Текст книги "Қуёш барибир чиқаверади"
Автор книги: Эрнест Хемингуэй
Жанр: Классическая проза, Классика
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 3 (всего у книги 15 страниц) [доступный отрывок для чтения: 5 страниц]
Beshinchi bob
Ertalab Sen-Mishel xiyoboni bo‘ylab Suflo ko‘chasiga tushib bordim-da, briosh qo‘shilgan qahva ichdim. Endigina otgan tong nash’ali, Lyuksemburg bog‘idagi kashtan daraxtlari gullab yotibdi. Kunduzi bo‘ladigan jazirama oldidan musaffo tong havosi ufurib turibdi. Sigaret chekib, gazetalarni o‘qib chiqdim. Gulchi ayollar bozordan kelishib, kunduzgi savdoga gul terib qo‘yishadi. Talabalar o‘tib borishmoqda, bir xillari huquqshunoslik institutiga, boshqalari Sorbonna universiteti tomon. Xiyobon bo‘ylab tramvaylar va ishga shoshilayotgan odamlar ketyapti. Men avtobusga chiqdim-da, orqa maydonchasida turib, Madlen cherkovigacha bordim. Madlen cherkovidan Kaputsinlar xiyoboni bo‘ylab opera maydoni tomon yurdim, u yerdan tahririyatga yetib oldim. Sakraydigan qurbaqa, bokschi-o‘yinchoqlar bilan savdo qilayotganlar yonidan o‘tdim. Yordamchisi bokschilarni bevosita harakatga keltiradigan ipni bosib olmayin, deb bir qadam naridan yurdim. Yordamchi ipni qo‘liga o‘rab olgan holda orqa o‘girib turibdi. Sotuvchi esa ikkita sayyohga o‘yinchoqlarini tiqishtiryapti. Sayyohlardan yana uchtasi to‘xtab tomosha qilyapti. Men CINZANO so‘zini bo‘yoq bilan moslama yordamida yo‘lga tushirib borayotgan odam ortidan ketaverdim. Butun ko‘cha bo‘ylab odamlar ishga shoshilishyapti. Ishga yo‘l olish allaqanday yoqimli edi. Opera maydonini kesib o‘tib tahririyatga burildim.
O‘z xonamga ko‘tarilib, ertalabgi fransuz gazetalarini o‘qib chiqdim-da, keyin sigaret chekib mashinka yoniga o‘tirib olib rosa ishladim. Soat o‘n birda taksi yollab Ke-d’ Orseyga yetib keldim-da, vazirlikka kirib, boshqa o‘ntacha muxbir bilan birga Tashqi ishlar vazirligining vakili – mo‘giz ko‘zoynakli yoshgina diplomatning so‘zlarini, savollarga bergan javoblarini yarim soatcha tinglab o‘tirdim. Vazirlar Mahkamasining raisi nutq so‘zlash uchun Lionga jo‘nab ketibdi yoki aniqrog‘i, yo‘lda qaytib kelayotganmish. Telegraf agentliklari vakillaridan kimdir shunchaki javobini eshitish uchun savol berdi. Hech qanday yangilik yo‘q, Uolsi, Kram bilan bitta taksida vazirlikdan jo‘nab ketdik.
– Kechqurunlari nimalar qilyapsiz, Jeyk? – so‘radi Kram. – Keyingi paytlarda hech qayerda ko‘rinmay qoldingiz.
– Men odatda, Lotin kvartalida bo‘laman.
– Vaqt topib bir borib kelaman. «Dingo» kafesiga. Eng gavjumi o‘sha bo‘lsa kerak?
– Ha. Yoki yangi «Selekt»ga borish mumkin.
– Necha marta otlandim-a, – dedi Kram. – Lekin bilasiz-ku, xotining, bolalaring bo‘lganidan keyin…
– Tennis o‘ynayapsizmi? – so‘radi Uolsi.
– Yo‘q, – dedi Kram. – Bu yil bir martayam o‘ynamadim, desam ham bo‘laveradi. Juda borgim keladi-yu, ammo nuqul yakshanba kunlari yomg‘ir yog‘adi, bundan tashqari tennis maydonchalari doim odamlar bilan to‘lib-toshib ketadi.
– Inglizlar shanba kunlari ishlashmaydi-da, – dedi Uolsi.
– Omadlari bor-da, ablahlarning, – dedi Kram. – Hali shoshmay turishsin. Umrbod jurnalistlik qilmayman-ku! Shahar tashqarisiga chiqishga menda ham vaqt bo‘lib qolar.
– Shahar tashqarisida yashashni va shaxsiy mashinaga ega bo‘lishni hamma narsadan afzal ko‘raman.
– Men kelasi yili mashina sotib olishni mo‘ljallayapman.
Mashina oynasini chertib qo‘ydim. Haydovchi tormoz berdi.
– Uyga yetib keldim, – dedim men. – Yuringlar, bir stakandan otamiz.
– Rahmat, – dedi Kram.
Uolsi boshini chayqab qo‘ydi.
– Bugungi eshitganlarimni ishlab chiqishim kerak.
Kramning qo‘liga ikki frank tutqazdim.
– Aqldan ozibsiz, Jeyk, – dedi u. – O‘zim to‘layman.
– Tahririyat hisobidan-ku.
– Qo‘ysangiz-chi. O‘zim to‘layman.
Qo‘limni silkib xayrlashdim. Kram mashinadan boshini chiqarib dedi:
– Chorshanba kuni ko‘rishamiz, birga nonushta qilamiz.
– Albatta.
Liftda tahririyatga ko‘tarildim. Robert Kon meni kutib o‘tirgan ekan.
– Hello, Jeyk, – dedi u. – Nonushta qilgani boramizmi?
– Mayli. U-bu shoshilinch narsa yo‘qmikan, qarab olay.
– Qayerda nonushta qilamiz?
– Menga baribir. – Yozuv stolimning ustini qarab chiqdim. – Siz qayerda nonushta qilishni istardingiz?
– Balki Vetselnikiga boraqolamizmi? U yerning gazagi yaxshi bo‘ladi-da.
Restoranda biz gazak bilan pivo buyurdik. Ofitsiant uzun sopol krujkada pivo olib keldi – pivo muzdek bo‘lib, idishning chetlarini marjon-marjon ter qoplagandi. O‘ntacha har xil gazak olib kelishdi.
– Kechagi kuningiz xushchaqchaq o‘tdimi? – so‘radim men.
– Yo‘q, unchalik emas.
– Yozuv-chizuv ishlaringiz qalay?
– Yomon. Ikkinchi kitobim hecham siljimayapti-da.
– Hammada ham shunaqa bo‘ladi.
– Xabarim bor. Lekin baribir bu menga azob beryapti.
– Janubiy Amerikaga borish nima bo‘ldi? Hamon unutmadingizmi?
– Yo‘q. Hali unutganimcha yo‘q.
– Bo‘lmasa, nima to‘sqinlik qilyapti?
– Frensis.
– Uni ham olaketing, – dedim men.
– Borishni istamayapti. Buni u yoqtirmaydi. Unga katta davra kerak.
– Unaqa bo‘lsa, pattasini qo‘liga tutqazib yuboraqoling.
– Ilojim yo‘q. Har holda, uning oldida qarzdorman.
U bodring to‘g‘ralgan tarelkani surib qo‘yib, ziravor qo‘shib sirkalangan baliqni oldi.
– Menga ayting-chi, Jeyk, ledi Bret – Eshli haqida nimalarni bilasiz?
– Ledi Eshli – uning familiyasi. Bret – ismi. U juda nazokatli juvon. Eridan ajralib Maykl Kembelga turmushga chiqmoqchi. Maykl hozir Shotlandiyada. Nimaga so‘rayapsiz?
– U nihoyatda latofatli ayol.
– Rostdan ham shunaqami?
– Unda ajib bir nazokat bor. Menimcha, u mehribon, to‘g‘riso‘z ayol. U nihoyatda jozibali.
– Sizga qanaqa qilib tushuntirib berishni bilmayapman, – dedi Kon. – Aftidan, asl zoti shunaqaga o‘xshaydi.
– Ko‘rib turibman. Sizga juda yoqib qolibdi.
– Judayam. Uni sevib qolganga o‘xshayman.
– U g‘irt piyanista, – dedim men. – Maykl Kembelni sevib qolib, unga turmushga chiqmoqchi. Vaqti kelib Maykl nihoyatda boyib ketadi.
– Bretning unga turmushga chiqishiga ishonmayman.
– Nega?
– Bilmadim. Shunchaki, ishonmayman-da. Uni ko‘pdan beri taniysizmi?
– Ha, – dedim men. – Urush paytida u men yotgan gospitalda hamshiralik qilgandi.
– O‘shanda u hali qizaloq bo‘lgan bo‘lsa kerak?
– Hozir o‘ttiz to‘rt yoshda.
– Eshliga qachon turmushga chiquvdi?
– Urush paytida. Uning qaylig‘i o‘shanda yurakburug‘ kasalidan endi xoli bo‘lgandi.
– Nega siz bunaqa ohangda gapiryapsiz?
– Kechirasiz. Bexosdan. Men shunchaki, bor gapni aytmoqchi edim.
– Bretning birovni sevmay turmushga chiqishiga ishonmayman.
– Lekin u ikki marta shunday qilgan, – dedim men.
– Ishonmayman.
– Agar sizga javoblarim yoqmasa, nega bo‘lmasa bunaqa ahmoqona savollarni beryapsiz? – dedim men.
– Men sizdan buni surishtirganim yo‘q.
– Bret Eshli to‘g‘risida nimalarni bilishimni o‘zingiz so‘radingiz-ku!
– Uni haqorat qilishni sizdan so‘raganim yo‘q.
– E, qo‘ying-e. Jin ursin sizni.
U rangi o‘chib o‘rnidan turdi-yu, gazakli likopchalar qo‘yilgan stolning naryog‘idan menga qahr bilan tikildi.
– O‘tiring, – dedim unga. – Tentaklik qilmang.
– So‘zingizni qaytarib oling.
– Qo‘ysangiz-chi, nima, hamma narsadan xabardormiz, deb o‘ylaysizmi?
– So‘zingizni qaytarib oling.
– Xo‘p. Nima desangiz shu-da. Men Bret Eshli haqida umrimda hech nima eshitmaganman. Endi ko‘nglingiz joyiga tushdimi?
– Yo‘q. Buni emas. Siz meni, jin ursin, dedingiz.
– Ha, mayli, jin urmay qo‘yaqolsin, – dedim men. – Mana bu stulga o‘tiring. Nonushtani endigina boshlagandik.
Kon jilmayib joyiga o‘tirdi. U, aftidan, o‘tirish mumkinligidan quvonib ketgandi. Rostdan ham, agar u o‘tirmaganda, nima qilgan bo‘lardi?
– Siz juda alam qiladigan gaplarni aytdingiz-da, Jeyk.
– Xafa bo‘lmang. Tilim mana shunaqa achchiq. Qabih narsalarni o‘ylamasdan gapiraveraman.
– Buni bilaman, – dedi Kon. – Aytish mumkinki, siz mening eng yaqin do‘stimsiz, Jeyk.
«Mana bunisi ajoyib», deb qo‘ydim o‘zimcha.
– Aytganlarimni unutib yuboring, – dedim unga. – Xafa bo‘lmang.
– Ha, mayli. Hammasi joyida. Shunchaki, o‘sha daqiqada menga juda alam qiluvdi.
– Juda soz. Keling, yana biror nima buyuramiz.
Nonushta qilib bo‘lib, de la Pe kafesiga bordik-da, qahva ichdik. Kon yana Bret haqida gaplashmoqchi bo‘layotganini fahmlab tursam ham o‘zimni sezmaganga oldim. U-bu to‘g‘risida suhbatlashib o‘tirdik, keyin u bilan xayrlashib tahririyatga ketdim.
Oltinchi bob
Soat beshda men «Kriyon» mehmonxonasida Bretni kutib turardim. U kechikavergach, o‘tirib olib, bir nechta xat yozdim. Xatlar unchalik ravon yozilmadi-yu, biroq «Krion» mehmonxonasining muhri maktublarimga savlat bag‘ishlashiga umid qildim. Bretdan hamon darak yo‘q. Soat choragi kam oltida barga tushib sotuvchi Jorj bilan birga «Jek Roz» kokteylidan ichdik. Barda ham Bret ko‘rinmasdi. Men ketish oldidan yana bir marta yuqori qavatga chiqib qaradim-da, keyin taksi yollab «Selekt» kafesiga jo‘nadim. Sena ustidan o‘tayotganimizda shatakka olib ketilayotgan bo‘m-bo‘sh yuk kemalari karvoniga ko‘zim tushdi; suv sathida qad rostlab oqim bo‘ylab ketayotgan kemalar ko‘prikka yaqinlashganda matroslar langarcho‘p yordamida kemani o‘rtaroqqa olishdi. Daryo manzarasi go‘zal edi. Parijda ko‘prikdan o‘tish hamma vaqt kishiga zavq bag‘ishlaydi.
Semafor ixtirochisining yo‘lni tartibga solib turgan holati tasvirlangan haykalini aylanib o‘tgan taksi Raspay xiyoboniga burilganda, men yo‘lning qolgan qismini ko‘rmaslik maqsadida suyanchiqqa yastanib oldim. Raspay xiyoboni bo‘ylab yurish odatda, zerikarli bo‘ladi. Parij – Lion yo‘nalishidagi Fontenblo bilan Montero oralig‘ida shunaqangi joylar borki, undan o‘tib olmagunimcha nihoyatda zerikib, charchab ketaman. Aftidan, yo‘ldagi bunaqa befayz joylar allaqanday o‘zgarishlar oqibatida yuzaga kelsa kerak. Parijda ham Rastay xiyobonidan ko‘ra xunuk ko‘chalar bor. Bunaqa ko‘chadan piyoda yursam, mutlaqo xotirjam ketaveraman. Ammo taksida o‘tishga hecham toqat qilolmayman. Balki bu haqda allaqaysi kitobda o‘qigandirman. Parijdagi hamma narsa Robert Konga mana shunaqa ta’sir qiladi. Qiziq, Konning Parijni bunchalik yomon ko‘rishi nimadan bo‘ldiykin? Menkendan yuqdimikin? Menken Parijni yomon ko‘rsa kerak-da. Menken kabi Parijni sevib-sevmaydigan yoshlar bu olamda juda ko‘p.
Taksi «Rotonda» kafesining ro‘parasida to‘xtadi. Sena daryosining o‘ng qirg‘og‘ida taksiga o‘tirib, Monparnasdagi qaysi kafega olib borib qo‘yishni aytsangiz, u baribir sizni «Rotonda»ga boshlab keladi. O‘n yildan keyin uning o‘rnini «Gumbaz» kafesi egallasa kerak. Lekin menga shundog‘am yaqin. «Rotonda»ning kimsasiz stollari yonidan yurib «Selekt» kafesiga o‘tdim. Ichkarida, peshtaxta oldida bir necha kishi o‘tiribdi, tashqarida esa Xarvi Stoun yolg‘iz o‘zi tamaddi qilyapti. Stol ustida bir uyum likopcha. Stounning soqol-mo‘ylovi olinmagan.
– O‘tiring, – dedi u, – sizni kutayotgandim.
– Nima gap o‘zi?
– Hech qanday gap yo‘q. Shunchaki, sizni kutib o‘tirgandim.
– Poygada bo‘ldingizmi?
– Yo‘q. Yakshanba kunidan beri borganim yo‘q.
– Amerikadan qanday xabarlar bor?
– Hech nima. Mutlaqo xabar yo‘q.
– O‘zi nima gap?
– Bilmadim. Ular bilan aloqani uzdim. Ular bilan butunlay aloqani uzdim. – U oldinga egilib ko‘zlarimga tikildi. – Sizga bir gap aytaymi, Jeyk?
– Nimani?
– Besh kundan beri ichimga tuz kirmadi.
Miyamda darrov hisoblab chiqdim. Bundan uch kun oldin «Nyu-York mayxonasi»da Xarvi poker o‘ynab mendan ikki yuz frank yutib olgandi.
– O‘zi nima gap?
– Pulim yo‘q. Pul kelmadi. – U jimib qoldi. – Bilasizmi, Jeyk, juda g‘alati bo‘larkan. Pulsiz qolganimda yolg‘izlikni yoqtiraman. Xonamdan chiqqim kelmaydi. Xuddi mushukka o‘xshab.
Cho‘ntagimni kavladim.
– Yuz frank yetadimi, Xarvi?
– Ha.
– Qani, turing. Tushlik qilgani boramiz.
– Ulguramiz. Men bilan ichishing.
– Ovqatlansangiz yaxshi bo‘lardi.
– Yo‘q. Bunaqa paytda ovqat yesam-yemasam menga baribir.
Bir stakandan vino ichdik. Xarvi likopni o‘zinikiga qo‘shib qo‘ydi.
– Mankenni taniysizmi, Xarvi?
– Ha. Nimaydi?
– U qanaqa odam?
– Yomon odammas. Juda qiziq voqealarni ko‘p gapiradi. Yaqinda u bilan tushlik qilib o‘tirib Goffenxeymer haqida gaplashib qoldik. «Hamma illat shundaki, u o‘zini xudojo‘y qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lyapti», dedi Menken. Chakki emas-a.
– Rost, chakki emas.
– Sirasini aytganda, u endi adoyi tamom bo‘ldi, – davom etdi Xarvi. – U o‘zi biladigan hamma narsa haqida yozib bo‘ldi, endi esa bilmaganlarini yozishga kirishyapti.
– U chindanam durust yozuvchi bo‘lsa kerak, – dedim men. – Lekin uning kitoblarini o‘qiyolmayman.
– Hozir hech kim o‘qiyotgani ham yo‘q. Balki bir paytlari Aleksandr Gamilton institutining asarlarini mutolaa qilganlar o‘qigan bo‘lsa ajab emas.
– Nima qipti, – dedim men, – buyam yomon emas.
– Albatta-da, – ma’qulladi Xarvi.
O‘z xayollarimizga berilib ketib, bir qancha vaqt indamay o‘tirdik.
– Yana bir stakandan ichamizmi?
– Mayli, – dedi Xarvi.
– Ana, Kon ham kelyapti, – dedim men.
Robert Kon ko‘chani kesib o‘tmoqda edi.
– Tentak, – deb qo‘ydi Xarvi.
Kon stolimiz yoniga keldi.
– Salom, do‘stlar, – dedi u.
– Salom, Robert, – dedi Xarvi. – Hozirgina Jeykka sizni tentak, devdim.
– Bu bilan nima demoqchisiz?
– Darrov ayting. O‘ylamasdan. Agar ko‘nglingiz istaganini bajara olsangiz, nima qilgan bo‘lardingiz?
Kon o‘ylab qoldi.
– O‘ylab o‘tirmang! Darrov ayting.
– Bilmadim, – dedi Kon. – O‘zi buning nima keragi bor?
– Shunchaki bir gap-da, nima qilgan bo‘lardingiz? Miyangizga kelgan birinchi fikrni ayting, har qanday ahmoqona bo‘lsa ham aytavering.
– Bilmadim, – dedi Kon. – Endilikda, mashqini olib bo‘lganimdan keyin, balki hammasidan ko‘ra futbol o‘ynagan bo‘lardim.
– Men yanglishibman, – dedi Xarvi. – Bu tentaklik emas, shunchaki rivojlanishdan to‘xtab qolish holati.
– Tilingiz juda biyron-da, Xarvi, – dedi Kon. – Axiyri bir kuni kelib kimdir basharangizga shapaloq tortib yubormasa, deb qo‘rqaman.
Xarvi Stoun kulib qo‘ydi.
– Shunaqa, deb o‘ylaysizmi? Hech kim tarsaki tushirmaydi, xavotir bo‘lmang. Chunki bundaylarga men tupuraman. Men bokschi emasman.
– Tupurolmay qolgan bo‘lardingiz.
– Yo‘q, tupurardim. Asosiy xatoingiz ham ana shunda. Sizning mulohazalaringiz nojo‘ya.
– Men haqimda gapirishni bas qiling.
– Marhamat, – dedi Xarvi. – Sizga ham tupurdim. Siz men uchun hech kim emassiz.
– Bas qiling, Xarvi, – dedim men. – Yaxshisi, yana portveyn iching.
– Yo‘q, – dedi u. – Biror joyga borib ovqatlanaman. Yana ko‘risharmiz, Jeyk.
U o‘rnidan turib ko‘chaga chiqdi. Pakanagina, semiz Xarvining mashinalar orasidan shoshilmay yurib, toshko‘chani kesib o‘tayotganiga qarab turdim.
– Nuqul jig‘imga tegaveradi, – dedi Kon. – Uni hecham yoqtirmayman.
– Menga esa yoqadi, – dedim men. – Hatto uni yaxshi ko‘raman. Undan xafa bo‘lmaslik kerak.
– Bilaman, – dedi Kon. – Shunchaki, u asabimni qo‘zg‘ataveradi.
– Bugun ishladingizmi?
– Yo‘q. Bugun hech yopishmadi. Hozir birinchi kitobimni yozganimdan ko‘ra ko‘p qiynalyapman. Hecham yurishmayapti.
Erta bahorda Amerikadan qaytib kelgan paytdagi qat’iy ishonchi endi yo‘q edi. O‘shanda u adabiyot sohasida talanti borligiga shubha qilmasdi, faqat sarguzashtli hayotga tashnaligi xumor qilib Robertni qiynardi. Endi bu ishonch qolmagandi. Bir paytlari Robert Konning ichki dunyosini aniq bilish menga mumkin emasdek tuyilgandi. Gap shundaki, u Bretni sevib qolmasidan oldin, o‘zini boshqa odamlardan farqlaydigan birorta fazilati haqida hech qachon gapirmagandi. U mohirlik bilan tennis o‘ynar, qaddi-qomati kelishgan, chaqqon edi, brij o‘yinida ham yomon emasdi, nimasi bilandir talabani eslatardi. Katta davrada uning biror g‘aroyib narsa haqida hikoya qilganini aslo eshitmaganman. U polo fasonida tikilgan ko‘ylak kiyib yursa ham – bu ko‘ylakni kollejda biz shunday atardik, hozir ham shunday deyishsa kerak – o‘zini yosh qilib ko‘rsatishga urinmasdi. Menimcha, oliftagarchilik qilishni ham unchalik yoqtirmasdi. Uning tashqi qiyofasi Prinstonda shakllandi. O‘zini tarbiyalagan ikki ayol ta’sirida orasta-yu ozoda kiyinib yuradigan bo‘ldi. Unda ayollarning na unisi, na bunisi yo‘qotishga muyassar bo‘la olmagan bolalarga xos yoqimli sho‘xligi saqlanib qolgan bo‘lib, aftidan, men bu holatni yaxshi ko‘rsatolmagan bo‘lsam kerak. Masalan, tennis o‘ynayotganda u g‘olib chiqishni juda-juda yoqtirardi. Chamamda, u mashhur Lenglen kabi har bir o‘yinda yutib chiqishni istardi. Lekin mag‘lubiyatga uchraganda tumshayib olmasdi. Bretni sevib qolganidan keyin uning butun mahorati chippakka chiqdi. Kon uni mag‘lub etishni hech qachon orzu qilolmagan tennischilarga ham birin-ketin yutqaza boshladi. Ammo bunga xafa ham bo‘lmadi.
Shunday qilib, biz «Selekt» kafesining ayvonida o‘tiribmiz. Xarvi hozirgina ko‘chani kesib o‘tdi.
– Yuring, «Klozeri-de-Lil»ga boramiz, – dedim men.
– Uchrashuvni shu yerga tayinlagandim.
– Soat nechada?
– Frensis yettidan o‘n besh daqiqa o‘tganda keladi.
– Ana, kelyapti.
Frensis Klayn ko‘cha bo‘ylab biz tomon yurdi. U judayam bo‘ydor bo‘lib, katta-katta qadam tashlab tez kelardi. Frensis bizga qo‘l silkib jilmayib qo‘ydi. Biz uning ko‘chani kesib o‘tishiga qarab turdik.
– Salom, – dedi u. – Sizni bu yerda uchratganimdan juda xursandman, Jeyk. Sizga aytadigan gapim bor.
– Hello, Frensis, – dedi Kon. U jilmayib turardi.
– Iye, salom Robert! Senam shu yerdamisan? – u bidirlab gapirardi. – Bugungi kunim ahmoqona o‘tdida. U, – Frensis Konga ishora qildi, – tushlik qilgani uyga kelmadi.
– Borishim shart emasdi.
– O, buni bilaman. Ammo xizmatkorni ogohlantirib qo‘ymabsan-da. Keyin Paulo bilan va’dalashgandik, ammo u tahririyatda yo‘q ekan. «Rits»ga borib uni kutuvdim, hadeganda kelavermadi, «Rits»da ovqatlanishga odatdagidek pulim yetmadi.
– Xo‘sh, keyin nima qildingiz?
– Albatta, chiqib ketdim-da. U ataylab xushchaqchaq gapirardi. – Men doimo va’damning ustidan chiqaman. Hozir hech kim bunaqa qilmaydi. Xo‘sh, ahvollaringiz qalay, Jeyk?
– Yaxshi.
– Dansingga yoqimtoygina bir qizni boshlab kelib, anavi Bret bilan sezdirmay qochib qoldingiz-a?
– U senga yoqadimi? – so‘radi Kon.
– Menimcha, nihoyatda jozibali ayol. Sening-cha, qanday?
Kon indamadi.
– Menga qarang, Jeyk. Sizga aytadigan gapim bor. Yuring, ro‘paradagi «Gumbaz» kafesiga kiramiz. Sen shu yerda o‘tiratur, Robert, maylimi? Yuring, Jeyk.
