Электронная библиотека » Александр Пушкин » » онлайн чтение - страница 3


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 16:20


Автор книги: Александр Пушкин


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 3 (всего у книги 3 страниц)

Шрифт:
- 100% +

SUV PARISI
DNEPR QIRG‘OG‘I. TEGIRMON
TEGIRMONCHI VA UNING QIZI

Tegirmonchi
 
Shunday, shunday sizlar, navjuvon qizlar,
Hammangiz-hammangiz ahmoqsiz. Axir,
Modomiki, tuzuk, badavlat odam
Ko‘ngil qo‘yar ekan, siz etagidan
Mahkam tuting; qaysi yo‘llar bilanmi?
Aql bilan, odob bilan albatta,
Ba’zan qattiq turib, ba’zan erkalab,
Uni yo‘lga solmoq darkor. Va ba’zan
To‘ydan ham gap ochib qo‘ymoqlik lozim.
Lekin, eng muhimi – nomusingizni,
Bebaho gavharni saqlang beg‘ubor.
Nomus degan narsa – bu bir kalima,
Og‘izdan chiqdimi, qaytib kirmaydi.
Agar to‘yga sira umid bo‘lmasa,
Biron o‘lja yoki qarindoshlarga
G‘animat ilojin qilmoqlik zarur.
O‘ylash kerak: «Meni mangu sevib u,
Erkalatib yuravermas-ku» aslo!
Sizdan ham tuzukroq o‘y chiqarmikan?
Yo‘q. Darhol idrokni yo‘qotasiz-u,
Uning barcha istak-xohishlarini
Tekin ijro qilish sizga go‘yo baxt.
Baringiz uzun kun sevimli do‘stning
Bo‘yniga chirmashib yotmoqqa hozir.
Lekin, qarabsizki, sevimli do‘stdan
Asar ham qolmabdi, oti o‘chibdi,
Siz bo‘lsa so‘ppayib, hech bir narsasiz
Qola beribsizlar, eh, esi pastlar!
Senga yuz martalab aytmab edimmi:
Qizim, ahmoq bo‘lma, ko‘zingga qara,
Boy berib qo‘ymagin yana baxtingni;
Qo‘ldan chiqarmagin bek yigitni hech;
Halok bo‘lma yana behuda. Mana –
Aytganim keldimi?.. Endi o‘tirgin
Qaytarib bo‘lmasin yodingga olib
Zardob yut, qon qus-u, yig‘la hamisha.
 
Qizi
 
Sen nega, u meni tashladi, deysan?
 
Tegirmonchi
 
Nega emish! Axir, u tegirmonga
Haftada necha bor kelib ketardi?
To‘g‘rimi? Bir kun ham kanda qilmasdi,
Hatto, ikki bor ham kelardi kunda.
So‘ngra-chi, kamnamo, jim bo‘lib ketdi,
To‘qqiz kun ko‘rmadik. Bunga ne deysan?
 
Qizi
 
U juda band, axir ozmi tashvishi?
O‘zing bilasan u, tegirmonchimas.
Uning ishlarini suv bajarmaydi.
U doimo menga o‘z ishlarini
Barcha ishlardan ham og‘irroq, deydi.
 
Tegirmonchi
 
Ishon unga! Hech qachon bek toifasi
Ishlarmidi, nima ham qilar edi?
Ov qilar, doimo ishrat suradi,
Qo‘ni-qo‘shnilarni qiladi xafa,
Siz sho‘rlikni aldab yo‘ldan uradi,
O‘zi ishlar emish; achinarlig-a!
Hali mening uchun suv ishlaydimi?..
Menda tun-u kun tinim bormi, xo‘sh?
Hali u yer chirik, bu yer teshilgan,
U yer shikast yegan, bu yer sizmoqda,
Qizim, senga gap bor edi bu haqda:
Bekdan tegirmonni tuzatish uchun
Ozroq pul ololsang, soz bo‘lar edi.
 
Qizi
 
Oh!
 
Tegirmonchi
 
Nima bo‘ldi?
 
Qizi
 
Bas, jim! Ot dukulladi…
U keldi, u!
 
Tegirmonchi
 
Qizim, ehtiyot bo‘lgin.
Aytganimni esdan chiqazib qo‘yma…
 
Qizi
 
Ana keldi, ana!
 

(Knyaz kiradi. Jilovdor uning otini olib chiqadi).

Knyaz
 
Salom, azizam!
Omonmisiz, ota!
 
Tegirmonchi
 
Marhamatli bek,
Buyurgaysan. Ko‘pdan beri biz sening
Nurli ko‘zlaringga intizor edik.
Endi seni mehmon qilay hurmatli!
 

(Ketadi)

Qiz
 
Oh, nihoyat meni esga olibsan!
Shunchalar yo‘linga intizor etib
Ezib, qiynashlikka uyalmadingmi?
Nimalar kelmadi mening boshimga?
Ne-ne vahimalar bosmadi meni?
Balki, oti uni botqoqqa yoki
Uchurimga otib, tashlab ketgandir,
Balki, ayiq yenggan qalin o‘rmonda,
Balki, u xastadir, to‘shakda, balki,
Meni sevganidan tamom pushaymon…
Butun narsa kirib chiqdi boshimga.
Axir ko‘rdim. Shukur! Sen sog‘ va omon;
Meni avvalgicha sevasan. Jonim,
Shunday emasmi?
 
Knyaz
 
Shunday, farishtam, shunday,
Yo‘q, undan ortiqroq…
 
Qiz
 
Biroq ko‘p g‘amgin
Ko‘rinasan, nega?
 
Knyaz
 
Men g‘amginmanmi?
Shunday tuyulgandir senga, ehtimol,
Seni ko‘rarkanman doim shodman.
 
Qiz
 
Yo‘q.
Shod ekan chog‘ingda uzoqdan menga
Uchib kelib, darhol: dilbarim qayda,
Ne etar? – der eding va talpinarding.
So‘ng o‘par; kayfing ne? Meni shu qadar
Erta kutganmiding? – deya so‘roqlar;
Endi bo‘lsa, ma’yus, tinglaysan jimjit,
Quchmaysan, o‘pmaysan ham ko‘zlarimdan?
Hushing joyidamas, ne bo‘ldi senga?
Yoki mendan araz qilib qoldingmi?
 
Knyaz
 
Riyokorlik qilib turmoq behuda;
Rost gapirding, qayg‘u yotar dilimda:
Sen uni erkalash, sevishlar bilan
Tarqatolmas, yengil eta olmassan,
Sen bo‘la olmassan hatto qayg‘udosh.
 
Qiz
 
Bo‘la olmaslik sening qayg‘uyinga yo‘ldosh
Og‘ir menga, og‘ir, asroringni och!
Amr etsang – yig‘larman, rozi bo‘lmasang
Seni koyitmasman ko‘zdan to‘kib yosh.
 
Knyaz
 
Nega gapni cho‘zmak? Axir bu savdo
Qanchalik tez bitsa, shuncha yaxshi-ku:
Aziz do‘stim, foniy dunyoda sira
Mustahkam va puxga hech nima yo‘qdir,
Na aslzodalik, na husn, na davlat;
Hech kim baloni barham berolmas.
Shundaymasmi, mana biz ham, azizim!
Biz baxtiyor edik, ayniqsa men-chi;
Sening sevging bilan baxtiyor edim;
Boshimga har qanday savdo tushsa ham,
Har joyda bo‘lsam ham, qimmatli do‘stim,
Aslo chiqarmasman seni esimdan.
Basharti bir narsa yo‘qotsam, uning
O‘rnini dunyoda hech narsa bosmas.
Nima deganingni anglaganim yo‘q.
 
Qiz
 
Nima deganingni anglaganim yo‘q,
Va lekin, bir qo‘rquv bosmoqda yomon.
Taqdirda xatarnok balo bor chog‘i:
Ehtimol, kutadi ayriliq.
 
Knyaz
 
Topding.
Taqdirda ayriliq yozilgan ekan.
 
Qiz
 
Kim ajratar ekan? Nima, men sening
Izingdan borishga ojizmikanman?
Xuddi o‘g‘il bola yanglig‘ kiyinib,
Orqangdan ketarman va doim senga
Xizmatda bo‘larman safarda, jangda;
Urushdan qo‘rqmayman. – Seni ko‘rsam, bas.
Yo‘q, yo‘q ishonmayman! Ehtimol, meni
Sinamoqchidirsan va yoki biror
Behuda bir hazil ma’qul tushgandir.
 
Knyaz
 
Yo‘q, bu kun dilimga hazil sig‘maydi.
Seni sinashga ham yo‘q ehtiyojim;
Uzoq safarni ham ko‘zlaganim yo‘q;
Urushga ham emas, uyda qolaman.
Lekin vidolashmoq kerak mangulik.
 
Qiz
 
To‘xta, to‘xta to‘liq angladim endi…
Uylanayotirsan.
 

(Knyaz jim)

 
Uylanmoqchisan!
 
Knyaz
 
Nima ham chora bor? O‘zing o‘ylab ko‘r,
Beklar qizlar kabi erkin emaslar?
Ular uylanmaslar sevib yurakdan!
O‘zga rioyasi va birovlarning
Foydasini ko‘zlab yor oladilar.
Qayg‘ungni tarqatar tangri va zamon;
Meni unutmagin, bu ro‘molni ol,
O‘zim o‘rab qo‘yay, kel beri, jonim!
Mana bu marvarid ham senga edi.
Bu hadya otangga. Unga ber.
 

(Oltin solingan hamyonni qizga beradi)

 
Xayr.
 
Qiz
 
To‘xta, to‘xta; senga gapim bor edi,
Hah nima edi?
 
Knyaz
 
Esla.
 
Qiz
 
Men tamom
Sen uchun tayyor… Yo‘q, u emas… To‘xta –
Mumkin emas axir, hamishalikka
Meni tashlasang-u… Hamon u emas…
Ha… Bunday ha, mening qalbim tagida
Bukun sening bolang qimirlab qoldi.
 
Knyaz
 
Bechora! Ne etmoq kerak, ne chora?
Aqalli go‘dak-chun o‘zingni asra.
Bolangni, ham seni tashlamasman hech.
Sizlarni ko‘rgali, ehtimol, o‘zim
Kelib ham turarman. O‘rtanma, yupan,
Eng so‘nggi martaba quchoqlayin, kel!
 

(Keta turib)

 
Uh! Bitdi – ko‘nglim tinolganday bo‘ldi.
Men bo‘ronni kutgan edim, lekin ish
Juda silliq, juda yengil tugadi.
 

(Ketadi. Qiz qotib qoladi)

 Tegirmonchi
 
Qani tegirmonga kirsalarmikan…
U, qayda u? Qizim, bek qani? So‘yla!
Bay, bay! Muncha go‘zal ekan bu ro‘mol!
Marvaridni qara! Bari asl tosh!
Ko‘zingni oladi, yarqiraydi-ya!
Shohona bir hadya, bek saxovatkor!
Bu, nima bu? Hamyon! Pul emasmikan?
Nega sen indamay, tek turib qolding?
Tiling bog‘landimi? To‘satdan kelgan
Kutilmagan baxtdan esing og‘dimi?
Yoki garang bo‘lib qotib qoldingmi?
 
 Qiz
 
Aslo ishonmayman, bu mumkin emas,
Men uni shunchalik qattiq sevardim.
U yoki hayvonmi? Va yoki uning
Ko‘ngli qora?
 
 Tegirmonchi
 
Kimni aytayotirsan?
 
 Qiz
 
Ota, ayt-chi, uni men xafa qilib,
Bezdirib qo‘ydimmi? Yoki chiroyim
Bir haftada shuncha xazon bo‘ldimi?
Sovutdilarmikan? Yo‘ldan ozdimi?
 
 Tegirmonchi
 
Qizim, senga nima bo‘ldi? So‘yla tez!
 
 Qizi
 
Otajon, hov ana! – u, jo‘nab ketdi
Va men ovsar uni qo‘yib yubordim.
Nega etagidan mahkam tutmadim?
Nega osilmadim ot yuganiga!
Koshki-di, shu yerning o‘zida meni
Toptasa otining tuyoqlarida.
 
 Tegirmonchi
 
Alahlayotirsan!
 
 Qizi
 
Qarang-a, ota,
Beklar qizlar kabi erkin emasmish.
Va ular hech qachon sevib yurakdan
Uylanmas emishlar…
Ha, shunday emish.
Lekin seni eltib o‘z saroyimga
Sirli haramimga olib kirarman,
Baxmal, kimxoblarga chirmab tashlarman
Deya, hiyla-nayrang bilan aldashda, –
Hatto qasam ichib, ko‘ngil ovlashda –
Ular juda erkin, doimo erkin;
Sizg‘irib xuddi tun yarmida sho‘rli
Qizlarni turg‘izish va tongga qadar
Tegirmon ketida o‘tqizmoq uchun
Ular erkin. Bizning sho‘rimiz bilan
Beklar o‘z ko‘nglini doim yupatib,
Zavqlanishni juda yaxshi ko‘radi.
So‘ngra, xayr, azizim, senga katta yo‘l;
Istaganingni sev.
 
 Tegirmonchi
 
Gap bunday degin!?
 
 Qizi
 
Ayt-chi, ota, mening kundoshim kimdir?
Topmayin qo‘ymasman, u, badkirdorni
Va uning yuziga shartta aytarman:
Knyazdan uzoqlash, – bilmaysanmiki,
Ikki ona bo‘ri bir g‘orga sig‘mas.
 
 Tegirmonchi
 
Tentak! Qayliq olar esa bekzoda
Kim unga to‘sqinlik qila olardi?
Senga aytmovdimmi, ana…
 
 Qizi
 
U xuddi
Yaxshi bir odamday xayrlasholdi;
Hadyalar ham berdi – yana qandayin!..
Pul berdi. U tovon to‘lamoq bo‘ldi!
Mish-mish chiqmasin uchun sha’nida
Va yosh xotiniga yetmasin uchun,
U, mening titimni yog‘lamoq bo‘ldi.
Hali, nima edi; unutibman, – ha,
Yaxshi qaraganing uchun sen unga,
Qizingni u bilan birga qo‘yganing,
Qizni etmaganing uchun ehtiyot…
Mana bu hamyonni senga deb berdi.
Mening halokatim senga qo‘l keldi.
 

(Hamyonni unga beradi)

Tegirmonchi (ko‘zida yosh)
 
Boshimga qandayin balolar tushdi.
Nimalar eshitdim! Gunoh emasmi,
Achchiq ta’nalarni otmoq otangga!
Sen mening birdan-bir yolg‘izim eding,
Keksa hayotimning tanho yupanchi,
Qanday qilib seni erka etmayin?..
Yomon o‘taganim uchun otalik –
Burchin, xudo o‘zi berdi jazoni.
 
Qizi
 
Nafasim bo‘g‘ildi! Oh, sho‘rlik boshim!
Bo‘ynimdan bo‘tadi sovuq bir ilon…
Inju emas, ilon bilan u chirmab
Ketdi.
 

(Marvaridni uzadi)

Tegirmonchi
 
Esingni yig‘.
 
Qizi
 
Men shunday qilib,
La’nati ey ilon, sen ey kundoshni
Parcha-parcha qilib tashlar edimki…
 
Tegirmonchi
 
Alahlayotirsan, mening jon kizim!
 
Qizi (ro‘molini yechadi)
 
Mana mening badbaxt tojim, iflos toj!
Butun ardoqlagan, ehtiyotimdan,
Butun nomusimdan kechgan vaqtimda,
Makkor yov shu bilan qo‘shgandi bizni.
Biz ayrildik – endi chirib ket sen ham.
 

(Ro‘molini Dneprga tashlaydi)

 
Endi hamma bitdi…
 

(O‘zini daryoga tashlaydi)

Chol (yig‘lar ekan)
 
Sho‘rlik toli, oh!
 

KNYAZ SAROYI

To‘y. Qalliq-kuyov stol atrofida o‘tiradilar.

MEHMONLAR. QIZLAR XORI
Sovchi
 
Hay-hay, juda ajab bir to‘y qildik-da.
Salom ey bek, endi qayliq muborak!
Xudo, sizga inoq, soz turmush bersin,
Bizga sizning soyangizda aysh-safo.
Go‘zal qizlar, nega jimib qoldingiz?
Tovushingiz nega tindi oqqushlar?
Yo qo‘shiqlar odosh bo‘lib qoldimi?
Yo qo‘shiqdan quridimi halqumlar?
 
Xor
 
Sovchi gapni payqab ol,
Ey sovchi, anqov sovchi!
Qayliqqa borar edik,
Polizga kirib qoldik,
Bochka pivo to‘kildi.
Karamlar ham ho‘l bo‘ldi.
Chetanlarga qoqindiq,
Ustunlarga topindik.
Ustuncha-yu ustuncha,
Tez bo‘l, o‘tmasin fursat,
Qayliqqa yo‘lni ko‘rsat.
Sovchi, sovchi, hoy sovchi,
Hamyonchaga qo‘lni sol,
Pul shildirab turadi,
Qizlar ko‘nglik oladi.
 
Sovchi
 
Qo‘shiqni xo‘p topdinglar, mazoqchilar!
Mana, olinglar, sovchini qarg‘amanglar.
 

(Qizlarga pul beradi)

Bir tovush
 
Mayda tosh va sariq qumlar ustidan
Chopib o‘tdi ravon va shoshqin daryo,
Ikki baliq o‘ynar shoshqin daryoda
Ikki baliq, kichik ikkita chovoq.
Eshitdingmi, baliq – singil sen bukun
Daryomizda ajab bir ish bo‘lganmish?
Oqshom go‘zal bir qiz daryoga o‘zin
Tashlab, sevganini qarg‘ishlaganmish.
 
Sovchi
 
Oyim qizlar qanday qo‘shiq bo‘ldi bu?
U to‘yda aytilmas edi shekillik?
Uni kim boshladi, kim?
 
Qizlar
 
Yo‘q, men emas…
Men emas… Biz emas… Biz boshlamadik…
 
Sovchi
 
Axir uni aytgan kim?
 

(Qizlar orasida sarosimalik pichir-pichir gap)

 
Knyaz
Men bilaman.
 

(O‘rnidan turadi. Jilovdorga sekin gapiradi)

 
U yashirin bunda kirib olibdi.
Darhol uni chiqar; kirgizgan odam
Kim ekan; bilib ol!
 

(Jilovdor qizlar oldiga keladi)

Knyaz (o‘tiradi. O‘z-o‘ziga)
 
O‘shaning o‘zi,
Shov-shuv ko‘tarishi aniq bu yerda,
Uyatga ko‘milib, sharmanda bo‘lib,
Qochishga joy bo‘lmas menga.
 
Jilovdor
 
Topmadim.
 
Knyaz
 
Axtar. Men bilaman… Shunda… Qo‘shiqni
O‘sha aytdi.
 
Mehmon
 
Hay-hay xo‘p asal bo‘pti!
Tilingni kesadi, faqat achchiqroq
Shirinroq qilganda yaxshi bo‘lardi.
 

(Qiz-kuyov o‘pishadilar. Zaif bir faryod eshitiladi)

 Knyaz
 
O‘sha! Ana uning rashkli tovushi.
 

(Jilovdorga)

 
Xo‘sh?
 
 Jilovdor
 
Uni hech yerdan topmadim.
 
 Knyaz
 
Ahmoq!
 
T o‘ y b o sh i (o‘rnidan turib)
 
Fursat bo‘lmadimi, begim xonimni
Kuyovga topshirib, qovushganlarining
Boshlariga xmel sochsak, ne deysiz?
 

(Barcha o‘rinlaridan qo‘zg‘aldi)

 Sovchi xotin
 
Albatga, albatta, xo‘roz tortilsin!
 

(Kelin-kuyovga pishirilgan xo‘roz tortiladi va boshlaridan xmel sochib, so‘ng yotoqxonaga olib kiradilar)

 Sovchi xotin
 
Begim xonim, sira qo‘rqma, yig‘lama,
Mo‘min-qobil bo‘lgin.
 

(Kelin-kuyov yotoqqa ketadilar. Sovchi xotin va to‘yboshidan boshqa mehmonlar tarqashadi)

To‘yboshi
 
Qadah qayda? Men
Darcha orqasida butun tun bo‘yi
Yugurib chiqaman. Ichganim tuzuk!
 
Sovchi xotin

(Unga may quyib beradi)

 
Ko‘tar omonlikka, ol;
 
To‘yboshi
 
Uh! Tashakkur.
Hamma narsa omon-saranjom topdi
To‘y ham yaxshi o‘tdi, shundaymi?
 
Sovchi xotin
 
Shukr.
Hammasi soz, faqat bir gap ko‘ngilni
Juda xijil qilib qo‘ydi.
 
To‘yboshi
 
Nima u?
 
Sovchi xotin
 
Xudoyim biladi, allanima balo,
To‘yda aytmaydigan qo‘shiq aytildi.
 
To‘yboshi
 
Bu qizlar bor yerda bir gap chiqmasdan
Sira mumkin emas! Axir begimiz –
To‘yini bulg‘atish oson ishmikan?
Xo‘sh, endi bo‘lmasa, men ham jo‘nayin
Xayr endi, qudacha.
 

(Ketadi)

 Sovchi xotin
 
Dil notinch! To‘yni
Bexosiyat kunda qildik shekilli.
 

KNYAZ XOTININING XONASI

BEKACH VA OQSOCH XOTIN
Bekach
 
Tabl chaldilar, jim! Yo‘k, u kelmayapti.
Onajon, u yaxshi kuyov edi, oh!
Oldimdan bir qadam nari ketmasdi,
Ko‘zini ko‘zimdan olmasdi aslo,
Uylandi-yu ish ham aynidi tamom.
Hozir meni sahar chog‘i uyg‘otib,
Otni egalla deb buyruq qiladi;
Xudo bilsin, qayda kezar to kech tun?
Qaytadi-yu, jindak shirin so‘z aytib,
Erkalaydi, silab yuzimni, go‘yo
Ovutgan bo‘ladi; shugina, xolos.
 
Oqsoch
 
Xonim bekam, erkak degan bir xo‘roz:
Qo‘qu-qo‘qu! Yozdi qanot va parvoz.
Xotin bo‘lsa, xuddi-xuddi kurk tovuq:
Tuxum bos-da, o‘tir, o‘tir jo‘ja och.
Kuyov ekan zerikmaydi senla o‘tirib,
Ichmaydi, yemaydi qarab to‘ymaydi;
Uylandimi – tashvish – ish ko‘payadi;
Hali, qo‘shnisiga kirib chiqmoqchi,
Hali lochin bilan ovga ketmoqchi,
Qarabsan, urushga jo‘nab qolmoqchi,
Ishqilib u sira uyda turmaydi.
 
Bekach
 
Yo biror ma’shuqa topdimi ekan?
Ne deysan?
 
Oqsoch
 
Gapirma, botma gunohga;
U kimni sendan afzal ko‘rarkan?
Sening qo‘ling bilan: sendagi chiroq,
Odob, aql. O‘zing, axir, o‘ylab ko‘r;
U senday gavharni topolarmidi?
 
Bekach
 
Tangri eshitganda toatlarimni
Bola ato qilar edi va unda
Qaytadan isitib olardim uni.
O! Hovli ovchilar bilan to‘lipti,
Erim uyga qaytdi. Ko‘rinmaydi-ku?
 

(Ovchi kiradi)

 
Bek qani, qayoqda?
 
Ovchi
 
Bek-mi, bizlarni
Qaytishga buyurdi.
 
Bekach
 
O‘zi qayerda?
 
Ovchi
 
Dnepr bo‘yida o‘rmonda qoldi.
 
Bekach
 
Siz ham yakka, tanho qoldirib uni
Kelaverdingizmi? Hay, esiz, esiz?
Sizday xizmatchiga qolgan kunga hayf!
Darhol ketga qayting, yuguring darhol.
Bizni sizga xonim yubordi denglar.
 

(Ovchi ketadi)

 
Ey, tangrim! O‘rmonda, qora kechada,
Yovvoyi hayvon ham yovuz inson ham,
Jin-u alvastilar sanqib yuradi;
Yana biron balo bo‘lmasa edi.
Tez, but oldiga sham yoqib qo‘ygin, tez!
 
Oqsoch
 
Hozir, hozir, chirog‘im, hozir…
 

DNEPR. TUN

Suv parilari
 
O‘ynab, kulib yashaymiz,
Daryo osti bizga joy;
Tunda suzib chiqamiz,
Isitadi bizni oy!
 
 
Daryo ostini tunda
Sevamiz tark etishni,
Ochiq bosh bilan bunda
Suv ko‘ksini kesishni.
 
 
Bir-birovni chaqirib,
Jaranglatsak havoni,
Ko‘k va nam sochlar qurib,
Silkinsa kirsa joni.
 
Biri
 
Tis! Butoqlar tagida
Pusunmoqda bir qora:
 
Boshqa biri
 
Yerda yuradi birov,
Oy bilan bizlar ora.
 

(Yashirinishadi)

Knyaz
 
Qayg‘ular qurshagan oshino yerlar!
Bularning hammasi menga tanishdir;
Mana o‘sha eski tanish tegirmon!
Ishdan chiqib tamom bo‘libdi vayron;
Parraklarda endi shovqin tinipti.
Toshi ham aylanmay to‘xtab qolipti.
Ehtimol, bechora chol ham o‘lgandir.
Yolg‘iz so‘qmoq yo‘l bor edi, bitipti,
Endi hech kim ortiq bu yerga kelmas.
Nahotki, manavi qalin chakalak
O‘sha chetan qo‘ra – kichik bog‘ ekan?
Mana u muqaddas eman og‘ochi,
U ana shu yerda meni quchoqlab
Boshlarini egib jim qolgan edi.
Mumkinmidir?..
 

(Daraxtlarga yaqin keladi, xazon to‘kiladi)

 
Nima hol bu? Yaproqlar
Birdan xazon bo‘lib mening boshimga
Kul kabi sovrildi va eman esa,
La’nat daraxtiday yalang‘och, qora,
Turib qoldi mening qarshimda…
 

(Chol kiradi. Juldur kiyimda, yarim yalang‘och)

Chol
 
Salom.
Salom, kuyov!
 
Knyaz
 
Kimsan?
 
Chol
 
Shu yerlik quzg‘un.
 
Knyaz
 
Mumkinmi? Bu axir tegirmonchi-ku.
 
Chol
 
Nimam tegirmonchi? Allaqachonlar,
Tegirmonni o‘troq jinlarga sotdim
Va pullarni asrash uchun sixrli
U pari qizimga topshirib qo‘ydim.
U pullar daryoning qumliklariga
Ko‘milib qo‘yilgan, shunda yotadi,
Va uni birko‘zlik baliq asraydi.
 
Knyaz
 
Aqldan ozipti bechora. O‘yi –
Bo‘ron so‘ngidagi bulutday tarqoq.
 
Chol
 
O‘tgan oqshom nega bizga kelmading?
Bazmimiz bor edi, ko‘p kutdik seni.
 
Knyaz
 
Meni kim kutdi?
 
Chol
 
Kim? Shubhasiz qizim!
Men barcha narsaga loqayd qarayman.
Qizim tuni bilan, azonga qadar
Sen bilan o‘tirib qolsa ham, unga
Erk bergum, hech qachon hech so‘z demayman.
 
Knyaz
 
Sho‘rlik tegirmonchi.
 
Chol
 
Nimam tegirmonchi mening! Men quzg‘un,
Axir, tegirmonchi emas, dedim-ku!
Ajoyib hodisa: (esingda bormi?)
O‘zini daryoga tashlaganda u,
Men izma-iz chopib bordim, cho‘qqidan
Sakrar bo‘lganimda, noxas, qo‘ltig‘im
Ostidan yozilib ikki zo‘r qanot
Ushlab qoldi meni havoda. Shundan
Beri hali unda va hali bunda
Uchaman. Va harom o‘lgan mollarni
Cho‘qiyman va ba’zan mozorga ko‘nib
Tinmay qag‘irlayman.
 
Knyaz
 
Naqadar ayanch!
Kim qo‘riqlar seni?
 
Chol
 
Meni qo‘rimoq
Yomon bo‘lmas; qarib qoldim ham tentak,
Meni qo‘riqlaydi, shukur, bir qizcha –
Suv qizi.
 
Knyaz
 
Kim deding?
 
Chol
 
Mening nabiram!
 
Knyaz
 
Uning so‘zin anglash hech mumkin emas.
Chol, bunda sen ochdan o‘lib ketarsan,
Yo o‘rmonda biror hayvon yem qilar,
Saroyimga olib ketay, qani, yur?
Men bilan yasharsan. Xo‘sh nima deding?
 
Chol
 
Sening saroyingga? Bormayman! Rahmat!
Tuzoqqa solarsan va balki so‘ngra
Marvaridlar bilan bo‘g‘arsan tag‘in.
Bu yerda men hayot, erkinman va to‘q.
Sening saroyingni istamayman, qo‘y!
 

(Ketadi)

Knyaz
 
Buning ham gunohi mening bo‘ynimda!
Aqldan ajralish naqadar mudhish!
Bundan o‘lgan yaxshi; o‘liklarni biz
Doim hurmatlaymiz, duo qilamiz
U bilan har kimni o‘lim tenglaydi.
Lekin esdan ozgan har qanday kishi
Odamlikdan chiqib qoladi, shaksiz.
Tilning berilgani unga behuda,
Ne deganin bilmas va hayvon uni
O‘ziga og‘ayni deya taniydi;
U hammaga mazax, hammaga ermak,
Buning chun tangri ham jazo bermaydi.
Boyaqish chol! Uning qizg‘onch chehrasi
Pushaymon o‘tiga tashladi meni.
 
Ovchi
 
Ana u, nihoyat topoldik uni!
 
Knyaz
 
Xush, o‘zi nima gap?
 
Ovchi
 
Bekach yubordi.
U sendan xavotir.
 
Knyaz
 
Mehribonligin
Hazm qilolmayman! Men go‘dakmidim,
Aslo murabbiysiz jila olmasam?
 

(Ketadi. Daryo yuzida suv parilari paydo bo‘ldi)

Suv parilari
 
Hoy, singillar, ularni
Quvalab yetsakmikan?
Shovqinlab otlarini
Boplab xurkitsakmikan?
 
 
Kech. To‘qaylar qoraydi;
Sovindi daryo tagi.
Xo‘rozlar qichqirishdi,
Oy ham iniga indi.
 
Biri
 
Biroz turaylik, opa.
 
Boshqa biri
 
Yo‘q; bo‘ldi, bas, bas.
Xonbeka bo‘lar xafa,
Muntazir, omon bermas.
 

(Yashirinadilar)

DNEPR OSTI
SUV PARILARINING SAROYI

Suv parilari malikalari oldida yig‘ilishib o‘tiradilar.

Bosh pari
 
Urchuqni tashlanglar endi, singillar,
Quyosh botdi, oy yarqirar samoda,
Suv yuziga o‘ynagali chiqinglar.
Hech kimsaga bukun ozor bermanglar:
Yo‘lovchini aslo o‘chaktirmangiz,
O‘t, loy bilan suv loyqatib siz yana
Baliqchilar to‘rin og‘ir etmangiz.
Baliqlardan ertak aytib suv sari
Bolalarni aslo boshlay ko‘rmangiz…
 

(Kichkina suv parisi kiradi)

 
Qayda eding?
 
Qizi
 
Chiqib edim qirg‘oqqa,
Bobomning oldiga. U qachonlardir
Daryoga, biz tomon sochib yuborgan
Pulni yig‘ib ber deb, hamon qistaydi.
Juda ko‘p axtardim; ammo pul nima –
O‘zim ham bilmayman va lekin unga
Daryoning tagidan bir hovuch asl
Chig‘anoq toshlardan chiqarib berdim.
U juda shod bo‘ldi.
 
Suv parisi
 
Telba qurumsoq!
Senga suyanaman endi, jon qizim,
Bu kun qirg‘oqlarga birov keladi,
Kutib tur, qarshila; qizim peshvoz bo‘l.
U bizga yaqindir. U odam sening
Otang, qizim.
 
Qizi
 
Bildim, hov sendan kechib
O‘zga xotin bilan ketganmi?
 
Suv parisi
 
O‘sha. Uni mahkam quchib erkala.
Tug‘ilganing haqda mendan bilganing,
Eshitganlaringni hammasini ayt;
Menim to‘g‘rimda ham unga so‘zlab ber.
Onang unutganmi, deya so‘rasa,
Ayt: hamon yodimda, hamon sevaman.
Hamon ko‘z tutaman, qizim, uqdingmi?
 
Qizi
 
Oh, uqdim.
 
Suv parisi
 
Bor, jo‘na.
 
(Yolg‘iz)
 
Men xushdan ketib
Tahqirlangan, ma’yus holda o‘zimni
Dneprga tashlab, suvning ostida
Qudratli, sovuq qon, suv qizi bo‘lib
Ko‘z ochdim va shundan beri doimo
Intiqom yo‘lini o‘ylayman, bukun
Intiqom soati yetgan o‘xshaydi.
 

QIRG‘OQ

Knyaz
 
Meni baxtiyor g‘oyib bir qudrat
Hazin qirg‘oqlarga hadeb tortadi.
Moziyni eslatar bu manzaralar:
Erkin yoshligimning sevimli, lekin
Achchiq qissasini xotirga solar.
Bir zamonlar qaynoq, ozod muhabbat
Qarshimga chiqardi shu yerda peshvoz;
Baxtli edim. Men tentak! Shu qadar oson
O‘zimning baxtimdan o‘zim kechdim voz.
Kechagi uchrashuv mening ko‘nglimda
G‘amgin orzularni qo‘zg‘atib qo‘ydi.
U naqadar mudhish! Bechora padar!
Agar bukun uni uchratsam bunda,
O‘rmonni butunlay tashlab ketishga
Unatib qararman, u, balki, ko‘nar,
Biznikiga ko‘char…
 

(Kichik suv qizi qirg‘oqqa chiqadi)

 
Tushimmi, o‘ngim?!
Qaydan paydo bo‘lding, sevimli farzand?
 

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Это произведение, предположительно, находится в статусе 'public domain'. Если это не так и размещение материала нарушает чьи-либо права, то сообщите нам об этом.


Популярные книги за неделю


Рекомендации