Текст книги "Қор маликаси. Собит қалайи аскарча"
Автор книги: Ганс Христиан Андерсен
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 3 (всего у книги 3 страниц)
OLTINCHI VOQEA
Lapland kampir va fin xotin
Bug‘u bir g‘arib kulba oldida to‘xtabdi. Kulbaning tomi yerga tegib turar, eshigi shu qadar past ekanki, kishi ichkariga emaklab zo‘rg‘a kirar ekan.
Uyda faqat bir lapland kampir bo‘lib, u moychiroq yorug‘ida baliq qovurayotgan ekan. Shimol bug‘usi kampirga Gerdaning boshidan o‘tgan barcha voqealarni gapirib beribdi, lekin bundan oldin o‘zining ko‘rgan-kechirganlarini hikoya qilibdi, bug‘u uchun bu ancha muhimroq ekan-da! Gerda shu qadar sovqotib qolgan ekanki, tili kalimaga kelmabdi.
– Voy sho‘rliklar! – debdi lapland kampir. – Hali manzilingiz juda olis! Finlandiyadagi Qor malikasi yashaydigan va har kecha zangori bengal shamlarini yoqadigan bog‘chasiga yetib borguncha yuz mildan ko‘proq yo‘l bosish kerak. Mening qog‘ozim yo‘q, shuning uchun quritilgan treska balig‘iga xat yozib beraman, uni siz o‘sha yerda yashaydigan fin xotinga yetkazasiz, u sizga nima qilishingiz lozimligini mendan yaxshiroq o‘rgatib qo‘yadi.
Gerda isinib, yeb-ichib olgach, lapland kampir quritilgan treska balig‘iga bir necha so‘z yozib, Gerdaga uni yaxshilab asrashni buyuribdi, so‘ng qizchani bug‘u ustiga bog‘lab qo‘yibdi, bug‘u tag‘in yelib ketibdi.
– Uf! Uf! – degan tovush kelibdi yana osmondan va yerga g‘aroyib zangori olov ustunlari osilib tusha boshlabdi. Shu tariqa shimol bug‘usi Gerda bilan Finlandiyaga yetib kelibdi va fin xotinning mo‘risini taqillatibdi, chunki uning uyida hattoki eshik ham yo‘q ekan.
Uyning ichi hammomdek issiqqina ekan! Semizgina, baqaloq fin xotinning o‘zi yarim yalang‘och bo‘lib olgan ekan. U darhol Gerdaning ko‘ylagi, qo‘lqop va etiklarini yechib olibdi, yo‘qsa qizcha dimiqib qolar ekan-da, bug‘uning boshiga esa bir bo‘lak muz qo‘yibdi va shundan keyingina quritilgan treskaga yozilgan xatni o‘qishga tutinibdi.
U xatni boshdan oxirigacha to yod bo‘lib ketmaguncha, uch marta qayta o‘qib chiqibdi, so‘ng treskani qozonga tashlab qo‘yibdi, chunki baliq yegulikka asqotar ekan-da, fin xotin esa hech narsani bekorga isrof qilmas ekan.
Shunda bug‘u avval o‘z ko‘rgan-kechirganlarini, so‘ngra Gerdaning boshidan o‘tgan voqealarni hikoya qilib beribdi. Fin xotin aqlli ko‘zlarini pirpiratib o‘tirsa-da, hech narsa demabdi.
– Sen judayam dono ayolsan, – debdi bug‘u. – Sen qizchaga o‘n ikki bahodirning kuchini bag‘ishlaydigan ichimlik tayyorlab bera olasanmi? Shunday qilganingda u Qor malikasidan g‘olib kelardi.
– O‘n ikki bahodirning kuchini?! – debdi fin xotin. – Bundan bir narsa chiqarmikan?
Shunday deya u taxmondan kattakon charm bog‘lamni olibdi va uni ochibdi: unda qandaydir g‘alati yozuvlar bitib tashlangan ekan.
Fin xotin uni o‘qiy boshlabdi, to peshanasidan ariq-ariq ter quyilmaguncha o‘qiyveribdi.
Bug‘u yana Gerda nomidan o‘tina boshlabdi, Gerda esa fin xotinga ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lib, shunday iltijo bilan boqibdiki, tag‘in ayolning ko‘zlari pirpirab ketibdi va u bug‘uni bir chetga boshlab borib, boshidagi muzni almashtiribdi-da, sekin shivirlabdi:
– Kay chindan ham Qor malikasining huzurida, lekin u bundan judayam rozi va o‘zi uchun bundan yaxshiroq joy yo‘q deb o‘ylaydi. Buning sababi uning ko‘zi va yuragiga o‘rnashib qolgan ko‘zgu parchalaridir. Ularni chiqarib tashlash kerak, yo‘qsa Qor malikasi unga hukmron bo‘lib qolaveradi.
– Sen Gerdaga uni hammadan ham kuchliroq qiladigan biron narsa bera olmaysanmi?
– Qizchani bundan ko‘ra yanada kuchliroq qilish mening qo‘limdan kelmaydi. Qaragin axir, uning o‘zi naqadar qudratli! Ko‘rmayapsanmi, unga ham insonlar, ham hayvonlar xizmat qilmoqda. Axir, u yarim dunyoni yalangoyoq bosib o‘tgan! Unga kuch bag‘ishlash bizga qolgani yo‘q, uning kuchi yuragida, uning kuchi gunohsiz, ma’sum bir qizcha ekanligida. Agar uning o‘zi Qor malikasining saroyiga kirib borib, Kayning yuragidan ko‘zgu parchasini chiqarib ola bilmasa, turgan gapki, biz unga yordam bera olmaymiz! Bundan ikki mil narida Qor malikasining bog‘i boshlanadi. Qizchani u yerga olib borgin-da, qizil mevalari to‘kilib yotgan buta ostiga tushir, so‘ng hayallamay bu yerga qaytib kel.
Shunday deya fin xotin Gerdani bug‘u ustiga o‘tqazibdi, bug‘u esa bor kuchi bilan yelib ketibdi.
– Voy, mening issiq etiklarim yo‘q-ku! Voy, mening qo‘lqoplarim yo‘q-ku! – deb qichqiribdi sovuqqa chiqib qolgan Gerda.
Biroq bug‘u qizil mevali buta yoniga yetmaguncha to‘xtamabdi. Qizchani shu yerga tushirib, dudoqlaridan o‘par ekan, bug‘uning yuzlaridan marvariddek yirik-yirik ko‘z yoshlari oqibdi. So‘ng u ortiga qarab o‘qday uchib ketibdi.
Sho‘rlik qizcha chirsillab turgan sovuqda boshmoqsiz, qo‘lqopsiz yakka-yu yolg‘iz qolib ketibdi.
U bor kuchi bilan ilgariga chopib boraveribdi. Uning qarshisidan bir to‘p qor lashkari chiqib qolibdi, ular osmondan tushmagan, chunki osmon judayam ochiq, unda shimol yog‘dusi shu’lalanib turar ekan, yo‘q, bu lashkar yer bag‘irlab to‘g‘ri Gerda tomon yelib kelar ekan, ularning har biri borgan sari kattalasha boshlabdi.
Gerda kattalashtirib ko‘rsatadigan shisha ostida ko‘rgan kattakon go‘zal qor zarralarini eslabdi, biroq bular unga qaraganda juda ulkan, dahshatli va hammasi tirik ekan.
Bu Qor malikasining ilg‘or old qo‘shini ekan. Ulardan biri kattakon va xunuk tipratikanni, ik kinchisi qirq boshli ilonni eslatsa, uchinchisi junlari hurpayib ketgan qo‘pol ayiqni eslatar ekan. Lekin ularning hammasi ko‘zni qamashtirgudek oppoq, hammasi tirik qor zarralari ekan.
Biroq Gerda dadil ilgarilaganidan ilgarilab boraveribdi va nihoyat, Qor malikasining qarorgohidan chiqib qolibdi.
Endi ko‘raylik-chi, Kayning holi ne kechdi ekan. U Gerda haqida o‘ylamas, uning shundoq yonginasiga kelib qolganini esa xayoliga ham keltirmas ekan.
YETTINCHI VOQEA
Qor malikasining qarorgohida va undan so‘ng nimalar ro‘y berganligi haqida
Qarorgohning devorlari izg‘irindan, eshik va derazalari guvillagan quyundan iborat ekan. Bu saroyning quyun izg‘ishidan hosil bo‘lgan yuzdan ortiq zali bor ekan. Ularning barchasini shimol yog‘dusi yoritib turar, eng katta zal esa bir necha milga cho‘zilgan ekan. Naqadar bo‘m-bo‘sh, naqadar sovuq ekan ushbu yaltirab yotgan saroy, xursandchilik bu yerga hech qachon mehmon bo‘lmagan ekan. Bu yerda hech qachon bo‘ron musiqalari ostida orqa oyoqlarida nazokat va qunt bilan yura oladigan oq ayiqlar juft-juft bo‘lib raqsga tushadigan ballar bo‘lmas, hech qachon oxiri janjal va mushtlashishga aylanib ketadigan qarta o‘yinlari o‘ynalmas, oppoq tulkichalar bir qadah qahva ustida suhbat qurgani kelmas ekan.
Sovuq, bo‘m-bo‘sh, haybatli saroy! Shimol yog‘dusi shu qadar aniq vaqt oralig‘ida shu’lalanib yonar ekanki, qaysi daqiqada shu’la kuchayib, qachon so‘nishini to‘ppa-to‘g‘ri hisob-kitob qilish mumkin ekan. Eng katta, bo‘m-bo‘sh qor zalining o‘rtasida muzlab yotgan ko‘l bor ekan. Uning muzi minglab bir xil va to‘ppa-to‘g‘ri darzlarga bo‘lingan ekanki, bu qandaydir ko‘zboyloqchilik bilan qilinganga o‘xshar ekan. Qor malikasi uyda bo‘lganida ana shu ko‘lning o‘rtasidagi aql ko‘zgusi qarshisida o‘tirar, uning fikricha, bu dunyodagi yagona va eng yaxshi ko‘zgu ekan.
Kay sovuqdan ko‘karib, qorayib ketgan, lekin buni o‘zi sezmas, Qor malikasining afsunlari uni sovuqni sezmaydigan qilib qo‘ygan, buning ustiga, yuragining o‘zi ham bir parcha muzdan farq qilmas ekan. Kay yassi, qirrador muz bo‘laklari bilan ovora, ulardan har xil shakllar yasab o‘tirar ekan. Yog‘och taxtachalardan yasaladigan, xitoy boshqotirmasi deb ataladigan shunaqangi o‘yin ham bor-ku. Kay ham turli xil g‘alati shakllar yasar, faqat uniki muzdan bo‘lib, aqlning muz o‘yini deb atalar ekan. Uning nazarida bu shakllar san’at mo‘jizasi bo‘lib, ularni terish esa eng muhim mashg‘ulot hisoblanar ekan. Buning sababi shunda ekanki, uning ko‘zlariga sehrli ko‘zgu parchasi o‘rnashib qolgan ekan.
U butun boshli so‘zlar kelib chiqadigan shakllarni ham yasay olar, lekin o‘zi juda-juda xohlaydigan so‘z – “mangulik” so‘zini hech yasay olmas ekan. Qor malikasi unga: “Agar sen bu so‘zni tera olsang, o‘z-o‘zingga xo‘jayin bo‘lasan, shunda men senga butun dunyoni va bir juft yap-yangi konkini sovg‘a qilaman”, – degan ekan. Biroq u bu so‘zni sirayam yasay olmas ekan.
– Endi men issiq o‘lkalarga uchib ketaman, – debdi Qor malikasi. – Qora qozonlarni ham ko‘zdan kechiraman.
U Etna va Vezuviy deb ataladigan yonartog‘larning kosasini shunday deb atar ekan.
– Ularni biroz oqartiraman. Limon va uzumlarga buning foydasi tegadi.
U uchib ketibdi, Kay bepoyon, bo‘m-bo‘sh zalda yolg‘iz qolibdi, muz parchalariga qarab shu qa dar ko‘p o‘ylabdiki, boshi yorilib ketgudek bo‘libdi. O‘z joyida oqarib ketganicha xuddi jonsizday qimirlamay o‘tiraveribdi. Uni sovuqdan butunlay qotib qolgan bo‘lsa kerak deb o‘ylash mumkin ekan.

Shu payt izg‘irinlar izillab yotgan ulkan darvozadan Gerda kirib kelibdi. U kirishi bilanoq izg‘irinlar uyquga ketgandek tinchib qolishibdi. U ulkan, bo‘m-bo‘sh muz zalga kirib, Kayni ko‘rib qolibdi. Darhol uni tanib, bo‘yniga osilganicha mahkam quchoqlab olibdi va:
– Kay, azizim Kay! Oxiri seni topdim! – deya qichqirib yuboribdi.
Lekin bolakay avvalgidek harakatsiz va sovuqqon holda o‘tiraveribdi. Shunda Gerda yig‘lab yuboribdi; qaynoq ko‘z yoshlari bolakayning ko‘ksiga oqib tushibdi, undan yuragiga o‘tib, muz qobig‘ini ham, ko‘zgu parchasini ham eritib yuboribdi. Kay Gerdaga qaragan ekan, qo‘qqisdan ko‘zlariga yosh quyilib kelibdi, shu qadar qattiq yig‘labdiki, ko‘zidagi ko‘zgu parchasi ham ko‘z yoshlariga qo‘shilib chiqib ketibdi. Shunda u Gerdani tanib qolib, xursand bo‘lib ketibdi:
– Gerda! Azizim Gerda!.. Shuncha paytdan beri qayoqda eding? Mening o‘zim ham qayerlarda bo‘ldim ekan? – u atrofga razm solib chiqibdi. – Bu yer bunchalar sovuq, bo‘m-bo‘sh!
Shunday deya Gerdaning pinjiga suqilibdi. Qizcha esa shodligidan nuqul goh kulib, goh yig‘lar ekan. Bu shunaqangi ajoyib manzara ekanki, hat to muz bo‘laklari ham raqsga tushib ketishibdi, o‘ynay-o‘ynay toliqqach, yerga cho‘zilganlaricha Qor malikasi Kayga yasashni buyurgan so‘zni hosil qilishibdi. Bu so‘zni yasasa, u o‘z-o‘ziga xo‘jayin bo‘lar hamda malikadan sovg‘aga butun dunyoni va bir juft konkini olar ekan.
Gerda Kayning ikkala yuzidan o‘pgan ekan, ular yana atirgul kabi qip-qizil tusga kiribdi; ko‘zlaridan o‘pgan ekan, ular charaqlab ketibdi, qo‘l va oyoqlaridan o‘pgan ekan, bolakay yana tetik va soppa-sog‘ bo‘lib qolibdi.
Qor malikasi qachon xohlasa shunda qaytar – Kayning ozodlikka chiqish haqidagi vasiqasi esa shu yerda, muz harflar bilan yozib qo‘yilgan ekan.
Kay va Gerda qo‘l ushlashganicha muz qarorgohdan chiqishibdi. Ular yo‘l-yo‘lakay buvilari haqida, o‘z bog‘chalarida gullaydigan atirgullar haqida suhbatlasha ketishibdi, ularning qarshisidan esayotgan asov shamollar tinib, quyosh jamol ochibdi. Qizil mevali buta ostiga yetib kelganlarida esa ularni shimol bug‘usi kutib turgan ekan.
Kay va Gerda avval fin xotinnikiga borib isinishibdi va uyga ketadigan yo‘lni so‘rab olishibdi, so‘ng lapland kampirnikiga borishibdi. Kampir ularga yangi ko‘ylak tikib beribdi, o‘z chanasini tuzatib, bu ikkalasini kuzatib qo‘ygani yo‘lga tushibdi.
Bug‘u ham bu ikki yosh yo‘lovchini ilk ko‘katlar unib chiqa boshlagan Laplandiya chegarasigacha kuzatib qo‘yibdi. Shu yerda Kay va Gerda bug‘u hamda lapland kampir bilan xayrlashishibdi.
Mana, ularning qarshisidan yana o‘rmon chiqibdi. Erta qaytgan qushlar sayrashar, daraxtlar yashil kurtaklar bilan qoplangan ekan. O‘rmon ichidan bu yo‘lovchilar qarshisiga ajoyib ot minib olgan, boshiga och qizil shapkacha kiyib, beliga to‘pponcha taqib olgan yoshgina qiz chiqib kelibdi.
Gerda darrov otni ham – bu ot hu bir paytlar oltin karetaga qo‘shilgan ot ekan-da – qizni ham tanibdi. Bu o‘sha kichkina qaroqchi qiz ekan.
Qiz ham Gerdani tanibdi. Shunaqangi xursandchilik bo‘lib ketibdiki!
– Seni qara-yu, daydi! – debdi kichkina qaroqchi qiz Kayga. – Shuni bilmoqchimanki, seni deb dunyoning narigi chekkasigacha borishlariga arziysanmi o‘zi yo yo‘qmi?
Biroq Gerda uning yuzlaridan silagancha o‘ziga qaratibdi va shahzoda bilan malika haqida so‘rabdi.
– Ular begona yurtlarga ketib qolishdi, – deb javob beribdi kichkina qaroqchi qiz.
– Qarg‘alar-chi? – deb so‘rabdi Gerda.
– O‘rmon qarg‘asi vafot etdi; xonaki qarg‘a tul qoldi, peshanasidagini ko‘rib, qora patli oyoqlarini hakkalatib yuribdi. Qo‘y, bularning hammasi bekorchi gaplar, yaxshisi, sen o‘z boshingdan o‘tganlarni, manavi bolakayni qanday topganingni so‘zlab ber.
Gerda va Kay unga barcha voqealarni so‘zlab berishibdi.
– Mana, ertak ham nihoyasiga yetdi! – deya kichkina qaroqchi qiz ularning qo‘lini siqibdi va qachondir shaharga yo‘li tushsa, ularnikida mehmon bo‘lishini aytibdi.
Shundan so‘ng u o‘z yo‘lidan, Kay va Gerda ham o‘z yo‘llaridan ketishibdi.
Ular ilgarilab borar ekanlar, yo‘llariga bahor gullari ochilibdi, yam-yashil maysalar yastanibdi. Mana, nihoyat, qo‘ng‘iroq sadolari eshitilibdi, ular bu o‘z qadrdon shaharlarining qo‘ng‘iroqlari ekanini tanib qolibdilar. Ular o‘sha tanish zinapoyadan ko‘tarilib xonaga kiribdilar, unda hamma narsa avvalgidek: soat “chiq-chiq” qilib sayrab turar, uning millari esa raqamlar bo‘ylab og‘ib borar ekan. Biroq pastakkina eshikdan kirayotganlarida o‘zlarining balog‘atga yetganliklarini sezib qolishibdi. Gullab yotgan atirgul shoxlari tom osha ochiq derazadan mo‘ralabdi, ularning bolalikdagi kursichalari hamon shu butalar ostida turar ekan.
Kay va Gerda, har biri o‘z kursisiga o‘tirganicha, bir-birining qo‘lidan tutibdi va Qor malikasining sovuq, bo‘m-bo‘sh, haybatli saroyi og‘ir tush kabi eslaridan chiqib ketibdi.
Ulg‘ayib qolgan, biroq yuragi va ruhi bolaligicha qolgan bu ikki yosh shundoq yonma-yon o‘tirar, hovlida esa yoz, iliq, to‘kin-sochin yoz hukm surmoqda ekan.
SOBIT QALAYI ASKARCHA
Dunyoda yigirma beshta qalayi askarcha o‘tgan ekan. Ularning barchasi tug‘ishgan og‘a-inilar bo‘lib, onalari eski qalayi qoshiq bo‘lgan ekan. Har biri yelkasida miltiq tutgancha oldinga g‘oz qarab turar, qizil movut qo‘shib tikilgan ko‘m-ko‘k, ajoyib mundir11
Mundir – harbiy libos.
[Закрыть] kiyib olishgan ekan! Ular yashirib qo‘yilgan quti ochilganda ilk bora eshitganlari: “Voy, qalayi askarchalar!” degan so‘zlar bo‘libdi. Jajji bolakay chapak chalgancha ana shunday deb qichqirib yuboribdi. Shu kuni bolakayning tug‘ilgan kuni bo‘lib, bu askarchalarni unga sovg‘a qilishgan ekan va bolakay darhol ularni stol ustiga tizib chiqibdi. Barcha askarchalar ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshar, lekin bittasi o‘z akalaridan farq qilib turar, uning faqat bittagina oyog‘i bor ekan. Bu askarchani eng keyin quyishgan bo‘lib, ikkinchi oyog‘iga qalayi yetmay qolgan ekan. Biroq boshqa akalari ikki oyoqda qomatlarini qanchalik g‘oz tutib turishsa, u ham ana shunday turar ekan, uning hayoti ham boshqacha bo‘libdi.
Bolakay askarchalarni tizib qo‘ygan stolda boshqa o‘yinchoqlar ham ko‘p ekan. Lekin ularning barchasidan ko‘ra ajoyib karton qasr ko‘zga ko‘proq tashlanib turar, uning kichkina derazachalaridan qasr ichini tomosha qilish mumkin ekan. Bu qasr oldida, ko‘l manzarasini ifodalab turgan kichkina ko‘zgu atrofida daraxtlar yuksalib turar ekan. Ko‘lda o‘z akslaridan zavqlangan holda mumdan yasalgan oqqushlar suzib yurishar ekan. Bularning hammasi nihoyatda maroqli, ammo hammasidan ko‘ra eng yaxshisi qasrning ochiq turgan eshigi ostonasida turgan qizcha bo‘lib, u ham kartondan yasalgan ekan; qizcha nafis batist tizlik kiyib olgan bo‘lib, ensizgina havorang lentasi bir yelkasi osha qiyalagancha beliga tushib turar ekan. Bu lentacha qizchaning yuzidek keladigan yaltiroq gulto‘g‘nag‘ich bilan to‘g‘nab qo‘yilgan ekan. Bu qiz raqqosa ekan. Uning ikkala qo‘li ham oldinga cho‘zilgan bo‘lib, bir oyog‘ini shu qadar baland ko‘tarib turar ekanki, qalayi askarcha avvaliga yax shiroq e’tibor bermay, qizchaning ham xuddi o‘zi kabi faqat bitta oyog‘i bor deb o‘ylabdi.

“Mana menga loyiq xotin! – degan xayolga boribdi u, – lekin qizning nufuzi ancha baland, qasrda turadi, men esa qutida yashayman, buning ustiga biz yigirma beshtamiz, bu yer uning joyi emas. Biroq tanishib olsak yomon bo‘lmasdi!” Shunday deya u stol ustida turgan tamakidon ortidan bor bo‘yi bilan oldinga cho‘zilibdi. Bu yerdan u o‘z muvozanatini yo‘qotmay hamon bitta oyoqda turgan yoqimtoy jajji raqqosani istagancha tomosha qilishi mumkin ekan.
Kechqurun boshqa barcha askarchalarni qaytib qutiga solishibdi-da, uydagi hamma kishilar uxlagani yotishibdi. Endilikda o‘yinchoqlarning o‘zlari o‘yin boshlab yuborishibdi: bir-birlarinikiga mehmonga borishibdi, urushlar olib borishibdi, bazmlar uyushtirishibdi. Quti ichidagi qalayi askarchalar ham o‘yinga qo‘shilish uchun g‘imirlab qolishibdi-yu, biroq qutining qopqog‘ini ko‘tara olishmabdi. Bir shumtaka bolakay o‘mbaloq oshibdi, bo‘r yozuv taxtasi ustida sakray boshlabdi. Shu qadar shovqin-suron ko‘tarilibdiki, hatto kanareyka ham uyg‘onib, she’riy yo‘l bilan sayray ketibdi! Faqat qalayi askarcha bilan raqqosa qiz o‘z o‘rinlarida tosh qotib turaverishibdi. Raqqosa ikki qo‘lini oldinga cho‘zgancha oyoq uchida turar, askarcha ham qizdan bir lahza ko‘z uzmay bitta oyoqda mustahkam turar ekan.
Soat rosa o‘n ikki bo‘lganida nimadir qitirlab ketibdi. Qitirlab ochilgan bu narsa tamakidon bo‘lib, uning ichida tamaki yo‘q, faqat qop-qora mitti olabo‘ji o‘tirgan emish, bu shunaqangi ko‘zboylog‘ichlik ekan.
– Hoy qalayi askarcha! – debdi olabo‘ji. – Ko‘z olaytirishni bas qil.
Biroq qalayi askarcha o‘zini eshitmaganga solib turaveribdi.
– Xap senimi, shoshmay tur! – debdi olabo‘ji.
Tong otibdi, bolakaylar o‘rinlaridan turishibdi, ulardan kimdir qalayi askarchani deraza rafiga qo‘yibdi. Shu payt olabo‘ji sabab bo‘libmi yoki yelvizak sabab bo‘lib, qo‘qqisdan deraza ochilib ketibdi va askarcha uchinchi qavatdan pastga boshi bilan qulab tushibdi. Birpasda u o‘zini yerda ko‘ribdi, boshida dubulg‘a, miltig‘i ko‘prikdagi toshlar orasiga qadalib, oyog‘i osmonga qarab dikkayib qolibdi.
Xizmatkor ayol bilan bolakay darhol pastga, ko‘chaga tushib, askarchani rosa izlashibdi, hatto uni bosib olishlariga bir baxya qolibdi, biroq baribir uni topisholmabdi. Agar u: “Men bu yerdaman!” deb qichqirganida, ular albatta askarchani topib olgan bo‘lishar ekan, biroq u ko‘chada qichqirishni odobsizlik deb hisoblabdi, buning ustiga u mundirda ekan-da.
Qo‘qqisdan yomg‘ir yog‘a boshlabdi, u tobora tezlashib, oxiri chelakdan quyganday yog‘a ketibdi. Yomg‘ir tingach, ikkita ko‘cha bolasi paydo bo‘libdi.
– Buni qara, – debdi ulardan biri, – anavi yerda qalayi askarcha yotibdi. Uni suzishga jo‘natamiz.
Ular gazetadan qayiqcha yasab, uning ustiga qalayi askarchani o‘tqazishibdi-da, zovurga qo‘yib yuborishibdi, o‘zlari esa chapak chalgancha qirg‘oq bo‘ylab yugura boshlashibdi. Zovurda to‘lqinlar sapchib yurgan ekan. Ular qayiqchani surib ketibdi, yomg‘ir ham ustiga-ustak bo‘libdi. Qayiqcha qalayi askarchani qo‘rqitish uchun nuqul silkinar, gohida chir aylanib ketar ekan, biroq u judayam sobit aksar bo‘lib, miltig‘ini yelkasida tutgancha xotirjam oldinga qarab ketaveribdi.
Mana, qayiqcha ko‘prik ostidan suzib o‘ta boshlabdi, tevarak-atrof xuddi qutining ichidagidaqa qop-qorong‘i bo‘lib qolibdi.
“Men qayerga tushib qoldim o‘zi? – deb o‘ylabdi qalayi askarcha. – Bularning hammasi olabo‘jining nayrangi! Shu topda yonimda jajji raqqo sa bo‘lganida edi, bundan ikki barobar qorong‘i bo‘lsa ham mayli edi”.

Xuddi shu payt ko‘prik ostida yashaydigan kattakon suv kalamushi paydo bo‘libdi.
– Pasportingni ko‘rsat! – deb o‘shqiribdi u. – Qani, pasportingni bu yoqqa ber!
Lekin qalayi askarcha miltig‘ini ko‘ksiga yanada qattiqroq bosgancha jim turaveribdi. Qayiqcha yanada oldinga, suv kalamushi ham uning ortidan suzib ketaveribdi. Voy, uning tishlarini g‘ijirlatib, suvda oqib kelayotgan tarasha va xashaklarga qarab qichiqirishini bir ko‘rsangiz:
– Ushlang uni! Ushlang! U boj to‘lamadi, pasportini ham ko‘rsatmadi!
Oqim esa yanada kuchayibdi, qalayi askarchaning ko‘zi ko‘prik adog‘idagi yorug‘likka tushibdi, biroq ayni paytda har qanday botir ham qo‘rqib ketadigan dahshatli bir shovqin eshitilibdi. Ko‘prik tugagan joyda zovur kattakon kanalga aylansagina shunday shovqin bo‘lishi mumkin ekan. Biz, ya’ni odamlar o‘tirgan qayiqning ulkan sharsharaga borib qolishi qanchalik xatarli bo‘lsa, hozir qalayi askarcha ham ana shunday xatarda qolibdi.
Mana, u shundoqqina sharshara yoqasiga kelib qolibdi, to‘xtashning iloji yo‘q ekan; qayiqcha ko‘prik ostidan qalqib chiqibdi; sho‘rlik askarcha hamon shu qadar mustahkam va ko‘ksini g‘oz kerib turar ekanki, chehrasida qilt etgan ifoda yo‘q ekan. Qayiqcha uch-to‘rt marta doira chizib, qirg‘og‘igacha suvga to‘libdi va cho‘ka boshlabdi; suv qa layi askarchaning bo‘g‘zigacha chiqibdi, qayiqcha yanada pastga cho‘kibdi, endilikda suv askarchaning boshini ham botirib yuboribdi, shunda u endi o‘zi hech qachon ko‘ra olmaydigan yoqimtoy jajji raqqosa haqida o‘ylabdi. Quloqlari ostida shunday so‘zlar yaangrabdi:
Attang! Attang! Jangchi,
Seni kutar o‘lim!
Qog‘oz suvda bo‘kib, yirtilib, askarcha cho‘ka boshlagan ham ekanki, shu ondayoq uni kattakon bir baliq yutib yuboribdi.
Voy-voy, uning ichi naqadar qop-qorong‘i ekan! Bu yer ko‘prik ostidagidan ham qorong‘i, buning ustiga qimirlab ham bo‘lmas ekan! Biroq qalayi askarcha bor bo‘yi bilan cho‘zilib, miltig‘ini mahakam changallagancha bardam yotaveribdi.
Baliq o‘zini u yoqdan bu yoqqa otib, kutilmagan harakatlar qilaveribdi; so‘ng u birdaniga tinchib qolibdi, shu payt nimadir chaqmoq kabi yarq etib ketibdi. Atrof yop-yorug‘ bo‘lib qolibdi va kimdir: “Qalayi askarcha!” deb qichqirib yuboribdi.
Baliqni ushlab, bozorga olib borishgan, uni sotib olib, oshxonaga olib kelishgan ekan, bu yerda oshpaz o‘tkir pichoq bilan uning ichini yoribdi. So‘ngra u askarchaning belidan ikki barmog‘ida qisib, baliqning qornida sayohat qilgan bu g‘alati odamchani oila ahliga ko‘rsatish uchun xonaga olib kiribdi. Ammo qalayi askarcha maqtanchoqlik qilib gerdaymabdi.
Bu yorug‘ olamda nimalar sodir bo‘lmaydi deysiz, mana, askarcha tag‘in o‘sha avvalgi xonadoniga kelib qolibdi va yana o‘sha avvalgi bolakaylarga ko‘zi tushibdi. O‘yinchoqlar ham avvalgicha stol ustida turar, ularning o‘rtasida esa jajjigina maftunkor raqqosa turgan o‘sha qasr bor ekan. U hamon bitta oyog‘ini baland ko‘targancha, ikkinchi oyoqchasida qomatini g‘oz tutib turar, u ham juda sobit qizcha ekan. Bu qalayi askarchaga shunchalik kuchli ta’sir qilibdiki, u qalayi ko‘z yoshlarini to‘kib yig‘lab yuborayozibdi, biroq yig‘lash odobdan bo‘lmas ekan! Askarcha raqqosaga, raqqosa askarchaga tikilibdi, lekin ikkalasi ham hech narsa demabdi.

Shu payt bir bolakay qo‘qqisdan askarchani yulqib olib, he yo‘q, be yo‘q, uni to‘ppa-to‘g‘ri yonib yotgan pechka ichiga uloqtiribdi; aftidan, buni bolakayga tamakidon ichidagi olabo‘ji o‘rgatgan bo‘lsa kerak.

Askarcha lov-lov yonib yotgan gulxan ichiga tushibdi, uning a’zoyi badani qizib borar, lekin bu harorat olovdanmi yoki muhabbatdan, buni o‘zi ham bilmas ekan. Uning bo‘yoqlari ham o‘chib ketibdi, bunga qayg‘u sababmi yoki sayohatlari sabab, buni ham hech kim bilmas emish. U jajjigina qizaloqqa, qizaloq esa unga termulibdi, askarcha erib borayotganini his etibdi, biroq shunda ham yelkasida miltig‘i bilan qomatini g‘oz tutib turaveribdi. Shu payt qo‘qqisdan xona eshigi lang ochilibdi-da, yelvizak raqqosani uchirib ketibdi, u ham chir aylanganicha pechka ichiga, to‘ppato‘g‘ri qalayi askarchaning yoniga uchib tushibdi, lov etgan alanga ko‘tarilibdi va raqqosadan asar ham qolmabdi. Qalay askarcha esa butunlay erib, mayda-mayda zo‘ldirchalarga aylanib qolibdi, ertasi kuni xizmatkor ayol kul tortayotganida pechka ichidan mittigina bir qalayi yurakcha topib olibdi. Raqqosadan esa faqat gulto‘g‘nag‘ich qolgan bo‘lib, u ham ko‘mirdek qop-qorayib ketgan ekan.
