282 000 книг, 71 000 авторов


Электронная библиотека » Я. Давлатов » » онлайн чтение - страница 15

Читать книгу "Заҳарли газандалар"


  • Текст добавлен: 28 апреля 2024, 15:00


Текущая страница: 15 (всего у книги 18 страниц)

Шрифт:
- 100% +

O‘zbekistonda Markaziy Qizilqumda, Oloy tizma tog‘ining shimoliy etaklarida, Chotqol tizma tog‘ida (Chimyon), Ugam daryosining yuqori qismlarida, Qizilnur tog‘ida, Samarqand viloyatida, Kelquduqda, Zomindagi G‘o‘ralas archa qo‘riqxonasida, Turkiston tizma tog‘larida Qoramozor dovonida, Zarafshon vodiysida, Urgutda va Omonqo‘ton etaklarida, Hisor tizma tog‘ining janubiy pastliklarida (Olachopon o‘rmon bog‘ida), shuningdek, Farg‘ona vodiysini o‘rab turgan tog‘larda yashaydi, dengiz sathidan 4 ming metr balandlikda uchraydi. Bu ilon bahorda va kuzda o‘zini kunduzgi hayvon kabi tutadi. Issiq kunlari (yozda) oqshomlari va tunda faol bo‘ladi.

Katta yoshdagi ilonlar kemiruvchilar, kaltakesaklar va mayda parrandalar bilan, mayda ilonlar esa qo‘shoyoq, qanoti chiqmagan polaponlar va mingoyoqlarni ishtaha bilan yeydi.

Ilonlar erta bahorda, mart-aprel o‘rtalarida juftlashadi, sentyabr oyining o‘rtalarida urg‘ochisi 10 tagacha bola tug‘adi, ularning bo‘yi 15–20 sm gacha yetadi. Endigina tug‘ilgan ilon bolasi 1-2 daqiqa harakatsizlikdan so‘ng pardasini yorib o‘rmalab ketadi.

Ilon zaharining tarkibida proteolitik va esteroletik ta’sir etadigan fermentlar, shuningdek, fosfodiesteraza, 5-nukleotedaza, NUFlar mavjud. Sichqon qon tomiriga yuborilgan zaharning kuchi (LD50), 0,8 mg/kg. Sichqon uchun eng kam gemorrogik miqdori 0,14 mg.

Elektroforez yordamida mazkur ilon zahari 7 ta fraksiyaga ajraladi, anod va katod tomonlarga harakat qiluvchi komponentlar soni deyarli teng. Yoshi, jinsi, yashash muddatiga ko‘ra zahar tarkibi o‘zgarmaydi. Faqatgina populyatsiyalararo tafovutlar qonuniy ravishda o‘zini namoyon etadi, masalan, Fargona (Chanachsoy) va Parkent tog‘i etaklaridan tutilgan ilonlarda bunday farqlar nafaqat zaharning tarkibida balki ilonning rangida ham yaqqol ko‘rinadi. Populyatsiyalararo kuzatiladigan bunday kuchli o‘zgaruvchanlik mazkur turning turli-tuman yerlarda yashashi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Bu ilon O‘zbekiston hududida Qoraqumdan tashqari barcha yerlarda uchraydi.

Sharq bo‘sh iloni (Akgistradon blomhoffi). Bo‘yi 65 sm gacha, rangi to‘q kulrang yoki to‘q sariq, Uzoq Sharqda, unga chegaradosh mamlakat hududlarida yashaydi. Ochiq yerlarda, sholipoyalarda kemiruvchilar va qurbaqalar bilan oziqlanadi. Kuzda 15 sm o‘lchamli 2-8 ta bola tug‘adi.

Zahar tarkibida proteinazalar, fosfolipaza A2 fosfodiesteraza, 5-nukleotedaza, va gialuronidaza fermentlari uchraydi. Zahar kardiotoksik, gemorrogik va ivituvchi xususiyatga ega. Zaharning ta’siri (LD50), sichqonga 0,57 mg/kg. Zahar qon bosimini vaqtinchalik tushirib yuborish xususiyatiga ega. Shuningdek, sutemizuvchilarning yurak faoliyatini in vitro siqib qo‘yadi, bunday holat miokardinal hujayralar membranalaridan kalsiy transportini kamayishi bilan bog‘liq. Zahar tarkibidagi V proteinaza kuchli gemorrogik ta’sir ko‘rsatadi. Sichqonni halok qiladigan eng kam miqdordagi zahar 0,068 mikrogrammga teng.

Zahar tarkibi forez yordamida 7 ta fraksiyaga ajraladi, anod va katod tomon harakatlanadigan komponentlar soni deyarli teng. Boshqa zaharlardan farqli o‘laroq barcha fraksiyalar bir-biridan juda ham ravshan va aniq ajralib turadi. Bir yashar, ikki yashar ilon bolalari zaharini voyaga yetgan ilon zahari bilan solishtirganda sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmadi. Shuningdek, individlararo zahar spektrining bir xil ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Dengiz zaharli ilonlari (Hydrophiidae). Tinch va Hind okeani suvlarida odatdagidan tashqari ilonlar yashaydi, ular tashqi ko‘rinishidan yirik ugrlarga o‘xshash mohir suzuvchilar bo‘lib, to‘la ma’noda dengiz hayvoni hisoblanadi. Suvda yashovchi ilonlarning 50 dan ziyodroq turlari mavjud. Suv to‘lqinlari ba’zan qirg‘oqqa chiqazib tashlagan ilonlarning ahvoli voy bo‘ladi. Uzoq vaqt suvsiz qolgan ilonlar havo yetishmasligi oqibatida bo‘g‘ilib qoladi, hatto ko‘r bo‘lib qolishi ham mumkin, ko‘pincha ular suvga yetolmasdan halok bo‘ladi.

Dengiz ilonlarining dum qismi eshkak shaklida yon tomonlaridan yassilangan. Boshi kichkina, yirik qalqonchalar bilan qoplangan. Ko‘z gavhari dumaloq. Og‘iz bo‘shlig‘ida ko‘p miqdorda qon tomirlari bo‘lib u yerda kislorod zahirasi saqlanadi, binobarin, ilonni suv ostida uzoq vaqt suzishini ta’minlaydi. Asosan baliqlar bilan, ba’zan ugrlar bilan ham oziqlanadi. Suvda ko‘payadi, 1-2 bola tug‘adi, ba’zilari quruqlikda ko‘payadi. Suv ilonlarining zahari quruqlikda yashayotgan ilonlarga qaraganda bir necha karra kuchlidir.

Dengiz ilonlarining haqiqiy vakili kurakdumli ilon hisoblanadi, uzunligi 3 metrgacha yetadi. Kurakdumlilar urug‘iga 24 ta ilon turi kiradi. Dengiz va quruqda yashovchi ilonlarning o‘xshash tomonlari ko‘p bo‘lsa-da, ular orasida tafovutlar ham mavjud. Masalan, pelamida iloni baliqlar bilan oziqlanadi. Bordi-yu baliqning bo‘yi ilonga qaraganda uzunroq bo‘lsa, ilon uni oxirigacha yutaolmaydi, demak, baliqni dum tomoni ilonning og‘zidan chiqib turadi, ya’ni oshqozonga tushgan qismi hazm bo‘lgandan so‘ng asta-sekin baliqning qolgan qismini yutaboshlaydi. Quruqda yashovchi ilonlarda bunday holat kuzatilmaydi, sababi baliq bilan ilonni suv ko‘tarib turadi. Tikanli baliqlarga ilonlar hujum qilmaydi, buning sababi o‘z-o‘zidan ma’lum. Shuning uchun ham dengiz ilonlari ko‘p tarqalgan joylarda dengiz olabug‘asi bemalol yashayveradi.

Avstraliyaning dengiz qirg‘oqlarida zaharli ilonlar juda ko‘p uchraydi. Ularning uzunligi 1 metrdan oshmaydi. Ana shunday rangbarang lentasimon ilonlar Tinch va Hind okeani suvlarida ham, Atlantika okeanida ham uchramaydi. Dengiz ilonlari unchalik xavfli emas, lekin aytganimizdek, ular juda zaharlidir. Gap shundaki, ular faqatgina baliq va boshoyoqli mollyuskalar bilan va bitta turi baliq ikrasi bilan oziqlanadi. Baliqlar va boshqa sovuqqonlilar sutemizuvchilar va qushlarga nisbatan ilon zahriga anchagina chidamli hisoblanadi. Demak, suviloni zahrining quruqlikdagilarga qaraganda kuchli bo‘lishining sabablaridan biri uning yemish oziqasi turi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Zaharning tirik organizmga ta’siri kobra zahari singari neyrotoksik xususiyatga ega.

Quruqlikka ular hech qachon chiqaolmaydi, toshbaqalar singari tuxum qo‘yaolmaydi, binobarin, suvda tirik bola tug‘adi. Lentasimon ilonlarning qorin qismida tangachalari bo‘lmaydi, demak, ular quruqlikda boshqalar singari o‘rmalay olmaydi, suvdan tashqarida ular chaqish qobilyatiga ega emas, ko‘zlari ko‘rmaydi, binobarin, baliq ovlovchilar to‘rga tushgan ilonlarni bemalol qo‘llari bilan ushlab suvga tashlaydilar, ba’zan bitta ov to‘riga 100 donaga yaqin ilon tushadi. Shunga qaramasdan ilon dastidan ko‘ngilsiz hodisalar tez-tez uchrab turadi. Masalan, Tailand qirg‘oqlarida joylashgan barcha qishloqlarda suv iloni zaharidan jabrlanmagan bironta qishloq topilmaydi. Ba’zi joylarda, masalan, Xaynanda ilon ovqatga ishlatiladi, qiyma holiga keltirib, kolbasa tayyorlanadi. Ryukyu orollarida yashovchilar ana shunday mahsulotni Yaponiyaga eksport qiladi.

Dengizda doimiy yashaydigan ilonlar terisida parazitlar bo‘lib, ulardan ozod bo‘lish uchun ilon gavdasini kulcha holiga keltirib terisini ishqalaydi. Bu parazitlar – mo‘ylovoyoqli qisqichbaqalar bo‘lib, ilonni suzish tezligini pasaytiradi hamda ular mayda baliqlarni o‘ziga jalb qiladi va shunday qilib ilonni dushmandan yashiradi.

Dengiz ilonlari anchagina chuqurlikka ham tushishi mumkin, u yerda marjonlar orasida suzib, kallasi bilan baliq inlarini turtib chiqadi. Ana shu maqsad uchun ba’zi ilon formalari gavdasining oldingi qismi atigi qalam yo‘g‘onligida, orqa qismi esa qo‘l yo‘g‘onligida bo‘ladi. Ilonning dumi ham qattiq, u marjonlarni o‘rab olishi, hatto o‘ljani ham dumi yordamida ushlashi mumkin. Suv ostida suzishi bo‘yicha ilonlar rekordi 10-12 soatga teng, odatda esa ular 0,5 dan 1,5 soatgacha suv ostida bo‘ladi.

Dengiz ilonlari og‘iz bo‘shlig‘idagi shilliq parda, kloaka, teri kapillyarlari orqali gaz almashtirish qobilyatiga ega, ular burun orqali nafas oladi, suzish paytida esa ichkariga suv kirmasligi va qimmatbaho kislorodni tejash maqsadida u teshiklar teri tiqinlari bilan yopiladi. Ilonning tana tangachalari biri ikkinchisini ustiga chiqmagan, balki suvning qarshiligini osongina yengishga moslashgan.

Chuchuk suvda yashaydigan dengiz ilonlari ham bor. Lusan orolining janubidagi Taame ko‘lida eshkak dumli lesan yashaydi. Mazkur ilonning ba’zi turlari, masalan, eshkak dumli yo‘l-yo‘l ilon quruqlikka chiqish qobilyatiga ega.

Burinli qora ilon (Vipera ammodytes). Tor arealli, kamyob endemik ilon. Tabiat va tabiiy resurslarni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining (TMXI) Qizil kitobiga kiritilgan, uzunligi 40-70 sm, urg‘ochisi erkagiga qaraganda kattaroq. Tumshug‘ining uchida 3-5 mm uzunlikda orqaga qayrilgan pixi bor, rangi to‘q sariq yoki kulrang, yelkasi bo‘ylab uzun qora chiziqlar o‘tgan. Qorin tomonida sarg‘ish rangda mayda-mayda nuqtalar bor.

Armaniston va Gruziya tizma tog‘larida tarqalgan, asosan tog‘ aralash o‘rmonlarda, butalar orasida, tog‘ qoyalarida yashaydi, quyoshli issiq kunlarda butalarning shoxlarida ko‘rish mumkin. Asosan kemiruvchilar, mayda qushlar va ba’zan kaltakesaklar bilan oziqlanadi. Avgust-sentyabr oylarida 8–12 ta bola tug‘adi.

Bu ilonning zahari bolalar uchun xavfli, zaharning kuchi haqida qarama-qarshi fikrlar mavjud. Bir marta zahar solganda sichqon 8-10 daqiqadan so‘ng halok bo‘ladi, itni chaqqanda zaharlanish alomatlari 15 daqiqadan so‘ng boshlanadi, 6 soatdan keyin esa kattagina shish paydo bo‘ladi. Zahardan o‘ta kuchli ta’sirlanish bo‘yicha birinchi o‘rinda sichqonlar, so‘ngra kalamushlar va qushlar turadi.

Zahar tarkibidagi fermentlardan fosfolipaza A2, oksidaza Laminokislota, proteinazalar, arginin efirlarining esterazalari, kininoginaza, NUF, serin proteinazalarining ingibitirlari (tripsinning ikkita,ximotripsining bitta ingibitiri) mavjud. Zahar neyrotoksik, gemorragik, kordiotoksik va gemolitik ta’sir ko‘rsatadi.

Turli xil ma’lumolarga ko‘ra zaharning kuchi sichqon venasiga yuborganda (LD50) 0,37-0,8 mg/kg. Fosfolipaza aktivligiga ega bo‘lgan va nerv-muskul impulsini bo‘g‘ib qo‘yadigan fraksiyaning zaharlash quvvati sichqon tomiriga yuborganda (LD50) 0,021 mg/kg. Zaharning tarkibi o‘rganilmagan.

Kavkaz qora iloni (Vipera kaznakovi). Son jihatidan kamayib borayotgan emdimik tur, TMXI Qizil kitobiga kirgan, bo‘yi 60 sm dan oshmaydi, boshi enli, boshi tanasidan keskin ajralib turadi rangi yaltiroq, tim qora rangdan limon rangigacha o‘zgarib turadi. Yelkasidan orqa tomoniga qarab qora rangli egri-bugri yo‘lak o‘tadi, ba’zan ular alohida dog‘larga ajralgan bo‘ladi.

G‘arbiy Kavkaz ortida tarqalgan, Kura daryosining o‘rta oqimigacha, janub tomonda Adjariyagacha kirib boradi. Asosan tog‘ o‘rmonzorlarida, Alp o‘tloqlarida, dengiz sathidan 2500 metr balandlikda uchraydi, shuningdek, bu ilonni Qora dengiz qirg‘oqlarida ham uchratish mumkin. Mazkur ilonning umumiy soni bir necha o‘n ming boshdan iborat. Tuxumdan tirik tug‘adi, avgust-sentyabr oylarida bolalaydi. Asosan sichqonsimon kemiruvchilar bilan oziqlanadi.

Mazkur ilon chaqishidan halok bo‘lgan uy hayvonlari va odamlar haqida ma’lumotlar juda kam, sababi zahari yaxshi o‘rganilmagan.

6.6. ORQA JO‘YAKTISHLI ILONLAR

Suvilonsimonlar (Colubridae) oilasiga taalluqli ilonlar orasida odam uchun xavfli turlari yo‘q darajada, buning sababi, bu ilonlarning zaharli apparatining o‘ziga xos tuzilishi bilan bog‘liq, ya’ni ilonning zaharli tishi ilon og‘zining ichkari tomonida joylashgan. Shunga qaramasdan ba’zi bir ilon turlarida duver deb atalgan so‘lak bezidan chiqayotgan suyuqlik shubhasiz toksik xossaga ega, uning yordamida ilon o‘z o‘ljasini halok qiladi. Odamlarni chaqishi kishilarning ehtiyotsizligi tufayligina yuz beradi. Ammo aytish kerakki, ilonning chaqishidan nemis gerpetologi Mertenis halok bo‘lgan. Bunday holatni to‘g‘ridan to‘g‘ri ilon so‘lagi ta’siri bilan bog‘lash to‘g‘ri bo‘lmasa kerak, ehtimol ilon tishlagan joydagi jarohatga patogen mikroblar tushib, organizmning umumiy zaharlanishi yuz bergan bo‘lsa kerak.

Yo‘lbars ilon (Rhabdophis tigrina). Uzoq Sharq va unga chegaradosh mamlakatlarda uchraydi uzunligi 110 sm, ko‘rinishi turli ranglarga bo‘yalganligi iloning nomidan ham ko‘rinib turibdi. Namgarchiligi yuqori bo‘lgan yerlarda, o‘rmon va dashtlik joylarda yashaydi. Sentyabr oyining boshida nasl beradi. Baqa, qurbaqa va ba’zan baliqlar bilan oziqlanadi. Xavf-xatar tug‘ilganda ilon gavdasini oldingi qismini g‘oz ko‘tarib pishshilaydi va dushmanga hamla qiladi. Ilon bo‘ynining ustida joylashgan teri osti bezidan yemiruvchi suyuqlik ajralib chiqadi va dushman ilonni tezgina tark etadi. Bezdan chiqadigan suyuqlik tarkibida poligidroqsillangan steroidlar topilgan, u strukturasi bo‘yicha baqa zaharidagi kordiotonik bufodienolidlarga o‘xshab ketadi.

50 yoshlar chamasidagi erkak kishini yo‘lbas ilon chaqqani haqida klinik kuzatishlar olib borilgan. Zaharlanish jarayoni jarohatdan qon oqish bilan davom etgan, trombositopeniya, protrombin vaqtini cho‘zilishi bilan gipofibrinogeneya holati kuzatilgan.

Duvernua bezidan olingan ekstraktning toksik kuchi sichqon qon tomiriga yuborilganda (LD50) 5,3 mg/20 g, qorin bo‘shlig‘iga yuborilgan 147 mg/20 g, teri ostiga yuborilganda 184 mg/320 g’ zahar yuborilgan joyda va ichki a’zolarda qon quyiladi. Zaharni 1:320000 nisbatda eritilganda protrombinni faollashtiradi.

Har xil rangli chipor ilon (Coluber ravergieri). Bo‘yi 130 sm, usti to‘q kulrang yoki bo‘z jigarrangda, yelkasida to‘q rangli dog‘lari ba’zan egri-bugri yo‘laklarga aylangan. Qorin tomoni oqish kulrang, yoki mayda dog‘lardan iborat pushtirang. Kavkaz, Qozog‘iston va O‘rta Osiyo respublikalarida tarqalgan. Bog‘, poliz va uzumzorlarda uchratish mumkin, ba’zan xonadonlarga ham kirib boradi. Mayda umurtqalilar bilan oziqlanadi, yirik o‘ljalarini zahar solib nimjon qilgach yutadi, sentyabr oyida ko‘payadi.

Odam yoki yirik hayvonga duch kelib qolsa, o‘zini qattiq himoyalaydi, hamla qilib tishlab olishi ham mumkin, bunda keskin og‘riq boshlanadi, 20-30 daqiqadan so‘ng shish paydo bo‘ladi va oyoqlarga tarqaladi, badan terisi ko‘kara boshlaydi, bosh aylanadi, limfatik tomirlarda og‘riq paydo bo‘ladi, og‘riq ikkinchi oyoqqa ham o‘tadi, natijada oyoqlar harakati ham cheklanib qoladi. 2-3 kundan so‘ng og‘riqlar kamayadi va shishlar qayta boshlaydi.

Har xil rangli chipor ilon so‘lagini forezga qo‘yganda har xil tezlikda va turli yo‘nalishda harakat qiladigan fraksiyalar qayd etildi, duver, jag‘ bezlarida hamda yuqori va quyi lab bezlarida ham bir necha komponentlar bo‘lib, katod va anod tomonga harakat qiladi, miqdor jixatidan ular bir-biriga yaqin. Yuqori va quyi lab bezlari tarkibi bo‘yicha o‘xshash bo‘lib, har birida to‘rttadan o‘rta tezlikda harakat qiladigan anod komponentlari mavjud.

Mazkur ilon nafaqat so‘lagining zaharliligi bilan, balki qonining ham ba’zi xossalari bilan zaharli ilonlarga birmuncha yaqin turadi. Immunnodifuziya va immunnoelektroforezda mazkur ilon zardobi antizardoblar bilan reaksiyaga kirishib, yoysimon cho‘kma chiziqlar hosil qiladi.

Mushuk ilon (Telescopus fallax). Bo‘yi uncha katta emas, uzunligi 70 sm, tanasining ustida to‘q kulrang, yirik qora rangli yo‘laklar mavjud. Ozarbayjon, Naxichevan hamda Dog‘istonda, qurg‘oqchil toshloq yerlarda yashaydi, ko‘pincha qamish bilan yopilgan tomlar orasida ham uchraydi. Kaltakesak, qush tuxumi va bolalarini mohirlik bilan daraxtda o‘rmalab ovlaydi. Xavfli vaziyat yuzaga kelganda tanasining orqa qismini bir joyga to‘plab, oldingi qismini goz ko‘taradi va dushman tomonga hezlanadi va yashin tezligida odamga tashlanadi. O‘ljasiga halqa solib bo‘g‘ib o‘ldiradi, zahari bilan mayda hayvonlarni shol qilib qo‘yadi. A.Shugurovaning ma’lumotiga qaraganda mushuk ilon eng chiroyli, yovvosh, xotirjam ilonlardan biri bo‘lib, odamga hamla qilmaydi, tashlanmaydi, aksincha ilonni qo‘rqmasdan bemalol qo‘lga olish mumkin. T.Musxelshvili ham ushbu fikrni tasdiqlayli. Ana shu muallifning yozishicha (1970), mazkur ilon o‘ta aktiv, chaqqon, jahldor bo‘lib, uni tutish jarayonida tayoqni tishlab sarg‘ish rangli zahar to‘kadi, hamda muallifning barmog‘ini tishlab olgan, ammo hech qanday zaharlanish alomatlari qayd etilmagan, ya’ni ilon zaharli tishini ishga solaolmagan.

Oddiy kaltakesak ilon (Malpolon monspessulanus). Yirik ilon, bo‘yi 170 sm gacha, gavdasi sarg‘ish zaytun rangda, tanasi bo‘ylab uzun chiziqlari bor. Qorni odatdagidek sidirg‘a oqish-sarg‘ish. Kavkazortida tarqalgan. Qurg‘oqchil yerlarda toshlar orasida yashaydi, mayda kemiruvchilar, kaltakesak va ilonlar bilan, shuningdek, zaharli cho‘l qora ilonnii tutib yeyishdan ham qaytmaydi, ov paytida o‘zining zaharli tishlari bilan o‘ljani shol qilib qo‘yadi.

Zaharning tarkibida fosfodiesteraza, kislotali va ishqorli fosfotazalar, fosfolipaza A2, kazeinaza fermentlari mavjud. Mayda kemiruvchilar hamda kaltakesaklarni tishlaganda bir necha daqiqalar o‘taro‘tmasdan ular halok bo‘ladi. To‘satdan ilonni ustidan chiqib qolsangiz nihoyatda aktiv ravishda o‘zini himoya qiladi. Odamga sapchiydi, va tishlab olsa, organizmda zaharlanish alomatlari kuzatiladi.

Hind boyga iloni (Boiga trigonatum). Uzunligi 1 metrgacha, tashqi ko‘rinishidan och sariq, kulrang yoki sariq-zaytun rangda. Elkasi bo‘ylab tor va qisqa yo‘laklari bor. Kallasi qora, qorin tomoni oqish rangda, dog‘lari yo‘q. Shri-Lanka, Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston, Sharqiy Eron va O‘rta Osiyoda – Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikistonning janubiy rayonlarida tarqalgan. O‘zbekistonda faqat Surxondryoning Qorasuv, Uchqizil suv ombori va Termiz atroflarida yashaydi, tunda faol hayot kechiradi.

Zaharining shol qilib qo‘yish xususiyati neyrotoksinlarning mavjudligiga bog‘liq bo‘lsa kerak. Masalan, boygalar urug‘ining boshqa bir turi – Boiga blandingi zaharidan neyrotoksik fraksiya ajratib olingan, uning M 8000, 10 mkg/ml nisbatda nerv muskul uzatishlarini postsinaptik holatda bo‘g‘ib qo‘yadi.

O‘q ilon (Psammophis lineolatus). Tanasining uzunligi 90 sm gacha, dumi 28 sm, gavdasi singari dumi ham ingichka, shuning uchun ham gavdasini dumidan ajratish qiyin. Ko‘z qorachig‘i dumaloq, tanasi sarg‘ich yoki och kulrang. Ustida yonboshidan dumigacha cho‘zilgan yo‘l-yo‘l qoramtir yoki qora chiziqlar bor. Ba’zan gavdasida hech qanday shakl bo‘lmaydi, qorni oq rangda mayda dog‘lar bilan qoplangan.

O‘zbekistonning barcha pasttekisliklarida, asosan qum va loy-tuproq dashtlarda yashaydi, juda epchil, tezkor ilon, bir pastda ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Ilonning zaharli tishi og‘zining ichkarisida, jag‘ining oxirida joylashgan. Shu sababli, ilon odamga zahar sola olmaydi. Oq sichqonlar esa uning zaharidan tez halok bo‘ladi. O‘q ilon xavfxatarni sezganda balandlikdan 2-3 metr pastlikka sakraydi. Bu ilon nafaqat chaqqon va epchil, balki merganligi bilan ham ajralib turadi. Bir kitobda hikoya qilinishicha, otda ketayotgan ovchi, sigareta chekib olish uchun bir lahzaga otini to‘xtatadi, shunda kutilmagan hodisa yuz beradi, yerda turgan o‘q ilon da’fatan sakrab ovchining ko‘rsatgich barmog‘iga og‘iz soladi, bir necha bor qo‘lini silkitgach ilon pastga tushib ketadi, ovchi bo‘lsa alamidan ilonni otmoqchi bo‘lib, elkasidan miltig‘ini olib pastga engashib ulgurmadi ham, haligi ilon ikkinchi marta sakrab, ovchini yana aynan o‘sha barmog‘ini tishlaydi. Bu gal ilon astoydil og‘iz solgan ekan, qo‘lini siltagani foyda bermadi, shunda ovchi ikkinchi qo‘li bilan ilonni kallasidan ushlab orqaga tortgan edi ilon uzunasiga ikkiga ajralib ketdi. Shunday qilib, mergan, chaqqon jahldor ilon jon taslim qildi.

Ilondan ajratib olingan so‘lak (duverna) bezini ochib, uning ichidagi suyuqlikni forezga qo‘yganda 3 ta anod fraksiya borligi ma’lum bo‘ldi. So‘lak bezi qiymasini sentrofugadan o‘tkazib, filtratdan olingan namuna forezda 5 ta fraksiya bergan bo‘lsa, xromotografiya qog‘ozida olingan namunada fraksiyalar soni atiga 4 ta edi. Filtratdan sichqon terisi ostiga yuborilganda u bir necha soatdan so‘ng halok bo‘ldi. Organizmning zaharlanish belgilari xuddi qora ilonlar zahariga monand edi.

VII BOB. EKOLOGIYA VA EVOLYUTSIYA

Hozirgi zamon biologiyasining uctivor g‘oyalari asosan zoolog va mikrobiologlar ishlarining natijalaridir.

R.Medovar

Ekologiya tirik organizmlarning o‘zaro va yashash muhiti bilan munosabatlari to‘g‘risidagi fandir. Ekologiya ayrim individlarning rivojlanishi, ko‘payishi yashashini, populyatsiyalarning va jamoalarning tarkibi hamda o‘zgarishlarini yashash muhitiga bog‘liq holda o‘rganadi. Ekologiya fanining o‘rganish predmeti tiriklikning har xil tuzulish darajalari, populyatsiya, tur, biosenoz, biosfera darajalaridir.

Ekologiya fanining asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi: a) har xil organizm guruhlarining atrof-muhit omillari bilan munosabatlari qonunlarini o‘rganish; b) organizmlarning yashash muhitiga ta’sirini aniqlash; d) biologik resurslardan oqilona foydalanish, odam faoliyati ta’sirida tabiat o‘zgarishlarini oldindan ko‘rabilish, tabiatda kechayotgan jarayonlarni boshqarish yo‘llarini o‘rganish; e) zararkunandalarga qarshi kurashish usullarini yaratish, va nihoyat, sanoat korxonalarida chiqindisiz texnologiyani ishlab chiqish va joriy etish.

Evolyutsiya tirik mavjudodlarning tarixiy rivojlanishidir. Evolyutsiya tirik jonzotlarning tashqi muhitga progressiv moslashish jarayonida yuz bergan va yuz bermoqda. Yashash muhitining o‘zgarishi organizmlarning evolyutsion qayta o‘zgarish darajasini va shaklini belgilaydi.

Ba’zan fanda shunday bo‘laliki, ma’lum sohada yaratilgan konsepsiya fanning boshqa sohasida ishlatilibgina qolmasdan, balki o‘sha sohaning maxsus yo‘nalishlarini yechishda zarur bo‘lib qoladi. XX asrning boshida mumtoz genetika bilan xuddi shunday hodisa yuz berdi. Genetik bilimlarning evolyutsion ta’limot sohasiga kirib borishi tufayli Ch.Darvin evolyutsion ta’limotining shu paytgacha aniq bo‘lmagan tomonlarini tushuntirib berdi. O‘sha asrning o‘rtalariga kelib ekologiya bilan ham xuddi shunday bo‘ldi. Ekologik dunyoqarashlarning tarqalishi biologik bilimlarni ekologizatsiya qilishga olib keldi. Bugungi kunda bu ekologizatsiya biologiya fanlari doirasidan chiqib, nafaqat tabiiy, balki boshqa fanlarni ham qamrab olmoqda.

Gap shundaki, evolyutsion jarayonlarning yo‘nalishi va uning natijasi nafaqat populyatsiyaning genetik o‘ziga xosligi, ayni vaqtning o‘zida o‘sha jonivorlarning yashash tarzi, ya’ni ekologiyasining o‘ziga xosligi bilan ham belgilanadi. Uzoq yillar davomida zaharli ilonlar bilan olib borilgan ilmiy izlanishlarimiz bunga yaqqol misol bo‘ladi.

Turni populyatsiya shaklida bo‘lishini biz endi yaxshi bilamiz. Demak, turning hayot tarzini yaxshi o‘rganish uning populyatsiyasi hayotini o‘rganish demakdir. Tabiiyki, populyatsiyani tashkil etgan hayvonlarni o‘rganmasdan turib populyatsiyani o‘rganish mumkin emas.

Bundan bir necha o‘n yil ilgari turning hayot tarzini o‘rganish ekolog ishining yakuni hisoblanar edi. Hozir esa u tadqiqotlarning birinchi tayyorgarlik bosqichi tugaganligini bildiradi. Populyatsiyalar ekologiyasi ekologiyaning o‘ta muhim bir qismi, ya’ni uning asosiy mazmunini tashkil etadi.

Ekologiyaning so‘nggi vazifasi, maqsadi tabiatni tushunib olishdan iborat. Alohida individlarni o‘rganishdan populyatsiyani o‘rganishga o‘tish bilan biz bu borada oldinga qarab o‘ta muhim, ammo birinchi qadam qo‘yamiz. Tur populyatsiya shaklida yashaydi, demak, turning hayotini o‘rganish uning populyatsiyalarini o‘rganish bilan deyarli tugallanadi. Lekin, tabiatda turlar yakka holda yashamayli, ular uncha muncha biosenozlar tarkibiga kiradi. Turning hayotini bilib olish uchun uning biosenoz hayotida u qanday o‘rin egallashini bilib olish kerak. Tabiiyki, biosenozlarni o‘rganish ekologiyaning bosh vazifalari qatoridan chiqarib tashlanmasligi kerak.

Hozirgi ekologiya uch asosiy qismdan iborat. Alohida hayvonlar ekologiyasi, populyatsiyalar ekologiyasi va uyushma (biogeosenoz)lar ekologiyasi. Ekologiya va uning alohida qismlariga turli olimlar tomonidan har xil tarif berilsa-da, oqibat natijada ekologiya rivojlanishini inkor etib bo‘lmaydi. Tabiatni tushunib olish uchun alohida individlarni o‘rganish bilan chegaralanish yaramaydi, biologik integrasiyani organizmlar usti darajasidagi tizimini, populyatsiya va biogesenozni ham o‘rganish zarur. Boshqacha qilib aytganda, ekologiya – bu tabiat tizimi haqidagi fandir. Keksa ekolog Eltonning ta’rificha, ekologiya bu o‘zgartirilgan dunyoni yaratish nazariyasidir.

Har bir hayvon turi ma’lum muhitga moslashgan, o‘sha muhit bilan chambarchas munosabatda bo‘ladiki, bunday munosabatlar ayni turning sonini belgilaydi. Ekologiyaning vazifasi ana shunday munosabatlarni o‘rganishdan iboratdir. Ma’lum bir joyda yashayotgan barcha turlar bir-biriga moslashgan bo‘lib, tashqi muhit sharoiti o‘zgarganda, bunday o‘zaro moslashuvlar qaytadan shakllanishi kerak bo‘ladi, ya’ni moslashuv uzliksiz jarayon hisoblanadi.

Xo‘sh evolyutsiya nima va uni harakatga keltiradigan kuchlar nimalardan iborat? Evolyutsiya tirik jonzotlarning tarixiy rivojlanishi, ularning tashqi muhitga tobora moslashishi jarayonida yuzaga keladi. Yashash sharoitining o‘zgarishi organizmlarda yuz beradigan evolyutsion siljishlar darajasi va shaklini belgilab beradi. Inson faoliyati tufayli tabiat ilgarigi geologik davrlarga nisbatan jadallik bilan o‘zgarib bormoqda.

Shunga yarasha evolyutsion o‘zgarishlar xarakteri ham tezlik bilan ro‘y bermoqda. Masalan, mikroorganizmlarning zaharli moddalarga nisbatan chidamli shakllarining qisqa vaqt ichida paydo bo‘lishi, tirik organizmlarning inson faoliyatiga nisbatan sust munosabatda emasligidan darak beradi. Mikroorganizmlar inson ta’siriga faol ravishda moslasha boradi. Bunday moslashishlar xarakteri esa evolyutsion jarayonlarga yaxshigina misol bo‘la oladi. Shunday qilib, evolyutsiya bizning ko‘z o‘ngimizda yuz bermoqda, uning yo‘nalishi esa inson talabiga mos kelmayotir.

Atmosferada radioaktiv vaziyatning (fonning) oshib borishi shunchalik kamki, u organizmlarning fiziologik holatining o‘zgarishiga ta’sir eta olmaydi, lekin ularning o‘zgaruvchanlik xususiyatlarini oshirib boradi. Shunday qilib, evolyutsion qayta o‘zgarishlarning tez amalga oshishiga zamin yaratadi, bunday o‘zgarishlarning yo‘nalishi esa yana inson faoliyati tufayli tashqi muhitga kiritilgan o‘zgarishlar bilan belgilanadi. Ushbu o‘zgarishlar mutagen sifatida ta’sir etuvchi kimyoviy moddalar tufayli yuz berishiga shubhalanmasa ham bo‘ladi. Natijada inson o‘z faoliyati tufayli yangi sharoitga moslashgan jonivorlarga duch keladi. Ayrim organizmlarning zararkunandalik faoliyati zo‘rayib ketadi va ba’zan ularga qarshi kurashishning iloji bo‘lmay qoladi. Gap qishloq xo‘jaligi yoki o‘rmon xo‘jaligi zararkunandalari haqidagina emas, balki turli kasal qo‘zg‘atuvchi mikroblar haqida ketayotganini nazarga olsak, evolyutsiya qonunlarini o‘rganish birinchi darajali ahamiyat kasb etishi tushunarli bo‘lib qoladi. Bunda mazkur masalani o‘rganish xarakteri ham tubdan o‘zgaradi.

Demak, evolyutsiyani o‘rganishga yangicha yondashish kerak, ya’ni evolyutsiyaning o‘z maylicha yo‘nalishiga aralashish uslublarini, bunday jarayonni idora qilish usullarini ishlab chiqish darkor bo‘ladi. Ana shu fikrlar bo‘yicha xulosa qilsak, bayon etilgan masalalarni hal qilish uchun evolyutsion ta’limot bilan ekologiya g‘oyalarini sintez qilish kerak bo‘ladi.

Evolyutsiya yuqorida ta’kidlaganimizdek, bu oqibat natijada muhitga moslashish jarayoni, shuning uchun ham ekologiyani bilmay turib hayvonlarning biron formasi yoki guruhining o‘ziga xosligini bilish mumkin emas. Ammo bunday ta’rif hozirgi ekologlarni qanoatlantirmaydi. Ekologiya alohida jonivorlar bilan emas, balki ularning tabiiy guruhlari, ya’ni populyatsiyalar bilan qiziqadi. Populyatsiyaning atrof muhitga moslashish jarayoni ekologiyaning bosh vaifasi hisoblanadi. Lekin populyatsiya hozirgi evolyutsion ta’limotning markaziy tushunchasi bo‘lib qoldi, chunki populyatsiyaning genetik tizimini qayta o‘zgarishi evolyutsiyaning birinchi qadami, oddiy evolyutsion hodisa hisoblanadi. Demak, ekologiya bilan evolyutsion ta’limot maqsadlari bir nuqtada kesishdi. Evolyutsion nazariya yutuqlarini ekologiya bilan sintez qilmay turib, uni tasavur qilish qiyin, chunki hozirgi zamon olimlarining fikricha, ana shunday sintez evolyutsion ekologiyaning mohiyatini tashkil etadi.

Populyatsiyaning yangi sharoitga moslashish jarayonida uning ekologik tizimi maqsadga muvofiq ravishda o‘zgaradi. Bunday o‘zgarishlar tabiiy tanlanishning ta’sir etish xarakterini, shuningdek, populyatsiya genafondining o‘zgarish yo‘llarini belgilaydi. Demak, populyatsiyaning ekologik tizimi bilan genetik tarkibi orasidagi o‘zgarishlar bog‘liqligini o‘rganadigan fan tarmog‘iga evolyutsion ekologiya deyiladi. Shunday qilib, populyatsiyaning genetik tarkibida yuz beradigan orqaga qaytmas o‘zgarishlar oddiy evolyutsion voqea, evolyutsion jarayonning birinchi qadami hisoblanadi.

Ma’lumki, Darvin nazariyasining mohiyati tabiiy tanlanish ta’limotidan iborat. Har qanday tur ichida, ayrim jonivorlar orasida ayni sharoitga yaxshi va yomon moslashganlari bo‘ladi, birinchisi ko‘proq nasl qoldiradi, binobarin, ota-ona nasl belgilarini saqlab qoladi. Nasldan-naslga qadamba-qadam o‘taverib, kenja turning umumiy ko‘rinishi o‘zgarib boradi. Kenja turlar orasidagi tafovutlar shu darajaga yetadiki, bunday farqlarni mustaqil turga xos belgilar deb qarash mumkin bo‘ladi. Ana shunday qilib, tur ichidagi kenja turlardan biri yangi turga aylanadi.

Ba’zi bir biologlar Darvin ta’limoti haqida so‘z yuritib, tabiiy tanlanishning roli faqatgina nazorat qilishdan iborat, ya’ni tabiiy tanlanish qaysi bir vujudlar halok bo‘lishi va qaysi birlari nasl qoldirishi kerakliginigina hal qiladi deb uqtiradilar. Yuzaki qaraganda, bunday fikr to‘g‘ridek ko‘rinadi, lekin tabiatda yuz berayotgan hodisalar mohiyatiga jiddiy e’tibor berilsa, uning haqiqatdan yiroq ekanligi bilinib qoladi. Har bir bo‘lajak avlodning o‘rtacha tarkibi ota-onaning juft bo‘lish tizimiga bog‘liqdir. Tabiiy tanlanish, avlodlardagi unchalik moslashmagan variantlarni qirib tashlaydi, natijada juftlashadigan hayvonlar tizimini birmuncha o‘zgartiradi va shunday qilib u ijodiy omilga, bundan keyingi nasllarni yuzaga keltiradigan, ya’ni bo‘lajak ota-onalarni tanlash omiliga aylanadi.

Shunday qilib, Darvin nazariyasi bo‘yicha tabiiy tanlanishning ta’sir kuchi, ya’ni uning natijasi ba’zi jonivorlarning nisbatan afzalligini belgilashdangina iborat bo‘lmasdan, balki ularning uyushmasi xususiyatiga qarab ham belgilanadi. Hozirgi ta’bir bilan aytganda, tabiiy tanlanishning bir me’yorda yo‘nalishi, uning natijasi, asosan populyatsiyaning xususiyatlari bilan belgilanadi. Darvinizmning bu xulosasi hozirgi zamon genetika fanini rivojlanishida o‘zining o‘ta kuchli ifodasini topdi. Shu narsa aniqlandiki, hayvon fenotipini shakllanishida genning ta’sir kuchi uning shaxsiy xususiyatlari bilangina emas, balki u yashab turgan muhit bilan, ya’ni barcha genlar yig‘indisi (genom) bilan belgilanadi. Har qanday organizm genomining xususiyati hayvonlar uyushmasi umumiy genafondi bilan belgilanadi. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, genning xususiyati ham oqibat natijada populyatsiyaning genafondi bilan belgilanadi. Yagona xulosa shuki, populyatsiya genafondi o‘zgarishini oddiy evolyutsion voqea deb hisoblash kerak. Hozirgi evolyutsion ta’limot bu xulosani shunday tariflaydi: oddiy evolyutsion hodisa populyatsiya genetik tizimini qayta o‘zgarishidan iborat. Tabiiy tanlanishning yuz berish tezligi, ta’sir kuchi va natijasi populyatsiyaning genetik tarkibiga, uning katta-kichikligigagina bog‘liq bo‘lib qolmasdan, xuddi shu darajada uning ekologik tizimiga ham bog‘liqdir.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации