Электронная библиотека » Астрид Линдгрен » » онлайн чтение - страница 2

Текст книги "Mio, bolajonim Mio"


  • Текст добавлен: 9 апреля 2024, 21:00


Автор книги: Астрид Линдгрен


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 2 (всего у книги 6 страниц) [доступный отрывок для чтения: 2 страниц]

Шрифт:
- 100% +

Miramis

Qiziq, Benka mening oltin yolli, oltin tuyoqli oq tulporim – Miramisni ko‘rganda, nima degan bo‘lardi?

Benka ikkimiz otlarni nihoyatda yaxshi ko‘ramiz. Uplandsgatan ko‘chasida yashaganimda nafaqat Benka va Lundin xola bilan do‘st edim, yana bir do‘stim haqida gapirish sal qolsa yodimdan ko‘tarilibdi. Uni Kalle-Olifta derdilar. U pivopazlik zavodining aravaga qo‘shiladigan qari oti edi.

Haftasiga bir necha marta Uplandsgatandagi do‘konga pivo keltirishardi. Maktabga borayotganimda har safar Kalle-Olifta bilan hech bo‘lmasa bir necha daqiqa suhbatlashish uchun to‘xtardim. U judayam yuvosh va mehribon ot bo‘lib, har safar qand va non bo‘lagi bilan qadrdonimni mehmon qilardim. Benka ham xuddi shunday qilardi, axir u Kalleni mendan kam yaxshi ko‘rmasdi. U Kalle – mening otim, derdi, men esa aksini aytardim; ba’zida Kalle tufayli bir-birimizdan arazlardik. Ammo Benka eshitmaydigan tovushda Kallening qulog‘iga shivirlardim: «Sen baribir mening otimsan». So‘zlarimni tushungandek Kalle-Olifta men tomonga qiyshayib qarardi. Benkaga ot nega kerak? Axir uning ota-onasi va ko‘ngliga yoqadigan yana ko‘p narsalari bor. Biroq, to‘g‘risi shuki, Kalle-Olifta bizga emas, pivo zavodiga tegishli edi. Biz esa otga o‘zimizniki kabi muomala qilardik. Rosti, vaqt o‘tgan sari bunga o‘zim ham ishona boshlagandim.

Bir marta Kalle bilan gaplashib hatto maktabga ham kechikkanman, o‘qituvchi sababini so‘raganda esa nima deb javob berishni bilmaganman. O‘qituvchiga shunchaki qari ot bilan gaplashib, qolib ketdim, deyolmasdim, axir.

Bir kuni erta tongda pivo ortilgan arava ko‘chada hadeganda paydo bo‘lavermagach, Kalle-Olifta bilan ko‘rishmasdan maktabga ketishimga to‘g‘ri keldi. Izvoshchining sustkashligidan juda jahlim chiqqandi. Partada o‘tirgancha, cho‘ntagimdagi non va qand bo‘laklarini aylantirarkanman, Kalleni juda sog‘inganimni, u bilan ko‘rishish uchun yana bir necha kun kutishimni o‘ylab, xafa bo‘ldim. Shunda o‘qituvchim so‘rab qoldi:

– Nima bo‘ldi, Busse? Xafa ko‘rinasan, tinchlikmi?

Jim edim, nima deb javob berardim? O‘qituvchi ayol Kalleni qanchalik yaxshi ko‘rishimni tushunarmidi?

Endi, Kalle butunlay Benkaga tegishli. To‘g‘risi ham shu-da! Kalle-Olifta meni sog‘inganda Benkani ovuta qolsin.

Menda esa oltin yolli Miramis bor. U hech kutilmaganda mening tulporimga aylandi.

Bir kuni kechasi otam bilan suhbatlashib, planerlar yasar ekanmiz (xuddi Benka va uning otasidek), u kishiga Kalle haqida gapirib berdim.

– Bolajonim Mio! Otlarni yaxshi ko‘rasanmi?

– Ha, – otam menga nimadir yetishmayapti, deb o‘ylamasligi uchun iloji boricha beparvo javob berishga harakat qildim.

Ertasi kuni esa ota-bola bog‘da aylanib yurar ekanmiz, atirgul butalari oralab oppoq tulpor men tomonga chopib kelayotganiga ko‘zim tushdi. Bunaqa chiroyli yo‘rg‘ani hech qachon ko‘rmagandim. Oltin yollari shamolda o‘ynar, tilla tuyoqlari esa quyoshda tovlanardi. Tulpor yonimda to‘xtadi va quvnoq kishnadi. Ilgari bunday shiddatli kishnashni eshitish menga nasib etmagandi. Sal hadiksirab otamning pinjiga kirib oldim. Ammo otam tulporning yolidan mahkam tutgach, u tek turdi. So‘ngra muloyim burni bilan qand topish umidida cho‘ntagimni iskadi. Kalle-Olifta ham xuddi shunday qilardi. Baxtiga cho‘ntagimda anchadan beri qand bo‘lagini olib yurardim. Albatta, eski odatim bo‘yicha uni cho‘ntagimga solganman. Tulpor uni topdi va kumur-kumur ovoz chiqarib yedi.

– Bolajonim Mio! Bu sening tulporing. Laqabi Miramis.

Mening Miramisim! Bir ko‘rishdayoq senga mehrim tushdi. Butun dunyoni aylanib chiqsam ham sendek go‘zal arg‘umoqni topolmasligim aniq. Va Miramis horg‘in qariya Kallega mutlaqo o‘xshamasdi. Toki Miramis chiroyli boshini ko‘tarib, menga qaramaguncha hech bir o‘xshashlik sezilmagandi. O‘shanda tulporimning ko‘zlari ikki tomchi suvdek Kallening ko‘zlariga o‘xshashiga guvoh bo‘ldim. Sadoqatli ko‘zlar, barcha tulporlarda bo‘lganidek.

Umrimda otda yurmagandim. Otam esa meni ko‘tarib, Miramisga mindirdi.

– Bilmadim, eplay olarmikinman?!

– Bolajonim Mio! Axir ko‘ksingda bahodirning yuragi urib turibdi.

Bog‘da yurarkanman, jilovni zo‘rg‘a ushlab turar, teraklarning shox-shabbalari, kumush barglari sochimga ilashib qolardi.

Miramis borgan sari tezroq chopar, eng baland atirgul butalari orasidan o‘tardi. Faqat bir safar buta devorga sal tegib o‘tdi va atirgul yaproqlari boshimiz uzra sochilib ketdi.

Shu payt bog‘da Yum-Yum paydo bo‘ldi. Meni ko‘rib, qarsak chalib, qichqirib yubordi:

– Mio Miramisni boshqaryapti! Mio Miramisni boshqaryapti!

Men Yum-Yumdan otda sayr qilishni istaysanmi, deya so‘radim. Albatta, istaydi-da! Darrov otga sakrab, orqamga o‘tirib oldi. Va biz atirgul bog‘idan so‘ng yoyilgan yashil maysazor uzra ot choptirdik. Hayotimda bundan ortiq lazzatni his etmagandim.

Otamning saltanati bepoyon bo‘lib, Uzoq Mamlakat esa uning tasarrufidagi eng kattasi hisoblanardi. U ham shimol-u janub, ham g‘arb-u sharqqa qadar cho‘zilgandi. Qirol qasri joylashgan orol esa Yashil Dalalar Oroli, deb nomlanarkan.

– Fordning44
  Ford – qirg‘oqlari qoyali, tor va chuqur dengiz ko‘rfazi.


[Закрыть]
narigi tomonida, tog‘lar ortida Dengiz Orti O‘lkasi va Tog‘lar Orti Yurti joylashgan. Ularga ham otang hukmronlik qiladi! – qichqirdi Yum-Yum yashil dalalardan yelib borarkanmiz.

Tevarak juda go‘zal edi. Yumshoq barra o‘t, rang-barang gullar, zumrad adirlar bag‘rida oppoq momiq qo‘zichoqlar shodon o‘tlashardi. Cho‘pon bola fleytada55
  Fleyta – puflab chalinadigan cholg‘u asbobi.


[Закрыть]
mo‘jizaviy kuyni ijro etar, u kuyni qachondir, qayerdadir eshitgandek edim-u, ammo sira yodimga kelmasdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham o‘sha kuyni Uplandsgatan ko‘chasida eshitmaganim aniq edi.

Otni to‘xtatdim va cho‘pon bola bilan suhbatlashdik. Yigitchaning ismi Nonno ekan. Undan chalish uchun fleytasini berib turishini so‘radim. Bolakay nafaqat fleytasini berdi, balki o‘zi chalgan kuyni menga o‘rgata boshladi.

– Istaysizmi, sizlarga ham xuddi shunday fleyta yasab beraman, – so‘radi Nonno. Albatta, istaymiz-da, bu haqda gap bo‘lishi mumkin emasdi. Yonginamizda jilg‘a oqar, qaddi egik majnuntol boshimiz uzra shoxlarini yoydi. Biz qirg‘oq bo‘yiga o‘tirib, oyoqlarimizni suvga tiqib oldik. Nonno esa men va Yum-Yum uchun fleyta yasardi. Nonnoning aytishicha, u chalgan kuy dunyodagi eng qadimiy navo emish. Cho‘ponlar bu kuyni yaylovlarda ming-ming yillardan buyon chalib kelisharmish.

Fleytalar va qadimiy kuyni o‘rgatgani uchun Nonnoga minnatdorchilik bildirdik. Otga minib, sayohatimizni davom ettirdik. Olis-olislardan Nonno chalayotgan ko‘hna cho‘ponlar kuyining ovozi qulog‘imizga eshitilib turardi.

– Bu fleytalarni ko‘z qorachig‘imizdek asraymiz, – dedim Yum-Yumga. – Oramizdan kimningdir boshiga kulfat tushsa, cho‘ponlar kuyini chaladi.

Yum-Yum otdan yiqilmaslik uchun belimdan mahkam ushladi va dedi:

– Albatta, biz bu fleytalarni ehtiyot qilamiz. Agar fleytamning kuyini eshitib qolsang, bilginki, men seni chaqirayotgan bo‘laman.

– Yaxshi, – javob berdim Yum-Yumga. – Bordi-yu, tanish ohangni eshitib qolsang, bilginki, seni chorlayotgan bo‘laman.

– Xo‘p, – dedi Yum-Yum.

Shunda endi u mening eng yaqin do‘stim, degan o‘y o‘tdi. Otamni hisobga olmaganda, albatta. Uni dunyoda hammadan ham ko‘proq yaxshi ko‘raman.

Yum-Yum esa tengqurim. Modomiki, Benka bilan endi hech qachon ko‘risholmas ekanmiz, Yum-Yum eng yaxshi o‘rtog‘im bo‘lib qoladi-da.

Qanday soz! Mening otam, Miramisdek tulporim va Yum-Yumdek do‘stim bor. Baxtdan boshim aylanib ketdi. Adirlardan, dalalardan go‘yo shamol yanglig‘ uchib o‘tardim.

– Dengiz Orti O‘lkasi va Tog‘lar Orti Yurtiga qanday borsa bo‘ladi? – so‘radim Yum-Yumdan.

– Tong Yog‘dusi ko‘prigi orqali, – javob berdi u.

– Qayerda o‘sha ko‘prik? – qiziqdim men.

– Hozir ko‘rasan, – dedi Yum-Yum. Va haqiqatan ham tez orada biz ko‘prikni ko‘rdik. U shu qadar hashamatli va uzun ediki, narigi tomonini ko‘z ilg‘amasdi. Butun ko‘prik quyosh nurlarida tovlanar, xuddi oftobning zarrin nurlaridan to‘qilgandek edi.

– Bu dunyodagi eng katta ko‘prik, – dedi Yum-Yum. – U Yashil Dalalar Oroli va Dengiz Orti O‘lkasini bir-biriga bog‘laydi. Lekin kechalari qirol ko‘prik tomonlarini ayirib qo‘yadi. Yashil Dalalar Orolidagilar tinch orom olishi uchun.

– Bu nimaga kerak? – so‘radim men. – Tunda kim bizga daxl qilishi mumkin?

– Ritsar Kato!

U bu so‘zlarni zo‘rg‘a talaffuz qildi. Dalani sovuq shamol qopladi, Miramis titradi.

Bu ritsar haqida birinchi eshitishim edi va baland ovozda takrorladim:

– Ritsar Kato!

Shu so‘zlarni aytarkanman, sovuqdan etim junjikib ketdi.

– Yovuz ritsar Kato, – qo‘shib qo‘ydi Yum-Yum.

Miramis tahlikali kishnadi va ikkimiz jim bo‘lib qoldik. Albatta, Tong Yog‘dusi ko‘prigidan o‘tishni juda ham istardik, ammo buning uchun otamdan ruxsat olmagandim. Shu boisdan ortga – bog‘ga qaytdik. Ilk sarguzashtimiz shunday intiho topdi. O‘sha kuni Miramisni uzoq cho‘miltirdik, oltin yollarini taradik, yag‘rinidagi yunglarini to‘zg‘itdik, Yum-Yumning onasi bergan qand va non bilan siyladik.

Yum-Yum bilan bog‘da chayla qurdik. U yerda yig‘ilib, shirin taomlardan tatib ko‘rdik. Hammasidan ham qand upasi sepilgan quymoqlar zo‘r edi. Faqat va faqat xursandchilik qildik. Benkaning onasi ham quymoqlar pishirardi va gohida ularni tatib ko‘rish nasib etardi menga. Lekin, Yum-Yumning onasi tayyorlagan quymoqlarni ular bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Benka tez-tez Vaksxolmdagi dala hovlida chayla yasaganligi haqida aytib berardi. Darvoqe, Yum-Yum ikkimizning chaylamiz haqida ham Benkaga yozsam bo‘larkan. «Uzoq Mamlakatda qanday go‘zal chayla qurganimizni bir ko‘rsang edi», deya yozgan bo‘lardim. Ha, chayla chindan chiroyli chiqqandi. Haqiqiy go‘zallik.

Yulduzlarga musiqa yoqadimi?

Kunlarning birida tag‘in Nonnoning oldiga mehmonga bordik. Avvaliga uni topa olmadik. Ammo keyin tepalik ortidan u chalayotgan fleytaning ovozi keldi. Nonno sevimli kuyini chalar, uning qo‘y-qo‘zilari sokin o‘tlashardi.

Bizni ko‘rib, fleytani lablaridan oldi va tupurdi.

– Mana, qayerda ekansiz.

Nonno bizni ko‘rganidan mamnunligi shundoqqina yuzidan sezilib turardi. Biz ham fleytalarimizni oldik va uch kishi bo‘lib qadrdon bo‘lib qolgan kuyni chala boshladik. Ijro shu qadar zo‘r bo‘ldiki, bunchalik chiroyli kuy chalishni qayerdan o‘rganganimizga aqlim bovar qilmasdi hatto.

– Afsuski, musiqamizni hech kim eshitmadi, – xo‘rsindim men.

– Bizni maysalar tinglashadi, – dedi Nonno. – Gullar, shamol. Daraxtlar ham. Jilg‘a bo‘yidagi qaddi egik majnuntollarning tinib qolishganini ko‘ryapsanmi?

– Nahotki bu rost? – so‘radim men. – Ularga kuyimiz yoqadimi?

– Juda yoqadi, – javob berdi Nonno.

Daraxtlar, maysalar, gullar va shamol uchun yana uzoq vaqt musiqa chaldik. Lekin odamlardan hech kim bizni tinglamayotgani meni xafa qilardi. Shunda Nonno aytib qoldi.

– Xohlasang, biznikiga boramiz va buvijonimga chalib beramiz.

Hamma ertaklarda ham mehribon va oqko‘ngil bobo hamda buvilar bo‘lishadi. Lekin haqiqiy buvijonni umrimda ko‘rmagandim. Oldinda Yum-Yum, Nonno va men, ortimizdan qo‘y-qo‘zilar va Miramis kelishardi.

Fleyta chalgancha tepalik va vodiylardan o‘tardik. Qo‘ylar va qo‘zichoqlarga, aftidan, bu quvnoq sarguzasht xush kelayotgandi: butun yo‘l bo‘yi ular atrofimizda o‘ynoqlab sakrashar, ma’rashardi.

Uzoq yo‘l bosdik. Nihoyat, Nonnoning uyi ko‘rindi. Uy xuddi o‘yinchoqdek chiroyli, mittigina, tomiga poxol yopilgan, yasmin, nastarin gullariga burkangan bir go‘sha edi.

– Tsh-sh… – pichirladi Nonno. – Kelinglar, buvimni qo‘rqitamiz!

Nonno, Yum-Yum va men deraza oldida saflandik.

– Bir, ikki, uch! – buyruq berdi Nonno. Ayni lahzada shu qadar sho‘x kuy chala boshladikki, hatto qo‘y-qo‘zilar ham raqsga tusha ketishdi. Darchadan istarasi issiq nuroniy kampir ko‘rindi. Bu Nonnoning buvisi edi. Qo‘llarini yozib raqs tusharkan, dedi:

– Oh, qanday ajoyib kuy! Kampir ertaklarda bo‘lgani kabi nihoyatda qari edi. Ammo u to‘qima emas, haqiqiy kampir.

Ichkariga kirdik. Kampir bizdan tanovul qilishni istaysizmi, deb so‘radi. Istagandaki! Axir yo‘lda qornimiz juda ochgandi-da. Kampir qora non olib kelib, pichoq bilan qalin bo‘laklarga bo‘ldi. Ko‘rinishi odatiy qora non, lekin mazasini hech narsa bilan taqqoslab bo‘lmaydi.

– Qanday mazali! – dedim Nonnoga. – Bu qanaqa non?

– Oddiy qora non, – javob berdi cho‘pon bola. – Non – rizq-ro‘zimiz. Har kuni shu non bilan qornimizni to‘ydiramiz.

Miramis ham biz bilan ovqatlanishga qarshi emasdi. U darchadan boshini kirgizib, ohista kishnadi. Uning qilig‘iga hammamiz kuldik. Nonnoning buvisi esa Miramisni yengil shapatilab, mazali nondan uzatdi.

Juda ham chanqagandik va bu haqda Nonnoga aytdim.

U bizni zilol suvli buloq qaynab turgan bog‘ga boshlab bordi. Nonno pastga tushib, eski yog‘och idishga suv oldi va Yum-Yum ikkimizga uzatdi. Umrimda bunday shirin suvni ichmagandim.

– Buncha totli! – dedim Nonnoga. – Bu qanday suv?

– Oddiy suv, – javob berdi Nonno. – Har kuni chanqog‘imizni qondiramiz bu suv bilan.

Miramisning ham suv ichgisi keldi. Biz tulpor bilan birgalikda qo‘y-qo‘zilarni ham sug‘ordik.

Nonnoning qo‘ylarni olib, yaylovga qaytadigan vaqt bo‘lgandi. Cho‘pon bola buvisidan odatda qo‘ylar bilan yaylovda tunaganda kiyadigan cho‘ponlar kiyimini so‘radi. Kampir esa unga jigarrang kamzulni keltirib berdi. Nonno qanday omadli! Yolg‘iz o‘zi ochiq osmon ostida, dalada tunashi mumkin. Bunday baxt menga umuman nasib etmagandi. Benka va ota-onasi chinakam sayyohlardek shahar tashqarisini velosipedlarda aylanishardi. O‘rmonning qaysidir chekkasiga borib, chodir tikishlari, uxlash uchun mo‘ljallangan qoplarni to‘shab, tunni o‘sha yerda o‘tkazishlari mumkin edi. Benka dunyoda bundan ortiq rohat yo‘qligini aytgandi. Men esa unga ishonardim.

– Omading bor ekan! – dedim Nonnoga. – Ochiq osmon ostida tunashing mumkin.

– Senga kim xalal beradi? – so‘radi u. – Yur, men bilan!

– Yo‘q! – rad etdim men. – Kechqurun uyga qaytmasam, otamni xavotirga qo‘yaman.

– Men qirolga Nonno bilan yaylovda tunashingiz haqida xabar berishim mumkin, – dedi Nonnoning buvisi.

– Mening otamga ham, – iltimos qildi Yum-Yum.

– Mayli, bog‘bonni ham xabardor qilaman, – rozi bo‘ldi kampir.

Yum-Yum bilan shunday xursand edikki, qo‘zichoqlar kabi o‘ynoqlab, sakrardik.

Kampir bizga qarab, bosh chayqadi:

– Shudring tushsa, muzlab qolasiz! – to‘satdan yuzi jiddiy tus oldi. – Menda yana ikkita kamzul bor.

U uy burchagida turgan sandiqni ochdi va qizil hamda moviy rangli kamzulni oldi.

– Aka-ukalarimning kamzullari! – sekin dedi Nonno.

– Ular qayerda? – so‘radim men.

– Ritsar Kato! – pichirladi Nonno. – Yovuz ritsar Kato ularni asirga olgan.

Ushbu so‘zlardan so‘ng tashqarida turgan Miramis shunday ayanchli kishnadiki, go‘yo kimdir urgandek. Qo‘zichoqlar onalarining pinjiga tiqilishdi. Qo‘y va qo‘chqorlar xuddi so‘nggi daqiqalarini yashayotgandek tahlikali ma’radilar. Kampir menga qizil, Yum-Yumga moviy kamzulni uzatdi. Nonnoga yana bir qora non, chanqog‘imizni qondirishimiz uchun ko‘zada buloq suvidan berdi va biz yana qir-adirlar bo‘ylab yo‘lga otlandik. Do‘stim Nonnoning aka-ukalari boshiga tushgan ko‘rgilik meni xafa qildi. Nonno aytgan gaplar qanchalik qayg‘uli bo‘lmasin, baribir birinchi marta ochiq osmon ostida tunashim mumkinligidan xursand edim.

Biz majnuntol aksi jilg‘a suvida akslanib turgan tepalik etagida to‘xtadik. Katta gulxan yoqdik, qora nondan yedik, buloq suvidan miriqib ichdik.

Tezda tuman tushdi. Zulmat quyuqlashdi. Ammo gulxan atrofi issiq va yorug‘ edi.

Kamzullarni yoyib, bir-birimizning pinjimizga kirib yotib oldik. Atrofimizni qo‘y-qo‘zilar o‘rab olgan, nariroqda Miramis o‘t chimdirdi. Shamolda shitirlayotgan o‘tlarning ovozi eshitilar, gulxan shu’lasi sokin dalani yoritayotganini tomosha qilish huzurli edi. Juda-juda ko‘p gulxanlarning shu’lasi ko‘zga tashlanardi. Axir Yashil Dalalar Orolidagi cho‘ponlar har kuni gulxan yoqishadi. Maysa ustida yotgancha shu’lalarni tomosha qilib, cho‘ponlarning ko‘hna ohangiga quloq tutardik.

Samoda yulduzlar charaqlay boshladi. Ulardan kattaroq va yorqinroq yulduzlarni hech qachon ko‘rmagan edim. Chalqancha yotib oldim. Yulduzlarga termilarkanman, ular haqida o‘ylay boshladim. Qiziq, yulduzlarga ham musiqa yoqarmikan? Bu haqda Nonnodan so‘radim va albatta, ularga ham musiqa yoqadi, degan javob oldim. Shunda gulxan atrofiga o‘tirib oldik va yulduzlar uchun o‘zimizning cho‘ponlar kuyini chala boshladik.

Ertakchi quduq

Dengiz Orti O‘lkasi va Tog‘lar Orti Yurtini ko‘rish hali nasib etmagandi. Bir kuni otam bilan bog‘da aylanarkanman, tulporim bilan Tonggi Yog‘du ko‘prigidan o‘tishga ijozat so‘radim. Qirol-otam qadamlarini sekinlatib, yuzlarimni kaftlari orasiga oldi. Jiddiy va muloyim nigoh bilan ko‘zlarimga boqdi.

– Bolajonim Mio! – dedi otam. – Qirolligimda istagan tomoningga borishing mumkin. Xohla, shimol-u janubga, xohla, g‘arb-u sharqqa bor. Miramisning kuchi yetadigan masofagacha ot choptir. Yashil Dalalar Orolida o‘ynashing, yoki Dengiz Orti O‘lkasi va Tog‘lar Orti Yurtiga borishing mumkin. Faqat bir narsani yodingdan chiqarma: dunyoda Yot O‘lka ham mavjud.

– U yerda kim yashaydi?

– Ritsar Kato, – javob berdi otam. Va uning yuz ifodasi o‘zgardi. – Yovuz ritsar Kato.

Otam uning ismini tilga olishi bilanoq, bog‘da yovuz quyun ko‘tarilgandek bo‘ldi. Oq qushlar inlariga berkindi, Kuyunchak qush esa tahlikali qichqirib, katta, qora qanotlarini bir-biriga urdi. Bir lahzada ko‘plab atirgullar so‘lib qoldi.

– Bolajonim Mio! – dedi otam. – Sen dunyodagi eng qimmatli boyligimsan. Men yuragimning har bir zarbida ritsar Kato haqida o‘ylayman.

O‘sha lahzada bo‘rondan kumush teraklar jaranglab ketdi. Yuzlab yaproqlar yerga quladi. Ular yerga to‘kilgan vaqtda esa kimdir yig‘lagandek bo‘ldi. Shu lahzada ritsar Katodan qo‘rqishimni, nihoyatda qo‘rqishimni his etdim.

– Agar bu sizni tashvishga solsa, iltimos, bu haqda boshqa o‘ylamang, – o‘tinib so‘radim otamdan.

Otam tabassum qilib, meni ko‘tarib oldi.

– Haqsan. Hozircha u haqda o‘ylamayman. Hozircha sen fleyta chalishing, atirgullar bog‘ida chaylalar qurishing mumkin.

Va biz Yum-Yumni qidira boshladik. Otamning tashvishlari shundoq ham yetarli edi. Shunday ulkan saltanatni boshqarishning o‘zi bo‘lmaydi axir. Lekin men uchun doim vaqt topilardi. U kishidan hech qachon «Ko‘zimdan yo‘qol, vaqtim yo‘q» kabi so‘zlarni eshitmaganman. U kishi men bilan o‘zini baxtli his etardi.

Har tong bog‘da sayr qilardik. Otam menga qush inlarini ko‘rsatar, ot boshqarishni o‘rgatar, chayla mizga kirib, Yum-Yum bilan birgalikda dunyodagi jamiki narsalar haqida suhbatlashar edi. Xuddi Benkaning otasi men bilan gaplashgani singari. Va har doim Benka juda mamnun edi. Go‘yo uning nigohlariga «Garchi otam bo‘lsa ham, u kishining sen bilan suhbat qurishi menga yoqadi» deb yozilgandek edi. Otam Yum-Yum bilan gaplashganida men ham xursand bo‘lardim.

Yum-Yum bilan otdagi sayrlarimiz ayni muddao edi, aks holda, otam shunday katta mamlakatni boshqarish uchun vaqtni qayerdan topardi? Agar kun bo‘yi o‘zimiz bilan o‘zimiz andarmon bo‘lmaganimizda otam davlat ishlari o‘rniga faqat biz bilan shug‘ullangan bo‘lardi. Yum-Yum va Miramisdek do‘stlarimning borligi otamning haqiqiy omadi edi.

Mening Miramisim! Ustingga minib, qancha sayohatlarni o‘tkazmadim deysan! Mening Miramisim! Sen bilan ilk bor Tonggi Yog‘du ko‘prigidan o‘tgan baxtli onlarimizni hech qachon yodimdan chiqarmayman.

Bu tong otay deb qolgan vaqtda yuz bergandi. Soqchilar endigina ko‘prikni pastga tushirgandilar. Yashil ipak maysalar shudring bilan yuvilgan, Miramis oltin tuyoqlarini ho‘llab olgandi. Xo‘sh, ungacha-chi? Yum-Yum bilan juda erta – quyosh chiqmay turib uyg‘ondik. Lekin uyqu g‘olib chiqa boshladi. Dala bo‘ylab esgan tetiklashtiruvchi salqin yuzlarimizga urildi. Dalada ot choptirib borarkanmiz, uyqu bizni tamoman tark etdi. Quyosh chiqqan chog‘da esa biz Tonggi Yog‘du ko‘prigida edik. Ko‘prik xuddi yorug‘likning oltin iplaridan to‘qilganga o‘xshardi. U suvdan shu qadar balandda qad ko‘targan ediki, pastga qarasangiz, boshingiz aylanadi. Biz dunyodagi eng baland va eng uzun ko‘prikdan yelib borardik. Miramisning oltin yollari quyoshda tovlanardi. Tulpor borgan sari tezroq yugurar, ko‘prikdan borgan sari yuqoriga chiqib ketaverar edik. Miramisning tuyoqlari naq chaqmoqdek porlardi. Haqiqiy mo‘jizaning o‘zi. Tez orada Dengiz Orti O‘lkasini ko‘raman. Tez orada, tez orada…

– Yum-Yum! – qichqirdim men. – Yum-Yum, sen ham xursandmisan? Qara, qanday go‘zal!

Lekin to‘satdan kulfat qarshisida qoldik. Dahshatli kulfat. Miramis bor tezlikda choh sari chopib borardi. Ko‘prik tugagan, qarshimizda ulkan jarlik bor edi. Soqchilar ko‘prikni oxirigacha tushirishmagan, u fordning narigi tomonidagi yerga tutashmagandi.

Shundoqqina qarshimizda tubsizlik. Hech qachon bunchalik qo‘rqmagan edim. Yum-Yumga baqirib nimadir demoqchi edim. Eplolmadim. Jilovni tortib, Miramisni to‘xtatmoqchi bo‘ldim, lekin u menga bo‘ysunmasdi. Miramis yovvoyilarcha kishnab, tuyog‘idan o‘t chaqnagancha xatar sari yeldek uchib borardi. Qanday qo‘rqmaslik mumkin?! Mana, hozir jarga qulaymiz. Mana, hozir tulporimning tuyoq tovushlari tinadi, chohga qularkan, uning oltin yollariga ko‘zim tushadi, kishnashi qulog‘im ostida jaranglaydi. Ko‘zlarimni chirt yumib, qirol-otamni esladim. Miramisning tuyoqlari naq yashinning o‘zginasi edi.

To‘satdan kishnash ovozi eshitilmay qoldi. Tuyoq tovushlarini eshitdim. Lekin bu ovoz odatiy tuyoq dupuriga o‘xshamasdi. Menda Miramis yumshoq ipak ustidan chopayotgandek taassurot uyg‘ondi. Ko‘zlarimni ochib, qaradim. Tushimmi, o‘ngimmi? Miramis havoda parvoz qilardi. O, mening Miramisim, u samoda ham yerdagi singari yengil chopib borardi.

U bulutlar ustidan uchib o‘tdi, menimcha, agar istaganida yulduzlarga ham bemalol yeta olardi. Dunyoda hech kimda bunday g‘aroyib arg‘umoq yo‘q. Va Miramisning ustida o‘tirgancha osmonda uchish, pastda quyosh og‘ushida yastangan Dengiz Orti O‘lkasini tomosha qilish qanday zavqli ekanligini hech kim tasavvuriga ham sig‘dira olmaydi.

– Yum-Yum! – qichqirdim men. – Yum-Yum, Miramis bulutlar ustidan ucha olarkan!

– Nima, buni bilmasmiding? – so‘radi Yum-Yum Miramis bilan avvallari ham parvoz qilib yurgandek ohangda.

– Yo‘q, qayerdan ham bilay, – javob berdim.

– Sen hali juda kam narsa bilasan, Mio! – dedi Yum-Yum. Biz yuksaklarda uzoq-uzoq kezdik. Miramis bir bulutdan boshqasiga sakrardi.

Bu shu qadar hayajonli va ajoyib ediki! Nihoyat yerga tushish vaqti yetdi. Miramis sekin-asta yerga qo‘ndi. Va biz Dengiz Orti O‘lkasida edik.

– Mana, oltin yolli Miramis uchun yashil daraxtzor, – dedi Yum-Yum. – Hordiq chiqarsin, biz esa Yrini ko‘rgani boramiz.

– Yri kim? – so‘radim men.

– Tez orada ko‘rasan, – javob berdi Yum-Yum. – Yri uka-singillari bilan shu yaqin atrofda yashaydi.

U qo‘limdan ushlab, yaqinroqdagi uyga boshlab bordi. Mittigina oppoq uycha xuddi ertakdagiga o‘xshar, uning ham tomi poxol bilan yopilgandi. Uychaning bu qadar ertaknamo ekanligini tushuntirish mushkul edi: balki, shundoqqina ko‘hnalik nafasi ufurib turgani uchundir yoki asriy daraxtlar atrofini o‘raganligi tufayli shunday qiyofa kasb etgandir. Balki, boshqa biror sababi ham bordir. Xullas, bilmadim.

Hovlida eski aylana quduq e’tiborimni tortdi. Ehtimol, uyga aynan shu quduq ertaknamo qiyofa tuhfa etayotgandir? Bizning zamonda bunaqa quduqni topib bo‘psiz. Shaxsan men hech qachon ko‘rgan emasman.

Quduq atrofida besh nafar bola o‘tirishardi. Yoshi kattaroq o‘g‘il bola bizga qarab tabassum qildi.

– Qanday kelganingizni ko‘rdim. Otingiz juda ham ajoyib.

– Uning ismi Miramis, – javob berdim men. – Bu Yum-Yum, men esa – Mio.

– Sizlarni taniyman, – dedi yigitcha. – Ismim Yri, bular esa uka va singillarim.

Ularning tashrifimizdan mamnun ekanliklari shundoq sezilib turardi. Uplandsgatanda bunday uchrashuvlarni orzu qilmasa ham bo‘ladi. U yerda bolalar ularga yaqinlashayotgan notanish bolaga xuddi bo‘rivachchalardek g‘ijinib muomala qiladilar. Ular doim mazax qilish, o‘yinga qo‘shmaslik yoki umuman, haydab yuborish uchun kimnidir topishardi. Hammadan ko‘proq meni quvib solardilar. Faqat Benkagina doim men bilan o‘ynagan… Uplandsgatandagi bolalarning sardori – ularning orasidagi eng yoshi kattasi Yanne edi. Yannega hech qanday yomonlik qilmagandim, lekin u meni ko‘rishi bilan baqira boshlardi: «Yaxshilikcha bu yerdan tuyog‘ingni shiqillat, aks holda basharangni bejab qo‘yaman!» Bu gaplardan keyin bolalar bilan polka o‘ynashni orzu qilmasam ham bo‘lardi. Axir, butun ko‘cha bolalari Yanne tomonda, ustiga-ustak, hamma undan qo‘rqar, sababi u sardor edi-da.

Endi esa Yri, uning uning uka-singillari, Yum-Yum va Nonno kabi oliyjanob bolalarni ko‘rib, hayratga tushyapman.

Biz Yum-Yum bilan Yrining yoniga o‘tirib, quduqni tomosha qila boshladik. U shunday chuqur ediki, tubi ko‘rinmasdi.

– Bu yerdan qanday qilib suv olasizlar? – qiziqdim men.

– Quduqdan suv olmaymiz, – javob berdi Yri. – Bu oddiy quduq emas.

– Qanday quduq ekan?

– Bu – ertakchi quduq. U har kechqurun ertak aytib beradi, – javob berdi Yri.

– Qanaqasiga? – hayratimni yashirolmay so‘radim yana.

– Kechgacha sabr qilsang, bilib olasan.

Kun bo‘yi Yri va uning uka-singillari bilan daraxtlar orasida o‘ynadik. Och qolganimizda esa Yrining singlisi Minonna-Nel non olib kelgani oshxonaga yugurdi. Xuddi do‘stimiz Nonnoning buvisi pishirgan non kabi bu ham juda mazali edi.

Daraxtlar ostidagi maysalar orasida yotgan kumush qoshiqchaga ko‘zim tushdi. Uni Yriga ko‘rsatgandim, darrov kayfiyati tushib ketdi.

– Bu singlimizning qoshiqchasi edi, – dedi u. – Mio singlimizning qoshiqchasini topdi! – qichqirdi Yri uka-singillariga.

– Singlingiz qayerda? – so‘radim men.

– Ritsar Kato, yovuz ritsar Kato o‘g‘irlagan uni.

Katoning nomi tilga olinishi bilan havo keskin sovib ketdi. Bog‘dagi katta kungaboqar so‘lib qoldi. Sho‘rlik kapalaklarning qanotlari uzilib ketdi. Endi ular hech qachon ucha olishmaydi. Yana o‘sha ritsar Kato sabab qo‘rquv, dahshatli qo‘rquv hissi yuragimni qamrab oldi.

Kumush qoshiqchani Yriga uzatgandim, u dedi:

– O‘zingga olib qolishing mumkin. Singlimizga endi uning keragi bo‘lmaydi; sen topdingmi, demak, u senga tegishli.

Yrining so‘zlarini eshitgan bolalar chinqirib yig‘lay boshlashdi.

Ammo biz o‘yinni davom ettirishga, qayg‘uli narsalarni o‘ylamaslikka harakat qildik. Qoshiqchani cho‘ntagimga solib qo‘ydim va u haqda unutdim.

Kun o‘rnini oqshom egallab, qorong‘i tusha boshladi. Shunda Yri bolalarga sirli ishora qilib, dedi:

– Vaqt bo‘ldi!

Hamma quduq atrofiga o‘tirdi. Shu jumladan, Yum-Yum va men ham.

– Jim! – shivirladi Yri.

Biz jim o‘tirgancha kuta boshladik. Asriy daraxtlar orasida soyalar quyuqlashdi. Yrining uychasi sirli nimqorong‘ilik og‘ushiga kirdi.

Qandaydir sirli, qadimiy, kulrang narsa uycha, daraxtlar, quduq va biz o‘tirgan joyni chor tarafdan qurshab olgandek taassurot uyg‘otdi.

– Jim bo‘lamiz! – shivirladi Yri garchi hech birimizning og‘zimizdan biror so‘z chiqmagan bo‘lsa ham.

Biz jim turgancha ozroq kutdik. Daraxtlar orasidagi qorong‘ilik yanada quyuqlashdi. Atrof suv quygandek jimjit. Hech narsa eshitmadim.

Ammo keyin qandaydir tovushlar tarqalishni boshladi. To‘g‘ri, to‘g‘ri, quduqdan kimningdir shivirlagani eshitilardi. Qandaydir g‘ayrioddiy, hech kimnikiga o‘xshamaydigan ovoz shivirlab ertak aytardi. Bular hech kim eshitmagan, dunyodagi eng go‘zal ertaklar edi. Hech narsani ertak eshitishni sevganchalik sevmayman. Quduq atrofiga yonboshlab oldim va hech bir so‘zni o‘tkazib yubormaslikka harakat qildim. Ba’zida ovoz kuylashni boshlardi. Bu yovvoyi va mo‘jizaviy qo‘shiqlar edi.

– Bu qanday quduq o‘zi? – so‘radim Yridan.

– Tub-tubigacha ertak va qo‘shiqlarga to‘la quduq. Bilganim shu, – deya javob berdi Yri. Qadim zamonlarda mashhur bo‘lgan, keyinchalik unu tilgan ertak va qo‘shiqlar qudug‘i. Ularni hamma unutib yuborgan. Faqat ertakchi quduqning xotirasidagina saqlanib qolgan.

Shu alfozda uzoq o‘tirdik. Qorong‘ilik qalinlashgan, ovoz esa borgan sari pastlashib, eshitilar-eshitilmas holatga kelib qolgandi.

Uzoqda, yashil daraxtzorda Miramis kishnadi. U uyga – otamning oldiga qaytish fursati yetganligini eslatdi.

– Xayr, Yri, xayr, Minonna-Nel, xayr, bolakaylar! – dedim men.

– Xayr, Mio, xayr, Yum-Yum! – javob berdi Yri. – Biznikiga yana kelinglar.

– Albatta, kelamiz! – va’da berdim men.

Miramisning oldiga bordik. Unga mingancha uyga yo‘l oldik. Zimiston siyraklashdi: osmonda oy ko‘rindi, yashil daraxtzorlarni yoritdi. Daraxtlar xuddi otamning bog‘ida bo‘lganidek kumush tusga kirdi.

Tonggi Yog‘du ko‘prigiga yetib kelgandik. Ammo uni zo‘rg‘a tanidim. Bu butunlay boshqa ko‘prik bo‘lib, kumush nurlardan to‘qilgandek edi.

– Tunda ko‘prikni boshqacha nom bilan ataymiz, – dedi Yum-Yum.

– U tunda qanday nomlanadi? – qiziqib so‘radim.

– Oy Yog‘dusi ko‘prigi, – javob berdi Yum-Yum.

Soqchilar endi yig‘ishtirishga shaylanib turgan Oy Yog‘dusi ko‘prigdan o‘tdik. Yashil Dalalar Orolidagi cho‘ponlar yoqqan gulxanlar ko‘zga tashlanardi. Uzoqda laxcha cho‘g‘ga o‘xshardi ular. Butun olam jimjit, faqat Miramisning tuyoq tovushlarigina ko‘prikda jarang sochardi. Oy shu’lasida Miramis xayoliy tulporga evrilgan, yollari oltin emas, kumush tusda edi.

Quduqchi ertakchini, eshitgan ertaklarimni eslab ketardim. Ulardan eng yoqqani esa quyidagicha boshlanardi: «Qadim zamonlarda qirol o‘g‘li yashagan ekan. Oy yog‘du sochgan bir tunda u otga mingancha sayohatga otlanibdi». Qanday zo‘r! Men ham ertak qahramoni bo‘lishim mumkin! Axir, qirol o‘g‘liman-ku!

Yashil Dalalar Oroliga borgan sari yaqin qolar, Miramisning tuyoqlari momaqaldiroqdek gumburlardi. Men har vaqt o‘sha go‘zal ertak haqida o‘ylay boshladim: «Qadim zamonlarda qirol o‘g‘li yashagan ekan. Oy yog‘du sochgan bir tunda u otga mingancha sayohatga otlanibdi. Mana, u Quyuq O‘rmon oralab ot choptirib bormoqda».

Внимание! Это не конец книги.

Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации