Электронная библиотека » Xudoyberdi To‘xtaboyev » » онлайн чтение - страница 9

Текст книги "Qasoskorning oltin boshi"


  • Текст добавлен: 16 мая 2023, 13:43


Автор книги: Xudoyberdi To‘xtaboyev


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 9 (всего у книги 27 страниц) [доступный отрывок для чтения: 9 страниц]

Шрифт:
- 100% +

IKKINCHI QISM
QASOS ALANGASI

I bob
HAMDAMBOYNING VOS-VOS KASALIGA DUCHOR BO‘LGANI

Qurollangan qasoskor yigitlar soni oltmishdan oshib ketdi. Namoz ularni olti to‘daga ajratib, har bir to‘daga o‘nboshi tayinlab, olti tomonga jo‘natib yubordi. To‘da yo‘lga chiqishi oldidan uning har bir yigiti bo‘yniga Namoz o‘z qo‘li bilan tumor taqib:

– Xo‘sh, do‘stim tumorga nima deb bitilgan?– deb so‘raydi.

– Hazrat Navoiyning so‘zlari bitilgan.

– Takrorla, o‘sha so‘zlarni! – buyuradi Namoz.

– «Ilgimdin kelguncha zolim tig‘im ushotib, mazlum jarohatig‘a intiqom malhamin qo‘ydim»,– takrorlaydi yigitlar.

– Bu so‘zdan qaytsang ne bo‘lur?

– Qatlimga roziman!

Shu yo‘sin Namoz Pirimqul o‘g‘lidan oq fotiha olgan qasoskorlar uchqur otlarga minib olib, goh Kattaqo‘rg‘on, Xatirchi, Ziyovuddin bekliklarida, goh Urgut, Kitob taraflarda, goho Jom tog‘lari etaklarida paydo bo‘lib qolishar, bunday paytlarda yillar davomida gerdayib, o‘zi xon, ko‘lankasi maydon bo‘lib kelgan boy-u amaldorlar uchun sichqonning uyi ming tanga bo‘lib qolar edi. Ana shu boyligini berkitish uchun joy axtarib yurgan boylar orasida hammasidan ko‘proq vahimaga tushayotgani Hamdamboy edi.

Namoz Hamdamboydan tuhmat qilib, nohaq qamatgani uchun qattiq o‘ch olarmish, bola-chaqasidan tortib, hammalarini oyog‘idan osmoqchi emish, bir tanga ham qo‘ymasdan, butun boyligini tortib olmoqchi emish, degan mish-mishlar, xunuk ovozalar tarqalib ketgan edi.

Katta intiqom kuni yaqinlashib kelayotganini Boybuvaning o‘zi ham sezib turardi. Unga nohaq tuhmat qilganidan ko‘nglining qayeridadir bir xijillik, qora bir tugun paydo bo‘lgan, hatto, kechirim so‘rab, oldiga borsam qalay bo‘larkin, degan o‘y ham tug‘ilgan edi uning ko‘nglida.

Boybuvaning tashvishi kun sayin ortar, bu tashvish vahimaga aylanib o‘zini qo‘yarga joy topolmay, tuzoqqa ilingan bedanadek tipirchilab yurardi. Avvaliga poyloqni kuchaytirdi, bo‘lmadi. Poyloqda turgan yigitlar xuddi Namozning qasoskorlaridek ko‘rinib ketaverdi ko‘ziga.

Tillalarini sandiqqa solib, cho‘lga berkitib keldi, yana bo‘lmadi. Nazarida hamma boyligidan biryo‘la mahrum bo‘lib qolayotgandek tuyulaverdi.

Tarafimni olarmikan deb yo‘qsillarni to‘plab xudoyi oshi berdi. Yo‘q, yurakdagi vahima tarqamadi. Bora-bora Boybuva ko‘chaga ham chiqolmay qoldi. Goho uyqusidan:

– Qoch, Namoz kelyapti! – deb baqirib uyg‘onadigan odat chiqarib, uxlashga yotgani qo‘rqadigan ham bo‘lib qoldi. Boybuva tilla to‘la sandiqchani bag‘riga bosib, goh hovliga yugurib chiqar, goh yerto‘laga tushib ketar, goho molxonaga kirib olib qo‘lini miltiq qilib, «Pax-pax-pax!!!»– deb kimlar bilandir o‘zicha otishma boshlab yuborar edi.

Boybuvaning vos-vos kasaliga chalinib qolgani aniq edi. O‘g‘il-qizlari tashvishga tushib, valine’matlarini o‘qitish, dam soldirish uchun bugun galaxatim buyurishgan. Chilyosin bilan xatmi qur’onni qo‘shib o‘tkazmoqda edilar.

Avji saraton pallasi emasmi, garchi Boybuvaning ichkari tashqarili hovlisi dov-u daraxtlarga ko‘milgan, maydonchalarga anvoyi gullar ekilgan bo‘lsa ham, bari bir atrof dim, mehmonlar birovi rayhon dastasi bilan, boshqasi oppoq ro‘molcha bilan yuzi, ko‘ksini yelpib o‘tirishibdi. Ichkarida ikki katta so‘ri yonbosh qo‘yilgan, o‘n besh chog‘li oriq-semiz mullalar cho‘kka tushib, bir-birlariga gal bermay, boshlarini g‘alati-g‘alati silkitishib duolar o‘qimoqda. Par yostiqlarga behol yonboshlab olgan Hamdamboyning ko‘zlari chirt yumuq, karaxt quloqlari ostida har bir so‘zi sehrlidek jaranglayotgan duolarga ko‘pam parvo qilmayotgandek, ammo o‘n besh mullo bir og‘izdan:

– Kuf!

– Suf!! – deganda paydo bo‘layotgan shabbodadan misdek qizib turgan tani xiyla rohatlanayotganga o‘xshaydi. Lekin bari bir shu paytda Boybuvaning ruhi injiq, o‘zi betoqat. Namoz ko‘zidan nari ketmayapti. «Yo‘q, u meni o‘ldiradi, albatta o‘ldiradi, – ko‘zlarini yumgancha xayol surar edi Boybuva, – bo‘g‘ib o‘ldirsa ham ajab emas, o‘ldiradi-yu, tilla to‘la sandig‘imni olib qochadi…»

– Sandiq qani? – sakrab o‘rnidan turib ketdi Hamdamboy.

– Boybuva, marhamat qilib o‘tirsinlar, xudo xohlasa hammasi joyida bo‘ladi, – bir ovozdan deyishdi oriq-semiz mullalar.

Boy o‘tirganlarga shubha bilan bir-bir boqib chiqdi-yu, o‘rniga yonboshlab, yana ko‘zlarini yumdi. «Mullalar orasida ham uning odami bor… ha-ha, sezib turibman…», fikridan o‘ta boshladi uning.

Tashqari hovlida ham ikki so‘ri bir-biriga birlashtirilib, katta joy hozirlangan. Dahbedning yigirma guzaridan, uzoq-yaqin qishloqlaridan tashrif buyurgan boy-u boyvachchalar, boyning dasturxonidan tortinmay taom yeyishga haddi siqqan hamdard-u ulfatlar o‘tirishibdi bu yerda.

Suhbat, tabiiyki, Namoz Pirimqul o‘g‘li haqida borayapti. Mehmonlar «Turkiston viloyatining gazeti»da bosilgan Namoz haqidagi xabarlarni o‘qitib, eshitishyapti. Oq salla, oq surpdan yaktak kiygan chuvakkina bir mullavachcha gazeta o‘qir, boshqalari yelpinishib jim quloq solishar edi.

– «Namoz to‘dalari vajhidan – o‘qiy boshladi mullavachcha, – Dahbed pristavi, Dahbed volostnoy upraviteli Mirza Hamid Hasanboy o‘g‘li, Zamonbek Hamdamboy o‘g‘li o‘z yigitlarini qurollantirib yaxshi taraddud ko‘rib turibdi».

– Taraddud ko‘rib turgan emish! – g‘ijinib qo‘ydi havo dimligidan katta qorni temirchining damidek ko‘tarilib tushayotgan o‘rta yoshli g‘o‘ppa semiz bir kishi, – oldiga tushib qochib yurgan bo‘lishsa-chi!

– Gap qo‘shmasinlar! – deb qo‘ydi chap qulog‘i yo‘q, quloq o‘rnida yosh bolaning kindigidek bir narsa bo‘rtib turgan ko‘k sallali boshqa bir kishi.

«Namoz, Abduqodirxo‘ja, Eshbo‘ri, – dona-dona qilib o‘qiy boshladi mullavachcha, – bosmachi o‘g‘rilar ko‘p nafar nadimlari bilan hech kimdan qo‘rqmay, Kattaqo‘rg‘on uyezdida bahuzur yurgan emishlar. Alarning yurgan yo‘llari va yotgan joylari jami fuqarolari garchi ma’lum bo‘lsa ham, ammo, ul bosmachilardan qo‘rqqanlaridan so‘ragan amaldorlarga, ko‘rganim yo‘q, deb javob berar emishlar. Mundoq bo‘lganda mazkur yomon bosmachi o‘g‘rilarni hech kim tuta olmasa kerak».

– Tutib ham bo‘pti! – to‘ng‘illadi g‘o‘ppa semiz mehmon.

– Hoy, musulmon, jim bo‘ling deyaman! – ovozini xiyol ko‘tarib dedi bir qulog‘i yo‘q boyvachcha.

Mullavachcha boshqa bir gazetani olib, men sendan kammi, deb bir-birini pisand qilmay o‘tirgan mehmonlarga ko‘z tashlab qiroat ohangida yana o‘qiy boshladi:

«O‘tmish juma kuni Namoz o‘z nadimlari bilan Samarqand shahriga kirib, bir boyning hovlisini bosibdur…»

– Hozir Kattaqo‘rg‘onda yurgan edi-ku! – so‘radi bir boyvachcha.

– Hamma balo shunda-da, – uh tortib dedi boshqasi,—bugun Kattaqo‘rg‘onda, ertaga Samarqandda… ehtimol hozir biz o‘tirgan so‘rining ostida ham to‘rttasi berkinib turgandir.

– Ho, nafasingizni sal issiqroq qiling, – ko‘kragiga bir tuflab oldi sersoqol mehmon, – saratonda hammayoqni muzlatib yubordingiz-ku!

«… Namoz Xatirchi qishlog‘iga borib, bir boyning oltmish ming so‘m pulini olib, andan Mir degan qishloqqa o‘tib, anda bir hindining yetmish ming tangasini olib ketibdur. Namoz Xatirchida katta bir bazmning ustidan chiqib, o‘shal bazmg‘a jam bo‘lgan mo‘tabar zotlarga «Hammalaring dur-u hamyonlaringni o‘rtaga otib tashlanglar!» deb amr qilib, hammalarining hamyonlarini yig‘ib olib ketib qolibdur».

– Bas qiling, mullo!– toqati toq bo‘lib dedi g‘o‘ppa semiz boy, – hadeb «boy-boy» deyaverasizmi!.. undan ko‘ra biror qarorga kelsak bo‘lmaydimi! Kim bo‘pti o‘sha yalangoyoq. Menga duch kelmayaptida, kelganda qulog‘ining tagiga ikki tarsaki tushirib, dalaga olib chiqib xo‘kizning o‘rniga qo‘shib yer haydatar edim.

– Namozni-ya?! – qo‘rqib uyoq-buyog‘iga bir qarab oldi bir qulog‘i yo‘q boyvachcha.

– Kim bo‘pti u, hammalaring vahima qilaverasanlar. Vahima qilaverib-ku, Boybuvamni rasvo qildilaring… Xudo haqqi hozir shu yerda bo‘lganda o‘sha Namoz bilan bir mushtlashgan bo‘lardim.

Garchi g‘o‘ppa semiz boy o‘zini hech narsadan qo‘rqmaydigan qahramon qilib ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, aslida dunyoning barcha vahimasi uning ichiga qamalib olgan, qo‘rqqanidan shunday deyayotgan edi u.

Suhbat bora-bora kuchayib, endi Namoz uyoqda qolib, mehmonlar Samarqand hokimi polkovnik Chertov janoblarini, yurtning mingboshisini g‘azablay ketdilar, yurtning osoyishtaligini o‘ylamay qo‘yishdi, deb ulardan norozi ekanliklarini ayta boshladilar.

G‘o‘ppa semiz boyvachcha suhbatni qayoqqa burmasin bari bir oxiri borib Namozga taqalaverdi. «Modomiki, hokim janoblarining shuncha askari, mingboshining to‘qson navkari, o‘shal battol Namozning yigitlariga bas kela olmayotgan ekan, demak, endi Samarqand Harbiy gubernatori ishga aralashmog‘i darkor», degan xulosaga keldilar. Shu deparaning oromi buzilgan jamiki puldor-u savdogarlari birlashib Namoz ustidan arz bitib general gubernatorga vakil yuborsak qalay bo‘larkin, degan takliflar ham o‘rtaga tashlandi… Axir tokaygacha bir yalangoyoq yigit tufayli yurak o‘ynog‘i bo‘lib yashaymiz. Yo‘q, yetar endi, pichoq borib suyakka yetdi. Ertadan qolmay arznoma bitganimiz bo‘lsin, degan qarorga kelishdi oxiri boyvachchalar.

– Hoy, azizlar, manti sovib qoldi, – taomga taklif qildi bir qulog‘i o‘rnida «kindikcha» bo‘rtib turgan boyvachcha.

– Bay-bay-bay, manti emas, quyruqning o‘zi-ku, bu! – dedi boshqasi lablarini chapillatib.

– Boybuvamning ajoyib pazandalari bor-da!

– Qani-qani, marhamat qilsinlar.

– Yo‘q-yo‘q, o‘zlaridan bo‘lsin!

Mehmonlar bir-birlariga taklif-u navozishlar qilib, xonadon egasi sha’niga shirin lutflar aytishib ta’riflab bo‘lmas darajada ajoyib ishtaha bilan mantilarini tushurayotgan edilar, shu payt katta darvoza yonidagi kichik eshikcha sharaqlab ochildi-yu, yelkasida miltiq, qo‘lida to‘pponcha to‘rt azamat jadal kirib kelib so‘rini qurshovga ola boshladi.

– Qasoskor Namoz nomidan buyuraman! – keskin bir ohangda dedi to‘da boshlig‘i, – hamyoningni chiqarib o‘rtaga tashla hammang!

Haligi Namoz bilan uchrashib, kuch sinashmoqchi bo‘layotgan xo‘ppa semiz boyvachcha boshqalardan qattiqroq qo‘rqib, tarrakday qotib qoldi. Og‘zi to‘la manti, yutishini ham, chiqarib tashlashini ham bilmay lunjini shishirib bir oz serrayib turgach:

– Me…ee…nnn, – deya, g‘o‘ldiray boshladi…

II bob
«IMPERATOR HAZRATI OLIYLARI NOMIDAN BUYURAMAN!»

Aslida yevropacha dvoryanlar uyi uslubida qurilib, ichiga Zarafshonning qo‘li gul me’morlari tomonidan naqshlar o‘yilgan, ganchdan rango-rang gullar solingan bu xona, sinchiklab qarasangiz, bamisoli bir chamanzorni eslatadi. Xona behad keng, ko‘zni qamashtirgudek yop-yorug‘, bezaklar ustiga nozik surtilgan oltin hallar mo‘l-ko‘l tushib turgan quyosh nurida yal-yal yonib, sarg‘ish jilolar berib turibdi. Xonaning to‘riga qo‘yilgan xushbo‘y hid taratib turuvchi sandal daraxtidan maxsus ishlangan guldor kresloda harbiy gubernator Gesket janoblari o‘tiribdi. Stol ustida dasta-dasta qog‘ozlar, o‘qilmagan nomalar… bularning barchasi Namoz Pirimqul o‘g‘li ustidan bitilgan axborotnomalar, guberniyaning o‘ttiz olti bo‘lisidan kelgan arznomalar, shikoyatlar.



– Nimalar bo‘lyapti, o‘zi, a?! – tepakal boshiga kaftini bosib, ko‘zlarini chirt yumgan ko‘yi o‘y surayapti general janoblari. – Tavba, qayoqdagi bitta yalangoyoq boshimizga shuncha g‘alva orttirib o‘tirsa-ya… Buyoqda Samarqand otilishga tayyor turgan vulqondek biqirlab turibdi. Qo‘shinlar noroziligi, ishchilar o‘rtasidagi tartibsizliklar. Yo‘q, yo‘q! – stolni mushtlab o‘rnidan turib ketdi gubernator janoblari.

Bir ming to‘qqiz yuz beshinchi yilning yozi Gesket janoblarining hayotidagi eng bema’ni tashvishlar-u dilsiyohliklarga to‘lib-toshgan yoz bo‘ldi. Xudoning bir kuni yo‘qki, biron shum xabar kelmasa. Biron soat yo‘qki, xotirjamlik bilan kechgan bo‘lsa… E, tavba, nimalar bo‘lyapti o‘zi…

– Tavba, – qo‘llarini beliga qo‘yib, xona o‘rtasida tik turgancha o‘y surardi general janoblari, – hammasiga sotsial-demokratlar boshchilik qilishyapti. Allaqachon tag-tomiri bilan quritishim kerak edi ularni. O‘zim bo‘shman, lattaman, hammasiga Mixail Morozov bosh-qosh. Yuragim sezib turibdi. Ammo, qo‘limda asosim yo‘q. Xudo xohlasa, asosim ham bo‘ladi. Shunaqangi ta’ziringni berayki, sen notiqning!.. Lekin Namoz… ongsiz, yovvoyi bir maxluq mening guberniyamda hammaga tahdid solib yursa-ya! Qaroqchi oldida mening gubernatorligim qayerga bordi?

Gesket janoblari nozik jarang beruvchi kumush qo‘ng‘iroqni ohista silkitib o‘rniga o‘tirdi. Zalvorli guldor eshik ovozsiz ochilib ostonada harbiycha forma kiygan, yelkasidagi zarrin pogonlaridagi mayda yulduzchalar yal-yal yonib turgan xushbuchim yigitcha ko‘rindi:

– Xizmat, janobi oliylari!

– Kengashga taklif qilinganlar keldimi?

– Buyrug‘ingizni kutishyapti, janobi oliylari.

– Chaqiring, o‘sha qartabozlarini buyoqqa!

Xonaga birin-ketin Kattaqo‘rg‘on uyezdining hokimi polkovnik Chertov janoblari, Samarqand uyezd hokimi polkovnik Umanskiy janoblari, yordamchisi podpolkovnik Sokolskiy, oblast politsiya departamentining politsmeysteri polkovnik Gusakov janoblari, Gesket janoblarining barcha ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Susaninlar kirib har biri o‘z mavqei, darajasiga yarasha joy tanlab uzun stol atrofiga o‘tira boshladilar.

Gubernator janoblarining fe’li aynigani shundoqqina ko‘rinib turibdi. Tabiatan tajang, sirkasi suv ko‘tarmaydigan, har bir so‘zini piching-u kesatishlar bilan aytadigan bu keksa hokimga quvnoqlikdan ko‘ra, negadir, ko‘proq tajanglik yarashar, kulib so‘zlagandan ko‘ra, qovog‘ini uyub so‘zlaganda u xiyla xush ko‘rinardi.

General janoblari go‘yo xonasiga tashrif buyurayotganlarni mutlaqo ko‘rmayotgandek baland derazalar orqali hovliga ko‘z tashlab o‘tirardi. «Qimorbozlar, – deb o‘ylaydi u, – bir-biringning cho‘ntagingni qoqlashga, xotinlaringni yo‘ldan urishga ustasi farangsanlar… Pora olishda senlarga teng keladigani yo‘q. Ammo, qayoqdagi bir qaroqchini bir yildan buyon tutolmay, raport ustiga raport yozasanlar. Hozir so‘z bersam har biring o‘zingni donishmand qilib ko‘rsatasan, tadbirkorlikda Suvorovdan oshib tushaman deysanlar…»

– Janoblar, – sekin gap boshladi general Gesket,– ahvollaringni so‘rab o‘tirmayman, yaxshi bo‘lsa kerak. Menikini ham so‘rab o‘tirmanglar, xudoga shukur, yomon emas. Bugun biz Namoz Pirimqul o‘g‘li haqida uzil-kesil gaplashib olgani to‘plandik. Bilmadim, bu qaroqchi qachongacha jazosiz yurar ekan! Polkovnik Susanin, so‘z sizga!

Bundan ikki oy muqaddam xuddi shunday kengash bo‘lganda Namoz harakatini tugatish bo‘yicha tezkor gruppa tuzib polkovnik Susanin unga boshliq etib tayinlangan, Samarqanddan to Kattaqo‘rg‘ongacha bo‘lgan bo‘lislardagi askarlar uning ixtiyoriga berilgan edi. Polkovnik yoshiga yarashmaydigan bir chaqqonlik bilan dik etib o‘rnidan turib, katta charm portfelidan qog‘oz olarkan:

– Janobi oliylari, ruxsatingiz bilan, – deya negadir juda shoshilib gapira boshladi. – Payshanba bo‘lisi pristavi kapitan Golov raportiga qaraganda…

– Qo‘ying o‘sha raportlarni! – jerkib berdi general, – menga raport emas, Namoz kerak!

– Janobi oliylari, uni tutish oson bo‘lmayapti. O‘ttiz pristavning hammasi safarbar etilgan… lekin…

– Nima lekin?

– Lekin, janobi oliylari, qaroqchilarning otlari biznikilarga qaraganda uchqurroq…

– Topgan bahonangizni qarang-a, afti g‘alti burishib ketdi keksa generalning, – undan ko‘ra «biz landovurroqmiz», desangiz yaxshi bo‘lardi, polkovnik!

– Ehtimol…

– Namozning shaykasida taxminan qancha odam bor, aniqladingizmi?

– Taxminan ikki yuzga yaqin.

– Aniq aytolmaysizmi?

– Aniq ma’lumot yo‘q, janobi oliylari.

– Hammasi qurollanganmi?

– Bir narsa deyolmayman.

– Namoz hozir qayerda harakat qilyapti?

– Kechagi ma’lumotga ko‘ra, – papkasidan yana bir qog‘oz oldi polkovnik Susanin, – biram nomlari qiyinki, ha, mana Jo‘yidevona atroflarida harakat qilyapti.

Darg‘azab general bilan dovdirab qolgan polkovnik o‘rtalarida bo‘layotgan asabiy savol-javob Kattaqo‘rg‘on uyezd hokimining bir luqmasi bilan to‘satdan to‘xtadi.

– Kechiradilar, – dedi u o‘rnidan yarim turib,– Namoz hozir Mitan bo‘lisida, qo‘limda aniq ma’lumot bor.

– Menimcha, – gapga aralashib e’tiroz bildirdi Samarqand uyezd hokimi. – Namozning otryadi shu kecha-kunduzda Nurota tomonlarda yuribdi.

– Namozning o‘zi qayerda, deyapman?! – generalning bu savoli munozara boshlashga tayyor turgan janoblarning hammasiga qaratilgan edi. Tik turgan Susanin savol menga berildi deb o‘ylab, «joylarda bir-biridan mustaqil harakat qilayotgan otryadlarning barchasi Namoz ismi bilan ish yuritadi, shuning uchun uning o‘zi shaxsan qaysi otryad ichida ekanligini aniqlash juda mushkul…», deb suhbatga aniqlik kiritmoqchi bo‘lgan edi, keksa general endi rosmana tutaqib ketdi. Tutaqib ketganda gubernator janoblarining ovozi, odatda juda mayin, xuddi erkalayotgandek bo‘lib eshitilardi:

– Azizim, hozirgina Namoz Payshanbada deb qasam ichayotgan edingiz-ku! – qalampirdek achchiq kinoya bilan so‘radi general, – yoki men yanglish eshitdimmikan?

– Men, janobi oliylari…

– Xo‘sh? – to‘satdan oq oralagan siyrak qoshlari g‘alati chimirilib ketdi generalning, – uni tutmoq uchun qanday choralar ko‘ryapsiz?

– Avvalo, otryad a’zolarini aniqlayapman.

– Yaxshi.

– Namozdan pul olgan, naf ko‘rgan kishilarga jarima solayapmiz, shunday qilib uni yakkalab qo‘ymoqchimiz.

– Chakki emas.

– Namozni berkitgan kishilarni qamoqqa olish haqida buyruq berdik.

– Juda soz.

– Din peshvolari nomidan «Namoz Pirimqul o‘g‘li dindan qaytgan», deb e’lon qildirdik.

– Xo‘sh, yana?

– Qozilar sudi Namozni otib o‘ldirishga hukm chiqarib berdilar.

– Azizim, bularning hammasi yaxshi, – deb qo‘ydi general janoblari, – lekin u bosqinchini otib o‘ldirish uchun avval qo‘lga tushirish kerak-ku! Chiroyli tadbirlar belgilayapmiz-u, ammo, natija chiqmayapti. Bilib qo‘ying, Turkiston general gubernatori Grodekov janobi oliylari qattiq tashvishdalar. Har kuni, har soatda axborot berib turishimni talab qilyaptilar.

Gesket janoblari kengashda ishtirok etayotganlarning barchasidan Namoz harakati xususidagi fikr-u mulohazalari, bu «yuqumli kasallik»ning oldini olmoq uchun qanday chorai tadbirlar belgilayotganlarini alohida-alohida so‘rab chiqdi. Rus ofitserlarida qattiqqo‘llik, tadbirkorlik yetishmayotganligi, shuning uchun ham bevosh avom qarshisida ojiz bo‘lib qolayotganligi haqda alam bilan, uzoq gapirdi. Namozni tutishga ishtirok etmayotgan, yordam berishni xohlamayotgan bo‘lis hokimlari, ellikboshi-yu mingboshilarni zudlik bilan ishdan olib tashlab, o‘rniga imperator oliy hazratlariga sadoqat bilan xizmat qilishga tayyor turgan kishilarni tayinlash kerakligi haqida uyezd hokimlariga ko‘rsatma berdi.

– Janob Gusakov, so‘z sizga! – dedi general so‘zlashdan charchadi shekilli, yumshoq o‘rindiqqa asta cho‘kib.

Politsmeyster Gusakov uning axborotini birinchi bo‘lib tinglamagani va kunora yetkazib turgan raportlarini loaqal gap orasida bo‘lsa ham eslatib o‘tmagani uchun izzat-nafsi olinib, Gesket janoblaridan xafa bo‘lib, «General bo‘lsang o‘zingga, vaysaqi xotinga o‘xshab hadeb javrayberasanmi», degan so‘zlarni fikridan o‘tkazib o‘tirgandi. Shoshmasdan o‘rnidan turdi:

– Janobi oliylari, umuman biz ham talay tadbirlar belgilab qo‘ydik.

– Masalan?

– Masalan, har bir qishloqda agentlarimiz bor. Ular bizni kerakli ma’lumotlar bilan ta’minlab turishibdi. To‘g‘ri, ma’lumotlar kechikib kelyapti, qishloqlar o‘rtasidagi aloqa yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Susanin janoblarining fikri to‘g‘ri. Qaroqchilar bag‘oyat uchqur otlarga minib olganlar. Ko‘pincha biz ularni quvib yetolmayapmiz. Buning ustiga avom xalqning ko‘pchiligi Namoz tarafida. Buni ham unutmasligimiz kerak. Aytishlaricha, u yo‘qsillarga pul bilan, oziq-ovqat bilan yordam berayotgan emish. Lekin, shunday bo‘lsa ham Namoz nomi bilan harakat qilayotgan ba’zi bir otryadlarga o‘z odamlarimizni kiritishga muvaffaq bo‘ldik…

– Mana bu tadbiringiz zo‘r bo‘libdi, janobi polkovnik! – xursand bo‘lib ketdi shekilli, general kaftlarini bir-biriga ishqab qo‘ydi, – yovning tashida bo‘lguncha, ichida bo‘l, degan gap bor. Garchi bu eski gap bo‘lsa ham, hech qachon eskirmaydigan hikmatdir. Buni unutmasligingizni so‘rayman, janoblar. Qo‘rg‘onni tashidan ololmasak, ichidan nuratishimiz kerak. Xo‘sh, yana, davom eting.

– Namozni tirik tutib kelgan yoki boshini kesib kelgan kishiga katta pul va’da qildik, – axborotini davom ettirdi politsmeyster janoblari.

– Bu endi eski gap. Lekin, menga qarang, polkovnik, siz shuncha pulni qayerdan olasiz? Bitta kallakesarni deb poshsholik xazinasidan shuncha pulni isrof qilishga qanday jur’at etdingiz?

– Janobi oliylari, ruxsatingiz bilan aytsam, bu mablag‘ xazinadan olinmaydi. Namozdan jabr ko‘rgan, undan qo‘rqib, yuragini hovuchlab yurgan puldorlar hokim-u mingboshilar Namozga qarshi ishlatingiz, deb juda katta mablag‘ jamg‘arib berdilar… biz mukofot pulini ana shu jamg‘armadan berurmiz.

– Ofarin, mana bu tadbiringiz hammasidan zo‘r bo‘libdi!—Gesket janoblari ohista qarsak chalib qo‘ydi, – lekin, janob polkovnik, menga ayting-chi, qaroqchi Namozning boshi siz aytgan yuz ming tangaga arzirmikan?

– Arziydi, – bir daqiqa to‘xtab, so‘ng miyig‘ida kulgancha davom etdi politsmeyster, – agar o‘zimizning boshimizni ehtiyot qilishni istasak, arziydi!

– Nima, Namoz bizga ham tahdid soladi deb o‘ylaysizmi? – miyig‘ida kulib, istehzoli bir ohangda so‘radi general gubernator.

– Namoz hozir Samarqandda!!!

– Nima?!

– Bugun kechasi Yoqubxon boyning uyini bosdi!

– Mening qandolatchimni-ya! – ikki kaftini stolning qirg‘og‘iga bosib sekin o‘rnidan tura boshladi keksa general, – Yoqubxon boyni-ya?

– Ha, o‘shani!

– Imperator oliy hazratlari nomidan buyuraman, – xuddi katta qo‘shinni hujumga olib kirayotgandek bir vajohat bilan dedi general, – qaroqchi Namoz otryadini bir haftaga qolmay tugatasiz! Bo‘lmasa, hammangizni ishdan olib tashlayman!

Внимание! Это не конец книги.

Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации