Текст книги "Biznes va hayotda norasmiy ta’lim"
Автор книги: Дональд Трамп
Жанр: О бизнесе популярно, Бизнес-Книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 3 (всего у книги 10 страниц) [доступный отрывок для чтения: 3 страниц]
CHEMPIONLAR KABI FIKRLA
Inson o‘zi uchun tanlashi mumkin bo‘lgan eng yaxshi yo‘l – o‘zi qodir bo‘lgan eng yuqori natijaga erishishdir.
Aristotel
G‘olib bo‘lib tug‘ilish ham, g‘olibga aylanish ham mumkin. Ta’riflardan biriga ko‘ra, g‘olib bu aniq ustunlikni namoyish qilayotgan kishidir. Boshqa ta’rifga ko‘ra, g‘olib bu musobaqada birinchi o‘rin olgan yoki asosiy mukofotni qo‘lga kiritgan kishi. Barchamiz olimpiya chempionlari to‘g‘risida eshitganmiz va ehtimol, televizorda ko‘rganmiz. Bu odamlarning aql bovar qilmas yutuqlariga baho berayotganimizda xayolimizga birinchi keladigani sanoqsiz mashqlar, qurbonlar va yutuqqa erishish uchun ular ko‘rsatgan jasorat keladi. Bu chempionlarga xos bo‘lgan xususiyatlarning bir nechtasi, xolos.
Bundan tashqari ular aql bovar qilmas natijalarga erishishni istashgan. G‘oliblar kabi fikrlaydigan kishiga «hamma kabi» bo‘lish to‘g‘ri kelmaydi. Chempionlar keng ko‘lamli fikrlaydilar. Keng ko‘lamli ishlaydilar.
Ular qat’iyatli va tartibli. Bu haqda o‘ylab ko‘ring: g‘oliblar chempionlar kabi fikrlaydi. Jek Jempsi44
Jek Jempsi – amerikalik bokschi, o‘ta og‘ir vazndagi jahon chempioni
[Закрыть] aytganidek: «Chempion bu kuchi qolmaganda ham o‘rnidan turadigan insondir». Umid qilamizki, bu gap sizga ham taalluqli.
Ba’zan kunim juda og‘ir o‘tganida hayotim poygaga o‘xshashini va uning oxirigacha yetib olishga kuchim yetsa edi, deya o‘ylab qolaman. Bardoshni mashq qildirish mumkin, chunki mag‘lub sifatida qolib ketishni istamayman. Mashhur tennischi Billi Jin King shunday degandi: «G‘oliblar zimmalariga mas’uliyat oladilar. To‘p to‘r oralab men tomonga uchganida, ishonchingiz komil bo‘lsin: uni urishni istayman». Tennischi nima deyotganini tushunaman, chunki o‘zim ham shunday o‘ylayman.
Har yili «U.S. Open» o‘yiniga lojaga chipta olaman. Menga chempionlar g‘alaba tomon olg‘a intilishlarini tomosha qilish yoqadi. Har qanday sohada – sport, san’at va boshqalarda o‘z ishining ustalarini kuzata turib, ko‘p narsani o‘rganish mumkin. Bu odamlarning barini yakdil fikrlash tarzi birlashtirib turadi: ular g‘oliblikka erishishni istashadi va eng yaxshi bo‘lishga intilishadi. Ikkinchi va uchinchi ham emas – faqat birinchi. Bu o‘ylab ko‘rishga arziydi. O‘ta iqtidorli kishilar mag‘lubiyatga uchrashganini ko‘rganman, fikrimcha, qalbining tubida ular g‘alabadan cho‘chishgan. G‘alaba mas’uliyatni talab etadi va chempionlar bu borada o‘sib boradilar. Qalbingizni taftish qiling va mas’uliyatni zimmangizga olish uchun tayyor va qodir ekaningizga ishonch hosil qiling. Agar qo‘lingizdan kelmasa, o‘z ustingizda ishlang. Mas’uliyatli bo‘la olish muvaff aqiyatning muhim qismidir.
Ko‘pchiligingiz golf o‘ynashimni bilasiz. Doim golf intellektual o‘yin ekanini aytaman va bu rost. U jiddiy texnik ta’minotni va ma’lum bir mahoratni talab etadi. Golfni befarqlik bilan o‘ynab, yaxshi natijani kutib bo‘lmaydi. Diqqat va sabr bilan o‘ynash kerak. Afsonaviy golf o‘yinchisi Bobbi Jons shunday degandi: «Golfda bir urishda faqat bitta zarba berish mumkinligi yangilik va hayron qolarli narsa emas, ammo buni tushunish uchun menga ko‘p yillar kerak bo‘ldi». Odatiy hayotda har kuni mashaqqat bilan ishlaganimiz, har soniya ishga chempionlik bilan yondashganimiz sababli g‘alabalarga erishamiz.
Keling, Aristotelning ushbu bobga epigraf sifatida tanlangan iborasiga to‘xtalib o‘taylik. Bu o‘z-o‘zini yuqori darajada tahlil qilishdir. Darhaqiqat, qodir bo‘lganingiz qadar yuqori natijaga intilish inson uchun eng yaxshi yo‘l. Oldimizga kichik maqsadlar qo‘yishdan ne naf? Biror marta yosh boladan katta bo‘lganida hech kim bo‘lishni istamasligi haqida eshitganmisiz? Yo‘q, go‘dak qalbi orzu va maqsadlarga to‘la, kamdan kam hollarda oddiygina istaklar bilan cheklanadi. Bolalar prezident, kosmonavt, olim va shifokor bo‘lishni orzu qilishadi. Ular to‘g‘ri fikrlaydilar. Xayolan o‘z oldingizga katta maqsadlar qo‘ygan paytlaringizga qaytishga urinib ko‘ring. Har kim ham jahon chempioni bo‘la olmas, ammo har kim o‘zi qodir bo‘lgan eng yuqori natijaga intila oladi. Bu ilk qadam va har kunlik majburiyatdir.
Chempionlar har ishni o‘z kuchlaridanda ziyoda qilib bajaradilar. Hammamiz qachon yetarlicha ish qilganimizni-yu, qachon bor kuchimizni bag‘ishlaganimizni yaxshi bilamiz. Har kuni bor kuchingiz bilan ishlashga harakat qiling. O‘zingizga boshlash imkonini bermaganingiz sabab mag‘lub bo‘lmang. Mas’uliyat darajasi o‘ta kattadek tuyulgani uchungina muvaff aqiyatdan cho‘chimang. Diqqatni bir joyga jamlang va olg‘a! Oqilona harakat olib keladigan natijalardan hayron qolasiz. Aleksandr Grem Bellning55
Aleksandr Grem Bell – amerikalik va kanadalik olim, «American Telephone and Telegraph Company» kompaniyasi asoschisi, AQSh telekommunikatsiya sohasining rivojini belgilab bergan inson.
[Закрыть] bir iborasini hech qachon unutmayman: «Hozir qilayotgan ishingizga butun diqqatingizni qarating. Quyosh o‘z nurlarini linzaning markazida yig‘mas ekan, hech nimani yondira olmaydi». Shuni yodda tuting, chempionlar kabi fikrlashni o‘rganing va chempionga aylaning.
O‘Z ISHIMGA SAN’AT KABI YONDASHAMAN
San’at – bu yolg‘on, ammo bu yolg‘on bizni haqiqatga yetishishga o‘rgatadi.
Pikasso
Pikasso nafaqat buyuk rassom, balki yaxshigina tadbirkor ham bo‘lgan. U o‘z ishining qadrini bilgan va hech qachon bahonalar to‘qimagan. O‘zining hikoya qilishicha, kunlardan birida uning ustaxonasiga bir kishi kelib, suratlaridan birini tomosha qildi va so‘radi: «Bu surat qanday ma’noni anglatadi?». «Ikki yuz ming dollar», – javob berdi rassom. Bu mubolag‘asiz javob. Aniqki, Pikasso o‘z san’atini biznes sifatida ko‘rgan va bu asossiz emas. O‘z biznesimga san’at sifatida qarayman. O‘z ishingizga shunday yondashing.
Mana nima uchun san’at kishilari o‘z ideallariga, ilhom parisiga va detallaridagi mukammallikka sodiqligi bilan mashhur. Bu ajoyib fazilat. U kerakli natijaga erishish uchun yaxshi turtki bo‘la oladi. Yaqinda kutubxonalardan birida Betxovenning qo‘lyozmasi topildi. Unda shunchalik ko‘p chizgilar va tuzatishlar bor ediki, qog‘ozning ba’zi yerlari teshilay degandi. Bu ish kompozitor hayotining so‘nggi yillariga to‘g‘ri keladi. Demakki, bu paytda u musiqa yozishda tajribasiz emas edi. Bu buyuk inson – faqat eng yaxshi ishni yaratishga intilgan perfeksionistning ishlashi edi. Unga hech kimning tasdig‘i kerak emas – faqat o‘ziniki yetarli edi. Bu biznesmen uchun ham, musiqachi uchun ham ishga yondashishning ajoyib usuli.
Eng yaxshi natijaga erishish uchun o‘zingizdan ham o‘zishga harakat qiling.
Tadbirkorlarning fikrlash tarzi shunday: raqobat ularning darajalarini pasaytirishi mumkinligini biladilar. Qanchalik yoqimsiz bo‘lmasin, bu – haqiqat. Qarashlaringizda sobit bo‘ling. Pikasso, shubhasiz, har narsada o‘z qarashiga ega edi. O‘ziga xos shaxs bo‘lishdan cho‘chimang.
Keling, Pikassoning san’at yolg‘onligi haqidagi so‘zlariga qaytamiz. Bir tomondan qaraganda, san’at ko‘pincha murakkabni soddalashtiradi. Polotnoga rang berish qiyinmi? O‘ylab qarasak, unchalik ham qiyin emasdek. Ammo bundan nima paydo bo‘ladi? Matoga bo‘yoqni alohida usulda surish ancha mushkul, ayniqsa, natijasi qanday chiqishi kerakligini bilsang. Birinchi kitobim «Kelishuvlarga erishish san’ati»ni aynan shu sababdan shunday ataganman. Biznesga aloqasi bo‘lgan har kim muzokaralar o‘tkazish va kelishuvni imzolash katta tayyorgarlik talab etishini biladi, bu tayyorgarlikni qanday bajarishimni hech kim ko‘rmaydi, ammo buni qilmayman degani emas. Mehmonlar «Trump Tower»dagi sof marmarga qaraganlarida hashamatdan ko‘zlari qamashadi, ammo odatda bu yuksaklikka shaxsan mening qancha mehnatim ketganini bilishmaydi ham. Go‘zallik yoki san’at talab etadigan ter, qon va ko‘zyoshlar hech kimni qiziqtirmaydi. Faqat natijagina muhim.
San’at reprezentativdir. Boshqacha qilib aytganda, bu hayotning o‘zi emas, in’ikosidir. San’at turmush tashvishlari bizdan to‘sib qo‘ygan haqiqatni ko‘rsatishi mumkin. U bizga o‘z aksimizni ko‘rsatadi. Kelishuvlarim – tadbirkor sifatidagi topqirligimning aksidir. Rassom kabi serqirra, keng ko‘lamli yondashuvga intilaman. Ushbu yondashuvni o‘zingizga qurol qilib oling va tez-tez foydalaning. Nima bilan shug‘ullanishingizdan qat’i nazar bu sizga ko‘p narsalarni o‘rgatadi.
Quruvchining ishi – bir paytda ham hunar, ham san’atdir, bundan kamiga rozi emasman. «Trump Tower»ni qurishda kamyob marmar turidan foydalanishga majbur emasdim, ammo sifatdagi farq yaqqol bilinishini tushunardim. Shu sababdan o‘z ishimni san’at deb bilaman, deganimda ishonchingiz komil bo‘lsin. Rassom bo‘yoqlar va umumiy tasvir borasida qanchalik injiq bo‘lsa, men ham shundayman. Agar siz ham shunday yo‘l tutsangiz, o‘ylaymanki, yangi darajangiz o‘zingizni ham hayratga soladi.
O‘zingizga yuksak baho bering. Hayot – bu san’at, tadbirkorlik ham. Shunday ekan, bir rassom kabi nimalarga qodir ekaningizni ko‘rsating.
TIZIMLI FIKRLASHNI O‘RGANING
Men bugun kechagidan ko‘ra aqlliroq bo‘lmagan kishi haqida yaxshi fikrda bo‘la olmayman.
Avraam Linkoln
Tajriba faqat o‘rganishni istaganlarni o‘qitadi.
Oldos Xaksli
Har tomonlama ta’lim qaysidir ma’noda muvaff aqiyat nuqtayi nazaridan muhim bo‘lgan masalalarda bilim ortiqchaligi va taqchilligi o‘rtasidagi chegarani yo‘qotadi. Yaqinda bunga ishonch hosil qildim: o‘z kasbi bo‘yicha keng bilimga ega bo‘lgan va suhbatda ko‘tarilgan boshqa mavzular haqida deyarli hech narsa deya olmaydigan yigit bilan suhbatlashdim. Uning idroki tunnelli tizim kabi tasavvur uyg‘otardi, garchi professionallik darajasi meni qontiqtirgan bo‘lsa-da, korxonalarim ish hajmini hisobga olgan holda u lavozimga yaxshi nomzod emas deb hisobladim. Chunki uning qiziqishlari juda tor edi. Bu voqea menga navbatdagi bob uchun mavzu topib berdi. O‘ylaymanki, har biringiz bu haqda o‘ylab ko‘rishingiz kerak, sababi o‘qiyapsiz va tez orada o‘z professional yo‘lingizni boshlaysiz yoki ish faoliyatingizni boshlab bo‘lgansiz.
Buyuk mutafakkir va «Ajib yangi dunyo!» kitobi muallifi Oldos Xaksli 1959-yilda «Tugallangan ta’lim» essesini yozgan va bu asar hozirgacha dolzarb. Muallif bilimlar va fikrlar o‘rtasida ko‘prik qurish ahamiyatini ta’kidlaydi va shu munosabat bilan «pontifik», ya’ni ko‘prik quruvchi atamasini qo‘llaydi. Qiziq, shunday emasmi? Bilimlarni yig‘ish chog‘ida bu haqda unutmaslik zarur. Shu tarzda ehtimol bizning mutaxassisligimizga taalluqli bo‘lmagan, ammo e’tiborimizga molik g‘oyalar va obyektlar o‘rtasida mazmuniy bog‘liqlik o‘rnatish qobiliyatimizni kuchaytiramiz.
Juda g‘alati, shularning bari haqida o‘ylab turib, «Time» jurnalining 2007-yil 5-fevral sonini varaqlar ekanman, unda Xakslining 1954-yilgi «Klassik xat» maqolasini topib oldim. Maqola xuddi bugun yozilgandek dolzarb. Unda tanqidchilar va matbuotchilar o‘z taqrizida tez-tez yo‘l qo‘yadigan xato – adabiy matnlarning noto‘g‘ri talqin qilinishi haqida so‘z boradi. Ularning fikrlarini «keskin» deb atarkan, «keskinlik, afsuski, haqqoniylik va xolislikka teskari» deya xulosa qiladi. Xaksli turli masalalar bo‘yicha har xil fikrlarni aytishi mumkin, va siz uning fikriga qo‘shilasizmi-yo‘qmi, fikrlari ajoyib ifoda qilingan.
Barchamiz «nuqtalarni birlashtirish» iborasini eshitganmiz. Tushunishimcha, bu nuqtalarni to‘g‘ri va ongli ravishda birlashtirish uchun yetarlicha bilimlarga ega bo‘lishni bildiradi. Oldimga suhbatga kelgan yosh yigit bunga qodir emasdi. Suhbat davomida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha chuqur bilimlarni namoyon etishni talab qilmadim, hech bo‘lmasa gap nima haqida borayotganini tushunishni so‘radim. Avval ham bu dunyoda biror nimaga erishishni istagan odamlar jahon yangiliklaridan har kuni xabardor bo‘lishlari kerakligini aytgandim. Bugun yer sharining qaysi burchagida yashamang, yangiliklardan bexabarlikni oqlash uchun bahonalar qolmadi. Axborot hamma uchun ochiq, ammo u sizgacha yetib kelmayotgan bo‘lsa, bu o‘zingizga qarshi ishlashi mumkin. Masalan, ishga kirish uchun suhbatda o‘z xatongiz orqali tajriba orttirish shart emas!
Yaxshi ko‘prik quruvchi bo‘lish uchun yana bir muvaff aqiyatli taktika – daryoni sayoz joydan kechish yoki kanyonni kechib o‘tish o‘rniga ko‘prikdan o‘tish qancha vaqtingizni tejashini tasavvur qilib ko‘rish. Bu yana sizning jarlikka yiqilishingizga yo‘l qo‘ymaydigan xavfsizlik chorangiz, sug‘urtangiz hamdir, axir jarlikdan chiqib olish uchun bir necha hafta yoki hatto oylar ketadi. Doim ham hamma narsani boshqara olmaymiz. Ba’zan hammasi biz rejalashtirmagan yo‘ldan ketadi, shunga qaramay, maqsadingizga erishish yo‘lida yaxshi tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqtingizni ayamang. Buning ustida har kuni ishlayman va shuni anglab yetdimki, hayot faqatgina shuni istaganim uchun oyog‘im ostiga poyandoz to‘shamaydi. Bilimlarga intilishda qat’iyatli bo‘ling.
Mazkur kitobni yoza turib o‘zimga eslatib qo‘yaman: shu kitobni o‘qiyapsizmi, demak, o‘z aqliy ko‘rsatkichlaringizni oshirishga jiddiy kirishgansiz va qo‘shimcha motivatsiyaga muhtoj emassiz. Shu sababdan sizga savol bermoqchiman: oldingizga qanday maqsadlar qo‘ygansiz? Sizni nima oldinga intilishga undamoqda? Agar narigi tomonga o‘tishni istashingizga ishonchingiz komil bo‘lmasa yoki u tomonda nima qilishni bilmasangiz, ko‘prik qurish kerakmi? Ko‘prik bir sohildan ikkinchisiga o‘tish uchun qurilgani aniq bo‘lgani kabi maqsadlaringiz ham aniq bo‘lishi lozim. Vizuallashtirish – o‘z istaklaringizni kerakli darajada aniqlashtirish uchun kuchli quroldir.
Bir necha yil avval bir guruh kishilar bilan suhbatlashdim va suhbatdoshlarimdan biri ismim butun dunyoga taniqli brendga aylanganini aytib, «Ismda nima bor?» savolini berdi. So‘ng biroz kulib, «Sizning holatingizda ko‘p narsa», deya qo‘shib qo‘ydi. Bu jarayonda davradagi bir kishining hazilni tushunmaganini payqadim va tushuntirdim: «Ismda nima bor?» – Shekspirning mashhur pyesasidan parcha». Ammo u hamon hayron ko‘rinardi: «Aynan qaysidan?» Bu qatorlar «Romeo va Julyetta» asaridan ekanini bilsam-da, unga tushuntirib o‘tirmadim: «Qidirib ko‘ring, ko‘p qiziq narsalarni bilib olasiz», dedim.
Sizga Shekspirni o‘rganishga bir necha yil sarflashni maslahat bermayman, ammo ma’lum bir ma’lumotlarga ega bo‘lish turli mavzularda suhbatlasha oladigan «yuqori liga» odamlari orasida muloqot salohiyatingizni ancha oshiradi. To‘dadan ajralib qolmang! Haftada bir necha soatni mumtoz adabiyot, yoki tarix, odatda sizning qiziqishlaringiz doirasiga kirmaydigan biror adabiyot mutolaasiga bag‘ishlang. O‘zingizni chegaralash – yomon yo‘l. Muzokaralar va ishga kirish uchun suhbatlar chog‘ida ko‘p mavzular ko‘tariladi. Hamma narsani bilishimiz mumkin bo‘lmasa-da, imkon qadar ko‘proq bilishimiz lozim.
Avraam Linkolnning bob avvalidagi so‘zlari sizga aytmoqchi bo‘lgan hamma gaplarimga xulosa yasaydi. Unda Xakslining o‘qiy bilish haqidagi fikri ham bilvosita aks etgan. Bundan tashqari, bilimlarni doimiy oshirib borishning yana bir afzalligi bor: u yoshlikni saqlashga yordam beradi. O‘zingizni bilag‘on deb hisoblash vaqtidan avval qarish demakdir, bunday insonlarda yangi bilimlarni qabul qilmaslik illati rivojlanadi. Bu xatoni takrorlamang. Mantiqiy fikrlash-chi? Axir Avraam Linkoln bilan Oldos Xaksli o‘rtasida biror aloqa bo‘lishi mumkinligi birovning xayoliga kelishi mumkinmidi? Ushbu ocherk buning mumkinligini ko‘rsatadi. Bizga aql kuchi va davrlar, madaniyatlar, biografiyalar va sivilizatsiyalar aro ko‘prik qurish istagidan bo‘lak hech qanday qurol kerak emasligini ko‘rsatadi. Bu sizga maqsadingiz yo‘lida bilimlardagi bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun misol bo‘lsin. Bugun ijodiy fikrlashga majburmiz. Faqat shu strategiya foyda olib keladi.
O‘Z QO‘RQUVLARIMIZ BILAN KURASH
Dunyoda qo‘rquv kabi xarob qiluvchi yo‘q.
Ralf Uoldo Emerson
To‘g‘ri tuzilgan savol – muammoning yarim yechimi.
Karl Yung
Yaqinda bir jurnalist eng katta qo‘rquvim haqida so‘radi. Hech nimadan qo‘rqmasligimni aytdim. Jurnalist hayratga tushdi. Bunga shunday qarayman: biror hisni qo‘rquv deb bilsak, ba’zan shunchaki biroz xavotirni sezsak-da, qo‘rquvga tusha boshlaymiz. Masalan, men hamma kabi Nyu-York juda katta terrorchilik hujumiga uchraganini yaxshi bilaman. Bu haqda o‘ylash xavotir uyg‘otadi, sababi terrorchilik har kimga xavf solishi mumkin. Bunday voqealar sayyoramizning ko‘plab burchaklarida ro‘y beradi, shu sababdan odamlarda xavotir uyg‘otadi. Ammo bu hisning chuqur qo‘rquvga aylanishiga yo‘l qo‘ysak, terror g‘alaba qozonadi.
Bu biznesga ham taalluqli. O‘z ishingizni boshlashdan qo‘rqyapsizmi? Savolni boshqacha qo‘yamiz: ishingizni boshlashingiz haqida o‘ylaganda xavotirga tushyapsizmi? Nima uchun? Nima sizda xavotir uyg‘otyapti? Xavotirni yo‘qotish qo‘rquvni yo‘qotishdan ancha oson. Qo‘rquv ijodiy fikrlashga yo‘l qo‘ymaydigan to‘siq o‘rnatadi. Xolis nazar to‘siqlarni cheklab o‘tishga yordam berib, bunyodkorlik uchun yashil chiroqni yoqadi.
Qo‘rquvga qarshi vosita juda oddiy: muammoning yechimini topish. Nima bilan shug‘ullanishingizdan qat’i nazar – xoh u investitsiya kiritish, mol-mulk solig‘ini kamaytirish, yoki shaxsiy biznesni yuritish, xoh shularning barchasi bo‘lsin, har qanday vazifani tarkibiy qismlarga bo‘lish va odatiy tarzda hal etish mumkin. Bu jarayon yaxlit tasvir hosil bo‘lishi uchun har bir qismni o‘z joyiga qo‘yish kerak bo‘lgan boshqotirmaga o‘xshaydi.
Misol uchun, Trump Tower binosini qurishni boshlaganimda amalga oshirishni istagan bir nechta g‘oyam bor edi. Marmarning «Breccia Perniche» deb nomlangan maxsus turi kerak edi. Marmar juda qimmat, chiroyli va kamyob edi, biroq notekis, oq dog‘lari va chiziqlari borligi yoqmadi. Shu sababdan konga borib eng yaxshi plitalarni o‘zim shaxsan tanlab oldim. Xavotir manbai muammo yechimiga aylandi. Natijada aynan o‘zim istagan plitalarni qo‘lga kiritdim. Agar xonamda o‘tirib marmarning sifati haqida qayg‘urganimda hech nimaga erisha olmasdim. Marmarni o‘zim tanlashga qaror qilib, boshqotirma qismlarini o‘z o‘rinlarini egallashga majbur qildim va ajoyib natijaga erishdim.
Ishbilarmonlik bilan shug‘ullanar ekansiz, ko‘p ishlarni o‘zingiz qilishingizga to‘g‘ri keladi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Biznesni boshqarish bu buyruq berish yoki sizning o‘rningizga fikrlaydigan va ishlarni bitiradigan odamlarni ishga olish emas. Bunaqasi ham bo‘ladi. Ammo stuldan qo‘zg‘alib, ishni o‘zingiz qilishga har doim tayyor bo‘lishingiz kerak. Agar bu fikr siz uchun yoqimsiz bo‘lsa, yaxshisi tadbirkor bo‘lmang. Agar mas’uliyat tabiiy his bo‘lsa, murakkab vazifalarni yechishni yoqtirsangiz, unda shaxsiy biznes yaxshi tanlov bo‘lishi mumkin.
Qo‘rquv bo‘rttirish xususiyatiga ega: shu sababdan ham muammo aslidan yanada kattaroq ko‘rinadi. Shu haqida bir maqol bor: «Qo‘rqqanga qo‘sh ko‘rinar», va bu rost. Qo‘rquvga faqat ishonch qarshi tura oladi, bu o‘zingizga ishonish va o‘zingizni g‘olib deb hisoblash uchun yaxshi sabab. Yo‘lingizdagi har qanday to‘siq, yomon niyatli kishilar va muammolarni yengib o‘ta olishingizni bilishingiz kerak.
1990-yillarning boshida katta qarzga botib qoldim, har burchakdan endi tamom bo‘lganim va safdan chiqarilganim haqida bong urishdi. Raqamlarga qarab, OAV ham boshqacha fikrga bora olmasdi. Ammo hech qachon o‘zimni yakson qilingan deb hisoblamaganman. Qiyin vaziyatni o‘z yechimini kutayotgan muammo sifatida o‘rgandim va shu nuqtayi nazardan harakat qildim. Bu juda oson bo‘ldi desam, mubolag‘a bo‘lardi. Muammo jiddiy edi, ammo qo‘rquvga, hamma menga bashorat qilgan yakunga yengilmadim. Avvalgidan-da muvaff aqiyatli bo‘ldim va biznes aksar hollarda muammolarni yechish jarayonidan iborat ekaniga ishonch hosil qildim. Shunga o‘rganib, ularga to‘g‘ri pozitsiyadan yondashib, muvaff aqiyat yo‘lida imkonga ega bo‘lasiz.
Qo‘rquv hayotingizning kichik bo‘lakchasiga ham kirib borishiga yo‘l qo‘ymang. Bu aniq mag‘lubiyatni anglatadi. Bundan tashqari, qo‘rqish yoqimsiz his. Qo‘rquvni muammolarni yechishga tayyorgarlik, o‘zingizga va qattiq mehnatga ishonch bilan almashtiring. Ushbu formula siz uchun ishlasin, shunda qo‘rquv emas, kuch maydonidan o‘yinga chiqasiz. G‘alaba tomon yo‘l shudir.
TASAVVUR – MOLIYAVIY BILIMDONLIK ASOSIDIR
Vaziyatni o‘z tasavvurlarida gavdalantira olgan kishilar tub mohiyatni ko‘ra oladilar. Ular vizual obrazni qadrlaydilar.
Robert Kiyosaki
Uorton biznes maktabi, ehtimol, dunyodagi eng yaxshi maktab bitiruvchisi bo‘lish baxtiga sazovor bo‘ldim. O‘qituvchilarimiz biz biznesga aloqador har jabhada yetakchi bo‘lishimiz uchun harakat qilishardi. Albatta, xabardorlik doim ham muvaff aqiyat garovi emas, ammo biz hech bo‘lmasa, yaxshi tayyorgarlikka erishdik.
Omadim chopdi, shu sababdan omadi kamroq kelganlar uchun ba’zi narsalarni tushuntirib o‘tmoqchiman. Moliya va biznes – tashkilotlarning keng sohasini qamrab oluvchi murakkab tuzilmalardir. Turli sohalarda qo‘llash mumkin bo‘lgan usul kabi. Quruvchi sifatida moliya ishining turli omillari katta sxemada qanday joy egallashini intuitiv ravishda tushunardim. Ko‘proq bilganim sari, ushbu sxemalar ko‘lami yanada kengayib bordi. Hozir ortga nazar solib, o‘shandayoq global fikrlaganimni tushunaman.
Ehtimol, bu sodda gapdek eshitilar, ammo ko‘rish tasavvuri kuchiga ishonaman, u menga doim yordam bergan. Sizga ham yordam berishiga kafolat bera olmayman, biroq uning ish berishiga bir necha bor amin bo‘lganman. Ehtimol, sizga Joana Miro66
Joana Miro – kataloniyalik rassom va haykaltarosh.
[Закрыть] uslubidagi surat yoki haykaltaroshlik namunasi to‘g‘ri kelar. Odamlarga muvaff aqiyat yo‘lida ilhom baxsh etgan obrazlar haqida ko‘p eshitganman. Bir tanishimni non va tuz tasviri tushirilgan surat ilhomlantirardi (u katta natijalarga erishgan). Siz ham shu kabi o‘zingizga mos obraz toping.
Ba’zan moliyaviy darslarni o‘qish zerikarlidir, ammo zarur. Ularni o‘rgana oldim va ular men uchun qiziqarliga aylandi, sababi ularni darhol allaqanday tasavvurimdagi loyihada qo‘llab ko‘rardim. Shu tarzda hali biznes maktabidayoq tasavvurimdagi real hayotda ishlardim, va o‘ylaymanki, aynan shu haqiqiy ishga kirishganimda ancha vaqtimni tejashga yordam berdi. Ko‘pvazifalilik nimaligini bilmagan holda shu tarzda harakatlanardim. Bugungi kun cho‘qqisidan nazar solar ekanman, faoliyatimdagi muvaff aqiyatga yuqori darajali ta’limdan ham ko‘ra ko‘proq aynan shu usul yordam bergan deb hisoblayman. O‘sha paytda bu haqda chuqur o‘ylamasdim, ammo keyinchalik moliyaviy tizim qanday ishlashi, turli qismlar men kirishgan har bir loyiha yoki qatnashgan faoliyatning umumiy tasviriga birlashayotganini yaxshi tasavvur qilaman. Buni avval ham qilganman va muammolar yuzaga kelsa-da, hammasi ma’lum bir tarzda o‘z o‘rniga tushardi. Ishga avvaldan tayyorgarlik ko‘rish usullaridan biri shudir.
Ko‘plar boy tasavvurga ega, ammo bu hammaga ham foyda bermaydi, sababi ular tasavvurida harakatlar tasvirini gavdalantira olmaydi. Men esa buni eplay olaman. Sizda tayanch bilimlar borligiga ishonch hosil qiling va tasavvuringizda rivojlaning. Tasavvur kuchi, ko‘rish obrazlari aql bovar qilmas natijalarga olib keladi.
Внимание! Это не конец книги.
Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?