Текст книги "Бола Ботир"
Автор книги: Саъдулла Хаким
Жанр: Поэзия, Поэзия и Драматургия
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 2 (всего у книги 2 страниц)
BOLA BOTIR
doston

Nurota tizma tog‘lariyu
Oqtov va Qoratov oralig‘ida
Bola botirdek shoir o‘tmagan.
Ergash Jumanbulbuldan ko‘p yillar oldin.
Sulton kampirdan ko‘p yillar burun.
Tilla kampirdan ko‘p yillar avval.
Boshqa tug‘ilmaydiyam. Boshqa tug‘ilmas ham.
* * *
U juda ko‘p yozgan. Quyosh nurin patqalam,
Osmonni qog‘oz qilib yozsang ham
uning yozganlari sig‘maydi.
Oyning hoshiyalari ham she’rga to‘lib ketar,
dog‘ bo‘lmagan joyi qolmaydi oyning.
Bulutlarga ortsang yozganlarini
Yer bag‘irlab emaklaydi beli mayishib.
Shamollarga aytsang uvlab yuborar,
dunyoni ko‘chirar.
Shamollar shoir bo‘lib ketar,
Bu dunyoda ko‘rganini she’rga solar,
dunyosini she’r qilar.
Dengizlarga aytsang ichi qizib
qirg‘oqlarni yemirib tashlar.
Bola Botir shuncha ko‘b va xo‘b yozgan.
Voh, dog‘-ey! Bola botir barini ko‘nglida yozgan.
Aytib qoldirmagan.
Shunday bo‘lsa-da, manov she’rni unga nisbat
berishadi.
Aytmay turib aytdi deydilar:
* * *
Til – liq to‘la xazina,
Go‘yo qo‘r – qiyg‘och o‘choq.
Bir bahra olsang yana
Ortaverar ishtiyoq.
Tingla, Bola Botirni,
Aytar o‘la-o‘lguncha:
Qindagi pichoq damin
Qaydan bilar kelinchak.
Qancha mehr bersang ko‘p,
Shuncha chiroy ochar yer.
Bola emas, ayolni
Qaritar lallaygan er.
Eshitmaganmiding hech
O‘stirsang tuvakda gul,
Obi sharbatni doim
Ostidan quygan ma’qul.
Tomiriga yetsa bol -
Taniga qon yugurib -
Ko‘rsatur g‘uncha jamol.
Oddiydir buning siri:
Sutni solib kuviga
Hojati baror kezi.
Qancha pishisang, shuncha
Qaymoqli bo‘lar yuzi.
Bola Botir aytgani
Xirmonga don qo‘shadi.
Boshidan kechirsa kim
Asil donish o‘shadir!
* * *
So‘zni anbiyo aytsa yarashar,
So‘zni Muhammad payg‘ambar kiroyi aytgan.
U ham asli bir so‘zni aytgan.
Boshqa aytilganlar bari o‘sha bitta so‘zga sharh.
Hazrat Navoiy aytganlari ham
o‘sha bitta so‘zga bitilgan go‘zal sharhlar.
So‘z o‘zi bitta!
Bola Botir shuni aytishdan qo‘rqqan.
Og‘izni har kuni uch martadan besh bora chaymay,
nechuk ul tabarruk so‘zni tilga olasan?
Bilagingni tirsaginggacha pok qilib yuvmay,
nechuk qalamga qo‘l cho‘zasan?
Ko‘nglingni e’tiqod nuriga chaymay,
Nechuk so‘zga zeb berasan?
So‘z qadrlansa aziz.
* * *
El ichra nomi baland,
Har ishda fazli ayon
Yashar edi Donishmand –
Toza tiynat, pokdomon.
Kimdir «Olam iborat,
Desa, molekuladan»,
«Yo‘q, so‘zdan bu imorat»,
Derdi sirli kularkan.
So‘z uning ko‘z o‘ngida
Oqar edi jildirab.
Goh qorong‘u osmonda
Chaqnar edi guldirab.
Bu dunyoni yoritib
Turgan ham so‘z, derdi u.
Inson dardin aritib
Turgan ham so‘z, derdi u.
So‘z aynisa, diyonat
O‘lgani shu, der edi.
So‘z qaynasa, qiyomat
Bo‘lgani shu, der edi.
Neki yaralmish, bari
So‘zning jismu tanidir.
So‘z – chig‘anoq gavhari,
Ko‘ngil so‘z vatanidir.
Bir so‘z bor – so‘z avvali,
Joy olgan dil to‘ridan.
Qolgan barcha so‘z asli
O‘sha so‘zdan o‘rigan.
Yursa ham, o‘tirsa ham
Faqat o‘sha o‘yida,
Yashar edi Donishmand
Shu tanho so‘z ko‘yida.
Jon kabi edi aziz
O‘sha so‘zning diydori.
Oxir yiqildi holsiz,
Ketdi tandan madori.
O‘ngimidi, tushi yo,
Bilmas, – harchand urindi –
So‘z jamoli ko‘ziga
Elas-elas ko‘rindi.
Quvonchidan ko‘ksini
O‘rtab ketdi hayajon.
Chorladi shogirdlarin
Huzuriga o‘sha on.
Dupur-dupur jon qushi
Depsidi qanot qoqib.
Boshidan uchib hushi,
Tildan qoldi, boyoqish.
Yosh aylandi ko‘zida
Sevinch yoshi, g‘am yoshi.
O‘krar edi Donishmand
O‘pkasi to‘lib-toshib.
So‘zga qovushmay labi
G‘o‘ldiradi, so‘ng so‘lg‘in,
“Ana, u!”, degan kabi
Osmonga cho‘zdi qo‘lin»
…Ustozning ochiq ko‘zin
Shogird asta yoparkan,
Ahd qildi: “O‘sha so‘zni
Bir kun so‘zsiz topaman!”.
* * *
Bola Botir o‘zi Xudo bergan yigit bo‘lgan.
Aytishlaricha, qo‘shiqni maromiga yetkazib
shunday xirgoyi qilganki,
eshitganlar dunyoni unutgan.
Nimani aytgan ekan deb keksalardan so‘rashsa,
so‘zi esimizda yo‘q deganlar.
Esda qolgan qo‘shiq qo‘shiqmi?
Bir xil ko‘ylak kiyganing sari to‘ziyverganidek
hadeb aytilavergan qo‘shiqda huzur qolmac.
Boshqa birovlarning aytishicha,
so‘zi o‘zi umuman bo‘lmagan.
Lekin bunday ta’sirchan qo‘shiqlarni
keyin boshqa hech kim aytmagan.
U qo‘shiq aytayotganda
quyosh ham bir muddat to‘xtab turgan.
O‘shanda u qiyomga kelgan payt bo‘lgan.
U qo‘shiq aytayotganda otliq otidan tushgan.
O‘tirgan odam o‘rnidan turib ketgan.
Tik turgan odam o‘tirib qolgan.
U qo‘shiq aytayotganda
shamollar bog‘lar ustiga yastanib olib,
chayqalib-chayqalib eshitgan.
Qushlar unga o‘xshab qo‘shiq aytamiz deb
so‘zini yo‘qotib qo‘ygan.
Shu-shu sayraydiyu birov nima deyayotganini
tushunmas.
Tushunmagani uchun rohatlanar.
So‘z o‘zi ortiqcha.
Ibn Sino bilan Shayx so‘zsiz so‘zlashgan-ku.
Taqvo bilan Xudoni tanigan – obid.
Aql bilan tanigan – orif.
Qalb bilan tanigan – so‘fiy.
Yana mana bunday:
Yo‘l gardiga aylangan – musofir,
El dardiga aylangan – shoir,
Gul rangiga aylangan – musavvir!
Bir ulug‘ Shayx Ibn Sino dovrug‘ini eshitib,
uni ko‘rgani,
u bilan suhbat qurgani kelar.
Har ikkovi bir muddat sukut saqlab,
bir-birlariga tikilib turishar.
So‘zsiz suhbat oxirida har ikki ulug‘ zot
o‘ta izzat-ikrom bilan xayrlashar.
Keyinchalik Shayx muridlariga so‘zsiz suhbat
haqida gapirib, Ibn Sino haqida
«Men Ollohni qalb bilan tanigan bo‘lsam,
u aql bilan tanigan ekan», deb aytar.
Xuddi shunday,
Ibn Sino o‘z shogirdlariga Shayx haqida
«Men Ollohni aql bilan tanigan bo‘lsam,
u qalb bilan tanigan ekan», deb aytar.
Bir pas so‘zlamay, ko‘ngilga quloq solib o‘tirish,
so‘zsiz suhbat qurish naqadar yaxshi!
Odamlar eng nozik sirlarini so‘zlashmas,
ko‘ngildan o‘tkazishar.
Hamma fikrni ko‘ngildan o‘tkazish mumkin,
lekin hamma ko‘ngildan o‘tganini so‘zlab bo‘lmas.
U holda xotin eridan yuz o‘girar,
do‘st birodari bilan yuzko‘rmas bo‘lib ketar.
Ko‘z so‘zga aylangani qanday yaxshi!
So‘zni eshitish so‘zni beqadr qilib qo‘yar.
So‘zni, yaxshisi, anglagan ma’qul.
So‘zni o‘qish – ma’noga,
So‘zni anglash mohiyatga yetaklar.
So‘z ko‘zga aylangani qanday yaxshi!
Ro‘miy hazratlari aytgan edilar-ku:
ko‘zga aylansin ko‘ngil.
* * *
Bamisli javharu zar tog‘ ichinda,
Mohiyat narsaning andoq ichinda.
Tafakkur dur kabi noyobligidan
Mudom tutmish makon chanoq ichinda.
Yasab toshtaxtadan mo‘‘jaz imorat,
Mag‘iz qadri baland yong‘oq ichinda.
Ochar yaproq ichinda lola ruxsor,
Muhabbat lazzati ardoq ichinda.
Sening asli tiling, ay yor, shirindir,
Sadafdan qo‘rg‘oni dudoq ichinda.
Qaboq ustida qolmish qosh, sababkim
Qarog‘ – ko‘z gavhari qaboq ichinda.
Azal hukmin, ayo, har lahza yod et,
Azizdir jon qazo – sirtmoq ichinda.
Unish bordir, yashash bor, yashnarish bor,
So‘lish bordir go‘zal shu bog‘ ichinda.
Murod shu, qoldirib bir maysa yashnoq,
Mohiyat kasb etmoq tuproq ichinda.
* * *
Xullas, Bola Botirdek hofiz boshqa dunyoga
kelmagan.
Unga bir gal qiyomat ko‘pkari bo‘lib yotganda
chortoqda qo‘shiq aytdirishar.
Chavandozlar qo‘shiq seliga mast bo‘lib
Otlarini sovutishar.
Shu asno
Ko‘ndalangiga ot o‘ynatib o‘tar
tulki tumoq kiygan chavandoz.
Chavandoz qorashirg‘ay, ko‘zlari ko‘k bo‘lib ko‘k
emas,
Moviy bo‘lib moviy emas, yashil bo‘lar.
Boqqanda Bola Botir ko‘zlarini go‘yo tig‘dek kesib
o‘tar.
Quloqlari chippa bitar.
Xuddi tush ko‘rayotgandek, ko‘zlari qorong‘ulashib
o‘zidan ketar.
Bola Botir uyga kelgach qattiq isitmalab yotib qolar.
Kechalari tubsiz quduqqa sho‘ng‘ib ketar.
U juda chuqur bo‘lar.
Dodlab ko‘z ochar.
Oxir uni “Chilyosin»ga solishar.
Bola Botir darmonsiz bo‘lib yotar.
Kutilmaganda mehmonlar kelib qolishar.
Otasining oshnolari.
Ulardan biri «Hofiz o‘g‘lingiz qani?”, deb so‘rar.
U qorachadan kelgan, nigohi allaqanday yashil,
tig‘dek o‘tkir bo‘lar.
Otasining irodasi bilan xonaga
Bola Botir kirib kelar.
Ostona hatlab «Assalomualaykum!»
demoqchi bo‘lar.
Lekin qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, salom ohangida
«Bismillahir Rohmanir Rohiym», der.
Ha, aynan shunday der:
«Bismillahir Rohmanir Rohiym»…
Va tiz cho‘kib o‘tirar. Kutilmaganda
Nigohi o‘tkir mehmonning ko‘zlaridan nur qochar.
Shashti pasayib, yuzi so‘lg‘inlashar.
Ammo buni ko‘pchilik payqamas.
Bir muddat o‘tgach, mehmonlar omin qilib
o‘rinlaridan turishar.
Shundan so‘ng Bola Botir qattiq va uzoq uxlar.
Tushida yana o‘sha quduqni ko‘ra.
Ammo u endi to‘ntarilib qola.
Yuksalgan quduq tubidan xira-mayin sarg‘ish nur
to‘kilib turar.
Ana shu voqeadan keyin
Bola Botir ko‘nglida shoirlik uyg‘onar.
* * *
To‘nkarilgan quduq,
To‘ntarilgan osmon.
Najot – yorug‘lik,
Zindonband – inson!
Shoirlik uni oshiqlik sari yetaklar:
Bola Botir yosh bola,
Olam sirli ko‘ziga,-
«Uylanaman,– der edi,-
Oymomaning qiziga”.
Bahor kelib bog‘larda
Gullar ochilsa chaman,
Aytardi: “Shu bahorning
Qiziga uylanaman”.
Qora qishda izg‘irin
Jon-jondan o‘tgan kezi,
“Menga munosib,– derdi,-
Yozning jazira qizi”.
Yozda esa tonardi:
“Uylansam-ku bisyor qiz.
Aytar yigitning mardi,
Qaylig‘im bo‘lar qorqiz”.
Kuzda hamma edi lol:
“Shu Botirning o‘zimi?
Tilidan tushmas alhol
Kuz qizining uzumi!”.
* * *
Ana o‘sha paytlarda Bola Botir
Garasha etagidagi Choshtepa dashtlarida
Pariga duch kelar.
Men buni ilgari aytib edim.
Og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan gaplarga
qaraganda,
Bola Botir o‘sha parini chindan yaxshi ko‘rib qolar.
Jinni bo‘lib sevib qolar.
Pari Bola Botirni telba insonday
yaxshi ko‘rib qolar.
Oppoq-oydin kecha bo‘lar.
Bunday paytlar toqqa tutash qir-adirlarda
gurkirab o‘sgan mitti chitirgullar,
nafarmon no‘xataklar,
Binafsha va chuchmomalar,
yovshan, shuvoq, bo‘ztikan, yantoq,
kiyik o‘ti va yovvoyi bedalar
Oy yorug‘ida yanayam jozibali bo‘lib ketar.
Kelinchakning uyiday tuzangan bo‘lar.
O‘tlar orasidan qushlar sayrog‘i jaranglar.
Mayin shabada bu yoqimli navolarni
yalpiz, kakra, shuvoq va yana
allaqanday giyohlarning
xush, taxir bo‘yiga o‘rab, dimoqlarni mast qilar.
Mana, o‘sha yozganlarim:
***
Bahor o‘rtalarida Garashaning toqqa tutash,
katta-kichik xarsanglar cho‘nqaygan
qum-toshli tomonlarida ham,
bo‘z tuproqli qir-adirlarda ham
ming xil giyoh yal-yal ochilib, yashnab ketar.
Xushbo‘y havoni simirib to‘ymaysan.
Har qadamda turli jonivorga duch kelasan.
Toshbaqalar g‘imirlab qolar.
Yumronqoziqlar yurar chopqillab.
Parrandayu darrandalar, hashoratlar tinim bilmas.
Yosh bir bola eshak minib, qir oralab,
yolg‘izoyoq yo‘ldan ilgarilab borar.
Kutilmaganda undan besh-o‘n qadam narida
maysalar shitirlab, chiroyli tulki bosh ko‘tarar.
Bola cho‘chib tushar. Qiyqirib yuborar.
Tulki esa katta odamlarga yuzma-yuz kelganday
urra qochib qolmas.
Boladan sal uzoqlashib,
chiroyli, uzun dumlarini o‘ynatib,
goh oldinga, goh orqaga qarab o‘mbaloq oshar.
Bola yaqinroq kelsa, yana uzoqroqqa yugurib ketib,
boyagi qiliqlarini takrorlar.
Bolaning qiziqishi oshib, eshagini tezlatar.
Buni sezgan tulki o‘tlar orasida dumalab,
Ko‘zdan g‘oyib bo‘lar bir zumda.
U bolalarni ermak qilishni xush ko‘rar,
Xilvatda duch kelsa, qitiqlab o‘ynashishni yoqtirar,
degan gaplar yuradi el ichida.
* * *
Bolaligimda eshitganman.
Bir yigit yoz yondirgan qoq tush payti
xilvat qir oralab ketib borayotib,
jar yoqasidagi qoratosh yonida
qip-yalang‘och ayolni ko‘rib qolar.
U nihoyat kelishgan bo‘lib,
tillarang sochlari yoyilib,
butun qomatini yomg‘irday yopib turar.
U sochlarini silab, ishva qilar.
Yigit qulog‘iga «Hoy yigit, beri kel!»
degan ovoz chalinganday bo‘lar.
Yigit olazarak, bor ovozicha baqirib yuborar.
Ko‘zlariga ishonmay yana qarar.
Ammo boyagi joyda hech kim ko‘rinmas.
U dag‘-dag‘ titrab uyiga kelsa,
og‘zi qiyshayib qolar…
Pariga duch kelib qo‘rqib ketgan, deyishar odamlar.
* * *
Oy to‘lishgan paytlarda qiru adirlar
kechalari ham kunduzdek charog‘on bo‘lib ketar.
Oybetgay tomonlar yarqirab,
terskay joylar g‘ira-shira qorong‘ulik ichra
ajib bir sirli, afsonaviy,
xiyla xavotirli tus olar.
Chigirtkalar chirildog‘i olamni tutar.
Allaqanday qushlar dapqir-dapqir sayrab qolar.
Qayerdadir bo‘liq o‘tlar shitirlar,
nimadir «gurs» etib yiqilib tushganday bo‘lar.
Quyilib yomg‘ir yoqqandek oy nuri oqar.
Yerda oppoq bulutdek yoyilib yotgan shuvoqzordan
taralgan
taxir va yoqimli is dimoqlarni qitiqlar.
Chindanam sirli-sinoatli kecha.
* * *
Otliq yo‘lovchi o‘t bosgan tuproq yo‘ldan
dupur-dupur jadal intilar.
Oybetkay qirdagi quvrayzorga ko‘zi tushgach,
seskanib ketar.
Yopiray, bu ne mo‘‘jiza?!
Quvrayzor ichida qaddi-qomati kelishgan
suluv bir juvon turar sollanib.
Oy nuriday yog‘ilgan,
to‘pig‘iga tushgan sochlarini silab-siypalar.
Bu qanday juvon?
Yarim kechada bu yerlarda yarim-yalang‘och ne
qilib yurar?
Yo‘lovchi o‘z ko‘zlariga ishonmas.
Ko‘zlari adashar.
Tikilib qarar.
Juvonning qiyofasi o‘zgarar.
Yaqinroq kelgan yo‘lovchining hayrati yanayam
oshar:
sarg‘ish-qo‘ng‘ir dumlarini chiroyli o‘ynatib turgan
tulkini ko‘rar.
Shunday kechada o‘sha yo‘llardan
men ham ot minib o‘tganman.
Yuqoridagi voqeani eshitganim bois
qirdan nigohimni uzmay,
ne bir xavotir ichra otni qichab o‘tganman.
* * *
Qish oxirlab qolgan kunlar.
Qor erib yerlar yumshagan.
Kechqurunlari yer yaxlab,
qatqaloq bo‘lib qolgan paytlar.
U zamonlarda qishlog‘imizda tokchiroq bo‘lmagan.
Shu bois butun oila bir uyda,
bitta chiroq ostida,
sandal atrofida gurunglashib o‘tirar.
Biz bola-baqralar tunning bir mahali
og‘ilxonadagi mol-holdan xabar olib,
em-xashak berib kelar.
O‘shanda men og‘ilxonada edim.
Tashqariga chiqqanimda
avvaliga mayin yog‘a boshlagan yomg‘ir zo‘rayib,
shitir-shitir sado kuchaygan bo‘lar.
Uy tomon yurib, chiroq nuridan yorishib turgan
pastak deraza yorug‘ida
kimdir derazaga quloq tutib turganini
ko‘rib qolaman.
Avvaliga ajablanaman.
“O‘g‘rimi?», degan xayolga boraman.
Sezdirmay yaqinlashib, hayratga tushaman.
Chiroyli bir tulki derazaga quloq tutib,
ichkaridan eshitilayotgan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir
ovozlarni
xuddi gap poylagan odamdek tinglar.
Yaqin borishga haddim sig‘maydi-yu
«Hayt!!!» deya qarsak chalaman.
Tulki shu zahoti shartta qayrilar-u,
o‘qday otilib, odambo‘yi devordan osongina sakrab
ko‘zdan g‘oyib bo‘lar.
Voqeani uydagilarga gapirib beraman.
«Qurg‘ur tulkilar xuddi tilni biladiganday
gap poylar.
Buning siri nimada, bilmaymiz,
lekin shunday g‘alati odatlari bor»,
deyishar ular.
* * *
Bu voqealarning bari olis bolalikda bo‘lib o‘tgan.
Dala-dashtga o‘zgacha chiroy baxsh etuvchi
oydin kechalarni yaxshi ko‘rganim uchun
ularni ahyon-ahyon eslab yuraman.
Shu voqealar sabab bo‘libmi,
Bola Botir qismati haqida yozgim kelar.
Tulkiga aylangan pari.
Pariga oshiq bola.
Oshiqlik tufayli tulkiga aylangan bola.
Qurbaqaga aylangan malikaday.
Yigitga aylangan sherday.
Bu bo‘lishi mumkinmi?
Bu bizning to shu paytgacha anglagan e’tiqodimizga
qanchalik to‘g‘ri kelar?
Odam qiyofasidagi mana bu zot
balki rostdan ham tulkidir.
Tulki qiyofasidagi mana bu jonivor
mo‘‘jiza ro‘y berib
rostdanam malikaga aylanib qolsa-ya?
Yoki bu hol haqiqatan chin oshiqlar qismatiga xos
siru sinoatmi?
Biz o‘zi asli chin oshiq deganda nimani tushunamiz?
O‘zimizdan kecha bilamizmi?
Ishq uchun qurbon bo‘la olamizmi?
O‘zini unutmay O‘zini tanigan bormi?
Bu chindan-da sirli:
Ehtimol ishq o‘zi hech qachon yechilmaydigan
buyuk bir sirdir.
Balki shuning uchun ham hamma birdek
unga intilar.
Lekin yetolmas. Yetganlar bormikan?
Majnun yetganmidi?
Farhod-chi?
* * *
Olam-olam bo‘lib tirik
Necha asr, necha yil
Ko‘rmagandi bunday tiniq,
Nur yog‘ilgan kechani.
Mayin yellar qanotida
To‘lqin-to‘lqin oqar nur.
Chigirtkalar chirildog‘i
Jaranglaydi misli dur.
Mast qilguvchi shuvoq isi
Dimoqlarni yoradi.
Bola Botir dala yo‘lda
Ot o‘ynatib boradi.
Nogoh ko‘zi tushar, shundoq
Yo‘l bo‘yida bir pari
Imo qilar, taqimini
O‘pib tillo sochlari.
Kaptar siyna, chumoli bel,
Ko‘za quymich, oqbadan.
Ko‘rsatsa shu Layli deya
Majnun kechar sahrodan.
Cho‘mich-cho‘mich moy simirgan
Boybichaning boy qizi.
Bu dunyodan emas, chindan
Asli oyning oy qizi.
Pishqirar ot yurari-yu
Yurmasini bilmayin.
Hayratidan xonish qilar
Oyga qarab jilmayib.
Otdan tushar Bola Botir
Oy nuriga osilib.
Oyparining siynasiga
Asta qo‘yar boshini.
Ehtirosdan ixtiyori
Ketar tamom ilkidan.
Tangachalik ehson tilar
Nozaninning mulkidan.
“– Bo‘ldi, endi o‘zingni tiy,
Qo‘lingni tort, sho‘x yigit.
Men tulkiman, bu ishni qo‘y,
Unut meni, bas, unut”.
Oyparining nolishlari
Qulog‘iga kirmaydi.
Qah-qah urar Bola Botir,
Ahdidan yuz burmaydi:
“-Hiyla qilib avrama, bas,
Menday yigit mardini.
Ishq timsoli bo‘lib, o‘zing
Bilmasmisan shartini.
Mayli, agar tulki bo‘lsang,
Men ham tulki bo‘layin.
Gul yuzingdan faqat yana
Bitta muchchi olayin”.
“– Bola Botir, o‘zingdan ko‘r,
Yosh joningga qasd qilding.
Men tulkiman, axir, meni
Nega muncha mast qilding?”.
Bitta bo‘lar yeru osmon
Jonu tan bir, ruhu qalb.
Oy bulog‘i toshar nogoh
Sharsharadek sharqirab.
Sapchib tushar egasiz ot
Bilmay bu hol sirini.
Tegrasida ikki tulki
Quvlashar bir-birini.
…Olam olam bo‘lib tirik
Necha asr, necha yil
Ko‘rmagandi bunday tiniq
Nur yog‘ilgan kechani!
* * *
Ay, Bola Botir,
Nur quyilgan kechada
Nurga aylangan Botir.
Pari bilan sevishib
Sirga aylangan Botir.
Shoirdan so‘z qoladi, deyishar,
Olimdan so‘z qolmaydimi,
Muarrixdan-chi?
So‘zdan so‘z tug‘ilar chaqaloq kabi,
So‘z yashar, so‘z qarir, so‘z olamdan o‘tar,
So‘z – bu Afandining choponi, ya’ni
So‘z – libos, mohiyat unda yashirin.
Muhimi – so‘z emas, mohiyat!
Shoirdan so‘z emas
rivoyat qolishi kerak.
Bola Botirdan rivoyat qoldi.
Mohiyat shu!
* * *
Bu bog‘ abadiydir, har yashil yaproq
Ilohiy chashmadan safolar ichar.
Iztirob uyida dard yoqqan chiroq
Shifo epkinida parpirab o‘char.
Taqdir shamollari bu toza bog‘ni
Za’far xazonlardan aylagay forig‘.
Sorig‘ yashil bo‘lur hidoyat chog‘i,
Neki zumuraddir oqibat sorig‘.
Faqat tafakkurning o‘chmas izlari,
Teran tuyg‘ulardan ko‘ngil muzayyan.
Bizni aziz qilar izhor so‘zlari
Va aytilmay qolgan kalimalar ham!