Читать книгу "Заҳарли газандалар"
5.1. ILONLAR ZAHARLI APPARATINING TUZILISHI
Evolyutsiya jarayonida ilonlarning ovqat hazm qilish tizimida yirik o‘ljani yutish uchun maxsus moslashishlar yuzaga keldi hamda o‘ljani halok qiladigan maxsus a’zosi shakllandi, o‘ljani butunligicha yutish uchun uning kallasida xususan jag‘ida sezilarli o‘zgarishlar yuzaga keldi. Zahar bezida yuz bergan qayta o‘zgarishlar har xil oila vakillarida bir xil bo‘lmasdan, ularning ozuqalarini o‘ziga xosligi bilan bog‘liq. Ba’zi bir ilon turlari so‘lagining zaharli bo‘lishi ularning ovqat hazm qilish tizimida turli xil fermentlarning mavjudligi bilan bog‘liq. Tabiiy tanlanish jarayonida bunday xususiyat yanada takomillashib, ilonlarning yashash sharoitiga to‘la-to‘kis moslashib ketishini ta’minlagan. Asta-sekin so‘lak bezlari – yuqori lab, chakka bezlari zaharli suyuqlik ishlab chiqarishga maxsuslashib borgan. Bir vaqtning o‘zida o‘ljaga nashtar uradigan aktiv a’zo ham shakllangan. Yuqori jag‘ning ortki yoki old tomonida ba’zi tishlar kattalashib, tishlarning old tamonida zahar tushadigan tarnovchalar shakllana boshlagan, keyinchalik tarnovchaning ikki chekkasi qirralarining birikishi natijasida quvrsimon tishga aylangan, tishning yuqori qismida, uchidan pastroqda zahar chiqadigan teshigi mavjud.
Bunday qayta o‘zgarishlar, ya’ni quvrsimon tishning paydo bo‘lishi dushmanga zahar solish samaradorligini anchagina oshiradi. Suvilonsimonlarda zaharli tishlari yuqori jag‘ning orqa tomonida joylashgan, shuning uchun ham ularni orqajo‘yaklilar deb ataladi. Bunday ilonlar odam uchun xavfli emas, boshqa barcha zaharli ilonlarda zaharli tishlari yuqori jag‘ning old tomonida joylashgan, shuning uchun ularni oldjo‘yaklilar deb ataladi.
Suvilonsimonlar oilasi (Colubridae). Ilonlar orasila eng katta oila bo‘lib, jamiki ilonlarning 60 foizini tashkil etadi. Mazkur oila vakillari orasida shunday ilon turlari borki, ularning so‘lagi zaharli ta’sir ko‘rsatadi: har xil rangli chipor ilon, yo‘lbars ilon, oddiy tanga ilon, o‘q ilon va boshqalar. Boshqa bir kenja oila soxta suvilonlar yoki (Boiqinae) soxta zaharlilar; bularning zaharli bezi (dyuvernua) zaharli tishning tagida joylashgan bo‘lib, uning zahar oqib keladigan tomiri tishning tagida joylashgan. Zaharli tishi og‘iz bo‘shlig‘ining tubida, yuqori jag‘ suyagining orqa tomonida joylashgani bois, ilon faqat og‘zidagi o‘ljaga zahar solishi mumkin. Shuning uchun ham bunday ilonlardan zahar olish ma’lum qiyinchiliklar bilan bog‘liq.
Aspidlar oilasi (Elapidae). O‘zbekistonda bu oilaning yagona vakili O‘rta Osiyo kobrasi,uning zaharli bezi qorailonlarnikiga qaraganda ixcham tuzilgan bo‘lib, biriktiruvchi to‘qimalar bilan o‘rab olingan, zaharli bez orqa (asosiy) qismdan suyuqlik ishlab chiqaradigan yo‘lak va qo‘shimcha shilliq bo‘limdan iborat. Asosiy bo‘lim murakkab alveolyar ko‘rinishida bo‘lib, bezning markazida joylashgan bo‘shliqqa zahar to‘planadi. Zahar ishlab chiqaradigan epiteliya serroz shaklida bo‘ladi. Hujayralarning balandligi zahar ishlab chiqarish aylanasiga qarab o‘zgarib turadi. Zaharli tishlari yuqori jag‘ suyagining oldingi qismida muqim joylashgan. Kobraning zaharli tishning ustki yuzasida zahar oqib keladigan egat shaklidagi ariqchasi bor.
Qora ilonlar (Viperidae) va chinqiroq ilonlar (Crotalidae) oilasi. Bu ikkala oila vakillarining tuzilishida ancha muncha o‘xshashliklar bor – qachonlardir ular yagona oila hisoblanardi, keyinchalik alohida oilalarga ajratildi. Zaharli bez ilon ko‘zining orqa tomonida joylashgan. Bezning zahar ishlab chiqaradigan qismi usti yassilangan xaltacha ko‘rinishida uzunchoq, uchburchak shaklida bo‘lib, birlashtiruvchi qopchiq bilan o‘ralgan. Qopchiqning ichki yuzasi baquvvat muskul bilan o‘rab olingan. Ilon og‘zini ochganda muskul bezni siqadi va zahar tishning tubini o‘rab olgan shilliq qobiq burmalariga boradi. Bu yerdan zahar ilonning tishi orqali o‘ljaning badaniga oqib tushadi.
Ilonning og‘zi yopilganda zaharli tishlari gorizantal holatda bo‘lib, milk bo‘shlig‘iga joylashadi, ilon og‘zini ochganda esa u tikka holatda, ya’ni yarim oy shaklida bo‘ladi. Ilonni bir marta sog‘ganda ajralib chiqqan zaharning miqdori aytganimizdek ko‘p omillar bilan bog‘liq.
Mamlakatimizda qorailonlar oilasining quyidagi vakillari yashaydi: cho‘l qorailoni (V.ursini), ko‘lvor ilon (V.lebetina) va charx ilon (Echis carinatus) hamda chinqiroq ilonlar oilasining yagona vakili oddiy bo‘sh ilon (Agkistradon halus) uchraydi.
Chinqiroq ilonning boshqalardan ajratib turadigan asosiy farqi, ularni ko‘zi bilan qulog‘i orasida joylashgan chuqurcha bo‘lib, u termolakator vazifasini o‘taydi, mazkur a’zo yordamida ilon qorong‘i joyda uxlab yotgan o‘ljasini topib oladi. Boshqa bir yana o‘ziga xos belgisi: ilon dumining uchida tullash natijasida hosil bo‘lgan teri qatlamlari bo‘lib, ilon bezovtalanganda dumining uchi bilan kuchli tebranish hosil qiladi, ya’ni quruq shitirlagan tovush paydo bo‘ladi. Chinqiroq degan nom ham ana shundan olingan.
5.2. POPULYATSIYA XUSUSIDA
Populyatsiya ma’lum tur individlarining birga yashaydigan guruhi bo‘lib, ular ma’lum bir umumiy xususiyatga ega. Bu umumiy xususiyat bir tomondan qarindoshlik darajasi bilan, ikkinchi tomondan yashash sharoitining umumiyligi bilan izohlanadi. Birga yashaydigan ana shunday hayvonlar guruhi tashqi muhit o‘zgarishlariga bir butun bo‘lib va birgalikda javob beradigan, ma’lum tizimga ega bo‘lgan guruhlar populyatsiya deb ataladi.
Har bir biolog populyatsiya degan so‘zning ma’nosini yaxshi biladi, lekin bu so‘zning aniq tarifi ko‘pincha tadqiqotchining ilmiy maqsadiga, vazifasiga bog‘liq bo‘ladi. Genetik, ekolog, sistematik populyatsiya tarifiga juda yaqin yondoshsalar-da, bari bir turlicha nuqtai-nazardan qaraydilar. Shunga ko‘ra populyatsiya o‘zaro urchiydigan (bunda genetik yaqinligiga amal qilinadi) yoki bir yerda yashaydigan hayvonlar to‘plami yoki o‘simlik, hayvonlar majmuining tur darajasidagi komponenti deb tariflanadi. Shu bilan bir qatorda populyatsiya turning aniq yashash shakli, tirik tabiatning tashkil topish darajasidir. Demak, to‘la qonli ma’lumot olish uchun tiriklikning har xil darajalarini, ya’ni hujayra, organ, to‘qima, oqsil, individ va populyatsiya darajasidagi ko‘rinishlarini o‘rganish zarur.
Ilonlar populyatsiyasi haqida gapirishdan oldin laboratoriyada o‘tkazilgan ba’zi bir eksperiment va kuzatishlar haqida so‘z yuritmoqchimiz. Sababi ana shu tajribalar tufayli populyatsiya degan abstrakt tushuncha biz uchun yaqin va tushunarli bo‘lib qoldi hamda bizning kelajak ilmiy ishlarimizning yo‘nalishini belgilab berdi.
Bundan 35-40 yillarcha muqaddam zaharli ilonlarni cheklanmagan miqdorda ovlash mumkin edi. Ilonxonaga O‘rta Osiyoning turli hududlaridan kobra, ko‘lvor ilon, charx ilon, bo‘sh ilon hamda cho‘l qora iloni kabilar yuzlab, minglab keltirilar edi. Dastlab ilonlarni erksizlikda maromida saqlash usullarini ishlab chiqish, har bir ilon turi uchun qulay sharoit yaratish borasida izlanishlar olib borildi.
Demak, har xil turga mansub ilonlarni serpentariya sharoitiga bir xil moslashmasligi va ularning biologik jihatidan o‘ziga xosligini ta’kidlaydi. Haqiqatdan ham, tur, tur ichidagi guruhlardan o‘zining biologik va morfofiziologik mustaqilligi bilan ajralib turadi. Olib borilgan kuzatishlar qiziq hodisa mohiyatini ochib berdi, ya’ni bir turga oid ilonlar orasida ham tutqinlik sharoitiga turli xil munosabatda bo‘ladigan guruhlar mavjud ekan. Masalan, ko‘lvor ilonni serpentariya sharoitida turli muddat yashashligi tasodifiy hol emasligi aniqlandi. Bunday natijaning mohiyatini sinchiklab tekshirish juda qiziq umumbiologik xulosaga olib keldi. Turkmanistondan ushlangan ko‘lvor ilonlar Nurota va Turkiston tog‘idan keltirilgan xuddi shunday ilonlarga qaraganda tutqinlik sharoitida ikki barobar ziyodroq yashar ekan, demak, ikki barobar ko‘proq zahar berar ekan. Bugina emas, mazkur ilonlar katta-kichikligi rangi-ro‘yi bilan va eng asosiysi zahar tarkibini biokimyoviy xossasi bilan ham bir-biridan farq qiladi. Katakda yashaydigan ilonlarning atrof muhitga bo‘lgan reaksiyasi ham bir xil emas. Turkmaniston (Murg‘ob daryosi sohillari) va Kavkazdan keltirilgan ilonlar katakda ancha faol hayot kechiradi, yaqinlashib kelayotgan odam sharpasini sezishi bilan kishi ko‘zidan bekinishga intiladi, uning iloji bo‘lmasa, tovush chiqazib odamni qo‘rqitmoqchi bo‘ladi. Nurota va Turkiston tog‘idan keltirilgan xuddi ana shunday ilonlar esa kam harakat bo‘lib katakning bir burchagida uzoq vaqt qimirlamasdan yotadi. Bu xulq-atvor darajasidagi populyatsiyalararo tafovutlar edi.
Bir turga taalluqli ikki xil rayondan tutilgan ilonlarni ekologiyasi va boshqa belgilarida ana shunday tafovutlarning mavjudligi ularning biologiyasida, aniqrog‘i ekologiyasida ya’ni hayot tarzida o‘ziga yarasha qonuniyatlar borligini taqozo qiladi. Aniqrog‘i bu qonuniyatlar ularning tashqi muhitga bo‘lgan munosabat maromini belgilaydi. Bunday qonuniyatlar me’yori ikki xil rayonda yashaydigan bir turga mansub ilonlar uchun har xil ekan. Binobarin, Turkmaniston va O‘zbekistondagi ko‘lvor ilon populyatsiyalari ko‘p jahatlari bilan bir-biridan farq qiladi.
Lekin guruhlar orasidagi bunday farqlar hamma vaqt ham hayvonlarning tashqi ko‘rinishida namoyon bo‘lavermaydi. Masalan, Xarkov, Pskov, Brest viloyatlaridan ushlangan oddiy qora ilonlar har xil tabiiy sharoitlarda yashashiga qaramasdan, tashqi morfologik ko‘rinishi, katta-kichikligi bilan bir-biridan deyarli farq qilmas edi, lekin mazkur ilonlarning zaharini solishtirganda, ya’ni zahar oqsillarini elektroforez bilan tarkibiy qisimlarga ajratganda oqsillarning miqdori va elektr maydonida harakat tezligi kabi xossalari bilan uchchala populyatsiya vakillari bir-biridan ajralib turar edi. Bunday farqlarni har bir populyatsiyani o‘sha yashab turgan sharoitiga moslashishi jarayonida yuzaga kelgan mikroevolyutsion o‘zgarishlar deb qaramoq kerak. Demak, to‘qimalar oqsil moddalar darajasida yuz bergan o‘zgarishlar populyatsiyani ayni sharoitga moslashishi uchun yetarli bo‘lgan, binobarin bunday o‘zgarishlarni ilonning tashqi ko‘rinishida namoyon bo‘lishiga hojat ham qolmagan. Shuni ta’kidlash kerakki, bunday qonuniyatlar faqat ilonlarga emas, balki hayvonot olamining barcha vakillariga taalluqlidir. Bitta tur ichidagi populyatsiyalararo tafovutlarning katta kichikligi, populyatsiyaning reproduktiv alohidalanish darajasi bilan, ya’ni ular orasida irsiyat belgilarining almashinish imkoniyati bilan belgilanadi. Mutlaq alohidalangan populyatsiyalarni kelajakda potensial kenja tur deb qarasa bo‘ladi.
Ma’lumki, barcha baqalar chuchuk suvda yashaydi, lekin ularning orasida dengiz suviga moslashganlari ham bor. Ma’lum bo‘lishicha bunday baqalarning hujayra membranalari hujayra ichiga kiradigan kimyoviy elementlar miqdorini idora qiladi. Demak, dengiz baqasining ekologik o‘ziga xosligi, ya’ni sho‘r suv muhitida yashayolishi molekulalar darajasidagi o‘zgarishlar bilan belgilanadi. Shunday qilib, hujayra va oqsillar darajasida yuz bergan o‘zgarishlarni o‘ziyoq populyatsiyani to‘la-to‘kis moslashib ketishini ta’minlaydi. Aslini olganda turli sharoitda yuz beradigan biokimyoviy moslashishlar evaziga barcha turlar orasidagi morfologik o‘xshashlik saqlanib qoladi, ya’ni bunday o‘zgarishlarni hayvonning tashqi ko‘rinishida namoyon bo‘lishiga zarurat ham qolmaydi.
Sirasini aytganda populyatsiyalar orasidagi bunday tafovutlarni aniqlash qiyin emas, hamma gap ana shunday o‘zgarishlar sababini tushuntra bilishdadir. Boshqacha aytganda u yoki bu o‘zgarishlar qaysi bir omillar ta’siri ostida yuzaga kelganligini aniqlashdadir. Shundagina biz insonlar hayvonlarning tabiatda rivojlanish qonunlariga, populyatsiyani idora qilish ishlariga aralashishimiz mumkin bo‘ladi.
Ma’lum tur hayvon populyatsiyalarining bir xil bo‘lmasligi biologik qonun, undan hech narsa istisno emas, bunga istagan organizmning istagan belgisi bo‘ysinadi. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, biologiyaning turli sohalarini o‘rganishda, jumladan ekologiya, sistematika, morfologiya va embriologiya fanlarini tadqiq etishda hayvonlarning tashqi ko‘rinishidagi belgilariga qarab xulosa chiqarish hozirgi kunda etarli emas. Demak, to‘la qonli ma’lumot olish uchun tirik organizmning har xil hayotiy darajalarini tadqiq etish zarur bo‘ladi.
Hayvonlarning muayyan uyushmalaridagi turli-tumanlik masalasiga qaytaylik, barcha hayvon turlari ichida rangi, katta-kichikligi, tashqi muhit omillariga turlicha munosabatda bo‘ladigan guruhlar bor, boshqacha aytganda, irsiy belgilarni turli-tumanligini ko‘rsatadigan dalillarga duch kelamiz. Bunday hodisa polimorfizim deb ataladi. Polimorfizim barcha turlar orasida, deyarli barcha snif vakillari orasida tarqalgan.
Shuni ta’kidlash kerakki, biologik turli-tumanlik cheksiz emas, albatta, tabiiy tanlanish faqatgina ma’lum afzallika ega bo‘lgan individlar hisobiga yuz beradi. Juda bo‘lmaganda yilning ba’zi mavsumlarida yoki hayvonning hayot bosqichlarida ana shunday ustunlikka ega bo‘lganlarigina yashashini ta’minlaydi. Shunday ham bo‘ladiki, mutaxassis kishining o‘tkir ko‘zi ham ma’lum turga mansub hayvonlar orasida tashqi tafovutni ko‘ra olmaydi. Bu esa o‘sha jonivorlar orasida ana shunday farq yo‘q degan so‘z emas, albata. Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, bir qarashda bir xil bo‘lib ko‘ringan hayvonlar orasida ularning biologik turli-tumanligi yashirinib yotadi. Polimorfizim doimo yaqqol ko‘zga tashlanavermaydi. Shuning uchun ham biz turlarning biologik turli-tumanligi haqida xali to‘la tushunchaga ega emasmiz.
Shu maqsadda serpentariyaga keltirilgan ilonlarning har xil yo‘llar bilan o‘rgandik. Shu narsa aniqlandiki, ilonlarning istagan bir guruhi ichida tez va sekin o‘sadigan, erta va kechroq voyaga yetadigan, serpushtligi bilan ajralib turadigan, darmondori va namlikka munosabati bilan farq qiladigan jonivorlar bor ekan. Hayvonlarning tashqi ko‘rinishida bunday biologik tafovutlar doimo namoyon bo‘lavermaydi, lekin ularning ahamiyati juda ham kattadir.
Turning umumiy o‘zgaruvchanlik darajasi uning yashash sharoiti bilan chambarchas bog‘liqdir. Nisbatan turg‘un sharoitda o‘zgaruvchanlik imkoniyati kamayadi, agarda yashash muhiti o‘zgaruvchan va turlituman bo‘lsa, alohida belgilarning o‘zgaruvchanligi ham keskin oshadi. Misol uchun suvda va quruqda yashovchilarning lichinkalarini ko‘raylik, ular doimo suvda rivojlanadi. Ko‘pchilik baqa turlarining voyaga yetganlari esa quruqlikda yashaydi. Suv muhiti xususan yozda, ya’ni lichinkalarning rivojlanish davrida nisbatan turg‘un bo‘ladi. Quruqlikda esa bu hayvonlar turli xil yashash sharoitlarini tanlab oladi. Shunday qilib, suvda yashaydigan lichinkalarning har xil belgilarining o‘zgaruvchanligi voyaga yetgan (ya’ni quruqlikda yashaydigan) hayvonlarga qaraganda anchagina kam bo‘ladi. U lichinkalarda 5–10, voyaga yetganlarida esa 10–30 foizni tashkil etadi. Voyaga yetgan baqalarni suvda yashaydigan turlari rivojlanishning har xil bosqichida o‘zgaruvchanlik darajasi bunchalik katta bo‘lmaydi.
Hayvonlarning yashash sharoiti tubdan o‘zgarganda yuz beradigan hodisalarga yana bir misol keltiramiz. Serpentariya sharoitida ilonlar tabiatdagidek qishki uyquga ketmaydi, ya’ni ulardan yil o‘nikki oy zahar olinadi. Zaharli ilonlarning yozda tug‘ilgan bolalari orasida bir qismi o‘lmasdan omon qoladi va bahorga chiqib yashashni davom etdiradi, ular tez o‘sadi va qisqa muddatda voyaga yetadi, ya’ni bir yashar ilonchalar o‘zining o‘lchami bilan tabiatdan ushlangan ikki yashar ilonlarga teng keladi.
Hayvonlarning yashash tarzini, ya’ni ularning ekologiyasini bilmay turib organizmlarning ma’lum guruhini yoki formasini o‘ziga xos xususiyatlarini tushunib bo‘lmaydi. Lekin hozirgi ekologiya alohida individlarni emas, balki ularning tabiiy guruhlarini o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Bu hol barcha hayvonlarni populyatsiyalar darajasida o‘rganishni taqoza qiladi. Chunki populyatsiya bu ma’lum turga mansub organizmlar guruhi bo‘lib u muttasil o‘zgarib turadigan sharoitda o‘zining sonini idora qilib turish xususiyatiga ega. Har bir populyatsiya o‘zining ma’lum genetik tarkibi, ekologik tizimi bilan, ya’ni o‘sha populyatsiyaning yashash hududi bo‘ylab taqsimlanish xarakteri, uning miqdori, voyaga yetgan va yetmagan individlar nisbati va hokazalar bilan xarakterlanadi. Populyatsiya bu turning yashash formasidir.
Xo‘sh populyatsiyalar orasidagi qayd qilingan tafovutlarni qanday tushuntirish mumkin deganda bir so‘z bilan yashash sharoiti bilan izohlash mumkin deb javob beramiz. Tajribalar shuni ko‘rsatdiki, populyatsiyalar o‘rtasidagi tafovutlar faqatgina fenotipik yoki genotipik mexanizmlar bilan emas, balki populyatsiyaning ham genetik tarkibidagi ham yashash sharoitidagi farqlari bilan belgilanadi. Shunday qilib, organizmga muhit ta’sirining xarakteri ta’sir etuvchi omillar tabiati bilangina emas, balki organizmning genetik o‘ziga xosligi bilan ham belgilanadi. Demak, ma’lum bir irsiy o‘zgarish organizmni qaysi bir muhitda yashashiga ko‘ra turlicha fenotipik natijalarga olib keladi. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, ekologiya va genetika sohasidagi tadqiqotlarni birgalikda olib borilgandagina mikroevolyutsiya nazariyasining rivojlanishini ta’minlaydi.
Ma’lumki, har qanday turning yashab ketishi va barq urib rivojlanishi hamda uni katta evolyutsion maydonga chiqishi turning populyatsion tizimi bilan uning soni, yoshi, jinsi va boshqalar bilan belgilanadi. Demak, hayvonlarning yuksalishi yoki o‘zgaruvchanlik darajasi ko‘p miqdordagi genetik omillarning mavjudligi bilan belgilanadi.
Populyatsion biologiya shunday xulosaga keldiki, populyatsiyaning genetik turli-tumanligi qanchalik yuqori bo‘lsa va uning genafondi qanchalik boy bo‘lsa, uning ekologik mayinligi shunchalik yuqori bo‘ladi. Shunchalik u o‘zgargan muhit ta’siri ostida tez va to‘la ravishda qayta o‘zgaradi. Ko‘p hollarda muhit o‘chirib yoqadigan moslama singari ta’sir etadi, ya’ni rivojlanishning bir necha muqobil yo‘nalishlaridan birini belgilaydi. Organizmga muhitning ta’sir etish xarakteri nafaqat ta’sir etuchi omilning tabiati bilan, balki organizmning genetik o‘ziga xosligi bilan belgilanadi. Demak, bir xil irsiy o‘zgarishlar hayvonni qaysi bir muhitda yashashiga qarab har xil fenotipik ta’sir ko‘rsatadi.
To‘plangan ma’lumotlarga qaraganda birinchidan muhitning to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’siri populyatsiyada taksonomik miqyosida o‘zgarishlar chaqirishi mumkin. Ikkinchidan populyatsiyalararo tafovutlar hech qachon genetik yoki fenetik mexanizmlar bilan belgilanmaydi, balki populyatsiyaning genetik tarkibidagi tafovut hamda yashash muhitining farqi bilan belgilanadi. Xulosa qilib aytganda faqatgina ekologiya va genetika bo‘yicha hamkorlikda olib borilgan tadqiqotlar mikroevolyutsiya nazariyasining rivojlanishiga prinsipial ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Hayvonot olamida biz ko‘rib turgan turli-tumanlik zamirida tirik organizmlarga xos bo‘lgan o‘zgaruvchanlik xususiyati hukm suradi. Ana shu o‘zgaruvchanlik va turli-tumanlik tufayligina tabiat rangbarang jonivorlar va o‘simliklardan iborat. Shunday bo‘lmaganda edi, ya’ni o‘zgaruvchanlik hodisasi ro‘y bermaganda edi, tirik organizmlarning rivojlanishini va nihoyat ularning turli tumanligini tasavvur etish qiyin bo‘lardi.
Ma’lumki, o‘zgaruvchanlik manbai genlar mutatsiyasi va ularning rekombinatsiyasidan iborat. Rekombinatsiyaning o‘ta muhim rolini alohida ta’kidlash kerak. Agarda hayvon irsiyati 100 ta genlar bilan belgilansa, ularning har biri 10 xil shaklda (10 alleleda) namoyon bo‘lishi mumkin, demak, rekombinatsiya asosida 10000 genotiplar paydo bo‘ladi.
Bugungi kunda ma’lum bo‘lgan inson genlarining kombinatorlik variantlari hozirgi yashab turgan, qachonlardir yashagan va kelajakda tug‘ilajak odamlar umumiy sonidan ortiqroqdir. Tashqi muhitga o‘ta yaxshi moslashgan ayrim genlarning populyatsiyada tarqalishini, genotipda ularning birga bo‘lishini nima belgilaydi? Bu jarayonda mutatsiyaning roli nimadan iborat? Bu savollarga mumtoz genetika metodlari bilan javob berish mumkin bo‘lmay qoldi.
Genetikaning yangi sohasi – populyatsion genetika vujudga keldi. O‘zining yarim asrdan ziyodroq tarixiy taraqqiyot yo‘lida mazkur fan qanday xulosalarga kelganligini ko‘rib chiqaylik. Genetiklar nuqtai nazaridan populyatsiya bu bitta turning alohida hayvonlardan iborat oddiy uyushmasi bo‘lib, ana shu uyushma ichida erkin chatishish va erkin holda genlar almashishi yuz beradi. Biroq populyatsiyaning genetik birligi hamma vaqt uning genetik turli-tumanligi bilan birgalikda yuz beradi. Son-sanoqsiz o‘simlik va hayvonlar orasida, hatto tug‘ishgan aka-ukalar, opa-singillar ham genetik jixatidan bir xil emas.
Bunday holatni amfibiyalar misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Ana shu jonivorning bir jufti mitti ko‘rinishda populyatsiya hisoblanadi, ularning genetik turli-tumanligi hamon saqlangan. Shunday qilib, harqanday urchish yangi genetik variantlarni yuzaga keltiradi.
Bu XX asr boshidagi genetiklar tushunchasidan tubdan farq qiladi. Populyatsiya individlari orasidagi tafovutlar, makromutatsiya, ya’ni qo‘yning oyog‘ini kalta bo‘lishi, ayrim qushlar rangini keskin farq qilishi kabi muhim irsiy o‘zgarishlar bilan belgilanmaydi. Ma’lumki, bunday makromutatsiyalar zararlidir va tabiiy populyatsiyalarda ular kam uchraydi. Hayvonlardagi genetik o‘ziga xoslik mayda neytral mutatsiyalar bilan hujayra irsiy apparatidagi arzimagan o‘zgarishlar bilan, ya’ni ularning rangini sal oqroq yoki to‘qroq bo‘lishi, gavdasini kattaroq yoki kichikroq bo‘lishi bilan belgilanadi.
Genetiklar kichik mutatsiyalarning tashqi ko‘rinishini tekshirib, evolyutsion jarayonning mexanizmini o‘rganib olish borasida o‘ta muhim xulosaga keldilar. Muayyan populyatsiyaga oid hayvonlar orasida bir-biridan farq qiladigan juda ko‘p belgilar bitta gen bilan emas, balki ularning kompleksi (belgining poligenligi) bilan va yana juda ko‘p modifikator genlar bilan belgilanar ekan. Bunday holat esa, organizm genotipini tasodifiy zararli o‘zgarishlardan saqlaydi.