Электронная библиотека » Худойберди Тухтабоев » » онлайн чтение - страница 2


  • Текст добавлен: 28 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Худойберди Тухтабоев


Жанр: Сказки, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 2 (всего у книги 3 страниц)

Шрифт:
- 100% +

AHILLIKDA GAP KO‘P

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda kuz faslining kunlaridan birida qurigan barg, tuproq va daraxt bahslashishibdi.

Daraxt:

– Sizlar mendan quvvat olasizlar, – debdi.

Qurigan barg:

– Yo‘q siz ikkalangiz ham menikisiz, – debdi.

Tuproq:

– Bu gaping yolg‘on. Xazon sen ham, daraxt sen ham mendan oziq olasizlar, – debdi.

Uchalasi hech kelisholmay oxiri odamzotga murojaat qilishibdi.

Shunda odamzot shunday debdi:

– Xazon sening gaping to‘g‘ri, sen kuzda tuproqqa to‘kilib o‘g‘it bo‘lasan. Sen esa tuproq, bargdan quvvat olib, daraxtni ko‘kartirasan. Daraxt undan quvvatlanib, meva tugadi, biz odamlar esa uni iste’mol qilamiz. Kuzga kelib daraxt barglari yana qurib yerga tushadi.

Tuproq:

– Unday bo‘lsa bu yil men o‘g‘itsiz qolar ekanmanda, daraxtning bargi shu yil to‘kilib tugasa bu yil nima to‘kiladi-a?

Odam:

– Yo‘q har yili daraxt bargini to‘kkanda o‘zida kurtak qoldiradi, kurtakdan yangi barglar o‘sib chiqadi.

Bu gapdan xursand bo‘lib daraxt, barg va tuproq uzoq yil bir-biriga quvvat berib, ahil-inoq yashabdilar.

Qissadan hissa shuki, har bir jonli mavjudot umri davomida bir-biriga malham bo‘lish uchun yaratilgan. Undan har doim samarali foydalanish kerak.

Aytuvchi: Inoyatov Juma bobo. Navoiy viloyati, Xatirchi tumani.

Yozib oluvchi: To‘xtapo‘latov Diyorjon, 5-sinf o‘quvchisi.

G‘OZCHA

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. G‘oz karnaychi ekan, o‘rdak surnaychi ekan, qarg‘a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan, bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan. Bir kuni bir savdogar parranda bozoridan bir g‘oz sotib olibdi. Uni uyiga olib kelib, katakka qo‘yib yuboribdi. Katakdagi boshqa parrandalar g‘ozni yoqtirmay qarshi olibdilar. Bechora g‘ozchaga hech kim do‘st bo‘lmabdi. G‘ozcha katakka kirsa, tovuqlar uni masxara qilib kula boshlarkanlar. Oradan oylar, yillar o‘tibdi. G‘ozcha katta bo‘lib, chiroy ochibdi. G‘ozni uy egasi yaxshi ko‘rardi, bunga tovuq va o‘rdaklarning hasadi kelibdi. G‘ozni cho‘qib, azob bera boshlabdilar, uni kasal qilibdilar. Buni ko‘rib uy egasi tovuqlar va o‘rdaklarni boqib semirtira olmabdi. Semirsa sotib yubormoqchi ekan. Tovuqlar bundan xursand bo‘lib, xo‘jayinimiz endi bizlarga qarayapti, – debdi. Tovuqlar semirgach uy egasi tovuq va o‘rdaklarni olib bozorga boribdi. Tovuqlarni sotib, o‘rniga g‘oz uchun hamroh g‘ozcha olibdi G‘ozchani uyga olib kelib, katakka qo‘yib yuboribdi. Bizning qaxramonimiz o‘q ko‘ngil, yangi mehmonni yaxshi kutib olib do‘stlashib ketibdi. Ikki o‘rtoq murodmaqsadiga yetibdi.

Qissadan hissa: kimki oq ko‘ngil va rahmli bo‘lsa, mehr-muhabbat nuri uni ham siylamay qo‘ymaydi.

Aytuvchi: Ergasheva Robiya buvi. Navoiy viloyati, Xatirchi tumani.

Yozib oluvchi: Bo‘ritoshev Barkamol, 6-sinf o‘quvchisi.

AQLLI BOLA

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonlarda bir kishi bo‘lgan ekan. Uning atigi bir dona farzandi bor ekan. U farzandi uchun hamma narsani muhayyo qilar ekan. Bir kuni bola bilan bozordan kelayotsa, bir qizaloqni adashib qolganini ko‘ribdi. Qizaloqni ota-onasi topilmagach uni ham tarbiyalab voyaga yetkazibdi. Oradan yillar o‘tibdi. Ikkita farzand ham katta bo‘lib qolibdi.

U kishining o‘z farzandi erka, tantiq, qaysar bo‘lib o‘sibdi. U maktabga bormay ko‘chadagi bolalarni uribturtib yurar ekan. Tarbiyalab olingan qizaloq esa aqlli, bilimdon bo‘lib yetishibdi.

Kunlardan bir kun ota betob bo‘lib, yotib qolibdi. Uyga pul topib kela olmabdi. Yaxshi yeb, yaxshi kiyingan tantiq o‘g‘il bunday ko‘rgulikka chiday olmay ota uyini tark etibdi. Qishloqlarni kezibdi, tirikchilik uchun o‘ziga eng yengil kasb, deb o‘g‘rilikni tanlabdi. Har kun qishloq odamlari o‘g‘rining dastidan aziyat cheka boshlabdi. Darg‘azab bo‘lgan xalq uni tutib olib, rosa savalashibdi. Qiyinchilik ko‘rmagan o‘g‘il bu holga chiday olmay yorug‘ dunyodan ko‘z yumibdi.

Asrab olingan qiz esa kasal otani yaxshi boqib, kishilarning mehnatini qilib, halol pul topib, otasini oyoqqa turg‘azibdi. Akasini izlab, daragini topib, uni izzat-hurmat qilib ko‘mdiribdi. Ota bu holni ko‘rib, o‘g‘lini yoshligidan erka, tantiq qilib o‘stirganidan afsuslanibdi. Asrab olgan qizi otani umrining oxirigacha asrab, avaylabdi.

Qissadan hissa shuki: Mehr berish bilan tarbiya bo‘lmas, mehr va muhabbat orqali odob qoidalarini farzand ongiga singdirmoq vojibdir.

Aytuvchi: Eshonqulova Hamrobibi. Navoiy viloyati, Xatirchi tumani.

Yozib oluvchi: Tojiyev Muhammad, 6-sinf o‘quvchisi.

OQKO‘NGIL O‘TINCHI

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Bir xonlikka qarashli bir qishloqda bir kambag‘al o‘tinchi bo‘lgan ekan. O‘tinchi bir kuni o‘rmonga borib daraxt chopmoqchi bo‘libdi. Boltasi qayergadir uchib tushibdi. Boltasini topa olmay o‘tinchi sarson bo‘libdi. Kech tushubdi. O‘tinchi nima qilishini bilmay xo‘rsinib xafa bo‘lib o‘tirsa, bir yoshi katta otaxon unga qarab kela boshlabdi va shunday debdi:

– O‘g‘lim nimang yo‘qoldi? O‘tinchi bor gapni unga aytib beribdi va yig‘labdi. Shunda otaxon bir ko‘za oltin berib unga xohlagan ishingni qil, debdi. O‘tinchi oltinni omabdi. Bundan xursand bo‘lgan chol:

– Sen nimangni yo‘qotding? – deb so‘rabdi. O‘tinchi:

– Mening oddiy boltam bor edi, o‘shani topa olmayapman, – deb javob beribdi. Otaxon:

– Sen uyingga boraver, tashvishlanma, xotirjam bo‘l, boltangni o‘zim topib beraman, – debdi. O‘tinchi uyiga borsa, boltasi uyida turgan emish. Uyining ichiga kirsa bir ko‘za oltin, bir ko‘za kumush tangalarni olib xotini chiqibdi. O‘tinchi va o‘tinchining oilasi rostgo‘yligi, oq ko‘ngilligi va halolligi uchun kambag‘allikdan qutulibdi. Ular baxtli kun kechira boshlashibdi.

Qissadan hissa shuki: oqko‘ngil va rostgo‘y bo‘lsangiz, baxtingiz kulib boqadi.

Aytuvchi: Turdiyev Arslon bobo. Navoiy viloyati, Navbahor tumani.

Yozib oluvchi: Aktamov Fozilbek, 6-sinf o‘quvchisi.

BOG‘BON

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonlarda bir bog‘bon bo‘lgan ekan. U juda mehnatkash odam ekan. Bir kuni u o‘ziga-o‘zi:

– Men bir bog‘ yarataman, u dunyodagi hech qaysi bog‘ga o‘xshamaydi, – debdi. Bog‘bon oradan uch kun o‘tib, bozordan ko‘chatlar olib kelibdi. Qir yerlaridan yer olib, u yerni haydatibdi. Yerni tekislab, ko‘chatlarni eka boshlabdi. Bobosiga yordam berish uchun nevarasi kelibdi. Bobo bilan nevara birgalikda ko‘chat ekib, ko‘chatlarga suv quyib chiqibdi. Oradan o‘n yil o‘tib, so‘ng ko‘chatlar daraxtga aylanib meva bera boshlabdi. Bobo va nevara mevalarni sotib astasekinlik bilan boyib borishibdi. Bobo bog‘ida o‘tirib nevarasiga shunday debdi:

– Bolam nimani eksang, o‘shani o‘rasan, – debdi. Nevara bu gapdan juda ham xursand bo‘lib bog‘ ishlarini davom ettiraveribdi va kelajakda buyuk bog‘bon bo‘lib yetishibdi.

Qissadan hissa shuki: Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik.

Aytuvchi: Abdiyev Fozil bobo. Navoiy viloyati, Xatirchi tumani.

Yozib oluvchi: Shodiyev Obid, 6-sinf o‘quvchisi.

XASIS CHOL

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim o‘tgan zamonda bir chol bo‘lgan ekan. U juda ham xasis, qizg‘anchiq ekan. Kunlarning birida chol ko‘chada kelayotsa oldidan bir buzoqcha chiqib qolibdi. Chol uni ipidan bo‘shatib, uyiga olib borib bog‘lab qo‘yibdi. Keyingi kuni qishloqda Hasan boyning buzog‘i yo‘qoldi, degan mish-mish tarqalibdi. Hasanboy bo‘lgan voqeani qoziga borib aytibdi. Qozi bilan Hasanboy hamma hovlilarni tekshirib chiqishibdi. Va nihoyat navbat o‘g‘ri cholnikiga kelibdi. Buni oldindan bilgan chol eshagini so‘yib terisini shilib olib, buzoqchaning ustiga yopib, tikib qo‘yibdi. Hasanboy uyga kiribdi-yu ko‘zi eshakka tushibdi va u haqiqiy eshak emasligini bilibdi. Shunda Hasanboy cholga qarab:

– Men buzoqchamni qidirib yurganimni bilasizmi?

– deb so‘rabdi. Shunda chol:

– Buzoqchangizni endi topa olmaysiz, uni bozordan qancha pulga olgansiz, – debdi. Shunda Hasanboy:

– Buzoq sigirimning bolasi, buzoq kasal edi. Kasali juda yuqumli, uning kasali odamlarga yuqsa, odamlarni ham o‘ldiradi, kasallik tarqalmasin deb, izlab yurgan edim, – debdi.

Buni eshitgan chol birdaniga qaltiray boshlabdi va:

– Buzog‘ingiz mening uyimda, iltimos uni olib keting, – deb chol hamma ayblarini bo‘yniga olib kechirim so‘rabdi. Hasanboyning buzog‘i topilibdi. Xasis chol boshqa o‘g‘rilik qilmaydigan bo‘libdi, eshagidan ayrilibdi.

Alqissa: Aql – foyda kalitidir. Donishmandlik ezgulik sari yo‘l boshlaydi.

Aytuvchi: Olimov Ali bobo. Navoiy viloyati, Xatirchi tumani.

Yozib oluvchi: A’zamov Otajon, 5-sinf o‘quvchisi.

QUYONLAR

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda ahil quyonlar oilasi yashagan ekan. Bir kuni quyonlar o‘ynayotgan payt tulki kelib qolibdi. Ular darhol uylariga kirishibdi. Ko‘chada quloqsiz, o‘yinqaroq quyoncha qolib ketgan ekan, tulki sekingina uyiga kirib ketayotgan quyonchani ko‘rib qolibdi va uni quvib ketibdi. Lekin chaqqon quyonchani tuta olmabdi. Quyon uyiga kirib olibdi. Tulki quyonchalarni uzoq poylabdi. Ular chiqishmabdi. Tulki bo‘ri bilan ko‘rishib quyonlar haqida so‘zlab beribdi. Ular reja tuzishibdi va ertasiga quyonlarga hujum qilishibdi. Tulki bilan bo‘ri ularning uyini buzib, jar yoqasiga quvib ketishibdi. Chunki ularni jarga tashlab, so‘ng tushib yemoqchi bo‘lishibdi. Quyonlarning baxtiga yo‘lda ayiq ko‘rinibdi va bo‘ri bilan tulkiga tashlanibdi. Quyonlar qutulganidan xursand bo‘lib ayiqqa rahmat aytibdilar. So‘ng birgalashib uylarini qaytadan ta’mirlab olibdilar. Hammalari xursand yashab, baxtli hayot kechirishibdi.

Qissadan hissa shuki: Yaxshilik hech qachon yerda qolmagay.

Aytuvchi: Norov Bahrom bobo, Navoiy viloyati, Navoiy shahri.

Yozib oluvchi: G‘aybullaev Ma’murbek, 5-sinf o‘quvchisi.

LAQMA BO‘RI

Bir tog‘da bir bo‘ri bo‘lgan ekan. U juda badjahl, ochko‘z va dangasa ekan. Bir kuni yo‘lda ketayotganida lahm go‘shtning hidini sezib qolibdi, garchi uning qorni to‘q bo‘lsa ham uni yemoqchi bo‘libdi. Bo‘ri go‘shtni hididan darhol topib olibdi. Uni endi yemoqchi bo‘lib turgan ekan, birdan ayiqpolvon kelibdi. U juda aqlli, o‘sha tog‘ning donishmandlaridan ekan.

Ayiq:

– Bu go‘shtni yema, – debdi.

– Nega? – deb so‘rabdi bo‘ri.

– Chunki bu tuzoq, – debdi.

– Qani sen yeb ko‘rsatchi, ayiqpolvon, – debdi bo‘ri. – Bu tuzoq ekanligini isbot qilib ber. Sen menga yolg‘on gapiryapsan.

Ayiq go‘shtni jahl ustida yeb ko‘rsatmoqchi bo‘lgan ekan birdan tuzoqqa tushibdi. Ayiq bo‘rini ishontirish uchun o‘zini qurbon qilibdi. Buni ko‘rgan bo‘ri esa qochib ketibdi. Bo‘ri yana ko‘p yo‘l yuribdi, qarasa sal nariroqda qo‘y go‘shti turgan emish. U ayiqning holini esdan chiqarib, nafsi ustunlik qilib birdan go‘shtga tashlanibdi. Bu go‘sht ham ovchining tuzog‘i ekan. Bo‘ri do‘stini tuzoqdan qutqarmay qochgani uchun afsuslanibdi. Qancha uvillab yordam so‘rasa ham unga hech kim yordam bermabdi. Bo‘ri nafsining qurboniga aylanibdi.

Alqissa: Birovga choh qazisang, o‘zing albatta shu chohga tushasan.

Aytuvchi: Ayubov Boqi bobo, Navoiy viloyati, Karmana tumani.

Yozib oluvchi: To‘xtapo‘latov Diyorjon, 5-sinf o‘quvchisi.

SHAHZODA

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, g‘oz karnaychi ekan, o‘rdak surnaychi ekan, chumchuq chaqimchi ekan, qarg‘a qaqimchi ekan. Qadim zamonlarda bir podshoh bo‘lgan ekan. Shohning o‘g‘il farzandi yo‘q ekan. Bir kuni podshohning kenja xotini homilador bo‘libdi. Podshoh o‘zini qo‘yishga joy topolmay o‘zida yo‘q xursand bo‘lib ketibdi. Buni ko‘rib qolgan ikki xotinining hasadi kelibdi. Bir kuni podshoh:

– Men safarga ketayapman, agar xotinim tug‘sa, menga xabar yuborasizlar, – debdi va safarga otlanibdi. Oradan to‘qqiz oy o‘tganidan keyin, kenja malika o‘g‘il bolani dunyoga keltiribdi. Chaqaloq shunday chiroyli ekanki, chaqaloqni ko‘rgan ikki xotinning kapalagi boshidan uchibdi. Nima qilishini bilmay o‘ylay-o‘ylay malikaga dori berib, uni uxlatmoqchi bo‘lishibdi va uni mangu uyquga mahkum qilishibdi. Keyin kundoshi qirolga maktub yozibdi. Kenja malikangiz sizga uch dona toshbaqa tug‘di deb, bolani yo‘qotib shohga uchta toshbaqani yuboribdi. Buni ko‘rgan qirol achchig‘i kelib saroyga boribdi va malikani uzoq yurtga surgun qilibdi. Oradan o‘n olti yil o‘tibdi. Shahzodani o‘zga yurtdagi bir baliqchi asrab olgan ekan. Shahzoda katta bo‘libdi, ilm egallab, savod chiqarib, kasb-korli insonga aylanibdi. Donoligi va ziyrakligi uchun xalq uni o‘ziga shoh qilib saylashibdi. Shahzoda davlatni obodonlashtirib, go‘zal yurtga aylantiribdi. Yurt dovrug‘ini eshitib ko‘pgina davlatlardan mehmonlar kela boshlabdi. Bu xabar shahzodaning otasiga ham yetib boribdi. Shoh o‘g‘li boshqarayotgan davlatga mehmonga boribdi, bir necha kun mehmon bo‘libdi. Shahzoda har bir mehmon bilan suhbatlashar ekan, o‘z otasini ham suhbatga chaqiribdi, dildan suhbatlasha turib, baliqchi boqib olgan otasi ekanligini aytibdi. Shoh razm solib yigitning o‘ziga o‘xshashligini payqabdi va qo‘lidagi uzugini tanibdi, surishtirib o‘zining o‘g‘li ekanligini bilibdi. Shoh o‘z malikasini surgundan qaytarib, o‘z saroyiga kelibdi va qolgan ikki malikani yoniga chaqirtiribdi. Malikalar yolg‘on tuhmat qilganlarini bo‘yinlariga olishibdi va ular jazolanibdi. Podshoh shahzodani bag‘riga bosibdi. O‘g‘lini va malikani topganligi uchun shoh qirq kecha-yu, qirq kunduz to‘y-tomosha qilib murodmaqsadiga yetibdi.

Qissadan hissa shuki: Yolg‘onning umri qisqadir. Yolg‘on so‘z albatta fosh bo‘lib, yolg‘onchini uyaltiradi.

Aytuvchi: Ramazonov Qodir bobo. Navoiy viloyati, Xatirchi tumani.

Yozib oluvchi: Bo‘ritoshev Barkamol, 6-sinf o‘quvchisi.

ODOBSIZ QUYONCHA

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. O‘tgan qadim zamonda quyonchalar oilasi yashar ekan. Ularning uylaridan o‘n chaqirim narida bo‘rivoy yashar ekan. Quyonchalarning oilasida yosh quyoncha juda ham odobsiz, sho‘x ekan. Bo‘rivoy esa odobli, oq ko‘ngil ekan. Uni hamma yirtqich, qonxo‘r deb jig‘iga tegishar ekan. Bir kuni quyoncha maktabga ketayotgan ekan bo‘rivoyga uchrab qolibdi. Shunda quyoncha bo‘rivoyning jig‘iga tegib, maktabga qochib ketibdi. Bo‘rivoy bundan rosa xafa bo‘libdi. Quyoncha uyiga qaytib kelayotganida kapalaklarni tutib olib, tutqunlikda o‘ldirmoqchi bo‘libdi. Kapalaklarni tutish uchun ortidan quva boshlabdi. Kapalaklarni quvib, adashib qolibdi.

Adashib qolganidan quyoncha yig‘lay boshlabdi. Buni eshitib qolgan bo‘rivoy quyonchaning oldiga boribdi. Quyoncha bo‘rivoyni ko‘rib, peshonasidan ter oqa boshlabdi. Bo‘rivoy quyonchani yelkasiga ko‘tarib olib, uyiga eltib qo‘yibdi. Quyoncha bo‘rivoyni oldida uyalib qolibdi.

Qissadan hissa shuki: Birovni kulgi qilsang, o‘zing uyalib qolasan.

Aytuvchi: Toshev Habib bobo. Navoiy viloyati, Karmana tumani.

Yozib oluvchi: Eshonqulov Ibrohimbek, 5-sinf o‘quvchisi.

UCHTA CHO‘CHQA

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Uchta cho‘chqa bo‘lgan ekan. Ularning dadasi vafot etgan ekan. Katta akasi:

– Kelinglar o‘zimizga uy quraylik, unga bo‘ri kirolmasin, – debdi-da ishni boshlabdi. Ular jamlanib katta akasining uyini qura boshlashibdi. Bir oydan so‘ng akasining uyi bitibdi. Ular uyda yashayotganida bir bo‘ri kelib, uyni buzmoqchi bo‘libdi. Bo‘ri:

– Eshikni ochinglar, bo‘lmasa uyni buzib hammangizni yeyman, – debdi-da uyni ura boshlabdi. Dag‘dag‘adan qo‘rqqan uchta cho‘chqa nima qilishini bilmabdi. Keyin ular bitta qozonni ichiga kiribdi, uchinchisi esa hech qayerga yashirinmabdi. Bo‘ri eshikni buzib kirsa, oldida cho‘chqa turibdi. Cho‘chqa ovozining boricha bir baqirgan ekan, undan ilhom olib ikki akasi yashiringan joyidan yugurib chiqib uchalasi uch tomondan bo‘riga hamla qilishibdi.

Bo‘ri uch cho‘chqaning tashlanishini sira ham kutmagan ekan. Kuchi uch cho‘chqaga yetmasligini anglab qochib qolibdi.

Qissadan hissa shuki: Birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar.

Aytuvchi: Yodgorov Sadi bobo. Navoiy viloyati, Nurota tumani.

Yozib oluvchi: Karimov Islombek, 5-sinf o‘quvchisi.

O‘KTAM

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda bir qashshoq qishloq bo‘lgan ekan. O‘sha qishloqning chekkasida O‘ktamning oilasi yashar ekan. O‘ktamning otasi va onasi kasal ekan. Ularni yeyishga noni, kiyishga kiyimi yo‘q ekan. Ular juda nochor yashar ekanlar. Bir kuni O‘ktamning qishlog‘ini yov bosibdi. O‘ktam hamma yigitlar qatori yovni to‘xtatmoqchi bo‘libdi. U uydan arqon, pichoq va xanjar olibdi. O‘ylab-o‘ylab bir hiyla topibdi. O‘ktam tog‘ tomon qocha boshlabdi. U tog‘ni oldiga borganda ota-onasi esiga tushibdi. O‘ktam otaonasini qutqarmoqchi bo‘libdi. Darhol orqaga qaytibdi. Yov qishloqni bosib olguncha, ayollar va bolalarni, ota-onasini qishloqdan olib chiqib toqqa olib ketibdi. Ular yovdan qutulganlariga shukur qilib, bir qishloqqa yetib boribdilar. Qishloqda dehqonchilik qilib, kun ko‘rib, o‘zlariga uy qurishibdi. Ular mehnatning evaziga asta-sekin boyib keta boshlashibdi. Bir kuni yurtini yov bosib olgani esiga tushib O‘ktam bor yiqqan mol davlatiga qurol-aslaha sotib olib, qo‘shin yig‘ib, ona qishlog‘ini ozod qilish uchun yo‘lga otlanibdi. Manzilga yetib kelgach shiddatli jang boshlanibdi. Mashaqqatlar evaziga O‘ktam ona qishlog‘ini ozod qilibdi. Xalq uni qishloqqa sardor qilib tayinlabdi. Ota-onasi ham g‘alabadan xursand bo‘lib, o‘g‘liga qolgan umrlarini tirgak sifatida baxshida etibdilar. Aqlli yigit O‘ktam aql, farosat bilan ish tutib, tinch va farovon kun kechirib, qishlog‘ini gullab-yashnatib, murodmaqsadiga yetibdi.

Qissadan hissa shuki: ota-onasini e’zozlagan farzand elda aziz bo‘lur.

Aytuvchi: Qilichev Erkin bobo. Navoiy viloyati, Nurota tumani.

Yozib oluvchi: Karimov Islombek, 5-sinf o‘quvchisi.

CHUMCHUQ VA QARG‘A

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda bir qarg‘a va chumchuq bo‘lgan ekan. Bir kuni qarg‘a chumchuqqa:

– Kel, do‘st bo‘laylik, – debdi. Chumchuq tannozlik qilib, yo‘q men senday ko‘rimsiz qush bilan do‘st bo‘lmayman deb aytibdi.

Qarg‘a juda xafa bo‘libdi. Chumchuq o‘ziga-o‘zi men hali dunyo kezaman, dala aylanaman, hali ko‘p do‘st topaman deb aytibdi.

Kuz kelibdi. Sovuq boshlanibdi. Kuzgi qattiq shamol chumchuqning uyini buzib ketibdi. Shunda chumchuq:

– Endi nima qilaman? Uyim buzildi, yaqin do‘stim ham yo‘q, uyimdan ham ayrildim, qish qattiq, sovuq kelayapti. Endi nima qilaman, do‘stimning uyiga boray desam do‘st ham tanlay olmadim, – deb afsuslanibdi.

Havo juda ham sovib, qor katta-katta yog‘a boshlabdi. Uysiz chumchuq ko‘chada muzlab qolibdi. Qarg‘a shu yaqin orada, daraxt kovagida yashar ekan. Chumchuqning muzlaganini qarg‘a ko‘rib oldiga borib, kel do‘st bo‘lamiz, deb aytibdi. So‘ng uyiga olib kirib, uydan joy beribdi. Qishni ahil-inoq o‘tkazishibdi. Bahor kelibdi, ikkovi chumchuqqa ham uy qurishibdi. Shundan so‘ng qarg‘a va chumchuq qalin do‘st bo‘lib qolibdi.

Alqissa: Do‘st boshingga ish tushganda sinalur.

Aytuvchi: Shukurov Adham bobo. Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumani.

Yozib oluvchi: Asrayev Shaxboz, 6-sinf o‘quvchisi.

OVCHI VA AYIQCHA

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim-qadim zamonda bir ovchi bo‘lgan ekan. U juda aqlli ekanki, insonlar tugul, hattoki, jonzotlar ham uning aqliga lol qolar ekan.

Kunlarning birida ovchi yashaydigan qishloqda bir tovus paydo bo‘libdi. Bu tovus esa shu davlatning podshohiga tegishli ekan. Ovchi buni eshitib, darhol uni izlashga tushibdi. U yo‘lda ketayotib, bir tulkiga duch kelibdi. Tulki unga qarab:

– Hoy musofir, nimalar qilib yuribsan? Bizning o‘rmon juda ham xavfli, yaxshisi bu yerdan ket, – debdi. Ovchi esa uning gaplariga parvo ham qilmabdi. Chunki, o‘rmon sokin, jim-jit ekan. Ovchi tovusni ancha izlabdi, kech ham tushibdi. Ketayotib yo‘lda bir kampirni uchratibdi. Kampir:

– O‘g‘lim, menga birozgina non ber, – debdi.

– Berardimu onajon, ammo o‘zimda ham non yo‘q, qornim juda och qoldi.

– Unda mayli, men seni tushundim, – deya xo‘rsinib kampir ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.

Ovchi bu sirdan hayron bo‘lib qarab qolibdi. Nima qilishini bilmay gulxan yoqib, gulxan yonida uxlabdi. Bir jajji ayiqcha uyqusirab uyidan chiqib ketib ovchining yoniga kelib qolibdi. Ovchi ertalab turib qarasa, oldida ayiq bolasi g‘ujanak bo‘lib uxlayotgan ekan. Ovchi hayron bo‘lib, ayiqchani silay boshlabdi. Ayiqcha uyg‘onib biroz hayratlanib turibdi-da, so‘ng so‘zlay boshlabdi.

– Ey odamzot, sen bu yerda nima qilyapsan, – debdi. Ovchi tovus izlab yurganini aytib beribdi. Shunda ayiqcha:

– Sen tovusni o‘rmondagi chinor tagidan topasan, – deb xayrlashib keta boshlabdi.

– Bu gapingga ishonmayman, tovus yo‘q, chunki kuni bo‘yi izlab topa olmadim, – xafa bo‘libdi ovchi.

Ertasi kuni izlab-izlab ovchi bir chinorning tagidan tovusni ushlabdi. Ovchi yigit xursand bo‘lib uni shoh qasriga etibdi. Shohning askarlari shohga xabar berishibdi. Shoh mamnuniyat bilan ovchini qarshi olib, boshdan oyoq sarpo berib, uni mukofotlabdi. Shunday qilib ovchi jajji ayiqcha tufayli shohning nazariga tushibdi. Shoh uchun juda ham chiroyli qushlar, hayvonlar tutib kelib, shoh tahsiniga sazovor bo‘libdi. U bir umr jajji ayiqchani eslab yuribdi. Shohning marhamati tufayli oilasi bilan to‘kinsochinlikda shoh saroyida hayot kechirib, murodmaqsadiga yetibdi.

Alqissa:Yaxshiga qilsang yaxshilik, ham aytadi, ham qaytadi, Yomonga qilsang yaxshilik na aytadi, na qaytadi.

Aytuvchi: Qosimov Mirzomurod bobo. Navoiy viloyati, Xatirchi tumani.

Yozib oluvchi: Yo‘ldoshmurodov Diyorbek, 6-sinf o‘quvchisi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации