Читать книгу "Заҳарли газандалар"
Shunday qilib, hayvon hayotini tushinib olish uchun uning barcha darajalarini o‘rganish kerak bo‘ladi. Shuni esda saqlash kerakki, organizmning ma’lum bir darajasida yuz bergan o‘zgarishi boshqa darajalarda ham ozmi-ko‘pmi siljishlarga olib kelishi muqarrardir. Masalan, hayvon qancha katta bo‘lsa, u shunchalik sovuqqa chidamli bo‘ladi. Shuning uchun ham yirik organizmlar o‘zining vazniga nisbatan kam ozuqa iste’mol qiladi. Sutemizuvchilar orasida eng kichkinasi yer qaziydigan jajji yerqazir (burozubka) 3 grammga yaqin vaznda bo‘lib, bir kechayu-kunduzda o‘zining og‘irligiga teng miqdordagi hasharotlarni yeydi. Ana shu me’yorda inson ovqatlanganida edi, har bir kishiga o‘rta hisobda kuniga 50 kg go‘sht kerak bo‘lar edi. Tana vazni ortishi bilan ozuqaga bo‘lgan talab kamaya boradi, binobarin, organizm vazniga nisbatan kerak bo‘lgan modaalar – darmon dori miqdori ham kamayadi. Yirik organizm me’yorida yashashi uchun uning to‘qimalarining darmon dorilarga bo‘lgan talabi kamayishi kerak. Bu esa, to‘qimalar darajasidagi o‘zgarishdir.
O‘ta oddiy belgilari bilan farqlanadigan turlar, populyatsiyalargina emas, balki alohida individlar ham o‘ta muhim fiziologik o‘ziga xosligi bilan genetik jihatidan korrellativ bog‘langan bo‘ladi. Aniqlanishicha, turli rangdagi sichqonlar saraton (rak) kasaliga nisbatan turlicha sezuvchanlikka ega. Xavfli o‘sma rivojlanish qonunlarini o‘rganishda bunday omillarning aniqlanishi qanchalik katta ahamiyatga ega ekanligi o‘z-o‘zidan ma’lumdir.
Kapalaklar sanoat mexanizmi iborasini so‘nggi yillarda tez-tez eshitish mumkin. Qayin daraxtida yashaydigan pyadinisa hasharoti o‘sha daraxt rangiga o‘xshash bo‘ladi. So‘nggi 100 yildan ziyodroq vaqt ichida Angliya sanoati shunchalik tutun ishlab chiqaradigan bo‘ldiki, qayin daraxti po‘stloqlari qorayib ketdi. Nihoyat, inson ko‘zi oldida kapalaklarning rangi o‘zgara boshladi, ular qora rangga, ya’ni daraxt rangiga bo‘yala boshladi.
Zoolog va genetiklarning aniqlashlaricha, kapalak rangining o‘zgarishi darvinizm qonuniga asoslangandir. Qora rangdagi kapalaklarni tanlash och rangdagi kapalaklarni siqib chiqarish bilan amalga oshdi va kapalaklarning yangi formasi paydo bo‘ldi, bu yangi xususiyat kapalak irsiyatiga yaxshigina o‘rnashib oladi. Shunday qilib, inson ilk bor evolyutsiya yo‘nalishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi, bu esa fan yutug‘i sifatida, atom fizikasi bilan bir qatorga qo‘yib namoyish etildi. O‘n yil vaqt o‘tgach, ushbu ma’lumotlar qo‘shimcha kuzatishlar bilan jiddiy ravishda to‘ldirildi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, istagan bir hujayra juda katta zahiradagi ishlatilmaydigan axborotni o‘zida saqlaydi. Bunday axborotlar moddiy tizimlar, genlarda joylashgan. Hujayradagi bunday axborot zahirasini o‘lchab bo‘lmaydi, shuningdek, miqdoriy ravishda hisoblab ham bo‘lmaydi. Shuni aytish kerakki, hujayrada to‘plangan axborot hujayra ishlatadigan axborotga qaraganda, ko‘p ming marta ziyodroqdir. Hujayrada o‘zining to‘g‘ridan to‘g‘ri vazifasini hech qachon bajarmaydigan juda katta miqdordagi genlarning bo‘lishi, tiriklikning hujayra darajasidagi ustuvor qonunlaridan hisoblanadi.
Hujayrada ana shunday tizimning yaratilishi ko‘p hujayrali organizmlarning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq ekan. Bir hujayrali o‘simlik yoki hayvonlarda barcha hujayralar bir xil yumush bajarmasa-da, o‘xshash vazifani o‘taydi va hujayradagi axborot zahirasi uning kundalik ishlatadigan axborotidan unchalik ko‘p emas.
Ko‘p hujayrali hayvonlarning paydo bo‘lishi hujayra tizimida prinsipial o‘zgarishlar (axborot zahirasi)ga va uning funksiya tizimini o‘zgarishiga, vujud talabiga ko‘ra, alohida genlarni aktivasiya va dezaktivasiya qilishga olib keladi. Demak, organizm darajasidagi evolyutsiya hujayra ichidagi tizim va funksiyalarning tubdan o‘zgartiradi. Tiriklikning turli bosqichlarida uning birligini isbot etadigan boshqacharoq narsa o‘ylab topish qiyin bo‘lsa kerak. Va nihoyat, bir butun organizm tizimida oddiy hujayrani, yashash qonunlarini hujayra funksiyasini o‘rganish tufayli bilib olsa bo‘ladi. Bir hujayrali vujudlardan ko‘p hujayrali hayvon organizmi tashkil topishi uchun keragidan ziyodroq miqdorda axborot zahirasi bo‘lishi kerak (yuqorida aytilgan ma’noda). Ana shunda axborotni saqlash va uni tejab sarflash mexanizmi paydo bo‘larmikan? Bunday savolga javobni populyatsiya darajasida bajarilgan tadqiqotlardan topish mumkin. Populyatsiyaning yashash shartlaridan biri – uning biologik turli-tumanligidir. Bunday turli-tumanlik populyatsiya tarkibidagi vujudlarning genetik har xilligi bilangina belgilanmasdan, balki o‘zgarib turadigan tashqi muhit sharoitida turli morfo-fiziologik xususiyatlar bilan ham belgilanadi.
Shunday bo‘lmaganda edi, tashqi muhitda yuz bergan har qanday o‘zgarishlar populyatsiyaning halok bo‘lishiga olib kelgan bo‘lardi. Bunday sharoitda irsiy axborotning zahirasi keragidan ortiqcha bo‘lib, qolmasdan, balki hayot uchun zarurat bo‘lgan. Yuqorida tilga olingan hujayraning o‘ta muhim xususiyatlari populyatsiyaning ehtiyojiga javob bo‘ldi va uning yashash qonunlariga muvofiq evolyutsiya jarayonida rivojlandi. To‘la ma’noda aytish mumkinki, nafaqat hujayra, organizm, populyatsiya kabi hodisalar zanjiri, balki aksincha, populyatsiya organizm va hujayra zanjiri ham mavjud ekan. Misol keltiraylik. Peglariya nomli bir hujayrali jonivor nisbatan quruq joyda yashaganligi uchun amyoba shaklida bo‘ladi. Bordi-yu, namlikni va ba’zi tuzlar miqdorini oshirilsa, amyoba xivchinlilarga aylanadi.
Hasharotlar ustida odamni yanada hayratda qoldiradigan tajribalar o‘tkazilgan. Ba’zi bir kapalaklarning qurti daraxt po‘stlog‘i ustida yashab turganida g‘umbakka aylansa, jigarrangga bo‘yalib qishlaydi, kapalaklari esa kelgusi yil bahorda chiqa boshlaydi. Agarda g‘umbakka aylanish davri daraxt yaprog‘i ustida o‘tsa, unda g‘umbak yashil rangga bo‘yaladi, bunda rivojlanish tez amalga oshadi – kapalak kuz boshlanguncha uchib ketadi.
Shunday qilib, yashash muhiti jonivorni ma’lum bir rivojlanish yo‘lidan ikkinchi bir taraqqiyot yo‘liga soluvchi o‘ziga xos kalit sifatida xizmat qiladi. Bir butun organizm darajasida ham yana o‘sha qonun – irsiy axborotni keragidan ortiqcha qonuni ishlaydi. Demak, aytishimiz mumkinki, axborotning ana shunday keragidan ortiq bo‘lishi organizm hayotini boshqaradigan qonunlar bilangina emas, balki populyatsion mexanizmlar bilan ham belgilanadi.
Keng tushuncha beradigan evolyutsion biologiya qishloq xo‘jaligi va tibbiyotda keng qo‘llaniladi. Madaniy o‘simliklar navini va hayvonlar zotini yaxshilash evolyutsion biologiyani amalda qo‘llashdan iboratdir. Evolyutsion biologiya kasal chaqiruvchi mitti jonivorlar yoki zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashda har qanday dasturning zarur tarkibiy qismi hisoblanadi.
Shuningdek, ko‘pchilik olimlarning fikricha, evolyutsion biologiya falsafa va intellektual sohalarga o‘ta muhim hissasini qo‘shadi. Evolyutsion biologiya insonning asosiy ehtiyojlaridan biri – yerda hayot qanday ravojlangan, insonning tabiati va uning kelib chiqishi kabilarni bilib olish imkonini beradi. Ana shu masalalar bo‘yicha inson tafakkurini an’anaviy dogmalardan ozod qilish ham evolyutsion biologiyaning vazifasidir.
Evolyutsion biologiya insonning tabiatdagi o‘rnini belgilash imkonini beradi. Barcha ilmiy muammolarni biologiya nuqtai-nazaridan tashqarida ko‘rmoqchi bo‘lsak, u ancha qiyinchiliklarga olib keladi. Agarda bunday muammolarni evolyutsion biologiya nuqtai-nazaridan qarab chiqilsa tushunarli bo‘ladi. Ikkita misol keltiraylik, biri yangi ikkinchisi eski. XX asr o‘rtalarida kishilar orasida kuzatiladigan og‘riq muammosi falsafa nuqtai-nazaridan keng muhokama qilindi. Nima uchun odil va qudratli parvardigor dunyoda ana shunday ko‘ngilsiz hodisani – og‘riqni yaratgan? O‘z-o‘zidan tushunarliki, mazkur masalani diniy nuqtai-nazar bilan hal qilib bo‘lmaydi. Agarda masalaga evolyutsion nuqtai-nazar bilan yondoshsak, og‘riqni tushuntirib berish mumkin: bu adaptiv (moslashuvchan) belgi, chunki og‘riq tirik tanni potensial yomon ta’sirlardan ogoh etadi, boshqacha aytganda, organizmda boshlangan xastalikning oldini oladi, uning zo‘rayib ketishiga yo‘l bermaydi.
Bugungi kunda ona qornidagi bolani olib tashlash masalasi huquqshunoslik hamda siyosiy darajada keng muhokama qilinmoqda. Bolani olib tashlashni man etish tarafdorlari ona qornidagi go‘dakning huquqi haqida gapiradilar. Biz yana boshi berk ko‘chaga kirib qoldik, shekilli, yana evolyutsion biologiya yordamga keladi.
Umurtqalilarda, xususan sutemizuvchilarda uzoq davom etib kelayotgan evolyutsion yo‘nalishlardan biri nasl qoldirish xususiyatidir. Ana shu jonivorlarda bolalari sonini kamaytirishga moyillik kuzatilmoqda va nasl uchun qayg‘urish alomatlari kuchaymoqda, boshqacha qilib aytganda, bolalar sonini kamaytirish hisobiga ularning sifati yaxshilanishi kuzatilmoqda. Ana shunday yo‘nalishdan kelib chiqadigan natija bolani olib tashlashga qarshi bo‘lganlarni qo‘lla-quvvatlamaydi.
Insonni tabiatning bir bo‘lagi, aniqrog‘i, tabiatda hayvonot olami orasida ustunlik qiladigan biologik tur deb qarab, evolyutsion biologiya asosiy muammoni to‘g‘ri talqin etadi, ya’ni inson bilan uning yashab turgan muhiti orasida tobora oshib borayotgan nomutanosiblikni va mazkur muammoni kelib chiqish bosh sababi aholining shiddatli ravishda o‘sib borishi bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi. Evolyutsion biologiya, shuningdek, qoniqarsiz choralar (faqat oziq-ovqatni ko‘paytirish kabi) yoki masalaga pardoz-andoz berish bilan (ya’ni mazkur masalaga bag‘ishlangan konferensiyalar o‘tkazish) hal qilish, shuningdek, masalani hal qilish yo‘lida haqiqiy qarorlar qabul qilish, ya’ni masalani belgilarini emas, balki uning sabablarini bartaraf etishni taqozo etadi.
Insoniyatning kelajak taqdiri inson va uning yashab turgan muhiti orasidagi nomutanosiblikni to‘g‘rilash uchun ko‘riladigan choralarga bog‘liqdir. Ana shunday tadbirlar qatoriga kurrai-zamindagi barcha xalqlar sonini barqarorlashtirish, natijada tug‘ulishni idora etish yo‘li bilan ularning sonini qisqartirish kabilar kiradi.
Qisqa muddatda hal bo‘lishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida fikr yuritilganda, nazariya bilan amaliyot o‘rtasidagi tafovut yaqqol ko‘zga tashlanadi. Evolyutsion biologiya tomonidan to‘plangan bilimlar, undan kelib chiqadigan oqibatlar va ogohlantirishlar odamlarga ko‘p yillardan beri ma’lum bo‘lgan, lekin aholining ko‘pchilik qismi bunga e’tibor bermagan.
Tabiatda ekosistema rivojlangan va uning komponentlari orasidagi bog‘liqlik kuchaygan sari unda dinamik muvozanat hukm suradi va u turli xatolarni bartaraf qilishga qodir bo‘ladi. Kishilar jamiyati haqida bunday deya olmaymiz. Texnika murakkablashgan sari undan noto‘g‘ri foydalanish oqibatlari yomon natijalarga olib keladi, odamlar esa o‘z oldilaridagi muammolarni yechishda o‘zlarini shunchalik chorasiz his etadilar.
Yer yuzida aholi soni tezkorlik bilan ko‘payib bormoqda, ayni chog‘da odamlar tabiatdan noto‘g‘ri foydalanayotganliklari sababli atrof-muhitning inson hayotini ta’minlash qobiliyati borgan sari pasaymoqda. Bizning qayta tiklanadigan resurslarimiz, o‘rmonchilik, baliqchilik, yaylovlar holati asta-sekin yomonlashmoqda. Bular barqarorlikdan nishona emas. Tabiiy resurslardan ayovsiz foydalanish, ya’ni uni suiste’mol qilish ekologik inqirozga uchrashimizning birinchi belgisi bo‘lsa kerak. Ekosistemaning barcha foydali turlaridan ajralib, biz endi yolg‘iz bo‘lib qoldik. Endilikda biz faqat uy hayvonlari orqaligina ekosistema bilan do‘stona aloqada bo‘lamiz, xolos. Bizning asosiy xizmatimiz esa tabiat bilan bo‘ladigan munosabatlarimizni izdan chiqarishdan, ya’ni kislorodni haddan tashqari ko‘p ishlatish, tabiiy resurslarni kamaytirish, tuproq eroziyasi, o‘rmonlarni yo‘qotish, karbonat angidridi bilan havoni ifloslantirish kabilardan iborat bo‘ldi. Bularning hammasi tabiat barqarorligi mexanizmini izdan chiqazish bo‘yicha inson faoliyatining ma’lum natijalari, xolos.
Odamlar o‘zlarining jamiyatini tashkil etishda tabiiy ekosistemadan ko‘p narsani o‘rganishlari mumkin. Har qanday ekosistemaning muayyan hududida ma’lum miqdorda hayvon yashashi mumkin. Masalan, 1,5 ga maydonda bir juft yirik shoxli mol yashashi mumkin, yoki 1 km2 o‘rmonda ikkita mayda shoxli mol yashashi mumkin va hokazo. Ana shunday holat to‘g‘ridan to‘g‘ri biz insonlarga ham tegishlidir.
Hisob kitoblarga ko‘ra, sayyoramiz aholisi har yili 70 millionga, har 30 yilda esa 2 barobarga ko‘payar ekan. Odamlar yashashi uchun zarur bo‘lgan moddiy boylik esa ana shu darajada ko‘paymaydi. Ekosistemaning ikkinchi sabog‘i – tabiat biologik usul bilan parchalanmaydigan toksinlarni kam ishlab chiqaradi. Ko‘pchilik hayvonlar chiqaradigan himoya toksinlari tartibsiz tarqalmaydi va uzoq vaqt davomida zaharli holda saqlanmaydi. Kishilar tomonidan ishlab chiqariladigan zaharli moddalar esa zaharsiz moddalarga aylanmaydi, balki ularning ba’zilari tabiatdagi ba’zi moddalar bilan birikib, yanada zaharliroq xossasini namoyon etadi. Bunday moddalardan foydalanish davom etsa, ularning tuproq va suvdagi miqdorining yanada ko‘payishiga olib keladi, chunki tirik organizmlar oziqlanish zanjiri orqali bu moddalarni o‘zida to‘plab boradi.
So‘nggi yillarda tirik tabiat haqida bizning bilimimiz borgan sari chuqurlashib bormoqda, shunga ko‘ra insonni tabiatga ko‘rsatayotgan ta’siri ham kuchaymoqda. Demak, tirik tabiatni asrash borasida kishilar mas’uliyati ham oshib bormoqda. Binobarin, tirik tabiatni muhofaza qilish va o‘rganish kerak degan mavzuga takror-takror qaytishimiz tabiiydir.
Tabiatda barcha turlar o‘zaro bog‘liq. Bironta turning qirilib ketishi kutilmagan natijalarga olib kelishi mumkin, chunki barcha hayvon turlari har doim o‘zgarib turadigan tashqi muhit sharoitiga moslashib borishi kerak. Ana shu jarayon har xil turlarda bir xil kechmaydi. Demak, yashash sharoitiga moslashish uzluksiz jarayon. Shunga ko‘ra turlararo munosabatlar ham yangitdan shakllanib boradi. Masalan, Afrikaning ba’zi bir ko‘llarida baliqchilikni rivojlanishi begemotlarning faoliyatiga bog‘liqligi, DDTni qo‘llash tufayli zararkunanda hayvonlar bilan bir qatorda foydali hayvonlar ham qirilib ketishi hamda jonivorlarni iqlimlashtirishda ham bir qancha foydali jonivorlarning qirilib ketishi kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Yer yuzidagi barcha jonzotlar – bakteriyadan tortib insongacha turli-tuman, hattoki aql bovar qilmaydigan sharoitlarda yashashga moslashganligini bilamiz. Nima uchun tirik jonzotlar ana shunday o‘ta sovuq yoki o‘ta issiq joylarda yashab ketishadi? Gap shundaki, har qanday tirik jonzotning hayoti tashqi muhitning anchagina tor doirasida amalga oshadi, boshqacha qilib aytganda har bir hayvon turi ma’lum harorat, namlik, yorug‘lik va hokazolar doirasida yashay oladi. Biroq bunday cheklangan sharoitlardan tashqarida ham hayot davom etar ekan.
Ba’zi bir suv o‘tlari 75 darajali, bakteriyalarning ma’lum turlari esa 100 darajali, ba’zi chuvalchang turlari hatto 250-300 darajali dengiz osti qaynoq buloq suvlarida yashaydi. Arktika baliqlari esa harorati muzlash darajasidan pasayib ketgan suvda hayot kechiradi. Tropik zonaning chuchuk suvlarida yashaydigan ba’zi bir baliqlar, masalan, gambuziya harorati 43 darajali sovuq suvga moslashgan. Hasharotlarning g‘umbaklari esa 45 darajali sovuqda ham halok bo‘lmaydia. Ana shunday taajjublanarli hodisalar sababi tirik mavjudotlarning yashash sharoitiga g‘oyat moslashuvchan bo‘lishi bilan, Darvin ta’biri bilan aytganda maqsadga muvofiqlik qonuni bilan izohlanadi.
Ma’lumki, kit, kashalot, delfin, morj, tyulen, bo‘ron qushi va pingivinlar, suv toshbaqalari, ilonlar odatdagidek nafas olsa-da, suzish paytida ularning nafasi to‘xtaydi, binobarin, tanaga kislorod ham kirmaydi. Shunga qaramasdan mazkur hayvonlar bir necha daqiqadan bir necha soatgacha suv ostida suzishlari mumkin. Masalan, delfin 1,5 daqiqagacha, kit bir soatgacha, kashalot bir yarim soatgacha, xitoy timsohi 2 soatgacha dengizning o‘ta teran joylarida suza oladi. Qizig‘i shundaki, ana shu hayvonlar qonida kislorod kamayib, karbonat angidridi to‘planib qoladi. Qanday qilib bu hayvonlar ana shunday noqulay vaziyatni yengadi?
Gap shundaki, suvga sho‘ng‘ish oldidan ularning qonida, muskullarida kislorod to‘planadi va anchagina iqtisod bilan sarflanadi. Sho‘ng‘iydigan hayvonlarda nafas oladigan havo tarkibidan kislorodni ajratib olish jarayoni ancha kuchli kechadi. Bunday jonivorlarning muskullarida ko‘p miqdorda mioglabin oqsili mavjud bo‘lib, u ham gemoglabin singari kislorod bilan bog‘lanish xususiyatiga ega. Muskullarning qizil rangi ham ana shu oqsillarning miqdoriga bog‘liq. Shuni ta’kidlash kerakki, miaglobinning kislorod bilan bog‘lanish qobiliyati gemoglobinga qaraganda o‘n karra yuqoridir. Shuning uchun ham mioglabin tanada kislorod tanqisligi yuz berganda qo‘l keladi.
Hayvon tanasidagi kislorodning barcha manbalari uni havo bilan to‘la-to‘kis ta’minlay olmaydi. Shuning uchun ham ular suvga sho‘ng‘iganda sarflanadigan kislorod miqdorini kamaytirishga, uni iqtisod qilishga majbur bo‘ladilar. Xo‘sh bunga ular qanday erishadilar? Suv ostida yurakning urish tezligi 6 martagacha kamayadi, bu esa o‘z navbatida modda almashishining pasayishiga olib keladi, nafas olish o‘qtin-o‘qtin amalga oshadi. Suv betiga chiqqandan so‘ng yurak urishi me’yoriga qaytadi. To‘qimalarda yig‘ilib qolgan karbonat va sut kislotalari qon orqali tanadan chiqazib tashlanadi. Shunday qilib, kislorodni ehtiyot qilish va uni tejab-tergab sarflash mexanizmi hayvonlarga o‘pka kislorodidan foydalanmasdan suv ostida uzoq vaqt suzish imkonini beradi.
Bir necha o‘n metr chuqurlikda suzib yurgan delfin esa suv betiga otilib chiqadi, bunda u hech qanday kasallikka chalinmaydi. Buning sababi shundaki, delfin suvga sho‘ng‘ishdan oldin 2-3 litr havo oladi xolos. Demak, bunda jonivor qanchalik chuqurlikka tushsa ham parvo qilmaydi, chunki 2-3 litr havo tarkibidaga azot gazi qonga o‘tib erigan taqdirda ham delfin bosim o‘zgarishidan ta’sirlanmaydi. Odam esa suv ostiga anchagina havo zahirasi bilan sho‘ng‘iydi, demak, uning qoni va to‘qimalari gaz bilan yaxshigina to‘yingan bo‘lad, binobarin, suv ostidagi odam suv betiga asta-sekinlik bilan ko‘tarilishi kerak.
Endi turlar orasidagi murakkabroq munosabatlarga misol keltiramiz. Gap kimyoviy ekologiya haqida boradi. Ba’zan shunday bo‘ladiki, muayyan tur o‘zidan kimyoviy zaharli moddalar chiqarib boshqa turlarni zaharlab qo‘yadi. Masalan, o‘simlikxo‘r hasharotlar o‘simlik ishlab chiqazgan moddalardan o‘z dushmaniga qarshi kurashda foydalanadi. Aniqroq qilib aytganda, ayrim kapalaklarning g‘umbaklari o‘simlikdagi ana shu zaharli moddani yegani uchun qushlar bunday g‘umbaklar bilan oziqlanmaydi.
Hattoki sutemizuvchi jonivorlar ham boshqa turlar ishlab chiqazgan kimyoviy muhofaza moddadan foydalanadi. Masalan, kirpilarning ma’lum turlari baqalarga xujum qilib, uning quloq atrofidagi zaharli bezlarini g‘ajiydi-da, undan ajralib chiqqan zaharni og‘zida yig‘adi, so‘ngra ana shu suyuqlikni o‘zining tikanlariga surkab chiqadi. Qizig‘i shundaki, 15–16 kunlik hali ko‘zi ochilmagan kirpi bolalari onasining ninalaridan zahar olib, o‘z tikanlariga surkaydi. Shunday qilib baqalarning yo‘q bo‘lib ketishi kirpilar sonining asta-sekin kamayib ketishiga olib kelishi mumkin.
Endi bironta turning yo‘qolib ketmasligi haqida gapiradigan bo‘lsak, shuni aytish kerakki, muayyan tur hozirgi kunda qanchalik ahamiyatsiz bo‘lsa-da, hattoki ziyon keltiradigan bo‘lsa-da, uni yo‘qotib yuborish maqsadga muvofiq emas. Gap shundaki, biz u yoki bu turni kelajakda inson uchun qanchalik ahamiyatli bo‘lishini oldindan aytaolmaymiz. Foydasiz yoki mutlaq zararli deb hisoblangan turlar keyinchalik nihoyatda muhim bo‘lib, uni har tomonlama qo‘riqlash kerak bo‘ladi. Masalan, zararli deb hisoblangan mog‘or zambrug‘i keyinchalik inson uchun antibiotik dorilar ishlab chiqazadigan manbaga aylanib qoldi. Bunda penisillinning ko‘rsatgan shifobaxsh xizmatini kishilar g‘urur bilan tan oladilar. Foydasiz hisoblangan ko‘p sonli bakteriya turlari ham foydali bo‘lib chiqdi – qator yer osti boyliklariga ega bo‘lishda qo‘l keldi. Hozirgi yashab turgan jonivorlar nasli (genofondi) qimmatbaho evolyutsion tuhfa hisoblanadi. Ana shundan qanchalik to‘g‘ri foydalanishimiz ko‘p jihatlari bilan ilmiy tekshirish taraqqiyotining yo‘nalishini belgilaydi.
200 yil muqqaddam Shimoliy dengiz suvlarida Steller sigiri yashagan. Uning bo‘yi 10 metr, og‘irligi bir necha tonnaga yetgan. Ana shu jonivor yo‘q qilib yuborilmaganda edi, xalqlar uchun go‘shtyog‘ masalasi birmuncha yaxshilangan bo‘lardi.
Xulosa shuki, nafaqat ayrim turlarni, balki barcha turlar turlitumanligini asrash kerak. Bu haqda faqatgina biologlar bong urishi yetarli emas, chunki ana shunday xilma-xil irsiyat belgilariga boy bo‘lgan jonivorlar uyushma (populyatsiya)si har qanday tabiiy noqulay sharoitlarga bardosh beradigan, o‘zini bir butunligini, ya’ni barqarorligini saqlab qolishga moyil bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, irsiyat belgilari qanchalik ko‘p bo‘lsa, ya’ni genafond qanchalik boy bo‘lsa, moslashish imkoniyati shunchalik yuqori bo‘ladi.