Электронная библиотека » Эрнест Хемингуэй » » онлайн чтение - страница 4


  • Текст добавлен: 9 апреля 2024, 21:20


Автор книги: Эрнест Хемингуэй


Жанр: Классическая проза, Классика


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 4 (всего у книги 15 страниц) [доступный отрывок для чтения: 5 страниц]

Шрифт:
- 100% +
Yettinchi bob

Zinapoyadan ko‘tarilayotgandim, xizmatchi ayol o‘z hujrasining oynavand eshigini taqillatdi. Men to‘xtagandim, oldimga chiqib bir qancha xat, telegrammani uzatdi.

– Mana, pochtadan keltirib berishdi. Yana sizni izlab bir ayol keluvdi.

– Tashrifnomasini qoldirdimi?

– Yo‘q, yonida bir janob ham bor edi. Anavi, tunda kelgan ayol-da. Bilasizmi, u judayam lobar ekan.

– Tanishlarimdan birontasi bilan birga keldimi?

– Bilmadim. Yonidagi janob hecham bu yerda bo‘lmagandi. Baland bo‘yli. Juda, judayam baland. Ayol esa lobar. Juda, judayam lobar. Tunda u andakkina… Xizmatchi boshini ushlab chayqalib qo‘ydi. – Sizga ochig‘ini aytaman, janobi Barns. Tunda u menga bunchalik lobar tuyilmagandi. Tunda u haqida boshqacha fikrda edim. Lekin menga ishoning, u nihoyatda lobar ayol. U nihoyatda yaxshi oilada tarbiyalangan. Bu shundoqqina ko‘rinib turibdi.

– Ular biror nima deb qo‘yishni iltimos qilishdimi?

– Ha. Bir soatdan keyin kelamiz, deyishdi.

– Kelishsa, yuqoriga taklif qiling.

– Xo‘p bo‘ladi, janobi Barns. Bu ayol anuvnaqalardan emas. Biroz tantiqrog‘-u, ammo anuvnaqalardan emas.

Xizmatchi menga yollanmasdan avval Parij ippodromida suv do‘koniga ega edi. Uning mehnatdagi hayoti o‘sha davrada o‘tgan bo‘lsa ham, minbarlarda o‘tirgan tomoshabinlarni o‘rganib chiqishga bu yumushi xalaqit berolmagan. Shuning uchun ham u kechqurunlari huzurimga kelganlarning qay biri tarbiya ko‘rgan-u, qaysinisi yaxshi oiladan ekanini, kim sport bilan shug‘ullanishini menga faxr bilan bildirib qo‘yardi. Birgina noqulaylik shundan iborat ediki, bu toifadagilarning birortasiga mansub bo‘lmagan odamlar men yo‘g‘imda uyga kelishga botina olmasdi. Dyuzinel xonimga na yaxshi tarbiyalangan, na yaxshi oiladan, na sportchi bo‘lib tuyilmagan, ko‘rinishidan boquvining mazasi bo‘lmagan rassom do‘stlarimdan biri kechqurunlari huzurimga kelish istagi tug‘ilib qolgan taqdirda xizmatchi ayol yonidan bemalol o‘tib olishi uchun ruxsatnoma yozib berishni iltimos qilib xat yo‘llabdi.

Bret xizmatchimni nimasi bilan bunchalik maftun etganini o‘ylab xonamga chiqdim. Telegramma Bill Gortondan ekan, u «Fransiya» kemasida kelayotganini xabar qilibdi. Xat va telegrammani stol ustiga qo‘yib, vannaxonaga kirdim-da, dushda cho‘milib oldim. Artinayotganimda tashqi eshikdagi qo‘ng‘iroq jiringlab qoldi. Xalat va shippagimni kiyib eshikni ochdim. Bret ekan. Ortida graf turibdi. Qo‘lida bir dasta atirgul.

– Salom, azizim! – dedi Bret. – Bizni qabul qilish istagingiz bormi?

– Marhamat. Hozirgina cho‘milib chiquvdim.

– Manavi baxtli odamni qarang – cho‘milib ham olibdi.

– Faqat dushda cho‘mildim. O‘tiring, graf Mippipopulo. Qaysinisidan ichamiz?

– Sizning gullarga qanchalik ishqiboz ekaningizni bilmadim-u, janob, – dedi graf. – Ammo mana bu atirgullarni olib kelishga jur’at etdim.

– Menga bering, – Bret guldastani oldi. – Jeyk, mana bunga suv quyib keling.

Oshxonaga chiqib sopol ko‘zaga suv quyib keldim. Bret atirgullarni unga solib stolning o‘rtasiga qo‘ydi.

– Rosa ajoyib kun bo‘ldi-da!

– Eslolmaysizmi, biz «Kriyton»da uchrashishga va’dalashmaganmidik?

– Yo‘q. Nahotki, va’dalashgan bo‘lsak? Demak, g‘irt mast bo‘lgan ekanman-da.

– Kayfingiz oshib qolgandi, azizam, – dedi graf.

– Ha. Graf nihoyatda hotamtoylik qilvoruvdi.

– Xizmatchim endi sizdan nihoyatda mamnun bo‘lyapti.

– Shunaqayam bo‘lmasin-chi. Unga ikki yuz frank berdim.

– Tentaklik qilibsiz.

– O‘zimdanmas, uniki, – dedi u grafga ishora qilib.

– Kecha tundagi besaranjomlik qilganimiz haqiga unga biron nima bermoqchi bo‘ldim. Anchayin bemahalda keluvdik.

– U g‘aroyib yigit, – dedi Bret. – Qayerda nima voqea bo‘lganini doimo yodida tutadi.

– Xuddi siz kabi, azizam!

– Xomxayollik qilyapsiz, – dedi Bret. – Buni kimga ham keragi bor? Menga qarang, Jeyk, ichishga biron nima berasizmi-yo‘qmi?

– Kiyinib chiqqunimcha o‘zingiz olaqoling. Qayerda nima borligini o‘zingiz bilasiz-ku.

– Bilsam kerak.

Kiyinar ekanman, Bretning stolga sifon bilan stakanlarni qo‘ygani, keyin bir nimalar deyishgani qulog‘imga chalindi. Karavotga o‘tirib olib shoshilmay kiyindim. Ancha toliqqanimni, ko‘nglim g‘ashligini his etdim. Qo‘lida stakan bilan xonaga Bret kirib kelib, karavotga o‘tirdi.

– Senga nima bo‘ldi, jonim? Kayfiyating yo‘qmi?

U peshonamdan o‘pib qo‘ydi.

– Eh, Bret, seni qanchalik sevishimni bilsang edi.

– Jonginam, – dedi u. Keyin so‘radi: – Hoziroq chiqib uni jo‘natib yuboraymi?

– Yo‘q. U xushfe’l yigit ekan.

– Men chiqib jo‘natib yuboraman.

– Yo‘q, kerakmas.

– Ha, ha, jo‘natib yuboraman.

– To‘satdan bunday qilish yaramaydi.

– Mumkin emas, seningcha, shundaymi? Shu yerda o‘tiratur. Meni o‘lgudek yaxshi ko‘radi, gapimga ishonaver.

U xonadan chiqib ketdi. Karavotga muk tushib yotib oldim. Ularning gapi eshitilib turardi-yu, lekin quloq solmadim. Bret kirib karavotga o‘tirdi.

– Jonginam, nochorginam! – u boshimni siladi.

– Unga nima deding? – Men orqamni o‘girib yotardim. Ko‘rgani hushim yo‘q edi.

– Shampan olib kelishga yubordim. U shampan xarid qilishni yaxshi ko‘radi. – Birozdan keyin so‘radi: – Endi tuzukmisan, jonim? Bosh og‘rig‘ing qoldimi?

– Qoldi.

– Bemalol yotaver. U shaharning narigi chekkasiga ketgan.

– Birga yashashimiz mumkinmasmi, Bret? Shunchaki, birga yashashimiz mumkin emasmi?

– Mumkin emas. Ha deganda xiyonat qilgan bo‘lardim. Sen bunga chidash berolmasding-da.

– Hozir chidab yuribman-ku.

– Bu boshqa masala. Bunga o‘zim aybdorman, Jeyk. Shunaqa bo‘lib tug‘ilgan ekanman.

– Ikkovlashib vaqtincha shahar tashqarisiga chiqib ketmaymizmi?

– Bu yaxshilikka olib kelmaydi. Istasang, ketaveramiz. Ammo shahar tashqarisida xotirjam yasholmayman. Hatto sevgilim bilan ham.

– Bilaman.

– Bu – dahshat. Menimcha, seni qanchalik sevishimni o‘zingga aytmasam ham bo‘ladi.

– Seni sevishim o‘zingga ham ma’lum.

– Ke, qo‘y. Hammasi bekorchi gaplar. Ertaga jo‘nab ketyapman, buning ustiga Maykl ham qaytib kelyapti.

– Nega jo‘nab ketyapsan?

– Sengayam-mengayam shunisi ma’qul. Qachon jo‘naysan?

– Iloji boricha tezroq.

– Qayerga?

– San-Sebastyanga.

– Birga ketsak bo‘lmaydimi?

– Yo‘q. Hozirgina hammasini muhokama qilib bo‘lganimizdan keyin bu ish borib turgan vahshiylik bo‘lardi.

– Biz hali biror bitimga kelganimiz yo‘q.

– O‘zing mendan ko‘ra yaxshi bilasan-ku! Qaysarlik qilma, jonginam.

– Ha, albatta, – dedim men. – Bu masalada haq ekaningni bilaman. Shunchaki, hozir o‘zimni lohas sezyapman, lohas paytimda ahmoqona gaplarni aytaveraman.

Egilib karavot yonidagi tufligimni topib kiydim. Keyin o‘rnimdan turdim.

– Menga bunaqa qilib qaramagin, jonginam.

– Qanaqa qarashimni xohlagan bo‘larding?

– Jizzaki bo‘lma. Ertaga jo‘nab ketyapman.

– Ertaga-ya?

– Ha. Nahotki senga aytmagan bo‘lsam? Ertaga.

– Bo‘lmasa bir ichishaylik. Graf hozir qaytib keladi.

– Ha, qaytadigan vaqti bo‘lib qoldi. Bilasanmi, shampan sotib olishning piri hisoblanadi. Bu uning uchun eng muhim yumush.

Biz oshxonaga o‘tdik. Bir shisha konyak olib o‘zim bilan Bretga quydim. Eshikning qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Borib ochdim – graf qaytib kelibdi. Orqasida bir savat shampan ko‘tarib haydovchi turibdi.

– Buni qayerga qo‘yay, janob? – so‘radi graf.

– Oshxonaga, – javob berdi Bret.

– O‘sha yerga qo‘ying, Anri, – qo‘li bilan ko‘rsatdi graf. – Endi pastga tushib muzni olib keling. Savatni joyiga qo‘yguncha graf oshxonaning eshigi yonida turib Bretning ortidan qarab qoldi. – Sizga vino yoqsa kerak, – dedi u. – Hozir bizda, Amerikada yaxshi vino onda-sonda ichilishini bilaman, o‘zimni bu sohaning bilimdoni hisoblamayman. Ammo buni vino tayyorlash bilan shug‘ullanayotgan og‘aynimdan oldim.

– Hamma joyda og‘aynilaringiz bor-a, – dedi Bret.

– Og‘aynimning uzumzori bor. Ming akr44
  Akr – 4047 kvadrat metrga teng yer o‘lchovi.


[Закрыть]
.

– Familiyasi nima? – so‘radi Bret. – Beva Kliko emasmi?

– Yo‘q, – javob berdi graf. – Mumm. U baron.

– Juda soz, – dedi Bret. – Hammamiz unvonli ekanmiz. Nega sizning unvoningiz yo‘q, Jeyk?

– Sizni ishontirib aytaman-ki, janob, – dedi graf yengimdan ushlab, – unvonning hech qanday nafi yo‘q. Ko‘pincha unvon katta pulga keladi.

– Unchalik bo‘lmasa kerak. Unvonning ancha qulayligi bor.

– Menga biror marta ham foyda bermagan.

– Siz undan foydalanishni bilmaysiz. Unvonim hamma vaqt menga katta qarz olishimga imkon beradi.

– Marhamat, o‘tiring, graf, – dedim men. – Hassangizni menga bering.

Graf gaz chirog‘i bilan yoritilgan stolning narigi tomonidagi Bretga qarab qo‘ydi. U sigaret chekib, kulini gilamga tushirardi.

– Menga qarang, Jeyk, – dedi buni sezib qolganimni ko‘rib, – bunaqada gilamingizning rasvosini chiqarib yuboraman. Bundoq, kuldon olib kelsangiz-chi!

Bir nechta kuldonni olib kelib stol ustiga qo‘ydim. Haydovchi tuz sepilgan muzli chelakni olib kirdi.

– Ikkita shishani muzlatib bering, Anri! – dedi graf.

– Boshqa hech narsa buyurmaydilarmi?

– Yo‘q, pastda mashinada kutib turing. U Bret bilan menga yuzlandi. – Bulon o‘rmoniga tushlik qilgani boramiz-a?

– O‘zingizga havola, – dedi Bret. – Shaxsan mening ovqatlangim kelmayapti.

– Men bo‘lsam, xushta’m ovqatdan hech qachon voz kechmagan bo‘lardim, – dedi graf.

– Vinoni keltiraymi, janob? – so‘radi haydovchi.

– Ha, Anri, olib keling, – dedi graf. U cho‘chqa terisidan ishlangan qalin portsigarini cho‘ntagidan olib menga uzatdi. – Haqiqiy amerika sigarasidan. Chekib ko‘rmaysizmi?

– Rahmat, sigaretimni chekib tamomlay, – dedim men. – U sigaraning uchini soatining zanjiriga osib qo‘yilgan tilla keskich bilan qirqib tashladi.

– Sigaraning tortimli bo‘lishini yaxshi ko‘raman, – dedi graf. – Agar qirqib tashlamasang, sigaraning yarmiga kelganda tortmay qo‘yadi.

U sigarasini tutatib chekdi-da, Bretga yuzlandi:

– Ledi Eshli, taloq xatingizni olganingizdan keyin sizda unvon bo‘lmaydi.

– Ha, bo‘lmaydi. Afsuski bo‘lmaydi.

– Aslida, – dedi graf, – sizga unvonning hojati yo‘q. Shundog‘am asil zotligingiz ko‘rinib turibdi.

– Minnatdorman. Siz juda muruvvatlisiz-da.

– Hazillashayotganim yo‘q. – Graf og‘zidan pag‘apag‘a tutun chiqardi. – Sizdagi oliynasablikni boshqa hech kimda ko‘rmagandim. Sizda hamma fazilatlar mujassam. Tamom-vassalom.

– Samimiyatingiz uchun minnatdorman, – dedi Bret. – Onam buni eshitsalar, boshlari osmonga yetgan bo‘lardi. Balki shu so‘zlaringizni yozib bersangiz, onamga yuborgan bo‘larmidim?

– Unga ham aytgan bo‘lardim, – javob berdi graf. – Hazillashayotganim yo‘q. Hech qachon men odamlar ustidan kulmayman, odamlar ustidan kulish – o‘zingga dushman orttirish, demak. Doim shunaqa deyman.

– Siz haqsiz, – dedi Bret. – Nihoyatda haq gapni aytdingiz. Men doimo odamlar ustidan kulganim sababli ham bu olamda birorta do‘stim yo‘q. Mana bu Jeykdan boshqa.

– Uni mazax qilmasangiz kerak.

– Albatta.

– Kim biladi, balki uni ham mazax qilarsiz? – so‘radi graf.

Bret menga qaragan edi, ko‘zlarining chetiga ajinlar yig‘ilib qoldi.

– Yo‘q, – dedi u. – Jeykning ustidan kulmagan bo‘lardim.

– Mana, ko‘ryapsizmi, – dedi graf. – Hammaning ustidan kulavermaysiz.

– E, Xudoyim-e, buncha zerikarli suhbat bo‘lyapti, – dedi Bret. – Shampandan totib ko‘rmaymizmi?

Graf egilib yaltiroq chelakdagi shishani chayqatdi.

– Hali me’yorida muzlagani yo‘q. Nuqul ichavermang, azizam. Nega shunchaki gaplashib o‘tirishni istamaysiz?

– Shundog‘am ezmalik qilib yubordim. Ichimdagi borini Jeykka to‘kib soldim.

– Azizam, chinakam gapingizni eshitishni istardim. Men bilan gaplashayotganingizda siz hatto jumlani ham poyoniga yetkazmaysiz.

– O‘zingizga yakunlash imkoniyatini beraman-da. Har bir kishi o‘z bilganicha yakunlayversin.

– Bu juda g‘alati usul. – Graf egilib shishani chayqatdi. – Baribir gaplaringizni eshitishni xohlardim.

– Voy tentag-ey, rostdanmi? – so‘radi Bret.

– Mana, endi sovugan bo‘lsa kerak, – dedi graf chelakdan shishani olib.

Sochiq keltirib berdim, u shishani yaxshilab artdi-da, baland ko‘tarib qaradi.

– Katta shishadagi shampandan ichishni yoqtiraman-da. Ta’mi yaxshi-yu, ammo sovutish qiyinroq bo‘ladi. – U shishani ushlab tikilib qoldi.

Stakanlarni stolga qo‘ydim.

– Ochaqolmaysizmi? – sabrsizlik bilan dedi Bret.

– Hozir ochaman, azizam.

Shampan juda ajoyib ekan.

– Mana buni vino desa bo‘ladi! – Bret qo‘lidagi stakanni baland ko‘tardi. – Biron narsaga ichishimiz kerak. «Janobi oliylarining salomatliklari uchun».

– Bu vino qadah tutib so‘zlashga zo‘rlik qiladi, azizam. His-tuyg‘uni bunaqa vinoga aralashtirish yaramaydi. Ta’mi yo‘qoladi.

Bretning stakani bo‘shab qolgandi.

– Siz vinolar haqida kitob yozsangiz bo‘larkan, graf, – dedim men.

– Janobi Barns, – javoban dedi graf, – vinodan men ko‘radigan manfaat – ichganimda lazzat topishim, xolos.

– Qani, yana ozgina lazzatlanaylik. – Bret stakanini tutdi. Graf ehtiyotkorlik bilan stakanni to‘ldirdi.

– Marhamat, azizam. Sekin ichib lazzatlaning, keyin mast bo‘lguncha ichish mumkin.

– Nima-a? Mast bo‘lguncha-ya?

– Azizam, ichganingiz sari dilbarlashib ketasiz-da.

– Eshityapsizmi, gapini?

– Janobi Barns, – graf stakanimni to‘ldirdi. – Bu xonim umrim bino bo‘lib men tanigan jononlar orasida kayfli chog‘ida ham xuddi hushyor paytidagidek dilbar bo‘ladigan yagona ayol hisoblanadi.

– Umringizda ko‘p narsani ko‘rmaganga o‘xshaysiz.

– Yanglishasiz, azizam. Men umrimda ko‘p narsani ko‘rganman, juda-juda ko‘p narsani.

– Vinoni ichib jimgina o‘tiring, – dedi Bret. – Hammamiz ham hayotimizda ko‘p narsalarni ko‘rganmiz. Jeyk ham sizdan kam ko‘rmaganiga imonim komil.

– Janobi Barnsning, azizam, ko‘pni ko‘rganiga ishonaman. Janob, men boshqacha fikrda emasman. Ammo men ham ko‘pni ko‘rganman.

– Albatta, ko‘rgansiz, – dedi Bret. – Shunchaki hazillashuvdim-da.

– Men yettita urushda, to‘rtta revolyutsiyada qatnashganman, – dedi graf.

– Urushda bo‘lganmisiz? – so‘radi Bret.

– Shunaqa bo‘lgandi, azizam. Kamon o‘qidan yaralanganman. Kamon o‘qidan jarohatlangan badanni ko‘rganmisizlar?

– Ko‘rsating-chi.

Graf o‘rnidan turib nimchasining tugmalarini yechdi-da, ko‘ylagining oldini ochdi. U ichko‘ylakni bo‘ynigacha ko‘tarib qop-qora ko‘kragi va gazli chiroq nurida bo‘rtib ko‘ringan qorin mushaklarini namoyish qildi.

– Ko‘ryapsizlarmi?

Qovurg‘alarining pastida ikkita oppoq bo‘rtmacha bor ekan.

– Orqamdagi o‘q teshib chiqqan joylarga ham qaranglar, – belining sal yuqorirog‘ida xuddi boyagidek ikkita chandiq bor edi.

– Qoyil! Mana buni jarohat desa bo‘ladi.

– O‘q teshib o‘tibdi-ya!

Graf ko‘ylagining barini shimi ichiga tiqdi.

– Sizni qayerda bunaqa g‘alvir qilishuvdi? – so‘radim men.

– Efiopiyada. O‘shanda yigirma bir yoshda edim.

– Nima qilib yuruvdingiz? – so‘radi Bret. – Armiyada xizmatda edingizmi?

– Yumush bilan boruvdim, azizam.

– Bu odam ham o‘zimizdan, deb sizga aytgandim-ku, – dedi menga yuzlanib Bret. – Sizni sevaman, graf. Siz g‘aroyib odamsiz.

– Baxtiyorman, azizam. Faqat yolg‘on aytyapsiz.

– Tentaklik qilmang.

– Bilasizmi, janobi Barns, juda ko‘p voqealarni boshimdan kechirganim uchun ham, endilikda hamma yaxshi narsalardan lazzatlanishim mumkin. Fikrimga qo‘shilasizmi?

– Albatta. Butunlay qo‘shilaman.

– Bilaman, – dedi graf. – Hamma sir mana shunda. Asl boylikni topib olish kerak.

– Sizning boyligingizga hecham bir nima bo‘lmaganmi? – so‘radi Bret.

– Yo‘q. Endi bo‘lmaydi.

– Hech oshiq bo‘lganmisiz?

– Hamma vaqt oshiq-u beqarorman, – dedi graf. – Men hamisha sevgi bilan yashayman.

– Sevgingiz boyligingizda qanday aks etadi?

– Buyam mening boyligimga kiradi.

– Sizda hech qanaqa boylik yo‘q. Siz o‘liksiz – boshqa hech nima emas.

– Yo‘q, azizam. Yanglishasiz. Men mutlaqo o‘lik emasman.

Biz uch shisha shampan ichganimizdan so‘ng graf savatni oshxonamda qoldirib o‘rnidan turdi. Keyin Bulon o‘rmonidagi restoranlarning birida tushlik qildik. Yaxshigina ovqatlandik. Ovqatlanish graf saxovatining faxrli bir namoyishi edi. Xuddi vino kabi. Tushlik paytida graf nihoyatda ochilib, xushchaqchaq o‘tirdi. Bret ham. Oqshom ham ko‘ngilli o‘tdi.

– Qayerga borishni istaysizlar? – so‘radi graf ovqatlanib bo‘lganimizdan so‘ng. Restoranda bizdan boshqa hech kim qolmagandi. Ikkala ofitsiant ham eshikka suyanib turishardi. Uyga ketishni istashardi.

– Monmartrga borish mumkin, – dedi Bret. – Kunni xushnudlik bilan rosa yaxshi o‘tkazdik, to‘g‘rimi?

Graf jilmayib qo‘ydi. U g‘oyatda mamnun edi.

– Ikkalangiz ham lobar ekansiz, – dedi u. Graf yana sigara chekmoqda edi. – Nega turmush qurib qo‘yaqolmaysizlar?

– Biz o‘z holimizcha yashashni istaymiz, – dedim men.

– Bir-birimizning martabamizga ziyon yetishini istamaymiz, – dedi Bret. – Qani, turinglar. Bu yerdan ketaylik.

– Konyakdan yana ichinglar, – dedi graf.

– O‘sha joyda ichamiz.

– Yo‘q. Hozir ichamiz, bu yer tinch ekan.

– Tinchingizni boshimga uramanmi? – dedi Bret. – Doimo tinchligini o‘ylaydigan bu qanaqa erkaklar ekan?

– Siz, azizam, shovqin-suronni yoqtirgandek, biz sokinlikni sevamiz, – dedi graf.

– Ha, mayli, – dedi Bret. – Shu yerda ichaqolaylik.

– Garson! – chaqirdi graf.

– Nima buyuradilar?

– Sizlarda qadimgi konyaklardan bormi?

– Ming sakkiz yuz o‘n birinchi yilgi konyak bor, janob.

– Bir shisha keltiring.

– Qoyil-e! Oshirib yubordi. Ofitsiantni qaytaring, Jeyk.

– Quloq soling, azizam. Qadimgi konyak o‘z bahosi bilan menga barcha antiqa buyumlarimdan ham qimmatroq hisoblanadi.

– Antiqa buyumlaringiz ko‘pmi?

– Bir uy to‘la.

Nihoyat, Monmartrga jo‘nab ketdik. Zellining kafesi gavjum, tutun bosib ketgan, sershovqin edi. Musiqa sadosi quloqni qomatga keltirardi. Bret bilan raqs tushdik. Odam tirbandligidan biz zo‘rg‘a qimirlardik. Habash-barabanchi Bretga qo‘lini silkib qo‘ydi. Biz tiqilinch orasiga tushib qolib, bir joyda – xuddi barabanchining ro‘parasida g‘imirlab turardik.

– Ahvollar qalay?

– A’lo.

– Bu – yaxshi.

Oppoq tishlari yarqirab ketdi.

– U mening eng yaqin do‘stim, – dedi Bret. – Ajoyib barabanchi.

Musiqa tugab, biz graf band etgan stol yoniga borib o‘tirdik. Keyin yana kuy yangrab, raqsga tushib ketdik. Grafga qarab qo‘ydim. U stol yonida o‘tirib sigara chekmoqda edi. Yana musiqa to‘xtadi.

– Grafning yoniga boraylik.

Bret endi stol tomon yurgandi, shu payt yana musiqa chalindi-yu, biz olomon orasida yana raqsga tusha ketdik.

– Raqs tushishni bilmas ekansan, Jeyk. Hammadan ko‘ra Maykl yaxshi tushadi. – Ha, u raqsga usta.

– Umuman, Mayklning fazilatlari ko‘p.

– U menga yoqadi, – dedim. – G‘oyatda yaxshi ko‘raman uni.

– Shuning uchun ham unga turmushga chiqaman-da, – dedi Bret. – Qiziq, butun hafta mobaynida u haqda o‘ylamabman-a!

– Nima, Mayklga xat yozmaysanmi?

– Yo‘q, hecham xat yozmayman.

– Lekin u xat yozib tursa kerak, albatta?

– Ha-da! Xatlari shunaqayam samimiyki…

– To‘y qachon bo‘ladi?

– Men qayoqdan bilay? Taloq xatimni olishim bilan bo‘ladi-da. Maykl onasini saxiylik bilan to‘y o‘tkazishga ko‘ndiryapti.

– Balki yordamim tegib qolar?

– Tentaklik qilma. Ota-onasining boyligi mil-mil.

Musiqa tindi. Biz stol tomon yurdik. Graf o‘rnidan turdi.

– Qoyil qoldim, – dedi graf. – Sizlarga qarab o‘tirib huzur qildim.

– Siz raqs tushmaysizmi, graf? – so‘radim men.

– Yo‘q. Ancha keksayib qolganman.

– Qo‘ysangiz-chi, – dedi Bret.

– Azizam, agar menga huzur bag‘ishlaganda raqsga tushgan bo‘lardim. Sizlar raqs tushayotganingizni tomosha qilishning o‘zi menga rohat bag‘ishlaydi.

– Judayam soz, – dedi Bret. – Siz uchun yana raqs tushib qolarman. Ha, aytgandek, do‘stingiz Zizi ko‘rinmayaptimi?

– Sizga shuni aytib qo‘yay. Ziziga ko‘maklashib turaman-u, ammo u bilan uchrashmaslikni afzal ko‘raman.

– Ha, tabiati og‘ir.

– Bilasizmi, menimcha, undan yaxshigina rassom chiqishi mumkin. Lekin shaxsan men uni ko‘rmasam deyman.

– Jeyk ham.

– Uni ko‘rsam, etim junjikib ketadi.

– Shunaqa. – Graf yelka qisib qo‘ydi. – Undan nima chiqishini bilib bo‘lmaydi. Ammo uning otasi otamning yaqin do‘sti edi.

– Yur, raqsga tushamiz, – dedi Bret.

Biz raqsga tushdik. Odam tirband, tiqilinch.

– Eh, jonginam! – dedi Bret. – Shunaqayam baxtiqaro ekanmanki…

Xuddi shunaqa gapni bir paytlari eshitganim aniq yodimga tushdi. Yaxshiyamki, bu bir vaqtlar bo‘lib o‘tgan. Ba’zan bo‘lib turadi shunaqa holat.

– Hozirgina hamma narsadan mamnun, baxtiyor eding.

Barabanchi yo‘g‘on ovozi bilan ashulasini boshlab yubordi:

– «Bekorga ikki bor…»

– Hammasi o‘tdi-ketdi.

– Nima gap o‘zi?

– Bilmadim. Ko‘nglim judayam g‘ash.

«. . . . . . . .», – kuylardi barabanchi. Keyin yana tayoqchalarini qo‘liga oldi.

– Ketmoqchimisan?

Men hozir bosinqirash paytida yuz beradigan holatga tushgan edim, go‘yo. Hammasi takrorlanayotgandek, go‘yo bularni bir marta bajarganman-u, endi yana takrorlashim lozimdek tuyilardi.

– «. . . . . . . . », – cho‘zib kuylardi barabanchi.

– Ketaman, – dedi Bret. – Sen-chi?

– «. . . . . . . . . », – barabanchi yo‘g‘on ovoz ila baqirgandi, Bret jilmayib qo‘ydi.

– Mayli, ketdik, – dedim men.

Biz olomon orasidan chiqib oldik. Bret kiyim almashtiradigan xona tomon yurdi.

– Bret ketmoqchi, – dedim grafga.

– Shunaqami? Juda soz, – dedi u bosh irg‘ab. – Mashinam olib borib qo‘ysin. Men yana biroz o‘tiraman, janobi Barns.

Biz qo‘l siqishib xayrlashdik.

– Oqshomni ko‘ngildagidek o‘tkazdim, – dedim men. – Iltimos, men ham… – Cho‘ntagimdan hamyonimni oldim.

– Qo‘ysangiz-chi, janobi Barns, – dedi graf.

Keng paltosini kiyib Bret stol yoniga keldi. U grafni o‘pdi-da, o‘rnidan qo‘zg‘almasin, deb yelkasidan bosib qo‘ydi. Eshikka yetganimizda orqamga o‘girilib qaragandim, uning yonida uchta qiz o‘tirganini ko‘rdim. Biz mashinaga chiqdik. Bret haydovchiga mehmonxona manzilini aytdi.

– Yo‘q, yuqoriga chiqma, – dedi u ostonada.

Qo‘ng‘iroq chalgan edi, eshik ochildi.

– Jiddiy gapiryapsanmi?

– Ha. Iltimos.

– Tuning xayrli o‘tsin, Bret, – dedim unga. – O‘zingni baxtsiz sezayotganingdan ko‘nglim xijil bo‘lyapti.

– Xayrli tun, Jeyk. Tuning xayrli o‘tsin, jonginam. Biz endi ko‘rishmaymiz.

Eshik yonida turib o‘pishdik. U meni nari itardi. Yana o‘pishdik.

– Hojati yo‘q! – dedi Bret.

U tezgina burilib mehmonxonaga kirib ketdi. Haydovchi meni uyimga olib borib qo‘ydi. Unga yigirma frank beruvdim, qo‘lini shapkasiga olib borib: «Xayrli tun, janob», – dedi-yu, jo‘nab ketdi. Qo‘ng‘iroqni chaldim. Eshik ochildi. Xonamga chiqib, o‘ringa cho‘zildim.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации