282 000 книг, 71 000 авторов


Электронная библиотека » Я. Давлатов » » онлайн чтение - страница 11

Читать книгу "Заҳарли газандалар"


  • Текст добавлен: 28 апреля 2024, 15:00


Текущая страница: 11 (всего у книги 18 страниц)

Шрифт:
- 100% +

Genetik olimlarning fikricha, yashash sharoitiga yaxshigina moslashish xramasomalar sonini ko‘pligi bilan izohlanadi. Ana shu fikrni umumlashtirib aytish mumkinki, turning yashash hududini borgan sari kengayib borishi organizm genafondining xilma-xilligi bilan tushuntirilsa, biosenozning ham rivojlanishi, ya’ni barqarorlashivu uning tarkibidagi turlarning xilma-xilligi bilan izohlanadi. Biotop qanchalik turli-tuman jonzotlar yig‘indisidan iborat bo‘lsa, uning tashqi muhit ta’siriga qarshilik ko‘rsatish qobiliyati shunchalik oshadi. Bundan biologiyaning oddiy bir qoidasi kelib chiqadi: biz ona tabiatni asrab qolmoqchi bo‘lsak, undagi tirik jonzotlar turli-tumanligini saqlashimiz va boyitishimiz kerak.

Janubiy Amerikaning tropik o‘rmonlarida, sayoz botqoqliklarda, Braziliyada, Peruda dunyoda eng yirik ilon – anakonda yashaydi, uning bo‘yi 7-8 metrga yetadi, tanasi yo‘g‘on, dumi to‘mtoq va qisqa bo‘ladi. Sekin oqadigan suvlarda, botqoqlarda ko‘proq uchraydi. Amazonka, Orinako daryolarining havzalarida ko‘p tarqalgan. Suv ostida uzoq vaqt yotadi, o‘ljasini ham suvda poylaydi, bo‘g‘ib o‘ldirgach, butunligicha yutadi. Bu ilon cho‘chqa va buzoq kabilarni ham yutishi mumkin. Mavsumda 8-45 dona tuxum qo‘yadi. Tuxumdan shu zahotiyoq bolalari chiqa boshlaydi, ularning uzunligi 50–80 sm bo‘lib, tez orada suvga tushib ketadi. Anakonda tutqunlikda 28 yilgacha yashay oladi.

Anakondaning o‘lchami haqida gazeta va jurnallarda turli xil ma’lumotlar keltiriladi, ba’zan bunday raqamlar bir-biriga zid bo‘lib chiqadi. Masalaga aniqlik kiritish maqsadida 1930-yili Nyu-York shahrining ekologiya jamiyati tomonidan 12 metrdan uzunroq ilonning mavjudligini isbotlagan kishiga 1000 dollar mukofot berilishi e’lon qilingan. Amerikaning sobiq prezidenti Teodor Ruzvelt mazkur mukofot miqdorini besh ming dollarga ko‘paytiradi, ilonning uzunligini esa 9 metrgacha kamaytiradi. Bugungi kunga kelib esa mazkur mukofot 50 ming dollarga ko‘paytirildi, shunga qaramasdan u hali hech kimga nasib etgani yo‘q.

Janubiy Amerikada anakondaning odamga xujum qilishi haqida har xil xabarlarni tez-tez eshitish mumkin. Lekin bunday voqealar ko‘pincha bo‘rttirib hikoya qilinadi. O‘rtacha kattalikdagi anakonda odamni bo‘g‘ib o‘ldirishi mumkin. Shuni qat’iyatlik bilan aytish mumkinki, 5-6 metr kattalikdagi ilon odamni o‘z halqasiga olgan bo‘lsa, ikkinchi bir kishining yordamisiz uni ajratib bo‘lmaydi. 3,75 m uzunlikdagi ilon odamni bo‘g‘ib o‘ldirganligi haqida Butantan instituti xodimlari va San-Paulo shahari mirshablarining rasmiy protokoli mavjud. 1939-yili Belgrad shahar sirki sahnasida ilon o‘rgatuvchi artistni 4 metrli piton bo‘g‘ib o‘ldirgan. Agarda yirik ilonni bilmasdan da’fatan bosib olsangiz, uning refleksi bir lahzada ishga tushib odamga tashlanadi, bunda ilon o‘zining kushandasi emasligini bilib ham ulgurmaydi. Lekin bundan ilon odamni poylaydi, bilib turib odamga hujum qiladi, degan xulosa chiqmaydi, albatta. Shunga qaramasdan kamdan-kam bo‘lsa-da, mudhish hodisalar uchrab turadi. Salebabu orolida to‘rli piton 14 yoshli bolani bo‘g‘ib yutib yuborgan, yana ikkita o‘spirin yigit ham ilonning o‘ljasiga aylangan.

Amerikalik bir oila uzoq yillar davomida uyida Birma pitonini saqlardi. Kunlardan bir kuni uy bekachasi uyqudan ko‘zini ochsa, o‘zini piton og‘ushida ko‘rib hangu-mang bo‘lib qoladi. Uch metrli piton ayolni tom ma’noda halqa qilib o‘rab olgan edi. Xotinini bunday ko‘ngilsiz hodisadan xalos qilish maqsadida eri qo‘liga pichoq olganicha ilonga tashlanadi, lekin ilon ham bo‘sh kelmadi u halaskor kishini ham o‘z domiga tortib o‘rab oldi. Qo‘shnilarining shoshilinch xatti-harakatlari tufayli voqea sodir bo‘lgan joyga tibbiyot va veterinariya xodimlari yetib kelishdi. Eru-xotinni bunday xavfli holatdan qutqarishning birdan-bir chorasi ilonni bo‘g‘izlash edi, xolos.

Uchar ilonlar va kaltakesaklar haqida har xil gaplar tarqalgan. Ikki boshli ilonlar, qanotli ilonlar degan fikrlarni ham tez-tez eshitish mumkin. Haqiqatdan ham, ikki boshli ilonlar uchrab turadi, ya’ni odatdagi ilon kallasi o‘rnida ayri shaklida joylashgan bir-biriga aynan o‘xshash ikkita kalla bo‘ladi. Bunday ilonlar uzoq yashay olmaydi, chunki ular zararli mutatsiya natijasida tug‘ma ravishda yuzaga keladi. Shunga o‘xshash zararli mutatsiyani boshqa hayvonlarda ham ko‘rmish mumkin, masalan, ikki boshli buzoqlar ham uchrab turadi, qanotli ilonlarga kelganda, bu afsona, albatta. Ba’zi bir kishilar bunday ilonni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganliklarini astoydil turib isbotlamoqchi bo‘ladilar. Shunga o‘xshash hodisani kuzatgan bir kishining ta’riflashicha, bunday ilonning amalda qanoti bo‘lmasdan, ilon ko‘rshapalakni tishlab turganida uning ikkala qanoti ochilib ikki tomonga taralib turgan bo‘ladi. To‘g‘ri, uchuvchi kaltakesaklar bor. Ular tom ma’noda uchuvchi bo‘lmasada, qisqa masofalarga, ya’ni daraxdan-daraxtga uchib o‘tgan. Lekin bunday kaltakesaklarning hozir ilonlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqasi yo‘q.

Uchar ilonlarga kelganda, shuni aytish kerakki, yurtimizda uchraydigan o‘q ilon xavf-xatar yuz berganida 3–4 metr balandlikdan pastga yoki pastdan yuqoriga qarab sakrashi mumkin. Bu ilonga nom berishda odamlar yanglishmagan ekan, chunki ilon nafaqat ildamligi va chaqqonligi bilan, balki o‘ta merganligi bilan ham ajralib turadi. Bir kitobda hikoya qilinishicha otda ketayotgan ovchi sigareta chekib olish uchun bir lahzaga otini to‘xtatadi, kutilmaganda yerda turgan o‘q ilon sakrab ovchining ko‘rsatgich barmog‘iga og‘iz soladi, ovchi bir necha bor qo‘lini silkitgach, ilon pastga tushib ketadi. Bunday hodisadan taajublangan va jahli chiqqan ovchi miltig‘ini yelkasidan olib ilonni otmoqchi bo‘lib pastga engashib ulgurmadi ham, haligi ilon da’fatan sakrab ovchining yana o‘sha barmog‘ini ikkinchi marta tishlaydi, bu gal astoydil tishlagan ekan ovchi qo‘lini siltagani foyda bermadi, shunda ovchi ilonni boshidan ushlab orqaga tortgan edi, ilon uzunasiga ikkiga ajralib ketdi.

Hindiston, Seylon va Filippin orollarida bizning o‘q ilonga o‘xshash zebo ilon yashaydi. Tuzilishi va hayot tarziga ko‘ra bu ilon ham yarim zaharli hisoblanadi, uning zahari odam uchun xavfli bo‘lmasa-da mayda hayvonlarni nobud qiladi. Uning ham zaharli tishi xuddi bizdagi o‘q ilonga o‘xshab jagining orqa tomonida joylashgan. Bu ilonning ajoyib xususiyatlaridan biri havoda parvoz qilishidir, ya’ni baland tepalikdan kamalak o‘qi singari o‘zini to‘g‘riga otadi va pastroq daraxt shoxiga borib tushadi. Bu xil uchish faqat zebo ilonga xosdir.

Uchar ilonlar haqidagi noto‘g‘ri fikrga asos bo‘ladigan hodisalardan biri tabiatda ba’zan sodir bo‘ladigan kuchli shamol natijasida ko‘tariladigan quyun hisoblanadi. Ana shunday kuchli quyun ko‘tarilishi natijasida havoga turli xil katta-kichik xas-xashaklar ham ko‘tariladi, ana shular orasida bazan ilon po‘sti ham bo‘lishi mumkin. Oradan bir oz vaqt o‘tgach osmonga ko‘tarilgan narsalar birin-ketin pastga tusha boshlaydi, ularning orasida but-butun ilon po‘sti ham ko‘rinib qoladi. Ana shunday voqeani ko‘rgan kishilar o‘z kuzatishlarini boshqalarga birmuncha bo‘rttirib hikoya qiladilar.

Shunga o‘xshash hodisani tog‘ etaklarida jala yomg‘ir yoqqanda ham ko‘rish mumkin. Odatda bunday jalalar bahor paytida ko‘proq kuzatiladi. Tabiat qo‘ynidan endigina uyg‘ongan jonivorlar jumladan ilonlar turli xil xas-xashaklar bilan jala dastidan o‘zini tuta olmasdan tog‘dan pastga tushadi. Ana shunday ilonlarni ko‘rgan kishilar yomg‘ir bilan ilon yog‘di degan fikirni tarqatadi.

Eramizdan avvalgi II asrda ayrim podsholarning saroyida ilon zaharini o‘rganishga qiziqish boshlangan. Shunisi qiziqki, podsholarning o‘zlari ham chetda turmasdan tajribalarda shaxsan ishtirok etganlar. Bu odam o‘ldirish, saroyda o‘zlariga yoqmagan kimsalarni o‘rtadan olib tashlashda qo‘l kelgan bo‘lsa kerak.

Qadimgi Misrning podshosi malika Kleopatra ham boshqa podsholar singari turli xil ilon zaharining organizmga ta’sirini sinab ko‘rish uchun o‘limga hukm qilingan kishilar ustida tajribalar o‘tkazgan. Shunda u ko‘zoynakli ilon zahari odamni qiynamasdan tez o‘ldirishini va murdaning tanasida turli xil xunuk alomatlar qoldirmasligini bilib olgan. Bu holning hozirgi zamon fani yutuqlariga to‘g‘ri kelishi diqqatga sazovordir. Kleopatra o‘ta latofatligi, go‘zalligi, o‘tkir zehni bilan man-man degan podsho va sarkardalarni o‘ziga rom qilib olgan edi. Janglarning birida Kleopatra yengilib, Rim podshosi Oktavian tomonidan asr olinadi. Buni qarangki, malikaning ilon bilan olib borgan o‘sha tajribalari keyinchalik uning taqdirini hal etadi: tutqunlikda yotgan malika o‘z raqibi va uning jangchilari oldida sharmandayusharmisor bo‘lishdan qo‘rqib, o‘z xizmatchisi keltirgan zaharli kobraga ko‘ksini chaqtirib halok bo‘lgan. Shu sababdan bu ilonni Kleopatra kobrasi deb ham aytiladi.

Ilonlar haqida yana ikki og‘iz so‘z. Ba’zi bir ilonlarning hayot tarzi o‘ta qiziq ekan. Masalan, Avstraliya va Tasmaniya orollarida 2 metrcha uzunlikda bo‘lgan arslon nomli ilon yashaydi. Qizig‘i shundaki, bu ilon bir yilda 2–3 hafta oziqlanadi, xolos. Sababi bu yerdagi orollarda ilonlardan tashqari mayda sink kaltakesagi va dengiz qushlari yashaydi, xolos. Bunday qushlar juda ham yirik bo‘lgani sababli, ilonlar ularni ovlay olmaydi. Shuning uchun ham ilonlar mazkur qushlarning tuxum qo‘yib jo‘ja ochish paytini kutadi va ular bilan oziqlanadi. Qush bolalari qanot chiqazib ucha boshlagach, ilonlar oziqlanish manbaidan mahrum bo‘ladilar. Demak, ular bir yilda 11 oy ro‘za tutishga majbur bo‘ladi. Ilon bolalari esa sink kaltakesagi bilan oziqlanadi.

Avstraliya qirg‘oqlarida zaharli suv ilonlari ko‘plab uchraydi. Qachonlardir Malak bo‘g‘ozidan ana shunday ilonlarning katta bir to‘dasi suzib o‘tgan. Bunday migratsiya chog‘ida bir millionga yaqin ilon qatnashgan. Ular 3 metr kenglikda va 110 km uzunlikdagi suv sathini egalaganlar. Ilonlarning bunday ko‘p miqdorda ko‘chishi ularning ko‘payishi bilan bog‘liq ekan. Mazkur ilonlarga xos bo‘lgan yana bir o‘ta qiziq xususiyat shundaki, bunday ilonlarning bolalari o‘ta yirik tug‘ilar ekan. Ya’ni ularning bo‘yi ona ilon uzunligining yarmiga to‘g‘ri keladi. Bunday hodisaning sababi mazkur ilonlarda xuddi sutemizuvchilarga o‘xshash yo‘ldosh bo‘lib, ular onasidan tayyor ozuqa olganligi uchun ham ancha yirik tug‘ilar ekan.

VI BOB. ZAHARLI ILONLAR TUTQUNLIKDA

Ma’lumki, ilonlarni tutqunlikda saqlash va parvarish qilish ulardan muntazam ravishda zahar olishning hozirgi kundagi yagona usulidir. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti ilonlarni tutqinlikda saqlashni ilmiy asosda tashkil etgan yagona ilmiy muassasa hisoblanadi. Bu yerda O‘rta Osiyoda tarqalgan barcha zaharli ilonlar saqlanadi, bular: kobra, ko‘lvor ilon, cho‘l qora iloni, charh ilon va bo‘sh ilon. Ular rangi, hayot kechirishi, zaharining kuchi bilan birbiridan farq qiladi. Hamma ilonlar tutqunlik sharoitiga oson va tez o‘rganavermaydi va uzoq vaqt yashamaydi. Kobra va qisman ko‘lvor ilon tez moslashadi, boshqalari esa ancha qiyinchilik bilan o‘rganadi. Jumladan, cho‘l qora iloni bilan charh ilon dastlabki kunlarda ovqat yemasdan, katakning bir burchagida harakatsiz yotaveradi. Bunday ilonlarni sun’iy ravishda ovqatlantirishga to‘g‘ri keladi.

Ular atigi besh oy yashaydi. Kobra esa nisbatan ko‘proq umr ko‘radi. Ilonxonada 10–12 yildan beri yashayotgan va muntazam ravishda zahar berib kelayotgan kobra ilonlariham mavjud. Bu yerda ilonlar tabiatdagi singari qishki uyquga ketmaydi, ulardan qishin-yozin zahar olinadi. Umuman aytganda, ilondan qanchalik tez-tez zahar olinsa, uning umri shunchalik qisqara boradi. Masalan, ilonxonaga yangi keltirilgan bir guruh charh ilondan atigi bir marta zahar olingandan so‘ng katakda ikki yilga yaqin yashadi. Muttasil zahar olinganda ular 5–6 oydan ziyod yashamaydi. Kezi kelganda shuni ham aytish kerakki, ilondan zahar olish usullari hali unchalik takomillashgan emas. Hozirgi zahar olish usuli ilonni tabiiy chaqishidan anchagina farq qiladi, iloning og‘iz bo‘shlig‘ida kuzatiladigan turli kasalliklar ko‘pincha ana shunday zahar olish tufayli yuz beradi. Lekin zahar olishning salbiy ta’siri hamma ilonlarda bir xil namoyon bo‘lmaydi. Bundan ko‘pincha ko‘lvor ilon va mayda ilonlar zarar ko‘radi. Yosh ilonlar bilan voyaga yetgan ilon zaharini solishtirish maqsadida 5–6 oylik cho‘l qora iloni va bo‘sh ilon bolalaridan zahar olishga urinib ko‘rdik, ammo 9 dona ilonlar bolasining birontasidan ham ko‘zga ko‘rinarli miqdorda zahar to‘planmadi, balki u salbiy natija berdi. Ertasi kuni barcha ilon bolalari nobud bo‘ldi.

Sirasini aytganda ilondan zahar olishda elektr tokini qo‘llash birinchi bo‘lib Zoologiya institutida boshlangan edi.

Gap shundaki, 1960–1970-yillar mobaynida, yani ilonxona tashkil etilgandan so‘ng barcha zaharli ilonlarning tutqunlikda yashashi, o‘sishi, oziqlanishi, ko‘payishi kabi masalalar ustida kuzatishlar olib borildi. Bunda har bir ilondan olinadigan zaharning miqdori ilonni katta-kichikligiga, yilning fasliga va boshqa omillarga bog‘liqligini aniqlash muhim ahamiyatga molik edi.

Ana shunday ma’lumotlar bir necha ming bosh ilon ustida tekshirilgandan keyingina tegishli xulosalar yaratilar edi. Ammo ana shunday ishlarni bajarishda ma’lum qiyinchiliklar yuz berdi. Gap shundaki, tabiatdan yangi ushlangan ilonlar dastlabki oylarda tutqunlikda yaxshi zahar bersa-da, keyinchalik esa ilonlarda ma’lum darajada ko‘nikma paydo bo‘lardi, ular ba’zan zahar berishdan bosh tortadi. Gerpetolog uchun esa ilondan olinadigan navbatdagi zaharning miqdorini aniqlash juda muhim. Bu borada ko‘p choralar o‘ylab ko‘rildi va nihoyat, elektr tokidan foydalanishga qaror qilindi. Bu ijobiy natija berdi.

Zahar olinadigan idishga ilon og‘iz solsa-yu, lekin zahar bermasa, unda yordamchi laborant 5-6 volt elektr tokini ilon jag‘ining ikki yon tomoniga tekizadi va bunday yoqimsiz qitiqlashdan beixtiyor ta’sirlangan ilon jon-jahdi bilan takror ravishda idishni tishlaydi va idish devorlarida qimmatbaho tomchilar paydo bo‘ladi.

O‘sha paytlari zaharli ilonlar cheklanmagan holda ushlanar edi, shuning uchun ham elektr tokini ilon uchun keyinchalik salbiy ta’sirini hech kim o‘ylamas ham edi. Ma’lumki, hozir vaziyat mutlaqo o‘zgardi. Zaharli ilonlarning soni tabiatda bir muncha kamayib borayotgan bir paytda maxsus tashkilotlarning ruxsati bilangina ilon ushlash mumkin. O‘z-o‘zidan tushinarliki, yuqorida bayon qilingan fikirlar ilonlarni tutqunlikda saqlash ishlarini yanada takomillashtirishni taqozo qiladi.

Zaharli ilonlarga bo‘lgan ehtiyojning bunchalik o‘sib borish boisi albatta uning qimmatbaho zahari tufaylidir. Chunki ilon zahari anchagina kuchli ta’sir etuvchi aktiv oqsil moddalardan tashkil topgan bo‘lib, ular tirik organizmdagi turli fiziologik jarayonlar va modda almashinuviga yaxshigina ta’sir ko‘rsata oladi. Demak, ilon zahridan foydalanib organizmda yuz beradigan ba’zi bir jarayonlarni pasaytirib qo‘yish yoki aksincha, kuchaytirib yuborish mumkin. Binobarin, ilon zahari dori sifatida terapevtik maqsadlarda ham qo‘llaniladi. Hozirgi kunda ilon zaharidan tayyorlanayotgan dorilarni ko‘pchilik biladi.

Bundan tashqari tabiiy birikmalar ichida ilon zaharidek fermentlarga boy manba kamdan-kam uchraydi. Unda 20 ga yaqin turli-tuman fermentlar xili mavjud bo‘lib, ulardan ba’zilari, jumladan, proteazalar, gemolizinlar zahardagi umumiy biologik aktivlikning anchagina qismini tashkil etadi. Lekin ularning miqdori hamma ilon zaharida bir xil bo‘lavermaydi, jumladan, kobra zaharida gemolizin va xolinesteraza ko‘p bo‘lsa, ko‘lvor ilon zaharida esa bular deyarlik uchramaydi va ularning o‘rnini kuchli proteaza fermentlari egallaydi va aksincha.

Bulardan tashqari ilon zaharida tirik organizmlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadigan, yani ularni zaharlaydigan toksinlar ham har xil bo‘ladi. Masalan, kobra zaharida asabga ta’sir etadigan, uning ishini izdan chiqaradigan neyrotoksinlar asosiy ta’sir etuvchi modda hisoblanadi. Kobra zaharidagi moddalarning ko‘pchiligi uncha katta bo‘lmagan oqsil molekulalaridan iborat. Boshqa zaharli ilonlarda esa (suvda yashovchi zaharli ilondan tashqari) aksincha, asabga ta’sir etuvchi neyrotoksinlar miqdori ancha kam bo‘lib, ta’siri unchalik namoyon bo‘lmaydi.

Bular asosan qonga ta’sir ko‘rsatadi, ya’ni qonni ivitadi yoki ivishiga qarshi ta’sir etadi, qizil qon tanachalarini eritib yuboradi, bu esa barcha a’zolar to‘qimasini nafas olishdan mahrum etadi. Har xil ilon zaharida kuzatiladigan ana shunday nisbiy tafovut uzoq yillik evolyutsion jarayon tufayligina yuz bergan. Boshqacha qilib aytganda, ilonni ma’lum geografik sharoitga moslashishi natijasida bu xususiyatlar rivojlangan va turg‘unlashgan.

Turli ilon zahari kuchini har xil ekanligini tasdiqlovchi voqeani keltiramiz. Laboratoriya gerpetologlaridan biri navbatdagi cho‘l qora ilonlarini qabul qilaturib parishonlik bilan ilon solingan yashikni ochiq qoldirib, boshqa ishga alaxsirab ketadi, bir necha daqiqalardan so‘ng kelib qarasa, tevarak atrofda o‘rmalashib ketayotgan ilonlarga ko‘zi tushib qoladi va sarosimaga tushib qolgan gerpetolog o‘rmalab ketayotgan ilonlarni qo‘li bilan ushlab yashikka sola boshlaydi va natijada 8 ta ilon u kishini chaqadi. Shunday qilib, bemor 2 oy davomida kasalxonada yotgach butunlay sog‘ayib ketadi.

Ikkinchi voqea kobra iloni bilan bog‘liq. Ilonxonaga yaqinda ishga kelgan yosh laborantlardan biri ilonlarga o‘ta shaydoligi tufayli bir necha marta chara ilon va bo‘sh ilon chaqib olgan, suratshunoslikka qiziqishi tufayli, ilonlarni rasmini ham olmoqchi bo‘lgan. Yoz faslining jazirama kunlaridan birida ekspedisiyada ushlangan kobralardan birini uyiga olib borib suratini olmoqchi bo‘ladi, o‘ng qo‘lida fotoapparatni ushlaganicha chah qo‘li bilan stol ustida turgan ilonni asabiga tegaboshlaydi, kobra esa gavdasini oldingi qismini g‘oz ko‘tarib hamla qilishga tayyorlanadi ana shu chog‘da ilonni rasmga ola boshlagan. Uch marta suratga olgandan so‘ng, to‘rtinchi kadrni olayotganida xavfli masofaga yaqinlashib qolganini sezib qoladi, ammo endi kech bo‘lgan edi, kobra o‘zining daxshatli qurolini ishga soladi – suratchini barmog‘ini chaqib oladi. Zahar shunchalik tez ta’sir etganki, suratkash ilonni ushlab qamash yoki uni gumdon qilish xayoliga ham kelmagan. Faqatgina hovliga chiqib qo‘shnilarga ilon chaqqanini xabar qiladi. U tez yordam mashinasida kasalxonaga olib borilgach, shifokorlarning birinchi yordamini olib ham ulgurmasdan hayotdan ko‘z yumadi.

Har xil ilon zahri turlicha ta’sir etadi, masalan, bo‘sh ilon zahri otlar uchun bedavo, ilon chaqqan ot umuman omon qolmaydi, odamlar uchun mazkur ilon unchalik xavfli emas, shu paytgacha bo‘sh ilon chaqishidan odamlar orasida ko‘ngilsiz hodisa yuz bergani ma’lum emas. Charh ilon zahri esa juda ham o‘tkir bo‘lib, sutemizuvchi hayvonlarga, jumladan, odamlarga ham kuchli ta’sir etadi. Bu ilonning chaqishidan qurbon bo‘lganlar tez-tez uchrab turadi.

6.1. ZAHARLI ILONLARNING KO‘PAYISHI, SOG‘ISH VA OZIQLANISHI

Ilonlarning ko‘payishi. Ilonlar tirik tug‘ish va tuxum qo‘yish bilan ko‘payadi. Kobra va ko‘lvor ilonlar tuxum qo‘yadi. Bo‘sh ilon, charh ilon va cho‘l qora iloni tirik tug‘adi. Tirik tug‘adigan ilon bolasi tuxum qobig‘i bilan o‘ralgan bo‘ladi, ya’ni embrion qon tomirlari orqali ona organizmi bilan bog‘langan bo‘lmaydi. Demak, tuxum ichidagi embrion rivojlanib bo‘lgach, tuxum yoriladi va jajji iloncha dunyoga keladi.

Tuxum qo‘yish yo‘li bilan ko‘payadigan ilonlarda nasl qoldirish birmuncha qiyinchilik bilan kechadi. Gap shundaki, tabiatda ilonlar tuxum qo‘ygach ular 30-40 kun davomida inkubatsiya davrini o‘taydi. Shundan keyingina tuxum yorilib, yosh ilonchalar yorug‘ dunyoga keladi. Ana shu vaqt ichida ilon tuxumining bir qismi embrionlik davridayoq nobud bo‘ladi, yangi tug‘ulgan ilonchalardan bir guruhi esa turli-tuman tabiiy ofatlar tufayli qirilib ketadi. Umuman olganda ilon bolasining 20-30 foizigina tirik qolib, to‘la-to‘kis voyaga etsa kerak, aks holda tabiatda ilonlar soni ko‘payib ketgan bo‘lar edi.

Tuxum qo‘yish va tirik tug‘ish yo‘li bilan ko‘payish bir qarashda juda ham keskin farq qiladigan hodisadek ko‘rinadi. Aslini olganda shunday-ku, lekin ilonlar bundan mustasnodir. Chunki ilonlarga xos bo‘lgan ko‘payish usullari bir-biridan deyarli farq qilmaydi.

Gap shundaki, ba’zi bir ilonlar tuxum tuqqanda uning ichidagi embrion hali rivojlanmagan, boshqa birlarida esa u birmuncha taraqqiy etgan bo‘ladi. Yana bir guruh ilonlarda pusht anchagina shakllanib tuxumdan chiqishga tayor bo‘ladi va nihoyat yana bir xil ilonlarda tuxum ona qornida yorilib tirik tug‘adi. Boshqacha qilib aytganda, tuxumdonda tuxumning saqlanish muddati har xil ilonlarda turlicha bo‘ladi.

Suv ilonlari orasida ajoyib bir ilon turi uchraydi, u ko‘payishning antiqa usulidan foydalanadi, ya’ni ularda sutemizuvchilarga xos bo‘lgan yo‘ldosh bo‘lib, pusht ona qornida voyaga yetadi. Qizig‘i shundaki, yangi tug‘ilgan bolasining katta kichikligi ona ilon o‘lchamining yarmiga teng keladi.

Shunday ham bo‘ladiki, ba’zi bir sudraluvchilar yashab turgan arealining bir chekkasida tuxum qo‘ysa, ikkinchi tomonida tirik tug‘ish yo‘li bilan ko‘payadi. Bunday holatning qaysi bir yo‘ldan ketishi yana o‘sha tashqi muhit talabi, ya’ni yashash sharoiti bilan belgilanadi.

Qushlarda, sudraluvchilarda, amfibiya va boshqalarda bachadon bo‘lmaydi. Otalangan tuxum hujayralari yumshoq yoki qattiq ohakli qobiq bilan qoplangan bo‘lib, tashqariga chiqariladi va onadan ajralgan holda taraqqiyot davrini o‘taydi.

Barcha tangachalilarda (qushlarda ham) embrion rivojlanishi tuxumdonda tuxumning paydo bo‘lishidan boshlanadi. Masalan, turli xil ilonlarda ko‘payishning o‘ziga xos qonuniyatlari mavjud. Jumladan, bir turga mansub ilonlarda tuxum qo‘yish muddati turlicha bo‘lib, ilon yashab turgan tabiiy sharoiti bilan belgilanadi. Shuning uchun ham tuxum ichidagi pushtning rivojlanish darajasi ham bir xil bo‘lmaydi. Masalan, charh ilon, bo‘sh ilon va cho‘l qora iloni embrionlari asosan ona qornida rivojlanadi. Binobarin, bu ilonlar tirik tug‘adi, ya’ni tuxum ona qornida yoriladi. Kobra va ko‘lvor ilonlar esa tuxum qo‘yadi va tuxumga kerakli haroratni berish uchun uni bosib yotadi. Yuqorida bayon etilganlardan ekologiya fanining oddiy qonun-qoidasi kelib chiqadi, yani ilonlarni ko‘payishidagi ana shunday o‘ziga xos tafovutlar ularning hayot tarzidagi farqini ko‘rsatadi va ilonlarning o‘sha sharoitga moslashuvni taqazo etadi.

Tirik tug‘adigan ilonlar tuxumining me’yorida rivojlanishini ona organizmi idora qiladi. Tabiatda o‘t-o‘lanlar, toshlar orasidagi ilon tuxumini taqdiri nima bo‘ladi? Qanday qilib ular tabiatni noqulayliklarini yengadi. Bularning hammasini ilon tuxumi tuzilishidagi o‘ziga xos moslashishlar bartaraf etadi.

Tirik tabiat inson uchun doimo ijod manbai bo‘lib kelgan. Tuxum qobig‘i, mollyuska chig‘anog‘i, o‘simlik poyasi va guli o‘zining tashqi go‘zalligi bilangina emas, shuningdek, qurilish materiallarini tejamkorligi va ajoyib konstruksiyasi bilan ham kishini hayratda qoldiradi.

Taxminan 0,3 mm qalinlikdagi yumshoq tuxum po‘chog‘i turli zichlikdan iborat yettita qavatdan tashkil topgan. Bu qobig‘dan biri mustahkamlikni ta’minlasa, yana biri tuxum ichidagi jonivorni mikrobdan himoyalaydi, uchunchisi esa tuxum ichiga suv kirishiga yo‘l bermaydi va yana boshqa qavat esa o‘zida kislorod gazini to‘playdi. Tuxum po‘chog‘i strukturasida ingichka kanalchalar bo‘lib, ularda havo gaz almashib turadi. Shunday qilib, tuxum po‘chog‘i haqiqiy konstruksiyadan iborat uy loyihasini eslatadi. Faqatgina uning har bir qavati maxsus vazifani bajaradi. Hattoki harorat keskin o‘zgarganda ham, tuxum po‘chog‘i qobig‘lari ajralib ketmaydi va o‘ziga xos yarim o‘tkazgich vazifasini bajaradi. Bug‘, gaz, ozuqa moddalarni kerakli tomonga saralab o‘tkazadi, ana shunday qilib tuxum ichidagi pushtning harorati va namligi idora qilinadi.

Ilon tuxumining ana shunday o‘ziga xos tuzilishi ilonlarning uzoq yillar davomida yashash uchun kurash tufayli yuzaga kelgan.

Tuxum ichida rivojlanayotgan ilon bolasini dunyoga kelish jarayonini ko‘rish hammaga ham nasib bo‘lavermaydi. Tuxumning bir chekasida go‘yo piska bilan kesgandek yoriq paydo bo‘ladi va undan vishillab bir necha pufak otilib chiqadi. Nihoyat betoqat jonivor ikki metrcha uzunlikdagi kobraning 20 santimetrcha keladigan nusxasi yorug‘ dunyoga chiqadi.

Hozirgina tuxumdan chiqqan ipakdek yumshoq jajji iloncha butun tashqi qiyofasi bilan hayotining birinchi daqiqasidayoq o‘zini himoya qilishi mumkinligini namoyish etadi. Uning mitti tishlarida kam bo‘lsa-da, kuchli zahar tomchilari yig‘ilgan bo‘ladi.

Tirik tug‘adigan ilonlarning endigina dunyoga kelgan bolasi, ta’kidlaganimizdek, yupqa parda bilan o‘ralgan bo‘lib u havoda qurigach yoriladi va erkinlikka chiqqan iloncha o‘rmalab ketadi. 15-20 daqiqalardan so‘ng ilon bolasi po‘st tashlay boshlaydi. Ba’zan ona ilon halok bo‘lishi yoki o‘lik tug‘ishi mumkin. Bo‘g‘oz ilonlarni katakdan olishda yoki unga qo‘yishda ehtiyotsizlik tufayli ilon odam qo‘lidan ya’ni ilmoqdan yerga tushib ketishi, shuningdek, katak eshigini ochibyopganda ba’zan ilon shu eshik orasiga siqilib qolishi ham mumkin.

Zaharli ilonlarning tutqunlikda ko‘payishi institut gerpetologlari uchun quvonchli voqea bo‘ldi, 1974-yilning yozida xususan ishimiz o‘ngidan keldi, chunki barcha zharli ilonlar nasl berdi. Cho‘l qora iloni va bo‘sh ilon 9 tadan, charh ilon 5 ta, ko‘lvor va kobra iloni 13 tadan tuxum tug‘di.

Ilon tuxumi tashqi ko‘rinishdan ipak qurti pillasiga o‘xshash uzunchoq bo‘lsa-da, undan to‘laroq va kattaroq bo‘ladi. Laboratoriya sharoitida ilon tuxumidan inkubatsiya yo‘li bilan bir necha nafar ko‘lvor ilon bolalari etishtirildi. Buning uchun ilon tuxumi oddiy termostatda 1,5-2 oy davomida saqlanadi. Eng muhimi termostat ichidagi harorat va namlikni me’yorida saqlash kerak. Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, inkubatsiyaga qo‘yilgan tuxumlarning atigu 15-20 foizigina me’yorida nasl beradi, xolos, qolganlari turli sabablarga ko‘ra nobud bo‘ladi.

Bir kuni qiziq voqeaning guvohi bo‘ldik. Laborantlardan biri zahar olish uchun ilonlar volyeriga tushub, 12 ta bo‘sh ilonni yashikka solib olib keldi va ulardan zahar olaboshladi. Laborant navbatdagi ilonni yashikdan olaman deb engashganida taajjubdan hangu-mang bo‘lib qoldi. Shu orada ilonlardan biri ikkita bola tug‘ibdi. Laborant ohistalik bilan ipakdek yumshoq ilonchalardan birini olib chap qo‘lining kaftiga qo‘ydi va ikkinchi qo‘lining ko‘rsatgich barmog‘i bilan ilonchaga yaqinlashganda u shu zahotiyoq boshini ko‘tarib, gavdasini kulcha qilaboshladi, ya’ni o‘zini himoya qilishga tayyorlandi.

Jajji ilonchalar asosan chigirtkaga o‘xshash mayda hasharotlar bilan boqiladi. Ahyon-ahyonda ilonlarni sigir sutida cho‘miltiriladi, chunki katakdagi ilonlar quyosh nuridan mahrum bo‘lganlari uchun ham ularda ba’zi bir vitaminlarga extiyoj paydo bo‘ladi. Shuning uchun ham vaqti-vaqti bilan ilonchalarni sutda cho‘miltirish tavsiya qilinadi.

Ilonchalar bir yoshdan o‘tgach, ularni yangi tug‘ilgan sichqon bolalari bilan boqish mumkin. Keyinchalik ularning katta-kichikligiga qarab 10-12 kunlik sichqon bolalari beriladi. Ana shunday maqsadlar uchun ilonxonada maxsus ravishda sichqonlar ko‘paytiriladi. Shuni aytish kerakki, mayda ilonlar o‘zlarining ota-bobolari urf-odatlariga sodiqligini tark qilmaydilar, ular faqatgina tirik jonivorlar bilan ovqatlanadi.

Kuzatishlar natijasida yana shu narsa aniqlandiki, voyaga yetmagan charh ilon bolalari, shuningdek, kasal ilonchalar yangi tug‘ilgan bolalaridan ko‘ra anchagina voyaga yetgan sichqonlarni hush ko‘rar ekan, chunki ilonlar tabiatda sichqon yoki boshqa kemiruvchilarni yangi tug‘ilgan bolalarini ko‘rmaydi va ular bilan oziqlanmaydi, demak, hamma gap odatlanishda ekan.

Endilikda faqatgina katta ilonlarni emas, balki yangi tug‘ilgan ilonchalarni ham hayot tarzi, o‘sishi, rivojlanishi kabi tomonlarini o‘rganish imkoni yaratildi. Bular hammasi ilonlar hayotini yanada chuqurroq o‘rganish va shunday qilib ularni tutqinlikda saqlash usullarini takomillashtirish imkonini beradi.

Yuqorida bayon etilgan fikrlar tutqunlikka kelib tushgan ilonlarni ko‘payishiga bag‘ishlandi, ya’ni gap tabiatda urchigan ilonlardan olingan nasl haqida bo‘ldi. Lekin ilonlarni tutqunlikda ko‘paytirish deganda ularni erksizlikda urchib nasl berishini tushunmoq kerak. Bunday ishlarni ma’lum tajribaga ega bo‘lgan kishilargina bajarishlari mumkin, albatta. Gap shundaki, urchitish uchun mo‘ljallangan ilon individlarini to‘g‘ri tanlash ham katta ahamiyatga ega, bunda ularning katta-kichikligi, erksizlikda yashagan davri, ya’ni tutqunlikda dunyoga kelgan va shu yerda voyaga yetgan, shuningdek, ilonlarni populyatsion o‘ziga xosligi kabilar hisobga olinsa, tajribalar odatda yaxshi natija beradi. Bu borada eng mas’uliyatli bosqichni unutmaslik kerak, tajriba uchun ajratilgan ilonlardan zahar olmaslik va eng asosiysi bunday ilonlar tabiatda yuz beradigan haroratning pasayib ko‘tarilishi kabi tebranishlarini boshidan kechirishlari kerak. Ya’ni erksizlik sharoitda o‘sha ilonlar ma’lum kunlar davomida 1 va 3 daraja iliq haroratida saqlanmog‘i darkor. Bunday tajribalar bizni ilonxonada ko‘lvor ilon bilan o‘tkazilgan va qoniqarli natijalar olingan. Mazkur ilon tuxum qo‘yish yo‘li bilan ko‘payganligi uchun ham bunday jarayonlar bir necha bosqichdan iborat. Tirik tug‘adigan ilonlardan nasl olish va ularni parvarishlash nisbatan yengil ko‘chadi.

Erksizlikda ilonlarni ko‘paytirish va ularni voyaga yetkazish uchun 4-5 yil davomida ulardan zahar olib bo‘lmaydi. Lekin ilon ko‘paytirish va uni tutqunlikda voyaga yetkazishning afzallik tomoni shundaki, serpentariya sharoitida ilon qishin-yozin faol bo‘lib, ular qishki uyquga ketmaydi. Shuning uchun ham erksizlikdagi ilon bolasi tez o‘sadi. Masalan, bir yashar iloncha o‘zining katta-kichikligiga ko‘ra tabiatdan ushlangan 2 yashar ilonga teng bo‘ladi. Ana shunday tajribalar cho‘l qora iloni, bo‘sh ilon bolalari misolida kuzatilgan. Oddiy qora ilon bolasi haqida ham shunga o‘xshash ma’lumotlar to‘plangan.

Zaharli ilonlarni sog‘ish. Zaharli ilonlar bilan ishlashda eng qiyin va mas’uliyatli bosqich ulardan zahar olish hisoblanali. Eng oddiy usul ilonni o‘ldirib, uning zaharli bezini ochib, undagi zaharni yig‘ib olishdan iborat. Lekin bunday usulni qo‘llaganda juda ko‘p ilon nobud bo‘lib ketadi, bu esa ilonni ushlash va saqlash uchun sarf-harajatlarni qoplamaydi, demak, zahar faqat tirik ilonlardan olinadi. Buning uchun o‘ng qo‘l bilan ilonning bo‘ynidan ushlab, dum qismi qo‘ltiq tagiga qisiladi, yirik ilonlardan zahar olganda yordamchi kishi kerak bo‘ladi, aks holda ilon zahar oluvchi kishining qo‘lidan chiqib ketishi mumkin. Chap qo‘lda zahar to‘playdigan idishni ushlab, uni ilon og‘ziga yaqinlashtiriladi, ilon nihoyatda tezlik bilan idishga og‘iz soladi va ikkala tishidan tomchilar oqib tushadi. Ilonning og‘iz bo‘shlig‘i nihoyatda nozikligi bois tez jarohatlanishi mumkin, shuning uchun zahar yig‘iladigan idishning qirralarini iloji boricha silliqlash darkor. Yozning issiq kunlarida har 20 kunda ilonlarni sog‘ish mumkin. Tutqunlikda uzoq vaqt saqlangan ilonlar ko‘pincha osonlik bilan zahar bermaydi, shunda elektr tokidan foydalaniladi. 5-6 V kuchdagi elektr toki bilan ilon jag‘ining ikki yon tomoniga sim elektrod tekkizilganda, u jon-jahdi bilan idishni tishlaydi va zahar tomchilari oqib tushadi. Bu juda nozik va mas’uliyatli yumush bo‘lib, uni tajribali kishilargina bajarishi lozim.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации