Текст книги "UCH OG‘AYNI BOTIRLAR"
Автор книги: Shuhrat G‘ulomov
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 2 (всего у книги 7 страниц) [доступный отрывок для чтения: 2 страниц]
XASISLIK OQIBATI
Qadim zamonda bir xasis boy yashagan ekan. Uning uch o‘g‘li bor ekan. Ular ham otasi singari xasis ekan. Mol-u dunyo topishda har qanday razillikdan qaytmas ekanlar.
Kunlardan bir kuni mol-dunyo orttirish, boyliklariga boylik qo‘shish maqsadida yo‘lga chiqishibdi. Yo‘lda ketayotib bir oltin g‘isht topishibdi. G‘ishtning bir chetidan sindirib, eng kichik ukalariga ovqat olib kelish uchun berib yuborishibdi. Ukasi ketgandan keyin akalarining dili buzilibdi. «Agar oltinni uchga bo‘lib ukamizga ham bersak, o‘zimizga juda oz tegadi. Yaxshisi, oltinni ikkiga bo‘lib olib, ukamiz kelishi bilan uni o‘ldiraylik», deyishibdi, ukasi ham bozorga ketayotib: «Agar bu oltinni uch kishiga bo‘lsak, har birimizga ozginadan tegadi. Undan ko‘ra oltinni men o‘zim butunicha olsam. Buning uchun akalarimni o‘ldirishim kerak. So‘ng oltin bir o‘zimga qoladi, davlatim ko‘payib, dong‘im uzoqlarga ketadi», deb o‘ylab, olib kelayotgan ovqatining ichiga zahar solib, akalarining oldiga kelibdi. Akalari ukasi kelishi bilan uni bo‘g‘ib o‘ldirishibdi. Qorinlari ochib, ukasi olib kelgan ovqatdan yeb, ikkala akasi ham jon beribdi.
OMON BILAN YOMON
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda ikki do‘st bo‘lgan ekan. Birining ismi Omon, ikkinchisining ismi Yomon ekan. Ularning ikkalasi ham oilali, bola-chaqali ekan.
Omon to‘g‘ri so‘z, kamtar, rahmdil ekan. Yomon esa, yolg‘onchi, baxl ekan, do‘sti Omonning baxtini hech ko‘rolmas ekan. Yomonning ko‘pdan beri Omonning xotiniga ko‘zi kuyib yurar ekan, Omonnnng xotini ham Yomon bilan qiziqib qolgan ekan Omonning esa bundan xabari yo‘q ekan.
Bir kuni qishda, Omon kechasi eshikka chiqsa, chorbog‘da, qorning ustida bitta handalak palagi dumalab yotgan ekan. Handalak palagi gullagan va hatto bittasi yetilgan ham ekan.
Omon hayron bo‘lib, ko‘rgan narsasini xotiniga kirib aytibdi.
Xotini ham tashqariga chiqib, handalakni ko‘rib, eriga shunday debdi:
– Siz machitga borib, bu sirni odamlarga aytsangiz, ishonmaydilar. Shunda siz ular bilan shartlashing. Siz, albatta, yutasiz.
Omon ertalab machitga borib, ko‘rgan narsalarini odamlarga aytibdi. Odamlar ishonmabdilar. Omonning xotini eri machitga ketishi bilan darrov handalakni yulib olib, Yomonning uyiga boribdi. Handalakni unga berib, bo‘lgan voqealarni aytib beribdi, Yomon ham darrov machitga boribdi. Machitda hamma Omonning gapidan hayron, «Qishda handalak yetilmaydi-ku, Omon ham yolg‘onchi ekan-da», deb turishgan ekan. Omon:
– Gapim rost, ishonmasanglar men bilan shartlashinglar, – debdi. Shu payt Yomon:
– Omon yolg‘on gapiryapti. Qishda ham handalak bo‘larkanmi? Omon bilan men shart o‘ynayman, – debdi.
Omonning achchig‘i kelibdi. Odamlar nimadan shart o‘ynar ekanlar, deb hayron bo‘lib qarab turibdilar.
Yomon shartni aytibdi:
– Agar chorbog‘ingda handalak palagi bo‘lmasa, men uyingga kirib, birinchi nimani ushlasam, o‘sha ushlagan narsam meniki bo‘ladi. Agar sening gaping rost bo‘lsa, sen menikiga borasan va birinchi ushlagan narsang seniki bo‘ladi. Boshqa ikkinchi narsani ushlash mumkin emas. Agar ochko‘zlik qilib, ikkinchi narsa ushlansa, o‘sha narsa bilan o‘lguncha urish.
Machitdagi odamlar Omonga uch soat vaqt beribdilar. Uch soatdan keyin hammalari uning uyiga borishga kelishibdilar. Omon kelib qarasa, uyidagi handalak palagi yo‘q emish. Omon xotinidan so‘rabdi. U bilmasligini aytibdi. Omon nima qili-shini bilmay, xafa bo‘lib tursa, so‘rining tagidan itining mushuk bilan suhbatini eshitib qolibdi. Mushuk:
– Ey, do‘stim it, ko‘rdingmi xo‘jayinimiz juda xafa. U machitda shart o‘ynagan edi. Handalakni esa xotini Yomonnikiga olib borib bergan. «Sen kelib, birinchi bo‘lib meni ushlaysan», degan. Endi Yomon kelib xo‘jayinning xotinini birinchi ushlaydi va olib ketadi. Omon esa, yutqazib sharmanda bo‘ladi, – debdi. It:
– Ey mushukvoy, agar Omonning esi bo‘lsa, hozir xotinini yasantirib, tomga chiqarib qo‘yadi, Yomon kelib, shotining birinchi pog‘onasiga oyog‘ini qo‘yib, keyingilarini ushlaydi. Xo‘jayin esa, darrov Yomonni tortib tushirib, shotini birinchi pog‘onasini berib, qolgan pog‘onasi bilan uni uradi, – debdi.
Omon it bilan mushukning gaplarini eshitib, darhol xotinini yasantirib, tomga chiqarib qo‘yibdi va xotiniga:
– Men ruxsat berganimdagina pastga tushasan. Agar so‘roqsiz tushsang yoki qimirlasang, o‘ldiraman, – debdi. Uch soat o‘tgandan keyin machitdagi kishilar bilan Yomon kelibdi. Kishilar qarashsa, handalak yo‘q ekan.
– Endi shartingni bajargin, – debdi kishilar Yomonga. U Omonning xotinini qidirib uyni qarasa yo‘q, tomning tepasida o‘tirgan emish. Yomon shoshilib darrov shotilarni ushlab tomga chiqa boshlabdi. Omon shotini tepib, Yomonni yiqitib yuboribdi. Odamlarga qarab:
– Nimaga Yomon ochko‘zlik qilib birinchi ushlagan narsasini olmay, boshqa narsalarni ushlaydi, – debdi Omon. Shartga muvofiq Yomonga shotining birinchi ushlagan pog‘onasini shotidan sug‘urib qo‘liga beribdilar. «Ochko‘zlik qilganing uchun» deb Omon uni shotining boshqa pog‘onalari bilan rosa uribdi. Omon odamlarga bo‘lgan voqeani aytib beribdi. Yomonni uyidagi handalakni olib kelib, kishilarga ko‘rsatibdi. Hamma Omonning qilgan ishidan quvonibdi. Yomonni esa haydab yuborishibdi.
QIZG‘ANCHIQ IT
Bir it bor ekan, u juda qizg‘anchiq ekan.
Bir kun shu it sheriklari bilan talashib kattakon bir suyakni olib qochibdi. Suv ustidagi yakka cho‘pdan o‘tayotsa, suvda bir it og‘zida katta suyak tishlab, ko‘zlarini olaytirib, itga tikilib turgan emish,
It:
– Ir-ir-ir, – deb tishini irjaytirgan ekan, suv ichidagi it ham tishini irjaytiribdi.
It uning og‘zidagi suyakni ham tortib olmoqchi bo‘libdi va: «Hap!» – deb itga tashlanibdi. «Hap» deyishi bilan og‘zidagi suyagi, uning ketidan o‘zi ham «cho‘lp» etib, suvga tushib ketibdi, Qizg‘anchiq it rosa shalabbo bo‘libdi.
QOZI
O‘tgan zamonda bir er-u xotin bo‘lgan ekan, Ular bir-birlari bilan juda ahil yashar ekanlar, uylarida qo‘y-echkilari va tovuqlari ko‘p ekan. Ro‘zg‘orlari but, o‘zlariga to‘q yashashar ekan.
Nima bo‘libdi-yu, er-xotin arzimagan narsaga janjallashib qolishibdi. Keyin ular ajrashmoqchi bo‘lishibdi va qozining yoniga borib, bo‘lgan voqeani aytib berishibdi. Shunda qozi:
– Uyinglarda nimalaringiz bor? – deb so‘rabdi.
– Uyimizda mol-pol, gilam-pilam, qo‘y-po‘y, echki-pechki, tovuq-movuq kabi narsalarimiz bor, – deb javob beribdi eri.
Shunday qilib uydagi bor narsalarni shu yo‘sinda aytib chiqibdi.
Qozi:
– Boravering, men hozir boraman – debdi.
U kishi endi uyiga yetib kelgan ekan, qozi ham kirib kelibdi va narsalarni ajrim qila boshlabdi, birma-bir nomini aytib: «mol xotiningizga, pol sizga, uy xotiningizga, puy sizga, gilam xotiningizga, pilam sizga» qabilida hamma narsalarning yarmini xotiniga, ularlarning aksini eriga taqsimlabdi. U kishiga faqat keyingi narsalar tegibdi. Shunda u kishi;
– Narsalarning hammasini teng qilib bo‘lishingiz kerak edi-ku? – debdi.
Qozi esa:
– O‘zingiz aytgan narsalarning hammasini teng o‘rtasidan bo‘ldim, – debdi, U kishi aytgan gaplariga pushaymon bo‘lib, indamay qolaveribdi.
USTAMNING HAQI KO‘P
O‘tgan zamonda bir temirchi bo‘lgan ekan. Do‘koniga bir qozoq kelib, undan:
– Temir o‘choq qancha temirdan yasaladi? – deb so‘rabdi.
– Olti pud temirdan bo‘ladi, – debdi usta.
Qozoq temirchiga olti pud temir keltirib beribdi. Usta temirni olovga solaverib ozaytiribdi. Qozoq kelib:
– O‘choq bitdimi? – deb so‘rabdi. Temirchi:
– Jo‘ra, temiringning mazasi yo‘q ekan, qozonga yetmaydi, qilich yasab beraman, – debdi. Qozoq:
– Xo‘p, – deb, qaytib ketibdi. Kunlardan bir kun qozoq:
– Qilich bitdimi, – deb so‘rab kelibdi. Temirchi:
– Jo‘ra, temiring ozlik qilib qilichga yetmadi, bitta pichoq yasab beraman, – debdi.
Bir haftadan so‘ng qozoq kelsa, temirchi pichoq emas, bigiz yasab qo‘ygan ekan, o‘shani uzatibdi. Qozoq temirchidan:
– Buning ne? – deb so‘rabdi.
– Buni bizda bizgeldek deb aytiladi. Bu asbob podsholikda bo‘lmasa boshqa joyda topilmaydi, – debdi temirchi.
– Usta, xizmating uchun sani rozi qilishim kerak, o‘tovimga mehmonga chaqiraman, juma kuni uyimga borgin, – deb tayinlab ketibdi, ustaning qilgan ishidan norozi bo‘lganini bildirmay qozoq. Usta mehmonga ketayotganida shogirdiga tayinlabdi:
– Qozoq bizga ko‘p narsa qo‘yadi, sen, «ustamning haqi ko‘p, bu ozlik qiladi», deyaverasan, bo‘sh kelma.
Temirchi shogirdi bilan kelishib olgandan so‘ng, qozoqnikiga borishibdi. Qozoq ham poylab turgan ekan, ustani ushlab olib ustunga bog‘lab: «Yasab bergan bigizing shumi?» deb rosa uribdi. Urib-urib charchabdi. Shunda shogirdi:
– Ustamning haqi ko‘p, hali bu ozlik qiladi, – deyaveribdi. Buni eshitgan qozoq dadil bo‘lib yana uribdi. Shogird yana:
– Ustamning haqi ko‘p, bu hali ozlik qiladi, – debdi. Usta jon talvasasida ingrabdi:
– Padar la’nati, nodon shogird, meni bu noinsof o‘ldiray deyapti-yu, sen bo‘lsang, «bu hali oz» deyishni qo‘ymayapsan!
Shunday qilib, qozoqni aldagan hiylagar usta majruh bo‘lib qolibdi.
AQLLI BOLA
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir er-xotin bor ekan. Ularning bitta-yu bitta o‘g‘illari bor ekan.
Bir kuni xotin og‘ir kasal bo‘lib, o‘lib qolibdi. Ota-bola juda qiynalib qolishibdi. Oxiri bolaning otasi uylanibdi. O‘lgan xotini juda yomon ekan, o‘gay o‘g‘lini o‘tirsa – o‘poq, tursa – so‘poq deb chiqishtirmas ekan. Uni doim otasiga yomonlarkan. Nihoyat u, «bolangni yo‘qotsang, keyin turmush qilaman», deb turib olibdi. Bolaning otasi nima qilishini bilmay, o‘g‘lini bir do‘stinikiga olib borib:
– O‘g‘lim shu yerda yashab tursin, men yordam berib, xabar olib turaman, – debdi. Keyin er-xotin yashayverishibdi.
Bir kuni ular mexmonga bormoqchi bo‘lishibdi. Qarasalar, tugunni ko‘taradigan biror kimsa yo‘q. Shunda xotin eriga:
– Xozir bola bo‘lganida edi, tugunimizni olib borishardi. Endi qanday ko‘tarib ketamiz, – debdi. Bola esa otasini sog‘inib ko‘rgani kelgan ekan, uyning orqasida turib bu gaplarni eshitibdi va:
– Men ko‘tarishib olib boraman, – debdi. Xotin hayron bo‘lib:
– Mexmonga ham hech sensiz bormas ekanmiz-da, hech tinchitmas ekansan-da, – deb urishib beribdi.
Bechora bola esa:
– Siz xozirgina bola bo‘lganida, tugunni olib borardi, dedingiz-ku. Men bo‘lmaganimda o‘zingiz qiynalib qolar edingiz-ku! – debdi.
Oxiri qo‘liga tugunni berib, bolani xam mehmonga olib ketishibdi. Mexmondan kelishsa xam, lekin bolani xech uyidan ketgisi kelmabdi. Xotin qancha zo‘rlasa xam, xech ketgani unamabdi, uyda qolibdi. O‘gay ona esa xar kuni eriga «bolangni yo‘qot» deb janjal qilaveribdi. U noiloj o‘g‘lini bir boyga, umrbod xizmatkorlikka beribdi. Er-xotin yana yolg‘iz o‘zlari qolishibdi.
Kunlardan bir kun xotin kasal bo‘lib qolibdi. Eri esa ish bilan chiqib ketgan ekan. Xotinning boshi og‘rib, unga bir piyola choy damlab beradigan odam bo‘lmabdi. Shunda «qani endi, xozir bola kelib qolganida boshimni bosib qo‘yardi, bekorga haydab yuboribman-da», deb o‘ylab yotaveribdi. Bola esa uyini, otasini sog‘inib, har kuni bir martadan kelib, hovlining atrofida aylanib ketar ekan.
Bola bu gal kelganida ham yashirinib turgan ekan, o‘gay onasining inqillab yotganini eshitib qolibdi. Uyga kirib qarasa, o‘gay onasi kasal yotganmish. Bola «salom» berib, darrov ish qilishga tushib ketibdi. Chovgumda choy qo‘yibdi, uy yumushlarini qilibdi, yon atrofni tozalabdi. Keyin o‘gay onasining boshini uqalab o‘tiribdi. Shu payt otasi kelib qolibdi. U o‘g‘lini ko‘rib quvonib ketibdi. Xotiniga qarab:
– Ko‘rdingmi, bola bizga doim kerak bo‘ladi. Uni sen doim boshingga ish tushganda, eslab qolasan, boshqa payt esa «yo‘qoting» deyishga tushasan. Bo‘ldi, endi bundan keyin o‘g‘lim hech qayerga ketmaydi, shu yerda bizlar bilan birga yashaydi, – debdi.
Kasal holida ham o‘gay ona yana e’tiroz bildirib:
– Yo‘q, bu yerda yashamaydi. Xar kuni kunduzi kelib, uy yumushlarini qilib kechqurun qaytib ketsin, – debdi.
Ammo bolaning hech o‘z uyidan ketgisi kelmas ekan. U yana yalinib-yolvorib shu yerda qolibdi, O‘gay ona butunlay sog‘ayib ketgach, yana «bolani yo‘qot» deb hadeb janjal qilaveribdi. Bolaning otasi xech unamabdi. Bola bir kuni otasi bilan o‘gay onasining kechasi urishishayotganini eshitib qolibdi. O‘gay onasi:
– Bugun kechasi o‘g‘lingizni ariqqa oqizib yuborasiz. Uxlab yotganida ko‘tarib, suvga tashlab yuborsangiz, oqib ketadi, – deyayotganini bola eshitib qolibdi.
Yarim kechada bola o‘rnidan turib qarasa, otasi ham, o‘gay onasi ham qattiq uyquda. U o‘gay onasini sekin ko‘tarib olib, o‘zining yotadigan o‘rniga yotqizibdi. Ustini esa ko‘rpa bilan o‘rab tashlabdi. O‘zi esa o‘gay onasining joyiga yotib olibdi va o‘zi ham ustini ko‘rpa bilan yopib olibdi. Otasi kechasi turib, «Endi qanday qilib o‘z o‘g‘limni suvga oqizib yuboraman? Agar uyqusirab suvdan chiqa olmasa oqib ketadimi?!» deb o‘ylab rosa kuyinibdi.
U bitta-yu bitta o‘g‘lidan ajralishni hech istamabdi. Lekin bajarmaslikka esa xotinidan qo‘rqibdi. Oxiri ko‘zini chirt yumib, o‘g‘li yotgan joyga boribdi-da, uni ko‘rpa-no‘rpasi bilan ko‘tarib kelib, suvga oqizib yuboribdi.
U o‘g‘lini suvga oqizib yuborganiga achinib, o‘zini-o‘zi so‘kib, rosa yig‘lab o‘tiribdi. Keyin kelib o‘z o‘rniga yotibdi. Ertalab turib qarasa, o‘g‘li uy ishlarini qilib yurgan emnsh. Shunda bola bo‘lgan voqeani otasiga aytib beribdi. Ota-bola o‘gay onadan qutulganlariga quvonib, bundan keyin o‘zlari baxtiyor yashayverishibdi.
ESHMAT BILAN TOSHMAT
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda ikki do‘st yashagan ekan. Ulardan birining ismi – Eshmat, ikkinchisiniki Toshmat ekan. Ular o‘rtalaridan qil o‘tmas yaqin do‘st ekan. Ikkovlari xam juda kambag‘al ekan.
Kunlardan bir kun ular Xizr yoniga iltimos bilan bormoqchi bo‘lishibdi. Eshmat bilan Toshmat o‘zaro maslahatlashishibdi. Shunda Eshmat:
– Men Xizrdan mol-dunyo va ko‘pgina ulfatlar so‘rayman, – debdi. Toshmat esa:
– Menga mol-dunyo kerak emas. Men yoshimni yashab, uylanib, bola-chaqa orttirsam, deyman, – debdi.
– Ey, undan ko‘ra, menga o‘xshab sen xam mol-dunyo so‘rasangchi? Agar boyliging bo‘lsa, xamma ish xam yurishib ketaveradi, – debdi Eshmat. Toshmat esa o‘z gapidan qaytmabdi. Ular Xizrga borib, o‘z tilaklarini aytishibdi. Xizrning ularga rahmi kelib, so‘ragan narsalarini beribdi. Kelgusidagi hayotlari o‘zlari tilab olganlaridek bo‘lishini aytibdi. Ikkalasi xam xursand bo‘lib qaytishibdi va katta bir chinor tagiga kelib dam olishibdi. Shu chinor tagida Eshmat bilan Toshmat ajrab ketishlari kerak ekan. Ular xayrlashib, uy-uylariga jo‘nashibdi.
Oradan bir necha yillar o‘tibdi. Eshmat juda boy bo‘lib ketibdi, mol-u dunyosi, o‘rtoqlari borgan sari ko‘payib, qaerga borsa mexmondorchilik, aysh-ishrat bilan yashabdi. U qirqta xotin olibdi, lekin birorta ham farzand ko‘rmabdi.
Bir kuni xunob bo‘lib o‘tirib, do‘sti Toshmat esiga tushibdi. Eshmat do‘stidan bir xabar olmoqchi bo‘lib, bir qancha do‘stlari bilan Toshmatnikiga jo‘nabdi.
Toshmat mexmonlarni juda yaxshi kutib olibdi. Toshmat kambag‘al yashar ekan. Uning egnida eski chopon, oyog‘ida eski kalish, bitta nosqovoqni osib olgan ekan. Uning juda go‘zal xotini, o‘nta o‘g‘li, sakkizta qizi bor ekan. Katta farzandlari yordam beradigan bo‘lib qolgan ekan. Toshmat topganini, borini dasturxonga qo‘yibdi. Shunda Eshmat:
– O‘rtoq, o‘shanda nimaga sen mening gapimga kirib mol-u dunyo so‘ramading? Yashashingni qara, bir ahvol. Senga farzandlaring nima qilib berardi? – debdi.
Bu gapdan Toshmatning jaxli chiqib:
– Yashashimga nima bo‘libdi, men xam boshqa odamlar singari kunimni ko‘rib yuribman. Hayotimdan nolimayman, yonimda bola-chaqalarim bor, nima g‘amim bor? O‘lsam, chirog‘imni yoqib qoladigan o‘g‘illarim bor.
Qizlarim esa o‘lganimda tepamda otamlab yig‘lashadi. Nom-nishonsiz ketmayman, – debdi.
Bu gaplardan Eshmat ta’sirlanib, xafa bo‘lib qolibdi. Shu payt Toshmatning kichkina o‘g‘li chopib kelgan ekan, otasi unga:
– Bor, hov anavi yerda yotgan nosqovog‘imni olib kelgin, bir chekay, – deb nosqovog‘ini ancha nariga otib yuboribdi.
O‘g‘li otasining aytganini qilib, yugurib borib nosqovog‘ini ko‘tarib kelibdi.
– Ko‘rdingmi, qani sen ham birorta o‘rtog‘ingga buyur-chi, otib yuborgan nosqovog‘ingni olib kelib berarmikan? O‘z farzanding bo‘lganida beminnat qilardi. Uni urishsang xam, so‘ksang xam, erkalasang xam ixtiyor o‘zingda, o‘z farzandingga xadding sig‘averadi. Qariganingda esa belingga quvvat bo‘ladi, – debdi.
Eshmat «ha, boylik, aysh-ishrat o‘tkinchi ekan. Men xam bir paytlar Xizrdan farzand tilasam bo‘lar ekan» deb, xafa bo‘lib, do‘stlari bilan uyiga qaytibdi.
QAYNONA BILAN KELIN
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, yaqin zamonda bir qaynona bilan kelin bo‘lgan ekan. Kampirning o‘g‘li savdogar ekan. Bir kuni yigit safarga ketayotib, bir nechta qo‘ylarni so‘yib, xotiniga «onamga yaxshi qaragin deb tayinlab ketibdi. Ertasi kuniyoq kelin qaynonasiga kashta olib kelib tikishni buyuribdi. Sakson yoshli kampir kecha-kunduz tinim bilmay kashta tikibdi. O‘g‘li savdodan kelguncha kampirning yelkalari bukri bo‘lib qolibdi. O‘g‘li kelgach, onasidan so‘rabdi:
– Onajon, sizga nima bo‘ldi? Tinchlikmi?
–Bolam, tinchlik. Seni sog‘inib shunday bo‘lib qoldim, – deb kelinining aybini yashiribdi.
Lekin qo‘ni-qo‘shnilar, atrofdagilar butun voqeani yigitga aytib qo‘yishibdi. Shundan keyin yigitning jaxli chiqib, xotinini uydan haydab yuboribdi.
Bir qancha vaqtdan keyin u ikkinchi marta uylanibdi. Yana safarga jo‘nash oldidan xotiniga, «onamga yaxshi qaragin» deb tayinlabdi. Ammo yigit savdoga ketishi bilan xotini qaynonasini uydan haydab yuboribdi. Yigit safardan uyiga qaytib kelsa, onasi yo‘q emish. Xotinidan so‘rasa, u:
– Onangiz o‘zidan o‘zi uydan ketib qoldi, o‘zi yomon xotin ekan-da. Siz bekorga avvalgi xotiningizni haydab yuborgan ekansiz, – debdi.
Lekin yigitning yaqinlari uning onasini kelin haydab yuborganini, xozir ko‘chama-ko‘cha qiynalib yurganini aytishibdi. Yigitning jaxli chiqib, bu xotinini xam haydab yuboribdi va onasini axtarib yo‘lga tushibdi. Bir yerga borsa, odamlar to‘planishib turishgan emish. Qarasa, o‘zining onasi o‘yinga tushib, ashula aytayotgan emish. Yigit buni ko‘rib juda xafa bo‘lib ketibdi. Odamlar orasidan o‘tib, onasini olib chiqibdi-da, uyiga olib kelibdi.
«Agar xotin zoti shunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, boshqa uylanmaganim bo‘lsin» deb, savdogar yigit boshqa uylanmay o‘tgan ekan.
AXMOQ PODSHO
Bir axmoqga otasidan podsholik meros qolibdi. U tentak gap-so‘zda yo‘q ekan. Biror yig‘ilishda gapirmoqchi bo‘lsa, maza-bemaza gaplarni gapirib qo‘yar ekan. Bundan vazirlari ko‘p o‘sal bo‘lishar ekan. Ular bir kuni maslahat qilishib, podshoga shunday deyishibdi:
– Taqsir, siz gap-so‘zga yo‘qsiz, doim yomon gaplarni gapirib qo‘yib, odamni o‘sal qilasiz. Endi shunday bo‘lsin, gapiradigan vaqtingizda bizning og‘zimizga qarab turing, gapingiz durust bo‘lsa, biz «him» deb qo‘yamiz, gapiraverasiz. Agar gaplaringiz yaxshi bo‘lmasa, kallamizni qimirlatib «yo‘q» deb qo‘yamiz, gapirmaysiz. Podsho:
– Yo‘q bo‘lmaydi, agar unday qilsalaring, men bilan gaplashgan odamlar, «Bu podsho hech gap bilmas ekan, vazirlarining gapi bilan ish tutar ekan», deyishadi. Boshqa yo‘lini topinglar! – debdi. Shunda vazirlar:
– Bo‘lmasa, siz taxtda o‘tirasiz, biz oyog‘ingizga ip bog‘lab, taxtning tagi bilan olib kelib ushlab o‘tiramiz. Durust gapirsangiz ishimiz bo‘lmay-di. Agar yomon gapirsangiz, sekin ipni tortib qo‘yamiz, – deyishibdi. Podsho bunga rozi bo‘libdi. Ertasiga vazirlaridan biri kelib:
– Taqsir, bir-ikkita elchi keldi, – debdi. Podsho:
– Ayt kirsin! – debdi. Ungacha podshoning oyog‘iga ip bog‘lab qo‘yishibdi. Elchilar ta’zim qilib kirib kelishibdi.
Podsho:
– Xo‘sh, nima xizmat bor? – deb so‘rabdi. Elchilar:
– Taqsir, bizning podshohimiz «tinchlik bo‘lsin» deydilar. Bizni, borib shahanshoh bilan «mam– lakatning tinchlik, omonligidan gaplashib kelinglar», deb yubordilar, – deyishibdi. Shunda podsho turib:
– Ha… Sizlarning mamlakatlaringizdagi mol, otlar yo‘g‘on-yo‘g‘on tezaklaydimi yoki mayda-maydami? – deb so‘rabdi. Vazirlar ipni bir tortib qo‘yishibdi. Kelgan elchilar «bu podsho nimaga bunday dedi», deb hayron bo‘lib turishibdi. Shunda bosh vazir ipni tortibdi-da, o‘rnidan turib:
– Ey, elchilar, agar mamlakatda tinchlik bo‘lsa, mol, otlar atrofga chiqib yaylovlarda durustroq o‘tlab, qorni ovqatga to‘ysa durustroq tezaklaydi. Agar mamlakat notinch bo‘lib tursa, shahardan tashqari chiqqan mollarni bosmachilar so‘yib yeb tursa, hech kim mol, otini tashqariga chiqarmay qo‘yadi. Unda mol, otlar ham tuzuk ovqat yemay, mayda-mayda tezaklaydi. Bizning podshomiz ko‘p dono odam bo‘ladilar. Sizlardan ot, mollarni qanday tezaklashini so‘rash orqali mamlakatingizning tinch-notinchligini bilmoqchilar, – deb arang to‘g‘rilabdi.
Elchilar javob qilganlaridan so‘ng podsho yana:
– Sizlarning yurtingizda xotinlar tez tug‘adi-mi? – deb so‘rabdi. Vazirlarning joni chiqib, ipni yana qattiqroq tortib qo‘yishibdi. Elchilar javob bermabdilar. Shunda-bosh vazir:
– Taqsirlar, agar mamlakatda tinchlik bo‘lsa, hamma tinch bo‘ladi, xotinlar ham vaqtida tug‘averadi. Agar mamlakat notinch bo‘lsa, hamma tashvishda qolib, bola ham odamlarning ko‘ngliga sig‘may qoladi. Xotinlar ham kam bola tug‘adi, bizning podshomiz mamlakatingizning tinch, notinchligini shundan ham bilmoqchi bo‘ladilar, – desa, elchilar bunga ko‘p qoyil qolib:
– Xotinlar ham to‘qqiz oyda bolalab turishibdi, taqsir! Shohlaring ko‘p seraql, dono odam ekan-lar, – deyishsa, podsho turib:
– He, mana bu ip tortarlar bo‘lmaganida, menda bunaqa gapdan juda ko‘p edi, – degan ekan.
Внимание! Это не конец книги.
Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?