Biz Monparnas xiyobonidan o‘tib, kafedagi stollardan birini egalladik. Gazeta sotuvchi bolakay o‘tib qoluvdi, «Tayms»ning Parij nashrini sotib oldim.
– Nima gap, Frensis?
– E, arzimagan gap, – dedi u. – Kon shunchaki, meni tashlab ketmoqchi bo‘lyapti.
– Qanaqasiga tashlab ketarkan?
– U menga uylanishi haqida hammaga jar solgandi, o‘zimam oyimga, boshqalarga aytib qo‘yuvdim, endi esa Robert buni istamayapti.
– Nima bo‘ldi o‘zi?
– U hali hayotdan bahramand bo‘lolmaganmish. Nyu-Yorkka jo‘nab ketganda, xuddi shunday bo‘lishini bilgandim.
U jo‘rttaga beparvo gapirishga harakat qilib, chaqnoq ko‘zlari bilan menga qarab qo‘ydi.
– Agar xohlamasa, unga xotin bo‘lmayman. Albatta, bo‘lmayman. Endi men hech qachon u bilan turmush qurmayman. Lekin hozir biroz kech bo‘ldi-da. Biz uch yil kuta-kuta, endigina taloq xatimni olgandim.
Men indamay o‘tiraverdim.
– Biz zo‘r to‘y qilmoqchiydik, buning o‘rniga boshimiz musibatda qoldi. U xuddi go‘dakka o‘xshaydi. Ko‘kragiga urib yig‘laydi, tashvish tortmasligimni iltimos qiladi-yu, biroq aslo uylanolmayman, deydi.
– Ahvol chatoq-ku.
– Chatog‘am gapmi? Ikki yarim yil vaqtimni unga sarfladim. Endi menga birov uylanish-uylanmasligi dargumon. Bundan ikki yil avval o‘sha yoqda, Kannda xohlagan kishiga turmushga chiqishim mumkin edi. Vazmingina, zebo ayollarni istab qolgan qariyalarning ko‘pi izimdan yurardi. Endi birortasini ham topolmasam kerak.
– Qo‘ysangiz-chi, siz hozir ham istagan kishingizga turmushga chiqishingiz mumkin.
– Yo‘q, topolmasam kerak. Buning ustiga uni sevaman. Undan bola ko‘rmoqchiydim. Doim farzandli bo‘lamiz, deb o‘ylardim. U samimiy ko‘zlarini menga tikdi. – O‘zim bolalarni unchalik yoqtirmasdim-u, ammo hecham farzandim bo‘lmasligini o‘ylagim kelmasdi. Bola ko‘rganimdan keyin ularni sevib qolaman, deb o‘ylardim.
– Uning farzandlari bor.
– Ha, bor. Uning bolalari ham bor, pullari ham bor, badavlat onasi ham bor, kitob ham yozgan, men-chi, yozganlarimni hech kim, birorta odam bosib chiqarishni istamayapti. Yozganlarim esa unchalik yomon emas. Umuman pulim ham yo‘q. Nafaqa undirib olishim mumkin edi-yu, biroq taloq xatimni iloji boricha tezroq qo‘lga kiritmoqchiydim-da. – U yana samimiyat bilan menga qarab qo‘ydi. – Bu haqsizlik bo‘lardi. Bir tomondan olib qaraganda, o‘zim aybdorman. Lekin baribir ko‘p jihatdan emas. Albatta, bu sohada aqlliroq bo‘lishim kerak edi. Konga bu haqda og‘iz ochsam, diy-diyo qilib, menga uylanolmasligini aytadi. Nega uylanolmas ekan? Yaxshi xotin bo‘lardim. Men bilan kelishib yashash oson. Unga xalaqit bermasdim.
– Xunuk voqea bo‘libdi.
– Ha, xunuk voqea. Lekin endi gapirishning foydasi yo‘q. Yuring, «Selekt»ga qaytamiz.
– O‘zingiz tushunib turgan bo‘lsangiz kerak, sizga bu masalada yordam berish qo‘limdan kelmaydi.
– Ha, yordam berolmaysiz. Faqat unga mening gaplarimni aytib qo‘ymang. Robert nima istayotganini bilaman. Shunda u birinchi marta quvnoq chehrasiga mayuslik tortib dedi: – U Nyu-Yorkka yolg‘iz o‘zi qaytib borishni, kitobi chop etilgach, qizlar orasida shuhrat qozonishni istayapti. U shuni xohlayapti.
– U shuhrat qozonmasligi ham mumkin. Keyin, menimcha, judayam shuhratparast emas. Jiddiy yigit.
– Siz uni menchalik bilmaysiz, Jeyk. U xuddi shuni istayapti. Men buni bilaman. Juda yaxshi bilaman. Xuddi shuni deb menga uylanishni istamayapti. Kuzda shon-shuhrati ne’matlaridan yolg‘iz o‘zi lazzatlanmoqchi.
– «Selekt»ga qaytamizmi?
– Ha, ketdik.
O‘rnimizdan turib – stolga hech nima olib kelib qo‘yishmagandi – ko‘chani kesib o‘tdik-da, «Selekt» kafesiga kirdik. Kon marmar stol yonida bizni jilmayib kutib o‘tirardi.
– Xo‘sh, nimadan xursand bo‘lyapsan? – so‘radi undan Frensis. – Bu olamdagi hamma narsadan mamnun ko‘rinasan?
– Jeyk bilan pichir-pichir qilayotganing kulgimni qistatdi.
– O, Jeykga aytganlarim sir emas. Yaqin orada bundan hamma xabardor bo‘ladi. Men faqat buni Jeykga silliqlab aytmoqchi bo‘luvdim.
– Nimani? Angliyaga jo‘nab ketmoqchi bo‘layotganingnimi?
– Ha, Angliyaga jo‘nab ketayotganimni. Ha-ya, Jeyk! Buni sizga aytishni unutibman. Men Angliyaga ketyapman.
– Juda yaxshi bo‘libdi-da.
– Ha, boadab doiradagilar hamma vaqt shunaqa qilishadi. Robert meni Angliyaga jo‘natyapti. U menga ikki yuz funt beradi va men do‘stlarim huzuriga mehmondorchilikka jo‘nab ketaman. Juda ajoyib ish bo‘ladi-da, to‘g‘rimi? Aytgandek, do‘stlarim hali bu haqda hech nima bilishmaydi.
U Konga o‘girilib kulib qo‘ydi. Robert endi jilmaymasdi.
– Menga atigi yuz funt bermoqchiyding, to‘g‘rimi, Robert? Lekin uni ikki yuz berishga majbur qildim. U judayam saxiy. To‘g‘rimi, Robert?
Bunaqa dahshatli gaplarning Robert Konga aytilayotganiga aqlim bovar qilmasdi. Haqorat so‘zlarni yuziga aytib bo‘lmaydigan odamlar bor. Agar ularning betiga bunaqa so‘zlar aytilsa, tom ma’nosi bilan yer yoriladi-yu, chohga tushib ketayotgandek his qilishadi o‘zlarini. Ammo Kon bo‘lsa bu gaplarni churq etmay eshitib o‘tirardi. Mana shu voqea ko‘z o‘ngimda sodir bo‘layotganiga qaramay, Frensisni gapdan to‘xtatib qolishga maylim yo‘q edi. Lekin bu hali holva ekan.
– Shu gaplarni aytgani uyalmaysanmi, Frensis? – uni to‘xtatmoqchi bo‘lib dedi Kon.
– Yana so‘raydi-ya! Men Angliyaga jo‘nayapman. Do‘stlarimnikiga mehmondorchilikka ketyapman. Sizga ko‘zi uchib turmagan do‘stlaringiznikida hech mehmon bo‘lganmisiz? O, meni har qalay qabul qilishdan o‘zga choralari qolmaydi. «Ahvollaringiz qalay, azizam? Necha yildan beri diydor ko‘rishmadik-a! Muhtarama onangiz baquvvatmilar?» Ha, aytgandek, muhtarama onamizning ahvollari qalay edi? Ular bor-yo‘q mablag‘larini fransuz harbiy zayomiga qo‘ygandilar. Ha, ha. Bu olamda ul kishidan boshqa hech kim bunday qilmagan bo‘lsa kerak. «Robertning ahvoli qalay?» Yana shunga o‘xshagan betakalluf savollar berishadi. «Ehtiyot bo‘ling, u haqda og‘iz ochmang, azizim. Bechora Frensis judayam ko‘p azob chekkan». Qalay, Robert, shu kulgili ishmi? Sizningcha-chi, Jeyk, kulgilimi shu?
Frensis o‘ziga xos g‘oyat mayin tabassumi bilan menga o‘girildi. Gapiga quloq tutadigan odam topilganidan nihoyatda mamnun edi.
– Sen nima qilasan, Robert? Bilaman, o‘zim aybdorman. Hammasiga o‘zim aybdorman. Anavi qizchadan, jurnalning kotibasidan seni voz kechishga majbur qilganimda, vaqti kelib mendan ham voz kechishingni oldindan bilishim kerak edi. Bu voqeani Jeyk bilmaydi. Unga aytib beraymi?
– Xudo haqi, ovozingni o‘chir, Frensis.
– Yo‘q, unga hammasini aytib beraman. Tahririyatda Robertning kotibasi bor edi. U kishini chindanam maftun qiladigan qizcha bo‘lib, Robert uni g‘oyat go‘zal hisoblardi, lekin keyinchalik men paydo bo‘lib qoldim-u, shunda u meni ham barkamol go‘zallar ahliga qo‘shdi. Shunday qilib, men Robertni undan voz kechishga majbur qildim, u esa tahririyat ko‘chayotgan vaqtda qizchani Karmeldan Provinstaunga olib keldi va hatto unga qaytib ketish yo‘lkirasini ham to‘lamadi. Ko‘nglimni ovlash uchun shunday qildi. O‘shanda u meni jozibali ayol deb bilgandi. To‘g‘rimi, Robert?
Behuda xayollarga bormang, Jeyk, u kotibasi bilan mutlaqo ma’naviy munosabatda edi. Hatto ma’naviy bo‘lmasligi ham mumkin. Buning ahamiyati yo‘q. Ajabtovur yoqimtoy qiz edi-da. Robert esa ko‘nglimni ovlash uchun shunday qildi. Nima ham derdim, kimki birovga choh qazisa, o‘zi yiqiladi. Haq gap, to‘g‘rimi? Navbatdagi kitobing uchun bu so‘zlarni yodda tutishni maslahat beraman, Robert. Xabaringiz bormi, Robert yangi kitobi uchun manba to‘playapti. Shunaqami, Robert? Mana shuni deb Robert meni tashlab ketyapti. Uning fikricha, men tasvirbop emasmishman. Bilasizmi, shuncha paytgacha birga yashabmiz-u, Robert o‘z kitobi bilan band bo‘lib ketib, oramizdagi munosabatlar haqida hech narsani eslab qololmabdi. Mana endi u yangi material to‘plash uchun jo‘nab ketyapti. Ha mayli, haddan tashqari qiziq biror narsaga duch kelib qolishidan umidvorman.
Quloq sol, azizim Robert. Senga bir gap aytmoqchiman. Jahling chiqmaydimi? Yuragingdan urgan ayollar bilan hech qachon janjallashma. Shunga harakat qil. Chunki sen janjallashishni bilmaysan. Keyin hecham yig‘lama, yig‘lagan paytingda g‘ariblarga o‘xshab ketasan, raqibingning gaplarini eslab qololmaysan. Birorta so‘zini ham eslab qololmaysan. Hecham hayajonlanma. Bilaman, bu juda qiyin. Lekin yodingda bo‘lsin: bu adabiyot manfaati uchun kerak. Biz hammamiz adabiyot manfaati yo‘lida qurbonlar berishimiz kerak. Mana, masalan, meni olib ko‘ring. Men Angliyaga jo‘nab ketyapman, bunga e’tiroz bildirayotganim yo‘q. Adabiyot manfaatini ko‘zlab. Yosh yozuvchilarga yordam berish hammamizning burchimiz. To‘g‘ri emasmi, Jeyk? Ammo siz yosh yozuvchi emassiz. Sen-chi, Robert? Yoshing o‘ttiz to‘rtda. Aytgandek, buyuk yozuvchi uchun bu unchalik katta yosh emas. Gardini eslang. Anatol Fransni eslang. U yaqinginada vafot etdi. Ammo Robert Anatol Fransni shunchaki, bir o‘rtamiyona yozuvchi, deb hisoblaydi. Buni unga fransuz do‘stlari aytishgan. O‘zi fransuzchani yaxshi o‘qiyolmaydi. U senchalik talantli emasdi, to‘g‘rimi, Robert? Seningcha, unga ham yangi materiallar to‘plash uchun jo‘nab ketishga to‘g‘ri kelganmikan? Ma’shuqalariga uylanishni istamaganda, ularga, sening-cha, nima deganiykin? Qiziq, uyam yig‘laganmikan? Eh, miyamga bir fikr kelib qoldi! U qo‘lqopi bilan labiga urib qo‘ydi. – Menga uylanmasligining chin sababini endi bildim, Jeyk. Hozir miyamga kelib qoldi. «Selekt» kafesida ko‘zim moshdek ochildi. Haqiqatdan qanchalar yiroq, to‘g‘rimi? Vaqti kelib bu yerga taxtacha qoqib qo‘yiladi. Xuddi Lurddagi kabi. Aytaveraymi, Robert? Bo‘lmasa, quloq sol. Bu juda oson. Agar bilgilaring kelsa, Robert hamma vaqt xushtori bo‘lishni xohlardi, bas, menga uylanishni istamayotgan ekan, demak, uning xushtori bor ekan-da. «Bilasizlarmi, ikki yildan ko‘p vaqt mobaynida o‘sha xonim Robertning xushtori bo‘lgan». Tushunyapsizmi? Qalay fikrim? Agar u doim va’da qilib kelganidek, menga uylansa – unda har qanday ishqiy sarguzashtlarga chek qo‘yilgan bo‘lardi. Qoyilmaqom xulosa, to‘g‘rimi? O‘zi ham xuddi shunday. Robertga bir qarang-da, noto‘g‘ri, deb ko‘ring-chi! Qayoqqa ketyapsiz, Jeyk?
– Barga kirib, Xarvi Stoun bilan uchrashmoqchi edim.
Barga kirib ketayotganimda Kon boshini ko‘tarib qaradi. Uning rangi bo‘zarib ketgandi. Bu yerda nega o‘tiribdi? Nega bu gaplarni eshitib toqati toq bo‘lmayapti?
Men peshtaxtaga suyanib deraza orqali ularni kuzatib turdim. Frensis o‘zining mayin tabassumi bilan «To‘g‘rimi, Robert?», deb so‘rayotgandek, uning yuziga tikilib hamon so‘zlamoqda edi. Balki endi so‘ramayotgandir. Balki biror boshqacha gapni aytayotgandir. Mayxonachiga hech nima ichmasligimni aytib, boshqa eshikdan ko‘chaga chiqdim. Chiqayotib, ortimga o‘girilib qo‘shderazadan qaradim-u, yana ularga ko‘zim tushdi. Frensis hamon gapirmoqda edi. Men tor ko‘cha bo‘ylab Raspay xiyoboniga yetib oldim. Yonimdan o‘tayotgan taksini to‘xtatib o‘tirdimda, haydovchiga uyimning manzilini aytdim.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?