Текст книги "Ko`rinmas odam"
![](/books_files/covers/thumbs_240/korinmas-odam-286487.jpg)
Автор книги: Герберт Уэллс
Жанр: Классическая проза, Классика
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 4 (всего у книги 13 страниц) [доступный отрывок для чтения: 4 страниц]
– Ehtiyot bo‘linglar! – qichqirardi hamma havoni mushtlagancha.
– Ushla uni! Eshikni yopinglar! Uni chiqarib yubormanglar. Men nimanidir ushlab oldim! Mana u!
Haqiqiy qiyomat-qoyim bo‘lib ketdi. Mushtlar hammaga barobar yog‘ilayotganga o‘xshardi, og‘zi-burnini dabdala qilgan zarbadan aql-idroki ancha o‘tkirlashib qolgan donishmand Sendi Uojers eshikni lang ochdi-yu, hammadan burun juftakni rostladi. Hamma darhol uning ortidan yugurdi. Eshikning oldi tirband bo‘lib ketdi. Mushtlar tushishi davom etardi. Sektant Fipsning oldingi tishini urib sindirishdi, Genrining esa quloq suprasini yorib yuborishdi. Jeffersning dahaniga qattiq bir musht tushdi va o‘girilib, ur-yiqitda o‘zi bilan Xaksters orasiga suqilgan ko‘zga ko‘rinmas bir narsani ushlab oldi. U muskuldor ko‘krakni paypasladi, shu lahzada qizishib ketgan mushtlashayotgan odamlar yo‘lakga otilib chiqishdi.
– Tutdim, – deb baqirdi Jeffers hansirab. Tomirlari o‘ynab, basharasi qip-qizarib ketgan, halloslab qolgan Jeffers bu g‘aroyib olishuvni ko‘rib, davra olib chetlangan odamlar o‘rtasida ko‘zga ko‘rinmaydigan dushmanini qo‘yib yubormay gir-gir aylanardi. Nihoyat, ularning hammasi zinapoyadan pastga quladi.
Jeffers hali ham ko‘zga ko‘rinmas bir narsani quchoqlab olib, tizzasi bilan tepkilagancha bo‘g‘iq tovush bilan qichqirardi, keyin u chayqalib ketdi-da, boshi bilan toshga urilgancha yiqildi. Shundan keyingina u barmoqlarini yozdi.
«Ushla uni!» «Ko‘rinmas odam!» – degan hayqiriqlar eshitildi. Aypingga allaqayerdan kelib qolgan, nomini hech kim bilmaydigan bir yigit yugurib borib bir narsani ushladi-yu, lekin shu zahoti qo‘yib yuborib, cho‘zilib yotgan politsiyachining ustiga ag‘darildi. Ko‘chaning o‘rtasida allakimning turtkisidan yiqilib tushayozgan xotin dodlab yubordi; it qattiq tepki yegan bo‘lsa kerak, angillaganicha dumini xoda qilib, Xakstersning hovlisiga qarab qochdi. Shu bilan Ko‘rinmas odamning qochishi ham nihoyasiga yetdi. Olomon bir oz vaqt hayron bo‘lib, hayajon ichida turib qoldi-yu, keyin bamisoli kuzgi xazondek tevarakatrofga to‘zg‘ib ketdi.
Yolg‘iz Jeffersgina tizzasini bukkanicha qimir etmay chalqancha yotardi.
VIII bob
YO‘L-YO‘LAKAY
Sakkizinchi bob haddan ziyoda qisqa.
Mahalliy havaskor – tabiatshunos Jibbins kam deganda ikki milyacha tevarak-atrofda hech zog‘ yo‘q ekaniga qattiq ishongani holda tepacha ustida mudrab yotarkan, birdaniga juda yaqin yerdan allaqanday odamning qadam tovushini eshitgani haqida bu bobda hikoya qilinadi.
U odam yo‘talar, aksirar va bo‘ralab so‘kinardi. Jibbins o‘girilib qarab hech kimni ko‘rmadi. Shunday bo‘lsa-da, tovush juda aniq eshitilmoqda edi. Ko‘rinmas yo‘lovchi tobiga olib boloxonador qilib so‘kinardi, bunday so‘kinishni esa o‘qimishli odamlarning og‘zidangina eshitish mumkin edi. Ovoz juda ham baralla eshitildi, keyin asta-sekin pasaydi, nihoyat, Jibbinsning aytishicha, Edderdin tomoniga borib tamoman tindi. So‘nggi daf’a bir martaba qattiq aksirgan tovush eshitildi-yu, so‘ng hamma jimib qoldi.
Ertalabki voqeadan Jibbinsning hech qanday xabari yo‘q edi, lekin bu hodisa uni shu qadar hayratga solib, ajablantirib qo‘ydiki, uning faylasuflarga xos loqayd va vazminligidan asar ham qolmadi. U irg‘ib o‘rnidan turib, chopganicha tepadan tushdi-yu, oyog‘ini qo‘liga olib, qishloq tomon yugurdi.
IX bob
JANOB TOMAS MARVEL
Janob Marvel haqida tasavvur hosil qilmoqchi bo‘lsangiz, kepchikday basharasi qurushgan, tanqaygan burni katta, og‘zidan doim so‘lagi oqib yuradigan va patak soqoli har tomonga tarvaqaylab o‘sgan bir odamni ko‘z oldingizga keltirmog‘ingiz kerak. Uning semizlikka moyilligi kaltabaqay, girdig‘umligidan yaqqol sezilib turardi. U tirtig‘i o‘ynab ketgan shoyi silindr kiyib olgandi, engil-boshining eng nozik joylarida tugmachalar o‘rniga kanop va botinka iplari o‘z «husni»ni namoyish qilib turishi janob Marvelning bo‘ydoqligidan darak berardi.
Janob Tomas Marvel Edderdinga olib boradigan yo‘l yoqasida, Aypingdan bir yarim milyacha naridagi ariqqa oyog‘ini osiltirib o‘tirardi. Uning oyog‘ida teshilib ketgan paypoqdan bo‘lak hech narsa yo‘q edi, paypoqning yirtig‘idan chiqib, yuqori ko‘tarilib turgan boshmaldoqlari hushyor turgan itning quloqlarini eslatardi. Tomas Marvel oyog‘iga o‘lchab ko‘rmoqchi bo‘lgan boshmoqni shoshilmasdan, uning hamma ishni shoshilmasdan qilish odati bor edi, ko‘zdan kechirardi. Bu ko‘pdan beri uning qo‘liga tushmagan juda ham pishiq boshmoq edi-yu, biroq uning oyog‘iga anchayin kattalik qilardi. Havo ochiq paytda yurishga mos bo‘lgan eski boshmog‘i esa yog‘ingarchilikda kiyishga yaramasdi, chunki uning tag charmi juda ham yupqa edi. Janob Marvel keng poyabzalni o‘lguday yomon ko‘rardi, shu bilan birga, namgarchilikka ham tobi yo‘q edi. Sirasini aytganda, u qaysi birini – keng poyabzalinimi yoxud namgarchiliknimi ko‘proq yoqtirmasligini hali aniqlab olgani yo‘q edi, lekin havo ochiq, boshqa qiladigan ishi yo‘q edi, shuning uchun ham u puxta o‘ylab ko‘rmoqchi bo‘ldi. U to‘rttala boshmoqni tartib bilan qatorlashtirib qo‘ydi-da, ularga tikilib qaray boshladi. Boshmoqlarning betartib bo‘lib o‘sib yotgan qariqizlar orasida turishlarini ko‘rib, u qo‘qqisdan har ikkala jufti ham tasqara ekan degan qarorga keldi. Shunda u orqasidan kelgan allakimning ovozini eshitib sira ajablanmadi.
– Har qalay poyabzal-ku, – dedi Ovoz.
– Bu sadaqa qilingan poyabzal, – dedi janob Tomas Marvel, boshini bir tomonga qiyshaytirib, ta’bi tirriq bo‘lgan holda boshmoqlarga tikilarkan. – Qurib ketsin, men bo‘lsam, bularning qaysi jufti rasvoroq ekanini aniqlayolmay xunobman.
– Hm… – dedi Ovoz.
– Men bulardan beshbattar poyabzallarni ham kiyganman. Rostini aytsam, yalangoyoq ham yuraverganman. Ammo bularga o‘xshagan ta’viya-yu taraqqos poyabzalni sira kiymaganman. Ko‘pdan beri poyabzal axtarib yuraman, chunki o‘zimniki juda jonimga tekkan. Boshmog‘im pishiqligiga shubha yo‘q. Lekin odam hamisha tik oyoqda turganidan keyin doimo boshmog‘ini ko‘rarkan. Xoh ishoning, xoh ishonmang, butun okrugni axtarib, shulardan bo‘lak boshmoq topa olmadim. Bularga bir qarang-a! Umuman, to‘g‘risini aytsam, bu okrugda poyabzalni yaxshi tikishadi. Faqat mening toleim qurg‘ur shunaqa. O‘n yildan buyon shu yerning poyabzalini kiyaman. Mana endi menga shunaqangi yaramas boshmoqni tiqishtirishibdi.
– Bu rasvo okrug, – dedi Ovoz, – odamlari ham juda yaramas.
– Rostdanam shunday! – dedi Tomas Marvel. – Zap poyabzal ekan-da! Poyabzal bo‘lmay o‘lsin!
Shunday degach, u suhbatdoshining poyabzalini o‘ziniki bilan taqqoslamoq uchun kifti osha o‘ng tomonga qiyshayib boqdi, lekin uni nihoyatda zo‘r taajjubga solgan narsa shu bo‘ldiki, bir juft boshmoqni ko‘rarman degan joyida na boshmoq bor edi, na oyoq. U chap kifti ustidan qaradi, biroq u yerda ham na boshmoqni-yu na oyoqni ko‘rdi. Bu hol uni juda dovdiratib qo‘ydi.
– Qayerdasiz axir! – so‘radi Tomas Marvel emaklab aylanarkan. Uning ko‘z o‘ngida bo‘m-bo‘sh past-u baland yalanglik yastanib yotardi, faqat olis-olislardagi archagul butalargina shamolda chayqalib turardi.
– Nima balo, kayfim oshganmi o‘zi? – dedi Tomas Marvel. Yoki menga shunday eshitildimikin. O‘zo‘zim bilan gaplashdimmi? Bu nimasi axir…
– Qo‘rqmang, – dedi Ovoz.
– Hazilingizni qo‘ying! – xitob qildi Tomas Marvel. – Qayerdasiz? Gapini qarang-u, «qo‘rqmang» emish-a!
– Qo‘rqmang, – deb takrorladi Ovoz.
– Hozir o‘zing qo‘rqasan, kallavaram! – dedi Tomas Marvel. – Qayerdasan? Qarab tur, seni bir adabingni berib qo‘yay.
Churq etgan tovush eshitilmadi.
– Bu deyman, yerning tagidamisan o‘zi? – so‘radi Tomas Marvel.
Yana javob bo‘lmadi. Tomas Marvel kostyumining tugmalari ochiq holda, hayratdan og‘zini ochib, paypoqchan serrayib turardi.
Olisdan «fyu-it» degan hushtak tovushi eshitildi.
– Endi «fyu-it»i kamlik qilayotgandi. Nega maynabozchilik qilasiz-a? – dedi Tomas Marvel.
Bu yer kimsasiz xilvat joy edi. Qayoqqa boqmang, hech zog‘ ko‘rinmasdi. Ikki chetidagi chuqur ariqlarda suv oqayotgan, oq ustunlar bilan o‘ralgan kaftday tekis xilvat hudud shimol va janub tomonga cho‘zilib ketgandi, musaffo osmonda ham jajji sayroqi qushdan bo‘lak hech nima ko‘zga chalinmasdi.
– O‘z panohingda saqlagin, parvardigor! – xitob qildi Marvel, kostyumining tugmalarini qadar ekan. – Hammasiga la’nati aroq sababchi. Shunday bo‘lishini biluvdim-a.
– Bu aroqdan emas, – dedi Ovoz. – Qo‘rqmang!
– Uh! – ingrab yubordi Marvel, rangi quv o‘chib. – Hammasiga aroq sababchi, – deb unsiz takrorladi uning lablari.
Janob Marvel bir nuqtaga tikilganicha bir oz qotib turdi-da, so‘ng orqasiga o‘girila boshladi.
– O‘lay agar, ovoz eshitganim rost, – deb pichirladi u.
– Albatta eshitdingiz.
– Ana tag‘in eshitilyapti, – dedi Marvel ko‘zlarini chirt yumib, dahshat bilan boshini changallar ekan. Lekin shu daqiqada kimdir uning giribonidan tutib, shunday silkitdiki, boyaqishning miyasi batamom gangib qoldi.
– Ahmoqlik qilma, – dedi Ovoz.
– Aqldan ozibman… – dedi Marvel. – Ahvolimga voy endi. Hammasi la’nati boshmoqlarning kasofatidan. Ha-ha, rostdanam aqldan ozganga o‘xshayman! Yoki bu ins-jinslarmikin-a?..
– Unday ham emas, bunday ham emas, – dedi Ovoz. – Menga qara…
– Aqldan ozdim! – takrorladi Marvel.
– Hoy, quloq solsang-chi, axir! – dedi Ovoz, g‘azabini zo‘rg‘a bosib.
– Xo‘sh? – dedi Marvel, go‘yo allakim ko‘kragiga barmog‘ini tegizganday bo‘lganidan taajjublanib.
– Senga mening tovushim go‘yo xayolingdagina eshitilganday bo‘ldimi, a?
– Ha, bo‘lmasa, qanday? – javob berdi Tomas Marvel boshini qashib.
– Juda soz, – dedi Ovoz, – u holda men, to voqea o‘ylaganingning aksicha ekaniga ishonch hosil qilguningga qadar seni toshbo‘ron qilaman.
– Hoy, qayerdasan o‘zing axir?
Ovoz javob bermadi. Hushtak ovozi eshitildi-yu, go‘yo havoning o‘zidan otilgandek bir tosh janob Marvelning yelkasi yonginasidan uchib o‘tdi. O‘girilib qarab, janob Marvel ikkinchi toshning yarim doira yasab yuqoriga ko‘tarilgani va bir zum havoda muallaq turib, keyin vizillab uning oyog‘i tomon uchganini ko‘rdi. U shu qadar dovdirab qolgan ediki, hatto toshga chap berishga ham urinmadi. Tosh janob Marvelning boshmaldog‘iga tegdi-da, yumalab ketdi.
Tomas Marvel sakrab tushdi va og‘riqning alamidan uvullab yubordi. Keyin o‘rnidan turib ura qochdi, lekin allanimaga qoqilib, o‘mbaloq oshib tushdida, o‘tirib qoldi.
– Xo‘sh, endi nima deysan? – so‘radi Ovoz. Uchinchi tosh yarim doira chizib yuqori ko‘tarildi-yu, daydining boshi ustida muallaq turib qoldi. – Men nimaman? Xayoling ekanmanmi?
Marvel javob berish o‘rniga o‘rnidan turdi, lekin shu lahzada qaytadan yerga uloqtirildi. U bir daqiqacha harakatsiz yotdi.
– Qimir etmay o‘tir, – dedi Ovoz, – aks holda, shu tosh bilan urib, miyangni po‘la qilaman.
– Ana xolos! – dedi Marvel o‘tirgan joyida toshdan ko‘z uzmay, lat yegan oyog‘ini silar ekan. – Hech baloga aqlim yetmay qoldi. Toshlar o‘zidan-o‘zi uchyapti. Toshlar gapiryapti. Menga otilma. Daf bo‘l. Adoyi tamom bo‘libman endi.
Tosh yerga tushdi.
– Hayron qoladigan hech narsa yo‘q, – dedi Ovoz. – Men ko‘rinmas odamman.
– Sal bo‘ladigan gapdan gapirsangiz-chi, – dedi janob Marvel, og‘riqdan to‘lg‘anib voy-voylarkan. – Qayerda yashirinib turibsiz, qanday qilib bekinyapsiz? O‘ylab-o‘ylab, o‘yimga yetolmayapman. Taslim bo‘ldim.
– Men ko‘rinmas odamman, bor gap shu. Tushunsang-chi, axir… – dedi Ovoz.
– Judayam tushunyapman. Jahlingiz chiqmay qo‘ya qolsin, janob. Yaxshisi, menga qanday yashirinayotganingizni aytib bering.
– Men ko‘rinmas odamman, hamma gap shunda.
– Lekin o‘zingiz qayerdasiz? – uning so‘zini bo‘ldi janob Marvel.
– Shu yerda, sening oldingda, besh qadamcha naridaman.
– Yolg‘onniyam do‘ndirarkansan! Ko‘r emasmanku. Hali men havoman ham dersan-a? Men allaqanday avomlardan emasman…
– Ha, men havoman. Sen mening badanim orqali qarayapsan.
– Nima? Demak, sening badaningda mahmadona ovozingdan bo‘lak hech narsa yo‘qmi-a?
– Men ham boshqalar singari vujudga ega insonman, men ham yeyishim, ichishim va kiyinishim kerak. Biroq men ko‘rinmas odamman. Tushundingmi? Ko‘rinmas odam. Bu juda ham oson narsa. Ko‘zga ko‘rinmaydigan odamman.
– Rostakam odammisan?
– Ha.
– Xo‘sh, basharti shunday bo‘lsa, – dedi Marvel, – menga qo‘lingni ber-chi, ana unda har qalay odam sal-pal ishonadi… Voy! – deb qichqirib yubordi u birdan. – Meni juda ham qo‘rqitib yubording-ku! Odam degan ham shunday yopishadimi!
Marvel avval barmog‘ini siqib ushlab turgan qo‘lni, keyin qo‘rqa-pisa kiftni, mushakdor qabariq ko‘krakni va soqolni paypaslab ko‘rdi. Uning basharasidan nihoyatda hayratlangani sezilib turardi.
– Qoyil! – dedi u. – Bu xo‘roz urishtirishdan ham zo‘rroq ekan. Aql tang qoladi-ya. Men sening badaning orasida yarim milya naridagi quyonni ko‘ra olaman. O‘zingni bo‘lsa, sira-sira ko‘rib bo‘lmaydi… Lekin…
Shunda janob Marvel ro‘parasidagi bo‘shliqni diqqat bilan ko‘zdan kechira boshladi.
– Ayt-chi, pishloq bilan non yeganmiding? – deb so‘radi Marvel ko‘rinmas qo‘lni qo‘yib yubormay.
– Ha, yegandim. Hali ular hazm bo‘lgani yo‘q.
– A-a, – dedi janob Marvel, – har qalay bu taajjublanarli holat.
– Yo‘q, buning sen o‘ylaganchalik taajjubli joyi yo‘q.
– Mening jindakkina aql-idrokim uchun bu kifoya qilarli darajada taajjublanarli, – dedi Tomas Marvel. – Lekin sen buning uddasidan qanday chiqding? Xudoyo tavba, qanday qilib bunday bo‘la olding-a?
– Bu juda ham uzun qissa. Innaykeyin…
– Men hali ham o‘zimga kelolmayapman, – dedi Marvel.
– Senga aytmoqchi bo‘lgan gapim shunday. Men yordamga muhtojman – meni shunday holatga solib qo‘yishdi. Tasodifan senga duch kelib qoldim. Tinkamadorim qurib, yalang‘och holda g‘azabim qaynab kelayotgan edim. Birovni o‘ldirishdan ham toymasdim… Shunda seni ko‘rib qoldim…
– Yo rabbiy! – deb yubordi Marvel.
– Men orqa tomondan tepangga keldim… O‘ylab ko‘rdim-da, o‘tib ketdim…
Janob Marvelning basharasi ko‘nglidagi histuyg‘ularini yaqqol ifodalab turardi.
– Keyin to‘xtadim. «Mana, xuddi menga o‘xshab eldan quvg‘indi bo‘lgan kishi, – o‘yladim men. – Mana menga kerak bo‘lgan odam». Orqamga qaytib, sening oldingga keldim. Endi…
– Yo rabbiy, – dedi janob Marvel. – Boshim gangib ketyapti. So‘rashga izn ber. Bu qanaqasi-a? O‘zing ko‘rinmas odam bo‘lsang! Yana senga qanday yordam kerak?
– Sen menga kiyim-kechak, boshpana va boshqa ba’zi bir narsalarni topishda yordam berishingni istardim… Bu narsalardan men ko‘pdan beri mahrumman! Mabodo istamasang… Lekin sen menga yordam berasan, yordam berishing lozim!
– Shoshma, – dedi Marvel. – Avval aqlimni boshimga yig‘ib olay! Tomdan tarasha tushganday, to‘satdan mumkin emas-ku, axir. Menga qo‘lingni tekkizma! O‘zimga kelib olay.
Axir oyog‘imdagi barmoqni majaqlab yuboray deding-ku. Hammasi ham aql bovar qilmaydigan narsalar: bo‘m-bo‘sh tepaliklar, bo‘m-bo‘sh osmon. Ko‘p milyalarga cho‘zilgan tevarak-atrofda tabiat manzaralaridan bo‘lak hech narsa ko‘rinmaydi. Birdaniga xuddi osmondan kelgandek ovoz eshitilsa! Toshlar o‘zidan-o‘zi otilsa. Gardaningga bo‘shliqdan musht kelib tushsa. Yo, qudratingdan.
– Bo‘ldi, yetar shuncha obidiyda qilganing, – dedi Ovoz. – Yaxshisi, mening buyrug‘imni bajar.
Marvel lunjini shishirdi-yu, ko‘zlari yum-yumaloq bo‘lib ketdi.
– Men seni tanladim, – dedi Ovoz, – bir necha qishloqi ahmoqlarni hisobga olmaganda, sen olamda Ko‘rinmas odam mavjud ekanini biladigan birdan-bir kishisan. Sen menga yordam berishing lozim. Menga yordam ber, shunda men ham sen uchun ko‘p narsalar qilib beraman. Ko‘rinmas odam juda ham zo‘r qudratga ega, – u so‘zdan to‘xtab, qattiq aksirdi. – Ammo meni tutib bermoqchi bo‘lsang, – deb so‘zini davom ettirdi u, – basharti men buyurgan ishni bajarmasang…
U jim bo‘lib, Marvelning yelkasini qattiq qisdi. Marvelning o‘takasi yorilib, chinqirib yubordi.
– Men seni tutib bermoqchi emasman, – dedi u Ko‘rinmas odamning qo‘lidan chiqishga urinib. – Bu xususda gap ham bo‘lishi mumkin emas. Bajoni dil senga yordam beraman. Nima qilishim kerakligini aytsang bas. Ey xudo-yey! Sen xohlagan hamma ishni jon-jon deb bajaraman.
X bob
JANOB MARVEL AYPINGDA
Vahima sal-pal bosilgandan keyin Ayping aholisi sekin-asta aql-hushini yig‘ib ola boshladi. Birdaniga shubha-gumonga burkangan hissiyot bosh ko‘tardi, to‘g‘ri, u ancha beqaror, bujmal, lekin har qalay shubhaomuz hissiyot edi. Axir Ko‘rinmas odamning yo‘qligiga ishonish osonroq edi, uning kiyimlarini yechib ko‘rinmay qolganining shohidi bo‘lgan yoki mushti kuchini totib ko‘rgan kishilar barmoq bilan sanarli darajada oz edi. Buning ustiga-ustak, bu ishning guvohi bo‘lganlardan janob Uojers ular orasida yo‘q edi, u uyiga kirib, eshiklarini qulflab olgan va hech kimni kiritmay qo‘ygandi. Jeffers bo‘lsa, «Aravakash» qovoqxonasida behush cho‘zilib yotardi.
Tajriba doirasidan tashqari chiqib ketadigan buyuk, favqulodda g‘oyalar ko‘pincha oddiy, lekin osongina tasavvur etish mumkin bo‘lgan g‘oyalardan ko‘ra kishilarni kamroq asir etadi. Ayping bayroqchalar bilan bezatilgan, kishilar yasanib-tusanib olishgan edi. Axir bayramga bir oydan beri tayyorgarlik ko‘rishar va uning zavqini oldindan surishardi-da. Ana shuning uchun ham oradan bir necha soat o‘tgandan keyin hatto Ko‘rinmas odamning mavjudligiga ishongan kishilar ham u mangu g‘oyib bo‘ldi, degan fikr bilan o‘zlarini yupatib, o‘yin-kulgiga berilib ketdilar. Badgumon kishilar masalasiga kelganda, shuni aytish kerakki, Ko‘rinmas odam ular uchun bir ermakka aylanib qoldi. Har qalay, har ikki toifaning haddan ziyod kayfiyati chog‘, shod-u xurram edilar.
Xaysmen o‘tlog‘iga kapa tikdilar, bu yerda missis Banting va boshqa xonimlar choy hozirlashdi, atrofida esa yakshanbalik maktabning bolalari yugurishar, vikariy, missis Kass hamda miss Sekbatning rahbarligida shovqin-suron bilan har turli o‘yinlar o‘ynashardi. To‘g‘ri, qandaydir mavhum bir bezovtalik sezilardi, lekin hammalari qo‘rquvlarini oshkora qilib qo‘ymaslik uchun aql-hushlarini yig‘ib olishgandi. Qiya qilib tortilgan arqon yoshlarga juda ham ma’qul bo‘ldi. Bu arqonga blok o‘rnatilgan bo‘lib, yoshlar ana shu blokka osilganlaricha pastga – pichan to‘ldirilgan qoplar ustiga g‘izillab uchib tushardilar. Arg‘imchoqlar, kokos yong‘og‘i irg‘itish, qo‘lansa hid chiqaradigan va quloqni batang keltirib musiqa chaladigan ot o‘yini ham katta muvaffaqiyat qozondi.
Klubning ertalab cherkovga borib kelgan a’zolari rango-rang znachoklarini ko‘z-ko‘z qilardilar, ko‘pchilik yoshlar esa shlyapalariga rangin tasmalar taqib olgan edilar. Bayram hordig‘i haqida ancha jiddiy tasavvurga ega bo‘lgan keksa Fletcher esa ikki stul ustiga o‘rnatilgan taxta ustida turib, oshxonasining shiftini oqlardi, buni deraza tokchasiga qo‘yilgan yosuman guli orasidan yoki eshikdan yaqqol ko‘rish mumkin edi.
Soat to‘rtlar chamasida Aypingda notanish kishi paydo bo‘ldi; u tepaliklar tomonidan keldi. Pakana, semiz, boshiga eskiligidan iplari o‘ynab ketgan shlyapa kiyib olgan bu kishi harsillab nafas olardi. U goh lunjini ichiga tortib, goh katta qilib shishirardi. Uning parcha-parcha qizil dog‘ qoplagan basharasida vahima alomati ko‘zga tashlanar, o‘zi tez yurayotgan bo‘lsada, istar-istamas qadam tashlayotgani aniq sezilib turardi. U cherkov yonida burilib, to‘g‘ri «Aravakash» qovoqxonasi tomon keldi. Boshqalar qatori keksa Fletcher ham unga diqqat bilan tikildi. U kelgindining hayajonli qiyofasidan hayratga tushib, to cho‘tkasidagi ohak yengiga oqib tushmaguncha uning orqasidan ko‘z uzmay qarab turdi.
«Tir» xo‘jayinining guvohlik berishiga qaraganda, notanish odam o‘zidan-o‘zi allanimalarni gapirib kelardi. Buni janob Xaksters ham sezibdi. Uning aytishiga qaraganda, notanish odam ichkariga kirishga jazm qilgunga qadar mehmonxona zinapoyasi oldida uzoq vaqt ikkilanib turibdi. Nihoyat, u zinapoya pog‘onalaridan ko‘tarilib, janob Xaksters payqaganidek, chapga burilibdi-da, mehmonxona eshigini ochibdi. Janob Xaksters ichkaridan chiqayotgan ovozlarni, shuningdek qovoqxonaning ichkilik sotiladigan peshtaxtasi tomondan noma’lum odamga uning yanglishganini aytib baqirishganini eshitibdi.
– U yoqqa emas! – dedi Xoll.
Shunda noma’lum odam eshikni yopib, qovoqxona peshtaxtasi tomon bordi.
Bir necha daqiqadan keyin u yana xotirjam bir qiyofada ko‘chada paydo bo‘ldi, biroq uning bu qiyofasi janob Xakstersga soxta ko‘rindi. Noma’lum odam u yerda bir oz turib, atrofiga alangladi, keyin janob Xaksters uning o‘g‘rincha qadamlar bilan mehmonxona hovlisining darvozasi tomon yurganini ko‘rdi. Bir lahza taraddudlanib turgach, notanish odam darvozaning bir tavaqasiga suyandi-da, yonidan kaltagina sopol trubkasini chiqarib, unga tamaki bosa boshladi. Uning qo‘llari qaltirardi. Keyin u bir amallab trubkasini tutatdi-da, qo‘llarini qovushtirib, o‘zini zerikib ketgan kishi qiyofasida tutishga tirishdi, lekin har lahzada alanglab hovliga qarab qo‘yishi uning bu qiyofasiga sira mos kelmasdi.
Janob Xaksters shularning barini tamaki do‘konining derazasi oldida qo‘yilgan tunuka qutichalar orqasidan kuzatib turdi-da notanish odamning bunday g‘alati xatti-harakatidan shubhaga tushib, kuzatuvni davom ettirishga ahd qildi.
Daf’atan notanish odam shartta qaddini rostladi-yu, trubkasini cho‘ntagiga solib, o‘zini ichkariga urdi. Shunda janob Xaksters, ko‘z oldimda o‘g‘rilik qilinyapti, deb o‘ylab, peshtaxta ustidan sakrab ko‘chaga tushdi-da, o‘g‘rini tutmoqchi bo‘lib yugurdi. Shu mahal notanish odam shlyapasini chakkasiga qo‘ndirib, bir qo‘lida zangori dasturxonga o‘ralgan katta tugun, ikkinchi qo‘lida esa bog‘langan uchta kitob ko‘tarib olgandi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bu kitoblar vikariyning shimini ko‘tarib turuvchi bog‘ich bilan bog‘langan ekan. Xakstersni ko‘rib u «vah» deb yubordi-da, shartta chapga burilib jonholatda qochdi.
– Ushla o‘g‘rini! – deb qichqirdi Xaksters va uni quva ketdi.
Janob Xakstersning keyingi taassurotlari juda kuchli va lekin bir lahzalik edi. Janob Xaksters o‘g‘rining cherkov tomonga yugurayotganini ko‘rdi. Uning ko‘ziga yalt-yult bayroqchalar va sayr qiluvchi olomon chalindi, lekin uning qichqirig‘iga ikki yoki uch kishigina o‘girilib qaradi, xolos.
– Ushla o‘g‘rini! – deb baqirdi janob Xaksters ovozini avvalgidan ko‘ra yanada balandroq qo‘yib.
Biroq janob Xaksters o‘n qadamcha ham chopib bormay turib, oyog‘iga allanima narsa ilashdi-yu, yugurish o‘rniga o‘qday uchdi! Ko‘z ochib yumguncha u yerparchin bo‘lib yiqildi. Shunda butun olam uning ko‘z oldida million-million uchqunlarga aylandi va keyingi voqealar uni umuman qiziqtirmay qo‘ydi.
Внимание! Это не конец книги.
Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?