Электронная библиотека » Юрий Олеша » » онлайн чтение - страница 3

Текст книги "Уч бақалоқ"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 06:20


Автор книги: Юрий Олеша


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 3 (всего у книги 11 страниц) [доступный отрывок для чтения: 3 страниц]

Шрифт:
- 100% +

Agar uni shoir ko‘rsa, qanotlari oppoq oqqushga, kirchi xotin ko‘rsa, olamjahon sovun ko‘pigiga, sho‘x bola esa qorboboga o‘xshatgan bo‘lardi.

Tort tepasida sharlar g‘uj bo‘lib turardi. Bezaklar nihoyat darajada antiqa edi, lekin buning hammasi bir yo‘la juda qiziq manzara kasb etgandi.

– Ha, – deb qo‘ydi bosh qandolatpaz, xuddi o‘zi ijod etgan suratdan zavqlanayotgan rassomdek.

Keyin uning ovozi boyagidek yana darg‘azab yangradi:

– Sukatlarni olib kelinglar!

Har xil shakldagi alvon-alvon sukatlar paydo bo‘ldi: ular sal achchiqroq, vanilli, nordon, uchburchak, yulduz, gul shaklida edilar.

Oshpaz bolalar jonlarini jabborga berib ishlardilar. Bosh qandolatpaz uch marta chapak chalib ulgurmasidan, butun tort va krem uyumining hammayog‘i sukatlar bilan qoplanib bo‘ldi.

– Tayyor bo‘ldi, – dedi bosh qandolatpaz. – Endi uni pechga tiqib, sal-pal qizartirib olsak ayni muddao bo‘ladi.

«Pechga! – deya hayratga keldi sharfurush ichida. – Nima? Qanaqa pechga? Meni pechga tiqishmoqchimi?»

Lekin shu mahal bu yerga xizmatkorlardan biri yugurib kirdi.

– Tort! Tortni beringlar! – deb baqirdi u. – Darhol tortni olib chiqinglar! Mehmonlar shirinlikni kutib qolishdi.

– Tayyor! – deb javob qildi bosh qandolatpaz.

«Xudoga shukur-e», dedi ichida sharfurush. Shundan keyin, u ko‘zini xiyolgina suzib ochdi.

U botib o‘tirgan bahaybat tortni livreya77
  Livreya – burjua mamlakatlarida xizmatkorlar kiyadigan uqa taqilgan maxsus kiyim.


[Закрыть]
kiygan oltita xizmatkor ko‘tarib olib chiqa boshladi. Shar sotuvchi bu xonadan uzoqlasharkan, shogird bolalarning ustidan xaxolab kulisha boshlaganini eshitdi.

Keng zinadan uni yuqori qavatga ko‘tarib olib chiqishdi. Mehmonlar o‘tirgan zal uning ko‘ziga shu yerda namoyon bo‘ldi. Shar sotuvchi yana bir zumgina ko‘zlarini yumib oldi. Zal odamlar bilan gavjum edi, hammaning vaqti chog‘. G‘ovur-g‘uvur ovozlar, qahqaha, qarsakbozliklar eshitilardi. Ko‘rinishidan, tantanali nonushta juda yaxshi uyushtirilgan edi.

Sharfurushni, yoki aniqroq qilib aytganda, tortni zalga olib kirib, stol ustiga qo‘ydilar.

Shunda sharfurush ko‘zini ochdi.

Uning ko‘zi birinchi navbatda Uch Baqaloqqa tushdi.

Ular shunaqangi semiz edilarki, buni ko‘rgan sharfurushning og‘zi lang ochilib qoldi.

«Darhol og‘zimni yumib olishim kerak, – shu choq degan fikr uning miyasiga keldi, – hozirgi ahvolimda yaxshisi, o‘zimning tirik ekanligimni sezdirmaganim ma’qul».

Lekin – afsus, uning og‘zi hech yumilmadi. Bu hol ikki daqiqa davom etdi. Keyin sharfurushning ajablanishi biroz kamaydi va axiyri o‘zini zo‘rlab og‘zini yumib oldi. Lekin og‘zi yumilgan zahoti birdan ko‘zlari yalt etib ochilib ketdi. U zo‘r qiyinchilik bilan navbatma-navbat goh og‘zini, goh ko‘zini yumib, nihoyat o‘zining sinchkovligiga butkul chek qo‘ydi.

Baqaloqlar zalning to‘rida boshqalardan balandroq yerda o‘tirishardi.

Ular hammadan ko‘p ovqat yeyishardi. Bir mahal ulardan bittasi hatto sochiqni ham yamlab yeya boshladi.

– Siz sochiqni yeyapsiz…

– Nahotki?! Berilib ketibman…

U sochiqni tashlab, shu onning o‘zida Uchinchi Baqaloqning qulog‘ini chaynashga kirishdi. Nega desangiz, uning qulog‘i chuchvaraga judayam o‘xshab ketardi.

Hamma qotib-qotib kula boshladi.

– Hazilni qo‘yaylik, – dedi Ikkinchi Baqaloq, qo‘lidagi vilkani yuqori ko‘tarib. – Oldimizda jiddiy masala turibdi. Tort olib kelishdi.

– Ur-ra!

Hammaga jon kirdi.

«Bu yog‘i qandoq bo‘larkin? – degan savol qiynardi sharfurushni. – Nima bo‘larkin? Ular meni yeb yuborishadi!»

Shu payt soat ikkiga zang urdi.

– Yana bir soatdan keyin Sud maydonida qatl boshlanadi, – dedi Birinchi Baqaloq.

– Birinchi navbatda qurolsoz Prosperoni qatl qilishsa kerak, albatta? – deb so‘radi hurmatli mehmonlardan biri.

– Uni bugun qatl qilmaydilar, – deb javob qildi Davlat kansleri.

– Nega? Nega? Nima uchun?

– Biz hozircha uni o‘ldirmaymiz. Biz undan isyonchilarning rejalarini, eng asosiy fitnachilarning nomlarini bilib olmoqchimiz.

– Hozir qayerda u?

Bu yerga to‘plangan butun jamoani Prospero haqidagi gap qiziqtirib qo‘ygan edi, odamlar hatto tort kelganini ham unutib qo‘yishdi.

– U boyagi-boyagi temir qafasda o‘tiribdi. Qafas shu yerda, qasrda, valiahd Tuttining hayvonotxonasiga qo‘yilgan.

– Bu yoqqa chaqiring uni…

– Bu yoqqa olib chiqing uni! – deb qichqira boshlashdi mehmonlar.

– Darhaqiqat, – dedi Birinchi Baqaloq. – Mayli, mehmonlarimiz o‘sha vahshiy hayvonni o‘z ko‘zlari bilan yaqindan ko‘rsinlar. Hammalaringizni hayvonotxonaga taklif qilgan bo‘lar edim-u, lekin u yerda hayvonlarning bo‘kirishi, chiyillashlaridan quloqlaringiz kar bo‘ladi, undan keyin, u yer sassiq. Aytmoqchimanki, qadahlar jarangi-yu, shirin mevalar hididan ancha badbo‘yroq-da.

– Albatta! Albatta! Hayvonotxonaga tushmaganimiz ma’qul.

– Yaxshisi, Prosperoni shu yerga olib kelishsin. Biz tort yeb o‘tirib, o‘sha maxluqni tomosha qilamiz.

«Obbo, yana tort! – cho‘chib ketdi sharfurush. – Albatta, yeyish kerak ekanmi shu tortni… Mechkaylar!»

– Prosperoni bu yoqqa olib keling, – dedi Birinchi Baqaloq.

Davlat kansleri zaldan chiqdi. Ikki tomonda qator tizilishib turgan xizmatkorlar orqaga tisarilishib, unga ta’zim qilishdi. Natijada yo‘lak devorlari ikki hissa pasayib ketdi. Mechkaylar jim bo‘lib qolishdi.

– U judayam qo‘rqinchli, – dedi Ikkinchi Baqaloq. – U hammadan kuchli. U hatto sherdan ham kuchliroq. Uning nafratli ko‘zlari o‘t bo‘lib yonadi. Unga tikilib qarashga hech kimning yuragi dov bermaydi.

– Uning kallasi judayam vahimali, – dedi Davlat kengashining kotibi. – Naq xumday keladi. Ustun ravoqiga o‘xshaydi. Sochi mallarang, ko‘rgan odam uning boshi alanga olib yonyapti deb o‘ylashi mumkin.

Endi, qurolsoz Prospero haqida gap ochilganidan keyin mechkaylarning ko‘ngli bir xil bo‘lib ketdi. Ular ovqat yeyishdan to‘xtashdi, hazil-huzulga, shang‘illab gapirishga barham berishdi, qorinlarini ichiga tortib olishdi, ba’zilarining hatto rangi o‘chib ketdi. Ko‘pchilik mehmonlar endi Prosperoni ko‘rish istagini bildirganlaridan afsuslanayotgan edilar.

Uchala Baqaloq jiddiy tus oldi, hatto xiyolgina ozganday ham bo‘ldi.

Birdan hamma sukutga toldi. Hamma yoq suv quygandek jimjit bo‘lib qoldi. Baqaloqlarning har biri, go‘yo ikkinchisining orqasiga bekinmoqchi bo‘layotganday g‘imirlay boshladi.

Zalga qurolsoz Prosperoni olib kirdilar.

Oldinda Davlat kansleri kelardi. Mahbusning ikki yonida esa qilich yalang‘ochlab gvar diyachilar kirdi, ular zalga kirishganda ham qora kleyonkadan tikilgan shlyapalarini yechmadilar. Zanjir sharaqladi. Qurolsozning qo‘llariga kishan solingan edi. Uni stolga yaqin olib kelishdi. U Baqaloqlardan bir necha qadam narida to‘xtadi.

Qurolsoz Prospero boshini pastga egib turardi. Uning rangi o‘chgan edi. Uning peshonasida, chakkalarida va patila-patila bo‘lib ketgan malla sochlari ostida qon qotib qolgan edi.

Mana, u boshini ko‘tarib Baqaloqlarga tikilgan edi, shu yerga yaqin stollarda o‘tirgan hamma odamlarning hushi uchib ketdi.

– Nega olib keldingiz uni bu yerga? – deb chiyilladi mehmonlardan biri. Bu – mamlakatda eng badavlat tegirmonchi edi. – Men undan qo‘rqaman!

Shu gapni aytib turib, tegirmonchi hushidan ketib, oldida turgan kiselga tumshug‘i bilan tushdi. Ba’zi mehmonlar eshik tomonga qocha boshladilar. Endi tort hech kimning ko‘ngliga sig‘may qolgan edi.

– Mendan nima istaysizlar? – deb so‘radi qurolsoz.

Birinchi Baqaloq yurak yutib gap boshladi:

– Biz nusxangni bir ko‘rmoqchi bo‘luvdik, – dedi u. – O‘zing-chi, meni qo‘lga olganlar kim ekan, deb qiziqmadingmi?

– Sizlarga qarashdan jirkanaman.

– Hademay boshingni tanangdan judo qilamiz. Ana o‘shanda bizga qaramaydigan bo‘lasan – biz bunga kafilmiz.

– Men o‘limdan qo‘rqmayman. Mening boshim bitta. Lekin xalqning yuz minglab boshi bor. U boshlarni oyboltangiz bilan chopa olmaysiz.

– Bugun Sud maydonida qatl bo‘ladi. U yerda jallodlar sening do‘stlaringni gumdon qilishadi.

Mechkaylarning ko‘ngli biroz taskin topdi. Tegirmonchi hushiga keldi va hatto yuziga yopishgan kisel yuqini tili bilan yalab ham oldi.

– Ko‘zingizni yog‘ bosgan, – derdi Prospero. – Sizlar o‘z qorinlaringizdan boshqa qech nimani ko‘rmaysizlar…

– Gapini qarang-a! – dedi ranjigan ohangda Ikkinchi Baqaloq. – Xo‘sh, bizlar nimani ko‘rishimiz kerak ekan?

– Ministrlaringizdan so‘rang. Mamlakatda nimalar bo‘layotganini ular yaxshi bilishadi.

Davlat kansleri noaniq tomoq qirib qo‘ydi. Ministrlar o‘z likoplarini barmoqlari bilan do‘mbira qilib chala boshladilar.

– So‘rang ulardan, – deb gapida davom etdi Prospero, – ular aytib berishadi sizga…

U gapini tugatmay to‘xtadi. Hamma qulog‘ini ding qilib turardi.

– Ular sizga hammasini aytib beradilar: siz dehqonlarning ter to‘kib, og‘ir mashaqqat chekib uidirgan g‘allalarini tortib olgan edingiz, mana shu dehqonlar hozir katta yer egalariga qarshi isyon ko‘tarmoqdalar. Ular xo‘jayinlarining qo‘rg‘onlariga o‘t qo‘yadilar, ularni mulklaridan quvib chiqaryaptilar. Konchilar ko‘mir qazishdan bosh tortyaptilar, chunki qazib chiqarilgan ko‘mirni sizlar tortib olasiz. Ishchilar, sizlarning boyligingizni oshirish uchun ishlashdan voz kechib, mashinalarni sindiryaptilar. Matroslar sizlarning yuklaringizni dengizga uloqtiryaptilar. Askarlar sizlarga xizmat qilishdan bosh tortyaptilar. Olimlar, xizmatchilar, sudyalar, aktyorlar xalq tomoniga o‘tyaptilar. Ilgari sizning xizmatingizni qilib, xizmati evaziga faqat sariq chaqa olgan, lekin, ayni paytda, sizlarni semirtirgan, hamyoningizni qappaytirgan mana shu baxti qaro, sho‘rpeshona, och yalang‘och, ozib cho‘p bo‘lgan yetim-yesir, mayib-majruh, qashshoqlar – hammalari sizlarga qarshi, qorni katta, toshbag‘ir boylarga qarshi urush ochib bosh ko‘taryaptilar.

– Nazarimda, ancha ortiqcha gapirib yubordi bu jinoyatchi, – deb gapga aralashdi Davlat kansleri.

Lekin Prospero gapida davom etdi:

– Men xalqimizga sizlardan va sizlarning hokimiyatingizdan nafratlanishni o‘n besh yildan beri o‘rgatib kelaman. O, bizlar juda ko‘pdan buyon kuch yig‘ib kelamiz! Mana, endi sizlarning kuningiz bitdi…

– Bas! – chiyilladi Uchinchi Baqaloq.

– Uni tezroq qafasiga olib borib tiqish kerak, – dedi Ikkinchi Baqaloq.

Birinchi Baqaloq bo‘lsa:

– To biz gimnastikachi Tibulni qo‘lga olmagunimizcha, sen qafasda yota turasan. Biz ikkovingni birga qatl etamiz. Xalq senlarning jasadlaringni ko‘radi. Ana shunda uning biz bilan jang qilish ishtiyoqi uzoq vaqtgacha daf bo‘lib ketadi.

Prospero jim turardi. U yana boshini egib olgan edi.

Baqaloq gapida davom etdi:

– Sen kim bilan jang qilmoqchi bo‘layotganingni unutib qo‘yibsan. Biz, Uch Baqaloq kuchli va qudratlimiz. Hamma narsa bizning ixtiyorimizda. Men, Birinchi Baqaloq butun mamlakatimizda unadigan g‘allaning xo‘jayini bo‘laman. Ikkinchi Baqaloqqa butun ko‘mir konlari qaraydi, Uchinchi Baqaloq esa hamma temirlarni sotib olgan. Biz hammadan boyroqmiz. Mamlakatdagi eng badavlat odam ham bizdan yuz chandon kambag‘alroqdir. Biz o‘z oltinlarimizga xohlagan narsalarni sotib olishimiz mumkin.

Shundan keyin hamma mechkaylarning jazavasi tutib ketdi. Baqaloqning gaplari ularga dalda bo‘lgan edi.

– Qafasga tashlash kerak uni! Qafasga, – deb qichqira boshlashdi ular.

– Hayvonlar ichiga!

– Qafasga!

– G‘alamis!

– Qafasga tiqish kerak!

Prosperoni olib chiqib ketishdi.

– Endi tort yeymiz, – dedi Birinchi Baqaloq.

«O‘ldim!» – dedi ichida sharfurush.

Hamma ko‘zini unga tikdi. U ko‘zini yana yumib oldi. Mechkaylar vaqtichog‘lik qila boshlashdi.

– Ho‘-ho‘-ho‘!

– Ha-ha-ha! Qanday ajoyib tort-a! Tepasida sharlari ham bor!

– Sharlar judayam chiroyli.

– Anavi nusxaga qarang!

– Antiqa nusxa.

Hamma tort sari yurdi.

– Manavi tasqaraning ichi nima ekan? – deb so‘radi kimdir va sharfurushning peshonasiga og‘ritib bir chertdi.

– Ichi to‘la konfet bo‘lsa kerak.

– Yo shampan vinosidir…

– Juda qiziq! Juda qiziq!

– Kelinglar, oldin mana bu boshni uzamiz, ko‘raylik-chi, nima bo‘larkin…

– Voy!

Sharfurush og‘riqqa chiday olmay, aniq qilib: «Voy!» deb yubordi va ko‘zlarini katta ochdi.

Uning boshi ichida nima borligini bilishga qiziqqanlar cho‘chib ketib, orqaga tashlandilar. Xuddi shu payt rovondan bir bolaning baralla chinqirgani eshitildi:

– Qo‘g‘irchoq! Mening qo‘g‘irchog‘im!

Hamma o‘sha yoqqa o‘girilib, quloq sola boshladi. Hammadan ham Uchala Baqaloq bilan Davlat kansleri ko‘proq bezovta bo‘la boshlagan edi.

Chinqiriq yig‘iga aylandi. Rovonda bir bola negadir xun bo‘lib, ho‘ngrab yig‘lardi.

– Nima gap? – deb so‘radi Birinchi Baqaloq. – Axir bu yig‘layotgan valiahd Tutti-ku!

– Valiahd Tutti yig‘layapti! – deb bir ovozdan takrorlashdi Ikkinchi va Uchinchi Baqaloqlar.

Keyin uchovlarining ham ranglari o‘chib ketdi. Ular judayam qo‘rqib ketishgan edi.

Davlat kansleri, bir nechta Ministr va xizmatkorlar rovonga chiqadigan yo‘lak sari otildilar.

– Nima gap? Nima bo‘ldi? – deya pichirlasha boshlashdi zalda o‘tirganlar.

Bola moylangan tuflisini yaltillatib zalga yugurib kirdi. U Ministrlar va xizmatkorlarni turtib, o‘ziga yo‘l ochib, sochini silkitgancha baqaloqlar oldiga chopqillab bordi. U ho‘ng-ho‘ng yig‘lab bir nimalar derdi, ammo gapini hech kim tushunmasdi.

«Bu tirrancha hozir meni ko‘rib qoladi! – deb xavotirlana boshladi sharfurush. – Mening nafas olishimgayam, hatto, barmoqlarimni harakat qilishigayam xalaqit qilayotgan shu yaramas krem, albatta, bu bolaga yoqib qoladi hozir. Endi, bola yig‘lamasin deb, albatta, tovonimni qo‘shib bir bo‘lak tort kesib berishadi unga».

Lekin bola tortga hatto qayrilib ham qaramadi. Hatto sharfurushning dum-dumaloq boshi uzra turgan ajoyib sharlar ham bolaning diqqatini tortmadi.

U achchiq-achchiq yig‘lardi.

– Nima gap o‘zi? – deb so‘radi Birinchi Baqaloq.

– Nega valiahdimiz Tutti yig‘layapti? – deb so‘radi Ikkinchi Baqaloq.

Uchinchi Baqaloq esa tumshayib lunjlarini shishirdi.

Valiahd Tutti o‘n ikki yoshda edi. U Uch Baqaloqlar qasrida tarbiyalanardi. U xuddi kichkina shahzodadek yashardi. Baqaloqlar o‘zlari uchun voris o‘stirayotgan edilar. Ularning bolalari yo‘q edi. Uchta Baqaloqning butun mol-davlati hamda mamlakatni idora qilish keyinchalik shu valiahd Tuttining qo‘liga o‘tishi kerak edi.

Valiahd Tuttining ko‘z yoshlarini ko‘rgan Baqaloqlar shunday dahshatga tushdilarki, qurolsoz Prosperoning gaplari ham ularni bunchalik cho‘chitmagan edi.

Bola qo‘llarini musht qilib silkitar, yer depsinar edi. Uning g‘azabi va alamining cheki yo‘q edi.

Lekin hech kim buning sababini bilmasdi.

Bolaning tarbiyachilari zalga kirishdan hayiqishib, yo‘g‘on ustunlar orqasidan mo‘ralab turardilar. Egnilariga qora kiyim, boshlariga qora parik kiygan bu murabbiylar piligi tutab qorayib ketgan lampa shishaga o‘xshardilar.

Nihoyat bola biroz o‘zini bosib olib, bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi.

– Mening qo‘g‘irchog‘im, mening ajoyib qo‘g‘irchog‘im sinib qoldi!.. Qo‘g‘irchog‘imni buzib tashlashdi. Gvardiyachilar qo‘g‘irchog‘imni qilichlari bilan ilma-teshik qilib tashlashdi…

U yana ho‘ngrab yig‘lay boshladi. U kichkina mushtumchalari bilan qovoqlarini ishqalab, ko‘z yoshlarini yuziga surardi.

– Nima?! – deb baqirib yuborishdi Baqaloqlar.

– Nima?!

– Gvardiyachilar?

– Qilich bilan?

– Ilma-teshik qilib tashlashdi?

– Valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘ini-ya?

Shunda butun zal go‘yo baravar nafas olganday past ovoz bilan:

– Bunday bo‘lishi mumkin emas! – deb yubordi.

Davlat kansleri boshini changalladi. Boyagi eng badavlat tegirmonchi yana hushidan ketib qoldi, lekin shu zahotiyoq Birinchi Baqaloqning dahshatli hayqirig‘idan yana o‘ziga keldi:

– Bazm to‘xtatilsin! Hamma ishlar keyinga qoldirilsin! Kengash chaqirilsin! Hamma mansabdorlar! Hamma sudyalar! Hamma Ministrlar! Hamma jallodlar chaqirilsin! Bugungi qatl marosimi qoldirilsin! Saroyda hiyonat!

Alg‘ov-dalg‘ov boshlandi. Bir daqiqadan keyin saroy elchilari tushgan karetalar har yoqqa shamoldek uchib ketdi. Besh daqiqadan keyin esa har tomondan saroyga qarab sudyalar, maslahatchilar, jallodlar yetib kela boshladilar. Sud maydonida isyonkorlarning qatl qilinishini kutib turgan olomon uy-uyiga tarqalishga majbur bo‘ldi. Jarchilar taxta supaga chiqishib, xaloyiq oldida juda muhim hodisa sodir bo‘lganligi sababli qatl ertaga qoldirildi, deb jar soldilar.

Sharfurushni tort bilan birga zaldan olib chiqib ketishdi. Mechkaylarning kayflari uchib bir zumda hushyor tortdilar.

Hamma valiahd Tuttining atrofini o‘rab, uning gapini tinglay boshladi.

– Men bog‘da, maysa ustida o‘ynab o‘tirgan edim, qo‘g‘irchog‘im ham yonimda o‘tirgan edi. Biz ikkovimiz quyosh tutilishini xohlardik. Bu judayam qiziq bo‘larkan. Kecha kitobda o‘qigan edim. Quyosh tutilgan paytda, kuppa-kunduzi osmonda yulduzlar paydo bo‘larkan…

U ko‘z yoshlari og‘ziga oqib tushayotganidan gapirolmay qoldi. Shunda murabbiy bo‘lgan hamma voqeani batafsil gapirib berdi. Lekin murabbiy ham qiynalib-qiynalib gapirdi, chunki qo‘rqqanidan vujudi dag‘-dag‘ qaltirardi.

– Men valiahd Tutti bilan uning qo‘g‘irchog‘idan sal nariroqda o‘tirgan edim. Men burnimni oftobga toblab o‘tirardim. Nega desangiz, burnimga husnbuzar chiqqan edi, quyosh shu’lasi yordamida zora shu ordonadan qutulsam deb, oftobga tutib o‘tirardim. Shu payt birdan gvardiyachilar paydo bo‘lishdi. Ular o‘n ikki kishi edi. Bir nimalar haqida hayajonlanib gaplashishardi. Keyin ular bizning oldimizga kelib to‘xtashdi. Qiyofalari judayam qo‘rqinchli edi. Ulardan biri valiahd Tuttini ko‘rsatib bunday dedi: «Ana bo‘ri bolasi o‘tiribdi. Uchta so‘qim to‘ng‘iz bo‘ri bolasini o‘stiryapti». O! Bu gaplarning ma’nosini men o‘sha zahotiyoq tushungan edim.

Kim ekan o‘sha uchta so‘qim to‘ng‘iz? – deb so‘radi Birinchi Baqaloq.

Qolgan ikkitasi esa lavlagidek qizarib ketdi. Shundan keyin Birinchi Baqaloq ham qizarib ketdi. Uchalalari shunaqa zo‘r pishillashardiki, hatto ayvon tomondagi oynavand eshik ularning nafasidan ochilib-yopilib turardi.

– Ular valiahd Tuttini o‘rab olishdi, – deb gapida davom etdi tarbiyachi. – «Uchta to‘ng‘iz toshyurak bo‘ri bolasini tarbiyalashyapti, – deyishdi ular. – Valiahd Tutti, yuraging qay tomoningda? – deb so‘rashdi ular keyin, – uning yuragini sug‘urib olishgan. U beshafqat, toshbag‘ir, zolim bo‘lib, odamlarni yomon ko‘radigan bo‘lib o‘sishi kerak… Uch Baqaloqni to‘ng‘iz qo‘pgandan keyin yovuz bo‘ri ularning o‘rnini egallaydi».

– Nega siz bunday qabih gaplarga darhol barham bermadingiz? – deb dag‘dag‘a qildi Davlat kansleri tarbiyachining yelkasidan changallab silkitarkan. – Ular xalq tomoniga o‘tgan xoinlar ekanligiga nahot farosatingiz yetmagan bo‘lsa?

Tarbiyachining kapalagi uchib ketdi.

– Fahmlashga fahmladim, lekin ulardan qo‘rqdim, – deb g‘o‘ldiradi u. – Ular judayam darg‘azab edilar. Menda bo‘lsa hech qanday qurol yo‘q edi, husnbuzardan boshqa… Ular hujum qilishga shay bo‘lib, qilichlarining bandidan ushlab turardilar. «Qaranglar, – dedi shu choq gvardiyachilardan biri, – ana tasqara. Bu qo‘g‘irchoq. Bo‘ri bolasi qo‘g‘irchoq o‘ynayapti. Unga jonli bolalarni ko‘rsatishmaydi. Unga shu prujinali qo‘g‘irchoqni o‘rtoq qilib berishgan». Shu gapdan keyin ikkinchi gvardiyachi qichqirdi: «Men o‘g‘lim bilan xotinimni qishloqqa tashlab kelganman. O‘g‘ilcham cho‘zma cho‘zma rogatka otib, boylar bog‘idagi nokka tekkizibdi. U mulkdor, boy sha’niga dog‘ tushirding deb, bolamni xipchin bilan savalashni buyuribdi, bu ham yetmagandek, o‘sha boyning xizmatkorlari xotinimni maydon o‘rtasidagi ustunga bog‘lab sazoyi qilishibdi».

Gvardiyachilar baqirishib valiahd Tutti ustiga bostirib kela boshlashdi. Boyagi o‘z o‘g‘li haqida gapirgan gvardiyachi shamshirini sug‘urib olib, uni qo‘g‘irchoqning ko‘ksiga sanchdi. Boshqalar ham shunday qilishdi…

Gap shu yerga kelganda valiahd Tutti yana yum-yum yig‘lay boshladi.

– …«Mana senga, bo‘ri bolasi! – deyishdi ular. – O‘sha bo‘rdoqi to‘ng‘izlaringning ham dodini beramiz hali».

– Qani o‘sha xoinlar? – deb baqirishdi Baqaloqlar.

– Ular qo‘g‘irchoqni tashlab bog‘ning ichkarisiga ot choptirib ketishdi. Ular: «Yashasin qurolsoz Prospero! Yashasin gimnastikachi Tibul! Yo‘qolsin Uch Baqaloq!» – deb qichqirishdi.

– Nega soqchilar ularga qarata o‘t ochishmadi? – deb g‘azablanardi zaldagi odamlar.

Shunda tarbiyachi juda dahshatli bir voqeani bayon qildi.

– Soqchilar ular orqasidan shlyapa silkib qolishdi. Men to‘siq orqasidan turib soqchilarning gvardiyachilar bilan qanday iliq xayrlashganini ko‘rdim. Ular gvardiyachilarga qarata: «O‘rtoqlar! Xalq orasiga borib aytinglar, yaqinda butun qo‘shin xalq tomoniga o‘tadi…» – deb aytishdi.

Bog‘da mana shunday voqea yuz bergan edi.

Vahima boshlandi. Saroy gvardiyasining eng ishonchli qismlari qasr ichiga, bog‘ darvozalari oldiga, ko‘priklarga hamda shahar darvozasiga boradigan yo‘llardagi postlarga qo‘yildi.

Davlat kengashi majlisga to‘plandi. Mehmonlar jo‘nab ketishdi. Uchala Baqaloq saroy bosh tabibining tarozisida o‘zlarini tortib ko‘rdilar. Ma’lum bo‘lishicha, ular shuncha hayajonlanganlariga qaramay zig‘ircha ham ozmabdilar. Shundan keyin bosh tabibni qamab qo‘yishni va unga non bilan suvdan boshqa hech nima bermaslikni buyurishdi.

Valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘ini bog‘ga chiqishib, maysa ustidan topib kelishdi. Qo‘g‘irchoq quyosh tutilishini ko‘rolmay xazon bo‘lgan edi. U hech tuzatib bo‘lmaydigan darajada dabdala qilib tashlangan edi.

Valiahd Tutti hanuz ovuna olmas edi. U singan qo‘g‘irchoqni quchoqlab ho‘ng-ho‘ng yig‘lardi. Qo‘g‘irchoq qiz bola qiyofasida edi. Uning bo‘yi ham Tuttining bo‘yi bilan bab-baravar edi – bu zo‘r mahorat bilan yasalgan qimmatbaho qo‘g‘irchoq tashqi ko‘rinishidan jajjigina jonli qizchadan sirayam farq qilmasdi.

Endi bo‘lsa, qo‘g‘irchoqning ko‘ylagi dabdala bo‘lib yirtilgan, ko‘ksida qilichlarning o‘rni qorayib turardi.

Bundan bir soatgina burun bu qo‘g‘irchoq, o‘tirishni, turishni, jilmayishni, raqs tushishni bilardi. Endi bo‘lsa, u oddiy bir tasqaraga, uvadaga aylanib qolgan edi. Uning tomog‘i oldida va ko‘kragida pushti rang shohi ko‘ylagi tagidan singan prujinaning xirillagani eshitilardi, odatda ko‘hna soat zang chalishi oldidan shunaqa xirillaydi.

– Qo‘g‘irchog‘im o‘lib qoldi, – deb zorlanardi valiahd Tutti. – Sho‘rim qursin! U o‘ldi!

– Yo‘q, kichkina Tutti bo‘ri bolasi emas edi.

– Bu qo‘g‘irchoqni tuzatish kerak bo‘ladi, – dedi Davlat kansleri Davlat kengashi majlisida. – Valiahd Tutti qattiq qayg‘urmoqda. Qanday qilib bo‘lmasin, qo‘g‘irchoqni tuzatmoq lozim.

– Boshqasini sotib olish kerak, – deb taklif kiritishdi Ministrlar.

– Valiahd Tutti boshqa qo‘g‘irchoqni xohlamaydi. U faqat mana shu qo‘g‘irchoqning qayta tirilishini xohlaydi.

– Axir kim uni tuzata olardi deysiz?

– Tuzatadigan odamni men bilaman, – dedi xalq maorifi Ministri.

– Kim?

– Biz, janoblar, shahrimizda doktor Gaspar Arneri yashashini unutibmiz. Shu odamning qo‘lidan kelmagan ish yo‘q. Valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘ini shu odam tuzatib beradi.

– Hamma baravariga suyunib ketdi:

– Qoyil! Balli!

Shu payt Davlat kengashining hamma a’zolari doktor Gasparni eslab bir ovozdan qo‘shiq ayta boshlashdi:

 
Yulduzlarga qanday uchmoqni,
Shum tulkini qay xil tutmoqni,
Toshni qanday eritmoqni ham
Bular bizning doktor Gaspar, ha!
 

Shu onning o‘zidayoq doktor Gaspar nomiga buyruq hozirlandi.

«Janob doktor Gaspar Arneriga.

Uch Baqaloq hukumatining Davlat kengashi ushbu buyruq bilan birga valiahd Tuttining buzilgan qo‘g‘irchog‘ini yuborarkan, Sizga uni ertagacha tuzatib berishni buyuradi. Qo‘g‘irchoq yana avvalgidek sog‘lom va tirik qiyofaga kirmog‘i lozim, shunday bo‘lgan taqdirda Sizga o‘zingiz istagan mukofot in’om etilgay, bordi-yu, buyrug‘imiz bajarilmasa, Siz og‘ir jazoga tortilajaksiz,

Davlat kengashi raisi
Davlat kansleri…»

Buyruqning shu yeriga kansler imzo chekdi. Darhol kattakon davlat muhrini bosishdi. Muhr doira shaklida bo‘lib, uning o‘rtasiga liq to‘la qopning tasviri tushirilgan edi.

Saroy gvardiyasi kapitani graf Bonaventura ikki nafar gvardiyachi kuzatuvida, doktor Gaspar Arnerini topib, unga Davlat kengashining farmonini topshirish uchun shaharga yo‘l oldi.

Ular ot minib olishgan, orqalaridan esa kareta ergashib borardi. Karetada saroy amaldori o‘tirardi. U qo‘g‘irchoqni tizzasiga o‘tqazib olgan. Qo‘g‘irchoq kokillari kalta qilib qirqilgan chiroyli boshini amaldorning yelkasiga g‘amgin qo‘ygan edi.

Valiahd Tutti yig‘lashdan to‘xtadi. Chunki u qayta tirilgan, sog‘lom qo‘g‘irchoqni ertaga olib kelishlariga ishongan edi.

Bugungi kun Qasrda shunday hayajonli o‘tdi.

Endi gapni osmonga uchgan sharfurush amakidan eshitaylik, xo‘sh, uning sarguzashti nima bilan tugadi ekan?

Uni zaldan olib chiqib ketishganidan xabarimiz bor.

U o‘zini yana shiravorxonada ko‘rdi.

Xuddi mana shu payt falokat yuz berdi.

Tortni ko‘tarib borayotgan xizmatkorlardan biri yerda yotgan apelsin po‘chog‘ini bosib toyib ketdi.

– Ehtiyot bo‘l! – deb qichqirishdi xizmatkorlar.

– Voy-dod! – deb baqirib yubordi sharfurush o‘tirgan taxtining chayqalayotganini sezib.

Lekin xizmatkor o‘zini ushlab qololmadi. U kafel yotqizilgan polga gurs etib yiqildi-da, uzun oyoqlarini osmonga ko‘tarib uv tortib yig‘lay boshladi.

– Ur-ra! – deb baqirishdi xursand bo‘lgan shogird bolalar.

Xizmatkor ketidan sharfurush amaki ham laganpagani bilan birga qulab tushdi. U yiqilarkan, ma’yus ohangda:

– Shaytonlar! – deb so‘kindi. To‘rt solingan katta lagan chil-chil bo‘ldi. Krem xuddi qor bo‘roniga o‘xshab hamma tomonga sochilib ketdi. Xizmatkor o‘rnidan tura solib shataloq otib qochib qoldi.

Shogird bolalar dik-dik sakrashar, o‘yinga tushishar, qiyqirishardi.

Sharfurush amaki chinni parchalari orasida malina sharbati ko‘lmagiga botib dabdalasi chiqqan tortdagi eriy boshlagan asl frantsuz kremi ko‘pigiga bo‘yalib yerda o‘tirardi.

Shar sotuvchi hozir shiravorxonada boyagi uchta bosh qandolatpazning yo‘qligini, bu yerda faqat shogird bolalar borligini ko‘rib, biroz ko‘ngli taskin topdi.

«Oshpaz bolalar bilan til biriktiraman, ular mening bu yerdan qochishimga yordam berishadi, – degan qarorga keldi u, – sharlarim meni bu dargohdan xalos etadilar».

U sharlar bog‘langan arqonni hamon mahkam ushlab o‘tirardi.

Shogird bolalar uni gir aylanib o‘rab olishdi. Sharlar ulkan boylik ekanligi, hech bo‘lmasa bir dona sharga ega bo‘lish eng shirin orzu va baxt ekanligini sharfurush ularning ko‘zidan ko‘rib turardi.

Shuning uchun u bunday deb gap ochdi:

– Sarguzashtlar judayam jonimga tegib ketdi. Men kichkina bola ham, qahramon ham emasman. Men osmonda uchishni yomon ko‘raman. Yana Uch Baqaloqdan qo‘rqaman. Undan keyin men bayram tortlariga bezak bo‘lishga ham yaramayman. Bu qasrdan tezroq qoramni o‘chirishim lozim.

Shogird bolalar kulishdan to‘xtashdi. Sharlar esa amakining boshi uzra chayqalib, aylanib turardi. Mana shu harakatdan quyosh shu’lasi sharlar sirtida goh zangori, goh sariq, goh qizil alanga bo‘lib tovlanardi. Bular juda ajoyib sharlar edi.

– Qochishimga ko‘maklasha olasizlarmi? – deb so‘radi sharfurush, ipni tortib-tortib qo‘yarkan.

– Ko‘maklashamiz, – dedi past ovoz bilan shogird bolalardan biri. Keyin shunday deb qo‘shib qo‘ydi: – Agar bizga sharlaringizni bersangiz.

Sharfurush niyatiga erishgan edi.

– Yaxshi, – dedi u xotirjam ohangda, – roziman. Sharlar juda qimmat turadi. Bu sharlar o‘zimga ham zarur-u, lekin mayli, kelishdik. Sizlar menga yoqib qoldinglar. Sizlarning chehralaringiz quvnoq, yuzingiz yoruq, ovozlaringiz jarangli ekan.

«Jin ursin hammalaringni!» – deb ichida qo‘shib qo‘ydi.

– Bosh shirapaz hozir omborda, – dedi shogird bola. – U kechlik choyga pechene tayyorlash uchun mol tortib olyapti. U qaytib kelguncha sizni bu yerdan chiqarib yuborishimiz kerak.

– Juda to‘g‘ri, – deb qo‘shildi sharfurush, – paysalga solishning nima keragi bor?

– Hozir. Men bir sirni bilaman.

Shogird bola shu gapni aytib bo‘lib, kafel qoplangan o‘choqqa o‘rnatilgan kattakon mis kastryul tepasiga bordi-da, uning qopqog‘ini ko‘tardi.

– Bering sharlaringizni, – deb talab qildi u.

– Jinni bo‘psan! – dedi achchig‘i chiqqan sharfurush. – Kastryulingni boshimga uramanmi? Men bu yerdan qochmoqchiman. Nima, kastryulga tushishim kerakmi?

– Ha-da.

– Kastryulga-ya?

– Kastryulga.

– Keyin nima bo‘ladi?

– O‘shanda ko‘rasiz. Tushing tezroq kostryulga. Bu yerdan qochish uchun eng qulay yo‘l shu.

Kastryul shunaqayam katta ediki, unga ozg‘in sharfurush u yoqda tursin, hatto Uch Baqaloqning eng semizi ham bemalol sig‘ardi.

– Agar, vaqt g‘animat desangiz tezroq tushing.

Shar sotuvchi kastryul ichiga mo‘raladi. Qarasa, uning tagi yo‘q ekan. Ichi xuddi quduqqa o‘xshagan qop-qorong‘i edi.

– Yaxshi, – deb xo‘rsinib qo‘ydi sharfurush. – Kastryul bo‘lsa kastryul-da. Harqalay, sharlar bilan osmonda uchishday, yo kremga cho‘milishdan yomonroq bo‘lmas. Xo‘p, bo‘lmasa, xayr, kichkina muttahamlar. Ozodlikka chiqqanim uchun haqingizni oling.

U tugunni yechib, sharlarini oshpaz bolalarga ulashdi. Sharlar hammaga yetdi: rosa yigirmata sharning hammasini bolalarga bittadan ipi bilan uzib berdi.

Keyin u beso‘naqay harakat qilib, oyog‘i bilan kastryul ichiga tushdi. Oshpaz bola kastryulning qopqog‘ini yopdi.

– Sharlar! Shar! Shar! – xursand bo‘lib qichqirishdi oshpaz bolalar.

Ular pastga tushishib, qandolatxona derazasi tagidagi bog‘ga, ko‘m-ko‘k maysazorga chiqdilar.

Bu yerda ochiq havoda shar o‘ynash rosa zavqli edi.

Shu mahal shiravorxonaning uchta derazasidan uchta shirapazning boshi ko‘rindi.

– Bu nima? – deb baqirdi ularning har biri. – Bu qanaqasi? Bu qanday tartibsizlik! Qani, ichkariga kiringlar!

Shogird bolalar bu dag‘dag‘adan qo‘rqib ketishganidan qo‘llaridagi sharlarning ipini qo‘yib yuborishdi.

Baxtiyor damlar tugagan edi.

Yigirmata shar beg‘ubor moviy osmonga qarab tez ko‘tarila boshladi. Oshpaz bolalar bo‘lsa, pastda, xushbo‘y no‘xat tuplari orasida, o‘tloqda og‘izlarini ochgancha, oq qalpoqli boshlarini osmonga ko‘targancha turardilar.

Внимание! Это не конец книги.

Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации