Электронная библиотека » Xudoyberdi To‘xtaboyev » » онлайн чтение - страница 7

Текст книги "Qasoskorning oltin boshi"


  • Текст добавлен: 16 мая 2023, 13:43


Автор книги: Xudoyberdi To‘xtaboyev


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 7 (всего у книги 27 страниц) [доступный отрывок для чтения: 8 страниц]

Шрифт:
- 100% +
XIII bob
TASHVISHLI TUNLAR

Namoz Pirimqul o‘g‘li o‘zining besh qasoskor yigiti bilan Dahbed bo‘lisi qishloqlarini tark etib, Eshimoqsoq, Chelak, Narpay bo‘lislari taraflarida ish ko‘ra boshladi. O‘n besh kun davomida man-man degan olti boyning temir sandiqlarida chirib yotgan boyliklarini tortib olib, guzarlarga, bozorjoylarga chiqarib sochib tashlashdi. Shu kunlar davomida osmondan bamisoli tanga yog‘ilib turganday bo‘ldi. Choyxonalarda, gap-gashtak yeyiladigan mehmonxonalarda, masjidlarda – qayerdaki kishilar to‘planishi mumkin bo‘lsa, o‘sha yerlarda mish-mish-u, afsonalar shov-shuvi hech to‘xtamadi.

Zarafshon vodiysining qayeriga bormang, gap qaynar edi.

Bir guzarga borsangiz:

– Qandini ursin, Namozboy!

– Boylarning dodini beryapti-ku, azamat!

– Хayriyat, sen bilan menga o‘xshaganlarning yonini oladiganlar ham bor ekan bu dunyoda, – degan gaplarni aytishsa, boshqa bir guzarda:

– Namozboyga o‘q o‘tmas emish, e, tavba, qilich ham chopmas emish!

– Go‘ro‘g‘libek Namozboy qiyofasida paydo bo‘lgan emish!

– Namozboy duoi afsun o‘qisa ko‘zdin g‘oyib bo‘lib qolar emish! – deb har xil taxminlarni aytishadi.

Hamdamboyning xonadoni go‘yo motamda edi. Begioyim qattiq qo‘rqqan ekan, ko‘rpa-to‘shak qilib yotib oldi. Boyning o‘zi tayoq zarbidan bo‘yni shishib, bir haftagacha ko‘chaga chiqolmadi. Tug‘ilganidan buyon hamisha o‘zgalarning e’zoz-u ikromida yurgan izzattalab bu xonadonning katta-yu kichigi yalangoyoqlarning beboshligiga hech toqat qilisholmasdi. «Tavba, – derdi boy betoqat bo‘lib, – it yalog‘imni yalashga zor bo‘lib yurgan gadoylardan kaltak yeb o‘tirsam-a! Shoshmay turlaring, hali. Pashshani ezgandek ezg‘ilab tashlayman hammangni…»

Bo‘lis hokimi huzurida shoshilinch kengash o‘tkazildi. Namozning yigitlariga qarshi uchta qurolli to‘da tuzish haqida kelishib oldilar. Mirza Hamid o‘zining o‘n to‘rt navkariga bosh bo‘lib Dahbed atroflarida poyloqchilik qiladi. Hamdamboyning o‘g‘illari va urug‘laridan tashkil topgan to‘daga boyning katta o‘g‘li Zamonbek yetakchilik qilib, qishloq oralab, qasoskorlarning izini axtaradi. Uchinchi to‘da forma kiygan qizil shapkali mirshablardan tuzildi.

– Uch kun muhlat, – dedi mirshabxona boshlig‘i Mixail Gribnyuk to‘ra, – uch kun ichida qopqonga tushirib beraman u laychani!

To‘dalar o‘n besh kundan buyon hammayoqni kov-kov qilib yurishibdi.

Hokimga alam qilayotgan joyi shundaki, Namoz uni o‘z uyida kaltaklab ketdi, kaltaklaganda ham og‘rig‘i bir umrga bosilmaydigan qilib kaltakladi. Mirza Hamid uch kungacha «tobim kelishmay turibdi», deb tashqariga chiqmay, issiq sandaliga bag‘rini berib yotdi.

Kalondimog‘ odamlarda izzat-nafs baland bo‘ladi. O‘zgalarga ozor berish bunday kishilarning ruhiyatiga oziq beradi, orom bag‘ishlaydi. «Ustunligimning alomati ana shu zolimligimda namoyon bo‘layapti» deb, ezishni, ho‘rlashni, oyoq osti qilishni o‘zlarining kasb-u mashg‘ulotiga aylantirib yuborishadi. Bundaylarning mushugini pisht deyishga kimning haddi sig‘adi? Mirza Hamid ana shunday g‘ururi baland hokimlardan edi. O‘z uyida kaltaklanishi uni adoyi tamom qilib qo‘ydi. Bugun uni oyoqqa turg‘izib yuborgan narsa ham uning haqoratlangan g‘ururi, toptalgan hamiyati bo‘ldi. «O‘ch olaman, – der edi u mahkamaga qarab yo‘l olarkan,—teringga somon tiqmasam sen Namozni, otimni boshqa qo‘yaman…» Mahkamaga chiqib Gribnyuk to‘ra bilan Zamonbekka alohida-alohida chopar yubordi, yigitlarini olib darhol huzurimga yetib kelishsin, deb buyurdi.

Oradan bir choy damlam fursat o‘tmasdan otasiga o‘xshab qotma, daroz va yana o‘sha otasiga o‘xshab yuzi katta burun-u, ikkita chaqchayib turgan ko‘zdan iborat Zamonbek, yurganda yerlarni larzaga keltirib yuboradigan Gribnyuk to‘ralar yetib kelishib, hokimning qarshisiga, sal quyiroqqa o‘tirishdi.

– Xo‘sh, Zamonbek, – so‘radi darg‘azab hokim, – biron yangilik bormi?

Zamonbek shoshmasdan o‘rnidan turdi.

– Yangilik shuki, hokim janoblari, biz u qaroqchilarni Dahbed bo‘lisi qishloqlaridan butunlay quvib chiqardik.

– Quvib chiqardilaringmi yoki o‘zlari ketib qolishibdimi?

– Quvib chiqardik. Bundan to‘rt kun oldin biz ularni Xartang qishlog‘ida qurshovga oldik…

– Yolg‘on, – o‘sha kuni Namozdan yegan kaltagi esiga tushib, chakkasi lovillab ketgan hokim bir qo‘zg‘alib qo‘ydi, – ishonmayman, bu gapingizga.

– Ehtimol, – xiyla shashtidan tushib dedi Zamonbek,—har qalay biz o‘sha kuni ancha otliqlarni quvdik…

– Xo‘sh, Mixail to‘ra janoblari, siz nima deysiz? – mirshabxona noziriga yuzlandi hokim, – uch kunda tutib keltirmoqchi edingiz?

Hokimning piching aralash so‘zlashi Mixail to‘raga yoqmadi, u hokimga tobe emas, politsiya departamentiga bo‘ysunadi. «Sen katta bo‘lsang, men sendan ham kattaroqman, – ko‘nglidan o‘tdi Mixail to‘raning,—undan keyin senlar o‘z qilmishingga yarasha kaltak yeyapsanlar, menga desa bundan battar bo‘lmaysanlarmi…»

– Lekin, – mushtiga bir yo‘talib oldi Mixail to‘ra, – o‘zlari ham shunga o‘xshashroq bir va’da beruvdilar shekilli!

– Bu battol biz o‘ylagandan ko‘ra ham quvroqqa o‘xshaydi, – kulgisi yo‘q bo‘lsa ham bazo‘r jilmaydi hokim, – aytolmaysizmi, Namoz hozir qayerda bo‘lishi mumkin?

– Taxminimcha, u hozir Eshimoqsoq cho‘llarida berkinib yotibdi.

– Nega shunday deb o‘ylaysiz?

– Chunki, kuni kecha ular Devarak bo‘lisining hokimini bosib o‘lasi qilib urishibdi. Bu voqea tong otarga yaqin yuz bergan. Qaroqchilar kunduzi yo‘l bosmasliklarini hisobga olsak, demak ular shu Devarak atrofidagi qamishzorlarga berkinishgan.

– Taxminingizda jon bor, – bosh silkitib tasdiqladi hokim, – xo‘sh, yana nimalar aytasiz bizga?

– Namoz to‘dasiga aloqador kishilardan oltitasini hibsga oldim. Yana politsiya deportamentining ko‘rsatmasiga binoan ba’zi bir choralarni ham ko‘rib qo‘ydim. Buni o‘zingizga alohida aytarman.

Marg‘ilontepalik Kenja Qora ikki-uch yildan buyon Mixail to‘ra janoblariga yashirin axborotlar keltirib turadi. Niyati, mirshabxonaga ishga o‘tish. Mixail to‘ra unga, bir-ikki sinovdan so‘ng seni, albatta, uchastkovoy qilib vazifaga olaman, deb va’da ham berib qo‘ygan. Kecha Mixail to‘ra janoblari uni ham keltirib avaxtaga tashladi. Boylarni so‘k, hokimlarni yomonla, shu yo‘l bilan mahbuslarga sirdosh bo‘lib ol, deb tayinladi unga. «O‘zingizga alohida aytarman» deganda Mixail to‘ra ana shuni nazarda tutgan edi.

– Mahbuslardan bir-ikkisini so‘roq qilasizmi?– xuddi sandiqdagi bisotini ko‘z-ko‘z qilmoqchi bo‘lgan kelinchakdek yanoqlari yonib, ko‘zlari nurlanib so‘radi Mixail to‘ra.

– Agar lozim ko‘rsangiz, – negadir kaftlarini bir-biriga ishqab qo‘ydi hokim.

– Qobil deganlari Sibirdan qochgan, – bisotini yoza boshladi mirshabxona noziri.

– Sibirdan?! – patak qoshlari kerilib ketdi hokimning.

– Ha, Tarxon o‘lkasidan qochgan.

– Opkeling o‘shani buyoqqa!

Xuddi shu paytda mahkamaga boshyalang, yoqavayron bir yigit yugurib kirib, o‘zini hokimning oyog‘iga tashladi:

– Bir qoshiq qonimdan keching, hokim janoblari!

– Nima gap?! – Mirza Hamid jirkangannamo oyoqlarini tortib oldi.

– Qaynotangiz Sharif bazzozning uyini bosdilar!– yig‘lab yubordi xabarchi.

– Kim bosadi?! – sakrab o‘rnidan turib ketdi Mirza Hamid.

– Qaroqchilar!

– Namozmi?

– Xuddi shunday janoblari! – shum xabarni keltirgan yigit o‘rnidan turib, ko‘ksini yirtgudek yig‘lashga tushdi, – yigirma chog‘li otliq qo‘rg‘onni qurshab, Bazzoz bobomni daraxtga bog‘lab, ustilaridan sovuq suv quymoqdalar.

– Otlaning! – baqirib yubordi hokim, – Zamonbek, siz Shahob guzari tomondan borasiz, Mixail to‘ra janoblari, siz Oynaqo‘rg‘on guzaridan aylanib o‘tasiz. Men yigitlarim bilan Mazang guzari tarafidan boraman, toki hamma yo‘lni to‘sib boraylik, bironta ham itvachcha qochib qutulmasin, kolyaskani keltiring! – baqirgancha hovliga yugurdi Mirza Hamid, – Jiyanbek, sen avaxtaxonada qorovulda turgan yigitlaringni olib, Samarqand yo‘lini to‘s! Ot! Chop, bittasini ham tirik o‘tkazma!..

Ko‘z yumib ochguncha bu atroflar bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi. Qo‘liga miltiq ushlashi, otga minishi mumkin bo‘lgan erkak zoti borki, qamalda qolgan Sharif bazzozni qutqarish uchun urho-ur, surho-sur qilishib, ko‘chalardan seldek oqishib o‘sha yoqqa ketishdi.

Xuddi shu paytda Dehqon guzar tarafdan olti otliq qiyg‘ir qushdek uchib chiqib kela boshladi. Hokimlik mahkamasi ostidagi avaxtaxona oldida otlardan tap-tap tushib biri cho‘qmor bilan, boshqasi og‘ir bolta bilan yong‘oq daraxtidan pishiq ishlangan zil-zambil eshiklarni pora-pora qilib sindira boshladilar.

– Namoz! – qorong‘i xonada yotgan Qobil quvonchdan qichqirib yubordi, – do‘stim, xaloskorim!

– Tez chiqinglar! – buyurdi Namoz, – otlarga mingashinglar.

Kechadan buyon qo‘l-oyog‘i yechilmay zaxda dumalab yotgan Kenja Qorani Namozning o‘zi qo‘zichoqni qo‘ltiqlaganday qo‘ltiqlab chiqdi-yu, oldiga o‘tqazib, otiga qamchi bosdi.

– Sabr qil, Kenjavoy, sabr qil ukam, eson-omon dashtga borib olaylik, qo‘llaringdagi kishanni tishlarim bilan uzib tashlayman.

Olti otliq xalos etilgan mahbuslarni orqalariga mingashtirib Qangli, Bo‘g‘ajil taraflarga qarab ot surib ketdilar.

Shiddat bilan kim o‘zarga ot qo‘yib borayotgan Mirza Hamidning navkarlari Sharif bazzoz qo‘rg‘onini to‘rt tomondan qurshovga olishdi. Mirza Hamid qochishga to‘g‘ri kelib qolsa, shoshilib qolmay deb kolyaskadan tushmadi. To‘pponchasidan osmonga qarab ikki bora o‘q bo‘shatdi.

– Taslim bo‘llaring! – deb qichqirdi, so‘ng yarim ochiq turgan darvozaxonaga qarab, – bo‘lmasa hammangni qirib tashlayman!

Sharif bazzoz kechki namozga tahorat olayotgan edi. Nogahoniy shovqin-suron-u o‘qlar ovozidan qo‘rqib ketganidan yalang‘och orqasi bilan yerga o‘tirib qoldi. Cho‘zilib yotishning payti emasligiga aqli yetib, pitillab o‘rnidan turdi-da, bog‘ichini boylagani toqati chidamay, chap qo‘li bilan ishtonini ko‘tarib, uyga qarab yugurdi. Devorga osig‘liq turgan qo‘shotarni olib varanglatib ketma-ket o‘q bo‘shata boshladi.

Besh-o‘n daqiqalar chamasi davom etgan pala-partish otishmadan so‘ng, nihoyat, panalab, pusib qaynotasi qamalgan uy yoniga kelib olgan hokim taklif qildi:

– Namoz, otishmani to‘xtat, taslim bo‘l!

Kuyovining ovozini tanib Sharif bazzozning rangiga sal qon yugurgan bo‘ldi. Haligacha oyog‘ida kalavalanib turgan oq surp ishtonining bog‘ichini boylarkan:

– Mirza Hamid, bu menman! – dedi negadir yig‘lamsirab.

– Namoz qochdimi? – o‘rnidan g‘oz turib so‘radi Mirza Hamid.

– Hech qanday Namozni ko‘rganim yo‘q, – tushuntira boshladi qaynota, – sizlarni Namoz gumon qilib, miltiqni men otayotgan edim.

– Nima-nima?! – achchig‘i chiqib dedi Mirza Hamid, – tag‘in u bosqinchini yashirib qo‘ygan bo‘lmang?

– Namozni berkitgan bo‘lsam, kalomulloyi sharif ursin, kuyov!

– Hozirgina bizga Namoz bosdi, deyishdi-ku?

– Xudoga shukur, sizdan boshqa hech kim mening xonadonimni oyoqosti qilgani yo‘q, kuyov…

Bo‘lis hokimi mulzam bo‘lib, orqaga qaytarkan alamidan yig‘lagudek bir ahvolda edi. Mahbuslar qochganini eshitib ich-ichidan g‘alati bir qaltiroq turdi-yu, o‘zi-o‘ziga xunuk ko‘rinib ketdi. O‘zini ojiz-u notavondek seza boshladi, ammo uning tabiatiga yot bo‘lgan bu ruhiy holat bir-ikki daqiqadan so‘ng tarqaldi-yu, o‘rnini qasoskor, beshafqat, yovuzona bir tuyg‘u egalladi.

– Orqamdan ot qo‘yinglar! – deb buyurdi navkarlariga, – u qochoqni ushlamaguncha orqaga qaytish yo‘q endi.

O‘sha kuni Jarqishloq fuqarosining boshiga ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan bir falokat yog‘ildi. Bo‘lis hokimi qishloq o‘rtasidagi keng yalanglikka yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan jamiki kishilarni to‘plab:



– Namozning qayerdaligini aytasizlar! – deya boshi uzra qamchi silkitdi.

Hokimning miltiq o‘qtalgan, qilich yalang‘ochlagan qirq besh yigiti yarim tungacha aholini qo‘yib yubormadi. Sovuqda dildiratib, ushlab o‘tirdi. Tungi izg‘irin badan-badanidan o‘tib ketgan Javlonqul:

– Navbat bizga ham kelib qolar! – deya ko‘ksiga tushib turgan soqolini silab-silab qo‘yar edi.

XIV bob
MILTIQ SAVDOSI

Hayitboy bilan To‘xtashvoyning kelishi dunyodan yakka-yu yolg‘iz o‘tib borayotgan tabibning qalbidagi huvillab yotgan bo‘shliqni to‘ldirganday bo‘ldi. Birining yarasini, boshqasining bod kasalini tuzatib, ikkovini ham oyoqqa turg‘azib oldi. Yaxshi kiyintirib, o‘zi dars beradigan maktabxonaga olib borib, rus bolalari bilan yonma-yon o‘tqazib, alifbe o‘rgata boshladi.

Kamgap hamisha o‘ychan yuradigan Hayitboy quvnoq, hazilkash, mahmadona To‘xtashvoyga qaraganda qobiliyatliroq chiqib qoldi. «Pervaya kniga»ni sharillatib o‘qiyapti hozir. Erta-yu kech ruscha so‘z yodlashadi. Sergey tabib o‘zbekchalab gap so‘rasa, bular o‘rischalab javob qaytarishadi.

Namozgar payti edi. Hayitboy hovlida o‘tin yorar, To‘xtashvoy ruscha bir kitobni hijjalab o‘qir edi. Bashang kiyingan, malla sochli novcha bir rus yigiti kirib, Hayitboyga uzoq tikilib qoldi.

– Sergey qayerda? – so‘radi o‘zbekchalab.

– O‘rdaklarga don berayapti, – dedi Hayitboy, rus yigiti o‘zbekcha gapirganiga hayron qolib.

– Tez chaqir, buyoqqa!

Xiyol o‘tmay ostonada Sergey tabib ko‘rindi. Ikkovlari bir-birlariga g‘alati-g‘alati qarash qilib, anchagacha tik turib qolishdi.

– Xudo haqqi, tanimadim! – deb to‘satdan yoshiga va fe’liga hech yarashmaydigan jarangli bir ovoz bilan kulib yubordi Sergey tabib, – obbo, pahlavon-ey, lekin boplabsan! Kel, bir achomlashib olaylik, barakalla, barakalla!

– Bu yasama sochni Samarqanddan Qobil tayyorlatib keldi, – uy egasiga axborot berdi Namoz.

– Qobil deganing kim o‘zi? – qiziqsindi Sergey tabib.

– Mirza Hamidning avaxtaxonasidan ozod qilganman uni.

– Ha-ha, bo‘ldi. Esladim, Sibirdan qochgan yigit.

– Yo‘q, e’tiroz bildirdi Namoz. – Sibirga yetib borishmagan ekan.

– Hammasiga ham ishonaverma, ehtiyot bo‘l.– Qani o‘tiraylik. Barakalla. Lekin anavilarni ja boplayapsan-ku! Voy-bo‘, sen hazil-hazil bilan Stenka Razinning o‘zi bo‘p ketding-ku. Bugun Urgutda falonchi boyni bosibdi, deyishadi, ertaga Xatirchida mingboshini daraxtga bog‘lab savalabdi, deyishadi… Lekin menga qara, hozirgina bir vahimali gap eshitdim, rostmi?

– Qanaqa gap eshitdingiz?

– Bugun ertalab Dahbed bozorini alg‘ov-dal-g‘ov qilib yuboribsan-ku! Mixail to‘raning otini otgan emishsan? Ellikta navkarni jarga qulatgan emishsan?

– Hammasi qulamovdi shekilli?

– Kapitan Oleynikovning oyog‘i sinibdi. Hozirgina unikidan keldim… ehtiyot bo‘l, teringga somon tiqadi endi… Yo‘q, hazillashdim, qo‘rqma… lekin azamat, barakalla, boplayapsan!

– E, Sergey amaki, boplash qayoqda, oldilariga tushib qochib yuribman-ku!

– Yo‘q, – yengil qarsak chalib, o‘rnidan turib ketdi Sergey tabib, – boplayapsan. Eng muhimi, fuqaroda yangi fikr, yangi kayfiyat paydo bo‘layapti. O‘ziga ishonch paydo bo‘layapti… Odamlarning ruhi tushib ketgan edi, najot kutardi-yu, lekin bu najot xudodan bo‘ladimi, bandasidan bo‘ladimi, bilmasdi. To‘g‘risini aytsam, Namozboy, sening xalqing najotni xudodan kutayotgan edi. Sen ularga xudo yuborgan bir odamdek bo‘lib ko‘rinyapsan hozir. Shuning uchun ham sen endi o‘zingga ehtiyot bo‘lishing kerak, eshityapsanmi polvon? Sen endi o‘zingga emas, ularga tegishlisan. Menga qara, bu yerga endi kelmayman, deb so‘z bergan eding-ku? Yo malla sochingni ko‘z-ko‘z qilgani keldingmi? Bunaqa bachkana qahramonlikni kimga keragi bor.

– Bu oxirgi kelishim.

– Oxirgisi emish, yuzinchi marta oxirgisi, deb so‘z berishing, – o‘g‘lini urishgandek jerkib-jerkib so‘zlay boshladi Sergey tabib, – xo‘sh, umuman, ahvollar qalay?

– Chatoq, – dedi Namoz xo‘rsinib, – yigirma choqli qurolsiz yigitni chumchuq bolasini qirg‘iydan olib qochgandek cho‘lma-cho‘l olib qochib yuribman. Qurollanmasak bo‘lmaydi, qirilib ketamiz.

– Miltiq masalasini hal qilib qo‘ydim.

– Rostdanmi? – quvonchdan ko‘zlari yonib ketdi Namozning.

– Hozir, bir kishini chaqiraman, – o‘rnidan turayotib dedi Sergey tabib, – qo‘rqma, ishonchli odam, lekin, shartiga ko‘nasan. Keyin ham senga uning yordami ko‘p tegadi bir so‘zli mujiklardan… Undan keyin yana bir xushxabar bor, qaytayotganingda aytaman.

Oradan bir choy damlam fursat o‘tgach, xonaga qora soqoli naq ko‘ksiga tushib turgan, o‘rta bo‘y, miqtidan kelgan, o‘rta yoshli bir rus kishisi kirib, boshidan shapkasini olarkan xiyol egilib salom berdi. Bu o‘sha Sergey tabib kiritib yuborgan «Birinchi may» qishlog‘ining oqsoqoli Nikolay Nikolayevich Bondarenko edi. U shoshmasdan Namozning qarshisiga o‘tirdi-da:

– Xo‘sh, Pugachev, ishlar qalay? – deb so‘radi.

– Men Pugachev emasman, – dedi Namoz allanechuk o‘ng‘aysizlanib.

– Lekin Pugachev bo‘lmaganing ham yaxshi,– dona-dona qilib dedi Bondarenko. – Pugachev tuppa-tuzuk boshlagan ishini oxirida poshsho bo‘laman, deb o‘zi rasvo qilib qo‘ygan… xalq poshshoni yomon ko‘radi… Xo‘sh, ishlar qalay?

– Umuman yomon emas.

– Menga qara, men seni tanib turibman, Namozsan. Ivanboynikida kolyaska minganingda ko‘rib yurardim. Iltimos qilaman, men bilan gaplashganingda «umuman-pumuman» deb o‘tirma. Ochiqchasiga aytaver. Men sotqin emasman. – Bondarenko Namoz tomonga xiyol egilib, garchi xonada ikkovlaridan boshqa hech kim bo‘lmasa ham, ovozini pastlatib davom etdi, – men ham o‘sha sen qarshi kurashmoqchi bo‘lgan imperator oliy hazratlarining dushmaniman, ashaddiy dushmaniman!.. Bizni bu yerga Ryazandan qamchilab haydab kelishgan, qo‘limizga kishan urib kelishgan. Otam bilan onam mana shu atrofdagi botqoqliklar ichida, chivinlarga yem bo‘lib, bezgakka chalinib o‘lib ketishdi. Opam ham o‘lgan… Mening ham qasosim bor, o‘sha ityoqa ko‘ylak kiygan oliftalarda!.. Mening uyimda poshsholikning yigirmata miltig‘i saqlanyapti. Yerli xalq g‘alayon ko‘tarsa, mujiklarga tarqatasan, deb keltirib qo‘yishgan. Ana shularni sotaman, olasanmi?

– Olaman.

– Xo‘sh, qanchadan berasan?

– Qanchadan desangiz, shunchadan.

– Har bitta miltiqqa to‘rt ming tangadan berasan, yuztadan o‘qi ham bor.

– Voy-bo‘, shuncha pulni qayerdan topaman?

– Topasan, boshqa ilojing yo‘q, Pugachev! – davom etdi kulib Bondarenko, – bo‘lmasa yigitlaring qirilib ketadi. Panshaxa bilan urushadigan zamonlar o‘tib ketgan… pulni qachon keltirasan?

– Xohlagan paytingizda.

– Yaxshi. Pulni bir hafta oldin berasan. Men ularni Samarqandgami, Toshkentgami joylab kelaman. Ana undan keyin kechasi meni bosasan.

– Bosasan? – hayron bo‘ldi Namoz.

– Ha, men xabar bergan kuni kechasi kelib bosasan-u, er-xotin ikkovimizning qo‘l-oyog‘imizni bog‘lab, og‘zimizga nomiga lattalar tiqqan bo‘lib, miltiqlar bilan o‘qni olib chiqib ketasan. Qo‘rqma, hammasi joyida bo‘ladi. Sekin qulog‘ingga aytib qo‘yay, bu gaplardan mirshabxona noziri Mixail to‘raning ham xabari bor, pulning yarmini o‘sha yebto‘ymas oladi, kelishdikmi?

– Rahmat sizga, – o‘zida yo‘q xursand bo‘lib dedi Namoz, – siz yaxshi odam ekansiz.

– Meni maqtamay qo‘ya qol, – ishni bitgan hisoblab sekin o‘rnidan turib shapkasini boshiga kiya boshladi qishloq oqsoqoli, – xo‘sh, pulni qachon keltirasan?

– Bugun kechasi olasiz.

– Biron yordam kerak bo‘lsa, tortinma.

– Rahmat, siz bebaho odam ekansiz.

– Bo‘sh kelma, Pugachev.

Qishloq oqsoqoli chiqishi bilan osma qozonda sho‘rva ko‘tarib Sergey tabib kirdi. Qozonni stol ustidagi mis g‘ildirakcha ustiga qo‘yib, Samarqand kulollari sirlab, guldor qilib pishirgan sopol tovoqlarga quya boshladi:

– Xo‘sh, qalay odam ekan?

Namoz ishi bunchalik tez, ham osongina bitganidan o‘zida yo‘q sevinib o‘tirgan edi:

– Bebaho odam ekan! – deb qo‘ydi.

– Hali senga uning ko‘p yordami tegadi. Qani beriroq kel. Bora-bora senga qo‘shilib ketishi ham mumkin, lekin o‘ta ehtiyotkor odam. Buning ustiga pulga o‘chligi ham bor. Mulk sotib olmoqchi… endi gapning navbatdagisi shuki, sen Ivanboynikida yurganingda Nazar Matveyevich degan yigitni tanirmiding?

– Pechkachimi? – bolalikdagi o‘rtog‘im-ku u!

– Ha, o‘sha. Suren Dadayan degan armani-ni-chi?

– «Panohi sag‘iron»dan Ivanboynikiga uni men olib borganman.

– Shu ikki yigit sening otryadingga qo‘shilmoqchi.

– Rost aytayapsizmi?

– Ikkovi seni hozir Shokirboyvachchaning objuvozxonasida kutyapti. Xo‘jayinlarining sholisini oqlatgani kelishgan ekan. Rozi bo‘lsang, bugunoq ot-u aravasi, sholi-polisi bilan senga qo‘shilib olmoqchi ular.

– Men ketdim, Sergey amaki! – Namoz sakrab o‘rnidan turdi.

– O‘tir, – betoqat yigitning yelkasidan bosdi Sergey tabib, – yetim ukalaring bilan so‘zlashishni istamaysanmi, shunaqa toshbag‘ir bo‘lib ketdingmi?

– Yuragim ezilib turibdi-yu, – ikkilanib dedi Namoz, – lekin mening bu yerga kelganimni payqamaganlari ma’qulmidi?

– Payqamagani ma’qul emish… seni Samarqand-u Urgut bilan mana shu yetimchalar bog‘lab turibdi hozir.

– Yo‘g‘-e!

– Nima Sergey tabibning alohida chopari bor, deb o‘ylabmiding? Xo‘sh, nega endi senda aloqachi bo‘lganda, menda bo‘lmas ekan! Lekin, Polvon, ikkovidan ham yaxshi doktor chiqadi. Avval, yaxshilab savodini chiqarib olay, o‘lmasam, Peterburgga jo‘nataman bu yetimchalarni… Hayit, To‘xtash, buyoqqa kelinglar.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации