Электронная библиотека » Я. Давлатов » » онлайн чтение - страница 6

Текст книги "Заҳарли газандалар"


  • Текст добавлен: 28 апреля 2024, 15:00


Автор книги: Я. Давлатов


Жанр: Учебная литература, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 6 (всего у книги 18 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]

Шрифт:
- 100% +

Bu yerda kuzgi uyquga ketadigan yana bir baliq – eshvoy baliq haqida eslash o‘rinlidir. Bu baliqning uzunligi 15-20 sm bo‘lib, Dunay sohillarida yashaydi. Baliqcha yashab turgan havzada suv qurib qolsa, u balchiq tagiga kirib oladi da yangi suv kelgunga qadar qimirlamasdan yotadi. Ana shunday uyquda yotgan davrida u atmosfera havosidan og‘zi orqali nafas oladi. Suvda erigan kislorod miqdori kamayib qolguday bo‘lsa, baliqchaning ichaklari o‘z vazifasini bajarmay qo‘yadi, gap shundaki, ichak devorlari to‘r shaklida qalin qon tomirlari bilan koplangani sababli organizmda gaz almashuvi ichak orqali amalga oshadi. Mazkur baliqchaning yana bir qiziq xususiyati shundaki, u atmosfera bosmiga o‘ta sezgir munosabatda bo‘ladi, bosim o‘zgarganda baliq o‘ta bezovtalanib suv betiga chiqadi. Akvariumda yashaydigan baliqchalar esa bunday bosimdan bazan sakrab suvdan chiqib ketib qoladi.

Quloqqa g‘alati eshitilsa-da, quruq yerda harakat qilib yuradigan baliqlar ham bor. Xindiston, Birma va Filippin orollaridagi daryo sohillarida o‘rmalab yuradigan anabas degan baliq yashaydi. Tashqi ko‘rinishidan u olabug‘aga o‘xshaydi. Bo‘yi 29 sm gacha bo‘ladi. Qurg‘oqchilik mavsumi boshlangach, ular uyquga ketadi, yog‘ingarchilik mavsumi boshlangancha ular loyga ko‘milib yotadi.

Erta tongda yoki tunda anabas oyqulog‘idagi mayda tishchalari va o‘tkir tig‘li suzgich qanotlari yordamida yerga qadalib quruqlik bo‘ylab yuzlab metrcha masofani bosib o‘tadi, hattoki egilib qolgan daraxt ustida ham o‘rmalaydi. Malois tilida anabas degan ibora daraxtda o‘rmalovchi degan ma’noni anglatadi. Nam yerlarda ham baliq bir necha kun yashashi mumkin. Nafas olish uchun baliq oyqulog‘i yonida joylashgan labirint moslamadan foydalanadi, egri-bugri labirintdan o‘tayotgan havo tarkibidagi kislorod baliq qoniga o‘tadi.

Hind va Tinch okeanlarining tropik suvlarida, Afrika va Osiyo qirg‘oqlarida loy-balchiqda sakrab yuruvchi baliq yashaydi, u hayotining asosiy qismini quruqlikda o‘tkazadi. O‘ta yirik qanotlari va bo‘rtib chiqqan qizil ko‘zlari, uni o‘ta jozibali qilib ko‘rsatadi. 20-25 santimetr uzunlikdagi baliqning yashash joylari mangra daraxtzorlari bo‘lib, bu yerda ular engashib qolgan daraxtlar ustida soatlab yuradi, hatto bir shoxdan ikkinchi shoxga sakrab o‘tadi. Baliqni ovlash uchun daraxt ostiga oq matodan dasturxon tortib daraxt silkitiladi.

Tuxumdan endigina yorug‘ dunyoga chiqqan baliq lichinkasi atmosfera havosi bilan nafas ololmaydi. Kattalariga qaraganda yosh baliqchalarga ko‘proq kislorod kerak bo‘ladi, shunday ekan kislorodi kam bo‘lgan havzalarda baliqchalar qanday nafas oladi? Buni qarangki, kattalarga g‘amxo‘rlik qilgan tabiat yosh baliqlarni ham hayotga moslashtiradi. Ba’zi bir lichinkalar butun teri yuzasi bilan nafas olarkan, boshqa bir lichinkalarda qon tomirlari yaxshi rivojlangan, yana boshqa bir baliq lichinkalarida tashqi nafas olish a’zolari paydo bo‘ladi, baliqcha voyaga yetgan sari bunday a’zolar o‘z vazifasini yo‘qotaboradi.

Ilonbaliq barcha loyqa suvli havzalarda yashaydi, u oyqulog‘i, teri yuzasi va ichagi yordamida nafas oladi. Havza qurib qolsa u uyquga ketadi, binobarin baliqning kislorodga bo‘lgan talabi kamayadi. Qattiq qurg‘oqchilikda baliq balchiq orasiga kirib yotadi.

Ilonbosh degan yirtqich baliq mayda suv havzalarida yashaydi. Yoz faslida bunday suvlarda kislorod kam bo‘ladi, bunday holat ilonboshni tashvishga solmaydi. Baliq oyqulog‘ining tepasida qon tomirlariga boy chuqurcha bor. Baliq nafas olishga qiynalsa, og‘zi bilan havo olib uni ana shu chuqurchaga haydaydi, bu yerda qonni kislorodga to‘yinish jarayoni yuz beradi.

Bakteriyalar ham baliq uchun xavflidir, ular ko‘p xil kasalliklarni chaqiradi, yaxshi hamki baliqlarda uning davosi bor. Baliq terisi ustidagi yopishqoq modda antibiotik xususiyatiga ega bo‘lib, ko‘pchilik bakteriyalarga qiron keltiradi.

Ba’zan o‘ta yirik akulaga jajji baliqcha ham xavfli bo‘lishi mumkin. Janubiy Amerika qirg‘oqlarida amadon makuratus degan baliqcha yashayli. Uni akula yutib yuborganidan so‘ng u baliqcha o‘zining o‘tkir burni bilan akulaning oshqozonini, so‘ngra yon biqinini parmalab teshgach, erkinlikka chiqadi, yirtqich akula esa halok bo‘ladi.

Unchalik katta bo‘lmagan gambuziya balig‘i kishilar hurmatini qozongan. Uning vatani shimoliy va markaziy Amerika suvliklari. 1925-yili bezgak kasaliga qarshi kurashish maqsadida N.P.Rexadze ismli kishi mazkur baliqni Kavkazga olib kelgan. Bu baliqcha anofilis pashshasining lichinkasiga qiron keltirib, kavkazda bezgak kasaliga barham berdi. Keyinchalik gambuziya baliqchasi shu maqsad uchun O‘rta Osiyoga keltirildi. Doktor Rexadzening katta xizmatlarini inobatga olib, Suxumidagi o‘lka muzeyida yodgorlik o‘rnatilgan. Uning yonida esa baliq keltirilgan bidon idish saqlanadi. Axir mazkur baliqcha qanchadan– qancha odamlarning hayotini saqlab qolgan.

Qadimda odamlar toshbaqalarni ovlashda ba’zi bir baliqlardan foydalanganlar, masalan, remora degan baliqning kallasida so‘rg‘ich a’zosi bo‘lib u har xil narsalarga, masalan, kema ostiga yopishib hayot kechiradi, kemadan tushgan oziq-ovqat qoldiqlari bilan oziqlanadi. Dengizga ovga chiqqan baliqchilar o‘zlari bilan ana shu baliqni ham olib chiqadilar. Toshbaqa ko‘zga ko‘rinishi bilan baliqni dumiga ip bog‘lab uni suvga qo‘yib yuboradilar, remora zudlik bilan suzib toshbaqaga tashlanadi va unga yopishib oladi.

Elektrli baliqlar. Elektr toki ishlab chiqaradigan baliqlar orasida elektrli skat hamda ilonbaliq diqqatga sazavordir. Ularda elektr energiyasini to‘playdigan maxsus a’zolar bo‘ladi. U har qanday baliq va baqani halok qilishi mumkin. Lekin barcha baliqlar orasida Amerikaning tropik suvlarida uchraydigan elektrli ilonbaliq oldiga tushadigani bo‘lmasa kerak. Bu jonivorning tanasida sakkiz mingtacha alohida joylashgan plastinkalar bo‘lib, ularning har biriga orqa miyadan nerv tolalari kelib ulanadi. Fizika nuqtai-nazaridan qaraganda bunday moslama katta hajmdaga elektr quvvatini to‘playdigan o‘ziga xos tuzulmadan iborat. Ana shu elektr quvvatini baliq vaqti-vaqti bilan ishlatib turadi. Yirik ilonbaliqlarda bunday tok kuchi 800 V teng bo‘ladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra o‘n mingta ilonbaliq bir necha daqiqa davomida elektr poezdini harakatga keltiradigan tok berishi mumkin ekan. Bunday baliqning o‘zi 200-260 V tok kuchini sezmaydi.

Elektrli baliqlar orasida dengiz tubida hayot kechiradigan zvezdachyot balig‘ining ov qilish uslubi juda qiziq. Baliq dengiz tubida yotganida uning ko‘zi va ochiq og‘zi tepaga qaragan bo‘ladi. Zvezdachyot og‘zi tepasida baliq sharpasi ko‘rinishi bilan elektr qurolini ishga soladi va halok bo‘lgan o‘lja to‘pa-to‘g‘ri baliqning og‘ziga kelib tushadi.

Dengizda yashovchi minogalar yaqin atrofda hayvon sharpasini sezganlarida o‘zlaridan qisqa elektr impulsi tarqatadi, elektir tokidan iborat ana shunday har bir impuls minoga tanasining bir joyidan ikkinchi joyiga suv orqali o‘tadi. Ana shu elektr impulsi o‘zgarsa, demak kushanda borligi ayon bo‘ladi, shu zahoti minoga baliqqa tashlanib unga yopishib oladi-da, uning terisini teshib qonini so‘raboshlaydi.

O‘rta asrlarda rimliklar skat-torpeda balig‘ini akvariumda saqlashar va revmatizm xastaligini davolashda baliqning elektr zaryadidan foydalanishgan. Aytganimizdek, Janubiy va Markaziy Amerika suvlarida ugrlarning eng yirik turlari yashaydi. Baliqlar yashab turgan yerga yetib kelgan ugr o‘zidan elektr zaryadi tarqatadi. Elektr zaryadidan yaqin atrofdagi barcha jonzotlar halok bo‘ladi. Ugr bo‘lsa baliqlarning eng xushxo‘rlarini tanlab yeydi, shuning uchun ham ana shunday yirik ugrlar yashaydigan joylarda baliqlar deyarli uchramaydi. Ugrni go‘shti tansiq bo‘lgani uchun ham u ovlanadi. Ugrlarni ovlash oldidan suvga qarab qora mollar podasi haydaladi, so‘ngra ovchilar suvga kirib holsizlanib qolgan ugrlarni nayza yordamida tutadilar.

Janubiy Amerikaning Amazonka daryosi sohilida yashaydigan qabilalar daryoni kechib o‘tish uchun otlardan foydalanadilar, shu maqsadda daryoning ikki yon tomonida maxsus otlar saqlanadi. Qarshi qirg‘oqqa o‘tmoqchi bo‘lgan kishi otlardan birini suvga tushirib, uning ketidan o‘zi yuradi. Otning oyog‘iga elektr zaryadi bilan urgan baliq vaqtinchalik holdan toyadi, ot ketidan yurgan odam esa bemalol qarama-qarshi qirg‘oqqa o‘tib oladi.

Shifobaxsh akulalar. Akulalar (Selachomorpha) plastinkajabralilar kenja sanfining katta turkumi, skleti tog‘aydan iborat, og‘zi boshi ostiga ko‘ndalang joylashgan. Bu katta turkum vakillari 350 ga yaqin turni o‘z ichiga oladi. Akulalar katta-kichikligi va tashqi ko‘rinishi bilan bir-biridan farq qiladi. Jumladan bolg‘achabosh akula, tulkisimon akula, arratumshuq akula, chipor mushuksimon akula va boshqalar shu turkumning haqiqiy vakillari hisoblanadi. Ularning gavda uzunligi 20 santimetrdan 20 metrgacha, vazni 14-15 tonnagacha bo‘ladi. Akulalarning ikkita turi Toshkent hayvonot bog‘ida saqlanadi.

Akulaning erkaklarida ichki urug‘lanishga xizmat qiladigan a’zolari bor, boshining ikki yon tomonida esa 5-7 ta oyquloq teshiklari mavjud. Ba’zi bir turlari qattiq parda bilan o‘ralgan tuxum qo‘yib ko‘paysa, boshqalari tirik tug‘adi. Tuxumi ko‘rinishidan katta yaproqli suv o‘tiga monand bo‘ladi. Embrion rivojlanib bo‘lgach, uning tanida maxsus ferment hosil bo‘ladi va bu ferment embrion qobig‘ini eritib yuboradi va jajji akula ochiq suvga chiqib ketadi.

Akulaning go‘shti unchalik mazali bo‘lmasa-da, ovqatga ishlatiladi, jigari baliq moyi va darmondorilarga o‘ta boy, uning terisi juda pishiq bo‘lib, yog‘ochdan va temirdan tayyorlangan buyumlarni pardozlashda ishlatiladi, shuningdek, uning terisidan turli xil kiyimlar tikish mumkin. Akulaning umurtqa suyagidan o‘ta tansiq sho‘rva tayyorlanadi, xitoyliklar bunday taomni rasmiy ziyofatlarda dasturxonga tortadilar.

Akulaning ba’zi bir a’zolaridan tayyorlangan tibbiy preparatlar rak (saraton) kasali singari bedavo xastaliklarni davolashda qo‘l kelmoqda. Akulalarni har tomonlama sirli jonzot deb aytish mumkin, ular sayyoramizdagi o‘ta qadimiy hayvon turlaridan biri hisoblanadi. Olimlarning fikricha akulalarning bunchalik uzoq yashashining siri shundaki, ularning skleti to‘la ravishda tog‘aydan iborat bo‘lib, jonivorning tez harakat qilish va chidamlilik kabi xususiyatlar bilan ta’minlagan.

Har birimizni vahimaga soladigan akula tishlari toshga aylanganda indikator sifatida foydalanilgan. O‘rta asr kishilari ana shunday akula tishidan moddalarning tarkibida zahar bor-yo‘qligini aniqlaganlar. Akula yog‘ida baliq moyiga nisbatan 10 karra ziyod miqdorda A darmondorisi uchraydi.

Akula odamni hayratda qoldiradigan darajada sog‘lom baliq, hatto og‘ir yarador bo‘lganida ham yallig‘lanish, yuqumli kasalliklarga chalinmaydi yoki tez tuzalib ketadi. Akulaning immunitet tizimi har qanday virus va bakteriyalar hujumini bartaraf etadi. Akulaning o‘zini-o‘zi davolash qobiliyati uning tog‘ay to‘qimalarining o‘ziga xos xususiyatlari bilan izohlanadi. Qadimgi xitoyliklar akula tog‘ayidan sho‘rva tayyorlab, ko‘p xastaliklardan xalos bo‘lganlar, hozirgi kunda ham ana shunday ana’naga amal qilinadi.

1983-yili jahonshumil kashfiyot amalga oshirildi, rak kasalini davolash muammosiga yondashish tubdan o‘zgartirildi. Amerikali olim Robert Langer akula tog‘ayi tarkibida rak to‘qimasi rivojlanishini to‘xtatib qo‘yadigan modda – mukopolisaxarid borligini isbotladi. Hozircha akulaning ikkita turi – Meksika va Avstraliya suvlarida yashaydiganlarida ana shunday shifobaxsh modda topilgan. Akula tog‘ayi oshqazon yallig‘lanishini davvolashda, o‘nikki barmoqli ichak va gepatit kabilarni davolashda, arterial bosimni me’yorida ushlab turish, qon va limfatik tomirlarni davolashda ham yordam beradi.

15 million yil ilgari O‘zbekiston hududida ham akulalarning bir necha turlari yashagan. Toshkent viloyatiga qarashli Oqsoqota vohasida neogen davriga oid yer qatlamlaridan akulalarning tishlari topilgan. Bunday tishlar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya institutida hamda O‘zbekiston Milliy universiteti muzeylarida saqlanadi.

IV BOB. ZAHARLI AMFIBIYALAR (AMPHIBIA)

Suvda va quruqda yashovchilar yoki amfibiyalar sinfi umurtqalilar orasida turlar soni jahatidan eng kam miqdorni tashkil etadi, ular hammasi bo‘lib 4500 tur atrofida bo‘lib, uchta turkumga bo‘linadi: oyoqsizlar (Apoda), dumsizlar (Anura) va dumlilar (Urodela yoki Caudata), shulardan oxirgi ikkita turkumi vakillari zaharli hisoblanadi. Mamlakatimizda baqa va qurbaqa turlari yashaydi. Ta’kidlaganimizdek, amfibiyalar sinfiga shuningdek tritonlar va salamandralar kiradi. Baqalar, dog‘li salamandralar, qora va qizil qorinli jerlyanka va oddiy chesnochnisa zaharli hisoblanadi. Bu jonivorlarning o‘ziga xos tomoni shundaki, ularda chaqadigan, sanchadigan yoki tishlaydigan moslamalari bo‘lmaydi. Ularni himoya qiladigan birdan-bir vositasi qo‘lansa hidi hisoblanadi. Demak, amfibiyalarda zahar soluvchi aktiv a’zolari rivojlanmasdan turib ular yashash sharoitiga moslashganlar, ya’ni bunday chaquvchi apparatlarning paydo bo‘lishiga zarurat ham qolmagan.

Amfibiyalarning yana bir o‘ziga xos tomoni, ularning ham o‘pka, ham teri orqali nafas olishidir. Terisi ustida himoyalovchi qoplagichi yo‘q, bu esa qon tomirlarida erkin gaz almashishni ta’minlaydi. Gaz almashishni yaxshilashda baqa terisida ko‘p miqdorda shilliq modda ishlab chiqaradigan bezlar qo‘l keladi. Bundan tashqari baqa terisidan ishlab chiqarilgan zahar baqalarni dushmandan himoyalashda katta ahamiyatga ega, shuningdek, mazkur zahar baqani mikroorganizmlar xurujidan ham muhofaza etadi. Baqa zahari steroidli alkalloidlarga taalluqli bo‘lib, o‘lja organizmida fermentlar ta’siridan parchalanmasdan zaharli ta’sir ko‘rsatadi.

Cho‘l qurbaqasining zaharli xususiyati ko‘pchilikka ma’lum, uning tanasida juda ko‘p teri bezlari – so‘gallar mavjud bo‘lib, ular jonivorni ko‘z ortida, kurak tepasida, quloq oldida joylashgan, yashil baqada so‘gallarning bo‘yi 8-12 mm ga yetadi. Cho‘l qurbaqasining teri bezlaridan chiqayotgan zahar teri ostiga yoyilib ketadi, shuningdek, maxsus naychalar yordamida zahar bir metrcha masofaga otiladi. Zahar sarg‘ish rangli suyuqlik bo‘lib, haddan tashqari achchiq, ko‘ngilni aynatadigan ta’mi bor, uning hidi ham yoqimsiz. Oddiy baqaning quritilgan zaharining miqdori o‘rta hisobda erkaklarida 16 mg, urg‘ochilarida 21 mg ga teng. Yaxshi quritilgan zahar 25 yilgacha o‘z kuchini yo‘qotmaydi.

Oddiy yoki bo‘z korovnisa degan baqaning uzunligi 180 mm bo‘lib, yelkasi yo‘g‘on so‘gallar bilan qoplangan, ba’zi bir so‘gallarning uchi qattiq shox moddaga aylanib o‘tkir tikanga o‘xshab qolgan, zararkunanda hasharotlarga qiron keltiradi, binobarin, kishilar tomonidan himoyalanadi. Angliyada bog‘bonlar bu jonivorni bozordan sotib olib o‘zlarining bog‘lariga qo‘yib yuborodilar. Korovnisa deb atalishining sababi go‘yo u sigir va echkilarning yelin so‘rg‘ichlariga yopishib olib ularning sutini icharmish, bu albatta haqiqatdan yiroq gap.

Qamish baqaning o‘lchami 80 mm ga teng, terisidagi zaharli bezlardan chiqadigan qo‘lansa hid xuddi kuydirilgan porox yoki sarimsoq hidini eslatgani uchun unga chesnochnisa nomi berilgan. Mayda sutemizuvchi va kaltakesaklar uning zaharidan tez ta’sirlanadi, quyon va amfibiyalar aksincha chidamli hisoblanadi.

Kolumbiyada tarqalgan kokoa nomli kurakoyoq baqaning zahari zoologlar uchun hamon sirli bo‘lib qolmoqda. Jajjigina jonivorning bo‘yi atigi 2-3 sm bo‘lib, vazni bori-yo‘g‘i bir grammdan sal ziyodroqdir. Uning zahari nihoyatda o‘tkirligi bois ovchilar yoy o‘qini tig‘iga surkaydilar. Mittigina qurbaqaning zaharini olish uchun tirik baqani ingichka bambuk daraxti cho‘piga o‘rnatib, baqa terisidan zahar chiqaboshlaguncha olov alangasida ushlab turiladi. Bitta baqadan olinadigan zahar 50 dona o‘qning tig‘iga surkashga yetarli bo‘ladi. Hindlar zaharlangan o‘q bilan yirik hayvonlarni ovlaydilar. Kokoaning zahari kokshol zahariga qaraganda 50 karra kuchlidir.

Dog‘li salamandra (Salamandra salamandra). Dumli amfibiyalar oilasi, uzunligi 10-28 sm, o‘ziga xos tomonlaridan biri yuqori va pastki jag‘larida tishlarining mavjudligidir. Qovoqlari yaxshi rivojlangan, voyaga yetganlarida o‘pka bo‘ladi, jabralari yo‘q. 15 ga yaqin urug‘, 45 tacha turlardan iborat. Keng tarqalganlaridan dog‘li salamandra. Salamandralar orasida suvda yashaydiganlari (triton) hamda quruqda yashaydiganlari (haqiqiy salamandra) mavjud. Shomda va tunda faol hayot kechiradi, mayda umurtqasizlar bilan oziqlanadi, rangi qora yaltiroq bo‘lib, bir oz sarg‘ish dog‘lari bor. Tuxumdan tirik bola tug‘adi, tirik tug‘adiganlari ham bor, urug‘lanish organizm ichkarisida amalga oshadi. Suvda yashaydiganlarida erkagi tashlagan urug‘ni urg‘ochisi kloakasi orqali yig‘ib oladi, lichinkasi suvda rivojlanadi.

Salamandraning zaharli bezlari bo‘lgani sababli uning dushmanlari kam. Dog‘li salamandra terisidan chiqadigan zaharli suyuqlik – samandarin alkalloid hisoblanadi. Akvariumdagi mayda baliqlar uning zaharidan qirilib ketadi, salamandra go‘shtini it, tovuqlarga berganda bemalol hazm qiladi, faqat itlarda ba’zan qayt qilish alomatlari kuzatiladi.

Parotidlarning anatomiyasiga kelganda, ular yirik alveolar bezidan iborat bo‘lib, hamma tomonidan birlashtiruvchi to‘qimalar bilan o‘rab olingan. Salamandra va baqada bezlar donador suyuqlikdan, qurbaqalarda esa shilliq suyuqlikdan tashkil topgan. Tajribalarning ko‘rsatishicha donador bezlardagi zahar shilliq bezlardagi suyuqlikka qaraganda ancha kuchli. Shuningdek, mazkur hayvonlarning qoni va tuxumi ham ma’lum darajada zaharlash xususiyatiga ega. Salamandraning zaharli bezi kichkina qopchiqcha shaklida, amfibiyalarga xos bo‘lib, har bir qopchiqni tashqariga ochiladigan teshigi bo‘ladi. Zahari oq yelimsimon o‘ziga xos hidi donak yoki sarimsoq hidiga o‘xshaydi. Bezda zahar to‘planib qolsa, zahar ishlab chiqaradigan hujayralar o‘z ishini to‘xtatib qo‘yadi. Bez bo‘shab qolgach, hujayralar yana zahar ishlab chiqazishga kirishadi.

Salamandraning zahari mexanik yo‘l bilan, ya’ni pinset yordamida siqib chiqariladi. Elektr toki yordamida ham zahar olish mumkin. Odam uchun zahari xavfli emas. Hayvonlar zaharlanganda nafas olishi qiyinlashadi, yurak aritmiyasi kuzatiladi, orqa oyoqlari shol bo‘ladi, odatda besh soat ichida nafas olish to‘xtaydi va hayvon halok bo‘ladi. Zaharning tarkibiga steroid alkolloidlar – samandarin, samandaron va boshqalar, shuningdek, serotonin va gemolitik oqsillar kiradi. Zahar asab sistemasiga, yurak qon tomirlariga ta’sir etadi, u bakteriosid xususiyatga ham ega. Zaharning kuchi (LD50) sichqon uchun 20-30 mg/kg. Samandarin esa qurbaqa uchun 19 mg/kg, sichqon uchun 3,4 mg/kg va quyon uchun 1 mg/kg. Karp va guppi baliqlari yashab turgan akvariumga salamandra kiritilsa, baliqlar halok bo‘ladi. Chaqqon kaltakesak salamandraning zaharli bezini tishlasa u 30 soniyadan so‘ng, zaharli oddiy qora ilon esa 4 daqiqadan keyin halok bo‘ladi.

Salamandra zahri jarohatlanmagan shilliq teridan tez so‘riladi. Ana shu usulda zahar yuborilganda ko‘rshapalak, kalamush, dengiz cho‘chqasi, mushuk va it halok bo‘ladi. Va nihoyat mazkur zaharning va uning alkolloidlarining hamda samandaronning mikroblarga va fungisidlarga qarshi o‘ta aktivligini ta’kidlash lozim. Ba’zi bir ma’lumotlarga qaraganda zahar patogen mikroorganizmlarga nisbatan tillasimon stafillakok, kuydirgi tayoqchasi va vabo kasalini bakteriyalarini o‘sishini to‘xtatib qo‘yadi.

Xulosa qilib aytganda, sovuq qonli hayvonlarga qaraganda issiq qonlilar mazkur zahardan kuchliroq ta’sirlanar ekan. Yana shu narsa aniqlandiki, cho‘l qora ilon qoni hamda kobra qoni ham zaharlash xususiyatiga ega ekan. Biroq shu narsa ham aniqlandiki, oddiy qora ilon va oddiy zaharsiz suv iloni sivorotkasi salamandra zahari kuchini bartaraf etarkan. Fizalining fikricha, 45-60 g vazndagi zaharli cho‘l qora iloni yoki 400-450 gramli dengiz cho‘chqasini halok etadigan 1 mg salamandarin ta’siridan qutqarib qolish uchun mazkur ilonlarni sivorotkasidan 2 sm kub yuborish kifoya ekan. Mazkur sivorotkalarni 15 minut davomida 58 darajagacha qizdirilsa, ular o‘z kuchini yo‘qotadi. Qizig‘i shundaki, ilonning zahari ham ana shunday neytrallash xususiyatiga ega. Ana shu tajribalar yakuniga ko‘ra olimlar salamandrin bilan viperenlar orasida fiziologik antogonizm borligiga e’tiborni qaratadilar.

Shuningdek, tritonlarda ham zaharli bezlari mavjud, uning zahari qon bosimini ko‘taradi, qon tanachalarini eritib, qon tomirida tiqinlar hosil qiladi.

Qurbaqalar (Bufo). Oddiy qurbaqa (Bufo bufo) qurbaqalar orasida keng tarqalgan va eng yirigi hisoblanadi. Yashil qurbaqa (Bufo viridis) terisi burma ko‘rinishda, uzunligi 14 sm, oddiy qurbaqadan kichikroq, O‘zbekistonda keng tarqalgan, 4500 metr balandlikka ko‘tariladi. Qamish qurbaqasi (Bufo calamita) terisi unchalik burmalanmagan, faqat ikra tashlash uchun suvga kiradi, asosan tunda oziqlanadi, ozuqasi asosan quruqlikda yashaydigan umurtqasizlardan iborat. Yashil qurbaqa 13 mingga yaqin, oddiy qurbaqa yetti minggacha tuxum tashlaydi, 35-45 kundan so‘ng ular metamorfozga uchraydi va jajji qurbaqalar paydo bo‘ladi. Tutqinlikda bo‘zbaqa 36 yilcha umr ko‘radi.

Qurbaqaning terisida ko‘p miqdorda zaharli bezlar mavjud bo‘lib, ular orasida ikkita yirik bez (parotid)lar jonivorning kurak tepasida joylashgan. Teri ustidagi zaharli bezlarning mavjudligi qurbaqani ektoparazitlardan himoyalashda asosiy omil hisoblanadi. Zaharli bezlarning tuzilishi yashil qurbaqa misolida yaxshi o‘rganilgan. Zaharli bezning va undagi zaharning ko‘rinishi va xossalari barcha amfibiyalarnikiga o‘xshash bo‘ladi. Kurak usti zaharli bezlari jonivorning fiziologik faolligi pasayganda, masalan, qishki uyquga ketganda muhim rol o‘ynaydi. Zaharli bezni siqqanda epitelial tiqin itariladi va zahar bosim ostida tashqariga otilib chiqadi, shunda u bir metrcha masofaga yetib boradi. Qurbaqa zaharini olish uchun parotidlarni muchinakli penset yordamida siqiladi yoki shisha plastinkani qurbaqaning yelkasidan orqa tomoniga qarab sidirib zahar olinadi. Hozirgina olingan zahar oq rangli yopishqoq suyuqlik bo‘lib, o‘ziga xos hidi bor. Zahar CaCl2 ustida quritilgach, sariq jigarrangga bo‘yaladi va o‘zining aktivligini uzoq yillar davomida saqlab qoladi.

Qurbaqa zahari tarkibidagi fiziologik aktiv moddalar o‘zining tabiatiga ko‘ra kimyoviy brikmalarning bir necha guruhlariga kirishi mumkin, ular orasida indolning hosilalari (triptamin, serotonin, bufotenin va boshqalar) mavjud.

Qurbaqa zaharidan ta’sirlanadigan hayvonlarni 3 ta guruhga bo‘lish mumkin. Birinchi guruh kemiruvchilar (sichqonlar, kalamushlar, quyonlar), ular zaharlanganda qon aylanish va nafas olish jarayonlari buziladi, tomir tortish va oyoqlarni shol bo‘lishi kuzatiladi, ikkinchi guruh vakillari itlar bo‘lib, ular zaharlanganda birinchi navbatda yurak qon tomirlari izdan chiqadi. Uchinchi guruh amfibiyalardan iborat bo‘lib, ular uchun xarakterli belgi orqa oyoqlari shol bo‘ladi, oldingi oyoqlari esa qotib qoladi. Qurbaqa zaharining ajoyib xususiyatlaridan biri u hayvonning nafas olishini jadallashtiradi, ya’ni nafas olish to‘lato‘kis to‘xtagandan so‘ng u yana qayta tiklanadi. Qurbaqa zahri kam miqdorda yuborilganda gijjalarga, shokka, shuningdek, nurlanish va turli shishlarga qarshi ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Jerlyankalar (Bombina). Bu oilaga qizil qorinli jerlyanka (Bombina bombina) kiradi, uning bo‘yi 60 mm, namgarchiligi yuqori yerlarda yashashni xush ko‘radi, butun yoz faslida urug‘ tashlash bilan band bo‘ladi, itbaliqlik davri 3 oydan so‘ng tugaydi.

Jerlyankaning zahari odam uchun xavfli emas, ko‘z, burun shilliq pardalariga tushsa, achchiq og‘riq paydo bo‘ladi, ba’zan bosh og‘rish, sovuq qotish alomatlari kuzatiladi. Hayvonlarga ta’sir etganda, qisqa muddatli aktivlikdan so‘ng nafas olish tezlashadi, ba’zan halok bo‘lishi ham mumkin. Zahar tarkibida bufotenin va bufotenidin, shuningdek, gemolitik oqsil (84000) va bombezin polipeptidi mavjud, zahar tarkibida amilaza, fosfataza hamda proteolitik fermentlar bor. Bombezin-14 aminokislota qoldig‘idan iborat polipeptid: Pyro-E-Q-R-L-G-N-Q-W-A-V-G-H-L-M-NH2

Oddiy chesnochnisa (Pelobates fuscus). Dumsiz amfibiyalar oilasi vakili, bo‘yi 10 sm gacha. Tashqi ko‘rinishidan baqa va qurbaqaga o‘xshaydi. Yer kavlab hayot kechiradi. Chesnochnisa cho‘l, sahro, bog‘larda, yirik bargli o‘rmonlarda yashaydi, umurtqasizlar bilan oziqlanadi, yer ostida qishlaydi. Ko‘payish uchun suvga keladi. Terisida joylashgan barcha bezlardan chiqqan suyuqlikdan sarimsoq hidi kelib turadi. Zahari mayda hayvonlar uchun xavfli, odamning shilliq pardasiga yomon ta’sir etadi. Zaharinig kimyoviy tarkibi va ta’sir etish mexanizmi o‘rganilmagan.

Yana baqalar haqida. Ma’lumki, barcha baqa turlari chuchuk suvda hayot kechiradi, vetnam baqasi esa dengiz qirg‘oqlarida yashaydi. Dengiz suvidagi tuzning miqdori oddiy chuchik suvga nisbatan bir necha barobar ziyoddir. Demak, bunday baqalarning yashash sharoiti keskin o‘zgarganda hujayra membranalari hujayra ichiga kiradigan kimyoviy elementlar miqdorini idora qilish qobiliyatiga ega.

Hayvonot olamida shunday jonivorlar ham borki, ular o‘ljasini ushlaganda yoki dushmandan o‘zini himoyalaganda ajoyib merganligini namoyon qiladi. Masalan, baqalar o‘tkir ko‘zi va o‘ta harakatchan tili bilan o‘ljani aniq nishonga oladi. Baqalar faqat harakatdagi jonivorlarni ko‘radi. Harakatsiz narsalar uni qiziqtirmaydi, chunki bunday narsalarni ular ko‘rmaydi. Buning sababi baqa ko‘zining o‘zgacha tuzilishi bilan bog‘liq.

Amfibiyalar umurtqalilar orasida birinchi bo‘lib quruqlikka chiqqan jonivorlar hisoblanadi, shuning uchun ham ularning hayot tarzi turli-tumandir. Masalan, Amerikada tarqalgan kurakoyoq qurbaqaning biologik xususiyati juda qiziq. U o‘z tuxumini tez qurib qoladigan ko‘lmak suvlarga qo‘yadi. Bunday tuxumlardan ikki xil itbaliqlar chiqadi. Birinchi xil itbaliqlar odatdagidek mayda bo‘lib, umurtqasizlar yoki o‘simlik barglari bilan oziqlanadi. Ikkinchi xil itbaliqlar esa anchagina yirik bo‘lib, tug‘ishgan aka-ukalari bilan oziqlanib kun kechiradi.

Bir qarashda taajublanarli bo‘lib ko‘ringan bunday hodisa ayni tur uchun umuman olganda foydali ekan. Gap shundaki, yashash sharoiti yaxshi bo‘lgan yillari birinchi guruh itbaliqlar rivojlanib, taraqqiyot davrini yakunlaydi, binobarin, ularning soni ko‘payadi. Bordi-yu ko‘lmak suvda ozuqa yetarli bo‘lmasa, unda barcha jonivorlar qirilib ketadi. Tug‘ishgan aka-ukalari bilan oziqlanadigan ikkinchi guruh itbaliqlar esa omon qoladi. Ma’lumki, barcha baqa turlari chuchuk suvda hayot kechiradi. Vetnam baqasi esa dengiz qirg‘og‘ida yashaydi. Dengiz suvidagi tuzning miqdori oddiy chuchuk suvga nisbatan bir necha barobar ko‘pdir. Demak, bunday baqalarning yashash sharoiti keskin o‘zgarganda hujayra membranalari, hujayra ichiga kiradigan kimyoviy elementlar miqdorini idora qilish qobiliyatiga ega ekan.

Avstraliya zoologlari qurbaqaning ajoyib bir turini topishdi. Qizig‘i shundaki, uning urg‘ochisi o‘z tuxumini odatdagidek suvga qo‘ymasdan, balki o‘z oshqozonida saqlar va qirq kundan so‘ng tirik itbaliqlarni og‘zidan chiqazib tashlar hamda ana shu muddat davomida qurbaqa umuman oziqlanmas ekan.

Kolumbiya o‘rmonlarida yashaydigan ba’zi bir baqa turlarining zahari batroxotoksinning xususiyati mamlakat hindulariga ilgaridan ma’lum. Gap shundaki, hindular baqa yelkasida yig‘ilib qolgan zaharga kamon o‘qini tig‘ini surkab ovga chiqadilar va ular hatto yirik hayvonlarni ham osonlik bilan ovlaydilar, o‘ljani ozgina yarador qilishning o‘zi kifoya. O‘qning tig‘idagi zaharning hayvon qoniga o‘tishi jonivarni tez orada halok qiladi.

Qurbaqalarning terisi bakteriosid xususiyatga ega, unda mikroblarga qiron keltiradigan alohida modda ishlab chiqariladi. Shuningdek, sut kislotasi sutdagi achituvchi bakteriyalarning faoliyatini bo‘g‘ib qo‘yadi. Qadimda qishloq joylarida sutli bidonga qurbaqani solib qo‘yish odati bejiz bo‘lmagan, chunki bunday holatda sut odatdagiga qaraganda kechroq achiydi.

Amfibiyalarning qalqonsimon bezida ishlab chiqariladigan tiroksin va triyodteronin garmonlari metamorfoz holatini chaqiradi. Agarda yosh itbaliqlarga istagan bir umurtqali hayvon qalqonsimon bezining qiyomi yuborilsa yoki ular o‘ta kam miqdorda tiroksin erigan suv muhitida yashasa, itbaliqlarda muddatidan oldin metomarfoz holati yuz beradi va quriqlikka karlik baqalar chiqadi. Qalqonsimon bezi olib tashlangan itbaliqlar esa hech qachon metamorfoz bosqichini o‘tamaydi, u suvda yashayveradi va vajohatli lichinkaga aylanadi. Endigina tuxumdan chiqqan baqa bolasi itbaliqlik davrini o‘tagan jajjigina baqaga aylanadi. Itbaliqning o‘ziga xos ajoyib xususiyatlaridan biri ular ochiqqanida o‘z dumini yeb qo‘yadi, chunki yog‘ zahirasi ana shu joyda to‘plangan bo‘ladi. Demak, oq qon tanachalari dumdagi yog‘ zarrachalarini tashib ketadi va ular baqaning oyog‘i shakllanishida moddiy manba hisoblanadi. Ana shunday yo‘l bilan tabiat hayotning noqulay sharoitlariga qarshi kurashadi.

Ma’lumki, har bir organizm o‘z hujayralariga ish tartibini belgilab beradi, masalan, itbaliqning orqa oyoqlari o‘sib shakllanib bo‘lmaguncha va me’yorida ishga tushmaguncha uning oldingi oyoqlari o‘smaydi. Baqaning qarindoshi tritonda esa hammasi aksincha, birinchi bo‘lib old oyoqlari rivojlanadi, uning shakllanib bo‘lishi orqa oyoqlarining rivojlanishiga signal bo‘lib xizmat qiladi. Xo‘sh tirik organizmning u yoki bu a’zosini birinchi bo‘lib paydo bo‘lishi nimaga bog‘liq, boshqacha aytganda organizm qaysi a’zosini birinchi navbatda shakllantirish kerakligini qanday biladi Ma’lum bo‘lishicha organizmning ilk bor rivojlanishida qaysi bir a’zosi o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lsa u birinchi bo‘lib shakllanadi. Demak, baqa bolasi rivojlanishida orqa oyoqlarining roli o‘ta muhim bo‘lsa, tritonda esa aksincha, old oyoqlarining rivojlanishi katta ahamiyatga ega ekan. Shunday qilib, turning yoki ayni individning biologik evolyutsiyasida u yoki bu a’zosi qanchalik katta ahamiyatga ega bo‘lsa u shunchalik erta shakllanadi, binobarin uni organizmning dastlabki rivojlanish bosqichida ko‘rish mumkin, masalan, bosh miya rivojlanishidan ilgari timus paydo bo‘ladi.

Ma’lumki, Braziliya o‘zning boy hayvonot olami bilan dunyoga mashhur. Bu yerda baqalarning bir necha antiqa turlari yashaydi. Masalan, daraxtda hayot kechiradigan baqalar faqat ko‘payish uchun yerga tushadi va botqoq bo‘yiga in quradi. Uyasining kengligi 50 sm, balandligi 10 sm ga yetadi. Qizig‘i shundaki, uya qurishda faqat erkagi qatnashadi, urg‘ochisi esa tayyor uyga tuxum qo‘yadi. Yangi qurilgan uylari esa ko‘lmak suvdan o‘ziga xos to‘siq bilan ajralib turadi. Shu yerda yashaydigan baqalarning yana bir boshqa turi to‘g‘ridan to‘g‘ri daraxtning ustida ko‘payadi. Daraxt tanasining singan joyida hosil bo‘lgan chuqurchalarning atrofini saqich bilan berkitib chiqadi, yog‘ingarchilikdan so‘ng esa ana shu hovuzcha suvga to‘ladi va unga baqa tuxum qo‘yadi. Boshqa bir baqa turining ko‘payishi yanada qiziq. Ular suvning tepasida egilib turgan daraxt yoki buta barglariga inlarini quradi, qizig‘i shundaki, uyaga kiradigan teshik suv tomonga qaragan bo‘ladi sababi tuxumdan chiqqan itbaliqlar to‘g‘ridan to‘g‘ri suvga tushadi.

Внимание! Это не конец книги.

Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации