Электронная библиотека » Ганс Христиан Андерсен » » онлайн чтение - страница 2


  • Текст добавлен: 28 апреля 2024, 05:00


Автор книги: Ганс Христиан Андерсен


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 2 (всего у книги 3 страниц)

Шрифт:
- 100% +
TO‘RTINCHI VOQEA
Shahzoda va malika

Gerdaning yana bir bor nafas rostlash uchun o‘tirishiga to‘g‘ri kelibdi. Uning shundoq qarshisida qor uzra kattakon bir qarg‘a hakkalab yurar ekan. U boshini tebratganicha qizchaga uzoq qarab turibdi va nihoyat tilga kiribdi:

– Qar-qar! Dur-rustmisan!

U insonlarcha tiniq gapira olmasa-da, biroq qizchaga yaxshilik qilishni istayotgan ekan, shuning uchun ham undan bu yorug‘ dunyoda nima sababdan yakka-yu yolg‘iz sarson-sargardon bo‘lib yurganligini so‘rabdi. “Yakka-yu yolg‘iz” degani nima ekanligini Gerda juda yaxshi bilar, lekin bu o‘zining boshiga tushmagan ekan. Qizcha qarg‘aga o‘zining butun hayotini gapirib beribdi va undan Kayni ko‘rgan-ko‘rmaganligini so‘rabdi.

Qarg‘a boshini o‘ychan likillatib turibdi va:

– Mumkin! Ko‘rgan bo‘lishim mumkin! – debdi.

– Nahotki! Rostdanmi? – deya qichqirib yuboribdi qizcha va qarg‘ani shunaqangi qattiq o‘pibdiki, uning dami qaytib o‘lishiga bir bahya qolibdi.

– Sekinr-roq, sekinr-roq! – debdi qarg‘a. – O‘ylashimcha, o‘sha bola sening Kaying edi. Lekin endilikda, menimcha, o‘z malikasi bilan bo‘lib ketib, seni unutib yuborgan!

– Nahotki u malikanikida yashasa? – deb so‘rabdi Gerda.

– Endi quloq sol, – debdi qarg‘a. – Faqat sizlarning tilingizda so‘zlash men uchun juda qiyin. Bordi-yu sen qarg‘alar tilini tushunganingda edi, men senga hammasini boplab gapirib bergan bo‘lardim.

– Yo‘q, menga buni o‘rgatishmagan, – debdi Gerda. – Attang!

– Hechqisi yo‘q, – debdi qarg‘a. – Yomon bo‘lsa ham, qo‘limdan kelganicha gapirib beraman.

Va u bilganlarining hammasini so‘zlab beribdi.

– Sen bilan biz turgan mana shu qirollikda shunday aqlli bir malika borki, ta’rifiga til ojiz! U dunyodagi barcha gazetalarni o‘qib chiqdi va o‘qiganlarining hammasini esdan chiqarib yubordi – ko‘rdingmi u naqadar aqlli! Kunlarning birida u taxtga o‘tirib olib – odamlar aytganidek, taxtning holvasidan g‘alvasi ko‘p – qo‘shiq ayta boshladi: “Erga chiqsam bo‘lmasmikan-a!” “Rostdanam-a!” – deya o‘yladi u va erga tegishni istab qoldi. Biroq u shundoq kuyov tanlamoqchi bo‘ldiki, u bilan gaplashganingda javob bera olsin, boshqalarga o‘xshab gerdayib turmasin – bu juda zerikarli-da, axir. Shunday qilib, nog‘ora chalganlaricha saroydagi barcha xonimlarni yig‘ib, ularga malikaning xohishini ma’lum qilishibdi. Ular shu qadar sevinib ketishibdiki, asti qo‘yaverasiz! “Mana bu bizning ko‘nglimizdan bo‘ldi! – deyishibdi ular. – O‘zimiz ham yaqinda shu haqda o‘ylab qo‘ygan edik!” – Bu gaplarimning hamma-hammasi rost! – deya qo‘shib qo‘yibdi qarg‘a. – Saroyda mening qaylig‘im – xonaki qarg‘a yashaydi, bularning hammasini men ana o‘shandan bilib olaman.

Ertasi kuni barcha gazetalarda yurak shakli ichida malika ismi sharifining bosh harflari bosilib chiqdi. Ularda shunday e’lon bosildiki, qiyofasi yoqimtoy har qanday yigit saroyga kelib malika bilan suhbatlashishi mumkin: agar ulardan qay biri o‘zini xuddi o‘z uyidagidek erkin tuta olsa va hammadan chechan bo‘lsa, malika o‘shani qayliq qilib tanlaydi. Ha, ha! – deya takrorlabdi qarg‘a. – Bularning hammasi xuddi mening mana shu yerda sening qarshingda turganimdek rost gaplar! Xaloyiq saroyga yopirilib kela boshladi, urho-ur, surho-sur bo‘lib ketdi, biroq birinchi kuni ham, ikkinchi kuni ham hech qanday natija chiqmadi. Ko‘chada barcha kuyovlar tuppa-tuzuk gapiradilar, biroq saroy ostonasini hatlab ichkari yurishlari, kumushrang libosli soqchilarni va zar libosli xizmatkorlarni ko‘rishlari, kattakon charog‘on zallarga kirishlari bilanoq dovdirab qoladilar. Malika o‘tirgan taxt yoniga borishlari bilanoq u aytgan gaplarni takrorlay boshlaydilar, malikaga esa buning hech keragi yo‘q. Go‘yo hammasiga ko‘z tekkanday, afyun berib afsunlanganday! Darvozadan qaytib chiqishlari bilanoq yana so‘zamol bo‘lib qoladilar. Kuyovlar saroy darvozasidan eshigigacha uzundan-uzoq navbatda turishadi. O‘zim o‘sha yerda bo‘lib, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.

– Xo‘sh, Kay-chi, Kay? – deb so‘rabdi Gerda. – U qachon keldi? U ham malikaga unashmoqchi bo‘ldimi?

– Shoshma! Shoshma! Mana endi biz ungayam yetib keldik! Uchinchi kuni kichkina bir yigit paydo bo‘ldi, karetasi yo‘q, oti yo‘q, shunchaki piyoda kelganicha to‘g‘ri saroyga yo‘l oldi. Ko‘zlari xuddi senikidek charaqlaydi, sochlari uzun, faqat usti juda yupun.

– Bu o‘sha Kay! – shodlanib ketibdi Gerda. – Men uni topdim! – deya chapak chalib yuboribdi.

– Yelkasida yo‘lxaltasi bor edi, – davom etibdi qarg‘a.

– Yo‘q, bu uning chanasi, – debdi Gerda. – U uydan chana bilan chiqib ketgan edi.

– Judayam mumkin! – debdi qarg‘a. – Men tuzukroq razm solganim yo‘q. Xullas, qaylig‘im ning aytishiga ko‘ra, u saroy darvozasidan kirib, kumushrang libosli soqchilarni, zinapoyalar bo‘ylab saf tortgan zar libosli xizmatkorlarni ko‘rganida tariqcha ham hayron bo‘lmabdi, boshini likillatganicha: “Bu zinapoyalarda turish ancha zerikarli bo‘lsa kerak, yaxshisi, men ichkariga kira qolay”, – debdi. Zallar esa charaqlab yotar ekan. Xufiya maslahatchilar va boshqa saroy a’yonlari etiksiz yurgan holda tilla idishlarni u yoqdan bu yoqqa tashir ekanlarki, bunaqangi tantana bo‘lgan emas!

Yigitning etigi dahshatli g‘archillar, u esa bunga parvo ham qilmas ekan.

– Bu Kay bo‘lishi kerak! – xitob qilibdi Gerda. – Men bilaman, u yangi etikda edi. Buvisi tomon yurganida etigi qanday g‘archillaganini o‘zim eshitganman.

– Shunaqa, etiklari poyma-poy g‘archillardi, – davom etibdi qarg‘a. – Lekin u malika oldiga dadil yurib bordi. Malika urchuq charxiday keladigan marvarid ustida o‘tirar, atrofini saroy xonimlari, ularning xizmatkorlari, yana xizmatkorlarning xizmatkorlari va yigitlar, yigitlarning xizmatkorlari, bu xizmatkorlarning ham xizmatkorlari qurshab olishgan, bu xizmatkorlarning esa yana xizmatkorlari bor ekan. Eshikka yaqin turgan sari ularning burni ko‘tarilib borar ekan. Xizmatkorning xo‘jayini, bu xo‘jayinning xo‘jayini va nihoyat, shundoq eshik oldida turgan xo‘jayin – u shu qadar nufuzli amaldor ekanki, ko‘z qiri tushgan kishini titroq bosar ekan!

– Buncha qo‘rqinchli! – debdi Gerda. – Xo‘sh, shunday qilib, Kay malikaga uylandimi?

– Agar qarg‘a bo‘lmaganimda, garchi unashtirilgan bo‘lsam ham, unga o‘zim uylanib olardim. U yigit malika bilan suhbatlasha ketdi, men qarg‘a tilida xuddi qanday biyron gapirsam, u ham bundan yomon gapirmasdi, harholda, xonaki qaylig‘im menga shunaqa dedi. U o‘zini juda erkin, xushfe’l tutdi, men unashgani emas, faqat malikaning dono gaplarini eshitgani kelganman, dedi. Xullasi kalom, malika yigitga yoqib qoldi, yigit esa malikaga.

– Ha-ha, bu o‘sha, Kay! – debdi Gerda. – U xuddi shunday aqlli bola! U arifmetikadan to‘rt amalni, hatto kasriy sonlarni ham biladi! Oh, meni saroyga boshlab boraqol!

– Aytishga oson! – debdi qarg‘a, – bajarish qiyin. Shoshma, men qaylig‘im bilan gaplashib ko‘raychi, u biron chorasini topib, bizga maslahat berar. O‘ylaysanki, seni he yo‘q-be yo‘q to‘ppa-to‘g‘ri saroyga kiritaverishadimi? Sendaqangi qizchalarga ko‘zlari uchib turgani yo‘q!

– Meni qo‘yishadi! – debdi Gerda. – Kay mening kelganligimni eshitsa, darhol oldimga yugurib chiqadi.

– Meni mana shu panjara yonida kutib tur, – deya bosh silkitibdi qarg‘a va uchib ketibdi.

U kech tushganda qaytib kelibdi-yu qag‘illab qolibdi:

– Qar-qar! Mening qaylig‘im senga ko‘pdanko‘p salom aytib, manavi non bo‘lagini berib yubordi. Buni u oshxonadan ilib chiqibdi, u yerda non juda ko‘p, harholda, sen ochiqib qolgandirsan… Xo‘sh, sen saroyga kirolmaysan: oyoqyalangsan-ku, axir, kumushrang libosli soqchilar bilan zar libosli xizmatkorlar seni sirayam kiritishmaydi. Lekin yig‘lama, baribir kirasan. Qaylig‘im malikaning yotog‘iga boradigan yashirin yo‘lni ham, kalit bekitib qo‘yilgan joyni ham biladi.

Shu tariqa ular bog‘ga kirib borib, kuzgi yaproqlar birin-sirin to‘kilib yotgan uzun xiyobondan yurib ketishibdi, saroy chiroqlari o‘chgandan so‘ng qarg‘a qizchani qiya ochiq eshikka boshlab kelibdi.

Qo‘rquv va intiqlikdan Gerdaning yurakkinasi shunaqangi qattiq dukillab ketibdiki! Go‘yo bema’ni bir ish qilib qo‘ygandek ekan, aslida esa u faqat o‘z Kayi shu yerdami yoki yo‘qligini bilmoqchi ekan, xolos. Ha, ha, u albatta shu yerda! Uning aqlli nigohlari, uzun sochlari, bir paytlar ular birgalikda gul butalari ostida o‘tirganlarida bolakayning o‘ziga jilmayib qo‘ygani Gerdaning ko‘z o‘ngida jonlanib ketibdi. Endilikda, hozir u Gerdani ko‘rsa, uning uchun Gerda nechog‘li olis yo‘l bosib kelganini eshitsa, uydagilar uning uchun qanchalik kuyinganliklarini bilsa, naqadar suyunib ketadi. Gerda qo‘rquv va shodlikdan o‘zini yo‘qotib qo‘yibdi.

Mana, ular zinapoya maydonchasiga yetib borishibdi. Javonda chiroq yonar, pastda esa xonaki qarg‘a har tomonga alanglab turar ekan. Gerda o‘tirib, xuddi buvisi o‘rgatgandek ta’zim qilibdi.

– Qallig‘im menga siz haqingizda ancha yaxshi gaplarni gapirib berdi, oyimqiz! – debdi xonaki qarg‘a. – Hayotingiz judayam ta’sirli ekan! Malol kelmasa, chiroqni ko‘tarib olsangiz, men esa oldinda boraman. To‘g‘ri yo‘l bo‘ylab yuramiz, bu yerda hech kimga duch kelmaymiz.

– Menimcha, bizning ortimizdan kimdir kelayotir, – debdi Gerda, xuddi shu payt uning yonginasidan allaqanday sharpalar: oyoqlari ingichka, yollari yellanib yotgan otlar, ot mingan ovchilar, xonimlar va janoblar o‘tib ketibdi.

– Bular – tushlar! – debdi xonaki qarg‘a. – Ular yuksak zotlarning xayollarini ovga olib ketish uchun kelishadi. Bizga shunisi yaxshi, uxlab yotganlarni tomosha qilish qulayroq bo‘ladi.

Ular devorlari pushtirang atlas bilan qoplangan, ustidan gullar solingan birinchi zalga kirishibdi. Qizchaning yonidan yana tushlar o‘tib qolibdi, biroq ular shunchalik jadal o‘tib ketibdiki, u hatto otliqlarni ko‘rishga ulgurolmay qolibdi. Bir zal ikkinchisidan go‘zalroq, shuning uchun bu yerda anqayib qolib ketish hech gap emas ekan. Nihoyat, ular yotoqxonaga ham yetib borishibdi. Uning shifti qimmatbaho billur barglari osilib turgan ulkan palma daraxtini eslatar ekan; uning o‘rtasidan yo‘g‘on tilla shox osilib tushgan bo‘lib, unga nilufar shaklidagi ikkita karavot osilgan ekan. Ulardan biri oppoq bo‘lib, unda malika uxlab yotar ekan, ikkinchisi qizil bo‘lib, Gerdaning umidi undan Kayni topish ekan. Qizcha qizil gulbarglarni sal surib qaragan ekan, to‘q sarg‘ish sochli ensaga ko‘zi tushibdi. Kay-ku bu! Qizcha uning nomini baralla aytib yuboribdi va chiroqni uning yuziga tutibdi. Qushlar shovqin solib chekinishibdi; shahzoda uyg‘onib, sekin o‘girilibdi… E-voh, bu Kay emas ekan! Shahzodaning faqat ensasi Kaynikiga o‘xshar, biroq bu ham yosh va ko‘rkam ekan. Oq nilufardan malika boshini chiqarib, qanday hodisa ro‘y berganligini so‘rabdi. Gerda yig‘laganicha boshidan o‘tgan barcha voqealarni gapirib beribdi, qarg‘alar unga qanday xizmat qilganliklarini ham qistirib o‘tibdi.

– Voy sho‘rlikkina! – deyishibdi shahzoda va malika, so‘ng qarg‘alarni maqtab, ularning qilmishlari uchun aslo xafa emasliklarini, faqat endi bundan keyin zinhor bunaqangi ishni takrorlamasliklari lozimligini aytishibdi, hatto ularni mukofotlamoqchi ham bo‘lishibdi.

– Ozod qush bo‘lishni istaysizlarmi? – deb so‘rabdi malika. – Yoki oshxona qoldiqlari bilan to‘liq ta’minlanadigan saroy qarg‘asi lavozimini xohlaysizlarmi?

Qarg‘a bilan qarg‘a ta’zim bajo keltirishib, saroy lavozimini so‘rashibdi. Ular keksalik haqida o‘ylab:

– Qartayib qolganingda bir burda noning naqd bo‘lsa yaxshi-da! – deyishibdi.

Shahzoda o‘rnidan turib, o‘z to‘shagini Gerdaga bo‘shatib beribdi – hozircha u qizcha uchun bundan boshqasini qila olmas ekan-da! Qizcha esa qo‘l qovushtirib yotar ekan: “Barcha odamlar va jonzotlar naqadar mehribon”, – degan o‘y xayolidan o‘tibdi va ko‘zlarini yumib, shirin uyquga ketibdi. Qushlar esa yana yotoqxonaga uchib kelishibdi, bu gal ular kichik chanaga o‘tirib olgan Kayni olib kelishibdi, u qizchaga bosh silkib qo‘yibdi. Afsuski, bularning hammasi tush ekan va qizcha uyg‘onishi bilanoq yana barchasi g‘oyib bo‘libdi.

Ertasi kuni qizchaga boshdan oyoq ipag-u kimxob liboslar kiygizishibdi va saroyda qancha xohlasa, shuncha turaverishi mumkinligini aytishibdi.

Qizcha bu yerda uzoq yashab qolishi mumkin ekan, biroq bir necha kun mehmon bo‘lgach, ot qo‘shilgan arava va bir juft boshmoq berishlarini o‘tinibdi – u yana yorug‘ dunyo bo‘ylab o‘z tutingan akasini izlashga tushmoqchi ekan.

Unga boshmoq ham, yengcha ham, g‘aroyib ko‘ylak ham berishibdi, barcha bilan xayrlashib, darvoza oldiga borgan ham ekanki, bir kareta kelib to‘xtabdi, bu kareta sof tilladan bo‘lib, unda shahzoda va malikaning gerblari yulduzdek shu’la sochib turar ekan; aravakash, xizmatkor va izvoshchilarning – qizchaga hatto izvoshchilar ham berishibdi – boshlarini kichkina tilla tojlar bezab turar ekan.

Gerdani shahzoda va malikaning o‘zlari karetaga o‘tqazib, unga oq yo‘l tilab qolishibdi.

Uylanib ulgurgan o‘rmon qarg‘asi esa qizcha bilan yonma-yon o‘tirganicha – u otlarga orqa o‘girib o‘tirolmas ekan-da – uni uch milgacha kuzatib boribdi. Xonaki qarg‘a saroy darvozasiga qo‘nganicha qanotlarini silkib qolibdi. U Gerdani kuzatgani bora olmas, chunki o‘ziga saroydan amal tekkani va ancha bo‘kib yeb qo‘ygani uchun bosh og‘rig‘idan azob chekayotgan ekan. Kareta har xil shirinliklarga, o‘rindiq ostidagi quti esa meva-cheva va shirin kulchalarga to‘la ekan.

– Xayr! Xayr! – deya qichqirishibdi shahzoda va malika.

Gerda ham, qarg‘a ham yig‘lab olishibdi. Uch mil yo‘l bosishgach, qarg‘a ham qizcha bilan xayrlashibdi. Ajralish juda og‘ir ekan! Qarg‘a daraxtga qo‘nib olib, quyoshdek charaqlab ketayotgan kareta to ko‘zdan yitgunicha qop-qora qanotlarini silkib turibdi.

BESHINCHI VOQEA
Kichkina qaroqchi qiz

Gerda qaroqchilar yashaydigan qop-qora o‘rmonga kirib boribdi; olovdek yonib borayotgan kareta qaroqchilarning ko‘zlarini qamashtirib yuboribdi va ular bunga chiday olmay:

– Tilla! Tilla! – deya qichqirganlaricha oldinga tashlanib, otlarning jilovini qo‘lga olibdilar, kich kina izvoshchi, aravakash va xizmatkorlarni o‘ldirib, karetadan Gerdani tortib tushiribdilar.

– Voh, qanday yoqimtoygina, yog‘liqqina! Yong‘oq berib boqilgan! – debdi uzun tikanak soqolli, baroq qoshlari osilib tushgan qaroqchi kampir. – Qo‘zichoqdek semizgina ekan! Xo‘sh, ko‘raylik-chi, buning mazasi qanaqa ekan!

Shunday deya u yaraqlab turgan o‘tkir pichog‘ini chiqaribdi. Qanday dahshat!

– Voy! – deya qichqirib yuboribdi to‘satdan u: chunki o‘z qizi uning qulog‘ini tishlab olgan ekanda; kampirning ortida turgan bu qiz juda bevosh va o‘zboshimcha, lekin istarasi issiqqina ekan. – Xap sanimi, yaramas qiz! – deb qichqiribdi onasi, ammo Gerdani o‘ldirishga ulgura olmabdi.

– U men bilan o‘ynaydi, – debdi kichkina qaroqchi qiz. – U menga o‘z yengchasini, chiroyli ko‘ylagini beradi, to‘shagimda men bilan birga uxlaydi.

Shunday deya qizcha yana onasini tishlab olgan ekan, u sakrab tushib, turgan yerida pildirab aylana boshlabdi. Bundan qaroqchilar rosa xaxolab kulishibdi.

– Qizchasi bilan zap o‘ynar ekan-da! – deyishibdi ular.

– Men karetaga chiqmoqchiman, – deb qichqiribdi kichkina qaroqchi qiz va o‘z aytganida turib olibdi – u o‘lgudek tantiq va qaysar qiz ekan.

Gerda bilan ikkalasi karetaga o‘tirib, o‘nqircho‘nqirlardan oshganlaricha quyuq o‘rmon ichiga kirib ketishibdi.

Kichkina qaroqchi qizning bo‘yi Gerdaga teng bo‘lsa ham, biroq undan kuchliroq, yelkalari kengroq va ancha qoramag‘izroq ekan. Uning ko‘zlari qop-qora, biroq qanaqadir g‘amgin ekan. U Gerdani quchib turib shunday debdi:

– Agar mening sendan jahlim chiqmasa, ular seni o‘ldirishmaydi. Sen rostdanam malikamisan?

– Yo‘q, – deb javob beribdi qizcha va boshidan o‘tgan barcha voqealarni, Kayni qanchalar yaxshi ko‘rishini aytib beribdi.

Kichkina qaroqchi qiz unga jiddiy nazar tashlab, yengilgina bosh silkib qo‘yibdi-da, shunday debdi:

– Agar mening sendan jahlim chiqsa ham, ular seni o‘ldirmaydilar – yaxshisi, seni o‘zim o‘ldirib qo‘ya qolaman!

Shunday deya u Gerdaning ko‘z yoshlarini artibdi, so‘ng ikkala qo‘lini ham uning ajoyib, yumshoq, issiqqina yengchasiga tiqib olibdi.

Mana, kareta ham to‘xtabdi, ular qaroqchilar qo‘rg‘onidagi saroyga yetib kelgan ekanlar.

Saroyning devorlari yorilib ketgan, bu yoriqlardan qarg‘a-quzg‘unlar otilib chiqar ekan. Qayerdandir kattakon buldog itlar sakrab chiqar, ularning har biri odamni tiriklay yutib yuborishi hech gap emas ekan; lekin ular faqat baland-baland sakrar, ammo hech vovullamas, chunki bu taqiqlangan ekan. Yarmi qulab tushgan devorlari qorakuya bilan qoplangan, ostiga tosh yotqizilgan kattakon zalning o‘rtasida gulxan yonib turar ekan. Shiftga o‘rlab yotgan tutun chiqib ketishi uchun o‘zi tuynuk topishi kerak ekan. Gulxan ustidagi doshqozonda sho‘rva qaynar, sixlarda esa tovushqon va quyonlar pishmoqda ekan.

– Sen men bilan mana bu yerda, mening mitti hayvonot bog‘imda uxlaysan, – debdi Gerdaga kichkina qaroqchi qiz.

Qaroqchilar qizchani yedirib-ichirishibdi, so‘ng har qaysisi somon to‘shalib, ustidan gilam yozilgan o‘z burchagiga qarab ketishibdi. Tepadagi xodalarda yuzdan ortiq kaptar qo‘nib olgan ekan. Ular go‘yo uxlayotganga o‘xshashsa-da, qizchalar kelganda sekin tebranib qo‘yishibdi.

– Hammasi meniki! – debdi kichkina qaroqchi qiz va bir kaptarni oyoqlaridan ushlab olib shunaqangi silkibdiki, kaptarning qanotlari potirlab ketibdi. – Ma, buni o‘p! – deya qichqirganicha kaptarni Gerdaning naq yuziga qadabdi. – Mana bu yerda esa o‘rmon mug‘ambirlari o‘tirishibdi, – deya davom etibdi u oldi cho‘pdan panjara qilingan devor kavagidagi ikki kaptarni ko‘rsatib. – Bu ikkalasi – o‘rmon mug‘ambirlari. Ularni qafasda saqlash kerak, yo‘qsa darhol uchib ketishadi. Mana bu esa mening aziz otaxonim! – deya kichkina qaroqchi qiz yaltiroq mis bo‘yinbog‘dan devorga bog‘lab qo‘yilgan shimol bug‘usining shoxidan tortib qo‘yibdi. – Uni ham bog‘lab qo‘yish kerak, yo‘qsa qochib ketadi! Har kech men uning tomog‘ini o‘tkir pichog‘im bilan qitiqlayman – u bundan o‘lgudek qo‘rqadi.

Shunday deya kichkina qaroqchi qiz devor yorig‘idan uzun bir pichoq chiqaribdi-da, uni bug‘uning tomog‘iga qadabdi. Sho‘rlik jonivor tipirchilab qolibdi, qizcha esa xaxolab kulganicha Gerdani o‘z to‘shagi tomon boshlabdi.

– Nahotki sen pichoq bilan uxlasang? – deb so‘rabdi Gerda.

– Har doim! – deb javob beribdi kichkina qaroqchi qiz. – Har balo ro‘y berishi mumkin! Xo‘sh, menga yana bir marta Kay haqida, o‘zingning dunyo bo‘ylab qilgan safaring haqida so‘zlab ber-chi.

Gerda so‘zlab beribdi. O‘rmon kaptarlari qafasda sekin g‘urillab qo‘yishibdi; boshqa kaptarlar esa uxlab qolishgan ekan. Kichkina qaroqchi qiz bir qo‘li bilan Gerdaning bo‘ynidan quchganicha – ikkinchi qo‘lida pichoq bor ekan – xurrak ota boshlabdi, biroq Gerda o‘zini o‘ldirishadimi yoki tirik qoldirishadimi – buni bilmay turib ko‘z yuma olmas ekan.

Qo‘qqisdan o‘rmon kaptarlari g‘urillab qolishibdi:

– G‘urr! G‘urr! Biz Kayni ko‘rganmiz. Oq tovuq o‘z ortidan uning chanasini tortib borardi, uning o‘zi esa Qor malikasining chanasida o‘tirardi. Biz jo‘jalar hali inimizda yotganimizda ular o‘rmon ustidan uchib o‘tishdi. Malika bizga nafasini ufurgan edi, ikkalamizdan boshqa hamma kaptarlar o‘lib qoldi. G‘urr! G‘urr!

– Rost aytyapsizmi? – xitob qilibdi Gerda. – Qor malikasi qayoqqa uchib ketdi, axir? Bilasizmi?

– Laplandiyaga ketgan bo‘lsa kerak – axir u yer abadiy qor va muzlikdan iborat-da. Anavi bog‘lab qo‘yilgan shimol bug‘usidan so‘rab ko‘r-chi?

– Ha, u joylar abadiy qor va muzlikdan iborat. Judayam ajoyib joy! – debdi shimol bug‘usi. – U yerda yaraqlab yotgan bepoyon kengliklarda bemalol sakrab yurishing mumkin. U yerda Qor malikasining yozgi chodiri tikilgan, uning doimiy saroyi esa Shimoliy qutbda, Shpisbergen orolida joylashgan.

– O Kay, mening aziz Kayginam, – deb xo‘rsinibdi Gerda.

– Qimirlamay yot, – debdi kichkina qaroqchi qiz, – Yo‘qsa seni chavaqlab tashlayman!

Ertalab Gerda unga o‘rmon kaptarlaridan eshitganlarini aytib beribdi. Kichkina qaroqchi qiz Gerdaga jiddiy tikilgach, bosh silkib shunday debdi:

– Xo‘sh, shundoq bo‘lsin ham deylik!.. Laplandiya qayerdaligini bilasanmi o‘zing? – deb so‘rabdi u shimol bug‘usidan.

Men bilmasam, kim ham bilardi! – deb javob berarkan, bug‘uning ko‘zlari chaqnab ketibdi. – Men o‘sha yerda tug‘ilib, o‘sha yerda ulg‘aydim, u yerning qorli kengliklarida sakrab-sakrab yurganman.

– Unda eshit, – debdi kichkina qaroqchi qiz Gerdaga. – Ko‘rib turibsanki, biznikilarning barchasi ketishdi, uyda faqat onam qolgan; birozdan so‘ng u ham kattakon shisha idishidan ichib olib, mudray boshlaydi, ana o‘shanda senga biror foydam tegib qolar.

Mana, nihoyat, kampir o‘z butilkasidagini simirib, xurrak ota boshlabdi, kichkina qaroqchi qiz esa shimol bug‘usi yoniga kelib debdi:

– Hali sen bilan uzoq vaqt ko‘ngilxushlik qilishim mumkin edi! Tomog‘ingni o‘tkir pichoq bilan qitiqlaganimda o‘lguday kulgili ahvolga tushar eding. Mayli, nima bo‘lsa bo‘ldi. Endi bog‘ichingni yechib, seni ozodlikka chiqaraman. O‘z Laplandiyangga qochib ketishing mumkin, lekin buning evaziga sen manavi qizchani Qor malikasining qarorgohiga olib borishing lozim – u yerda buning tutingan akasi bor. Qizchaning hikoyasini eshitgan bo‘lsang kerak, axir? U hammasini baralla aytib berdi-ku, sening quloqlaring esa hamisha ding turadi.



Shimol bug‘usi sevinganidan sakray boshlabdi. Kichkina qaroqchi qiz uning ustiga Gerdani mindiribdi, ishonchli bo‘lishi uchun uni bug‘uga mahkam qilib bog‘labdi, hatto qizcha o‘tirganda qulay bo‘lishi uchun uning ostiga yumshoq yostiq ham qo‘yib qo‘yibdi.

– Shundoq bo‘la qolsin, – debdi u so‘ng, – mo‘yna etikchalaringni o‘zingga qaytarib beraman – u yoqlar sovuq bo‘ladi-da, axir! Yengchangni esa o‘zimga olib qolaman, u judayam ajoyib. Biroq seni sovqottirib qo‘ymayman: manavi onamning kattakon qo‘lqoplari, u sening tirsakla ringgacha yetadi. Qani, qo‘lingni tiqib ko‘r-chi! Ana shundoq, endi sening qo‘llaring ham badbashara onamning qo‘llariga o‘xshab qoldi.

Gerda shodligidan yig‘lab yuboribdi.

– Hiqillab turadiganlarga toqatim yo‘q! – debdi kichkina qaroqchi qiz. – Endi sen xursand bo‘lishing kerak. Ochiqib qolmasliging uchun manavi ikkita non bilan bir bo‘lak go‘shtni olib ol.

Nonni ham, go‘shtni ham bug‘uga bog‘lab qo‘yibdi.

So‘ng kichkina qaroqchi qiz eshikni ochib, itlarni uyga qamab qo‘yibdi-da, bug‘u bog‘langan ipni o‘tkir pichog‘i bilan kesib, unga debdi:

– Qani, tezroq! Faqat qizchani qattiq ehtiyot qil.

Gerda kattakon qo‘lqop kiyib olgan ikkala qo‘lini ham kichkina qaroqchi qizga cho‘zib, u bilan xayrlashibdi. Shimol bug‘usi o‘rmon bo‘ylab o‘nqir-cho‘nqirlardan, botqoq va cho‘llardan osha yelib ketibdi. Bo‘rilar uvillab, qarg‘alar qag‘illab qolishibdi.

– Uf! Uf! – degan tovush kelibdi qo‘qqisdan osmondan, go‘yo osmon o‘t-olovdan aksirib yuborgandek bo‘libdi.

– Mana menga qadrdon shimol yog‘dusi! – debdi bug‘u. – Ko‘ryapsanmi, qanday yonayotir.

U kechani kecha, kunduzni kunduz demay ilgarilab ketaveribdi. Non ham, go‘sht ham tugab bo‘libdi, nihoyat ular Laplandiyaga yetib kelishibdi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 | Следующая
  • 5 Оценок: 1


Популярные книги за неделю


Рекомендации