Электронная библиотека » Anvar Obidjon » » онлайн чтение - страница 2

Текст книги "Alamazon va uning piyodalari"


  • Текст добавлен: 19 мая 2023, 23:30


Автор книги: Anvar Obidjon


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 2 (всего у книги 8 страниц) [доступный отрывок для чтения: 2 страниц]

Шрифт:
- 100% +

QONXO‘R QOYALAR

Momaqaldiroqni eslatuvchi guldiroq tovushdan Zimistonsaroy larzaga keldi.

– Iye-iye, – qulog‘ini ding qilib, Alamazonning pinjiga suqildi Eshmat. – Yer qimirlayaptimi?

Alamazon tugmachiroq nurini guldiroq tovush kelayotgan tomonga to‘g‘riladi va boya o‘zi: «Sim-sim, och eshigingni!» – deb qichqirgan joydagi xarsanglar ikki tomonga siljib borayotganini ko‘rib, dong qotib qoldi.

Xarsang siljishdan to‘xtagach, momaqaldiroq ham tinib, uning o‘rnini zirilloq tovush egalladi. Bu tovush bo‘sh paqir ichiga tushib qolgan saraton qo‘ng‘izning zo‘r berib qanot qoqishini eslatardi.

Xazina qidiruvchilar siljuvchi xarsanglarga yaqinroq borib, bu joyda bir kishi zo‘rg‘a sig‘adigan torgina yo‘lak paydo bo‘lganini ko‘rishdi. Yo‘lakning har ikki tomonidagi qoyalarda kamalakrang nurlar jilolanib turardi.

– Gavhar shunaqa tovlanadi, – tajribali zargarlardek ishonch bilan gapirdi Alamazon. So‘ng hayajondan tovushi titrab, Eshmatni olg‘a yurishga da’vat etdi. – Muqaddas yurish davom etadi, to‘lpoq piyodam. Oldinda – xazina!

Eshmat oyog‘i tortib-tortmay unga ergashdi. Ular oldinga yurganlari sari yo‘lak kengayib bordi, ayni chog‘da zirilloq tovush tobora avjga minayotgandi.

«Bu o‘sha ochko‘z o‘rgamchik! – «Uch qalb»dagi qonxo‘r o‘rgimchakni esladi Eshmat. – Tovushiga qaraganda, og‘zi tandirdan kichik bo‘lmasa kerak».

Yo‘lak ichidagi harorat qadamma-qadam oshib borayotgani bois ular terga botib ketishdi, bora-bora issiqlik etni achishtiradigan darajaga yetdi, birozdan so‘ng sochlari jizillab kuyayotganini his qilishdi. Nafas olish juda og‘irlashib ketdi.

– Yana o‘n qadam yursak, sariyoqqa o‘xshab erib ketamiz, – issiqdan yuzlari qizarib qichqirdi Eshmat.

Alamazon yengi bilan peshanasidagi terlarini artib, yuqoriga – zirilloq tovush kelayotgan tomonga qaradi. Chamasi, issiqlik ham o‘sha tarafdan ufurayotgandi. Devorlarda tovlanayotgan kamalakrang nurlar gavharlardan emas, balki juda baland joyda zirillab yonayotgan qandaydir narsadan taralayotganini u birdan anglab yetdi. Devor terak bo‘yi yuksaklikkacha tik borib, keyin o‘ng yoqqa og‘ib ketgani tufayli nur taratayotgan narsani pastdan turib ko‘rib bo‘lmasdi. Alamazon umidsizlikdan bo‘shashib, asta devorga suyandi, shu zahoti «uh» degancha yelkasini changalladi. Devor oftobda qolgan temirdek jizg‘in edi.

– Bu jahannamdan tezroq jilish kerak, – jizg‘in va tap-taqir jahannam haqida buvisidan eshitgan gaplarni eslab, Eshmatning dilidagini aytdi Alamazon. – Jahannamda gavhar bo‘lmaydi.

Shu payt zirilloq tovush keskin susaya boshladi. Devordagi jilokor nurlar ham asta-sekin xiralashib, issiqlik pasayib borayotgandek tuyuldi. Xazina qidiruvchilar nima voqea yuz berayotganini anglab ulgurmay, yana momaqaldiroq yangradi. Tepadan mayda toshchalar do‘ldek quyila ketdi. Eshmat suvdonni tashlab yuborib, ikkala qo‘li bilan boshini to‘sdi. Devorning yuqori qismi o‘ng tomonga og‘ib ketgani uchun tosh yomg‘irlari faqat chap devor bo‘ylab yog‘ilayotgandi. Bu qulaylikdan foydalangan Eshmat birinchi bo‘lib o‘ng devor yoqalab qochishga tushdi.

Landavurlik kishiga har qadamda pand beradi. Oldinda duppa-durust shataloq otib borayotgan Esh-mat birdan toshga qoqinib ketib, yerga chalpak bo‘lib yiqildi. Buning ustiga shoshilishda, Alamazon uning qoq belidan bosib o‘tdi-yu, endigina o‘rnidan qo‘z-g‘alayotgan Eshmat yana yerga qapishib qoldi.

– Senga nima bo‘ldi, Eshmat? – Alamazon tugmachirog‘ini yerga qo‘yib, uning qo‘ltig‘idan ko‘tardi. – Qani, turaqol. Hademay Zimistonsaroyga yetvolamiz.

Eshmat inqillab o‘rnidan turgach, bir qo‘li bilan boshini pana qilib, ikkinchi qo‘lini jarohatlangan tizzasiga tiragan kuyi oqsoqlanib oldinga yurdi. Alamazon engashib, tugmachiroqqa qo‘l cho‘zdi-yu, hayratdan so‘rrayib qoldi. Devorga qadalib turgan tugmachiroq tosh quyqumlarini surganicha asta sudralib borayotgandi. Alamazon devorlarga diqqat bilan razm soldi. Ikki zabardast qoya bir-biriga tobora yaqinlashib kelayotganini ko‘rib, yuragi orqaga tortib ketdi. Yo‘lakning boshi allaqachon berkilib qolganligini payqagandan keyin yuragi battar gupullab, «nima bo‘lsayam, ichkariga, ichkariga qarab yurish kerak», degan fikr boshida quyundek charx ura boshladi.

– Eshmat, qayt orqaga! – jon-jahdi bilan qichqirdi u. – Qayt! O‘lasan!

«O‘lasan!» degan so‘zdan qattiq ta’sirlangan Eshmat hakkalaganicha darhol ortga qaytdi.

– Vey, nima deyapsan? – so‘radi u gezarib.

Alamazon vaziyatni lo‘nda qilib tushuntirarkan, ikki tarafdan qisib kelayotgan qoya Eshmatning ko‘ziga bahaybat og‘zini imillab yopayotgan qonxo‘r maxluq bo‘lib ko‘rindi.

Ular halloslaganlaricha yana ichkariga qarab yurishdi. Oqsayotgan Eshmatning qo‘ltig‘iga kirib olgan Alamazon uni sudragudek bo‘lib jadal yurishga undar, tezroq harakat qilish lozim edi.

Alamazon yerda yotgan suvdonni ko‘rmay dang‘illatib tepib o‘tarkan, boya o‘zi jahannam deb atagan joyga yetib kelishganini angladi. Bundan bir necha daqiqa oldin bu yerda arava siqqulik yo‘lak bor edi, endi esa bir qulochcha joy qolgandi, xolos.

Xazina qidiruvchilar changdan yo‘tala-yo‘tala to‘xtovsiz olg‘a intilishar, qayoqqa borayotganlarini o‘zlari ham bilishmas edi. Ular dunyodagi jamiki lazzatlardan ming marta shirinroq bo‘lgan hayot ilinjida butun ong va vujudlari bilan oldinga, faqat oldinga intilishayotgandi.

AJAL PANJASIDA

Kutilmaganda, yuqoridan do‘ldek quyilib turgan toshchalar oqimi asta-sekin to‘xtab, mayda-mayda iliq suv tomchilari toma boshladi va birozdan so‘ng rasmana yomg‘irga aylandi. Chang sepsilib, nafas olish ancha yengillashgan sharoitda xazina qidiruvchilar yanada jadalroq harakat qila boshladilar.

Yovuz qoyalar esa hamon ularni ikki tarafdan qisib kelayotgandi. Yonma-yon yurishning iloji qolmagach, Eshmatga yordam berish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan Alamazon podachidek orqaga o‘tvolib, «Chaq-qonroq yur, chaqqonroq!» – deya yarador piyodasini qistashga tushdi.

Ular yo‘l-yo‘lakay umid bilan oldinga tikilishar, lekin yo‘lakning oxiri ko‘rinmasdi. Bir-biriga judayam yaqinlashib qolgan qoyalar orasida ko‘ndalang yurishga majbur bo‘lishgan mahalda, «endi tamom bo‘ldik», deb o‘yladi Alamazon yuragi dukillab.

– G‘orda o‘ladig‘onga o‘xshaymiz! – nafasi bo‘g‘ziga tiqilib xirqiradi Eshmat va bo‘g‘in-bo‘g‘inlaridan bo‘shashib, o‘zini yerga tashladi.

– Nega yotvolding? – Eshmatning yelkasidan tortib qichqirdi Alamazon. – Tursang-chi, to‘nka!

– Tillolaringga qo‘shilib gumdon bo‘l endi, – Eshmat bir siltanib, uning qo‘lidan chiqib ketdi. – Menga tegma! Tegma!

Alamazon yig‘lamas, lekin o‘lim dahshati uni ham ancha madorsizlantirib qo‘ygandi. Omadsiz Genri yomg‘irlar sovitib qo‘ygan devorga suyanib, jon talvasasida hiqillab yotgan soxta Frensisga dil-dilidan achinganicha turib qoldi. Bu paytda shundayinam juda xiralashib ketgan kamalakrang nurlar batamom so‘nib, g‘orni qorong‘ilik qopladi. Bu yanada vahimali edi.

Alamazon tugmachiroqni yoqib, o‘zining poyonsizligi bilan ularni o‘limga mahkum etayotgan berahm yo‘lakka mungli nazar tashladi. Chiroq nuri qoyalar ostini yoritgan damda uning qiyg‘ir ko‘zlari so‘nggi umid uchqunidan olmosdek chaqnab ketdi. Bir-biriga yaqinlashib kelayotgan qoyalarning pastki qismi shuvshigan bo‘lib, bu kavak qadamma-qadam yuqoriga kengayib, ichkariga chuqurlashib borgandi. Alamazon bir qarashdayoq qoyalar jipslashganda ularning ostida tuynuk hosil bo‘lishini anglab yetdi.

«Bu yerda hosil bo‘ladigan tuynukka odam sig‘maydi, – o‘yladi u, – tezroq oldinga siljish kerak».

– Biz tirik qolamiz, oshna! – butun g‘orni boshiga ko‘tarib qichqirdi Alamazon. – Joningdan umiding bo‘lsa, oldinga yur!

Eshmat jonidan umidvor edi. U yaradorga xos bo‘lmagan chaqqonlik bilan o‘rnidan turib, to‘pig‘iga chiqib qolgan suvni shaloplatganicha oldinga hakkaladi.



– Tezroq, tezroq! – uning yelkasidan tinmay turtkilay boshladi Alamazon. – Lallaymasang-chi, ishma!

Bu bo‘ralashlar o‘z foydasiga aytilayotganini payqagan Eshmat turtkilardan xafa bo‘lmay, jon-jahdi bilan likonglab borardi. Qoyalar xazina qidiruvchilarning ko‘krak va kuraklariga yaqinlashib qolgan chog‘da Alamazon Eshmatning yelkasiga qattiq musht urdi.

– Yot!

Eshmat gursillaganicha o‘zini yerga tashladi.

– Nega chalpak bo‘lib olding? – yana kuyukdi Alamazon. – Emakla! Boshingni ko‘tarmay emakla, to‘nka!

Ular tobora kengayib borayotgan kavaklar bo‘ylab emaklay ketishdi. Nihoyat momaqaldiroq kuchayib, ikkala qoya qarsillaganicha bir-biriga urildi. Yomg‘ir taqqa to‘xtab, hammayoq birdan jim-jit bo‘lib qoldi. Shu sukunat ichida o‘zining tirik ekanligini his qilgan Eshmat sevinganidan yana yig‘lab yubordi.

Tuynuk kengaya borib, oxiri kishi tik yursa bo‘ladigan g‘orga aylandi. Ozgina yurishgach, g‘orning bir chetidan tarnov bo‘lib tushayotgan suvni ko‘rishib, chanqovbosti qilishga oshiqishdi, lekin suv negadir qaynoq edi. Ularning hafsalasi pir bo‘ldi. Alamazon cho‘ntagini kavlashtirib uch dona qattiq non qalamchasini topdi, ikkitasini Eshmatga berdi.

– Menimcha, Yelkantog‘ orqasidagi bironta daradan chiqsak kerak, – dedi u nonni huzur qilib so‘rarkan.

– Bu tomonlardayam cho‘pon-mo‘ponlar bordir, – endi uncha oqsoqlanmay borarkan, og‘zi suvlashib ming‘irladi Eshmat. – Bir pishloqxo‘rlik qiladig‘on bo‘ldik, a?

Alamazon nasiya gaplarga hech qachon «ha» degan emasdi, bu safar ham indamadi. «Bu ishkambaga ovqat bo‘lsa bas, – nonni shimib borayotib, xayolidan o‘tkazdi u. – Shundan boshqa sherik qurib ketuvdimi menga?»

Alamazon ko‘pincha Eshmatdan nolib yurishiga qaramay, bo‘sh vaqtining talay qismini u bilan birga o‘tkazardi. Bunga sabab, birinchidan, Alamazon yashaydigan oila qishloq markazidan ancha chetda joylashgan yetti xonadonning biri bo‘lib, bu atrofda uning Eshmatdan boshqa tengdoshi yo‘q edi. Ikkinchidan, spartaklikka ishtiyoqi baland qahramonimiz o‘zining itoatkor piyodalariga ega bo‘lishni tun-u kun orzu qilar, Eshmatning go‘l va bo‘ysunuvchanligi uning uchun ayni muddao edi.

Eshmat ikkinchi qalamchani ham yamlab bo‘lgan paytda g‘or yorug‘lasha boshladi. Bora-bora tugmachiroq yoqib yurishga hojat qolmadi. Balo-qazolardan omon qolib, bu mudhish g‘ordan sog‘-salomat chiqib borayotganiga qaramay Alamazonning ko‘ngli g‘ash edi.

«Tayyor g‘ordan xazina topolmay qaytyapmiz-a, – alam bilan o‘yladi u. – He, attang, endi hamma ish davlatning yelkasiga tushadigan bo‘ldi».

TIRTIQ VA SHILPIQ

Ular g‘ordan chiqiboq, hayratdan angrayganlaricha to‘xtab qolishdi. Alamazon o‘zini yuzlab projektorlar nuri qalashib ketgan ulkan sahna qarshisida turgandek his qildi. Agar bu chindanam sahna bo‘lsa, u shunchalar zo‘r mahorat bilan bezatilgan ediki, ko‘rinib turgan narsalarning hammasi tabiiy ekanligiga kishining ishongisi kelardi. Ufqqa ilohiy tus ato etgan qizg‘ish tuman, tuman ostidan siyliqib chiqqan pastqam adirlar va bu adirlar qurshovida yastanib yotgan ko‘m-ko‘k vodiy kishini ohangrabodek bag‘riga chorlar, Alamazon o‘zi sezmagan holda bu fusunkor og‘ushga tezroq otilishni istab turardi.

G‘ordan biroz chetroqdagi bahaybat xarsang ustidan tushayotgan shovvaning guvillashi, shovva ostidan boshlanib, adirning bir parcha kamalakrang tuman butunlay to‘sib qo‘ygan qismiga singib ketuvchi soy suvining jimirlashi ham tabiiy edi. Faqat sahna ustida charaqlab turgan son-sanoqsiz yulduzlarning soxtaligi yaqqol sezilib turar, bu yulduzlar orasida oyning yo‘qligi noma’lum sahna bezatuvchining birdan bir xatosi edi.

Sehrlangandek qotib qolgan xazina qidiruvchilar nogahon shildiray boshlagan toshlar tovushidan seskanib o‘zlariga kelishdi. G‘orning o‘ng tarafidagi jarlikdan qurollangan ikki sipohi chiqib keldi va nayza o‘qtalgan kuyi uch-to‘rt qadam narida to‘xtalishib, ularga boshdan oyoq razm solishdi.

«Qayerga kepqoldik o‘zi? – battar hayratlanib o‘yladi Alamazon. – «O‘rta asrlar tarixi»-ku bu!»

Sipohilardan biri devsifat qomati borligidan taltayganicha bolakaylarga g‘o‘dayib boqar, uning oyog‘i tagida o‘ralashib qolmaslikka tirishayotgan pakanasi esa, qizil chopon ichida kildirab, kattakon sariq salla ostida bukchayib turardi. Novchasining labi tirtiq, pakanasining ko‘zi shilpiq edi.

– Xix, tfu!

Uchrashuv marosimi hech bir milliy lug‘atda qayd etilmagan, lekin barcha millatga birdek tushunarli bo‘lgan ana shu «xalqaro so‘z» bilan ochildi.

– Qimirlama, xo‘p-pa! – tupurib bo‘lgach, tumshug‘i ilgakdek qaytarilgan etigini yerga do‘pillatib buyruq berdi Tirtiq.

– Xo‘p-pa! – takadek irg‘ishlab chiyilladi Shilpiq ham.

– Ashqal-dashqalingni tashla, xo‘p-pa!

– Xo‘p-pa!

Alamazon gap uning qo‘lidagi tugmachiroq ustida borayotganini fahmlab, «qurol»ini asta yerga tashladi.

– Kimsan ikkalang? Xix, tfu! Nima qilib yuribsanlar bu yerda?

– Nima qilib yuribsanlar, junboshlar?

Rangi bo‘zdek oqarib ketgan Eshmat mung‘ayganicha g‘o‘ldiradi:

– Shunday, aylanib…

«Qochoqlar! Yosh bolalarni qo‘rqitib, xumordan chiqishmoqchi, – g‘ijinib o‘yladi Alamazon. – Senlarga mayna bo‘lish uchun ataylab g‘ordan o‘tib keladigan ahmoq endi tug‘iladi».

Kir-chir ust-boshlarga burkanib olgan irkit sipohilarning ahvolini ko‘rib, bular o‘rdani tashlab qochgan askarlar bo‘lsa kerak, deya o‘zicha taxmin qilib qo‘ygandi u.

– Bundan balandroq do‘qlarni ham eshitganmiz, – sipohilarning ko‘ziga tik boqdi Alamazon. – O‘zlaring kim bo‘lasizlar?

Tirtiq baroq qoshlarini naq to‘rt enli yuqori ko‘tarib, mushukning dumidek keladigan uzun mo‘ylovini silaganicha Alamazonga o‘qrayib qaradi. Shilpiqning qizg‘ish ko‘zlari Tirtiq bilan bolalar o‘rtasida tinimsiz g‘ildirar, chamasi u sherigining hukmini kutayotgandi.

Chaqchaygan ko‘zlar xiyol qisilib, baroq qoshlar tomdan po‘stak tashlangandek yana o‘rniga qaytib tushgach, Tirtiq «xeh» deb kulib qo‘ydi. Bu yerga kelgandan beri rasmiyatchilikka ko‘nikolmay betoqat jilpanglab turgan Shilpiqqa ko‘ngil yozib olish uchun nihoyat bahona topildi.

– Xix-xix xiy-y-y, – Alamazonga barmog‘ini bigiz qilib qiyqirdi u. – Bu junbosh bizning kimligimizni so‘rayapti. Endi sen savolga javob berishing kerak. Vaa-a…

U qorin quchib kularkan, baqato‘n bosgan hovuzni eslatuvchi ko‘zlaridan itbaliqdek lipanglab yosh toma boshladi.

Alamazon esa qo‘qqis berilgan ikkinchi zarba bilan ularning xashagini ochib tashlashga urindi.

– Ikkalangiz ham qochoqsiz!

Shilpiqning kulgisi tomog‘ida tiqilib qoldi. Tirtiq bu safar pinagini ham buzib qo‘ymadi. U, «hiyla ovsar borsan-ov», degandek Alamazonga diqqat bilan picha tikilib turdi.

– Yaxshiyamki, qornim to‘q, – burnini jiyirib, masxaraomuz gap boshladi u. – Yo‘qsa, sen zumrashani sixga tortardim-da, bir o‘tirishda xomtalash yeb tashlardim. Vox-xox-xo…

– Qornim och bo‘lganda, men ham bitta-yarimtangni yeb qo‘yardim, – to‘tiqushlikni davom ettirdi Shilpiq. So‘ng o‘zini vahshiy ko‘rsatishga tirishib, asirlarga tish g‘ijirlatdi. Rangi o‘chib ketgan Eshmatning ko‘ziga boqib ko‘ngli sal taskin topgan bo‘lsa, Alamazonning hamon gerdayib turganini ko‘rib xo‘rligi keldi.

– Senga gap ta’sir qiladimi, surbet? – qo‘rqmaguningcha qo‘ymayman degandek jirrakilik bilan Alamazonga yaqinlashdi u. – Hazillashyapti deb o‘ylayapsan-da, a?

Shartta yeb qo‘ysam, attang qilib yurmagin tag‘in.

– E-e, – beparvo qo‘l siltadi Alamazon, – baribir yeyolmaysiz.

Shilpiq nayzasini jahl bilan yerga do‘qillatib, surnayday shang‘illadi:

– Nega yeyolmas ekanman, junbosh?

– Odam odamni yemaydi-da.

Chindan ham odamni yeyolmasligi Shilpiqqa judayam alam qildi shekilli, asabiy tipirchilab, ayyuhannos soldi:

– Men… odammasman! Men… yeyman odamni! Men… men…

– Yum og‘zingni, xo‘p-pa! – kalvakliging bilan mening obro‘yimni ham ikki pul qilding degandek, sherigini jerkib tashladi Tirtiq. Va o‘sha jahl bilan Alamazonga yuzlanib, jiddiy qiyofada so‘radi:

– Qayoqdan kelyapsanlar, yaramaslar?

Tirtiqning sovuq ko‘zlarida haqiqiy yovuzlik belgisi yaqqol aks etib turardi. Allaqachon tizzasi qaltiray boshlagan Eshmat, «jon oshnajon, shular bilan o‘chakishmagin», degandek Alamazonni asta turtib qo‘ydi.

«Robinzonning Jumavoyini tiriklayin yemoqchi bo‘lganlar ham odamlar edi, – o‘yladi Alamazon. – Harholda sal-pal ehtiyot bo‘lish kerak».

U birdan muloyimlashib, Tirtiqqa samimiy jilmayib qaradi.

– Mana, siz bilan yayrab gaplashsa bo‘ladi, – «poxol solish»ni boshlab yubordi u, – chunki anavi chiyilloqqa o‘xshagan pandavoqi emassiz.

Shilpiq alamdan uvlaganicha ko‘k belbog‘iga qistirig‘liq turgan xanjarga qo‘l cho‘zdi-yu, sherigining «Kisht!» deganini eshitib, darrov shashtidan qaytdi. Tirtiq o‘z shaxsiga qaratilgan maqtovning davomini eshitish maqsadida Alamazonga umidvorlik bilan ko‘z qadadi.

– Zo‘r odamligingizni shundanam bilsa bo‘ladiki…

«Maugli»dagi laganbardor chiyabo‘ri Taboqiga taqlid qila boshlagan Alamazon Tirtiqni zo‘r berib shishirishga tushdi. Tirtiq boshidan do‘ldek yog‘ilayotgan poyma-poy maqtovlarni hech bir o‘ng‘aysizlanmasdan qabul qilar, Shilpiqning esa hasaddan ko‘zlari suzilib borayotgandi. U «ko‘rmayin ham, kuymayin ham» degandek, maqtovxo‘r sherigidan uzoqlashib, tevarakda bir zum ivirsib yurgach, Eshmatni sekingina yoniga imladi. Eshmat oyog‘i qaltiraganicha unga yaqinlashdi.

– Mendan qo‘rqasanmi, yo‘qmi? – ko‘zlarini soqqadek o‘ynatib, past tovushda o‘dag‘ayladi Shilpiq.

Eshmat yelkasi yonidan Alamazon tarafga mo‘raladi. U avvallari ham, ya’ni matematika o‘qituvchisi qaltisroq savol bergan paytda, Alamazonga ana shunday umidvorlik bilan qarab qo‘yardi. Hamrohining Tirtiqqa «poxol solish» bilan ovora ekanligini ko‘rgan Eshmat bo‘ynini qisganicha asta ming‘irladi:

– Qo‘rqaman.

Undan ham qo‘rqadigan odam borligidan sevinib ketgan Shilpiq shosha-pisha yana bir pog‘ona yuqori ko‘tarildi.

– Seni yeb qo‘ysammikin?

– Meni yemang, jon tog‘ajon!

– Mayli, yemayman, – darrov muruvvat qila qoldi Shilpiq.

– Rahmat, tog‘ajon. Judayam yaxshi odamga o‘xshayapsiz.

Alamazonning Tirtiqqa tinmay uzatib turgan «masallig‘i»ga nisbatan ancha ta’msiz bo‘lsa-da, bu ham harholda maqtov edi. Shilpiqning chehrasi yorishdi.

Yaxshi gap bilan itning og‘zidan suyakni olish mumkinligiga ishonch hosil qila boshlagan Alamazon bu vaqtda Tirtiqni haddan ziyod yalpaytirib tashlagandi.

– Yomon bolaga o‘xshamaysan, – mamnun lab yalab qo‘ydi maqtovlardan qorni to‘ygan Tirtiq. – Lekin xafa bo‘lma-yu, baribir sizlarni xufiya ishlar boshlig‘i Fisqiddin Makru Marazning ixtiyoriga topshirishimiz kerak. Vazifamiz shunaqa, xix, tfu!

– Nega endi?

– Chunki ikkalang Ajdaroboddan yuborilgan josus-sanlar. Aytmasanglar ham aqlim yetib turibdi.

«Ajdarobod yana qayer bo‘ldi? – o‘yladi Alamazon, – «O‘rta asrlar tarixi»da bunaqa joy yo‘q edi shekilli».

– Yana uch kundan keyin o‘rnimizga boshqa soqchilar kelishadi, – davom etdi Tirtiq. Keyin g‘orning quyirog‘idan boshlangan chakalakzor o‘rtasida elas-elas ko‘zga tashlanib turgan kulba tomonga qo‘l cho‘zib dedi:

– Ungacha ho‘ o‘sha hujrada, Humo Xartum bilan yashab turasanlar.

– Kim u… Humo Xartum?

– Jinniroq bir chol, – xiyol tirjayib qo‘ydi Tirtiq. – Bir paytlar hamma unga egilib salom berardi. Keyin, omadi ketdi-yu, hamma uni masxara qiladigan bo‘l-di. Xix, tfu! Senlarni unga qo‘shmaslik kerak edi-yu, boshqa iloj yo‘q. U jinnining aljirashlariga quloq solmanglar.

Tirtiq sherigini poyloqchilikda qoldirib, tutqunlarni so‘qmoqdan pastga boshladi.

– Qani, ketdik, xo‘p-pa!

– Xo‘p-pa! – quvlik bilan uning gapini takrorladi Alamazon va Eshmatga qarab qichqirdi:

– Shimni balandroq ko‘tar, to‘lpoq piyodam. Muqaddas yurish davom etadi. Oldinda – Humo Xartum!

HUMO XARTUM

Humo Xartum deganlari mirzaterakdek novcha va ingichka bir chol ekan. Uning noksimon kallasi bo‘yin ustida emas, yelkalari orasida qistirig‘lik turganga o‘xshardi. Sipohi bolalarni ergashtirib hujraga kirib borganda u qandaydir juldur kitobni shosha-pisha taxmon ustiga qo‘yayotgan edi.

– Qalaysan, chol? – do‘rilladi Tirtiq. – Ajdarobodlik josuslarni ushladik. Kulbangda kun ko‘rib turishar. Keyin bularni Tandirga olib ketamiz.

«Tandir» so‘zini eshitib kapalagi uchgan Eshmat ko‘zi javdirab Alamazonga qaradi, uning beparvo turganini ko‘rib, g‘ashi keldi.

Chol josuslarga razm solmoqchi bo‘ldi-yu, lekin ochiq eshikdan tushib turgan nurdan ko‘zi qamashib, ularning aft-angorini tuslab ololmadi.

– Senga aytib qo‘yay, bularing juftakni rostlab qoladigan bo‘lishsa, ketidan quvib yuradigan ahvolim yo‘q, – javobgarlikni bo‘ynidan soqit qildi Humo Xartum.

– Qayoqqa qochishardi, – «xix» deb qo‘yib, qayerga tupurishini bilmay turgach, bir yutinib, so‘zda davom etdi Tirtiq. – Issiqg‘orning og‘zida biz turibmiz. Ajdarobodga boradigan bitta-yu bitta yo‘l – Qoratuynuk. U yerni poshsholikning kamonchilari qo‘riqlashyapti.

Chol qovog‘ini uyib, boshini quyi soldi. Chamasi, josuslarni saqlab berishdan ko‘ra zarurroq ishlari ko‘p edi.

Tirtiq bolalarni tashqariga chiqarib yuborib, cholga tugmachiroqni uzatdi.

– Josuslardan o‘lja oldik. Sandiqqa sop qo‘y.

Sipohi chiqib ketgach, chol tugmachiroqni qiziqib ko‘zdan kechira boshladi. Uni avval qulog‘iga yaqin tutib silkib ko‘rdi, so‘ng shishasini avaylab chertdi, oxiri botinib-botinmay tugmachani bosdi. Hujra devorida chaqmoq chaqnagandek bo‘ldi-yu, chol chiroqni qo‘lidan tashlab yubordi. Picha o‘ylanib turgach, miyasida qo‘qqis paydo bo‘lgan fikrdan qattiq hayajonga tushib, halloslaganicha tashqariga chiqdi. U bolalarni sinchkovlik bilan boshdan oyoq ko‘zdan kechirdi, kela solib Eshmatning ko‘ylak va shimini siypaladi, uning oyog‘idagi botinkaga butun diqqatini berib tikildi.

– Qayoqdan keldilaring? – Eshmatga murojaat qilayotgan onda uning xira tortgan ko‘zlari bir lahza yorqin chaqnab ketgandek bo‘ldi.

– Biz… biz… – g‘o‘ldiradi Eshmat. – Shunday…

– Sizga aytishdi-ku, – Eshmatning joniga oro kirib, gapga aralashdi Alamazon. – Ajdarobodlik josuslarmiz.

– Yolg‘on! – Alamazonga o‘girilib qichqirdi chol.

Alamazon Tirtiq bilan suhbatlashib o‘tirgan paytdayoq o‘rta asr timsolidagi qandaydir boshqa bir olamga kelib qolishganini anglab yetgan, masala ravshanroq bo‘lgunga qadar o‘zimiz haqda hech narsa gapirmay turish kerak degan qarorga kelib, buni yo‘l-yo‘lakay Eshmatga ham shipshitib qo‘ygandi.

– Bo‘lmasa, qayerdanmiz? – nahotki bu telba biron narsani payqayotgan bo‘lsa, degandek xavotirlanib so‘radi Alamazon.

– Yolg‘on gapiryapsan! – uzun va qaltiroq barmog‘ini Alamazonga bigiz qildi chol. – Sizlar yorug‘ dunyoning odamlarisiz!

– Qiziq-ku, – jilla pinak buzmay, zarbani daf qildi Alamazon. – Yorug‘ dunyo deganingiz nimasi?

Eshmat ham qatordan qolmaslik uchun «iye-iye» deb qo‘ydi, so‘ng ko‘zini choldan olib qochib, ustmaust burun tortdi.

– Sallamno-o-o! – yoqa ushlab Alamazonga termildi chol. – Shu yoshingda-ya? Boshing omon bo‘lsa, sendan yo nomdor arbob, yo bedavo kazzob chiqadi. Toshasabliging, surbetliging shundan dalolat berib turibdi.

Alamazonning allaqachon to‘qsonni urib qo‘ygan buvisi, «bu mahmadana qirq yoshli odamning gapini gapiradi-ya», deb kuyunishida jon bor edi. Keksaqari bu bolakay «taqiqlangan» kitoblardan birmunchasini o‘qib chiqishga ulgurgani, xatti-harakati va nutqida o‘sha kitoblardagi qahramonlarga taqlid qilishni yoqtirgani uchun bo‘lsa kerak, ko‘pincha o‘zini vazmin, salobatli tutar, yoshiga xos bo‘lmagan balandparvoz gaplarni toblab-toblab ishlatardi. Lekin o‘yinqaroqlik va xayolparastlik baribir uning bolaligini oshkor qilib qo‘yardi.

Humo Xartum qovog‘ini uyib, sekin orqaga burildi. Tuyadek lo‘killab hujrasiga kirib borarkan, ostonada bir zum to‘xtalib yana ortga o‘girildi-da, alamzadalik bilan dedi:

– Marhum otamni chaqimchi sifatida hamma yomon ko‘rardi. Otam qoldirgan meroslardan faqatgina uning shu xislatini olmaganman. Yashirgilaring kelayotgan bo‘lsa, mening ham hech kimga indamaganim bo‘lsin. Lekin sizlarning yorug‘ dunyo odamlari ekanligingiz Onayulduzning boqiyligi kabi haqiqatdir.

Shunday deya, u ichkariga kirdi va qorong‘i hujra ichra bir lahza ko‘zga chalinib turgach, tosh devor qa’riga sharpa misol singib ketgandek tuyuldi.

– Voy jinni-yey, yorug‘ dunyodan kelgansizlar deydi-ya, – ming‘irladi Eshmat. – Nima, hozir u dunyoda yuribmizmi?

– Biz tomonlarni bular «Yorug‘ dunyo» deb atashsa kerak, – dedi cholning ketidan parishon tikilib qolgan Alamazon. – Ammo bu chol jinni emas.

– Gapirasan-da, – qo‘l siltadi Eshmat. – Ko‘rmadingmi, sal bo‘lmasa botinkamni yechvolardi.

– To‘nka! – Eshmatning anqovligidan achchiqlandi Alamazon. – Gamletni ham esi ko‘pligi uchun jinni deyishgan. Choldan kechirim so‘rash kerak, bildingmi?

U sherigining javobini kutib o‘tirmay, hujraga qarab yurdi. Eshmat shumshayganicha unga ergashdi.

– Bizni kechiring, Humo Xartum, – dedi Alamazon, ostonadan hatlayotgan Eshmatni ham qatorga qo‘shib. – Biz…

– Meni ismim Humo Xartum Ali Abdurahmon, – uning gapini bo‘ldi chol. – Sen meni «hazrat Humo» deb chaqir. Chunki men shu mamlakatdagi jamiki o‘rmalagan zot-u, ularning podshohidan ham ming karra aqlliman.

Eshmat, «aytmovdimmi», degandek Alamazonga ma’nodor qarab qo‘ydi.

– Biz yorug‘ dunyoning farzandlarimiz, – faxr bilan ma’lum qildi Alamazon. – Siz to‘g‘ri topdingiz, hazrat Humo.

Chol yarq etib bolalarga qaradi. Chamasi qaysarpadarlarning bunchalar tez insofga kelishini kutmagandi. Hayajondan ko‘zlariga yosh to‘lgan hazrat Humo tutqunlarni qayta-qayta quchoqlab, galma-gal o‘pa ketdi. U yorug‘ dunyo, quyosh, oy, ko‘m-ko‘k osmon va chiroyli bulutlar haqida pala-partish savollar berar, goh mehr to‘la ko‘zlarini bolalarga qadaganicha birpas jimib qolar, ora-sira, «ishqilib, men miyasi suyilgan qariyani aldamayapsizlarmi», deya so‘rab qo‘yardi.

– Shu g‘ordan bir kunmas bir kun yorug‘ dunyo odamlari kelishini bilardim, – chol ko‘z ostidagi ajinlarga to‘planib qolgan tiniq yoshni artib, mungli jilmaydi. – Shu bois, quvg‘indi bo‘lganimdayoq to‘g‘ri shu yerga – Issiqg‘orga yaqinroq joyga ko‘chib keldim. Lekin yorug‘ dunyo odamlarini ko‘rish menga nasib qilmay qolishidan qo‘rqardim. Axir necha zamonlardan beri bu g‘ordan biz tomonga hech kim o‘tib kelmagan.

– Mana, biz keldik, – boshqalar eplay olmagan ishni biz uddaladik degan ohangda gap qotdi Alamazon.

– Dohiy eshakka sallamno, – deb qo‘ydi chol tovushi qaltirab va shu zahotiyoq qo‘l siltadi. – Til qurg‘ur o‘rganib qolgan-da. Men ham boshqalardek ahmoq bo‘lib, bir umr shu zoti past maxluqqa sig‘inib kelibman-a.

– Qanaqa maxluqqa? – Alamazon cholning og‘ziga tikildi.

– Eshakka-da.

Hazrat Humoning es-hushi joyidaligiga hanuz shubhada bo‘lgan Eshmat, uning bu gapidan keyin «endi ishongandirsan» degandek Alamazonga zimdan qarab qo‘ydi.

– Eshakka deysizmi? – Eshmatning ishorasiga parvo qilmay, taajjublanib so‘radi Alamazon.

– Bizning Yulduzistonda hamma eshakka sig‘inadi, – afsus-nadomat bilan bosh tebratdi chol. – Bobokalonlarimiz dastlab bu yerga kirib kelishgan paytda o‘z dini, o‘z Xudosini chala-chulpa taniydigan yoshda bo‘lishgan…

Chol gapini tugatmay, o‘rnidan qo‘zg‘aldi.

– Ha, mayli, bu to‘g‘rida keyinroq gapirib berarman. Avval sizlarni mehmon qilishim kerak. Ataylab yorug‘ dunyodan kelib, Humo Xartum Ali Abdurahmonning ziyofatida bo‘lmaslik – uyat.

Mehmonlar ham bu marosimni orziqib kutishayotgandi. Dasturxonga non, yaxna go‘sht, turshak va meva qoqi tortilib, uchta bo‘sh kosa bilan jigarrang suyuqlik to‘ldirilgan ko‘za keltirib qo‘yildi. Hazrat Humo choy deb uzatgan sovuq ichimlik limonli qandchoyni eslatardi.

Ziyofat davomida mehmonlar churq etmay o‘z vazifalarini sidqidillik bilan va kutilganidan birmuncha tez uddalashdi. Ularni uzluksiz ravishda choy bilan ta’minlab turgan mezbon bolalarning ism-shariflarini so‘rab olishga zo‘rg‘a botindi. Birozdan so‘ng dasturxonda ushoq, suyak va danaklargina qoldi. Yorug‘ dunyoliklar mevaqoqilarni hech bir chiqindisiz tanovul qilishdi.

– Hazrat Humo, ishqilib, bor-budingizni talamon tandir qilmadikmi? – qorni to‘ygandan keyingina cholning iqtisodiy ahvoli bilan qiziqdi Alamazon.

– Juldur choponda bo‘lsam ham, sizlarga o‘xshagan mehmondan yana o‘ntasini boqishim mumkin, – kosadagi choyni ho‘playotib kulib qo‘ydi chol. – Hozir sizlarni o‘zimning xo‘jaligim bilan tanishtiraman. Keyin Yulduziston to‘g‘risida gaplashsak ham bo‘ladi.

Bolalar cholga ergashib tashqariga chiqishdi. Ular chakalakzor oralab borisharkan, hazrat Humo shakarqamishga o‘xshagan o‘simlikni ko‘rsatib, uning choy ekanligini aytdi. Bu o‘simlikning bir parchasi sovuq suvga tashlab qo‘yilsa, butunlay erib, tap-tayyor choy hosil bo‘larkan.

Picha yurishgach, chakalakzor tugab, bug‘doyzor boshlandi. Qizig‘i shundaki, bu mamlakatda ekin sug‘orish, don sochish degan gaplar yo‘q ekan. Bug‘doylar o‘zi unib chiqib, o‘zi pishib yotaverarkan.

Orqaga qaytib kelishgandan keyin chol hujra yonidagi qo‘ltegirmonda bug‘doy tortib ko‘rsatdi. Qo‘ltegirmondan picha narida qaynoqbuloq bo‘lib, yulduzistonliklar go‘shtni to‘g‘ridan to‘g‘ri shu buloqda pishirishar, xamirni ham suvida qorisharkan.

Buloqning suvi salgina sho‘r bo‘lgani uchun masallig‘ning tuzini o‘zi rostlab qo‘ya qolarkan.

– Mamlakatda yuzlab mana shunaqa buloqlar bor, – izoh berdi chol. – Buloq qayerda ko‘p bo‘lsa, o‘sha joyda odamlar zich yashashadi.

Buloqning yonginasiga qo‘yilgan ko‘ktoshning ajoyib xususiyati bo‘lib, u kechqurunlari ilimiliq turar, kunduzi esa haddan ziyod qizib ketar, yulduzistonliklar nonni shu toshga yopar ekanlar. Bunday toshlarni o‘sha Issiqg‘orning tepa qismidan ko‘chirib kelisharkan.

«Bu toshga go‘sht yopib yesang, rosayam mazza bo‘ladi-da», deb o‘ylab qo‘ydi Eshmat, so‘ng o‘sha masallig‘ning manbaini surishtirdi.

– Go‘shtni qattan olasiz, hazrat Humo?

– Chorvam yo‘q, – javob qildi chol. – Lekin bu yerda parrandalar ko‘p. Ularga tuzoq qo‘yaman.

Chol qo‘li bilan soy tarafni ko‘rsatib, qo‘shib qo‘ydi:

– Bu tomonlar mevazor. Bekorchilikda bir aylanib kelarsizlar.

– Bu yerda hech kim och qolmas ekan, – atrofga havas bilan qarab qo‘ydi Alamazon. – Faqat, qishga ko‘proq don g‘amlab olishingiz kerak, hazrat Humo. Xohlasangiz, biz yordam bervoramiz.

– Qish? Nima u? – so‘radi chol.

«Nahotki, bu yerda qish ham bo‘lmasa?» – deya taajjublanib o‘yladi Alamazon va dars berayotgan muallimdek o‘zini erkin tutib, zavq-shavq bilan tushuntira boshladi:

– Qish, bu – qahraton. Havo sovib ketadi, yer muzlaydi, ekin-u maysalar quriydi, daraxtlar yoppasiga barg tashlaydi. Odamlar besh qavatdan kiyim kiyib olishsayam, tishlarini takillatib dildirayverishadi, dildirayverishadi.

– Bizda sovuq va issiq suv bor, ammo sovuq havo yo‘q, – o‘z mamlakati nomidan gapira boshladi chol ham, – Yulduzistonda hech bir ekin yoppa qurib ketmaydi, hech bir daraxt butkul yalang‘ochlanib qolmaydi. Bug‘doyzorda bitta poya qurisa, yonidan boshqasi unib chiqadi, daraxtdan qovjirab uzilgan barg o‘rnini endigina nish urib kelayotgan yangi kurtak egallaydi.

Внимание! Это не конец книги.

Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации