Читать книгу "Заҳарли газандалар"
5.3. ILON ZAHARINING TARKIBI VA XOSSALARI
Ilon zahari och yoki to‘q sarg‘ish va ba’zan tiniq nimhol yashil rangdagi suyuqlik bo‘lib, hidi bo‘lmaydi. Uch-to‘rt kun turib qolgan zahardan palag‘da tuxum hidi keladi. Zahar tarkibida ilonning og‘iz bo‘shlig‘idan qo‘shilgan epiteliya hujayralari va bakteriyalar bo‘ladi. Toza zahar kuchsiz kislotali yoki neytral reaksiyaga ega bo‘ladi. Quruq holda havo kirmaydigan idishda va qorong‘i joyda saqlangan ilon zahri 15-20 yilgacha o‘zining barcha xossalarini saqlab qoladi. Suyuq holda yoki suvli eritmada saqlanganda zahar 5-6 kundan so‘ng o‘z kuchini yo‘qota boradi, ya’ni avtoliz jarayoni yuz beradi, organizmni zaharlash quvvati kamayadi, tarkibidagi barcha fermentlar faolligi pasayadi.
Yuqori harorat hamma ilon zahriga bir xil ta’sir qilmaydi. Qora ilon zahri 72 darajada qizdirilganda ivib qoladi va zaharli xossasini yo‘qotadi. Shaldiroq ilon zahri esa, 110 darajada ham o‘z xossasini saqlab qoladi, ba’zilari hatto 120 darajaga ham bardosh beradi.
Ilon zahri organik va anorganik brikmalardan iborat murakkab aralashmadir. Zaharning tarkibida 70-90 foiz oqsil bo‘lib, qolgan qismini anorganik moddalar tashkil etadi. Bulardan tashqari zaharda erkin aminokislotalar, yog‘lar, yog‘ kislotalari va tuzlar bo‘ladi. Zaharning elementar tarkibidan eng ko‘p qismi oltingugurtga to‘g‘ri keladi, ya’ni bu element zaharning 1,62-4,27 foizini tashkil etadi. Ma’lumki, oltingugurt oqsil tarkibidagi sulfigidril va disulfid guruhlari kabi juda muhim reaktiv birikmalarni hosil qiladi.
Zaharning tarkibida quyidagi elementlar topilgan: uglerod 43-49 foiz, azot 11-17, vodorod 6-9 va kislorod 15-22 foizdir. Bulardan tashqari zaharda natriy, kalsiy, kaliy, rux, mis, magniy, fosfor, kremniy, temir, kumush kabi elementlar ham uchraydi. Bular zaharning 5-8 foizini tashkil etadi, xolos. Ilon zahrida oltingurgutning boshqa elementlarga nisbatan ko‘p bo‘lishi ta’kidlaganimizdek uning oqsillar tarkibiga kirishi bilan bog‘liq, sulfigidril va disulfid guruhlar esa zaharning biologik aktivligini ko‘rsatuvchi belgidir. Ilon zahri tarkibida oqsillardan tashqari yog‘lar, karbonsuvlar, shuningdek, adenozin, guanin va gipoksantinlar ham topilgan. Zahar tarkibidagi fermentlar haqida dastlabki ma’lumotlar 1843-yillarda aytilgan bo‘lsa, hozirgi kunda zahardagi aniqlangan fermentlar soni 30 tadan oshib ketdi.
O‘rta Osiyo ilonlari zaharida hozir fanga ma’lum bo‘lgan barcha aminokislotalar uchraydi, har xil ilon turida ularning miqdori bir biriga yaqin bo‘lib, kuzatiladigan tafovutlar asosan gazandalarning yashash sharoiti bilan, ya’ni o‘sha yerdagi yemish turlari – flora va faunasiga bog‘liq.
Ilon zahrini ba’zi bir turlarida disulfid guruhlarini sun’iy ravishda blokada qilganda uning organizmni zaharlash quvvati pasayib ketganligi haqida ma’lumotlar bor. Masalan, kobra zahari bilan olib borilgan tajribalar shuni ko‘rsatadiki, zaharning disulfid guruhlari qaytarilib sulfigidril guruhlariga aylantirilganda zaharning asab tizimiga ta’sir etish kuchi ancha kamaygan. Barcha ilonlar singari ularning zahri ham o‘z tarkibidagi kimyoviy elementlar, aminokislotalar hamda ularning biokimyoviy xossalari va zaharlash darajasiga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Aytish mumkinki, ilon zahrining kuchli ta’sir etish sirini ularning tarkibidagi ba’zi bir elementlar yoki aminokislotalardan emas, balki ulardan ko‘ra murakkabrok birikmalar – oqsil va peptid molekulalarining tuzilishidan izlash kerak bo‘ladi.
Bir xil g‘ishtlardan mutlaqo turli imoratlar qurilganidek, bir xil aminokislotalardan turli xossalarga ega bo‘lgan oqsillar sintez qilish mumkin. Oqsil birikmalarini tarkibiy qisimlarga ajratadigan hozirgi zamon ish uslublari (elektroforez, ultrasentrifugalash, ultrafiltratsiya va boshqalar) ilon zahri tarkibiga kiruvchi moddalarni fraksiyalarga ajratish, ularning biokimyoviy xossalarini zaharlilik darajasini aniqlash imkonini beradi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining biokimyo institutida olib borilgan tadqiqotlar tufayli O‘rta Osiyo ilonlari zahari tarkibida 8-12 ta turli xil oqsil fraksiyalari borligi aniqlandi. Bu fraksiyalar o‘zining fizikaviy, kimyoviy xossalari, zaharlash kuchi va nihoyat, tarkibidagi fermentlarning aktivligi bilan bir-biridan farq qiladi. Masalan, qora va chinqiroq ilon zahari tarkibida oqsil moddalarni tez parchalaydigan kuchli proteolitik fermentlari bor. Kobra iloni zaharida xolinesteraza fermenti bo‘lib, boshqa ilon zaharida u uchramaydi. Qonni ivitadigan fermentlar esa, aksincha, qora va chinqiroq ilon zahrida bo‘lib, kobra zaharida uchramaydi. Shunga qaramay barcha ilonlar zaharida uchraydigan fermentlar ham bor. Ilon zahrida ba’zi fermentlarni ko‘p bo‘lishi organizmni zaharlanishida ma’lum rol o‘ynaydi, degan fikr tug‘ulishiga sabab bo‘ldi. Keyingi tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, ilon zahrida organizmni zaharlaydigan maxsus toksinlar borligi aniqlandi, bu komponentlar toza holda ajratib olingandan so‘ng hayvonlar ustida tekshirganda xuddi toza zahar singari organizimga ta’sir ko‘rsatdi. Zahar tarkibidagi boshqa komponentlarni ham toza holda ajratib olib hayvonlarga yuborilganda zaharlanish belgilari umuman kuzatilmadi.
1936-yilda bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan holda hind va nemis olimlari kobra zaharidan kobrotoksin degan asosiy zaharlovchi moddani ajratib oldilar. Bu modda o‘zida oltingurgut saqlovchi aminokislotalarga boy, uncha katta bo‘lmagan oqsil va polipeptid molekulalardan tashkil topgan. Kobratoksin toza zaharga qaraganda 17 marta kam miqdorda yuborilganda toza zaharga xos bo‘lgan belgilar namoyon bo‘ladi. 1959-yilda kobra zaharidan yana bir komponent – asabga ta’sir etuvchi modda ajratib olindi, uning komponentlari xali uncha o‘rganilmagan.
1938-yilda Janubiy Amerikada yashaydigan chinqiroq ilon zaharidan krotoksin degan modda olindi. Bu komponent sutemizuvchilarning markaziy asab tizimiga va qon aylanishga ta’sir etadi. Shuningdek, uning tarkibida anchagina miqdorda fosfolipaza fermenti bo‘lib, u organizmdagi lesitinni parchalab, zaharli lizolisitinga aylanish reaksiyasini tezlashtiradi. Bu modda ta’siri natijasida qizil qon tanachalarining qobig‘i yorilib, undagi gemoglobin ajralib chiqadi, ya’ni gemoliz yuz beradi, bu esa o‘z navbatida organizmda boshqa patologik o‘zgarishlarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Bu omillar asosida fosfolipaza fermenti organizmda zaharlovchi modda vazifasini bajaradi, deb hisoblaydilar, lekin barcha ilonlar zaharining organizmga o‘ziga xos ravishda ta’sir etishi masalani yana ham murakkablashtirib qo‘ydi.
Bu chigalni 1956-yilda nemis olimlari Xaberman va Noyman oydinlashtirib berdilar. Ular krotoksinni bir butin modda emasligini, u ikkita komponentdan – fosfolipaza va kichik molekulali oddiy oqsil modda krotoktindan iborat ekanligini isbotladilar. Fosfolipaza to‘g‘ridan to‘g‘ri hech qanday zaharlash xususiyatiga ega emas, krotoktin esa hayvonga yuborilganda toza zaharga qaraganda bir necha marta kuchliroq ekanligi va nihoyat, bu modda tarkibida bironta ham ferment borligi isbotlanmadi.
Qora ilonlar zahridan boshqa ilonlarda topilganidek, maxsus zaharlovchi modda ajratib olish yo‘lidagi urinishlar yaqingacha ijobiy natija bermayotgan edi. Buning sababi shundaki, ko‘pchilik olimlar qora ilonda asosiy zaharlovchi vazifani fermentlar bajaradi, deb taxmin qildilar, bunday fermentlarni nihoyat 1959–1962-yillarda bir guruh yapon olimlari qora ilon zaharidan H-alfa va H-beta proteinaza degan ikkita ferment ajratib oldilar. Birinchisi toza zaharga qaraganda 3 marta kuchliroq ekanligi aniqlandi. Shuni aytish keraki, bu fermentlar asosiy zaharlovchi toksin sifatida olimlar tomonidan haligacha tan olingani yo‘q.
1963-yilda bir guruh tadqiqotchilar Isroilda keng tarqalgan va inson uchun juda xavfli bo‘lgan Falastin qora ilonidan ham asosiy zaharlovchi modda ajratib olishga muvaffaq bo‘ldilar. Bu modda ham fermentlardan holi edi.
Shunday qilib, hozirgi zamon fani ilon zahri tarkibidagi toksinlar haqida muhim ma’lumotlar to‘pladi. Lekin bu moddalarning xossalari, strukturasini o‘rganish hali nihoyasiga yetgani yo‘q. Ana shunday tadqiqotlar O‘zbekistonda ham olib borilmoqda.
O‘rta Osiyo ilonlari zaharining bioximiyasini o‘rganish 1961–1962-yillarda respublika Fanlar akademiyasiga qarashli O‘lka ekspermental meditsina (hozirgi Endokrinalogiya) institutining bioximiya laboratoriyasida, marhum akademik Yo.X.To‘raqulov rahbarligida boshlangan edi.
Bu boradagi dastlabki ishlar O‘rta Osiyo ilonlari zahrining elementar tarkibini o‘rganish, undagi mikroelementlar, jumladan, kaliy, natriy, kalsiy, rux, magniy, marganes va boshqalar, shuningdek, zahar tarkibidagi ferment va toksinlar sifati va ularning aktivlik darajasiga bag‘ishlangan edi. O‘rta Osiyo ilonlari zaharini elektroforez usuli bilan tarkibiy qisimlar – fraksiyalarga ajratildi va bu ajratib olingan fraksiyalarda toksinlar, gemolizin va ba’zi bir fermentlarning taqsimlanishi o‘rganildi. Shuningdek, qondagi fibrinni eritib yuboruvchi va qonni ivituvchi ta’siri ham aniqlandi.
Elektroforez usuli bilan ilon zahari tarkibida 8-15 tacha fraksiya borligi aniqlandi, ana shu fraksiyalarning biologik xossalari turlicha bo‘lib, biri hayvonni o‘ldirsa, ikkinchisi qonni ivitadi, uchinchisi esa qizil qon tanachalarini eritib yuboradi. Boshqa biri esa tirik organizmga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.
Ilon zahriga bag‘ishlangan keyingi tadqiqotlar asosan zahardan sof yoki tozalangan modda ajratib olishga qaratildi. Jumladan, O‘rta Osiyo kobrasi zaharidan sof holda neyrotoksin moddasi ajratib olindi.
Yuqorida turli ilon zaharining ta’sir kuchi bir xil emasligi haqida so‘zlagan edik. Lekin muayyan turga taalluqli ilon zahri turli hayvon organizmiga har xil ta’sir etadi, boshqacha qilib aytganda, hayvonning ta’sirlanish darajasiga ham bog‘liq ekan. Masalan, ba’zi hayvonlar umuman ilon zahridan ta’sirlanmaydi, boshqalari esa katta miqdordagi zahardangina ta’sirlanadi va nihoyat, uchunchi guruh hayvonlar esa ilon zahriga chidamsiz bo‘lib, ko‘pincha halok bo‘ladi.
Tajribada bir xil miqdordagi kobra zaharini turli hayvonlarga yuborilganda quyidagi manzarani ko‘ramiz, ya’ni bu doza 81 ta kuchuk, 953 ta kalamush, 1000 ta quyon, 1390 ta dengiz cho‘chqasi, 4166 ta oq sichqonni halok qiladi. Ana shu miqdordagi shaldiroq ilon zahari esa 10 ta ilon, 24 ta kuchuk, 25 ta xo‘kiz, 60 ta ot, 6000 ta quyon, 8000 ta kalamush, 2000 ta sichqon va 30000 ta kaptarni halok etadi.
Cho‘chqa va tipratikan ilon zahriga chidamlidir. Masalan, tipratikan cho‘l qora iloni zahriga dengiz cho‘chqasiga qaraganda 40 karra chidamlidir. Aytish kerakki, bunday holat diqqatga sazovordir, chunki ana shu hayvon misolida u yoki bu organizmning zaharga qarshi bardosh berish xususiyatini o‘rganish ma’lum ahamiyatga ega. Cho‘chqalarda ilon zahariga nisbatan sezuvchanlikning past bo‘lishi asosan organizmda qalin yog‘ qatlamining mavjudligi hamda qon tomirlarining kam bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.
Zaharning ta’sir kuchini belgilashda, uni organizmga kirish yo‘li katta ahamiyatga ega. Tabiiy sharoitda zaharning organizmga kirish usuli zahar hosil qiladigan organizm biologiyasining o‘ziga xosligi va zaharning kimyoviy tabiati bilan belgilanadi. Odatda ilon, hasharot, o‘rgimchaksimonlarning oqsilli zaharlari maxsus zahar soladigan a’zolar orqali organzmga parentral kiritiladi, chunki ko‘pchilik zahar turlari ovqat hazm qilish sistemasida fermentlar ta’siri ostida parchalanib ketadi. Aksincha, tarkibida oqsil bo‘lmagan zaharlar og‘iz orqali kiritilganda ham o‘zining zaharli xossasini namoyon qiladi. Amfibiyalarning toksik alkolloidlari, ba’zi bir baliqlarning, mollyuskalarning toksinlari ana shunday xususiyatga ega. Ba’zi bir hayvonlar o‘zini himoyalashda aerazol shaklida zahar sepadi. Masalan, to‘p otuvchi qo‘ng‘izning otilgan zaharining ta’siri asosan zaharning konsentrasiyasiga hamda o‘ljaning zahardan ta’sirlanish darajasi bilan belgilanadi.
Organizmga tushgan toksik birikmalarni taqsimlanishiga biologik to‘siqlar yaxshigina ta’sir ko‘rsatadi, kapillyar devorlari, hujayra membranalari gematoensifalik va plosentar to‘siqlar shular jumlasidandir. Hayvon tishlaganda yoki chaqqanida shu joyda zaharning birinchi o‘chog‘i paydo bo‘ladi, shu yerdan zahar limfatik va qon tomirlariga o‘tadi. Zaharning tarqalish tezligi ko‘pincha orgaizining zaharlanish darajasini belgilaydi.
So‘ngi yillarda ba’zi bir kemiruvchilarning qonida ilon zahrining gemorragik ta’sirini inaktivatsiya etadigan faktorlar aniqlangan. Organizmda zaharni zararsizlantirish va tashqariga chiqazish asosan jigar va buyrak zimmasiga tushadi, shuning uchun ham ko‘pchilik holatlarda mazkur organlarning ishdan chiqqanini ko‘ramiz.
Ko‘p bakteriyalar zaharga tushib yashaydi va ko‘payadi, binobarin, uni parchalab yuboradi. Zaharga tushib qolgan bir hujayrali sodda hayvonlar ham o‘zlarini yaxshi xis etadi. Bu sodda hayvonlarning zahardan ta’sirlanmasligi, ehtimol ularda nerv tizimining bo‘lmasligi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Chunki nerv tizimiga ega bo‘lgan barcha hayvonlar, yani kovakichlilardan tortib xordalilargacha ilon zahridan ta’sirlanadi. Shunga qaramasdan umurtqali hayvonlar orasida ham yuqorida qayd qilinganidek, ilon zahridan turlicha ta’sirlanadiganlari mavjuddir. Masalan, 645 g og‘irlikdagi tipratikanga 20 mg cho‘l qora ilon zahari yuborilganda 12 soatdan so‘ng halok bo‘ldi, xuddi shu miqdordagi zahar esa 30–40 dona dengiz cho‘chqasini o‘ldirishi mumkin.
Ilon zahrining ta’sir kuchini namoyish qiladigan shunday voqeani keltiramiz. Professor Marshall ustma-ust qo‘yilgan ilon kataklari oldidan o‘tib ketayotganida bir ilon unga sapchiydi va ilonning tishi sim to‘rga ilinib qoladi, og‘zidan otilib chiqqan zahar tomchisi esa to‘ppa-to‘g‘ri Marshallning ko‘ziga borib tushadi. Shu zahotiyoq ko‘zda kuchli og‘riq va qattiq nafas qisish alomatlari paydo bo‘ladi. Ko‘zning og‘rishi bir necha kundan keyin tingan bo‘lsa-da, nafas qisish hodisasi bir yilgacha saqlanib qoladi. Bir hafta davomida Marshall kechayu-kundiz suyanma kursida o‘tirib chiqishga majbur bo‘ldi, chunki o‘rnidan qo‘zg‘alishga urinish nafas siqishni keskin kuchaytirar edi. Shunday voqealardan so‘ng Marshall ilonlar turgan joyga yaqin bora olmaydigan bo‘ldi, chunki ilonlarning o‘ziga xos hidi uning nafasini qisar va ba’zan hushdan ketishiga ham olib kelardi. Demak, ilon zahari tirik organizmga turli tomondan, turli darajada ta’sir qilar ekan.
Ilon zahari bilan olib borilgan tajribalarda zaharning kuchi jihatdan birinchi o‘rinda kobra (oq sichqonlar uchun), charx ilon, undan so‘ng ko‘lvor ilon tursa, cho‘l qora ilonining zahari eng kuchsiz, bo‘sh ilon zahari esa o‘rtacha zaharlash quvvatiga ega.
Ilon chaqqan kishining sog‘ayib ketish muddati va bunda bemor organizmida yuz beradigan asosiy belgilar (o‘zgarishlar)ning rivojlanishi bir necha omillarga bog‘liq. Shulardan biri ilon chaqishi yilning qaysi fasliga to‘g‘ri kelishi bilan izohlanadi. Kishilarni ilon chaqish statistikasi bilan shug‘illangan xodimlarning ma’lumotlariga qaraganda, ilon chaqishi asosan iyun-avgust, ya’ni yil faslining eng issiq kunlariga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti ilonxonasida olib borilgan kuzatishlar va bu yerda yuz bergan ilon chaqish hodisalari ham yuqoridagi fikirning to‘g‘riligini tasdiqlaydi. 45 yil mobaynida ilonxonada hammasi bo‘lib 9–10 marta ilon chaqish hodisalari kuzatilgan bo‘lsa-da, shundan atigi uch kishining hayoti fojeali yakunlandi. Bunday ko‘ngilsiz hodisalarning iyul oyi jazirama kunlariga to‘g‘ri kelishi ham fikrimizni isbot qiladi. Ba’zi bir xodimlarni ikki martadan va hatto uch martadan ilon chaqqan. Kezi kelganda shuni ham aytish kerakki, ba’zi bir chet el olimlarining fikricha, bir turdagi ilon odamni takroriy chaqqanda kishi organizmida ayni zaharga nisbatan odatlanish yuz berib, keyinchalik bunday kishi ilon zaharidan uncha ta’sirlanmaydigan bo‘lib qolar emish, ya’ni u kishida zaharga qarshi immunitet paydo bo‘lar ekan. Qariyib 40 yildan beri zaharli ilonlar bilan shug‘ullanib kelayotgan mohir ilonchi V.Karpenkoni to‘rt yil ichida uch marta bo‘sh ilon chaqadi. Ana shu olimning aytishicha, ilonning birinchi chaqishi bilan keyingi chaqishlarida zaharning ta’siri o‘xshash bo‘lgan, ya’ni zahardan unchalik ta’sirlanmaslik holati kuzatilmadi.
Bulardan tashqari ilon odamning qaysi joyidan chaqqanligiga ham bog‘liq, ya’ni yurakka yaqin joydan chaqsa bu juda xavfli, chunki mazkur a’zolar qon tomirlari bilan yaxshigina ta’minlangan bo‘lib, zaharni organizmga tez tarqalishini ta’minlaydi. Ilon chaqqanda organizmda yuz beradigan alomatlar zahar tarkibidagi ta’sir etuvchi aktiv komponentlardan qaysi birining ko‘pligiga qarab asosan ikki xil bo‘ladi: ilon chaqqan joyda sodir bo‘ladigan o‘zgarishlar va zaharning organizmga umumiy ta’siri tufayli yuz beradigan o‘zgarishlar.
Kobra va dengiz suv ilonlari zaharida asab sistemasiga ta’sir etadigan neyrotoksin, boshqa ilonlar zaharida esa asosan qon va uning elementlariga ta’sir ko‘rsatadigan gemorragin va boshqalar bo‘ladi. Ilon chaqqanda o‘sha joyda yuz beradigan o‘zgarishlar asosan gemorragen ta’siri tufayli bo‘lib, ilon tishi botgan joyi va uning atrofi shishib ketadi va o‘sha joyda qattiq og‘riq paydo bo‘ladi, keyinchalik esa o‘sha a’zo terisining sezuvchanligi yo‘qoladi.
Odamni ilon chaqqanda, xuddi to‘g‘nog‘ich badanga botganday og‘riq seziladi, bir necha daqiqa o‘tgach, shu yerda shish va og‘riq paydo bo‘la boshlaydi. Ilon tishining o‘rni go‘yo kuydirilayotgandek qattiq achishib og‘riydi. Bunday alomatlarning namoyon bo‘lishiga gemorragen moddasi bevosita ta’sir etsa-da, qisman neyrotoksinning ham ta’siri bo‘ladi. Zaharning organizmga umumiy ta’siri asosan neyrotoksin komponentiga bog‘liqdir. Bunda nafas bo‘g‘ilishi, yurak urishining normadan oshib ketishi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, ba’zan qayt qilish, og‘iz qurishi, og‘izda achchiq ta’m paydo bo‘lishi, ko‘z olmasining kattalashuvi va badan haroratining ko‘tarilishi kabi alomatlar namoyon bo‘ladi. Ana shunday holatda yuz bergan o‘zgarishlarning og‘ir yoki yengil o‘tishi bemorning shaxsiy sezuvchanligiga va nihoyat, to‘qimalarning zaharga nisbatan qarshilik ko‘rsatish qobilyatiga bog‘liq.
Ilon chaqqan odamlarni davolashning eng samarali usuli ilon zaharidan tayyorlangan ziddi-zahar bo‘lib, u otni immunizatsiya qilish yo‘li bilan olinadi. Shuningdek, ilon chaqqan joyga oddiy muz bo‘lagini qo‘yish yaxshi foyda beradi, bunda organizmni zaharlanish jarayoni sekinlashadi yoki to‘xtayli.
Hayvonlar ustida olib borilgan tajribalar va kasalxonalarda ilon chaqqan odamlarni davolashda to‘plangan kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, turli oilaga mansub ilonlar chaqqanda, zaharining organizmga ta’siri bir xil emas.Umuman ilon zaharini shartli ravishda ikki guruhga bo‘lish mumkin: uncha katta bo‘lmagan oqsil va polipeptid molekulalaridan tuzilgan zaharlar. Bunga kobra va suvda yashovchi zaharli ilonlar kiradi. Bularning zahari asosan asab sistemasiga ta’sir etadi.
Yuqori molekulali oqsil moddalardan tuzilgan zaharlarga qora ilon va chinqiroq ilon zahari kiradi. Ular asosan qonga va qon tomiri devoriga ta’sir qiladi. Organizmda qon quyuladi, to‘qimalar shishadi, tomirlarda qon ivib qoladi. Bu guruhga kiruvchi zaharlar to‘g‘ridan to‘g‘ri asabga deyarli ta’sir etmaydi.
Turli tumanlardan ushlangan zaharli ilonlar nafaqat o‘zining rangi, katta-kichikligi hamda erksizlikda turli muddat yashashi bilan, balki zaharining sifati bilan ham farq qiladi. Ya’ni bir turga taalluqli har xil tumanlarda yashaydigan ilonlar populyatsiyasi barcha tashqi va ichki belgilari bilan farq qiladi. Bunday tafovutlar ko‘lami populyatsiyaning alohidalanish darajasi bilan belgilanadi. Masalan, Nurota va Turkiston tizmalaridan tutilgan ilonlar orasidagi tafovutlar unchalik ko‘zga tashlanmaydi, Turkmanistondan ushlangan ilonlarda esa bunday farqlar yaqqol namoyon bo‘ladi. Bunda zaharli ilonlarning geografiyasini ham hisobga olmoq kerak.
Xo‘sh ilon chaqqan odamga zardob yuborganda qanday hodisa yuz beradi? Ya’ni, qanday qilib zardob ilon zahari kuchini bartaraf qiladi. Yuqorida qayd qilinganidek, mazkur zardob tarkibida ilon zahariga qarshi kurashuvchi antitelalar mavjud bo‘lib, ular organizmga tushgan zahar (antigenlar) bilan birikadi. Natijada zaharning aktivligi yo‘qoladi. Shunday qilib, organizmda boshlangan zaharlanish jarayoni to‘xtaydi. Demak, antitelalar antigenlar bilan birikib, uchinchi zaharsiz bir moddaga aylanadi. Lekin, antitelalar duch kelgan antigenlar bilan emas, faqatgina o‘zlarini hosil qilgan antigenlar bilan birikadi. Antitelalarning o‘ziga o‘xshash yoki begona (yot) antigenlarni taniy bilish mexanizmi hozirgi zamon immunalogiyasining eng qiziq va hanuzgacha hal bo‘lmay kelayotgan muhim masalalaridan biridir.
Antigenlar bilan antitelalar orasidagi reaksiyani immunnoelektroforezda juda yaqqol ko‘rish mumkin. Mashhur fransuz olimlari Grabor va Vilyamslarning qariyib 35 yilcha oldin qilgan ushbu kashfiyoti immunoximiya fani rivojlanishiga asosiy tayanch bo‘ldi. Hozirgi kunda immunoelektrofarez usuli esa biologiya fanining ko‘p sohasiga kirib bormoqda. Jumladan, O‘rta Osiyoda tarqalgan zaharli va zaharsiz ilonlar qoni sivorotkasi hamda zaharining immunologik xossalari o‘rganilmoqda.
Tajribalar shuni ko‘rsatdiki, muayyan ilon qonidan olingan zardob shu ilon zahari kuchini birmuncha kamaytirar ekan. Ya’ni ilon qonida ma’lum miqdorda uning zahari bilan birikadigan moddalar autoantitelalar bor deb taxmin qilish mumkin. Shuning uchun ham ehtimol ilon zahari o‘z organizmiga ta’sir etmasa kerak.
Yanada qiziqroq va juda muhim masalalardan biri ilon zaharining tirik organizmga turli darajada ta’sir etishidir. Nima uchun ozgina miqdordagi ma’lum zahardan sichqon yoki kalamushlar halok bo‘ladi, boshqa hayvonlar esa ana shunday zahardan ta’sirlanmaydi. Yoki bo‘lmasa nima uchun bir ilon ikkinchisini tishlaganda unga zahar ta’sir qilmaydi? Va nihoyat, ilon tanasida ishlab chiqariladigan zahar nima uchun ilonning o‘zini zaharlamaydi? Ilon tanasida o‘z zahariga qarshi kurashuvchi modda bormikan? Xullas, ilon zaharini tirik organizmga ta’sir etish mexanizmi sharhlanib berilsa, ya’ni birinchi navbatda zahar qaysi a’zoga yoki a’zolar tizimiga va hujayrani qaysi komponentlariga qanday qilib ta’sir ko‘rsatishi izohlab berilsa, unda ilon chaqqan kishilarni to‘g‘ri davolash usullari ham ishlab chiqilgan bo‘lar edi.
Ilon zaharining biokimyosi sohasidag hozirgi tadqiqotlar asosan zahardan toza holda biologik aktiv komponentlar ajratib olishga va ilon zahari ta’sirining molekulyar mexanizmini aniqlashga qaratilgan. Chunki, zaharning alohida komponentlari tibbiyotda va laboratoriya amaliyotida katta ahamiyat kasb etib kelmoqda. Ana shunday tozalangan biologik aktiv moddalar bilan olib borilgan tajribalar ayni moddalarni ilon chaqqanda organizmni zaharlanishidagi rolini aniqlashga yordam beradi, bu esa zahar toksinlarning biokimyoviy ta’sir mexanizmini o‘rganishni oydinlashtiradi. Bunday vazifalarni hozirgi zamon molekulyar biologiyasi hamda biokimyosining nihoyatda yuksak metodik va nazariy cho‘qqilarini egallamay turib hal qilib bo‘lmaydi. Bu o‘rinda respublika Fanlar akademiyasi Bioximiya institutida olib borilayotgan ishlar diqqatga sazovordir. Jumladan, ko‘zoynakli va ko‘lvor ilon zaharidan ana shunday moddalar toza holda olinib, ularning barcha xossalari o‘rganilmoqda. So‘ngi yillarda yana bir muvaffaqiyat qo‘lga kiritildi: birinchi marta O‘rta Osiyo kobrasi zaharidan asosiy ta’sir etuvchi modda – kobratoksin toza holda ajratib olinib, uning tuzilishi o‘rganildi. Kobratoksin oqsil modda bo‘lib, u 62 ta aminokislota qoldig‘idan iborat, uning molekula og‘irligi 7000 mingga yaqin (1-jadval).
Bulardan tashqari mazkur inistitutda kobratoksinning asab sistemasiga ta’sir etish mexanizmi ham sharhlanib berildi. Organizmga tushgan zahar asosan nerv tolasining muskullar bilan qo‘shilgan qismiga – sinapslarga ta’sir etib, uni ishdan chiqazadi, natijada nerv impulslari jarohatlangan sinapslardan o‘taolmaydi. Shunday qilib, muskullarning qisqarishi haqida miyadan yuborilgan signal yetib bormaydi, natijada shol bo‘lish alomatlari namoyon bo‘ladi.
Tirik organizmlarning ma’lum bir a’zosi, to‘qimasi yoki hujayrasida sodir bo‘lgan o‘zgarish (moslashish) lar organizmning boshqa hayotiy darajasiga, a’zolar tizimiga ozmi-ko‘pmi ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, Murg‘ob va Nurota ilonlarini ekologiyasidagi o‘ziga xos tafovutlar ularning fiziologiyasida, bioximiyasida ham tegishli siljishlarga olib keladi. Bunday ilonlarning zahari va ularning biologik aktivligi ham bir-biridan farq qiladi.
Demak, populyatsiyaning tashqi muhitga moslashish jarayoni ekologiyaning bosh vazifasi hisoblanadi. Populyatsiya hozirgi evolyutsion nazariyaning asosiy tushunchasidir. Shuning uchun hozirgi evolyutsionistlar populyatsiyaning genetik strukturasini o‘zgarishini evolyutsiyani dastlabki qadami, oddiy evolyutsion voqea deb tariflaydilar.
Haqiqatdan ham, barcha hayvon turlari yangi yashash muhitiga tarqala borib, o‘zini yashash tarzini o‘zgartira boshlaydi, ya’ni yangi sharoit talabiga moslasha boradi, uning kun va tun davomidagi faolligi, o‘sishi, ko‘payishi kabi xususiyatlarida tegishli siljishlar yuz beradi. Populyatsiyaning yangi sharoitga moslashishi jarayonida uning ekologik strukturasi maqsadga muvofiq ravishda o‘zgaradi. Bunday o‘zgarishlar tabiiy tanlanish xarakterini, populyatsiya genofondining o‘zgarish ehtimolini belgilaydi.
1-jadval
Neyrotoksinlar tarkibidagi aminokislotalar

Shunday qilib, evolyutsion ekologiya hayvonlar populyatsiyasining ekologik strukturasi bilan uning genetik tarkibidagi o‘zgarishlarning o‘zaro bog‘liqligini o‘rganadi. Shu narsa aniqlanganki, hayvon fenotipining shakillanishida genning roli faqatgina o‘sha genning xususiyati bilan emas, balki o‘sha genning muhiti bilan belgilanadi, boshqacha aytganda, barcha genlar yig‘indisi – genom bilan belgilanadi.
Modomiki, har qanday organizm genomining xususiyati barcha jonivorlar guruhi umumiy genofondi bilan belgilanar ekan, o‘z-o‘zidan ma’lumki, genning xususiyati ham oqibat natijada populyatsion genofond bilan belgilanadi. Ikkinchi tomondan, har qanday populyatsiya genetik jihatidan turlicha individlar yig‘indisidan iborat, binobarin, populyatsiya ichidagi turli guruh (mikropopulyatsiya)lar ham genetik jahatidan bir-biridan farq qiladi. Tashqi muhitning o‘zgarishi populyatsiyaning ekologik strukturasini keskin o‘zgarishiga sabab bo‘lsa, bunday holat esa o‘z navbatida populyatsiyaning genetik tarkibida tegishli o‘zgarishlarga olib keladi. Demak, populyatsiya tarkibini idora qilish usullarini ishlab chiqishda populyatsiyaning ekologik strukturasi bilan uning genetik tarkibi orasilagi bog‘lanishni aniqlash hal qiluvchi ahamiyatga ega. Demak, elementar evolyutsion hodisa deb populyatsiya genafondining o‘zgarishini tushunmoq kerak.
Ko‘pchilik biologlarning fikricha, hozirgi evolyutsion nazariya darvinizm bilan hozirgi genetika g‘oyalarinigina emas, balki hozirgi ekologiya g‘oyalarini ham sintez qilishga asoslangan bo‘lmog‘i kerak.
Populyatsiya darajasidagi jarayonlarni bilmasdan turib, populyatsiya va uning guruhlarini bir-biridan ajratmasdan turib, ular ichidagi xilmaxillikni bilib bo‘lmaydi. Shuningdek, turlararo tafovutlarni bilmasdan turib genafondni saqlash vazifasini ham to‘g‘ri xal qilib bo‘lmaydi va nihoyat, tabiiy resurslarni idora qilishni ilmiy asosda yechib bo‘lmaydi.
Demak, populyatsiya degan so‘z o‘qimishli kishilar uchun atom va molekula so‘zlari kabi tanish bo‘lmog‘i kerak.
Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, ilonlarni tutqinlik sharoitiga moslashishida turlararo tafovutlar, ilonlarni ovlash muddatidan tashqari tur ichidagi guruhlar, ya’ni populyatsiyalararo tafovutlar muhim ahamiyatga ega. Muayyan turning har xil populyatsiyalari tutqinlik sharoitiga turlicha munosabatda bo‘ladi. Ana shunday tafovutlar ilonlarning etologiyasida, ularning faolligida o‘z aksini topadi va oxir oqibat populyatsiyaning tutqinlik sharoitiga reaksiyasi me’yorini belgilaydi.
Turkmanistondan tutilgan ko‘lvor ilon populasiyasi Nurota va Turkiston tizmalaridan ushlangan ana shunday ilonlardan barcha morfologik belgilari bilan farq qiladi. Bunday tafovutlar ularning zaharining tarkibi va xossalarini o‘ziga xosligi bilan tasdiqlanadi.
Serpentariyaga kelgan ilonlarning pasport ma’lumotlarini mushohada qilish bizning fikrimizni tasdiqladi, ya’ni ma’lum turga taalluqli har xil populyatsiyalarning tutqinlik sharoitiga reaksiyasi bir xil emasligi ma’lum bo‘ldi. Masalan, Nurota va Turkiston tog‘ida yashovchi ko‘lvor ilonlarga qaraganda Turkmanistondan ushlangan ana shunday ilonlar tutqinlikda nisbatan faol va uzoq yashaydi, binobarin, ko‘p zahar beradi (2-jadval).
2-jadval
Ko‘lvor ilon populyatsiyalarining tutqinlikda yashash muddatlari

2-jadvaldan ko‘rinib turibdiki, 10 oydan keyin Murg‘obdan kelgan ilonlarning faqatgina 50 foizi halok bo‘lsa, boshqa rayondan tutilgan ilonlarning deyarli hammasi qirilib ketadi. Nurota va Turkiston populyatsiyalari ko‘p jihatlari bilan, shuningdek, yashash muddati bilan ham juda kam farq qiladi, bunday tafovut tasodifiy holat emas albatta, balki populyatsiya prinsipiga asoslangandir. Gap shundaki, bu ikkala populyatsiya bir-biriga nisbatan yaqin joylashgan bo‘lsa-da, ularning ekologiyasida yaqqol ko‘zga tashlanadigan farqlari bor. Turkiston tog‘idagi ilonlar oziqlanish tizimida ko‘proq kemiruvchilarga o‘rin berilgan, Nurota ilonlari esa 90 foiz qushlar bilan oziqlanadi. Aftidan O‘zbekistondan ushlangan ilonlar serpentariyaga tushgach, issiq harorat va ozuqa turiga moslasha olmaydi, Murg‘ob ilonlari uchun serpentariya sharoiti ko‘p jihatlarining bilan ilonlarning tabiiy sharoitlariga mos keladi.
Shunday qilib, populyatsiyalar orasida ko‘zga tashlanadigan asosiy farqlar ularning yashash joyidagi haroratning turlicha bo‘lishi va yemishlari turining har xilliligi bilan tushuntiriladi, ya’ni Murg‘ob ilonlari turli kemiruvchilar bilan, Nurota ilonlari esa asosan qushlar bilan oziqlanadi. Murg‘ob ilonlarining tutqinlikka tez o‘rganib ketishi ularning tabiatda yashash muhitining serpentariya sharoitiga anchamuncha o‘xshashligi bilan tushuntiriladi. Nurota ilonlari uchun esa aksincha, tutqinlik sharoiti ko‘p jihatlari bilan, jumladan, harorati va ozuqa turi bilan farq qiladi.
Populyatsiyalar orasidagi tafovutlar boshqa ilonlar orasida, jumladan, kobra ilonida ham qayd etilgan. Taxtabozordan tutilgan kobralar ilonxonaga kelgach, o‘zining sevimli ozuqasi hisoblanmish qurbaqalardan bosh tortdi, ilonlarga 2–3 kun dam bergach, yana o‘sha qurbaqalarni berganda ular hatto ozuqaga qayrilib qaramadi ham. Bunday holatdan taajjublangan xodimlar dala kundaliklariga qarasalar, Taxtabozorda kobralar tarqalgan hududda qurbaqalar umuman yashamas ekan, shundan so‘ng ilonlarga sichqon berganda ularni paqqos tushirdilar.