Текст книги "Заҳарли газандалар"
Автор книги: Я. Давлатов
Жанр: Учебная литература, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 3 (всего у книги 18 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]
2.3. O‘RGIMCHAKLAR (ARANEI) TURKUMI
O‘rgimchaklar turkumiga 30 mingdan ziyodroq turlar kiradi, ularning ko‘pchiligida zaharli apparati mavjud. O‘rgimchaklar hayotida uning zahari katta ahamiyatga ega, chunki u jonivorni oziqlanishi va bolalarini himoyalashni ta’minlaydi. Odam uchun asosan qoraqurt va tarantul xavfli hisoblanadi. Eresus niger degan yirik qorayurt ning chaqishi ham yaxshigina og‘riq chaqiradi. So‘ngi yillarda jadallik bilan olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida o‘rgimchaklarning ba’zi turlarining zahar kimyosi va uning ta’sir mexanizmi haqida ma’lumotlar chop etildi.
O‘rgimchaklarning oldingi bir juft oyog‘i – xeliserlari himoyalanish va o‘ljani ushlashga xizmat qiladi. Xeliserlar o‘rgimchak og‘zining oldida bosh ko‘krak qismining qorin tomonida qisqa ikkita bo‘g‘inli kuchli qo‘shimchadan tashkil topgan bo‘lib, har xil kenja turkum vakillarida turlicha joylashgan.
Yer yuzidagi barcha o‘rgimchak turlaridan 700 tasi O‘zbekistonda uchraydi. Ana shu o‘rgimchaklardan 15 ta turi zaharli hisoblanadi. Yaqinda zaharli o‘rgimchaklarning yangi turi – Dal qoraqurti topildi. Hozircha uning areali Qarshi cho‘li bilan chegaralangan, xolos. Barcha o‘rgimchaklar uchun eng xarakterli xususiyat ularning nozik va nafis tola – ip ishlab chiqarishidir. Suvda yashaydigan o‘rgimchaklar bunday iplarni uy qurish uchun, boshqalari urg‘ochilarini o‘ziga jalb qilish uchun ishlatadi, ya’ni maxsus nikoh to‘rini to‘qiydi va tayyor uyga urg‘ochisi kirib keladi. Ko‘pchilik o‘rgimchaklar nozik tola iplarini asosan ov qilish maqsadida ishlatadi. To‘rga ilingan o‘ljani sezishi bilan o‘rgimchak tezda unga yetib keladi-yu, yelimsimon suyuqlik sepadi. Bu suyuqlik havoda tez qotadi, demak o‘lja harakatdan to‘xtaydi va o‘rgimchak uni domiga tortadi. Nima, uchun o‘rgimchaklar o‘z to‘riga ilinmaydi? Agarda yopishqoq to‘r pashsha uchun qopqon bo‘lsa, nima uchun unga o‘rgimchakning o‘zi ilinmaydi? O‘rgimchak ham pashsha singari osongina to‘rga ilinishi mumkin ekan. Buning sababi o‘rgimchak o‘z uyida, u o‘zi to‘qigan to‘rini besh barmoqday biladi. To‘rni to‘qish jarayonida o‘rgimchak bir necha xavfsiz tolalar tayyorlaydi, ya’ni ular yopishqoq bo‘lmaydi, bunday tolalar asosan to‘rga mustahkamlik beradi. Shunday qilib o‘rgimchak o‘z uyining (to‘rining) tizimini yaxshi biladi va to‘rni qaysi bir joyidan yurish kerakligini ham yaxshi bilgani holda tez va chaqqon harakat qiladi.
Ma’lumki, o‘rgimchaklarning oyoqlarida muskullari bo‘lmaydi. Biroq ular nafaqat tez yuguradi, balki sakrashga ham moslashgandir. Ma’lum bo‘lishicha, o‘rgimchak oyoqlari gidravlik moslama singari harakat qiladi, bunda jonivorning limfasi (qoni) suyuqlik sifatida xizmat qiladi.
O‘rgimchak, chayon va qisqichbaqalarning qoni ko‘k rangda bo‘ladi. Odatdagi qonga qizil rangni gemoglabin – qizil pegment va temir elementi beradi, ko‘k qonni rangi esa asosan mis elementi ishtiroki bilan bog‘liq, ya’ni gemosianin tarkibini ana shu mis elementi tashkil etadi. Shuning uchun ham bunday jonivorlarning qoni ko‘k rangda bo‘ladi.
O‘zbekistonda tarqalgan o‘rgimchaklarning eng yirigi boydehqon hisoblanadi, uni tom ma’noda o‘rgimchaklarning podshosi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kattaligi mushtday keladigan o‘rgimchak o‘to‘lanlar orasida o‘ziga makon yasab, o‘lja poylab yotadi. O‘lja yaqinlashdi deguncha bir sakrab, uni panjalari orasiga oladi, o‘lja qancha urinmasin uning iskanjasidan chiqib keta olmaydi. Bunday yirik o‘rgimchaklar hatto mayda qushlarga ham hujum qiladi.
O‘rgimchaklarning ini dumaloq shaklda bo‘lmagani uchun uning markazidan har tomonga qarab ip tolalari tortiladi. Tayyor bo‘lgan uyga o‘rgimchak yana bir tolani qotiradi-da, uning ikkinchi uchini o‘zining badaniga yopishtiradi. Ana shu tola orqali o‘rgimchak to‘rga o‘lja tushganini sezadi va tez orada unga yetib kelib yelimsimon suyuqlik sepadi. Qadim-qadimlarda o‘rgimchak ipagidan mato to‘qish bo‘yicha urinishlar bo‘lgan. Bunday tajribalar kutilganidan ham yaxshi natijalar bergan. Bunday toladan to‘qilgan matolar o‘ta chiroyli, mayin va go‘zal bo‘lgan. Ammo, o‘rgimchaklarning tutqunlik sharoitiga yashab ketishi o‘ta qiyin ekan, ya’ni ularni qo‘lda oziqlantirib bo‘lmas va ular bunday sharoitda tez halok bo‘lar ekan.
O‘zbekistonda tarqalgan vakillaridan yana biri biy bo‘lib, uning gavdasi mayin tuklar bilan qoplangan. Biy ancha yirik, chaqqon jonivor, XX asr o‘rtalarida biy (ruscha nomi tarantul) chaqqan kishi tarantizm kasalligiga uchraydi, degan fikr keng tarqalgan edi. Bemorni davolash usullaridan biri ularni musiqa sadolari ostida surinkasiga raqsga tushirishdan iborat bo‘lgan. Bemor holdan toyib yiqilib tushmaguncha raqs davom etishi kerak. Ana shundan so‘ng ular sog‘ayib ketar ekan. Biyning hujumidan hasharotlar va mayda hayvonlar halok bo‘lishi mumkin. Lekin odamga keltiradigan ziyoni haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.
Biyning ruscha nomi Italiyadagi Taranto shahrining nomidan kelib chiqqan. Ular boshqa o‘rgimchaklar singari ipakdan to‘r to‘qimaydi, buning o‘rniga yerga chuqur in kovlaydi va o‘sha yerda qishlaydi. U o‘zining o‘ljasini poylab yotadi, qulay vaziyat bo‘lganida o‘ljaga tashlanib uni oyoqlari orasiga o‘rab oladi. Biy o‘ljaning barcha suyuqliklarini, shuningdek, uning qonini ham so‘rib oladi. Ularda nasl uchun qayg‘urish yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bolasi tug‘ilgach bir hafta davomida onasi elkasida ko‘tarib yuradi.
Ta’kidlaganimizdek, tabiatda eng nozik ip o‘rgimchak tolasidir, ya’ni odam soch tolasidan ming barobar ingichkadir. Tolaning ingichkaligi dene deb ataladigan birlikda o‘lchanadi. Dene – uzunligi 9 km keladigan ipning grammlarda ifodalangan vazni. Ipak qurti o‘ragan pilla tolasi bir dene, inson soch tolasining vazni – 50 dene, o‘rgimchak tolasining vazni esa atiga 0,07 dene. Demak, o‘rgimchak ipining yer sharini ekvator bo‘ylab o‘rashga yetadigan tolasining vazni 300 gramddan sal ziyodroq bo‘ladi. O‘rgimchak tolasining chidamligi po‘latning chidamligidan ikki barobar ziyod. Bunday tola sof oqsildan iborat, hozir aminokislotalardan ana shunday tola sintez qilinmoqda.
Afrikada nefil deb ataladigan yirik o‘rgimchak yashaydi, ularning to‘r tuzog‘i shu qadar pishshiq bo‘ladiki, ba’zan tuzoqqa tushgan mayda qushlar, ilon bolasi ham to‘rni yirta olmaydi. Madagaskar orolida yashaydigan ayollar o‘rmonga borib savatlariga xuddi qo‘ziqorin yig‘ganlaridek, nefil o‘rgimchagini terib keladilar. Uyga kelganlaridan so‘ng nefillarning qornidagi tolasini ustalik bilan chuvatib ana shunday tillarang tolalardan juda chiroyli lentalar to‘qiydilar. Qizig‘i shundaki, erkak nefil juda kichkina bo‘ladi, vazni jahatidan urg‘ochi nefildan ming marta yengil bo‘ladi. Urg‘ochi o‘rgimchak ovga chiqmaydi va erkagidan qolgan sarqitlar bilan oziqlanadi. Qora beva deb nom olgan urg‘ochi o‘rgimchak urchib bo‘lganidan so‘ng erkagini yeb qo‘yadi. Tabiiy tanlanish jarayonida paydo bo‘lgan xulq-atvorning ana shunday shakli aftidan naslni davom ettirish uchun foydali bo‘lsa kerak. Kanniballizim hodisasi turning yashab ketish ehtimolini oshiradi.
Avstraliya orollarida qarmoq bilan ov qiladigan g‘alati bir o‘rgimchak yashaydi. Sidney universitetining professori, taniqli zoolog olim T.Refliy quyidagilarni bayon etadi: Mazkur o‘rgimchak yigiruvchilar podshosi nomi bilan mashhur bo‘lib, kech kirganda ikkita daraxt orasida o‘zining mashhur to‘rini to‘qiydi, uning o‘rtasidan bir necha metr pastga qarab ingichka, lekin o‘ta pishiq tola tushiradi, uning uchida esa ozgina miqdorda yopishqoq modda bo‘ladi. Bir necha ana shunday tomchilar tolaning boshqa joylarida ham bo‘ladi. Tollalardan bitasini oyog‘iga yopishtirib olgan o‘rgimchak tevarak atrofga diqqat bilan nazar tashlab turib hasharot sharpasini sezishi bilan o‘rgimchak darhol o‘sha tolani qimirlata boshlaydi, toladagi yelimsimon tomchilar xasharot diqqatini o‘ziga tortadi va u yaqinlashib tomchiga qo‘nganida yopishib qoladi. Ovchi o‘rgimchak esa qarmoqli tolani o‘ziga tortib kapalakni paqqos tushiradi.
Nima uchun o‘rgimchakning erkagi urchib bo‘lganidan keyin o‘zini yem bo‘lishga qo‘yib beradi? Nima uchun u hech qanday qarshilik ko‘rsatmaydi? Ana shunday itoatgo‘ylik, tobelik kabi xususiyat qanday holatlarda paydo bo‘ladi? Texas va Kornel universiteti biologlari ana shunday holatni paydo bo‘lishini oldindan aytish uchun matematik model (differensial tenglamalar to‘plamini) yaratdilar, ya’ni erkak o‘rgimchak reproduktiv imkoniyatini oshirgan paytida o‘zini yem bo‘lishiga qo‘yib berar ekan.
Braziliya va Meksika tropik o‘rmonlarida o‘rgimchaksimonlarning telefon degan vakili yashaydi. O‘lchami 75 sm gacha, ko‘rinishidan chayonga o‘xshasa-da qorin tomoni uzunchoq bo‘lib uchta qismdan iborat. Dushmanga hujum qilganida dum uchini ko‘tarib suyuqlik sepadi. Bosim ostida otilgan bunday suyuqlik 30 sm masofaga yetib boradi. Bu suyuqlik tarkibiga ko‘ra sirka kislotasidan iborat bo‘lib, undan xlor hidi keladi, u ko‘zga tushsa o‘ta bezovta qiladi. Bu jonivorning 70 ga yaqin turlari mavjud bo‘lib, ko‘pchiligi Malay tizma ko‘llarida va Markaziy Amerikada yashaydi.
Janubiy Amerikada juda katta yirtqich o‘rgimchaklar uchraydi, ularning bo‘yi 12 sm gacha bo‘lib, mayda qushlarga hujum qiladi. O‘rgimchak jag‘idagi zahar bilan qushlarni tishlab shol qilib qo‘yadi. Lekin bu yirtqichni o‘ziga nisbatan xavfliroq dushmani braziliyada tarqalgan ari bo‘lib, uni mahalliy xalq kuchuk oti deb ataydi. U tashqi ko‘rinishi bilan bizda yashaydigan qovoq aridan kattaroq bo‘lib, gavdasi qora rangga bo‘yalgan, qanotlarida oq dog‘lari bor. Qushxo‘r o‘rgimchakni ko‘rib qolgan ari uning tepasiga kelib aylana boshlaydi, o‘rgimchak ham kurashga tayyorlanadi, u o‘zining to‘rtta orqa oyog‘iga tayanib, oldingi ikki oyog‘i bilan ariga qarshilik ko‘rsata boshlaydi. Ari esa o‘rgimchakka qaraganda chaqqonroq harakat qilib har tomondan xujum qiladi. Ana shunday kurash jarayonida o‘rgimchak izchilroq harakat qilib gavda muvozanatini yo‘qotib qo‘yadi. Bunday holat o‘rgimchak uchun fojiali yakunlanadi. Ari bir laxzada o‘rgimchak ustiga chiqib olib, o‘zining zaharli qurolini ishga soladi va nimjon bo‘lib qolgan o‘rgimchakni ko‘targanicha iniga olib ketadi va uning ustiga tuxum qo‘yadi.
Tuxumdan chiqqan g‘umbak xo‘jayin hisobiga yashab, dastlab uning ikkinchi darajali a’zolari bilan, keyinchalik esa o‘ta muhim a’zolari bilan oziqlanadi. Tabiiyki g‘umbakning parazitlik faoliyatida ong va aqlga o‘rin yo‘q, albatta bular hammasi instinktdan iborat, xolos.
Haqiqiy o‘rgimchaklar – qushxo‘rlarni ko‘pchilik odamlar yaxshi taniydi, ular orasida yirik paxmoq o‘rgimchak bo‘lib, ularning bo‘yi 10 sm ga yetadi. Tropikada bu oilaning 600 ga yaqin turlari yashaydi. Ularning asosiy ozuqasi hasharotlar bo‘lsa-da ba’zan mayda qushlar, kaltakesak, ilon va qurbaqalarni ham tutib yeydi. O‘rgimchakda baliq tutadigan qarmoq shaklida yirik va o‘tkir jag‘lari zaharli bez bilan tutashib ketgan.
Braziliyada tarqalgan daydi o‘rgimchak o‘ljasini poylab turib birikki sakrab unga tashlanadi, urg‘ochisi o‘zini himoya qilaturib orqa oyog‘iga tayanib dushmanga sakraydi va bir juft o‘tkir tirnog‘i bilan tishlab zahar soladi. O‘tkir tirnoqlari zahar oqib keladigan tomir orqali zaharli bez bilan bog‘langan. Bu o‘rgimchakni tishlashi natijasida odamlarda kuchli zaharlanish alomatlari kuzatiladi, bunday holat ba’zan qayg‘uli yakunlanishi ham mumkin.
O‘rgimchakni bo‘yi oyog‘i bilan 7 sm, boshqa o‘rgimchaklar singari 8 ta ko‘zi bor. O‘rgimchak chaqqan odamlarni davolash uchun zaharga qarshi maxsus zardob ishlatiladi, u Braziliyaning San Paulu shaharida tayyorlanadi.
Brazilyada yashaydigan uncha katta bo‘lmagan (4-5 mm) sakrovchi o‘rgimchak yanada xavfliroq hisoblanadi. Uning chaqishi natijasida yallig‘lanish, xuddi qizdirilgan temirni bosgandek o‘ta kuchli og‘riq yuz beradi, siydikda qon paydo bo‘lib, bir necha soatdan so‘ng odam halok bo‘ladi. Janubiy Afrika bushmenlari ana shu urug‘ga mansub o‘rgimchaklar zaharidan o‘zlarining ov kamonlarini o‘qlashda foydalanadilar.
Cho‘l va sahrolarda yashaydigan paxmoqli biyni odamlar asossiz ravishda zaharli deb hisoblaydilar. Ularda zaharli bez umuman yo‘q, binobarin odam uchun u xavfli emas.
Qoraqurt (Latrodectus mactans tredecimguttatus). O‘rgimchaklar turkumi vakillari orasida faqat bitta tur, ya’ni qoraqurt o‘zining kuchli zahari, yashash tarzi bilan boshqa o‘rgimchaklardan farq qiladi. Qoraqurtning urg‘ochisi tim qora rangda bo‘lib, gavdasi erkagiga qaraganda bir necha bor katta bo‘ladi.
Qoraqurtning zaharli apparati bez va jarohatlovchi moslamadan iborat bo‘lib, jonivorning bosh va ko‘krak qismida joylashgan, yarim oy shaklida oq rangda, bir tomoni berk, ikkinchi tomoni esa uzunchoq bo‘lib, zahar oqib keladigan tomirga ulangan. Zaharli bezning uzunligi voyaga yetgan urg‘ochilarida 3-4 mm, zahar oqib keladigan tomir 1,2-1,3 mm bo‘ladi.
Yangi olingan zahar unchalik tiniq bo‘lmaydi, ishqorli reaksiyada bo‘lib filtirlangandan so‘ng zahar rangsiz deyarli tiniq holga keladi. Hidi bo‘lmaydi, suvda va osh tuzi eritmasida yaxshi eriydi, spirt, efirda o‘z xossasini yo‘qotadi. Zahar tarkibiga oqsil tabiatli neyrotoksinlar shuningdek gialuronidaza, fosfodiesteraza, xolinestiraza, kininaza fermentlari kiradi. Toza zaharning kuchi (LD50) qisqichbaqa uchun 62, uy chivini uchun 99, dengiz cho‘chqasi uchun 205 va sichqon uchun 220 mkg/kg. Asosiy ta’sir etuvchi modda neyrotoksin (a-latrotoksin), oqsil M-118 000, toza holda ikkita mustahkam subedinisadan iborat, umumiy M-23 000, subedinisa molekulasi 1042 ta aminokislota qoldig‘idan iborat. Sichqonlar uchun a-latrotoksinning LD50 45 mkg/ kg. Qoraqurt zaharida shuningdek, V-latrotoksin topilgan, M-75 000, har xil tur qoraqurtlarning V-lotrotoksinlari aminokislotalar tarkibiga ko‘ra juda ham o‘xshash ekan.
Qoraqurt Moldaviya, Qrim yarim oroli, Dog‘iston va O‘rta Osiyoda keng tarqalgan, O‘zbekistonda Zomin – Jizzax va Beshkent – Ulyanov cho‘llarida ko‘p uchraydi. Aytish kerakki, bu o‘rgimchak baland tog‘li o‘tloqlarda, Qashqadaryoning 3500 m balandlikdagi Ko‘kabuloq qishlog‘ida, Nurota tizmalarida va Qo‘ytosh atrofida ham tarqalgan.
Qoraqurt butun umrini o‘zi to‘qigan ipak to‘r ustida o‘tkazadi, uning uyalari turli shaklda bo‘ladi. To‘rga ilingan jamiki bo‘g‘imoyoqlilar qoraqurtning yemishi hisoblanadi, hattoki to‘rga ilinib qolgan ilon bolasi ham qoraqurtga yem bo‘ladi. Qoraqurtning erkagi 7 yoshda, urg‘ochisi 9 yoshida voyaga yetadi. Juftlashish uchun ular bir-birini izlay boshlaydi, urchish jarayoni boshlangach, urg‘ochisi o‘zidan suyuqlik chiqazadi, u havoda qurigandan keyin oq rangli moddaga aylanadi, ana shu belgi orqali erkagi urg‘ochisini topib oladi. Shu davrdan boshlab ular o‘z inlarini tark etib sayrga chiqadilar. Birinchi sayrdan so‘ng urg‘ochisi in quradi, erkagi bunda ishtirok etmaydi, ular mana shu uyada juftlashadi. Bu jarayon 15–20 kun davom etadi. Bu vaqtda erkagi oziqlanmaydi va doim urg‘ochisining atrofida yuradi. Agar urg‘ochisi juftlashishga tayyor bo‘lsa, o‘zi qulay joyni tanlab chalqanchasiga yotib oladi. Erkagi kelib biroz uzoqroqdan turib bir necha bor uni turtib ko‘radi, shunda ham urg‘ochisi qimirlamasa, erkagi kelib juftlashadi. Bu jarayon ko‘pincha 30–40, ayrim hollarda 50–60 daqiqa davom etadi. Qizig‘i shundaki, juftlashish jarayoni so‘ngida erkagi holdan toyib qoladi va urg‘ochisiga yem bo‘ladi. Erkak qoraqurt o‘zini qurbon qilishga tayyor turadi.
Qo‘shilish davri tugagach, ya’ni bir necha kundan so‘ng urg‘ochisi pilla qo‘yadi. U umrining oxirigacha 4-5 dona pilla qo‘yishi mumkin. Qoraqurt pilla qo‘yishdan avval yerga yopishtirib ichi kovak yarim zoldir shaklida to‘r yasaydi, keyin shu bo‘shliqqa tuxum qo‘yadi, so‘ngra yarim zoldir uyaning ustini berkitadi va asta-sekin pilla devorini o‘z ipagi bilan mustahkamlab chiqadi. Dastlab pilla oq rangda, keyinchalik sarg‘ishroq ranga kiradi. Bir dona pilla qo‘yish uchun 30-40 daqiqa vaqt kerak bo‘ladi. Qoraqurt ipagi juda pishiq va yumshoq bo‘ladi. Pilla ichidagi tuxumlar soni har xil bo‘ladi. Birinchi qo‘yilgan pilla hajmi jihatidan keyingilardan farq qilib unda 400-450 ta tuxum bo‘ladi. Bitta qoraqurt o‘rta hisobda 1200-1600 dona tuxum qo‘yadi. Aytganimizdek tuxum pilla ichida bo‘ladi. Oradan 7-8 kun o‘tgach tuxumdan jajji qoraqurtchalar chiqadi, ma’lum vaqt o‘tgach ular po‘st tashlaydi, yoshligida po‘st tashlash tez-tez ro‘y beradi, organizm voyaga yetgan sari bunday jarayon sekinlashadi, chunki po‘st tashlash organizmning o‘sishi bilan bog‘liq. Bir yashar qoraqurtchalar pilla ichida hayot kechiradi, ikki yoshlisi yarim umrini pilla ichida, qolganini ochiqda, uch yoshlisi esa erkin hayot kechira boshlaydi. Ana shu davrdan e’tiboran jinsiy tafovut ko‘zga tashlana boradi, ya’ni erkagi 2-3 mm, urg‘ochisi 5-6 mm kattalikda bo‘ladi.
Qoraqurt chaqqanida uning zahari kishi tanasiga qon orqali juda tez tarqaladi. Qoraqurt chaqqan joyda ikkita qizil dog‘ bo‘lib, u 3-5 daqiqagacha saqlanadi va kuchli og‘riq boshlanadi, bemor oyog‘ida turolmaydi, oyoq qo‘llari jingak bo‘ladi, boshi aylanadi, qayt qiladi, qattiq og‘riq dastidan bemor hatto qichqira boshlaydi. Qoraqurt chaqqanida uning zaharidan tayyorlangan maxsus zardobdan foydalaniladi. Shunda bemor 2-3 kundan keyin tuzalib ketadi.
Urg‘ochi qoraqurt zahari erkaginikidan kuchli bo‘ladi. Shunisi qiziqki, qoraqurt zahri qo‘y va echkilarga ta’sir qilmaydi. Shuning uchun ham ko‘pincha qoraqurtlarga qarshi kurashish maqsadida ular tarqalgan yerlarda qo‘y-echkilar boqiladi. Ular qoraqurtlarni va ularning inlarini bosib yanchib tashlaydi.
Zaharli o‘rgimchaklar ko‘p uchraydigan o‘tloq-yaylovlarda joydan-joyga ko‘chib yuradigan cho‘ponlar, odatda tunaydigan joyidan avvalo qo‘ylarni bir necha marta haydab o‘tadi, shundan keyin yerga namat, qo‘y terisi to‘shaydi, uning tevarak atrofiga suv sepadi, aylanasini jun arqon bilan o‘rab oladi. Qoraqurtdan saqlanishning yana bir chorasi oddiy pashshaxona, ular pashshaxona ichiga kira olmaydi.
Har xil jinslarni yaqinlashish holatini o‘rgimchaklarning pushtida oilasi vakillarida ko‘rish mumkin. Erkak o‘rgimchak urg‘ochiga yaqinlashganida og‘zida o‘ziga xos nikoh sovg‘asi – o‘rgimchak tollalari bilan yaxshilab o‘ralgan chivinni olib keladi. Odatda faqat harakatdagi hasharotlarga tashlanadigan urg‘ochi o‘rgimchak bu gal chivinni qabul qiladi. O‘rgimchak chivin tanasidan barcha suyuqliklarni so‘ra boshlaydi, ayni paytda juftlashish ham davom etadi. Qizig‘i shundaki tajribada erkak o‘rgimchak hasharot topolmasa, bir chimdim xas xashakni o‘zini to‘ri bilan o‘rab urg‘ochisiga keltiradi. Odatda erkagi ana shu holatda ham urchib ulguradi. Lekin qalbaki sovg‘a oshkor bo‘lib qolsa, erkagi qocholmasdan qo‘lga tushishi va yem bo‘lishi mumkin.
Janubiy Amerikada tarqalgan qoraqurtning urg‘ochisining zahari nihoyatda kuchli hisoblanadi, uning zahari shu yerda yashaydigan chinqiroq ilon zahariga qaraganda 15 marta kuchli ekan. Qoraqurt tishlagan joyda ikkita kichkinagina qizil dog‘ paydo bo‘ladi va tez yo‘qolib ketadi, 10-15 daqiqadan so‘ng paydo bo‘lgan kuchli og‘riq qorin, bel, ko‘krak qafasi bo‘ylab tarqaladi, oyoqlar karaxt bo‘lib qoladi. Kuchli ruhiy bezovtalik boshlanadi, o‘lim vahimasi bosadi. Bosh aylanish, bosh og‘rishi, nafas qisishi, tomir tortish va qayt qilish hollari tez-tez kuzatiladi. Bemorning beti ko‘kara boshlaydi, yurak urishi pasayadi, aritmiya, siydikda qon paydo bo‘ladi, qattiq og‘riq tufayli uyqusi kelmaydi, 3-5 kundan so‘ng terisida toshmalar paydo bo‘ladi va bemor asta-sekin tuzala boshlaydi. Og‘ir hollarda tibbiy yordam ko‘rsatish imkoni bo‘lmaganda 2-3 kundan so‘ng odam halok bo‘lishi mumkin. Qaraqurt chaqishiga qarshi eng yaxshi davo antisivorotka hisoblanadi, u Toshkentdagi vaksina va sivorotka institutida tayyorlanadi.
Uxlab yotgan odamlarni qoraqurtdan himoyalash uchun aytganimizdek, pashshaxonadan foydaliniladi, uni tarang tortib chekkalari to‘shak ostiga tiqiladi. Qoraqurt ko‘p tarqalgan joylarga geksoxloran sepish kerak. Qoraqurtning chaqishidan odatda yirik hayvonlar ko‘proq! talofat ko‘radi, xususan tuya va otlar undan juda ham ta’sirlanadi odatda ular halok bo‘ladi.
Oq qoraqurt (L.pallidus). Avgust oyining oxirlarida O‘zbekiston va Turkmanistonning janubida ba’zan bir necha kvadrat kilometrga yoyilgan maydonlarda oq qoraqurt manzilgohlarini uchratish mumkin. Quyosh botishida kunga qarab o‘tirsangiz ko‘z oldingizda minglab uyalar yarqirab ko‘rinadi. Jinsiy yetilgan urg‘ochi o‘rgimchaklar dumaloq uyalarning bo‘yi 15-20 santimetrgacha bo‘ladi. Bu uyalar nihoyatda nozik bo‘lib, faqat uchi biroz qalinroq. Xuddi shu qalin joyda o‘rgimchak berkinib yotadi. Erkaklari juda kichik to‘g‘nag‘ich boshichalik keladi.
O‘rgimchak uyasida uzoq turmaydi. Uyaga chang kirsa yoki oziq qoldiqlari qolsa, qoraqurt darhol uni tark etib, boshqa in yasashga kirishadi. Tashlandiq uyalar esa oqarib ko‘zga yaqqol tashlanib qoladi va shamoldan xuddi mitti bayroqchalardek hilpirab turadi. Xuddi shu holat o‘tkinchilar diqqatini tortadi. Qoraqurt ana shu oq bayroqchalar panohida begona ko‘zlardan berkinib turadi. Avgust oxiri-sentyabir boshlarida urg‘ochi oq qoraqurt bir necha dona pilla tashlaydi. Buning uchun u butalarning ich-ichiga joylashib oladi.
Oq qoraqurtning zahari juda o‘tkir. Bittasining zahari bir necha minut ichida ikki eshakni o‘ldirishga kuchi yetadi. Lekin eng qizig‘i shuki, bu hasharot odam terisini tishlab ololmasligi sababli uni chaqa olmaydi.
Oq qoraqurt mayda hasharotlar bilan oziqlanadi. Ba’zan o‘zidan o‘n marta katta bo‘lgan chayon, chigirtka, qo‘ng‘iz, qurt, hatto maydaroq kaltakesaklarni ham bemalol tushiraveradi. U yaylovlarda zararli hasharotlarni qirishi bilan qishloq xo‘jaligiga ma’lum darajada foyda keltiradi.
Qora qoraqurt ham, oq qoraqurt ham bitta ajdoddan tarqalgan. Shundayki evolyutsiya jarayonida bu o‘rgimchaklarning ayrimlari o‘simlik ildizlari ostiga, yoriq va kovak joylarga joylashib olgan, lekin bu joylarda ko‘zga tashlanmaslik uchun qora tusga kirish zarur bo‘lgan. Qora qoraqurtlar shu zayilda tarqalgan bo‘lishi mumkin. Boshqa jinsdoshlari esa butalarning uchiga chiqib olishgan. Ular orasidagi qora o‘rgimchaklar kushandalar nazariga tushib, qirilib ketgan, boshqalari esa sharoitga moslashib, ko‘zga tashlanmslik uchun oq tusga kirgan, boshqacha aytganda, darvincha tabiiy tanlanish yuz bergan.
Bunday evolyutsion o‘ziga xoslik faqatgina qoraqurtlar olamigagina xos emas. O‘zbekistonda qoraqurtning yana ikkita turi uchraydi, neger deb ataluvchi qora turi yoriq va kovaklarda hayot kechiradi, uning yaqin qarindoshi lineatus o‘rgimchagi esa oppoq bo‘lib, buta uchlariga va pastroq daraxtlarga uya qurib yashaydi.
Janubiy rus tarantuli (Lycosa singoriensis). Yirik o‘rgimchak, bo‘yi 35 mm gacha, tanasi jun tolalar bilan qalin qoplangan. Rangi to‘q jigarrangdan deyarli qora ranggacha. Odatda yashab turgan joy tuprog‘ini rangida bo‘ladi. Cho‘l va o‘rmon cho‘llarda tarqalgan. Yels va Qozon shaharlari kengligida uchraydi. Tuproqdagi chuqur inlarda yashaydi. Tunda ovga chiqadi, kunduz kunlari inida yotadi. Xeliseri bilan odamni tishlaganda shish paydo bo‘ladi va ancha joyga tarqaladi, og‘riq bir kechayu kunduz davom etadi, bemor o‘zini og‘ir xis qiladi, uyquga tortadi, sovuq qotadi, yurak tez uradi va ter bosadi. Zahar tarkibida toksik polipeptidlar va fermentlar gialuronidaza, proteazalar arginin efirlarining esterazalari mavjud. Shuningdek, tarantul zahari tarkibida spirmin, spermidin, putressin, kadaverin kabilar topilgan.
Barcha hayvonlarga zahari salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bo‘g‘imoyoqlilarni falanj qilib qo‘yadi, sutemizuvchilarning ichki a’zolarida gemorragiya va nekroz alomatlari kuzatiladi. Sichqonlar uchun LD50 15 mg/ kg, zahar tarkibidagi toksin M-11,780, 104 aminokislota qoldig‘idan tashkil topgan, beshta disulfid bog‘lar bilan barqarorlashgan. Ana shu toksin silliq muskullarga ta’sir etib ularni qisqartiradi.
Butli o‘rgimchak (Araneus diadematus). Yirik o‘rgimchak urg‘ochisi 25 mm gacha, orqa tomoni qizg‘ish, och qizil yoki jigarrang tusda bo‘ladi, yelkasida but shaklida aniq oq dog‘lari bor. Uzoq shimolgacha keng tarqalgan. Daraxt, butalarda hayot kechiradi, inida g‘ildiraksimon to‘r to‘qiydi.
Odamni chaqqan joyida qattiq og‘riq boshlanadi, teri ostiga qon quyuladi, bosh og‘riydi, bo‘g‘inlarda og‘riq paydo bo‘ladi. Uning zahridan odamlarning halok bo‘lganligi haqida ishonchli ma’lumotlar yo‘q.
Zaharining tarkibida issiqqa chidamsiz gemolizin mavjud, u quyon, kalamush, sichqon va odam qonidagi eritrotsitlarga ta’sir etadi, dengiz cho‘chqasi ot, qo‘y va itlarning eritrotsitlariga ta’sir etmaydi. Zaharning issiqqa chidamli komponenti – neyrotoksin umurtqali va umurtqasiz hayvonlarning sinaptik signallarini bo‘g‘ib qo‘yadi. Umurtqalilar sinapslariga zahar qaytishli ta’sir etsa, umurtqasizlarga, aksincha, qaytmaydigan ta’sir ko‘rsatadi. Bu toksinning molekula og‘irligi M-1000 ga barobar.
Argiopa (Argiope lobata). O‘rtacha kattalikdagi o‘rgimchak, urg‘ochisining bo‘yi 13-15 mm, qorni oqish rangda, qorin chekkalarida oltita qoramtir chuqurchalar mavjud. To‘rdan to‘qilgan ini g‘ildirak shaklida bo‘ladi. Kavkaz, Qozog‘iston, O‘rta Osiyo cho‘l va sahrolarida tarqalgan.
Zahari umurtqali va umurtqasiz hayvonlarni falaj qilib qo‘yadi. Umurtqasizlarning glutamatergik sinapslariga qaraganda umurtqalilarning xolinergik senapslari mazkur zahardan taxminan 30 karra kamroq ta’sirlanadi. Zahar tarkibida yuqori molekulali komponent bo‘lib, u presenaptik ta’sir ko‘rsatadi. Kichik molekulali komponent – argeopin postsenaptik ta’sirni bo‘g‘ib qo‘yadi. Argeopin uchun: M-636.
Erezus (Eresus niger). O‘rtacha hajmdagi (9-16 mm) o‘rgimchak urg‘ochisini qorni qoramtir rangda, erkagini ust tomoni qizg‘ishqo‘ng‘ir bo‘lib, to‘rtta qora dog‘i bor. O‘rta Osiyoda tarqalgan, yerda uya qurib toshlar orasida yashaydi. Yemishi asosan qo‘ng‘izlardan iborat. Ko‘p tarqalgan joylarda 100 m2 ga 3–4 ta o‘rgimchak to‘g‘ri keladi.
Odamni tishlaganda kuchli og‘riq paydo bo‘ladi, chaqqanida uning xeliseri terining ostiga kirib ketadi va yirik tomchilar shaklida zahar oqib tushadi. Tishlagan joyida qattiq og‘riq paydo bo‘ladi va tezgina karaxt bo‘lishga o‘tadi. Harakat qilishda qiyinchiliklar kuzatiladi hamda 2-3 kungacha o‘rgimchakning tishlagan joyida og‘riq davom etadi. Zahari amaliyotda o‘rganilmagan.
Yerto‘la o‘rgimchak (Segestria florentina). Rangi sarg‘ish-jigarrang yoki och jigarrang, qora dog‘lari bor. Asosan Qrimda, Kavkazda tarqalgan. Toshlar orasida, daraxt tanalarida yashaydi. Tunda va kunduz kuni faol, o‘ljasini ushlaganda sakrab tashlanadi va tezgina uyasiga bekinadi. Hayvonlarni tishlaganda spazma tomir tortish, shol bo‘lish kabilar kuzatiladi, so‘ng jonivor halok bo‘ladi. 20 g vazndagi sichqonni tishlaganda 3-30 daqiqa ichida u o‘ladi.
Zahardan neyrotoksin ajratib olingan M-5800, tarkibida to‘rtta sistein qoldig‘i va N uchida arginin aminokislotasi bor. Baqaning nervmuskul preparatiga o‘rgimchak zahari qo‘shilsa, ichki sabablarga ko‘ra muskullarni qisqarishi kuzatiladi. Umurtqasizlar ustida olib borilgan tajribalarda ham qorin-nerv tugunchalarining ichki sabablarga ko‘ra faolligi kuchayganligini ko‘ramiz. Toza zahar va neyrotoksin asab va muskul membranalarini qo‘zg‘atadi.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?