular O‘n minglab edilar. Ularning ko‘pchiligi o‘sha joyda bir necha yillardan beri yashayotgan edi. Men bu dim qamoqxonadan qutulib chiqish rejasini muhokama etishni taklif qildim.
Meni boshliq etib tayinlashdi va ayni o‘sha payt, men yig‘ilishni ochgan mahalda, o‘lgur baliq yana suv icha boshladi. Biz hammamiz o‘z kemalarimiz tomon tarqalib ketdik.
Boshqa kuni biz yana yig‘ildik va men shunday taklif berdim: ikkita eng baland machtalarni birlashtirib, baliq og‘zini ochishi bilan tik qilib qo‘sak, u jag‘ini qimirlatolmay qoladi. Uning og‘zi ochiq qolganidan keyin biz bemalol tashqariga suzib chiqishimiz mumkin. Mening taklifim bir ovozda qabul qilindi.
Ikki yuzta eng baquvvat matroslar maxluq boshqa yutina olmasligi uchun uning og‘ziga ikkita eng katta machtani o‘rnatdilar. Kemalar baliq qornidan ochiq dengizga qarab bemalol chiqib oldilar. Bu ulkan maxluqning qornida yetmish beshta kema bor ekan. Endi uning tanasi qanchalik bahaybat bo‘lganini tasavvur qila olasizmi?
Baliq og‘zidagi kemalarni, albatta, shundayligicha qoldirdik. U endi boshqa hech kimni yuta olmasligi kerak edi.
Asirlikdan ozod bo‘lgach, biz, tabiiyki, qayerda turganimizni bilmoqchi bo‘ldik. Ma’lum bo‘ldiki, Kaspiy dengizida ekanmiz. Bu hammamizni hayratga soldi, chunki Kaspiy dengizi yopiq joy bo‘lib, boshqa hech qaysi dengiz bilan birlashmaydi.
Ammo men Pishloqlar orolida ushlab olgan uch oyoqli o‘qimishlining aytishicha, baliq Kaspiy oroliga qandaydir yer osti kanali orqali kelib qolgan.
Biz sohilga qarab yo‘l oldik. Men hamrohlarimga boshqa hech joyga bormasligimni aytib, quruqlikka chiqishga shoshildim. Oxirgi yillarda boshimdan o‘tgan qiyinchiliklarning o‘zi men uchun yetarli edi. Men dam olishni xohlar edim.
Ketma-ket bo‘lgan sayohatlar meni charchatib qo‘ygan edi. Endi men tinch yashashni xohlardim.
AYIQ BILAN OLISHUV
Men qayiqdan chiqishim bilanoq ulkan bir ayiq tashlanib qoldi. U g‘ayritabiiy o‘lchamdagi dahshatli mahluq edi. U meni lahza ichida tilka-pora qilib tashlashi mumkin edi, ammo men uning old panjalarini shunday qattiq siqdimki, ayiq og‘riqning zo‘ridan chinqira boshladi. Uni qo‘yib yuborsam, meni yanchib tashlashini bilganim uchun panjasini uch kechayu uch kunduz to ochidan o‘lgunicha ushlab turdim. Ha, u ochidan o‘ldi, chunki ayiqlar ochlikdan panjalarini so‘rib qutuladilar. Bu ayiq bo‘lsa qo‘llarini so‘ra olmay ochidan o‘lib ketdi. O‘shandan beri birorta ham ayiq menga tashlana olmaydi.
Правообладателям!
Это произведение, предположительно, находится в статусе 'public domain'. Если это не так и размещение материала нарушает чьи-либо права, то сообщите нам об этом.