Электронная библиотека » Xudoyberdi To‘xtaboyev » » онлайн чтение - страница 8

Текст книги "Qasoskorning oltin boshi"


  • Текст добавлен: 16 мая 2023, 13:43


Автор книги: Xudoyberdi To‘xtaboyev


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 8 (всего у книги 27 страниц) [доступный отрывок для чтения: 8 страниц]

Шрифт:
- 100% +
XV bob
UCH QASOSKOR SUHBATI

Namoz otryadining hozircha tayinli turarjoyi yo‘q. Olti azamat qasos olish uchun yeng shimarib chiqqan o‘sha qop-qorong‘i kechadan buyon goh daryo bo‘yidagi qamishzorlar orasida, goh to‘qayzorda tunashadi. Bugun qo‘ngan joylariga ertaga qaytishmaydi. Har tomonda izg‘ib yurgan bo‘lis hokimining iskovichlari hid olib qolishlari mumkin. Yuzma-yuz kelib urishishga hali bu otryadning qudrati kelmaydi. To‘g‘ri, qurollanib olishgan, har birida, miltiq, yuztadan o‘q, ostida gijinglagan tulpor. Lekin bu sho‘ring qurg‘ur qasoskorlarning ko‘pi hali tuzukroq ot minishni ham bilmaydi. Miltiqni-ku, qo‘yaverasiz-a – yigirma odim naridagi otni ham to‘g‘ri mo‘ljalga ololmaydiganlari bor. Xayriyatki, to‘daga Nazarmatvey, Suren Dadayanlar qo‘shilib qoldi. O‘ttiz chog‘li yigitga miltiq otishni shular mashq qildirishayapti. Lekin, bari bir hali Mirza Hamidning navkarlari bilan uchrashib bo‘lmaydi. Nima bo‘lganda ham ular mashq ko‘rgan, bir necha yillardan buyon yelkalariga miltiq osib yurishibdi. Xo‘p, mana, bir-ikki yaxshi merganlari bilan Mirza Hamidning navkarlarini daf ham qilishar, mayli, bir otishib ham ko‘rishsin, bu qaytaga ularni chiniqtiradi, tajribasini oshiradi… Ammo, Dahbed pristavi Stepan Oleynikov, Chelak pristavi Aleksandr Ulanov, Jo‘yi devona pristavi Mixail Sarkovlarning kazak askari ham qasoskorlarga qarshi tashlangan, axir! Mana shularga duch kelib qolsa nima bo‘ladi! Axir, bugunmi, ertami bir uchrashuv bo‘lishi ham turgan gap-ku! «Yo‘q, – deb o‘ylardi Namoz, – biz hozircha o‘zimizni katta janglardan ehtiyot saqlab turishimiz kerak».

Namoz Oqdaryoning quyi oqimi bo‘ylab Dahbedga yaqin borib Talliqo‘rg‘on degan kichik bir qishloqchaga qo‘ndi. Qishloq ellikboshisi Usta Mo‘min Namoz bosh ko‘tarib chiqqandan buyon unga xayrixoh bo‘lib keladi, yigitlariga ikki ot mindirdi, kechami, kunduzimi kelib qolishsa joy berayapti, qo‘y so‘yib ziyofat qilayapti.

Namoz charchab, sovqotib kelgan yigitlarni katta mehmonxonaga kiritib yubordi-yu, o‘zining maslahatchilari Sherniyoz, Esergep, Nazar pechkachi, Suren Dadayanlarni olib, boshqa bir xonaga o‘tdi. Bir kosadan qaynoq-qaynoq sho‘rva ichib olishgach, Namoz endigi rejalari haqida gap ochdi, to‘da boshliqlariga so‘z berishdan oldin o‘zining tashvishlarini ham ochiq aytib o‘tdi.

– Xo‘sh, Esergep, sen nima deysan? – katta suyakni sopqisi bilan qirtishlab, o‘ychan o‘tirgan yigitdan so‘radi Namoz.

– O‘zing oytqaningdek, bir bashga bir o‘lim! – qo‘lidagi suyakni dasturxonga qo‘yib dedi qozoq yigiti. – Sen qayoqqa bashlasang shu yoqqa ot qo‘yaverabiz!

– Bir boshga bir o‘lim, deyishning vaqti o‘tdi, endi, – ta’kidlab dedi Namoz. – Endi sen bilan mening boshim mazlumlarga kerak bo‘lib qoldi. Uni ehtiyot qilishimiz kerak! Xo‘sh, Sherniyoz senda qanday fikr bor?

Sherniyoz quvnoq tabiatli, xushchaqchaq yigit. Kechagi kuniga achinmaydi. Ertaning tashvishini ham qilib o‘tirmaydi.

– Men rus kazaklari turgan kazarmani bosish tarafdoriman, – qo‘lini qilich qilib so‘zlay boshladi hech narsadan tap tortmaydigan Sherniyoz. – Tunda hammasi uyquga ketganda tappa bosamiz-u, zambarakni qo‘lga kiritamiz. Ana undan keyin Mirza Hamid navkarlarining oldimizga tushib qochishini ko‘rasiz.

– Navkarlarni oldimizga solib quvadigan kunlar ham kelar,—yuzlari nurlanib, ko‘zlari charaqlab dedi Namoz. – Lekin, ukam, hozircha bu rejaga qo‘shilolmayman. Miltiqni tuzukroq otolmaymiz-u, zambarakni boshimizga uramizmi… Xo‘sh, pechkachi, nega jim o‘tiribsan, gapirsang-chi!

– Men o‘ylayapman, – deb qo‘ydi Nazar pechkachi.

– Nima o‘ylaganingni ayt, biz ham bilaylik.

– Samarqand vohasida uch ming mujik xonadoni bor. Bu – uch ming alamzada degan gap. Mujiklarning ham imperator oliy hazratlarini ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi yo‘q. Mening fikrimcha, avval ana shularni ko‘tarish kerak.

– Bul, dim avur, – gapga qo‘shildi ko‘pni ko‘rgan Esergep, – olar bizg‘a yergeshmeyt. Samarqantta, Tashkantta olarding jetekshilari bar, o‘sularding so‘zdorig‘a yura mujiklar.

– Men ham mujiklarni o‘z tomonimizga tortish tarafdoriman, – o‘z fikrini bayon qila boshladi Suren Dadayan, – aslida biz shuning uchun bu otryadga qo‘shilgan edik… Birgina biz yashab turgan Mixaylovskiy qishlog‘ida o‘nta qurolli mujik bosh ko‘tarishi mumkin. Faqat maqsadimizni ularga yaxshilab tushuntirmog‘imiz darkor. Qasos olaman, deb qo‘lini musht qilib yurgan yigitlar qishloqlarda ko‘p… Tokaygacha biz Oqdaryo bo‘yida Mirza Hamidning navkarlari bilan yashin topaloq o‘ynab yuramiz… Qochib yuraverish ham jonga tegib ketarkan.

Munozarani Namozning o‘zi davom ettirdi.

– Men otryadimizni uchga bo‘lish tarafdoriman. Uch o‘lkada ish ko‘rganimiz ma’qul, deb o‘ylayman. Sen, Esergep o‘z to‘dang bilan Urgut tomonlarga ketasan. Suren Dadayan Nurota taraflarga boradi. Sen, tadbirkor do‘stim Nazarmatvey, Kattaqo‘rg‘ongacha bo‘lgan mujik qishloqlarini oralab o‘tasan. O‘zim Xatirchi, Ziyovuddin, Qarshi begliklari tomonga yuraman. Zolimlar zulmidan faryod chekayotganlar bizni kutishayapti. Eshitayapsizlarmi, do‘stlarim, xalq vujudidagi patosni siqib chiqarolmagan bemordek ingrayapti. Ularga yordam qilishimiz kerak… O‘zgalarni baxtli ko‘rmaguncha, o‘zimizni baxtli hisoblashga haqqimiz yo‘q! O‘zgalarni erkli, ozod ko‘rmaguncha, o‘zimiz ham ozod emasmiz!.. Boylar, beklar-u amaldorlar sandiqlarida zang bosib yotgan kumush-u tillolarni tortib olib, o‘z egalariga qaytarib bermaguncha qilichlar qayta qiniga solinmagay… Ana o‘shandan keyingina xalq bizga ishonadi, ortimizdan ergashadi.

– Hozircha, hozir fuqaro bizning ortimizdan yurmaydimi?—shunchaki so‘rab qo‘ydi Sherniyoz.

Namoz bosh chayqadi:

– Hozir ular g‘azovotga desa ro‘dapo eshon orqasidan panshaxa ko‘tarib ergashadi-yu, ammo yelkasiga minib olgan boyning ta’zirini xudoning o‘zi berar deb, boshini egib jim turaveradi. Zolimlarning jazosini mazlumlarning o‘zi berishi kerak. Buni biz amalda isbotlamog‘imiz darkor.

– To‘g‘ri, hozircha ular o‘z kuchiga ishonmaydi, – Namozning fikriga qo‘shilgan bo‘ldi Suren Dadayan. – Qudrati nimalarga qodirligini ko‘pchilik hali anglab yetganicha yo‘q.

– Biz anglatishimiz kerak, – qo‘lini musht qilib o‘rnidan turib ketdi Namoz, – qiyin, bu sho‘ring qurg‘urlarga juda ham qiyin.

* * *

Namoz asabiy bir kayfiyatda katta mehmonxonadagi jo‘ralar yoniga o‘tdi. O‘rtaga yoqilgan o‘tin ho‘l ekan, tutab ketibdi, hech narsani ko‘rib bo‘lmaydi. Yigitlar xuddi parda orqasida o‘tirgandek arang ko‘zga tashlanadi.

– Bay, bay, juda sasitib yuboribsizlar-ku, dedi Namoz ko‘zi achishib.

– Tutun ko‘zni ravshan qiladi, Namoz aka! – yoshgina yigitning ovozi eshitildi to‘rroqdan.

Ostonada Namozning ovozi eshitilishi bilan sho‘rvadan so‘ng duch kelgan yerga chordana qurib, yonboshlab yotgan yigirma chog‘li yigit gurr etib o‘rnidan turdi. O‘tirishga ruxsat bo‘lgach, qanday tezlik bilan turishgan bo‘lsa, shunday chaqqonlik bilan qaytib o‘rinlariga o‘tirdilar.

Namoz darrov gap boshlay olmadi. O‘rtada tutab, chirsillab yonayotgan o‘tning taftidan kafti bilan yuzini to‘sib, anchagacha jim qoldi:

– Xo‘sh, yigitlar, jangni davom ettiramizmi?

– Davom ettiramiz! – bir ovozdan dedi yigirma yigit.

– Qurshovga tushib qolishimiz xovfi bor.

– Qo‘rqadigan joyimiz yo‘q, bir boshga bir o‘lim!

– Ertaga olis safarga jo‘naymiz, – o‘ychan, g‘amgin bir ohangda davom etdi Namoz, – xohlovchilar bo‘lsa, uyiga borib kelishga ruxsat beraman. Bola-chaqasi, ota-onasi bilan ko‘rishib kelishsin. Eshbo‘ri, har biriga yuz tangadan aqcha ber… Do‘stlarim, bu sizlarning maoshingiz. Ortiqcha berolmayman.

– Ortig‘i kerak ham emas!

– Ot berdingiz, miltiq berdingiz, shu ham yetarli bizga.

– Tong yulduzi chiqqanda sizlarni shu yerda kutib olaman.

Besh-o‘n daqiqadan so‘ng katta mehmonxonada Nazarmatvey, Suren Dadayan, Namoz uchovlari yolg‘iz qolishdi, qolganlar uy-uylariga tarqab ketishdi.

– Qanday yaxshi-ya! – deb qo‘ydi Suren, – ularga havasim kelyapti. Birining ota-onasi, boshqasining xotini, bola-chaqasi bor. Kimdir seni kutsa, kimnidir sen ham sog‘insang, qanday baxt bu!

– Nega haligacha uylanib olmading? – so‘radi Namoz.

– E, do‘stim, o‘zimning qornimni arang to‘yg‘izayapman-ku, xotinni qanday boqaman. O‘zingchi, o‘zing nega uylanmading?

– Yaqinda to‘yimiz bo‘lmoqchi edi…

– O‘, qalliq ham topib qo‘yganman degin, – suhbatga aralashdi Nazarmatvey.

– Topib qo‘yganman.

– Go‘zalmi?

– Go‘zal ham gapmi?.. Tunda boshim ostiga qo‘yib uxlaydigan yog‘och tovog‘imni o‘sha berib yuborgan.

– Shu tovoqda biror hikmat bormi o‘zi, nega uni hamisha xurjuningga solib yurasan? Tunlari boshing ostiga qo‘yib yotasan. Nima balo, pardek yumshoqmi, u?

– Undan qallig‘imning hidi kelib turadi, – chuqur xo‘rsinib qo‘ydi Namoz.

* * *

O‘rtadagi olov chirsillab yonar, qumg‘on biqirlab qaynar, do‘stlrning suhbati esa avjga chiqib borardi. Taqdir bu uch yetimni Ivanboynikida uchrashtirganiga o‘n yillarcha bo‘lib qoldi. Uchovlari bir to‘shakda yotib, bir tovoqda ovqat yeb, birga kulib, birga yig‘lab katta bo‘lishgan.

– Bu hozirgi xo‘jayinlaring haliyam xasismi, qattiqqo‘lligi qolgani yo‘qmi? – gap orasida so‘radi Namoz.

– Shapovalovni aytayapsanmi? – yonboshlab yotgan Nazarmatvey turib, chordana qurdi, – odam emas, shaytonning buvasi u. E, do‘stim, Ivanboy har qalay boshqacharoq edi. Mujikning bolasiga maktab ochib beruvdi, cho‘qinib yurlaring deb, cherkov qurdirgandi. Qarol-u xizmatkorlariga kuniga bir tangadan bo‘lsa ham pul berardi… Bu bo‘lsa, voy-bo‘y, onasini ham pullab yuborishdan qaytmaydi u. Kishilarning peshona teridan, ko‘z yoshlaridan pul yasaydigan mashinaning o‘zi bu… Bekorga sening oldingga qochib keldikmi! Lekin, uning ham bir ta’zirini berib qo‘yishimiz kerak edi.

– Ivanboy ko‘chib ketgan yili bir marta ko‘ruvdim, – dedi Namoz uzoq yillar xotirasiga berilib. – Oyiga o‘n tangadan beraman devdi, etagimni qoqib chiqib kelaverganman.

– Yaxshi qilgan ekansan,—kuyib-pishib davom etdi Nazarmatvey, – hozir o‘sha o‘n tangani ham ololmasding… Samarqanddagi chit fabrikasini ham qo‘lga kiritdi bu ochopat… Hozir bozor talashib, Hamdamboying bilan tirashib turibdi. Ikki buqa oxurdagi xashakni talashib, qanday tirashsa, ana shunday shoxlanib turishibdi. Bilmadim, qaysi birining shoxi o‘tkirroq ekan.

– Hamdamboy ham bo‘sh keladiganlardan emas.

– Lekin, Shapovalov quv, shayton. Ko‘rasan, biror yilga borar-bormay, Boybuvani jamiki bozorlardan quvib chiqaradi. Bu yil o‘sha Boybuvang bir gramm ham paxta ololmadi. Yanagi yilga ko‘rasan, bug‘doydan ham mahrum bo‘ladi.

– Biri o‘lib, biri qolmaydimi, sizlarga nima! – gapga aralashdi qora qumg‘ondan sopol piyolaga choy quyib, puflab-puflab ichib o‘tirgan Suren Dadayan, – undan ko‘ra sal ko‘ngilga yoqadigan gaplardan gaplashsanglar-chi. Namoz, qani aytchi, bizni qachon uylantirib qo‘yasan? Boshimizga salla o‘rab, egnimizga chopon kiygazib, o‘zbekka o‘xshatib qo‘yding, endi bilib qo‘y, o‘zbekning qora qosh, qora ko‘z qizidan olib bermasang, qo‘ymaymiz.

– Sen, Suren gapni chalg‘itmay tur, – do‘stini urishib berdi Nazarmatvey. – Nima deyayotgan edim?..

– Ha, aravakashlar jonchiqarga poyga o‘ynashganda otga jabr bo‘ladi, demoqchi edim. Mujikka qiyin bo‘lib ketdi, do‘stim. Menga qara, Namoz, nega sen bu maxluqlarni qirib tashlashga ruxsat bermayapsan?

– Biz, bilib qo‘y, qotil emasmiz.

– Lekin, sen bilan men hozir ularning qo‘liga tushib qolsak og‘zimizga qo‘rg‘oshin eritib quygan bo‘lardi, shunday emasmi?

– Ehtimol. Lekin, men qotillikka yo‘l qo‘ymayman, – Namoz qasos olishning dehqonchasiga juda sodda usulini bayon qila boshladi, – bolaligimda bir ertak eshitganman. Xalq orasidan chiqqan bir pahlavon odamxo‘r dev bilan urishadi-yu, ammo uni hech o‘ldirolmaydi. Chunki, uning joni oltin sandiqda bo‘ladi. Sandiqni topib sindirgandan keyingina dev jon taslim qiladi. Biz ham xuddi shunday qilamiz, do‘stim. Bitta boyni o‘ldirganing bilan mingtasi bosh ko‘tarib chiqaveradi. Undan ko‘ra ularning joni saqlanayotgan temir sandiqlarini buzib, tillalarini tortib olamiz. Boylarning joni ana shu kumush-u oltinlarida. Shundan mahrum bo‘ldimi, tamom, joni chiqadi-qoladi… Ha, do‘stim, biz ularni pichoqsiz so‘yamiz…

– Lekin Namoz, negadir shu fikringga hech qo‘shilgim kelmay turibdi, – yana e’tiroz bildirdi Nazarmatvey.

– Kelinglar, endi jindakkina mizg‘ib olaylik, – munozaraga yakun yasamoqchi bo‘ldi Suren Dadayan. – Vaqt ham allamahal bo‘lib qoldi. Namoz, ayt-chi, qallig‘ingning singlisi bormi-yo‘qmi?

– Bor, nima edi?

– Menga unashtirib qo‘ymaysanmi?

– Unashtirib qo‘ysam-chi?

– Unashtirib qo‘yganingda bosh yuvadigan tog‘arasini berib yuborsa, senga o‘xshab yostiq o‘rnida foydalanib yurardim-da! Ha-ha-ha!

Namoz uyqusi qochib, tashqariga chiqib ketdi. Yuragi g‘ash, lekin bu g‘ashlik nimadan bo‘layotganligini bilolmasdi.

XVI bob
«RAHMAT SENGA, SADOQATLI KENJAVOY!»

Kenja Qora chindan ham habashdek qop-qora bir yigit. Buning ustiga labi ham do‘rdoq, qulog‘i katta, peshonasi do‘ng, xoh ko‘ring, xoh ko‘rmang, kechasi bolalarning tushiga kirib chiqadigan alvastining o‘zginasi.

Ammo, tabiat uni bir tomondan qisib, boshqa bir tomondan katta in’om hadya qilgan. Kishilarning hurmatini qozonishda, boshqalarda o‘ziga nisbatan rahm-shafqat uyg‘otishda unga teng keladigani yo‘q. Ikki qo‘li hamisha ko‘ksida. Muomalalari g‘oyat yoqimli, o‘taketgan kamtar, xokisor bo‘lib ko‘rinadi u kishilar ko‘ziga.

Dahbed mirshabxonasining noziri Mixail to‘ra janoblari uni birinchi marotaba Otaxon boyning hovlisida ko‘rgan. Kenja Qora yugurib borib, to‘rani avaylab otdan tushirdi, betiga loy sachragan ekan, engashib to‘nining o‘ngiri bilan artib, yaraqlatib qo‘ydi. Choy olib kirganda qo‘li ko‘ksida, salom berib kiradi, chiqayotganda yana qo‘li ko‘ksida, orqasi bilan tisarilib chiqadi. Xush ko‘rdik, yeb o‘tirsinlar, minnatlari bosh ustiga, degan iboralar og‘zidan tushmaydi. Mixail to‘ra ziyofatni yeb chuqquncha otini to‘yg‘azib, qashlag‘ich bilan ustini qashlab, dumigacha chiroyli qilib tarab qo‘yibdi.

– Ismi nima? – otiga minayotib so‘radi Mixail to‘ra.

– Kenjavoy, – boshi yerga yetguncha ta’zim qildi yigit.

– Mening mahkamamga borgin, gap bor!

– Xo‘b bo‘ladi, janoblari! Xush ko‘rdik, kelib tursinlar…

Mixail to‘ra tabiat qusur bilan yaratgan odamlarda boshqalarga nisbatan yashirin alamzadalik bo‘ladi, bu alamzadalikni, ular ko‘pincha laganbardorlik pardasiga berkitib yuradilar. Sharoit tug‘ildi deguncha o‘ch olishga tushadilar. Laganbardorlik – tamagirlik yoki alamzadalikning namoyon bo‘lishi, bunday kishilarning qalbi hamisha xiyonatga moyil bo‘ladi, deya mulohaza yuritadi. Kenjaning ana shunday kishilardan ekanligini birinchi ko‘rgandayoq yuragi sezgan edi. Yanglishmagan ekan, Kenja Qora bora-bora mirshabxonaning eng ishonchli chaqimchisiga aylandi.

* * *

… Uyiga borib kelishga ruxsat so‘raganlar orasida Kenjavoy ham bor edi. Boshqalar qatori u ham xursand, taniga sig‘may ot qo‘yib borardi. Nihoyat, Mixail to‘ra janoblariga juda muhim axborot olib bormoqda edi u.

To‘ra janoblari garchi bemahalda bezovta qilgani uchun ranjishga tamoman haqli bo‘lsa-da, o‘sha oqshom unchalik ranjimadi. Aksincha, Kenjavoyning yelkasiga qoqib.

– Kenja yaxshi! – deb qo‘ydi.

– To‘ra janoblari ham yaxshi, – dedi Kenja Qora ham mamnun jilmayib.

Mixail to‘ra o‘zbekchani yaxshi bilmaydi: bir hovuch so‘zni yodlab olgan xolos.

Kenjavoy ham ruschaga no‘noq. Uning ham ruschadan yodlab olgan so‘zlari Mixail to‘ranikidan ko‘p emas.

Lekin ikkovlarining bilganlari qo‘shilsa, faqat ikkovlari tushunadigan g‘alati bir til paydo bo‘ladi. Ana shu tilda bemalol gaplashaveradilar.

To‘ra janoblari shu paytda xazina topib olgan xasisdek xursand edi. Namoz topildi! Uning qayerdaligini birinchi bo‘lib, ha birinchi bo‘lib, to‘ra janoblari aniqladi! Mirza Hamid buni bilib qo‘yishi kerak. O‘sha kekkaygan kapitan Oleynikov-u qilich taqib gerdayib yurgan Zamonbeklar behuda ot qo‘yib yurganlarini tan olishlari kerak. Ha, ha, ish degan mana bunday bo‘libdi!

– Kenja zo‘r, – dedi yana Mixail to‘ra kaftlarini bir-biriga ishqab. – Endi mirshab bo‘ladi. Yaxshi?

– Yaxshi, – quvonchini yashira olmadi Kenja Qora.

– Podsho mukofot beradi. Yaxshi?

– Yaxshi.

– Obro‘ zo‘r bo‘ladi. Yaxshi?

– Yaxshi .

– Hamma unga salom beradi. Pul ko‘p bo‘ladi. Ot minib yuradi. Yaxshi? Aytsin, Namoz qayda?

– Talli qishloqda.

– Kimning uyida?

– Ellikboshinikida.

– Tushunmadi. Tag‘in aytsin.

– Xo‘jayinnikida.

– Otryad ko‘p?

– Ko‘p.

– Qancha?

– Yigirma to‘rt otliq.

– Hammasiga miltiq bor?

– Bor.

– O‘q ko‘p?

– Ko‘p.

– To‘pponcha taqqan?

– To‘rt kishida bor xolos.

– Odamlarda ism bor. Biladi?

– Biladi.

– Aytsin. Tez aytsin. Qaysi qishloqdan bu yigit, aytsin. Otasida ism bor. Aytsin. Yaxshi, yaxshi. Kenja yaxshi. Otryadni ushlab turadi?

– Ushlab turadi.

– Ertalabgacha?

– Bo‘pti, ertalabgacha.

Kenja Qora otryad yigitlari haqida nimaiki bilsa hammasini bir amallab tushuntirdi. Ertalabgacha ushlab turishga so‘z ham berdi. Bu gal Mixail to‘raning ham saxiyligi tutib ketdi. Avvallari mis chaqa berguvchi edi, bu gal negadir bir hovuch kumush tanga hadya qilib yubordi.

Kenja Qora to‘ra janoblariga qayta-qayta rahmatlar aytib ikki qo‘li ko‘ksida, orqasi bilan tisarilib tashqariga chiqarkan, xuddi shu paytda uning dum-dumaloq boshida boshqacha rejalar tuzilmoqda edi.

Namozning bu kecha qo‘lga tushish-tushmasligi yakka xudoning o‘ziga ma’lum. Bas, shunday ekan, Namozning diliga xush keladigan bir ish qilib ketgani ma’qul emasmi? Xo‘sh, Kenjavoy bir gal onasini ko‘rmasa nima qilibdi, osmon uzilib yerga tushmaydi-ku, buning o‘rniga Jarqishloqqa ot qo‘yib, Namozning opasi Ulug‘oyni ko‘rib, bola-chaqalarining ham hol-ahvolini so‘rab borgani ma’qul emasmi? Namozning ko‘nglini ovlab, unga yana bir bahya yaqinlashib olishiga bu juda yaxshi vosita-ku, axir…

Kenja Qora Jarqishloqqa qarab ot qo‘yib borar ekan, ana shular haqida o‘ylardi. Bu rejani topgani uchun o‘zidan-o‘zi mamnun bo‘lib: «Ammo, lekin, bo‘lis hokimi bo‘lishga yetadigan aqlim bor-u, xudo omad bermay turibdi-da…», deb qo‘yar edi.

* * *

Namoz katta darvoza oldida turib, cho‘l bag‘ridan, daryo bo‘ylaridan quyundek otilib chiqib kelayotgan yigitlarini birma-bir kutib olayotgan edi. Uning yuzi tund, ruhidagi oqshomgi betoqatlik tarqalmagan, yigitlarim qo‘lga tushib qolmadimikan, degan tashvish yuragiga g‘uluv solib turardi.

– Kechikmadimmi? – sharros ter quyilib turgan o‘ziga o‘xshash zulukdek qop-qora ot ustidan sakrab tushib so‘radi Kenjavoy. So‘ng Namozning javobini ham kutmasdan qo‘lidagi tugunchani unga tutqazdi. – Opangiz berib yubordilar.

– Qaysi opam? – hayron bo‘ldi Namoz.

– Ulug‘oy opangiz, – xuddi gunoh bir ish qilib qo‘ygan va kechirim so‘rayotgan bir kishidek o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi Kenja Qora, – bir qoshiq qonimdan keching, borib u kishini ham ziyorat qilib keldim.

– Axir, sen…

– Unday demang, jon Namoz aka! Siz mening xaloskorimsiz, tug‘ishgan akamdan a’lo ko‘raman sizni! Sizning opangiz mening ham opam bo‘ladilar.

– Obbo, azamat-ey! – astoydil xursand bo‘lib, dedi Namoz. Xo‘sh, opamlar tinchmikin?

– Xudoga shukur, faqat sizni sog‘inibdilar. Pochchangiz, jiyanlaringiz hammalari ko‘z yoshi qilishdi.

– Opam menga biron gap aytdimi?

– Shu tugunchani berib qo‘y, xudoyo ukaginamning boshi toshdan bo‘lsin, dedilar.

– Bechora opaginam, bechora jiyanlarim, – ich-ichidan og‘ir bir xo‘rsinish keldi Namozda. – O‘sha sho‘ring qurg‘urlarga ham jabr qilib qo‘ydim, shekilli… Ha, mayli, sen ichkari kir, dam ol, otingni xashakka qo‘y… Lekin, minnatdorman sendan, ukam.

Kenja Qora Namoz qalbini butunlay rom qilib olishning yana bir nozikroq rejasini ham puxtalab kelayotgan edi. «Xudoga shukur, bu qaysar otni tizginidan ushlab oldim, endi bir sakrab minib olishim qoldi…» degan fikr shu asnoda yashin tezligida o‘tdi uning boshidan:

– Namoz aka, yana bir gap, ehtimol juda muhimdir.

– Xo‘sh? – shoshilib so‘radi Namoz.

– Mujik qishloq yonidan o‘taturib, bir to‘da otliqlarni ko‘rib qoldim.

– Otliqlar? – Namozning qoshlari chimirildi,– qanaqa otliqlar ekan?

– Mirshablar bo‘lsa kerak, deb taxmin qildim. Katta oq ot mingani Mixail to‘ra bo‘lishlari ham mumkin.

– Nega darhol aytmading? – Namoz bunaqangi paytda juda tez, juda keskin qaror qabul qilardi «Tunda ko‘pkari chopish uchun to‘planishmagandir, – fikridan o‘tdi uning, – modomiki mirshablar yig‘ilayotgan ekan, demak Mirza Hamidning yigitlari ham otlanishgan. Bu aniq. U itvachcha o‘zi bostirib kelmaydi. Qo‘rqadi! Oleynikovning kazaklarini kutishayotgan bo‘lishsa kerak… Ha, ha, shunday, xuddi shunday! Demak, uch tomondan qurshab kelishadi! Daryodan, faqat daryodan o‘tishim kerak!»

– Otlaninglar! – buyurdi Namoz.

Olti otning tuyog‘i suvga tushayotganda qishloq ichidan gumburlagan o‘q ovozlari eshitila boshladi.

«Rahmat senga, sadoqatli ukam, Kenjavoy! – ko‘nglidan o‘tkazib borardi Namoz, – o‘la-o‘lguncha unutmaydigan ish qilding-ku, ukam!»

Внимание! Это не конец книги.

Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации