Читать книгу "Заҳарли газандалар"
Ta’kidlaganimizdek, zaharli ilonlarni o‘z vaqtida va yetarli darajada ozuqa bilan ta’minlab turish, ularni tutqunlikda maromida yashashining garovidir. Hozirgi paytda ilonlarni sun’iy ozuqa bilan boqish eng dolzarb vazifalardan biridir. Bu masalani ijobiy hal etishning murakkabligi shundaki, barcha ilonlar harakatda bo‘lgan, ya’ni tirik jonivorlar bilan oziqlanadi. Biroq, tajribalar jarayonida esa kobrani harakatsiz ovqatga, ya’ni qo‘lda tayyorlangan ozuqaga o‘rgatish mumkin ekan. Bunday usulining afzallik tomonlari ham bor, jumladan, eng asosiy masala qo‘lda tayyorlangan ozuqa tarkibidagi organizm uchun zarur bo‘lgan moddalar tarkibini idora qilib borish mumkin, ikkinchidan ilon boqishga mo‘ljallangan turli xil hayvonlarni saqlash va ko‘paytirish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlardan holi bo‘lish mumkin.
Sobiq Ittifoqdagi 8 ta ilonxonaning ko‘pchiligi O‘rta Osiyo respublikalarida joylashgan. Aslini aytganda birinchi ilonxona 1960-yilda Toshkentda tashkil etildi. Keyinchalik esa yana shu yerdagi zookombinat xuzurida ikkinchi ilonxona ochildi. Sirasini aytganda 1936– yilda Toshkent hayvonot bog‘ida ilonlardan ilk bor zahar olingan. Nihoyat ilon zahri biokimyosini o‘rganish ham Toshkentda akademik Ya.X.To‘raqulov rahbarligida 1960-yillarda boshlandi.
Qariyib 40-45 yildan buyon Toshkentdagi ilonxonalarga har yili minglab ilon topshiriladi. Tutqunlikka tushgan ilonlar 8-9 oydan so‘ng halok bo‘ladi. Shu o‘tgan davr ichida 100 ming dona ko‘lvor ilon, 50 ming bosh qum efasi ushlangan. Kobra iloni kamyob bo‘lgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan. Qalqontumshuqli va cho‘l qora iloni esa inson faoliyati tufayli son jihatdan juda ham kamayib ketmoqda. Shunday qilib respublikamizda bir vaqtlari keng tarqalgan 5 xil zaharli ilonlar taqdiri achinarli ahvolga tushib qoldi. Shuni unutmaslik kerakki, hech bir jonivorning, jumladan, zaharli ilonlarning ham tabiatdagi zahirasi bitmas-tugamas emas. Bundan tashqari har bir hayvon turini tabiatda ko‘payish qonunlari borki, bunda jonivorlarni soni, voyaga yetish darajasi va yashab turgan hududida ularning tarqalish xarakteri katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Lekin zaharli ilonlarni tabiatdagi o‘rnini to‘ldirish bobida hech qanday tadbir chora ko‘rilayotgani, ilonlarni tutqunlikda ko‘paytirish bilan bironta tashkilot shug‘ullanayotgani yo‘q. Buning uchun esa ilonxonalar emas, balki ularni ko‘paytiradigan maxsus pitomniklar tashkil etish kerak. Lekin bunday ilonlardan 4-5 yilgacha zahar olib bo‘lmaydi, ya’ni ular foyda keltirmaydi. Bu masalaning fojiali tomoni shundaki, biz shu paytgacha ertasiga foyda keltiradigan ish bilan shug‘ullanib keldik. Tabiatdan yig‘ib-terib olingan ilonlar o‘rnini to‘ldirish uchun mablag‘ topish imkoni bo‘lmadi. Qisqasi, tabiatning kelajagini o‘ylab ish olib borishga odatlanmadik, bunga moddiy va ma’naviy suyanchiq ham yo‘q edi.
6.3. ILON CHAQQANDA BIRINCHI YORDAM
Barcha o‘simlik va hayvonlar ishlab chiqaradigan zaharga qarshi ziddi zahar bor. Hamma gap ilon chaqqan odamga zudlik bilan yordam ko‘rsatishga bog‘liq. Lekin shuni ham qayd qilish kerakki, davolashning ana shu birinchi daqiqalarida bir qancha xato va zararli choralar ko‘riladiki, uning oqibati yomon natijalarga olib keladi. Ilon chaqqan joyni kuydirish, pichoq bilan tilib qon chiqarish yoki o‘sha joyni yuqorirog‘idan ip bilan bog‘lab qo‘yish va nihoyat, o‘z hayotini (o‘limdan) saqlab qolish vahimasi bilan ilon chaqqan barmoqni kesib tashlash va boshqalar shunday be’mani tadbirlardir. To‘g‘ri, ilon chaqishi bilan, barmoqni kesib tashlash shubhasiz, kishi organizmini zaharlanishdan va balki o‘limdan ham saqlab qolishi mumkin. Lekin shu hodisa barmoqdan judo bo‘lishga arziydimi? Kishini ilon chaqqanda doimo o‘limga olib keladimi? Yo‘q, bunday emas, aniq ma’lumotlarga ko‘ra, qora ilon chaqqan 600 ta kishidan faqat 20 ta kishi halok bo‘lgan, ya’ni 3 foizga yaqin, qolganlari sog‘ayib ketgan. Shunday ekan barmoqdan judo bo‘lishning hojati bormi?
Agar birinchi yordam ko‘rsatish uchun qo‘l ostida hech narsa mavjud bo‘lmasa, oxirgi chora sifatida ilon chaqqan joyni yuqorirog‘idan qisqa muddatga ip bilan bog‘lab qo‘yish mumkin. 1,5-2 soatdan so‘ng, uni albatta yechib olish kerak.
Ilon chaqish hodisalari ko‘pincha cho‘l-sahrolarda, aholi yashaydigan yerdan ancha uzoqda sodir bo‘ladi. Shuning uchun ham bemor qo‘liga tushgan narsa bilan o‘ziga-o‘zi yoki tasodifan uchragan yo‘lovchi unga shunday yordam ko‘rsatadi. Dastlabki choralardan eng muhimi ilon chaqqan oyoq-qo‘lni mutlaqo qimirlatmaslik kerak. Chunki zaharning organizm bo‘ylab tarqalishi qon tomirlari orqali emas, balki limfa orqali amalga oshadi. Ma’lumki, oyoqdagi limfaning yuqori a’zolar tomon harakati faqatgina muskullarning faoliyatiga bog‘liq. Hayvonlar ustida olib borilgan maxsus tajribalarda aniqlanishicha zaharlangan a’zoni mutlaqo harakatsiz holda saqlab turish, ularda zaharlanish alomatlarining nihoyatda sekinlik bilan rivojlanishini ko‘rsatadi.
Ilon chaqqan joydagi zaharni og‘iz bilan so‘rib olish ham tez yordam choralaridan biridir. Buning uchun zaharli tish izi tushgan joyni yaxshilab ushlab, uni tez va qattiq siqib, undan suyuq tomchi chiqaziladi va shunday qilib zaharli tishning badanga botgan o‘rni ochiladi, so‘ngra undan qonsimon suyuqlikni so‘rib olish bilan ham birinchi yordam ko‘rsatish mumkin. Hayvonlarda olib borilgan tajribalar ana shu usulning juda ham yaxshi foyda berishini va shu yo‘l bilan zaharning anchagina qismini so‘rib olish mumkinligini ko‘rsatdi. Shuni unutmaslik kerakki, organizmga tushgan zaharni og‘iz bilan so‘rib olish juda ham tezlik bilan, ya’ni ilon chaqqan zahotiyoq bajarilmog‘i kerak, chunki 10-12 minutdan so‘ng ilon zahri to‘qimalar bilan birikadi va uni organizmdan chiqarib yuborish anchagina qiyin bo‘ladi. Demak, zaharni 3-7 daqiqa ichida faqat og‘iz bilan so‘rish maqsadga muvofiqdir, chunki bunday usul qulay hisoblanadi. Faqatgina yordam ko‘rsatadigan odamning og‘iz bo‘shlig‘ida ochiq jarohat bo‘lmasligi kerak, aks holda u kishining o‘zi zaharlanishi mumkin.
Ilon zahrini toza yoki eritma holda ichish ham odam uchun xavfli emas, chunki zahar og‘iz bo‘shlig‘ida, ichak va oshqozonda tegishli fermentlar vositasida zararsizlantiriladi. Ba’zi olimlar turli xil ilon zahrini iste’mol qilib, sinab ko‘rganlaridan so‘ng ana shunday xulosaga kelganlar.
Qora va chinqiroq ilonlar chaqqanda ko‘rsatiladigan tez yordamdan biri bemorga zudlik bilan zaharga qarshi zardob yuborishdir. Bu zardob kuchsizlantirilgan zahar bilan immunizatsiya qilingan hayvonlar qonidan olinadi. Hozirgi vaqtda monovalent (ma’lum tur ilon zahriga qarshi) va polivalent (bir necha tur ilon zahariga qarshi) zardoblar tayyorlanmoqda. Polivalent zardob chaqqan ilon turi noma’lum bo‘lgan taqdirdagina ishlatiladi.
Ba’zi mamlakatlarda, jumladan, Hindistonda zaharli ilonlarning ko‘pligi xalqning boshiga tushgan baxtsizlik deb hisoblanadi, chunki har yili bu gazandalar necha minglab hindistonliklarning yostig‘ini quritadi. Hind olimlarining fikricha, qora va chinqiroq ilon chaqqanda dastlabki bir soat ichida zardob yuborilsa, yaxshi foyda berishi mumkin. Kechikibroq yuborilgan zardobning foydasi kamroq bo‘ladi. Ularning fikricha, kobra va unga qarindosh ilonlar chaqqanda, organizmga zardob yuborish hamma vaqt ham mumkin ekan, chunki zahar ta’siri tufayli asab tizimida yuz beradigan o‘zgarishlarni shunday zardob yordamida tuzatish mumkin. Demak, kobra chaqqanda zardob yuborish muddati cheklangan emas.
Yuqorida bayon etilgan dastlabki choralar bilan birga, qora va chinqiroq ilonlar chaqqanda zaharlangan organizmga qon quyish asosiy chora-tadbirlardan biri hisoblanadi. Aytib o‘tganimizdek, bu ilonlar zahari asosan qonga ta’sir qiladi, qonning zaharlanishi tufayli uning hajmi kamayadi, qon tomirlari bo‘shab qoladi, qon bosimi tushadi, kamqonlik alomatlari paydo bo‘ladi va qondagi oqsil miqdori kamayib ketadi. Bemor organizmida yuz bergan ana shunday kamchiliklarni bartaraf qilish uchun iloji boricha zudlik bilan qon quyish kerak bo‘ladi.
Odatda bunday vaqtlarda konservatsiya qilingan donor qonidan tashqari, konsentrlangan quruq plazmadan ham foydalaniladi, lekin buning foydasi unchalik bo‘lmasa ham turli dala sharoitlarida ishlatish uchun juda qulaydir. Kasal kishiga quyiladigan qonning hajmi o‘sha organizmning zaharlanish darajasiga va funksiyalarining og‘ir xastalanishi natijasida yuz beradigan alomatlarga bog‘liq.
Kobra ilonidan zaharlanganda esa, shol bo‘lish va nafas olishning og‘irlashishi kabi belgilarga qarshi kurashish muhim ahamiyatga ega. Bunday hollarda zaharga qarshi zardob ishlatishdan tashqari nafas olish va markaziy asab tizimining faoliyatini kuchaytiradigan doridarmonlar, shuningdek, sun’iy idora etiladigan nafas oldirish apparatlaridan keng foydalaniladi.
Ilon chaqqan odamni o‘z vaqtida to‘g‘ri davolashda xususan tabib va emlovchilar ancha katta ziyon keltiradilar. Masalan, Tojikiston viloyatlaridan birida ko‘lvor ilon chaqqan bir kishini tabib 25 dona zuluk solib va yana qon chiqazish yo‘li bilan davolamoqchi bo‘lgan. Yuqorida aytganimizdek, qora ilonlar zahari asosan qonga ta’sir qilib, qonning hajmini kamaytiradi, bunday hollarda bemorga zuluk solib davolagan tabib uning ahvolini yanada og‘irlashtirib qo‘yadi va bemorning halok bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Boshqa bir misol, Tojikistoning Romit qishlogida 40 yoshlar chamasidagi kishini chap oyog‘ining to‘pig‘idan ilon chaqadi. Yordamga kelgan kishilar uning to‘pig‘i pastidan ip bilan mahkam tortib bog‘lab, tabibga jo‘natadilar. Tabib to‘piqning yuqorisidan ikkinchi ip bilan bog‘lab, oyog‘iga qandaydir suyuqlik surkab qo‘yadi. Bemorning axvoli og‘irlashadi. Oyog‘i shishib, to‘pig‘i ko‘karib ketadi. Bemor qattiq og‘riqqa chiday olmagach, baqiradi va ba’zan hushidan ketib qoladi. Tabib bemorning oyog‘idan ipni 20 kungacha yechmaslikni buyuradi. Shu o‘tgan vaqt ichida oyoqning to‘piqdan pastki qismi butunlay jonsiz bo‘lib qoladi va tizzadan pastki qismi uzilib tushadi. Tizzasidan ochilib qolgan suyak bemorning yurishiga halakit bergani uchungina u shifokorga murojaat qilishga majbur bo‘ladi.
Shuni ham qayd qilish kerakki, ilon chaqishi va uni tabiblar tomonidan noto‘g‘ri davolash usullari ba’zan badiiy adabiyot va ilmiy-ommabop asar mualliflari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Bunday asarlar o‘quvchini to‘g‘ri yo‘ldan uradi va jabrlangan odamlarga noto‘g‘ri yordam ko‘rsatishadi.
Armanistonning Daval qishlog‘ida yashagan va o‘z vaqtida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan Javoir ismli mashhur ilon xotin tarixi bunga misol bo‘la oladi. Bu ayol haqida juda ko‘p o‘cherklar, hikoyalar va hatto ilmiy maqola ham yozilgan. Ushbu hikoyalardan birida shunday deyiladi. Javoir o‘z so‘lagi bilan ilon zahridan muqarrar halok bo‘ladigan yuzlab kishilarni o‘limdan saqlab qoldi. Javoirning faoliyati ilmiy tajribalar bilan tekshirilgan, zaharga qarshi ishlatiladigan zardob esa, doimo ijobiy natija bermaydi. Javoir so‘lagi bilan davolanganlarning birontasi ham halok bo‘lgani yo‘q. Javoirning davolash usuli ilon chaqqan joyni o‘z so‘lagi bilan artish yoki o‘sha jarohatlangan joyga tupirib qo‘yishdan iborat. Ko‘rinib turibdiki, bu juda qiyin ish emas, faqatgina maxsus shifobaxsh so‘lakka ega bo‘lishning o‘zi kifoya ekan.
Butun Dunyo shifokorlariga ma’lum bo‘lgan davolash usullari Javoir so‘lagining o‘rnini bosa olmasligi haqida turli rivoyatlar to‘qildi. Javoir so‘lagining afsonaviy davolash kuchi haqida safsatalarning siri ochilguncha, ya’ni buning aldamchilikdan boshqa narsa emasligi isbotlanguncha, u ba’zi shifokorlar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. Faqatgina 1939-yilda olib borilgan tekshirishlar Javoirning na qonida va na so‘lagida ilon zahri kuchini bartaraf qiladigan modda yo‘qligini isbotlab berdi. Ma’lum bo‘ldiki, Javoir so‘lagida hech qanday sir yoki g‘ayritabiiy kuch yo‘q, ayrim olimlar davo qilganidek, unda qandaydir zaharni bartaraf etadigan modda ham topilmagan.
Demak, ilon chaqqanda birinchi yordam ko‘rsatilishi bilan darhol shifokorga uchrashish zarur. Har qanday mish-mish va rivoyatlarga quloq solish bemor hayotida xunuk hodisalarning ro‘y berishi va yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Zahar va ziddi zahar. Ilon zahari bilan sichqonlar ustida olib borilayotgan tajribalarda shunday voqeaning guvohi bo‘ldik. O‘ttiz dona bir xil vazndagi sichqonlarga teng miqdorda ilon zahari yuborilganda shulardan o‘nto‘qqiztasi halok bo‘ldi, o‘nbirta sichqon omon qoldi va ikki kundan keyin ular butunlay sog‘ayib ketdi. Demak, ilon zahari yuborilgan o‘ttiz dona jonivar organizmida zaharga qarshi shiddatli kurash bo‘lgan. Ba’zi bir sichqonlarda bunday kurash muvaffaqiyatsizlikka uchragan, boshqalarida esa, organizmning qandaydir muhofaza kuchlari g‘alaba qilgan. Ya’ni bunday hayvonlar shu zaharga nisbatan chidamliroq bo‘lib chiqqan, boshqacha qilib aytganda, ularning immuniteti bir muncha ravshanroq namoyon bo‘lib, g‘alabaga erishgan. Ana shu omon qolgan sichqonlarga besh-olti kundan so‘ng oldingisiga qaraganda ikki marta ziyodroq miqdorda ilon zahari yuborilganda ulardan birontasi ham halok bo‘lmadi. Demak, sichqon organizmining zaharga nisbatan qarshilik ko‘rsatish qobilyati bir muncha ortgan, ya’ni ularning immuniteti kuchaygan. Shunday qilib, immunitet nima degan savolga: organizmning tashqaridan suqulib kirgan zaharga chidamliligi yoki undan ta’sirlanmasligi, deb javob berish mumkin.
Ko‘rinib turibdiki, tabiat tirik organizmga ajoyib xislat – yot moddalarni zararsizlantirish qobilyatini ato etgan. Hatto terimizda salgina bezarar jarohat paydo bo‘lsa, aytaylik teriga tikan kirsa ham tanamizda muhofaza reaksiyasi qo‘zg‘alishiga sabab bo‘ladi. Bordi-yu, organizmga virus singari xavfli dushman suqilib kirgan bo‘lsa yoki odamni ilon chaqib olsa, millionlab hujayralar oyoqqa turadi va maxsus oqsillar (antitelalar) vujudga keladi, organizmning ana shu muhofaza qobiliyati immunitet deb ataladi.
Ilon chaqishidan tirik organizmning halok bo‘lishi o‘sha zaharning g‘alabasi bilan yakunlansa, organizmning omon qolib sog‘ayib ketishi esa undagi immunitetning g‘alabasi hisoblanadi.
Demak, jangovor kurashuvchi immunitetga ega bo‘lmagan organizmlar qirilib ketadi. Tirik qolganlari esa, shunday armiyaning jangovorligini yanada oshiradi. Ana shunday bo‘lmaganda edi, yer yuzida bironta ham tirik jonivor yashamagan bo‘lar edi. Baxtimizga tabiat shunday tuzilgan emas. Jamiki tirik organizmlar yashash uchun kurashib, barcha noqulay sharoitlarga qarshi kurashda ancha chiniqadi. Ularning immuniteti dushmanga qarshi kurash yo‘llarini yanada mukammalroq egallab oladi.
Ma’lumki, kishilarni ilon chaqqanda qo‘llaniladigan dori-darmonlardan eng asosiysi bemorga ilon zahridan tayyorlangan zardob yuborishdir. Bunday zardob asosan ot qonidan olinadi. Buning uchun otga ikki-uch hafta davomida ko‘paytirib borish tartibida ilon zaharidan yuboriladi va otdan olingan qon zardobida antitelalar miqdori aniqlanib, maxsus shisha idishlarga solib og‘zi havo kirmaydigan qilib kavsharlanadi. Xo‘sh, hamma vaqt ham zardob bilan davolash kishilar hayotini saqlab qolaveradimi? Umuman zardob qanday hollarda yuborilganda maqsadga muvofiq bo‘ladi. Avvalom bor shuni ta’kidlash zarurki, odamga yuboriladigan zardob o‘sha chaqqan ilon zahriga qarshi tayyorlangan bo‘lmog‘i kerak, ya’ni boshqacha aytganda zardob qaysi ilon zahariga qarshi tayyorlansa o‘sha ilon chaqqanda yaxshi foyda beradi. Ayni zardobni boshqa ilonlar zahriga qarshi ham qo‘llasa bo‘ladi. Ammo buning foydasi unchalik bo‘lmaydi. Xulosa qilib aytganda bunday zardobni genetik jihatdan yaqin qarindosh ilonlar zahariga nisbatan ishlatish maqsadga muvofiqdir. Masalan, mazkur zardobni qora ilonlar oilasiga mansub, aniqrog‘i shu urug‘ga taalluqli ilonlar chaqqanda ishlatsa birmuncha nafi bo‘ladi. Kobra iloni chaqqanda esa mazkur zardobni qo‘llash hech qanday foyda bermaydi. Chunki bu ilonlar qarindoshlik jahatidan bir-birlaridan ancha yiroq turishadi, binobarin, zahar tarkibi ham o‘ziga xos.
Eng muhim shartlaridan biri zardobni ilon tishi botgan joy atrofiga zudlik bilan yuborish kerak. U qanchalik tez yuborilsa, uning nafi shunchalik tezroq va yaqqol namoyon bo‘ladi. Chunki odam organizmiga kirgan zahar keng tarqalmasdan turib zardob bilan birikadi.
Boshqacha qilib aytganda, zardob yuborish bilan organizmga tushgan zahar miqdorini sun’iy ravishda kamaytirgan bo‘lamiz. Zaharni antitelalar bilan birikmay qolgan qismi esa oganizmning turli hayotiy funksiyalariga o‘z yovuzligini ko‘rsata beradi. O‘z-o‘zidan ravshanki, zardob qanchalik kech yuborilsa, ilon chaqqan odam uchun uning nafi shunchalik kam bo‘ladi. Chunki ma’lum vaqt o‘tgach organizmga tushgan zahar boshqa moddalar bilan qo‘shilib yangi zaharli birikmalar hosil qiladiki, bular ham o‘z navbatida turli a’zolar ishini izdan chiqaza boshlaydi. Bundan tashqari, zardobning nafi undagi antitelalarning miqdoriga, organizmning zaharlanish darajasiga va kishi tanasining qaysi joyidan ilon chaqqaniga qarab belgilanadi.
Agarda ilonning zaharli tishi qon tomirlari ko‘p bo‘lgan joyga yoki kattaroq qon tomiriga to‘g‘ri kelib qolsa, bu xavfli. Bunday hollarda zardob miqdorini ko‘paytirish zarur va uni qon tomiriga yuborish tavsiya etiladi. Odatda zardobning yarmisini teri osti bo‘ylab songa, qolgan qismini esa ilon chaqqan joy atrofiga yuboriladi. Lekin bemorga yuborilgan zardob ilon chaqishi tufayli yuz bergan og‘riqqa va shishga foyda bermaydi. Shunday qilib, zardob yuborish maxsus tibbiy davolash choralaridan bo‘lib, ko‘pincha ilon chaqqan odamlar hayotini saqlab qoladi. Shunga qaramasdan ba’zan zardob yuborish usuli ham foyda bermaydi. Buning ham qator sabablari bor. Birinchidan, zardob aytib o‘tilganidek, ot qonidan olingan bo‘lib, ba’zi bir kishilar organizmiga yot modda sifatida salbiy ta’sir etadi. Ikkinchidan, ilon zahrining o‘zi 18-20 xil oqsillardan iborat bo‘lib, ulardan qaysi biri tirik oganizm uchun xavfli, ya’ni haqiqiy zaharlovchi toksin ekanligi fanga hali uncha ma’lum emas. Ba’zi bir ilonlar, masalan, kobra zaharida ana shunday toksinlar aniqlangan va nisbatan toza holda ajratib olingan bo‘lsa-da, ammo bunday toksinlarga qarshi zardob olish bobida sezilarli yutuqlarga erishilgani yo‘q. Demak, ilon chaqqanda yuboriladigan zardob tarkibida to‘g‘ridan to‘g‘ri zahar toksinlari bilan birikadigan antitelalardan tashqari boshqa moddalar ham borki, ular xastalangan organizmga yot modda sifatida salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Zardob yuborish usulini doimo ma’qul shifo deb bo‘lmaydi, ba’zan u ko‘ngilsiz oqibatlarga ham olib kelishi mumkin. Mazkur hodisani 1904-yilda Amerika olimi Smit isbot etdi. Bu voqea tasodifan yuz berdi. Olim ma’lum bir antizardob kuchini dengiz cho‘chqalarida tekshirib ko‘rayotganida tajriba uchun ishlatiladigan hayvonlarni tejash maqsadida 2–3 hafta ilgari shunday zardob olgan hayvonlardan takroriy ravishda foydalangan, chunki mazkur hayvonlar ko‘rinishidan soppa-sog‘ edi. Ana shunday hayvonlardan biriga zardob yuboradi. Oradan biron daqiqa o‘tar-o‘tmas jonivor juda bezovta bo‘lib qoladi, nafas olishi qiyinlashadi va ikki daqiqa o‘tgach halok bo‘ladi. Olimni boshi qotib ko‘p mulohazalar qiladi va ikkinchi hayvonga ham shu taxlitda zardob yuboradi, u ham shunday natija beradi, uchunchi hayvonga yuborganda u ham halok bo‘ladi.
Olim toza hayvonlardan, ya’ni ilgari zardob olmagan dengiz cho‘chqalaridan foydalanib ko‘rganida ular hammasi omon qoladi. 2–3 hafta ilgari zardob yuborilgan hayvonlar ikkinchi marta yuborilgan o‘sha zardobga o‘ta chidamsiz bo‘lar ekan.
Demak, birinchi marta yuborilgan zardob hayvonni o‘ziga xos immunizatsiya qiladi. Qizig‘i shundaki, halok bo‘lgan hayvonlarga biron zararli mikrob yoki hayvon zahari yuborilgani yo‘q-ku, faqatgina takroriy ravishda o‘sha zardobdan yuborildi, aynan o‘sha zardobdan yuborilgandagina shunday natija ro‘y beradi. Agarda ikkinchi marta hayvonga boshqa bir zardob, masalan, quyon zardobi yuborilganida edi, jonivorlar omon qolar edi.
Keyinchalik aniqlanishicha bunday hodisa faqat dengiz cho‘chqasi yoki ma’lum zardob turiga bog‘liq bo‘lmasdan, balki amaliyotda tez-tez uchrab turadigan anafilaktik hodisaning o‘zginasi ekan. Kasal kishilar orasida anafilaksiya natijasida organizm bordi-yu omon qolsa, unda zardob kasali degan bir bedavo dard paydo bo‘ladiki, u uzoq vaqtgacha organizmdan ayrilmaydi.
Ilonlar bilan shug‘ullanadigan xodimlarni ilon chaqib olganda antizardob yuborilmaslikka harakat qilamiz. Chunki gerpetologlar orasida ana shunday zardobni olib kasallikka chalingan xodimlarga takroriy ravishda zardob yuborish ularning hayotini xavf ostida qoldiradi. Ana shunday xodimlar shifokorlarning tavsiyasi bilan o‘zining sevimli kasbini tark etishga majbur bo‘ladi. Gap shundaki, bunday kishilar ilonning zaharidan emas, balki unga qarshi takroriy ravishda yuboriladigan zardobdan o‘ta ta’sirlanadigan bo‘lib qoladi. Demak, bunday kishilarni ilon chaqib olgan taqdirda ham ularga zardob yuborib bo‘lmaydi.
Shaldiroq ilon zaharini kamon o‘qi tarkibiga qo‘shib ishlatish hollari ko‘pchilikka ma’lum. Hindular bunga chayon va chumolining dum qismi (ularning zaharli bezi)ni aralashtiradilar. Kamon o‘qining asosiy tarkibi kurare moddasidan iborat bo‘lib, u Janubiy Amerikada o‘sadigan o‘simlik ildizidan olinadi. Zahar kuchsiz alangada tayyorlanib, suyuq qismi to‘q sariq rangli holga kelguncha qaynatiladi va quyoshda quritilgach, qatron qo‘shib qiyom holiga keltiriladi va zahar buzilmasligi uchun unga ohak qo‘shiladi. Ana shunday zahardan o‘qning uchiga ozgina surtilsa, u o‘zining zaharlash xosasini uzoq vaqtgacha saqlaydi. Bunday o‘q bilan yirik hayvonni yoki qush terisini sal tirnab qo‘ysa ham ular 3-4 daqiqa ichida halok bo‘ladi. Zaharli o‘q asosan asab uchlariga ta’sir etadi. Harakat qiluvchi a’zolar shol bo‘ladi, nafas olish to‘xtaydi.
Toshkentdagi emlash va zardob ilmiy tekshirish institutida antikobra va antigyurza degan monovalent zardob, kobra, gyurza va efa zahariga qarshi polivalent, shuningdek, qoraqurt zahariga qarshi monovalent zardob tayyorlanadi. Mazkur zardoblar ilon chaqqan odamni davolashda yaxshigina natija beradi, nojo‘ya ta’siri, ya’ni allergik reaksiyasi hattoki anafilaktik shok hosil qiladi. Shuning uchun zardob qo‘llash bilan bir qatorda davolashning patogenitik usullari muhim ahamiyatga ega, bunday usul u yoki bu zaharning ta’sir etish mexanizmini aniq bilishga asoslangan. So‘ngi yillarda asalari va qovoqari chaqishidan aholini himoyalash maqsadida odamlarni aktiv immunizatsiya qilish metodlarini ishlab chiqishga katta e’tibor berilmoqda.