Электронная библиотека » Shuhrat G‘ulomov » » онлайн чтение - страница 1

Текст книги "UCH OG‘AYNI BOTIRLAR"


  • Текст добавлен: 16 мая 2023, 13:20


Автор книги: Shuhrat G‘ulomov


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 1 (всего у книги 7 страниц) [доступный отрывок для чтения: 2 страниц]

Шрифт:
- 100% +

Uch og‘ayni botirlar

UCH OG‘AYNI BOTIRLAR

Bor ekan, yo‘q ekan, bir zamonda bir kishi bo‘lgan ekan. Boy ham, kambag‘al ham emas ekan. Uning uchta o‘g‘li bor ekan, uchovi ham o‘qigan, oq-u qorani tanigan, yuzlari oyday, o‘zlari toyday, yomon bilan yurmagan, yomon joyda turmagan ekanlar. To‘ng‘ichi yigirma bir yoshda, o‘rtanchasi o‘n sakkiz yoshda, kenjasi o‘n olti yoshda ekan. Otasi bir kuni ularni oldiga chaqirib, har birining peshanasini silab: O‘g‘illarim, men boy emasman, mendan qolgan davlat sizlarning maishatingiz uchun kifoya qilmaydi, mendan ortiq narsa umid qilib o‘tirmanglar, o‘zimdan keyin baxtsiz bo‘lib qolmanglar deb, sizlarni o‘qitdim. Yaxshi ot qo‘ydim. To‘y qildim, voyaga yetkazdim. Buning ustiga sizlarni yana uch narsa bilan tarbiya qildim. Birinchidan, sog‘lom vujudli qilib o‘stirdim, quvvatli bo‘ldingiz. Ikkinchidan, yarog‘ bilan tanishtirdim – yarog‘ ishlatishga usta bo‘ldingiz. Uchinchidan, qo‘rqitmay o‘stirdim, qo‘rqoq bo‘lmay botir bo‘ldingiz, yana uchta narsani aytaman, quloqlaringizga olib, eslaringizdan chiqarmangiar. To‘g‘ri bo‘ling, bexavotir bo‘lasiz. Maqtanchoq bo‘lmang, xijolat tortmaysiz. Dangasalik qilmang – baxtsiz bo‘lmaysiz. Bundan boshqasini o‘zingiz biling. Qora toyni, saman toyni, ko‘k toyni asbob-anjomlari bilan tayyorlab qo‘ydim. Xurjunlaringizni bir haftalik ovqat bilan to‘lg‘izdim. Baxtingiz yo‘lda, topib olmoq uchun dunyoni ko‘rgani yo‘lga chiqing, dunyoni tanimay dunyo kishisi bo‘lmaysiz. Baxt qushini ushlamoq uchun baxt oviga chiqing. Xayr o‘g‘illarim, deb turib ketdi…

Uch og‘a-ini safarga otlandilar. Yo‘lda ular kechasi navbatma-navbat poyloqchilik qilib chiqishga kelishadilar. Birinchi kecha To‘ng‘ich botir o‘zlariga hujum qilmoqchi bo‘lgan sherni o‘ldiradi. Ikkinchi kecha O‘rtancha botir ajdarni yengadi. Uchinchi kecha Kenja botir podshoh xazinasiga tushmoqchi bo‘lgan o‘g‘rilarni qirib tashlaydi. Ertasi kuni botirlar shaharga kirib, bir joyga qo‘nadilar.

Joy egasi bu botirlarni o‘rdaga borishga taklif qildi. Bular piyoda asta-sekin o‘rdaga bordilar. Podshoh bularning musofir ekanligini bilib, alohida bir ziynatlangan uyga kirgizib qo‘ydi. Boshqa musofir bo‘lmaganidan, ularga juda diqqat-e'tibor bilan qarab, sir olmoqni bir vazirga topshirdi. Vazir aytdi: Bulardan to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘rasak, ehtimol aytmaslar, o‘z hollariga qo‘yib, tashqaridan quloq solib turamiz, nima desalar so‘zlaridan sirini topamiz, dedi. Bu xonada bulardan boshqa hech kim yo‘q edi. Bir vaqt dasturxon yozildi, xilma-xil noz-ne’matlar keltirib qo‘yildi. Ikkinchi bir xonaning teshigidan podshoh bilan vazir quloq solib jim o‘tirdilar. Birozdan keyin uch og‘a-ini botirlar o‘zaro suhbat qila boshladilar. To‘ng‘ich botir dasturxondagi ovqatni ko‘rsatib:

– Shu go‘sht qo‘zi go‘shti ekan, biroq shu qo‘zi it emib katta bo‘lgan ekan, dedi.

O‘rtancha botir aytdi:

– To‘g‘ri aytasiz, podshoh degani it go‘shtidan ham qaytmaydi. Saralab yemoq faqirning ishi, qo‘yni boqib qo‘yibdimi? Men ham bir narsaga hayron bo‘lib turibman, mana shu shinnidan ham odam isi keladi.

Kenja botir aytdi:

– To‘g‘ri, podshohlik qonxo‘rlik demakdir. Qon qo‘shilgan bo‘lsa, ehtimoldan uzoqmasdir. Lekin yomonning qoni bo‘lsa-ku, mayli, begunohning qoni qo‘shilgan bo‘lmasin. Men ham bir narsaga hayron bo‘ldim. Shu nonni taxlagan kishining otasi novvoy ekan, taxlovchi novvoyning o‘g‘li ekan. To‘g‘ri bo‘lsa kerak, debdi To‘ng‘ich botir. Podshoh bizni bu yerga o‘rda voqeasi bilan chaqirgan. Albatta bizdan savol so‘rar, nima deymiz?

– Albatta yolg‘on so‘zlamaymiz, debdi O‘rtancha botir, bu voqeaga aralashgan bo‘lsak, aytmoq lozimdir.

Kenja botir:

– Uch kunlik yo‘lda qanday voqealarni ko‘rgan bo‘lsak, o‘rtaga tashlaydigan vaqt keldi, dedi. To‘ng‘ich botir birinchi kechada sher bilan olishganini aytib, belidagi tasmasini o‘rtaga olib qo‘ydi. O‘rtancha botir ikkinchi kechadagi voqeani aytib, nishona uchun tasmani o‘rtaga tashladi. Kenja botir uchinchi kechadagi voqeani aytib, olgan narsalarini o‘rtaga tashladi.

Podshoh bilan vazir sirdan xabardor bo‘ldilar. Faqat go‘sht, shinni, non to‘g‘risidagi gaplarni tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ldilar. Birinchi qo‘ychivonni chaqirtirishdi. Podshoh qo‘ychivondan so‘radi:

– To‘g‘risini ayt, kecha so‘yilgan qo‘zining onasi itmidi?

– Podshohim, bir qoshiq qonimdan kechsangiz aytaman.

– O‘tdim, to‘g‘risini so‘yla!

– Qishning o‘rtasida bir qo‘y tug‘ib, o‘zi o‘lib qoldi, shu vaqtda bir katta itim ham tug‘gan edi. Qo‘zichoqqa rahmim keldi. Yetim qo‘zini och qoldirgim kelmadi. Nochor o‘sha itga emizdirib, katta qilgan edim. Boshqa qo‘zi qolmagani uchun o‘shani yuborgandim, dedi.

Podshoh bog‘bonni chaqirib:

– To‘g‘risini ayt, shinniga odam qoni qo‘shilganmi? dedi.

– Podshohim, bir qoshiq qonimdan o‘tsangiz, bir voqea bo‘lgan edi, aytardim, dedi.

– Ayt, o‘tdim, dedi. Bog‘bon:

– O‘tgan yozda, bog‘dagi uzumzorga har kecha bir odam o‘g‘irlikka tushib, sizga olib qo‘ygan eng yaxshi uzumdan o‘g‘irlab olib keta boshladi. Bir kuni agar qo‘limga tushsa, o‘ldirib, shu tokning tagiga ko‘mib qo‘yay, deb qasd qildim. Bir kecha poylab yotdim. Yana keldi. Shashvar to‘qmoq bilan boshiga urdim. Boshi pachoq-pachoq bo‘lib ketdi. Hech kim bilgani yo‘q. Shu tok tagiga chuqur kavlab ko‘mib qo‘ydim, kelasi yili tok kuchlanib, chunon hosil qildiki, bargidan ham uzumi ko‘p edi. Lekin mazasida ozgina o‘zgarish paydo bo‘ldi. Men uzumdan sizga yubormay, butunicha shinni qilgan edim, dedi.

Nonni podshoh o‘zi taxlagan edi. Bu shohning otasi novvoy edi. Podshoh haqiqatlar bilinganidan keyin, bularning zakovatiga ofarin deb, botirlarning oldiga kirdi. Salom berib ko‘rishdi. Hech bir narsa so‘ramay:

– Sizlarning hamma aytganlaringiz to‘g‘ri bo‘lib chiqdi, mening sizlarga muhabbatim ortdi. Botir mehmonlar, ijozat bersangiz, bir arzim bor edi, agar qabul qilsangiz aytar edim, dedi.

To‘ng‘ich botir:

– Aytganlaringiz to‘g‘ri kelsa qabul qilarmiz, aytingiz! dedi. Podshoh:

– Mening uchta qizim bor, o‘g‘lim yo‘qdir. Men ertaga butun shaharni to‘yga chaqirib, qirq kun osh berib, qizlarimni sizlarga nikohlab ber-sam, mening o‘g‘illarim bo‘lib, bunda qolsangiz, dedi. To‘ng‘ich botir:

– Xo‘p yaxshi aytasiz, lekin bizning ham shartimiz bor. Bizlar podshoh bolasi emasmiz. Otamiz boy ham emas. Sizning davlatingiz podshohlik bilan topilgan, biz qo‘l kuchi bilan tarbiya topganmiz. Elimiz bir bo‘lsa ham, tarbiyamiz boshqa. Qanday bo‘lar ekan? dedi. Podshoh:

– Men bir iqlimning podshohiman, sizni otangiz qo‘l kuchi bilan tarbiya qilib, sizday botirlarning otasi bo‘lgan ekan, mendan nima kamligi bor? Haqiqatda mendan ortiqdir. Tarbiyangiz orqasida jahon podshohlari yig‘lab oshiq bo‘lib yurgan qizlarning otasi sizga o‘z qizlarini yig‘lab tutadi, dedi.

Bular qabul qildilar. Shaharda qirq kun to‘y-tomosha bo‘lib, botirlar podshoh qizlariga uylandilar. Qizlar yo‘qotgan tillalariga gavhar qo‘shib oldilar. Yaxshi tarbiya orqasida yigitlar baxt qushini qo‘lga kirgizdilar. Qizlar bilan botirlar ipakdek kelishdilar.

Podshoh hamma kuyovidan ham Kenja botirni ko‘proq yaxshi ko‘rardi. Kunlardan bir kun podshoh bir salqin joyda uxlab yotgan edi, yonidagi ariqdan bir ilon chiqib, podshohga zahar solmoqchi bo‘lib turganda, to‘satdan kelib qolgan Kenja botir uni ko‘rib, belidan qilichini sug‘urib, chopib, ikki bo‘lib tashladi. Yana qilichini qiniga solib turganida podshoh uyg‘onib qoldi. Dilida: Qizimni berganimga qanoat qilmay, meni o‘ldirib, podshoh bo‘lmoq xayoli bor ekan, deb shubha qildi. Vazirga chiqib voqeani aytdi. Vazirning botirlarga hasad-adovati bo‘lib, qulay paytni kutib yurgan ekan, yaxshi bahona bo‘ldi.

Vazir podshohga:

– Shunday bebaho qizlaringizni, mendan bir maslahat so‘ramay, yaxshi tarbiya ko‘rgan deb, musofirlarga berib qo‘ydingiz, endi mana bir uchini sizga ko‘rsatdi. Eng yaxshi deb sevgan kuyovingiz sizni o‘ldirmoqchi bo‘lgan ekan, yana bir kuni boshqacharoq hiyla bilan sizni o‘ldirib qo‘yar, dedi.

Podshoh vazirning so‘ziga ishonib:

– Zindonga solinsin! deb buyurdi.

Kenja botirni zindonga soldilar. Kenja botirning qallig‘i juda xafa bo‘ldi. U botirni nihoyatda yaxshi ko‘rardi. Yig‘lab-yig‘lab, kelinchakning yuzlari so‘liy boshladi.

Bir kuni qiz otasining oyog‘iga boshini qo‘yib, yig‘lab, qallig‘ini afv etishni so‘radi. Podshoh qizining yuzidan o‘tolmay, Kenja botirni zindondan oldirib keldi. Qallig‘i juda sog‘inganidan kuyovini quchoqlab, yuzlaridan o‘pib, qo‘lini yelkasiga tashlab yig‘lab turar ekan, podshoh Kenja botirga qarab:

– Botir, siz shunday vafosizmisiz?

– Ko‘rmayapsizmi, mening qizim sizga qanday mehribon. Shu qizimni ham rioya qilmay, qay ko‘ngil bilan meni o‘ldirmoqchi bo‘ldingiz? dedi. Kenja botir podshohga qarab bir hikoya aytdi.

– Bir zamonda bir poshdoh bor ekan, uning yaxshi ko‘rgan bir to‘tisi bor ekan. Podshoh to‘tisini shunday yaxshi ko‘rar ekanki, bir soat ko‘rmasa turolmas ekan. To‘ti ham podshohga juda mehribon bo‘lib, har turli shirin so‘zlar aytib, xursand qilar ekan. Bir kuni to‘ti podshohdan so‘rabdi: Mening Hindiston degan yurtda ota-onam, aka-ukam, opa-singillarim bor, falakning gardishi bilan sizning dargohingizga kelib qolgan edim. Shukurlar bo‘lsin, aql-idrokim, yaxshi xulqim, shirin so‘zim orqasida sizday podshohga hamsuhbat bo‘ldim. Endi, iltimosim shuki, meni qafasdan bo‘shatib, yigirma kunga javob bersangiz, olti kun borishim, olti kim kelishimga ketsa, bir hafta ota-onam, aka-ukalarimni ko‘rib diydoriga to‘ymog‘im uchun yetar. Podshoh:

– Yo‘q, senga javob bersam, yana kelmay qolsang, men sog‘inaman, juda xafa bo‘laman, debdi. To‘ti:

– Yo‘q, podshohim, sizning menga ko‘rsatgan iltifotingiz yomon yo‘lga boshlamaydi, qanday bo‘lsayam va’da ulug‘, muqaddas narsa, uni buzish yaramaydi. Va’dani buzmoq og‘ir gunoh. So‘z beraman so‘zimda turaman, debdi.

– Xo‘p bo‘lmasa, agar tezda kelsang ikki haftaga ruxsat beraman, debdi podshoh.

– Xayr, endi qanday bo‘lsa ham chiqay, deb to‘ti o‘n besh kunga ruxsat olibdi. Devorga qo‘nib turib, xayrlashibdi. Janub tomonga qarab uchib ketibdi. Podshoh orqasidan qarab qolibdi. Podshoh to‘tining qaytib kelishiga ishonmas ekan.

To‘ti olti kun deganda Hindiston degan mamlakatga borib, ota-onalarining oldiga yetibdi. Bechora to‘ti juda xursand bo‘lib, tog‘dan toqqa, bog‘dan boqqa, shoxdan shoxga sakrab, uchib, o‘ynab-kulib, ota-onasining diydoriga to‘ydi, qarindosh-urug‘iga mehmon bo‘lib, uch kunni qanday o‘tkazganini bilmay qoldi. Ertasi yana qafas tomonga, tutqunlikka uchmog‘i kerak ekan. Ota-onasi, aka-ukalaridan ajralmoq juda og‘ir bo‘libdi. Bir tarafda va’da bor, va’daga vafosizlik xavfi turadi. Bechora to‘tining quvonchi tugabdi. Shodligi g‘amga almashibdi. Qanotlari so‘libdi. Ikkinchi qaytib kelish yo bor, yo yo‘q. Qarindosh-urug‘lar bir joyga to‘planishibdi. Hammasining ko‘zi g‘amli to‘tida ekan. Qanday bo‘lsa ham qaytmaslikni maslahat berishibdi. To‘ti aytibdi: Yo‘q, yana qaytmoq uchun va’da berganman, va’daga vafo qilmasa bo‘ladimi?

Bir to‘ti aytibdi:

– Va’da bergan podshohingda insof bo‘lsa, seni uch yil qamoqda saqlab, faqat ikki haftaga javob berarmidi? Seni sevar ekan, seviklisini qafasda tutmoq yarashadimi? Dunyoga qafasda turmoq uchun keldingmi? Bir kishining xushvaqtligi uchun erkinlikni qo‘ldan berma! Podshoh deganning marhamatidan qahri ortiqdir, podshoh bilan sherga yaqin bo‘lmoq hikmatdan emasdir.

Podshohning to‘tisi aytibdi:

– Menga bir yo‘l ko‘rsating, men ham erkinlikka chiqay, ham va’da yolg‘on bo‘lmasin.

Ona to‘ti aytibdi:

– Shunday bo‘lsa men ham bir maslahat beraman. Bizning joyda bir daraxtning mevasi bor, har kim bir donasini yesa, qari chol bo‘lsa yigitlik holiga qaytur. Kampir yesa qiz kabi yoshlik holiga kelur. Podshohga shundan uch donasini olib borgin, bu bebaho mevani berib, o‘zingning butunlay ozod etilishingni so‘ra, shoyad insofga kelib, butunlay ozod etsa, debdi.

Bu gap ma’qul tushibdi. Shu chog‘da uch dona meva olib kelibdilar. To‘ti uni changalida mahkam ushlab, xayrlashib shimol tomonga qarab uchibdi. Qarindoshlari zo‘r umid bilan orqasidan qarab qolishibdi.

To‘ti olti kun deganda podshohning saroyiga yetib kelibdi. Podshoh bilan ko‘rishib, olib kelgan tortiqni unga beribdi, xosiyatlarini bir-bir aytibdi. Podshoh juda xursand bo‘libdi. Ozod qilmoqqa va’da beribdi. Bir donasini xotiniga berib, ikki donasini vazirga ko‘rsatmoq uchun bir piyolaga solib qo‘yibdi. Ertasiga vazirga ko‘rsatib, xosiyatlarini aytibdi. Vazirning bunga hasadi kelibdi. Ichida xafa bo‘libdi. Ishni boshqacha yo‘lga burmoqni ixtiyor qilibdi:

– Siz bu parrandaning olib kelgan narsasini yemay turing, oldin bir tajriba qilib ko‘raylik, durust bo‘lsa yemoq qochmaydi, debdi.

Bu gap podshohga ma’qul tushibdi. Vazir vaqtini topib, piyoladagi ikki dona yoshartiruv mevasiga zahar aralashtirib qo‘yibdi. Bir kundan keyin vazir aytibdi:

– Endi yoshartiruv mevasini bir tajriba qilaylik. Buning uchun qamoqxonadan ikki nafar odamni olib chiqib yediribdilar. Ikkalasi shu chog‘dayoq o‘libdi. Vazir aytibdi:

– Agar siz yesangiz nima bo‘lardingiz? Men ham o‘lardim, debdi podshoh. Bechora to‘tini qafasdan sudrab olib chiqib, kallasini tanasidan uzib tashlabdilar.

Bir kuni podshoh bir odamni g‘azab bilan o‘ldirmoqchi bo‘libdi. Bu kishi keksa ekan. Qolgan bir dona mevani yemoqqa buyuribdi. Haligi odam mevani yegan ekan, oqargan sochlari tu-shib ketibdi, tishlari butun bo‘lib, ko‘zlarining nuri ortib, yigirma yashar yigit holiga kelib qolibdi. Podshoh vazirdan shubhalanib, piyolani olib kelib qaragan ekan, zahar qo‘shilganligini bilibdi. Podshoh vazirni ham o‘ldirib yuboribdi. Bechora to‘tining begunoh o‘lganiga qayg‘uribdi, lekin ish o‘tgan ekan. To‘ti podshohga yaqin bo‘lganining mukofotinigina ko‘ribdi.

– Endi men o‘zimning qilgan yaxshiligimni aytay, debdi Kenja botir va ariqdan chiqqan ilon voqeasini aytibdi. O‘sha joyda ikki bo‘linib yotgan ilon tanasini olib kelib ko‘rsatibdi. Podshoh qilgan ishiga pushaymon bo‘libdi. Kenja botirdan uzr so‘rabdi.

Kenja botir aytdi:

– Taqsir, endi ruxsat bersangiz, bizlar o‘z yurtimizga qaytsak. Podshoh yalinib-yolvorib, qolishlarini so‘radi. Qabul qilmadilar. Biz saroy kishisi bo‘lolmaymiz. Biz mehnat bilan, kasb-hunar bilan yashaymiz, dedilar. Podshoh:

– Bo‘lmasa qizlarim qolsinlar, degan edi, qizlari rozi bo‘lishmadi. Ular:

– Biz kuyovlarimizdan ajralmaymiz, ruxsat bersangiz, biz ham kuyovlarimiz bilan birga ketsak, sizni ko‘rgani har yili kelib turamiz, deyishibdi. Podshoh hayron bo‘lib, nochor ruxsat berdi. Butun narsalarini yig‘ishtirib, safarga chiqdilar. Botir yigitlar o‘z xotinlari bilan ikki yil deganda, otalarining oldiga olti kishi bo‘lib keldilar. Botirlar otalari bilan quchoqlashib ko‘rishib, xotinlarini tanishtirdilar. Otasi ham, bularning kelishini eshitib, uch bo‘lak hovlibog‘ tayyorlab qo‘ygan edi. Har birlari tayinlangan joyga ko‘chib kirdilar. Qizlar kuyovlari bilan rohat-farog‘atda yashab, murod-maqsadlariga yetdilar.

TULKI BILAN TOVUS

Ertagiyo ertagi, echknlarning bo‘rtagi, qirg‘ovul qizil ekan, quyrug‘i uzun ekan, ko‘k muzga mingan ekan, muruti singan ekan, g‘oz karnaychi ekan, o‘rdak surnaychi ekan, ola qarg‘a azonchi, qora qarg‘a qozonchi, chumchuq chaqimchi ekan, to‘rg‘ay to‘qimchi ekan, bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, ertagimning eri bor, yetti kunlik yeri bor, yetti kunlik yerida dumi kalta bo‘ri bor.

Kunlarning birida tulki ketayotgan ekan, bir tovus dumini setora-setora qilib kelaveribdi. Shunda tulki aytibdiki:

– Ey tovus, ajab-ajab o‘yinlaring bor ekan, bir yaxshilab o‘ynab bergin.

Tovus dumini setora-setora qilib o‘yinga tusha beribdi. Tulkining qorni och ekan, o‘ynab turgan paytida uni ushlab olibdi. Bir vaqt tovus qarasa, tulkining avzoyi buzuq, uni yemoqchi bo‘lib turibdi. Tovus:

– Ey tulki, nima qilayapsan? – debdi. Tulki aytibdi:

– Mening qornim och, endi seni yegim kelib qoldi.

Tovus:

– Xo‘p mayli, meni yegin, lekin ko‘z oldimda, bir fotiha o‘qib yesang, hech armonim qolmas edi, – debdi.

Shunda tulki pichir-pichir qilib qo‘lini ko‘taribdi:

– Omin, ollohu akbar, – degan ekan, tovus tulkining oldidan «var» etib uchib ketibdi. Tulki qo‘lini ko‘targanicha tovusga qarab turib shunday deb fotihasini davom ettiraveribdi:

– Ovqat yemasdan oldin fotiha o‘qigan ahmoq ekan, ovqatni yeb bo‘lib, undan keyin fotiha o‘qish kerak ekan, omin ollohu akbar, – deb fotihasini tamom qilibdi.

CHO‘PON HAQIDA ERTAK

Bir bor ekan,bir yo‘q ekan. Bir zamonlar bir cho‘pon bo‘lgan ekan.U xar kuni erta tongdan qo‘ylarini dalaga olib chiqar ekan. Uning qo‘ylari o‘tlab yurgan vaqtda u judayam zerikar ekan.

Shu vaqtda birorta bir fo‘ydali ish bilan mashg‘ul bo‘lish o‘rniga,doimm xayol surib o‘tirish bilan ovvora bo‘larkan.Ana shunday kunlarning birida cho‘po‘n yana dalaga qo‘ylari bilan chiqibdi. Qo‘ylari o‘tlab yurgan vaqtda, cho‘pon zerikishni boshlabdi. Shunda bekorchilikdan uning xayoliga bir fikr kelibdi-da,o‘zining bu fikri unga ma’qul kelibdi.

– «Xozir odamlar, yordam beringlar, qo‘ylarimga bo‘ri xujum qilayapti» – deb odamlarni chaqiraman-da, ular yordamga yugurib kelib, bo‘rini qidirishadi, men esa ularning ishonuvchanliklari uchun ustilaridan rosa kulaman, deb o‘ylabdi.

– «Odamlar,odaaaamlaar! Yordam beringlar! Bo‘ri qo‘ylarimga xujum qilayapti!» – deya bor ovozi bilan baqira boshlabdi.

Buni eshitgan odamlar cho‘ponga yordam berish uchun yugurib kelishibdi. Odamlar kelib, qarashsaki bo‘ri yo‘q, cho‘ponning qo‘ylari esa tinchlikda o‘tlab yurushibdi, Cho‘ponning o‘zi bo‘lsa xandon otib kulayotganmush, Odamlardan biri – «Nega bizni aldading, ey cho‘pon, yolg‘on gapirib, shuncha odamni ovvora qilishga uylamadingmi?!» – debdi.

Cho‘pon bo‘lsa qilgan ishidan uyalmay, – «Shunchalik xam laqma bo‘lasizlarmi, axir men xazillashdim-ku» – deb kulibdi. Odamlar bundan xafa bo‘lib, ortlariga qaytib ketishibdi.

Shu voqeadan so‘ng ikki kun o‘tib, rosdan ham cho‘ponning qo‘ylariga bo‘rilar xujum qila boshlashibdi. Cho‘pon odamlarni yordamga chaqiribdi, ammo bu safar odamlar,

– «Cho‘pon yana bizni kalaka qilmoqchi, xozir borsak, yana laqmasizlar deb ustimizdan ku-ladi» – deb o‘ylab yordamga borishmabdi. Cho‘ponning xamma qo‘ylari bo‘rilarga yem bo‘libdi.

Qilgan xatosini tushunib yetgan cho‘pon qilmishidan juda afsuslanibdi va odamlardan kechirim sorabdi. Bolajonlar bu ertakdan sizlar xam xulosa chiqargan bo‘lsangiz kerak-a? Yolg‘o‘n gapirish va odamlarning ustidan kulish eng yomon odatdir!

XASIS BOY

Qadim o‘tgan zamonda, biz bilmagan tomonda bir boy bo‘lgan ekan. Uning haddan tashqari xasisligini qishloqda hamma bilar ekan. Bir kuni boy tong saharda bomdod namozini o‘qish uchun masjidga chiqibdi. Azon aytilib, imom «Allohu akbar» – deb namozini boshlaganda, xasis boyning uyda chiroqning yoniq qolgani, o‘chirib kelish esidan chiqqani yodiga tushibdi-da, namozini ham tashlab, uyiga yuguribdi. Halloslagancha yetib kelgan boy eshikni taqillatishdan o‘zini zo‘rg‘a to‘xtatibdi. Har eshikni taqillatganda bo‘yog‘iga zarar yetib, ohiri ketishi mumkinligini o‘ylabdi. Axiri, boshqacha yo‘l topibdi, u ovozi boricha baqirib uydagilarni chaqiribdi. Ichkaridan kelini chiqibdi. U eshikni ochishi bilanoq boy yugurib borib chiroqni o‘chiribdi.

– Xudoga shukr, yaxshiyam chiroq yonib qolgani esimga tushibdi-ya, qizim, namozni o‘qib kelgunimcha qancha yoqilg‘i, qancha pilik yonib tugardi-ya, – debdi u hansirab. Kelini shaddodroq ekan:

– Dadajon, namozni o‘qib kelguningizcha qancha kerosin, qancha pilik ketishini o‘ylabsizu, masjiddan yugurib kelguningizcha kovushingizning tagi qanchalar yeyilishini o‘ylamabsiz-da? – debdi.

Shunda boy miyig‘ida kulgancha der emish:

– Bu yog‘ini ham o‘ylab qo‘ygandim! Kovushni qo‘ltig‘imga qistirib yugurdim. To‘g‘ri, tovonimga bir-ikki tikan kirdi, ha, mayli, oyoq-ku ikki-uch kunda tuzalib qoladi, ammo kovushimga biror nima bo‘lganda men chidolmasdim!

Kelini uning haqiqiy ziqna ekanligiga yana bir bor tan beribdi.

QAYIQCHI

Qadim zamonda bir qayiqchi bo‘lgan ekan. U daryo bo‘yida yashar va har kuni daryodan baliq ovlab, sotar ekan. Qayiqchi bolalari bilan Xudoga ibodat qilishni kanda qilmas ekan. Buni ko‘rolmagan shayton qayiqchini yo‘ldan urishga urinibdi:

– Qayiqchi, bu daryo qayerga borib qo‘shiladi?

– Bilmayman, – deya javob qaytaribdi qayiqchi.

– Dengiz degan katta suvga qo‘shiladi. Bu katta suvda turli xil baliqlar bo‘ladi. Go‘shtining ta’mi tovuqning go‘shtidan ham, mol go‘shtidan ham shirin bo‘ladi. Kattaligi senday, vazni xo‘kizday. Bittasini tutib sotsang, o‘rniga sut beradigan yaxshi bir sigir beradi.

Qayiqchi og‘zini ochib, shaytonning gapiga laqqa ishonibdi.

– Bu yerda bir umr baliqchilik qilib kuningni bazo‘r o‘tkazayapsan. Menga qara, qayiqchi, sen katta bir qayiq yasa, bir marta baliq tutsang, umrbod to‘kin-sochin yashaysan.

Qayiqchi nafsga, orzu-umidlarga berilib, Yaratganni unutibdi. Bir hafta deganda, u katta qayiq yasabdi. Bola-chaqasi bilan xayrlashib, ularga tayinlabdi:

– Sizlar hamma xonalarni bo‘shatinglar. Xonalarga baliq to‘ldiramiz.

Shu payt qayerdandir paydo bo‘lgan o‘sha shayton qayiqchining yelkasiga yana o‘tirib olibdi.

– Xafa bo‘lma, qayiqchi, men bilan do‘st tutinganlarning yelkasiga o‘tirishni yaxshi ko‘raman. Qayiqchi, sen tayyormisan? Bo‘lmasa, ketdik.

Qayiqchi xursand edi, u shaytonning ko‘rsatmalariga so‘zsiz itoat etardi. Shayton va qayiqchi ikki kun suzganlaridan keyin «dengiz» deb ataladigan katta bir maydonga chiqishibdi. Dengizni ko‘rib, qayiqchi shaytonga qayta-qayta minnatdorchilik bildiribdi.

– Rahmat senga, do‘stim, endi ayt, qayerga to‘r tashlay?

– Shoshilma, sohil bo‘ylarida baliqlar kichkina bo‘ladi. Dengiz o‘rtasida aytganimdek, xo‘kizday-xo‘kizday baliqlar bo‘ladi.

Ular dengiz o‘rtasigacha suzib borishibdi. Qayiqchi shaxd bilan eshkak eshib, kun botganini ham sezmay qolibdi. U dengiz o‘rtasiga borib, charchab, biroz dam olgisi kelibdi. Dengizning na boshi va na oxiri ko‘rinarkan. Birdan chaqmoq chaqib, yomg‘ir yog‘a boshlabdi. To‘lqin ko‘tarilib, qayiqni chayqata boshlabdi. Timsohga o‘xshagan hayvonlar qayiqqa hamla qila boshlabdi. Qayiqchi bunday qo‘rqinchli manzarani endi ko‘rishi ekan.

Qayiqni dengiz o‘z domiga torta boshlabdi.

– Do‘stim, qaydasan, qayerga olib kelding, meni?

Shayton qax-qax kulib:

– Men seni to‘g‘ri yo‘lingdan adashtirdim. Agar menga ergashmasang, xozir mazza qilib bola-chaqangni oldida yayrab, ibodatingni qilgan bo‘larding. Shunga aytadilar-da, «Uzoqning bug‘doyidan yaqinning somoni yaxshi» deb.

Qayiqchi tushunibdi, «do‘sti»ning shayton ekanligini fahmlabdi. Qayiqchi dod-voy qilganicha suvga g‘arq bo‘libdi…


Страницы книги >> 1 2 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации