Читать книгу "Заҳарли газандалар"
Ma’lumki, sichqon, kalamush, it va qurbaqa kabilar bilan laboratoriyada turli tajribalar o‘tkaziladi. Shifobaxsh dori darmonlar ham ilk bor ana shu jonivorlarda sinab ko‘riladi. Bular orasida fan rivojiga ulkan xissa qo‘shganlardan it birinchi o‘rinda tursa, keyingi o‘rinni shubhasiz qurbaqa egallaydi.
Baqa ilonga tashlanadi. Mutaxassis bo‘lmagan kishilar orasida qurbaqa hayoti haqida noto‘g‘ri tassavurga ega bo‘lganlar ham uchrab turadi. Masalan, ilon bilan qurbaqa o‘rtasidagi munosabatga kelsak, ilon qurbaqani ko‘rgach, bir zumda uni gipnoz qilib qo‘yadi va boshi aylanib qolgan baqani ilon bir lahzada o‘z domiga tortadi, degan tushuncha keng tarqalgan. Ba’zi kishilar ilon bilan aniqrog‘i kobra bilan qurbaqa o‘rtasida sodir bo‘lgan ana shunday hodisaning guvohi bo‘lganligini so‘zlab beradilar. Odatda bunday voqeani kishilar o‘ta hayajon bilan kuzatadilar va uni boshqalarga bir oz bo‘lsa-da bo‘rttirib hikoya qiladilar. Aslini olganda bunday fikr juda to‘g‘ri bo‘lmasada ma’lum darajada asoslidir. Gap shundaki, barcha ilonlarning, jumladan kobraning ham eng yaxshi ko‘rgan yemishi qurbaqa hisoblanadi. Ovga chiqqan kobra o‘z o‘ljasini ko‘rgach, tevarak atrofga nazar tashlaydi, harakatchan tili bilan atrofidagi narsalarni bir-biridan farq qiladi. Baqaga kelganda u o‘z o‘ljasini uchib yoki yurib ketayotganida ushlab oladi. Qurbaqa ilonni ko‘rganida haqiqatdan ham unga tikilib qaraydi, chunki kobrani og‘ziga kirib chiqayotgan harakatchan tilini dushmanmi yoki o‘ljami ekanligini birdaniga aniqlay olmaydi, shu bois uzoq vaqt ilonga tikilib turadi, buning sababi aytganimizdek baqaning ko‘zi faqat harakatdagi narsalarni ko‘rishga moslashganligidir. Shu orada bir necha daqiqalar o‘tadi va nihoyat baqa ilon tilini o‘lja bilib, uni aniq nishonga oladi va kobraga tashlanadi. O‘z navbatida qurbaqaga hujum qilishga tayyorlanib turgan kobra osonlik bilan og‘zini ochib qurbaqani yutib yuboradi. O‘z o‘zidan ravshanki, bu yerda hech qanday gipnozga o‘rin yo‘q.
Kezi kelganda shuni aytish kerakki, qurbaqaning ana shunday o‘ziga xos ko‘rish qobilyati, ya’ni ko‘zining o‘zgacha tuzilishi texnikada yangi radarlarni yaratishda qo‘l keladi. Ma’lumki, aeraportlardagi mavjud radarlar kun sayin ko‘payib borayotgan samolyotlarni qabul qilishda va jo‘natishda ma’lum qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Hozirgi radarlarda samolyotning harakati emas, balki ma’lum nuqtada ekanligi qayd qilinadi, xolos. Bundan tashqari radar ekraniga harakatda bo‘lmagan boshqa narsalar ham tushadi. Bunday holat esa harqanday mohir dispetcherni shoshiltirib qo‘yadi. Demak, baqaning o‘ziga xos ko‘z tuzilishi mukammal radar yaratishda sun’iy nusxa sifatida xizmat qiladi, bunday radarlar yuqori darajada saralab, eng asosiysi faqat harakatdagi samolyotni ko‘rsatadi.
Unchalik eshitish xususiyatiga ega bo‘lmagan baqaning hayoti asosan uning ko‘rish qobiliyatiga bog‘liq. Baqaning ko‘zi ov qilish, o‘ljani ushlash va dushmandan qochishda unga yordam beradi. Odamlar singari baqa o‘z nigohini u jismdan bu jismga qarab o‘zgartira olmaydi. Qimirlamasdan bir joyda turadigan hasharotlar orasida bo‘lgan baqa ochlikdan halok bo‘lishi mumkin. Baqaning ko‘rish qobiliyati atrof muhitning umumiy yorug‘ligiga bog‘liq emas, demak, tashqi muhit o‘zgarishi bilan baqaning o‘z o‘ljasini ushlash qobiliyati o‘zgarmaydi. Baqaning bunday qobiliyati tutqunlikda ham, erkinlikda ham bir xilda saqlanib qoladi. Shunday qilib, ko‘rish asabining har bir tutami, tolalari ixtisoslashgan bo‘lib, miyaga faqat bitta axborot uzatadi, baqaning ko‘zi nihoyatda saralab ishlaydi, u hasharotlarning haqiqiy lokatori hisoblanadi.
Baqa ko‘zining elektron modeli radiolokatsion qurilmalarni barpo etishda juda qo‘l keladi. Mutaxassislarning fikricha, yaqin kelajakda ana shu asosda operatorlarni to‘la ravishda o‘rnini bosadigan tizimni yaratish mumkin. Shunday avtomatik qurilma samolyotlarni qo‘nish, ko‘tarilishiga ruxsat beradi, serqatnov havo yo‘llarida ularni to‘qnashish xavfini oldini oladi. Bunday avtomatik qurilmalar uchib kelayoigan raketalarni kuzatish va uni tez hisob-kitob qilish imkonini beradi, binobarin, kelajakda baqa ko‘zidan foydalanib kosmosda olingan fotosuratlarda aks etdirilgan axborotlarni sharxlash imkoniyati yaratiladi.
Yovuz timsohlar. Timsohlar turkumi uchta guruhga – alligatorlar, haqiqiy timsohlar va gaviallarga bo‘linadi. Timsohlar 24 turdan, alligatorlar ikkita, kaymanlar 3 ta urug‘ va 6 ta turdan iborat.
Hindistonning milliy muzeyida ayollarning qo‘l va oyoqlariga taqib qo‘yadigan, og‘irligi 7 kg keladigan mis halqalar namoyishga qo‘yilgan. Ko‘rgazmadagi ana shu buyumlarning barchasi Hindistonda yashaydigan taroqli timsohning oshqozonidan topilgan. Hindistonning Orissi shtatida ana shunday timsohlar ko‘p bo‘lib, 10 yil ichida timsohlarning 4 marta odamga hujum qilgani qayd etilgan.
Yangi Gvineya qishloqlaridan birida odamxo‘r timsoh paydo bo‘lganligi haqida xabar tarqalgach, xalqni ana shunday tashvishdan qutqarish uchun xaloskor bir odam ishga tushdi. Dovyurak ovchi o‘ziga shunchalik ishonadiki, aldamchi xo‘rak o‘rniga o‘zining o‘g‘lini qo‘yadi. Suvga tushgan bola ko‘p cho‘milaolmadi. Uzoq masofadan go‘dakni ko‘rib qolgan odamxo‘r timsoh unga yaqinlashib kelaboshladi, lekin ovchi ham yanglishmasdan nishonni to‘g‘ri oldi. Yirtqich bolaga yetolmasdan kuchli zarbdan jon taslim qildi.
Timsohlar ichida ko‘zga ko‘rinmasdan suzadigani o‘ta xavfli hisoblanadi. Ana shunday yirtqich to‘satdan oldingizda paydo bo‘lib qoldi, deylik xo‘sh bunday holatda nima qilish kerak? Ikkita biolog olim tunda qayiqda daryoda suzib ketayotganida timsoh da’fatan qayiqchilardan birining qo‘liga og‘iz soladi, bir necha daqiqadan so‘ng yirtqich o‘z o‘ljasini tark etib suvga sho‘ng‘ib ketadi. Ma’lum bo‘lishicha, qayiqchi ikkinchi qo‘lining barmog‘ini timsohning ko‘ziga tiqqan, timsohning ko‘zi jonivorning eng nozik a’zosi ekan.
Kunlardan bir kuni Shri-Lanka ko‘llaridan birining qirg‘og‘ida baliq ovlab o‘tirgan kishining nigohi suv ostida bir sharpaga tushadi va uni aniqroq ko‘rish uchun baliqchi suvga engashadi, shu zahoti da’fatan uning tepasidan qoplon sakrab o‘tadi, baliqchini mo‘ljallab sakragan yirtqich suvga tushadi va timsohga yem bo‘ladi.
O‘ldirilgan bitta timsoh Sudan xalqi uchun butun bir dorixona hisoblanadi. Uning qoni ilon chaqqanda va ko‘z og‘rig‘iga davo bo‘lsa, suyagidan hosil bo‘lgan kul har xil yaralarni tuzatadi, yog‘i esa bezgak kasaliga, tish og‘rig‘iga shifo ekan.
Timsohning go‘shti va tuxumi ovqatga ishlatiladi, uning go‘shti ta’miga ko‘ra treska balig‘i yoki toshbaqa go‘shtini eslatadi.
Yaqinda Amerika olimlari timsohning oshqozonida antibiotik singari ta’sir ko‘rsatadigan modda borligini aniqladilar.
Suvda va quruqda yashashning o‘ziga xos namunasini xitoy aligatorida ko‘ramiz. Boshqa turlardan farqli o‘laroq xitoy timsohi quruqlikda ovqat yemaydi, suvda oziqlangan jonivor bir necha kun davomida quruqlikda yotishi mumkin. Suv ostida ham uzoq vaqtgacha suzishi mumkin. Qizig‘i shundaki, suv ostida bo‘lganida timsohni yurak urish tezligi olti martagacha kamayadi, nafas olishi esa o‘qtin-o‘qtin davom etada va uning tezligi bir necha daqiqaga cho‘ziladi, jonivar suv betiga chiqqanidan so‘ng yurak urishi o‘z me’yoriga qaytadi. To‘qimalarda yig‘ilib qolgan karbonat va sut kislotalari qon orqali organizmdan chiqaziladi.
Hindiston kabi qator mamlakatlarda ovchilar har bir o‘ldirilgan timsoh uchun taqdirlanadilar. Mukofotning hajmi timsoh oshqazonidan topilgan har xil taqinchoqlarning soniga qarab belgilanadi.
Mashhur zoolog F.Darlingtonning o‘g‘li ko‘lmak botqoq suv tarkibini tekshirish uchun Yangi Britaniya oroliga keladi. Suvga yarim ko‘milib yotgan yog‘ochlar ustidan yurib ketayotganida vajohatli bir timsohga ko‘zi tushib qoladi-da, sarosimaga tushib orqaga qaytayotganida to‘satdan suvga qulab tushadi, shu zahotiyoq timsoh kelib Darlingtonni bir yo‘la ikki qo‘liga og‘iz solib, o‘ljani ko‘lning o‘rtasiga torta boshlaydi. Timsoh go‘yo ipga tob solgandek turgan joyida aylana boshlaydi. Odatda timsohlar o‘ljani bir bo‘lagini yulib olganda ana shunday hunar ko‘rsatadi. Bir necha daqiqa davom etgan olishuv Darlington uchun bir necha soatdek tuyilardi. Va nihoyat ikki qo‘li band bo‘lgan Darlington oyoqlari bilan timsohning kallasiga tepa boshlaydi, natijada timsoh o‘ljasini qo‘yib yuboradi.
Stambul shaharidagi muzeylardan birida yerto‘ladan mumlangan qiziq bir narsa topilgan, uning boshi odam kallasini, tanasi esa timsoh gavdasini eslatadi. Mutaxassislar topilmani sinchiklab tekshirib chiqdilar. Ma’lum bo‘lishicha, topilmaning tepa qismi 6-9 yashar bolaning kallasi bo‘lib, pastki qismi esa timsohning qorin bo‘shlig‘iga joylashganga o‘xshaydi. Timsoh bolaga hujum qilib uni deyarli yuta boshlagan, shu onda timsoh kishilar tomonidan o‘ldirilgan, shunda bolani ota onasi ularni balzamga solib qotirib qo‘yishgan.
Timsohlarning oshqozon suyuqligi shu qadar kuchliki, 15 sm qalinlikdagi temir qarmoqni bir necha oy davomida eritib yuboradi.
Timsohlar to‘r yoki qarmoq vositasida tutiladi, ammo ko‘pincha ov miltig‘idan foydalaniladi. Tunda qayiqda yurgan ovchilar qamishzorlar orasida yurgan timsohni ovlaydilar, qorong‘ida timsohning ko‘zlari qizil chiroq singari yaltirab turadi. Miltiq otilishi bilan o‘lja cho‘kib ketmasligi uchun, garpun ham otiladi, jon talvasasiga tushgan o‘ljani qayiq yordamida qirg‘oqqa chiqazadilar.
Ma’lumki, timsohlar tuxum qo‘yish yo‘li bilan ko‘payadi. Jonivor qirg‘oqqa chiqib kichkinagina chuqurcha kovlaydi va shu joyga 100 donagacha tuxum qo‘yadi, tuxumdan chiqishga qiynalganlariga onasi yordamga keladi. Aks holda chumolilar galasi hujum qilib jajji timsohchalarni yeb qo‘yishi mumkin.
Qizig‘i shundaki, tuxum atrofidagi harorat bo‘lajak avlodning jinsini belgilarkan, ya’ni harorat 36 darajaga yetganda erkak jinsli va 31 darajadan pasayganda urg‘ochi jinslilar paydo bo‘larkan. Amazonka daryosi sohilidagi timsohlar masalaning antiqa yechimini topishgan, ya’ni ular termitlar uyasiga tuxum qo‘yadi, gap shundaki termitlar inida harorat mo‘tadil bo‘ladi, binobarin, timsoh bolalarining jinslar nisbati ham bir-biriga yaqin bo‘ladi.
Timsohlarning ayrim turlarida nasl uchun qayg‘urish yaqqol ko‘zga tashlanadi. Nil timsohining urg‘ochisi endigina tuxumdan chiqqan bolasini yirtqichlardan himoya qilish maqsadida og‘zida olib daryoning havfsizroq joyiga ko‘chiradi. Chala tug‘ilgan bolalari va rivojlanmagan tuxumlarni ona timsoh yeb qo‘yadi. Timsohning oshqozonida uning bolalarini ko‘rib olimlar taajjubda edilar, tutqinlikda bunday manzarani kuzatgandan keyin masalaning mohiyati oshkor bo‘ldi.
Timsohlar tom ma’noda yovuz maxluq hisoblanadi. Shri-Lankalik zoolog Deraniyagalaning kuzatishicha, katakdan qochib chiqqan langur laqabli maymun hovuzchadan sakrab o‘tayotgan chog‘ida suv tagida yotgan 3 metrli timsoh da’fatan sakrab maymunni tutib oladi va bir lahzada uni yutib yuboradi.
Kaltakesakning zaharli tishi. Kaltakesaklar oilasi vakillarining bo‘yi 80 sm gacha, tanasi yirik bo‘rtmali tangachalar bilan qoplangan. Bitta urug‘ (Heloderma) 2 tur va bir necha kenja turlardan iborat.
Kaltakesaklar ilonlarning ajdodlari hisoblanadi, yer yuzida hammasi bo‘lib 4000 tacha turi mavjud, O‘rta Osiyoda 60 ga yaqin kaltakesak turi uchraydi. Kaltakesaklar orasida egat tishli ikkita turi zaharli bezlar bilan ta’minlangan, boshqa turlarida tishlari silliq binobarin, zaharli bezlari bo‘lmaydi. Qo‘rqinchli yadozub degan zaharli turi (H.orridum) g‘arbiy Meksikada yashaydi, tungi hayvon, yana bir turi – jelate (H.suspectum) deb ataladi, u Nevada, Arizona va Nyu-Meksikada tarqalgan.
Kaltakesaklarning zaharlovchi apparati, jarohatlovchi moslama konussimon (cho‘qqaygan) tishlar va zaharli bezlardan tashkil topgan. Tishlari o‘tkir, har bir tishida ikkitadan egatlari bor, oldingi egati orqasidagiga qaraganda chuqurroq joylashgan. Tishlari pastki va yuqori jag‘ning ichkari tomonidan joy olgan va deyarli uchigacha milk to‘qimalari bilan qoplangan. Zaharli bezi esa pastki jag‘ ostida o‘rnashgan, u yirik bo‘lgani sababli ko‘p miqdorda zahar ishlab chiqaradi. Bezdan to‘rtta zahar oqadigan tomir chiqib tishning oldingi egatiga zaharini yetkazib beradi. Bezdagi zaharning oqib chiqishi jag‘ muskullarining qisqarishi tufayli yuz beradi. Yadozubning zaharidan mayda hayvonlar – sichqon, kaltakesak kabilar halok bo‘ladi. Qushlar ham qattiq zaharlanadi va hatto halok bo‘lishi ham mumkin. Odamlar ham bunday zahardan qattiq aziyat chekadi, qattiq og‘riq, shish va yallig‘lanish yuz beradi, nafas olish qiyinlashadi, arteriya bosimi tushib ketadi, yurak mushaklarining faoliyati pasayadi va nihoyat yurak tepishi to‘xtaydi va odam halok bo‘ladi. Demak, yadozubning pastki jag‘ bezidagi zahar neyrotrop xususiyatga ega ekan.
V BOB. ZAHARLI ILONLAR (SERPENTES)
Ilonlar o‘zlarining tashqi ko‘rinishlari bilan boshqa hayvonlardan ajralib turadi. Ularning gavdasi uzunchoq bo‘lib, oyog‘i bo‘lmaydi, tanasi mayda tangachalar bilan qoplangan. Ko‘zi doimo yaltiroq teri parda bilan qoplangan. O‘ziga xos jag‘ suyagini tuzilishi ilon og‘zini katta ochilishini ta’minlaydi, bunday xususiyat ilonni o‘ziga nisbatan ancha katta o‘ljalarni yutib yuborish imkoniyatini beradi. Ilon tishlari yaxshi rivojlangan bo‘lib, o‘ljani tishlab turishga xizmat qiladi, lekin ilon tishlari o‘ljani maydalashga yoki uni tilim-tilim qilib chaynashga xizmat qilmaydi. Shuning uchun ham ilon tishlari anchagina mayda tuzilishga ega bo‘lib, tishning uch tomoni orqaga qayrilgan bo‘ladi. Kobraning zaharli tishi nisbatan kichkina bo‘lib, uning ustida zahar oqib tushishiga xizmat qiladigan tarnovcha bo‘ladi. Zaharli qora ilonning tishlari esa nisbatan katta bo‘lib, quvursimon tuzilishga ega.
Ilonlarning eng muhim sezgi organlaridan biri ularning tili hisoblanadi. Ilon tilini bir necha soniya davomida tashqariga chiqazib atrof muhitdagi juda ham kam modda miqdori haqida informatsiya oladi. Xuddi ana shunday yo‘sinda, ilon o‘qtin-o‘qtin tilini chiqazib o‘z o‘ljasini ketidan tez va ishonch bilan o‘rmalaydi, ammo bu uzoqqa cho‘zilmaydi. Shuni afsuslanib qayd qilish kerakki, hozir ham ko‘pchilik kishilar ilonni tilini ko‘rib, u zaharli ekan deb, xulosa chiqazadilar va har qanday sharoitda ham uni o‘ldirishga kirishadilar. Odatda kishiga to‘satdan duch kelib qolgan ilon vishshilagan tovush chiqazadi, ya’ni o‘zini himoyalaydi.
Ilon ko‘zlari kam harakatchan bo‘lib, ko‘z qovoqlari bo‘lmaydi. Ilon po‘st tashlaganda ko‘zni qoplab olgan tiniq muguz parda ilon po‘sti bilan birga qo‘shilib tushib ketadi. Ilon ko‘zidagi rangdor pardada muskul yo‘q. Demak, ko‘z qorachig‘i o‘ta yorug‘likdan toraymaydi, qorong‘ilikdan esa kengaymaydi. Ilonning ko‘zi yorug‘lik o‘zgarishini yaxshi sezmaydi. Bizning ko‘zimizga o‘xshab uzoq va yaqindagi narsalarni aniq ko‘rmaydi. Chunki ilonlar ko‘z gavharining bukilish xususiyati yo‘q. Ilon bunga erishish uchun kallasini oldingaorqaga tashlab harakat qiladi. Ilonlar uxlayotganda ko‘zini yummaydi. Shu sababli bunday qaraganda uning uxlab yotganligini bilish qiyin.
Ilon go‘yo o‘ljasini gipnoz qilib, karaxt qilib qo‘yadi, degan gaplar ilon ko‘zining harakat qilmasligidan kelib chiqqan. To‘g‘ri, qurbaqa, kaltakesak yoki mayda kemiruvchilar ulkan ilonlar oldida qo‘rquvdan qotib qoladi. Bunga turli sabablar bor: ayrim vaqtda qurbaqa yoki kaltakesak xavfni sezmay turaveradi, ayrim vaqtda joyidan qimirlamaslik foyda keltiradi, chunki ilon harakatsiz o‘ljani sezmaydi, qurbaqa qocha boshlagandagina ilon uni quvib ketadi.
Ilonlar kar va soqovgina bo‘lib qolmay, balki havodagi tovush to‘lqinlarini ham qabul qila olmaydilar, ularda havo tovush to‘lqinlarini qabul qilib oluvchi quloqning o‘zi yo‘q. Lekin ilonlar o‘zlari dam olib yotgan yer yoki tuproqning biroz darajada ham tebranishini darrov sezadilar.
Eshitish va tovush chiqazish qobiliyatidan mahrum, buning ustigaustak shapko‘r bo‘lgan ilonlar qanday qilib o‘zlariga ovqat topadilar? Ma‘lum bo‘lishicha, ularning sezgi organlari yaxshi taraqqiy etgan. Masalan, ilon uzoq masofadagi issiqlikni xatosiz sezadi, inson qo‘li haroratini o‘ttiz santimetr uzoqdan payqaydi, shuning uchun ham ilonlar yashirinib yotgan g‘animlarini osonlik bilan topib oladi.
Ilonlarda hammadan ham hid bilish azosi yaxshi taraqqiy etgan. Bu organ ularning og‘iz bo‘shlig‘idagi tang‘layida joylashgan bo‘lib, ilonning tili esa havo zarrachalari orqali kerakli narsalarni axborot tariqasida unga yetkazib turadi. Shunday qilib ilonlar o‘z o‘ljalarini kechasi ham, kunduzi ham hech qiynalmasdan va nihoyatda mohirlik bilan, ya’ni o‘ljaga buni bildirmasdan uni ushlab oladilar. Bunga qum bo‘g‘ma ilonchasining ov qilish uslubi yaqqol misol bo‘ladi. Ma’lum masofada turgan o‘ljani sezib qolgan ilon tezlik bilan qum ostiga kirib o‘lja tomon yuradi va uning yoniga yaqin borganda da’fatan qum ostidan chiqib o‘ljani tishlaydi va unga sirtmoq soladi.
Ilonning rangi juda xilma-xil bo‘lib, odatda yashab turgan tabiiy sharoitga (qum, tuproq, toshlar rangiga) moslashgan bo‘ladi.
Ilonlarning harakatlarida haqiqatdan ham o‘ziga xos jozibadorlik bor. Bir zumda ilonning yo‘qolib qolishi, bekitib qo‘yilgan idishning ichidan chiqib ketishi yoki hech qanday tovush chiqazmasdan oyoq ostidan yo‘qolib qolishi kabilar kishilarni hayratga soladi. Biroq tipik ilonsimon harakatdan tashqari turli sharoitlarda yashaydigan ilonlar o‘ziga xos harakat qilishga moslashadilar. Shuni ta’kidlash kerakki, ilon qanday harakat qilmasin u juda tezkorlik bilan sudralib yurganda ham uning tezligi odatda soatiga 6-8 kilometrdan oshmaydi. Demak, odam tekis yerda har qanday ilonga qiynalmasdan yetib olishi mumkin. Ko‘rinib turibdiki, ilon hech qachon odamni quvib unga yetolmaydi, vaholanki ilonlar umuman odamni quvmaydi.
Zaharsiz yirik ilonlar tabiatda juda tez yursa soatiga bir yarim kilometr masofani bosadi, xolos. Mayda ilonlar harakati katta ilonlarnikiga o‘xshamaydi. Bular butun tanalari bilan buralib oldinga harakat qiladi, yirik ilonlarda esa bu vazifani qorin tangachalari bajaradi. Bu vaqtda qovurg‘a harakatsiz bo‘lib, undan tarqalgan muskullar tangachalarini harakatga keltiradi. Bu xuddi ekskovatorning mayda cho‘michlari kabi uni oldinga va orqaga siljishga majbur etadi.
Bir havoskor zoolog uyida boqayotgan ilonlaridan biri sirli ravishda g‘oyib bo‘ladi. Ilonlar odatdagi terrarumda saqlanar edi. Yozning issiq kunlaridan birida ilonni osma balkonga chiqazib qo‘yilganda ilonlardan biri katakdan chiqib ketibdi. Bir necha kunlar davom etgan izlanishlar ijobiy natija bermadi. Ilon agar pastga tushgan bo‘lsa, u o‘lgan bo‘lishi kerak, chunki 4-qavatdan qulagan jonivor omon qolarmidi. Lekin pastga tushib qaraganda ham ilondan nom-nishon yo‘q edi. Agarda uydagi xonalardan biriga kirib bekingan bo‘lsa, shu kungacha chiqishi kerak edi. Nihoyat oradan yetti kun o‘tgach ilonni tutilganligi haqida hushxabar keldi. U haqiqatdan ham yerga tushgan ekan. Bir necha kun davomida bekinib yotgan ilon ochiqqandan so‘ng ov qilish maqsadida ochiqqa chiqadi va o‘ynab yurgan bolalarga duch kelib qoladi. Shunisi qiziqki, bir hafta davomida ilon qo‘zg‘almasdan kechayu-kunduz bir joyda, o‘sha balkondan qulagan erda yotgan ekan. Shunchalik balandlikdan tushgan ilonni omon qolishini boisi ehtimol ilon to‘g‘ridanto‘g‘ri yerga tushmasdan, daraxt shoxiga urilgan, undan so‘ng yerga tushgan bo‘lsa kerak, aks holda ilon halok bo‘lardi.
Yana ilonlar haqida bir necha so‘z: ikki boshli ilonlar, qanotli ilonlar, uchar ilonlar degan gaplarni ba’zan eshitib turamiz. Haqiqatdan ham, zaharsiz ilonlar orasida ikki boshli nusxalari uchrab turadi, ya’ni odatdagi ilon kallasi o‘rnida ayri shakilda joylashgan ikkita kalla bo‘ladi, lekin ikki boshli ilon deganda biri bosh qismida, ikkinchisi dumida joylashgan deb tushunish mutlaqo noto‘g‘ri, tabiatda bunday ilonlar uchramaydi. Lekin ilonlar orasida dumi bilan bosh qismi ko‘rinishi jihatidan o‘xshash bo‘lganlari ham bor, masalan, eng beozor ilonlardan qum yoki cho‘l bo‘g‘ma ilonchasining dumi odatdagidek ingichka bo‘lmasdan to‘mtoq bo‘ladi va yo‘g‘onligi jahatidan ilonning kallasiga monand bo‘ladi. Ehtimol ana shunday ilonlarni ko‘rgan kishilar dumi bilan kallasi bir xil ekan, degan fikirni tarqatgan bo‘lishi mumkin.
Ushbu satrlarning mualiflaridan biri ham shunga o‘xshash voqeaning guvohi bo‘lgan. Ilonlar ichida eng beozori, yovvoshi hisoblangan bo‘g‘ma ilonchani turli vaziyatda suratga ola boshladik. Men qo‘limga chizg‘ichni olib ilonning asabini qo‘zg‘ata boshladim, ya’ni uni turli xil harakat qilishga majbur qilaboshladim. Suratchi esa mendan nariroqda turib ilonni suratga ola boshladi. Shunda ilon boshini ko‘targanicha bir laxza qotib qoldi, men bo‘lsam ilonni qattiqroq kuch bilan turta boshladim, shunda payqasam ilon go‘yo qotib qolgan, aniqrog‘i qotirilib qo‘yilgan hayvonga o‘xshab qolibdi, degan fikrni endi aytmoqchi bo‘lganimda vaziyat birdaniga o‘zgarib ketdi. Ilon qanday qilib sakrab meni barmog‘imga yopishib olganini ko‘rmay qoldim. Ikki uch marta qo‘limni silkitgandan keyingina ilon yerga tushib ketdi. Bir necha daqiqadan so‘ng barmoqqa tikan kirgandek og‘riq paydo bo‘ldi-da va tez orada o‘tib ketdi, lekin biroz vaqtgacha ilon tishlagan joy uyishib turdi.
Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida Ozarovskiy ismli pensioner yashar edi. U kishi bir necha yil mobaynida bir juft zaharli ko‘lvor ilondan bir necha nafar nasl olishga muvaffaq bo‘lgan. Qizig‘i shundaki, bu kishi zaharli ilonni bemalol qo‘liga olib yelkasiga qo‘yadi, ilon esa egasining bo‘ynidan o‘tib uning betini tili bilan paypaslab chiqadi. Ilonlar oddiy katakda saqlanadi, ular haqiqiy xonaki hayvonlar singari egasini qo‘lidan ovqat oladi. Masalan, chumchuq, musicha kabi qushlarni patini tozalab bersa, ilon uni xush ko‘rib yaxshi ishtaha bilan yeydi, bu ilonga juda ham ma’qul bo‘lsa kerak, chunki pati tozalangan qush yutimi va hazm bo‘lishi anchagina oson bo‘ladi.
Insonni ilonga nisbatan ana shunday mehribon munosabatda bo‘lishi ular o‘rtasida ma’lum darajada ishonch yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Ozarovskiy hikoya qilishicha, uning ilonlarini o‘zidan boshqa kishi boqmas ekan, bu esa ilonni odamga o‘rganishida asosiy omillardan biridir. Shuning uchun ham bo‘lsa kerak Ozarovskiyning uyiga begona kishilar kelganda ilon boshini ko‘tarib, tilini chiqazib. savol alomati bilan mehmondan ko‘z uzmaydi. Havaskor zoologni rejalari katta, endilikda u kishi boshqa zaharli ilonlardan ham ana shunday yo‘l bilan nasl olish va shunday qilib gazandalarni ilgari ta’riflaganlaridek, inson uchun xavfli yovuz dushman emasligini isbotlab berishdir, chunki bitta zaharli ilon o‘z umri davomida bir qancha kishini davolaydigan qimmatbaho dori beradi. Bu ilonlarning egasiga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lishining yana bir sababi Ozarovskiy ilonlarni umuman urintirmaydi, qiynamaydi, ya’ni ulardan zahar olmaydi, bo‘yini, og‘irligini o‘lchamaydi.
Havaskor Ozarovskiyni telivizor ekranida o‘z ilonlarini namoyish qilganini ko‘pchilik ko‘rgan bo‘lsa kerak. Zaharli ilonlar ham, vajohatli ulkan pitonlar ham Ozarovskiyning qo‘lida go‘yo zaharsiz yoki juda ham beozor mahluqdek ko‘rinadi. Umuman gazandalarning, jumladan, zaharli ilonlarning insonga o‘rganishining siri nimada, Ozarovskiyning bunday katta yutug‘ini qanday omillar bilan tushuntirish mumkin? Shuni aytish kerakki, bu yerda tushinib bo‘lmaydigan yoki odamzotni aql zakovati yetmaydigan sirli bir jumboq yo‘q, albatta. Bunday maqsadga erishish uchun uncha ko‘p narsa kerak emas. Faqat o‘z kasbini sevib sabr-toqat bilan ilonlarni xulq-atvorini bilgan holda ularga to‘g‘ri munosabatda bo‘lmoq kerak, xolos.
Qadim zamonlarda va hatto hozirgi kunda ham Hindistonda katta magazin va omborlarda yirik pitonlardan qorovul sifatida foydalanishadi. Omborga kirgan o‘g‘rini payqagan ilon ohistalik bilan kelib uning oyog‘iga yopishib gavdasiga o‘rala boshlaydi va kuchli muskullari bilan odamni siqa boshlaydi, sarosimaga tushgan o‘g‘ri yordam so‘rab baqirishga majbur bo‘ladi. Ko‘rinib turibdiki, pitonlar ombor egasi bilan begona odamni ajrata olar ekan.
Ana shunday pitonlardan birining egasi kunlardan bir kuni butun oilasi bilan dam olishga ketaturib ilonni qo‘shnisinikiga qoldirib ketadi. Ilon egasi bir oydan so‘ng safardan qaytgach, o‘z ilonini olib kelishga borsa, ilon egasi tashlab ketgan joyda o‘sha yerda qo‘zg‘almasdan yotgan ekan. Egasini ko‘rgan ilon boshini ko‘tarib unga tomon o‘rmalab yura boshlagan.
Hozirgi kunda yer yuzida tarqalgan ilon turlarining umumiy soni 3 mingga yaqin, shulardan 410 turi zaharli, ya’ni odam uchun xavfli hisoblanadi. O‘rta Osiyoda tarqalgan zaharli ilonlar 4 ta oilaga bo‘linadi: suvilonsimonlar (Colubridae), aspidlar (Elapidae), qorailonlar (Viperidae) va bo‘sh ilonlar (Crotalidae).