282 000 книг, 71 000 авторов


Электронная библиотека » Я. Давлатов » » онлайн чтение - страница 16

Читать книгу "Заҳарли газандалар"


  • Текст добавлен: 28 апреля 2024, 15:00


Текущая страница: 16 (всего у книги 18 страниц)

Шрифт:
- 100% +

Populyatsiyaning genetik tarkibi deb undagi o‘zgaruvchanlikning o‘rtacha normasini tushunmoq kerak. Tabiiyki, genetik o‘zgaruvchanlikdan nasl belgisini ko‘rsatish mumkin edi, lekin ko‘pincha buning iloji yo‘q. Shuning uchun populyatsiyaning shunday belgisi olinadiki u belgi tashqi muhit ta’siri ostida juda kam o‘zgaradigan bo‘lsin, aniqrog‘i belgi o‘zgaruvchanligini o‘rtacha normasi olinadi. Harqanday populyatsiya o‘zgaruvchanligini o‘rtacha normasi boshqa populyatsiyaning xuddi ana shunday o‘rtacha normasidan farq qiladi. Ikkita aynan o‘xshash populyatsiya yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas, chunki har bir populyatsiya har xil sharoitda yashaydi, shuning uchun ham ularning genafondi bir xil bo‘lishi mumkin emas. Populyatsiyalar orasidagi tafovutni topish tadqiqotchining mohirligi va mehnatsevarligiga bog‘liq. Aslini olganda bunday farqlarni topish qiyin emas, hamma gap ana shunday tafovutlarni belgilaydigan omillarni aniqlashdadir.

Atrofimizni qurshab olgan tabiat, undagi barcha mavjudotlar bir qarashda doimo bir xildek ko‘rinadi, har kuni, har yili o‘sha o‘simlik, o‘sha qushlarning azonda sayrashi, o‘rik gullarida uchib yurgan o‘sha hasharotlarni ko‘ramiz va barcha tirik jonzotlarning to‘xtovsiz o‘zgarib turishi haqidagi fikr hayolimizga kelmaydi. Quyoshning yer atrofida aylanishi qanday aldamchi bo‘lib tuyilsa, bir qarashda o‘zgarmaydigan bo‘lib ko‘ringan tirik tabiat ham xuddi shunday aldamchi hisoblanadi.

Gap shundaki, hozirgi tirik tabiatda, ya’ni o‘simlik va hayvonot olamida yuz berayotgan o‘zgarishlar inson manfaatlariga mos kelmayotir, demak, inson oldida turgan vazifa ta’kidlaganimizdek tabiatda yuz berayotgan o‘zgarishlarni ma’lum maqsadga yo‘naltirishdan iboratdir. Tirik mavjudotlar evolyutsiyasini idora etish masalalarini yo‘lga qo‘yishimiz, buning uchun esa ularni tabiatda rivojlanish qonunlarini bilmog‘imiz kerak.

Hozir yer yuzida yashayotgan odamlar soni yetti milliarddan oshib ketdi. 30 yildan so‘ng bu raqam ikki barobarga ko‘payishi mumkin. Yovvoyi tabiat uchun o‘rmon, dala, cho‘l va umuman inson qo‘li tegmagan yer parchasi borgan sari kamayib bormoqda. Bu yovvoyi tabiat yo‘qolishi mumkin deganimi? Hozirda yashab turgan har bir tur o‘ziga xos betakror xususiyatga ega. Har bir tur kelajakda inson uchun o‘ta foydali bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari inson faqat ijtimoiy mavjudot bo‘lib qolmasdan, balki bir vaqtning o‘zida u biologik mavjudot hamdir. Hayotni davom ettirish uchun inson ovqatlanishi, kiyinishi, nafas olishi va ko‘payishi kerak. Tabiatimiz o‘simlik va hayvonlardan iborat oziq-ovqat mahsulotlarini, suv va havoning tozaligini, asfalt va betondan holi bo‘lgan dam olish joylarini toza saqlashni talab qiladi. Bularning hammasini tirik jonzotlar hayotisiz tasavvur qilish qiyin.

Idora etiladigan evolyutsiyaning boshqacha shakli – yangi turlarni yaratish, ya’ni mavjud turlardan o‘z xususiyatlari bilan ajralib turadigan, ilgari tabiatda yashamagan jonivor zotlarini yaratishdek mas’uliyatli masala turadi. Masalan, hozir parchalanmaydigan, ya’ni chirimaydigan plastmassa chiqindilari kundalik turmushimizda to‘planib qolmoqda. Bugungi kunda ma’lum maqsadga qaratilgan seleksiya ishlari bakteriyalarning maxsus turlarini yaratish imkonini beradi.

Bunday bakteriyalar ana shunday chiqindilar bilan oziqlanib, ularni parchalab yuboradi. Albatta, yangi yaratilgan bakterialarni inson o‘z nazoratidan chiqazmasligi, ular butun sayyoramizga tarqalib ketmasligi kerak, aks holda, ular har qanday plastmassaga qiron keltirishi mumkin.

Bakteriya va viruslarga qarshi qudratli antibiotiklar 1940-yildan e’tiboran qo‘llanila boshlandi. Dastlabki yillari uning ta’siridan odam tanasidagi bakteriyalarning 99 foizi halok bo‘ldi. Urush yillari penisillin 10 minglab kishilarning hayotini saqlab qoldi. 20-yillardan keyin esa, undan ta’sirlanadigan mikroorganizmlar atiga 20–30 foizni tashkil etdi, qolganlari esa mazkur antibiotikni katta o‘lchamidan ham ta’sirlanmaydigan bo‘lib qoldi. Shunday qilib, dastlabki uncha ko‘p bo‘lmagan chidamli bakterialarning tanlanishi natijasida, ularni yanada ashaddiy kasal chaqiruvchi turlari paydo bo‘ldiki, u butun yer yuziga tarqalib ketdi.

Umuman olganda, biz evolyutsiyani boshqarishdan ancha uzoqdamiz. Dalalarimizda o‘simliklarning yangi navlarini yaratishdan ko‘ra, gerbisidlarga chidamli turlari ko‘proq paydo bo‘lmoqda. Bezgak pashsha, qandala, bit va burga kabilar orasida ham bizni muhofaza choralarimizga chidamli turlari ma’lum bo‘layotir. 1956-yili ana shunday hasharotlarning 20 tacha turi aniqlangan edi, 1963-yilga kelib ularning soni 112 taga ko‘paydi, 1968-yilda esa ularning soni 225 taga yetdi. Ko‘rinib turibdiki, biz tabiat bilan bo‘layotgan evolyutsion o‘yinda g‘alaba qilishdan ko‘ra ko‘proq yutqazib qo‘ymoqdamiz. Zero, hayvonot va o‘simlik turlarini saqlab qolishdan ko‘ra ularni abadulabad yo‘qotish hollari ko‘proq uchramoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kurrai-zaminda 1960–70-yillarda har kuni bitta biologik tur yo‘qolgan bo‘lsa, 2000-yilga kelib esa har bir soatda bitta tur yo‘qolmoqda. Sobiq sho‘rolar davrida esa oxirgi 25 yilda har 3-3,5 yildan so‘ng bitta sutemizuvchi yo‘qolib borgan. Shu narsani esda saqlash kerakki, tabiatni ko‘proq karbonat angdrid yutib, kislorod ishlab chiqaradigan o‘simlik navlari bilan boyitishimiz kerak. Suv havzalarining tabiiy tozaligini ta’minlaydigan jonivorlar o‘ta muhimdir.

Tabiatdagi ko‘zga ko‘rinmas kuchlar biron daqiqaga ham o‘z ishlarini to‘xtatib qo‘ymaydi va sekin-asta, qadamba-qadam bir belgidan ikkinchi belgiga, avloddan-avlodga o‘tgan sari barcha tirik jonzotlar o‘zgarib boradi. Biroq, million va yuz million yillar davomida ro‘y berib kelgan evolyutsion jarayonlarni kuzatish uchun, afsuski inson umri o‘ta qisqalik qiladi.

Barcha turlarni saqlash muhimligini asoslab beradigan yana bir dalil – turlarni almashtirib bo‘lmaslik prinsipidir. Buning mohiyati shundaki, tabiiy mahsulotlarni hech vaqt to‘laligicha sun’iy mahsulotlar bilan almashtirib bo‘lmaydi. Buning asosiy sababi insonning ikki yoqlama biologik va ijtimoiy tabiati bilan bog‘liq. Garchi inson ijtimoiy qonunlarga bo‘ysingan holda rivojlansa-da, u biologik tur hisoblanadi. Demak, inson hayotini to‘laqonli, me’yorida davom etishi organizmga tushadigan oziq-ovqat turlariga, aniqrog‘i ko‘p ming yilar davomida organizm moslashgan mahsulot turlarini iste’mol qilishiga bog‘liq. Xususan, ona suti bilan boqilmagan bolalar keyinchalik ichak va asab kasalliklariga ko‘proq chalinar ekan.

Endi jonivorlarning tashqi muhitga moslashishining har xil shakllarini ko‘raylik. Qoraqum cho‘llarida yumaloq bosh degan yuvoshgina kaltakesak yashaydi. Uning dushmanlari ko‘p, tep-tekis cho‘lda yashirinish ham oson emas. Yumaloq bosh buning ilojini topgan, xavf-xatarni sezgan zahoti bu kaltakesak uzala tushib yotib oladi-da, xuddi bezgak tutayotgandek nuqul qaltirayveradi, natijada qum chetga surilaveradi va yumaloq bosh birpasda qum ostiga kirib ketadi.

Bionik olimlar kaltakesakning bu hunarini o‘rganib, xuddi shu prinsipda ishlovchi qoziq qoqadigan mashina, beton shibbalovchi tebratgich yaratdilar.

O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekistonda uchraydigan kaltakesaklarning eng yirigi echkemardir. Uning tili ilonniki singari ayri shaklida bo‘lgani uchun ham, ko‘pchilik olimlar hozirgi ilonlar echkemarlardan kelib chiqqan, deb taxmin qiladilar.Uning tishlari ham o‘zgacha tuzilgan, ya’ni u baliq tutadigan qarmoq shaklida bo‘lib, tishlagan o‘ljasini qo‘yib yubormaydi. Echkemarga ilonning zahri ham ta’sir etmaydi, aksincha u ilonlar bilan oziqlanadi. Shuningdek, echkemar odamga nisbatan juda katta miqdordagi radioaktiv nurga bardosh beradi. Bu jihatidan ular toshbaqalarga o‘xshaydi. Bizning tajribalarimizda kobra iloni boshqa ilonlaprga qaraganda 5-6 barobar nurlanishga bardosh berar ekan. Sudraluvchilarning ana shunday kuchli radiatsiyaga bardosh berishi ehtimol ularning ajdodlari yerda tabiiy nurlanish yuuqori bo‘lgan davrlarda yaxshigina immunitet hosil qilgan bo‘lishi mumkin.

Moslashishning yana bir ajoyib turi autotomiya hodisasi bilan bog‘liq. Masalan, kaltakesakning dumi qopqonga yoki yirtqich hayvon panjasiga ilinib qolsa, u dumini tashlab qochadi, bunday hodisadan jonivor qiynalmaydi, chunki ularda regeneratsiya hodisasi yaxshi rivojlangan. Kaltakesakning uzilib tushgan dum bo‘lagi bir necha daqiqalar davomida qimirlab turadi, ya’ni qonda kislorod tamom bo‘lguncha muskul va asab tolalari o‘z vazifasini bajarib turadi.

Qumda yashovchi gekkon tom ma’noda tungi hayvon u tunda faol hayot kechiradi, jazirama issiq nima ekanligini bilmaydi, va quyoshga chiqarib qo‘yilgan gekkon bir necha daqiqada halok bo‘ladi. U bilan yonma-yon yashayotgan boshqa kaltakesak yumaloq bosh kunduzgi hayvon, unda o‘ta qiziq moslashuvchan belgilar mavjud bo‘lib, uning jazirama issiqda ham yashab ketishiga yordam beradi. Uni katakda saqlab bo‘lmaydi, chunki xona harorati bu jonivor uchun o‘ta pastdir, hatto lampa qo‘yib isitish ham yordam bermaydi, yumaloq bosh bir necha haftadan keyin halok bo‘ladi. Bu jonivorni tutqunlikda saqlash uchun qum qizdirilishi kerak, shunday qilib, bir muhitda yashayotgan ikki tur orasida juda katta farq bo‘lib, bu ularning hayot tarzidagi farq bilan belgilanadi.

Avstraliyaning qurg‘oqchil rayonlarida molox degan kaltakesak yashaydi, ular suvsizlikdan qiynalmaydi, chunki uning og‘iz bo‘shlig‘ida suv zahirasi saqlanadi, ya’ni kaltakesak jag‘ining ikki yon tomonida suv to‘planadigan mesh qopchiqlar joylashgan. Tunda yerga tushgan shudring zarrachalari jonivorning teri teshikchalari orqali so‘rilib, nozik tomirlari bo‘ylab oqib, mesh qopchiqqa borib to‘planadi. Kaltakesak chanqab qolguday bo‘lsa, jag‘ muskullarini o‘ziga xos ravishda harakatga keltirib, bir necha tomchi suvni siqib chiqaradi. Bunday o‘ziga xos moslashish xususiyati biron-bir boshqa jonivorda kuzatilmaydi.

Bo‘yi va kattaligi qo‘lning kafticha keladigan kaltakesak – uchar ajdar daraxtda yashaydi. Kutilmaganda, jonivorning yon tomonlaridan qanot o‘sib chiqadi. Kaltakesak o‘tirgan daraxt shohidan sakrab 10 yoki 50 metr masofaga uchib boradi hamda ohistalik bilan daraxt shoxiga qo‘nadi-da, bir zumda qanotlari yo‘qoladi. Buning sababi shundaki, kaltakesakning 5-6 qovurg‘asi juda uzun bo‘lib, ular go‘yo oshiq-moshiqqa o‘rnatilgandek, yon tomonga kerilib, kaltakesakning biqinida burmalanib yotgan elastik terini cho‘zadi, shunda jonivor parvozga tayyor bo‘ladi.

O‘zbekistonning suv havzalarida ilonbosh degan yirtqich baliq yashaydi. Yoz paytida mayda ko‘llarning suvlarida kislorod kam bo‘ladi, bunday holat ilonboshni tashvishga solmaydi, baliq oyqulog‘ining tepasida qon tomirlariga boy bo‘lgan maxsus chuqurcha bor. Baliq nafas olishga qiynalsa, og‘zi bilan havo olib, uni ana shu chuqurchaga haydaydi, bu yerda qonning kislorodga to‘yinish jarayoni yuz beradi.

Kavsh qaytaradigan baliq haqida eshitganmisiz? Tropikada to‘tiqush nomli ana shunday baliq yashaydi, uning tomog‘ining ikki yon tomonida cho‘ntaklari bo‘lib, unda turli xil ozuqa bo‘laklari saqlanadi. Baliq dam olish paytida cho‘ntagidagi xo‘ragini tomog‘iga ko‘chirib, katta bo‘laklarni maydalab yeydi.

