282 000 книг, 71 000 авторов


Электронная библиотека » Я. Давлатов » » онлайн чтение - страница 14

Читать книгу "Заҳарли газандалар"


  • Текст добавлен: 28 апреля 2024, 15:00


Текущая страница: 14 (всего у книги 18 страниц)

Шрифт:
- 100% +
6.4. ILONLAR BONG URMOQDA

Aytish kerakki, ilon zahriga bo‘lgan talab bilan ilon zahrini yetkazib beradigan serpentariyalar o‘rtasidagi muvozanat borgan sari buzilib bormoqda. Buning asosiy sababi tabiatda ilon sonining (miqdorining) yildan yilga kamayib borishidir. Birinchidan, insonning to‘g‘ridan to‘g‘ri faoliyati tufayli, ya’ni tartibsiz ravishda ko‘p miqdorda ilon tutilsa, ikkinchidan yildan-yilga ilonlarning yashashi uchun qulay bo‘lgan yerlar kamayib bormoqda. Bo‘z va qo‘riq yerlarni keng ko‘lamda o‘zlashtirilishi, tog‘li hududlarda esa chorvachilikning rejadan ortiq rivojlanishi ilonlarning areallarini ham birmuncha kamaytirib qo‘ydi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bunday vaziyatdan ko‘pincha o‘troq, ya’ni migratsiyaga uncha moyil bo‘lmagan hayvonlar ziyon ko‘radi.

Zaharli hasharotlar haqida gap ketganda, aytish kerakki, tabiatda ularning soni kamayib ketishi birinchi navbatda pestisidlarni keng qo‘llash bilan bog‘liq, bunda ham foydali, ham zararkunanda jonivorlar halok bo‘ladi. Ana shu ro‘yxatga dengiz va ichki suv havzalarining ifloslanishini kiritish mumkin, bunda baliq to‘riga tushadigan xashaki baliqlarning halok bo‘lishini hisobga olmoq kerak.

Ilonlar yo‘q bo‘lib ketmaslik chorasi haqida hozir o‘ylamog‘imiz kerak, aks holda tuzatib bo‘lmaydigan xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz. Fikrimizcha, ilonlarni maxsuslashtirilgan serpentariyalarda ko‘paytirish ishlarini yo‘lga qo‘ymoq kerak, bunday pitomniklar faqatgina ilonlarni ko‘paytirish masalasi bilan shug‘ullanmog‘i kerak. Umuman olganda, bunday vazifani amalga oshirish mumkin. Lekin 4-5 yilgacha bunday ilonlardan zahar olib bo‘lmaydi, ya’ni ular foyda keltirmaydi. Ikkinchidan, ilonlarni ovlash masalasini oqilona tashkil etmoq kerak. Buning uchun ilonlarni tabiatdan ushlash muddatlarini tartibga solmoq zarur.

Kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, ilonni tutqunlikda uzoq yashashi va ulardan unumli foydalanish ilonni qay faslda ushlanganligiga ham bog‘liq. Masalan, kuzda tutilgan ilonlar bahorda ushlanganlariga qaraganda qo‘lda boqishga ancha chidamli bo‘lib, kamroq kasallanadi va tutqunlikda nisbatan uzoq yashaydi. Buning sababi kuzda tutilgan ilonlar qish mavsumiga fiziologik jihatdan mukammal tayyorlangan bo‘ladi.

Zaharli ilonlarni kuzda ovlash tabiatni qo‘riqlash va undan oqilona foydalanish nuqtai-nazaridan ham juda katta ahamiyatga molik. Gap shundaki, yoz mavsumida barcha jonivorlar singari ilonlar ham nasl qoldirib ulguradi, binobarin, tabiatdan tutib keltirilgan ilonlar ham nasl qoldiradi. Ularni tabiatdagi o‘rni ilon bolalari hisobiga ma’lum darajada to‘ldiriladi. Afsuski, amalda bunday qoidaga kamdan-kam rioya qilinadi. Buning boisi shundaki, barcha sudralib yuruvchilarni bahor mavsumida ovlash anchagina o‘ng‘ay va xavfsiz bo‘ladi, chunki endigina qish uyqusidan uyg‘ongan ilonlar erta bahorda yer yuziga chiqib karaxt holda quyoshda toblanib yotadi. Shuningdek, erta bahorda turli-tuman o‘t-giyohlar kam bo‘ladi. Ana shunday vaqtda, ya’ni tirik tabiat endigina uyg‘ongan paytda sudralib yuruvchilarni ovlash ancha oson bo‘ladi. O‘z-o‘zidan tushunarliki, bunday ovni tabiat uchun qanchalik ziyon ekanligini ovchilar o‘ylab turmaydi, albatta. Erta bahorda tabiatdan tutqunlikka tushgan bunday ilonlardan unumli foydalanib bo‘lmaydi, ular fiziologik jahatdan anchagina zaif bo‘lib, tez orada qirilib ketadi.

Ilonlardan to‘g‘ri foydalanish choralaridan yana biri shundaki, ovchilarga ilon ovlash uchun ruxsatnoma berilganda unda ushlanadigan ilonning turi, soni hamda qaysi tumandan ov qilish mumkinligi ko‘rsatilgan bo‘ladi. Lekin ovchilar ko‘pincha bunday qoidaga rioya qilmaydilar va ba’zi bir hududlardan ilonni haddan tashqari ko‘p ushlaydilar, tom ma’noda ilonga qiron keltiradilar. Natijada ularning soni ana shu hududlarda shu darajada kamayib ketadiki, ilonlarning ekologik tizimi muvozanatga kelishi uchun 15–20 yillar yetarli bo‘lmay qoladi. Boshqacha qilib aytganda ilonlar populyatsiyasining strukturasi, ya’ni jinslar aro mutanosiblik, yosh ilonlar bilan voyaga yetgan ilonlar o‘rtasidagi me’yor buzuladi, natijada ilonlarning urchib ko‘payish qonunlari ham izdan chiqadi.

Shuni aytish kerakki, yosh ilonchalarni maxsus ravishda boqilsa, ular tabiatdagiga nisbatan 2–3 marta tezroq voyaga yetadi. Ko‘rinib turibdiki, ilonlarni maxsus serpentariyalarda ko‘paytirish masalasi ancha qiyin bo‘lsa ham, sarf qilingan harajatlar tez yillar ichida o‘zini oqlashi mumkin.

Barcha mamlakatlardagi ilonxonalar asosan ilondan zahar olish bilan band. Tabiatni, aniqrog‘i ilonlarni qo‘riqlash, ulardan tejab-tergab foydalanish kabi masalalar ustida bosh ham qotirmaydilar. Hech qanday tadbir chora ham rejalashtirmaydilar.

Tirik tug‘adigan charh iloni yoki cho‘l qora iloni, bo‘sh ilonlardan har biri beshtadan o‘n beshtagacha bolalashi mumkin. Ana shunday ilon bolalarini ota-onalari yashaydigan hududlarga qo‘yib yuborilsa, ilonlarning tabiatdagi soni birmuncha tiklangan bo‘lar edi.

Ikkinchi tomondan, zaharli ilonlardan oqilona foydalanish shundan iboratki, har bir ilondan tutqunlik sharoitida 5-6 marta zahar olingach, ularni o‘sha ushlangan joylariga qo‘yib yuborilsa ham ilonlar sonini idora etish nuqtai-nazaridan birmuncha foydali bo‘lar edi. Ilonlarni tutqunlikda yashash muddatini o‘zaytirish hanuzgacha yechilmay kelayotgan jumboqlardan hisoblanadi.

Kishilar o‘rtasidagi asrlar davomida shakllangan ilonga nisbatan salbiy munosabatni ham o‘zgartirish kerak bo‘ladi. Bu esa ilmiyommabop adabiyotlarni ko‘plab tarqatish, doimiy tashviqot-targ‘ibot ishlarini kuchaytirishni talab qiladi. Shuni esda tutish kerakki, ilonlar kamdan-kam birinchi bo‘lib odamga tashlanadi, lekin kishilar ko‘pincha bilmasdan ilonni bosib oladi, turtib yuboradi, yoki zahar olayotganda qo‘lidan chiqazib yuboradi. Bezovta bo‘lgan ilon birdaniga odamga tashlanmaydi, u go‘yo o‘zining dahshatli qurolining kuchiga ishonadi va to‘qnashuvni tinchlik bilan bartaraf qilishga harakat qiladi. Ilon tovush chiqaradi, boshini ko‘tarib qalbaki hamla qilib o‘z dushmanini qo‘rqitmoqchi bo‘ladi. Bunday ogohlantirishlar turli ilonlarda har xil ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Ana shunday paytlarda orqaga chekinish ilonni o‘z mayliga qo‘yish kerak. Esingizda bo‘lsin, faqat ba’zi hollardagina himoyalanish maqsadida ilonni o‘ldirish mumkin, foydasiz o‘ldirilgan ilon bilan siz undagi mavjud qimmatbaho zaharni ham yo‘qotib yuborgan bo‘lasiz.

Avvallari ilonning kasbi faqat zahar solishdangina iborat bo‘lgan bo‘lsa, endi u o‘z zaharini yaxshi niyatli kishilarning xayrli ishiga in’om etmoqda.

Tabiatda foyda keltirmaydigan, o‘z o‘rniga ega bo‘lmagan birorta ham hayvon yo‘q. Har bir jonivorning o‘z o‘rni, ahamiyati va ba’zan zarari bor. U yoki bu jonivor o‘zining barcha foydali va zararli tomonlari bilan butun tabiat olamini to‘ldirib turadi, hayvonlararo mutanosiblikni belgilashda ma’lum ulishini qo‘shadi. Bunda biologiya fanining oddiy bir haqiqati kelib chiqadi: agar tabiatda u yoki bu hayvon turini qirib yuborilsa, yoki aksincha, ikkinchisini ko‘paytirib yuborilsa, bunday mutanosiblik yo‘qoladi va ma’lum vaqt davomida ba’zan kutilmagan oqibatlarga olib keladi. Ilonlar ham bundan mustasno emas. Ular tabiatda zarur komponent sifatida ma’lum biosenozga kiradi. Ular zaif va haddan tashqari ko‘payib ketgan boshqa hayvonlarlarga qiron keltiradi va shunday qilib, ayni biosenozda yirtqich sifatida idora etuvchi tenglashtiruvchi, mutanosiblashtiruvchi vazifani bajaradi.

Agar biz kobra va qora ilon yashab turgan biosenozdan ularni yig‘ib-terib olsak, unda nima bo‘ladi? Ayni biosenozda ekologik bo‘shliq hosil bo‘ladi. Modomiki bizning tabiat ansambili ko‘p yillar davomida yaratilgan ekan, ushbu bo‘shliqni yangi yirtqich bilan to‘ldirilishi juda tez bo‘lmaydi, albatta. Binobarin, qora ilon yoki kobraning idora etuvchi roli bartaraf qilingan bo‘ladi, natijada kemiruvchilar soni haddan tashqari ko‘payib ketadi, bu esa xalq xo‘jaligi uchun juda katta zarardir. Holbuki, hayvonlarni iqlimlashtirish tarixida kemiruvchilar sonini idora etish maqsadida zaharli ilonlarni maxsus ravishda olib kelingani haqida misollar bor. Ilonni ko‘rganda uni albatta o‘ldirish kerak, ularni foydasi yo‘q deb hisoblovchi kishilarni biologiya fanining oddiy qonun qoidalari qat’iy qoralaydi.

Buning ustiga hozirgi kunda ilon zaxrining tibbiyotda va biologiya amaliyotida keng qo‘llanilayotganligini qo‘shsak, ilonlarning tabiatdagi o‘rni va ahamiyati yanada ravshan bo‘ladi.

Sayyoramizning aholisi ko‘paymoqda u yetti milliardan oshib ketdi va tez o‘smoqda, lekin insonni tabiatga ta’sir ko‘rsatish kuchi yanada tezroq o‘smoqda, bunday ta’sirning shakli ham o‘zgarmoqda. Hisobkitoblarga ko‘ra hozirgi yetti milliarddan ziyodroq kishi o‘zining tabiatga ta’sir etishi bo‘yicha, tosh asridagi 50 milliard kishining kuchiga to‘g‘ri kelar ekan. Bu sayyoramizning biologik mahsulot berishiga ta’sir etmasdan iloji yo‘q. Binobarin, fanning vazifasi sanoat taraqqiyoti bilan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish kabi jamiyat taraqqiyotini ta’minlaydigan yo‘ldoshlarni birgalikda olib borish bilan inson yashash sharoitini yaxshilashga qaratmog‘i kerak.

Yuqorida bayon qilingan fikrlar bizni orqaga, tabiatga qaytishimizdan darak bermaydi, albatta. Bunday shior doimo mazmunan reaksion bo‘lgan, buning boisi shundaki faqatgina hozirgi industiriya insoniyatni muhtojlikdan holi qilishi mumkin, ijtimoiy qayta o‘zgarishlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Biroq yuqorida keltirilgan misollar yana shuni ko‘rsatadiki, inson o‘zining industriya qudratiga tayanib nafaqat ayrim o‘simlik va hayvonlar hayotini, balki butun tabiiy o‘simliklar majmuini, oqibat natijada biosfera hayotini idora qilishni o‘rganmog‘i kerak. Mazkur vazifani bajarish uchun inson o‘zini tanasini idora qilish qonunlarini qanday o‘rgansa, uni qurshab olgan tabiat qonunlarini ham shunday aniq o‘rganishi kerak. U yoki bu mamlakat, o‘lka qanchalik sanoat yutuqlariga ega bo‘lsa, o‘sha mamlakat tabiat uyushmalarini o‘rganish shunchalik zarur bo‘ladi, chunki ana shunday tumanlarda insonni tabiatga ongsiz ta’siri shunchalik kuchli bo‘ladi.

Qishloq xo‘jaligi amaliyotidan bir misol keltiraylik, mashhur DDT preparati millionlab gektar ekinlarni zararkunandalardan saqlab qoldi. Agarda preparatlarga yodgorlik qo‘yish mumkin bo‘lsa, DDT bunga munosib edi. Lekin shoshilmaylik, medalning orqa tomonini ham ko‘raylik. DDT hamma joyga tarqalib ketibdi, u daryodagi baliq, o‘rmondagi qush, u hatto pingvinlarning teri osti yog‘ida ham topilgan.

Muhitning ana shunday kuchli omiliga tirik organizmlarda ham moslashish yuz bermasdan iloji yo‘q ekan. Hasharotlar va boshqa hayvonlar orasida ham zaharga qarshi chidamli formalar paydo bo‘lgan, masalan, hozir zaharga chidamli baqalar topilgan. Biz shishadagi ajinani chiqazib yubormadikmikin? Uni eplash endi oson bo‘larmikin, ajina xavfli!

6.5. OLD JO‘YAKTISHLI ILONLAR

O‘rta Osiyo kobrasi (Naja oxiana). Yirik ilon bo‘lib, bo‘yi 180 sm ga yetadi, ko‘z qorachig‘i yumaloq, terisi silliq, ustki tomoni zaytun rangidan to jigarrang va qo‘ng‘ir ranggacha, deyarli qora rangda bo‘ladi. Yosh ilonlarning teri osti kulrang, ustida rangi to‘q, ko‘ndalang taram-taram chiziqlar ko‘rinadi. Ilonning yoshi kattalashgan sari qornidagi chiziqlar yo‘qolib, o‘rniga bir-biriga tutashib ketgan juda ko‘p dog‘lar paydo bo‘la boshlaydi. Voyaga yetgan ilonlarda ro‘yi-rost ko‘rinib turadigan ko‘ndalang taram-taram yo‘llar yoki tiniq dog‘lar bir umrga saqlanib qoladi. Kobra iloni o‘ziga xos ogohlantruvchi, ya’ni gavdasini oldingi qismini g‘oz ko‘tarib turishi bilan boshqa ilonlardan ajralib turadi. Ilon tanasining oldingi qismini tikka ko‘tarib shishiradi, bu joyi xuddi yopinchiqqa o‘xshaydi va vishillagan tovush chiqaradi.

Kobra urug‘ining lotincha nomi – naya, hind tilida naga – ilon degan ma’noni bildiradi. Evropoliklar orasida birinchilardan bo‘lib portugaliyaliklar Hindistonga dengiz yo‘lini ochadilar. Vajohatli kobra bilan to‘qnashganlarida uni kobra dekapello – yoping‘ichli ilon deb atadilar.

Kobra iloni juda zaharli bo‘lsa-da, kamdan-kam hollarda odamni chaqadi va bunday hodisa tabiatda deyarli kuzatilmaydi. Uy hayvonlarining kobra chaqishidan nobud bo‘lish hollari ham kamdan-kam uchraydi.

O‘zbekistonda kobra iloni Surxandaryo viloyatining Sherobod tumanida, Qorasuv, Uchqizil, Sho‘rchi atroflarida, To‘palang va Sangardak daryolari bo‘yida, Bobotog‘ va Boysun tog‘larida, Ko‘hitog‘da, G‘uzor, Dehqonobod, Qarshi hududlarida, Samarqand viloyatining Og‘aliq atroflaridan Hovostgacha bo‘lgan joylarda uchraydi. Nurota yon bag‘rlarida, Sarmish qishlog‘ida ham topilgan. Arealining shimoliy chegarasi Aristonbeltog‘ orqali o‘tib, Qizilqumdan bir muncha janubga – Nurota tizmalarigacha va sharqqa Hovost atroflarigacha cho‘ziladi. Kobra tog‘ yon bag‘irlaridagi tepaliklarda, baland bo‘lmagan tog‘larda, ko‘chmas qumliklarda, shuningdek, odamlar turar joyi yaqinida, paxta maydoni chekkalarida, poliz va bog‘ atroflarida ham uchratish mumkin. Tog‘larda dengiz sathidan 2 ming metr balandlikkacha ko‘tariladi. Kobrani eski tashlandiq imoratlar, mol qo‘tonlari, katta ariq bo‘ylarida uncha baland bo‘lmagan butalar atrofida, kemiruvchilar ko‘p bo‘lgan joylarda uchratish mumkin. Kobraning eng faol payti issiq kunlarga to‘g‘ri keladi, o‘ta jaziramada esa tunda faol harakat qiladi. Kobra o‘ta ehtiyotkor ilon bo‘lgani uchun ham odam ko‘ziga kamdan-kam ko‘rinadi. O‘zbekistondagi boshqa ilonlarga qaraganda erta uyquga ketadi va kech bahorda uyg‘onadi. Kobra kemiruvchilar, qurbaqalar, qushlar bilan oziqlanadi. Shuningdek, zaharli ilonlardan ham tap tortmaydi.

Kobra iloni odamlar uchun shubhasiz xavfli hisoblanadi. Qora ilonlardan farqli o‘laroq, kobra chaqqan joyda shish va og‘riq unchalik ko‘zga tashlanmaydi. Bordi-yu, ilon ikkita tishi bilan zahar solganda yoki ilonning zaharli tishi katta qon tomirga to‘g‘ri kelib qolsa, markaziy asab tizimi vazifasi so‘na boshlaydi, tomoq yutumi qiyinlashadi, yaxshi gapiraolmaydi, ko‘z qovoqlari tushib ketadi, uyquga tortadi, bunda odam og‘riqni sezmay qo‘yadi. Kobra chaqqanda nafas qisish holati o‘ta xavfli belgi bo‘lib, odamni nobud bo‘lishiga olib keladi.

Birinchi yordam sifatida antikobra yoki polivalent zardob bilan emlash kerak. Antixolinisteraza preparatlarini atropin kortikosteroidlar, antigipoksantlar bilan birgalikda yuborish kerak, nafas olish keskin buzilganda o‘pkani sun’iy nafas oldirish kerak.

Kobra zahari toksik polipeptidlar, fermentlar va oqsillardan iborat murakkab aralashma bo‘lib, ularning har biri o‘ziga xos biologik xususiyatga ega. Zaharning tarkibida toksik polipeptidlar: neyrotoksin-1 (M-8000), neyrotoksin-11 (M-7000), sitotoksin (M-7000)lar mavjud. Kobra zaharining fermentlari orasida fosfolipaza A2, asetilxolinesteraza, endoribonukleaza, dezoksiribonukleaza, fosfodiesteraza 5-nukleotedaza, L-aminokislota oksidazasi va gialuronidazalar mavjud. Oqsillar orasida o‘ziga xos biologik xususiyatga ega bo‘lgan nerv o‘stirish faktori (NUF) va antikomplementar faktorlar mavjud. Sichqonlarga zaharning ta’siri (LD50) muskul orasiga yuborilganda 0,5 mg/kg, neyrotoksin 1-0,684 mg/kg, sitotoksin 1-1,1 mg/kg, fosfolipaza A2-80 mg/kg.

Kobra zahari organizmning o‘ta muhim tizimlariga va a’zolariga, markaziy va periferik asab tizimlariga, yurak qon tomirlariga va ichki sekretsiya tizimiga hamda qon hosil qilish a’zolariga, jigar va buyrakda keng spektrli patologik reaksiya chaqiradi.

Kobra chaqqanda neyrotoksinlar organizmda kuchli patologik reaksiya hosil qiladi, bunda sklet va nafas olish muskullari shol bo‘ladi. Neyrotoksinlarning ko‘ndalang yo‘lli muskullarga ta’sir etishi bo‘yicha kurarega o‘xshash toksinlar qatoriga kiradi. Zaharning sitotoksinlari biomembranalar bilan yaxshigina hamkorlikda eritrotsitlarni eritadi (bevosita erituvchi faktor), asab, muskul, yurak to‘qimalarini (kordiotoksik ta’sir) qutbsizlantiradi, sitotoksin-11 esa antikomplementar xususiyatga ega. Zaharning organizmga ta’sir etishida fermentlar muhim ahamiyatga ega. Masalan, asetilxolinesteraza asetilxolinni gidroliz qilish bilan birga neyrotoksinlarni shol qilish ta’sirini kuchaytiradi. Sitotoksinlarning biomembranalarga ta’siri esa fosfolipaza A orqali kuchaytiriladi. Ana shu ferment esa o‘z navbatida nerv uchidagi asetilxolin zaxirasini kamaytiradi, ya’ni prisinaptik toksik ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, fosfolipaza A2 organizmdagi fiziologik aktiv moddalarni ajralib chiqishiga zamin yaratadi, bu moddalar esa zaharlanish jarayonini yanada kuchaytiradi.

Kobra zahari ziddi-zahar, noyaksin preparatlarini tayyorlashda, neyrotoksinlar esa asetilxolin reseptorlarining molekulyar tizimini o‘rganishda, antikomplementar faktorlar ilmiy ishlarda immunnodepresant sifatila qo‘llaniladi. Zahar tarkibidagi fermentlar biokimyoviy eksperimentlarda ishlatiladi. Endonukleaza va fosfolipaza A2 savdo-sotiq preparati sifatida ishlab chiqariladi.

Kobra zahari elektroforezda 8 ta fraksiyaga ajraladi. Boshqa zaharlardan farqli o‘laroq barcha fraksiyalari katod tomonga harakat qiladi, buning sababi zaharning ishqoriy reaksiyaga ega ekanligi bilan izohlanadi. Shuni ta’kidlash kerakki, kobra urug‘ining barcha turlari zaharini solishtirganda ularning xossalari bir-biriga yaqin ekanligi ma’lum bo‘ldi. Muayyan ilon zahrining o‘zgaruvchanlik sabablari turli omillar bilan tushuntirilsada hali o‘z isbotini topgani yo‘q. Turli muddat tutqunlikda saqlangan kobralar zaharini elektroforez usuli bilan solishtirganda ularning fizikaviy-kimyoviy xossalarida o‘zgarishlar deyarli kuzatilmadi. Boshqacha qilib aytganda, ilon zahrida yuz beradigan o‘zgarishlar ilonlarni tutqunlikda yashash muddati bilan bog‘liq emas. Bizning tajribalarimizda zahar tarkibida kuzatiladigan o‘zgaruvchanlik asosan ilonning populyatsion o‘ziga xosligi bilan bog‘liq. Kobra iloni O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.

Ko‘lvor ilon (Yipera libetina). Birmuncha yirik ilon uzunligi 1,5-1,6 m ga yetadi, ustki tomoni kulrang yoki jigarrang qizg‘ish tusga bo‘yalgan, orqasida qator ko‘ndalang to‘q qo‘ng‘ir dog‘lari bor. Ilon rangining umumiy ko‘rinishi yashaydigan joyiga qarab jigarrang-sariqdan to qoramtir tusgacha o‘zgarib turadi.

Ko‘lvor ilon boshqa zaharli ilonlarga nisbatan keng tarqalgan bo‘lib u O‘zbekiston tog‘ yon bag‘irlarida uchraydi, uni Ko‘hitongda Boysunda, Bobotog‘da, Turkiston, Nurota va Xisor tizmalarida uchratish mumkin. Ko‘lvor ilon tog‘ qiyaliklarida, qoyalarning yoriq-tirqishlarida, tosh uyumlarida yoki kemiruvchilarning inlarida yashaydi. Bunday pana joylar ilonning qishlov joyi bo‘lib ham xizmat qiladi. Yozning jazirama kunlarida ilon pastga, suv bo‘yiga tushadi va suvda o‘ziga ovqat topadi, daraxt ildizlari va toshlar tagiga yashirinib yashaydi.

Ko‘lvor ilon ovqat izlab ko‘pincha daraxt va butalarning shoxshabalariga chiqadida, parranda tuxumlari va bolalarini eydi. Toshloq irmoqlar oldida o‘ynab yurgan va qush uyalariga ishqivoz bolalarni ilon chaqqan hollari tez-tez kuzatiladi.

Ko‘lvor ilon mart-aprel oxirida qishlab yotgan joyidan chiqadi, uzoq vaqtgacha pana joylardan uzoqlashmay o‘zini oftobga toblab yotadi. Kun isib ketgandan keyin ilonlar soya-salqin joylarga yashirinib oladi, yozda ular erta tongda va oqshomda faol bo‘ladi, issiqda esa yashirinadi, kuzda yana kun bo‘yi yer yuzida o‘rmalaydi, yirik ilonlar ko‘pchilik hollarda qushlar, kemiruvchilar va sudraluvchilar bilan oziqlanadi. Yosh ilonlar mayda parrandalar, sichqonlar, kaltakesaklar, qoraqurtlar va boshqa umurtqasizlarni yeb kun ko‘radi.

Ilonlar iyul-avgust oylarida harorati va namligi doimiy darajadagi inlarda 26 tagacha tuxum qo‘yadi. 35-45 kundan so‘ng yosh ilonchalar tuxumdan chiqadi, ularning uzunligi 23-27 sm gacha bo‘ladi. Ko‘lvor ilonning zahri odam uchun xavflidir.

Zahar tarkibida nervni o‘stirish faktori proteinazalar, oksidaza L-aminokislota, fosfolipaza A2, fosfodiesteraza, 5-nukliotidaza, gialuronidaza kabilar mavjud. Zaharning jamiki gemorragik aktivligi serinli proteinazalar bilan bog‘liq.

Sichqonni halok etadigan zahar miqdori qon tomiriga yuborilganda 034 mg/kg, qorin bo‘shlig‘iga yuborilganda 2,1 mg/kg, teri ostiga yuborilganda 4,8 mg/kg.

Elektroforezda zahar 4 ta anod va 4 ta katod fraksiyalarga ajraladi. Ilonning tutqunlikda yashash muddati, jinsi, yoshi, katta-kichikligi va yilning fasllari zaharning sifatiga ta’sir etmaydi.

O‘rta Osiyo hududidagi populyatsiyalarni solishtirganda Nurota va Turkiston tizmalaridan tutilgan ilonlar zahari tarkibiy jahatidan o‘xshash bo‘lsa-da, fraksiyalardagi oqsil miqdori jihatidan yaxshigina farq qiladi. Turkmaniston ilonlari esa zahar komponentlarining har xil bo‘lishidan tashqari ularda qo‘shimcha ravishda 2 ta katod va 1 ta anod fraksiyalari mavjud. Bunday sezilarli populyatsiyalararo tafovutlarning sababi ehtimol mazkur populyatsiyaning uzoq yillar davomida alohidalanganligi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Xuddi shunga o‘xshash ma’lumotlar Kavkaz ko‘lvor iloni zaharida kuzatiladi. Ana shunday farqlarning ilon zaharida yuzaga kelishi ayni populyatsiyani yashash sharoitiga moslashib ketishi uchun yetarli bo‘lgan, binobarin, ilonning boshqa belgilarida o‘zgarishlar paydo bo‘lishiga zarurat qolmagan.

Cho‘l qora iloni (Vipera ursine). Tanasining uzunligi 55 sm gacha, ustki tomoni qo‘ng‘ir-kulrang bo‘lib, bo‘yi orqali o‘tgan egri-bugri to‘q rangli targ‘il chiziqlar bo‘lak-bo‘lak yoki dog‘-dog‘ shaklida bo‘ladi. Erkagi bilan urg‘ochisining rangida hech qanday tafovut bo‘lmaydi.

Cho‘l qora iloni O‘zbekistonda yashaydigan zaharli ilonlar orasida juda kam uchraydi. U asosan Toshkent viloyati hududida tarqalgan. Uni Sirdaryo, Chirchiq daryolari bo‘yida, Tyan-Shan tog‘ yon bag‘irlarida, Chinozda, Parkentda, Bekobodda, To‘ytepa va Qorasuv bo‘yida, Ugam daryosi, shuningdek, Chimyon va Oqsoqotada uchratish mumkin. Cho‘l qora iloni qumloq va taqir yerlarda, shuvoq o‘sgan joylarda va boshqa butazorlar orasida, shuningdek, tog‘ yon bag‘irlarida tog‘larda, cho‘llarda, toshloq qiyaliklarda va ko‘chmas qumliklarda yashaydi. Turli xil kaltakesaklar, o‘rgimchaksimonlar, hasharotlar va mayda parrandalar bilan oziqlanadi.

Ilonning bo‘g‘ozlik davri 90-130 kungacha cho‘ziladi. Avgust boshidan sentyabr o‘rtasigacha har bir ilon odatda uzunligi 11-18 sm bo‘lgan 3 tadan 7 tagacha bola tug‘adi, bolalari tez orada po‘st tashlaydi, voyaga yetgan ilonlar esa yiliga 2-3 marta po‘st tashlaydi. Cho‘l qora ilonining chaqishi odam uchun xavfli emas, hechqanday davo choralari ishlatilmagan taqdirda ham odam 4-5 kundan keyin tuzalib ketadi.

Tutqunlik sharoitiga bu ilon moslasha olmaydi, katakda 3-4 oy yashaydi, xolos. Volyer sharoitida 2 yilgacha yashashi mumkin. O‘zbekistonda bu ilonni soni juda ham kamayib ketgan. Masalan, 1940-yillarda Lunacharskiy hamda Toshkent aeroporti atrofida bir kunda bir necha bosh ilon ushlash mumkin edi, hozir esa bu yerlarda ilon yo‘q bo‘lib ketgan, xuddi shunga o‘xshash ahvolni Bishkek bilan Olmata orasidagi Atar cho‘lida ko‘rish mumkin, vaholanki 50–60-yillarda bu yerdan bir kunda 50–60 bosh ilonni uchratish mumkin edi.

Zaharning tarkibida fosfolipaza A2, 5-nukleotidaza, fosfodiestiraza, proteinazalar va NUF mavjud. Sichqonlar uchun zahar kuchi (LD50), vena tomiriga yuborilganda 077 mg/kg ni tashkil etadi. Cho‘l qora iloni zahari ta’kidlaganimizdek, O‘rta Osiyo ilonlari orasida zaharini kuchi jihatidan eng keyingi o‘rinda turadi. Shunga qaramasdan zahar tarkibi turli xil komponentlarga boy. Ammo mazkur ilon zaharida hamda ilonning morfologiyasida populyatsion tafovutlar ko‘zga tashlanmadi. Sirasini aytganda O‘rta Osiyo hududida cho‘l qora ilonini yaxshigina rivojlangan populyatsiyasi qolmadi, inson faoliyati bu ilon deyarlik qirilib ketishiga sababchi bo‘ldi.

Oddiy qora ilon (Vipera berus). Yevropaning O‘rta va Shimoliy viloyatlarida, Sibir, Uzoq Sharqdan Saxalingacha o‘rmon, o‘rmoncho‘l mintaqalarida shuningdek, daryo, ko‘l sohillari bo‘ylab keng tarqalgan. Qora ilonning bo‘yi 75 sm gacha, shimoldagilarning bo‘yi 1 metrgacha, dengiz sathidan 3 ming metr balandlikka ko‘tariladi. Bu ilon o‘zining o‘lchami, zaharining miqdori va uning kuchi bo‘yicha cho‘l qora iloniga yaqin turadi. Oddiy qorailon o‘rmoncho‘lda yashashga moslashgan bo‘lib, issiq va quriq iqlimli mintaqalarda yashay olmaydi. Ilon chaqqanda birinchi yordam sifatida antigyurza preparati ishlatiladi. Qora ilon zahariga qarshi maxsus antizardob tayyorlanmaydi. Fermentlardan proteazalar fosfodiestiraza, 5-nukleotidaza, fosfolipaza A2, gialuronidaza uchraydi. Proteolitik aktivligining 75 foizi metalloproteinazalarga va 25 foizi seren protiinazalarga to‘g‘ri keladi. Proteolitik fermentlarning aktivligida populyatsion tafovut aniqlangan. Buning sababi ilonlarning yemishini har xil jonivorlardan iborat bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak, ya’ni Xarkov viloyatidan tutilgan mazkur ilonning qora rangli formalari fermenti boshqa viloyatlarda yashaydigan xuddi shunday ilonlarga qaraganda 2 barobar kuchli ekan.

Toza zaharning kuchi (LD50) sichqon qon tomiriga yuborilganda 1,3 mg/kg, fosfolipaza A2 (M-12000) 0,5 mg/kg, dengiz cho‘chqasi uchun 0,025 mg/kg.

Oddiy qorailon zaharini populyatsiyalar darajasida solishtirganda Brest va Pskov hamda Xarkov viloyatlarida yashaydigan ilonlarning tur ichida o‘zgaruvchanlik mavjudligi aniqlandi. Birinchi va ikkinchi rayondan tutilgan ilonlar tashqi ko‘rinishi va zaharining fizikaviy, kimyoviy xossalari jahatidan bir-biriga nisbatan yaqin bo‘lsa-da, aynan o‘xshash emas. Brest ilonlari zahrida ko‘p miqdorda katod fraksiyalari mavjud. Xarkov ilonlarida boshqacha manzarani ya’ni boshqa viloyat ilonlaridan keskin farq qilishini ko‘ramiz. Bunday tur ichidagi o‘zgaruvchanlik disk elektroforezda yanada ravshanroq namoyon bo‘ladi. Xarkov (qora forma) populyatsiyasi zahari tarkibida 2 ta keskin farq qiladigan qo‘shimcha fraksiyalar mavjudligi aniqlandi.

Ukraina gerpetologlari (1973) mazkur ilon sistematikasini o‘rganib qora formali ilonni tur darajasiga ko‘tarish haqida fikr bildirdilar. Xullas mazkur masala kengroq tadqiqotlarni talab qiladi.

Kichik osiyo qora iloni (Vipera raddei). Uzunligi 1,5 m, tanasida to‘q sariq yoki jigarrang dog‘lari ko‘zga yaqqol tashlanadi, ba’zan bu dog‘lar yelkasida qo‘shilib ketib yo‘lak hosil qiladi. Dum osti to‘q sariq rangda.

Armanistonda, Naxichevan avtonom respublikasida dengiz sathidan 3000 metr balandlikda yashaydi, o‘simliklar kam bo‘lgan tog‘ yonbag‘irlarida uchraydi. Mayda sutemizuvchilar, qushlar va kaltakesaklar bilan oziqlanadi. Avgust oyida 5-10 dona bola tug‘adi. Mazkur ilon chaqishidan qora mollarni halok bo‘lish holatlari qayd etilgan. Ilon chaqqan hayvonlarning zaharlanishi qora ilonlarga xos ravishda yuz beradi, zahar kirgan joyda va ichki a’zolarda qon quyulish alomatlari kuzatiladi.

Zaharning tarkibida neyrotoksik, gemorragik va nekrotik ta’sir ko‘rsatadigan komponentlar mavjudligi haqida ma’lumotlar bor. Ot va quyonlarni ana shu ilon zahri bilan immunizatsiya qilinganda gemorragik va nekrotik faktorlarga qarshi antitelalar hosil bo‘ladi. Antitelalarga boy zardob olish uchun neyrotoksik faktor bilan qo‘shimcha ravishda immunizatsiya qilish zarur. Zaharning toksik kuchi sichqonlar uchun 3,6 mg/kg, kalamushlar uchun 2,8 mg/kg, dengiz cho‘chqasi uchun 2,7 mg/kg. Radde qora iloni tabiiy sharoitda hayvonlarni chaqqanda, kaltakesak 40 daqiqadan so‘ng, quyon 4 soatdan va it 24 soatdan keyin halok bo‘ladi. Zahar tarkibi yaxshi o‘rganilmagan.

Charh ilon (Echis carinatus). Tana uzunligi 75 sm gacha. Tanasi kulrang-qo‘ng‘ir yoki qum rangida, yon tomonidagi tangachalari ustidagilaridan to‘qroq. Tanasining har ikkala tomonida bittadan noto‘g‘ri shakldagi oqimtir yo‘li bor. Ustida ko‘ndalang yo‘nalishda cho‘zilgan oq dog‘lar bo‘lib, egri-bugri yo‘llarining chuqirlari o‘rtasida joylashgan bu oqish dog‘lar sohasidagi ayrim tangachalarning cheti qora qo‘ng‘ir yoki qora bo‘ladi.

O‘zbekistonda uning tarqalish doirasi nisbatan cheklangan, u Surxondaryo viloyatining janubiy pasttekistligida, shimolda Sho‘rchi stansiyasi va katta Turong‘a bulog‘igacha yetib boradi. Charh ilon Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘i bo‘ylab, Qarshi dashtining janubidan Orol dengizining deyarli janubiy qirg‘og‘igacha, Ustyurtning janubiy qismlarida, shuningdek, Qizilqumning shimoli-janubi (mingbuloq)da ham topilgan, ilonning bu turi Surxondaryoning Qorasuv qirg‘og‘i bo‘ylab hamda Xo‘ja Davlat stansiyasida ham uchrab turadi.

Charh ilon loy tuproqli cho‘l va saksovul bilan qoplangan qum tepaliklarida hamda kanallar bo‘yida, yantoq va boshqa butalar bilan qoplangan qum tuproqli yerlarda yashaydi. Turli kemiruvchilarning inlari, yer yoriqlari, tirqishlari va kovaklariga kirib yotadi. Charh ilon fevraldan oktyabr oyigacha, harorat 12-35 bo‘lganida faol hayot kechiradi. Harorat bundan ko‘tarilganda ular kam uchraydi, asosan pana joylarda yashirinib yotadi, juftlashish mart-aprel oylarida ro‘y beradi, sentyabrning ikkinchi yarmida ular tirik bola tug‘adi. Kuzning iliq kunlarida ba’zan isinish uchun oftobga chiqadi, kallasini yon tomonga qiyshaytirib, so‘ngra tanasining orqa tomonini sudrab yonbosh bilan sudraladi. Bitta urg‘ochi ilon 4 tadan 14 tagacha bola tug‘ishi mumkin. Yangi tug‘ilgan bolasi tez o‘rmalaydi va o‘zini himoya qila oladi. Charh ilonning zahari juda kuchli bo‘lib, uning chaqishidan ko‘pincha odamlar halok bo‘ladi.

Charh ilon zaharining tarkibida proteolitik aktivlikka ega bo‘lgan fermentlar mavjud, oksidaza L-aminokislota, fosfodiestiraza, gialuronidaza, NUF Fosfolipaza A2. Toza zaharni sichqon qon tomiriga yuborilganda (LD50) 0,72 mg/kg ga teng. Tutqunlikda turli muddatda yashagan hamda har xil yoshdagi ilonlarni zaharini solishtirganda ularning toksik ta’sirida hamda fizikaviy-kimyoviy xossalarida o‘zgaruvchanlik qayd etilmadi. Zaharning tarkibida 5 ta katod, 3 ta anod fraksiyalari mavjud. Ilon zahri ko‘rinishidan tiniq emas, sababi uning tarkibida epiteliya hujayralarining bo‘laklari mavjud, shuning uchun zaharni ishlatishdan oldin uni sentrifugalash kerak. Ilonning yoshi, yashash joyi, yilning fasli kabilar zahar spektirining o‘zgarishiga ta’sir etmaydi. Mazkur ilonda va uning zaharida mikroevolyutsion siljishlarning kuzatilmasligi ilonni barcha populyatsiyalari yashayotgan biotoplarining o‘xshashligi, ya’ni u yerdagi ekologik omillarning birbiriga yaqinligi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.

Oddiy bo‘sh ilon (Agkistradon halus). Chinqiroq ilonlar oilasining O‘rta Osiyodagi yagona vakili. Bo‘yi 68 sm gacha, rangi och, tanasidagi to‘q rangli ko‘ndalang chiziqlarning chetlari notekis, bu chiziqlarning eni ular o‘rtasidagi och rangli oraliqdan 2-3 barobar enlidir.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации