282 000 книг, 71 000 авторов


Электронная библиотека » Я. Давлатов » » онлайн чтение - страница 12

Читать книгу "Заҳарли газандалар"


  • Текст добавлен: 28 апреля 2024, 15:00


Текущая страница: 12 (всего у книги 18 страниц)

Шрифт:
- 100% +

Ba’zan shunday bo‘ladiki, tajribasiz kishilar ilonni qo‘lga olguncha, u tevarak atrofdagi narsalarni tishlab, zaharining bir qismini yo‘qotib qo‘yadi, yoki zahar olish jarayonida ilonning ko‘proq urinib qolishi natijasida qon aralash zahar oqib tushadi. Bu esa zaharning sifatini buzadi va ilonga salbiy ta’sir etadi, ilon og‘iz bo‘shlig‘ida, milklarida turli kasalliklar, jumladan, yiringlanish jaroyoni yuz beradi, bu turli hasharotlar vositasida boshqa kasallikni chaqiradi, natijada ilonning nobud bo‘lishiga olib keladi. Nihoyat, zahar oluvchi kishi o‘zini ilon chaqib olmasligi uchun hamma narsani puxta o‘ylab, hovliqmay ilonni boshidan ko‘z uzmasdan, o‘ziga ishongan holda tez ishlashi kerak. Agar kishi o‘ziga ishonmasa, kayfiyati yaxshi bo‘lmasa yoki uni vahima bossa, bunday holatlarda ilonga yaqin kelishi kerak emas.

Ilondan olingan zahar xlorli kalsiy yoki sulfat kislota yordamida oddiy eksikatorda bir necha kun davomida quritiladi. So‘ngi yillarda zaharni 20 darajagacha muzlatib quritish keng qo‘llanilmoqda. Mazkur usul ko‘p jihatlari bilan yaxshi bo‘lsa-da, ba’zi bir fermentlarning aktivligi pasayib qolarkan.

Ilon zahrining kuchi va barcha xossalarining o‘zgarmasdan uzoq muddatga saqlanib turishi zaharning yaxshi quritilishi va uni saqlashga bog‘liq. Zaharning yaxshi quritilganligini bilish uchun uni bir necha kun davomida tarozida o‘lchab boriladi, agarda oxirgi 2–3 kunda uning vazni o‘zgarmay tursa, demak u yaxshi qurigan hisoblanadi. Zaharni yorug‘lik tushmaydigan va havo kirmaydigan idishda saqlash kerak

Ilondan olinadigan zaharning miqdori hayvonning o‘lchamiga, tashqi muhit haroratiga, so‘ngi marta qachon zahar olinganiga va zahar olish arafasida ilon ovqat yegan yemaganligiga bog‘liq. Odatda zahar olishdan 2-3 kun oldin ilonga ovqat berish to‘xtatiladi. Ilondan bir martada ko‘pi bilan 0,1 gr quruq zahar olish mumkin va ba’zi birlari shunchalik kam zahar beradiki, uning miqdorini aniqlash ham amrimahol. O‘rta Osiyo ilonlaridan kobra va ko‘lvor ilon eng ko‘p zahar beradi, charh ilon, bo‘sh ilon kamroq va cho‘l qora iloni juda kam zahar beradi. Shuni hisobga olish kerakki, ilon o‘z o‘ljasini chaqqanida yoki ilondan bir necha marta zahar olinganda ham zaharning ma’lum qismi zahira shaklida saqlanadi va 3–4 marta chaqqandan keyingina uning miqdori amalda kamayib ketadi. Shunisi qiziqki, tabiatda ilon o‘z o‘ljasini yoki dushmanini birinchi marta chaqqanida yuboradigan zaharning miqdori o‘sha dushmanning katta-kichikligiga bog‘liq. Ilon sichqon yoki qurbaqaga qaraganda ancha yirik hayvon (mushuk, quyon)larni chaqqanda ko‘proq zahar yuboradi. Shuni ham aytish kerakki, ba’zan soxta chaqishlar ham kuzatiladi, bunda ilon dushmaniga zahar yubormaydi, ya’ni ilon noqulay holatda tashlangani tufayli uning zaharli tishi g‘animini taniga kirmasdan jun yoki tuklar orasidan o‘tib ketadi. Ana shunday soxta chaqishlarni davolashda tabiblar va darveshlar o‘zlarining mahoratlarini namoyish etishda foydalanadilar. 8-jadvalda ilonlardan olingan zahar miqdori keltirilgan.

Ilon tutuvchilar uzun sog‘ili etik kiyishlari kerak, chunki ko‘pchilik hollarda ilon oyoqning tizzadan pastki qismini chaqadi, qo‘llari yalongoch bo‘lmog‘i kerak, chunki har qanday qo‘lqop qo‘lni sezuvchanligini pasaytirib qo‘yadi.

Uncha katta bo‘lmagan ilonlarni katta pinset bilan ushlash mumkin, yirik ilonlarni esa uchi ayri tayoq bilan yerga bosib ushlanadi va maxsus tayyorlangan xalta yoki yashikka solinadi.


8-jadval

Alohida ilonlardan olingan zahar miqdori


Tutqunlikda ilonlar maxsus tayyorlangan kataklarda saqlanadi. Bu yerda ham tabiatdagi singari kun va tun davomida harorat o‘zgarib (5 dan 15 gacha) turishi kerak.

Hozirgi kunda ma’lum turga mansub ilon zahari tarkibining o‘zgarish sababi haqida yagona fikr bo‘lmasa-da, u turli omillar bilan izohlanadi. Jumladan, bunday holat ilonning katta-kichikligi, jinsi, yilning mavsumi kabilar bilan tushuntiriladi. Ilonxonaga turli viloyatlardan kelgan ilonlar yashash sharoiti, jinsi va o‘lchamiga qarab turli guruhlarga bo‘linadi va ulardan alohida zahar olinadi hamda zaharni turli xossalari o‘rganiladi. Odatda ilondan birinchi marta olingan zahar keyingilariga qaraganda kam bo‘ladi. Buning sababi shundaki, ilonni ovlash chog‘ida u qarshilik ko‘rsatib zaharining bir qismini yo‘qotadi. Shuningdek, uzluksiz zahar olish natijasida, ya’ni 7-8 marta zahar olgandan so‘ng ilondan zahar olish qiyinlashib qoladi, zero ko‘lvor ilonlar boshqa ilonlarga qaraganda ancha nozik bo‘lganlari bois ularning kallasida va og‘iz bo‘shlig‘ida turli yaralar paydo bo‘lib, zahar olishga xalaqit beradi. Natijada ba’zan qon yoki yiring aralash zahar ajralib chiqadi, bunday zaharni qondan tozalash amalda mumkin emas, bunday zahardan foydalanib bo‘lmaydi.

Zaharli ilonlarning oziqlanishi. Ilonlarning ozuqasi turli-tuman jonivorlardan: chuvalchanglar, mollyuskalar, shuningdek, hasharotlardan baliqlargacha, qushlar, mayda kemiruvchi hayvonlardan iborat. Ilonlar o‘ljasini chaynamasdan butunligicha yutadi. Ilonning yeydigan ovqati uning katta-kichikligiga va yashab turgan sharoitiga bog‘liq. Umuman olganda, ilonlarning yemishi ularning yoshiga qarab o‘zgarib turadi. Ilon bolalari turli hasharotlar va umurtqalilarning endigina tug‘ulgan bolalari bilan oziqlanadi. Voyaga yetgan ilonlar esa o‘ziga yarasha kattaroq hayvonlar bilan, mayda ilonlar butun umri davomida turli hasharot va chuvalchanglar bilan kun ko‘radi.

Ba’zan shunday ham bo‘ladiki, serpentariyada juda ochiqqan ilonlar bir yo‘la 4-5 ta sichqonni ketma-ket yutib yuboradi. Bunday holatda ilon ko‘pincha yegan ovqatini hazm qilolmasdan, uni qayt qiladi, harorat pasayib ketganida ham shunday holat yuz beradi. Ba’zan shunday ochofat ilonlar ham uchraydiki, o‘z o‘ljasiga zahar solgach, uning halok bo‘lishini kutmasdanoq yutib yuboradi. Bunday chalajon sichqonlar ilon ichiga kirgandan keyin o‘zining o‘tkir tirnoqlari bilan ilonning qizilo‘ngach yo‘llarini tirmalab jarohatlab tashlaydi. Bunday azobdan qiynalgan ilonning og‘zidan qon kelib, ko‘pincha ular halok bo‘ladi.

Ilonlarda hammadan ham hid bilish emas, balki sezish organi yaxshi taraqqiy etgan. Bu a’zo ularning og‘iz bo‘shlig‘i – tanglayida joylashgan bo‘lib, ilon tili orqali atrofidagi narsalarni bir-biridan yaxshi ajrata oladi. Shunday qilib, ilonlar kechasi ham kunduzi ham hech qiynalmasdan va nihoyatda mohirlik bilan, ya’ni ohistalik bilan o‘ljaga tashlanadi. Bunga qum bo‘g‘ma ilonchasining ov qilish usuli yaxshigina misol bo‘la oladi. Ma’lum masofada turgan o‘ljani sezib qolgan ilon tezlik bilan qum ostiga kirib o‘lja tomon yuradi va uning yoniga yaqin borganda da’fatan qumdan chiqib o‘ljaga og‘iz soladi va uni o‘rab oladi.

Ba’zi bir ilonlarda issiqlikni sezadigan, ya’ni termolokatrga monand organ topilgan. Uning vazifasi ma’lum masofadagi o‘lja organizmidan chiqayotgan issiqlikni ushlaydi. Ana shu nurning yo‘nalishiga qarab ilon o‘z o‘ljasini topib oladi.

Haqiqatda mayda ilonlar ulkan ilonlarga nisbatan o‘z o‘ljasini qattiqroq qisadi, buning boisi ma’lum bo‘lishicha tirik jonzotlar qanchalik katta va og‘ir bo‘lsa, ularning har bir kilogramm vazniga taqsimlanadigan kuchi shunchalik kam bo‘ladi. Odatda bo‘g‘ma ilonlar o‘ljalarini shu darajada qisadilarki, natijada o‘pka havo olishdan mahrum bo‘ladi. O‘ljani davomli qisish natijasida yurak ham ishdan chiqadi.

Ulkan ilonlarning eng katta o‘ljasi kiyik hamda yoshroq cho‘chqadir. Bunda issiq mamlakatlardagi cho‘chqalarni yevropalik cho‘chqalardan ancha kichikligini hisobga olish kerak. Bitta ilon katta-kichikligi tomonidan o‘ziga teng keladigan boshqa ilonni yutib yubora oladi. Umuman olganda ilonlar boshqa ilon turlari bilan oziqlanishga odatlanganlar, lekin ilon o‘zining turiga mansub bo‘lgan ilonlarga tegmaydi.

Zaharli ilonlarning oziqlanishi esa o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Masalan, ko‘zoynakli ilonlar oilasiga mansub barcha kobralarning zaharli tishlari og‘zining ichkarisida joylashgani bois, ilon o‘ljaga tashlanganida og‘zini to‘ldirib tishlamasa, zaharli tish o‘lja taniga botmaydi, shuning uchun ham bunday ilonlar ko‘pincha o‘z o‘ljasiga og‘iz solganda uni qo‘yib yubormaslikka harakat qiladi. Boshqa ilonlarda esa zaharli tishi og‘zining old qismida joylashgan, shuning uchun ham ular o‘ljaga yashin tezligida tashlanib zahar soladi va o‘ljani halok bo‘lishini kutadi. Ov qilishning bunday usuli ilon uchun qulaydir, chunki organizmga kirgan zahar fermentlari ozuqani hazm bo‘lishini birmuncha tezlashtiradi.

Ilonlarning ov qilish usuli va yeydigan oziqlarining turi ularning yashab turgan sharoitidan tashqari har bir ilon turining biologik o‘ziga xosligi bilan ham belgilanadi. Masalan, ilonning zaharli tishining o‘lchamiga, shuningdek, uning joylashgan o‘rniga bog‘liq bo‘lsa, u yoki bu hayvon turi bilan oziqlanishi esa ilon zahrining kimyoviy takibiga bog‘liq desa bo‘ladi. Ilon zahrining tarkibi esa o‘z navbatida tashqi muhit, ya’ni ilon yashab turgan ekologik sharoit talabi tufayli yuzaga keladi, mukammalashadi va organizmning irsiyat belgisi sifatida uning genotipidan tegishli o‘rin oladi.

Ma’lumki, tirik organizmlarda ro‘y beradigan bunday o‘zgarishlar jonivorlarning juda uzoq yillar davom etgan evolyutsion taraqqiyotining mahsulidir.

Evolyutsion nuqtai-nazardan qaraganda ilonlarning o‘ljalari hisoblangan jonivor turlari ma’lum darajada ilonlarning ba’zi organlari tizimida o‘ziga xos o‘zgarishlarga olib keladi, jumladan, kobralar urug‘iga mansub ilonlarning ko‘pchiligi o‘z sinfi vakillari bilan oziqlanishga moslashganligi ularning ov qilish uslubiga va zaharning sifatiga ta’sir etmasdan qolmaydi. Masalan, ko‘pchilik ilonlar zahariga xos bo‘lmish proteaza fermenti kobra zaharida juda kam miqdorda uchraydi. Aftidan mazkur ilonning tur sifatida shakllanishida, binobarin, muayyan sharoitga moslashishida ana shunday fermentga ehtiyoj bo‘lmagan. Gap shundaki, sudraluvchilarni ovlashda hamda ularni ilon oshqozonida hazm bo‘lishida bunday fermentga zarurat yo‘q.

Shuni ta’kidlash kerakki, proteaza fermentining roli yuqorida tilga olingan ikkita vazifadangina iborat emas. Tekshirishlar shuni ko‘rsatadiki, zaharlangan organizmdagi ko‘pchilik patologik jarayonlar ana shu fermentning faoliyatiga bog‘liq ekan. Ba’zi bir jarayonlar mazkur ferment miqdori bilan belgilansa, bazi bir yo‘nalishlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir etadi. Masalan, ilon chaqqan odamda yuz beradigan qon ivishi yoki aksincha, uning ivimasligi kabi hodisalar yirik qon tomirlarida qon tiqinlarini hosil bo‘lishi, qon bosimini ko‘tarilib ketishi kabi hodisalar shu ferment faoliyatiga bog‘liqdir; ana shu nuqtai-nazardan qaraganda mazkur fermentni kobraning kundalik hayoti uchun haqiqatan ham zarurati yo‘q. Kobralar urug‘iga taalluqli ilonlarda neyrotoksin moddasi, shuningdek, xolinesteraza fermenti mavjuddir. Asab tizimi yaxshi taraqqiy etgan, yuksak rivojlangan hayvonlarga mazkur zahar juda kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Zaharlangan hayvon harakati qiyinlashadi, chunki barcha asab tizimlarida shol bo‘lish alomatlari kuzatiladi.

Shuni aytish kerakki, barcha ilonlarda bo‘lgani singari ularning zaharida ham umumiy o‘xshashlik mavjud. Lekin hozirgi tilga olingan biologik aktiv moddalarning ilon zahrida bo‘lish-bo‘lmasligini nisbiylik nuqtai-nazaridan tushunmoq kerak. Shunday bo‘lishi tabiiy hamdir. Chunki o‘simlik va hayvonot dunyosidagi barcha tirik organizmlar orasidagi azaldan davom etib kelayotgan tabiiy tanlanish tufayli evolyutsion taraqqiyot jarayonida har qanday tirik organizmda qandaydir yangi tizimlar, funksiyalar paydo bo‘la boshlaydi, ba’zi bir mavjud belgilar o‘z funksiyasini yo‘qotgach, so‘na boshlaydi. Ilonlar zaharida ba’zi bir biologik aktiv moddalarning bo‘lishi yoki bo‘lmasligini xuddi ana shu tahlitda tushunmoq kerak.

Ba’zan shunday ham bo‘ladiki, yangi tug‘ulgan ilonlarga ovqat berganda ular o‘zlarining eng sevimli yemishlaridan bosh tortadi. Buning sababini izlab ko‘rsak, mazkur ilonlar yashab turgan tabiiy joylarda ana shunday hayvonni uchramasligi aniqlanadi, binobarin, bunday ilonlar butunlay boshqa tur hayvonlarini iste’mol qilar ekan. Masalan, Tojikstondagi «Tigroviaya balka» qo‘riqxonasidan kelgan kobralar baqani juda hush ko‘rsa, Taxta bozordan (Turkmaniston) ushlangan shunga o‘xshash ilonlar esa faqatgina kemiruvchilar bilan ovqatlanar ekan. Ko‘lvor ilonlarga kelganda ham ana shunday qonuniyatni qayd etish mumkin. Nurota tog‘idan ushlangan ilonlar qushlar bilan ozinqlansa, Murg‘ob sohilidan tutilgan xuddi shunday ilonlar esa kemiruvchilarni hush ko‘rar ekan.

Shunday qilib, ilonlarni tutqunlikda saqlashda ularning qaysi hududdan ushlanganligini bilish katta ahamiyatga ega. Demak, ma’lum turga mansub ilonlar ekologiyasidagi ana shunday tafovut ilonlarning fiziologiyasiga, bioximiyasiga ham ta’sir etadi. Ilon zahrining oqsil tarkibi va biologik aktivligi ham ularning hayot tarzining o‘ziga xosligini taqozo qiladi.

Tutqunlikda saqlanadigan zaharli ilonlarning, jumladan, ko‘lvor ilonning kallasida va og‘iz bo‘shlig‘ida har xil jarohat va yallig‘lanishlarni bo‘lishi juda xarakterlidir. Ana shunday kasalliklar mazkur ilon uchun bedavo hisoblanadi. Bunday ilonlarni qo‘lga olish anchagina noqulay va ko‘pincha ularni sog‘ganda yiring aralash zahar ajralib chiqadi. Ana shunday xastaliklar tufayli ko‘pchilik ilonlar qirilib ketadi.

Kuzatishlar tufayli shu narsa aniqlandiki, ana shunday kasal ilonlarni volyerga qo‘yib yuborilsa u tez kunda tuzaladi, lekin katakka qaytganidan keyin haligi kasali yana qaytalaydi.

So‘ngi yillarda olib borilgan tajribalar shuni ko‘rsatadiki, hatto bir juft ota-onadan turli mavsumda tug‘ilgan bolalari ham ma’lum tafovutlari bilan ajralib turadi. Eng muhimi shundaki, bunday hayvonlar tashqi muhitning bir xil o‘zgarishiga turlicha munosabatda bo‘ladilar. Boshqacha qilib aytganda, hayvon yashab turgan muhitida yuz bergan tabiiy o‘zgarishlarga turli mavsumda tug‘ilgan hayvonlar reaksiyasi turlicha bo‘ladi. Bunday aka-ukalar, opa-singillar orasida muhim genetik farq bo‘lmasa-da, ular har xilligicha qolaveradi.

Xo‘sh, shunday xilma-xillikning hayvon uchun qanday ahamiyati bor. Evolyutsion ta’limot nuqtai-nazaridan qaraganda, uning ahamiyati beqiyosdir, chunki har qanday hayvonlar guruhi ichida qattiq sovuqqa, jazirama issiqqa, sel-yomg‘irga bardosh beradiganlari, ya’ni omon qolganlari bo‘ladi. Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, bir turga mansub jonivorlar orasidagi individuallik har qanday noqulay sharoitda o‘sha turning yoppasiga qirilib ketishidan saqlaydi, omon qolgan sanoqli jonivorlar esa, o‘ziga xosligi bilan boshqalardan ajralib turadi, ya’ni ular boshqacharoq sharoitda ham yashab ketadi, ana shunday turli-tumanlik, shuningdek, tur arealining kengayishiga olib keladi.

6.2. BOBOLAR ZAKOVATI

Zaharli ilonlar haqidagi dastlabki ma’lumotlar Aristotel asarlarida berilgan bo‘lsa-da, undagi to‘g‘ri fikrlar afsonaviy rivoyatlar bilan chalkashib ketgan.

Mashhur vrach va olim Galen ma’lumotiga ko‘ra, bizning eramizga qadar yashagan shoh Mitridat va uning shifokori o‘limga hukm qilingan kishilar ustida ko‘p tajribalar o‘tkazib, ularni zaharli ilonlarga chaqtirib, xilma-xil davolash usullarini sinab ko‘rganlar. Bundan tashqari Mitridat o‘z organizmini zaharga o‘rgatish uchun har kuni ozginadan zahar ichgan. Keyinchalik Mitridat sharafiga mitridatium degan zaharga qarshi murakkab universal birikma yaratildi, uning tarkibiga bir necha o‘n xil moddadan (ko‘knori, turli o‘simlik qismlari, ilonning quritilgan va kukun holidagi tana bo‘lakchalaridan) iborat. Keyinchalik mitridatium asosida ter’yak degan zaharga qarshi boshqa modda yaratildi. Bu modda ko‘p asrlar davomida Yevropa va Osiyoda zaharli hayvon chaqqanda ishlatildi. Uning tarkibiga kiruvchi narkotik moddalar bemorga orom bag‘ishlab, og‘riqni pasaytirsada, zaharning organizmga ta’sirini kamaytira olmas edi. Shuni aytish kerakki, qadimgi shifokorlar bu dorining uncha foyda bermasligini tushunganliklari uchun ham, unga umid bog‘lamas edilar. Ular o‘z asarlarida davolanish xudoning amriga bog‘liq, juda ham zaharli ilon chaqqanda esa, har qanday davo va hatto duo ham yordam bermas edi, deb doimo ta’kidlardilar. Qadim davrlarda suiqasd, duo, tilsim (tumor), qurbonlik qilish va boshqa diniy marosimlarga oid tadbirlar ilon chaqqan odamlarni davolashning eng muhim usullaridan biri hisoblanar edi. Mitridat fikricha, zaharli hayvonlar chaqqan joyni so‘lak bilan ho‘llash eng foydali usul hisoblanar ekan.

Mitridat va uning saroy shifokori zahar va zaharga qarshi dorilar to‘g‘risida yashirin memuarlar tuzib uni qattiq sir saqladilar.

Ilon zahri bilan shug‘ullanish markazi Sharqqa, Janubi-sharqiy va O‘rta Osiyoga ko‘chadi. Bu sohada dastlabki ma’lumotlarni buyuk tabib va tabiatshunos olim Abu Ali ibn Sino (980-1037) beradilar. Ibn Sino o‘z asarlarida o‘zidan oldin o‘tgan olimlarning fikriga asoslanibgina qolmay, o‘zi ham tibbiy kuzatishlar olib boradi.

XII asr boshlarida Abu Ali ibin Sino ishining davomchisi Abu Ibrohim Jurjoniy Xorazm shohi Anush Tegin taklifi bilan Xorazmga keladi va 1110-yilda fors-tojik tilida «Xorazmshoh xazinasi» degan asar yozadi. Bu o‘ziga xos tibbiy qomus 9 ta jild va 4 ta ilovadan iborat bo‘lib, 6-kitobda zaharli hayvonlarning chaqishi haqida ma’lumot keltirilgan. Odam organizmiga ilon zahrining ta’sir etishi to‘g‘risida Jurjoniy anchagina kuzatishlar o‘tkazadi. U ham boshqalar singari zaharli va zaharsiz ilonlarni ajrata olmagan bo‘lsa-da, lekin ilon chaqqanda zaharning ta’siri to‘g‘risidagi ilohiy qarashlarga birinchi bo‘lib qarshi chiqadi. Jumladan, Jurjoniy o‘sha paytlarda xalq orasida singib qolgan tushuncha, ya’ni odam organizmining zaharlanish xarakteri zaharning mijozi (issiq yoki sovuq bo‘lishiga) bog‘liq, degan fikrni inkor etadi. Jurjoniy shunday deb yozadi: ilon zahridan odamning tez o‘lishi zaharning sovuq bo‘lishligidan emas, balki tez orada yurakda qonning ivib qolishligidandir va yana: zaharning organizmga ta’siri zahar tabiatining issiq yoki sovuq bo‘lishligidan emas. Shunday qilib, Jurjoniy barcha kishilar tomonidan e’tirof etilgan qonunqoidalarga qarshi chiqibgina qolmay, balki birinchi bo‘lib juda muhim fikrni oldinga suradi, ya’ni ba’zi bir ilon zahri organizmga tushgach, qonning tez ivishiga olib keladi.

O‘rta asr olimining bu fikri hozirgi zamon fanining yutuqlariga to‘la ravishda to‘g‘ri keladi. Afsuslanarli joyi shundaki, jahon olimlari tomonidan Ibn Sinoning «Tib qonunlari»dan keyin tibbiyot sohasidagi ikkinchi qonun deb e’tirof etilgan, bir necha xorijiy tillarga tarjima qilinib, madrasalarda darslik sifatida foydalanilgan «Xorazmshoh xazinasi» xanuzgacha o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan va ilmiy tadqiq qilish, o‘rganish hech kimni qiziqtirmagan.

Taajjublisi shundaki, aynan bizning yurtimizda, Xorazm zaminida yaratilgan shunday noyob asar Arabiston, Iroq, Turkiya va boshqa mamlakatlarda, hatto qo‘shni respublika – Tojikistonda tarjima qilinsa-yu, tabobatning xazinasi sifatida tahlil va tadqiq qilish, o‘rganishga kirishilgan bo‘lsa-yu, bizda shunday bebaho merosga e’tibor berilmasa.

O‘zbek kitobxonlari, biriinchi navbatda tibbiyot sohasida ishlayotgan olimlar va mutaxassislar, tibbiyot institutlarining talabalari, qolaversa sharq tibbiyotiga ixlosmandlar Jurjoniyning zaxirasi, shuningdek, Ibn Sinoning yana bir shogirdi, Toshkent viloyatining Iloq qishlog‘ida tug‘ilgan va ustozining «Tib qonunlari»ni o‘rganib, uning birinchi kitobiga yozgan «Muxtasari Iloqiy» (Iloqiy qisqartmasi)ni Najmiddin Samarqandiyning har bir kasallikda parhezga amal qilish, ya’ni kasallik turiga qarab taom belgilashga doir «A’ziyat al-marzo» (kasallar iste’mol qiladigan ovqatlar) kabi bugun uchun zarur asarlarni qachon ona tillarida o‘qish baxtiga muyassar bo‘lisharkan?

Ilon zahri ustida birinchi eksperimental ishlarni XVII-XVIII asrlarda yashagan Italiya olimlari Redi va Fontana boshlab berdilar. O‘sha zamonda ilon zahri uning bezida emas, balki o‘tida bo‘ladi, deb qaralardi. Mashhur olim Redi ilon o‘ti va so‘lagi xavfsizdir, chunki u zaharli emas, zahar ilonning tishi orqali chiqadi, degan fikrni oldinga suradi. Redi zaharli bez haqida aniq tushunchaga ega bo‘lmasa-da, uning taxminlari to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Buni isbotlash uchun Redi va uning yordamchisi o‘z ustilarida tajribalar o‘tkazdilar.

Ko‘pchilik olimlar ishtirokida Redi va yordamchisi qora ilon o‘ti va so‘lagini yutadilar, ikkalasi ham omon qoladi, shunday qilib Redi fikrining to‘g‘riligi isbot etiladi, qora ilonning na o‘tida, na so‘lagida zahar yo‘qligi aniqlandi. Redining bu tajribasini ko‘rgan kishilardan ba’zilari shubhalanib, go‘yo Redi o‘z ustida tajriba o‘tkazishdan oldin zaharga qarshi zardob qabul qilgan, shuning uchun ham so‘lak va o‘tdagi zahar Rediga ta’sir etmagan, degan fikrni tarqatadilar.

Redining yordamchisi Stronsio bunday xabardan g‘azablanib, o‘z ustozining dushmanlari xohlagancha ilon o‘ti va so‘lagidan ichishi mumkinligini aytdi. Stronsio qora ilon og‘iz bo‘shlig‘ini va tishlarini musallas bilan yuvib uni ichadi, keyinchalik buni bir necha marta takrorlaydi. Bunday tajribalar o‘sha paytlarda kishilarni hayratda qoldirardi. Stronsio tomonidan ichilgan musallas tarkibida hech qanday ilon zahri bo‘lishi mumkin emas, aks holda Stronsio albatta halok bo‘lardi.

Fontana (1730–1805) esa ancha teran tekshirishlar olib boradi. U ilondagi zahar bezlarini topadi, mikroskop yordamida zaharli tishlarning tuzilishini o‘rganadi va unda zahar oqadigan quvirsimon tish borligini, zaharli tish bilan bez o‘rtasida ularni bog‘lovchi tomir (yo‘l) mavjudligini aniqlaydi. Birinchi marta ilondan toza zahar oladi, ilon zahrining organizmga ta’sir etish mexanizmini aniqlash va zaharlangan organizmni davolash yo‘llarini izlash maqsadida turli xil hayvonlar (qurbaqa, qush, sichqon, quyon, mushuk va it)da tajribalar o‘tkazadi.

Bunda Fontana hayvon a’zolari va qonini mikraskopik usulda keng ko‘lamda tekshiradi. Chuqur va puxta o‘ylab qo‘yilgan tajribalar natijasida Fontana qora ilon zahrining organizmga ta’sir etishidagi o‘ziga xos ba’zi tomonlarini to‘g‘ri aniqlay oladi. Fontana ilon zahrini shaxsan tatib ko‘rib, buni hidsiz, mazasiz modda ekanligini aniqladi. Bunda u zaharli ilonning chaqishi haqida to‘g‘ri fikir bildirib, zahar ilon chaqqan joyga tishi orqali o‘tadi, deb aytadi.

1933-yili Jenevalik vrach va zoolog Jak Ponto o‘z ustida ilmiy tajriba olib borish paytida dahshatli daqiqalarni boshidan kechirdi. U uchta cho‘l qora iloniga o‘zini chaqtirdi. Garchi zaharga qarshi zardob yuborish ma’lum bo‘lsa-da, Ponto ilon chaqish xavfiga qarshi dori topmoqchi bo‘ladi. Shuning uchun ham u oldindan o‘zini zardob bilan emlab, keyin ilonga chaqtiradi. Keyinchalik Ponto ilon tishlagandagi taassurotlarini so‘zlab beradi. Ponto yaxshigina optimist bo‘lishiga va emlashga ishonishiga qaramasdan, shunday deydi: ilon chaqqan payti go‘yo meni qatl qilayotgandek tuyuldi. Ehtimol bu so‘z bilan Ponto tajriba paytida ruhiy holatini tasvirlamoqchi bo‘lgandir.

Bernar, Kolmett hamda Fizali kabilar insoniyat tarixida birinchi bo‘lib, ilon chaqqanda uning zahariga qarshi zardob tayyorlash usulini ishlab chiqdilar. Bunday jahonshumul kashfiyot o‘n minglab kishilarning hayotini saqlab qoldi.

So‘nggi yuz yil ichida turli mamlakatlarda maxsus inistitut va laboratoriyalar tashkil etilib, unda ilon zahrini tekshirish va undan zardob tayyorlash ishlari maromida olib borilmoqda. Xorijiy mamlakatlarda bu borada ko‘zga ko‘ringan ilmiy markazlar mavjud. Braziliyaning San-Paulo shahridagi Butantan instituti, Kauzagiyadagi maxsus institutlar laboratoriyasi, shuningdek, Hindistondagi Xavkin nomli laboratoriya hamda Parij va Jazoirdagi Paster institutlari shular jumlasidandir.

Bizning davrimizda ilon zaxrining tarkibiy qismi muvaffaqiyatli ravishda o‘rganilmoqda, uni kimyoviy, fermentativ hamda zaharli xossasi tekshirilmoqda va nihoyat, bu murakkab birikmani kimyo va tibbiyotda qo‘llash bo‘yicha qidiruv ishlari olib borilmoqda. 1960-yildan e’tiboran O‘zbekistonda ilon zahrini o‘rganish bo‘yicha hukumatimizning maxsus qarori qabul qilindi.

O‘sha yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti qaramog‘ida MDH mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib eng yirik, namunali serpentariya tashkil etildi. Bunda ilonlar hayotini tabiiy sharoitga yaqinlashtirish maqsadida katta-katta volyerlar ham qurildi. Bu yerda ilonlarning tutqunlikda yashashi, qishlovi, po‘st tashlashi, oziqlanishi, zahar berishi, ko‘payishi ustida tajribalar o‘tkaziladi va maxsus ilmiy ishlar bajariladi.

Ilonlar guldastasi. Ilon ovlash va undan turli maqsadlarda foydalanish 100 yildan ziyodroq tarixga ega. Hozirgi kunda 23 mamlakatda ilonxonalar mavjud bo‘lib, u yerda sudraluvchilarning turli vakillaridan har xil dori-darmonlar tayyorlanadi. Ana shu zaharli gazandalar orasida kobra iloni o‘ziga yarasha shuhrat qozongan desak yanglishmaymiz. Ma’lumki, ilonni terisidan chiroyli buyumlar, zaharidan turli xil dorilar tayyorlashdan tashqari kobra iloni go‘shti va ba’zi ichki a’zolari ham shifobaxsh og‘u sifatida qo‘llaniladi. Masalan, Vetnam va Koreya dorixonalarida uzunchoq shisha idishlarga solib qo‘yilgan kobra ilonini harid qilish mumkin. Bunday idishlar oddiy aroqqa to‘ldirilib, uning ichiga kobra iloni tushiriladi, oradan ma’lum vaqt (taxminan 100 kunlardan so‘ng) o‘tgach, ilon tanasidagi barcha moddalar suyuqlikka ajralib chiqadi, shunday qilib ilon arog‘i (nastoykasi) tayyor bo‘ladi. Bunday dori asosan qo‘l, oyoq asablari kasallanganda, shol bo‘lish holatlarida ishlatiladi. Bugina emas, kobra iloni o‘tidan, qonidan tabletkalar tayyorlanib, u tomir tortish kabi holatlarda qo‘llaniladi. Kobra zaharidan, shuningdek, turli asab kasalliklariga qarshi noyaksin preparati tayyorlanadi.

Ilon va uning zahariga bo‘lgan talab shunchalik oshib ketdiki, so‘nggi yillarda ba’zi bir mamlakatlarda, jumladan, yurtimizda ham zaharli ilonlar soni nihoyatda kamayib ketdi. Hozirgi kunda zaharli ilonlarni tutqunlikda ko‘paytirish eng dolzarb masala ekanligi haqida ko‘p fikrlar bildirilmoqda. Afsuslanib shuni ta’kidlash kerakki, hali biron bir sobiq ittifoqdosh respublikalarda, jumladan, O‘zbekistonda ham ilon ko‘paytirish bilan shug‘ullanadigan bironta maxsuslashgan ilonxona tashkil etilgani yo‘q. Faqatgina Vetnamda bu masala o‘ziga xos ravishda yo‘lga qo‘yilgan, ya’ni yarim tutqinlik sharoitida kobra ilonidan nasl olishga erishildi. Buning uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlar yuqori darajada tashkil etilgan, ya’ni tuxumdan 90-95 foyiz me’yorida nasl olindi.

Tabiatda ilonlarning ko‘payish darajasiga kelsak, ko‘rsatgichlar bir muncha pastdir, ya’ni 10-15 ta tuxumdan atigi 2-3 bosh ilon voyaga yetadi, boshqalari esa embrionlik davrida yoki keyinchalik turli sabablarga ko‘ra nobud bo‘ladi. Tirik tug‘adigan ilonlarda esa voyaga yetadiganlar soni bir muncha yuqori bo‘ladi.

Barcha hayvonlarni, jumladan, ilonlarni ham tabiatda ko‘payish qonuniyatiga ko‘ra ularni kam yoki ko‘p nasl qoldirishi bolalarini yashab ketish va voyaga yetish darajasiga bog‘liq. Masalan, 2-3 yilda bir marta nasl beradigan hayvonlarning bolalari deyarli nobud bo‘lmasdan voyaga yetadi, qurbaqa, baliq kabilarda esa ana shu holatning aksini ko‘ramiz. Bunday qonuniyat million yillar davomida tabiiy tanlanish jarayonida sayqallashib tarkib topadi va biologik turning genafondidan mustahkam o‘rin oladi.

Ma’lumki, Darvin ta’limotiga ko‘ra evolyutsiyaning amalga oshishi uchun barcha hayvon turlari keragidan ortiqcha miqdorda nasl qoldirishi darkor, ya’ni shu mu’ayan hududda yashashi mumkin bo‘lganidan ziyodroq miqdorda nasl qoldirishi kerak. Bundan tashqari ilon bolalari o‘zining xilma-xilligi bilan, birinchi navbatda tashqi muhit talabiga nisbatan ana shunday har xil munosabatda bo‘lmog‘i kerak. Ana shu ikki shartning mavjud bo‘lishligi ayni sharoitga yaxshi moslashgan individlar orasida avlodan-avlodga o‘tgan sari tabiiy tanlanish muqarrar ravishda yuz berganini ko‘ramiz. Agarda har bir avlodda yuz bergan tabiiy tanlanish natijalari ma’lum darajada nasldan-naslga ko‘chsa, rivojlanish kuzatiladi, ya’ni evolyutsiya yuz beradi.

Hozirgi kunda faqatgina Vetnamning barcha viloyatlarida ilon ovchilari koperativi tuzilgan, ovchilar ushlagan ilonlarini fabrikaga topshiradilar. Bu yerda tayyorlanadigan dori-darmonlar orasida uch xil ilon turidan tashkil topgan ilon guldastasi juda ham katta shuxrat qozongan. Uning tarkibi kobra, krayt va zaharsiz katta ko‘zli ilondan iborat. Bu sohadagi yutuqlar Vetnamda ham zaharli ilonlar, jumladan kobrani kamayib ketishiga sabab bo‘ldi, natijada ilonning harid bahosi ham qimmatlashib ketdi.

Ilonlarga, xususan, kobraga nisbatan oshib borayotgan ehtiyojni hisobga olib Vetnam respublikasi tashqi savdo bo‘limi Xanoy shahri atrofida zaharli ilonlarni ko‘paytirishga mo‘ljallangan bir necha ekspremental fermalar tashkil etdi. Shulardan eng yirigi 4 ming kvadrat metrga teng keladigan serpentariyada turli mikroiqlim, ya’ni namligi va harorati bilan farqlanadigan sharoitlar barpo etilgan bo‘lib, ilon yilning har qanday faslida ham o‘ziga kerak sharoitni izlab topadi. Ilonlarni boqish uchun maxsus baqalar tanlangan. Maxsus yordamchi fermalarda baqalarni ko‘paytirish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan, bu esa serpentariyada etishtiriladigan mahsulotlar turini ko‘paytirish imkonini beradi. Endilikda bu yerda qurbaqalardan zahar olish va ana’naviy sharq tibbiyoti uchun qimmatbaho mahsulot hisoblangan quritilgan baqa go‘shti tayyorlanadi.

Hozirgi kunda ilon fermalariga yaqin joylashgan qishloq dehqonlari o‘z hovlilarida ilon ko‘paytirib kooperativga topshiradilar. Bu yerlarda odamlar bolalik chog‘idan ilon ushlashga odatlanadilar. Shunday qilib, Vetnamda yangi kasb – oilaviy ilon ko‘paytirish ishlari rivojlanib ketgan, bunday oilaviy pudratdan ham dehqon, ham davlat foyda ko‘radi.

Vetnamliklarning bu masalada erishgan yutuqlarining asosiy sababi ilon ko‘paytirish bilan bog‘liq barcha tadbirlar tabiatda kobra ilonlari keng tarqalgan joylarda barpo etilgan.

Mazkur fermalar Vetnamning markaziy qismida joylashgan. Bu yerda kobra ilonlari asosan kemiruvchilarning inlarida, termitniklarda, shuningdek, tashlandiq harobalar orasida yashaydi. Noyabrdan mart oyining oxirigacha ancha chuqur inlarda, bambuk daraxti ildizi ostida, qalin butalar orasiga kirib qishlaydi. Bir joyda 8 tagacha ilon galasi bo‘ladi, ba’zan 24 tagacha ilon uchratish mumkin. Kobra yemishini asosiy qismini amfibiyalar, har xil kemiruvchilar va qisman baliq va ilonlar tashkil etadi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации