Электронная библиотека » Эрнест Хемингуэй » » онлайн чтение - страница 5


  • Текст добавлен: 9 апреля 2024, 21:20


Автор книги: Эрнест Хемингуэй


Жанр: Классическая проза, Классика


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 5 (всего у книги 15 страниц) [доступный отрывок для чтения: 5 страниц]

Шрифт:
- 100% +

Ikkinchi kitob

Sakkizinchi bob

Men Bret bilan u San-Sebastyandan qaytib kelgandan keyingina uchrashdim. Ungacha o‘sha yerdan Koncha ko‘rfazi tasvirlangan otkpitka oldim. «Jonginam! Bu yer juda ajoyib va sokin. Hammaga salom aytib qo‘y. Bret» deb yozgandi u.

Robert Konni ham anchadan beri ko‘rmadim. Frensis Angliyaga jo‘nab ketganini eshitgandim, Kon esa bir necha haftaga shahardan hali o‘zi bilmaydigan tomonga yo‘l olmoqchi bo‘layotganini, ammo o‘tgan qish faslida kelishib olganimizdek, men bilan birga Ispaniyaga, baliq oviga, albatta, borishini bildirib xat yo‘llabdi. Manzilini uning bankchisidan surishtirib bilishimni yozibdi.

Bret yo‘q, g‘am-anduh to‘la yuragini yoraverib bezor qiladigan Kon ham yo‘q, hatto tennis o‘ynashim ham shart emasligidan quvonib yuribman, ammo qiladigan yumushlarim juda ko‘p edi. Ko‘pincha poygalarda bo‘lardim, do‘stlarim bilan birga tushlik qilardim, so‘ng yarim kechagacha tahririyatda qolib ketardim. Iyun oyining oxirida Bill Gorton bilan Ispaniyaga jo‘nab ketish oldidan ko‘proq ma’lumot to‘plab kotibda qoldirmoqchiydim. Bill Gorton Parijga yetib kelib, bir necha kun menikida yashadi-da, Venaga jo‘nab ketdi. U g‘oyat xursand edi. Gapiga qaraganda, Shtatlar ajoyib ekan, Nyu-York g‘aroyib ekan. Teatr mavsumi dabdabali o‘tibdi, yarim og‘ir vaznli bokschilar orasida yorqin yulduzlar paydo bo‘libdi. Ularning har biri kuchga to‘lib, vazni oshgach, hatto Dempsning o‘zini ham mag‘lub eta olishi mumkin emish. Bill hayotdan mamnun edi. U keyingi kitobi bilan bir talay pul ishlabdi, endi bundan ham ko‘p pul topishga harakat qilayotganmish. Parijda biz vaqtimizni ko‘ngilli o‘tkazdik, keyin u Venaga jo‘nab ketdi. Bill uch haftadan so‘ng qaytib kelgach, biz Ispaniyaga baliq oviga, keyin esa Pamplonga fiyestani55
  Fiyesta – Ispaniyada xalq sayli.


[Закрыть]
ko‘rgani borishimiz lozim edi. U, Vena ajoyib ekan, deb yozdi. Keyin Budapeshtdan otkritka keldi: «Jeyk, Budapesht g‘aroyib ekan», – deb yozibdi. So‘ng telegramma. «Dushanba kuni yetib boraman», degan telegrammasini oldim.

U dushanba kuni kechqurun yetib keldi. Taksi to‘xtaganini eshitdim-u, deraza yoniga borib uni chaqirdim. Bill qo‘lini silkib, jomadonlarini ko‘tardi-da, zinapoyadan yuqorilay boshladi. Zinapoya oldiga chiqib jomadonlaridan birini qo‘lidan oldim.

– Qalay, sayohating yaxshi bo‘ldimi? – so‘radim undan.

– Juda soz, – dedi u. – Budapesht g‘oyat mo‘jizakor shahar ekan.

– Vena-chi?

– Unchalik emas, Jeyk. Unchalik emas. Men kutgandek yaxshi emas.

– O‘zi nima bo‘ldi? – Stakan va sifon olib stolga qo‘ydim.

– Mast edim, Jeyk. Mast edim.

– G‘alati bo‘libdi-ku! Ol, mana buni ich. – Bill peshonasini artib qo‘ydi.

– Ha, hayratomuz ish bo‘ldi, – dedi u. – Qanday yuz berganini o‘zim ham bilmayman. He yo‘q-be yo‘q, to‘satdan shunaqa bo‘lib qoldi.

– Shunchalik ko‘p ichdingmi?

– To‘rt kun, Jeyk. Roppa-rosa to‘rt kun.

– Axir, qayerga bording?

– Eslolmayman. Senga otkritka jo‘natuvdim. Shunisi yodimda.

– Yana biror ish qildingmi?

– Bilmayman. Balki qilgandirman.

– Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi? Aytaver.

– Hecham eslolmayapman. Yodimga tushganini aytib bo‘ldim.

– Xo‘sh, xo‘sh, yana. Mana buni ichib bir eslab ko‘r.

– Balki biror nima yodimga tushib qolar, – dedi Bill. – Bokschilar musobaqasi esimga tushyapti. Vena mukofoti uchun ulkan musobaqalar bo‘ldi. Habash qatnashuvdi. Habashni yaxshi eslayapman.

– Xo‘sh, keyin-chi?

– Tengi yo‘q habash. Tigr Flauersga o‘xshaydi-yu, ammo undan to‘rt karra yo‘g‘on. To‘satdan hamma qo‘liga ilinganini ota boshladi. Mendan boshqa. Habash venalikni endi yerga ag‘dargandi. U qo‘lqopli qo‘lini ko‘tardi. Nutq so‘zlamoqchi bo‘ldi. G‘oyatda olijanob ko‘rinishda edi habash. U gapira boshlagandi, oq tanli venalik bokschi uni bir urdi. Habash esa oq tanli venalik bokschini nokaut qildi. Shunda hamma o‘rnidan turib stullarni irg‘itdi. Habash uyiga bizning mashinada ketdi. O‘zining paltosini olishga ulgurmabdi. Menikini kiydi. Endi hammasini esladim. Katta sport oqshomi bo‘lgandi.

– Xo‘sh, nima bilan tugadi?

– Habashga kiyimlarimdan berdim, keyin u bilan pulini undirgani bordik. Bizga zalning to‘s-to‘poloni chiqib ketgani uchun habash ulardan qarz bo‘lib qolganini aytishdi. Kim tarjima qilib turuvdi? Menmidim?

– Sen bo‘lmasang kerak.

– To‘g‘ri. Men emas. Boshqa odam. Uni professor, deb atagandik, shekilli. Endi esladim uni. Musiqaga o‘qiyotgan ekan.

– Xo‘sh, oqibati nima bo‘ldi?

– Hech nima bo‘lmadi, Jeyk. Bu olamda haqiqat yo‘q. Habash mahalliy chempionga taslim bo‘lishga va’da bergandi, dedi impressario. Habash shartnomani buzganmish. Venalik chempionni Venada nokaut qilish mumkin emasmish. «E, Xudoyim-ey, qirq daqiqa davomida qilgan ishim – faqat unga yutqazishga urinish bo‘ldi, janobi Gorton, – dedi habash. – Oq tanli bu bolakay menga zarba beraman, deb o‘zini o‘zi abgor qilib qo‘ydi. Unga tirnog‘imni ham tekkizganim yo‘q».

– Pulni undirdinglarmi?

– Bir tiyin ham berishmadi, Jeyk. Bor-yo‘g‘i undirganimiz habashning kiyimi bo‘ldi. Soati ham yo‘qolibdi. Bechora habash. Venaga bormasligim kerak edi. Yomon shahar, Jeyk. Yomon shahar.

– Habash nima qildi?

– Kyolnga qaytib ketdi. O‘sha yoqda yasharkan. Uylangan. Farzandlari bor. Xat yozib turishga, qarzga bergan pulimni qaytarib yuborishga va’da berdi. Manzilini adashtirib yubormagan bo‘lsam kerak.

– Umid qilamiz.

– Ha, mayli, yur, ovqatlangani boramiz, – dedi Bill. – Yoki yana safar taassurotlaridan eshitmoqchimisan?

– Aytaver.

– Ketdik, ovqatlangani.

Biz pastga tushib, Sen-Mishel xiyoboniga chiqdik. Iliqqina iyun oqshomi edi.

– Qayoqqa boramiz?

Orolda ovqatlanamizmi?

– Mayli.

Xiyobon bo‘ylab pastlikka tushdik. Den-Fer-Roshero ko‘chasi bilan xiyobon chorrahasida xuddi kiyimlari shamolda hilpirab turgani tasvirlangan ikki erkakning haykali bor edi.

– Bularning kimligini bilaman. – Bill to‘xtab haykalni tomosha qildi. – Bu janoblar farmakologiyani o‘ylab topishgan.

– Meni chalg‘itmay qo‘yaqol. Parijingni qadr-qiymatini bilaman.

Yo‘limizda davom etdik.

– Anavi o‘yinchoqlarni qara, – dedi Bill. – Bittasini sotib olmaysanmi? Anavi kuchukni?

– Yuraqolsang-chi, – dedim men. – Xurmachangdan ortig‘ini ichibsan-da.

– Chiroyli kuchukcha ekan, – dedi Bill. – Xonangga chiroy bag‘ishlagan bo‘lardi.

– Yuraqolsang-chi.

– Atiga bitta kuchuk olaylik. Aslini surishtirsang, albatta, unga tupurdim. Lekin gapimga kiraqol, Jeyk. Atigi bitta kuchuk olaylik.

– Ketdik.

– Bittasini sotib olsang, keyinchalik xursand bo‘lasan. Shunchaki, tovar almashish bo‘ladi. Sen pul berasan, senga o‘yinchoq – kuchuk berishadi.

– Qaytishda olamiz.

– Mayli. Sening-cha bo‘laqolsin. Keyin pushaymon bo‘lasan. Unda mening aybim bo‘lmaydi.

Yo‘lda davom etdik.

– Nega dabdurustdan kuchukni yoqtirib qolding?

– Doim kuchuklarni yaxshi ko‘raman. O‘yinchoq kuchuklarning ishqibozi bo‘lib qolganman.

Biz do‘kon yonida to‘xtab, bir stakandan ichdik.

– Shak-shubhasiz, ichkilik joni-tanim, – dedi Bill. – Senga ham shunday qilish xalaqit bermasdi, Jeyk.

– Mendan bir yuz qirq to‘rt ochko ilgarilab ketgansan.

– Ruhingni tushirma. Hech qachon ruhingni tushirma. Omadimning siri ana shunda. Hech qachon ruhimni tushirmayman. Odamlar oldida hech qachon ruhimni tushirmayman.

– Qachon ichishga ulgura qolding?

– «Kriyon»ga kirgandim. Jorj bir qancha kokteylni aralashtirib beruvdi. Jorj – buyuk odam. Omadining siri nimada ekanini bilasanmi? Hech qachon ruhini tushirmaydi.

– Yana uch ryumka perno ichsang, ruhing tushib ketadi.

– Odamlar oldida ruhimni tushirmayman. Agar shunaqa bo‘layotganimni sezsam darrov jo‘nab qolaman. Bamisoli mushukdek.

– Xarvi Stounni qayerda ko‘ruvding?

– «Kriyon»da. Xarvi biroz tushkunlikka berilibdi. Uch kun hech nima yemabdi. Umuman ovqatlanishni to‘xtatibdi. Mushukdek odamovi bo‘lib qolibdi. Qayg‘uli hol.

– U bama’ni yigit.

– Ajoyib yigit. Baribir, mushukdek odamovi bo‘lmagani ma’qul edi. Ko‘ngilsiz hol.

– Kechqurun nima qilamiz?

– Menga baribir. Faqat tushkunlikka berilmasam bas. Balki bu yerda yaxshi qaynatib pishirilgan tuxum bordir? Agar pishgan tuxum bo‘lsa, orolga sudralib bormasak ham bo‘lardi.

– Topgan gapingni qara, – dedim men. – Lazzatli ovqatlardan yeb kelamiz.

– Shunchaki taklif qildim-da, – dedi Bill. – Orolga bormoqchimisan?

– Ketdik.

Biz xiyobon bo‘ylab yo‘limizda davom etdik. Izvosh bizni quvib o‘tdi. Bill orqasidan qarab qoldi.

– Anavi izvoshni ko‘ryapsanmi? Xuddi shunaqa o‘yinchoq buyurtirib, senga Rojdestvo66
  Rojdestvo – nasroniylarda Iso payg‘ambar tug‘ilgan kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan diniy bayram.


[Закрыть]
hayitida sovg‘a qilaman. Barcha do‘stlarimga bittadan shunaqa sovg‘a ulashaman.

Bizni taksi quvib o‘tdi; ichida o‘tirganlardan biri bizga qo‘lini silkidi, so‘ng kabina derazasini chertib haydovchiga to‘xtashni buyurdi. Mashina yo‘lka yonida to‘xtadi. Taksida Bret o‘tirgan ekan.

– Notanish go‘zal jonon bizni o‘g‘irlab ketmoqchi, – dedi Bill.

– Hello! – dedi Bret.

– Hello! Tanishinglar: Bill Gorton, ledi Eshli.

Bret Billga jilmayib qo‘ydi.

– San-Sebastyandan hozirgina yetib keldim. Hatto yuvinib olishga ham ulgurganim yo‘q. Bugun kechqurun Maykl yetib keladi.

– Juda soz. Biz bilan ovqatlanasiz-da, so‘ng uchalamiz uni kutib olgani boramiz.

– Yuvinib olsam bo‘lardi.

– Qo‘yavering! Qani, ketdik.

– Cho‘milib olishim kerak edi. U to‘qqizdan oldin kelmaydi.

– Unday bo‘lsa, yuring, oz-ozdan ichamiz-da, keyin cho‘milaverasiz.

– Bu boshqa gap. Oqilona fikr.

Taksiga o‘tirdik. Haydovchi o‘girilib qaradi.

– Shu yaqin oradagi mayxonaga haydang, – dedim men.

– Yaxshisi, «Klozeri»ga boraqolaylik, – dedi Bret. – O‘sha joyning yaramas konyagini hecham icholmayman-da.

– «Klozeri-de-Lil»ga haydang.

Bret o‘girilib, Billga yuzlandi.

– Bu vabo shahriga kelganingizga ko‘p bo‘ldimi?

– Xuddi shu bugun Budapeshtdan yetib keldim.

– Budapesht qanday ekan?

– Juda soz. Budapesht menga ma’qul keldi.

– Undan Venani so‘rang.

– Vena g‘oyatda g‘alati shahar ekan, – dedi Bill.

– Parijga juda o‘xshab ketadi, – Bret unga jilmayib qaragandi, ko‘zining burchaklarida ajinlar paydo bo‘ldi.

– To‘g‘ri, – dedi Bill. – Xuddi shu daqiqalarda Parijga juda o‘xshaydi.

– Ha, sizga yetib olish qiyin.

«Klozeri» kafesining ayvonidan joy oldik. Bret o‘ziga sodali viski buyurdi, men ham shunaqasini buyurdim. Bill esa yana bir ryumka perno so‘radi.

– Ahvollaring qalay, Jeyk?

– A’lo darajada, – dedim men. – Bo‘sh vaqtimni juda soz o‘tkazdim.

Bret menga tikilib qoldi.

– Jo‘nab ketib ahmoqlik qildim, – dedi u. – Parijdan ketish g‘irt telbalikning o‘zi ekan.

– Safaring ko‘ngilli o‘tdimi?

– Yomon emas. Lekin unchalik vaqtichog‘lik qilib bo‘lmadi.

– Tanishlarni ko‘rdingmi?

– Yo‘q, deyarli hech kimni uchratmadim. Umuman ko‘chaga chiqqanim yo‘q.

– Nahotki cho‘milmagan bo‘lsang?

– Yo‘q. Hech nima qilmadim.

– Venaga o‘xshab ketadi, – dedi Bill.

Bret ko‘zlarini qisib, unga qarab qo‘ydi.

– E-ha, Venada nimalar bo‘lganini endi fahmladim.

Bret unga yana jilmayib qo‘ydi.

– Do‘stingiz juda yoqimtoy ekan, Jeyk.

– Durust yigit, – dedim men. – U tasqara o‘yinchoqlar yasash bilan shug‘ullanadi.

– G‘urbatda, boshqa mamlakatda yurganimda shunaqa qilganman-da, – dedi Bill.

– Yana bir qultumdan ichamiz-da, keyin menga ruxsat, – dedi Bret. – Iltimos, taksiga odam yuboring.

– Ana, qanchasi turibdi. Shundoqqina ro‘paramizda.

– Ha, mayli.

So‘nggi marta bir ryumkadan ichib, Bretni taksiga o‘tqazdik.

– Esingizdan chiqmasin, soat o‘nlarda «Selekt»da uchrashamiz. Do‘stingiz ham kelaversin. Maykl ham bo‘ladi.

– Albatta boramiz, – dedi Bill.

Mashina qo‘zg‘alib, Bret bizga qo‘lini silkib xayrlashdi.

– Mana buni jonon ayol desa bo‘ladi, – dedi Bill. – Posayam jozibali ekan. Maykli kim o‘zi?

– Bret turmushga chiqmoqchi bo‘layotgan yigit.

– Qoyil, – deb qo‘ydi Bill. – Nuqul xuddi ana shunaqa ayollar bilan tanishish peshonamda bor ekanda. Ularga nima yuborsam ekan? Chiroyli qilib ishlangan poyga otlardan yuborsammikan?

– Yur, ovqatlanamiz.

– Unvoni borligi rostmi? – mashina bizni Sen-Lui oroliga olib ketayotganida surishtirib qoldi Bill.

– Ha-da, sulolalar shajarasi kitobiga yozib qo‘yilgan.

– Qoyil!

Biz orolning narigi chekkasidagi Lekont xonimning restoranida ovqatlandik. Restoranda amerikaliklarning ko‘pligidan bir chekkada joy bo‘shashini kutib turdik. Kimdir Lekont xonimning restoranini Parijning hali amerikaliklar oyog‘i yetmagan sohil bo‘yidagi ajib bir go‘sha sifatida tasvirlab, amerikancha ayollar klubidagi ro‘yxatga kiritib qo‘ygani uchun ham biz choragi kam bir soat stol bo‘shashini kutdik. Bill bu yerda 1918-yilda, sulh e’lon qilingan paytda ovqatlangan ekan. Lekont xonim uni quchoq ochib kutib oldi.

– Meni tanib qolgani uchun ham stolga ega bo‘lganimiz yo‘q, – dedi Bill. – Lekin u ajoyib ayol.

Stol ustiga qoyilmaqom qilib tayyorlangan taomlar: ko‘k no‘xatli qovurilgan tovuq, ezib pishirilgan kartoshka, xushxo‘r salat, olma pirogi va pishloq keltirib qo‘yishdi.

– Restoraningizga qadam bosib bo‘lmaydi-ya, – dedi Bill Lekont xonimga.

– Nima ham qilardim, – dedi u qo‘llarini yoyib.

– Bunaqada juda boyib ketasiz.

– Umidim shundan.

Qahva bilan bir ryumkadan konyak ichib, hisob-kitob qilishni so‘radik. Bu yerda, odatda, toshqalam taxtachasiga bo‘r bilan yozilgan hisob-kitobni keltirib ko‘rsatishadi, bu esa shubhasiz, restoran «ajoyibotlaridan» biri hisoblanadi. Hisoblashib bo‘lib, Lekont xonim bilan qo‘l olishib xayrlashdik-da, eshik tomon yurdik.

– Keyingi paytlarda mutlaqo ko‘rinmay qoldingiz, janobi Barns, – dedi Lekont xonim.

– Vatandoshlarim bu yerda haddan tashqari ko‘p ekan.

– Nonushta qilgani keling. Ertalab unchalik gavjum bo‘lmaydi.

– Xo‘p. Albatta kelaman.

Biz orolning Orlean sohiliga qaragan o‘sha narigi chekkasidagi daryoga hoshiyadek bo‘lib turgan daraxtlar ostida sayr qildik. Daryo ortida eski uylarning yarim vayrona devorlari ko‘zga tashlanadi.

– Ularni buzib tashlashadi. O‘sha yerdan ko‘cha o‘tarkan.

– Shunaqaga o‘xshaydi, – dedi Bill.

Biz butun orolni aylanib chiqdik. Bug‘ bilan yuradigan kemacha chiroqlarini porlatib, qop-qora daryo bo‘ylab tez va sassiz o‘tdi-yu, ko‘prik ostida ko‘zdan yo‘qoldi. Oqimning pastki tomonida Bibi Maryam jomesi tun og‘ushida osmonga bo‘y cho‘zib turibdi. Betyun sohilidan chap qirg‘og‘iga taxta ko‘prik orqali o‘tayotganimizda jomening suvdagi aksini tomosha qildik. Bu yerdan orol qop-qora, daraxtlar soya kabi ko‘rinadi, uylar osmonga cho‘zilib ketgandek tuyiladi.

– Baribir go‘zal, – dedi Bill. – Qaytib kelganimga juda xursandman.

Ko‘prikning yog‘och panjarasiga suyanib olib daryoning yuqori tomonidagi ulkan ko‘priklar chiroyiga mahliyo bo‘lib turdik. Suv sathi sip-silliq, qop-qora edi. U chayqalib ko‘prikning ustunlariga urilardi. Bir yigit bilan bir qiz yonginamizdan o‘tib ketishdi. Ular quchoqlashib olishgandi.

Biz ko‘prikdan o‘tib, Kardinal Lemuan ko‘chasidan tikka yuqoriga ko‘tarildik. Piyoda yurib, Kontreskarp maydoniga yetib keldik. Daraxtlarning barglari orasidan yoysimon fonuslar yorug‘i tushyapti, daraxtlar ostida esa jo‘nashga hozirlangan avtobus turibdi. «Xushchaqchaq negr» kafesining ochiq eshigidan musiqa sadolari eshitilmoqda. «Ishqibozlar kafesi»ning derazasidan qaragandim, rux qoplangan uzun peshtaxtaga ko‘zim tushdi. Tashqarida, ayvonda ishchilar vino ichib o‘tirishibdi.

«Ishqibozlar kafesi»ning oldi ochiq oshxonasida xizmatchi ayol kartoshka qovuryapti. Yonginasida go‘sht dimlangan dekcha turibdi. Xizmatchi qo‘lida bir shisha qizil vino ushlab olgan qariyaga go‘sht solib beryapti.

– Ichging kelyaptimi?

– Yo‘q, – dedi Bill. – Yetar endi.

Biz Kontreskarp maydonidan o‘ngga burilib, qadimgi baland uylar orasidagi tekis tor ko‘cha bo‘ylab ketdik. Uylarning bir xillari oldinga chiqib ketgan, boshqalari ichkariga chekingan. Biz Po-de-Fer ko‘chasidan yurib Sen-Jak ko‘chasiga yetib oldik, keyin Val-de-Gras kasalxonasining cho‘yan panjaralari yoqalab janub tomon yurdik-da, Dyu-Por-Royal xiyoboniga chiqdik.

– Endi qayoqqa boramiz? – so‘radim men. – «Selekt»ga kirib Bret va Maykl bilan chaqchaqlashib o‘tiramizmi?

– Ha, mayli.

Biz Dyu-Por-Royal xiyobonidan yurib, Monparnas xiyobonigacha yetib bordik, keyin «Klozeri-de-Lill»ni, Demua, Lavinya restoranlari va barcha kichik kafelarni ortda qoldirib, «Rotonda»ning ro‘parasidagi ko‘chani kesib o‘tdik-da, «Selekt» kafesiga yetib oldik. Maykl o‘rnidan turib, istiqbolimizga peshvoz chiqdi. U ancha qoraygan, ko‘rinishidan benihoya mamnun edi.

– Hello, Jeyk, – dedi u. – Hello! Hello! Ahvollaringiz qalay, do‘stim?

– Siz bag‘oyat to‘lishibsiz, Maykl.

– O, nimasini aytasiz! Nihoyatda semirib ketdim. Hech nima bilan ishim bo‘lmadi, faqat sayr qilib yurdim. Ertalabdan kechgacha sayr qildim. Onam bilan choyxo‘rlik qilayotganda atigi bir ryumkadan ichaman, xolos.

Bill bar tomon o‘tdi. U baland kursida oyog‘ini chalishtirib o‘tirgan Bret bilan suhbatlashdi. Bret paypoq kiymagandi.

– Sizni ko‘rganimdan g‘oyat xursandman, Jeyk, – dedi Maykl. – Bilasizmi, biroz kayfim bor. G‘alati voqea. Burnimga qarang.

Uning qanshari qontalash bo‘lib qolgandi.

– Allaqanday kampirning jomadoni tufayli mana shunaqa bo‘lib qoldi, – dedi Maykl. – Unga yordamlashmoqchi bo‘lib, yuqoridagi jomadonlarini olib bermoqchi bo‘luvdim, hammasi ustimga ag‘darilib tushdi.

Bret ko‘zlarini qisib, uzun mushtugi bilan uni imlab chaqirdi.

– Kampiri tushmagurning jomadonlari ustimga shunaqayam ag‘darildiki, asta qo‘yaverasiz, – deb qo‘ydi Maykl. – Yuring, Bretning oldiga boraylik. U bag‘oyat latofatli.

– Sen – jozibali ayolsan, Bret. Mana bu shlyapang qayerdan kelib qoldi?

– Do‘stim sovg‘a qiluvdi.

– Judayam xunuk ekan.

– Ha, albatta, endi biz badavlatmiz, – dedi Bret.

– Aytgandek, Bill bilan tanishmisan?

– G‘oyat sezgirsiz-da, Jeyk. – U Mayklga yuzlandi: – Bu – Bill Gorton. Mana bu mast esa – Maykl Kembell. Janobi Kembell – sinib, tomog‘igacha qarzga botgan kishi.

– Gapingni qara. Bilasizlarmi, kecha Londonda sobiq sherigimni uchratib qolgandim. Anavini, meni laqillatib, ketgan odamni.

– Xo‘sh, nima dedi?

– Bir stakan vino bilan mehmon qildi, xolos. Rad etgim kelmadi. Bilasanmi, Bret, shunaqayam latofatlisan-ki! Go‘zalsan-a, to‘g‘rimi?

– Go‘zal emish. Mana shu burnim bilan-a!

– Jozibador burun. Burningni menga ko‘rsat. Qarang, nega endi jozibador bo‘lmas ekan?

– Nahotki uni Shotlandiyada qoldirib kelishning iloji bo‘lmagan bo‘lsa?

– Bret, uyga ertaroq ketaylik.

– Bemaza bo‘lma, Maykl. Yon-atrofda odamlar o‘tirishibdi.

– Bret jozibali-a, to‘g‘rimi? Sizningcha, qanday, Jeyk?

– Bugun kechqurun boks bo‘ladi, – dedi Bill. – Birga bormaysizmi?

– Boks, – takrorladi Maykl. – Kim kimga qarshi tusharkan?

– Ledu bilan yana allakim.

– Ledu ajoyib bokschi, – dedi Maykl. – Tomosha qilishga borardim-u, lekin ilojim yo‘q-da, – u o‘zini tutib olishga urindi. – Mana bu bilan uchrashuvga kelganman. Menga qara, Bret, o‘zingga yangi shlyapa sotib ol.

Bret fetrdan ishlangan shlyapasini bir tomonga bostirib, jilmayib qo‘ydi.

– Ikkalangiz boksga boraveringlar. Men janobi Kembellni uyga olib ketishim kerak.

– Mast emasman, – dedi Maykl. – Salgina kayfim bor, xolos. Menga qara, Bret, sen munchayam latofatlisan-a.

– Ketaveringlar, – dedi Bret. – Janobi Kembell avrashni boshlayapti. Namuncha muloyim bo‘lib qolmasang, Maykl?

– Eshityapsanmi, sen jozibalisan.

Biz ular bilan xayrlashdik.

– Afsuski, sizlar bilan birga ketolmayman-da, – dedi Maykl.

Bret kulib yubordi. Eshikka yetgach, o‘girilib qaradim. Peshtaxtaga qo‘lini tirab olgan Maykl Bret tomon engashib bir nimalar deyapti. Bret unga xotirjam qarab tursa-da, ko‘zlari kulib boqardi.

– Xo‘sh, nima qildik? Boksga boramizmi? – so‘radim ko‘chaga chiqqach.

– Ketdik, – dedi Bill. – Faqat yayov bormaymiz.

– Maykl ma’shuqasini ko‘rib, es-hushidan ayrilib qolibdi, – dedim taksiga o‘tirgach.

– Buning uchun uni ayblab bo‘lmaydi, – dedi Bill.

To‘qqizinchi bob

Bokschi Ledu bilan Frensisning uchrashuvi 20– iyun kuni bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv qiziqarli bo‘ldi. Ertasi kuni ertalab Andayi shahridan, Robert Kondan xat oldim. U, juda xotirjam yashayapman, cho‘milyapman, gohida golf o‘ynayapman, ammo brijga ko‘p qatnashyapman, deb yozibdi. Andayida ajoyib plyaj bor ekan-u, biroq u biz bilan qachon baliq oviga borishini sabrsizlik bilan kutayotganmish. Qachon yetib borishimni so‘rabdi. Marhamat qilib, unga qo‘sh ipli qarmoq sotib olishni, men borganimdan keyin pulini berajagini aytibdi.

O‘sha kuni ertalaboq tahririyatda o‘tirib, Konga xat yozdim-da, Bill bilan yigirma beshinchida Parijdan yo‘lga chiqishimizni, bordi-yu, jo‘nay olmasak, telegramma yuborib ma’lum qilishimizni, u bilan Bayonnada uchrashib, u yerdan avtobusda tog‘ orqali Pamplonga ketajagimizni xabar qildim. O‘sha kuni kechqurun soat yettilarda Maykl va Bret bilan ko‘rishish maqsadida «Selekt» kafesiga kirib o‘tdim. U yerda ikkovi ham yo‘q ekan. «Dingo» kafesiga yo‘l oldim. Ular shu yerda, peshtaxta yonida o‘tirishgan ekan.

– Hello, azizim, – Bret menga qo‘lini cho‘zdi.

– Hello, Jeyk, – dedi Maykl. – Kecha kechqurun, Aftidan, rosa kayf qilibman, shekilli?

– Kayf ham gapmi, – dedi Bret. – Rosa xunuk ish bo‘ldi-da.

– Menga qarang, – dedi Maykl, – Ispaniyaga qachon jo‘naysizlar? Agar sizlar bilan birga borsak, qarshi emasmisizlar?

– Juda soz bo‘lardi-ya.

– Jiddiy aytyapsizmi? Bilasizmi, men Pamplonda bo‘lganman. Bretning borgisi kelyapti. Ammo sizlarga dardisar bo‘lmaymiz, deyman?

– Behuda gapni qo‘ysangiz-chi.

– Bilasizmi, biroz kayfim bor. Aks holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri iltimos qilmagan bo‘lardim. Siz qarshi emasdirsiz-a?

– Jim o‘tir, Maykl, – dedi Bret. – Senga nima deb javob berishini istarding? Keyinchalik o‘zim iltimos qilaman.

– Ammo siz e’tiroz bildirmaysiz-a?

– Agar yana bir marta takrorlasangiz, xafa bo‘laman. Bill bilan yigirma beshinchida ertalab yo‘lga chiqamiz.

– Aytgandek, Bill qani? – so‘radi Bret.

– U Shantiliga ketgan, allakimnikiga tushlikka taklif etilibdi.

– Bill – yoqimtoy yigit.

– Ajoyib yigit, – dedi Maykl. – Alomat-da, alomat!

– Sen uni eslolmaysan-u, – dedi Bret.

– Esimda. Juda yaxshi esimda. Mana bunday qilamiz, Jeyk, biz yigirma beshinchida kechqurun yetib boramiz. Bret ertalab turolmaydi.

– Gapingni qara-yu!

– Agar pul yuborishsa-chi, siz e’tiroz bildirmassiz, albatta.

– Pul yuborishadi. Buni men zimmamga olaman.

– Ayting-chi, nimalar olishim kerak?

– Ikkita yoki uchta g‘altakli qarmoq, qarmoq ipi va pashsha.

– Men baliq ovlab o‘tirmayman, – dedi Bret.

– Unday bo‘lsa, ikkita qarmoq olish kerak. Bill hech nima sotib olmasa ham bo‘ladi.

– Mayli, – dedi Maykl. – Men qorovulimizga telegramma yuboraman.

– Ajoyib ish bo‘ladi-da, – dedi Bret. – O, Ispaniya! Rosa vaqtichog‘lik qilamiz-da.

– Yigirma beshinchi – qaysi kun?

– Shanba.

– Shoshilinch tayyorlanishga to‘g‘ri keladi.

– Endi bo‘ldi, – dedi Maykl. – Men sartaroshxonaga ketdim.

– Men esam cho‘milib olishim kerak, – dedi Bret. – Iltimos, mehmonxonagacha meni kuzatib qo‘ying, Jeyk.

– G‘alati mehmonxonada yashayapmiz-da, – dedi Maykl. – Baayni fohishaxona, menimcha.

– Biz yukimizni shu yerda, kafeda qoldirib mehmonxonaga borganimizda, xona necha soatga zarur ekanini surishtirishdi. Tunni shu yerda o‘tkazishimizni eshitib, rosa quvonishdi.

– Uning fohishaxona ekaniga imonim komil, – dedi Maykl. – Shuniyam bilmasam bo‘lgan ekan-da.

– Bo‘ldi-da, borib soch-soqolingni oldirib kelsang-chi.

Maykl chiqib ketdi. Bret bilan men peshtaxta yonida qoldik.

– Yana ichamizmi?

– Mayli.

– Endi yengil tortdim-a, – dedi Bret.

Biz Delambr ko‘chasi bo‘ylab yurdik.

– Men safardan qaytib kelganimdan beri hali sen bilan ko‘rishmagandik, – dedi Bret.

– Ha, ko‘rishmadik.

– Ahvollaring qalay, Jeyk?

– A’lo darajada.

Bret menga qarab qo‘ydi.

– Menga ayt-chi, Robert Kon ham sizlar bilan birga boradimi?

– Ha. Nimaydi?

– Seningcha, unga og‘ir botmasmikan?

– Nega endi?

– Seningcha, San-Sebastyanga men kim bilan bordim?

– Tabriklayman, – dedim men.

Yo‘limizda davom etdik.

– Nega bunaqa deyapsan?

– Bilmadim. Nima deyishimni istarding?

Yo‘limizda davom etib, muyulishga yetgach, burildik.

– U o‘zini durustgina tutib yurdi. Faqat Robert bilan sayohat qilish zerikarli bo‘larkan.

– Shunaqami?

– Bu sayohat unga foyda qilarmikin, deb o‘ylagandim.

– Senga xayr-ehson ishlari bilan jiddiy shug‘ullanishni maslahat berardim.

– Aljirama.

– Xo‘p, aljiramayman.

– Rostdan ham bilmaganmiding?

– Yo‘q. Menimcha, bu haqda o‘ylamagan bo‘lsam kerak, – dedim men.

– Seningcha, Konga og‘ir botmasmikan?

– Bu uning ishi, – dedim men. – Jo‘nab ketayotganing haqida unga yozib yubor. U, axir, bormay qolishi ham mumkin-ku!

– Mulohaza qilib oldindan rad eta olish uchun Robertga xat yozib ogohlantiraman.

Shundan keyin yigirma to‘rtinchi iyunning oqshomigacha Bretni ko‘rmadim.

– Kondan xabar bormi?

– Ha. Quvonib boshi osmonga yetibdi.

– Yo, Rabbim!

– O‘zim ham hayron qoldim. Uchrashuvni sabrsizlik bilan kutyapman, deb yozibdi.

– Balki, yolg‘iz boryapsan, deb o‘ylayotgandir?

– Yo‘q. Hammamiz birgalikda borishimizni yozuvdim. Maykl ham, boshqalar ham borishadi, degandim.

– Beqiyos yigit-da.

– Rostdanmi?

Ular pul ertasi kuni yetib kelishini mo‘ljallashayotgandi. Biz Pamplonda uchrashishga va’dalashdik: ular to‘g‘ri San-Sebastyanga yetib borishadi-da, o‘sha yerda boshqa poyezdga o‘tirishadi. Hammamiz Pamplonda Montoyining mehmonxonasida uchrashadigan bo‘ldik. Agar ular dushanbagacha yetib kelisholmasa, unda toqqa, Burgetga, baliq oviga o‘zimiz ketaveramiz. Burgetga avtobus qatnaydi. Ular bizni topib olishlari uchun marshrutni batafsil yozib berdim.

Orsa vokzalidan Bill bilan tonggi poyezdda jo‘nab ketdik. Kun ajoyib edi, unchalik issiq emas, tevarak-atrofda esa yo‘lga chiqqanimizdan beri go‘zal manzara. Vagon-restoranga borib nonushta qildik. Chiqib ketayotganimizda provodnikdan birinchi navbatda tushlik qilishga chipta so‘radim.

– Beshinchi navbatgacha hamma o‘rin band.

– Nima, nima?

Bu poyezdda hamma vaqt tushlikka ikki navbatdan ortiq odam bo‘lmagan, doim istagancha bo‘sh o‘rin topilardi.

– Hammasi hisob-kitob qilingan, – dedi vagon-restoranning provodnigi. – Beshinchi navbat soat uch yarimda ovqatlanadi.

– Ahvol chatoq.

– Unga o‘n frank beraqol.

– Mana buni oling, – dedim unga pulni uzatib. – Biz birinchi navbatda ovqatlanmoqchimiz.

Provodnik pulni cho‘ntakka urdi.

– Rahmat, – dedi u. – Sizlarga sandvich olib qo‘yishni maslahat bergan bo‘lardim. Dastlabki to‘rtta navbatdagi o‘rinlar yo‘llar boshqarmasi buyurtmasi bilan band qilingan.

– Shu ketishda uzoqqa borarkansiz, og‘ayni, – dedi unga Bill inglizchalab. – Agar sizga besh frank tutqazganimizdami, unda poyezddan sakrab tushib qolishni maslahat bergan bo‘larmidingiz?

– Comment?77
  Nima dedingiz (fr.).


[Закрыть]

– Jin ursin sizni! – dedi Bill. – Sandvich bilan bir shisha vino keltirishni buyuring. Unga ayt, Jeyk.

– Qo‘shni vagonga yubortiring. – Unga qayerda o‘tirganimizni tushuntirib berdim.

Bizning kupeda er-xotin o‘smir o‘g‘li bilan o‘tirishgan edi.

– Sizlar, aftidan, amerikalik bo‘lsangiz kerak? – so‘radi er. – Sayohat ko‘ngilli o‘tyaptimi?

– Juda soz! – dedi Bill.

– Yaxshi qilyapsizlar. Yoshligingizda o‘ynab qoling. Mana men xotinim bilan ko‘pdan beri Yevropa safariga otlanamiz-u, ammo har gal biroz kutishga to‘g‘ri kelib qoladi.

– Agar sen xohlaganingda bundan o‘n yil avval jo‘nashimiz mumkin edi, – dedi xotini. – Ammo sen nuqul, avval Amerikani ko‘ramiz, deyaverding. Har qalay, biz ko‘p joylarni tomosha qilishga ulgurdik.

– Poyezdimiz amerikaliklar bilan to‘la, – dedi er. – Yettita vagonni egallashgan. Hammasi Ogayo shtatining Deyton shahridan. Ziyoratchilar ekan. Avval Rimda bo‘lishibdi. Endi esa Biarrits bilan Lurdga ketishyapti.

– E-ha, shunaqa deng! Ziyoratchilarmish. Bular o‘zini xudojo‘y ko‘rsatuvchi mishiqilarning o‘zginasi-ku, – dedi Bill.

– O‘zlarini qaysi o‘lkalardan so‘raymiz?

– Men Kanzas-Sitidan, u bo‘lsa Chikagodan, – dedim men.

– Ikkalangiz ham Biarritsga ketyapsizlarmi?

– Yo‘q, biz Ispaniyaga, baliq oviga ketyapmiz.

– O‘zim ov bilan hecham shug‘ullanmaganman. Lekin bizning tomonlarda ko‘pchilik ovga ishqiboz. Bizning Montana shtatimizda baliq ovlaydigan ajoyib joylar bor. Men ham og‘aynilarim bilan baliq tutgani borardim-u, ammo hecham unga ishqiboz bo‘lmaganman.

– Og‘aynilaring bilan ovga borib, juda ko‘p baliq tutuvding-da, – deb qo‘ydi xotini.

Er bizga ko‘zini qisib dedi:

– Hamma ayollarning tuprog‘i bir joydan olingan. Vino to‘ldirilgan idishni yoki bir krujka pivoni sezib qoldimi, tamom, seni piyanistalar qatoriga qo‘shib qo‘yaveradi.

– Erkaklar o‘zi hamma vaqt shunaqa, – dedi xotini bizga murojaat qilib. U semiz tizzasini silab qo‘ydi. – Unga manzur bo‘lishim va uyda doim pivo turishini yoqtirganim uchun ham spirtli ichimliklar taqiqlangan qonunga qarshi ovoz berganman, endi bo‘lsa, erim bunaqa deyapti. Qiziq, bundaylarga nega turmushga chiqamiz-a!

– Bilasizmi, ziyoratchi otaxonlarimizning bir guruhi vagon-restoranni soat uch yarimgacha band etib qo‘yibdi, – dedi Bill

– Nima deyapsiz? Bunaqa bo‘lishi mumkin emas!

– Borib bo‘sh joyni topib ko‘ring-chi.

– Unday bo‘lsa, yana bir marta nonushta qilib kelamizmi, onasi?

Ayol o‘rnidan turib ko‘ylagini tartibga keltirdi.

– Iltimos, buyumlarimizdan ogoh bo‘lib o‘tiringlar. Qani, yur, Xyubert.

Uchalasi restoranga chiqib ketishdi. Birozdan keyin provodnik tushlikning birinchi navbatidagilarni ovqatga taklif qilib, vagonimizdan o‘tib ketdi-yu, ziyoratchilar o‘z imomlari boshchiligida yo‘lakka chiqishdi. Qo‘shnimiz oilasi bilan hali qaytgani yo‘q. Yo‘lakda sandvich va bir shisha shabli (vino turlaridan biri) ko‘tarib olgan ofitsiant ko‘rinuvdi, uni yonimizga chaqirdik.

– Bugun rosa terlaydigan bo‘ldingiz-da, – dedim men. U bosh irg‘ab qo‘ydi.

– Hozir, o‘n yarimda boshlashadi.

– Biz qachon ovqatlanamiz?

– O‘zim qachon ovqatlanarkanman?

U shisha bilan ikkita stakanni stolga qo‘ydi, hisob-kitob qilishib o‘ziga choychaqa ham berdik.

– Likopchalarni keyin olib ketaman, – dedi u. – Yoki restoranga borganingizda olaketarsiz.

Biz sandvich yeb, pivo ichib, yo‘l manzarasini tomosha qilib ketdik. G‘alla endi boshoqlayapti, keng maydonlarni lolaqizg‘aldoq bosib ketgan, o‘tloqlar yam-yashil, dam-badam chiroyli daraxtzorlar, gohida katta anhorlar, uzoqda, daraxtlar orasida joylashgan qasrlar ko‘zga tashlanadi.

Tur shahrida biz perronga tushib yana bir shisha vino sotib oldik, vagonga qaytib chiqqanimizda montanalik janob xotini va o‘g‘li Xyubert bilan kupeda bemalol joylashib o‘tirishgan ekan.

– Biarritsda cho‘miladigan yaxshi joylar bormi? – so‘radi Xyubert.

– Bolakay suvga yetib olguncha aqldan ozib qoladi-da, – dedi uning onasi. – Bu yoshda poyezdda jimgina o‘tirib ketishi qiyin.

– Ha, qulay joylar ko‘p, – dedim unga. – Ammo havo ayniganda xavfli bo‘ladi.

– Tushlik qildinglarmi? – so‘radi Bill.

– Ha, ovqatlanib keldik. Dasturxon yozig‘liq stol yonida o‘tiraverdik, ziyoratchilar kirib kelishganida, bizni ham ular bilan birga bo‘lishsa kerak, deb o‘ylashgandir-da. Ofitsiant bizga fransuzchalab bir nimalar dedi-yu, keyin uch kishini qaytarib yubordi.

Внимание! Это не конец книги.

Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации