Текст книги "Заҳарли газандалар"
Автор книги: Я. Давлатов
Жанр: Учебная литература, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 5 (всего у книги 18 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]
Ma’lumki, timsohlar tuxum qo‘yish yo‘li bilan ko‘payadi. Bunday tuxumlarga qiron keltiradigan dushmanlar ham, ya’ni yirtqich hayvonlar ham bisyor. Bu borada chumolilar ham jiddiy kushandalardan hisoblanadi. Tuxum pardasidan ozod bo‘lishga intilayotgan jajji timsohchalarga chumolilar galasi hujum qilib bir necha daqiqalar ichida uni yeb qo‘yadi. Shuning uchun ham ona timsohlarda nasl uchun qayg‘urish xususiyati yaxshigina rivojlangan, ya’ni tuxumdan chiqishga qiynalayotgan bolalariga onasi yordamga keladi va bolalarini avaylab og‘zida tishlaganicha xavfsizroq joyga ko‘chiradi.
Bitlar (Anoplira). Odam va sutemizuvchilarning tashqi terisida yashaydigan mayda (6 mm gacha) parazitlarni birlashtiradi. Bitning yon tomonida ikkita sodda ko‘zi, ko‘kragida 3 juft oyog‘i bor, 200 ga yaqin turi mavjud. Bitlar so‘ruvchi hasharotlarga kiradi. Ularning og‘zida joylashgan a’zolari xo‘jayinni qalin terisini teshib qonini so‘rishga moslashgan. Og‘iz qismi sanchuvchi ninaga aylangan. Qonni so‘rish jarayonida qizilo‘ngachining oldingi qismi kengayadi va nasos singari ishlaydi. Yaxshigina rivojlangan so‘lak bezlaridan chiqadigan suyuqlik qonni ivishiga qarshilik ko‘rsatadi. Odamda parazitlik qiladigan bosh biti (Pediculus humanus) ikkita formada uchraydi: P.h.capitis va P.h.vestimenti (kiyim biti). Qov biti odamning badanidagi junli joylarda (boshdan tashqari), shuningdek soqol, qosh va hatto kipriklarda ham bo‘ladi. Erkagi 1 mm, urg‘ochisi 1,5 mm kattalikda bo‘ladi. Bosh biti 140 tacha, kiyim biti 300 ga yaqin, qov biti 50 tacha sirka (tuxum) qo‘yadi. Sirkasi uzunchoq bo‘lib, qattiq qobiq bilan qoplangan. U shilimshiq modda yordimida sochga yoki kiyimga yopishib turadi. Sirka 36-37 darajada 4-6 sutkada, 23 darajada 16 sutkada bitga aylanadi. Bitlar toshmali tif, qaytalama tif va boshqa kasalliklar tarqatadi. Qizig‘i shundaki, mazkur urug‘ning boshqa ikkita turi odamsimon maymunlar – gorillada va shimpanzeda uchraydi. Mazkur parazitlarning qarindoshligi odam va odamsimon maymunlarning yaqinligini ko‘rsatadigan dalillardan biridir. Tyulenlarda parazitlik qiladigan bitlar uzoq davom etgan biologik evolyutsiya jarayonida yashash sharoitiga yaxshigina moslashdilar. Ular tyulenlarni burun bo‘shlig‘ida yashaydi. Tyulen suzgan paytida burni tiqinlar bilan yopilgan bo‘ladi. Ana shu guruhga kiradigan bitlarning ko‘pchiligi eshkakoyoqlilar badanining junli joylarida yashaydi.
Tarixdan ma’lum bo‘lishicha bit bosib ketgan odamlar uning dastidan halok bo‘lganlar. Qadimda imtiyozli sinf vakillari orasida bit bosish tez-tez uchraydigan hodisa edi. Masalan, Iuden Irod (eramizga qadar 73–4 yy.), Ispan podshosi Filipp ikkinchi (1527–1598-yy.), Rim diktatori Lusiy Korneliy Sulla (eramizgacha 138–78-yy.) kabilar bit bosishidan aziyat chekkanlar. Xususan, yasama soch kiyib yuradiganlarda bit bosish keng tarqalgan edi. Lyudovik XIV davrida fransiyada saroy ayollari modaga ko‘ra yenglarida maxsus tayoqcha olib yurardilar uning yordamida terilarini qashlardilar. Odamlarni bitdan halok bo‘lishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bitning xurujidan emas, balki tayoqcha ta’siridan hosil bo‘lgan jarohatlarga patogen bakteriyalar, odatda stafilakoklar xuruj qilib, oxir oqibatda qonni yoppasiga zaharlanishiga olib keladi (sepsis). Bitni yo‘qotish uchun shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilish kerak.
Qattiqqanotlilar yoki qo‘ng‘izlar (Coleoptera) turkumi. Qo‘ng‘izlar yoki qattiq qanotlilar hasharotlarning yirik turkumi bo‘lib, 25000 turni o‘z ichiga oladi. Ular orasida zaharlilari ham bor. Qo‘ng‘izlar ishlab chiqaradigan zaharli moddalar odatda kimyoviy himoya rolini o‘ynaydi.
Malhamchi qo‘ng‘izlar. Bo‘yi 5-50 mm, tanasi yaltiroq bo‘yalgan, 2 mingdan ziyodroq turlari mavjud bo‘lib, asosan sahrolarda ko‘plab uchraydi. Xavfli vaziyat sodir bo‘lganda gemolimfalarini tashqariga chiqazadi, uning tarkibida kontoridin moddasi bo‘lib, odamning terisiga tekkanida yallig‘lanish kuzatiladi ularning nomi ana shundan olingan. Maek (Meloe) shpansk mushkasi (Lutta) malhamchilar (Mulabris) kabi urug‘larning vakillari zaharli xususiyatiga ega.
Maeklar gavdasi yirik, qorni uzunchoq, asalarilarda parazitlik qiladi.
Malhamchilar O‘rta Osiyo, Qozog‘iston va Kavkazda tarqalgan; qanot usti qizil yoki sariq, gavdasi qora rangda, qorni tuklar bilan qoplangan. G‘umbaklari chigirtkalarda parazitlik qiladi. Qung‘izlar asosan o‘simlik gullari, ba’zan yaproqlari bilan oziqlanadi. 70 ga yaqin turlari mavjud. Shpansk (Lutta visicatori) metallsimon yashil rangda, o‘tkir qo‘lansa hid ajratadi. G‘umbaklari asalarilarda parazitlik qiladi.
Barcha malhamchilarning gemolimfalari zaharli, xatarli vaziyat yuzaga kelganda qo‘ngizlar son va tizza orasidagi teshikdan bir tomchi gemolimfa ajratib chiqazadi, ya’ni qon sepadi. Biroq kirpilar bemalol ular bilan oziqlanadi. Odatda badanni ochiq joylari qo‘l, yuz kabilar ko‘pincha jarohatlanadi. Terida jarohat yoki nam bo‘lsa, unda zaharning surilishi jadallashadi va umumiy zaharlanish belgilari namoyon bo‘ladi.
Malhamchilarning zaharli limfasidagi asosiy ta’sir etadigan modda kontoridin hisoblanadi. Mushuk va itlar uchun kontaridinning LD50 1 mg/kg qo‘ng‘izni o‘zi yoki uni toksini ovqat hazm qilish sistemasiga tushsa, tez orada zaharlanish jarayoni avj oladi. Markaziy nerv sistemasi zaharlanganda shartli refleks faoliyati buziladi va hayvonlarda shol bo‘lish holati kuzatiladi. 100 gr og‘irlikdagi shpankadan 0,3-1,5 gr kontoridin olish mumkin.
Kolorado qo‘ng‘izi (Leptinotarsa decemlineata). O‘rtacha O‘lchamdagi qo‘ng‘iz, bo‘yi 12 mm gacha, tanasi och sariq rangda, boshida qora dog‘lari bor. Kartoshkaning xavfli zararkunandasi. Gemolimfasi umurtqasiz va umutqalilarga zaharli ta’sir ko‘rsatadi, shu boisdan u bilan oziqlanadigan hayvon hali topilgani yo‘q. Qo‘ng‘izni 1 mkl gemolimfasi uy chivinini halok qiladi. Liofil usulda quritilgan 25 mg/ kg gemolimfa sichqonnig nafas olishini izdan chiqaradi, harakatsizlanadi: halok bo‘lish oldidan changak bo‘lib, turgan joyida aylana boshlaydi. Kalamushlarga ta’sir etganda jonivorning tana harorati tushib ketaveradi va u halok bo‘ladi. Gemotakrit 45–70 foizga ko‘payadi, qonda mochivina ikki barobar ko‘payadi va aspartatamino transferaza va laktotdegidrogenazalar aktivligi anchagina oshadi.
Zahar tarkibidagi asosiy ta’sir etadigan oqsil leptinotarzin molekula og‘irligi 55 mingga teng. Qo‘ng‘izning boshqa bir turi gemolimfasida esa leptinotoksin degan oqsil bo‘lib u gemolimfaning tabiiy komponenti hisoblanadi. Proteolitik fermentlar ta’siriga anchagina chidamli, biroq qo‘ng‘iz tanasi gomogenatini inkubatsiya qilganda u to‘la-to‘kis inaktivatsiyaga uchraydi. Umurtqali hayvonlar uchun qo‘ng‘iz gemolimfasi og‘iz orqali yuborganda unchalik zaharli emas, LD50 – 1000 mg/kg.
Og‘iz apparati zaharli hasharotlar. Mazkur guruhga taalluqli zaharli hasharotlarda chaqadigan nishi bo‘lmaydi. Juftqanotlilar orasida zaharli vakillari – so‘na, chivin, qandala (Hemiptera) turkumlari mavjud. Qon so‘ruvchi mayda chivinlar (Simuliidae oilasi) tishlashi ancha jiddiy og‘riq bilan boshlanadi, chunki tishlagan joyiga antikogulyant bilan birga og‘riq chaqiradigan toksik moddalar ham kiradi.
Chivinni tishlagan joyida shish, achituvchi qichitma paydo bo‘ladi. Chivin ko‘p marta chaqqanida organizmni umumiy zaharlanishi kuzatiladi. Shuningdek, Reduviidae oilasiga tegishli qandalalarning so‘lagi ham yaxshigina zaharli xususiyatga ega. O‘zining so‘lagi bilan umurtqasizlarni shol qilib qo‘yadi, ba’zi bir turlari sutemizuvchilar uchun ham xavfli zahar ishlab chiqaradi. Nepidae oilasiga mansub suv chayoni (Nepa cinerea) va Notonectidae (Notonecta glauca) kabilar kuchli og‘riq chaqiradigan ukol qiladi. Uzoq Sharq suvlarida yirik qandalalar yashaydi (Belostomatidae oilasi). Belostomatid qandalalari baliq bolalari, itbaliqlar va ba’zan mayda baliqlar bilan ham oziqlanadi. Ularning so‘lagi nafaqat o‘ljani shol qilib qo‘yish xususiyatiga ega, balki g‘animini ichki a’zolarini ham tez orada suyuq holga keltiradi.
III BOB. ZAHARLI BALIQLAR (PISCES)
3.1. AKTIV ZAHARLI BALIQLAR
Baliqlarning zaharliligi turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi, ba’zilarining zahar ishlab chiqazadigan a’zolari bo‘lsa, boshqalarini faqatgina tashqariga chiqazadigan suyuqliklari zaharli bo‘ladi. Ba’zi birlarida ko‘p miqdorda teri usti zaharli bezlari bo‘ladi, suzgich qanotlaridagi ninalarini dushmanga sanchganda zahar oqib tushadi.
Hozirgi vaqtda baliqlar ikkita sinfga ajratiladi: tog‘ayli baliqlar (Chondrichthyes) 630 ga yaqin turni o‘z ichiga oladi va suyakli baliqlar (Osteichthyes) 20 mingdan ziyodroq turlarni birlashtiradi. Ham tog‘ayli ham suyakli baliqlar orasida odam uchun u yoki bu darajada xavflilari mavjud. Tog‘aylilar orasida dumi bilan nashtar uradigan skatlar va ba’zi akulalar zaharli hisoblanadi. Zaharli suyakli baliqlar orasida dengiz olabug‘asi (Sebastes) yevropa zvezdachyoti (Uranoscopus scaber) katta ajdarcha (Trachinus draco), oddiy marinka (Schizothorax intermedius) va boshqalar mavjud.
XIX asrda yashab o‘tgan sayohatchi dengizchi Kuk Tinch okeaniing janubiy qismidagi orol yaqinidan bir baliqni tutadi va uni pishirishga buyuradi, bu baliqdan ko‘proq iste’mol qilgan bir harbiy ertasiga halok bo‘ladi, ozgina tanovul qilganlar hushidan ketgan. Bu baliq organizmida juda o‘tkir zaharli modda bor ekan. Kuk tomonidan aniqlangan baliqning 40 ga yaqin turlari fanga ma’lum. Har xil xalqlar tomonidan mazkur baliqqa turlicha nom berilgan. Ingilizlar bolon baliq deb atashadi, Gavay orollarida maki-maki, Yaponiyada fugu, Indoneziyada blazer, Ispaniyada boteti deb atashadi. Mazkur baliqlarning barcha oila vakillari yilning deyarli hamma fasllarida zaharli bo‘lib, zaharning miqdori mavsumga qarab o‘zgarib turadi.
1957-yiliYyaponiyada fugu balig‘idan 176 kishi zaharlanib, shundan 90 tasi halok bo‘lgan. Ko‘pincha baliqni tanovul qilgan odamni zaharlanishi qaynoq saks (Yaponiyada guruchdan tayyorlanadigan araq) ichganligiga bog‘liq ekan, araq ichgandan keyin baliqni orqa to‘shi bilan uning zaharli ikrasini farq qilish juda qiyin bo‘larkan.
Xuddi ana shunday zaharli modda Kaliforniya tritoni tuxumi murtagida mavjudligi aniqlandi. 1964-yili undan ajratib olingan zaharga tarixotoksin deb nom berildi. Keyingi tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, mazkur zahar mutlaq ravishda tetradotoksinga o‘xshash ekan va keyinchalik bu ikkala zahar faqatgina mana shu nom bilan ataladigan bo‘ldi. Mazkur toksin ilmiy maqsadlarda qo‘llaniladi. Uning asab signallarini bo‘g‘ib qo‘yish xususiyati asab tizimi ish prinsiplarini o‘rganishga yordam beradi. Olimlarning taxmin qilishlaricha, mazkur zahar og‘riqsizlantiruvchi yangi moddalar yaratishda nusxa bo‘lib xizmat qiladi.
Avstraliya va Yangi Zelandiya qirg‘oqlaridagi suvda yashovchi baliqlar juda xaflidir. Ularning tanasi ninalar bilan qoplangan, dengiz tubida yotgan baliqni oddiy bir tosh deb qabul qilish mumkin. Bunday baliqning zahridan chidab bo‘lmaydigan darajada og‘riq paydo bo‘ladi, u oqibat natijada asab kasalligini keltirib chiqaradi.
Amerika olimlari Deyli va Uitson mazkur zaharning ta’sir etish mexanizmini kashf etdilar – aniqlanishicha, batroxotoksin organizmda ion olmashish jarayonini izdan chiqaradi, natijada asab tizimining vazifasi buziladi. Zahar ta’siri ostida asab hujayralari membranasining natriy ionini o‘tkazish darajasi kuchayadi, natijada asab impulisini o‘tish jarayoni bo‘g‘ib qo‘yiladi, bu esa yurak urishini to‘xtatib qo‘yadi.
Shuni ta’kidlash kerakki, dastavval mazkur toksin yurak muskullarining qisqarishini kuchaytiradi, demak, uni yurak qon tomiri xastaligini davolashda qo‘llanilishi maqsadga muvofiq ekan. Hozirning o‘zida bu zahar asab impulslarini uzatish mexanizmlarini o‘rganishda ishlatilmoqda.
Qora dengizning qumloq sayoz joylarida dumi ninali skat balig‘i yashaydi, uning qamchisimon zaharli ninasining asosida zahar ishlab chiqaradigan bezi joylashgan. Baliqni bezovta qilgan odamni dumi bilan qamchilaydi, shunda ninasi dushman badaniga sanchilib sinib qoladi, uni tandan olib tashlash juda qiyin. Agarda nina bo‘lagi badanda qolib ketsa, qon tomiriga o‘tishi va qon oqimi bilan yurakka borib tushushi, natijada odam halok bo‘lishi mumkin.
Tikanli akula yoki katran (Squalus acanthias). Uzunligi bir metrgacha, bo‘z yashil rangda, usti qo‘ng‘ir rangga bo‘yalgan. Ikkala elka qanotlarida bittadan sanchadigan o‘tkir tikanlari bor. Qora, Barens va Oq dengizlarda yashaydi; baliq qisqichbaqa, boshoyoqli mollyuskalar bilan oziqlanadi. Katranni qo‘lga olgandagina u o‘z nashtarini urishi mumkin.
Zaharli apparati tuzilishiga ko‘ra nashtarning tepa qismi o‘tkir yalang‘och tikandan iborat, pastki qismi esa terili xalta bilan qoplangan, uning tagida zaharli bezi joylashgan. Katran nashtar urganida zaharli bez siqiladi va zahar tashqariga chiqariladi, ya’ni odamni qo‘liga to‘kiladi. Odamlarni zaharlanish holatlari haqida ma’lumotlar juda kam. Zaharlangan kishilarni qo‘lida og‘riq va shish paydo bo‘ladi.
Kimyoviy tarkibiga ko‘ra ta’sir etadigan modda oqsil tabiatli bo‘lib, yuqori haroratga chidamsiz, kislota, ishqor va ultra binafsha nurlar ta’sirida parchalanadi. Hayvonga yuborganda sklet muskullarini shol qiladi.
Dumi bilan sanchadigan yapaloq baliq. Qora va Azov dengizlarida dengiz mushugi nomli baliq (Dasyatis pastinaca) yashaydi. Uzunligi bir metr, to‘q bo‘z rangda, terisida dog‘lari yo‘q, uzun dumining o‘rta qismida ikki yon tomonida to‘mtoq pixlari joylashgan. Odatda yapaloq baliqlar dengiz tubida yarim ko‘milgan holda yotadi, baliq va qisqichbaqasimonlar bilan oziqlanadi. Dumi bilan sanchadigan yapaloq baliqlarni eng yirigi Uzoq Sharqda «Petr Velikiy» bo‘g‘ozida uchraydi, uning uzunligi 2-3 metr, dumi kalta, ikkita yo‘g‘on kertiklangan pixi bor. 30 sm uzunlikdagi pixlarining pastki tomonida zaharli bezlari joylashgan. Baliq qattiq zarb bilan urganda ba’zan pixlar sinadi, singan bo‘lagi esa g‘anim tanida mahkam o‘rnashib qoladi. Buning sababi uning tuzilishi bilan bog‘liq, ya’ni ularning uchlari baliq tutadigan qarmoq shaklida bo‘ladi. Zaharli bezdan zahar oqib keladigan maxsus tomirlar bo‘lmaydi, zahar pixning tarnovchalarida yig‘iladi.
Ko‘pincha bunday baliqlarning zaharidan ovchilar, akvalangistlar va suvda cho‘miluvchilar zarar ko‘rishlari mumkin. Shuni ta’kidlash kerakki, yapaloq baliqlar har qancha kuchli zarb bersa-da, ular odamga hujum qilmaydi, balki odamlar extiyotkorsizlik tufayli ana shunday zarbga o‘zlarini qo‘yib beradi. Odatda baliq nashtar urganda odamda qattiq achituvchi og‘riq paydo bo‘ladi va limfatik tomirlar orqali badanga tarqala boshlaydi. Keyinchalik shish paydo bo‘lishi va u ko‘p joylarga tarqalishi mumkin Odam va hayvonlarda mazkur zahar arterial bosimni tushiradi va yurak faoliyati buziladi. Bordi-yu odamni oyog‘i zararlansa u bir necha kundan so‘ng tuzalib ketadi. Biroq baliqni nashtari ko‘krak qafasi yoki qorin qismiga to‘g‘ri kelsa u ko‘ngilsiz oqibatlarga olib keladi.
Zahar tarkibidagi ta’sir etuvchi oqsil modda yuqori haroratga chidamsiz bo‘lsa kerak, uning fizikaviy-kimyoviy va toksik xossalari yetarli darajada o‘rganilmagan. Dengiz mushugi hamda Uzoq Sharqda dumi bilan sanchadigan baliq Dasyatis akajei ovlanadi.
Barcha teletamoshabinlarga tanish bo‘lgan Avstraliyalik mashhur teleboshlovchi, yirtqich hayvonlar bilimdoni 44 yoshli dovyurak Stiv Irvin 2006-yilning oktyabrida navbatdagi kinosyomka jarayonida ana shu baliqning qurboniga aylandi.
Katta ajdar (Trachinus draco). Usti qora jigarrangda, qorin tomoni oqish rangda, uzunligi 30–45 sm. Yon tomonlarida qora qiyshiq yo‘llari bor. Birinchi yelka suzgich qanoti doimo qora rangda. Oyquloq qopqog‘idagi pix va orqa suzgich qanotining oldidagi oltita tikanida zaharli bezlari joylashgan. Boltiq va Qora dengizlarda yashaydi. Suv ostidagi tuproqda ko‘milib yotishni xush ko‘radi, qanotlari va og‘zi tepaga qaragan, baliq va qisqichbaqasimonlar bilan oziqlanadi. Oldingi elka qanotining tikanli pixlarining jo‘yaklarida zaharli apparati joylashgan. Pixli baliqlardan skorpenlar, dengiz olabug‘asining tikanlari ham ana shunday ko‘rinishda tuzilgan.
Mazkur baliqning zahari odam uchun xavfli bo‘lmasa-da, juda kuchli og‘riq chaqiradi, og‘ir hollarda shol bo‘lish alomati kuzatiladi. Asosan baliq bilan doimiy munosabatda bo‘ladigan kishilarning ehtiyotsizligi tufayligina odamlar zaharlanadi. Davolashda asosan dengiz suvi yoki osh tuzi eritmasi bilan jarohat bo‘lgan joy yuviladi hamda tikanlarning singan bo‘laklari terib olinadi
Baliqdan zahar olish uchun zahar bezidan qiyom shaklidagi suyuqlik olinadi yoki vakuum ostida o‘sha zahar so‘rib olinadi, ikkinchi usulni qo‘llaganda har 100 dona pixdan 10 ml gacha zahar olish mumkin. 0,5 mikrolitr miqdordagi zahar 16 g og‘irlikdagi sichqonni halok qiladi. Zahar juda beqaror, xatto past haroratda saqlaganda yoki leofil usul bilan quritish chog‘ida osongina aktivligini yo‘qotadi. Zaharning barqarorligini oshirish uchun unga glitsirinning 15 foizli eritmasi qo‘shiladi va past haroratda saqlanadi.
Elektroforez bilan zaharni tarkibiy qismlarga ajratganda albuminlarga xos ikkita fraksiya borligi aniqlandi. Shuningdek, uning tarkibida polisaxaridlar ham uchraydi. Zaharlanish hodisasi glikoproteinlar majmui bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin. Zahardagi serotanin va gistamin bemorda kuzatiladigan og‘riqqa sababchi bo‘lishi mumkin. Hayvonlarga yuborganda gipotenziya holatini rivojlantiradi, nafas olish va yurak faoliyatining buzilishi kuzatiladi. Zahar tarkibida shuningdek xolinesteraza fermenti aniqlangan. Lekin uning organizmga ta’sir etishi o‘rganilmagan.
Dengiz olabug‘alari (Sebastes). Skorpenlar 100 tadan ziyodroq turdan iborat bo‘lib barcha dengizlarda tarqalgan. Olabug‘alarning barcha turlari tuxumdan tirik bola tug‘adi. Orqa qanotlarida 13-15 dona qattiq va o‘tkir tikanlari bor, oyquloq qopqog‘ida ham pixlari mavjud. Orqa qanot tikanlar ko‘ndalang kesmasi T harfi shakliga ega. Tikanlarning jo‘yaklarida uncha katta bo‘lmagan urchiqsimon bezlar qin bilan qoplangan, tikanlarining yuqori qismi ochiq bo‘ladi. Barcha suzgich qanotlarida hamda oyquloq qopqog‘i asosida yelimsimon modda ishlab chiqaradigan bezlar juda ko‘p. Baliq nashtarini sanchganda zahar bilan yelimsimon modda aralashgan holda jarohatlangan joyga kelib tushadi.
Ko‘pincha baliq tutuvchilar va uni qayta ishlovchi kishilar baliq zaharidan jabrlanadilar. Bir necha daqiqalardan so‘ng zahar kirgan joyda qattiq og‘riq va yallig‘lanish reaksiyasi yuz beradi. Paydo bo‘lgan shish keyinchalik qo‘l barmoqlariga va xatto bilakka ham tarqalishi mumkin.
Zahardagi ta’sir etuvchi modda tabiatiga ko‘ra oqsil bo‘lsa-da, juda beqaror, zaharni olish uchun gomogenatdan past haroratda tezkorlik bilan ekstraksiya qilinadi. Qizdirish, ishqor kislota va ultra binafsha nurlar ta’siridan o‘z kuchini yo‘qotadi, ozgina miqdorda hayvonga yuborilgan zahar og‘riq va yallig‘lanish reaksiyasini chaqiradi. Zahar miqdorini ko‘paytirganda nafas olish va yurak harakati muvozanati buziladi, nafas olish to‘xtaydi va jonivor halok bo‘ladi. O‘lgan hayvonning ichki a’zolarida qon lahmlari to‘planib qoladi. Zahar eritrotsitlarni eritib yuborish xossasiga ega.
Skorpena yoki dengiz cho‘tka balig‘i (Ssokpaena porcus). G‘alati rangga ega bo‘lgan baliq, Qora dengizda yashaydi.Baliqning boshida joylashgan teridan iborat o‘simtalar, ana shu baliqning xarakterli belgisidir. Ko‘pchilik vaqtini suv ostida o‘tkazadi va suzub yurgan jonivorlar bilan oziqlanadi, old elka qanotining barcha tikanlari zaharli bezlar bilan ta’minlangan. Zahar soluvchi a’zosi tikanli baliqlarga xos tuzilishga ega. Bu baliqdan zaharlanish alomatlari yuqorida bayon etilgan baliqlarnikiga o‘xshash.
Zahar tarkibidagi ta’sir etuvchi modda yuqori molekulali M-50 000-800 000, issiqqa chidamsiz. Hayvonga yuborilganda gipotenziya holati kuzatiladi, nafas olish va yurak faoliyati buziladi, ko‘proq zahar yuborganda shol bo‘lish alomatlari yuz beradi, nafas olish to‘xtaydi va jonivor halok bo‘ladi.
3.2. BO‘SHANG ZAHARLI BALIQLAR
Karpsimon baliqlar oilasiga (Cyprinidae) taalluqli ba’zi bir baliqlar o‘ta xavfli hisoblanadi. Tuxum qo‘yish davrida ularning uvildiriqlari zaharli bo‘ladi, qorabaliqlar (Schizothorax intermedius), ko‘kchalar, (Diptychus) muylabdorlar (Barbus) shular jumlasidandir. Qorabaliqni mahalliy xalq shirmohi, ya’ni sut baliq deb atagan. Fanda uning zaharli qora pardasiga asoslanib qorabaliq deb ham yuritiladi. Shirmohi tog‘li daryolarning yuqori oqimlarida, jumladan, Amu va Sirdaryoning hamma irmoqlarida: Qashqadaryo, Zarafshon, Chirchiq, Ugam va Chotqol daryolarida, buloqlarda uchraydi.
Shirmohi baliqning qorin devorlari qora parda bilan qoplangan, baliqni tanovul qilganda shu qora parda va uvildirig‘i olib tashlanishi kerak. Nurotadagi sarmish, sayrob buloqlarida yashovchi shirmohilarni mahalliy xalq avliyo baliq hisoblab, unga tegmaydilar.
Ko‘kchalar yalang (D.dybowskii) va tangachali bo‘lib (D.maculatus), Sirdaryo, Tarim, Balxash va Issiqko‘l havzalarida yashaydi. Voyaga yetgan tangachali osmanlarning yelkasi qora, yon tomonlar bo‘zsarg‘ish yashilsimon rangda. Yalang ko‘kcha turli rangda bo‘ladi, loyqali daryo suvida yelkasi qo‘ng‘ir yoki yashilsimon, yon tomonlari kumush rangda, ko‘l suvida qoramtir tilla rang ko‘rinishda bo‘ladi.
Mo‘ylabdor baliq (B.barbus) bo‘yi 85 sm, vazni 4 kg, suvning chuqur joylarida yashashni xush ko‘radi, mayda baliq va uning ikrasi bilan oziqlanadi, suvdan sakrab, uchib ketayotgan hasharotlarni tutib oladi.
Baliqning uvildirig‘i zaharli hisoblanadi. Uvildirig‘ni iste’mol qilgandan bir soat o‘tgach, ko‘ngil aynish, qayt qilish, bosh og‘rishi, umumiy holsizlik, yuz terisi va shilliq pardalarda sianoz yuz beradi. Kuchayib borayotgan darmonsizlik tufayli bemor to‘shakda yotib qoladi, nafas olish qiyinlashadi. Og‘ir hollarda orqa, oyoqlar va diafragmada shol bo‘lish alomatlari paydo bo‘ladi, nafas to‘xtashi bois odam halok bo‘ladi.
Zahar tarkibidagi asosiy ta’sir etuvchi modda – siprinidin tabiatiga ko‘ra oqsil emas. Uni metanol spirti yordamida ikradan ajratib olinadi, aseton bilan cho‘ktiriladi. Suvda yaxshi eriydi, kimyoviy strukturasi aniqlanmagan, haroratdan qisman kuchsizlanadi. Hayvonlarda gipotenziya, adinamiya, gipotermiya hamda nafas olishning qiyinlashi kuzatiladi. Siprinidinni ko‘proq miqdorda yuborganda sklet va nafas olish muskullarini shol bo‘lishiga olib keladi.
Oq amur (Ctenopharyngodon idella) balig‘ining o‘ti ham zaharli ta’sir etadi. Sichqonlar uchun LD50 109 mg/kg, jigaridan ajratib oligan qiyom esa arteriya bosimini tushirib yuboradi, bradikardiyani chaqiradi, yurak tepishini kamaytiradi. Kam miqdorda yuborilganda o‘tdan ajralib chiqqan qiyom diurezni kuchaytiradi hamda kaliy, natriyni haydab chiqazadi.
Mazkur baliqlar ozuqabop hisoblanadi, ammo ishlatishdan oldin ularni ichki az’olari yaxshilab tozalanadi, xususan jinsiy mahsulotlari va qorin ichki a’zolari qisman olib tashlanadi. Baliqning qorin qismini to‘yingan osh tuzi eritmasi bilan yuvish zarur.
Dushmandan o‘z vaqtida qochib qutilish va o‘ljani xatosiz tutib olishda sezgi a’zolarining ahamiyati juda katta. Lekin baliqning ko‘zi yaxshi ko‘rmaydi, quloqlari ham yaxshi eshitmaydi. Binobarin, boshqa qo‘shimcha a’zolar yordamga keladi. Bunday yordamchi a’zo baliqning ikki yon tomonidagi chiziqlari bo‘lib, ana shu chiziqlar bo‘ylab mayda-mayda o‘simtalar joylashgan, uning ichida esa asab tolalari bo‘lib, ular bosh miya bilan bog‘langan. Yon chiziqlar suvdagi arzimagan to‘lqin tebranishlarini, suv oqimi tezligini sezib oladi. Ana shu oltinchi sezgi a’zosi yordamida baliqlar zulmat qorong‘ulikda har xil to‘siqlarga qoqilmasdan, bir biriga urilmasdan suzishlari mumkin.
Ma’lum bo‘lishicha, baliqlar orasida o‘zining nasliga beparvo munosabatda bo‘ladiganlari ham bor ekan. Jumladan cho‘rtan baliq, oddiy olabug‘a va nalim kabilar o‘z bolalarini yeb qo‘yadi. Bir qarashda bu yerda tabiat xatoga yo‘l qo‘ygandek ko‘rinsada, aslini olganda turni abadul-abad yo‘qolib ketmaslik choralaridan biri ekan. Masalan, Kareliya o‘rmonlari orasida kichkinagina ko‘l joylashgan bo‘lib, uning suvi kislotali reaksiyada bo‘lib, jigarrang ko‘rinishga ega. Sababi ko‘lning tagi torf bilan qoplangan, suv o‘simliklari deyarli uchramaydi. Baliqlardan faqat oddiy olabug‘a uchraydi. Birinchi, ikkinchi yillari mazkur baliq uchun ozuqa turli xil qisqichbaqa va ularning lichinkalari bo‘lsa, baliqlar kattaroq bo‘lganidan keyin bu ozuqalar to‘yimli bo‘lmay qoladi, buning ustiga ularni tutib olishga baliq ancha qiynaladi. Ammo, olabug‘aning ukalari bo‘lmaganda u qirilib ketardi. O‘zini bolalari bilan oziqlanib uch yoshga to‘lgan olabug‘a balig‘i endi ikra tashlamaydi. Agarda olabug‘a balig‘i o‘zini-o‘zi yemaganida mazkur baliq urug‘i umuman yo‘qolib ketgan bo‘lardi. Olabug‘a o‘z urug‘ini emas, balki o‘z bolasining dushmani ekan. Demak, tabiat bu masalada ham kelajakni ko‘zlab ish tutgan.
Yirtqich baliqlar. Yirtqich baliqlar haqida gap ketganda ko‘z oldimizga beixtiyor akula keladi. Dengizda yashovchi odamga hujum qiladigan suyakli baliqlar haqida ma’lumotlar nisbatan kam. Dengiz bo‘risi yoki barrakuda va dengizda yashovchi tishli ugrlar, murenlar ana shunday yirtqich hisoblanadi. Dengiz bo‘risi tashqi ko‘rinishidan nayza tumshuqli baliqqa o‘xshaydi, uzunligi 2-3 metr, og‘irligi 30-40 kg. Qisqa masofaga yashin tezligida suzib odamga xujum qiladi va odamni qo‘l yoki oyog‘ini uzib olishi mumkin. Bu yirtqich odatda oq rangdagi va tez harakat qiladigan narsalarga juda o‘ch bo‘ladi, shuning uchun ham g‘avvoslarga qora kiyimda suvga tushish va sekin suzish tavsiya etiladi.
Murenning bo‘yi 2–3 metr bo‘lib, odamlarga hujum qilganligi haqida aniq ma’lumotlar bor. Ularning tishi asosida zaharli bezlari bo‘lgani uchun ham bu hayvon juda xavflidir.
Murenlarning yaqin qarindoshi – dengiz ugri ham ulardan qolishmaydi. Kasatka (akula) o‘ziga yemish izlab muz ustida yurgan pingvin va tyulenlar bilan oziqlanishga moslashgan. Akulaning bunday xulqi muzlar ustida yurgan odamlar uchun ham xavflidir.
Janubiy Amerika daryolarida o‘tkir tishli piraniya nomli baliq yashaydi, uning tishlari xatto bambuk daraxtini ham shartta kesib tushuradi. Ular gala-gala bo‘lib yashaydi. Piraniyalar qon hidini juda tez sezadilarki, suvda cho‘milayotgan kishining biror yeri jarohatlanib qonasa, baliqlar shu zahoti kelib jarohatlangan kishining bir parcha etini yulib ketadi, cho‘milayotgan odam hatto buni sezmay ham qoladi.
Yana piraniya balig‘i haqida, hikoya qilinishicha cho‘ponlar mollarini daryoning qarama-qashi qirg‘ogiga o‘tkazishda hayvonlardan birini yemishlik uchun suvga tashlaydi, piraniyalardan katta bir guruhi o‘sha baxtsiz hayvonni yeb ovora bo‘lishganda podani tezgina ikkinchi qirg‘oqqa o‘tkazadilar. Xaqiqatdan ham, mazkur baliq yashaydigan suvga hayvon o‘limtigi tashlansa, qisqa vaqtdan so‘ng u yerda o‘sha hayvonning skeleti qoladi, xolos.
Skat balig‘ini odamga xujum qilgani haqida aniq ma’lumotlar bor. Bunday baxtsiz hodisa kinotasmaga tushirilgan. Cho‘kib ketgan kemani ko‘rish uchun suvga tushgan g‘avvos to‘satdan yuqoriga ko‘tarilish haqida xabar beradi. Lekin yuqoriga faqat tros va shlanglar ko‘tarildi xolos. Zudlik bilan suv ostiga qutqaruvchi komanda tushadi. Biroq jabrlangan g‘avvosning tanasi topilmadi. Suvning tagida faqatgina avtomatik kinokamera bor edi. Uni ham tepaga olib chiqdilar. Kinotasmani tomosha qilganda suvga cho‘kkan kema namoyon bo‘ldi, so‘ngra gavvosni o‘zi ko‘rindi va to‘satdan uning tepasida mahobatli skat paydo bo‘ldi, o‘zining qanotlari bilan shlangni o‘rab olib, gavvosni o‘rayboshladi, shuning bilan fojiali kadrlar tugadi.
L.Sabaneevning ta’kidlashicha, uch pudli og‘irlikdagi laqqa baliq qirg‘oqda oyog‘ini suvga botirib o‘tirgan bolani suv ostiga tortib ketgan. 1934-yili taniqli ixtiolog olim professor G.Nikolskiy Amudaryoda cho‘milayotgan 14 yashar bolaga yirik laqqa baliq hujum qilganini guvoxi bo‘lgan. 1964-yili «Selskaya jizn» gazetasida quyidagi xabar bosilgan. O‘zbekistonning Shovot rayonidagi Kirov nomli kolxozda qamish o‘rish chog‘ida Masharil Madraximovning oyog‘iga qattiq zarb berilganda u yiqilib tushadi, o‘rnidan turib yon atrofga qarayotganida, ikkinchi marta yana zarb berildi, olishuv bir necha daqiqa davom etdi, bu laqqa baliq edi. U Masharilni oyog‘iga og‘iz solgan edi, shunga qaramasdan paxlovon yigit baliqni eshak qilib minib oldida, qo‘lidagi cholg‘isi bilan baliqni kallasiga bir necha bor tushirdi, kuchli zarbdan jon taslim qilgan baliqning vazni 139 kg ekan.
Umuman olganda ta’kidlash kerakki, yirtqichlardan yoki zaharli gazandalardan talofat ko‘rgan yoki nobud bo‘lgan har bir kishi ana shunday ko‘ngilsiz hodisaga o‘zi sababchi bo‘ladi, yirtqich zarbasiga o‘zini qo‘yib beradi. Yirtqich hayvon qon ichish maqsadida mana shu holatni izlaydi, shunday daqiqalarni poylab turadi deb o‘ylash noto‘g‘ri albatta, hayvonlarda makrli maqsadlarni o‘ylab yurish xususiyati yo‘q.
O‘rmalovchi baliqlar. Ma’lumki, baliqlar suvda erigan kislorod bilan nafas oladi, shuningdek atmosfera havosi bilan nafas oladigan baliqlar ham bor. Mazkur baliqlarning atmosfera havosi bilan nafas olishga moslashuvi ma’lum ekologik sharoit bosimi ostida amalga oshadi. Devon davrida kislorod kam bo‘lgan tropik botqoqlarda yashagan ba’zi bir chuchuk suv baliqlari mana shu kislorod gazini havodan olishga erishgan. Tabiiy tanlanish esa qizilo‘ngach devorining kengayishiga va pirovardida o‘pkani paydo bo‘lishiga olib kelgan.
Ana shunday ikki xil usul bilan nafas oladigan baliqlarni yozgi uyquga ketishi yaxshi o‘rganilgan. Protopterus degan baliqning Afrikada tarqalgan turi va Amerika lepidosiren balig‘i shular jumlasidandir. Birinchisi Afrikaning chuchuk suvlarida yashaydi, uzunligi ikki metrcha kelali. Qurg‘oqchilik boshlanib baliq yashab turgan havzalar qurib qolsa, baliq o‘ziga chuqurcha kovlab unga kirib yotib oladida, o‘zidan ko‘plab yelimsimon modda ajratib chiqaradi va uni balchiq bilan aralashtirish natijasida pillaga o‘xshash uycha hosil bo‘ladi va baliqning og‘zi joylashgan yerda nafas oladigan teshikchasi bo‘ladi.
Amerika lepidosireni esa Amazonka bo‘yidagi balchiqli joylarda yashaydi. Yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgan kezlari baliq yaxshigina oziqlanib, tanasida yog‘ zahirasini to‘playdi va balchiq ostida uyquda bo‘lganida ana shu yog‘ni ishlatadi. Qurg‘oqchilik davrining boshidan oxirigacha baliq anabioz holatida bo‘ladi, ya’ni modda almashish jarayoni deyarli to‘xtaydi. Shunda bir yo‘la atmosfera havosi bilan ham nafas oladi. Shuni ta’kidlash kerakki, baliqni yozgi uyqusi u yashab turgan havza suvining qurib qolishi bilangina bog‘liq, aks holda u uyquga ketmaydi.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?