Endi hayvonlarda yuz beradigan o‘zgaruvchanlik haqida ikki og‘iz so‘z. Suvda yashaydigan hayvonlarning quruqlikka chiqishi umurtqalilar evolyutsiyasida o‘ta muhim bosqich hisoblanadi. Taxmin qilinishicha mazkur evolyutsion sakrash devon davrining oxirida – 300 million yil bundan muqaddam amalga oshgan. O‘sha davrdagi iqlim sharoitlari o‘ta beqaror bo‘lib, keng miqyosidagi yog‘ingarchiliklar vaqti-vaqti bilan o‘ta qurg‘oqchilikka olib kelgan. Ana shunday sharoitda suv hayvonlari kuchli tanlanish bosimi sinoviga duch keladilar. Shunday qilib mazkur hayvonlar ham namgarchilik, ham o‘ta qurg‘oqchilik sharoitiga moslashib ketishlari kerak bo‘ladi. Binobarin, ilonlar ekologiyasidagi turlararo tafovutlarni tarixiy sharoitdan kelib chiqib tushuntirmoq kerak. Bunda biosenoz komponentlari orasidagi munosabatlar katta ahamiyat kasb etadi. Ch.Darvin ta’biri bilan aytganda, barcha munosabatlar orasida turlararo munosabat hal qiluvchi ahamiyatga ega.

O‘zgaruvchanlik darajasining murakkabligi va miqyosi yashash sharoitining turg‘unlik darajasi bilan belgilanadi, chunki doimiy turg‘un muhitda o‘zgaruvchanlik o‘rtacha normasi juda past bo‘ladi. Masalan, suv sharoiti quruqlikka qaraganda ancha turg‘un bo‘ladi. Baqaning lichinkalari va voyaga yetgan formalarini solishtirganda bunday qonuniyat yaqqol ko‘zga tashlanadi. Baqaning o‘zgaruvchanligi 5-10 foizni tashkil etsa, metamorfozdan so‘ng u 15-20 foizga oshadi. Ikkinchidan, suv sharoiti yana bir tomoni bilan ajralib turadi. Suv hayvonlari o‘zini tanasini ko‘tarib turish uchun hech qancha kuch sarflamaydi, ya’ni suv muhitida quruqlikka xos bo‘lgan gravitatsiya hodisasi kuzatilmaydi, chunki jonivorni suv ko‘tarib turadi. Quruqda yashaydigan hayvonlar esa yerning tortish kuchini yengish uchun qo‘shimcha energiya sarf qiladi. Yana bir misol, amfibiyalar baliqlarga qaraganda qon va gemoglabin miqdorining ko‘pligi bilan farq qiladi. Ammo, bunday tafovut ikkala turning filogeniyasi bilan emas, balki ularning yashash sharoiti bilan belgilanadi.

Ilon populyatsiyasi yemishi va hayot tarzining o‘zgarib turishi ilonlarni barcha belgilariga, tashqi va ichki ko‘rinishlari, shuninggdek, zaharining oqsil tarkibi o‘zgarishiga ta’sir etmasdan iloji yo‘q. Demak, tur ichidagi har xil formalar zaharini o‘zgarib turishi, ya’ni ularda mikroevolyutsion jarayonlar yuz berishi asosan ekologik omillar bilan izohlanadi. Gap shundaki, populyatsiyaning yangi yashash sharoitiga moslashishida zaharning sifati asosiy ko‘rsatgich bo‘lib, ilonning moslashishida va kelajak taqdirini belgilashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Agarda ilon zahri hujum qilish va himoyalanish quroli sifatida yangi muhit talabiga binoan o‘zgarsa, unda organizm yashab ketadi, aks holda ilonlarni yangi sharoitga moslashish imkoniyati ancha past bo‘ladi.

Yuqorida bayon qilinganlardan ko‘rinib turibdiki, tabiiy tanlanish tiriklikning barcha darajalarida – molekula, hujayra, individ va populyatsiyalarda bir xil tezlikda yuz beradi. Ana shu darajalarning bir butunga aylanishi oxir-oqibat populyatsiyaning o‘ziga xosligini belgilaydi.

Cho‘l qorailoni, charh ilon va kobra iloni zaharining populyatsiyalararo tafovutlari ham qiziq. Mazkur ilonlarning har xil formalari, tashqi ko‘rinishi, rangi, folidozi va o‘lchami bilan bir-biridan farq qilmaydi. Bunday holat ularning zaharini bir xilliligida o‘z ifodasini topgan. Ilonning turli tiriklik darajalarida kuzatilayotgan turg‘unlik birinchi navbatda ularning genetik tizimiga, ya’ni tur arealini kengaytiradigan genetik turli-tumanlik etishmasligi bilan izohlanadi. Populyatsiyalararo tafovutning ko‘zga tashlanmaslik sabablaridan biri turning ekologik omillariga bog‘liq. Masalan, charh ilon boshqa tur ilonlardan arealini torligi, cheklanganligi bilan farq qiladi, ular asosan barxan qumlarda va soz tuproqli joylarda yashaydi. Ana shunday biotoplarning fauna va florasi ham o‘xshash. Bularning hammasi turli rayonda yashaydigan ilonlar zahri tarkibi o‘xshashligini ta’minlaydi. Bu – charh ilon populasiyalarida ana shunday tafovutlar umuman yo‘q degani emas, albatta. Ehtimol ana shunday tafovutlar boshqa a’zolar, belgilar tizimi yoki funksiyasi bilan bog‘liqdir.

Shuni ham unutmaslik kerakki, alohida organlar, to‘qimalar, hujayralar, ayrim genlarda nukleotidlarning keta-ket joylashishi o‘zo‘zicha evolyutsiyaga yuz tutmaydi, qat’iy tarzda aytganda faqatgina organizmlardan iborat bo‘lgan populyatsiyalardagina evolyutsiya yuz beradi. Shuningdek, genlar va oqsillarda hujayra va a’zolarda o‘zo‘zicha evolyutsiya yuz bermaydi. Ular bir-biri bilan bog‘liq bo‘lib, organizm darajasida birlashadi.

Yilning turli fasllarida kalamushlar ustida olib borilgan tajribalar qiziq natijalar ko‘rsatdi. Bir turga mansub va bir xil yoshdagi hayvonlar, bir xil ota-onadan, ammo yilning turli mavsumlarida dunyoga kelgan kalamush bolalari turlicha biologik xususiyatlari bilan farq qilar ekan. Xuddi shunga o‘xshash tajribalar boshqa kemiruvchilar ustida ham o‘tkazildi. Ularning natijasi ham quyidagi xulosaga olib keldi. Yilning turli fasillarida tug‘ilgan kalamushlar eng muhim biologik tomonlari bilan bir-biridan farq qiladi. Bahorda tug‘ilgan hayvonlar tez o‘sib, 40-50 kunda ba’zan ertaroq ham voyaga yetadi, bir necha marta nasl beradi, kuzga kelib to‘la-to‘kis qarilik belgilari bilan halok bo‘ladi.

Yozning ikkinchi yarmida va kuzda tug‘ilgan kemiruvchilar o‘zini boshqacha his qiladi. Qisqa muddatli bolalik davridan so‘ng ular o‘sishdan to‘xtaydi, nasl qoldiradigan darajada voyaga yetmasdan bahorga chiqadi. Bahorda ularning ichki sekretsiya bezlari faoliyati kuchayib, ular shiddat bilan o‘sa boshlaydi, ko‘payishga kirishadi. Bahorda tug‘ilgan ularning akalari mana shu yoshda qarib qolgan bo‘ladi. Kuzda tug‘ilgan kemiruvchilar esa endigina bolalik davrini o‘tab bo‘ladi. Bu hodisa ularning o‘sish va rivojlanish xarakterigagina emas, balki hujayralar darajasidagi ba’zi bir belgilariga ham ta’sir etadi.

Shu narsa aniqlandiki, kuzda tug‘ilgan sakkiz oylik jonivorlar hujayrasining bo‘linish tezligi bahorda tug‘ilgan 2-3 oylik kemiruvchilar hujayrasi bo‘linish tezligiga to‘g‘ri keladi. Har xil vaqtda tug‘ilgan hayvonlarning qarish jarayoni ham har xil ekan. Kuzda tug‘ilgan jonivorlar qishdan chiqqach, bahorda o‘sa boshlaydi va ko‘payadi. Shunday qilib, o‘zining bahorda tug‘ilgan bolalari bilan birgalikda o‘z hayotini yakunlaydi. Eng muhimi shundaki, yashash muhitining bir xil o‘zgarishiga har xil mavsumda tug‘ilgan hayvonlar turli xil o‘zgarishlar bilan javob beradi.

Bunda hayotning eng muhim qonunlaridan biri namoyon bo‘ladi. Muayyan bir turning har qanday individlar guruhi biologik jihatdan turli-tumandir. Bu guruhlar orasida sezilarli darajada genetik farq bo‘lmagan taqdirda ham, xatto ular yaqin qarindoshlardan iborat bo‘lsa-da, yuqorida bayon etilgan turli-tumanlik saqlanib qoladi.

Bir mahallada yashayotgan bir millat kishilari orasida qora, sariq sochli, bo‘yi uzun, kalta, semiz va ozg‘in kishilar uchragani kabi hayvonlar uyushmasi-da ham gavda tuzilishi, rangi va xulq atvori jahatidan farq qiladigan individlar mavjud.

Masalan, serpushtligi bilan xarakterlanadigan hayvonlar guruhi qurg‘oqchilikka yoki sovuqqa chidamli bo‘lmaydi. Bular orasida uncha serpusht bo‘lmasada, lekin qurg‘oqchilik va sovuqqa bardosh beradigan individlar albatta, uchraydi. Bunday jonivorlar soni kam bo‘lsa-da, lekin ularning uchrab turishi, umuman, hayvonlar uyushmasi uchun juda muhimdir. Yashash sharoiti yaxshi bo‘lganida kemiruvchilar soni birinchi guruh individlar hisobiga tez va keskin ko‘payadi. Yashash sharoiti yomonlashganda esa, chidamli individlar uyushmani qirilib ketishidan saqlab qoladi.

Hayvolarning muayyan uyushmalaridagi turli-tumanlik masalasiga qaytaylik. Ko‘p hayvon turlari ichida irsiy belgilar turli-tumanligi omillariga duch kelamiz. Bunday hodisa polimorfizim deb ataladi. Polimorf formalar barcha turlar va deyarli barcha snif vakillari orasida tarqalgan. Masalan, O‘rta yer dengizi mintaqasida yashovchi kaltakesaklar orasida och va to‘q rangga bo‘yalganlari uchraydi. Boshqalardan farqi shundaki, mazkur kaltakesaklarning ichaklari uzun bo‘lgani uchun ham ular hasharotlar bilan emas, balki o‘simliklar bilan oziqlanishga yaxshiroq moslashgan.

Hayvonlar uyushmasining biologik turli-tumanligi ularni qirilib ketishdan saqlab qoladi, son jahatidan ko‘payishi va yashash (tarqalish) hududining kengayishiga zamin yaratadi.

Biologik turli-tumanlik cheksiz emas, albatta. Tabiiy tanlanish faqat ma’lum afzallikka ega bo‘lgan individlarni tanlaydi, juda bo‘lmaganda, yilning ba’zi mavsumlarida yoki hayvonning yashash davridagi ma’lum sikllarida ana shunday ustunlikka ega bo‘lganlarinigina yashashini ta’minlaydi.

Turning umumiy o‘zgaruvchanlik ko‘lami uning yashash sharoiti bilan chambarchas bog‘liqdir. Nisbatan turg‘un sharoitda o‘zgaruvchanlik amplitudasi torayadi. Agarda yashash sharoiti o‘zgaruvchan va turlituman bo‘lsa, alohida belgilarning o‘zgaruvchanligi ham keskin oshadi. Masalan, suvda va quruqda yashovchilarning lichinkalarini suvda va quruqda rivojlanishini eslaylik.

Geografik o‘zgarishlarning o‘zgaruvchanlik amplitudasini tekshirish ham ana shunday xulosaga olib keldi. Bunday tadqiqotlar turli-tuman hayvonlar ustida olib borildi. Sutemizuvchilarning ko‘pchilik turlari janubdan shimolga qarab tarqalgan sari ularning yashash sharoitlari shunchalik turli-tuman bo‘lmaydi, shunga ko‘ra hayvonlardagi o‘zgaruvchanlik ham kamayadi. Yashash sharoitining kuchli ta’siri quyidagi misolda ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Serpentariyada ilonlar tabiatdagi singari qishki uyquga ketmaydi, ya’ni ulardan yil bo‘yi zahar olinadi. Zaharli ilonlarning (cho‘l qora iloni, bo‘sh ilon) yozda tug‘ilgan bolalari orasida bir qismi o‘lmasdan qishdan chiqadi va yashashni davom ettiradi, ular tez o‘sadi va qisqa muddatda voyaga yetadi, qizig‘i shundaki, ana shunday ilon bolalarini tabiatdan ushlangan tengqurlari bilan solishtirilganda, ilonxonada o‘sgan bir yoshar ilonlar kattakichikligiga ko‘ra, tabiatda o‘sgan 2–3 yashar ilonlarga teng keladi.

Ingliz olimi S.Rous laboratoriya sharoitida qurbaqa lichinkalarining bir-biriga ta’sirini o‘rganadi va shunday xulosaga keladi: qurbaqa lichinkalarining istagan bir guruhida tez rivojlanayotgan yiriklari va sekin o‘sayotgan maydalari uchraydi. Tez o‘sayotgan lichinkalar yashab turgan suvni sekin rivojlanayotgan itbaliqlar idishiga quyulsa, bular o‘sishdan to‘xtaydi, ba’zan nobud bo‘ladi. Maxsus tajribalar shuni ko‘rsatadiki, itbaliqlar yashayotgan suvda modda almashinuvi natijasida hosil bo‘lgan mahsulot (chiqindi) boshqa individlarning o‘sishini to‘xtatib qo‘yadi.

Shunga o‘xshash natijalar boshqa hayvonlar: baliqlar, mollyuskalar, hasharotlar misolida ham olingan. O‘z tajribalaridan S. Rous o‘ta muhim evolyutsion xulosaga keladi: juda tez o‘sadigan itbaliqlardan ajralib chiqadigan ingibitorlar sekin o‘sadigan individlarni butunlay qirib tashlash uchun yetarli bo‘larmikin? Bu aniq emas, shunday bo‘lganda edi evolyutsiyaning qudratli mexanizmi kashf etilgan bo‘lar edi. Tez rivojlanadigan yangi genom boshqa genomlarni tez orada chetlashtirib qo‘ygan bo‘lar edi. Lekin bizga ma’lumki, biologik turlitumanlik har qanday tur va guruhning rivojlanishi uchun yaxshigina zamin hisoblanadi.

Har qanday turga mansub qurbaqa koloniyalari ustida o‘tkazilgan tajribalardan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, tez rivojlangan itbaliqlar begona oila individlariga qaraganda, o‘zlarini tug‘ishganlarining o‘sishiga kuchliroq ta’sir ko‘rsatar ekan.

Demak, qurib qolayotgan ko‘lmak suvda itbaliqlar o‘limi muqarrar bo‘lib qolganda, ulardan chiqadigan ingibitorlar har bir oiladagi tez o‘sayotgan individlarning hayotini saqlab qolar ekan. Boshqacha qilib aytganda, itbaliqlar o‘z oilasi manfaati uchunmi yoki qabila manfaati uchun ishlashi kerakmi deganda, ular so‘zsiz ikkinchi yo‘lni tanlaydilar. Ayrim individlar emas, balki birgalikda yashaydigan guruhlar nuqtai-nazarida qaraganda, bu qaror juda to‘g‘ri hisoblanadi.

Yuqorida bayon etilgan fikrga qo‘shimcha dalil sifatida Amerika kurakoyoq baqasini eslash o‘rinlidir. Tajribalarning ko‘rsatishicha, hattoki kanibalizm ham guruhning, umuman, rivojlanishi uchun foydali ekan.

Endi populyatsiyalar genetikasi haqida. Mendel qonuning ikkinchi marta kashf etilishi tufayli yuzaga kelgan hozirgi zamon genetikasini darvinchilar mamnuniyat bilan kutib olmadilar. Bu tushunarli, chunki Darvin nazariyasining asl mohiyati tabiiy tanlanishning ijodkorlik rolidan iborat. Shunga qaramasdan, genetiklarning tasdiqlashicha, irsiy o‘zgaruvchanlikning ma’lum va yagona formasi – bu mutatsiyadir. Lekin mutatsiyaning yuzaga kelishi tabiiy tanlanishga muhtoj emas. Mutatsiya o‘z-o‘zidan tayyor holda yuzaga keladi va ilgarigi genetiklar o‘ylaganidek, ularning o‘ziga xosligi ko‘zga tashlanib turadi. Tabiiy tanlanishning eng katta imkoniyati shundaki, u zararli mutatsiyalarni yo‘qotib yuboradi, ya’ni ularni elakdan o‘tkazadi.

Darvinchilarniing genetiklarga bo‘lgan munosabati ana shu bilan belgilanardi. Genetiklar darvinchilarni buyuk ittifoqchi deb tan olmadilar va tirik organizmlar o‘zgaruvchanligida mutatsiyaning manbalik rolini inkor etdilar. Chunki shu asosda tabiiy tanlanish tirik organizmlarning turli-tumanligini ta’minlar edi.

Shu narsa aniq bo‘ldiki, evolyutsiyaning asosini mutatsiya tashkil etadi. Evolyutsiya uchun u material bo‘lib xizmat qiladi. Demak, irsiyatning sitologik asosi va mutatsiyaning namoyon bo‘lish qonunlari darvinizm va tabiiy tanlanish nazariyasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri taalluqlidir.

G‘oyalarning yangi tizimi paydo bo‘ldi, uning asosiy mazmuni shunday: o‘zgaruvchanlik manbai – genlar mutatsiyasi va ularning rekombinatsiyasi. Rekombinatsiyaning o‘ta muhim roli alohida ta’kidlanadi.

Genetiklar kichik mutatsiyalarning tashqi ko‘rinishini tekshirib, evolyutsion jarayonning mexanizmini o‘rganib olish bobida o‘ta muhim xulosaga keldilar. Muayyan populyatsiyaga oid hayvonlar orasida bir-biridan farq qiladigan juda ko‘p belgilar bitta gen bilan emas, balki ularning kompleksi (belgi poligenligi) bilan va yana juda ko‘p modifikator genlar bilan belgilanar ekan. Bu esa organizm genotipining tasodifiy zararli o‘zgarishlardan saqlaydi.

Agarda muayyan organizmning o‘ziga xos xususiyati mingdan bir lokusning molekulyar tizimi bilan belgilansa, uning mutatsiya yoki rekombinatsiya natijasida o‘zgarishi urchish paytida, albatta, hayvonning morfo-fiziologiyasida sezilarli qayta o‘zgarishlarga olib keladi. Agarda jonivor belgisi ko‘p lokuslar tizimi bilan belgilansa, uning ustiga ular har xil xromasomalarda joylashgan bo‘lsa, unda organizm normal rivojlanishida tasodifiy izdan chiqishlar deyarli ro‘y bermaydi. Shuning uchun ham hayvonning eng muhim belgilari (xususan, uning fiziologik o‘ziga xosligi) ishonchli darajada himoya qilingan bo‘ladi.

Bir bo‘lak (gen)ning xususiyati bir butunni (genomni, ehtimol jinsiy hujayrani ham) xususiyati bilan belgilanadi.

Populyatsion genetikaning boshqa bir muhim kashfiyoti – bu individlarning yashash uchun o‘ta moslashganligidir, ya’ni ularning ota-onalari genetik jihatidan muhim o‘ziga xosligi bilan farq qiladi. Yagona genotipda turli allelli genlarni birga bo‘lishi, boshqacha qilib aytganda, ota-onasidan o‘tgan har xil genetik imkoniyatlarining mavjud bo‘lishi organizmning yashash qobilyatini oshiradi. Shuning uchun ham mutatsiya, hatto zararli bo‘lgan taqdirda ham populyatsiyadan yo‘qolib ketmaydi, balki organizmda yashirin holda saqlanadi. Bu ham populyatsiyaning genetik boyligini muttasil ortib borishiga olib keladi, albatta.

Populyatsion genetikaning navbatdagi xulosasi aftidan yanada katta ahamiyatga ega. Organizmning eng muhim biologik o‘ziga xosligi alohida genlar bilan emas, balki ularning kompleksi bilan belgilangani uchun zararli mutatsiyalar boshqa genlar bilan birgalikda olinganda, ular foydali bo‘lib chiqishi mumkin. Shunday qilib, har qanday mutatsiyaning qimmati uning individual xususiyati bilan emas, balki genotipning umumiy xususiyati bilan belgilanadi. Chatishtirish esa, genlarni doimo aralashib turishiga va genotiplarni muttasil o‘zgarib turishiga olib keladi. Demak, ayrim mutatsiyalarning qimmati oqibat natijada populyatsiyaning umumiy genofondi xususiyati bilan belgilanadi.

Bu xulosa populyatsiyaning bir butun, yaxlit tizim ekanligini ko‘rsatadi Ayrim genotiplarni o‘zgarishi populyatsiyani umumiy genofondiga ta’sir etadi, genofondning o‘zgarishi esa ayrim sistemani rivojlanishida genotiplarning va hatto ayrim genlarning faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Aytilganlardan yagona xulosa shuki, evolyutsion jarayonning eng oddiy birligi alohida individlar emas, balki populyatsiyadir. Bu tushuncha hozirgi zamon evolyutsion ta’limotning asosi bo‘lib qoldi, uning to‘g‘riligi har yili yangi tajribalar bilan tasdiqlanmoqda.

Olimlar fizikaviy, kimyoviy jarayonlarni o‘rgana borib, elementar biologik darajada yuz berayotgan hayotning elementar qonunlarini tushunib olishga umid qilmoqdalar. Eng qizig‘i va muhim joyi shundaki, qaysi bir moddiy kuchlar tufayli organizmdagi fizik, kimyoviy qonuniyatlar materiyaning yangi formasi, insonning paydo bo‘lishiga olib keladi. Ushbu masalani yoritishga ozgina bo‘lsa-da, yondoshish uchun hayotning barcha darajalarini oqibat natijada birlashtiradigan narsa nimadan iborat? Misol uchun yangi yashash muhitiga tushib qolgan hayvonlarda qanday o‘zgarishlar ro‘y beradi? O‘z-o‘zidan tushinarliki, bunday hayvonlar shu sharoitga moslashadi. Shuning uchun ham turli huddudlarda yashayotgan hayvonlar barcha belgilari bilan bir-biridan farq qiladi. Biroq tur ichidagi farqlar bunchalik ko‘zga tashlanadigan bo‘lmasligi ham mumkin, ya’ni bunday farqlar hamisha hayvonning tashqi ko‘rinishida namoyon bo‘lavermaydi. Masalan, baqani olib ko‘raylik. Ma’lumki, bu hayvonning tana harorati o‘zgaruvchan bo‘lib, tashqi muhit harorati bilan belgilanadi. Qishda baqa uyquga ketadi, yozning salqin kunlarida uning faolligi ancha pasayadi, ovqatlanishdan to‘xtaydi va karaxt holatga tushadi. Shimolda yashayotganlari bilan janubda tarqalganlarini solishtirganda, shimoldagilar tez rivojlanishi aniqlandi. Ularning itbaliqlik davri juda qisqa muddatda o‘tib, past haroratda ham fermentlar faolligi yuqori darajada saqlanar ekan. Demak, turli iqlim sharoitida yashayotgan jonivorlarni solishtirganda, hayvonlarning yashash sharoitiga moslashishi faqatgina individlar darajasida emas, balki to‘qima, hujayralar darajasida ham ro‘y berar ekan. Quyidagi misol yanada qiziqroq.

Ma’lumki, barcha baqalar chuchuk suvda hayot kechiradi, Vetnam baqasi esa dengiz qirg‘oqlarida yashaydi. Dengiz suvida tuzning miqdori oddiy suvga nisbatan bir necha barobar ziyoddir. Demak, bunday baqalarning yashash sharoiti keskin o‘zgarganda hujayra membranalari, hujayra ichiga kiradigan kimyoviy elementlar miqdorini idora qilish qobilyatiga ega ekan.

Hayvonlarning har qanday turi yashash muhitiga to‘la-to‘kis moslashishi uchun barcha imkoniyatlarini ishga soladi. Shuning uchun ham barcha turlar orasida faqatgina ularning tashqi ko‘rinishidagina emas, balki to‘qima oqsillari va fermentlar orasida ham tegishli farqlarni topish mumkin. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации