282 000 книг, 71 000 авторов


Электронная библиотека » Я. Давлатов » » онлайн чтение - страница 10

Читать книгу "Заҳарли газандалар"


  • Текст добавлен: 28 апреля 2024, 15:00


Текущая страница: 10 (всего у книги 18 страниц)

Шрифт:
- 100% +

Serpentariyada mayda ilonlar odatda sichqon va uning bolalari bilan oziqlanadi. Ilonlar yangi tug‘ilgan jish sichqon bolasidan ko‘ra kattaroq sichqonni hush ko‘rar ekan, chunki tabiatda ilonlar kamdankam holatda sichqon bolasi bilan oziqlanadi. Oq sichqonlar orasida ba’zan jigarrang mutant forma sichqonlar uchrab qoladi, ilonlar birinchi navbatda ana shu qoramtir rangdagi sichqonlarni tutib yeydi. Demak, ilonlar odatdagi jonivorlar bilan oziqlanishni hush ko‘rar ekan, bu esa ularning tabiatdagi hayot tarziga mos keladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, ilonlarni tutqinlikda saqlash va ularning umrini uzaytirishga ta’sir etadigan asosiy omillardan biri tabiatda va tutqinlikda ilon ozuqasining o‘xshash bo‘lishi. Bunda o‘zining flora va faunasi bilan xarakterlanadigan biotopik tafovutlar asosiy ahamiyatga ega, ikkinchi tomondan, ilon yoshiga va yilning fasliga qarab ozuqa turini o‘zgarib turishi ham katta ahamiyatga ega.

Populyatsiyalar orasidagi qonuniy tafovutlarni mushohada qilish bizni shunday xulosaga olib keldiki, zahar tarkibida yuz beradigan o‘zgaruvchanlik hodisasini tushuntirishda yangicha yondoshish zarur bo‘lib qoldi. Bizning fikrimizcha, ilon zahri tarkibi va xossalarining o‘zgarishi, umuman turning yashash sharoiti bilan emas, balki populyatsiyaning yashash muhiti bilan belgilanar ekan.

Ilon chaqishidan tirik organizmlarning halok bo‘lishi zahar tarkibidagi toksik moddalar – neyrotoksin, kardiotoksin va gemmorragenlarning ayrim hayotiy muhim organlar tizimi faoliyatini ishdan chiqazishi natijasidir.

Toksinlardan tashqari ilon zahrida katta miqdorda turli-tuman fermentlar mavjud. Fermentlarning biologik funksiyasi oxirigacha aniqlanmagan, biroq eksperimentlarning ko‘rsatishicha, ba’zi bir fermentlar zaharli ta’sir etmasa-da, toksinlarga yordam beruvchi omilga aylanadi, ya’ni toksin kuchini jadallashtiradi. Zahardagi bir qator fermentlar sutemizuvchilar so‘lagi singari ozuqaning hazm bo‘lishini tezlashtiradi, buning sababi shundaki, aslida zaharli bez so‘lak bezini uzoq evolyutsion taraqqiyoti tufayli yuzaga kelgan va rivojlangan, birinchi bo‘lib jo‘yaktishlilar va so‘ngra quvir tishlilar paydo bo‘lgan.

Ilon zahridagi fermentlar ikkita guruhga bo’linadi: birinchisiga fosfolipaza A va B, proteazalar, fosfoesterazalar, xolinesterazalar, gialuronidazalar, ikkinchi guruhga oksidaza L – aminokislota hamda katalaza fermenti kiradi.

Zahar tarkibidagi fermentlarni o‘rganishga bag‘ishlangan tajribalar adabiyotda juda ko‘p. Fermentlarning ko‘pchiligi zaharli bo‘lmasa-da, ba’zilari ma’lum konsentratsiyada organizmning ayrim tizimi funksiyasini o‘zgartirishi mumkin. Masalan, ko‘pchilik olimlar fosfolipaza A fermentini toksik ta’sirini tan olsalar, ba’zilar uni inkor etishadi. Ba’zi olimlar qora ilonlar zahrida gemorragik va gemokogulyatsiya xossalarini namoyon bo‘lishida proteaza fermentlarining ahamiyatiga urg‘u berishadi.

Hozirgi tushunchaga ko‘ra ba’zi bir fermentlar to‘g‘ridan to‘g‘ri toksik ta’sir ko‘rsatmasdan, yordamchi omil sifatida ta’sir qiladi, ya’ni zaharning toksik ta’sirini kuchaytiradi. Ba’zi bir fermentlar amilaza singari ozuqaning xazm bo‘lishini tezlashtiradi.

Ba’zi bir fermentlar populyatsiyalar darajasida ham bir-biridan farq qilar ekan. Turli rayondan tutilgan ilon zahrining eritrotsitlarni eritish qobilyati ham har xil. Masalan, Qizil arvat ilonlari gemolitik aktivligi bo‘yicha Kushka va Taxtabozorda yashaydigan kobralarga qaraganda qariyib 3 barobar kuchli ekan. Qora-qala ilonlari bo‘lsa o‘rtacha erituvchanlik qobilyatiga ega, taxmin qilish mumkinki, kobra zaharidagi gemolizin ilonni yangi muhitga moslashuvida ma’lum rol o‘ynasa kerak, shuning uchun ham ular geografik nuqtai nazardan bir biridan farq qiladi. ATF-aza va 5-nukleotidaza haqida bunday deyaolmaymiz. Zahardagi barcha fermentlar aktivligi yoz faslida yuqori bo‘ladi, sentyabrga kelib keskin pasayadi, oktyabrga kelib umuman pasayib ketadi. Ko‘lvor iloni zaharida ATF-aza va 5-nukleotidaza fermentlarida populyatsion tafovutlar qayd etilmadi. G‘arb bo‘sh iloni zahari namunalarini solishtirganda proteaza o‘ta aktivligini namoyon etdi,bunday tafovutlar tog‘li biotoplarda Chanachsoy (Farg‘ona viloyati) va Parkent tumanlarida kuzatildi. Otardan (Qozog‘iston) tutilgan ilonlar zahri yuqoridagilarga yaqin ma’lumotlarni ko‘rsatdi.

Ma’lumki, zahar tarkibidan toza modda ajratib olish o‘ta murrakkab jarayon hisoblanadi, chunki zahar tarkibidagi fraksiyalar bir-biri bilan bog‘langan holda bo‘ladi. Ilon zahrini alohida komponentlarga ajratishda olimlar turli ish uslublaridan va har xil moddalardan, jumladan, cho‘ktirish usulini qo‘llashda, natriy va ammoniy sulfat tuzlaridan spirt, aseton kabilardan foydalanadilar. Keyinchalik elektroforez va xromotografiyaning turli-tuman modifikatsiyalari joriy etildi. Shuningdek, har xil sefadekslardan foydalanib, preparativ elektroforez yordamida zahardan tozalangan ham sof holda aktiv komponentlar olishga erishildi.

O‘rta Osiyoda tarqalgan kobra ilonining zahari unchalik ishqoriy reaksiyaga ega bo‘lmaganligi sababli, elektroforezda barcha oqsil komponentlari faqat katod tomonga qarab harakat qiladi. Ta’kidlaganimizdek, kobra zaharining elektr maydonida harakati va fraksiyalarning aniqligi ko‘pincha ilonning qanday haroratda sog‘ilganligiga ham bog‘liq, eng optimal sharoit 28-30 darajali harorat hisoblanadi. Hozirgina ilondan olingan zaharni elektrofarezga qo‘yganda 8 ta oqsil fraksiyasi borligi aniqlandi. Eng harakatchan 7-8 fraksiyalar zaharning 75 foizini tashkil etadi, qolgan fraksiyalarning miqdori o‘zaro bir-biriga juda yaqin. Kobra urug‘iga tegishli boshqa ilonlardan ham shunga o‘xshash yoki yaqin ma’lumotlar olingan.

Ilonxonada turli muddatlarda (1, 6, 9 yil) yashagan ilonlarning zaharini elektroforezda solishtirilganda hech qanday farq ko‘zga tashlanmadi, shuningdek, jinsiy tafovutlar ham qayd etilmadi.

Kobra zaharida tur ichidagi o‘zgaruvchanlik geografik nuqtai nazardan qaraganda O‘zbekiston va Turkmaniston populyatsiyalarini solishtirganda ana shunday farq yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bunda Murg‘ob iloni zahrida qo‘shimcha komponentlarning paydo bo‘lishi diqqatga sazovordir. Bunday populyatsiyalararo farqlar ularning ekologiyasi, aniqrog‘i biotopining o‘ziga xosligi bilan belgilanadi.

Ko‘lvor ilonining Turkiston va Nurota tizmalarida yashaydigan populyatsiyalari dastavval barcha fraksiyalarida oqsil miqdorining turlicha ekanligi bilan ajralib turadi. Turkmaniston populyatsiyasi esa qo‘shimcha 2 ta katod hamda bitta anod fraksiyalarining mavjudligi bilan ajralib turadi. Cho‘l qora iloni populyatsiyalari o‘zaro deyali o‘xshash natija ko‘rsatadi. Brest, Pskov va Xarkov ilonlari zahari forezga qo‘yilganda birinchi va ikkinchi viloyat vakillari bir-biriga yaqin masofada bo‘lsa-da, aynan o‘xshash emas. Xarkov populyatsiyasi esa fraksiyalarni soni va miqdori bilan keskin farq qiladi.

Turli rayonlardan ushlangan charh ilon zaharining fizikaviy-kimyoviy xossalari bir-biriga o‘xshash. Hatto geografik jahatidan bir-biridan uzoqda yashaydigan hamda alohidalangan populyatsiyalar zahari ham bir xil natija ko‘rsatadi.

G‘arb bo‘sh iloni zaharining asosiy qismini anod va katod tomonga harakat qiladigan komponentlar tashkil etadi, ana shu ikkita fraksiya mazkur kenja turning xarakterli belgisi hisoblanadi. Otar, Farg‘ona (Chanachsoy) va Parkentda yashaydigan ilonlar zahari komponentlarining miqdori va elektr maydonida migratsiyasi bilan o‘zaro farq qiladi. Ta’kidlash kerakki, populyatsiyalararo tafovutlar ko‘pincha ilon rangi bilan korrelativ bog‘liq bo‘ladi. Bunday holat tog‘ va tog‘ etagida yashaydigan ilonlarda aniq ko‘zga tashlanadi, ya’ni populyatsiyalar ichida o‘zgaruvchanlik kuzatiladi. Aftidan bunday polimorfizim ham organizm, ham to‘qima oqsili darajasida yuz beradi.

Toksik komponentlar haqida gap ketganda shuni hisobga olish kerakki, haqiqiy toksinlar deb neyrotrop ta’sir etadigan moddalarga aytiladi, zahardagi boshqa barcha aktiv komponentlar yordamchi omil sifatida tan olinadi.

5.4. ILON ZAHRI VA QONI IMMUNOLOGIYASI

Immunitet haqida gap ketganda odatda ikkita atamani: antigenlar va antitelalar atamasini qo‘llamasdan iloj yo‘q. Antigenlar organizmga kirganda yoki kiritilganda antitela hosil qiladigan oqsil modda bo‘lib, immunitetning rivojlanishiga sharoit yaratadi Antitelalar – immunitet hosil qiluvchi oqsil tabiatli birikmalar, organizmda antigenlar ta’sirida paydo bo‘ladi.

Hozirgi kunda taksonomiyaning ba’zi bir masalalarini aniqlashda immunologiya metodlaridan foydalanilmoqda. Ma’lumki, immunologik munosabatlar bir-biridan yiroq bo‘lgan taksonomik guruhlarni filogenetik qarindoshlik darajasini aniqlashda qo‘l keladi. Hayvon turlarining immunologik klassifikatsiyasi shunga asoslanganki, yaqin turlarning antigenlari o‘zaro qushilib ketadigan reaksiya ko‘rsatadi, turlar o‘zaro uzoqlashgan sari bunday reaksiya kuchsizlanadi va yo‘qolib ketadi.

Ma’lumki, yaqin qarindosh ilonlar zahari bir-biriga o‘xshash antigen tarkibiga ega. Bunday fikr ba’zi bir turlar uchun eksperimentda ilon chaqqan odamlarni polivalent zardob bilan davolashda o‘z tasdig‘ini topdi. Resepitatsiya reaksiya hosil bo‘lishi uchun o‘zaro reaksiyaga kirishuvchi moddalar miqdori ma’lum nisbatda bo‘lmog‘i kerak.

Bizning tajribalarimizda antigyurza, antikobra, antiefa va polivalent antizardoblarining qarindoshlik darajasi aniqlandi. Ikki tomonlama diffuziya va immunoelektroforez natijalariga ko‘ra barcha antizardoblarga nisbatan o‘ziga xos yoysimon cho‘kmalar hosil bo‘ladi

Antigen (ilon zahri) – antitela (antizardob) reaksiyasi ana shu ikkita moddani, ya’ni antigen bilan antitelaning o‘zaro reaksiyaga kirishishiga asoslangan. Antitelalar odatda qon zardobining –globulin fraksiyasida uchraydigan oqsil bo‘lib uni odatdagi gamaglabulinlardan kimyoviy usul bilan ajratib olish mumkin emas. Suyuqlikda antitelalarni faqatgina gomologik antigen yordamida aniqlash mumkin. Demak, gomologik antigen bo‘lmagan taqdirda eritmada tegishli antitela borligini bilib bo‘lmaydi.

Agar-agar eritmasida Ouxterloni metodi bo’yicha presepitatsiya reaksiyasi yordamida olingan ma’lumotlar quyidagi 3-jadvalda keltirilgan. Shunga o‘xshash ma’lumotlar boshqa mualliflar tomonidan ham olingan.


3-jadval

Zahar va antizaharlar immunodiffuziyasi


Ko‘p sonli tajribalardan so‘ng Grasset shunday xulosaga keladi: barcha ilonlarning zahari umumiy antigen markaziga ega, lekin guruhlarning o‘ziga xosligi hamma vaqt ilonlarning klassifikatsiyasiga to‘g‘ri kelavermaydi, guruhlar ichida zaharlar ikkinchi darajali antigen fraksiyalar bo‘yicha turli nisbatlarda bir-biridan farq qiladi. Bitta zaharning antizardobi qisman bo‘lsa-da, o‘sha guruhdagi ilon zaharini neytrallaydi, lekin ikkinchi darajali komponentlariga zaharning ta’siri umumiy bo‘ladi.

Antigen va antitela reaksiyasi orasidagi yanada nozik farqlarni topishda immunoelektroforez metodi qo‘l keldi. Ko‘p komponentli murakkab strukturalarni o‘rganishda mazkur ish usuli maqsadga muvofiq keldi. Immunoelektroforez natijalariga ko‘ra eng ko‘p miqdorda yoysimon cho‘kmalar ko‘lvor ilon antigeniga nisbatan hosil bo‘ladi. Qorailonsimonlarning boshqa vakillari ijobiy reaksiya bersada, ularda yoysimon cho‘kmalar soni unchalik ko‘p emas hamda unchalik ravshan namoyon bo‘lmaydi. Shuningdek, ular yoysimon cho‘kmalarning soni, shakli va o‘lchami bilan ham farqlanadi. Cho‘l qora iloni va shoxli qorailon zaharining farqiga kelganda uni genotip bilan bog‘liq ekanligini taxmin qilish mumkin. Ana shunday evolyutsion qayta o‘zgarishlar ilon zahriga ta’sir etmasdan iloji yo‘q. Oddiy qora ilon bilan Radee qorailoniga kelganda ularning zahari ko‘proq bo‘z ilon zahariga yaqin turadi, shunga qaramasdan bu ilonlarning ekologiyasida va biotop tanlashi bo‘yicha hech qanday o‘xshashlik kuzatilmaydi. Aftidan ularning zahari orasidagi qayd qilingan tafovutlar va o‘xshashliklar ilonlarning ekologiyasi bilangina emas, balki biologiyasining o‘ziga xosligi bilan izohlanadi.

Immunoelektroforezda kobra zahariga qarshi antitela sifatida antikobra ishlatildi. Immunoforegrammada 10 ta yoysimon cho‘kma qayd qilindi. Qorailonlardan farqli o‘laroq kobrada yoylar soni kam, ularning shakli ham o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Shunga qaramasdan antikobraning o‘z zaharini neytrallash qobiliyati qora ilonlarga qaraganda ancha past va sichqonlar uchun 4 mg/kg (LD50)ga teng.

Kobra zaharining, xususan uning zaharli komponenti neyrotoksinning antigen xususiyatining past bo‘lishini uning molekula og‘irligining uncha katta emasligi bilan izohlaydilar, binobarin, unga qarshi yuqori titrga ega bo‘lgan antilela olish qiyin bo‘lsa kerak. Shu munosabat bilan taxmin qilish mumkinki, yoysimon cho‘kmalarni hosil bo‘lishida neyrotoksindan bo‘lak komponentlar ham ishtirok etsa kerak, shunday bo‘lmaganda edi antikobraning zaharini neytrallash qobilyati bilan immunoelektroforez natijalarini tushintirish qiyin bo‘lardi.

N.naja atra zaharidan kristall holda ajratib olingan kobratoksinga qarshi maxsus antizardob olindi. Immunodiffuziyada ana shu antizardob kobratoksin va toza zaharga qarshi yagona yoysimon cho‘kma berdi. Kobraning toza zahariga qarshi olingan zardob esa o‘sha zaharga qarshi bir necha cho‘kma chiziqlar hosil qildi. Ma’lum bo‘lishicha, V.xantina palestinae zaharining 10 mg/kg (LD50) dozasini ot qonidan olingan antisivorotka bartaraf etaolmadi, ya’ni sichqonning hayotini saqlab qola olmadi.

Uzoq Sharqda tarqalgan bo‘sh ilon zahri O‘rta Osiyodagi boshqa zaharli ilonlardan o‘zining fizikaviy-kimiyoviy xossalari bilan keskin farq qiladi, immunologik xossalari bilan O‘zbekistonda tarqalgan qarindoshiga yaqin turadi. Taxmin qilish mumkinki, mazkur ilonlar hamda ko‘lvor ilon zahrida to‘rtta immunologik komponentlar mavjud bo‘lsa kerak.

Bo‘sh ilonning A.saxatillis turi boshqa zaharli ilonlardan hattoki o‘zining eng yaqin qarindoshlaridan shunchalik farq qiladiki, bunday keskin tafovutlarni tur, hattoki urug‘ darajasidagi farqlarga tenglashtirish mumkin.

Odamni qaysi bir ilon turi chaqqanligini aniqlash maqsadida agar gelida diffuziya metodi bilan chinqiroq ilon chaqqan 10 bemor qoni tekshirib ko‘rildi (2 oydan so‘ng, uch oydan so‘ng). Bironta holatda ham yoysimon cho‘kma hosil bo‘lmadi, ya’ni antigen bilan antitela o‘rtasida reaksiya kuzatilmadi. Bizning ilonxonada ham ilon chaqqan xodimlarning qoni tekshirilganda ana shunday natija olindi. Buning sababi bemor taniga yetarli miqdorda antigen tushmasligi bilan bog‘liq. Chunki amaliyotda antizardob olish uchun hayvonni 20-24 kun davomida immunizatsiya qilinadi, ya’ni oshirib borish tartibida zahar yuboriladi. Demak, ilon chaqqan odamda zaharga qarshi immunitet hosil bo‘ladi degan tushuncha asossiz ekan.

Ilon qoni zardobi. Ilon qonini o‘rganish turli taksonomik guruhlar orasidagi qarindoshlik munosabatlarini aniqlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. Ikkinchi tomondan, qon sivorotkasi komponentlari nisbatining o‘zgarib turishini nazorat qilish, ayrim individlarning fiziologik holatini aniqlashda foydali bo‘lishi mumkin. Xususan, ilonlarni tutqinlikda saqlaganda uning ahamiyati yanada ortadi. Shuningdek, qon zardobi oqsillari ilon zahrini neytrallashtiruvchi hamda eritrotsitlarni eritib yuboruvchi modda sifatida diqqatga sazovordir.

Quyidagi ilonlarning qon zardobi elektroforez usuli bilan tarkibiy qisimlarga ajratildi: Naja oxiana, Yipera lebetina, Yipera ursini, Yipera berus, Echis carinatus, Agkistradon halys, Agkistradon blomhoffi. Ilonlarining qon zardobining fizikaviy-kimyoviy xarakteristikasi quyidagi 4-jadvalda ko‘rsatilgan.


4-jadval

Immunoelektroforez ma’lumotlari


Shuni ta’kidlash kerakki, barcha zaharsiz ilonlar zardobi komponentlari zaharli ilonlardan farqli o‘laroq, tarkibidagi oqsil miqdorining ko‘pligi, elektr maydonida fraksiyalarning alohidalanganligi bilan ajralib turadi. Shunga o‘xshash natijalar Natrix tessellata va Coluberlar urug‘iga tegishli oltita tur ilonda qayd etilgan.

Zaharli va zaharsiz ilonlar orasidagi ana shunday tafovutlar ularning zardobi sifatiga ta’sir etmasdan iloji yo‘q, binobarin, elektroforez metodi bilan olingan ma’lumotlardan ilonlar klassifikatsiyasini tuzishda qo‘shimcha mezon sifatida foydalanish mumkin.

Ma’lumki, har bir turga tegishli hayvonlarning qon oqsillari bajaradigan funksiyalari bir xil bo‘lgan takdirda ham immunologik o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Biz quyida ilon zahri antizardob va ilon qoni zardobi haqida ma’lumot keltiramiz.

Immunnoelektroforezga ko‘ra, O‘rta Osiyoda tarqalgan barcha ilonlar qon zardobi antigyurza bilan reaksiyaga kirishadi, aniqroq qilib aytganda ilon qoni zardobining ba’zi komponentlari, antigyurza bilan birikadi, ya’ni cho‘kmaga tushadi. Bunday birikmalarning tabiati va funksiyasi hozircha o‘rganilmagan. Ilon zahri bilan uning qoni zardobi munosabatlariga kelganda immunoelektroforezda hech qanday yoysimon cho‘kma hosil bo‘lmadi, ya’ni ular reaksiyaga kirishmaydi. Shunga o‘xshash ma’lumotlar boshqa mualliflar tomonidan ham keltirilgan. Bunday natijalarni qonuniy holat deb qaramoq kerak, chunki bunday reaksiyaning yuz berishi xastalangan organizmdagina ro‘y berishi mumkin.

Barcha ilon turi zardobi immunologik jihatidan ilonlarning qarindoshlik darajasini tasdiqlamaydi, ya’ni ilonlar shajarasiga mos kelmaydi. Masalan, ko‘lvor ilon, charh ilon va oddiy qora ilon turli ekologik muhitda yashasa-da, foregrammalarda o‘xshashliklar yetarli darajada ko‘zga tashlanmaydi, binobarin, qon zardobini immunologik xususiyati yashash muhiti bilangina emas, balki ilonning biologik o‘ziga xosligi bilan, ya’ni turning shakllanish davridagi ekologik muhit bilan belgilanadi.

Olingan natijalardan shu narsa aniq bo‘ldiki, ilon qoni zardobida antiyad tarkibidagi oqsillarga o‘xshash immunologik komplementar moddalar mavjud ekan. Ilon qoni zardobi va zahari orasida immunologik bog‘liqlik kuzatilmadi.

V.lebetina, Naja oxiana qoni zardobi sichqonlarga toksik ta’sir etadi, ammo, ikkala modda orasida immunologik bog‘liqlik kuzatilmaydi. Yo‘l-yo‘l ilon (Elaphe quadrividae) zardobi, odam, ho‘kiz, ot, echki, quyon, dengiz cho‘chqasi, uy parrandalari eritrotsitlarini eritib yuboradi.

Crotalus adamanteus iloni sivorotkasi sichqonni o‘ldiradigan miqdordagi (LD50) shu ilon zaharini neytrallaydi. Qizig‘i shundaki, zardobning neytrallash xususiyati odatdagidek immunoglobulin fraksiyalari ishtiroki bilan emas, balki qonning albumin qismi ta’siri bilan amalga oshar ekan. Shunga qaramasdan zardob ham, uning albumin fraksiyasi ham immunnoforezda yoysimon cho‘kma bermaydi. Demak, ilon qonining o‘z zaharini neytrallash mexanizmi o‘zgacha yo‘l bilan amalga oshsa kerak.

5.5. RADIOAKTIV ZAHAR XOSSALARI

Nishonli atomlarning ilon tanida taqsimlanishi ilon zahri va uning ayrim komponentlar ta’sir etish mexanizimini aniqlashda, shuningdek, nurlanish kasalligida ilon zahridan protektor (himoyalovchi modda) sifatida foydalanishda hamda nishonli atomlarni hayvon organizmida taqsimlanishini o‘rganish tibbiyot amaliyoti nuqtai-nazaridan katta ahamiyatga ega. Ikkinchi tomondan, ayrim a’zolarda nishonli atomlar to‘planib qolishi ham qiziq, bunda o‘sha a’zoning nurlanishga qanchalik bardosh berishligini aniqlash mumkin. Ilon zahrini nurlanish kasalida qo‘llash imkoniyatini hisobga olsak, o‘rganilayotgan masala yanada dolzarb bo‘ladi.

Mahalliy gerpetofaunaga bag‘ishlangan ilmiy ishlar orasida hammasi bo‘lib bir necha maqolalar ilondan radioaktiv zahar olishga bagishlangan. Biroq tadqiqotchilar yetarli darajada radioaktiv zahar olishga erisha olmadilar. Buning sababi o‘sha davrdagi izotoplarning kuchsizligi bilan izohlansa, ikkinchi tomondan radiometrik apparatlarning sezuvchanlik darajasi ham ancha past bo‘lgan. Natijada yetarli darajada aniq va ishonchli ma’lumotlar to‘plashga imkon bo‘lmagan. Buning ustiga tajriba uchun mo‘ljallangan hayvonlar turi va soni cheklangan bo‘lgan.

Ilondan radioaktiv zahar olish maqsadida tirozin C14 va tritiy H3 izotoplari ishlatildi. Tajriba uchun O‘rta Osiyo, Qozog‘iston, Kavkaz orti hamda Rossiya hududlarida tarqalgan, hammasi bo‘lib 6 ta turga taalluqli ilonlardan foydalandik. Bular kobra, ko‘lvor ilon, charh ilon, g‘arb bo‘sh iloni, sharq bo‘sh iloni, cho‘l qorailoni va oddiy qorailon. Tajribada har bir ilon turidan 2–4 bosh ilon qatnashdi. Tajriba uchun ajratilgan ilonlarga 5–6 kungacha yemish berilmadi. Ilonlarga ikki xil usulda izotop yuborildi; radioaktiv aminokislota ilonni teri ostiga, aynan shunday izotopdan sichqonga ham ukol qilindi-da, tezgina ochiqqan ilonga berildi. Ilonga yuboriladigan radioaminokislota miqdori ilonni vazniga ko‘ra har xil hajmda bo‘ldi. Har 20 kunda ilondan zahar olindi va unda radioaktivlik impulsi Geyger hisoblagichida o‘lchab borildi. 1 mg zaharda radioaminokislotalarning miqdori imp/min aniqlandi. Biz olgan nishonli zaharimiz yuqori daraja radioaktivlikka ega bo‘lib, farmakologlar uchun ham ahamiyatlidir. 5 va 6-jadvallarda C14 tirozin va C14 xlorella oqsili gidrolizatining ilon ichki a’zolari bo‘yicha taqsimlanishi haqida ma’lumotlar keltirilgan. Ilonlarni o‘ziga kelsak, ular izotopga nisbatan turlicha munosabatda bo‘ldilar. Kobra boshqa ilonlardan farqli o‘laroq nurlanishga nisbatan ancha chidamli bo‘lib, 3 hafta davomida kobraning xulq atvorida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmadi, uning aktivligi me’yorida edi, faqat to‘rtinchi haftadan boshlab uning xulq atvorida kasallik belgilari namoyon bo‘ldi, oziqlanishdan bosh tortdi, shunga qaramasdan kobra 13 mlkyuri izotop olgach, ikki oydan ziyodroq yashadi. Boshqa tur ilonlar 2–3 mlkyuri miqdorida radioaminakislota olgach, 18–25 kundan so‘ng halok bo‘lishdi.


5-jadval

Ilon ichki a’zolarida C14 izotopini aniqlash


Olingan ilmiy xulosalar ilonlarni tutqunlikda turli muddat yashashi bilan ham tasdiqlanadi. Kobra ekologiya nuqtai nazaridan anchagina mayin tur hisoblanadi, u elektr tokidan ham unchalik ta’sirlanmaydi, tutqunlikda yemish turining o‘zgarishini ham osonlik bilan yengadi. Ma’lumki, qish faslida kobralarni qurbaqa bilan ta’minlashning iloji yo‘q, demak, ularni boshqa yemish turi, odatda oq sichqon bilan almashtiramiz. Boshqa ilonlarda ozuqa turining o‘zgarishi qiyinchilik bilan kechadi va ba’zan hayot-mamot masalasiga, ya’ni ilonning yashash muddatini cheklab qo‘yadigan omilga aylanadi.


6-jadval

1 mg zaharda radio-aminokislota miqdori imp/min


Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar shunday xulosaga olib keldiki, kobraning ana shunday nishonli atomlarga chidamliligi ilonning tur sifatida biologik o‘ziga xosligi bilan bog‘liq ekan. Ya’ni kobraning ajdodlari yashagan ekologik muhitda tabiiy radiatsiya yuqori bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Keltirilgan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, nishonli atomlar asosan o‘t pufagida, miyada, zaharli bezda, buyrakda va oshqozon osti bezida, ya’ni modda almashuvi kuchli kechadigan a’zolarda to‘planadi. Bir qator a’zolarda nishonli atomlarning taqsimlanishi deyarli o‘xshash bo‘ladi, masalan, me’da, jigar, yurak, qizilo‘ngach, o‘pka shular jumlasidandir.

Ikki xil (qo‘sh) nishonli atomlar H3 va C14 larni qo‘llaganda ham yuqori radioaktivlikka ega bo‘lgan zahar olish mumkin, bunday zahar ilon chaqqan odamlarni ichki a’zolarini zaharlanish darajasini belgilashda, shuningdek, zaharning ta’sir mexanizmini aniqlashga yordam beradi.

C14 kobra, C14 ko‘lvor ilon va C14 cho‘l qora ilon zaharining hayvon organizmida tarqalishi. Ilon zahrining ta’sir etish mexanizmini aniqlash nishonli atomlarning hayvon tanida taqsimlanishi hamda ularning hujayra ichiga va uning arganoidlariga kirishi va nihoyat zaharning biokimyoviy jarayonlarning yo‘nalishiga ta’sirini o‘rganish katta ahamiyatga ega.

Ilon zahrining hujayra ichiga kirish qobilyati va uning a’zo hamda mikrotizimlar bo‘ylab taqsimlanishi, oksidli fosforlanish, oqsil va nuklein kislotalarning biosintezi kabi muhim biokimyoviy jarayonlarga ta’siri bilan bog‘liq ekan. Tajribalarda kobraning C14 zaharining sichqon a’zolari bo‘ylab taqsimlanishidan shu narsa ayon bo‘ldiki, zahar yuborgandan 15 daqiqa o‘tgach u barcha a’zolarga tarqaladi, 60 va 120 daqiqadan so‘ng eng ko‘p miqdorda to‘planadi. Qonda, buyrak usti bezlarda, yurakda va bosh miyada nishonli atomlarning miqdori kam bo‘ladi. Buyrakda, qora taloqda, ichak va jigarda ko‘pchilik hollarda radioaktivlik eng yuqori bo‘ladi. Zaharning hujayra ichiga kirishi jigar va qorataloq to‘qimalarida taqsimlanishida kattagina tafovud mavjud. Qorataloq hujayralariga qaraganda jigar hujayralarida nishonli atomlarning miqdori ikki barobar ko‘p bo‘ladi.

Cho‘l qora iloni C14 zaharining hayvon ichki a’zolari bo‘yicha taqsimlanishi, ya’ni 700 mkg/kg yuborilganda zaharning barcha organlarda notekis taqsimlanishi kuzatiladi. Eng ko‘p miqdorda nishonli atomlar qorataloq, ichak, buyrak, jigar va miyada, eng kam miqdorda esa yurakda, qonda va buyrakusti bezlarida to‘planadi. A’zolarning ana shunday ketma-ket kelishi turli muddatlar davomida, ya’ni 30, 60 va 120 daqiqalarda ham saqlanib qoladi. Cho‘l qora iloni C14 zaharining hayvon organlarida to‘planishi kobraning zahariga qaraganda tezroq yuz beradi. Bunday tafovutning asosiy sababi aftidan kobra zaharida kichik molekulali oqsil va polipeptidlarning mavjudligi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.

Ko‘lvor iloni C14 zahari bilan olib borilgan tajribalarda ham yuqoridaga ma’lumotlarga o‘xshash natija olindi. Xulosa qilib aytish mumkinki, tajriba uchun ishlatilgan barcha ilon S14 zahari turli oila, urug‘ va har xil tur ilonlarga tegishli bo‘lishiga qaramasdan, olingan natijalarda umumiylik ko‘zga tashlanib turadi. Shu narsa ham aniqlandiki, o‘rganilgan barcha zahar turlari nafaqat to‘qima orqali balki qorin bo‘shlig‘idan ham qonga yaxshi so‘riladi. Barcha ilon turlari zaharining hayvon organizmida to‘planishi, tegishli to‘qima hujayralariga kirib olish qobilyati va u yerda hujayra tizimlari bilan ancha mustahkam birikma hosil qilishi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.

Radioaktiv zahar olish jarayonida boshqa ilonlardan farqli o‘laroq kobra ilonidan qo‘sh nishonli ya’ni C14 va H3 zaharini olishga erishildi. Mazkur zaharning radioaktivligi 6-jadvalda keltirilgan.

Ilonlar C14 zaharining hayvon hujayrasi mikrostrukturasi bo‘yicha taqsimlanishi. Hozirgi tushunchaga ko‘ra, ilon zahrining ta’siri ko‘pincha hujayralar darajasida ro‘y beradi. Ana shu nuqtai-nazardan radioaktiv zaharning hujayra mikrostrukturalari bo‘yicha taqsimlanishini o‘rganish katta ahamiyatga ega. Hayvonga yuborilgan radioaktiv zahar 15 daqiqadan so‘ng yadrolarda, mitaxondriyada va jigar mikrosomalarida, qora taloqda to‘planadi.

C14 zaharning organlarda ko‘p miqdorda to‘planishi 10–120 daqiqadan so‘ng yuz beradi. Ilon zahrining hujayra ichiga kirishi nuklein kislota va oqsil sintezi bilan ham tasdiqlanadi.

Hozirgi nuqtai nazarga ko‘ra ilon zahrining ta’siri ko‘pincha hujayralar darajasida ro‘y beradi. Ana shundan kelib chiqib radioaktiv zaharni hujayra organoidlari bo‘ylab tarqalishini o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Kalamushga nishonli zahar yuborilgandan 15 daqiqa o‘tgach uning hujayra yadrosida, mitaxondriyalarda va mikrosomalarda paydo bo‘lgani aniqlandi.

Eng ko‘p miqdorda nishonli atomlar yadro va mikrosomalarda, eng kam miqdorda jigar va qorataloq hujayralarida, mitaxondriyalarida to‘planadi. Zahardagi barcha nishonli aminokislotalarning miqdori yadro va mikrosomalarga qaraganda mitaxondriyada ikki barobar kam bo‘ladi.

Ilon zahrining hujayra ichiga kirishi haqida olimlar orasida yakdillik bo‘lmasa-da, aytish mumkinki, toza zahar kirmasa-da, uning alohida aktiv komponentlari ana shunday qobilyatga ega bo‘lishi mumkin. Kobra zaharidan ajratib olingan sitotoksin biologik va sun’iy fosforli membranalardan ionlarni o‘tishini kuchaytiradi. Shunga qaramasdan, ilon zahrining ta’siri zahar molekulalari orqalimi yoki zahardan hosil bo‘lgan moddalar ta’siridan amalga oshadimi, hozircha buni aytish qiyin.

Avtogrflar. Nishonli zaharlarning hayvon a’zolari va hujayra mikrotizimlari bo‘ylab taqsimlanishi, shuningdek, nishonli aminokislotani o‘sha ilon tanida tarqalishidan tashqari izotoplarni elektroforez fraksiyalari bo‘ylab taqsimlanishi ma’lum ahamiyat kasb etadi. Bunday tadqiqotlar toksik fraksiyalar bilan nishonli atomlar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik mavjudligini aniqlash nuqtai nazaridan, ya’ni alohida fraksiyalarning zaharliligi bilan nishonli atomlarni to‘planishini aniqlash katta ahamiyatga ega.

Olingan ma’lumotlarni ilon turining biologik o‘ziga xosligi bilan ham nishonli atomlarning xususiyati bilan solishtirish mumkin.

Avtogrflarni olish uchun radio elektroforegrammani rentgen plyonkasi bilan birgalikda 10–12 kun davomida qorong‘u joyda saqladik.

Oqsil komponentlari miqdorini avtomatik mikrofotometr MФ–4 yordamida aniqladik. 7-jadvalda ilon qoni zardobi oqsil fraksiyalarining miqdoriy nisbatlari keltirilgan.

Olingan avtogrflarni radioforegramma bilan solishtirganda radionishonni barcha oqsil fraksiyalarda bir xilda taqsimlanganini ko‘rish mumkin. Barcha ilon turlaridan olingan nishonli zaharda izotopning fraksiyalar bo‘ylab taqsimlanishi ilon turiga, yoki radioaktiv C14 va H3 hamda ularning kombinatsiyasi bilan bog‘liq emasligi ayon bo‘ldi.

Rentgen plyonkada radio nishonning ko‘p yoki kamligi asosan fraksiyalarda oqsilning miqdoriga bog‘liq ekan. Biroq, barcha zahar turlarida, xususan kobra zaharida molekula og‘irligi uncha katta bo‘lmagan oqsil va polipeptidlar bizning tajribalarda ko‘zga tashlanmadi, aftidan forez jarayonida elektr maydonida tez harakatlanuvchi bunday moddalar bufer eritmasiga o‘tib ketishi mumkin.


7-jadval

Ilon qoni zardobi fraksiyalarining miqdoriy nisbati

Izoh: Suratda fraksiyalar vazni gramm hisobida, maxrajda foiz hisobida.


Alohida oqsil fraksiyalarning zaharliligi bilan izotopning to‘planishi orasida bog‘liqlik mavjudligini aniqlay olmadik. Ikkinchi tomondan radioaktiv zaharni kalamush ichki a’zolarida taqsimlanishi bilan ilon turining biologik o‘ziga xosligi ham aniqlanmadi. Demak, bunday tadqiqotlarni ilon populyatsiyalari darajasida olib borishga hojat ham qolmadi.

Tajribada ishtirok etgan barcha ilon turlarining nishonli atomlarga har xil munosabatda bo‘lishi va ularning turli muddatlarda nurlanish kasaliga chalinishini qanday omillar bilan izohlash mumkin. Umuman ilon turlarini radioaktiv nurga sezgirligini qanday omillar bilan tushintirish mumkin. Biologiya fani qonuniga ko‘ra muayyan tur vakillarining genetik konstruksiyasi qanchalik rang-barang bo‘lsa, turning o‘zgarib turadigan tashqi muhit sharoitiga moslashish darajasi shunchalik yengil ko‘chadi, u shunchalik tashqi muhit talablarini qiynalmasdan yengadi, ya’ni o‘sha yerga moslashadi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации