Электронная библиотека » Александр Пушкин » » онлайн чтение - страница 2


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 16:20


Автор книги: Александр Пушкин


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 2 (всего у книги 3 страниц)

Шрифт:
- 100% +

POP VA UNING XIZMATKORI BALDA HAQIDA ERTAK

 
Bo‘lgan ekan bir pop,
Tentak ekan xo‘p.
Pop bozorga borgan ekan bir kuni,
Mol-pol ko‘rib kelish uchun, mazmuni.
Qay tarafga ketishini bilmasdan –
Balda uchrab qolmish popga bexosdan.
Balda debdi: «Taqsir, turib azonda,
Nimalarni izlaysan bu tomonda?»
Savoliga shunday bermish pop javob:
«Bir xizmatkor qidiraman o‘zim bop.
Bo‘lsin oshpaz, otboqar ham duradgor.
Ayt-chi, bunday arzon malay qayda bor?»
Balda debdi: «Yaxshi malay bo‘layin,
Bergan obi-yovg‘oningga ko‘nayin,
Xizmatimga haq to‘laysan shu xilda:
Peshonangga uch chertaman bir yilda».
Pop bo‘lsa-chi, ancha o‘ylab qolipti,
Peshonasin qashib qo‘li tolipti.
Pop o‘ylarmish: bir gap bo‘lar – to‘lar haq,
Chertkilardan chertkilar ham qilar farq.
Balda qo‘ygan shartga ko‘nib, depti pop:
«Bu shart senga va menga ham ma’qul xo‘p.
Endi mening hovlimda kun ko‘raver,
G‘ayrat bilan xizmat qilib yuraver».
Balda endi pop uyida turarmish,
Kechalari poxol uzra tunarmish.
Yeyar emish to‘rt kishining oshini,
Qilar emish yetti odam ishini.
Erta turib ne ish bo‘lsa qilarmish.
Qo‘sh qo‘sharmish, yerni boplab haydarmish.
Pech yoqarmish, bozor qilib qaytarmish,
Tuxumlarni pishirib ham archarmish.
Pop xotini tinmay maqtab yurarmish.
Popning qizi Balda deb o‘y surarmish…
Popning o‘g‘lin o‘ynatarmish, boqarmish.
Baldani u tog‘ajon, deb atarmish.
Baldani hech yoqtirmasmish pop faqat,
Yoqimli so‘z aytmas emish biror vaqt.
Balda haqin ba’zan o‘ylab tolipti,
Fursat o‘tib, muddat yaqin qolipti.
Yemas, ichmas, uxlamasmish pop chindan,
Peshonasi tirisharmish oldindan.
Xotiniga bir kun bo‘lmish pop iqror:
«Ahvol chatoq ayt-chi qanday chora bor?»
Xotinlar ko‘p tadbirlidir fahmda,
Har xil hiyla-nayrang topar bir zumda.
Pop xotini debdi unga shu damda:
«Chorasi bor qutulishning bu g‘amdan.
Baldaga bir og‘ir yumush topshirgin.
Bajarmasa Baldaga hech berma haq.
So‘ng chertkidan qutulasan sen mutlaq».
Bu maslahat popga yog‘day yoqipti.
Baldaga u endi dadil boqipti.
Pop baqirmish: «Balda, Balda, beri kel,
Sadoqatli xizmatkorim yugur-yel!
O‘lgunimga qadar jinlar, quloq sol,
Soliq to‘lar bo‘lgan menga bemalol,
Ularda-chi naqd uch yillik haqim bor,
To‘lashsa, bu soz daromad, tezroq bor.
Ovqatingni, bo‘tam, darrov ho‘plagin,
Jinlardan sen soliqlarni to‘plagin».
So‘z qaytarish ep ko‘rmas pop gapiga.
Balda yetib kelmish dengiz labiga,
Arqonini aylantira boshlapti,
Bir uchini dengiz sari tashlapti,
Bir keksa Jin chiqmish suvdan shu kezda,
Depti: «Balda, nima ishing bor bizda?»
«Arqon solib chayqataman dengizni,
Mal’un zotlar, tirqiratsin bir sizni».
Keksa Jinning qovog‘idan yog‘mish qor:
«Ayt-chi, nega buncha bo‘lding g‘azabkor?»
«Nega emish? To‘lang popning haqini,
Bilmaysizmi soliq to‘lash vaqtini?
Siz itlarga bir tomosha ko‘rsatay,
Boshingizda qamchinimni o‘ynatay!»
«Baldajon, sen chayqatmay tur dengizni,
Tez to‘laymiz barcha solig‘ingizni,
Shoshma, yo‘llay nevaramni sen tomon».
«Uni boplay!» (o‘ylar Balda shu zamon).
Jin bolasi suvdan chiqib kelipti,
Och mushukday miyov-miyov qilipti.
«Salom berdik, mujik bola, ey Balda,
Qanday soliq kerak shunday mahalda?
Soliq degan gapni eshitmaganmiz,
Bu tashvishdan bexabarmiz tamom biz.
Xo‘p, mayliga, bir shart bilan to‘laymiz,
Ora ochiq bo‘lsin uchun eng oldin –
O‘rtadagi bor rasmni qo‘llaymiz:
Kim aylansa tezda dengiz atrofin.
Soliqlarni, so‘zsiz, o‘sha oladi,
Bungacha qop tayyor bo‘lib qoladi».
Ayyorlarcha kulmish Balda shu mahal:
«Bu ishingni o‘yladingmi eng avval?
Nima eding o‘zing bellashasanmi?
Men bilan-a, menday Balda bilanmi?
Tavba, shu ham yov bo‘ldimi, qanday jin?
Oldin mening ukam bilan chopishgin» –
Deya yaqin bir o‘rmonga borganmish,
Ikki quyon tutib qopga solganmish.
Keyin tezda dengiz sari chopipti…
Jin bolasin o‘sha joydan topipti.
Bir quyonning qulog‘idan tutipti;
Jin bolaga shunday deb so‘z qotipti:
«Endi bizning nog‘oraga o‘ynaysan:
Jin bolasi, hali yoshga o‘xshaysan.
Baslashmoqqa yaramaysan boyaqish,
Bu bo‘ladi vaqtni bekor o‘tkazish,
Ukam bilan chopish avval, bo‘lsang zo‘r,
Bir, ikki, uch! Qani undan o‘zib ko‘r!»
Yugurishib ketishipti shu zamon
Jin bolasi bilan quyon chopag‘on.
Jin bolasi dengiz bo‘ylab chopipti,
Quyon bo‘lsa uyga qochib qolipti.
Jin aylanib chiqmish dengiz atrofin,
Bu yugurish to‘g‘rilapti surobin.
Harsillarmish osiltirib tilini,
Zo‘rg‘a artar emish oqqan terini,
Yutdim deb jin xayol qilib, qolmish lol.
Balda silar quyonini bemalol.
Quyoniga depti Balda: «Ey ukam,
Charchagansan, birozgina olgin dam».
Shoshqaloqlab jin bolasi bu sirdan,
Dumin qisib, qotib qolipti birdan.
Quyonga jin qiyo boqib der shunday:
«Birpas turgin yo‘qsa soliq keltiray»,
Tushib depti: «Boshga tushdi bir balo,
Kichik Balda mendan o‘zdi, ey bobo!» –
Keksa jin ham bo‘lmish shu dam ko‘p hayron:
Balda bo‘lsa ko‘taripti to‘polon.
To‘lqinlari toshib, vahma solipti.
Jin bolasi chiqib kepti shu zamon:
«Bizga aytgan soliqlarni, mujikjon,
Bermoqchimiz bekam-ko‘st qoldirmay,
Lekin, avval bitta shartim bor shunday:
Eshitib tur. Ko‘rdingmi bu juft tayoq?
Birin ol-da, mo‘ljal qilib otib boq.
Kimki uni olis joyga otadi,
Soliqlarning jami shunga o‘tadi.
Qo‘l chiqar deb qo‘rqdingmi? Ha, nima gap?
Axir bunda turmoqdasan ne poylab?»
«Kelayotgan huv bulutni kutaman,
Tayog‘ingni shunga qarab otaman,
Jin zotlari, boshingizga beomon –
Solmoqchiman kattakon to‘s-to‘polon».
Jincha cho‘chib bobosiga qaytipti,
Unga Balda zo‘rligini aytibdi.
Balda tag‘in suvga arqon tashlapti,
U jinlarni qo‘rqitmoqqa boshlapti.
Jin bolasi chiqib: «Buncha qistaysan.
Depti: olgin qancha soliq istasang…»
«Yo‘q, – depti u, – endi mening navbatim,
Senlar uchun bor mening ham bir shartim,
O‘rtadagi shartni o‘zim qo‘yaman,
Ey, jinvachcha, kuching sinab ko‘raman,
Ko‘rdingmi, huv anav yerda ko‘k ot bor,
Uni yarim chaqirimga olib bor.
Olib borsang, soliq senga qoladi,
Bo‘lmasa-chi bari menga bo‘ladi».
Ot tagiga kirmish jincha bechora,
Umid qilmish, ko‘tarolsam deb zora,
Ham bo‘zarib, ham qizarib ketganmish,
Chiranib bor kuchini sarf etganmish.
Ko‘targancha zo‘rg‘a-zo‘rg‘a yuripti,
Otni faqat ikki qadam suripti,
Uchinchi bor qadam qo‘yay deganda,
Ag‘darilib bo‘lmish rosa sharmanda.
Balda depti: «Ahmoq jin, sen bilarding,
Mening bilan olishib ne qilarding?
Aytganimni qulog‘ingga olmading,
Qo‘l bilan ham otni yurgizolmading,
Men oyog‘im orasida yo‘rtaman,
Shunday qilib seni tamom yutaman».
Balda minmish ot ustiga lip etib,
Chopmish ikki chaqirimcha changitib.
Qo‘rqqanidan jin yugurib ketganmish.
Bobosiga yengildim deb kelganmish.
Jinlar shunda topisholmay hech iloj,
Bekam-ko‘st to‘lashipti soliq-boj.
Baldaning ham qopi to‘lib qolipti,
Barin yig‘ib uy sari yo‘l olipti.
Baqirgancha yetib kelipti Balda,
Pop cho‘chipti uni ko‘rgan mahalda.
Qo‘rqqanidan yer baravar egilmish.
Xotinining orqasiga bekinmish.
Balda popni tezda topib olipti,
Xizmat haqin undan qistab qolipti.
Pop qult etib tupugini yutipti,
Chertkiga o‘z peshonasin tutipti.
Birinchi bor chertkidan u shu qadar –
Sakrab tushmish bir tom bo‘yi baravar.
Ikkinchiga tutib bergach o‘zini,
Tildan qolib aytolmapti so‘zini.
Uchinchi gal og‘ir chertki tushipti,
Chol boshidan aqli-hushi uchipti.
Balda depti ta’na qilib shu nafas:
«Pop, arzonning sho‘rvasi hech tatimas».
 
Mirtemir tarjimasi

SHOH SALTAN HAQIDA

uning azamat va shavkatli o‘g‘li bahodir knyaz Gvidon Saltanzoda ham suluv shohqiz Oqqush haqida ertak
 
Deraza yonida uch qiz
Uzoq tunda uyqusiz,
Urchuq yigirishardi
Ham suhbat qurishardi.
To‘ng‘ich boshlab dedikim:
«Men malika bo‘lsaydim,
Olamga o‘zim yakka
Berardim toy-ma’raka».
O‘rtanchasi dedikim:
«Men malika bo‘lsaydim,
Yer yuziga bir o‘zim
To‘qib berardim cho‘zim».
Eng kenjasi dedikim:
«Men malika bo‘lsaydim,
Shohimizga pahlavon
Tug‘ib berardim o‘g‘lon».
 
 
Naq shunday degan mahal
Eshik g‘irchillab sag‘al,
Kirib keldi banogoh
Yurtni so‘rab turgan shoh.
Butun suhbat chog‘ida
Qo‘raning uyog‘ida –
Eshitib turgan edi;
So‘nggi so‘z yoqib, dedi:
«Suluv qiz, salom, senga,
Malika bo‘lgin menga,
Tushganda kuzak, mezon,
Tug‘ib ber botir o‘g‘lon.
Sizlar ham, oppoq qizlar,
Tug‘ishgan quvnoq qizlar,
O‘rningizdan turingiz,
Orqamizdan yuringiz.
Oshpaz bo‘lur to‘ng‘ich qiz,
Bo‘z to‘qir o‘rtanchangiz!»
 
 
Uydan chiqib shu zamon,
Ketdilar saroy tomon.
Shoh paysalga solmay hech,
Qizni oldi o‘shal kech,
To‘y oqshomi shoh Saltan –
Yosh malika ikkovlon
Yonma-yon o‘tirdilar,
Ajoyib bazm qurdilar;
Bazmdan so‘ng mehmonlar –
Saltanga qadrdonlar,
Yotoqxona to‘riga,
Fil suyakli so‘riga
Joyni qalin solishdi,
Qiz va kuyov qolishdi.
Oshpaz qiz bag‘rin tig‘lar,
Bo‘zchi qiz yum-yum yig‘lar,
Tajang ikkov egachi…
Navqiron malika-chi,
So‘zida turib butun
Yukli bo‘ldi o‘shal tun.
 
 
Uvaqt borardi urush.
Shoh Saltan boshlab yurish,
Otlandi tulporiga:
«Unutma, – der yoriga, –
Ehtiyot bo‘l o‘zingga,
Va’dangga – o‘z so‘zingga!»
Shu ketgancha ko‘p zamon
Jangda yurdi shoh Saltan.
Yetib oyi, kuni ham,
To‘qliday tetik, bardam,
O‘g‘il ko‘rdi kelinchak.
Xuddi ona burgutdek –
Chaqaloqqa parvona,
Girgitton bo‘lur ona.
Bajarib o‘z va’dasin,
Shod qilay deb dadasin
Chopar jo‘natdi shu kun
Shohga suyunchi uchun.
To‘quvchi bilan oshpaz –
Dillarin o‘rtab g‘araz,
Babarixa bosh qo‘shib,
Singil qasdiga tushib,
Solmoqchi bo‘lib kulfat,
Yozdilar bo‘lak bir xat,
Jo‘natib o‘zga chopar,
Bitdilar shunday xabar:
«Malika tug‘di, biroq,
Na o‘g‘il, na qizaloq,
Na qurbaqa, na sichqon –
Badbashara bir hayvon».
 
 
Chopar ham yetdi omon.
Shoh darg‘azab va hayron
Eshitib shum xabarni,
Osmoq bo‘lar choparni;
Lekin rahm etar bu gal:
«O‘zim borib, qilgum hal,
Kutsin, – der, – qaytishimni,
Va hukm aytishimni».
 
 
Chopar yo‘rtib yeladi,
Yorliq olib keladi.
Ammo, to‘quvchi, oshpaz –
Battarroq boshlab g‘araz,
Babarixa bosh qo‘shib,
Yorliq iziga tushib,
Mast qildilar choparni;
U keltirgan xabarni –
Bildirmayin oldilar,
O‘zga yorliq soldilar.
Mast chopar shu kuniyoq
Yorliq keltirdi shundoq:
«Boyarlar, farmon sizga,
Hayallamay ish boshlang:
Tubsiz, teran dengizga
Yashirin eltib tashlang
Tuqqan onasini ham,
Badbaxt bolasini ham!»
Yorliq bo‘lgach na chora,
Boyarlar ham dil pora,
Bo‘ysunib farmonga,
Malika-yu, Saltanga
Achinib, kuyib bari,
Yurdilar ko‘shk sari.
Shoh Saltanning yorlig‘in,
Taqdirda ne borligin
O‘qidilar shu zamon,
Hamma gap bo‘ldi ayon.
Keyin, tez ishga tushib,
Beka-yu o‘g‘lin qo‘shib,
Bochkaga joyladilar,
Mum surtib, moyladilar,
Otdilar dengiz tomon,
Buyurgan deb shoh Saltan…
 
 
Tiniq ko‘kda yulduz lovullar,
  Ko‘k dengizda to‘lqin shovullar,
  Ko‘kda bulut suzadi,
Suvda bochka yuzadi.
Bochka tebrangan sari,
Sho‘rlik beva singari –
Malika oh chekadi,
Ko‘z yoshini to‘kadi;
O‘g‘il bo‘lsa tinmayin,
O‘sardi soat sayin.
Kun-tun yig‘lar malika,
Bag‘rin tig‘lar malika.
O‘g‘li to‘lqinni qistar,
To‘lqindan ko‘mak istar:
«Hoy to‘lqin, ozod to‘lqin,
Sen sho‘xsan ham sershovqin,
O‘z erkingcha yayraysan,
Dengiz toshin qayraysan,
Kemalarni ko‘tarib,
Xohlaganda to‘ntarib,
Ko‘pirasan, toshasan,
Qirg‘oqlardan oshasan.
Bizni halok etmagil,
Xalos etmay ketmagil!»
To‘lqin esa unadi,
Qirg‘oq tomon jo‘nadi,
Yetib birpasdagina,
Bochkani astagina –
Qo‘yib suv yoqasiga,
Qaytdi tez orqasiga.
Qutulib qoldi ikkov,
Yerni sezdilar darrov,
Lekin, kim bergay najot?..
Tangri qo‘llamas, nahot?
O‘g‘lon turdi oyoqqa,
Bosh taqab tepa yoqqa,
Kerishdi andakkina:
«Darcha ochsak-chi, ena, –
Shu yerdan hovli tomon?»
Va buzib chiqdi o‘g‘lon.
 
 
Ikkovi endi erkin,
Atrofga boqar sekin:
Ko‘rinar keng chamanzor,
O‘rtasida tepa bor,
Aylana – yashil dengiz,
Tepada – eman yolg‘iz.
O‘g‘lon o‘ylanar andak,
Topmoqlik darkor yemak.
Eman sari yo‘l soldi,
Bir shox sindirib oldi;
Shoxni egdi shu zamon.
Bo‘ynidan ipak topib,
Bog‘ladi tortib-tortib,
Tayyor bo‘ldi zap kamon.
Ingichka chiviq oldi,
O‘q yasab, yonga soldi,
Ham jo‘nab qoldi darrov,
Suv bo‘yidan izlab ov.
 
 
Dengizga yetdi bola,
Eshitar bo‘g‘iq nola…
Dengiz notinch, ish yomon,
Oqqush topolmay omon –
Jon chekar va urinar,
To‘lqinlarda surinar,
Suvlarga urib qanot,
Tipirlar, izlar najot.
Tepasida bir kalxat,
Qanot qoqar bahaybat,
Kelardi panja ochib,
Tumshug‘idan qon sochib…
Shu dam o‘q uchib ketdi,
Kalxatga borib yetdi,
Bo‘ynidan qoni oqib,
Suvga tushdi tutaqib.
Yoyni tushirib o‘g‘lon,
Dengizga boqar hamon:
U kalxat cho‘kmakdaydi,
Va faryod chekmakdaydi,
Tovushi qushga o‘xshamas,
Oqqush esa to‘xtamas,
Aylanadi, cho‘qiydi,
Qanot urib, nuqiydi,
Tezroq o‘lishin kutar
Va oxiri g‘arq etar.
Kelar shahzoda tomon,
Va ruscha so‘zlar ravon:
«Ey, mening xaloskorim,
Azamat jig‘adorim,
Qayg‘urma mening uchun,
Och qolaman, deb uch kun,
O‘q bekor ketdi, dema,
Bekor ketmas, g‘am yema.
Yaxshiliging bilaman,
Keyin xizmat qilaman:
Oqqushmas qutqarganing,
Qiz – bu xalos etganing;
Otganing – u hiylagar,
Kalxat emas, jodugar.
Unutmayman hech seni,
Har qayda topgung meni.
Biroq, endi sen qaytgil,
Qayg‘urmayin tinch yotgil!»
 
 
Shu gapni aytib ildam,
Uchdi-ketti oqqush ham.
Ona-bola noiloj,
Uxlab qoldi shu tun och.
Ko‘zin ochsa shahzoda,
Ne hodisa dunyoda:
Ko‘z oldida zo‘r shahar,
Paydo bo‘libdi sahar;
Kungirali ko‘shk bor,
Aylana baland devor,
Oq devor orqasida –
Cherkovlar – ezgu joylar,
Va uylar orasida –
Talay naqshin saroylar…
Uyg‘otar onasini,
Ona lol… «Va’dasini –
Unutmabdi, – der o‘g‘il, –
Oqqush sharofati bul!»
Yurdilar shahar tomon,
Ichkari kirgan zamon –
Chalinar shodiyona,
Hayron o‘g‘il va ona,
Atrofdan suron kelar,
Peshvoz olamon kelar,
Cherkovda solib sado –
Kuylashar madh-u sano.
Oltin arava tola
Saroy chiqqan bir yo‘la.
Hamma yoqdan beto‘xtov
Yog‘ar olqish va maqtov,
Shahzodaning boshiga –
Knyaz – bo‘rk kiygizishar,
Ham kelishib qoshiga –
Sen knyazimiz, deyishar.
Ona rozi bu baxtga,
O‘g‘il kirib poytaxtga,
Knyaz mansabin oldi.
Knyaz Gvidon ataldi…
 
 
Yel dengizda sayr etar,
Kemani haydab ketar;
Kema to‘lqin yoradi,
Yelkan ochib boradi.
Kemachilar hayron, lol,
O‘zgarmish tanish orol,
Boqishar orol tomon,
Ko‘rar mo‘jiza ayon:
Zar qubba yangi shahar,
Qorovulxonasi bor,
To‘plar olov yog‘dirar,
Kema to‘xtashi darkor.
Barcha chiqar qirg‘oqqa,
Knyaz chaqirar qo‘noqqa…
Ziyofat, bazm qurar,
Undan so‘ng savol so‘rar:
«Xo‘sh, ne savdo etasiz,
Endi qayon ketasiz?»
Javob aytar qo‘noqlar:
«Dunyo kezdik ko‘p choqlar,
Suvsar, tulki terisi,
Savdo-sotiq – barisi;
Muhlat yetdi bu zamon,
Ketayapmiz Sharq tomon –
Orol bor, nomi Buyan,
Biz yoqalab o‘tgaymiz,
Ham shavkatli shoh Saltan
O‘lkasiga yetgaymiz».
Knyaz so‘z ular so‘zga:
«Janoblar, oq yo‘l sizga,
Dengiz, okeandan o‘ting,
Ham Saltan shohga yeting,
Mendan yetkazing salom!»
Qo‘noqlar ketdi tamom.
Knyaz kuzatib qoldi,
Uzoq-uzoq ko‘z soldi,
Ko‘ngli qayg‘ulik, noxush,
Ko‘rsaki yuzar oqqush.
«Salom, jonginam – knyaz o‘g‘lon.
Nechun holing parishon,
Bulutli kun singari,
Yog‘ingar tun singari –
Ne sabab ko‘ngling noxush?»
Savol so‘radi oqqush.
Knyaz oqqushga dedi:
«Jonimni g‘ussa yedi:
Otamni ko‘rsam deyman,
Shu to‘g‘rida g‘am yeyman».
Oqqush der: «So‘zim eshit!
Istaysanmi, ey yigit,
Dengizda uchib ketsang,
Kemani quvib yetsang?
Buning uchun qulay yo‘l, –
Knyaz, mayli, chivin bo‘l!»
Oqqush ham qanot qoqar,
Suvlar chayqalib oqar,
Yigitga suv sochar mo‘l,
Boshdan-oyoq qilar ho‘l,
Oqqush so‘zi chiqib chin:
Knyaz bo‘ladi chivin.
Darhol uchib ketadi,
Kemaga ham yetadi,
Asta o‘tib eshikdan,
Joy olar bir teshikdan.
 
 
Yel esar, daydib yurar,
Yelkema sho‘x yugurar,
Orollardan o‘tadi,
Shoh yurtiga yetadi,
Olisdan jozibador
Ko‘rinar aziz diyor,
Chiqar bari qirg‘oqqa,
Saltan chorlar qo‘noqqa.
Chivin ham uchib ketdi,
To‘g‘ri saroyga yetdi,
Ko‘rsaki: shohlarga xos
Kiyinib zarrin libos,
Saltan taxtda o‘tirar
Ham g‘amgin xayol surar;
Toj yarqirar boshida,
Lekin uning qoshida –
Kampir, to‘quvchi, oshpaz,
O‘ylari nuqul g‘araz,
Qarashar shoh yuziga,
Tikilishar ko‘ziga…
Shoh ziyofat quradi,
Shunda savol so‘radi:
«Janoblar, ne ko‘rdingiz,
Ham qaylarda bo‘ldingiz?
Ne gap uzoq tomonda?
Ne mo‘jiza jahonda?»
Javob aytar qo‘noqlar:
«Dunyo kezdik ko‘p choqlar,
Talay yurtlarda yurdik,
Shunday mo‘jiza ko‘rdik:
Bordi tikka bir orol,
Unda ko‘rdik ajib hol;
Bo‘sh edi, jon yo‘q edi,
Manzil, makon yo‘q edi,
O‘sgandi eman yolg‘iz;
Aylana ko‘m-ko‘k dengiz;
Hozir bo‘lmish – obod joy,
Yangi shahar, oq saroy,
Zar qubba butxonalar,
Chorbog‘lar, koshonalar,
Unda knyaz Gvidon
Yubordi senga salom».
Shoh Saltan hayron edi:
«Agar o‘lmasam, – dedi, –
Shu orolga borgayman,
Knyazga mehmon bo‘lgayman».
Kampir, to‘quvchi, oshpaz, –
O‘ylari nuqul g‘araz,
Yuborgusi kelmaydi,
Bir qadam ham jilmaydi.
Makr-la qisib ko‘zin,
Oshpaz qiz boshlar so‘zin:
«Ajab, g‘alati xabar…
Emish… orolda shahar!
Men aytay, bilsin barcha,
O‘rmonda o‘sar archa,
Tagida bor olmaxon,
Qo‘shiq aytadi biyron,
Olmaxon o‘ynar po‘choq
Ham chaqar nuqul yong‘oq,
Puchmas chaqqan yong‘og‘i,
Oltin hamma po‘chog‘i,
Zumrad ekan mag‘izi,
Bu – mo‘jiza nag‘izi!»
Ochilar Saltan bahri,
Qistar chivinning qahri,
Chaqdi xo‘b rostlab o‘zin –
Xolasining o‘ng ko‘zin,
Oshpaz rangi oqarar,
Hayron va g‘ilay qarar,
Joriyalar ham singil,
Kampir bo‘lib yakdil –
Ko‘tarishar harxasha:
«Xax, sen la’nati pashsha,
Biz seni..!» deb quvlashar,
Qichqirishar, chuvlashar.
Chivin darchadan o‘tar,
Uchib orolga ketar.
 
 
Knyaz sohilda yurar,
Suvga termilib turar.
Ko‘ngli, nechundir, noxush,
Boqsaki, yuzar oqqush.
«Salom, jonginam – knyaz o‘g‘lon;
Holing nechun parishon,
Bulutli kun singari,
Yog‘ingar tun singari –
Ne sabab ko‘ngling noxush?»
Savol so‘radi oqqush.
Knyaz oqqushga deydi:
«Jonimni g‘ussa yeydi:
Men eshitdim qiziq gap,
Balki yolg‘on, ne ajab,
Mo‘jiza deydi barcha;
O‘rmonda o‘sar archa,
Tagida bir olmaxon,
Qo‘shiq aytarmish biyron,
Olmaxon kuylar, qandoq,
Va chaqar oltin yong‘oq,
Puchmas chaqqan yong‘og‘i,
Oltin hamma po‘chog‘i,
Mag‘zi esa sof zumrad,
Meniki bo‘lsa shoyad!»
Oqqush deydi shu nafas:
«Bu gap hech yolg‘on emas!
Knyaz, aslo yema g‘am,
Va o‘ksima, jonginam,
Men uni xo‘p bilaman,
Senga tayyor qilaman».
Knyaz ham yengil tortib,
Uyiga ketar qaytib,
Darvozadan kiradi,
Ne hodisa ko‘radi:
Baland archa tagida,
Hammaning ko‘z o‘ngida,
Olmaxon kuylar, qandoq,
Va chaqar oltin yong‘oq,
Zumradin buyon qo‘yar,
Po‘chog‘in uyon qo‘yar,
Ham taxlar bo‘lak-bo‘lak.
«Bog‘da yoki bo‘stonda»,
Deb kuylar chalib hushtak,
Olmaxon to‘rt tomonda…
Knyaz xo‘p hayron edi:
«O‘lma, e oqqush, – dedi, –
Tangrim, o‘zing quvonch ber,
Oqqushga ham yupanch ber!»
Keyin, olmaxon uchun –
Joy soldi, billur butun,
Tayin qildi qorovul:
Mirzaga buyurdi ul:
«Olgin yong‘oq hisobin,
Sen bergaysan javobin».
Daromad – knyaz o‘g‘longa,
Va balli – olmaxonga…
 
 
Yel dengizda sayr etar,
Kemani surib ketar,
Kema to‘lqin yoradi,
Yelkan ochib boradi,
Yuzar orol yonida.
Zo‘r shahar tomonida –
Sohildan to‘p otilar,
Ham kema to‘xtatilar.
Barcha chiqar qirg‘oqqa,
Knyaz chorlar qo‘noqqa,
Ziyofat bazm qurar,
Undan so‘ng savol so‘rar:
«Xo‘sh, ne savdo etasiz,
Endi qayon ketasiz?»
Javob aytar qo‘noqlar:
«Dunyo kezdik ko‘p choqlar,
Sotdik nuqul ayg‘ir ot,
Don otlari – bedov zot,
Muhlat yetdi bu zamon,
Jo‘naymiz uzoq tomon:
Orol bor – nomi Buyan,
Biz yoqalab o‘tgaymiz,
Ham shavkatli shoh Saltan –
 
 
O‘lkasiga yetgaymiz».
Knyaz so‘z ular so‘zga:
«Janoblar, oq yo‘l sizga,
Dengiz, okeandan o‘ting,
Shavkatli shohga yeting;
Ayting: – knyaz Gvidon –
Yubordi senga salom».
 
 
Qo‘noqlar qulluq etdi
Va yo‘lga tushib ketdi…
Knyaz suv bo‘yida yurar,
Suvda oqqushni ko‘rar.
Qistar: yana ketay, deb,
Va otamga yetay, deb.
Oqqush ham suv sochar mo‘l,
Boshdan-oyoq yigit ho‘l,
Va bo‘lib pashsha surat,
Ucha qoldi shu fursat,
Kemaga qo‘nib oldi,
Teshikda yota qoldi.
 
 
Yel esar, o‘ynab yurar,
Yelkema sho‘x yugurar,
Orollardan o‘tadi,
Shoh yurtiga yetadi,
Olisdan jozibador –
Ko‘rinar aziz diyor;
Chiqar bari qirg‘oqqa,
Saltan chorlar qo‘noqqa.
Pashsha ham uchib qoldi,
Va saroydan joy oldi:
Ko‘rsaki: shohlarga xos –
Kiyinib zarrin libos –
Saltan taxtda o‘tirar
Ham g‘amgin xayol surar.
Toj yarqirar boshida,
Lekin, uning qoshida –
Kampir, to‘quvchi, oshpaz, –
O‘ylari nuqul g‘araz,
Sassiq baqaday qo‘rqinch –
Baqrayib qarar notinch.
Shoh ziyofat quradi,
Keyin savol so‘radi:
«Janoblar, ne ko‘rdingiz,
Ham qaylarda yurdingiz?
Ne gap uzoq tomonda?
Ne mo‘jiza jahonda?»
Javob aytar qo‘noqlar:
«Dunyo kezdik ko‘p choqlar,
Yaxshi yurtlarda yurdik,
Shunday mo‘jiza ko‘rdik:
Dengizda bir orol bor,
Va bir shaharki, zarkor…
Zar qubba butxonalar,
Bog‘chalar, koshonalar,
Va o‘rda burchagida –
O‘sadi baland archa,
Baland archa tagida –
Yasog‘lik billur uycha;
Unda yashar olmaxon,
Qo‘lbola, ziyrak hayvon,
Olmaxon kuylar, qandoq,
Ham chaqar nuqul yong‘oq,
Puchmas chaqqan yong‘og‘i,
Oltin hamma po‘chog‘i,
Mag‘zi – zumraddan nuqul;
Poylar qancha qorovul,
Xizmatda qancha malay,
Mirza esa tinchimay –
Yong‘oq hisobin olar,
Lashkar salomga kelar…
Po‘stloqlardan pul quyib –
O‘lkalarga oshirar.
Qizlar zumradni uyib,
Qaznoqlarga yashirar.
U yerda hamma boy, to‘q,
Bari saroy, chayla yo‘q.
Unda knyaz Gvidon;
Yubordi senga salom».
Shoh Saltan hayron edi:
«Agar o‘lmasam, – dedi, –
Shu orolga borgayman,
Knyazga mehmon bo‘lgayman».
Kampir, to‘quvchi, oshpaz,
O‘ylari faqat g‘araz:
Saltan hech bormasin, der,
Orolni ko‘rmasin, der,
To‘quvchi sasib kular,
Ham so‘zni so‘zga ular:
«Bu – kimga ham yoqarmish!
Olmaxon tosh chaqarmish,
O‘ynarmish oltin sochib,
Zumrad olarmish ochib,
To‘plarmish uyum-uyum,
Kimga kerak u buyum,
Rostmi, yolg‘on – kim bilar,
Kim ham quloqqa ilar,
Bu qiziq kimga darkor,
Bundan ajoyibi bor:
Dengiz ko‘pirib, toshar,
Bo‘sh qirg‘oqlardan oshar,
Va shovqin-suron solar,
Har yon chopqillab qolar,
Paydo bo‘lar shu zamon –
O‘ttiz uchta pahlavon.
Tanlari o‘tday yonur,
Bari yosh, dov va yovqur,
Bari savlatli, ko‘rkam,
Norg‘ul, azamat, o‘ktam;
Bari terilgan raso,
Boshliq – Chernomor bobo;
Mana sizga ajoyib –
Mo‘jizaki – g‘aroyib».
Mehmonlar indashmaydi,
Bahslashmoq istashmaydi,
Ochilar shohning bahri;
Qistab pashshaning qahri,
Chaqar o‘nglab o‘zini,
Xolasin chap ko‘zini.
Xola rangi oqarar,
«Voy!» der va qiyshiq qarar,
Baqirishar: «Ushla, tez!
Ha! Tutib ol, darrov ez!
Ha seni!..» – deb quvlashar
Tipirlashar, chuvlashar.
Knyaz-chi, darchadan o‘tar –
Beparvo uchib ketar…
 
 
Knyaz sohilda yurar,
Suvga termilib turar;
Ko‘ngli nechundir noxush,
Boqsaki – yuzar oqqush.
«Salom, jonginam – knyaz o‘g‘lon,
Bulutli kun singari,
Yog‘ingar tun singari –
Nechun holing parishon,
Ne sabab ko‘ngling noxush?»
Deb so‘rar undan oqqush…
Knyaz aytdi shu chog‘da:
«Armon meni ezmoqda;
Eshitdim g‘alati gap,
Va shunga qildim talab,
Ha deb elitar meni».
«Nimasi g‘alat, qani?»
«Qaydadir, okean toshar.
Bo‘sh qirg‘oqlardan oshar,
Va shovqin-suron solar,
Haryon chopqillab qolar,
Suvdan chiqar shu zamon –
O‘ttiz uchta pahlavon;
Tanlari o‘tday yonur,
Bari dov, yosh va yovqur;
Bari savlatli, ko‘rkam,
Norg‘ul, azamat, o‘ktam,
Bari terilgan raso,
Boshliq – Chernomor bobo».
Oqqush yigitga dedi:
«Tashvishing shumi edi?
O‘ksima, jonginam, san,
Bilaman bu sirni man.
Bu – dengiz botirlari;
Tug‘ishganlarim bari;
Qayg‘urmayin, jo‘nay qol,
Qo‘noqlaring kutib ol!»
 
 
Knyaz xursand, jo‘nab qoldi,
Dengiz tomon ko‘z soldi
Minorada o‘tirib,
Birdan dengiz quturib,
Hayqirib, toshdi shunda,
Qirg‘oqdan oshdi shunda;
Paydo bo‘ldi shu zamon –
O‘ttiz uchta pahlavon,
Tanlari o‘tday yonur,
Bari dov, yosh va yovqur,
Botirlar qo‘shoq-qo‘shoq,
Sochlari oq – yaltiroq;
Bobo yo‘l boshlab kelar,
Shaharga qarab yelar.
Minoradan knyaz tushar,
Ular bilan ko‘rishar.
Turar qadrdonlari,
Bahodir mehmonlari.
Xalq shoshar, zich hamma yer,
Knyazga bobo shunday der:
«Oqqushdan keldik, o‘g‘lon,
Va shundoq bo‘ldi farmon,
Biz shahringga soqchimiz,
Kechalari poyloqchimiz;
Shu bugundan har mahal,
Birga bo‘lurmiz tugal –
Suvdan chiqib yurgaymiz,
Qal’a qo‘rib turgaymiz,
Xayr, tezda ko‘rishamiz,
Biz dengizga tushamiz,
Yer havosi ko‘p og‘ir»
So‘ng bari ketdi bir-bir…
 
 
Yel dengizda sayr etar,
Kemani surib ketar.
Kema to‘lqin yoradi,
Yelkan ochib boradi,
Yuzar orol yonidan;
Zo‘r shahar tomonidan,
Qirg‘oqdan to‘p otilar,
Va kema to‘xtatilar;
Hamma chiqar qirg‘oqqa,
Knyaz chorlar qo‘noqqa,
Ziyofat, bazm qurar,
Undan so‘ng savol so‘rar:
«Xo‘sh, ne savdo etasiz,
Endi qayon ketasiz?»
Javob aytar qo‘noqlar:
«Dunyo kezdik ko‘p choqlar,
Oldi-sotdi bor yumush:
Po‘lat-u oltin, kumush;
Muhlat ham yetdi bu choq,
Yo‘limiz hali uzoq,
Orol bor nomi – Buyan,
Biz yoqalab o‘tgaymiz,
Ham shavkatli shoh Saltan –
O‘lkasiga yetgaymiz».
Knyaz so‘z ular so‘zga:
«Janoblar, oq yo‘l sizga,
Dengiz, okeandan o‘ting,
Shavkatli shohga yeting;
Ayting: knyaz Gvidon
Yubordi senga salom».
 
 
Qo‘noqlar qulluq etdi
Va yo‘lga tushib ketdi…
Knyaz suv bo‘yida yurar,
Yuzgan oqqushni ko‘rar,
Yolborar: toqatim-toq,
Uchmoq istayman tezroq…
Oqqush ham suv sochdi mo‘l,
Boshdan-oyoq yigit ho‘l;
Qarasaki shu fursat
Bo‘libdi ari surat,
Vizillab ucha ketdi,
Kemani quvib yetdi;
Qo‘ndi orqa eshikka,
Va joylandi teshikka…
 
 
Yel esar, o‘ynab yurar,
Yelkema sho‘x yugurar,
Orollardan o‘tadi,
Shoh yurtiga yetadi.
Olisdan jozibador –
Ko‘rinar aziz diyor;
Chiqar bari qirg‘oqqa,
Saltan chorlar qo‘noqqa;
Ari ham uchib qoldi,
Va saroydan joy oldi.
Ko‘rsaki shohlarga xos –
Kiyinib zarrin libos,
Saltan taxtda o‘tirar,
Va g‘amgin xayol surar,
Toj yarqirar boshida,
Lekin, uning qoshida,
Kampir, to‘quvchi, oshpaz,
O‘ylari nuqul g‘araz –
O‘tirishar ayrilmay,
O‘qrayishar qayrilmay…
Shoh ziyofat quradi,
Qo‘noqlardan so‘radi:
«Janoblar, ne ko‘rdingiz?
Ham qaylarda bo‘ldingiz?
Ne gap uzoq tomonda?
Ne mo‘jiza jahonda?»
Javob aytar qo‘noqlar:
«Dunyo kezdik ko‘p choqlar,
Yaxshi yurtlarda yurdik,
Shunday mo‘jiza ko‘rdik:
«Dengizda bir orol bor,
Va bir shaharki, zarkor,
Juda g‘alati orol,
Unda har kun qiziq hol.
Dengiz ko‘pirar, toshar,
Bo‘sh qirg‘oqlardan oshar,
Va shoqvin-suron solar,
Har yon chopqillab qolar;
Paydo bo‘lar shu zamon –
O‘ttiz uchta pahlavon,
Tanlari o‘tday yonur,
Bari dov, yosh va yovqur,
Bari savlatli, ko‘rkam,
Norg‘ul, azamat, o‘ktam,
Bari terilgan raso.
Keksa Chernomor bobo –
Birga chiqar dengizdan,
Saf tuzib, boshlar izdan,
Bari orolga soqchi,
Kechalari poyloqchi;
O‘shalarday hech qachon
Bo‘lmas dov, tanti posbon,
Unda knyaz Gvidon
Yubordi senga salom».
Shoh Saltan hayron edi:
«Agar o‘lmasam, – dedi, –
Shu orolga borgayman,
Knyazga qo‘noq bo‘lgayman».
Jim to‘quvchi va oshpaz,
Shum kampir o‘ylab g‘araz,
Tirjayib bunday dedi:
«Qizig‘i shumi edi?
Suvdan chiqishib yurar,
Orolni ko‘rib turar!
Rostmi, yolg‘on – kim bilar
Kimni bu hayron qilar,
Va bu kimga ham darkor?
Olamda o‘zga gap bor:
Dengizning u yonida,
O‘zining makonida –
Bir shoh qiz yashar, ko‘rkam…
Ko‘z uzib bo‘lmas hech ham.
Kunduz – kun xira bo‘lur,
Tunda – olam nur olur.
Soch tagida – oy qalqar,
Manglayda – yulduz balqar,
Yursa xo‘b sollanadi,
Tovusday tovlanadi.
So‘zi hammaga yoqar,
Buloq suviday oqar.
Mo‘jizaki ajoyib,
                                    ajoyib-u g‘aroyib».
Mehmonlar indashmaydi,
Bahslashmoq istashmaydi.
Ochilar shohning bahri,
Qistar shahzoda qahri,
Buvisin so‘zi yoqmas,
Lek, ayab ko‘zin chaqmas;
Ko‘p aylanar boshida,
Ham g‘ing‘illar qoshida,
Qo‘nar to‘g‘ri burniga,
Xuddi qo‘ngan o‘rniga –
Raso nayzasin tiqar,
Burun tez shishib chiqar.
Yana boshlandi shov-shuv:
«Ko‘makka keling… yohu!
Qorovul… ha, ushla tez!
Tutib ol, ayama, ez!
Ha seni!..» deb quvlashar,
To‘pirlashar, chuvlashar,
Ari darchadan o‘tdi.
Bahuzur uchib ketdi.
 
 
Knyaz sohilda yurar,
Suvga termilib turar,
Ko‘ngli nechundir, noxush,
Ko‘rsaki – yuzar oqqush.
«Salom jonginam – knyaz o‘g‘lon!
Bulutli kun singari,
Yog‘ingar tun singari –
Nechun holing parishon?
Ne vajdan ko‘ngling noxush?»
Savol so‘raydi oqqush…
Knyaz javob der shu choqda:
«Xasrat meni ezmoqda:
Hammaning sevgani bor,
Yolg‘iz men qoldim beyor!»
«Bormi bir ko‘z solganing,
Ko‘z ostiga olganing?»
«Bormish dunyo bog‘ida,
Dengizning u yog‘ida,
Shoh qiz yasharmish ko‘rkam…
Ko‘z uzib bo‘lmas hech ham.
Kunduz – kun xira bo‘lur,
Tunda – olam nur olur.
Soch tagida – oy qalqar,
Manglayda – yulduz balqar,
Yursa xo‘p sollanadi,
Tovusday tovlanadi.
So‘zi hammaga yoqar,
Buloq suviday oqar,
Bilmayman rostmi-yolg‘on?»
Qo‘rqib so‘z kutar o‘g‘lon;
Oqqush o‘ylanar edi,
O‘ylanib shunday dedi:
«Ha, to‘g‘ri! Shunday qiz bor,
Lekin anglaginki: yor –
Qo‘lqopmas otsang har yon,
Belga qistirsang har on.
Kengashimga quloq sol,
Har yoqlama o‘ylab ol,
Afsus qilmagin keyin,
O‘zingga bo‘lur qiyin».
Yod qilar knyaz qasam:
«Keldi o‘ylanmoqqa dam,
Hammasin o‘ylaganman,
Hech nima qo‘ymaganman;
Sevdim o‘sha barnoni,
Izlayman keng dunyoni,
Mayli, yayov chopaman,
U shoh qizni topaman».
«Uh, – der qush birdaniga, –
Olisdan izlash nega?
Baxting – yaqin, rost so‘zim:
O‘sha shoh qiz – men o‘zim!»
So‘ng oqqush parvoz etib,
To‘lqinlar osha o‘tib,
Tushib panaroq joyga,
Qirg‘oqdagi toqayga,
Silkindi-yu, shaylandi,
Va shoh qizga aylandi.
Soch tagida – oy qalqar,
Manglayda – yulduz balqar,
Xo‘p ulug‘vor sollanar,
Tovus kabi tovlanar,
So‘zi hammaga yoqar,
Buloq suviday oqar.
Shoh qizni quchib o‘g‘lon,
Bag‘riga bosib shodon,
Darrov yetaklab ketar,
Onajoniga yetar:
Va bosh egib der shu dam:
«Jonginam, onaginam!
Sayladim o‘zimga yor,
Senga qiz – itoatkor.
So‘raymiz biz, ikkovlon:
Davri-davron surmoqqa,
Uzoq umr ko‘rmoqqa –
Fotiha ber onajon!»
O‘rnidan turar ona,
Boshlarida parvona,
Karomatli xoch tutar,
Ko‘zlaridan yosh to‘kar:
«Qo‘sha qaring, iloyim –
O‘zi qo‘llasin doim…»
Knyaz paysallamay hech,
To‘y ham qildi o‘sha kech;
Birga umr etishar,
Birga farzand kutishar…
 
 
Yel dengizda sayr etar.
Kemani surib ketar;
Kema to‘lqin yoradi,
Yelkan ochib boradi;
O‘tar orol yonidan,
Zo‘r shahar tomonidan,
Qirg‘oqdan to‘p otilar,
Ham kema to‘xtatilar;
Hamma chiqar qirg‘oqqa,
Knyaz chaqirar qo‘noqqa.
Ziyofat, bazm qurar,
Undan so‘ng savol so‘rar:
«Xo‘sh, ne savdo etasiz,
Endi qayon ketasiz?»
Javob aytar qo‘noqlar:
«Dunyo kezdik ko‘p choqlar,
O‘ylamang, bekor yotdik,
Nuqul yasoq mol sotdik.
Yo‘limiz hali uzoq:
Sharqqa jo‘naymiz bu choq.
Orol bor – nomi Buyan –
Biz yoqalab o‘tgaymiz,
Ham shavkatli shoh Saltan
O‘lkasiga yetgaymiz».
Knyaz so‘z ular so‘zga:
«Janoblar, oq yo‘l sizga,
Dengiz, okeandan o‘ting,
Saltan yurtiga yeting,
Shohingizga eslating,
Safarini tezlating,
Bizga kelmoqchi edi,
Mehmon bo‘lmoqchi edi,
Lekin bedarak hamon,
Ayting, mendan ko‘p salom».
Qo‘noqlar ketdi tugal,
Knyaz Gvidon bu gal –
Qoldi o‘z makonida,
Sevgan yori yonida…
 
 
Yel esar, o‘ynab yurar,
Yelkema sho‘x yugurar,
Orollardan o‘tadi,
Shoh yurtiga yetadi.
Olisdan jozibador –
Ko‘rinar aziz diyor.
Chiqar bari qirg‘oqqa,
Saltan chorlar qo‘noqqa.
Qo‘noqlar kelib ko‘rar:
Saltan taxtda o‘tirar,
Toj yarqirar boshida,
Va Saltanning qoshida –
Kampir, to‘quvchi, oshpaz,
O‘ylari nuqul g‘araz –
O‘tirishar ayrilmay,
Baqrayishar qayrilmay…
Shoh ziyofat quradi,
Qo‘noqlardan so‘radi:
«Janoblar, ne ko‘rdingiz,
Ham qaylarda bo‘ldingiz,
Ne gap uzoq tomonda?
Ne hodisa jahonda?»
Javob aytar qo‘noqlar:
«Dunyo kezdik ko‘p choqlar,
Yaxshi yurtlarda yurdik,
Shunday mo‘jiza ko‘rdik:
Dengizda bir orol bor,
Ham bir shaharki dongdor…
Zar qubba butxonalar,
Bog‘zorlar, koshonalar;
O‘rdaning etagida
O‘sadi baland archa,
Baland archa tagida –
Yasog‘lik billur uycha:
Unda yashar olmaxon,
Qo‘lbola, ziyrak hayvon,
Olmaxon kuylar, qandoq,
Ham chaqar nuqul yong‘oq;
Puchmas chaqqan yong‘og‘i,
Oltin hamma po‘stlog‘i;
Mag‘zi zumraddan nuqul,
Poylar talay qorovul,
Olmaxonni asrashar,
Unda ko‘p yangi xabar.
Dengiz ko‘pirib toshar,
Bo‘sh qirg‘oqlardan oshar,
Va shovqin-suron solar,
Har yon chopqillab qolar,
Suvdan chiqar shu zamon –
O‘ttiz uchta pahlavon,
Tanlari o‘tday yonur,
Bari dov, yosh va yovqur,
Bari savlatli, ko‘rkam.
Norg‘ul, azamat, o‘ktam,
Bari terilgan raso,
Boshliq – Chernomor bobo, –
O‘shalarday hech qachon,
Bo‘lmas dov, tanti posbon.
Bor knyaz yori ko‘rkam,
Ko‘z uzib bo‘lmas hech ham:
Kunduz – kun xira bo‘lur,
Tunda – olam nur olur,
Soch tagida – oy qalqar,
Manglayda – yulduz balqar.
U shaharda Gvidon –
Nomli knyaz hukmron,
Tillarda doston u nom.
Senga aytdi ko‘p salom.
O‘pkasi bor: shoh Saltan
Bizga kelmoqchi edi,
Mehmon bo‘lmoqchi edi,
Daragi yo‘q, der, hamon…»
 
 
Sabri qolmay, shoh turdi,
Darg‘alarga buyurdi:
«Yaxshi kemalar saylang,
Va safar uchun shaylang!»
Kampir, to‘quvchi, oshpaz,
O‘ylari nuqul g‘araz,
Shoh Saltan bormasin, der.
Orolni ko‘rmasin, der.
Lekin, shoh solmay quloq,
Qahri qistab der shu choq:
«Men – shohmi yoki go‘dak?
Ketaman bu gal, beshak!»
Yer tepar, chiqib ketar,
Eshikni tars berkitar…
 
 
Knyaz uyda o‘tirar,
Derazadan qarab turar:
Dengiz tinch, to‘lqin urmas;
Shovqin solmas, ko‘pirmas,
Havo tiniq va zangor,
Paydo bo‘ldi kemalar.
Dengizda yelar edi,
Shoh Saltan kelar edi.
Knyaz bir sakrab turdi,
Va qattiq na’ra urdi:
«Aziz onam, malikam!
Va sen – sevgilim, bekam!
Qarang anav tomonga:
Otam kelar bu yonga».
Kema kelar yonashib,
Knyaz durbin olar shoshib,
Ko‘rsa: turar shoh chindan,
U ham qarar durbindan.
Kampir, to‘quvchi, oshpaz,
O‘ylari nuqul g‘araz –
Boqishar hayron va lol,
Turar begona orol…
Zambaraklar taranglar,
Qo‘ng‘iroqlar jaranglar
Knyaz kelar qirg‘oqqa,
Shohni kutib olmoqqa;
To‘quvchi, oshpaz bilan
Kampir – serg‘araz bilan –
Shohni shahriga boshlar,
Indamay qadam tashlar.
Hamma saroyga yurdi,
Va soqchilarni ko‘rdi:
Sovutlari yaraqlar,
Darvozani xo‘b saqlar
O‘ttiz uchta pahlavon,
Ajablanar shoh Saltan,
Bari yosh, bari ko‘rkam,
Norg‘ul, azamat, o‘ktam,
Bari terilgan raso,
Boshliq – Chernomor bobo,
Hovliga o‘tar barcha,
Hovlida baland archa,
Olmaxon kuylar, qandoq,
Ham chaqar oltin yong‘oq;
Chaqib – zumrad olardi,
Qopchiqlarga solardi.
To‘lib ketipti har yoq,
Zar yong‘oq, oltin po‘choq.
Qo‘noqlar shoshqin… nega?
Paydo bo‘ldi yosh beka:
Soch tagida – oy qalqar,
Manglayda – yulduz balqar.
Ulug‘vor sollanardi,
Tovusday tovlanardi…
Qaynonasi ham kelar,
Shoh ko‘rib, darrov bilar,
G‘ayrati jo‘sh uradi,
Tajang va lol so‘radi:
«Senmisan? So‘zla axir, –
Bu ne o‘zi, qanday sir?»
Toshar, tutaqar edi,
Ko‘z yoshi oqar edi.
Shoh quchar malikasin,
O‘g‘lin va yosh bekasin.
Yozilar dasturxonlar,
Bazm qurar mehmonlar.
Ham to‘quvchi, ham oshpaz,
Ham kampirki, serg‘araz –
Yashiringani chopdilar…
Keyin zo‘rg‘a topdilar…
Qilmishlariga iqror,
Ho‘ngrashardi zor-u zor.
Shoh xursandlik tufayli,
Uyga jo‘nang, der, mayli…
Kech kirar, to‘y qizishar,
Saltanni yotqizishar,
To‘shakni qalin solar,
Shirakayf shoh dam olar.
Men shu to‘yda bor edim,
Bo‘za ichdim, bol yedim.
Sal ho‘llandi mo‘ylabim,
Shu yerda adoq gapim.
 
Mirtemir tarjimasi

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Это произведение, предположительно, находится в статусе 'public domain'. Если это не так и размещение материала нарушает чьи-либо права, то сообщите нам об этом.


Популярные книги за неделю


Рекомендации